QOTIL
Zamoskvorechedagi boloxonali oddiy yog‘och uy. Oynalari top-toza, romlar a’lo sifatli ko‘kishtob rangga bo‘yalgan. Atrofi olomonga to‘la, ro‘parada yengil davlat avtomobili turardi. Kiraverishdagi lang ochiq eshikdan tepadagi qizil hoshiyali ko‘kimtir gilamcha ko‘rinib turibdi. Ichi qizigan olomon o‘sha tomondan ko‘zini uzmasdi, shu top yoqimli ovoz eshitildi:
– Ha, azizlarim, o‘ldiribdi! Beva yosh, badavlat savdogarlar avlodidan… Aytishlaricha, yigitni o‘lgudek yaxshi ko‘rgan. Yigit bo‘lsa faqat uning pullariga yashab, to‘g‘ri kelgan bilan ko‘nglini xushlab yuravergan. Oxiri jonidan to‘ygan qiz vidolashish niyatida uni huzuriga chaqirgan, yedirib-ichirib rosa mehmon qilgan, so‘ng: “Kel, senga to‘yib qarab olay” degan-da, kayfi taraq erkakning yuragiga pichoq sanchgan…
Boloxonaning derazasi ochilib, qandaydir oq qo‘lqopli qo‘l avtomobilga ishora qildi. Mashina o‘t oldi, olomon tisarilib unga yo‘l berdi. Mana, dastlab uning kelishgan oyoqlari, so‘ng suvsar yopinchig‘ining etagi ko‘rindi, so‘ng butun kiyim-boshi bilan cherkovga, xuddi nikohdan o‘tishga otlangandek, o‘zi shoshmasdan, ohista zinapoyadan tushib kela boshladi. Badani sutday oq, qosh-ko‘zlari qora, boshida hech nimasi yo‘q, o‘rtasidan to‘g‘ri farq ochilgan sochlari silliq taralgan, quloqlarida esa uzun zirak silkinib turardi. Yuzi xotirjam, tiniq, lablari esa barchaga muloyim tabassum ulashardi… Ayol mashinaga o‘tirdi, orqasidan qolgan ma’murlar ham o‘tirishdi va shineli gavdasiga yarashib turgan kishi tekintomoshachilarga jiddiy va norozi kayfiyatda qarab qo‘ydi; eshik qarsillab yopildi va mashina joyidan qo‘zg‘aldi…
Orqadan qarab qolganlarning bari zavqlanib:
– Eh, hech nima bo‘lmaganday jo‘nab qolishdi-ya! – deyishdi bir ovozdan.
ODAMXO‘R
Qashshoq, yetimcha qiz, o‘zi o‘ta yoqimtoy va juda yuvosh, deyarli esi past. Boy xonadon uni ishga oldi va zimmasiga eng iflos va eng ko‘p kuch talab etadigan yumushlarni yukladi – u qancha qiynalsa ham miq etmay, jimgina ishlar, nima bo‘lsa ham ularga yoqishga urinardi. Oqsoqol, ya’ni qo‘rg‘onning kattasi, iste’fodagi harbiy fursatni qo‘ldan bermay, qizning nomusini bulg‘ab qo‘ydi. Qizgina bolalarcha qaysarlik bilan qattiq qarshilik ko‘rsatdi-yu, baribir taslim bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Bir oydan so‘ng uning homilador ekani ma’lum bo‘ldi va bundan barcha xabar topdi. Oqsoqolning xotini qildi qiyomat, qildi qiyomat… va boy xotin qizni zudlik bilan ishdan haydash payiga tushdi. Noiloj qolgan qiz zor-zor yig‘lagancha lash-lushlarini naridan-beri xaltaga joyladi-da, bu xonadondan bosh olib chiqib ketdi. Oqsoqolning xotini qarolxona ostonasida turib, quvonchini ichiga sig‘dirolmay telbalarcha raqs tushar, hushtak chalib, itni qizga “ol-kish”lar, mis tog‘orani suyak bilan urib, har xil ovozda:
– Qanjiq! Tilanchi! Qashshoq! Yalmog‘iz! Jodugar! Odamxo‘r! – deb qichqirar edi.
KO‘Z YoShLAR
Tilanchi kampir boy xonadon darvozasi yonida paydo bo‘ldi. Egnida kampirlarga xos juldur kiyim, qoqsuyak oyoqlarida kampirlarga xos osilib-solinib yotgan paypoq, mungli ko‘zlar…
Unga ellik tiyin tutqazdim-da, gapga soldim:
– Mana, buvijon, sizning bormagan yeringiz, kirmagan eshigingiz yo‘q, – hayotda ancha-muncha narsalarni ko‘rib qo‘ydingiz-ov?
Kampir ko‘zlaridan achchiq ko‘z yoshi to‘kib dedi:
– Boshqa nima ham qilardim, otaxon, qo‘limdan boshqa nima ham kelardi!
Chala, pala-partish olingan sochi oppoq oqarib bitgan, egnida xotinlarning yalangqavat ko‘ylagi, yelkasiga xalta osib olgan Vanya ovsar o‘tloqdan oqsab-to‘qsab arang qadam bosib boradi:
– Omonmisan, Vanya! Ahvollar qalay?
Vanya so‘lagini oqizgancha xursand ohangda:
– Tuproqdan tashqari – shunga ham shukur… – deb javob berdi duv to‘kilgan ko‘z yoshlarini artib.
SARMOYa
Taqirbosh, yuzi qip-qizil, meshqorin, uchar kvasfurush butun yarmarkani boshiga ko‘tarib:
– Kep qol, mana kvas, burning achishmasa hisobmas! Kep qol, ko‘pirib-toshgan kvasdan op qol! – deya baqirardi.
Issiq telpagini boshi orqasiga surib, qo‘ltig‘iga katta nonni qistirib olgan sariqmashak rus dehqoni burun kataklarini shishirgancha, har zamon-har zamonda nondan uzib og‘ziga solar va uni chaynagancha olomon ichidan o‘tib borardi.
– Kvas qanchadan? – so‘radi u boshini baland ko‘tarib.
– Burgutligidan cho‘zsang bir shisha, bo‘lmasa ikki tiyinga bir piyola.
– Yarim tiyinga-chi, quyasanmi?
– O‘sha yarim tiyiningga chumchuqning tezagini ham olib bo‘psan.
Erkak chaynalgancha o‘ylanib qoldi. So‘ng xo‘rsindi-da, jiddiy ohangda dedi:
– He-yo‘q, ikki tiyinga qurbim yetmaydi. Bunaqa sarmoya hozircha menda topilmaydi.
DUMLI YuLDUZ
Boylarning uyidagilar ham, qishloqdagilar ham dumli yulduzga o‘xshash nimadir kelayotganiga ancha vaqtgacha ishonishmadi: “Ular faqat qadim zamonlardagina bo‘lgan!” Va nihoyat bir kuni tunda, shimoliy ufq tomonda, kareta turadigan saroyning orqasida birdan dumli yulduz ko‘rinib qoldi – uning yaltiroq dumi bir tomonga xiyol qiyshayib turardi. Xo‘jayinlar uni soyabonli pillapoyada turib kuzatishdi. Ular xizmatkorlar xonasining ostonasidan turib ham undan ko‘zlarini uzishmay, cho‘qinishdi. Ertasiga oqsoqol zodagonlar uyining tomiga chiqdi-da, chordoq oynasiga taxta qoqib berkitib tashladi. Taqir-tuqurni eshitgan uy egalari chiqib:
– Oqsoqol! Nima gap, u yerda nima qilyapsiz? – deb so‘rashdi.
– Nima qilardim, chordoq oynasini berkityapman.
– Nimaga?
– Nimaga bo‘lardi, dumli yulduzdan himoyalanish uchun-da.
ShAQIRLAGAN QOVURG‘A
– Assalomu alaykum, muhtaram to‘ram. Ahvollar qalay deysizmi? Tuproqdan tashqarida yurganimga ham shukur. Pulning dardida bozorma-bozor, yarmarkama-yarmarka yelib-yugurib yuribman… Axir yosh ham qirqqa bordi, – tilimni itday osiltirib, chopib yurganimga ishonmang. Birdan-bir omadim boshpanamning borligi, garchi u kulba bo‘lsa ham – ba’zan och-nahor qolib qaytganingda, harholda o‘z uying o‘lan to‘shaging bor, hozir bag‘rimni ezgudek huvillab yotgan bo‘lsa-da, Xudo ko‘rsatmasin bunday kunni. Qishloqdagi tirikchilik o‘zingizga ma’lum; issiq, chak etgan yomg‘irning o‘zi yo‘q, kunduz kunlarning-ku sira keti ko‘rinmaydi… Uying esa yutaman deydi: xotinni ko‘mdim, farzandlarimni ko‘mdim, baxtimga hozircha onam tirik. Biroq oxirgi paytlar u ham meni xavotirga solyapti: uyda oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosadi, ko‘z ham, quloq ham arang ishlayapti, biroq shunga ham ishonch yo‘q, idrok, diqqat-e’tibor ham haligiday, o‘zi ozib-to‘zib, bir siqim bo‘lib qolgan – jag‘ini bog‘lab qo‘ysang, tayyor o‘lik. Qanaqa ayol edi-ya! Bitta monastrning bekasi bo‘lishga arzigulik savlat ham, qaddi-qomat ham bor edi. Endi kuni bitib, shaqirlagan qovurg‘a qolgan, xolos.
BUVA
Mo‘ysafid, sochlari qalin, hurpaygan, kun bo‘yi chekkani-chekkan.
Tong saharda bir tortib, aqlini peshlab olmasa, gandiraklab, o‘ziga kelolmaydi.
G‘alati ham kerak emas, undaylar bu yorug‘ olamga, bola-chaqa va oilaga (garchi uni ota, buva deb chaqirishsa-da) begona va u ko‘z ochib-yumguncha dunyodan o‘tadi, bu manfaatparastlar uyasiniyu markazdan olis bu ovloqni toabadga tark etadi va ana o‘shanda sen so‘ra, surishtir, so‘zla, bu bangidevona bu yorug‘ olamda kim uchun yashadiyu nima uchun yashadi.
Nima bo‘lganda ham uning bu dunyoda o‘z o‘rni bor:
– Buvajon, tushlikka keling! Ugra sho‘rva sovib qoladi!
– Sizlar menga qaramay boshlayveringlar… Men sal keyinroq…. menga qolgani ham bo‘laveradi…
O‘zining esa tushlikni kutaverib qorni piyozning po‘sti bo‘lib ketgan.
– Ota, siz hech bo‘lmasa ishtoningizni almashtirib oling, axir ich kiyimlaringiz taxlanib yotgan bo‘lsa!
– Bu gapingga besh ketsa arziydi! Taxlanib yotganmish! Bir parcha butun yeri qolmagani qachonlar edi! Shunday bo‘lganda, avaylab o‘tirmasdim! Endi menga, kelinjon, hech nimaning keragi yo‘q. Xudoga shukur, yashadim, endi izzatim bitdi, faqat Xudodan bitta o‘tinchim – tezroq jonimni olsa…
O‘ziga qolsa o‘lguday ziqna, bor-yo‘g‘ining tashvishini qilgani-qilgan, bu dunyodan ham hech umid uzgisi yo‘q va umrning bir asrdan kamiga rozi ham emas.
Nimaga?
Buni o‘zi ham bilmaydi.
Birovning ko‘nglini birov bilib o‘tiribdimi! O‘zingnikini bilmaysan-ku!
ARAFA
Shaharda, vokzalga ketaverish. Izvosh daryo orqali tepaligu ko‘prikdan shitob bilan yelib borardi. Ko‘prik tagida, sohilning sayoz yerida, ko‘prik soyaboni ostida yo‘lovchilarga orqa o‘girib, o‘zini himoya qilgandek yelkalarini ko‘targancha bir yalangoyoq isqirt latta ichidagi allaqanday nishxo‘rdni titib, ochko‘zlik bilan oshalar edi. Orqada, yon tomonida dehqonlarning vahimali etiklari osilib turgan shaloq arava silkingancha, gumburlab, shamoldek yelib borardi. Hamma yeri unga belangan tegirmonchilar, bari devqomat va bari sap-sariq, bosh-yalang, bog‘ichlari yechib tashlangan qizil ko‘ylakda…
So‘ng ikkinchi toifa vagoni. Va ro‘paramda davangiday, kirpisoch, kataklari yoqimsiz kerilgan yapasqi burni ustiga tilla ko‘zoynak qo‘ndirib olgan qirqlar atrofidagi janob o‘tirardi. Bir payt mendan hazar qilgandek hamma birdan o‘rnidan turdi, hech biri menga qaramayotgandi, ular tokchadagi yukbop jomadonlariyu jomadonchalarini tartibga sola ketishdi. O‘z hayotidan va mustahkam obro‘-e’tiboridan mamnun, pishiq-puxta o‘ziga ishongan janob…
Lekin o‘n oltinchi yilning kuzi allaqachon yaqinlashib qolgandi.
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi