Karter nihoyat qirq ikki yoshida qonuniy nikoh bilan boshini bog‘lashga jazm etdi va bu oilaviy hayot unga misli ko‘rilmagan darajada osoyishta, betashvishdek tuyuldi. U Juliyani mehrob oldidan olib ketmasidan, Jozefina ko‘z yoshlarini qanday artayotganini ko‘rmasidan ilgariroq nikoh marosimining o‘zi ham unga behad zavq bag‘ishlagandi. Jozefinaning to‘yga tashrifi va ular o‘rtasidagi samimiy munosabatning saqlanib qolgani yangi odamlar uchun g‘alati ko‘rinardi. Karter Juliyadan hech nimani yashirmasdi, Jozefina bilan o‘tkazgan o‘n yillik mashaqqatli hayoti bormi, ayolning g‘ayrioddiy qizg‘anishlariyu eng nozik daqiqalarda ko‘taradigan janjallari bormi, bari haqida u Juliyaga oqizmay-tomizmay so‘zlab bergandi.
– Hamma gap uni o‘z turmushining mustahkamligiga ishonmasligida edi, – dedi Juliya achingancha uni himoya qilib. Juliya oradan biror fursat o‘tgach, Jozefina bilan do‘stlashib ketishiga ishonardi.
– Bilmadim, azizim, bunga ishonish qiyin!
– Nega endi? Nahotki, men seni sevgan odamga mehr qo‘ya olmasam?
– Uning muhabbati shafqatsiz edi.
– Balki seni yo‘qotayotganiga imoni komil ekanidan shunday ko‘yga tushgandir? Azizim, tonmay qo‘yaqol, nahot u bilan shuncha yashab, biron marta ham baxtli lahzalarni boshingizdan kechirmagan bo‘lsangiz?
– Kechirganmiz.
Biroq uning o‘zi Juliyagacha biron ayolni sevganiga ishonishni istamasdi.
Ayolning tantiligi uni hayratga solardi. Asal oyining yettinchi kuni ular Sunion burni dengiz sohilining choqqina oshxonasida sharob ichib o‘tirishganida, u beixtiyor kissasidan Jozefinaning xatini topib oldi. U xatni kecha olgandi va Juliyani ranjitmaslik uchun buni sir tutgandi. Bu Jozefina bo‘lmay yana kim ham bo‘lardi: hatto qisqagina asal oyida ham uni tinch qo‘yay demaydi! Bir tekisda, mayda qilib, sochidek qop-qora siyohda yozilgan ayolning dastxati ham uning g‘azabini qo‘zg‘ardi. Juliyaning sochlari oq oltin singari ochiq rangda edi. Nahotki unga qachonlardir qora sochli ayollar yoqqan bo‘lsa? Va yana sabrsizlik bilan o‘shanday qora siyohda bitilgan maktubda nima yozilganini bilish uchun uni ochish kerakmi?
–Azizim, xat kimdan kelibdi? Men jo‘natmani allaqachon olganimizdan bexabar ekanman.
– Jozefinadan. Kecha kelgandi.
– Hali sen uni ochmading hammi? – dedi ayol, jo‘natma to‘g‘risida unga og‘iz ham ochmaganini yuziga solib o‘tirmay.
– Men u haqda eshitishni ham istamayman.
– Azizim, balki u betobdir?
– Unga balo ham urmaydi!
– Yoki pulsiz qolgandir…
– U, mening hikoyalarimga qaraganda, o‘zining modellaridan ko‘proq pul topadi!
– Azizim, kel, ko‘nglimizni keng qilaylik. Bu, bizning qo‘limizdan keladi. Biz qanday baxtlimiz, shu haqda bir mulohaza qilib ko‘r.
U xatni ochdi – muloyim, gina-kuduratlardan xoli – va uni ijirg‘anibgina o‘qidi:
“Azizim Filipp, shunday baxtli kunda yig‘loqi ayoldek ko‘rinishni istamasdim va shu bois sizlar bilan xayrlasholmadim, ikkovingizga baxt ham tilolmadim. Menimcha, Juliya g‘oyatda go‘zal, ustiga-ustak juda yosh ko‘rinadi. Sen unga iltifotli bo‘lishing kerak. Bilaman, bu sening qo‘lingdan keladi. Uni ko‘rganimdan so‘ng meni nega uzoq vaqt tashlab ketolmaganingga hayron bo‘ldim. Tentakkinam! Jarrohlik muolajasi qancha tez bajarilsa, u shuncha og‘riqsiz kechadi…
Mening nima bilan shug‘ullanayotganim endi seni qiziqtiradi deb o‘ylamayman, agar kutilmaganda zig‘ircha bo‘lsa-da, men haqimda qayg‘urayotgan bo‘lsang, ayta qolay – o‘zingdan qolar gap yo‘q, men o‘zimga tashvish orttirish borasida bahona o‘ylab topishga doim ham usta bo‘lganman, – senga shuni aytmoqchiydimki, men juda ko‘p ishlayapman, nima bilan band ekan deb o‘ylayrsan? Frantsuz “Vogue” uchun rasmlar turkumi ustida ishlayapman. Ular frantsuz frankida menga bir dunyo pul to‘lashyapti va o‘z baxtsizliklarim haqida o‘ylab o‘tirishga menda vaqt yo‘q. Men uyimizga kirdim va bu seni ranjitmas deb umid qilaman (kechirasan, sobiq uyimizga!), qoralamalarim qayergadir g‘oyib bo‘libdi. Esingdami, ikkimizga tegishli quti bo‘lardi – biz uni orzu umidlar g‘aladoni derdik, qoralamamni o‘sha yerdan topdim. U yerdan hamma narsamni olgandek edim, biroq u, Napulning ajib yozida yoza boshlab, chala qolgan o‘sha qo‘lyozmang ichiga tushib qolgan ekan. Ezmalik qilib yubordim, aslida sizlarga baxt tilamoqchi edim, xolos.
Seni ardoqlovchi Jozefina”.
Karter xatni Juliyaga uzatdi.
– Bundan beshbattar bo‘lishi ham mumkin edi.
– Xatini o‘qiganimni nahotki u ma’qullagan bo‘lardi?
– Axir xat ikkimizning o‘qishimizni hisobga olib yozilgan.
Endi hech nimani yashirishning hojati yo‘qligi qanday yaxshi, deya xayoldan o‘tkazdi u. Oxirgi o‘n yil davomida u janjaldan, Jozefinaning arazlashlaridan va uning gaplashmay qo‘yishidan qo‘rqib, ozmuncha narsalarni undan pinhon tutdimi, hatto gunohi bo‘lmaganda ham. Endi hech nimadan qo‘rqmaydi, endi u jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirda ham aqlli va mehribon Juliyadan uzr so‘rashi mumkin.
– Senga maktubni kecha ko‘rsatmay ahmoqlik qildim, – dedi u. – Boshqa bunday qilmayman.
Spenserning she’ridagi misra yodiga tushdi: “Dovulli dengizdan keyingi sokin bandargoh”.
Xatni o‘qib bo‘lgach, Juliya dedi :
– Menimcha u ajoyib ayol. Senga shunday maktub yozgani qanday yoqimli. Bilasanmi, meni hamisha ham ko‘nglim xotirjam bo‘lmagan… Agar men sen bilan o‘n yil yashaganimda, seni yo‘qotishni aslo istamagan bo‘lardim.
Ular taksida Afinaga qaytganlarida ayol undan so‘radi:
– U bilan Napulda bo‘lish senga yoqqanmidi?
– Bo‘lsa bordir. Hozir yodimda yo‘q. Sen baribir boshqachasan.
Garchand u ayolning yelkalarini sezib turgan bo‘lsa-da, xotirada qolgan hissiyotlar uni bezovta qila boshlaganini sezgandek, ayol undan o‘zini nari oldi. Quyosh yo‘lni yoritib turardi, oldinda ularni tushlikdan keyingi erinchoqlik va yoqimli mudroq kutib turardi, mana marhamat…
– Azizam, sen mendan xafa emasmisan?
– Yo‘g‘-e… Faqat… Nazarimda sen qachondir Afina to‘g‘risida ham Napul haqida: “Esimda yo‘q. Sen baribir boshqachasan”, – deb aytgan gaplaringni takrorlaysan, go‘yo.
– Eh mening tentakkinam! – dedi u ayolni o‘pib qo‘yarkan.
Ular taksida ketayotib, bir oz hazil-huzul qilishdi-da, shahar uylari ko‘zga tashlana boshlagach, Juliya joylashib o‘tirib olib, sochlarini tartibga keltira boshladi.
– Yo‘q, seni unchalik ham bemehr deya olmayman, – iqror bo‘lib dedi ayol va o‘z hayotiga yana o‘sha-o‘sha betashvish nigoh ila boqa boshladi. Ularning orasidan olamushuk o‘tganiga Jozefina aybdor.
– Er-xotin o‘rinlaridan turib, kechki ovqat taraddudiga tushdilar, shunda ayol:
– Jozefinaga javob yozish kerak, – deb qoldi.
– Bekorchi gapni qo‘ysang-chi.
– Azizim, men seni tushunaman, biroq u haqiqatan ham senga ajoyib maktub yo‘llabdi, buni tan ol!
– Bo‘pti, biz unga bironta suvratli otkritkalardan jo‘natarmiz.
Shu bilan muammo o‘z yechimini topdi-qo‘ydi.
Ular Londonga qaytganlarida, agar shunday sovuq havoni qish deb bo‘lmasa, unda ularni kuz qarshi oldi deyish mumkin edi: aerodromning uchish yo‘lagiga qor aralash yomg‘ir armonsiz quyardi, va pivo, soqololgich va suli yemishlari osilgan reklama lavhasi yonidan o‘tib ketayotib, uyni har safargidan ham erta isitishga to‘g‘ri kelishini tashvish bilan o‘ylay ketishdi va o‘sha lahzaning o‘zida yorqin, yorug‘ Parfenon ustunlarining qadri o‘tayotganini his etishdi. Aviakompaniyaning: “Britaniya havo kompaniyasi sizlarni olib ketadi va yana olib kelib qo‘yadi”, — degan shior har qachongidan ham vahimali eshitilardi.
– Yetib borishimiz bilan barcha isitish vositalarini ishga tushiramiz, – dedi Karter, – hademay issiqqina uyda o‘tiramiz.
Biroq ular uyga kelib, ichkarigi eshikni ochganlarida isitish vositalari yoqilganining guvohi bo‘lishdi. G‘ira-shira mehmonxona va yotoqxonada olov miltillab, yoqimli yonib turardi.
– Qandaydir sehrgar pari bizning g‘amimizni yegan ko‘rinadi! – dedi Juliya.
– E, qanaqa sehrgar pari! – dedi Karter. Kamin taxtasi ustidagi: “Karterxonim” deb yozilgan xatjildga allaqachon uning ko‘zi tushgandi.
Juliya xatni ovoz chiqarib o‘qidi:
“Azizim Juliya, sizni oddiygina Juliya desam e’tiroz bildirmassiz deb umid qilaman. Axir siz bilan o‘xshash jihatlarimiz yetarli: biz ikkimiz bir odamni sevamiz. Bugun havo shu qadar sovuq bo‘ldiki, shunda men darrov sizlarni serquyosh yurtlardan qanday qilib muzlab yotgan uyga kelishlaringizni ko‘z oldimga keltirdim. Men bu uyning qanaqa sovuq bo‘lishini bilaman. Biz Filipp ikkovimiz janubdan qaytganimizda men har yili bejizga shamollamasdim.) Shularni o‘ylab, o‘zimga erkinlik berishga jazm etdim: uyga beruxsat kirib, isitish qurilmalarini yoqdim, biroq bu yumushlarni birinchi va so‘nggi bor bajarayotganimni isbotlash uchun menga tegishli kalitni tashqaridagi poyandoz tagiga qo‘ydim. Ehtimol, sizning samolyotingiz to‘satdan Rimdami, yo boshqa yerdami ushlanib qolar. Shunda men tayyoragohga qo‘ng‘iroq qilaman, agar, Xudo ko‘rsatmasin, uchib kelolmasangiz, unda uyga qaytib kelib, isitish qurilmasini o‘chirib qo‘yishimga to‘g‘ri keladi (yana kim biladi deysiz, bu yoqda elektr haqi oshgandan oshib yotgan bo‘lsa!) Oqshomni keng joyda, huzur-halovatda va osoyishtalikda o‘tkazasiz degan umiddaman.
Sizlarni sevuvchi Jozefina.
Aytgancha, uyda qahva yo‘q ekan, men bir quti “Moviy tog‘lar”dan oshxonada qoldirdim”.
– Xudo haqi, u hech nimani nazardan qochirmay, rosa g‘amimizni yebdi! – deya kuldi Juliya.
– Yaxshisi, bizni o‘z holimizga qo‘ysa bo‘lardi, – dedi to‘ng‘illab Karter.
– Unda biz sovuqda qolgan bo‘lardik, ertalab qahva ham icholmasdik.
– Nazarimda, u barisining evaziga qayergadir biqinib olganu sendan bo‘sa olish payida to‘satdan otilib chiqib keladigandek. – U Juliyani o‘pdi va xavotir bilan eshikka qarab qo‘ydi.
– Buncha adolatsiz bo‘lmasang. Axir u kalitni sholcha tagida qoldirdim dedi-ku.
– Boshqa yasatib olgan bo‘lishi ham mumkin-ku.
Ayol bo‘salari bilan uning og‘zini yopdi.
– Samolyot elitdi, shekilli, odamning tezroq yotgisi kelyapti, sezyapsanmi?
– Ha.
– Aftidan, bu tebranishning ta’siri bo‘lsa kerak?
– Kel, shunday rohatdan o‘zimizni bebahra qilmaylik.
– Avval anavi poyandoz tagiga bir qarab qo‘yay. Baribir tekshirib ko‘rish kerak, balki u bizni laqillatayotgandir.
U oilaviy hayotdan mast edi. Hatto avvalroq oila qurmagani uchun o‘zini koyirdi ham, garchi bunday bo‘lgan taqdirda xotini Jozefina bo‘lishi mumkinligi uning xayolidan ko‘tarilgan bo‘lsa-da. Juliyaning biron-bir yumush bilan band bo‘lmagani qanday mo‘jiza, u hamisha erining yonida! Ular xizmatkor yollamadilar va shu bois hayotlarini kimningdir tartib-qoidasiga moslashtirishning ham hojati yo‘q edi. Ular hamma yerga, restoranu bazmlarga, maxsus ziyofatlarga birga borganlari bois nigohlar uchrashuvining o‘zi ular uchun kifoya edi… Juliyaning zaif sog‘lig‘i haqida tez kunda mish-mishlar tarqala boshladi – u tezda toliqardi, bazmlarda ko‘pincha o‘n besh daqiqa bo‘lib, yo bo‘lmay: “Oh, azizim, meni afu etasiz, boshim og‘rib qoldi. Esiz… Filipp, meni kuzatib qo‘yishni xayolingizga ham keltira ko‘rmang… – derdi. Filipp: – “Yo‘q, men, albatta, sen bilan ketaman!” – derdi-da, qahva tortilishi bilan maxsus ziyofatdan juftakni rostlab qolardi.”
Nimadir bo‘ldi-yu, bir marta ular dalil-isbot ustida qo‘lga tushib qoldilar – uy egasi qandaydir xatni tashlashni iltimos qilish uchun orqalaridan izma-iz chiqqanida, ular zinada turib ichaklari uzilgudek kulayotgandilar. O‘shanda Juliya o‘zini asabi zo‘riqqan kishidek ko‘rsatishni bir amallab uddalagandi…
Oradan bir necha hafta o‘tdi. Bu nikohni chindan ham tolei baland deyish mumkin edi. Yo‘l-yo‘lakay o‘z baxtlarini muhokama qilishu buning uchun bir-birlaridan minnatdor bo‘lishdek holatlar ularga huzur bag‘ishlardi.
– Ba’zan men, sen Jozefinaga uylanishing ham mumkin edi-ku, deya o‘ylab qolaman… To‘g‘risini ayt, nega unga uylanmagansan?
– Menimcha, ikkimiz ham yuragimizning tub-tubida munosabatlarimizning omonat ekanini sezganmiz?
– Bizniki-chi, bizniki omonat emasmi?
– Bizniki mustahkam bo‘lmay, yana kimniki mustahkam bo‘lsin.
Sekin-asta harakatga keluvchi bomba noyabrning boshida o‘z kuchini ko‘rsatdi. Turgan gapki, bu portlash ancha avvalroq sodir bo‘lishi mumkin edi, biroq Jozefina uning hayotida yuz bergan o‘zgarishlarni fahmlay olmadi. Filipp ular yaqinlashish kunlari unga “orzu umidlar g‘aladoni” deya nom qo‘yib, u yerga xomaki hikoyalariyu bildirmay yozib olingan suhbatlardan parchalarni va shunga o‘xshash narsalarni, ayol esa xomaki, naridan-beri chizilgan rasmlarni saqlaydigan qutiga nazar tashlashidan avval oradan bir necha hafta o‘tib ketdi.
Qutini ochishi bilan uning ko‘zi ayolning maktubiga tushdi. Uning ustiga xitob alomati bilan yog‘li qora siyohda: “Mutlaqo maxfiy”, – deb yozilgandi va hazil tariqasida ko‘zi katta qiz bola shaklidagi (Jozefina tashqi ko‘rinishi unchalik ham buzilmagan holda buqoq bezi funktsiyasining o‘zgarishi dardiga chalingandi) shisha idishdan o‘rmalab chiqayotgan jin surati chizilgandi. Karter maktubni kuchli nafrat ila o‘qib chiqdi.
“Azizim! Har zamon, har zamonda bo‘lsa-da, men, o‘n yillik turmushimiz haqqi hurmati “yaxshi yotib tur”, yoki “yaxshi yotib turdingmi?” yo bo‘lmasa “azizim, sog‘liqlaring yaxshimi?” degan so‘zlar bilan seni siylashga haddim sig‘ar deb o‘ylayman. Salomat yurishingni Yaratgandan so‘rab qolaman. Seni (chin dildan) sevib qoluvchi
Sening Jozefinang.
Ayolning so‘zlarida “ahyon-ahyonda bo‘lsa-da” oshkora do‘q-po‘pisa yangrab turardi. Erkak qutini qarsillatib yopib, azbaroyi ovozining boricha so‘kina ketdi, buni eshitib, Juliya eshikdan mo‘raladi.
– Senga nima bo‘ldi, azizim?
– Yana o‘sha Jozefina-da!
– Bilasanmi, hozir unga oson emasligini men yaxshi tushunaman. Boyoqish. Nahotki sen uning xatini yirtib tashlamoqchi bo‘lsang?
– Seningcha, nima qilishim kerak? Butun bir kitob holiga kelguncha saqlashim kerakmi?
– Menimcha bu shafqatsizlik.
– Hali men unga shafqatsiz bo‘lib qolibmanmi? Juliya, u oxirgi yillari menga qanday nag‘malar ko‘rsatganini sen hatto tasavvur ham qilolmaysan. Uning ko‘rsatgan karomatlari orqasidan orttirgan chandiqlarimni ko‘rsataymi senga: agar uning bir jazavasi tutib ketsa bormi, sigaretni to‘g‘ri kelgan joyimga bosishdan ham toymasdi.
– Seni yo‘qotayotganini bilib, aqldan ayrilayozgan bo‘lsa kerak-da. Aslini olganda, bu chandiqlarning bariga men sababchiman.
U, ayolning ko‘zlari allaqanday dovyuraklikdan nafis va xursand chaqnab ketganini ko‘rdi.
Oradan atigi ikki kun o‘tib, ikkinchi bomba ham portladi.
Juliya ertalab uyg‘onganlarida ko‘rib qoldi:
– To‘shakni ag‘darish kerak. Ikkimiz allaqanday chuqurlikning qoq o‘rtasiga dumalab ketayotgandekmiz, go‘yo.
– Nahotki?
– Tartibga o‘rgangan odamlar to‘shakni har haftada ag‘darib turishadi.
– Ha, Jozefina har doim shunday qilardi.
Ular choyshab, yostiqjildlarni olib tashladilar-da, to‘shakni yumaloqlay boshladilar. To‘shak o‘rnida Juliya nomiga yo‘llangan maktub yotardi. Karter xatni sezdirmay qoqib tashlamoqchi bo‘ldi-yu, biroq uni Juliya ko‘rib qoldi.
– Yana xatmi?
– Nima bo‘lardi, Jozefinadan xat-da. Bu xatlar hademay bir jildga ham sig‘may qoladi, shekilli. Jorj Eliotning xatlari singari akademik nashr tarzida bosishga to‘g‘ri keladi.
– Azizim, bu maktub menga yozilgan. Uni sen nima qilmoqchi eding?
– Bildirmay, yirtib tashlamoqchi edim.
– Bizning bir-birimizdan yashiradigan sirimiz yo‘q deb o‘ylagandim.
– Men ham. Biroq men bu dunyoda Jozefinadek ayol borligini unutibman.
Bu safar ayol xatjildni istar-istamaygina ochdi.
– Xatning bu yerda yotishi chindan ham g‘alati… Sen nima deb o‘ylaysan, maktub bu yerga tasodifan tushib qoldimikin?
– Men bunday deb o‘ylamayman. Tasodifan qayerdan kelib qolishi mumkin?
Ayol xatni o‘qib bo‘lgach, uni Karterga uzatdi va o‘zini yengil his etgancha dedi:
– Xat bu yerga qanday tushib qolganini, mana, Jozefina tushuntirib beradi. Xudoga shukur, buning hech bir g‘alati yeri yo‘q.
U xatni o‘qiy boshladi:
“Azizim Juliya!
Ishonamanki, siz quyoshning yunon yeridagi haqiqiy taftidan bahramand bo‘lyapsiz. Buni Filippga aytib o‘tirmangu, (garchand sizlar, shubhasiz, bir-biringizdan sir yashirmasangiz-da). Biroq men Frantsiya janubini sira yoqtirmaganman. U yerlarda hamisha izg‘irin mistral shamoli esadi va terini qovjiratadi. Gretsiyada sizlarni bunday noxushliklar bezovta qilmagani qanday yaxshi. Biz hamma vaqt u yerlarga boramiz deya otlanganmiz, biroq hech imkon topolmaganmiz, endi Filipp qanday mamnun ekanini ko‘z oldimga keltiryapman. Men bugun xomaki asarlarimni olib ketmoqchi bo‘lib kelgandim va birdan to‘shakning, agar undan ko‘proq bo‘lmasa, ikki haftadan beri ag‘darilmay yotgani yodimga tushib qoldi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Filipp ikkimiz hayotimizning so‘nggi kunlarini quvonchdan bebahra o‘tkazdik. Shunday bo‘lsa-da, unutish orolidan qaytgan ilk tuningizni to‘shagingizdagi do‘ng, past-baland noqulayliklarni his etib o‘tkazishingizni xayolimga sig‘dirolmadim, shu bois men uni ag‘darib qo‘ydim. Uni har haftada qayta-qayta solib turishingizni maslahat berardim, bo‘lmasa, o‘rtasida doim chuqurcha paydo bo‘laveradi. Aytgandek, qishki pardalarni ham osib qo‘ydim, yozgilarini esa tozalashga topshirdim. Manzili: Brom-strit, 153.
Salom bilan Jozefina”.
– Yodingdami, Napulning turgan-bitgani jannat deb yozgandi menga, – dedi Karter. – Bu xatning muharriri unga tuzatish kiritishiga to‘g‘ri keladi.
– Yo‘q, sen baribir toshbag‘ir odamsan, – dedi Juliya. – Azizim, u axir bizga yordam bermoqchi. Bo‘lmasa parda va to‘shak haqida men qayoqdan bilardim?
– Sen hali unga uzundan-uzun samimiy xat yo‘llab xo‘jalik ishlari bo‘yicha ham bir-biringiz bilan tajriba almashmoqchimisiz deyman?
– Axir u bir necha haftadan buyon ilhaq bo‘lib javob kutyapti. Maktub bu yerda otam zamonidan beri yotgan bo‘lsa.
– Qiziq, bu uyda qadimdan beri yana qanchasi saqlanayotgan ekan-a? Qasam ichib aytamanki, men hozir uyning hamma yerini ostin-ustin qilib chiqaman. Yerto‘lasidan to chortog‘igacha.
– Bizda unisi ham, bunisi ham yo‘q.
– Men nima haqda gapirayotganimni sen juda yaxshi tushunib turibsan!
– Menga faqat pashshadan fil yasayotganing tushunarli, xolos. Men seni, Xudo haqi, Jozefinadan qo‘rqyapsan deb o‘ylayapman.
– Jin ursin o‘sha Jozefinani!
Juliya keskin burildi va chiqib ketdi, u esa o‘z yumushlari bilan mashg‘ul bo‘ldi. O‘sha kuni ular yana jig‘illashib qolishdi. Aytarli jiddiy biron nima sodir bo‘lmagan esa-da, baribir Filippning kayfiyati buzildi. Xalqaro telegramma jo‘natish maqsadida telefon raqamni izlay turib, ma’lumotnoma kitobining birinchi jildi ichidan “qiyshayib ketgan “o” harfi bilan Jozefinaning mashinkasida alifbo tartibida yozilgan telefon raqamlarining uzundan-uzun ro‘yxatini topib oldi. Bu yerda unga zarur bo‘ladigan barcha raqamlar bor edi. Eski do‘sti Jon Xyuzning telefon raqami Xerrdos univermagi bilan yonma-yon qayd etilgandi; bu yerda yana yaqin atrofdagi taksi to‘xtash joyining, dorixonalarning, go‘sht, sabzavot, baliq do‘konlarining, bankning, tozalash buyurtmasining, uning noshiri va agentining, Elizabet Arden kosmetik kabinetining, mahalliy sartaroshxonaning (qavs ichida: “J. uchun: nazarda tuting, bari binoyidek va mutlaqo arzon,” deb yozilgandi) ham raqamlari bor edi. Ikki ayolning ham ismi va sharifi bir xil ekanini Karter ilk bora payqab qolgandi.
– Yo‘q, u ayol farishtaning o‘zginasi, – dedi Juliya. – Biz bu ro‘yxatni telefon turgan yerning tepasiga ilib qo‘yamiz. Bu yerda chindan ham zarur bo‘lgan barcha raqamlar muhayyo ekan.
– Avvalgi xatlarida u nimaga ishora qilganini yodga olsak, qiziq, nega bu yerda zargar yo‘q?
– Azizim, tag‘in nimalarni valdirayapsan? U bor haqiqatni yozgan. Agar men ozgina pul jamg‘arib qo‘ymaganimda, biz ham Frantsiyaning janubida dam olgan bo‘lardik.
– Seningcha, men Gretsiyaga borish uchun senga uylandimmi?
– Bunaqa bema’ni gaplarni qo‘y. Nega Jozefinaga bunchalik adolatsiz munosabatda bo‘lyapsan?.. Uning bizga ko‘rsatayotgan har qanday yordamini yomonlikka yo‘yganing-yo‘ygan.
– Hali sen buni yordam deb o‘ylaysanmi?
– Yo‘q, seni pushaymon bo‘layotganing aniq.
Shunda u haqiqiy tintuvni boshlab yubordi. U sigaret qutisidan tortib, g‘aladongacha, kartotekadan tortib, Gretsiyaga o‘zi bilan olib ketmagan kostyumning kissasigacha titkilab chiqdi, televizorning orqa tomonini ochib, hojatxonadagi bakcha qopqog‘ini ko‘tarib tashladi, hatto u yerdagi qog‘oz o‘ramini ham yangiladi (bunisi ortiqcha aylantirib o‘tiradigan eskisidan durustroq edi) . Juliya undan xabar olish uchun hojatxonaga bordi, biroq uning nigohlarida odatdagi nafislikdan asar ham qolmagandi. U pardalarning ustki qismlarini obdon qoqib-silkitdi (kerak bo‘lganda pardalar yana tozalashga topshirilsa, kim biladi, u yerdan tag‘in nimalar chiqmaydi),tagiga biron nima berkitilganmi, yo yo‘qmi deya savat ichidagi kir choyshablarni sug‘urib oldi. U oshxonada emaklab yurib, plita taglarini ko‘zdan kechirdi: quvurga bir parcha qog‘oz o‘rab qo‘yilganini ko‘rdi-yu, sevingancha uni shartta yulib oldi, biroq – afsus! – qog‘oz parchasini suvuzatish mutaxassisi esdalik uchun qoldirgandi. Tushlikdan so‘ng pochta qutisiga taraqlagancha ro‘znomalar kelib tushdi va Juliya dahlizdan turib qichqirdi:
– Qanday ajoyib! “Vogue”ga obuna bo‘lganingni nega menga aytmaganding?
– Men unga obuna bo‘lmaganman.
– Kechirasan, bu yerda qandaydir to‘yxatga o‘xshash yana nimadir borday ko‘rinayapti. Bizni “Vogue”ga miss Jozefina Xekstol-Jons obuna qilibdi. Bu uning bizga ko‘rsatgan iltifoti emasmi?
– U jurnalda turkum rasmlari bilan qatnashibdi. Ularni ko‘raman deb ko‘zim uchib turgani yo‘q.
– Azizim, bolalik qilishni bas qil! Balki sen unga kitoblaringni o‘qishni ham man etarsan?
– Mening yagona talabim: u bizni tinch qo‘ysin, vassalom. Hech bo‘lmaganda bir necha haftaga. Men ko‘p narsa so‘rayotganim yo‘q, shekilli?
– Azizim, seni baribir xudbin desa bo‘ladi.
O‘sha kuni oqshom u o‘zini horg‘in his etsa-da, ruhi ancha yengil tortgandi. U tintuvni puxta, sinchikovlik bilan o‘tkazdi. Tushlik o‘rtasida uning yodiga daf’atan uyning torligi sabab shu paytgacha ochilmay yotgan devor javonidagi to‘yonalar tushdi va u, birinchi va ikkinchi taomlar orasida quti mixlanganiga ishonch hosil qilish uchun g‘izillab borib keldi; Jozefina qo‘lini yaralashdan qo‘rqib, buragichni qo‘lga olishga yuragi dov bermasligini u bilardi, bolg‘adan esa o‘lgudek qo‘rqardi.
Er-xotinlar istagan paytlari salgina qo‘l tekkizishlari bilan uni buzishlari mumkin bo‘lgan tunning xush yoquvchi halovatidan, hayriyatki, Karterlar ham bahramand bo‘lishdi. Vaqtni boy berish jazmanlarga yarashmaydi, er-xotinlarniki esa bari oldinda.
– “Men bugun keksalikdek yuvoshib qoldim”, – yodaki o‘qish mahorati bilan irod qildi.
– Buni kim aytgan?
– Brouning.
– Men Brouningni yaxshi bilmayman. Bilsang, uning she’rlaridan o‘qib ber.
U Brouningni ovoz chiqarib o‘qishni yaxshi ko‘rardi – Karterning ovozi durustgina bo‘lib, beg‘ubor mag‘rurligini namoyish qilishga u tayyor edi.
– Chindan ham eshitging kelyaptimi?
– Ha.
– Men bularni Jozefinaga tez-tez o‘qib berardim,– ehtiyot shart dedi u.
– Nima bo‘pti? Ba’zan biz istaymizmi, yo‘qmi, avval kimlar bilandir qilgan ishimizni yana takrorlashimizga to‘g‘ri keladi, shunday emasmi, azizim?
– Mana hali biron marta ham Jozefinaga o‘qib bermagan she’rlar. Men hatto u odobsizlik bo‘lib ko‘ringanda ham, unga oshiq bo‘lganman. Bizning munosabatlarimiz … xiyla mo‘rt edi.
O‘qiganlaridan uning o‘zi ham ta’sirlanib ketdi. Go‘yo u Juliyani shu topda sevganchalik hech qachon sevmagandi. Mana va nihoyat endi uning o‘z uyi bor – shu paytgacha u it yotish, mirza turish bilan yashab keldi.
Unga qolsa, she’rni Juliya o‘qigani ma’qul ediyu, unda ayoli uni bu qadar bolalarcha berilib tinglamagan bo‘lardi.
U navbatdagi sahifani ochdi va u yerga so‘loqmonday-so‘loqmonday qilib, qora harflar bilan yozib to‘ldirilgan bir varaq qog‘oz qo‘yilganini ko‘rdi (agar Jozefina maktubni xatjildga solishni fahmlaganida, Karter uni o‘qishidan avval payqagan bo‘lardi):
“Qadrdonim Filipp! Men sen yoqtirgan, shuningdek men ham, kitob sahifalaridan turib, senga faqat xayrli tun tilamoqchi edim, xolos. Sen bilan murosayu madorada ajralishganimiz qanday baxt. Ikkimizga taalluqli xotiralar hamisha bizni bog‘lab turadi.
Seni sevuvchi Jozefina.
U kitobni maktubga qo‘shib uloqtirdi-da:
– Yaramas! Yaramas iblis!– dedi tishlarini g‘ijirlatib.
– U ayolni bekorga haqoratlashingga yo‘l qo‘ymayman! – birdan o‘shqira ketdi Juliya. Ayol varaqni yerdan oldi-da, u yerda yozilganlarni o‘qib chiqdi. Senga buni nimasi yoqmadi? – so‘radi ayol. – Nima, senga xotiralar yoqmaydimi? Unaqada bizning xotiralar nima bo‘ladi?
– U bizni qo‘g‘irchoq qilib o‘ynatyapti, yo buni ko‘rmayapsanmi? Bu bilan nimaga erishmoqchi bo‘lganini-chi, buni ham tushunmayapsanmi? Nahotki sen shu qadar esini yegan ayol bo‘lsang?
O‘sha kecha ular bir-birlariga hatto oyoqlarining uchini ham tekkizmay, o‘rinning boshqa-boshqa tarafida yotishdi. Bu ular uyga qaytishgandan so‘ng shu tariqa o‘tkazgan ilk tunlari edi. Tunni ikkovlari ham behuzur o‘tkazishdi. Tongda esa Karter nimagadir mutlaqo uning xayoliga kelmagan, shunday ko‘zga tashlanadigan yerdan u doim o‘z hikoyalarini yozadigan chiziqli qog‘oz sahifalari tagidan xat topib oldi. Maktub shunday so‘zlar bilan boshlangandi:
“Sevgilim! Men seni hamisha ataganimdek, shunday so‘zlar bilan alqasam, ishonamanki, bundan sira jahling chiqmaydi…”
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son