Uydagilar uyg‘onmasin deya, kalitni ohista buradi. Yaxshiyamki, eshik ichkaridan tambalanmagan ekan. Aks holda bo‘sag‘ada ancha kutgandan so‘ng, xotinining to‘ng‘illagan sadolari ostida eshik ochilgan bo‘lardi. Xotinining zahil, norozi qiyofasi ko‘z oldida daf’atan jonlandi.
“Shuyam hayotmi, odamni yarim kechasi kallaxush qiladi. Odamlar hozir uch uyquni urib bo‘ldi”.
Odatda bunaqa iddaolarga eri javob qaytarmasdi. Biladi: bir og‘iz gapirsa, xotini o‘n og‘iz qilib qaytaradi. U ayoli bilan xolavachchasi Diloraning tug‘ilgan kunida tanishgan. Tanishuvlari qanchalik oddiy kechgan bo‘lsa, to‘ylari ham xuddi o‘shanday o‘tdi. O‘rtalarida nima bor edi? Sevgimi? Yo‘q, ularning sevishga, to‘g‘rirog‘i sevgisini sinovdan o‘tkazishga vaqti bo‘lmagandi. Keyingi paytlarda ishdan kech qaytgani uchun xotiniga hisobot bermay qo‘ygan. Xotini ham ming‘irlab-ming‘irlab yotog‘iga kirib ketadigan bo‘ldi. Devorda osilgan soat tungi uchni ko‘rsatib turibdi.
Hozir kech qaytganining sababini aytganida xotini javrashi mumkin bo‘lgan gaplarni xayolan ipga tizib ko‘rdi:
“Voy-voey! Keksalarga jon buncha shirin bo‘lmasa? Kasal bo‘lsa, borib yotsin! Ana, qizi bor yonida. “Tez yordam”ga sim qoqsin. Siz do‘xtirmassiz-ku, har qalay”. Shu so‘zlari qulog‘i ostida jaranglashi bilan Tavakkalning mushtlari tugildi.
Hamma mast uyquda. Kiyimlarini almashtirdi. Negaligini o‘zi ham o‘ylab ko‘rmadi. Axir odamlar “uch uyquni urib bo‘ldi”. Buning ustiga, ertangi byuro masalalarini ko‘rib chiqishi kerak. Qahvarang pijamasini kiydi. Bu pijamani unga Kalkutta shahri meri sovg‘a qilgandi. Ko‘z oldida 35–37 yoshlardagi xushbichim, xuddi taniqli aktrisalarga o‘xshab ketadigan hind ayoli jonlandi. “Pijamani kiyganingizda meni eslab yurarsiz!” degandi u o‘shanda.
Merning ismi Rani edi, yanglishmasa! Eri muhandis ekan. Agar sinfdoshi Salmon “zaporoj”ga mundir kiydirib qo‘ysa, xuddi o‘shaning o‘zi bo‘ladi. Er-xotinni yonma-yon ko‘rib, buvisining bir matali esiga tushgan: “Qovunning yaxshisini it yeydi!”
Yuragi yonayotganini his etdi. Muzlatkichni ochdi. Arab pivosidan tortib, fin sharoblarigacha terib qo‘yilgan edi. Negadir ko‘ngli hech nima tusamay, muzlatkich eshigini yopdi.
Yotoqxonaga o‘tdi. Dahlizda ko‘zi telefonga tushdi, yana simini uzib qo‘yishibdi. Xotinining odati shunaqa, soat sakkiz bo‘ldimi, darrov telefon simini uzib qo‘yadi. O‘zi bilmagan holda telefonni qayta tarmoqqa uladi. Xuddi shuni kutib turgandek, telefon “sayrab” qoldi.
Nega dastani ko‘tarmayapti? Nega joyida qotib qoldi? Telefon esa hamon jiringlardi. Bor kuchini to‘plab, dastakni qulog‘iga bosdi:
– Labbay…
Narigi tarafdan avvaliga tushuniksiz shovqin eshitildi.
– Aka, o‘zingizni qo‘lga oling! Lekin… tez yetib keling!
Yana qandaydir yig‘i tovushlari eshitilgandek bo‘ldi. Tavakkalning ichida nimadir chirt etib uzildi. Ikki qo‘li yoniga osilib tushdi. Dastak avval ma’lumotlar kitobiga, keyin esa polga taraqlab tushdi. Yuragi to‘xtab qoldimi?.. Yo‘q, yuragi urishdan to‘xtagan odamlar tikka turolmaydilar. U esa haykaldek qotib turibdi. Oradan qancha fursat o‘tganini o‘zi ham anglamadi. Balki bir daqiqa, balki bir soat, balki butun umr…
Hushini yig‘ib oldi. Hali hodisaning tub mohiyatiga yetib bormasdan, xotini yotgan xona tomon odimladi, keyin o‘g‘li va qizining xonalariga bo‘ylandi. Ular ham mast uyquda edilar.
Keyin Chitada yurgan Ilg‘orni esladi. U tomonlarda hozir peshin bo‘lsa kerak! Ilg‘or bobosini juda yoqtirardi. Agar shu yerda bo‘lganida, Tavakkalning yarim yukini yelkalagan bo‘larmidi?
Ko‘cha eshikni ochib, tashqariga chiqdi. Tugmani bosishi bilan lift eshigi ochildi. Lift devoridagi ko‘zguda aksini ko‘rib, uy kiyimida chiqqanini payqadi. Negadir esiga Kalkuttaning meri emas, boya kiyim almashtirgani tushdi.
Bu paytda lift birinchi qavatda to‘xtagandi. Yana to‘qqizinchi qavat tugmasini bosganida, lift ham og‘ringandek g‘ichirlab, yuqorilay boshladi. Liftdan chiqib, kalitni olish uchun savqi tabiiy holatda cho‘ntak kovladi. Jin ursin! Kalit ham uyda qolibdi. Ishqilib, eshik qulflanib qolmadimikin?
Elkasi bilan eshikni ichkari itardi. Xayriyat, ochiq ekan. Ko‘ylagini almashtirib, pastga tushdi.
* * *
…U tanish yo‘llardan odimlab borardi. Sohil xiyoboni tungi chiroqlar nuriga g‘arq bo‘lgandi. Atrofda tirik jon ko‘rinmaydi. Ikki tomondagi anvoyi gullar ham sokin mudrayotgandek.
U odatda, har kuni ertalab soat yettida uydan chiqar, qirq-qirq besh daqiqa xiyobonni kezardi. Xizmat mashinasi uni xiyobonning narigi tarafida kutib turardi. Yaqinda shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining yaltoqlangani esiga tushdi:
“Har kuni ertalab siz yuradigan yo‘llarga suv sepib qo‘yaman. Ko‘chalarga yangi gul ko‘chatlari topib ektirdim!”
Tavakkalning ertalablar xiyobon aylanishini qanday bildiykin?
Soat sakkizlarda ishxonasiga yetib borardi. Sport zalida badantarbiya qilar, nonushtani yer, soat to‘qqizga yaqinlashganida kabinet eshigini ochardi.
Mana, hozir ham o‘sha, ikki chetiga gullar ekilgan yo‘lakdan ketyapti. Xayolida bir necha yil avvalgi muloqot kechgani uchun go‘yo notanish yo‘lakdan ketib borayotganday edi. Yo‘l-yo‘lakay quyidagilar yodiga tushdi:
“Tavakkal, bolam! Anchadan beri Zangezurga bormadim. Juda sog‘indim-da, bir oborib kelsang!”
“O‘zingiz ko‘rgan-bilgan Zangezur-da, ota! Undan ko‘ra Kislovodskka yo‘llanma olib beray, borib dam olib keling!”
“Gorus darasidan tushayotganingda katta kashtan daraxti bor. Haliyam turganmikin?”
“Qo‘yib bersa, yantoq-shuvoqlarni ham so‘raysiz, ota!”
“O‘sha daraxtni men ekkanman, bolam! Minglab odamlar uning soyasida dam olib, otamga rahmat aytib ketgan. O‘sha daraxtning tagida bir chashma otilib turadi”.
“Uniyam siz ochganmisiz?”
“Yo‘q, avvaldan bor edi. Suvi ko‘z yoshidek tiniq, muz kabi sovuq. Bitta qo‘yni yeb, ustidan o‘sha chashmaning bir qultum suvini ichsang, yana qorning ochqaydi”.
“E ota, sizga o‘xshab, o‘z erkim o‘zimdamidiki, yo‘llardagi chashmayu kashtanlarni qidirib yursam!”
“Qidirsang nima qipti? Toshlar, qoyalar, buloqlar, daraxtlar… hammasi yo‘lingda-ku? Ular shohu gadoga barobar. Aytishlaricha, hozir yo‘llarni tuzatishibdi, ikki-uch soatda yetib borsa bo‘larmish…”
“Undan ko‘ra, Kislovodskka boring!”
O‘z ovozini o‘zi eshitib, ijirg‘andi. “Senga ham, amalingga ham tupurdim, – dedi o‘ziga o‘zi ovoz chiqarib. – Nahotki bir kungina vaqt ajrata olmading, otang uchun? Dam olish kuning yo‘qmidi? Ta’til kunlari-chi? Bor, ana ish kuni bo‘lsayam, yarim kunda borib kelsang, ish to‘xtab qolarmidi? Birinchi o‘rinbosaring bajarib turardi o‘sha “olamshumul” ishlaringni? Loaqal xizmat mashinangni jo‘natsang, haydovchining o‘zi ham eplardi-ku! Tupurdim sengayam, ishinggayam!”
Odimlari tezlasha boshladi. Otasi uning ishxonasi tarafga tez-tez o‘tib turishini xotirladi. Lekin, binoning ichiga kirmasdi. Eshik oldidagi posbonlar temir panjara ihotasida qad rostlagan chiroyli bino atrofidagi parkda ishlaydigan qariyalar tanish bo‘lib qolgan, ular bilan tez-tez gurunglashardi. Keyin gap orasida o‘g‘lini surishtirar, ammo otasi ekanini aytmasdi.
– U o‘zi yaxshi odammi? Fe’li qanaqa? Odamlar bilan muomalasi qanaqa?
Garchi o‘zini xotirjam tutishga intilsa-da, xoh yaxshi gap eshitsin, xoh yomon, bari bir qizarib olardi.
Bir gal yoshgina, qorako‘z serjant yigit qariyadan so‘radi:
– Amaki, o‘rtoq Karimlini juda ko‘p so‘raysiz-da, qarindoshingizmi deyman?
– Yo‘q, hamyurtim bo‘ladi, – degandi o‘shanda qariya.
– Ha, ishqilib hozir shu yurtdoshingiz sizni ko‘rsa, salom berarmikin?
– Salom deysiz-a, – gapga qo‘shilgandi farrosh ayol. – Sizni tanirmikin deng! Bir kuni huzuriga kiruvdim. “O‘rtoq boshliq”, dedim. “Ellik yildan beri qo‘limdan shu supurgi tushmaydi. O‘zim bir yerto‘lada yashayman. Belim shamollaganiga o‘ttiz yildan oshdi. O‘g‘limning yuragi kasal. Bir xonali bo‘lsayam, bitta uy olishga yordam bersangiz, hech bo‘lmasa, nevaralarim tuzukroq uyda unib-o‘ssin”, dedim. “Xola, uy masalasi bilan biz emas, shahar kengashi shug‘ullanadi”, dedi. Koshki bilmasam ekan, bunaqa ishlar uning bitta imzosi bilan hal bo‘lishini.
Qariyaning rangi o‘zgardi. Indamay ortiga, o‘g‘lining uyiga qaytdi. O‘zi keyingi paytlarda o‘g‘linikiga kamqatnov bo‘lib qolgandi. O‘g‘lini kutib o‘tirdi. Tavakkal, yarim kechasi kirib keldi. Otasi hamma gapni bir boshdan aytib berdi.
– Ota, nimalar qilib yuribsiz? Kimlardan men haqimda surishtirasiz? Nima keragi bor edi? Men ertaga ularning ko‘ziga qanday qarayman?
– Rost gapni ana o‘shalar aytishadi, bolam. Qadimgi podshohlar ham qalandar libosida yurib, xalqdan o‘zlari haqidagi fikrlarni so‘rab yurishgan.
“O‘sha farrosh xotin uy oldimikin?”
Ayni chog‘da Tavakkalning xayolidan ana shunday o‘y kechdi.
O‘sha hodisadan keyin ota o‘g‘lining ishxonasiga yaqinlashmadi. O‘g‘il ham yilda bir-ikki marta ota hovlisidan xabar olar, besh-o‘n daqiqa otasi va singlisi Salbi bilan hamsuhbat bo‘lar, keyin ortiga qaytardi. Oxirgi olti oyda otasining uyidan boshqa hamma joyda bo‘lib qaytdi. Har-har zamonda telefonda yo‘qlardi:
“Ota, Hindistonga ketyapman! Qaytishim bilan oldingizga boraman!”, “Ota, Italiyaga ketadigan bo‘lib qoldim!”, “Ota, ertaga Indoneziyaga uchyapman. Undan Avstraliyaga o‘taman…”
Qaytishi bilan yana allaqanday majlislar, kengashlar, rasmiy uchrashuvlarning keti uzilmas, ular tugashi bilan samolyoti boshqa tarafga qarab uchardi.
“O‘g‘lim, dunyoning har burchagiga borishga vaqt topyapsan, faqat bobo yurting Zangezurdan boshqa!” Bu otasi aytishi kerak bo‘lgan, ammo aytmagan gap…
Bugun ertalab Salbi telefon qilgandi. Ovozi hayajonli edi.
– Aka, otamning toblari qochib qoldi.
– Doktor yuboraymi?
– Yo‘q, shart emas, ishdan keyin vaqtingiz bo‘lsa, kelib keting.
– Nega? Doktorning keragi yo‘qmi?
– Mahallamizning do‘xtiri bor-ku, o‘shani chaqirdik.
– E, ular nimani bilishardi… Ha, mayli, boraman!
Keyin sog‘liqni saqlash vaziriga sim qoqdi. Konsilium o‘tkazishdi. Peshin paytida vazirning o‘zi telefon qilib, umid yo‘qligini aytdi.
“Shu paytgacha yashaganining o‘zi mo‘jiza. Yurak shuncha kasallikni boshdan kechirib, yana urib turganiga hayronman!”
Vazirning aytishicha, uch-to‘rt oy ilgari murojaat qilinsa, asrab qolishning iloji bo‘larkan. Demak, otasi uch-to‘rt oydan beri og‘ir kasal ekan-da? Nega bir og‘iz aytishmadi?
Ishdan yana kech chiqdi. Haydovchisiga borar manzilni aytdi. Bu safar mashinani otasining uyidan ancha berida to‘xtatmadi, darvozaning oldigacha haydattirdi. Uni G‘affor amaki qarshi oldi. Yuzini tuk bosib ketganiga qaramay, hushyor edi. Xotini Sona xolaning aytishicha, qariyaning tobi qochganidan beri ichmayotgan emish, bemorning boshida o‘tirib, qiziq-qiziq hangomalar bilan uni ovutib o‘tirganmish. Ikki kundan beri taraddud ko‘ra boshlabdi…
Taraddud?.. Shundagina hovlining usti brezent bilan yopilgani, temir xarraklar keltirib qo‘yilganini ko‘rdi. To‘y-ma’rakada ishlatiladigan qozon-o‘choqlarni ham keltirib qo‘yishibdi.
Otasi yotgan xonaga kirdi. Uy ikki xonadan iborat bo‘lib, ikkovining eshigi ham oshxona tomonga ochilardi. Otasiga “Yuring shaharga olib ketay, istasangiz men bilan yashang, istang boshqa shart-sharoit, yaxshi bir uy olib beray”, dedi. Otasi unamadi. “Bu uyda men ota-onam, oyingning isini tuyaman, shular meni odam qilib turibdi” derdi.
Otasi o‘zini bardam tutishga tirishardi:
– E o‘g‘lim, bu yorug‘ olamda anchagina yashab qo‘ydim. Sulaymon payg‘ambarga vafo qilmagan dunyoga biz ustun bo‘larmidik? Sen ko‘pam o‘zingni oldirib qo‘yma. Bir-ikkita iltimosim bor, shularni esingdan chiqarmasang bas!
Otasi shu yerda ham o‘g‘lini ayadi. “£il” demadimi, “esingdan chiqarma” dedi, xolos. Bajarish-bajarmaslikni o‘zing bilasan, demoqchi-da!
Otasi o‘nglanishga urindi, ammo kuchi yetmadi. Salbi va Sonaning yordami bilan xiyol o‘nglanib oldi.
Qariyaning ko‘zlari shiftga termildi, og‘ir bir gapni aytmoqchi bo‘lgandek, chuqur nafas oldi:
– Meni… onangni yoniga qo‘y, bolam. O‘sha yerdan joy ajratib qo‘yganman. Bilasan…
Siyrak kipriklari orasidan yosh sizdi. Salbi uning yonoqlarini artib qo‘ydi.
– Men-ku yoshimni yashab bo‘ldim, – dedi qariya xirqirab. – Onang sho‘rlik tushdi esimga! – bir oz nafasini rostlab, qiziga yuzlandi. – Salbi, choy damlab kel, bolam!
Qizi otasining niyatini tushundi. Demak, o‘g‘liga aytadigan biror gapi bo‘lsa kerak. Qizining qadam tovushlari uzoqlashgach, ota gap boshladi:
– Tavakkal, o‘g‘lim! Salbidan xabar olib tur! Faqat shundan ko‘nglim to‘lmayapti. Bechora qizim… Meni deb… Men uning baxtiga zomin bo‘ldim.
Albatta, bilardi Tavakkal. Hammasidan xabari bor edi.
Salbi otasini o‘ylab turmush qurmadi. Onasi vafot etgach, goh ilmiy ishini bahona qildi, goh yuragini… Sovchi yuborganlar ko‘p bo‘ldi. Hammasiga rad javobini berdi. Endi esa yoshi qirqqa qarab ketyapti.
– Qornini to‘yg‘iz, kiyim olib ber demayman. Xudoga shukurki, o‘z yukini o‘zi uddalaydi. Maoshi ham o‘ziga yetib ortadi. Faqat kelib-ketib, qo‘ng‘iroqlashib tursang, bas. Mendan keyin yakkalanib qolmasin, deyman.
“Yakkalanib qolmasin!” Tavakkal singlisining kelgusi hayotini ko‘z oldiga keltirib, biror yorug‘lik topa olmasdi. Oila qurib, bola-chaqali bo‘larmikin… Salbini olaman deguvchilar hozir ham topiladi. Aqlli, samimiy, chiroyli qiz. Yoshlik tarovatini yo‘qotganicha yo‘q. Ammo, unga uylanadigan erkakning o‘zi qanaqa chiqadi? Salbiga munosib bo‘larmikin? Agar unga loyig‘i uchramasa, Tavakkal bir umr vijdon azobida yashashi tayin. Negaki, oilada katta farzand bo‘lishiga qaramay, shu oilaning asosiy tashvishini, keksa otaning zahmatini, bevaqt bu olamni tark etgan onaizorning ma’raka-marosimlarini ham Salbining o‘zi yelkasiga olgandi. Yo‘q, u Tavakkal uchun singil emas, opa o‘rnini bosdi.
Tavakkal institutda o‘qib yurganida ham Salbi undan ko‘magini ayamadi. U o‘qishdan tashqari paytlarda uyda tikuvchilik bilan shug‘ullanardi. Tavakkal Moskvaga akademiyaga ketganida, Salbi institutga ishga kirdi. Shunda ham tikuv mashinasi to‘xtamadi. Shu tariqa akasiga pul, sovg‘a-salom yuborib turdi. Tavakkal yuqori lavozimlarni egallaganidan keyin ham Salbining sovg‘a-salomlari uzilmadi. Bir qarasa, Eron paypog‘i, bir qarasa, fin sovuni… “Salbi, bularni qayerdan topasan?” deb so‘raganida, u indamay bosh irg‘ab qo‘ya qolar, o‘sha paytlarda o‘ta kamyob sanalgan bu mollarni sotib olish uchun soatlab magazinlarda navbatda turganini aytib o‘tirmasdi.
Xo‘sh, endi Salbining qismati ne kechadi? Tavakkalni bu og‘ir lahzalarda hammadan ko‘ra shu savol qiynardi.
Otasi esa xirillab, to‘xtab-to‘xtab so‘zida davom etardi.
– Iloji boricha, – hansiradi ota, – ertaga… yuqoridagilarga xabar qilib o‘tirma. – Keyin bir oz jim qolib, buning iloji yo‘qligini tushundimi, ilova qildi. – Agar juda imkoni bo‘lmasa, juma oqshomi hammasi bir bo‘lib, fotihaga kela qolsin. Otamning vasiyati shunaqa edi, deya qolasan…
Yana sukut…
– Menga uch kun aza tutsang, yetar. Payg‘ambarimiz ham shunday deb marhamat qilgan ekanlar. Mayda-chuyda ishlarga aralashma. Hamma narsani G‘afforga topshirganman.
“Topshirganman!” Otasi bu so‘z ortida yana bir sirni yashirgandi: ma’raka xarajatlari ham oldindan tayyorlab qo‘yilgan!
– Salbi, akangga choy damlab kel. Ishdan charchab kelgan.
Bu otaning oxirgi so‘zlari edi. Salbi choy olib keldi. Ota jim. O‘g‘il jim. Choy sovib bo‘ldi. Salbi yana issiq choy keltirdi. Keyin yana… Yana…
Hech kim gapirmas, hamma sukutning chinqirig‘idan boshqa narsani eshitmasdi.
Oqshom shu tariqa erib borardi.
– Tavakkal ukam, bir daqiqaga mumkinmi?
G‘affor akaning taklifi bilan Tavakkal tashqariga chiqdi.
– Siz ishingizga boravering! Qaytishda kirib o‘tarsiz. Juda zarur bo‘lib qolsangiz, o‘zimiz telefon qilamiz. Tavakkal bir oz jim qoldi, keyin esa mashinasiga o‘tirdi. Soatiga qaradi. O‘n oltita kam ikki…
* * *
Xiyobonning narigi boshiga yetib keldi. Odatdagidek atrofiga alangladi. Jin ursin! Mashina chaqirgani yo‘q, buning ustiga ertalab emas, yarim kechasi bo‘lsa. Kecha bo‘lganda ham avvalgilariga o‘xshamaydigan, umuman boshqacha kecha. Mashina ushlashga to‘g‘ri keladi. Qo‘lini cho‘ntagiga suqdi. Pul olib chiqmabdi. O‘zi odatda unga pul kerak bo‘lmasdi. Telefon qilib, ishxona garajidan mashina chaqirmoqchi bo‘ldi. Avtomat telefon uchun yonida ikki tiyinlik tangasi ham yo‘q edi. Piyoda ketish esa… kamida bir yarim soat vaqtni oladi. Keyin majoli ham qolmagan, badani sovuqdan junjika boshladi. Sigaret chekkisi keldi. Sigareti yo‘q. Nima qilishni, qayoqqa borishni bilmasdi. Beixtiyor otasining bir necha bor aytgan so‘zlarini xotirladi:
– O‘g‘lim, erkak kishining yonida har doim puli bo‘lishi kerak. Kambag‘almi, boymi, farqi yo‘q. Aslo pulsiz yurmaslik kerak. Bir kun pulga shunday ehtiyoj sezasanki, boshingdagi telpagingni ham sotishga majbur bo‘lasan, agar xaridor topolsang…
Otasi har doim yonida pul olib yurardi. Hatto urush paytida, qattol ocharchilik yillarida ham cho‘ntagidan pul chiqararkan. Qayerdan, qanday topishini hech kim bilmas ekan.
Bittagina sigaret topilsa edi… Qanaqasidan bo‘lsa ham farqi yo‘q.
Mashina signali eshitildi.
– Ha, og‘ayni, biror yordam kerak emasmi?
Tavakkal haydovchiga o‘girildi.
– Ie, Tavakkalmisan? Tanimadim, boy bo‘larkansan.
– Salmon!
Bu o‘sha Salmon “zaporoj” edi. O‘n yil birga o‘qishgandi. Shahar atrofidagi qishloqlarda quduq qazish bilan shug‘ullanardi. Bir marta Tavakkalning qabulxonasiga ham borgandi.
– Shaharda quduq qazimoqchiman. Shahar kengashi qo‘ymayapti. Anavi Valiyev deganini bir qulog‘idan cho‘zib qo‘y, – degandi.
Valiyev shahar hokimligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlardi.
– Ie, shaharda quduqning nima keragi bor?
– Og‘ayni, quduqdan qanday suv chiqarishimni bilsang edi. Shahrimizning tagi bus-butun suv ekan, yaqinda o‘qib qoldim.
– Qiziq odamsan-da, nimalarni o‘ylab yurasan, – keyin soatiga qaragandi. – Narigi xonada majlisim bor. Bo‘pti, Salmon!
Shunday deb chiqib ketgandi.
Salmon bir-ikki daqiqa xonada yolg‘iz qolgandi. Telefonlarga tikilib, o‘zicha xayolga tolgandi: “O‘sha majlisini shu yerda qilsa bo‘lmasmikan? Xonaning kattaligini qaranglar! Tavakkal bitta o‘zi bu yerda zerikib ketmasmikin?”
Bir kuni Salmon Tavakkalning uyiga qidirib keldi.
– Mashina oldim. O‘rtoq! Shanba biror yoqqa boraylik. Mashinani yuvamiz.
– Qanaqa mashina? – so‘radi Tavakkalning xotini istehzo bilan.
– Zaporojets! Zo‘r mashina ekan.
O‘shanda Tavakkalning xotini o‘zini kulgidan to‘xtatolmagandi. Salmon “zaporoj” degan laqabi ham o‘sha kundan qolgan.
Keyin Tavakkalning uyiga, ishxonasiga ko‘p martalab telefon qildi. Topa olmadi.
“Tavakkal, bolalaring bilan bir kelmaysanmi? Xashni ja yoqtirarding. Bir maza qilib xash ichardik”.
“Tavakkal, qatiqli mantini rosa tushirarding, esingdami? Oyim bunaqa ovqatlarga ja usta. Yakshanba kuni kelishning iloji bormi?”
Yo‘q, Tavakkal xash ichishga ham, manti yeyishga ham bormadi. Undan-da muhim ishlari bor edi. Har gal telefon qilganida, yo majlisga tayyorlanayotgan, yo safar tadorigini ko‘rayotgan bo‘lardi…
– Ha, og‘ayni, yarim kechada qayoqqa?
– Otamnikiga.
– Bo‘ldi, yur ketdik.
“Zaporoj”ning torgina salonidan joy oldi.
– Axiyri shaharda ham quduq qazidim, – dedi u mashinani o‘t oldirarkan. – Butun Sartepa mahallasi yashnab ketdi. Ko‘z yoshidan ham tiniq suv chiqdi. Ichib to‘ymaysan. Ekin-tikinga ham yetib ortadi. Bu deyman, Valiyevni rosa ta’zirini beribsan-da?
– Men Valiyevga hech narsa demagandim.
– Unaqada nega rozi bo‘ldi?
– Sendan qutulolmasligini bilgandir-da!
– Qo‘ysang-chi? Dimog‘idan qurt yog‘ayotgandi. Yoningga borganimni bilgan-da! Yana bir-ikki joydan quduq ochsam deb yuribman. Ariza berib qo‘ydim.
Tavakkal jim edi.
– Yarim kechasi qayerdan kelyapsan, deb so‘ramaysan ham.
– Sen so‘radingmi?
– Sen ishli odamsan. Bir shaharning tashvishi boshingda. Kechasi o‘n ikkida telefon qilsam ham uyda bo‘lmaysan. Ko‘pincha ishda ham bo‘lmaysan. Qayerlarda bo‘lasan?
– Ko‘chalarda! Salmon, sigareting bormi?
Salmon avval “Kosmos” chiqardi. Keyin bir oz o‘ylab, cho‘ntagiga soldi. Anavi yerni ko‘r, “Kent” bo‘lishi kerak.
– Yo‘q, beraver o‘shani.
Mashina saloni tutunga to‘ldi.
– Onamning mazasi yo‘q, Tavakkal, – dedi Salmon ovozi titrab. – Kasalxonadan kelyapman. Hozirgina uyquga ketdi. Bolalardan xabar olay, deb ketyapman. Kunduzlari Farangiz qarab o‘tiradi. Kechalari men.
Farangiz Salmonning xotini edi.
– Qaysi kasalxonada? Telefon qilib bir og‘iz…
– Rahmat, shart emas. Farrux bor-ku, sinfdoshimiz. Hozir o‘sha yerda bosh shifokor ekan.
Farruxni birinchi kurs paytida bir-ikki marta ko‘rgandi. O‘shandan beri aloqalari uzilgan.
– Ha, Farrux yuribdimi? Qalay?
– Kayfiyati a’lo! Dimog‘i chog‘! Yaxshi hurmat qozonganga o‘xshaydi. Seni ko‘p gapiradi. Tunov kuni seni televizorda ko‘ribdi. Rosa qulog‘ingni qizitdik. Bilasanmi, nimani esladik. O‘shanda sakkizinchi sinfda o‘qirdik. Sohilda Gular sening ko‘ylagingni bekitib qo‘ygandi. O‘g‘irlab ketishibdi, deb o‘yladik. Pul yig‘dik, senga shahardan yangi ko‘ylak olib kelmoqchi bo‘ldik. Men avtobus bekatiga ketayotganimda, Gular sumkasidan ko‘ylagingni chiqarib, bayroqdek hilpiratdi. “Pulni endi menga beringlar!” deb qichqirdi. Keyin o‘sha pulga do‘kondan mayda-chuyda oldik. Maza qilganmiz o‘shanda. Esingdami? Gular seni yoqtirardi. Nega unga uylanmading?
Gular bilan sevgi mojarolari yodida edi. Ammo, ko‘ylak voqeasini unutgan ekan.
– Gularni kecha kasalxonada ko‘rdim. Qaynanasi onam bilan bir palatada yotgan ekan. U Gularni og‘zidan bol tomib maqtaydi.
Chamasi Tavakkal hech narsani eshitmadi. Yana bitta sigaret yoqdi. Mashina keng yo‘ldan chapga, tor, ilonizi ko‘chaga burildi. Taajjub, Salmon haliyam ularning ko‘chasini unutmabdi-da! Axir bu ko‘chalarni hali tez-tez buzib, ta’mirlashadi.
Salmon mashinasini ularning hovlisi oldida to‘xtatdi.
– Men ham tushaman, – dedi taklifni kutib o‘tirmay kalitni cho‘ntagiga solarkan. – Onam kasallanganidan beri otangdan xabar olmagandim. Sen kelding, endi uyg‘onib qolsa kerak.
Demak, Salmon bu yerga kelib-ketarkan-da! Tavakkal joyida qotib qolgandi. Salmon Tavakkal o‘tirgan tarafdan kelib, eshikni ochdi.
– Tush, kimni kutyapsan?
Tavakkal jim edi.
* * *
Darvoza ochiq edi. G‘affor amaki bilan taksichi Volod hovlida stol-stullarni joylashtirish bilan band edilar.
– Voy otam, – dedi Salmon boshini changallab. – Voy otam, nega menga bir og‘iz aytib qo‘ymadinglar?
– Rahmatlining joni hozirgina uzildi, – dedi taksichi Volod ohista.
– Salbiga aytuvdi, – pichirladi G‘affor amaki. – Bir farrosh xotinga uy to‘g‘rilab berar ekansan. Ismi esimdan chiqib qoldi. Kim bilsin, jon talvasasida alahsiradimi?
Yo‘q, bu alahsirash emas, keksa otaning butun umri davomida o‘g‘lidan yagona iltimosi edi.
Tavakkal o‘zini tutolmasdan ho‘ngrab yubordi. O‘zini ichkariga urdi. Hamma jim, ichkaridan faqat Tavakkalning bo‘g‘iq yig‘isi eshitilardi, xolos.
Tong otay demasdi. Umrdan ham uzun edi, bu kecha…
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi