Eshik kaliti buralganda g‘ichirlagan tovush chiqdi va Karl bir lahzaga to‘xtab, qorong‘i uyga ko‘z yugurtirdi. «Qiziq,-o‘yladi u,-uxlayaptimikin? Uyg‘onmadimikin?». Ammo Karl Bogan bu fikrni darhol miyasidan quvib chiqardi. Pichoq kelib suyakka qadalgan, hozir unga baribir edi. Xotinining har kungi janjal va ayblovlari uning asablarini ishdan chiqargandi.
Karl ichkariga kirib endi zinadan ko‘tarilmoqchi bo‘lganida qorong‘ulikdan xotinining ovozi eshitildi:
-Karl.
Karl Bogan birinchi pog‘onadayoq qotib qoldi. U xotini hozir qaerda turganini bilardi-mehmonxona burchagida. Har safar janjallashadigan bo‘lsa Laura negadir o‘sha yerga turib olardi.
-Pistirmalaringga allaqachon ko‘nikishim kerak edi,-dedi u,-ammo har safar meni cho‘chitib yuborasan. Nimaga chiroqni yoqib qo‘ymading?
-Nima uchun yoqib qo‘yishim kerak?-savolga savol bilan javob qaytardi Laura Bogan. Qorong‘i bo‘lishiga qaramasdan, Karl uning qimtilgan lablari va nafratdan chaqnayotgan ko‘zlarini ilg‘adi.-Nima uchun yoqib qo‘yishim kerak? Aytib qo‘ysang bo‘larmidi?
-Men qaerdan kelayotganimni o‘zing yaxshi bilasan,-dedi Karl.
-Yo‘q, bilmayman, bilishni ham xohlamayman. Menga qilgan xiyonatlaring haqida vijdoning uyg‘onmaguncha aytishingni xohlayman…
-Iltimos, Laura, yana boshlama.
-Yo‘q, boshlayman. Boshlayman! Xiyonatingni bas qilmaguningcha gapiraveraman.
-Yoki uydan ketib qolmagunimcha.
-Sen hech qachon bunday qilmaysan.
Hozir boshlanadi. «Uydan ketib qolsang qanday kun kechirasan? Sening puling ham, tayinli ishing ham yo‘q. Sen mening uyimda, mening pulimga yashayapsan, menga shuning uchun uylangansan. Men senga bir paytlar ishonganim va sevganim uchun chidab kelyapman…».
-Ovozingni o‘chir!-qichqirdi u xotini bu gaplarni yuzinchi marta qaytarishidan oldinroq.-Laura, nahotki shu paytgacha ko‘nikmading?
-Chunki men senga ko‘nikib qolganman, Karl, sening qiliqlaringga emas. Dunyodagi hech qaysi ayol erining xiyonatlariga ko‘nika olmaydi.
-Nahotki ko‘plab oilali erkaklar boshqa ayollar bilan uchrashib turishlarini bilmaysan?
-Bu gaping bilan o‘zingni oqlamoqchimisan, Karl?
-Sening oldingda ham, boshqasining oldida ham o‘zimni oqlashga hojat yo‘q,-javob qaytardi Bogan. Uni yaqinlashib kelayotgan bo‘ron oldidan paydo bo‘ladigan sukunat qamrab oldi.
«O‘zini kim deb o‘ylayapti,-g‘azablandi u.-Nahotki u la’nati pullari Karlning vujudi va ruhiga egalik qilishga huquq beradi deb o‘ylayapti?».
Bogan xotirjamlik bilan xotiniga yaqinlashdi. U qonida xotiniga nisbatan qahr ko‘pirib-toshayotganini his qildi.
Laura uning bu harakatidan cho‘chib ketdi.
-Karl!-Uning ovozi qo‘rquvdan qaltirab chiqdi.-Unday qil…
Ammo kech bo‘lgandi. Karl uning tomog‘idan bo‘g‘ib oldi. Laura tiz cho‘kib qoldi va og‘zini katta ochgancha unga dahshat bilan tikildi. Ularning ko‘zlari orasini sanoqli santimetrlar ajratib turar, Karlning ko‘zlarida sovuq uchqun va xotinini butunlay bir yoqli qilishga qat’iy qaror qilgani ko‘rinib turar, xotinining ko‘zlarida esa o‘limdan oldingi dahshat ifodasi qotib qolgandi.
Bogan qo‘llarini bo‘shatdi, xotini yerga quladi. Bir ozdan keyin o‘ziga kelgan Karl atrofga alangladi. «Qiziq,-o‘yladi u,-bu xonada qotillik yuz berdi, ammo xonada hech narsa o‘zgarmadi».
Karl Bogan mehmonxonaga kirib pardalarni yopdi va chiroqni yoqdi. U kurtkasini yechib kresloga o‘tirdi va sigaret tutatdi. Karl o‘tirgan joydan xotini jasadining bir qismi ko‘rinib turardi. U o‘ylay boshladi. «Endi nima qilish kerak?».
Kutilmaganda Bogan qandaydir uyni buzishayotib inson suyaklarini topib olishgani haqidagi xabarni o‘qiganini eslab qoldi. Politsiya ayol kishiga tegishli bu suyaklar yerto‘lada kamida ellik yil yotganini taxmin qilgandi. Uni kimdir o‘ldirgan, qolgan umrini esa bemalol, xavotirlanmay o‘tkazgan.
Karl yerto‘laga yo‘l oldi. U cho‘kich bilan tsement polni o‘ydi va hayajondan titragancha yumshoq yerni qaziy boshladi. So‘ngra yuqoriga chiqib xotinini yerto‘laga olib tushdi va hozirgina qazilgan qabrga qo‘ydi.
Burchakda qum aralashtirilgan tsement solingan qop turardi. Karl suv olib keldi va qabr ustini suvay boshladi. Tirqishlardan quyoshning ilk nurlari tusha boshlaganda u ishini tugatgandi.
Bogan eski to‘qima kursiga o‘tirdi va qabrdan ko‘zini uzmay sigaret chekdi.
Demak, endi Laura yo‘q, ammo uning yo‘qolib qolishi shubha uyg‘otishi mumkin. U haqiqatga yaqin biror narsa o‘ylab topishi kerak. Laura ikkisi qo‘shnilar bilan unchalik ham yaqin emasdilar. Laura «barcha qo‘shnilar erimning xiyonatkorligi haqida bilishadi» degan o‘yda ulardan uyalib, hech kim bilan aloqa qilmasdi.
Karl uning Kaliforniyadagi uzoq qarindoshlariga Laura og‘rib qolganligi haqida xat yozib yubordi. U qarindoshlari kutilmaganda kelib qolmasliklari uchun unchalik ham bo‘rttirib yozmadi. O‘sha kunning o‘zida Bogan to‘rtta xat yozdi va har biriga bir hafta oraliqda sana yozdi. Bu xatlarda u Lauraning salomatligi yaxshilanganini, keyin birdaniga yomonlashgani va nihoyat, uning vafot etganligini bayon etdi.
Uchinchi kuni Karl Bogan qotillik qilganidan beri uyidan chiqmaganligini sezib qoldi. U qo‘rquvga hojat yo‘qligini, uyida yo‘qligida hech kim kelib jasadni kavlamasligini tushunar, ammo xavotir hissi uni tark etmasdi.
Uni turfa o‘ylar iskanjasidan telefonning jiringlashi qutqardi. Qassob Bogan xonimning nima uchun buyurtmani olgani kelmaganligini so‘radi.
-Hammasi joyida,-javob qaytardi Karl.-Shunchaki Bogan xonimning ozgina mazasi qochib qoldi.
U qassobning Lauraga salomatlik tilashini eshitib bo‘lgach, go‘shakni qo‘ydi.
Telefon qo‘ng‘irog‘i uni o‘ylashga majbur qildi. Avvaliga u hammasi joyidaligini, keyin esa xotini kasal bo‘lib qolganini aytdi. Bundan buyon ehtiyot bo‘lish lozim. Qo‘shnilar unchalik ham ahmoq bo‘lmasliklari mumkin. Qachondir bir kuni kimdir Bogan xonimning anchadan beri ko‘rinmay qolganini sezishi va keraksiz savollarga ko‘mib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, Lauraning dugonalari ham bo‘lishi mumkin. Karl xotinini va uning fe’l-atvorini juda yomon bilganini endi tushundi. Karl kun bo‘yi uyda bo‘lmas, ba’zan esa bir necha kunlab yo‘qolib ketardi. Xotini u yo‘q paytda nima bilan shug‘ullanganini, kimlar bilan, nimalar haqida gaplashganini qaerdan ham bilsin.
Tushlik qilib olgach, u bir oz mizg‘ib olmoqchi bo‘ldi, ammo keyin bu qaroridan afsuslandi. U dahshatli tush ko‘rdi. U uyg‘onmoqchi bo‘lar, lekin qattiq uyqu bunga yo‘l qo‘ymasdi. U karavotda sovuq terga botgancha to‘lg‘anardi. Tushida Laura qabrdan chiqmoqchi emish. Laura tsementni tirnar, tinmay chinqirarmish. Tirnash ovozi borgan sari kuchayar, keyin esa bo‘g‘iq zarbalarga aylanar emish. Sement polda yoriqlar paydo bo‘libdi. Butun uy zilziladan larzaga kelgandek titragan paytda Karl o‘rnidan sapchib turib ketdi va atrofga alangladi. Uyda sukunat hukm surardi. «Judayam jimjit», o‘yladi u vahima bilan. U yerto‘laga qarab yugurdi. Shoshilganidan qoqilib tushib bo‘ynini sindirib olishiga sal qoldi. Sement polda hech qanday yoriq yo‘q edi. Unga nima bo‘lyapti, nahotki aqldan ozayotgan bo‘lsa? Karl hammasiga o‘zi aybdor ekanligini tushundi. U uydan chiqmay faqat qotillik haqida o‘ylayvergani uchun shunaqa tush ko‘rgan.
Karl Bogan uyidan tashqariga chiqdi va shu zahoti xuddi yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek o‘zini yengil his qildi.
-Yaxshimisiz, janob Bogan?
Uning yuragini qo‘rquvning sovuq changali g‘ijimladi. U bor kuchini to‘plab yonboshiga o‘girildi va qaychi bilan butalarni tekislayotgan qo‘shni ayolga ko‘zi tushdi.
-Yaxshi,-javob qaytardi u xotirjam gapirishga urinib.
-Bogan xonim-chi? Uni deyarli bir haftadan beri ko‘rmadim.
Boshlanyapti! Laura o‘lganiga endi uch kun bo‘ldi, bu xotin esa bir haftadan beri ko‘rmadim deyapti. Tez orada qo‘shnilar orasida boshlangan gap-so‘zlar uni qotillikda ayblash bilan yakunlanadi.
-Uning mazasi yo‘qroq,-arang gapirdi Karl Bogan.
Qo‘shni xuddi Laurada biror ishi bordek boshini chayqadi.
-Mabodo yordamim kerakmasmi, janob Bogan?
-Yo‘q, rahmat.
-Bogan xonimning kasali og‘ir emasmi?
-Bilmadim.
-Doktor chaqirdinglarmi?
Unga ayol shubha bilan qarayotgandek tuyuldi. Xudoga shukr, ish hozircha uni qotillikda ayblashgacha yetib bormadi. Hozir bu xotin uni Laurani do‘pposlaganlikda va bechora Laura kaltak izlari yo‘qolmaguncha uyidan chiqishga uyalayotganlikda ayblaydi.
-Ha. Doktor unga orom kerakligini aytdi. Tinchlik va orom.
-Ko‘rib chiqsam bo‘ladimi? Unga sho‘rva pishirib berishim mumkin.
-Yo‘q, yo‘q, rahmat,-dedi Karl shoshib-pishib. Ichida esa «Nima bo‘lyapti o‘zi? Nimadan qo‘rqyapman?», dedi.-Rahmat, Van-Nays xonim, o‘zim qarayapman.
-Ammo siz ishga ketganingizda…-Demak, qo‘shnilar uni haliyam ishlaydi deb o‘ylashadi. Yaxshi, ammo bu Van-Nays o‘taketgan qiziquvchan va qaysar ayol. U Lauraning yoniga kirmaguncha qo‘ymaydi. Jin ursin!
-Men hamshira yollamoqchiman.-Bogan bu gapni juda tez aytdi va bu qilig‘i uchun ichida o‘zini so‘kdi.
Marjeri Van-Nays jilmaydi. Hamshira haqida gapirib to‘g‘ri qilibdi. Qo‘shnining ko‘zidagi shubha shu zahoti g‘oyib bo‘ldi. Qiziq, kerakli joyda va kerakli paytda aytilgan kichkinagina yolg‘on qanday mo‘jizalarga qodir.
Karl uyiga qaytdi va eshikni ichidan berkitib oldi. U Van-Nays xonim bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni to‘lig‘icha eslashga urindi. Albatta, u o‘zini xotirjamroq tutishi lozim edi. Ammo Marjeri kutilmaganda sho‘rva ko‘tarib Laurani ko‘rgani kirmasligiga uning ishonchi komil edi.
Umuman olganda, hamshira haqidagi fikr yomon emas. To‘g‘ri, u haqiqiy hamshira yollay olmasdi, ammo uy yig‘ishtiradigan, ovqat pishiradigan ayolni topishiga hech kim xalaqit bermasdi. Shunday qilish kerakki, bu ayol yuqoriga chiqmasin va Bogan xonimni ko‘rmasin. Bogan xonimning ahvoli og‘irligini va o‘zidan boshqa hech kim uning yoniga kirmasligi shartligini aytish mumkin.
Ertasiga mahalliy gazetalardan birida uy bekasi kasaldan turguncha uy ishlarini bajarib turadigan ayol kerakligi haqida e’lon chiqdi. Ikki kundan keyin eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Karl eshikni ochdi va ostonada baland bo‘yli, istarali, lablari chiroyli va ko‘zlari aqlli boqadigan ayolni ko‘rdi. U qo‘lida e’lonlar sahifasi ochilgan gazetani ushlab olgandi.
Ayollar bilan munosabatda boy tajribaga ega bo‘lgan Bogan uning qirqqa ham kirmaganini va sir saqlay oladigan ayollardan ekanligini bir qarashdayoq sezdi. Ehtimol, vaqti kelib u sirini mana shu ayolga aytishi mumkin.
Betta Kul uning savollariga qisqa-qisqa javob berdi.
-Agar zarur bo‘lsa hamshiralik ham qilishim mumkin,-qo‘shib qo‘ydi u.
-Yo‘q, yo‘q, bunga hojat yo‘q!-bosh chayqadi Bogan.-Siz faqat uy ishlarini bajarasiz va ovqat tayyorlaysiz. Bogan xonimga tinchlik kerak.-U bir oz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi:-Doktor uni haftada bir marta kelib ko‘rib ketadi.
Kul xonim unga sinchkovlik bilan tikildi. Karl uning nimadir so‘ramoqchiligini, ammo so‘rashga botinolmayotganini sezdi.
-U farzandli bo‘lishi kerak edi, ammo…-dedi Karl Bogan. Betta afsuslangandek xo‘rsinib qo‘ydi.-U judayam zaif.-Karl ko‘zlarini yerga qadadi, ammo ovoziga yaxshilikdan umid qilayotgandek ohang berishga urindi.
Yarim soatdan so‘ng ular hamma narsani kelishib oldilar. Kul xonim ertalab keladi, birinchi qavatni yig‘ishtiradi va Bogan xonim uchun ovqat tayyorlaydi. Karl ovqatni Laura yotgan xonaga olib chiqadi, uni ovqatlantirgach, idishni olib tushadi.
-Laura sizning qo‘lingiz shirinligini aytib maqtadi,-dedi u birinchi kuniyoq.
-Rahmat.
Bogan uni diqqat bilan kuzatdi. «Ko‘rinishi yomonmas», o‘yladi u. Ba’zan Karl ayol ham unga boshqacha ko‘z bilan qarab qo‘yayotganini sezib qolardi. U ayolning achinayotganini va bu oxiri nimaga olib kelishini bilardi.
Oradan bir hafta, keyin ikkinchisi o‘tdi. Har kuni ertalab va tush payti Karl patnis ko‘tarib Lauraning bo‘m-bo‘sh xonasiga kirar, eshikni ichidan qulflab olib ovqatlanishga tushardi. Ba’zan esa Kulga Lauraning nomidan biror gapni aytardi. Soat to‘rtda Betta uyiga ketar va Karlning o‘zi yolg‘iz qolardi.
Bir kuni u Bettani avtobus bekatigacha kuzatib qo‘ydi.
-Bogan xonim qalay?-qiziqdi Betta Kul.
-Afsuski, oldingidek,-qayg‘u bilan bosh chayqadi Karl,-hech qanday o‘zgarish yo‘q. Kecha siz ketgandan keyin doktor keldi. Uning aytishicha, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lmabdi. Laura devorga tikilgancha miq etmay yotibdi.
-Bola haqida o‘ylayotgan bo‘lsa kerak.
-Bo‘lishi mumkin,-dedi Karl.
Ular bekatga yetib kelishganida ayol unga tik qaradi va bir oz ikkilanib so‘radi:
-Tuzalib ketishiga umid bormi, janob Bogan?
-Gap ikkimizning o‘rtamizda qolsin,-dedi Bogan,-yo‘q. Doktor indamayapti, ammo uning ko‘zidan tuzalishiga umid yo‘qligini ko‘ryapman.
-Sizga achinaman, janob Bogan. Sizga hozir qanchalar og‘irligini o‘z tajribamdan kelib chiqib bilaman. Yolg‘izlik hissi menga yaxshi tanish.
-Balki bir-birimizning kayfiyatimizni ko‘tararmiz?-kutilmaganda Karlning og‘zidan shu so‘zlar chiqib ketdi.
U Betta javob qaytarmaydi deb o‘ylagandi, ammo uning javobi hayratlanarli bo‘ldi:
-Agar Bogan xonimga biror kun qo‘shningiz qarab tursa, kinoga borishimiz mumkin.
Shunday qilib, har kuni kechqurun Boganlarning uyida «qo‘shnisi» o‘tirib turadigan bo‘ldi. Karl yana ayol kishi bilan uchrashishni boshlaganidan xursand edi. Kul xonimning yolg‘izligi ham barham topdi.
Karl Bogan xotini o‘layotgan kishiga o‘xshamasdi. Ular raqs tushishar, kontsertlarga borishardi.
-Karl, sen tufayli men yana o‘zimni yoshligimga qaytgandek his qilyapman,-dedi bir kuni Betta Kul.
-Men ham. Hayotimizni o‘zgartirishimiz kerak.
-Uchrashuvlarimizni bas qilishimiz kerak deb o‘ylaysanmi?
-Albatta yo‘q,-dedi Bogan.-Bu fikrni miyangdan chiqarib tashla, Betta. Biz hayotimizdagi noxush damlarni yengishga urinayotgan insonlarmiz xolos.
-Bu qancha vaqt davom etadi deb o‘ylaysan?
-Bilmadim,-u yelkasini qisdi.-Laura hali ham yotibdi.
-Bu bir umr davom etishi mumkin.
Karl Bogan bu bir umr davom etmasligini tushunib turardi. Nimadir qilish kerak, lekin nima? To‘g‘ri, u Laurani «o‘ldi» deyishi mumkin, ammo unda boshqa muammo paydo bo‘ladi. Uni ko‘mmaslikning iloji yo‘q. O‘lim haqida guvohnoma olish kerak. Tobut tayyorlatish kerak. Lauraning o‘limi ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi.
Bir kuni u hatto Bettaga hammasini aytmoqchi ham bo‘ldi. Karl bu ayol uni sevishiga aslo shubha qilmasdi, sevgi esa ayolni qulga aylantiradi. Uzoq o‘ylanishlardan so‘ng u bu fikrdan voz kechdi. Yana bir bor tavakkal qilishni istamadi.
«Vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li,-o‘yladi Karl,-Lauraning g‘oyib bo‘lishi. Laurani kasalxonaga olib borib qo‘yganini aytadi. Uning jasadini esa, haligi gazetada o‘qigani singari ellik yildan keyin topishadi. Kim ham o‘zidan o‘zi kelib yerto‘lani kavlardi?».
Karl qo‘lida patnis bilan ikkinchi qavatga ko‘tarilarkan, shu haqda o‘ylardi. U kursiga o‘zini tashladi va parishonxotirlik bilan ovqatlana boshladi. Uyni sotish mumkin. Harholda, ancha-muncha pul bo‘ladi. To‘g‘ri, Lauraning bor boyligi oldida uyning puli arzimagan pul bo‘ladi, lekin nima ham qilsin.
Kutilmaganda Bogan qotib qoldi va ovqatlanishni bas qildi. Uning miyasiga xotinining pullarini ham egallash mumkinligi haqidagi fikr kelib qoldi. Buning uchun Lauraning o‘rniga Bettadan foydalanish mumkin. Jasadni faqat tobut tayyorlaydiganlar ko‘radi, lekin ular Lauraning o‘rnida Betta yotganligini bilishmaydi. «Ajoyib fikr!», Karl hayajondan sakrab turib ketdi. Ammo Bettani o‘ldirishdan oldin hammasini yaxshilab o‘ylab olish kerak.
U bo‘sh idishlar bilan oshxonaga qaytganida Betta so‘radi:
-Ovqatning hammasini yedimi?
-Ha,-bosh silkidi Karl unga diqqat bilan tikilgancha.
-Karl, meni sevasanmi?-kutilmaganda so‘rab qoldi Betta.
-Betta, o‘zing bilasan-ku. Tepada ham faqat sen haqingda o‘yladim.
-Agar u o‘lsa, sen meni har doimgidek sevasanmi?
-Hozirgidan ham qattiqroq sevaman,-uni ishontirdi Bogan, Betta nega bunday deyayotganiga tushunmay.
-Xudoga shukr, Karl! Bunga oz qoldi.
-Nimani nazarda tutyapsan?
Betta Kul bo‘sh idishlarga qarab miyig‘ida kuldi, so‘ng Boganga nigohini burdi.
-Men ovqatga zahar qo‘shib qo‘ydim. U bir ozdan keyin o‘ladi.
Karl Boganning rangi oqarib ketdi. So‘ngra birdaniga o‘tkir og‘riq boshlandi. Uning jig‘ildoni xuddi o‘t ketgandek qizib borar, Karl polda tirishgancha jazavaga tushardi.
Betta unga hayron tikilib turardi. Karl jon berishdan oldin unga qarab «ahmoq» deyishga ulgurdi xolos.
Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.