Vodiyda yangi yo‘l qurilayotganiga ikki yil to‘layotgandi va o‘tgan yillar ichida bu yerda ikki kishi halok bo‘ldi. Qurbonlarning birinchisi ustiga beton plita tushib ketgan quruvchi bo‘lsa, ikkinchisi shu atrofda yashovchilardan biri edi. U buzilishi kerak bo‘lgan uyini tashlab chiqishdan bosh tortib, sochma o‘qdan o‘qlangan miltiq bilan himoyalanib, tun bo‘yi mijja qoqmay deraza ostida o‘tirib chiqar va shu uyda ellik yildan buyon yashayotgani, o‘ligi ham shu yerdan chiqishini aytib baqirardi. Biroz shov-shuv bo‘lgandi, muxbirlar, suratkashlar… Biroq uyni shturm qilishga hojat qolmagandi: chol yurak xurujidan vafot etgandi.
Biroq erta tongda qurib bitkazilayotgan yangi yo‘lda ketib borar ekan, Jon Ganarson umuman boshqa narsa haqida o‘ylayotgandi. Yangi yo‘l haqida bosh qotirishga hali vaqti bo‘ladi: endi bu yo‘l tufayli u ishdan uyigacha hech qanaqa svetoforlar, chorrahalarda ushlanmaydi, doim biror ta’mirlash ishlari olib borilayotgani tufayli torayib qolgan yo‘llardan yurishiga hojat qolmaydi; biroq yangi yo‘l tushgan joyda bir paytlar insonlar yashagan, ularni ko‘chirib uylari buzib tashlangan, ilgari mashinasini shundoqqina uyining oldiginasigacha haydab borardi, endi esa tepalik yonida qoldirib, uyog‘iga piyoda chiqishga majbur bo‘layotgandi.
Hozir u boshqa muammolar xususida bosh qotirayotgandi. Birinchisi, uning kichik o‘g‘li — ketma-ket dardga chalinaveradigan, tuni bilan yig‘lab, big‘illab chiqadigan Bill edi. Bolasining haliyam tirik yurganiga xotini Ella sababchi.
Ella — ikkinchi raqamli muammo. «Tinch qo‘y, Jo, — deya jerkib berardi xotini kechalari uni silab-siypalay boshlasa, — zo‘rg‘a turibman. Bill kuni bo‘yi yig‘layverib, boshimni shishirib yubordi. Bitta Bill menga kamlik qilgandek, Xudo urgan ukang yetishmay turuvdi».
Ukasi Klint uchinchi raqamli muammo edi. Aftidan, Joning hayotidagi muammolarning barchasi insonlar ekan. Uning o‘zi yaxshigina topadi, sog‘lom erkak. Eh, Bill onasining chiroyi-yu, otasining sog‘ligini meros qilib olgandami?! Agar Ella va Klint bir-biri bilan kelisholgandami? Klintning o‘zi alohida yashagani ideal holat bo‘lardiku-ya. Biroq, uning aytishicha, hozir ish topolmayotganmish, shu sababli uni istalgan vaqtda armiyaga chaqirib qolishlari mumkin ekan. Klint juda kech yotardi, bu esa Ellaning g‘ashini keltirardi. Kuni bo‘yi u okrugni o‘zining shaloq mashinasida kezib chiqardi. Mashinaning yurib turishi ham Joning zimmasida edi, bu esa Ellani yanada g‘azablantirardi. Uyga ham o‘zi istagan vaqtda, yaxshilab ovqatlanib olish uchungina kelardi. Tabiiyki, uka uyga bir tishlam non ham olib kelmasdi, bu esa Ellani quturtirardi.
Jo chuqur nafas oldi. Qorong‘ulik atrofdagi tepaliklarni tobora o‘z komiga tortayotgandi. Faqatgina tug‘ma ehtiyotkorligi keskin tormoz bosib, yo‘l chetida turgan mashina bilan to‘qnashib kenishining oldini oldi.
— Voy Xudoyim! — ingrardi mashina egasi. — Meni otishdi! Xudoyim! — U uniqqan ish kiyimi kiyib olgan o‘rta yashar erkak edi. — Nega?! Men kimga kerak bo‘ldim? Xudoyim! O‘z yo‘limda ketayogan bo‘lsam, hech kimga xalaqit bermagan bo‘lsam, mana senga, deb otib tashlashdi! O‘q mana bu yerga tegdi. — U barmog‘ini teshikka tiqib ko‘rsatdi. — O‘qning tushganini eshitdim, lekin topa olmayapman. Mashinadan tushayotganimda uchib ketdimikin-a? Fonaringiz yo‘qmi?
Joda fonar yo‘q edi.
— Menga qarang, nega siz uni o‘q deb hisoblayapsiz? Balkim qarshingizdan kelayotgan mashina uchirib yuborgan toshdir? — dedi Jo.
Erkak Joga quturgandek shunaqangi nigoh soldiki, Joning badanidan sovuq ter chiqib ketdi.
— Tosh?! Qanaqa tosh?! Nimalar deyayapsan? Qani, yo‘lingdan qolma! Tosh emish! Voy Xudoyim!
Ganarson uyining ortidagi tepalik tagida mashinasini to‘xtatib,tor so‘qmoq bo‘ylab tepaga ko‘tarila boshladi.
Klint mehmonxonada polga yonboshlab, televizor tomsha qilardi. Ella duxovkada nimadir pishirayotgandi. Bill esa mehmonxona va oshxona orasida burnini tortgancha emaklab yurardi.
— Yo‘limizda qiziq hodisalar bo‘lyapti, — dedi Jo ostonadan kirar-kirmas.
— Ha-ha, — deb javob berdi Klint yuzidagi quruq ifodani buzmasdan.
— Ko‘rdingmi, Jo! Endi meni tushungandirsan? Kuni bo‘yi shu ahvol, kundan kunga hiqildog‘imga kelyapti, — ingradi Ella.
Kichkina Bill otasi olib kelgan va aslida kechki ovqatdan keyin yeyilishi shart bo‘lgan konfetga qo‘lchalarini cho‘za boshladi. Jo qat’iyat bilan o‘g‘lini itarib tashladi, bolakay yig‘lay boshladi.
— Bunga nima deysan? — aralashdi Klint. — U endi ikkiga kiryapti. Nega uning g‘ashiga tegasan?
Bill otasiga xafa bo‘lib tikilib turardi. Jo uh tortdi va bir-ikki daqiqadan so‘ng maza-matrasi yo‘q ovqatni ko‘klarga ko‘tarib maqtab turardi, Ella esa bunga e’tibor ham bergani yo‘q. Ovqatlanib bo‘lishgach, u yotoqqa jo‘nadi, biroq hadeganda uyqu kelmas, shu sababli Jo yana mehmonxonaga yo‘l oldi. Klint hanuz polda yastangancha tungi shouni tomosha qilib, sigaret tutatib yotar, Ellaning xira kayfiyati haligacha tarqamagandi. Jo uh tortib, yana yotoqqa qaytdi.
Ganarson «Gernsi korporeyshn»da ishlardi. Bu zavod meva va sabzavotlarni qayta ishlar, ularni quritib, qadoqlab mahsulot ishlab chiqaruvchilarga jo‘natar edi. Korxona unchalik katta emasdi, rahbariyatda to‘rtta brigadir bor edi. Jo ulardan biri edi. Katta omborxonaga o‘xshab ketadigan tsexlarda ko‘pincha u o‘zini uyidan ko‘ra shu yerda xotirjam his qilishini tan olardi.
«Yangi yo‘limizda qiziq hodisalar bo‘lyapti…» — dedi Jo brigadirlardan biriga yechinish xonasida kiyim almashtirayotib. «Kecha qiziq hodisaning guvohi bo‘ldim», — deya o‘rtoqlashdi u korxonaning oshxonasidagi ofitsiant ayolga. Faqatgina qariya mister Gernsiga ham buni aytayotganda ichidan bir nido keldi: «Sen bir narsani hadeb takrorlaverayapsan». Jo peshonasi tirishib, ichki ovoziga o‘zicha javob qildi: «Unda nimani aytay? Mening muammolarim ularga qiziqmikan?» Nima bo‘lganda ham, mavzuni o‘zgartirib, boshlig‘i bilan mashinalar haqida gaplasha boshladi.
Biroq, ish kuni yakunlanayotib Jo yana o‘sha mudhish voqeaga qaytishga majbur bo‘ldi. Navbatchilikdan so‘ng dushda yuvinayotib, brigadirlardan biri Bob Lamotta suvning shovqini aralash unga dedi:
— Ey, Jo! Boya gapirib bergan erkak unga qarata o‘q uzishganini senga aytgan ekan, sen esa bu tosh degansan…
— Men tosh deganim yo‘q, shunchaki faraz qildim…
Biroq Bob Joni eshitmayotganini bildirib, yelka qisdi va dushdan so‘ng suhbatni davom ettirdi:
— Xullas, Jo, sen adashibsan. Sherifning yordamchilari o‘q uzilganini tasdiqlashibdi.
— Sherifning yordamchilari hech qachon adashmas ekanmi? — g‘o‘ldiradi Jo.
— To‘g‘ri. Biroq bugun ham yo‘lda o‘q uzishgan. Bir xonim shahardan qaytayotgan ekan, bir vaqt paqillatib otib qolishibdi. O‘qi orqa yon oynalarning ikkisini ham teshib o‘tgan. Toshdan bunaqa tuynuk qolmasa kerak…
Ertasi kuni yo‘lda uchinchi marta o‘q uzildi. Ikki kun mobaynida politsiya o‘tayotgan mashinalarga kim o‘q uzgan bo‘lishi mumkinligini aniqlash maqsadida tepaliklar atrofini tintib chiqishdi. Javob juda oddiy edi: istalgan kishi! Yo‘lning uzunligi bir necha mil edi, atrofdagi tepaliklarning esa sanog‘i yo‘q.
Keyingi ikki kun davomida hech kim o‘q ovozini eshitmadi. Biroq uchinchi kun turli uchastkalarda to‘rtta mashina o‘qqa tutildi.
— Bu kimning ishi bo‘lishi mumkin? — hayqirdi Jo uyida.
Ella darrov javob berdi: o‘rmonda tiqilib yotgan, butun dunyoni o‘zidan qarzdor deb hisoblovchi bekorchi bezorilardan biri bo‘lsa kerak-da.
Klint so‘kindi. Ella Joga qaradi va baqira ketdi:
— Uning so‘kinishiga indamay qarab tura olasanmi?
Jo bu janjallar hiqildog‘iga kelgani haqida o‘ylab qoldi va ertasigayoq mister Gernsidan Klint uchun armiyaga chaqirilishigacha birorta vaqtinchalik ish so‘rashni ko‘ngliga tugdi. Hechqursa Ella kunduzi uyda bir o‘zi o‘g‘liga ko‘proq vaqt ajrata olar. Bolaning hiqqillashidan kulgusini eshitish yaxshi-da. Ba’zan Jo o‘g‘li va ukasining yuz ifodalari bir xil ekanligidan hayratlanardi. Ikkisi ham — doim nimadandir xafa va ko‘ngli to‘lmagan.
— Menimcha, birorta esi past otayotgan bo‘lsa kerak, — deya o‘z savoliga javob bera boshladi Jo Klint va Ella o‘tasida alangalanayotgan janjalni o‘chirishga urinib.
Ertasi kuni esa u gazetalarda aynan shu taxminini o‘qidi. Sarlavhalar savol berardi: «Vodiydagi esi past snayperni qanday topish mumkin?», «Telba Snayper. Kim u?».
Jo kunduzi zavod oshxonasida tamaddi qilib o‘tirgan uch politsiyachidan snayper haqida chiday olmay so‘radi.
— Bu bola esini yo‘qotgani aniq, — dedi politsiyachilardan biri. — U bu turishda kimnidir o‘ldirib qo‘yadi. Shunaqa jinnilar ham bo‘ladi. Ular xayoliga kelib qoladi-da, miltiqdan duch kelgan tomonga o‘q uza boshlashadi. U birorta xat yozganda ham uni ushlashimiz oson kechardi.
Ofitsiant ayol Bezori Jek deganlari ham qop-qop xat yozgani, u xatlar bilan butun boshli Skotland Yardning jami devorlarini yopishtirib chiqish mumkinligi, shunda ham uni topa olishmaganini eslatdi.
Yuzlari qip-qizil ikkinchisi politsiyachi esa na hamkasbi, na gazetachilarga qo‘shildi.
— Agar mening fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, — dedi u. — u qandaydir olifta. Hech kim hech kimdan qasos olmayapti. Shunchaki, asablarga o‘ynash uchun o‘q uzyapti. Oliftalar o‘zi shunaqa bo‘lishadi. Balkim kim haydovchiga yaqinroq o‘q uzish haqida bahslashishgandir? Ja quyushqondan chiqib ketibdi ular. Baldog‘i mis charm kamarlarni olib, ishtonini yechib, baqirtirib yasash kerak ularni.
Tushlikdan so‘ng Jon mister Gernsi bilan Klint haqida gaplashmoqchi edi, lekin boshliq undan avval gap ochdi:
— Bu mergan yo‘l qurilishi davomida uyi buzib tashlanganlardan biri bo‘lib chiqsa ajablanmayman. Esingdami, Jo, juda ko‘pchilik norozi edi. Lekin bizga yangi yo‘l kerak ham edi-da!
— Gaplaringizga qo‘shilaman, — dedi Jo. — Ilgari ishga kechikmay, deb juda erta yo‘lga chiqishga majbur bo‘lardim. Uyga ham qachon yetib borishimni oldindan ayta olmasdim. Endi esa yo‘lga qancha vaqt sarflashimni soniyasigacha bilaman. Aytmoqchi, mister Gernsi…
— Lekin ular hammani rozi qilishmagan, — devom etdi boshliq. — falon o‘lchamdagi uy falon funt turmaydi, deb hisoblashgan. Hammaga bir xil haq to‘lashgan. Hech kimning uyining ichida nima borligiga e’tibor ham bermagan. Ba’zilar uyini yaqindagina ta’mirlashgan, yangi isitish tizimi, turli moslamalar qilib olishgan-da… Hammaga barobar bo‘lingan. Mana, kimdir yangi yo‘lda qatnayotganlardan o‘ch olishni ko‘ngliga tukkanga o‘xshaydi.
Jo boshini tasdiq ma’nosida irg‘adi:
— Bo‘lishi mumkin. Siz sherifga ko‘chirib o‘tkazilganlarning hammasini tekshirish kerak, deb aytasizmi?
— Bu haqda sherif bilan gaplashishim kerak, deb o‘ylansanmi, Jo?
— Bu jiddiy masala, menimcha, uchrashishingiz kerak.
Natijada, Jo Gernsidan Klint uchun ish so‘rashni unutdi.
Ertasi kuni ishga kelgan Jo hovlida politsiyachilarning mashinasiga ko‘zi tushdi.
— O‘g‘ri tushibdi, — tushuntirdi Bob Lamotta. — Kimdir idoraga kirib, kassani bosgan, stollardagi hamma tortmalarni ochib ko‘rib, ikkita yozuv mashinkasi, radiopriyomnik, hisoblash mashinasi va yana allambalolarni ko‘tarib ketibdi.
Mister Gernsi sherif yordamchilari bilan gaplashayotgani eshitilib turardi:
— Albatta, menda gumon bor. Men buni kim qilgan bo‘lishi mumkinligini sezyapman. Lekin kechagidek — snayper haqida gaplashmoqchi bo‘lganimizda qo‘llaringizni siltamay, e’tiroz bildirmay eshitsangizgina aytaman.
Bu so‘zlarni eshitgach, Jo ko‘zga ko‘rinmaslikka qaror qildi. Agar qariya Gernsi uning maslahatiga amal qilgan bo‘lsa-yu, politsiyachilar uni tinglashni istashmagan bo‘lsa, yaxshisi boshliqning ko‘ziga ko‘rinmay turgani ma’qul. U darhol qo‘l ostidagilarini yig‘ib, ishga kirishdi. Ha, noqulay ahvolga tushib qoldi. Qariyaning taxmini yomon emasdi.
O‘g‘irlikni juda tez ochishdi. Tushlikdan oldin hammol Manuel ikkinchi qavatga — Jo brigadasi bilan ishlab yotgan tsexga ko‘tarilib, yutoqib gap boshladi:
— Uni ushlashdi! Kimligini hayotda topa olmaysizlar! Qani, urinib ko‘ringlar-chi!
— Miss Ponsonbi? — dedi kimdir gurr kulguga sabab bo‘lib. Miss Ponsonbi kompaniyada u asos solingan kundan beri ishlar, juda halol ayol edi.
— Esingni yeganmisan? — e’tiroz bildirdi Manuel. — Qanaqa miss Ponsonbi! Bo‘pti, baribir topa olmaysizlar. Bu Rey ekan!
Buni hech kim kutmagandi. Mo‘minqobil yigit Rey kompaniyada buxgalter bo‘lib ishlar, yolg‘iz onasi bilan yashar, kechalari cherkovda organ chalardi. Bu ham missis Ponsonbi o‘g‘ri bo‘lib chiqqandek hayratlanarli edi!
Yangilikdan hanuz o‘ziga kela olmayotgan Manuel tushuntirish bera boshladi: Rey avval boshdan pul o‘g‘irlab yurgan ekan. Ishchilardan kimdir boshliq uni tutib olib, iqror xati yozdirganini esladi. Mister Gernsi yosh buxgalterni nima qilsam ekan, deb o‘ylagancha u o‘zining iqrornomasini o‘g‘irlab, ishdan bo‘shab, boshqa joyga ko‘chib ketishni mo‘ljallagan. Haqiqiy o‘g‘rilikni sahnalashtirish uchun idoradan pul va boshqa narsalarni ham o‘g‘irlagan. Biroq qariya Gernsi Reyning iqrornomasi yo‘qolganini ko‘rgach, gap nimada ekanligini sezgan. Haqiqiy o‘g‘ri hech qachon bunday «qimmatbaho» qog‘ozga tegmagan bo‘lardi. U o‘z gumonlarini sherif yordamchilariga bildirgan, bu safar ular uni indamay eshitishibdi. Politsiya uyiga bostirib borgach, Rey hammasini bo‘yniga olibdi.
Mister Gernsi kun bo‘yi Reyga rasman ayblov e’lon qilish-qilmaslik haqida o‘yladi. Ish kuni tugashidan picha avval u o‘zining chang bosgan «Shevrole»siga o‘tirib, yakuniy qarorni Reyning onasi bilan gaplashib olgach chiqarishni niyat qilib, uning huzuriga yo‘l oldi.
Navbatchilikdan so‘ng, Jo dushda cho‘milayotganda Bob Lamotta kulimsiragancha undan so‘radi:
— Telba snayper haqidagi so‘nggi yangiliklarni eshitdingmi? Kimning mashinasiga kumush o‘q kelib tegsa u vampirlar haqidagi yangi filmga bepul chipta sohibi bo‘lar ekan! — Bob o‘zining hazilidan o‘zi nash’a qilgancha xoxolab kuldi.
Jo yangi yo‘ldan uyiga qaytardi. Boshida turli o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynardi. Qorog‘ulikda yo‘l chetida turgan mashina yonidan o‘tib ketay dedi. Jo «Shevrole»ni tanidi. Formali kimsa qo‘lidagi fonar bilan oldinga undadi.
— O‘tib ketavering, ketavering!
— Bu boshlig‘im mister Gernsining mashinasi. Unga nima bo‘ldi?
Fonar Joning yuzini yorita boshladi va sherif yordamchisi dedi:
— Uni o‘ldirishibdi. O‘q uning boshiga tekkan. Siz Gernsining qo‘lida ishlarmidingiz? Ismingiz nima?
Sirena ovozi eshitila boshladi. Yana bitta politsiya mashinasi yetib keldi. Jo mister Gernsi rulni quchoqlab sulayib qolganini ko‘rdi. Uning shu holati Joga ma’qulroq ko‘rindi: u boshlig‘ining o‘lik yuzini ko‘rmaydi.
— Shunday bo‘lishi ham kerak edi, — dedi sherif yordamchisi. — Doim mashinalarga qarata o‘q uzilaversa, ertami-kechmi birortaga tegishi aniq edi.
Shu vaqt Joni tok urgandek bo‘ldi. U o‘zi istamay gapira boshladi:
— Agar bu tasodif bo‘lmasa-chi? Kimdir avvaldan hammani boshi berk ko‘chaga qamash uchun qotillikni rejalashtirgan bo‘lib chiqsa-chi? Birorta esi past manyak deb o‘ylashlari uchun mashinalarga o‘q uzib turgan. O‘zi istagan kishini o‘ldirib bo‘lgach, hamma buni tasodif deb baholaydi. Shunaqa ham bo‘lishi mumkin-ku?!
Hech kim javob bermadi.
— Qariya Gernsni o‘ldirish kimga kerak bo‘ldi ekan-a?! — baqirib yubordi Jo.
— Anavi mumsik Reyga bo‘lmasa kerak, harqalay, u politsyai bo‘linmasida panjara ortida, — dedi sherif yordamchisi. — Bo‘pti, endi siz ketaqoling.
Kuyinganidan Jo yo‘lni zo‘rga ilg‘ardi. Bir iloj qilib uyigacha yetib kelgach, tepalikning duch kelgan joyida mashinasini to‘xtatdi va so‘qmoqdan oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab ko‘tarila boshladi. Yonoqlarini yoshlari ho‘l qilayotganini sezib, eshikni ochdi va uyga qadam bosdi.
Ella va Klint har doimgidek uyda edilar. O‘zini ko‘zlari jiqqa yosh bilan ko‘rib, ulardan qay biri birinchi bo‘lib baqirib yuborganini tushunmadi ham. «Ular meni yaxshi ko‘rishadi, — xayoliga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi, shu sababli o‘pkasi to‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, hammasi joyida, degandek jilmayishga harakat qildi, — Har nima bo‘lsa ham, ularning har ikkisi meni yaxshi ko‘radi. Suyishadi». Lekin uning bu fikri yashin tezligida boshqasi bilan o‘rin almashdi: «Oshxonada miltiq nima qilyapti? Axir u yerda Bill bor-ku?!» Jo bu gapni og‘ziga chiqarmoqchi bo‘lgan ham ediki, Ella chinqirgancha baqirib yubordi:
— Axir sen uni o‘ldirdim devding-ku! O‘ldi devding-ku!!!
Jo xotiniga, so‘ng ukasiga qaradi va Ella ne sababdan qichqirayotganini va shuncha vaqt nimalar bo‘lganini tushundi. U shahdam qadamlar bilan oshxonaga yo‘nalib, miltiqni qo‘liga oldi…
Rus tilidan Shavkatbek tarjimasi