Ilhan Tarus. Tarsaki (hikoya)

Bu haqda siz so‘ramang, men aytmay! Rabbim bundayin sharmandalikni hech kimning, hatto dushmanimning ham boshiga solmasin! Ulkan qahvaxona xuddi poydevori bilan birga qulab tushgandek bo‘ldi.

* * *

Sharafbey butun og‘irligi bilan o‘zini tashlaganidan stol g‘ichirlab ketdi. Cho‘ntagidan dastro‘molini chiqarib, yuzini, ko‘zlarini artdi. Oppoq ko‘lanka ichra ushbu dastro‘mol derazaning tashqi tarafidan uning oynasini hozirgina tekkan tupukdan tozalagandek tuyuldi xayolimda. Ammo sal o‘tmay, bu xayolimda bo‘lganini angladim.
– Benomus, yovvoyi eshak! – degan tovush yangradi kutilmaganda.
– Tssssssss…
Hatto ko‘chada ham sas-sado tingan, hammayoq xuddi suv quygandek jimjit bo‘lib qolgandi. Nari-berida bir-ikki inson sharpasi ko‘rinib, ikki yonga chayqalgancha burchaklarning birida g‘oyib bo‘lardi… Qanchadir zerikarli soniyalar o‘tib, o‘rtog‘im bilan ko‘zlarimiz to‘qnashdi.
– Endi bu yerdan sekin chiqsak…
– Qaroqchi, qo‘shmachi, qallob! – ayni ovoz bu safar avvalgisidan-da qo‘rqinchli tusda yangradi:
– Shaharning qoq o‘rtasida kelib-kelib, bir qonun himoyachisiga nisbatan tajovuz, a?! Shoshmay tur, men senga ko‘rsatib qo‘yaman! Shoshmay tur, salgina shoshmay tur, senga dunyoning necha burchakdan iborat ekanini ana endi ko‘rsataman!
O‘rnidan ketsa kerak, deb o‘yladik. Sharafbey bo‘lsa, aksiga olib, kattakon dastro‘molini to‘rt tarafini ochib, yalang‘och boshiga yopgancha, ushbu boshning har bir teshigidan tinmayin seldek quyilayotgan terni to‘xtatishga urinardi. Qalin va baland ovozi bo‘lsa, qahvaxonaning baland shipida aks-sado berib jaranglardi.
– Shu qaroqchining huquqini himoya qilish uchun mahkama eshiklari ostida surinib, ko‘z nurini to‘kib, uning qonuniy haq-huquqlarini qalamga ol, qog‘ozga tushir, elning johil ulamosiga tushuntirishga jon berib urin, so‘ngra bu nonko‘r ko‘ppak kelib, qahvaxona o‘rtasida kuppa-kunduzi barchaning ko‘z o‘ngida seni haqoratlab, zo‘ravonlik qilsin! Bunga chidash, toqat qilish mumkin emas!.. Bu razolat qarshisida jim turish mumkin emas!.. Yo, Hu! Unga chora ko‘radigan birortayam qonun yo‘qmi? Adolat bormi o‘zi? Din, diyonat, imon-chi? Xudo haqqi, qonim qaynab, miyamga chiqib ketyapti!.. – bir nafas tin olgach, ovozini yana-da ko‘tarib, baqirishda davom etdi: – Sharaf, Sharaf! Eh-h, sho‘rlik Sharaf!.. Boshingda hali shu savdolar ham bormidi? Endi bir kami, shu ko‘yga tushishing qoluvdimi? Sendek katta odam-a? Uning uchun iqbol hamda farovonlikni sog‘inganing xalq senga shunday razillikni ravo ko‘rishi bormidi? Oh-h! Ey, eng kuchli qudrat! Qayerdasan! Qayerdasan!.. Menga madadga yetish!..
Sharafbeyning hayajoni, nolalari borgan sari ortardi. Uning baqirishini eshitganlar muyulish boshidan, ko‘chadan bittadan, ikkitadan chiqib, qahvaxonaga qarab yugurib kela boshlashdi. Ba’zilari deraza oynasining oldida turib, tashqaridan tomosha qilar, ozgina jasoratlilari ichkariga kirib, birorta burchakdan joy egallardi.
– U haromi bosqinchi, zino mahsuli bo‘lmish qaroqchi albatta qo‘limga tushadi! Uning o‘pkasini ko‘ksidan yulib olib, itlarga tashlamasam, Sharaf katta otimni boshqa qo‘yaman!.. Sochimni, soqolimni qirib, no‘xtalab, ko‘chalarda sudrasinlar!.. Men u talonchining menga shapaloq tortgan qo‘lini bilagidan sindirib olmasam, avlodimga qirg‘in kelsin!..
Hansiragancha to‘xtadi. Ko‘ksi tinmay qalqib tushardi. Dastro‘molni ensasidan tepaga, undan yuziga siljitar, chuqur va kuchli nafasi dastro‘molini balondek shishirardi.
Xususiy hisob-kitob ma’muri xuddi bir lahza joyidan qimirlagandek bo‘ldi. Ko‘zlarini qo‘rquv ichra unga tikdi:
– Tinchlaning, beyafandim, tinchlaning!.. Bir adabsizning xatosi…
Shunda Sharafbey xuddi dumi bosib olingan ilondek sapchib, bo‘kirishga tushdi:
– Xatosi degin?! Jinoyati desang-chi! Razilligi desang-chi! Bundaylarni nima qilish kerak? O‘rningdan turib, haromini burnidan ushlab, oyog‘ing ostiga olib, boshi, yuzi-ko‘zi demay etikning nag‘ali bilan ayamay tepkila!.. Jumla olam ko‘ppak qoniga belansin!.. Shunday qilishim kerakmidi? A, shu ishni qilishim kerakmidi?..
A, javob ber?! Shunday qilsam, to‘g‘ri qilgan bo‘larmidim, sendan so‘rayapman!.. – xuddi telbalardek hayqirardi. Xususiy hisobxona mudiri ming‘irladi:
– Taqsir, sizdek sharafli bir inson…
– Yetar!!! – Sharafbey qo‘lini shiddat bilan havoga ko‘tardi: – Bas, yetar! Bir ko‘ppak murdasi qarshisida o‘kirgandan ko‘ra, qonun qarshisida javob bergan afzal! Hoziroq borib, o‘t-otashdek bir loyihani qalamga olaman. Sharaf yozajak loyiha! Men hazillashayotganim yo‘q, chin so‘zim! Sharaf yozadi. E’tibor talab qilaman.
Yuragi yo‘qlar u tomonga bora ko‘rmasin! Uning terisini ertaga ertalab kushxonada tomosha qilasiz!
Buyuk advokat o‘rnidan turdi. Shu payt ne ko‘z bilan ko‘raylikki, oynaning ortida yana o‘sha odamning qorasi ko‘rindi. Sharafbeyga o‘qraygancha ichkariga kirdi. Advokatning atrofida qancha odam bo‘lsa, shu zahoti barchasi tezlik bilan o‘rinlaridan turib, qahvaxonaning ichiga kirib ketdi…
Yigit to‘g‘ri Sharafbeyga qarab kela boshladi:
– Qani, mening pulimni ber-chi! – dedi.
Sharafbey kosasidan otilib chiqib ketgudek katta-katta ochilgan ko‘zlarini undan ayirmasdan, shaqillab titragan o‘ng qo‘lini chap cho‘ntagiga olib bordi. Qizil kitelining cho‘ntagidan bir hamyon chiqarib, ro‘parasidagiga uzatdi. Yigit ohista tovushda:
– Yo‘q. Mendan dala davosi uchun olganing yuz lirani so‘rayapman. Narigi tomondan olganing o‘zingda qolsin, – dedi.
Advokat hamon yigitga baqadek tikilgancha, qaltiroq qo‘llari bilan hamyonni ochdi. Bir-biri ichiga kiritilib taxlangan qalin bir dasta pulni chiqardi. Bosh barmog‘ini lablariga tekkizib ho‘llagancha faqat yuztaliklardan iborat qog‘ozlardan birini sug‘urdi-da, uzatdi.
Yigit pulni qo‘liga olib, avval ikkiga so‘ng to‘rtga, nihoyat sakkizga bukdi. So‘ng qalin kitelining ko‘krak cho‘ntagiga hafsala bilan joylashtirdi. Keyin esa Sharafbeyning go‘yo bor-yo‘g‘i nursiz shishadek yiltirab ko‘ringancha qotib qolgan ko‘zlariga chuqur tikilib:
– Menga qara, qariya! Boshqalardan yana bir marta shunday tuzoq tashlab pul shilganingni eshitsam, bilib qo‘y, qayerda bo‘lma, axtarib topaman. Yuzingga hozirgidek tarsaki ekib, aldanganlarning pullarini olib beraman. Bo‘pti, yaxshi qol! – dedi.
Erga oynadagidan ham kattaroq tupukni qattiq tufladi-da, ortiga burilib, qahvaxonani tark etdi.
Sharafbey orqaga egilib qolgan belini to‘g‘riladi. Qaltirayotgan oyoqlari tik turmayotgani aniq ko‘rinib turardi. Joyiga o‘tirdi. Mo‘ylovlarini siladi. Burchakda dir-dir titrab turgan qahvaxonachining kichik shogirdiga yuzlanib:
– To‘ldirib bitta qahva ber, o‘g‘lim… – dedi.

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi