Galina Dolgaya. Yorqo‘rg‘on osmonidagi lochin (hikoya)

1370 yil

…Lochin qadim shahar vayronalari uzra bezovta aylanadi. Quyosh cheksiz sahroga qonli shafaq tasmasi bilan hoshiya tortgancha ufq ortiga asta yiqila boshlaydi. Yana bir lahza o‘tsa bas, haqiqat o‘z tasdig‘ini topadigan, kun va tun, nur va zulmat o‘rtasidagi ziddiyat ko‘rinadigan fursat keladi.

Lochin nur bilan vidolashgan kabi chinqirdi-yu, pastga – qadim shaharni o‘z qa’riga yashirgan adir ustiga tashlandi…

Nimiddin uyqudan ko‘z ochdi. Qo‘rquvdan yuragi gursillab urardi. Har kuni tushiga lochin kiradi, asodagi o‘rnini tark etgan lochin. Har safar shamolning qulog‘i tagida hushtak chalishini his qilgancha uyg‘onib ketadi.

Lochin uni yana Yorqo‘rg‘onga[1] – qadim Naxshab[2] poytaxtiga yetaklab keldi. Bu shaharda uning bolaligi o‘tgan, turli zamonlarda bu yerga qaytib, tag‘in jo‘nab ketgan. Jo‘narkan, o‘n yillab jahon kezar, o‘zini Nurli suvlar timsoli deya nom olgan bu shahar bilan bog‘lab turgan rishtalarni unutishga tirishib, hech bir yerda odam umridan ortiq fursatga to‘xtamasdi.

U endi oila ham qurmasdi, chunki judoliklardan charchagan edi. Ayriliq yuki abadiylik in’om etgan tumorning yukidan ham og‘ir edi. Xotinlari, bolalari, nabiralari vaqt o‘tib, oddiy odamlarning qismatiga yozilgandek, keksayib, foniy dunyoni tashlab ketishardi. Lekin Nimiddin oddiy odamlar toifasidan emas, mangulik tumori – boqiy hayot ichimligini aralashtirib beradigan qurbaqaning qo‘riqchisi edi. Bu tumorni onasining qistovi bilan qo‘lga oldi-yu, bir umrga bog‘landi-qoldi, og‘ir kechayotgan uzundan-uzoq hayoti davomida bir kun ham bu tumordan ayrilgani yo‘q.

Qurbaqa – ko‘chmanchilarning Buyuk xudosi Tangrining hadyasi bo‘lib, bolaligida unga salomatligi va hayotini qaytarib bergan, evaziga esa mehr-muhabbat va do‘stlik baxtini olib, uni yolg‘izlik va chorasiz hasrat girdobiga tashlagan edi.

Nimiddin boqiylik tumoridan qutulolmagani barobarida o‘n asr avval saroy devoriga o‘zi yashirib, ustidan suvab tashlagan qimmatli toshni ham ololmayotgan edi. Oddiy tosh emas edi u! Onasi malikaning cho‘risi edi, u onasidan Nikshapayya hukmdorlariga tegishli bo‘lgan o‘sha tosh ta’rifini eshitgandi. Shunaqa bo‘ldiki, oradan yarim asr o‘tgach, Nimiddin tasodifan podshoh Xufarnning vorisi va xiyonatkor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangga guvoh bo‘lib qoldi, o‘shanda hukmdorning barmog‘idagi uzukning ko‘zi sachrab chiqib ketdi-yu, Nimiddinning – saroy mehrobxonasi devorini ta’mirlayotgan oddiygina g‘isht teruvchi ustaning oyoqlari tagiga tushdi! Barini bir lahza, kun va tun, nur va zulmat o‘rtasidagi, haqiqat qaror topadigan o‘sha fursat kabi qisqa bir lahza hal qildi! Usta tushunarsiz hayajon ichra toshni qo‘liga oldi-yu, uni g‘isht orasiga tiqib, yoriqni suvab tashladi. O‘shanda u keyinroq, bir-ikkita avlod dunyoga kelib-ketgach, uni saroy ahli taniy olmaydigan bo‘lib qolgach, saroyga qaytib, toshni olishni xayol qilgan edi. Ammo o‘ylaganidan ham ko‘proq fursat o‘tdi, bir-ikki emas, o‘nlab avlodlar bu dunyoga kelib-ketdi!

Nimiddin necha martalab saroyga kirishga urindi, biroq har safar, birda gullab-yashnagan, birda vayron bo‘lib, kimsasiz bo‘lib qolgan, qum va loy bosgan shaharga kelganda unga nimadir yo kimdir xalal berar, tosh o‘z o‘rnida – g‘isht teruvchi usta Nimiddingagina ma’lum bo‘lgan joyda qolaverardi.

Nimiddin batamom uyg‘ondi. Shamol kuchaydi. Hademay tong otadi! Shungacha ketish kerak, sarbonga nima uchun Tuproq adirda qolayotganini tushuntirib o‘tirmaslik uchun jo‘nash zarur. Buxorodan Naxshabning yangi poytaxti – Qarshi yo‘lida tilsiz yodgorlik bo‘lib turgan o‘sha qadim shaharni endi Tuproq adir deb atashadi. Bu nechanchi poytaxt o‘zi? Uchinchimi? To‘rtinchimi? Nimiddin yuzini burishtirdi. Negadir xotirasi pand bera boshladi. Bir umuman eslolmaydigan qandaydir manzaralar xotirasiga qalqib chiqadi, bir odamlar Yarqiragan daryo qirg‘og‘ida nechanchi bor shahar bunyod etganlarini hisoblay olmaydi. E-he… Qurbaqa qanchalar qudratli bo‘lmasin, yillar o‘z ishini qilaverarkan! Yillar… yillar emas, asrlar! Nurli suvlar timsoli deya nom olgan shahar ko‘chalarida yalangoyoq yugurib yurgan paytlaridan beri qancha suvlar oqib ketdi, qonli ufq ortiga qanchalab kunlar quladi axir!

U daryoni hamon Yarqiragan[3] deb ataydi! Odamlar turli zamonlarda unga har xil nomlar berishdi. Keksalar o‘tmishga jo‘nab, o‘sha yerda yo‘q bo‘lib ketishdi, agar kimdir ularni hukmdorlarga yo‘llangan maktublarda yoki solnomalarda yodga olmasa, nomlari ham unutilib ketadi. Dum, Navtaka, Kahkashon… Lekin esini tanibdiki, bu daryoning suvi hamisha quyoshda yaltiraydi yoki oyning sirli yog‘dusi ostida yarqirab yotadi. Yarqiragan! Yorug‘! Muqaddas!

Bir vaqtlar, uning navqironlik yillari odamlar Nurli suvlar ilohasi, saxiy Ardvi Suru Anaxitaga – hosildorlik ma’budasiga, qadim shahar homiysiga ishonishardi. U Birishim ma’budasi ibodatxonasiga o‘z xazinasini yashirib, o‘limi oldidan uni topishni vasiyat qilgan edi. Endi odamlar yagona ilohga – Ollohga e’tiqod qiladilar, Nurli iloha esa parcha-parcha bo‘lgancha mehrob oldida, qavat-qavat tuproq ostida ko‘milib yotibdi. Lekin odamlar baribir uni yodlashadi, yer uyg‘onganda, dalalarda navqiron maysalar ko‘karganda, tabiat kun va tunni tenglashtirganda, uning ismini aytishmasa ham, o‘zini ulug‘lashadi. Odamlar hayotida va urf-odatlarida ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi, ammo ularni tabiatdan uzib bo‘lmadi, tabiatning qonunlarini o‘zgartirib bo‘lmadi!

Atrof bo‘zardi, kun yorisha boshladi. Nimiddin o‘rnidan turib, belbog‘ini yechdi, yelkalarini ko‘tardi. Ochiq ko‘ksiga salqin shamol kirib, kuragini muzlatdi. To‘ni etaklarini to‘g‘rilab, belbog‘ini mahkamroq tang‘idi. Oppoq sochlari peshonasiga buralib tushib, bo‘ynini qitiqladi. Nimiddin qorako‘l qalpog‘ini qulog‘igacha bostirib kiydi. Durust! Shamol ham chikora! Sholchani o‘rab, bog‘ladi-da, orqaladi, asosini qo‘liga olib, uyqudan bosh ko‘tarayotgan karvonga o‘girilib qarab qo‘ydi-da, sharqqa, qizarayotgan ufqqa tomon yurib ketdi.

Yorqo‘rg‘onning baland adirlari uzoqdan qorayib ko‘rinardi. U yerda biron kim yasharmikin? Devorlari tagida qo‘y boqarmikin? Yoki qadim shahar sukunat ichra, odamlar tashvishlaridan yiroq, uxlayotganmikin? Ko‘ksida yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Mana u, deyarli yonginasida, sharpasi ko‘rinib qoldi, uning bolaligi o‘tgan shahar, ilk xotiralarini uyg‘otgan shahar.

O‘pirilib tushgan devorga tirmashib chiqdi-yu, qotib qoldi. Tushida ko‘rgan lochin bois uyg‘ongan xavotir yana dilini chulg‘adi. Ko‘ngli bu kunning ahamiyati o‘zgacha bo‘lishini sezdi shekilli, notinch edi. Nimiddin pastga tushdi, keyin tepalikka ko‘tarildi, uning yonbag‘irlaridan chiqib borarkan, choriqlarining tagi saroyning ko‘zga ko‘rinmas, lekin uning xotirasida yashayotgan, tuproq ostida yotgan devorlariga tegayotganini his qildi.

Atrof yorishdi. Olam ustiga quyoshning girdi suzib chiqdi. Nimiddin o‘pirilgan joyni aylanib o‘tib, u saroyning qaysi yerida hosil bo‘lganini chamaladi, keyin taxt turgan katta tanobiyga olib boradigan tuynukni taxminlab, o‘sha joyga sakradi.

Odamlar tashlandiq shaharni tinch qo‘yishmabdi. Ko‘rinib turibdi, yerni kavlab tashlashibdi, demak, hukmdorlarning boyliklarini izlashgan. Asrlardan asrlargacha shu ahvol! Unga esa atigi bittagina, bosh barmog‘ining tirnog‘icha keladigan tosh kerak. Kichkinagina, lekin qudrati ulkan! Rivoyat qilishlaricha, bu tosh qadimgi yunonlar Zevs deb atagan dahshatli Quyosh ma’budining xotini, Yer ilohasining qoni va sutidan yaralgan ekan. Gera deb atashadi u ilohani. Uning o‘lmas tani Nikshapayyani ko‘p asrlar davomida asrab keldi. Ammo yangi ilohning qudrati yo‘lida uchragan narsani supurib tashlaydigan bo‘ron kabi o‘zigacha bo‘lgan bor muqaddas narsalarni yo‘q qilib tashladi. Nurli suvlar timsoli shu taxlit halokatga uchradi. Uni zamin ne’matlari bilan to‘ydirib turadigan sut daryosi shu tariqa qurib bitdi. Agar o‘sha toshni topib, uni munosib gardishga joylab, inson tafti bilan isitsa, shu tariqa qadimgi xudolar unutilmagani, ularning homiyligiga muhtoj ekanliklari isbot qilinsa-chi?..

Nimiddin yerdan bir pog‘ona yuqori turgan supacha tomonga o‘tdi. Bu yerda hukmdorning taxti turardi! Bu joyda, shu xonada tojga egalik uchun bo‘lgan janglarni ko‘rgan! Nimiddin chirigan shiftga xavotirlanib qaragancha yarim vayrona ustunni aylanib o‘tdi. Ustun ortida mehrobga kirish joyi bor edi. Aso va yo‘lxaltasini yerga tashlab, to‘nini yechdi, devorni paypasladi. Qo‘llari teshik ichiga kirib ketdi. Xavotir nafasini bo‘g‘ib qo‘ydi. Ammo burungi jahdi uyg‘onib, sergakligini sustlashtirdi. Tuynukdan oshib o‘tdi. Teshikdan oqib kirgan kulrang yog‘du devorni ro‘y-rost ko‘rsatdi. Mana u, o‘zi qurgan devor. Birinchi, ikkinchi qator… Qo‘llari loysuvoqni paypaslaydi, g‘ishtlar qatorini sanaydi, mana shu yerda bo‘lishi kerak… shu yerda!

Yaktagi terdan og‘irlashib ketdi, og‘zi quridi. Labini yalab, jiqqa ho‘l sochlarini orqaga qayirdi, pichog‘ini olib, g‘ishtlar orasini qirtishlay ketdi. Chuqurroq, chuqurroq… ishqilib, toshga ziyon yetib qolmasin! Suvoq parchalari ko‘chib, oyog‘i ostiga tushdi. Pichoqni chetga tashladi. Nimiddin faqat bir qo‘li bilangina qotgan suvoqlarni ko‘chira olardi. Ikkinchi qo‘li bolaligida issiq temir tegib kuyganidan faqat yerga tiralib turishgagina yarardi. Ammo Nimiddin shu qo‘lini ham epchillik bilan ishlata bilardi, suvoq parchalarini sog‘lom qo‘li tagiga surib berardi. Lekin ularning birontasi ham kuchli qo‘llarga yengilmadi. Nimiddin pichoqning sopi bilan suvoq parchalaridan biriga ehtiyotlik bilan urib ko‘rdi. Qotib ketgan suvoq o‘jarlik qilib turdi-yu, asta maydalandi. Tosh yo‘q edi. Sabrsizlikdan qo‘llari qaltirasa-da, birin-ketin suvoq parchalarini maydalab bordi, nihoyat, birida cho‘zinchoq, ikka tomoni yapaloq tosh ko‘rindi. Nimiddin devordan nariroqqa surilib, oyoqlarini uzatib o‘tirib oldi, toshga tufladi, yaktagi etagi bilan artib, yoruqqa tutib ko‘rdi. Qidirganini topganiga ishonchi komil bo‘lgach, qo‘llarini tushirib, ko‘zlarini yumdi.

Topdi! Ko‘p yillar o‘ylarini band qilib kelgan narsani topdi! O‘sha aqiq toshni topdi, tosh o‘rtasidan o‘tgan sut rangidagi tasma uni ikkita katta-kichik bo‘lakka bo‘lib turardi. Silliq tarashlangan yuzasida qadimgi usta mohirona o‘yib ishlagan, bolalik chog‘i onasidan ko‘p ta’rifini eshitgan, yashirayotgan payti birrov ko‘zi tushgan tasvir. Sersoqol, yag‘rindor, boshiga aylanasifat qalpoq kiygan yalang‘och erkak o‘ng qo‘lida baland asoni tutib turibdi, aso ustiga esa lochin qo‘ngan! Lochin o‘z o‘rniga qaytib keldi! Endi Nimiddin xotirjam, yuksakdan, osmondan qulashdan qo‘rqmasdan, tushunarsiz hisdan xavotir olmasdan uxlasa bo‘ladi.

Tashqarida shitirlash eshitildi. Nimiddin qulog‘ini ding qildi. Jimlik. Toshga nazar tashladi. Zevs oyoq uchiga turdi. Mana, mana hozir lochinga aylanib, uchib ketadi. Bu unga berilgan ishora! Toshni yashirib, tezroq, shift bosib tushmasidan avval bu sobiq saroydan ketish kerak.

Tashqari chiqqach, toza havoda chuqur so‘lish oldi, tanasiga osoyishtalik va qoniqish hissi yugurdi. Tuynukda kimsa yo‘q. Faqat abjir kaltakesak devor sinig‘ida serraygancha yum-yumaloq ko‘zlarini chaqchaytirib, yer ostidan chiqib kelgan odamni kuzatadi. Nimiddin toshni yaktagi yoqasidagi bahya ostiga yashirdi. Hatto tintisalar ham topilmaydi. U allaqachon toshni qayerga yashirishni o‘ylab, avvaldan bahya chokini so‘tib qo‘ygan. Keyin tikib oladi. Undan keyin esa… Keyin nima bo‘ladi?..

Tepadan shuvillab quruq tuproq tushdi. Bolakay pastga qaradi-yu, shu zahoti g‘oyib bo‘ldi. Nimiddin shoshib to‘niga o‘randi, qalpog‘ini bostirdi, lash-lushlarini yig‘di-yu, asosini ko‘ndalang ushlab, tuynukning qiya devoridan yuqoriga o‘rladi. Uni sezib qolishibdi, iziga tushishibdi! Bolakay, turgan gap, yolg‘iz emas. Mayli, balki keksa cholni xafa qilishmas.

Nimiddin kutganidek, yuqorida uni kutib turishardi. Bolakay g‘oyib bo‘lgan, ikki yigit unga teshib yuborgudek bo‘lib qarab turishardi.

– Assalomu alaykum, ota! – ulardan biri salom berdi. Yer ostidan chol chiqib kelishini kutmagan, shekilli, ovozida hayronlik sezilardi. – Adashib qoldingizmi deyman. Bu yerda yo‘l yo‘q.

Nimiddin ataylab kuchliroq harsillagancha yigitning ko‘zlariga charchoq to‘la ko‘zlarini tikdi. Yigit nigohini olib qochmadi, faqat ko‘zlari qisildi, xolos. Ko‘rinib turibdi, u – shu yerlarning xo‘jasi! Lekin keksaga hurmat ko‘rsatishi shart, bolalarni go‘dakligidan shunga o‘rgatishadi.

– To‘g‘ri topding, o‘g‘lim, adashib qoldim, – soqolini silkitgancha javob qildi Nimiddin va yerga cho‘karkan, yanada og‘irroq so‘lish oldi. – Qorong‘ida yo‘lni ko‘rmabman, qarasam, tog‘larga duch kelibman-da! Bir payt chuqurga yiqilib tushdim… uh… zo‘rg‘a chiqib oldim. Yo‘lchiga suv bersang, devdim… Meshing to‘la shekilli…

Yigit belbog‘idagi dumaloq charm idishni olib, tiqinni chiqardi. Nimiddin meshni tashnalik bilan og‘ziga keltirdi-da, boshini orqaga tashladi. Suv icharkan, ozg‘in tomog‘idagi kekirtak olmasi har yutumda u yoq-bu yoqqa borib-kelar, qultillagan ovoz bu o‘lik shahar sukunatida hatto ko‘ldagi baqalarga ham eshitilayotgandek edi.

– Rahmat, o‘g‘lim! – ho‘l lablarini kaftiga artib, Nimiddin meshni qaytarib berdi. – Endi meni yo‘lgacha kuzatib qo‘ysang, yo‘qsa, yana adashib ketaman. Qarshiga ketyapman, – qo‘shib qo‘ydi u va inqillagancha o‘rnidan turdi.

Zimdan atrofga nazar tashladi. Bu yigitlar bilan yana kimdir kelganmikin? Hech kim yo‘q, shekilli… Mana, katta darvozadan eshak mingan bir kishi kirib kelyapti. Olisroqda, kimligini bilib bo‘lmaydi. Faqat egnidagi yo‘l-yo‘l choponi-yu, boshidagi sallasi ko‘zga chalinadi, o‘zi eshak minib olibdi-yu, yana xuddi aso tutgan odamdek qo‘lidagi tayog‘i bilan yerga tayanib yuribdi. G‘alati chol ekan. Juda ildam kelyapti – oshiqyapti! Ko‘rinib turibdiki, ular tomonga yo‘l tutgan.

Yigitcha ham g‘alati chavandozni ko‘rib, shoshib qoldi. Chol unga tanish ekan-da!

– Yuring, ota, pastga tushirib qo‘yamiz.

U bosh irg‘ab sherigini chaqirdi, ikkovlashib Nimiddinning qo‘ltig‘idan olishdi-da, tepalikdan pastga tusha boshlashdi.

– Choydan oling, mehmon! – Yorqo‘rg‘on ortiga yashiringan qishloq oqsoqoli bug‘i chiqib turgan piyolani uzatdi.

Har ohangga solib sayrab turgan bedana ham jim qoldi. Hatto qushcha ham biladi: keksalar so‘zlashganda kichiklar ovoz chiqarmasligi shart!

Nimiddin o‘sha, eshak minib kelgan chol bilan birga ozoda hovlida, dasturxon atrofida o‘tirardi. Nimiddin bunaqangi e’tibor uchun hayron edi. Axir u ko‘rinishidan boshpanasiz bir daydiga o‘xshasa, uni bu yerga chorlashdan murod ne? Lekin ichki bir sezgi bilan bu hovliga taklif etilishi nimaningdir muqaddimasi ekanligini anglab turardi.

– Olisdan kelyapsizmi? – oqsoqol ham gapni uzoqdan boshladi.

– Karvon bilan Buxorodan kelayotib edim, – choy ho‘playotib javob qildi Nimiddin.

Oqsoqol tushungan kabi bosh irg‘adi. Qo‘li bilan yengilgina ishora qilgan edi, hovlida zog‘ ham qolmadi. Hamma go‘yoki o‘z ishi bilan har yoqqa tarqadi, Nimiddin tushundiki, chol bir ishora qilsa bas, kerakli odam darrov hozir bo‘ladi.

– Ko‘rib turibman, oddiy odamga o‘xshamaysiz… – bunaqangi muqaddima keyingi suhbat ham jo‘n bo‘lmasligidan darak berardi.

Nimiddin piyolani qo‘yib, cholning ko‘zlariga tik qaradi. Oqsoqolning oppoq soqollari ostida lablari ayyorona tabassumga yoyilgani ko‘rindi, baroq qoshlari tagiga yashiringan ko‘zlari esa jiddiyligicha qolaverdi, nigohida qiziqsinish aks etdi. “O‘zini tutishni biladi, – o‘yladi Nimiddin. – Bu ham jo‘n kishilardan emas!”

– Men ham ko‘rib turibman, e’tiborli kishi ekansiz, – javob qildi u hurmat yuzasidan ovozini pasaytirib. – To‘g‘risini aytavering, menda yumushingiz bormi? Balki meni kim bilandir adashtirgandirsiz?

Chol yanada kengroq iljaydi. Yo‘q, adashtirgani yo‘q! Kim bilan gaplashayotganini biladi. Qanaqa odam o‘zi u? Nimiddinni qiziqsinish hissi qamrab oldi. U aqiq toshni ham bir zumga unutdi, lekin chol darrov esiga soldi:

– Anchadan beri kutamiz sizni! Faqat siz bilasiz bu sirni!

Nimiddinni ter bosdi. U yopishqoq tomchilar kuraklari ustidan sekin o‘rmalay boshlaganini, kafti ho‘llanib qolganini sezdi. Chol mehmonidagi o‘zgarishni sezib, uni tinchitishga shoshildi.

– Bizdan cho‘chimang, – u so‘zni nimadan boshlashni bilmay, xayolini jamlashga uringandek biroz sukut saqladi. – Yurtimizda anchadan beri kuch-qudrat timsoli bo‘lgan bir tosh haqida rivoyatlar yuradi. Aytishlaricha, u yerimizni bosqinchilardan asragan emish, anavi shaharning so‘nggi shahzodasi esa, – chol boshi bilan Yorqo‘rg‘on tomonga ishora qildi. – Dushman uni omon qo‘ymasligini bilgach, o‘sha tosh bilan birga g‘oyib bo‘lganmish. Balki shundaydir. Illo menga g‘oyibdan, tushimda Ollohdan bir xabar kelib, aqiq tosh, siz, o‘z shon-shuhrati tomon kelayotgan bir inson haqida so‘z eshitdim. Shunday bir kun keladiki, menga ayon bo‘lgan bu yigit nimalarga qodir ekanini anglab yetadi, shunda Movarounnahrda unga teng keladigani qolmaydi.

Chol jimib qoldi. Ammo shu aytilganlarning o‘zi kishini o‘ylantirish uchun yetarli edi. Axir tosh teruvchi ustaning sirini hech kim bilmas edi! Nimiddin hech kimga, hech qachon sir aytmagan, hatto ishora ham bermagan. Chol aldamayotgani aniq… Xazina va bundan ming yil avval shu xazinani yashirgan o‘lmas odam – Nimiddin haqidagi bor gapni bu cholga farishtalar yetkazdimikin? Taxt turgan tanobiyga ham yo‘l ochib qo‘yishibdi… Aqiq tosh qayerga yashirilganini bilisharkanmi? Lekin o‘zlari izlashmabdi, uni kutishibdi!

O‘tgan yillar davomida Nimiddin ko‘pni ko‘rib, ko‘pni anglab yetgan edi. Qari bilganni pari bilmaydi, deyishgani bejiz emas! Hatto oddiy bir insonning hayoti davomida ular shunchalik qiyinchiliklarni yengib o‘tishadi, hayot saboqlarini shu qadar ko‘p olishadiki, ularni biron nima bilan hayratga sololmaydi kishi. O‘nlarcha avlod umrini boshidan kechirgan inson haqida nima deyish mumkin?! Lekin, baribir, Nimiddin hayron qoldi, u bunaqangi uchrashuvni kutmagandi. O‘zini qanday tutishni, nimalar deyishni o‘ylab ko‘rmagandi. Biroq undan iqror kutayotgan, uning Yaratgan amriga bo‘ysunishini kutayotgan bu cholga qarab, Nimiddin tushundiki, kerakli to‘xtamga uning o‘zi keladi. Xazinasini hech kim zo‘rlik bilan tortib olmaydi, bular bunaqangi odamlar emas! U aqiq toshini olib ketishi, uni tag‘in yashirib, yashirganda ham hech kim topolmaydigan qilib berkitib ketishi mumkin. Ammo buning nima hojati bor? Ajdodlarning sirli toshi unga nima qilib berardi? Toshni u nima qiladi? Axir o‘z yurtini bosqinchilardan qo‘riqlaydigan podshoh bo‘lmasa… U oddiygina usta, unga shu kichikkina tosh ham og‘irlik qilyapti, holbuki, bu tosh – aqiqdan yasalgan qurbaqa – salomatlik va boqiylik timsoli unga tegishli, Nimiddin uning vorisi, biroq bu hadyani nima qilishni ham bilmayapti.

Birdan xayoliga mana shu choldan maslahat so‘rasam-chi, degan fikr keldi. Balki chol bilar: boqiylik kimga oddiy hayotdan ko‘ra muhimroq? Balki Zevsning toshi bilan birga Tangri hadyasini ham berib yuborsamikin? Ikki xudoning qudrati uchinchi bir xudoga bo‘lgan e’tiqod bilan birlashsa, ulkan qudratga aylanmaydimi? Bu tosh xudo nazari tushgan o‘sha odamni nimalarga muyassar etishi mumkin? Nimiddin umr bo‘yi qurbaqani nima qilishni, uni kimga berishni bilmay, boshi qotib o‘tdi. Berdi ham! Keyin qaytarib olishga to‘g‘ri keldi…

Uy egasi uning xayollarini to‘zitib yubordi:

– Nega indamaysiz, mehmon? O‘yga tolib qoldingiz?

– O‘yga toldim… – Nimiddin go‘yo shubha-gumonlarini itqitib tashlayotgandek, boshini silkidi, keyin tetik ovozda dedi: – Men haqimda bor gapni bilar ekansiz, g‘oyibdan xabarlar olarkansiz, e’tiroz qilmoqqa haddim sig‘adimi?! Ammo… mening bir shartim… tag‘in savolim bor edi.

Chol piyolaga choy quyarkan, qisqagina javob qildi:

– So‘rang! Bilsam, aytaman.

Xuddi hozir, shu paytning o‘zida uning kelajagini hal qiladigan lahza kelgandek tuyuldi. Lekin Nimiddin birdan qo‘rqib ketdi. Nimadan? Ajaldan emas, yo‘q! U yovuz odam boqiy umrga yetishib, ilohlar qudratiga ega bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rdi. U holda odamlarning holi nima kechadi? Kim hukmdor bo‘lsa, elning qismatini shu odam belgilaydi! Chol aytayotgan odam yovuz kishi bo‘lsa-chi? Nimiddin esa unga boqiylik ramzini hadya qilsa?

– Aqiq toshga egalik qilish peshonasiga yozilgan odam kim? Siz uni bilasizmi?

Chol soqolini titdi.

– Uning ismi Temur, barlos urug‘idan bo‘lmish Muhammad Tarag‘ayning o‘g‘li. El orasida Temurning jasurligi, uning harb ishidagi salohiyati haqida ovozalar yuradi. Men uni ko‘rmaganman. Shu bois ortiq biron nima deyishim mushkul. Ammo men Olloh irodasini ado etmog‘im shart! Agar Yaratgan egam shavkatli sarkardalar ichidan Temurni tanlagan bo‘lsa, uning irodasi shu! Agar qudratli toshga egalik qilish uning peshonasiga bitilgan bo‘lsa, aqiq unga nasib qiladi. Siz aqiqni unga topshirmagan taqdiringizda ham tosh boshqa bir yo‘l bilan, baribir, uning qo‘liga tushadi.

Nimiddin cholning shoshilmay, chertib-chertib aytgan har bir so‘ziga indamay quloq soldi. Nima ham derdi, qudrat toshini unga beradi! Ammo qurbaqa haqida lom-mim demaydi. Boqiylik ramzining boshqa bir qo‘lga o‘tishiga vaqt yetmaganga o‘xshaydi. Bu muhtaram kishiga alohida ishoratlar bo‘lmagan shekilli, yo‘qsa, bildirardi-ya… Nimiddin ham shu ishoratlarga qarab, bo‘ynidagi omonatdan qutulib qo‘ya qolardi…

– Durust, toshni beraman, taqsir. Mening unga muhtojligim yo‘q. Ammo shartim shuki, siz menga ta’riflagan o‘sha sarkardani bir ko‘rmoqchiman.

Chol rozilik ma’nosida bosh irg‘adi.

– Dam ola turing, bundagi barcha narsa sizga muntazir. Anavi o‘g‘lon sizga yangi kiyim-bosh olib keladi. Oqshom Qarshiga jo‘naymiz. Temur Barlos o‘sha yerga kelishi kerak. Men shahar dorug‘asiga xabar jo‘natganman. Ular bizni kutib olishadi.

Chol o‘rnidan turib, hassasini qo‘liga oldi, eshagiga mindi va hassasini yerga tiragancha, darvozadan tashqariga chiqdi.

Ular kun adog‘ida, shaharga eltadigan yo‘lda uchrashishdi. Chollar yuzlab otlarning tuyog‘i ostidan chiqqan chang bulut kabi yuqoriga ko‘tarilganini olisdanoq ko‘rishdi, demak, qo‘shin kelyapti! Oldinroq jo‘natilgan yigitcha qo‘shin ilg‘ori ortida, to‘riq otda aslzoda jangchi kelayotganini, yonida oppoq chakmon kiygan nuroniy keksa borligini xabar qildi. Sal narida boshqa dongdor jangchilar, barchadan oldinda yalovbardor kelyapti, dedi u, yalovga uchta doira – o‘tmish, bugungi kun va kelajakni, kuch, adolat va sadoqatni birlashtirgan qadimiy belgi – Temur ramzi tushirilgan.

Chollar yo‘l chetiga terilishdi. Ularning oppoq – muqaddaslik va soflik rangidagi to‘nlarini sezmaslik mumkin emas edi. Temurning piri Mir Said Baraka ular tomonga qo‘llarini cho‘zdi-da, Temurga nimadir dedi. Qo‘shin to‘xtadi. Chollar tomonga vakil jo‘natildi.

– Amirga ayt, biz unga Olloh tomonidan buyurilgan hadyani olib keldik, – ovozida titroq bilan dedi chol.

Nimiddin shu yerda turganini, dalda bermoqchi ekanini bildirish uchun cholning tirsagidan tutib suyadi. Chol o‘girilmasdan, bosh irg‘adi.

Vakil otini ortga qarab yo‘rttirib kedi, sal o‘tmay, beriroq kelishga ishora qildi.

Chollar qo‘shin tomonga qarab ketishdi. Nimiddin amirning dilini xira qilmaslik uchun mayib qo‘lini yashirdi, ko‘k baxmalga o‘ralgan aqiqni esa ikkinchi qo‘lida mahkam siqib ushladi.

Mir Said Barakaga yaqinlashgach, chol egilib ta’zim qildi. Atrofdagi hamma sukut saqlar, faqat otlargina tezroq qo‘nim topish umidida betoqat yer tepinar, pishqirar edi.

Mir Said Baraka jilov tortib, otini bir qadam orqaga chekinishga majbur qildi. Chol va Nimiddin Amir Temurning oldiga kelib qolishdi. Sarkardaning qisilgan ko‘zlaridan biron-bir ifodani uqib olish qiyin edi, lekin yo‘lidan keksalarning chiqqani, shaksiz, uni qiziqtirgandi. Yaqindagina uch nafar qariya Mir Said Baraka bilan birgalikda unga hukmronlik nishonlarini topshirgan, oq fotiha berishgan edi. Manavi oqsoqollar nima maqsadda kelishgan ekan?

– Ulug‘ va muhtaram amir! – deya so‘z boshladi Nimiddinning hamrohi. – Yo‘llaringiz oydin, bemashaqqat, umringiz muzaffariyat va shon-shuhratga to‘la bo‘lsin!

Amir Temur so‘zlaguvchining aytganlarini tinglarkan, unga sinchkovlik bilan razm solardi. Lekin chol amirning ko‘zlariga qarashga botinmas, tavoze bilan yerga boqib turardi.

– …ro‘yomda farishta namoyon bo‘lib, Yaratgan egamning irodasini yetkazmish…

Chol aqiq tosh haqida so‘z ochishi bian Nimiddin oldinga chiqdi. U ushbu lahzaning muhimligini anglab Amir Temurga o‘zgacha ehtirom hissi bilan tikilar, unga bo‘lgan qiziqishini yashirmas edi. Ammo sarkardaning qarashi og‘ir edi. Bu insonda qandaydir ilohiy qudrat sezilardi, hatto salgina noqulay harakat, birgina o‘ylamay aytilgan so‘z uning g‘azabini qo‘zg‘aydigandek, kuchini o‘ziga yoqmagan kimsaga qarshi tashlaydigandek tuyulardi. Uning nigohi go‘yo “O‘ylab gapir, aldashga urinma” deya ogohlantirayotgandek edi. Lekin Nimiddin amirning qarashiga dosh berdi. Biroq keyingi qadamida qoqilib ketdi-yu, yiqilmaslik uchun mayib qo‘lini cho‘zib, yerga tiralmoqchi bo‘ldi. Amir Temur esa qaddini tikladi, lablarida istehzo o‘ynagandek ko‘rindi. Ammo Nimiddin aytishi kerak bo‘lgan so‘zlarini, baribir, ayta oldi.

– Amir, xudolar hadyasini qabul eting. Ular bu toshni o‘z hukmi ostidagi yerlarni muhofaza etishlarida hukmdorlarga yordam bo‘lsin uchun yaratmishlar, – deya baxmal o‘ramni uzatdi.

– Xudolar dedingizmi? – Temurning ovozida norozilik ohangi sezildi.

– Bu tosh qadim zamonlarda, hali odamlar Ollohni tanimagan davrlarda yurtimizni yog‘iylardan asragan. U uzoq yillar Yorqo‘rg‘on vayronalari ostida, bu yerlar xalqlarini o‘z hukmi ostida birlashtirishga qodir shoh dunyoga kelishini kutib yotdi. Oqsoqolga g‘oyibdan kelgan xabar o‘sha odam siz ekanligingizni tasdiq etadi. Bizning vazifamiz toshni sizga yetkazishdir.

Nimiddinga Temur go‘yo shu bilan voqeaga ortiq qiziqish ko‘rsatmagandek tuyuldi. Amir bosh silkidi, atrofidagi jangchilardan biri Nimiddinning qo‘lidagi o‘ramni olib, qo‘yniga tiqdi. Qo‘shin qo‘zg‘aldi. Chollar yo‘l chetiga chiqishdi. Ular so‘nggi arava o‘tib ketgunga qadar quyuq to‘zon orasida turishdi. Oxiri oqsoqol holdan toyib yerga cho‘kdi. Yordamga yetib kelgan yigitlar uni suyab eshagiga mindirishib, uyiga olib ketishdi.

 

1377 yil

Sovuq shamol chodir etagini tortqilaydi. Temur yostiqlarga suyanib, oyog‘ini ko‘rpaga o‘rab o‘tiradi. Issiqlik tanini yayratar, ammo dilidan ranj ketmas edi. Qamariddinni qachondan beri ta’qib etadi! U esa tutqich bermay, Temur qalamravidagi yerlarni, saltanat shaharlarini talaydi!

Amir Temur ko‘rpani ochib tashlab, sharbat solingan piyolaga qo‘lini uzatdi. Tashqaridan jangchilarning gurillab kulgani eshitildi. Kulayotgan bo‘lsalar, juda yaxshi! Jangchilar savashdan keyin durust istirohat olmoqlari lozim. O‘rnidan turdi.

Ziyrak mulozim chodirdagi shitirlash tovushni darhol ilg‘ab, ichkariga sho‘ng‘idi, Sohibqironning maqsadini anglab, to‘nini olib berdi.

Qamariddin tor-mor keltirilgan daradan zax bilan birga bilinar-bilinmas tutun isi kelardi. O‘laksaxo‘rlar tungi bazmni boshlab yuborishgan edi. Hayot shu! Bu dunyoda sen kimnidir yengmasang, u seni mag‘lub etadi! Shuning uchun Amir Temur Mo‘g‘uliston hukmdorining surbetona hujumlaridan xabar yetishi bilanoq oyoqqa qalqir edi. Chunki nafaqat Qamariddin, hatto boshqalar ham bilib qo‘ysinlar, qilmishlari jazosiz qolmaydi. Bu yerlarning hukmdori – Amir Temur! Shoqollarga kim yem bo‘lishini u hal qiladi!

Qo‘nalg‘a mash’ala va gulxanlar shu’lasidan yorug‘ edi. Har bir gulxan atrofida jangchilar davra qurib o‘tirishardi. Yaqinidagi davrada begona odam ko‘rindi. Mo‘ysafid… nimalarnidir hikoya qilyapti. Jangchilar berilib tinglashyapti.

Temur bilinar-bilinmas bosh silkidi, mulozim chopqillab yoniga keldi.

– Kim u?

– Bir darvesh. Iskandar haqida hikoyalar aytadi.

Amir Temur qoshlarini ko‘tarib qo‘ydi. Xalq ichida ulug‘ sarkardalar haqida ko‘plab rivoyatlar, afsonalar yuradi. Kun kelib, u haqida ham rivoyatlar to‘qib, gulxanlar atrofida hikoya qilishsa, ajab emas.

– Chaqiraymi? – shivirlab so‘radi mulozim.

– Yo‘q. O‘zim boraman.

U gulxanga yaqinlashib, jangchilar ko‘rmasin uchun panaroq joyda to‘xtadi. Quloq soldi. Mo‘ysafid qaysidir bir shahar qamali haqida so‘zlardi. Shahar… Nurli Suvlar timsoli? Bu qanday shahar?

– Iskandar Zulqarnayn shahar devorlari tagida bir hafta turdi, ikki hafta turdi. Hech kim unga shahar darvozalarini ochmadi, hech kim asir tushmadi. U darhol g‘alaba qozonishni istagan edi, axir yengilmas sarkardaning shuhrati uning o‘zidan oldinda yurardi! Lekin bu safar bunaqa bo‘lmadi. Toshning qudrati ko‘p asrlardan beri shaharni himoya qilib kelardi, hatto Iskandar ham qamalni tashlab, quruq qo‘l bilan qaytishga majbur bo‘ldi!

Kimdir gulxan yoniga Sohibqiron kelganini payqab qolib, o‘rnidan sapchib turdi. Uning ortidan gulxan atrofidagi boshqa jangchilar ham qo‘zg‘alishdi. Amir Temur davraga yaqinlashdi, darvesh ham turdi. Bu sarkarda dushmanlari dilida uyg‘otadigan qo‘rquv afsonaviy yunon hukmdorinikidan kam emas edi.

– Kimsan, darvesh? – so‘radi Amir Temur, ko‘zlarini undan yashirmagan bu dadil kimsaga boqarkan.

Jangchilar hurmat yuzasidan nari ketishdi.

– Ismim Nimiddin. Issiqko‘lga ketayotgan edim, daradagi jang tugashini kutib qoldim, – javob berdi mo‘ysafid, Amir Temur esa darvesh u qadar keksa emasligini payqadi.

Amir gulxan yonidagi bo‘xchaga o‘tirdi, darveshga bosh silkidi. Nimiddin uning ro‘parasiga o‘tirdi.

– Qaysi shahar haqida hikoya qilayotgan eding? Men bunaqa kent to‘g‘risida eshitmagan ekanman.

– Siz uni ko‘rgansiz. Nurli Suvlar timsoli shahridan kattagina tepalik qolgan, Qarshi yonida, xalq uni Yorqo‘rg‘on deb ataydi.

Sohibqironning xotirasida yaqin o‘tmish jonlandi. Botayotgan quyosh nurlari ostida oppoq to‘n kiygan ikkita keksa turibdi, ularning biri tushida ayon bo‘lgan bashorat haqida so‘zlaydi, ikkinchisi, qo‘li mayib bo‘lgani esa baxmal matoga o‘ralgan mo‘jizakor toshni uzatadi.

– Esladim, – Amir Temur tayog‘i bilan gulxanni kavladi. Alanga tili qizg‘ish yaproq misol yuqoriga sakradi. – Qo‘lingni ko‘rsat-chi. – Nimiddin yengini shimardi. Qisilgan barmoqlar kuygan bilak tepasida titradi. – Qayerda kuydirib olding?

– Bolaligimda. Temirchiga shogird tushgan edim. Shamshirning qaynoq tig‘i qo‘limga o‘ralib qolgan. Arang tirik qolganman…

Temur “tushundim”, degandek lablarini qimtidi. Keyin iftixor ila:

– Mening jarohatlarim janglarda olingan, – dedi.

Nimiddin ehtirom ila bosh egdi. Jim qolishdi. Erkaklar badanlaridagi chandiqlarini aytib maqtanmaydilar, lekin tanlariga jarohat yetkazgan voqealarni hamisha eslaydilar. Ularning tani hayot lavhalarini go‘yo solnoma kabi asraydi, bu jarohatlarning ba’zilaridan yangi davr hisobi boshlanadi.

Temur suhbat mavzusiga qaytdi:

– Jangchilarimga hikoya qilayotganing o‘sha oqsoqolning tushida ayon bo‘lgan tosh haqida emasmi?

– Haq rost, o‘sha – qudrat toshi haqida. Tosh sizga ma’qul kelmadi shekilli, qo‘lingizda ko‘rmayapman uni.

– Tosh Samarqandda. Bibixonimning barmog‘ida. Uyni ayol saqlaydi-ku, axir! – Temur darveshga ayyorona kulimsirab boqdi.

– To‘g‘ri! – deya ma’qulladi Nimiddin. – Qudrat toshi muhofaza uchun xizmat qiladi. Tosh shavkatli Samarqandni, u bilan birga butun Movarounnahrni saqlasin! – shavq bilan gapirdi u.

Temur sukuti bilan rozilik bildirdi. Begona xudoning tasviri unda durust taassurot qoldirmadi. Muhofaza?.. Uning rejalari katta, saltanatni kengaytirish, qudratini yuksaltirishni ko‘zlardi. O‘z qalamravidagi yerlarni Qamariddinga o‘xshaganlardan qanaqadir bir toshning yordamisiz ham himoya qila oladi. Ammo baribir, qiziqishi ustun keldi.

– Toshning tarixini aytib ber-chi, menga.

Nimiddin yana Zevsning ishqiy sarguzashtlari haqidagi hikoyasini boshladi.

– Yunonlarning oliy xudosi – Zevs yerlik ayoldan o‘g‘il ko‘rdi. Unga Gerakl deya ism berdi. Onaning ko‘z yorishi qiyin kechganidan, o‘g‘ilchasini emizolmadi. Shuning uchun xudolarning biri – Germes chaqaloqni Zevsning xotini Geraga olib kelib berdi. Germes ma’budaga bola kimning o‘g‘li ekanligini aytmadi, Gera esa go‘dakning chiroyliligini ko‘rib, unga mahliyo bo‘ldi-yu, ko‘krak tutdi. Gerakl qorni to‘ygandan keyin Gerani tishlab oldi. Shunaqangi tishladiki, ma’budaning ko‘kragidan sut bilan birga qon otilib chiqdi. Tomchilar yerga tushib, toshlarga aylandi. Mana shu toshlardan biriga zargar Zevsning tasvirini tushirgan. Men sizga xuddi shu toshni olib kelgan edim.

Amir Temur hayron bo‘ldi.

– Toshda ayol kishining qudrati mujassam ekanmi?

– Shundoq bo‘lib chiqyapti, onhazrat, – dedi Nimiddin. – Lekin u ayol kimsan – ma’buda! Qadim yunonlar ma’budalarining eng qudratlisi.

Suhbat poyoniga yetdi. Jangchilar gulxanlar yoniga cho‘zila boshlashdi, gulxan shu’lalari miltillagancha tungi shitir-shitirlarga quloq solayotgan soqchilarni yoritardi.

– Kech bo‘ldi! – Amir Temur o‘rnidan turdi, shu zahoti uning ortida ikkita jangchi paydo bo‘ldi. – Issiqko‘lga jo‘nayman, de? – so‘radi uning qo‘zg‘alganini ko‘rib, o‘rnidan turgan darveshdan.

– Ha, onhazrat.

– Jangchilarim yonida istirohat qil, ertaga esa yo‘llarimiz ayriladi.

– Omonlikda o‘tsin kunlaringiz, – dedi Nimiddin, sarkardaning tobora uzoqlashib borayotgan gavdasiga boqib.

Amir Temur ketib borarkan, uning oldida hozircha tumanlarga burkangan buyuk kelajak yotardi.

 

1405 yil

Panjaraning o‘yma naqshlari orasidan tonggi beqaror nurlar to‘kiladi. Saroymulk xonim tun bo‘yi mijja qoqmadi. Atigi bir oygina oldin uning rutbasi mustahkam edi, bir onning o‘zida ulug‘vorligi xuddi boshidan ro‘moli tushgandek uchdi-yu, ketdi. Eri hayotligi vaqtida intiho uning esiga kelmagan, deb aytib bo‘lmasdi, yo‘q. O‘ylagan edi! Amir Temurga dilidagi xavotirlarini bayon etgandi. U esa hatto men bo‘lmasam ham xafa qilishga birovning haddi sig‘maydi, deya malikaga taskin bergandi. Bolalari, nabiralari hamisha qalqon bo‘ladilar, axir ularning tarbiyasi go‘dakligidan shu malikaning qo‘lida. Yaratgan huzuriga yo‘l olar ekan, Amir Temur arkoni davlatga o‘zining so‘nggi irodasini so‘zsiz ado etishlarini, saltanatni saqlab qolish, taxt vorisi – nabirasi Pirmuhammad Jahongirni qo‘llab-quvvatlashlarini tayinlagan, ular Sohibqiron vasiyatini bajarishga ont ichgan edilar. Lekin bunaqa bo‘lmadi. Qayg‘uli damlarda Pirmuhammad olisda bo‘lib qoldi, Xalil Sulton esa yaqin! Xoinlik aynan shu nabiradan keladi, o‘zining tag-zoti past xotinining gapi bilan Movarounnahrni qo‘lga oladi, bobosining taxtiga o‘tiradi, Bibixonimni esa faqat haramga boshchilikni Shodimulkka topshiring, deyish uchungina eslaydi, deb kim o‘ylabdi?!

Hammasi o‘zgarib ketdi! Saroymulk xonim bunaqasini kutmagan edi. Temurning yangi hukmdor tomonga o‘tgan beklari o‘z xo‘jalarining amri bilan xuddi och shoqollardek haramga tashlanishdi! Bir vaqtlar o‘z hukmdorlari ularning boshidan zar sochgan edi, endi esa ular kanizaklarni taqsimlab olishdi, xazinani talon-toroj qilishdi. Endi gal malikalarga kelyapti! U qarib qoldi. Ko‘ngil ovlashga yaramaydi. To‘kal xonim esa boshqa gap. Endigina o‘n sakkizga kirdi…

Bibixonimni tinch yashashga ham qo‘yishmasa kerak. Shodimulk fitna to‘rini to‘qiyapti. Saroymulk xonim cho‘rilarning shivirlashlaridan, atrofidagilarning bir achinib, bir ochko‘zlarcha qarashlaridan xatar yaqinligini sezyapti. Nima ham desin, u ketmoqqa tayyor! Ammo o‘z qadrini yerga urdirmaydi! Yaratgan egam peshonasiga nimani yozgan bo‘lsa, shuni itoat bilan qabul qiladi!

Saroymulk xonim qarsak urdi. Jaranglatib! Hukmona! Xos xonaga cho‘ri yugurib kirib, malikaning oldida tiz cho‘kdi.

– Alimbekni chorla, faqat o‘zgalarga tovshingni chiqarma, unga ayt, xufya yo‘laklar bilan kelsin.

Cho‘ri angladim, degan kabi bosh silkib, g‘oyib bo‘ldi. Saroymulk xonim o‘rnidan turdi. Oq oralagan sochlarini ensasiga yig‘ib, egniga parcha munsagini tashladi, sevimli taqinchoqlari solingan qutini oldi. Qutini ochib qaradi-yu, yuziga tabassum yugurdi. Har bir uzuk, har bir bezak erini yodiga solardi! Sohibqiron unga jahonning eng go‘zal javohirlarini keltirgan edi! Mana ular, ko‘z oldida! Uning oldida yana… Saroymulk xonim darcha yonidagi xontaxtaga to‘kilgan nur dastasi ostida yaraqlayotgan toshlarni erkalagandek, barmoqlari bilan siladi. Toshlardan biri malikaning e’tiborini tortdi. La’llar orasida birmuncha so‘nik ko‘rinadigan bu tosh kamtarona kumush uzukka qo‘yilgan edi. Bibixonim Amir Temur uzukni berayotib, uni Qarshi chollari hadya etishdi, deganini esladi. Aytishlaricha, bu tosh qadim ma’budaning suti va qonidan paydo bo‘lganmish, u asrlar bo‘yi Qarshi yonidagi eski shaharni bosqinchilardan asrab kelganmish. Endi esa u Samarqandni himoya qilsin, deyishibdi.

Saroymulk xonim izillab yuboray dedi! Bo‘g‘zidan ingrash otilib chiqdi, ko‘zlaridan yosh to‘kildi. Samarqand! Uni begonalar zabt etmadi! O‘z nabirasi bosib oldi! Begona ma’budaning qudrati xiyonat oldida ojiz ekan shekilli, adolat tantanasi, burchni ado etish majburiyati kabilarga uning hukmi o‘tmas ekan!

– Mahdi ulyo, – orqasida eshitilgan shivirlash yig‘isini yutishga majbur qildi.

Saroymulk xonim ko‘zidagi yoshlarni artib tashladi.

– Beri keling, – buyurdi u ovoz egasini tanib. – Ko‘ryapsizmi? – u o‘girilib qaradi. Tepasida to‘garak soqol o‘ragan oriq yuz ko‘rindi. – O‘tiring. – Alimbek tiz cho‘kdi. – Bu mening xazinam. Oling. Qarshiga yashirincha olib boring. U yerda jiyanimning hovlisi bor. Sizni qarshi olganga qutini bering, mendan hadya ekanini ayting. Har holda, begonaga ketmasin…

– Bilmadim, mahdi ulyo, Samarqanddan buni olib chiqa olamanmi?

Alimbekning ikkilanishi Bibixonimga yoqmadi. U keskin o‘rnidan turib, xo‘mrayib boqdi.

– Siz bir urinib ko‘ring! Urinishlaringiz zoye bo‘lmasligi uchun mana bu uzukni oling.

Saroymulk xonim qutidan katta zumrad ko‘zli go‘zal oltin uzukni chiqardi. Alimbekning ko‘zlari qiniday chiqay dedi. Bunaqangi hadyaning bahosi yo‘q edi!

– Oling! Qolganlarini esa aytilgan joyga eltib bering!

– Eltaman, mahdi ulyo, – bu safar ishonch bilan va’da berdi u.

– Boraqoling, mening boshqa yumushlarim ham bor!

Alimbek chiqib ketdi.

Saroymulk xonim cho‘rilarini chaqirdi, moviy ipak ko‘ylagini, qimmatbaho toshlar qadalgan parcha munsagini keltirishlarini buyurdi. Shohona tillaqosh malikaning vaqt hukmi ostida kumush rangga kirgan peshona sochlari ustiga qo‘ndi, oltinrang nozik to‘r boshi va yelkalarini yopdi.

Hamma vaqt ulug‘vor bo‘lib qol, hatto og‘ir damlarda ham! Hamma sening ulug‘vorliging oldida tiz cho‘ksin! Hech kim xon qizini, Sohibqiron e’zozlagan malikani kamsitishga jur’at etolmaydi!

Alimbek otini ayamay yo‘l bosdi. U aylanma yo‘lni tanladi – Buxoro orqali jo‘nadi. Samarqanddan Qarshiga to‘g‘ri yo‘l ham bor edi, u Zarafshon tog‘i etagi yonidan o‘tib, cho‘l bo‘ylab ketardi. Qarshidan yo‘l Balxga, undan u yog‘i – Qandahorga, Pirmuhammad qarorgohiga olib borardi. Bobosining taxtiga da’vogarlar qarshilik ko‘rsatishidan xavfsirab, Xalil Sulton Samarqandga olib keluvchi yo‘llarni qo‘riqlashni buyurgan edi. Janub tomonga shoshilayotgan har bir chavandoz shubha uyg‘otishi, kuragidan o‘q yeyishi turgan gap edi.

Buxoroga yetmasdan, Alimbek Qarshi tomonga burildi. Qadimdan ma’lum bo‘lgan bu yo‘l Sharq va G‘arbni bog‘laydigan karvon yo‘li tarmoqlaridan biri edi. Bu yerda savdo ahli ichiga aralashib ketish oson, kishi e’tiborini tortmay ko‘zlagan manzilga yetib olish mumkin edi.

Alimbek charchadi, oti ham zo‘rg‘a oyoqda turardi. Otini almashtirishi kerak, yo‘qsa, yo‘lda yiqilib qoladi.

– Hoy, ot bering, yemak keltiring!

Hokimona ovoz karvonsaroyning boshqa mehmonlari e’tiborini tortdi. Ulardan biri, ko‘rinishidan chopar shekilli, yaqin keldi.

– Alimbek? – dedi u boshdan-oyoq changga belangan oriqqina kishini tanib-tanimay.

Alimbek ayniqsa hozir biron tanishiga duch kelishni istamasdi. Unga buyurilgan muhim vazifa bor, bu haqda og‘iz ochib bo‘lmaydi, demak, quvlik qilishga to‘g‘ri keladi.

U choparni tanidi, yoshlik paytlari birgalikda Amir Temur xizmatida bo‘lishgandi.

– Qosim?

Qosim tabiatan xushfe’l odam edi, og‘zi qulog‘iga yetgudek ishshaydi:

– Taniding-a!

Ikkovi bosiqlik bilan quchoqlashib, bir-birlarining yelkalariga qoqib qo‘yishdi. Xizmatkor patnis ko‘tarib keldi.

– Shoshib turibman, ukam, ko‘rib turibsan, – Alimbek o‘tirmasdanoq yog‘li qo‘y go‘shtini qo‘liga olib, imo bilan Qosimga taomdan tatishga taklif qildi. – Anchadan beri yo‘ldamisan?

Qosim nonni chaynab yutgach, javob qildi:

– Saroydan chiqqanimga uch kun bo‘ldi.

Alimbek ham shuncha kun avval yo‘lga chiqqanini esladi. Nimadir uni sergaklantirdi. Xizmatdagilar orasida savol berish odat emasdi. Shunday bo‘lsa-da, chidolmadi, gapni uzoqdan boshladi:

– Zamon nozik… yo‘l bo‘lsin?

Qosim boshini solintirdi. Yerostidan atrofga nazar tashladi.

– Shunaqa ishlar… – shivirladi u. – Mahdi ulyo olamdan o‘tdilar…

Alimbekning og‘zidagi bo‘g‘ziga tiqilayozdi.

– Qay biri? – uning savoli g‘alati eshitildi, chunki faqat Bibixonimnigina shu so‘z bilan atashga o‘rganib qolgan edilar. – O‘zlarimi?

Qosim bosh silkidi, keyin qo‘shimcha qildi:

– Qarindoshlariga xabar yetkazdim, endi Mirzo Ulug‘bek huzuriga ketyapman.

Alimbek tushundim, degandek lablarini qimtidi. Ot yetaklab kelishdi. Arg‘umoq yelishga shoshayotgandek, betoqat yer tepinardi.

Chopar bilan xayrlashib, Alimbek otiga sakrab mindi-yu, choptirib ketdi.

Mahdi ulyo yurtiga bir farsah yo‘l qolganda Alimbek jilovni tortdi. Ot dovdirab, orqa oyoqlarida tikka turdi. Jonivorning yuragi yerga tegib-tegmay yelayotgan oyoqlariga qonni jadal haydab berar, zo‘riqib, qiniday chiqquday bo‘lib urardi. Lekin chavandoz malikasining o‘limi xabaridan keyin miyasini ishg‘ol qilayotgan o‘ylarni bir yoqli qilishi, buning uchun tin olishi zarur edi. U otidan sakrab tushib, jilovidan tortib, bir chekkaga – Qarshi yo‘lida xuddi vodiyni qo‘riqlayotgan ulkan mavjudot kabi qo‘nqaygan yuksak adir tomonga yetakladi.

Quyosh ufqqa bota boshlagan, uzun soyalar oldinga o‘rmalab, bir yagona, shaklsiz, g‘aroyib ko‘lankalarga aylanar, bir ikkiga ajralar edi. Adir oldida bir vaqtlar shaharning muhofaza devori bo‘lgan tuproq ko‘tarma saqlanib qolgandi.

Alimbek ko‘tarmadagi o‘pirilgan joydan oshib, tepalikni aylanib o‘tdi-da, uning soyasiga o‘tirib, otini qo‘yib yubordi. Atrof kimsasiz. Sukunat. Faqat bahorda uyg‘ongan qo‘ng‘izlarning g‘ivirlashiyu, to‘qay qushlarining ahyon-ahyondagi hiqillashlari jimlikni buzadi. Alimbek qo‘llarini boshi ostiga qo‘yib, endigina bo‘y bera boshlagan maysa ustiga cho‘zildi. Osmonda lochin charx urar, qanotlarini keng yoygancha o‘lja izlardi.

O‘lja! Choparning qo‘ynida saltanatning eng qudratli ayoli bergan xazina yotardi! Hech kim, malikadan va chopardan boshqa hech kim so‘nggi bu buyruqni bilmasdi. Endi malika yo‘q. Uning umri esa oldinda! Saroyga qaytish xavfli. Hamma uning Bibixonim xizmatida bo‘lganini biladi. Uni so‘roq qilishadi. O‘ldirishmasa ham, bor-yo‘g‘ini tortib olishadi! Ketish kerak! Olislarga! Bunaqangi xazina bilan boyib ketishi, qaytib hech kimga xizmat qilmasligi mumkin. Lekin… mahdi ulyoning nazari hatto narigi dunyodan ham uni ta’qib qilayotganga, yuragiga botayotganga o‘xshardi. Yo‘q, u malikaning so‘nggi irodasini bajarmay ketolmaydi! Keyin qanday yashaydi? Or-nomus – uning hayotida mudom oldinga o‘rinda turgan!

Alimbek qo‘ynidan o‘ramni chiqardi. Uni tizzalariga yoydi. Toshlarning jilosi ko‘zlarini qamashtirdi. Vijdon ovozi toshlarning yaraqlashi ostida yo‘q bo‘lib ketdi. U uzuklardan birini qo‘liga oldi, keyin ikkinchisini ushladi. Yoruqqa solib ko‘rdi. Qimmatbaho toshlar biram yarqiradiki! Oltin bezaklar zalvori ostida qo‘llari tolib ketdi!

Tepadan mayda toshlar to‘kildi. Alimbek sapchib turib, atrofga alangladi. Tepada, botayotgan quyosh nurlari ostida ikkita bolakayning boshi ko‘rindi. Bolalar shu zahoti g‘oyib bo‘lishdi, choparning qulog‘iga uzoqlashib borayotgan kulgi tovushi chalindi. O‘ram tushib ketdi-yu, malikaning xazinasi tuproq ustiga sochilib, siyrak butalar tagigacha dumalab ketdi. Alimbek titragancha taqinchoqlarni yig‘ishga tushdi. U taqinchoqlar nechtaligini, qanchasi qo‘lidaligini, yana nechtasi adirning tobora qorayib borayotgan ko‘lankasi ostida yashirinib qolganini bilmas edi. Alimbek yo‘qotganlarini topish ilinjida hamon qaltiragancha yerni paypaslardi. Quyosh ufq ortiga dumaladi, tun o‘z zulmati bilan atrofni chulg‘ab olishiga sanoqli lahzalar qoldi. Alimbek o‘rnidan turdi, nafasini rostladi. Yo‘q, u taqinchoqlarning hammasini malikaning qarindoshlariga eltib beradi! Mahdi ulyo tortiq qilgan uzukning o‘zi yetarli unga! Vaqti kelib, sotadi-da, tushgan puliga xotirjam tirikchilik qiladi!

Malikaning chopari o‘ramni qo‘yniga yashirdi, otini tutib, mindi-da, ma’budlar hadyasi – qon rangidagi, o‘rtasidan sut tasmasi o‘tgan tosh o‘rnatilgan kumush uzukni qadim saroy vayronalari ostonasiga tashlab, Yorqo‘rg‘ondan chiqib ketdi.

 

1980 yil

U kutishdan charchadi. Yashashdan esa behad toliqdi. Uning hayoti asrlarga qadar cho‘zilib ketdi, ammo vaqt baribir, uni yerga tomon tortaverdi. Boqiylik yo‘q! Faqat uzoq, juda uzoq umr bor! Nihoyat, u ham qaridi. Hech kim undan yoshingiz nechada, deb so‘ramaydi. Uni parvarish qilishadi, yedirib-ichirishadi, hurmatini joyiga qo‘yishadi. U – keksa! Lekin uzoq, juda uzoq vaqt davomida navqiron bo‘lib keldi! Endi u Nurli suvlar timsoli shahrining devorlari yoniga umrbodga joylashdi, umrining necha yili qolgan bo‘lsa, barini shu yerda o‘tkazadi!

Bir vaqtlar hayot qaynagan shahar allaqachon yo‘q bo‘lgan. Endi hayot chor-atrofda qaynaydi. Qadim shahar devorlari ortida sukunat hukm suradi. Faqat ko‘ldagi baqalar vaqillashadi, o‘rdaklar o‘z jo‘jalarini odamlardan yoki yirtqichlardan himoya qilib qamishlarni shitirlatishadi.

Mana o‘sha lochin, o‘lja izlab, osmonda charx uryapti! Lekin Nimiddin boshqa narsani ham biladi! Yorqo‘rg‘on osmonidagi bu lochin oddiy qushlardan emas! U – qo‘riqchi! U bu zaminni bosqinchilardan saqlayapti. Uning parvozi kuch-qudrat toshi shu yerda – Yorqo‘rg‘onda ekanligini bildiradi!

Bundan ancha asrlar ilgari Nimiddinning o‘zi aqiq toshni Sohibqironga hadya qildi. Amir Temur begona xudolar qudratini rad etdi, lekin toshni o‘z haramining bosh malikasi – Saroymulk xonimga topshirdi. Bibixonim uni taqqanmikin? Buni hech qachon bilib bo‘lmaydi. Amir Temurda buyuk qudrat timsoli bo‘lgan uzuk bor, degan mish-mishlar butun yer yuzi bo‘ylab o‘rmalab yurdi. 1941 yilda bu uzukni hatto Sohibqironning go‘ridan ham izlashdi. Bu bilan ham cheklanishmadi! Saroymulk xonim maqbarasini ham ochishdi. Topisholmadi. O‘shanda Nimiddin xazina izlovchilarga ishchi bo‘lib yollandi. O‘zi ko‘rdi. O‘zi eshitdi. Toshni topisholmadi. Qayerda u? Lochin esa Yorqo‘rg‘on uzra parvoz qilyapti! Uni chorlayapti! Doimgidek!

Nimiddin qazishmalar olib borilayotgan joyga otlandi. Bugun hamma shahriston deb atayotgan o‘sha joyda necha yillardan beri arxeologlar ishlashadi. 1973 yilda Birishim xazinasini topishdi. O‘zi borib, ko‘rdi. Yuragi biram isyon ko‘tardiki! Agar Tangri hadyasi bo‘lmaganda, yuragi yorilib ketardi! Xotiralar yukidan nafasi qisilib, ko‘zlari xuddi yosh bolanikidek yoshlanib borardi. Bu tumorlarga Birishimning qo‘li tekkan! Uning ko‘ksiga osilgan aqiq qurbaqaga o‘xshab ketadigan manavi tumorda esa Palanga qo‘llarining tafti qolgan! U o‘zini asrab olgan ota-onasini, bolaligida hayotini saqlab qolgan keksa Yorqinni hech qachon unutmaydi.

Yana ko‘ngli buzilyapti. Bu qarilikdan nishona. Ammo o‘lishga hali erta! Kuch-qudrat toshini topish kerak, mana shunda o‘lsa ham bo‘laveradi. Qazishmalar bo‘layotgan joyga borsamikan? Lochin negadir borgan sari pastlab uchyapti. Biron narsani ko‘rdimikin?

Arxeolog odatdagidek quruq tuproqni ko‘zdan kechirib, ularni ezg‘ilab ko‘radi. Tuproq maydalanib, changga aylanib to‘kiladi. Garchi shu changning o‘zi tarix bo‘lsa-da, ammo hech nima demaydi. Biroq uning orasida yashirinib yotgan narsalar… Yorqo‘rg‘ondan olingan navbatdagi kesak maydalanib ketdi-yu, barmoqlari orasida chang bosgan tosh qoldi. Arxeolog toshni kaftiga qo‘yib, cho‘tkasi bilan tozaladi. Kattaligi tirnoqday keladigan qizg‘ish aqiq ustida sut rangidagi ko‘ndalang chiziq ko‘rindi. Arxeolog toshni ho‘llab ko‘rdi, qarasa, bu oddiy tosh emas, ustiga tasvir ishlangan qimmatbaho yodgorlik! Aqiqning tekis yuzasida ustaning mohir qo‘li bilan o‘yilgan tasvir: yag‘rindor erkak bir qo‘lida aso ushlab turibdi, aso ustiga esa lochin qo‘ngan…

– Topdinglarmi?

Arxeolog kutilmagan ovozdan cho‘chib ketdi. Bu chol hamisha hoziru nozir! Doim nimadir topsalar, yerdan chiqqanday paydo bo‘ladi.

– Topdik! Siz nimani ko‘rmoqchi edingiz, otaxon?

Nimiddin o‘tirib, nafas rostladi. Tepalikka tez chiqqanidan nafasi tiqilib qolibdi, yigit emas, axir, yillar o‘z hukmini bildiradi-da.

– Men lochin qo‘ngan asoni ko‘rmoqchi edim, – javob qildi keyin achchiqlanib. Nimani ko‘rmoqchi, kimning nima ishi bor? Savol berishdimi, xushmuomala bo‘lib javob qaytar, tamom!

Arxeolog angrayib qoldi. U endigina toshdagi aso, asoga qo‘nib turgan qandaydir qush tasvirini payqadi.

– Ko‘zingiz o‘tkir ekan, otaxon! Xuddi lochinnikidek! – hazillashdi u.

– Qayoqda… – chol qo‘l siltadi, lekin shu zahoti tetiklashib: – Ber-chi, bir ko‘ray, – dedi. – Qo‘rqma, yo‘qotib qo‘ymayman.

U keksalarga xos qaqroq qo‘lini uzatdi, aqiq tosh kaftiga tushdi. Nimiddin jilmaydi. Topishdi! Yana adirning qoq tepasida! Qanday qilib u yoqqa tushib qolibdi? Balki saroy yo‘lkalarini tozalayotganda tuproqqa qo‘shib tepaga otib yuborishganmikin? Nimiddin birdan tashvishga tushib qoldi. Nega endi faqat tosh topildi. Axir uzuk bo‘lishi kerak edi-ku!

– Toshning o‘zini topdilaringmi? Yoki u uzukning ko‘zidamidi? – so‘radi u o‘zini diqqat bilan kuzatayotgan arxeologdan, ko‘zlari esa atrofda izg‘iy ketdi – aqiqning gardishi qayda ekan?

– Faqat toshni topdik, otaxon. Men ham hayron bo‘lyapman. Balki tushib qolgandir…

– Tushgan, tushgan, – to‘ng‘illadi ol. – Ehtiyot bo‘lib kavlash kerak edi!

Arxeolog kulib yubordi.

– Uzr, otaxon, endi bu yog‘iga ehtiyotkor bo‘lamiz. Xafa bo‘lmang! Axir uzukni hakka tumshug‘iga ilib ketgan bo‘lishi ham mumkin-ku, tepalikka opchiqib, toshni cho‘qilab, tushirvorgan. Kim biladi, nimalar bo‘lganiykin?!

Ha… kim biladi… Bu toshning boshidan yana nima kunlar o‘tganiykin, kim biladi?! Ishqilib, endi yaxshi qo‘llarga tushsin…

– Nima qilasizlar buni?

Arxeolog toshni olib, bo‘z xaltachaga soldi.

– Muzeyga topshiramiz! Qayoqqa ham oborardik?

Muzeyga… Odamlarga tumorning keragi bo‘lmay qoldi. Ular tumorlarga ishonishmaydi. Hatto Amir Temur ham ishonmadi… Muzeyga topshirish uvol. Oyna ostida chang bosib yotadi. Lochin ham uchmay qo‘yadi… Agar bo‘ynidagi tumorini – aqiq qurbaqani yechib bersa, uni ham muzeyga topshirishadi! U yerda tumor kuchini yo‘qotadi. Tumorlar inson ularni o‘z tafti bilan isitgandagina yashaydilar. Taft bo‘lmasa, kuch ham bo‘lmaydi.

Nimiddin o‘rnidan turdi. Yoniga bolakay yugurgilab keldi. Uni Nimiddin uzundan-uzun umrini kechirayotgan uyning bekasi jo‘natibdi.

– Bobo, ovqatlanib oling, oyim chaqiryapti!

Chol bolakayning boshini siladi.

– Yuraqol, yuraqol.

Biram yaxshi bolaki bu! Biram mehribon! Hali kichkina-da, katta bo‘lsin, ko‘p savob ishlar qiladi u. Osmondagi lochin hushtak chalgandek tovush chiqardi. Nimiddin o‘ylanib qoldi. Unga ishora emasmikin bu? Va bir qarorga keldi!

– Shoshma, men senga bir nima hadya qilaman.

U qo‘ynidan uzun tasma chiqarib, muqaddas tumor – aqiq qurbaqani oldi. Bir dam kaftida tutib turdi. Lochin haq! Vaqt yetdi, endi tumorning egasi o‘zgarishi kerak! Bolani asra, iloyim umri uzun bo‘lib, shodlik ichra o‘tsin…

Yorqo‘rg‘on osmonida bulutlar suzardi. Oppoq, momiq! Shamol ularni haydar, ular esa tirishib, to‘dalanishar, keyin esa parcha-purcha bo‘lib, har yoqqa tarqashar edi. Lochinning o‘tkir chinqirig‘i vidolashuv bo‘lib yangradi. Nimiddin boshini ko‘tarib qaradi. Boshi uzra parvoz qilyapti. Uchaver endi! Sen ozodsan! Xuddi mendek…

Rus tilidan Risolat Haydarova tarjimasi

“Sharq yullduzi” jurnalining 2019 yil 10-sonida bosilgan

_________________

[1] Yorqo‘rg‘on – Qarshi yaqinidagi, qadimiy shahar vayronalari qolgan adirning nomi.

[2] Naxshab – Janubiy Sug‘d viloyati, qadimgi nomi – Nikshapayya.

[3] Yarqiragan daryo – Qashqadaryo.