Bu tushmidi yoki menga ro‘yo bo‘lib ko‘rindimi?
Kuzning mungli to‘lin oyi anchadan beri ko‘kda suzib yurganday, kun davomidagi mayda tashvishlar va yolg‘on-yashiqlardan orom oladigan vaqt kirganday tuyuldi menga. Menimcha, butun Parij, hatto eng chekkadagi g‘arib kulbalar ham uyquga cho‘mgan edi. Uzoq uxladim, uyqu meni juda sekin tark etdi. U xuddi o‘z ishini qoyilmaqom bajargachgina ketadigan kuyinchak do‘xtirga o‘xshardi. Bunday tabib bemor sog‘ayib, ko‘ksini to‘ldirib nafas olgachgina, ko‘zlarini ochib, hayotga qaytish quvonchi bilan kulib qaragachgina, xotirjam bo‘ladi. Uyqudan uyg‘onganimda sokin va oydin tun cho‘kkan edi.
Beshinchi qavatdagi xonamda sassiz qadam tashlab, derazalardan birining yoniga keldim. G‘ira-shira yorishib turgan keng xonaga ko‘z tashladim, so‘ng derazaning ustki oynasidan oyga tikildim. U meni o‘z nurlariga cho‘mdirdi, men esa uning yuziga uzoq termulib turdim. Yog‘dular parda to‘rlari orasidan o‘tib, xonadagi qorong‘ilikni biroz tarqatar edi. Bu tomondan oy ko‘rinmasdi. Lekin to‘rtala oyna ham, ularning yon-atrofidagi narsalar ham yorishib turardi. Yog‘du oqish-moviy va oqish-kumushrang deraza raxlari yonidan o‘tar, ularning qiyshiq va kulrang soyalari esa xiyol yorishib turgan kursi va o‘rindiqlarga o‘zini tashlagan edi. Eng chekka deraza yonidagi kursida men sevgan ayol o‘tirardi. Ko‘ylagi qizchalarnikiday oppoq, yuzi rangpar va chiroyli edi. U hozir ikkalamiz boshdan kechirgan va bizni ko‘pincha g‘azabga mindirib, murosasiz dushmanlarga aylantiradigan jamiki narsalardan toliqib o‘tirardi.
Bu kecha uning ham uyqusi qochgan. Nega?
Ayolimga qarashdan qochdim, yoniga bordim-da, deraza tokchasiga o‘rnashdim… Ha, vaqt allamahal bo‘lgan – qarshimizdagi besh qavatli uyning butun devori zim-ziyo. Derazalari xuddi so‘qir ko‘zga o‘xshaydi. Pastga qaradim – ko‘chaning tor va chuqur yo‘lagi ham qorong‘i va kimsasiz. Butun shahar shunday. Xira nur sochayotgan oygina bir tomonga biroz qiyshayib, g‘ildirab boryapti, ammo tutunday yoyilgan bulutlar orasida harakatsizday ko‘rinadi. Shahar bo‘ylab birgina u uyg‘oq kezyapti. U to‘ppa-to‘g‘ri menga tikilib turibdi, biroz kemtilgan va shu sababdan g‘amgin ko‘rinadi. Bulutlar uning oldidan tutunday suzib o‘tyapti. Oy yonida ular ancha yorug‘ edi, eriyotganga o‘xshardi, nariroqqa borib ancha quyuqlashdi, tomlarning chetiga yetganda esa butkul qora kiyib, zulmat bag‘riga singib ketdi…
Oydin tunni kuzatmaganimga ham ming yil bo‘lgandi o‘zi! O‘ylarim yana olis, deyarli unutilgan kuz kechalariga yo‘l oldi. Bunday kechalarni bolaligimda, o‘rta Rossiyaning baland-past dashtlarida ko‘rganman. Parijni xayolan tark etdim va butun Rossiya, yuksak osmon ostida yotgan ulkan kengliklar bir lahza ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Ana – Boyko‘l dengizining tilloday tovlanib turgan sathi. Manavi bo‘lsa – sharqqa tomon yorishib borayotgan zim-ziyo qarag‘ay o‘rmoni, bular esa – unda-bunda o‘rmonlar, botqoqliklar, siyrak daraxtzorlar. Ulardan quyida janubga tomon bepoyon dalalar va tekisliklar cho‘zilgan. O‘rmonlar orasidan yuz chaqirimlab o‘tgan temiryo‘l relslari oy nurida kuchsiz yaltiraydi. Yo‘l yoqasidagi uyqusiragan turfa rang chiroqlar ko‘zlarini pirpiratib, vatanimga tomon birin-ketin chopib borayotganday. Oldimda past-baland dalalar, ularning o‘rtasida esa – zamindorning eski uyi. Nurab, tutday to‘kilay deb turgani oy nurida aniq ko‘rinadi… Nahotki bu bolaligimda xonamga mo‘ralagan, o‘smirligimda yo‘ldosh bo‘lgan o‘sha oy bo‘lsa? Hozir u omadsiz yoshligimni eslab men bilan dardlashib turibdi, yorug‘ tun bag‘rida menga ovunch bo‘lyapti…
– Nega uxlamayapsan? – ayolimning jura’tsiz tovushi eshitildi.
Qaysarligimiz sabab uzoq davom etgan sukunatni birinchi bo‘lib u buzdi, bu esa ko‘nglimda og‘riqli bir qoniqish hissini uyg‘otdi.
– Bilmadim… O‘zing-chi?
Yana uzoq jim qoldik. Oy tomlarga yaqin kelib qolgan, xonamizga o‘ychan tikilib turadi.
– Kechir, – dedim unga yaqinlashib.
U javob bermadi va ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitdi.
Men uning qo‘llarini ko‘zlaridan oldim. Yonoqlariga yosh dumalab tushdi, kipriklari yosh bolanikiday titranib turardi. Ayolimning qarshisiga tiz cho‘kib, bag‘riga yuzimni bosdim. Ikkovimiz ham sel bo‘lib yig‘ladik.
– Nahot sen aybdor bo‘lsang? – shivirladi ayolim. – Axir hammasiga men sababchimasmanmi?
Ayolimning ko‘zyosh yuvgan yuzlariga shodon va mungli tabassum yoyildi.
Men esa ikkalamiz aybdor ekanimizni aytdim. Chunki ikkalamiz ham baxt qasamini buzdik. Ayni damda biz yana bir-birimizni o‘tli muhabbat bilan sevardik. Bunday hisni birga iztirob chekkan, birga yanglishgan, shu bilan birga, haqiqatning kamdan-kam uchraydigan lahzalarini ham birga qarshilaganlargina tuyishi mumkin.
Bizning baxtimizga xira tortgan, mungli oygina guvoh edi…
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 4-son