Moskvaga kelgach, men Arbat yonidagi kichkina ko‘chada joylashgan ko‘zga tashlanmas mehmonxonalarga o‘g‘rimisol bekitiqcha tushib, go‘shanishin, bir uchrashuvdan ikkinchi uchrashuvga qadar intizorlik ichra yashardim. U esa shuncha kun ichida atigi uch marta xonamga keldi, lekin har safar shoshilib:
– Men faqat bir daqiqaginaga keldim, – derdi.
Yuzi ishqqa mubtalo bo‘lgan ayolning chehrasidagi go‘zal rangparlikka xos oqarib, ovozi titrab, soyabonini duch kelgan joyga tashlashi, betidagi to‘rni ko‘tarib, meni quchishga shoshilishi rahmimni va zavqimni keltirardi.
– Menimcha, u nimadandir shubhalanyapti, – derdi u. – Hatto bir nimalarni biladi, shekilli, balki biron-bir xatingizni ko‘rib qoldimikin, g‘aladonimga tushadigan kalit ham topganga o‘xshaydi… Qahri qattiq, izzattalab fe’li bor, har narsa qo‘lidan keladi, deb o‘ylayman. Bir kuni menga tikkasiga: “O‘z nomusimni, erlik va ofitserlik nomusimni saqlash uchun hech nimadan qaytmayman!” dedi. Endi esa nimagadir har qadamimni poylayapti, rejamiz o‘ngidan kelishi uchun nihoyatda ehtiyot bo‘lishim lozim. U meni qo‘yvorishga rozi bo‘ldi, axir unga dengizni ko‘rmasam o‘lib qolaman, dedim. Lekin, xudo haqi, sabr qiling!
Rejamiz dadil edi: bitta poyezdda Kavkaz sohiliga jo‘nash va o‘sha yerda biron-bir ovloq joyda uch-to‘rt hafta yashash. Men u sohillarni bilardim, bir vaqtlar, yosh paytim Sochi yaqinida bir muddat yolg‘iz yashagandim, qora sarvlar orasida, sovuq bo‘z to‘lqinlar bo‘yida o‘tgan o‘sha kuz oqshomlarini bir umr xotiramda olib qolgandim… “Endi o‘sha yerlarda, tog‘ changalzorlarida, issiq dengiz bo‘yida sen bilan birga bo‘laman…” deganimda uning rangi oqarib ketardi. Rejamiz ro‘yobga chiqishiga so‘nggi daqiqaga qadar ishonmadik, chunki bu bizga nihoyatda katta baxt bo‘lib ko‘rinardi.
Moskvada sovuq yomg‘irlar quyardi, go‘yo yoz o‘tib ketgandek, boshqa qaytmaydigandek tuyulardi, hammayoq loy, osmonning qovog‘i soliq, ko‘chalar ho‘l, o‘tkinchilarning ochiq shamsiyalari, yelib o‘tayotgan yengil aravalarning silkinishdan titrayotgan soyabonlari yomg‘ir ostida qorayib yiltirardi. Qorong‘i, yoqimsiz kecha edi, vokzalga jo‘narkanman, vujudim xavotir va titroqdan muzlar edi. Shlyapamni ko‘zlarimgacha bostirib, paltomning yoqasini ko‘tarib, yuzimni yashirdimu vokzal ichidan ham, platformadan ham yugurib o‘tdim.
Men oldindan buyurtirib qo‘ygan birinchi klass vagonining mo‘jazgina kupesida tomga to‘kilayotgan yomg‘irning shovqini baralla eshitilardi. Tezgina deraza pardasini tushirdim, hammol ho‘l qo‘lini oq peshbandiga artib, choychaqa olib tashqari chiqishi bilanoq, eshikni ichkaridan qulfladim. Keyin pardani sal ko‘tarib, vagon yonida, vokzal fanorlarining xira yog‘dusida u yoqdan-bu yoqqa zir yugurayotgan turfa xil olomondan ko‘z uzmay o‘tiraverdim. Platformada u yoki uning eri bilan duch kelib qolmaslik uchun men iloji boricha vokzalga ertaroq, u esa iloji boricha kechroq kelishga shartlashgan edik. Ularning kelar vaqti yetgandi. Men zo‘r berib qorong‘ilikka tikilardim, ammo ular ko‘rinishmasdi. Ikkinchi qo‘ng‘iroq chalindi, men qo‘rquvdan muzlab ketdim. Kechikdimi yoki eri so‘nggi daqiqada qo‘yvorgisi kelmay qoldimi! Lekin shu zahotiyoq ularga ko‘zim tushdi. Zamsh qo‘lqop kiygan qo‘li bilan xotinining tirsagidan tutgancha keng qadam tashlab kelayotgan, boshiga ofitserlar kartuzini qo‘ndirgan, tor shinelli novcha erkakka hayrat bilan qaradim-u, o‘zimni derazadan chetga tortib, divan burchagiga yiqildim. Yondosh vagon ikkinchi klass edi, xayolan eri uni qo‘ltiqlagancha bamaylixotir ichkari kirganini, hammol yuklarni durust joylashtirdimi, yo‘qmi, degandek atrofni ko‘zdan kechirganini, qo‘lidan qo‘lqopini, boshidan kartuzini yechib, xotinini o‘pganini, cho‘qintirganini ko‘rdim… Uchinchi qo‘ng‘iroq hushimni boshimdan uchirdi, sharaqlab qo‘zg‘algan poyezd batamom gangitib yubordi… Poyezd chayqalib, tebranib tezlasha boshladi, keyin yurishi ravonlashib, ildamlashib ketdi… Uni yonimga kuzatib qo‘yib, yuklarini keltirib bergan konduktorga muzlab qolgan qo‘llarim bilan o‘n so‘mlik qog‘oz qistirdim…
Ichkari kirarkan, u meni o‘pmadi ham, faqat divanga o‘tirib, shlyapasini sochlaridan ajratib olarkan, hazin jilmaydi.
– Tushlik ham qilolmadim. Bunaqangi qo‘rqinchli rolni o‘ynagani chidolmasam kerak, deb o‘ylovdim. Juda chanqadim. Narzan ber menga, – dedi u, birinchi bor meni “sen”lar ekan. – Bilaman, u ortimdan keladi. Unga ikkita manzilni – Gelenjik va Gagrani aytdim. U ikki-uch kundan keyin Gelenjikka keladi… E, Xudo olsin, bunaqangi azobdan o‘lgan yaxshi…
Ertalab yo‘lakka chiqqanimda u yerda quyosh charaqlar, havo dim, yuvinish xonalaridan sovun, odekolon isi kelar, umuman, ertalab gavjum vagonda qanday hidlar hukmron bo‘lsa, hammasi bor edi. Changdan xira tortgan, issiqdan qizigan oynalar ortida oftobda kuygan tekis cho‘l, keng tuproq yo‘llar, xachirlar tortib borayotgan aravalar ko‘rinar, kungaboqarlar doira bo‘lib o‘ragan, qo‘ralarida alvon gulxayrilar ochilgan temiryo‘l budkalari lipillab o‘tardi… U yog‘iga qo‘rg‘on va mozorlar do‘mpaygan yalang‘och, cheksiz tekisliklar, chidab bo‘lmas qaqroq oftob, chang bosgan bulutga o‘xshagan osmon ko‘rindi, so‘ng ufqda dastlabki tog‘larning sharpasi ko‘zga tashlandi…
U eriga qayerda to‘xtashimni hali bilmayman, deb yozib, Gelenjik va Gagradan bittadan otkritka jo‘natdi. Keyin biz sohil yoqalab janubga qarab tushdik.
Biz qalin chinorlar, gullagan butalar, qizil daraxt, magnoliya, anorlar o‘sib yotgan, oralarida yelpig‘ichsimon palmalar ko‘kka cho‘zilgan, sarv daraxtlari qoraygan bir go‘shani topdik…
Men erta uyg‘onardim, u uyqudan uyg‘onguncha, choy ichiladigan vaqt – soat yettigacha o‘rmon chakalaklari orasida ko‘tarilgan tepaliklar oralab kezardim. Issiq quyosh endi bor quvvati bilan charaqlab, shodiyona yonardi. O‘rmonlarda muattar moviy tumanlar yarqirar, yerdan asta ko‘tarilib, erib borar, olisdagi serdaraxt cho‘qqilar ortida abadiy qorli tog‘lar yaraqlardi… Ortga esa qishlog‘imizdagi jazirama, mo‘rilaridan yoqilgan tappi isi ufurib turgan bozor orqali qaytardim. U yerda savdo qizigan, olomon, ot va eshaklar ko‘pligidan tiqilinch, ertalablari bozorga tog‘liklar oqib kelishar, qora ko‘ylaklari yerga tegayozgan, boshlarini qop-qora allanima narsa bilan o‘rab olgan cherkas ayollari qizil chuvaklarida ohista suzib borisharkan, ba’zida mana shu o‘ranib olgan motamona liboslari orasida qushdek o‘tkir nigohlari yarq etib ko‘rinib qolardi.
Keyin biz hamisha bo‘shab yotadigan sohilga jo‘nardik, cho‘milardik, to nonushtaga qadar oftobda yotardik. Shkar, oq vino va mevalar bilan nonushta qilganimizdan keyin cherepitsa tom ostidan, yupqa darcha orasidan qaynoq, quvnoq nur tolalari kulbamizning jazirama nim qorong‘iligi oralab cho‘zilib tushib kelardi.
Kun tig‘i pasayib, derazani ochganimizda kulbamiz pastida, qiyalikda ko‘kargan sarvlar orasidan ko‘rinib turgan dengiz binafsha tusga kirgan bo‘lardi, u shunday sokin, sathi shu qadar tekis ediki, hech qachon bu osoyishtalikning, bu go‘zallikning nihoyasi bo‘lmaydigandek tuyulardi.
Ko‘pincha kun botishda dengiz ortida hayratomuz bulutlar to‘dalashardi, ular shu qadar g‘aroyib tovlanardiki, ba’zida u taxtaga yotib olib, yuzini harir sharf bilan yopib yig‘lardi. Chunki ikki, uch haftadan keyin yana Moskvaga qaytish kerak edi!
Tunlar iliq va zimiston edi, bir tekis uchayotgan olovrang pashshalardan taralgan tillarang shu’la zim-ziyo qorong‘ilikda miltillar, o‘rmon baqalari shisha qo‘ng‘iroq kabi shaffof tovushda kuylardi. Ko‘z qorong‘ilikka ko‘nikkanda tepamizda yulduzlaru tog‘ o‘rkachlari ko‘rinar, qishloq tepasida biz kunduzi payqamagan daraxtlar namoyon bo‘lardi. Tun bo‘yi o‘sha yerdan, mayxonadan nog‘oraning bo‘g‘iq taraklashi va hamisha bir xil – o‘tkir, ma’yus bir nola eshitilar, nazarimda bu fig‘on beadoq bir qo‘shiq, dardchil baxtiyorlik ifodasi edi.
Yonimizda, o‘rmondan dengizga qarab enib ketgan jarlik pastida, toshlar ustidan sayoz, shaffof irmoq irg‘ishlar edi. Kechikkan oy tog‘lar va o‘rmonlar ortidan xuddi qandaydir g‘aroyib xilqat kabi sinchkov boqqan sirli kezlarda bu irmoq suvlari o‘zini toshlarga otib, parchalar, to‘lqinlanib, biram ajoyib jilva qilardiki!
Ba’zan tunlari tog‘lardan dahshatli bulutlar yopirilib kelardi, g‘azabkor bo‘ron turardi, o‘rmonzorning shovqinli, go‘riston zulmatidek qorong‘uligida sehrli yashil chohlar ochilib, osmoni falakda azaliy qaldiroqlar yorilardi. Shunda o‘rmonda burgut bolalari uyg‘onib, chiyillar, bars o‘kirar, shoqollar uvillar edi… Bir safar chirog‘imiz yoniqligini ko‘rib, yorug‘ derazamiz tagiga bir gala shoqol yugurib keldi, ular hamisha mana shunaqangi yog‘ingarchilik kunlari odamlar manzilgohidan panoh izlashadi, biz derazani ochib, yuqoridan qarab turdik, jonivorlar yarqirab to‘kilayotgan jala ostida turishar, uvillab, bizdan najot tilashardi… U jonivorlarga boqqancha, sevinchdan yig‘lardi.
Eri uni Gelenjikdan, Gagradan, Sochidan izlabdi. Sochiga kelgan kunining ertasiga ertalab dengizda cho‘milibdi, keyin soqolini qirtishlabdi, toza ko‘ylak, qordek oppoq kitelini kiyibdi, mehmonxonada, restoran ayvonchasida nonushta qilibdi, bir shisha shampan vinosini ichib tugatibdi, keyin shartrez bilan qahva simiribdi, shoshilmay sigaret tutatibdi. O‘z xonasiga qaytgach, divanga yotib, ikki chakkasiga ikkita to‘pponchadan o‘q uzibdi.
1937 yil 12 noyabr
Rus tilidan Risolat Haydarova tarjimasi