U juda chiroyli, chikkabel, navnihol edi. Bug‘doyrang chehrasi muloyim, ko‘zlari shishaday tiniq, nozik yelkalarini begona nigohlardan yashirguvchi qop-qora, mayin sochlari, husni malohatida insoniyatning uyg‘onish davriga xos nedir bor ediki, bu sinoatga indoneziyalik yohud ispantilli biror millatning qoni aralashgani sababdir. Did bilan kiyingan: silovsin mo‘ynasidan nimcha, asl jujunchadan kumushrang kofta, jaydari matodan shim va o‘kchasi pastroq qirmizi tufli. Parijning Sharl de Goll aeroportida Nyu-Yorkka uchadigan tayyoraga chiqish uchun navbatda turganimda, suluvning sirtlondek ohista odim otib ketayotganiga ko‘zim tushib: «Bunchalar chiroyli bo‘lmasa!», degan fikr xayolimdan yarq etib o‘tdi. Lahzadan so‘ng g‘aroyib farishta izdihomga singib ketdi.
Ertalab soat to‘qqiz. Oqshomdan beri yog‘ayotgan qor ko‘chalardagi tirbandlikni oshirib, bug‘ ko‘tarilayotgan yengil avtolarni emaklatib tashlagan, yo‘l yoqasida serrayib qolgan yuk mashinalarining ustiga qalin kumush ko‘rpa yopgan. Aeroport binosiga daxl qilishga go‘yo bo‘ronvar faslning haddi sig‘maganday, ichkarida fusunkor bahor hukmron.
Navbatim qariyb bir soatdan beri o‘n bitta chemodanining vaznini belgilangan me’yorlardan yengil deb tortishayotgan gollandiyalik kampirdan keyin edi. Zerikiblar ketdim. Bir payt deng, qarog‘imda shunday manzara namoyon bo‘ldiki, yuragim hapriqib, xayolim qochganidan kampirshoning mashmashasi qanday tugaganini sezmay qolibman. Xizmatchi xonim hardamxayolligim uchun ta’nalar yog‘dirib, meni yettinchi osmondan yerga tushirib qo‘ydi. Uzr aytish o‘rniga, undan: “Bir ko‘rishdayoq sevib qolish mumkinmi?”, deb so‘rabman. «Albatta, – deb javob qildi xonim. – Boshqacha bo‘lishiga ishonmayman». Kompyuterining moviy chehrasidan ko‘zini uzmay, qayerdan – chekadiganlarmi yoki chekmaydiganlar orasidan joy berishini so‘radi.
– Farqi yo‘q, – deb ochig‘ini aytdim. – Faqat o‘n bitta chemodanga duch kelmasam bo‘lgani.
U menga yorug‘ ekrandan nigohini uzmay, xizmatchilarga xos o‘ta rasmiy tabassum hadya etgan bo‘ldi.
– Joyni tanlang, – dedi. – Uch, to‘rt, yetti.
– To‘rt.
Uning tabassumi endi ancha jozibali tus oldi:
– O‘n besh yildan beri ishlayman. Yetti raqamini tanlamagan yo‘lovchini birinchi ko‘rishim.
U talonga joy raqamini belgilab, boshqa qog‘ozlar bilan birga uzatar ekan, menga andak termulib qoldi. Xayolimni o‘g‘rilagan huriliqo g‘oyib bo‘lganidan nadomat chekib turgan joyimda xodimaning nigohi ko‘nglimga taskin berganday tuyuldi. Xodima aeroport yopilgani va barcha reyslar kechiktirilishini aytdi.
– Qachon ucharkanmiz?
– Nasib etgan paytda, – dedi u jilmayib. – Ertalab radiodan joriy yilning eng qalin qori yog‘ishidan xabar berishgan edi.
Xabarkashlar adashgan ekan: bunday mo‘l qor yuz yilda bir marta yog‘sa bordir. Shunday bo‘lsa-da, birinchi toifali chipta nasib etgan yo‘lovchilarning kutish tolorida ko‘klam o‘z sepini bearmon yoygan, guldonlarda chechaklar barq urgan, karnaylardan taralayotgan musiqa ham yaratmishlari orzu qilgani kabi ko‘tarinki va orombaxsh ohanglarga serob. Farishtalar farog‘atiga mos joy-ku, degan xayol ko‘nglimdan o‘tdi-yu, dadilligimga o‘zim tan berib, malikai gulruxsorimni tolorma-tolor izlashga tushdim. Biroq kutayotganlarning aksariyati odmi hayotga mansub jo‘ngina erkaklar bo‘lib chiqdi. Ular ingliz tilidagi gazetalarga nigohlarini tikkan bo‘lsalar, ayollari keng-mo‘l derazalardan qalin qor tagida qolgan tayyoralar va muzlab yotgan fabrikalarni tomosha qilaroq boshqa erkaklar haqida xayol surayotganga o‘xshardi. Peshindan keyin kutish zalida birorta bo‘sh joy qolmay, odam degani tiqilib ketdi. Ko‘klam jazirama saratonga do‘nib, diqqinafaslik azobga aylandi va men o‘pkamga hurlik istab, eshikka qarab yurdim.
Nadomatlarki, qarshimda namoyon bo‘lgan manzaraning oldida ichkaridagisi holva ekan. Tolor deganning hammasi turli irq va dinlarga mansub turfa xil odamlarga liq to‘lgan. Bechoralar dim yo‘laklarda, zinalarda bolalari, jonivorlari va lash-lushlari bilan yumalab-qorishib yotardi. Shahar bilan aloqa uzilib, shaffof oynalaru plastikdan bunyod etilgan saroyimizning bo‘ronda qolgan bahaybat fazo kemasidan farqi kam. Intizor izlayotganim – suluvlarning suluvi qayerdadir shu atrofda, xayolga tolgan kutarmanlar orasida bo‘lsa kerak, degan umid qutqusi menga hafsalayu g‘ayrat bag‘ishlardi.
Tushlik mahali biz halokatga uchraganlarning ahvol-ruhiyatini taqir angladik. Yetti restoran, qahvaxona va mayxonaning ostonasida uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi, uch soat o‘tar-o‘tmas hammasi taqa-taq yopildi: na ovqat va na ichimlik qoldi. Go‘yo kurrai zamindagi jamiki go‘dak zoti shu yerga yig‘ilganday tirmizaklarning hammasi birdan big‘illab yig‘lashga tushdi. Xaloyiqdan ko‘tarilayotgan ufunat qoromol podasini esga solardi. Savqi tabiiyga erk berishdan o‘zga chora qolmadi. Odamlar duvuridan topgan birdan-bir yeguligim bolalar rastasidagi oxirgi ikki stakan muzqaymoq bo‘ldi. Xizmatchilar kursilarni yig‘ishtirib, oyog‘ini osmondan qilib stollar ustiga taxlayotganida peshtaxta oldida muzqaymoqni paqqos tushirar ekanman, qahvaxonaning to‘ridagi ko‘zguda o‘zimni tomosha qilardim: qo‘limda oxirgi karton qoshiqcha bilan oxirgi karton stakancha, xayolimda esa go‘zal farishtam.
Nyu-Yorkka ertalab soat o‘n birda parvoz qilishi shart bo‘lgan tayyoramiz oqshom soat sakkizda uchdi. Nihoyat, ichkariga oyoq bosganimda birinchi toifali chipta egalari allaqachon o‘z joylarini egallagan ekan. Parvozbekasi meni joyimgacha kuzatib qo‘ydi. Yuragim yorilib ketishiga sal qoldi: yonimdagi o‘rindiqda sohibjamol malikam tajribali sayyohlarga xos xotirjamlik bilan o‘tirardi. «Shunday deb yozsam, inson zoti ishonmaydi», deb o‘yladim. Tortinibroq salom bergan edim, malikai yondoshim iltifotimni payqamadi. Go‘yo, shu o‘rindiqda uzoq yillar yashashni niyat qilgan: buyumlarini shunday tartib bilan joylashtirardiki, bamisoli samolyotda emas, uyida o‘tiribdi – jamiki narsa-qorasi qo‘li ostida bo‘lishi shart. Suluvlarning suluvi ayni yumush bilan band ekanida, parvozbegi yo‘lovchilarga iltifot ko‘rsatib, hammani shampan deb atalmish mayi nob bilan siyladi. Yondoshimga mehribonlik qilmoq niyatida yana bir qadahni oldim-u, o‘ylanib qoldim. Ayon bo‘ldiki, hamrohim bor-yo‘g‘i bir piyola suv ichmoqchi. Parvozbegidan esa avvaliga o‘zi bilmaydigan frantsuz, keyin tishi yaxshi o‘tmaydigan ingliz tilida – parvoz yakunigacha uni aslo bezovta qilmaslikni so‘ragan. Go‘zalning sipo va mayin ovozida sharqona ma’yuslik sezilardi.
Suv keltirishganida u pardoz qutichasini va buvilarning bo‘g‘chasini eslatuvchi mis go‘niyali bejirimgina sandiqchasini ochib, turfa rangdagi dorilar orasidan ikkita zarhal sadafdori oldi. Buni go‘yo dunyoga kelganidan beri faqat shunday yumushlar bilan shug‘ullanib kelayotganday tartibu taomilini joyiga qo‘yib bajardi. So‘ng, illyuminator pardasini tushirib, o‘rindig‘ining suyanchig‘ini oxirigacha yotqizdi, tuflisini yechmay, adyolni beligacha yopdi va ko‘zniqobni qovog‘igacha bostirdi-da, menga orqa o‘girib, o‘sha zahoti uyquga ketdi. Nyu-Yorkka yetgunimizcha o‘tgan sakkiz soatu o‘n ikki daqiqa davomida biror marta bo‘lsin na uyg‘ondi, na xo‘rsindi, na yon-veriga ag‘darildi.
Parvoz qiyin kechdi. Bu olamda ayol kishidan go‘zalroq xilqat yo‘qligiga allaqachon amin bo‘lganim uchun yonimda orom olayotgan afsonaviy parizodning jozibasi meni bir lahza bo‘lsin tark etay demasdi. Yerdan ko‘tarilishimiz bilan qorasi ko‘rinmay qolgan parvozbegining o‘rniga paydo bo‘lgan parvozbekasi pardoz anjomlari va musiqa quloqchinlari joylangan xaltachani berish uchun yondoshimni uyg‘otishga urindi. Hamrohim parvozbegiga tayinlagan iltimosini takrorladim. Biroq parvozbekasi nima dardi bo‘lsa, hatto kechki tanovulni rad etishini ham, hamrohimning shaxsan o‘zidan eshitishni istardi. Yetib kelgan parvozbegi hamrohimning o‘kinchini takrorlar ekan, uyqudagi malikamizning bo‘yniga “Bezovta qilmang!” degan lavhachani osib qo‘ymaganim uchun mendan o‘pkaladi.
Mabodo uxlamaganida unga aytishim mumkin bo‘lgan gaplarimni ichimga yutib, yolg‘iz o‘zim ovqatlandim. Parivash shu qadar qotib uxlardiki, o‘lib-netib qolmadimikin, degan xavotirga ham bordim. Har qultum mayi nob oldidan qadahni ko‘tarib, tilak tiladim:
– Salomat bo‘lgaysan, ey sohibjamol!
Kechki ovqatdan keyin chiroqlar xira tortib, filmning ovozi o‘chirilgach, tayyoramizda qosh qoraydi. Yuz yillikning eng dahshatli bo‘roni ortda qolib, Atlantika ummonini bepoyon va musaffo tun og‘ushiga oldi. Uchog‘imizning esa yulduzlar chamanini tark etgisi yo‘qday. Ancha mahalgacha hamrohimga boshidan-oyoq, har bir suyamigacha mahliyo tikilib to‘ymadim: tiriklikning biror alomatini payqagan bo‘lsam, qiz ko‘rayotgan tushlarining peshonasidagi sezimli-sezimsiz jilvasini aytishim mumkin. Jilvaki bulutlarning suvdagi elas-elas soyasi yanglig‘.
Bo‘ynidagi nozikkina zanjirchasini oltinsimon terisidan farqlash qiyin. O‘ziga yarashgan quloqlarida zirak izi yo‘q. Pushtirang tirnoqlari esonligidan dalolat berib turgan bo‘lsa, chap qo‘lida – silliq uzukcha. Unga yigirma yoshdan ko‘p berolmaysiz. Shunday ekan, barmog‘idagi nikoh uzugi emas, nari borsa, unashtirish alomati bo‘lsa kerak, degan o‘y bilan o‘zimga taskin bergim kelardi. Shampandan ho‘plar ekanman: «Netayki, qo‘llarim yetmaydi senga, yonimda parishon cho‘zilgan jonon, faqt erkalayman nigohim bilan», deb Xerardo Diyegoning sonetidan satrlarni xayolan takrorladim. Keyin o‘rindig‘imning suyanchig‘ini uning yoniga tekis tushirdim. Qarasam, biz bir to‘shakda yotgan jufti halollardan ham yaqinroq bo‘lib qolibmiz. Uning iliq nafasi ovoziga monand, vujudidan taralmish taft tabiiy go‘zallikning erka ifori edi. O‘tgan bahorda men yapon adibi Yasunari Kavabataning mol-dunyo quturtirgan kiotolik ikki burjuy chol haqidagi ajabtovur qissasini o‘qigan edim. Qariyalar ko‘knoriga to‘yib, shiryalang‘och oromga ketgan navnihol go‘zallarga tunda mahliyo termulib chiqish uchun katta pul to‘laydi. Bir to‘shakda go‘zallarning yonida yotgan keksalar ehtiros alangasida adoi tamom bo‘ladi, lekin oromdagilarni uyg‘otish narida tursin, ularga qo‘lini ham tekkiza olmaydi. Zero, ayshning sharti-mohiyati uyqudagi go‘zallarni faqat tomosha qilishdan iborat edi. Tayyoradagi halovatsiz tunda yonimda uxlab yotgan go‘zalga termular ekanman, nozikta’b qariyalarning holini-ahvolini anglash barobarida, o‘zim ham ularning ko‘yiga paqqos tushganim rost.
“Nima bo‘pti, – deb shivirlardi musallas qizitgan izzat-nafsim. – Ko‘nglingning ko‘chasiga bir qarasang-qarabsan-da!»
Aftidan, mayi nobu lip-lip o‘tayotgan ovozsiz kinokadrlardan kayfim oshib, uxlab qolgan bo‘lsam kerak, necha soat o‘tgan, bilolmadim, uyg‘onib ketsam, bosh chanog‘im ichida sandon gursillardi. Qo‘l chayish uchun badrafxona tomon yurdim. Orqada, mendan ikki qator naridagi o‘rindiqda, o‘n bir jomadonning bekasi bo‘lmish kampirsho jang maydoniga tashlab ketilgan murdadek qotib yotardi. Yo‘lakning o‘rtasida, oyoq ostida yaltir-yultir zanjirli ko‘zoynagi. Alamimni olish fursati kelganidan mamnun – kiprik qoqmay o‘tib ketdim.
Mayi nobning ortiqchasidan xalos bo‘lganimdan keyin ko‘zguga qarab, o‘zimdan jirkanganimni ham aytay. Oshuftalik azobi bandasini ana shunday ajiva-jinnining ko‘yiga solib qo‘yar ekan. Banagoh tayyoramiz pastga qarab shiddat bilan sho‘ng‘idiyu, darhol qaddini rostladi-da, chayqala-chayqala parvozida davom etdi. Chiroq yonib, yo‘lovchilardan o‘z joyini egallashi so‘raldi. Yaratganning inoyati bilan havo girdobidagi silkinish uyqudagi go‘zalimni uyg‘otib yuborishidan va qo‘rqqanidan o‘zini quchog‘imga otishidan boumid, joyimga qarab oshiqdim. Shoshganimdan qoqbosh kampirning polda yotgan ko‘zoynagini bosib olishimga sal qoldi. Bosib olsam, ehtimol, alamimdan chiqardim. Biroq injiq ko‘nglimga erk bermay, ko‘zoynakni oldim va meni dog‘da qoldirib to‘rtinchi joyni tanlamagani uchun minnatdor bo‘lib, uni momomizning tizzasiga qo‘ydim.
Sohibjamolning uyg‘onishi qayda. Tayyorai taxtimiz yana tekis-mayin uchishga o‘tganida, uni biror bahona bilan uyg‘otib olish vasvasasidan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim. Negaki, parvozimizning so‘nggi soatida meni yagona istak o‘z hukmiga oldi – go‘zalni, mayli asabiy holda bo‘lsa-da, uyg‘oq ko‘rish. Anglab turardim: faqat shundagina men yana o‘z erkimga, ehtimolki, hatto yoshligimga qaytgan bo‘lardim. Koshki jur’atim yetsa. «Bundan ko‘ra qurib ketganing yaxshi! – deb o‘yladim o‘zimdan nafratlanib. – Sigir burjida tug‘ilsang o‘larmading sen, bola?» Huriliqo qo‘nish haqidagi ogoh chirog‘i yonganida o‘zi uyg‘ondi. Xuddi firdavs bog‘ida, atirgullar orasida orom olib turgandek, shu qadar bokira va shu qadar go‘zal edi. Shu chog‘ safarda yonma-yon uyg‘ongan qo‘shnilar, ko‘pdan beri birga yashab kelayotgan er-xotindek, bir-birlariga xayrli tong tilamasligini nadomat bilan angladim. U ham shunday qildi. Ko‘zniqobini yechib, maftunkor qaroqlarini ochdi. O‘rindig‘ining suyanchig‘ini ko‘tarib, adyolini chetga surib qo‘ydi. Qalin sochlarini silkitgan ko‘yi taragan bo‘ldi. Yana pardoz qutisini tizzasiga olib, to uchog‘imizning eshigi ochilgunicha shosha-pisha o‘ziga oro bergan bo‘ldi. Mendan esa nazarini darig‘ tutdi. Silovsin nimchasini kiydi va ispanchaning Lotin Amerikasiga xos lahjasida uzr so‘rab, tepamdan o‘tdi-ketdi. Xayr-ma’zur, farahbahsh tunimiz mobaynida chekkan zahmatlarim uchun aytilishi kutilgan minnatdorlik – bari savil qoldi. Nyu-Yorkning Amazonka changalzorlarida shu-shu badar ketdi.
Ruschadan Qulman Ochil tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2025 yil, 1-son.

