Ilya Ilf, Yevgeniy Petrov. So‘nggi uchrashuv (hajviya)

Badiiy teatrning chekish xonasida tanaffus payti ikki kishi uchrashib qoldi. Avvaliga ular uzoqdan bir-biriga obdon qarab olishdi, uyoq-buyoqqa o‘tib yondan razm solishdi. Keyin bir-biriga tashlanishdi. «Qancha vaqt bo‘ldi, qancha suvlar oqib o‘tdi» — derdi har ikkalasi qayta-qayta termulisharkan.
«O‘n besh yil o‘tibdi-ya», «Ha, birodar», «Mana ko‘rib turibsan» «Ishlar shunaqa, og‘ayni», «Qarib qolibsan-a, birodar», «O‘zing ham og‘ayni» deya bir-biriga gal bermay so‘rashgunlaricha ancha vaqt o‘tdi.
Keyin suhbat ulanib ketdi.
— Sen, demak, harbiy yo‘ldan ketibsan-da?
— Ha, ancha bo‘ldi.
— Markazdamisan?
— Yo‘q, shu bugun Uzoq Sharqdan keldim.
— Xo‘sh, yaponlar qanday? Urushmoqchi emasmilar?
— Shunday bir ko‘rsatma bor, shekilli.
— Shunaqa degin! Nega pogoningda belgilar ozroq. Bular nima deyiladi?
— Shpala.
— Uchta shpala! Hm! Romblar yo‘qmi!
— Romblar yo‘q.
— Bu qanaqa lavozim — u shpala?
— Polk komandiri.
— Uncha quyuq emas-ku, qariya.
— Nega quyuq emas? Qizil Armiyada polkka komandirlik qilish — sharafli ish. Polk — yirik bo‘linma, axir. Qancha o‘qishga to‘g‘ri keldi! Esingdami, arifmetikani ham tuzuk bilmasdik. O‘tgan o‘n besh yil davomida o‘qishdan tinganim yo‘q. Harbiy maktablardan keyin vzvodga komandirlik qildim, keyin rotani boshqardim. Batalon qo‘mondoni bo‘lganimda «Otish» maktabiga qatnay boshladim. Juda murakkab. Bultur motorlashtirish va mexanizatsiyalash kursini bitirdim. Hozir ham o‘qiyapman.
— Bari bir romblar yo‘q ekan-da?
— Romblar yo‘q. Sen o‘zing-chi, Kostya, qaysi yo‘ldan ketding?
— Men, Lenya, boshqa yo‘lni tanladim.
— Baribir, aytaqol.
— Men, Lenya, mas’ul xodimman.
— Shunaqami? Qaysi sohada?
— Mas’ul xodim.
— Shuni so‘rayapman, qaysi sohada?
— Aytayapmanu mas’ul xodim deb.
— Nimaning xodimi?
— Nimaning nimasi?
— Mutaxassisliging nima, deb so‘rayapman?
— Mutaxassislikning nima daxli bor! Haq rost, qulog‘ing tom bitganmi? Men, azizim, butun bir muassasaning boshlig‘iman. Agar harbiychasiga hisoblaydigan bo‘lsak, bu ikki-uchta romb degani, kam emas.
— Qanaqa muassasa, axir?
— Qurilish tresti direktori.
— Bu zo‘r-ku. Nima, hozir arxitektormisan? San’at akademiyasida o‘qidingmi?
— O‘qidingmi? Qachon o‘qiyman? Men o‘qisam kim ishlaydi. «Pravda»ni varaqlashga ham vaqtim yo‘g‘u, o‘qish deysan-a. Albatta, o‘qisa yaxshi bo‘ladi. Bu haqda Stalin ham aytgan. Faqat hamma o‘qiydigan bo‘lsa, ishni kim qiladi? Ie, yur, zalga kiraylik, bu yerda ikkalamiz qolibmiz.
Suhbat keyingi tanaffusda davom etdi.
— Demak, shuncha o‘qisang ham romblar ololmabsan-da?
— Romb ololmadim. Lekin menga ayt-chi, Kostya, demak sen me’mor bo‘lmasang katta amaliy tajribaga ega ekansan-da?
— Bo‘lmasam-chi? Juda katta tajribam bor.
— Aytaylik, senga qandaydir bir binoning chizmalarini olib kelishdi, uni bemalol o‘qiy olasan-a?
Hisob-kitoblarni tekshira olasanmi?
— Nega endi? Buning uchun menda me’morlar bor-ku. Nima ularni ishda bekorga ushlab turibmanmi? Agar men kuni bilan chizmalarni kovlash bilan shug‘ullansam, ishni kim qiladi?
— Demak, sen moliyaviy tomoni bilan shug‘ullanasan?
— Qanaqa moliyaviy tomoni? Nega endi mayda-chuyda ishlar bilan boshimni qotirib o‘tirishim kerak? Buning uchun iqtisodchilar, hisob-kitob yurituvchilar bor. U yerda birodar, kalkulyatorlar tunu kun ishlab turadi. Men hatto bitta professorni ham ishlatyapman.
— Bordiyu o‘sha kalkulyatorlaring senga bema’ni narsani tiqishtirsa-chi?
— Mengami?
— Senga-da? Axir sen mutaxassis emassan-ku.
— Sezgi-chi?
— Qanaqa sezgi?
— Nimaga o‘zingni go‘llikka solyapsan? Oddiy sezgi-da, nima bo‘lardi. Men ilmsiz ham hamma narsani aniq ko‘rib turaman.
— O‘z muassasangda nima bilan shug‘ullanasan axir? Qurilish uskunalari bilanmi? Bu tarmoq ancha qiziqarli-da.
— Qurilish uskunalaridan hech balo tushunmayman, axir!
— Ie, juda katta tajribam bor, devding-ku?
— Ha, juda katta. Axir bu ishga kelganimga endi yarim yil bo‘ldi. Ungacha men o‘lka sut bo‘limida edim.
— Ha, shunday demaysanmi? Demak, sutxo‘jaligi bilimdoni ekansan-da!
— Ishqilib, cho‘chqa bilan sigirning farqiga boraman. Demak, o‘lka sutchilik tarmog‘ida uch oy, ungacha eski xomashyolar bazasida, undan oldin musiqa texnikumida mudir bo‘lib ishladim. Kasaba uyushmalarida, Qizil Xoch va Yarimoy jamiyatida ishladim, qalayi qidiruv guruhiga rahbarlik qildim, ikki oy davomida butun bir bankni boshqardim. Bir necha birlashma va kombinatlarda, umuman o‘ndan oshiq lavozimlarda ishlab kelganman. Hozir hammasi esimda yo‘q.
Polk komandiri gangib qoldi.
— Sira tushunolmayapman, asosiy kasbi-koring nima o‘zi?
— Nahotki tushunmasang? Umumiy rahbarlik qilaman.
— Ha, ha, umumiy rahbarlik, buni tushunib turibman. Lekin kasb-chi… Qanday tushuntirsam ekan-a, mana men o‘n besh yil chilangar bo‘lib ishladim, sen elektrmontyor eding… Endi qanaqa kasbdasan, axir?
— Voy, tentak-ey, axir boshda aytdim-ku mas’ul xodim deb. Mana, Sasha Zaytsev o‘qiyverdi. Men esa shu payt ichida undan o‘zib ketdim. Umuman, ko‘pchilik o‘qiyapti, men o‘qimasam ham amallab yuribman, hatto martabaga erishdim.
— Martaba, degin!
— Ha, — shivirladi trest boshlig‘i sirli ravishda atrofga alanglab olarkan. — Menda bir yangilik bor. Ya’ni, haligi, yangilik hali yo‘g‘-u, lekin bo‘lishi mumkin. Aftidan men yangi xizmatga ayni paytida kelganga o‘xshayman. Yaqinda trestimizning o‘n yilligi nishonlanadi. Mukofotlar ham bo‘ladi, deyishmokda. Hammani mukofotlashsa-yu direktorni mukofotlashmasa… Bo‘lishi mumkin emas. Sen nima deysan, Lenya?
— Vaqt bo‘lib qoldi. Yur, zalga kiraylik, — dedi komandir.
— Mana sen harbiysan, — davom etdi Kostya, — lekin ordening yo‘q. Bu yaxshi emas.
— Menda bor.
— Rostdanmi! Qayerdan olding?
— Shunday, Xitoy mojarosida qatnashgan edim.
— O‘sha yerda berishdimi? — so‘radi hovliqib Kostya.
— U yerda o‘qqa tutishdi, — dedi quruqqina komandir,
— Nega taqib yurmaysan?
— Nega endi teatrga taqib kelishim kerak.
— Jinnimisan! Ayni teatrga taqib kelish kerak-da. Hamma ko‘radi. Eh, jangari-ey! Qayerda asrayapsan?
— Qutichada.
— Rosayam joyini topibsanu! Xo‘p, mayli, hozir to‘rtinchi ko‘rinish. Ko‘rmasak ham bo‘ladi. Qiziqmas. Hozir biznikiga boramiz. Bilasanmi, birodar, xotinim chinakam pariro‘. Ko‘rsang havasing keladi. Tamaddi qilamiz, haligiday. Grammafon qo‘yamiz.
— Mayli, borsak boribmiz-da.
— Yuraqol, birodar, uyim to‘la komplekt.
Rostdan ham uyi to‘la komplekt ekan, polyak tangosi patefon deysizmi, dinamikli radiomi-ey, beshta ob’ektivli fotoapparat — chinakam o‘yinchoqlar uyumi… Xotini hali kelmagan ekan.
— Fotoapparating ajoyib ekan, — dedi komandir — yaxshigina suratlar ham olayotgandirsan?
— Yo‘g‘-e, — dedi Kostya, bufetini titkilar ekan. — Mendan qanaqa suratkash chiqardi. Rostini aytsam, bu bilan shug‘ullanishga vaqtim ham yo‘q.
— Afsus, afsus. Mayli, radioni qo‘yib yubora qol. Buning — EKL — 4 ga o‘xshaydimi? Dunyoning hamma joyidan olsa kerak. Miriqib tinglasa bo‘ladi.
Kostya radioni tokka ulab, qulog‘ini buradi. G‘alati chiyillash eshitildi. Kostya darhol radioni o‘chirdi.
— Bilasanmi, bu sohada men mutaxassis emasman. Qo‘shni xonadondan bir Vova degan bolakay kelib turadi. Sakkiz yoshdayu, barcha stantsiyani qoyillatib tutib beradi, Kopengagen, Mopengagen, unga baribir, darhol topadi.
— Nima ham qilardik, — dedi xo‘rsinib Lenya, — grammofonni qo‘yib yubor bo‘lmasa.
— Balki xotinimni kutarmiz. Grammofonning tilini u yaxshi tushunadi. Umuman, qo‘ysa ham bo‘ladi.
Kostya ishga kirishdi.
— Ha, birodar, — dedi u grammofon dastasini aylantirarkan. — Hamma narsa bor: xonadon, radio, «Leyka» fotoapparati, chiroyli xotin. Faqat orden yo‘q-da. Bitta orden berishsa edi…
Birdan qarsillagan ovoz eshitildi.
— Ana, — dedi Kostya boshini qashib, — prujinasi otilib ketdi. Aytdim-a, xotinni kutaylik deb. Afsus, yaxshi grammofon edi. Importmi yoki eksportmi, ishqilib, zo‘r edi. Endi nima qilamiz? Tamaddi qila qolaylik?
U qo‘llarini bir-biriga ishqalab stolga qarab odimladi. Shu payt kutilmaganda chiroq o‘chib qolsa bo‘ladimi?
— Yo tovba. Shu yetmay turuvdi, — jarangladi qorong‘ida Kostyaning ovozi. — Endi qorong‘ida o‘tiramiz.
— Nega qorong‘ida bo‘larkan? — dedi g‘ijinib komandir. — Oddiy narsa-ku! Probka kuyib qoldi. Tuzatib chiq. Axir bir vaqtlar elektromontyor bo‘lib ishlaganding-ku.
— Qo‘ysang-chi. Esimda qolibdi, deysanmi? Qaysi diod, qaysi katod — qayerdan bilaman. Ustaga odam yuborishga to‘g‘ri keladi.
U qorong‘ida anchagacha ivirsib yurdi.
Chiroq yonganda, komandir allaqachon ketib qolgandi.

1935.

Fayzi Shohismoil tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 1998 yil, 3-son