Polkovnik tunuka qopqoqli bankani ochar ekan, bir choy qoshiqcha ham kelmas qahva qolganini ko‘rdi. U qozonchani olovdan olib, suvining yarmini yerli polga to‘kib tashlab, bankani qirtishlab, qahvaning qolgan-qutgan donalarini qozonchaga urib tushirdi va zangtob don yormasini aralashtirdi.
Qahva qaynaganicha, pechka yaqiniga cho‘kib, zo‘r berib o‘zini tingladi. Unga, ichida qandaydir zaharli zamburug‘laru suvo‘tlari g‘ovlab borayotganday tuyuldi. Oktyabrning odatiy tonglaridan biri edi. Polkovnikday ko‘pni ko‘rgan kishini ham vaqtning odatdagi imillab o‘tishi qiynar edi. Axir u necha bir oktyabrlarni qo‘ldan o‘tkazmadi! Mana qariyb, ellik olti yil bo‘ldi – fuqarolar urushidan keyingi butun umrini polkovnik kutishga sarflabdi. Mana shu oktyabr ham nimaningdir ilinjida o‘sha kutishlardan bir bo‘lagi.
Choli yotoqxonaga qo‘lida qahva bilan kirganini ko‘rib, kampiri pashshaxonasining bir uchini ko‘tardi. Bu kecha ham uni damqisma xuruji qiynagan, endi uyqusizlikdan karaxt edi. Shunga qaramay, finjonni olish uchun bir amallab, o‘rnidan sal ko‘tarildi.
– O‘zingga-chi?
– Men ichdim, – yolg‘onladi polkovnik. – Unda naq bir qoshiqcha qolgan ekan.
Shu payt jom daranglashi eshitildi. Polkovnik dafn marosimini xotirladi. Kampiri qahvani ichib bo‘lgunicha, u gamagini yig‘ishtirib, eshik ortiga berkitdi.
– U yigirma ikkinchi yil tug‘ilgan edi, – dedi kampiri marhum haqida xayol surib. – Oltinchi aprel kuni. O‘g‘limiz dunyoga kelganidan roppa-rosa bir oy o‘tib.
Kampiri harsillab, qiynalib nafas olarkan, orada qahvani ham qultum-qultumlab arang ichar va uzoq tin olardi. U nozikkina bo‘lgani bilan, suyaklari mo‘rtlashib, allaqachon tanasi qotib bo‘lgandi. Damqismasi ovozini ko‘tarishga imkon bermas, shuning uchun barcha gap-so‘zlarga javobi tasdiqlayotganday chiqardi. Nihoyat qahvani ichib bo‘ldi. Marhum haqidagi fikrlar esa hamon miyasini tark etmagandi.
– Dahshat-a, naq oktyabrda tuproqqa qo‘yilish, to‘g‘ri emasmi? – dedi u.
Aksiga eri so‘zlariga jiddiy qaramadi. Polkovnik derazani ochdi. Hovlini oktyabr o‘z izmiga solayozgandi. Namiqqan maysalarga, zax yerdagi yomg‘ir izlarida bijg‘igan qurt-qumursqalarga zingil solib qarar ekan, polkovnik butun vujudida yomon bir rutubatni his qildi.
– Mening hatto suyaklarim ham zax tortib ketgan, – dedi u.
– Qish, – javob qildi kampiri. – Yomg‘irlar boshlangandan buyon, oyog‘ingga paypoq kiyib yot, deya javraganim-javragan.
Yomg‘ir maydalab, ezib yog‘ardi. Polkovnik jun odeyalga o‘ralib, yana gamagiga cho‘zilmoqchi bo‘ldi. Biroq cherkovning ko‘mush qo‘ng‘iroqlari darang-durung qilib, janoza marosimi haqida qat’iy turib eslatayotgandi.
– Ha, oktyabr, – derazadan ortga qaytarkan pichirladi u. Faqatgina shundan keyingina esiga karavot oyoqchasiga bog‘lab qo‘yilgan xo‘roz tushdi. Bu o‘sha urushqoq xo‘roz edi.
Polkovnik finjonni oshxonaga eltib qo‘ydi va mehmonxonadagi chorcho‘pi naqshinkor devor soatini tobladi. Damqisma bemor uchun tang-tor yotoqxonadan farqli o‘laroq, mehmonxona keng, tevaragini to‘qilgan to‘rttadan to‘r arg‘imchoq o‘rindiqlar egallagan, ustida dasturxon to‘shalgan stol, gipsdan yasalgan mushuk bunda o‘zgacha bir zeb, salobat bag‘ishlar edi. Soatning ro‘parasidagi devorda surat osilgan – qayiqda oppoq nafis libosdagi bir ayol o‘tirar, tevarak-atrofini atirgullar va muhabbat maloikalari qurshab olishgan edi.
U soatga tob to‘ldirib bo‘lgandi ham, oltidan yigirma daqiqa o‘tdi. Polkovnik xo‘rozni oshxonaga olib kelib, o‘choq yoniga bog‘ladi. Idishdagi suvini almashtirdi, oldiga bir siqim jo‘xori sepdi. Shox-shabba bilan to‘silgan panjaradan suqilib kirib olgan bir gala churvaqalar xo‘roz tevaragini olishgancha, indamasdan uning har bir xatti-harakatini yutoqib kuzatishar edi.
– Tomoshani bas qilinglar, – o‘shqirdi polkovnik. – Haddan ortiq mahliyo bo‘linsa, xo‘rozlarga ko‘z tegadi.
Bolakaylar qimirlashmadi. Oralaridan biri og‘izda chalinadigan garmonida urfdagi termalardan birini xirgoyi qildi.
– Bugun buni ijro qilish mumkin emas, – ogohlantirdi polkovnik. – Shahardan o‘lik chiqadi.
Bolakay garmonini cho‘ntagiga yashirdi, polkovnik esa janozaga borish uchun kiyimlarini almashtirish maqsadida xonasiga yo‘naldi.
Damqisma xurujlaridan keyin kampiri uning oq kostyumini dazmollolmagan, qora syurtigidan boshqa aytarli ustiga iladigan hech vaqosi yo‘q, u esa uylanganidan so‘ng favqulodda marosimlardagina esiga tushar edi. Polkovnik gazetalarga o‘rab tashlangan, naftalin isi burqsigan kostyumini hamma joyni titkilab, sandiqning bir chekkasidan arang topdi. Kampiri esa karavotga suyanganicha hamon mayyit haqida o‘ylardi.
– Ehtimol u hozir Avgustin bilan uchrashgan ham chiqar, – dedi u. – Faqat Avgustinga uning o‘limidan keyin biz juda qiyin ahvolga tushib qolganimizni aytib bergan bo‘lmasin-da.
– Albatta, unda xo‘rozlar borasida bahslashib qolishlari turgan gap, – taxminini ayta qoldi polkovnik.
U sandiqdan kattakon eski soyabonini topdi. Kampiri uni polkovnikka tegishli partiya foydasiga o‘tkazilgan lotereya o‘yinida yutib olgan edi. O‘sha kech ular spektaklga tushishgan; tomosha ochiq osmon ostida o‘tgan, hatto uni quyib turgan jala ham to‘xtolmagan edi. Polkovnik, xotini va Avgustin – o‘shanda u sakkiz yoshda edi, hammalari soyabon panasida tomoshaning oxirigacha o‘tirgan edilar. Endi Avgustin yo‘q, soyabonning oq atlas astarini esa kuya yeb bitiribdi.
– Mana bu masxaraboz soyabonga qara, – dedi odaticha hazillashib polkovnik maxsus metaldan bo‘lgan murakkab tuzilishli, sim to‘rli soyabonni boshi uzra ocharkan. – Endi bu sabil qolgur osmondagi yulduzlarni sanashgagina yaraydi…
U kulib qo‘ydi. Kampiri esa hatto soyabonga qayrilib qaramadi ham.
– Hammasi – xuddi shunday, – pichirladi ayol. – Biz tiriklay chirib boryapmiz. – U hech nima mayyit haqidagi o‘ylariga xalaqit bermasligi uchun ko‘zlarini yumib oldi .
Polkovnik bir amallab soqolini qirtishlagan bo‘ldi – allazamonlardan buyon uyda oyna yo‘q edi – so‘ng indamay kiyindi. Shimi tor, xuddi ishton kabi oyoqlariga yopishib, to‘piqlariga tiralib qolar ekan, u beliga ikki belbandni mahkamlab, zarhal to‘qalarini teshiklaridan o‘tkazdi. Polkovnik tasma taqmadi. Kartonday qattiq eski ko‘ylagining rangi o‘chgan, yoqasini tik ushlab turish uchun mis tugmalar ikki yog‘idan o‘rin olgan edi. Biroq qoplamaning yoqasi yirtilgan, shuning uchun polkovnik uni taqmadi va galstuksiz borishga qaror qildi.
U qandaydir tantanali marosimga borayotganday kiyindi. Suyagi chiqib qolgan, terisi tiniq qo‘llarini ekilganday qizil dog‘lar bosgan, bunday dog‘lar bo‘ynida ham ko‘rinardi. Hammasidan oldin loklangan botinkani kiyish uchun, poyabzalning chetlariga yopishgan loylarini qirtishlab tozaladi. Kampiriga polkovnik xuddi to‘yga borayotgandek kiyingan ko‘rindi. Yana u cholining qanchalar qariganini ham sezmasdan qolmadi.
– Sen namuncha yasanib olding, – dedi u. – Go‘yo favqulodda bir voqea yuz bergandek.
– Bo‘lmasa-chi, bu hamisha ham yuz beradigan voqea emas, – dedi polkovnik. – Necha yillardan keyin birinchi marta bir odam o‘z ajali bilan qazo qildi.
Soat to‘qqizda yomg‘ir tindi. Polkovnik chiqib ketayozgan edi, biroq kampiri uni qo‘lidan ushlab to‘xtatdi.
– Sochlaringni tarasang-chi.
U suyakdan yasalgan tarog‘i bilan o‘zining po‘lat rang qattiq sochlarini tarashga unnab ko‘rdi. Ammo tarayolmadi.
– Naq to‘tiga o‘xshab qolibman-ku, – dedi u.
Ayol eriga diqqat bilan razm soldi. Yo‘q, – o‘yladi u, – bu qotma odam cho‘yandan qo‘yilganday, to‘tiga hech ham o‘xshamaydi. Anovi sharti ketib parti qolgan chollardan o‘lsa o‘ligi ortiq – uning qaroqlari hayot ziyosi bilan limmo-lim.
– Hammasi joyida, – deb qo‘ydi ayol. Faqat eri xonadan chiqib ketarida gapiga qo‘shimcha qildi: –Doktordan so‘ra-chi, uyimizga kelganida qiynagan dog‘ suvdan kuyib qolmaganmikin?
Ular kichkinagina shaharchaning bir chekkasida, devorlari shilingan, tomi palma yaproqlari bilan yopilgan uyda yashashar edi. Avvaldanoq zax, yomg‘ir yog‘may qo‘ygan paytlar ham bu sezilardi. Polkovnik uylari bir-biriga yopishib turgan tor ko‘chani ortda qoldirib, maydonga tushdi. Markaziy ko‘chaga chiqarkan, birdan badani jimirlab ketdi. Butun shaharcha gullar to‘shalgan gilam yanglig‘ edi. Qora kiyingan ayollar eshik oldida o‘tirib, ma’raka boshlanishini kutishardi.
Polkovnik maydonni kesib o‘tayotgandi yana yomg‘ir tomchilay boshladi. Eshigi ochiq bilyardxonadan unga ko‘zi tushgan xo‘jayini qo‘lini silkib qichqirdi:
– To‘xtab tursangiz-chi, polkovnik, men sizga soyabon eltib beraman.
Polkovnik u tomonga boshini burmasdan javob qaytardi:
– Bezovta bo‘lmang, o‘tib ketadi.
Ma’raka hali boshlanmagandi. Kirish joyida soyabonlari ostida oq kostyum, qora galstuklarda erkaklar tizilishgandi. Ko‘lmaklardan hatlab o‘tayotgan polkovnikka ulardan biri e’tibor qildi.
– Buyoqqa keling, yoshulli, – chaqirdi u, soyaboni ostidan joy berishga taklif qilib.
– Rahmat, yoshulli, – dedi polkovnik.
Biroq marhamatga rag‘bat ko‘rsatmadi. U darhol uyga kirdi, marhumning onasiga ta’ziya bildirib, ko‘ngil so‘radi. O‘sha zahotiyoq dimog‘ida anvoyi gullar isini to‘ydi. Bundan nafasi qaytib ketdi. Uni olomon bir chekkada qolgan yotoqxona sari surib borishga tushgandi. Kimdir uning beliga qo‘lini tiraganicha, turnaqator parishon kishilarning yonida xonaning to‘riga, ichkariga qarab surdi, unda burun teshigi yalpoqlanib o‘raday qorayib ketgan mayyit yotardi.
Tobut yonida marhumning onasi o‘tirar, palma barglaridan bo‘lgan yelpig‘ich bilan pashshalarni haydar edi. Qora kiyingan boshqa ayollar mayyitga shunday bir nigoh bilan qarashar ediki, oqayotgan daryoga xuddi shunday boqiladi. Birdan izdihomdan ovoz chiqdi. Polkovnik qandaydir ayolni o‘zidan chetlatib, marhumning onasiga egildi va qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi. Tishlarini qisib dedi:
– Chuqur hamdardligimni qabul qilgaysiz.
Ona boshini ko‘tarmadi. U og‘zini ochib, uvvos soldi. Polkovnik seskanib ketdi. Ayyuhannosi haddidan oshgan betartib omma uni mayyit tomon surib borardi. Polkovnik devorga suyanib, o‘zini ushlamoqchi bo‘ldi, biroq qo‘llari ul joyga yetmasdan, kishilar tanasiga urilar edi. Kimningdir muloyim, sokin ovozi qulog‘i yaqinida yangradi:
– Ehtiyot bo‘ling, polkovnik.
U qayrilib qaradi. Nigohi marhumga tushdi. Mayyitni tanish qiyin: tirikligida baquvvat va serg‘ayrat edi, hozir esa oqqa o‘ralgan, qo‘llarida klarnet bilan ham negadir polkovnikning o‘ziday, gangib qolgan ko‘rinardi. Birozdan keyin polkovnik sal bo‘lsa-da, toza havo ho‘plash umidida boshini ko‘tarar ekan, mahkamlangan tobut kishilar boshi uzra chayqalgancha, devorlarga sachrab borayotgan gullar to‘lqinida eshik tomon suzib ketayotganiga ko‘zi tushdi. Polkovnik terga botdi. Uning bo‘g‘inlari sirqirab og‘rirdi. Daqiqa o‘tmasdan yomg‘ir tomchilari qoshlariga urilgach, ko‘chada turganini tushundi. Kimdir uning yengidan tortib dedi:
– Yoshulli, men sizni intizorlik bilan kutaman.
Bu, marhum o‘g‘lining cho‘qintirgan otasi, don Sabas bo‘lib, partiya yetakchilaridan, siyosiy ta’qiblardan omon qolib, shaharda istiqomat qilayotgan yagona kishi edi.
– Rahmat, yoshulli, – polkovnik bir og‘iz javob qilgancha, soyabon ostida jimgina olg‘a bosdi. Mashshoqlar motam marshini chalishardi. Polkovnik bu surudda faqatgina klarnet nolasi yetishmayotganiga e’tibor qildi, faqat shu lahzaga kelibgina uning ong-shuuriga, rostdan ham marhum bu dunyodan ko‘ch-ko‘ronini ko‘taribdi, degan haqiqat yetib bordi. – Sho‘rlik, – deya pichirlab qo‘ydi u.
Don Sabasni yo‘tal tutdi. U soyabonini chap qo‘liga olib, izdihom bo‘yiga teng bo‘lishi uchun yuqoriga ko‘tarishga zo‘r berdi, zero u polkovnikka qaraganda ancha-muncha pakana edi. Dafn oqimi maydondan o‘tgandan keyin, erkaklar gapga tushib ketdi. Don Sabas polkovnikka g‘amgin qarash bilan yuzlandi.
– Xo‘roz jonlimi, yoshulli?
– Bir navi.
Shu payt boshlari uzra baqiriq eshitildi.
– Shayton sizlarni marhum bilan qayerga yo‘llayapti?
Polkovnik nigohini ko‘tardi: kazarma balkonida notiq atvorida turgan alkaldga ko‘zi tushdi. U kalta ishton, ichki kuylakda, soqoli olinmagan, yuzi ham shishinqiragan bir alfozda edi. Mashshoqlarning motam surudi uzilib qoldi. Shu zahoti alkaldga javoban hazrat Anxelning nimalardir deb qichqirgani polkovnikning qulog‘iga chalindi. Polkovnik qulog‘ini ding qildi: biroq so‘zlar soyabonga yomg‘irning shatar-shutur urilishi ostida aloq-chaloq eshitilar edi.
– Nima gap u yoqda?
– Hech nima, – javob qildi polkovnik. – Aytishicha, mirshablar kazarmasi oldidan marhumni ko‘tarib o‘tish man etilgan ekan.
– Men buni butunlay unutibman! – hayqirdi don Sabas. – Qurshovda yashayotganimizni hamisha unutaman-da!
– Axir, bu isyon emas-ku, – e’tiroz bildirdi polkovnik. – Biz faqat boyoqish mashshoqni dafn qilyapmiz.
Marosim oqimi yo‘nalishini boshqa tomonga burdi. Shaharning abgor bir chekkasiga yetib kelinganda, indamasdan tirnoqlarini yamlagancha mo‘ltirab turgan xotin-xalajlar galasiga duch kelishdi. O‘tib ketishgach esa, ko‘chaning o‘rtasiga galalashib chiqishib, dafn oqimi ortidan o‘zlarining hamd, rozi-rizolik, minnatdorchilik, xayrlashuv duolarini yo‘lladilar; ayollar, tobutdagi mayyit bularning barini eshitadi, deb qattiq ishonishar edi. Qabristonda polkovnikning mazasi qochdi. Don Sabas uni devorga suyab qo‘yib, tobutni oldinga olib o‘tuvchi kishilarga yo‘l ochdi, keyin esa kechirim so‘ragandek unga tabassum qilar ekan, polkovnikni hushi boshidan uchgan holda ko‘rdi.
– Yoshulli, sizga nima bo‘ldi?
Polkovnik cho‘chib tushdi.
– Oktyabr-da, yoshulli.
Yana shu yo‘l bilan ortga qaytishdi. Yomg‘ir ham tingan. Osmon tiniq, ko‘m-ko‘k edi. “Mana, yomg‘ir ham bas qildi”, – o‘yladi polkovnik. U ancha o‘ziga kelib qolgan, lekin haligina boshidan kechirganlari xayolidan ketmagandi. Don Sabas uni ayni pallaga qaytardi.
– Yoshulli, siz bir vrachga ko‘rinishingiz kerak.
– Men xasta emasman, – dedi polkovnik. – Hamisha oktyabr bo‘ldi deguncha o‘zimni shunday yomon his qilaman, go‘yo ichimni allaqanday yovvoyi yirtqichlar g‘ajiyotganday bo‘laveradi.
– Hm, – deb qo‘ydi don Sabas. U polkovnik bilan yangi, derazalariga temir panjaralar o‘rnatilgan, ikki qavatli qasri ostonasida xayrlashdi. Polkovnik ham uyiga jo‘nadi, u ko‘chaga ilib chiqqan qora kostyumini qancha bo‘lsa, shuncha tez yechib tashlamoqni istardi. Biroq bir daqiqadan keyin yana ko‘chaga qaytib chiqdi, burchakdagi do‘konchadan bir banka qahva va yarim funtga xo‘roziga jo‘xori olmoqchi bo‘ldi.
Polkovnik ushbu payshanbada gamakda cho‘zilib yotishni afzal ko‘rgan bo‘lardi, holbuki u xo‘roz bilan andarmon edi. Yomg‘ir necha kundan buyon ezib, to‘xtamasdan yog‘adi. Uning qornidagi suvo‘tlari o‘tgan haftadagidan ham baravj bo‘lganday. Tundayam uxlolmay chiqdi – xotinining xurillashi tinchlik bermadi. Oktyabrning bu jumasida o‘ziga dam berdi. Tikuvchilik ustaxonasida tirikchilik qiladigan, xo‘roz urishtirish ishqibozlari bo‘lgan Avgustinning oshnalari imkoniyatdan foydalanib, xo‘rozni ko‘rishga kelishdi. Xo‘roz miltiqning o‘qiday edi.
Ular ketgachgina polkovnik yotoqxonaga qaytdi.
– Ular nima deyishyapti, – so‘radi kampiri.
– Zavq-shavqlarining cheki yo‘q. Xo‘rozga tikish uchun pul yig‘ishmoqda.
– Bilmadim, bu qirilgur xo‘rozdan nima fazilat topishgan ekan, – dedi ayol. – Borib turgan ipirisqi. Bu g‘o‘labir oyoqlariga mittigina boshchasi shunaqa ham nomunosibki…
– Ularning aytishicha, okrugning eng zo‘r xo‘rozi bu,– e’tiroz qildi polkovnik. – Ellik pesodan kam turmaydi.
Ushbu dalil o‘g‘lidan qolgan xo‘rozni o‘zida saqlab qolish qarorini oqlashiga ishonchi komil edi; to‘qqiz oy oldin xo‘rozlar jangi vaqtida varaqalar tarqatganlikda ayblanib, Avgustin vujudini o‘qlar ilma-teshik qilib tashlagandi.
– Bundan nima naf, – yozg‘irdi kampiri. – Hademay jo‘xori tugagach, uni o‘z jigarimiz bilan boqishga to‘g‘ri keladi.
Polkovnik bu paytda shkafdan kanopdan tikilgan shimini izlagancha, o‘zicha bir fikrga kelmoqqa urinardi.
– Bor-yo‘g‘i bir necha oy chidab tursak bo‘ldi, – dedi u. – Bari oldindan ma’lum-ku, urushtirish yanvar oyida bo‘lib o‘tadi. Undan keyin uni yanayam qimmatga sotishimiz mumkin.
Shimi g‘ijim edi. Kampiri uni plitaning ustiga yoyib, ikki bug‘lama dazmol bilan tekislab bermoqchi bo‘ldi.
– Senga nega ko‘chaga chiqish lozim bo‘lib qoldi? – so‘radi eridan.
– Pochtaga…
– Butunlay unutganimni qara, bugun juma-ku, – dedi o‘z-o‘zicha g‘udranib u xonaga qaytar ekan. Polkovnikka shimni kiyishgina qoldi. Ayol erining botinkasiga boshini chayqab qaradi.
– Allaqachon uloqtirish kerak edi. Amirkonisini kiy.
Polkovnikni umidsizlik girdobiga tortdi.
– Bular ham sag‘irning o‘zginasi. Har safar, qachon ularni kiymoq taqdir qilsa, yetimxonadan qochib ketayotganday bo‘laveraman.
– Avgustinning o‘limidan keyin bizlar ham yetim bo‘lib qoldik, – dedi kampiri.
U yana polkovnikni inontirdi. Portga katerlar shovqin-suron solmasidan ilgariroq yetib bordi. Amirkoni botinka, oq shimda bo‘lib, yoqasiz oq kuylagining mis tugmalarini o‘tkazib olgan edi. Muso shomiyning do‘konidan katerlarni qanday bog‘lashlarini birpas tomosha qilib turdi. Qirg‘oqqa tushganicha kema o‘rindig‘ining bir joyida sakkiz soatlab qimirlamay o‘tirish yo‘lovchilarni juda qiynab yuborar edi. Hamishagidek, bular sandiroqlab yuradigan bozorchilar va o‘tgan hafta shahardan ketishgan aholi bo‘lib, mana yana odatdagi tirikchilikka qaytib kelishayotgan edi.
Pochta kemasi eng oxiri keldi. Uning arqonlanayotganini polkovnik xavotir bilan kuzatdi. Palubada quvurga bog‘lanib, brezent parchasi bilan yopilgan pochta xaltachasi yotardi. Polkovnik nigohi bilan shu zahoti uni ilg‘adi. O‘n besh yillik orziqib kutishlar savqi tabiiyni peshlagandi. Xo‘rozi esa toqatsizlanishini oshirgandi.
Ayni shu pallada pochta noziri palubaga chiqib, xaltani joyidan bo‘shatib, yelkasiga irg‘itganida, uning har bir xatti-harakatini polkovnik nazardan qochirmay kuzatib turdi. Polkovnik pochta nozirini butun ko‘cha bo‘ylab, portga ro‘parama-ro‘para jin ko‘chalardagi do‘konchalaru omborxonalarning peshtoqida namoyish uchun chiqarib qo‘yilgan turfa rangli mollar osha ta’qib qilib ortidan bordi. Har safar pochta noziri ortidan kelarkan, polkovnikda alohida, biroq hech o‘zgarmaydigan, xuddi dahshatdan halok qiluvchi bir hayajon bo‘ladi.
Pochtada vrach ham gazetalarni kutardi.
– Doktor, uyimizda qaynagan suvdan kuyib qolmagan edingizmi, ishqilib, kampirim joni halak, shuni bilib kelishimni iltimos qilgandi? – so‘radi polkovnik.
Vrach yosh, qora yarqiroq kokillari jingalak, tishlari ham aqlbovar qilmas darajada ajoyib edi. U xastaning sog‘ligi bilan qiziqdi. Polkovnik birma-bir hikoya qilarkan, pochta noziri bo‘lmachalarga xatlarni taqsimlab chiqayotganini ham nazaridan qochirmadi. Uning shoshqaloq xatti-harakati polkovnikning g‘ashini keltirdi.
Doktorga bir to‘p banderollangan xat va gazetalar kelibdi. Bir ilmiy nashrdan u muhri chetiga bosilgan xat oldi. Nozir shu yerda hozirlarga pochtani birma-bir tarqatdi. Polkovnik qutiga yegudek bo‘lib tikilar, o‘z nomi bosh harfi yopishtirilgan bo‘lmachada o‘ymalashgan xat-xabarlarga; ayniqsa konverti chetida ko‘k yo‘l-yo‘li bor “avia” xatiga ko‘zi tushib, juda ham hayajonlanardi.
Vrach gazetalar xatjildidagi muhrni ko‘chirdi. U hali eng muhim xabarlarga bir qur ko‘z tashlayotganida, polkovnik qutichadan ko‘zini uzmadi – nozir o‘ziga qarab kelishini orziqib kutardi. Biroq kutganiday bo‘lmadi. Doktor gazetalardan uzilib, polkovnikka qaradi, keyin nozirga, u allaqachon telegraf apparati oldida o‘tirardi, so‘ng yana polkovnikka boqdi. Va dedi:
– Ketdik.
Nozir boshini ko‘tarmadi.
– Polkovnikka hech nima kelmagan.
Polkovnik bo‘zarib ketdi.
– Men hech nima kutganim yo‘q, – yolg‘onladi u. Keyin doktorga o‘zining bolalarcha beg‘ubor nigohini tikdi. – Menga hech kim xat yozmaydi.
Ular indamasdan ortga qaytishdi. Doktor gazetalar mutolaasiga berilgandi. Polkovnik go‘yo yo‘qolgan chaqasini izlayotganday ketib borardi. Tiniq kechki palla edi. Maydondagi bodom daraxtlari sarg‘aygan barglarini to‘kardi. Doktorning ishxonasiga yetib kelishganida qosh qoraya boshladi.
– Qanday yangiliklar bor? – polkovnik surishtirdi.
Doktor unga bir talay gazetlarni tutdi.
– Juda mavhum, – dedi u. – Senzuradan o‘tgan satrlar orasida nimadir qolishi amrimahol.
Polkovnik eng dabdabali sarlavhalargagina shunchaki ko‘z tashladi.
Xalqaro xabarlar. Yuqoridagi to‘rt ustuncha Suvaysh kanalini milliylashtirish haqida edi. Birinchi sahifa qariyb dafn bildirgilari bilan to‘la edi.
– Saylovdan hech qanaqa umid yo‘q, – dedi polkovnik.
– Anoyi bo‘lmang, – tegishdi doktor. – Biz axir bu xaloskorlikka laqqa tushadigan yoshdan o‘tib qolganmiz.
Polkovnik gazetlarni qaytarishni istardi. Biroq doktor boshqacha tushundi:
– Olvoling o‘zingiz bilan. Kechqurun o‘qib chiqib, ertaga qaytararsiz.
Kinonazorat minorasi qo‘ng‘irog‘i sakkizinchi marta daranglashga tushdi. Hazrat Anxelga pochtadan ma’nosi lo‘nda ko‘rsatma kelgan, qo‘ng‘iroqdan foydalanib qavmni to‘plamoqchi va jamoaning ko‘zini ochib qo‘yish uchun filmlarning axloqiy darajasi haqida amri ma’ruf qilmoqchi edi. Polkovnikning kampiri qo‘ng‘iroq daranglashini o‘n ikki martagacha sanadi.
– Katta-yu-kichik uchun bosh-keti yo‘q ofat, – qarg‘andi u. – Hamma uchun baloginaning uyasi bo‘lgan bu filmlar naq bir yildan buyon namoyish qilinadi. – Pashshaxonasini ustiga tortib yana ming‘irladi kampir: – Dunyoi dunning hamma yog‘ini nahs bosib ketdi.
Polkovnik miq etmadi. U xo‘rozni karavotning oyoqchasiga bog‘ladi, uy eshiklarini mahkamlab chiqdi, yotoqxona jihozlariga qurt-qumursqa tegmasligi uchun doriladi. Keyin polga chiroqni qo‘yib, gamakni osdi-da, cho‘zilib gazeta o‘qishga tutindi.
U paydar-pay birinchi sahifadan boshlab oxirgisigacha, e’lonlarni-da qoldirmay, muk tushib o‘qidi. Kech o‘n birda yangragan bong shaharda komendantlik soati kirganidan xabar berdi. Yarim soat o‘tib, polkovnik qiroatini yakunlab, hovli eshigini ochdi, tim qorong‘ilikda, chivinlarni qochirgancha choptirdi. Xonaga qaytganida ham kampirining ko‘zi ilinmagandi.
– Veteranlar haqida hech gap bormi? – so‘radi kampiri.
– Yo‘q. – U chiroqni o‘chirib, gamakka cho‘zildi. – Avvallari hech bo‘lmaganda nafaqaxo‘rlarning ro‘yxatini chop etishardi. Mana besh yildan buyon lom-mim deyishmaydi.
Yomg‘ir tun yarmidan o‘tganda boshladi. Polkovnik titrar, bundan ham ko‘ra uni oshqozonidagi og‘riq uyg‘otib yuborgandi. Uyning qayeridadir tomchilash tovushi qulog‘iga kirdi. Jun odeyalni boshidan uloqtirib, tomchining aynan qayerdan kelayotganini aniqlamoqchi bo‘ldi. Muzdek ter tomchilari esa umurtqasi bo‘ylab oqib tushardi. Uning isitmasi bor, go‘yo qandaydir ayozli botqoqda bir doira bo‘ylab chirpirak bo‘lib aylanardi. Kimdir u bilan gap talashardi. U bo‘lsa ko‘chma karavotida cho‘zilgancha javob qilarmish.
– Kim bilan gaplashib yotibsan? – ajablandi kampiri
– Yo‘lbarsday bashang kiyingan bir ingliz bilan, u polkovnik Aureliano Buendianing lageriga kelgan emish, – dedi polkovnik. U boshqa tomoniga o‘girilib yotarkan, bezgakdan butun vujudi lovullardi. – U zot gertsog Marlboro edi.
Ertalabdanoq polkovnik o‘zini majolsiz his qildi. Qo‘ng‘iroq zangi ikkinchi marta daranglab, xo‘roz ham bezovta qichqirganda, subhi kozib karaxtligida gamakdan sakrab turishni istadi. Ammo boshi hamon gir-gir aylanardi. Ko‘ngli aynidi. U hovliga chiqib, qishning sokin shitirlari va tumanli havosida badrafxonaga yo‘naldi. Ichi sinchdan, rux tomli bo‘lma ostidan ammiak burqsirdi. Polkovnik qachon bo‘lma og‘zini ochsa, o‘radan g‘uj-g‘uj pashshalar uchishadi.
Bekor chiqqanga o‘xshaydi. U randalanmagan taxta ustida og‘riqdan qiynalib o‘tirdi. – Nachora, – u pichirlab qo‘ydi. – Oktyabrda menda hamisha shunday bo‘ladi. – Qornida zamburug‘lar g‘imirlayotganiga qaramay, hozircha tom bir ishonchda tek qotgancha kutardi. Keyin xo‘rozni o‘ylab yana uyga kirdi.
– Tunda sen bezgakdan alahlab chiqding, – dedi kampiri.
U hafta davomida xuruj qilgan damqismasi sal tinch qo‘yishi bilan uyni saranjomlashga kirishib ketgandi. Polkovnik eslashga urindi.
– Bu bezgak emas, – yolg‘onladi. – Tushimga yana o‘rgimchak ini kiribdi.
Kampiri hamishagidek xastalik xurujidan keyin serg‘ayrat bo‘lib qolardi. Ertalabdanoq uyni boshdan-oyoq ag‘dar-to‘ntar qilib, tartibga keltirishga kirishdi. Devor soati va nimfa siymosi tushirilgan suratdan mustasno boshqa hamma jihozlarning o‘rnini almashtirdi. Qora ko‘ylak kiygan, mitti jussali va nozikkina polkovnikning xotini, parday shippakda, sharpaday butun uy bo‘ylab zir yugurar, go‘yo to‘rt devorga singib ketmoqchidek tuyulardi. Biroq soat o‘n ikkiga yetganida, bu ayol vazn va moddiylik kasb etar, karavotga bir qop poxoldek baayni jonsiz ag‘anar, hozir esa paporotnik va begoniyali tuvaklar oralab betinim izg‘ir, butun borlig‘i bilan uyni to‘latgan edi.
– Avgustinning o‘limidan keyin qariyb bir yil orasida biron marta ham xirgoyi qilmabman-a, – dedi u kostryulkaga kesib solingan tsitrus meva bo‘laklari qaynayotgan taomni aralashtirar ekan.
– Xirgoyi qilishni xohlarkansan, kim qo‘lingdan ushlayapti, kuyla, – dedi polkovnik. – Buning o‘t pufagiga ham nafi tegadi.
Doktor tushdan keyin keldi. Polkovnik oshxonada kampiri bilan qahva ichib bo‘layozganda, u kirish eshigini siltab ochdi-da, o‘sha yerdan bo‘kirdi:
– Bemorlarimiz qanday, jonlari chiqib ulgurganicha yo‘qmi?
Polkovnik uni qarshilash uchun o‘rnidan turdi.
– Yopiray, doktor, – dedi u. – Men doim aytaman, sizning soatingiz hamisha ilgarilab ketadi.
Vrach ko‘rigiga tayyorgarlik ko‘rib olish uchun ayol ichkariga kirib ketdi, polkovnik bilan doktor mehmonxonada qolishdi. Jazirama avjidaligiga qaramasdan, doktorning kanop kostyumi bekamu ko‘st ohorli edi. Ayol tayyor bo‘lgani alomatini bildirganida, doktor o‘rnidan turib, polkovnikka qanaqadir varaqalari bor konvert tutqazdi.
– Bunda kechagi gazetlarda yozilmagan nimalardir bor.
Bular yashirin mimeografda chop etilgan, keyingi paytlarda sodir bo‘lgan voqealar tafsiloti ekanligini polkovnik darrov fahmladi. Mamlakatning ichki tumanlaridagi qurolli qarshilik haqida xabarnomalar. Polkovnik larzaga keldi. U o‘n yillardan buyon taqiqlangan adabiyotlarni muntazam o‘qib borsa-da, siyosatning fe’lini tushunolmasdi: negaki, doimo eng so‘nggi yangiliklar eng umidvor ruhda bo‘lardi. Doktor mehmonxonaga qaytganda, u o‘qib tugatish arafasida edi.
– Mening mijozim mendan-da sog‘lomroq, – dedi doktor. – Bunday damqisma bilan men yana yuz yil yashashim mumkin.
Polkovnik unga xo‘mrayib qarab qo‘ydi. Bir og‘iz ham gapirmasdan konvertni uzatdi. Biroq doktor olmadi.
– Boshqalarga ham bering, – xotirjam dedi u.
Polkovnik konvertni cho‘ntagiga tiqdi.
– Doktor, kunlardan bir kun ajalim yetib o‘lsam, sizni ham o‘zim bilan do‘zaxga tortib ketaman, – dedi ular oldiga chiqib kelgan xasta ayol.
Javobiga doktor ko‘zni qamashtiradigan tishlarini yaraqlatib, tirjayib qo‘ydi, xolos. Keyin katta bir odim bilan stullardan birini stolga yaqinroq surib, jomadonchasidan bir necha xil yangi dori-darmonlarning ko‘rgazma namunalarini chiqarib terdi. Ayol to‘xtamasdan oshxona tomonga o‘tarkan, yo‘l-yo‘lakay dedi:
– To‘xtab turing, men qahvani ilitib kelaman.
– Yo‘q, rahmat, – dedi doktor boshini ko‘tarmasdan. U retsept yozishga tutindi. – Meni zaharlashingizga zarracha ham imkon qoldirolmayman.
Oshxonada ayol qiqirladi. Doktor yozishni nihoyasiga yetkazib, ovoz chiqarib o‘qidi, o‘zi iqror bo‘lganidek, nima yozilganini boshqa birov hijjalolmasdi ham. Polkovnik bor kuchini ishga solib butun diqqat-e’tiborini bir yerga to‘plashga harakat qilardi. Ayol xonaga kirar ekan, o‘tgan tuni mijja qoqmay chiqqanligi eriga ta’sir qilganini payqadi.
– Shu kech ham tongga yaqin uni bezgak tutdi, doktor, – diydiyo qildi ayol. – Qariyb ikki soat fuqarolar urushi haqida alahlab chiqdi.
Polkovnik seskanib ketdi.
– Bu hech ham bezgak emas, – dag‘allik bilan dedi u o‘zini qo‘lga olishga urinib. – Qolaversa, haqiqatdan ham ahvolim yomonligini his qilsam, o‘ligimni birovga tashlab qo‘ymayman. O‘zimni o‘zim axlat o‘raga irg‘ita olaman.
U gazetalarni keltirish uchun xonadan chiqib ketdi.
– Gullar uchun rahmat, – dedi doktor.
Maydongacha ular birga borishdi. Havo quruq edi. Jaziramadan asfalt eriy boshlagandi. Doktor xayrlashayotganida, polkovnik siqiq tishlari orasidan xotirjam so‘radi:
– Doktor, sizdan qancha qarzdormiz?
– Hozir hech qancha, – derkan doktor uning yelkasiga urib qo‘ydi. – Xo‘roz g‘olib chiqqan kuni esa birato‘la erishingizga to‘g‘ri keladi.
Polkovnik tikuvchilik ustaxonasi tomon yo‘naldi, Avgustinning oshnalariga varaqalarni beradi. U uchun ustaxona yagona boshpana edi. Polkovnikning partiyaviy o‘rtoqlarining ko‘pi allaqachon o‘ldirilgan yo shahardan badarg‘a qilingan, u yolg‘izlanib qolgan, har jumada pochtaga borishdan bo‘lak hech bir ma’nili mashg‘uloti yo‘q edi.
Kunduzgi oftobning tafti kampirini ruhlantirib yuborgan edi. Dahlizdagi begoniyalar yonida joylashib olganicha, sandiqdan eski-tuski kiyim-kechaklarni oldiga yoyib o‘tirardi, u bir marta emas, har safar yo‘q joydan shunday bir yangi liboslar ijod qilib tashlardiki, tan bermasdan boshqa iloj qolmasdi. Yengchalardan bejirim yoqalar, kiyimning astaridan qadama yenglar, rangdor, to‘rtburchak parcha-quroqlardan ajoyib kuylakchalar paydo bo‘lgani ko‘zni yashnatar edi. Tevarakda esa ninachilar bir xil ohangda chirillab muallaq uchib yurardi. Oftob ufq sari imillab sirg‘alardi, ammo begoniyalar orasida ivirsigan ayol uning qanday botib borayotganini ko‘rmasdi. U faqat kechki payt, polkovnik uyga qaytgandan keyingina boshini ko‘tardi. U bo‘ynini barmoqlari bilan bir siqib, keyin qo‘llarini bo‘shatarkan dedi:
– Miyam juda ham suyulib ketganga o‘xshaydi.
– Azaldan ham go‘r bo‘lmagansan, – chaqib oldi polkovnik. Kampiri orqa-oldini kamalakrang qiyqimlarga to‘ldirib tashlaganini ko‘rib, bu luqma yetarli emasday qo‘shimcha qildi: – Sen qizilishtonning o‘zisan.
– Ustingni butlash uchun qizilishton bo‘lishga ham roziman, – derkan u har xil rangdagi qiyqimlardan tikilgan ko‘ylakning boshqa tarafini ag‘dardi. Ko‘ylakning faqat yoqasi va yenglari bir xil edi. – Karnavalga borganingda, kamzulni yechsang, asqotib qoladi.
Xuftonga chalingan qo‘ng‘iroq ayolning gapini bo‘ldi.
– Parvardigor farishtasi Bibi Maryam ruhiga yuksaltir, – deya ming‘irlagancha, qo‘lidagi kiyimlar bilan ayol yotoqxonaga yo‘naldi.
Polkovnik maktabdan qaytarida yo‘lakay xo‘rozni ko‘rish uchun kirgan bolalarni gapga tutdi. Keyin ertaga jo‘xori yo‘qligi esiga tushib, kampiridan pul so‘rash uchun yotoqxonaga kirdi.
– Menimcha, bor-yo‘g‘i ellik sentavo qoldi, – dedi kampiri.
Ayol pullarni bir lattachaga tugib, chetdagi ko‘rpacha tagida saqlardi. Bu pullar Avgustining tikuv mashinkasi sotuvidan tushgan edi. Mana to‘qqiz oydan buyon shu zaylda, o‘sha mablag‘ hisobidan o‘zlarining tirikchiligini o‘tkazishar, xo‘roz uchun chaqama-chaqa, birin-ketin sarflashib, yashab kelishar edi. Hozir o‘sha pulning o‘ndan biri: ikkita yigirma sentavo va bitta o‘n sentavolik tanga qolgandi.
– Bir qadoq jo‘xori sotib olasan, – dedi ayol. – Ertaga qahva sotib olishga ham qolsin. Keyin to‘rt untsiya pishloq ham.
– Yana eshiklarga osib qo‘yish uchun zarhal filcha, – jo‘r bo‘ldi polkovnik ham. – Bir qadoq jo‘xori qirq ikki sentavo turadi.
Ular o‘ylanib qolishdi.
– Xo‘roz – jonivor, demak chidab tursa ham bo‘ladi, – deb gap boshlagan ham ediki, kampiri, ammo polkovnikning yuzida qalqib chiqqan ifodani ko‘rib, tilini tiyishga majbur bo‘ldi.
Polkovnik karavotga o‘tirib, tizzasiga tirsaklarini qadab, kaftidagi tangalarni shaqirlatdi.
– Gap faqat menda emas-da, – dedi polkovnik biroz gapirmay turgandan keyin. – Agar menga bog‘liq bo‘lganida, uni shu bugunoq, sho‘rvaning tagiga bostirib yuborgan bo‘lardim. Oshqozonning onasini shunaqa ham ko‘rsatardiki… Naq ellik peso-ya! – U bir daqiqa to‘xtab qolib, bo‘ynidagi pashshani ezg‘iladi. Nigohi esa kampirining ortidan, butun xona bo‘ylab bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurardi. – Bilasanmi, anovi sho‘rlik bolalarni ham o‘ylamasa bo‘lmaydi-da, axir barcha to‘plagan pullarini, shu jinqar xo‘rozimizga tikishgan-da.
Endi yana ayol o‘ylanib qoldi. U butun xona bo‘ylab shu shilqim pashshalarni qiyratadigan dorini sochib yurarkan, polkovnikda go‘yo kampiri uydagi ruhlarni kengashga chaqirmoqchidek tasavvur paydo bo‘ldi. Oxiri ayol kichkina purkagichni toshbosmali mehrob oldiga qo‘yib, qiyomrang ko‘zlarini to‘g‘ri erining qiyomrang ko‘ziga tikdi.
– Jo‘xori sotib ol, – dedi ayol. – Nima bo‘lishimiz birgina Xudoga ayon.
Polkovnik keyingi hafta davomida har gal stol yoniga o‘tirsa: “Nasibamizni bizga yetishi – mo‘jiza”, – deb yurdi. Kampiri yo‘q joydan liboslar tikib tashlaydigan chevarligiga yarasha, yo‘qni yo‘ndirib yegulik ham tayyorlay olar edi. Oktyabr nafas rostlash imkonini cho‘zdi. Namgarchilik odam murdadek tosh qotib mudraydigan sharoit bilan almashdi. Kunduzi oftobning mis shu’lasidan ruhlangan ayol uch kechasini butunlay qaralmagan sochlariga bag‘ishladi.
– Mana nihoyat, tantanali marosim boshlanyapti, – dedi polkovnik ayoli o‘zining kulrang uzun sochlarini siyrak tishli tarog‘i bilan tarashga tushgan kuni.
Ikkinchi kun hovlida ayol tizzasida choyshabini yoyganicha tarog‘i bilan sochlarini tarab, xastaligida bosib ketgan bitlarini terardi. Uchinchi marta boshini xushbo‘y gulobga yuvib, sochi qurishini kutib tin olar ekan, tepasini turmaklab, to‘g‘nog‘ichlar qistirib qo‘yardi.
Polkovnikning xayoli xo‘rozlar bilan band edi. Hatto tunda uxlolmay gamakda u yoqdan bu yoqqa ag‘anab yotarkan, faqat ular haqida o‘ylardi. Chorshanbada xo‘rozning vaznini tarozida tortib ko‘rarkan, u me’yoridagidek tuyuldi. O‘sha kuni Avgustinning xush-xandon o‘rtoqlari polkovnik bilan xayrlashib chiqib keta turib, xo‘rozning g‘olib chiqishini ham o‘zlaricha bashorat qilishdi. Kampiri sochlarini kaltartirgan polkovnik ham o‘zini bardam his qildi.
– O‘tgan yigirma yil yukini ham boshimdan olib tashlading, – dedi polkovnik boshiga qo‘lini tegizib. Kampiri uning haq ekanligi haqida o‘yladi.
– Men o‘zimni yaxshi his qilganimda, o‘likni ham tiriltirib yuborishim hech gap emas, – dedi ayoli.
Biroq ularning bu xotirjamligi uzoq davom etmadi. Soat bilan suratni aytmaganda, uyda sotishga qariyb hech nima qolmagandi. Payshanba kechqurun g‘amlaganlarining tagi ko‘ringanda kampiri tipirchilashga tushdi.
– G‘am yema, – uni tinchlantirdi polkovnik. – Ertaga pochta keladi.
Ertasi kuni u doktorning ishxonasi yaqinida turib, kemani orziqib kutardi.
– Samolyot – alomat matoh-da, – derkan polkovnik nigohini pochta xaltasidan uzmasdi. – Eshitishimcha, u bir tunda Yevropaga uchib bora olishi mumkin ekan.
– Mumkin, – dedi doktor jurnal bilan yelpinib.
Polkovnik pochtani kutayotganlar orasida nozirni kuzatarkan, hali kema bog‘lab qo‘yilganicha ham yo‘q, unga sakrab chiqib olmoqchi bo‘lardi. Nozir haqiqatdan ham birinchi bo‘lib kemaga hatladi. Kapitandan muhrlangan konvert oldi. Keyin palubaga ko‘tarildi. Pochta xaltasi ikki neft bo‘chkasining o‘rtasiga bog‘langan edi.
– Chunonchi, samolyotlarda uchish xatarli bo‘lgani bilan, – deya turib polkovnik pochta noziri qorasini yo‘qotib qo‘ydi. Ammo ko‘p o‘tmay yorqin shishalarda salqin ichimliklar terib qo‘yilgan savdogarlar aravasida unga ko‘zi tushgach, fikrini nihoyasiga yetkazdi. – Insoniyat taraqqiyotga erishgani evaziga ham to‘lov to‘lashga to‘g‘ri keladi chog‘i.
– Hozir mana bu kemada chayqalib ming bir azob tortgandan samolyot xatarsizroq, – luqma tashladi doktor. – Har qanaqa kuchli dovul ham yigirma ming fut balandlikdagi parvozga hech qanaqa daxl qilolmaydi.
– Yigirma ming fut-a, – lol bo‘lganidan qaytardi polkovnik, shunchalik balandlikni tasavvur qilishga o‘zida kuch topolmasdan.
Doktorning gurungga ishtiyoqi borligi ko‘rinib turardi. U qo‘llarini uzatib, jurnalni bor bo‘yicha ko‘tardi va butunlay qimirlatmasdan ushlab turishga erishdi.
– Naqadar go‘zal muvozanat, – dedi u.
Biroq polkovnikning bor diqqati nozirga qaratilgandi. U nozir chap qo‘lida stakanni tutgancha, ko‘piklanayotgan limonadni qanday ichayotganiga pinak qoqmasdan boqardi. Nozirning o‘ng qo‘lida esa xat-xabar xaltasi osilib turardi.
– Bundan tashqari dengizdagi kattakon langarli kemalar tungi samolyotlar bilan hamisha aloqada bo‘lib turadilar, – deya gapini davom ettirdi doktor. – Xavfning oldi olingan bunaqa sharoitda kater qayoqda-yu, samolyot qayoqda.
Polkovnik doktorga o‘girildi.
– Ha, albatta, – dedi polkovnik. – Aftidan, samolyotga chiqishning uchar gilamda o‘tirishdan farqi bo‘lmasa kerak.
Nozir to‘g‘ri ularga qarab yurdi. Polkovnikni yengib bo‘lmas bir hayajon qamrab olgan, u ismi sharifi yozilib, surg‘uch bilan muhrlangan konvertni ochish istagida yonardi, hatto buning vahimasi bosib, bir qadam orqaga tislandi. Nozir qopi bog‘ichini bo‘shatib, doktorga gazetalarini uzatdi. Keyin shaxsiy xat-xabarlar xaltachasini ochib, hujjat bo‘yicha jo‘natilgan xatlar sonini tekshirib, konvertlarda yo‘llangan ismlar bo‘yicha bir-bir egalarini chaqirishga tushdi. Doktor gazetalari qatini ochdi.
– Birinchi o‘rinda Suvaysh kanali muammosi, – dedi sarlavhalarga ko‘z yugurtirib. – G‘arb o‘z mavqeini boy beryapti.
Polkovnikning qulog‘iga hozir sarlavhalar ham kirmasdi. U oshqozonida turgan og‘riqni bosishga tirishardi.
– Senzura balosidan otam zamonidan buyon gazetalar faqat Yevropa haqida yozishadi. Yevropaliklar bu yerda, biz esa Yevropada bo‘lganimizda alomat bo‘lardi-da. Ana shunda har birimiz o‘z mamlakatimizda nimalar sodir bo‘layotganidan xabar topar edik.
– Yevropaliklar uchun Janubiy Amerika – bu to‘pponchali, gitarasi ham bor shopmo‘ylovli erkakdir, – masxaralab dedi doktor gazetalarga qarashdan ham chalg‘imay. – Ular bizni tushunishmaydi.
Nozir doktorga ham xat-xabar berdi. Qolganlarini esa xaltasiga yana solib og‘zini mahkam bog‘ladi. Doktor xatlariga ko‘z tashlamoqchi bo‘ldiyu, biroq bundan ham oldin polkovnikka sinchiklab qaradi. Keyin nozirga – dedi:
– Polkovnikka hech nima yo‘qmi?
Polkovnikni azobli vahima bosdi. Nozir xaltani yelkasiga ortish uchun ostonadan pastga tushdi va boshini burmasdan dedi:
– Polkovnikka hech kim xat yozmaydi.
Odatiga xilof ravishda polkovnik shu zahoti uyiga yo‘l olmadi. Avvaliga ustaxonada Avgustinning o‘rtoqlari gazetalarga ko‘z yugurtirib o‘tirganida qahva ichdi. U o‘zini aldangan his qilib, ich-ichdan ezilar edi. U qani edi kelgusi jumagacha shu yerda qola olsamu, kampirimning ko‘ziga bo‘sh qo‘l bilan qoramni ko‘rsatmasam, deya xayol surardi. Mana, ustaxonani ham yopishdi. Muqarrar yuz beradigan voqeani bir chekkaga uloqtirib tashlash esa imkonsiz edi.
Uni kampiri kutardi
– Hech vaqo yo‘qmi? – so‘radi u.
– Hech vaqo yo‘q, – javob qildi polkovnik.
Shunga qaramay u yanagi juma kemani kutib olishga chiqdi. Va hamishagidek uyga xatsiz qaytdi.
– Biz haddan tashqari uzoq kutdik, – dedi unga kampiri. – Faqat ho‘kizday o‘jar bo‘lganing uchun o‘n besh yildan buyon xat kutib kelasan.
Polkovnik gamakka cho‘zilib, gazeta titkilashga tutindi.
– Navbatimiz kelishini kutishimiz kerak, – dedi erkak. – Bizning tartib raqamimiz bir ming sakkiz yuz yigirma uch.
– Shuncha payt biz buni kutib o‘tiribmizu, o‘tgan fursatda lotereyada bu raqamga ikki marta yutuq chiqqan bo‘lardi.
Polkovnik hamishagidek gazetalarni boshidan oxirigacha: birinchi sahifasidan so‘ngisigacha, e’lonlarini ham qoldirmay muk tushib o‘qidi. Ammo u bu safar hech diqqat-e’tiborini bir yerga to‘plolmas: o‘ziga veteran sifatida berilishi kerak bo‘lgan nafaqa xayolini zumda o‘g‘irlar edi. O‘n to‘qqiz yil oldin kongress qonun qabul qilgani haqida ovoza yetib kelgandayoq, polkovnik bu imtiyozga munosib ekanligini isbotlab berish uchun ishga kirishgan edi. Bu jarayon sakkiz yilga cho‘zildi. Keyin yana olti yil veteranlar ro‘yxatiga tirkalishga ketdi. Uning oxirgi olgan xati shu haqida edi.
Komendantlik soati kirganini bildirib, bong urilganida u o‘qishni bas qildi. Uxlash uchun chiroqni o‘chirishga hozirlik ko‘rar ekan, kampiri uyg‘oq ekanligini birdan sezib qoldi.
– Anovi gazetdan qirqib olingan qiyqimni saqlab qo‘yibsanmi?
– Ha. Qog‘ozlar ichida bo‘lishi kerak.
Kampiri pashshaxonasini ustidan uloqtirib, shkafdan yog‘och qutichani oldi, ichida sanalar bo‘yicha tartiblanib, rezina bilan bog‘lab qo‘yilgan bir o‘ram xatlar yotardi. U xatlar orasidan urush veteranlariga nafaqani rasmiylashtirish va’dasida faollik ko‘rsatayotgan advokatlar idorasi e’lonini topdi.
– Men senga qachondan buyon advokatni almashtirmasang bo‘lmaydi, deb kelaman, – dedi eriga gazetadan kesib olingan parchani uzatarkan. – Shu paytgacha nafaqa pulini olib, uni xarjlashga ham ulgurardik. Xuddi hindularga o‘xshab, tobutimiz ustiga qo‘yiladigan aqchadan bizga qanday naf bo‘lishi mumkin.
Polkovnik bu parchani ikki yil o‘tib endi qo‘liga olayotgan edi. Uni eshik ortiga osilgan ko‘ylagi yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Advokatni almashtirish uchun ham pul kerak-da.
– Hech hamda, – keskin qarshi chiqdi kampiri. – Bu pulni nafaqani qo‘lga kiritganimizdan keyin o‘shandan chegirib olishlarini ularga yozib yuborish mumkin-ku. Bu ularni ishga qiziqtiradi ham.
Shanba kuni polkovnik o‘zining advokati oldiga yo‘l oldi. U esa gamagida beg‘am cho‘zilib yotganicha polkovnikni kutib oldi. Bu barzangi habashning yuqori jag‘ida ikkitagina tishi qolgandi. Advokat yog‘och sandalini oyog‘iga ildirib, derazani ochdi. Oyna yonida chang bosgan pianola, ustida uyum qog‘ozlar taxlami, “Diario ofisial” dan kesib olib mahkamlangan eski hisob-kitob daftarlari va Nazorat inspektorligining xabarnomalari tartibsiz holda yotardi. Klavishsiz pianola unga yozuv stoli vazifasini ham o‘tar edi. Kelishi boisini aytishdan avval polkovnik ishning o‘lda-jo‘ldaligidan tashvishdaligini izhor qildi.
– Bunaqa ishlar bir-ikki kunda hal bo‘lmasligidan sizni ogohlantirgan edim-ku, – deb qo‘ydi advokat. U diqqinafaslikdan bo‘lari bo‘lib, g‘ildirakli oromkursini orqasiga tortib, unga sal bo‘lmasa yotib olgancha allaqanday risolacha bilan o‘zini yelpirdi. – Mening ishonchli vakillarim umidni yo‘qotmaslik borasida paydar-pay xabar qilib turishibdi.
– Bu yozishmalar o‘n besh yildan buyon sudralib keladi, – dedi polkovnik. – Bu xuddi oq buqacha haqidagi ertakka o‘xshaydi.
Advokat bu ma’muriy yozishmalar g‘orini titkilashga tushib ketdi. Uning so‘ljayib ketgan dumbasiga oromkursi juda ham tor edi.
– O‘n besh yil oldin osonroq edi, – nihoyat xulosaladi u. – Endi esa ikki partiyadan ham a’zo bo‘lgan veteranlarning butun bir munitsipal uyushmasi mavjud. – U o‘pkani kuydirgich havoni simirarkan, o‘zini go‘yo qat’iy bir qarorni aytmoq uchun jiddiy o‘ylayotgandek tutardi. – Kuch esa – hamjihatlikda.
– Bu menga to‘g‘ri kelmaydi, – derkan polkovnik birinchi marta o‘zini juda ham yolg‘iz his qildi. – Ijobiy xatni kuta-kuta necha bir o‘rtoqlarim o‘lib ketishdi.
Advokat ham o‘zinikini ma’qullashdan qolmasdi:
– Qonun judayam kech qabul qilindi-da. Yana sizga o‘xshagan ko‘plarga to‘g‘ri ham kelmaydi. Mana polkovniklik unvonini olganingizga ham yigirma yil bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, qonunda nafaqa uchun qayerdan pul ajratilishi ham ko‘rsatilmagan, shuning uchun ham hukumat byudjetni tubdan ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Eski ashula. Uni polkovnik har safar tinglarkan, joni jahoni ifoda qilib bo‘lmaydigan dard-alam olovida qovrilar edi.
– Biz sadaqa tilanmaymiz, – dedi u. – Biz qarz so‘ramaymiz. Biz respublikani asrab qolish uchun tan-jonimizni garovga qo‘yganmiz.
Advokat qo‘llarini yoydi.
– Ha, albatta, shunday, polkovnik. Insoniy ko‘rnamaklik chegara bilmasdir.
Bu qo‘shiq polkovnikka tanish edi. Birinchi marta polkovnik buni Neerland shartnomasi tuzilgan kunning ertasiga eshitgan, hukumat jangdan qaytayotgan ikki yuzcha zobitlarga yo‘qotuvlar o‘rnini to‘ldirib, ko‘mak berishga va’da bergan edi. Inqilobiy batalon maktabdan qochgan o‘spirin yigitchalardan tashkil topgandi. Ularni Neerlandiyaning ulkan lageriga tiqishib, uch oy kuttirgan edilar. Keyin har kim o‘zicha tadorigini ko‘rib, uyga qaytishning payida bo‘lishgan, uyga yetib kelgandan keyin esa umidvorlik bilan kutishda davom etilgandi. Shundan buyon qariyb ellik yil o‘tib ketganiga qaramay, hamon polkovnik kutar edi.
Xotiralardan hayajonlangan polkovnik qaddini g‘oz tutdi. Suyakdor tizzasiga ustixoni chiqib qolgan qo‘llarini qat’iy qo‘yib, viqorli ovozda dedi:
– Shuning uchun men qat’iy bir qarorga keldim.
Advokat qulog‘ini ding qildi.
– Xo‘sh, qanday?
– Advokatni almashtiraman.
Bir gala sariq o‘rdakchalarni ortidan ergashtirib, advokatning xonasiga bir o‘rdak kirdi. Ularni haydamoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.
– O‘zingizga qulayini ko‘ravering, polkovnik, – dedi hamon qo‘llarini silkitganicha advokat. – Siz nima desangiz, shu. Agar men biron-bir karomat ko‘rsata bilganimda, bu qushxonada o‘rdak haydab yurmagan bo‘lardim. – U eshikka yog‘och panjarani qo‘yib, qaytib kelib o‘rniga o‘tirdi.
– Mening o‘g‘lim umr bo‘yi mehnat qildi, – dedi polkovnik. – Kulbam garovda. Nafaqa haqida chiqqan qonun esa advokatlar uchun yeb yotar bo‘ldi.
– Faqat men uchun emas, – norozilandi advokat. – Qancha maosh olmay, oxirgi chaqasigacha sud yugur-yugurlariga sarflayman.
Polkovnikni boshida kimgadir adolatsizlik qilib qo‘yish haqidagi fikr charx urib, iztirobga solar edi.
– Ahvol aynan shunday ekanligini aytishni istar edim, – to‘g‘riladi polkovnik. – Bu jaziramada miyalar erib ketishi hech gap emas.
Bir daqiqada advokat ishonchnomani izlab, tepadan-pastgacha hamma joyni titkilab, ag‘dar-to‘ntar qildi. Bu orada oftob yo‘nilmagan taxta qoqishtirilgan yoqimsiz darchaning o‘rtasigacha yetib qoldi. Uzoq va natijasiz izlanishlar adog‘ida pianolaning ustidagi qog‘ozlarning ham chorak qismini ko‘zdan kechirgan advokat, uning tagidan ham bir qancha xat jild o‘ramlarini tortib chiqardi.
– Mana u, – dedi gerbli qog‘ozni polkovnikka uzatarkan. – Buning nusxalarini yo‘qotishlarini ishonchli vakillarimga yozib yuborishim kerak.
Polkovnik changlarini qoqib, qog‘ozni ko‘ylagi cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Uni o‘zingiz yirtib tashlarsiz, – dedi advokat.
– Nega yirtarkanman?! – kutilmagan javob qildi polkovnik. – Axir bu mening yigirma yillik hayotim. – U advokat qidiruvni davom ettiradi, deb o‘ylagandi, u kimsa bo‘lsa gamagiga qarab ketgancha, terini artdi. So‘ng quyosh shu’lalarida titrayotgan havo ortidan polkovnikka angraydi.
– Boshqa hujjatlarimni ham olishim kerak, – so‘radi polkovnik.
– Qaysilarini?
– Birinchi navbatda polkovnik Buendianing tilxatini.
Advokat yelkasini qisdi.
– Buning hech ham iloji yo‘q.
Polkovnik tahlikada qoldi. Makondo inqilobiy okrugi g‘aznachisi sifatida mashaqqatli olti kunlik o‘tish jarayonida ham u ikki jomadoncha hujjatlarni yag‘ir xachirda olib yurish qanchalik og‘ir bo‘lganiga qaramay, ko‘z qorachig‘iday asragandi. U shartnomaga qo‘l qo‘yilishiga yarim soat qolganida, ozib-to‘zib so‘nggi nafasini olayotgan xachirni yetaklab, Neerlandiyadagi lagerga kirib kelgan edi. O‘shanda Atlantika qirg‘oqlari inqilobiy kuchlarining bosh intendanti – polkovnik Aureliano Buendia o‘sha ikki jomadonni taslim bo‘lish chog‘ida musodara qilingan mulk ro‘yxatiga kiritgani haqida unga tilxat yozib bergan.
– Bu hujjatlarning kuchi juda zalvorli edi, – dedi polkovnik. – Ayniqsa, polkovnik Aureliano Buendianing o‘z qo‘li bilan yozib bergan tilxatning.
– Ehtimol, – dedi advokat. – Biroq bu hujjatlar ming bir idorada, ming bitta qo‘ldan o‘ta-o‘ta, hozir harbiy vazirlikning qaysi bir g‘aladonida turgan bo‘lsa ham katta gap.
– Bunday muhim hujjatlar qanday amaldorning qo‘lidan o‘tmasin, e’tibordan chetda qolishi mumkin emas, – dedi polkovnik.
– Biroq oxirgi o‘n besh yilda qayta-qayta juda ko‘p amaldorlar almashdi, – ta’kidladi advokat. – O‘zingiz bir eslang, bu orada hukumat boshiga yetti prezident keldi va har biri o‘z talablari bilan qarorgohini o‘n martadan kam bo‘lmagan darajada boshqa ko‘rinishga soldi, har bir vazir esa o‘z amaldorlarini yuz martalab o‘zgartirdi.
– Biroq hech biri o‘zi bilan bu hujjatlarni olib ketishi mumkin emas-ku, – dedi polkovnik. – Yo‘riqqa ko‘ra, har biri ularni albatta, avvalgi joyida saqlaydi.
Advokat noumid shalviradi.
– Mabodo bu qog‘ozlar endiyam vazirlikning qaysi bir bo‘lmasidan chiqib qolgan taqdirda, ish butunlay yangidan qo‘ldan-qo‘lga o‘tish jarayonini boshlaydi, shunda birinchilar qatorida siz ham ro‘yxatga tushasiz.
– Baribir, – dedi polkovnik.
– Shu bilan yana yuz yil sudra-sudra bo‘ladi.
– Baribir. Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidashi kerak.
Polkovnik mehmonxonadagi yozuv stolchasiga bir o‘ram chiziqli va bosma qog‘ozlar, siyohli ruchka va siyohdonni keltirib qo‘ydi. Har ehtimolga qarshi yotoqxona eshigini kampiri bilan kengashish zaruriyati tug‘ilib qolishini o‘ylab ochiq qoldirdi. Zavjasi ibodatga berilgan, tasbeh o‘girardi.
– Bugun nechanchi sana?
– Yigirma yettinchi oktyabr.
U juda ehtiyotkorlik bilan, pero chiziqdan chiqib ketmaydigan qilib qo‘lida ushlagancha, nafas olishi oson bo‘lishi uchun qaddini raso tutib – baayni unga maktabda qanday o‘rgatgan bo‘lsalar, shunday xat qoralashga kirishgan edi. Uydagi diqqinafaslikka chidab bo‘lmas, hatto bir tomchi ter qog‘ozga-da tomdi. Polkovnik uni ho‘lladi. Keyin namdan semirgan so‘zni artmoqchi bo‘ldi, ammo siyoh chaplanib, xunuk dog‘ bo‘lib qoldi, xolos. Shunga qaramay u umidsizlikka tushmadi. Polkovnik belgi qo‘yib, yangi qog‘ozga qayta ko‘chirdi: “Hamma huquqlar daxlsizdir”. So‘ng xatboshidan o‘qidi.
– Qachon meni ro‘yxatga tirkashgandi?
Ayol ibodatini bo‘lmasdan hisoblab chiqdi.
– Ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqizinchi yilning o‘n ikkinchi avgustida.
Ayni shu palla yomg‘ir yog‘a boshladi. Polkovnik Manauradagi davlat maktabida yozishni o‘rgangan paytlaridagidek sahifani yirik-yirik, xuddi bolachalarning yozuvidek dona-dona harflar bilan to‘ldirgan edi. Keyin ikkinchi sahifaning yarmiga yetib imzo qo‘ydi.
U nomani xotiniga o‘qib berdi. Ayol yutoqib tinglar ekan, har bir iborani boshini silkib ma’qullar edi.
– Sen kimgadir xatni mashinkalab berishini iltimos qilsang bo‘lardi.
– Yo‘q, – javob qildi polkovnik. – Birov menga marhamat ko‘rsatishini o‘tinib charchadim.
U yomg‘ir palma barglari yopilgan tomni doira qilib chalganini yarim soatlar tinglab yotdi. Shaharda chinakamiga sel quydi. Komendantlik soati boshlangandan keyin shiftning qayeridandir chakki tomchiladi.
– Avvaldan shunday qilsang edi, – deya orziqdi mushtipar. – Harakatda barakat bo‘ladi.
– Buning sira kechi yo‘q, – dedi polkovnik o‘tayotgan chakkilarni tinglaganicha. – Balki muammo uyning garov muddati tugamasidan oldinroq hal bo‘lar.
– Ikki yil qoldi, – dedi ayol.
Polkovnik chiroqni yoqib, chakki tomchilayotgan joyni topdi va unga xo‘rozning tovog‘ini qo‘yib, idish tubiga qattiq-qattiq urilayotgan tomchi ovozi-la yotoqxonaga qaytdi.
– Balki ular haqlarini tezroq undirish uchun ishni yanvargacha qoldirmasdan ham hal qilib berishar, – derkan bu gapiga o‘zi ham ishonib ketdi.
– Bu orada Avgustinning yili bo‘lib qoladi, undan keyin biz kinoga ham tushishimiz mumkin.
Ayol ovoz chiqarmay tabassum qildi.
– Men hatto multfilmlar qanaqa bo‘lishini ham unutayozdim.
Polkovnik pashshaxona ichidagi kampirini yaxshiroq ko‘rmoq payida bo‘ldi.
– Qachon oxirgi marta kinoga tushganding?
– O‘ttiz birinchi yilda, – dedi kampiri. – O‘shanda “Marhumning vasiyati”ni namoyish qilishgandi.
– Ur-yiqitmidi?
– Bunisini unchalik aytolmayman. Arvoh ana-mana qizbolaning marjonini olib qochib ketaman deb turganda, birdan jala sharillab yog‘ib qoladi.
Yomg‘ir shovqinida ularning ko‘zlari ilindi. Polkovnik qornida simillagan og‘riqni his qildi. Biroq tashvishlanmadi. Butun oktyabr davomida bunga chidab kelardi.
Jun odeyaliga o‘ranib, ko‘zi ilingan ham ekan, qandaydir bir ondagi kampirining bo‘g‘iq xirillashidan uyqusi buzuldi. Tuyqus hushi tiklanib, o‘ziga o‘zi gapirdi.
Kampiri ham uyg‘onib ketdi.
– Kim bilan gaplashyapsan?
– Hech kim bilan, – dedi polkovnik. – Alomat palla ekan-da o‘ziyam. Makondada, o‘ylasam, biz yuz foiz haq bo‘lganmiz. Biz polkovnik Aureliano Buendiaga nima bo‘lsa ham taslim bo‘lma, deb turib olgan edik. O‘shandan keyin hammasini yakson qilishdi.
Yomg‘ir hafta davomida ham tinmadi. Ikkinchi noyabr, o‘tganlarni eslash kunida, polkovnikning qarshiligiga qaramay, kampiri Avgustinning qabriga gul olib bordi. Qabristondan qaytiboq, ayolning xastaligi qaytaladi. Boyoqish haftani ming azob bilan kechirdi. Polkovnikning o‘zi ham oktyabrning to‘rt haftasini noumid, faqat sabr bilan o‘tkazgan, bu esa dard ustiga chipqon bo‘lgandi. Doktor keldi. U xastani ko‘rib, xonasidan chiqayotganda, jar solganday dedi:
– Agar bunaqa mayda-chuyda dardlarga diqqatimni qaratadigan bo‘lsam, butun shahar ahlini o‘limga hukm qilardim. – Ammo u keyin polkovnik bilan yolg‘iz gaplashganida, kampiri qat’iy tartibga rioya qilish shartlarini birma-bir yozib berdi.
Polkovnikning ham dardi zo‘raydi. U badrafxonada bir necha soatlab qolib ketar, keyin sovuq qotib o‘ranar va ichi bo‘lak-bo‘lak bo‘lib parchalanib, idrab tushayotganday o‘zini noxush his qilardi. “Buning bari qish tufayli, – o‘zini o‘zi ishontirmoqqa urinardi umidsizlikka tushmaslik uchun u. – Yomg‘ir tinganidan keyin hammasi boshqacha bo‘ladi”. Haqiqatdan ham u o‘sha xatni ko‘zi ochiqligida olishiga juda qattiq ishonardi.
Endi xo‘jalik ishlari bilan uning o‘zigina shug‘ullanishi chekiga tushgan, kalavasi uchini yo‘qotmaslik uchun jonini Jabborga berib, o‘zini har yoqqa urardi. Ko‘pincha tishni-tishga bosib, qo‘shni do‘konchalardan nasiyaga narsa so‘rashga to‘g‘ri kelardi.
– Faqat keyingi haftagacha, – desa-da, o‘zi ham bu gapiga ishonmasdi. – Juma kuni menga bir joydan pul kelishi kerak.
Kampirining xuruji chekinib, o‘ziga kelganida erining atvorini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
– Faqat suyaging qolibdi-ku.
– O‘zimni sotuvga qo‘yishga tayyorlayapman, – dedi polkovnik. – Klarnet yasaydigan fabrikadan hozirdanoq buyurtma ham bor.
U faqat xat kelishidan umidini uzmasdan o‘zini tutib turardi. Darmoni qurib, uyqusizlikda o‘tkazilgan tunlar nainki suyaklarini, balki butun jismi jonini uy yumushlari bilan xo‘roz orasiga bo‘lib tashlagandi. Noyabrning ikkinchi yarmida ikki kunni xo‘roz jo‘xorisiz o‘tkazdi, polkovnik o‘shanda uni o‘lib qoladi deb xavotirlandi. Shunda uning esiga iyuldan buyon pechka tepasida poyasi bilan osilib turgan bir bog‘lam loviya tushib qoldi. U xo‘rozning tovoqchasiga qurib yotgan shu loviya shodasini bir hovuchgina qilib soldi.
– Bu yoqqa kel, – kampiri chaqirdi.
– Hozir, – deya polkovnik xo‘rozni kuzatardi. – Ishtaha karnay bo‘lganda, bemaza taom bo‘lmaydi.
Polkovnik yaqinlashganda, kampiri karavotga chiqib olishga urinardi. Ayolning badanidan dorivor o‘tlarning isi kelardi. U eriga dona-dona qilib amr etdi:
– Sen tezda xo‘rozning bahridan o‘tishing kerak.
Polkovnik kampiri ertami-kechmi, bir kuni shu talabni muqarrar oldiga qo‘yishini aniq bilardi. U bu lahzani o‘g‘lini o‘ldirishgach, o‘zi xo‘rozni asrashga qaror qilgan kechadan boshlab kutardi. Kampiriga nima deb javob qilishni o‘ylab olishga uning yetarlicha fursati bo‘lgandi.
– Hozir bir pulga ham olishmaydi, – dedi u kampiriga. – Uch oydan keyin esa musobaqa boshlanadi, ana unda biz xo‘rozni bir qadar qimmatga pullashimiz mumkin.
– Gap pulda emas, – dedi kampiri. – Yigitlar kelganida, ayt, xo‘rozni qanchaga olishsa olishsin, keyin bilganini qilishmaydimi.
– Men uni Avgustin haqqi ushlab turibman. – Polkovnik allaqachon shu xulosaga kelgandi. – O‘zing bir ko‘z oldingga keltirib ko‘r, xo‘rozning g‘alabasi haqida bir nima deb qolishsa bormi, uning chehrasi baxtdan qanday yorishib ketardi.
Mushtipar ona o‘g‘lini xotirladi.
– Bu la’nati xo‘rozlar uni boshiga yetdi! – uvvos soldi u. – Agar uchinchi yanvarda uyda qolganidami, bu baxtsiz hodisa yuz bermagan bo‘larmidi. – Va ozg‘in barmog‘i bilan eshikni ko‘rsatib dedi: – Go‘yo hozirgina huv anavi yerda bolaginamni qo‘ltig‘i ostiga xo‘rozni qistirib olgan holda ko‘rgandayman. Hali galerada paydo bo‘lmasdan oldinroq hayotingni xarob qilma, deb unga zorlanmaganmidim. U bo‘lsa faqat kulib qo‘ya qolgancha: “Bas qilsang-chi! Bugun kechqurun biz tilloga cho‘milamiz”, – degandi.
U madorsizlanib, karavotga suyandi. Polkovnik ohistagina boshi ostiga yostiq qo‘ydi. Uning ko‘zlari kampiriniki bilan to‘qnasharkan, bu ko‘zlar o‘zinikiga juda o‘xshardi.
– Ortiqcha urinishdan o‘zingni tiy, – derkan polkovnik kampirining ko‘ksida nimadir hushtak chalayotganini eshitganday bo‘ldi. U o‘zini bilmasdan bir ahvolda yotardi. Yana o‘ziga kelarkan, har qalay nafas olishi bir qadar me’yorlashdi.
– Hamma balo tuz totmaganimizdan, – dedi kampiri. – Axir, gunoh emasmi, rizqingdan qirqib, uni xo‘rozning oyog‘i ostiga otish.
Polkovnik choyshabning bir chekkasi bilan kampirini hilpidi.
– Bor-yo‘g‘i uch oy chidab bersak bo‘ldi.
– Shu uch oyda biz nima yeymiz?
– Bilmayman, – dedi polkovnik. – Agar ochlikdan o‘lish hukmi peshonamizga yozilganida, allaqachon o‘lib ketgan bo‘lardik.
Soppa-sog‘ va jonlanib qolgan xo‘roz bo‘sh tovoq oldida qaqqayib turardi. U polkovnikni ko‘rarkan, boshini silkitib, qariyb insoniy, xirqiroq ovozda ashulasini qaytardi. Polkovnik unga achinib kulimsiradi.
– Hayot – qaltis hazil, oshna.
Shu bilan polkovnik uydan chiqib ketdi. U bu toltush pallada butun shahar bo‘ylab allatovur holda hech bir maqsadsiz sandiroqladi; hatto bu og‘ir holatdan chiqishning biron-bir chorasi bordir, deya o‘zini ishontirishga ham intilmadi. Kimsasiz ko‘chalarda o‘larday charchaganini his qilmagunicha shunchaki yuraverdi. Shundan keyingina uyiga qaytdi. Kelganini eshitgan kampiri qoshiga chorladi.
– Nima deysan?
Kampiri unga qaramasdan javob berdi:
– Soatni sotishimiz mumkin.
Polkovnik ham bu haqida o‘ylagandi.
– Buni Alvaro qirq pesoga hech bir gap-so‘zsiz olishiga ishonchim komil, – dedi kampiri. – U tikuv mashinasini o‘sha zahoti sotib olgani esingdadir.
Onaizor Avgustin Alvaroning qo‘lida ishlab yurgan paytlarini esladi.
– Ertaga u bilan gaplashaman, – ko‘na qoldi polkovnik.
– Ertaga surib nima qilasan? – e’tiroz bildirdi kampiri. – Sen unga soatni hoziroq olib bor. Stoliga qo‘yib: “Alvaro, sotib olasan, deb olib keldim”, de. Vassalom. U seni darrov tushunadi.
Polkovnik o‘zini badbaxt his qildi.
– Bu butun ko‘cha bo‘ylab janobi oliyning tobutini namoyish qilib o‘tishday bo‘ladi, – norozilik bildirdi u. – Agar meni shu matoh bilan ko‘rishsami, hamma kamina haqida o‘zi to‘qib-bichgan folini doston qilishga tushib ketadi.
Har qalay bu safar ham kampiri unga gapini o‘tkazdi. O‘zi soatni devordan olib, obdan gazetaga o‘ragach, erining qo‘liga tutqazdi.
– Qirq pesosiz uyga qaytma.
Polkovnik o‘ramni qo‘ltig‘iga qistirib tikuvchilik ustaxonasiga yo‘l oldi. Ostonada Avgustinning jo‘ralari yig‘ilib o‘tirardi.
Biri o‘tirishga taklif qildi. Polkovnik ko‘na qoldi.
– Rahmat, – dedi u. – Men bir daqiqaga.
Ustaxonadan Alvaro chiqib keldi, butun dahliz bo‘ylab cho‘zilgan simga nam matoning bir bo‘lagini osmoqchi bo‘ldi. Alvaro pishiq va beso‘naqay yosh yigit edi; doimo ko‘zlari asabiy bir holda yonib turardi. U ham polkovnikni o‘tirishga da’vat qildi. Polkovnik dadillandi. U kursini eshikka yaqin surib o‘tirdi va soatni olishga taklif qilish maqsadida, Alvaro bilan yolg‘iz qolishlarini kuta boshladi. Zum o‘tmay esa tezda atrofidagi barchaning yuzida qanaqadir asabiy bir holatni kuzatdi.
– Men xalaqit berib qo‘ymadimmi? – so‘radi u.
Yigitlar norizo bo‘lishdi. Kimdir unga egilib, arang eshitiladigan ovozda dedi:
– Bizda, bu yerda varaqalar chiqib qoldi, Avgustin yozgan.
– Nima haqida?
– Hammasi o‘sha voqea haqida.
Unga varaqani berishdi. U cho‘ntagiga tiqib, tosh qotganicha o‘tiraverdi. Faqat esidan chiqib, o‘ramni beixtiyor taqillatib qolgandagina bu narsa ularning diqqatini tortdi. Shunda u yana ham dong qotdi.
– Polkovnik, o‘rab olganingiz nima?
Polkovnik Germanning qiziquvchanlik bilan boqib turgan yashil ko‘zlaridan o‘zini olib qochdi.
– Hech narsa, – aldadi u. – Shu, sozlatmoqchi bo‘lib soatni ko‘tarib olgandim.
– Hech xayolda yo‘q narsalarni o‘ylab topasiz-da o‘ziyam, polkovnik, – dedi German o‘ramdagini o‘ziniki qilmoqchi bo‘lib. – Siz shu yerda o‘tira turing, men o‘zim ko‘rib beraman.
Polkovnik soatni qo‘lidan bo‘shatmac, miq ham etmasdi. Holbuki qoshigacha qizarib ketgandi. Gir-atrofdagilar undan qattiq turib talab qilishga tushdi:
– Polkovnik, unga bersangiz-chi! U mexanikaning tilini yaxshi biladi.
– Men uni tashvishga qo‘yishni istamayman.
– Qanaqa ovorasi bo‘lishi mumkin, – dedi German va nihoyat soatni o‘ziga oldi. – Nemis hech narsa qilmasdan o‘n pesongizni qoqishtirib oladi.
German soat bilan ustaxonaga kirganda, Alvaro tikuv mashinasida chok tikardi. Sal naridagi devor oldida o‘tirgan bir qiz tugmalarni qadardi. Qizning tepasida gitara osig‘liq turar, undan ham teparoqda – yozuv bor edi: “Siyosat haqida gapirish taqiqlanadi”.
Polkovnik soatsiz qolib, o‘zini qayerga qo‘yishni bilmasdi. Oyoqlarini kursining xarisiga qo‘ydi.
– Ishlar rasvo-ku, polkovnik.
U qalqib ketdi.
– Faqat haqorat qilinmasin.
Alfonso polkovnikning botinkasiga yaxshilab razm solish uchungina, burni ustidagi ko‘zoynagini to‘g‘riladi.
– Botinka haqida degandim, – dedi u. – Qarasam, siz endi amirkonidan kiyadigan bo‘libsiz.
– Shuni so‘kmasdan ham aytsa bo‘lmaydimi, – deya polkovnik loklangan botinkasining kabakisini ko‘rsatdi. – Bu matohning yoshi qirqda, lekin butun umri davomida biron marta so‘kish eshitmagan.
– Tayyor, – ustaxonadan German baqirdi va ayni shu lahzada soatning jaranglashi yangradi. Qo‘shni xonadan kimdir devorni urdi va ayolning ovozi eshitildi:
– Gitaraga tegmanglar – hali Avgustinning o‘lganiga bir yil to‘lgani yo‘q.
Hamma tirjaydi.
– Bu soatning tovushi.
German soatli o‘ram bilan tashqariga chiqdi.
– Soatga hech nima bo‘lgani yo‘q. Istasangiz sizni uyingizgacha kuzatib qo‘yishim mumkin: uni to‘g‘ri osa bilish kerak.
Polkovnik rad etdi.
– Men qancha berishim kerak?
– Tashvishlanmang, polkovnik, – dedi German davraning o‘rtasida joylashib olganicha. – Yanvarda xo‘rozning o‘zi to‘laydi.
Polkovnik qulay fursatni qo‘ldan boy bermaslik kerak deb o‘yladi.
– Men senga u-bu narsa taklif qilmoqchi edim, – dedi u.
– Nima ekan?
– Men senga xo‘rozni tuhfa qilmoqchiman. – Polkovnik shu yerda hozirlarning hammasiga birma-bir sinchkovlik bilan qarab chiqdi. – Xo‘rozni hammangizga in’om etsam deyman.
German hayratdan dong qotdi.
– Men qarib qoldim, – davom etdi polkovnik. U o‘z ovozi qat’iy va vazmin chiqishini istardi. – Mening yoshimda bu haddan tashqari boshog‘riq. Mana bir necha kundirki, nazarimda, xo‘roz o‘lay deyapti.
– Xavotirlanmang, polkovnik, – dedi Alfonso. – Shunchaki bu pallada xo‘rozlarda yangi pat chiqadi. Siznikining terisi shamollagan ko‘rinadi.
– Bir oydan keyin ko‘rmagandek bo‘lib ketadi, – uni quvvatladi German.
– Bari bir uni o‘zimda qoldirishni istamayman.
German polkovnikka qattiq tikildi.
– Aynan siz galeraga bu xo‘rozni olib chiqishingiz qanchalik muhimligini tushunsangiz-chi, polkovnik.
Polkovnik o‘ylanib qoldi.
– Tushunaman. Shuning uchun ham uni o‘zimda shu paytgacha ushlab keldim-da. – U tishini-tishiga bosib, kuchini yig‘di va davom etdi: – Bir chatog‘i hali urushtirishgacha uch oy bor-da.
German tushundi.
– Agar gap faqat shunda bo‘lsa, – dilidagini izhor qildi u, – buning chorasini topamiz.
U bildirgan taklifga tevarakdagi somelarning bari rozi bo‘ldi. Kechqurun polkovnik yana o‘roqliq narsani qo‘ltig‘iga qistirib qaytganida, kampiri o‘zini tutib turolmadi:
– Sotmadingmi?
– Sotmadim, – dedi polkovnik. – Biroq endi bu hech qanday ahamiyatga ega emas. Bolalar xo‘rozni boqishni o‘z zimmalariga olishdi.
– Sabr qiling, yoshulli, men sizga soyabon beraman.
Don Sabas idora devoriga mahkamlangan shkafni ochdi. Ichida tartibsizlik qo‘pgan: otda yurganda kiyiladigan bir gala etiklar, uzangiyu, jilovlar, alyumin qutida temir tepkilar ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotar edi. Yuqori bo‘lmasida olti dona qora yomg‘irpo‘sh soyabon va oftobpana guldor ayol shamsiyasi osilgandi. “Bir falokat bo‘lganday-a”, – deya o‘yladi polkovnik.
– Rahmat, yoshulli, – dedi u deraza rahiga tayanib. – Men yaxshisi havo ochilguncha kutib tura qolaman.
Don Sabas shkafni yopmadi. U yozuv stolini shunday joylashtirgandiki, unga elektr parrakdan salqin havo yetib turar edi. U quti o‘yig‘idan teri ostiga yuboradigan, momiqqa o‘ralgan shprits oldi. Polkovnik bodom daraxtlariga termilarkan, yomg‘ir tomchilari ularda qoramtirga o‘xshab ko‘rindi. Ko‘chada hech bir zog‘ ko‘rinmasdi.
– Sizning derazangizda yomg‘ir butunlay boshqacha ko‘rinarkan. Go‘yo u shu yerda emas, uzoq bir shaharda yog‘ayotganga o‘xshaydi, – dedi u.
– Qayerdan turib qarama, yomg‘ir yomg‘ir-da, – g‘udranib qo‘ydi don Sabas. U shisha bilan yopilgan shpritslarni qaynatish uchun stol ustiga qo‘ydi. – Shahar emas, go‘ng uyumi.
Polkovnik yelkalarini qisib, idora bo‘ylab yurardi: yashil plitka yotqizilgan pol, jihozlarga yorqin rangdagi matolar yopilgan edi. To‘rda esa tartibsiz holda tuzli xaltalar, asalli sanochlar, egarlar qalashib yotardi. Don Sabas polkovnikka uni ko‘rmayotgandek bir nigohda qaradi.
– Sizning o‘rningizda bo‘lganimda bunday o‘ylamagan bo‘lardim, – dedi polkovnik.
U o‘tirgach, oyog‘ini chalishtirib, yozuv stoli ortida munkayib cho‘kkan kichkina odamcha tomonga xotijam nigohini tashladi. Rangi o‘chgan, shalviragan, g‘amdan ado bo‘lgan nigohi baqanikiday edi.
– Yoshulli, o‘zingizni bir do‘xtirga ko‘rsatishingiz kerak, – dedi don Sabas. – Janozadan keyin kayfiyatingiz juda ham rasvo-ku.
Polkovnik boshini ko‘tardi.
– Men o‘zimni risoladagidek his qilyapman.
Don Sabas suvning qaynashini kutib turdi.
– Men ham o‘zim haqimda gap borganda aravani quruq olib qochishim mumkin, – zorlangan bo‘ldi u. – Siz baxtli odamsiz, xohlasangiz mis to‘qalarni ham yeb tashlay olasiz. – U diqqat bilan qo‘llarini qoplagan jun va so‘gallariga qaradi. Nomsiz barmog‘ida nikoh uzugidan tashqari qora toshi yaraqlab turgan boshqa bir uzuk ham bor edi.
– Ha, buni uddalashim mumkin, – ko‘na qoldi polkovnik.
Don Sabas binoning turar-joy qismi tomondagi eshikka burilib, xotinini chaqirdi. Keyin kuyunchak ovozda o‘zining yeguliklar borasida qat’iy tartibi haqida hikoya qila ketdi. Ko‘ylagi cho‘ntagidan kichkinagina shishacha chiqarib, stol ustiga kattaligi no‘xat donasicha kelar dori qo‘ydi.
– Buni hamisha o‘zing bilan olib yurish ham joningdan to‘ydiradi, – dedi u. – Go‘yo ajalingni cho‘ntagingda olib yurganday bo‘lasan.
Polkovnik stolga yaqinlashdi, tabletkani kaftiga olib, don Sabas tatib ko‘ring, deb taklif qilguncha, u yoq-bu yog‘iga razm soldi.
– Qahvaga solinadi, – dedi don Sabas. – Bu shakar, lekin shirasi yo‘q.
– Tushunarli, – derkan polkovnik og‘zida ilmiliq bir ta’mni his qildi. – Xuddi qo‘ng‘iroqsiz qo‘ng‘iroq jarangi.
Xotini eriga igna sanchganida, don Sabas stolga tirsagini tirab, kafti bilan yuzini yashirib turdi. Polkovnik qayga qochishni bilmasdi. Ayol elektr ventilyatorni o‘chirib, seyf ustiga qo‘ydi va shkafga qarab ketdi.
– Soyabonlar menga negadir o‘lim haqida eslatadi, – dedi u.
Polkovnik uni tinglamadi. Bugun u harna bo‘lsa-da, pochtani qarshilash uchun uyidan soat to‘rtda chiqqan, ammo yomg‘ir uni don Sabasning idorasidan panoh topishga majbur etgan edi. Kema chinqirib kelganidan xabar berganida ham yomg‘ir chelaklab quyardi.
– Hamma o‘lim sharpasini ayol ko‘rinishida tasavvur qiladi, – don Sabasning xotini hamon javrardi. Uning bo‘yi erinikidan novcha, to‘ladan kelgan, yuqori labining ustida tukli ingichka so‘gali bor edi. Ayolning ovozi shamol parrak vizillashiday edi. – Men esa uni butunlay bo‘lak turqda ko‘raman… – U shkafni yopib o‘girilarkan, polkovnikning nigohini ovlashga tirishardi. – Menimcha, u allaqanday maxluqqa o‘xshaydi. Tuyoqlari bor.
– Mumkin, – deb qo‘ydi polkovnik. – Bu dahri dunda nimalar bo‘lmaydi, deysiz.
U, egniga plashch ilib olgan pochta noziri ehtimol hozir katerga sakrab chiqib olgandir, deya xayolidan o‘tkazardi. Polkovnik advokatini o‘zgartirganiga mana bir oy bo‘lgan, endi javob xati kelishidan umidi bor edi. Don Sabasning xotini polkovnik tinglamayotganini bilib qolgunicha ajal haqida javrashda davom etdi.
– Yoshulli, nega buncha tashvishli ko‘rinasiz?
Polkovnik o‘y-fikrlarini o‘zidan nari surdi.
– Nimasini aytasiz, enajon. Hozir soat besh bo‘ldi, xo‘rozga hali ham ukol qilinmadi.
Ayol hayron qoldi.
– Xo‘rozga ham baayni insonday ukol qilinsa-ya! – xitob qildi ayol. – Qanchalik tahqirlash.
Don Sabasning sabr kosasi to‘ldi. U bo‘zraygan yuzini ko‘tarib, xotiniga amr qildi:
– Hech bo‘lmasa bir daqiqaga og‘zingni yum. – U shunday ham qo‘li bilan og‘zini yopib olgandi. – Yarim soatdan buyon ahmoqona vaysab, yoshullining boshini qotirasan.
– Hech ham unday emas, – polkovnik rad etdi.
Ayol eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Don Sabas xushbo‘y atir sepilgan dastro‘molcha bilar bo‘ynini artdi. Polkovnik yana oynaga yaqin keldi. Yomg‘ir hali ham tinmagandi. Kimsasiz maydonda bir tovuq uzun, sariq oyoqlari bilan hakkalab yurardi.
– Xo‘rozga haqiqatdan ham ukol qilinadimi?
– Bor gap, – dedi polkovnik. – Keyingi haftadan mashg‘ulotlar boshlanadi.
– Bu o‘ylamay qilinayotgan ish, – dedi don Sabas. – Bunaqa yumushlar sizga to‘g‘ri kelmaydi.
– Haqsiz, – rozi bo‘la qolganday dedi polkovnik. – Lekin bu xo‘rozning bo‘ynini qayirishga ham sabab bo‘la olmaydi-da.
– Dumbullarcha bemulohazalik, – takrorladi don Sabas oyna tomonga yo‘nalib. Uning og‘ir-og‘ir harsillab nafas olishi mo‘ynalar oshlanganda chiqadigan ovozni eslatardi. Polkovnik unga achinish bilan qaradi.
– Maslahatimga quloq tutsangiz-chi, yoshulli, – dedi don Sabas. – Hali ham siz shu xo‘rozni soting, keyin juda kech bo‘ladi.
– Hech qachon haddan tashqari kech bo‘lmagan, – dedi polkovnik.
– Aql bilan ish tuting, – o‘z gapidan qolmasdi don Sabas ham. – Siz bir yo‘la ikki quyonni urishingiz mumkin: birinchidan, mana bu barcha tashvish va g‘alvalardan qutulasiz, ikkinchidan, cho‘ntagingizga to‘qqiz yuz peso mullajiring tushadi.
– To‘qqiz yuz peso-ya! – hayqirib yubordi polkovnik.
– Ha, to‘qqiz yuz peso.
Polkovnik o‘ylanib qoldi.
– Siz menga shuncha pul beradilar deb o‘ylaysizmi?
– Nainki o‘ylayman, – dedi don Sabas. – Balki bunga mutlaq ishonaman.
Polkovnik bunchalik katta miqdordagi pulni hatto inqilobiy qo‘shin xazinasi sohibi bo‘lganida ham qo‘liga ushlamagan edi. U don Sabasning idorasidan qaytib chiqqanida yana qornida kuchli og‘riq turdi.
Pochtada esa u to‘g‘ri borib nozirga yuzlandi.
– Men shoshilinch xat kutyapman. Aviapochtada jo‘natilgan.
Nozir barcha konvertlarni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi, keyin esa bir so‘z demasdan barini avvalgi holatda taxladi. Faqat kaftini qoqib, polkovnikka ma’nodor qarab qo‘ydi.
– Biroq menga bugun xat kelishi kerak edi. Begumon.
Nozir yana qo‘llarini bir-biriga urib qo‘ydi.
– Polkovnik, faqat o‘lim muqarrar keladi.
Uning qaytishiga kampiri jo‘xorili bo‘tqa pishirgandi. U indamasdan totinarkan, har bir qoshiq luqmadan keyin uzoq xayol surib qolardi. Ro‘parasiga o‘tirgan kampiri noxush bir nima bo‘lganini sezdi.
– Senga nima bo‘ldi?
– Kuni menga nafaqa tayinlashga qarab qolgan amaldorcha haqida o‘ylab qoldim, – yolg‘onladi polkovnik. – Ellik yildan keyin biz qabrda tinchgina yotamiz, o‘sha bechora bo‘lsa, har juma kuni menga nafaqa tayinlasharmikin yoki yo‘q, deya gumonsirab o‘zini o‘zi qiynaydi hali.
– Yomon alomat bu, – dedi kampiri. – Demak, yana chekina boshlabsan-da. – U bir zum bo‘tqaga andarmon bo‘lib, yana eriga ko‘zi tushgandi, polkovnik o‘sha-o‘sha o‘z xayolariga g‘arq ekanini ko‘rdi.
– Sovib qolmasdan, bo‘tqangni yesang-chi.
– Mazali bo‘libdi, jo‘xorini qayerdan olding.
– Xo‘rozdan, – g‘alati javob qildi xotini. – Ustaxonadagi yigitlar bir olam jo‘xori keltirishdi, men undan o‘zimizga ham oldim. Dunyoning ishlarini ko‘r.
– Ha, – uf tortib dedi polkovnik. – Hayotda shunaqasi ham bo‘ladi, astoydil o‘ylaganingda ham hech xayolingga kelmaydi.
Polkovnik pechka ustida bog‘langancha turgan xo‘rozga qaradi. Xo‘rozda ham go‘yo nimadir o‘zgarganday edi. Ayol ham xo‘rozga ko‘z tashladi.
– Bugun bolakaylarni kaltak bilan haydashga to‘g‘ri keldi, – dedi u. – Xo‘roz uchun qari bir makiyonni olib kelishibdi.
– Bu odatiy hol-ku, – dedi polkovnik. – Polkovnik Aureliano Buendiaga ham qishloqlarda qizlarni olib kelishardi.
Hazil kampiriga yoqdi. Olisdan birov xirqirob ovoz berganday xo‘roz g‘uldur-g‘uldur qilib qo‘ydi.
– Nazarimda, ba’zan bu shumqadam yaqin orada tilga kiradiganday tuyuladi, – dedi kampiri.
Polkovnik ham xo‘rozga tikildi.
– Mana nimaga kerak xo‘roz. – U bo‘tqani xo‘rillatib ichganicha, miyasida nimaningdir hisob-kitobini qilardi. – Bizni uch yilga yetadigan yegulik bilan ta’minlasa-ya.
– Bu orzu, xolos, – dedi ayol. – Orzu bilan esa bo‘tqa qaynatolmaysan.
– Balki bo‘tqa qaynatolmassan, biroq u bizni boqadi, – javob qaytardi polkovnik. – Bu xuddi yoshulli don Sabasning mo‘jizaviy dorisining o‘zi.
Polkovnik tunda besaranjom uxladi – butun kech nimalarnidir qo‘shib-ayirib hisoblab chiqdi. Ertasi kuni tushlikda kampiri yana oldiga jo‘xori bo‘tqasi qo‘ydi. Kampiri boshini quyi solvolganicha, taomdan totinar, bir og‘iz ham gapirmas edi; xonimning kayfiyati rasvoligi polkovnikka ham yuqdi.
– Nima bo‘ldi senga, – so‘radi u.
– Hech nima, – javob qildi kampiri.
Polkovnik endi yolg‘on gapirish gali kampirining zimmasiga tushganini tushundi. U kampirini tinchlantirishga urinib ko‘rdi, ammo ayol eshitmadi.
– Bir narsa haqida o‘ylanib qoldim: marhumning tuproqqa topshirilganiga ham ikki oy bo‘lib qoldi, hali ham onasini yo‘qlaganim yo‘q.
Ayol unikiga shu kech yo‘l oldi. Kampiriga hamrohlik qilgan polkovnik u yerdan chiqqanida, karnaydan taralayotgan ajabtovur musiqa diqqatini tortib, kinoteatr tomon burildi. Hazrat Anxel o‘z uyi ostonasida o‘tirib, o‘n ikki marta cherkov qo‘ng‘irog‘ini daranglatib, ogohlantirganiga qaramay, kinoga borayotganlarni nazardan qochirmay kuzatardi. Yoritilgan tor-tanqis kirish maydonchasidagi bolalarning qiyqiriqlari, quloqni teshib yuborar musiqa bu yerda omma tirband ekanligidan darak berardi. Qandaydir bolakay yog‘och qurolni niqtab, unga chinqirdi:
– Xo‘roz qanday, polkovnik?
Polkovnik qo‘llarini ko‘tardi.
– Birnavi.
Butun imorat peshtoqini olachipor afisha egallagandi: “YaRIM TUNDAGI BOKIRA”. Balda kiyadigan kuylakdagi iffatli qizning bir oyog‘i yap-yalang‘och qolgandi. Olisda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gulduramaganicha, polkovnik kinoteatr yaqinida sandiroqlab yurdi. So‘ng kampiri qolgan joyga qarab ketdi.
Kampiri o‘lik chiqqan uyda yo‘q edi. Hali uyga ham qaytmagandi. Devordagi soat to‘xtab qolgan, biroq polkovnik komendantlik vaqti kirishiga ko‘p qolmaganini bilardi. U shaharga momaqaldiroq qanday yaqinlashayotganiga quloq solib yotdi. Kampirini izlamoqqa yana chiqib ketmoqchi bo‘lib turganida, uning o‘zi kirib keldi.
Polkovnik xo‘rozni yotoqxonaga keltirdi. Kampiri qayta kiyinib mehmonxonaga chiqqanida, u soatga tob berib, vaqtni to‘g‘rilab olish uchun komendantlik boshlanganidan darak beruvchi bongni kutardi.
– Qayerda eding?
– O‘sha yerda, – javob qildi kampiri. U eriga qaramasdan lagandan hovuchlab stakanga suv solgancha, yotoqxonaga qaytdi. – Bugun shunchalik erta yomg‘ir boshlaydi, deb kim o‘ylabdi.
Polkovnikdan sado chiqmadi. U bongni eshitib, soatni to‘g‘riladi, oynasini yopib, joyiga qo‘yish uchun stulni surdi. Yotoqxonaga kirganida, kampiri tasbeh tashlab, ibodatga muk tushgandi.
– Sen mening savolimga javob bermading, – dedi polkovnik.
– Qaysi savolingga?
– Qayerda eding?
– Aytdim-ku, o‘sha yerda edim, – dedi u. – Men axir qancha zamonlardan beri uydan chiqmagandim.
Polkovnik gamakni osdi. Uy eshigini yopib, hasharotlarga qarshi dorini purkadi. Keyin chiroqni yerga qo‘yib, joyiga cho‘zildi.
– Men seni tushunaman, – dedi u g‘amga botib. – Qurib ketgur qashshoqlik odamni yolg‘on gapirishga majbur qiladi.
Ayol chuqur xo‘rsindi.
– Men hazrat Anxel huzurida edim. Nikoh uzugini garovga qo‘yib, qarz olmoqchi edim.
– U senga nima dedi?
– Muqaddas narsalarni garovga qo‘yish gunoh ekanligini aytdi. – Kampiri ustidan pashshaxonani surdi. – Ikki kun oldin soatni sotishga urinib ko‘rdim. Biroq unga hech kim qaramadiyam – hozir hatto raqamlari yonib turadigan yangi soatlarning puli bo‘lib-bo‘lib beriladi. Ulardan qorong‘i bo‘lgandayam vaqtni bemalol bilvolsa bo‘laveradi.
Polkovnik qirq yillik umumiy: birda och, birda yupun, quvonchu iztiroblari o‘rtada bo‘lgan hayotlari davomida baribir umr yo‘ldoshini oxirigacha bila olmaganini tushundi. Ehtimol, ularning muhabbatlari ham qarigandir.
– Suratlar ham hech kimga kerak emas, – dedi kampiri. – Hammaning uyida shunaqasini ko‘rish mumkin. Men hatto turk rastalarini ham oraladim.
Polkovnik zaharxanda hazil qildi.
– Shuning uchun ochlikdan o‘lishimizni ham hamma biladi.
– Men charchadim, – dedi kampiri. – Erkaklar hech ham ro‘zg‘or tashvishini o‘ylamaydi. Men necha martalab qozonga tosh solib, pechka ustiga qo‘yganimning sanog‘iga yetolmayman, zora qo‘shnilar qozonimiz qaynamasligini bilishmasa deb.
Polkovnik uyalib ketdi.
– Bu tahqirli.
Ayol pashshaxonasini uloqtirib, erining gamagi yoniga keldi.
– Bu barcha vaj-karson va mug‘obirliklarning bahridan o‘tadigan fursat keldi. – Ayolning ko‘zlari yonardi. – Bu tavoze va obro‘parastliklardan bo‘g‘zimgacha to‘ydim. – Uning ovozi g‘azabdan bo‘g‘ilib borardi.
Polkovnikning yuz mushaklari qilt etmadi.
– Yigirma yil osmonda turnalar parvozini ko‘rishni orzu qilganday, senga har bir saylovdan keyin va’da qilishlarni kutishning oqibati nima bo‘ldi, o‘g‘limiz nobud bo‘ldi, – yonib gapirardi kampiri. – Mana qanday siylashlarini kutgan ekanmiz.
Bu gina-kuduratlarga polkovnik allaqachon ko‘nikkan edi.
– Biz o‘z burchimizni ado etamiz.
– Senatda qo‘r to‘kkan anovilar ham o‘z burchlarini ado etishib, evaziga har oyiga ming pesodan maosh olishadi, – javob qaytardi kampiri. – Misol uchun mana bu yoshulli don Sabasni ol – uning bor mol-mulki ikki qavatli uyiga sig‘maydi. Holbuki, u shaharda darbadar olibsotar sifatida paydo bo‘lgandi. Bo‘yniga ilonlarni o‘rab olganicha, piyoda yurib dori-darmon sotardi.
– Ammo u qand kasalidan joni hiqildog‘ida-ku, – dedi polkovnik.
– Sen esa ochlikdan o‘layapsan, – dedi ayol. – Hechdan ko‘ra kech yaxshi, anglasang-chi, obro‘ bilan qorin to‘ydirib bo‘lmaydi.
Chaqmoq chaqdi. Ko‘chada momaqaldiroq gumburladi, yotoqxonaga ham yopirilib kirib, bir gala toshlar tushgandek, karavot ostlarini ham gulduratib yubordi. Ayol tasbehiga otildi.
Polkovnik kuldi.
– Seni qara-yu, tilingni tiyib, bardosh berishni hech bilmaskansan-da. Men senga doim aytib kelaman, Xudo – mening partiyaviy hammaslagim bo‘ladi.
Biroq nafslamrini aytganda, ish hazil-huzul qilib o‘tirishgacha bormadi. Polkovnik bir daqiqa o‘tmasdan chiroqni o‘chirib, joyiga cho‘zilgancha, ahyon-ahyon chaqmoq chaqqanida yorishar qorong‘ilik qo‘ynida, g‘amgin o‘y-xayollarga botib yotardi. U Makondoni xotirladi. Polkovnik Neerlandiyada berilgan va’da bajarilar deb o‘n yil kutdi. Kunlardan bir kuni kunduzgi hordiq pallasida yaqinlashib qolgan chang bosgan sariq poyezdga ko‘zi tushdi, jaziramadan kuygan, yuragi ziq erkagu ayollar, mol-hollar hatto vagon tomida ham ustma-ust qalashib kelishardi. Banan jazavasi boshlandi. Bir kunning ichida posyolka butunlay o‘zgarib ketdi. “Ketaman, – degandi o‘shanda polkovnik. – Banan isi ko‘nglimni aynitadi”. Shunday qilib u 1906 yil 24 iyun kunduzi ikkidan o‘n sakkiz daqiqa o‘tganda poyezdning qaytar reysida Makondoni tark etgandi. Neerlandiyada taslim bo‘lgandan buyon shu paytgacha halovat topmaganini anglab yetishiga yarim asr kerak bo‘ldi.
U ko‘zini ochdi.
– Demak, bu haqida ortiqcha o‘ylab o‘tirish shart emas.
– Nima haqida?
– Xo‘roz haqida, – dedi polkovnik. – Erta ertalab uni yoshulli don Sabasga to‘qqiz yuz pesoga sotaman.
Idora oynasi orqali bichilgan hayvonlarning vovaylosi va don Sabasning baqiriq-chaqirig‘i eshitilib turardi. “Agar u o‘n daqiqadan keyin ham oldimga kelmasa, ketaman”, – ikki soatcha kutishdan keyin o‘ziga-o‘zi so‘z berardi polkovnik. Biroq yana yigirma daqiqa kutdi. Oxiri ketmoqqa noiloj hozirlanib turganda, nihoyat don Sabas ishchilari bilan idorada ko‘rindi. Don Sabas bir necha marta yaqinidan o‘tdi, ammo unga qarab ham qo‘ymadi. Faqat ishchilari ketgandan keyingina u polkovnikka diqqatini qaratdi.
– Siz meni kutyapsizmi, yoshulli?
– Ha, yoshulli, – dedi polkovnik. – Ammo juda band bo‘lsangiz, men boshqa safar kelishim mumkin.
Don Sabas uni eshitmadi – u tashqariga chiqib ketgan edi.
– Hozir qaytaman, – baqirdi don Sabas.
Toltush pallasi edi. Idoraga ko‘chadan quyosh nurlari yog‘ilardi. Kishining mazasini qochiradigan jaziramada polkovnik kipriklarini yumgan edi – ko‘z oldida darrov kampirining qiyofasi jonlandi. Idoraga oyoq uchlarida yurib don Sabasning xotini kirdi.
– Dam oling, dam oling, yoshulli, – dedi u. – Bu yer hozir naq jahannamning o‘zi, pardalarni tushiraman, harna-da.
Polkovnik ayolga tushunmaganday qaradi. Ayol darpardalarni tushirib, g‘ira-shirada so‘zlashda davom etadi:
– Siz ham tez-tez tush ko‘rib turasizmi?
– Ba’zan, – dedi polkovnik, ko‘zi yumilib ketayotganidan xijolatga tushganicha. – Tushimda hamisha go‘yo o‘rgimchak meni o‘rab olayotgandek bo‘laveradi.
– Meni esa har tun dahshatli aloq-chaloq tushlar azoblaydi, – dedi ayol. – Oxiri tushlarimda meni qaqshatadigan kishilar kim ekanligini bilishga qaror qildim. – U elektr parrakni yoqdi. – O‘tgan hafta karavotim tepasida bir ayol paydo bo‘ldi, deng. Men butun matonatimni ishga solib, undan kimsiz deb so‘radim. Nima deb javob qildi deng: men o‘n ikki yil oldin shu xonada o‘lganman, deydi.
– Uy esa bor-yo‘g‘i ikki yil oldin qurilgan, – dedi polkovnik.
– Xuddi shunday, – dedi Don Sabasning xonimi. – Bundan chiqdi o‘liklar ham adashar ekan-da.
Ventilyatorning vizillashi g‘ira-shira qorong‘ilikni yana ham quyuqlashtirdi. Polkovnik bir ahvolda, uyqu qistalang qilib kelgan, bu yetmaganday ayolning vaysaqiligi, tushlardan gap chiqib o‘liklarning sirli tirilishigacha borib yetgani jonidan o‘tdi. U orada bir lahza ayolning jag‘i tinganida, uzr so‘rab holini tushuntirishni orziqib kutardi, hartugul shu palla don Sabas ish boshqaruvchisi bilan kirib keldi.
– Senga deb sho‘rvani to‘rt marta ilitdim, – dedi unga ayol.
– Yana o‘n marta ilitishing kerak bo‘lganda ham, – dedi don Sabas, – hozir meni tinch qo‘y.
U seyfni ochib, ish boshqaruvchisiga bir taxlam pul berdi va qiladigan qay bir ishlarini birma-bir ta’kidladi. Ish boshqaruvchi darpardalarni surib, pullarni qayta sanadi. Don Sabas polkovnikka qarab qo‘ygani bilan idoraning to‘rida boshqaruvchi bilan suhbatini davom ettirar, negadir polkovnikning oldiga kelishni xayoliga keltirmasdi. Ular yana qaygadir ketishga hozirlanishganida, polkovnik ham o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Don Sabas eshikni ochishga qo‘lini uzatgan ham ediki, to‘xtadi.
– Ha yoshulli, sizga nima kerak?
Polkovnik boshqaruvchi unga tikilib qarayotganiga diqqat qildi.
– Hech nima, – dedi polkovnik. – Men faqat siz bilan gaplashib olsam, degandim.
– Tez gapira qoling. Menga har bir daqiqa g‘animat.
U sabrsizlanib, qo‘li bilan pechkaning eshigi dastakchasini ushlab turardi. Polkovnik bu o‘z hayotida eng cho‘zilgan besh soniya bo‘lganini his qildi. U tishini-tishiga bosdi.
– Xo‘roz masalasida, – pichirlabgina deya oldi u.
Don Sabas eshikni ochdi.
– Xo‘roz masalasidami, – qaytardi u tirjayib, chiqayotgan boshqaruvchini turtib qo‘yib. – Butun dunyoni to‘fon bosganida ham, birodarim, xo‘rozini qo‘ldan qo‘ymay, o‘zi bilan olib yuraveradi. – Va polkovnikka murojaat qilib davom etdi: – Bo‘pti, yoshulli. Men hozir qaytaman.
Polkovnik dahliz oxirida qadam tovushlari tinganicha, xonaning o‘rtasida harakatsiz turib qoldi. Shundan keyingina ko‘chaga chiqib, ushbu yakshanbada dong qotgan shahar bo‘ylab yurib ketdi. Tikuvchilik ustaxonasi kimsasiz edi. Doktorning kabineti ham yopiq turardi. Shomliklarning do‘konidan namuna uchun chiqarib qo‘yilgan mollar oldida qorovul ham yo‘q edi. Daryo po‘lat rang matoday yaltirardi. Qandaydir kishi shlyapasi bilan yuzini quyoshdan pana qilganicha neft to‘ldirilgan bochka ustida uxlab yotardi. Polkovnik uyiga keldi, shunday jaziramada butun shahar bo‘ylab ko‘chalarni aylangan yagona odam o‘zi ekanligiga uning ishonchi komil edi.
Kampiri tushlik bilan uni kutgandi.
– Men buni qarzga oldim va ertaga ertalab to‘lashga va’da berdim, – deya izohladi u.
Tushlik ustida u kampiriga don Sabasning idorasida yuz berganlarni birma-bir aytib berdi. Ayol g‘azablanib eshitdi.
– Gap shundaki, senda qat’iyat yetishmaydi, – dedi kampiri polkovnik so‘zini tugatgach. – O‘zingni xuddi sadaqa so‘rayotganday tutasan. Yoshulliga hech bir shama-pama qilib o‘tirmasdan, dangaliga: “Men xo‘rozni sotishga qaror qildim”, – deya aytish kerak.
– Hammasi sen aytganingday oddiy bo‘lganida, olam guliston bo‘lib ketar edi, – dedi polkovnik.
Bu tong ayol bo‘ronday shiddat bilan yumushlarga kirishgan edi. Eri kelgunicha uyni butunlay saranjom-sarishta qilib, tartibga keltirgan, o‘zi ham antiqa bir tarzda ko‘rinardi: oyog‘ida erining eski-tuski botinkasi, oldiga klyonka fartuk, boshiga allaqanday lattani quloqlari bilan birga o‘rab olgandi.
– Senda ishbilarmon chapdastlik umuman yo‘q, – dedi ayol. – Savdoning fe’li shunaqa, xuddi o‘zing sotib olayotgandek sotmoq payida bo‘lish kerak.
Polkovnikka kampirining ko‘rinishi kulgili tuyuldi.
– Hamisha shunaqa kiyinib yur, – kampirining gapini bo‘ldi u. – Suli qutisi ustidagi odamchani eslatasan.
Kampiri boshidan lattasini yechdi.
– Senga jiddiy gapirayapman. Hozir xo‘rozni olaman-da, yoshullinikiga boraman. Nimaning ustida garov o‘ynaymiz, desang ham roziman: yarim soatdan keyin to‘qqiz yuz peso bilan shu yerda bo‘laman.
– Bunday mo‘may pul boshingni aylantirib qo‘yibdi, – dedi polkovnik. – Halitdan xo‘rozga pul tikyapsanmi, deyman.
Ayolni avrash unga ko‘tara azob bo‘ldi. Ertalaboq ayol o‘zicha hammasini cho‘tlab chiqishga ulgurgan, taxminicha, bu pul ularga jumalardagi har qanaqa xavotiru jon talvasalarisiz uch yilgacha tinchgina yashashlari uchun bemalol yetar edi. Xotini o‘zini to‘qqiz yuz peso olishga hozirlagan edi. Olinishi kerak bo‘lgan eng zarur narsalar ro‘yxatini tuzib chiqar ekan, polkovnikka yangi botinka olish haqida ham unutmadi. Yotoqxonada oyna o‘rnatishni ham mo‘ljalladi. Erining gaplari bir pasda butun rejalarini kunpayakun qilib, ustidan kulgandek, qalbida uyat va alam tuyg‘ularini qo‘zg‘adi.
U yengil tortish uchun cho‘zildi. O‘rnidan turganida esa polkovnik hovliga chiqqandi.
– Nima qilayapsan? – so‘radi polkovnikdan.
– O‘ylayapman, – dedi polkovnik.
– Unda hammasi joyida. Ellik yil o‘tar-o‘tmas bu pulni qo‘lga kiritamiz, demak.
Polkovnik esa ayni shu kech xo‘rozni don Sabasga sotishga jazm qilgandi. U don Sabas bo‘m-bo‘sh idoraning ventilyatori yaqinida o‘tirib, kunlik ukolni qanday kutib o‘tirishini o‘zicha tasavvur qildi. Polkovnik yoshulli bilan munozarasini oldindan chamalab ko‘rardi.
– Xo‘rozni o‘zing bilan olvol, – qo‘ymasdi kampiri. – Molning turqi-tarovatini ko‘rsatish ham kerak.
Polkovnik rad etdi. Ayoli qalbi umidu umidsizlikka to‘lib uni darchagacha kuzatib qo‘ydi.
– Idorasida butun bir izdihom bo‘lsa ham, – derdi kampiri, – uning giribonidan olib, to‘qqiz yuz pesoni cho‘ntagidan chiqarmagunicha, holi-joniga qo‘yma.
– Xuddi hujumga hozirlanayotgandekmiz.
Cholining gapi ayolning qulog‘i yonidan o‘tib ketardi.
– Esingdan chiqarma, xo‘rozning egasi sen. Oqsoqol senga emas, sen unga xushomad qilishing kerak.
– Yaxshi.
Don Sabas doktor bilan yotoqxonada o‘tirardi.
– U bilan gaplashib olishni qo‘ldan boy bermang, choping, – dedi polkovnikka don Sabasning xonimi. – U yer-mulkiga ketishdan oldin doktor bilan maslahatlashib o‘tiribdi, u yoqdan esa payshanbagacha qaytmaydi.
Polkovnikni bir-biriga ters hislar chulg‘ab oldi. U xo‘rozni sotishga qat’iy qaror qilgan, shu bilan birga don Sabas uyidan ketib qolmasdan yetib kelganiga afsuslanardi ham.
– Men kutib turishim mumkin, – dedi u.
Biroq ayol eshitishni ham istamadi. U polkovnikni o‘zi yotoqxonagacha boshlab bordi, don Sabas karavotning baland parto‘shagi ustida ich kiyimda horg‘in va rangsiz ko‘zlarini doktorga tikkanicha o‘tirardi. Polkovnik doktor mijozining peshobini idishchada ilitib, bug‘ dimog‘iga urilgach, ma’qullaganday boshini qimirlatib qo‘yganigacha kutib turdi.
– Yaxshisi, otib tashlash kerak uni, – dedi doktor polkovnikka qarab. – Diabet surunkali xastalik – biz sarvatdorlarni bu darddan hech qachon xalos etolmasak kerak.
– Hamma narsaga qodir la’nati insuliningiz bilan bir amallang, – dedi don Sabas o‘zining so‘ljaygan dumbalarini qimirlatib. – Lekin mening po‘stim yong‘oqnikiday qalin, chaqishga tishingiz o‘tmaydi. – U so‘ng polkovnikka yuzlandi. – Kiring, yoshulli. Ertalab sizni oyoqyalang bo‘lib izlaganimda, hatto shlyapangizdan ham asar topmadim.
– Men shlyapa kiymayman, oldimdan chiqqan har qanaqa qalang‘i-qasang‘ini deb yechavermasligim uchun.
Don Sabas kiyinishga tushdi. Doktor kamzuli cho‘ntagiga analizga qon olingan probirkani soldi. Polkovnik u ketishga hozirlik ko‘ryapti, deb o‘yladi.
– Sizning o‘rningizda bo‘lganimda, doktor, yoshulliga ming pesolik to‘lov qog‘ozini yo‘llagan bo‘lardim. O‘shanda u bunchalik ishga berilmasdi.
– Men unga allaqachon millionlik bitim taklif qilganman, – dedi doktor. – Diabetga eng yaxshi dori-darmon – qashshoqlik.
– Rahmat retseptingiz uchun, – dedi don Sabas otda yurishga qulay bo‘lishi uchun guppi qorinini shimi ichiga tiqishga urinib. – Biroq men sizni boy bo‘lmoq falokatidan asrab qolmoq uchun bu imtiyozdan voz kechaman.
Doktor jomadonchasining nikelli oynachasidan o‘zining yarqiragan tishlariga suqlanib qaradi. Ko‘zini yirib shoshilib soatiga ham boqdi. Don Sabas bu palla etigini kiyarkan, kutilmaganda polkovnikka yuzlandi:
– Ha, yoshulli, u yoqlarda xo‘rozdan nima gaplar?
Polkovnik doktor ham uning javobini kutayotganini bilib qoldi. Tishini-tishiga bosib, pichirladi:
– Hech gap yo‘q, yoshulli. Bor-yo‘g‘i men uni sotish uchun keldim.
Don Sabas etigini kiyib bo‘ldi.
– Ana bu boshqa gap, yoshulli, – dedi u ortiqcha takalluflarsiz. – Bu siz o‘ylashingiz mumkin bo‘lgan tadbirlar ichida eng a’losi.
– Bunaqa ermaklar bilan shug‘ullanishga men haddan tashqari qarib qoldim, – deya polkovnik o‘zini oqlarkan doktorning hech narsa o‘qib bo‘lmas yuziga ham qarab qo‘yardi. – Jilla qursa yigirma yoshga navqiron bo‘lganimdami, hammasi butunlay boshqacha bo‘lardi.
– Siz hamisha yoshingizga nisbatan yigirma yoshga navqiron ko‘rinasiz, – dedi doktor xayrixohlik bilan.
Polkovnik dong qotdi. U don Sabas yana nimadir deydi deb kutardi, u nusxadan bo‘lsa sado chiqmadi. Indamasdan charm kurtkasining zanjirli yopqichini tortib, eshikka qarab yurdi.
– Agar istasangiz, yoshulli, keyingi hafta ham gaplashaverishimiz mumkin, – dedi polkovnik.
– Buni men ham sizga taklif qilmoqchi bo‘lib turuvdim, – deya javob qildi don Sabas. – Mening bir mijozim xo‘rozingizga to‘rt yuz peso berishi mumkin. Ammo buning uchun keyingi payshanbagacha kutishga to‘g‘ri keladi.
– Qancha? – qiziqdi doktor.
– To‘rt yuz peso.
– Men uning bundan ancha-muncha qimmat turishini eshitgandim, – hayron qoldi doktor.
– Siz menga to‘qqiz yuz peso deb aytgandingiz, – eslatdi polkovnik doktorning gapidan dadillanib. – Bu departamentdagi eng zo‘r xo‘roz.
– Boshqa payt bo‘lganida balki unga ming peso bersa ham arzirdi, – don Sabas doktorga qarata izoh berdi. – Ammo hozir zo‘r ekan deb hech kim dabdurustdan tavakkaliga xo‘rozni arenaga olib chiqolmaydi. Birdan galeradan otilajak o‘q xavfi hamisha bor. – U polkovnikka yuzlanib afsus bilan dedi:
– Aynan shuning uchun aytyapman-da, yoshulli.
Polkovnik ma’qullaganday boshini qimirlatdi.
– Tushunarli.
Polkovnik dahlizda ular ortidan kelardi. Mehmonxonada doktorni don Sabasning xonimi ushlab qoldi. Ayol: “Oh, bu qurib ketgur kasallik, to‘satdan shunday xuruj qiladiki, birpasda surobingni to‘g‘rilab qo‘yadi, hatto nima bo‘lganini o‘zing ham tushunmay qolasan”, – deya javragancha dori so‘radi. Polkovnik doktorni idorada kutardi. Don Sabas seyfni ochib, cho‘ntagiga pul tiqarkan, to‘rtta qog‘ozchani polkovnikka tutdi.
– Mana sizga oltmish peso, yoshulli, – dedi u polkovnikka. – Xo‘roz sotilganda, hisoblasharmiz.
Polkovnik doktor bilan kechki salqin havoda jonlana boshlangan portdagi do‘kon va rastalar yonidan o‘tib borardi. Pastda daryoda shakarqamish ortilgan qayiq suzardi. Polkovnik bugun negadir doktor og‘ziga tolqon solvolganini payqab qoldi.
– Doktor, sizga nima bo‘ldi?
Doktor yelkalarini qisib qo‘ydi.
– Shunday, o‘zim, – javob qildi u. – O‘ylashimcha, men ham bir vrachga ko‘rinib qo‘ysam, zarar qilmaydiganga o‘xshaydi.
– Bularning bariga qish sabab, – dedi polkovnik. – Mening ichimda nimadir ko‘chib tushganday.
Doktor kasbiga xos bo‘lmagan insoniy bir qarash bilan unga razm soldi. Keyin paydar-pay o‘z do‘konlari eshigi oldida turgan shomliklarga bosh silkidi. Doktorning kabinetiga yetishganida esa polkovnik yana xo‘roz haqida gap qo‘zg‘adi.
– Mening boshqa ilojim yo‘q, – tushuntirmoqchi bo‘lardi u. – Bu jonivor odam go‘shti bilan oziqlanadi.
– Men birgina odamxo‘rni bilaman – bu don Sabas, – dedi doktor. – U xo‘rozni sizdan olib to‘qqiz yuz pesoga pullashiga ishonchim komil.
– Siz shunday deb o‘ylaysizmi?
– Ishonchim komil, – takrorladi doktor. – U shunday bir manfaatparast hojatbarorki, bu ayni alkald bilan tuzilgan mashhur vatanparvarlik bitimidek Sabas uchun koni foyda kelishuv.
Polkovnik o‘z quloqlariga ishonmasdi.
– Yoshulli nima qilib bo‘lsa-da, o‘z hayotini asrab qolish uchun o‘sha bitimga rozi bo‘lgan, – dedi u. – Faqat shu kelishuv sabab u shaharda qola olgan.
– Alkald uning partiyadosh isyonchi o‘rtoqlarini shahardan badarg‘a qilganida, don Sabas do‘stlarining mulkini yarim bahosiga sotib olib, bu musibatdan ham o‘z foydasini ko‘zlagan, – fig‘oni falakka chiqib derdi doktor. U cho‘ntagidan kalitni topa olmay, eshikni taqillatib urdi, keyin hamon ishonishini bilmay turgan polkovnikka yana murojaat qildi:
– Anoyi bo‘lmang. Don Sabasni o‘z jonidan ko‘ra mullajiring ko‘proq qiziqtiradi.
Bu kech polkovnikning kampiri xaridga chiqqandi. Polkovnik shomliklarning magazinigacha hamrohlik qilib borarkan, yana va yana doktor bilan gurungini xotirlardi.
– Ustaxonadagi yigitchalarni hoziroq izlab top-da, ularga xo‘roz sotilganini ayt, – dedi ayol. – Nima qilishadi behudadan-behudaga umid bog‘lab?
– Don Sabas qaytmaganicha, xo‘roz sotilmaydi, – deb javob qildi polkovnik.
U bilyardxonada ruletkada qimor o‘ynayotgan Alvaro bilan uchrashdi. Yakshanba oqshomida butun muassasa lorsillardi go‘yo. Radioni bor ovozda bo‘kirtirib qo‘yishgan va bu jaziramada yana ham kuchliroq ta’sir qilardi. Polkovnik uzun stolda so‘ppayib turuvchi, qora yelimli yorqin raqamlarga ko‘z tashladi. Stol o‘rtasida, qutida kerosinli is chiroq yonardi. Alvaro o‘jarlik bilan yigirma uchga yopishib olgan va paydar-pay boy berar edi. Uning yelkasi osha o‘yinni kuzatarkan, polkovnik hammadan ko‘proq o‘n bir yutayotganini bilib oldi.
– O‘n birga tik, – u Alvaroning qulog‘iga shipshidi.
Alvaro klyonka qoplangan maydonga diqqat bilan razm soldi. Keyingi o‘yinga hech nima tikmadi. Taxlam pul bilan bir varaqani cho‘ntagidan chiqarib, stol ostidan varaqani polkovnikka uzatdi.
– Avgustin yozgan, – dedi u.
Polkovnik varaqani cho‘ntagiga yashirdi. O‘n birinchi raqamga Alvaro shu zahoti katta pul tikdi.
– Oz-ozdan boshla, – dedi polkovnik.
– Sizda sezgirlik qobiliyati kuchli ekani shundoq ko‘rinib turibdi.
Har xil rangli doira aylantirilib to‘xtaganda, qo‘shni o‘tirgan qimorbozlar birdan o‘zlarining ganaklarini boshqa raqamlardan chiqarib, o‘n birga qo‘yishdi. Polkovnikning yuragi shuvillab ketdi. U birinchi marta qimorning rohati va halokatini yashaganday bo‘ldi.
Beshga tushdi.
– Shunday bo‘lishini bilgandim-a, – dedi polkovnik aybdorlarcha, Alvaroning pullarini yog‘och xaskash bilan surib olishayotganini kuzatarkan.
– O‘zim bilmagan narsaga bosh suqishni kim qo‘yibdi men anoyiga. Alvaro unga qaramasdan ham tabassum qildi.
– Kuyinmang, polkovnik. Ishqibozlik shunaqa bo‘ladi, bir mazza qiling.
Mamboni ijro etayotgan karnaylarning ovozi birdan o‘chdi. Qo‘llarini ko‘targancha, qimorbozlar tumtaraqay bo‘ldi. Polkovnik o‘zining orqasida quruq, sovuq, o‘qlangan miltiq zatvori qarsillaganini eshitdi. U politsiyaning qurshoviga tushib qolganini tushgachgina, cho‘ntagida varaqa borligini xotirladi. U qo‘llarini ko‘tarmasdan sekin qayrildi. Shu joyda – birinchi marta – o‘g‘lini otgan qotil bilan o‘zini yuzma-yuz ko‘rdi. U to‘g‘ri polkovnikning ro‘parasida, qorniga miltiqning uchini to‘g‘rilab turardi. Bu past bo‘yli, hindu bashara kishining yuzi cho‘tir edi. Undan go‘dak isi kelardi. Polkovnik tishini-tishiga bosganicha, barmog‘ini otcha boshidek qayirib, yumshoqqina qilib qo‘ndoqni o‘zidan nari surdi.
– Ruxsat bersangiz, – dedi u.
Va kichkina, dum-dumaloq ko‘rshapalak ko‘zlarga duch keldi. Bu ko‘zlar uni bir lahzada yutib yuborgancha, burda-burdalab hazm qilib, keyin tuflab tashlaganday bo‘ldi.
– Marhamat, polkovnik. O‘ting.
Derazani ochmasdan ham dekabr g‘alabasini ko‘rsa bo‘lardi. U hali oshxonada turiboq, xo‘rozga nonushta uchun mevalarni to‘g‘rarkan, bo‘g‘in-bo‘g‘inigacha buni his qildi. Eshikni ochganida esa hovlida mo‘jizaviy manzaraning guvohi bo‘lib, sezgilari uni aldamaganiga amin bo‘ldi. Charog‘on tong havosida maysa va daraxtlar, hojatxona bo‘lmasi go‘yo hovurlanib yotardi.
Kampiri to‘qqizgacha to‘shagidan qo‘zg‘almadi. U oshxonaga chiqqanda, polkovnik xonani tartibga keltirgan, xo‘roz tevaragida yig‘ilib olgan bolalar bilan gurunglashib o‘tirardi. Ayol pechkaga qarash uchun ularni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi.
– Sizlar menga xalaqit berayapsiz! – shang‘illadi u xo‘rozga to‘mtayib nazar tashlarkan. – Biz qachon bu baxtiqaro parrandadan xalos bo‘lar ekanmiz?!
Polkovnik diqqat bilan xo‘rozga boqib, kim bunchalik kampirining achchig‘ini qo‘zg‘atganini tushunishga urindi. Xo‘rozning aft-angori xunuk va bir ahvolda: toji yulingan, yalang‘och buyni va paylari ko‘kimtir edi. Shunga qaramay u risoladagidek. Mashg‘ulotlarni boshlashga tayyor, desa bo‘lar edi.
– Xo‘rozni qarg‘aganingcha, derazadan tashqariga qarasang-chi, – dedi u kampiriga bolalar ketgach. – Bunday tongda esdalik uchun rasmga tushging keladi.
Ayol derazadan tashqariga qaradi, ammo vajohati yumshamadi.
– Men atirgullar o‘tqazishni istagan bo‘lardim, – dedi u pechka oldiga qaytarkan.
Polkovnik pechkada o‘rnatilgan oynaga qarab, murtini qirtishlashga tushdi.
– Atirgul o‘tqazishni istasang – o‘tqaz, – dedi polkovnik.
U pokini shunday sur’at bilan yuritar ediki, oyna orqali kampirining ham xatti-harakatini ko‘rib turardi.
– Ularni cho‘chqalar yamlab qo‘yadi, – dedi ayol.
– Nima ham qilardik, – dedi polkovnik. – Ammo-lekin, atirgullar bilan boqilsami, cho‘chqalarning eti biram mazali bo‘ladiki, oh-oh, – U kampirining kayfiyati avvalgidek tundmi yo o‘zgarganini bilmoq bo‘lib aksini oynadan izladi. Olovning shu’lasida unga ayol xuddi pechka kabi loydan yasalganday tuyulib ketdi. Uzoq yillardan buyon odatlanganidek polkovnik ayoli ko‘zlaridan nazarini olmay, o‘z yuziga qaramay ham soqolini olishda davom etdi.
Kampiri o‘z o‘ylari girdobidan uzoq fursat chiqolmasdan, indamasdan o‘tirdi.
– Shuning uchun atirgullar o‘tqazishni istamayman, – dedi nihoyat u.
– Bo‘pti, – dedi polkovnik. – Unda o‘tqazma.
U o‘zini bardam his qildi. Dekabr ichaklaridagi o‘simtalarni quritganday edi. Ertalabki jami sarguzashtlaridan birgina noxushi – yangi botinkasini kiyishga urinishi bo‘ldi. Bir necha marta oyog‘ini tiqishga urinib, bu behuda ekanligiga imoni komil bo‘lgach, amirkonini ildi. Kampirining bunga e’tibori tushib, dedi:
– Agar sen yangi botinkani hozir kiyib kengaytirmasang, u hech qachon oyog‘ingga loyiq kelmaydi.
– Bu botinka falajlar uchun, – e’tiroz bildirdi polkovnik. – Birinchidan, uni bor-yo‘g‘i bir oy nari-berisidagina kiyiladi, keyin esa sotishga to‘g‘ri keladi.
Polkovnik bugun albatta xat oladigandek ko‘ngli hovliqib ko‘chaga chiqdi. Kema kirib kelishiga hali ancha mahal bor edi, shuning uchun u don Sabasning idorasiga qarab o‘tishga qaror qildi. Biroq unda polkovnikka don Sabas dushanbagacha kelmasligini ma’lum qilishdi. Uning dabdurustdan ushlanib qolishi polkovnikning ruhini tushirmadi. “Ertami kech u baribir keladi”, o‘z-o‘ziga shunday degancha, portga qarab yo‘l oldi. Favqulodda bir go‘zal palla, tongi charog‘onlikda hali hech bir manzara loyqalanmagan edi.
– Yil bo‘yi dekabr ketmaganida ajoyib bo‘lardi-da o‘ziyam, – deya pichirlab qo‘ydi u Muso shomiyning do‘konida o‘tirarkan. – Bir chimdim ham g‘uboring qolmaganday, o‘zingni shaffofdek his qilasan.
Muso shomiy zo‘r berib, bu lutfni o‘zining unutilgan arab tiliga o‘girmoqchi bo‘ldi. Muso mo‘min-qobilgina, tarang terisi silliq, ajinsiz, yopishib turgani bilan, harakatlari suvga g‘arq bo‘lgan kishinikidek shalviragan edi. Haqiqatdan ham hozirgina uni suvdan chiqarib olishganga o‘xshardi.
– Bir zamonlar shunday bo‘lgan, – dedi u. – Hozir ham o‘shanday bo‘lganda men allaqachon sakkiz yuz to‘qson oltiga kirardim. Sen-chi?
– Yetmish beshga, – dedi polkovnik nigohi bilan pochta nozirini ta’qib qilib. Va u birdan pochta kemasi palubasi o‘rtasida tsirkka ko‘zi tushib, rang-barang bo‘xchalar orasidagi zarhalli chodiridan uni tanib qoldi. U bir daqiqa boshqa katerdagi qutilar orasida ayqash-o‘yqash yirtqichlarni yaxshilab ko‘rib olishga chalg‘ib, nozirning qorasini yo‘qotib qo‘ydi. Biroq yirtqichlar yaxshi ko‘rinmasdi.
– Sirk, – dedi polkovnik. – Oxirgi o‘n yillikda birinchisi.
Muso shomiy bu xabarni xotini bilan muhokama qilardi. Ular arabiyni ispancha bilan aralash-quralash qilib gaplashardi. Xotini unga do‘konning orqa imorati tomonidan gapirar, eri zavjasining tashvishini avval o‘zi fahmlab olib, keyin polkovnikka doston qilardi.
– Polkovnik, u mushukni yashirish bilan ovora. Bo‘lmasa bu shumtakalar mushukni o‘g‘irlashib, tsirkka sotib yuborishdan ham qaytishmaydi.
Polkovnik nozirning orqasidan yo‘lga tushishga hozirlandi.
– Bu hayvonlar tsirki emas, – dedi polkovnik.
– Baribir, – dedi shomiy. – Dorbozlar suyaklari pishiq bo‘lishi uchun pishak go‘shti tanovul qiladilar.
Polkovnik nozirning ortidan yo‘l olib, portdagi do‘konchalar yaqinidan o‘tib bordi. Maydonga yetganida, galera tomonidan kelayotgan baland-baland baqir-chaqirlar qulog‘iga kirdi. Oldidan chiqqan bir kishi unga xo‘rozi haqida o‘zicha nimalardir dedi. Faqat shundagina polkovnik belgilangan mashg‘ulotlarni bugundan boshlashga kelishilganligini xotirladi. U shundoqqina pochta yaqinidan o‘tib ketdi. Bir daqiqa o‘tmay u ham galeradagi g‘ala-g‘ovur ichiga butun vujudi bilan sho‘ng‘ib ketgan edi. Arenada pixlari latta bilan o‘ralgan, uning himoyasiz xo‘rozi so‘ppayib turar, qo‘rqayotgani oyoqlarining qalt-qalt titrayotganidan ham bilinardi. Raqibi kulrang xunuk bir xo‘roz edi.
Polkovnik xo‘rozlar jangiga ishtiyoqsiz qaradi. Shiddatli cho‘qishuvlar uzluksiz davom etar, xo‘rozlar guyo bir butun bo‘yin va oyoqdan iborat o‘ramday aylanishardi. Tevarakni hayratlanarli qiyqiriqlar bosdi. Tashlandiq taxta g‘ovdan boshi bilan o‘mbaloq oshib tushgan kulrang xo‘roz shu zahotiyoq yana jangga otildi. Polkovnikning xo‘rozi hujum qilmasdi. U raqibining barcha hamlalarini daf qilgancha, o‘z joyidan qimirlamas edi. Oyoqlariyam qaytib qaltiramadi.
German g‘ovdan sakrab o‘tib, polkovnikning xo‘rozini boshi uzra ko‘tardi va trubinalardagi tomoshabinlarga ko‘rsatdi. Ishqivozlar jazavada qiyqirishardi. Polkovnikka ommaning zavq-shavqi haddidan oshganday tuyuldi. Bularning bari polkovnikka qo‘pol hazilga o‘xshar, ko‘ra bilan turib, o‘z ixtiyori bilan xo‘rozlar-da bu tomoshada ishtirok etishar edi.
U hatto sal nafratli qiziquvchanlik bilan butun galera tevaragiga nigoh tashlab chiqdi. Jazavaga tushgan olomon tribunani tashlab maydonga yopirilar edi. Polkovnik quvonchbaxsh umiddan hayajonlanib, bo‘g‘riqib ketgan yuzlarga ko‘z tashlar edi. Bular umuman boshqa odamlar edi. Shaharning yangi odamlari. Shunda allaqanday shu’ladan bir lahza zehni tiniqlashib, allaqachon xotirasi ovloqlarini-da tark etgan hayot mavjlari bilan uchrashganday bo‘ldi. Xotiralarga berila turib, u g‘ovdan hatlab o‘tdi, olomon orasidan o‘ziga yo‘l ochar ekan, Germanning xotirjam nigohiga duch keldi. Ular bir-birlaridan nigohlarini uzmay qarab turishar edi.
– Xayrli kun, polkovnik.
Polkovnik undan xo‘rozini oldi. Pichirlab dedi:
– Xayrli kun. – Boshqa hech bir so‘z qo‘shimcha qilmadi. U barmoqlari ostida parrandaning iliq titrog‘ini his qilar ekan, umr bo‘yi qo‘li bilan shu xo‘rozdan jonliroq mavjudotni ushlamaganini o‘yladi.
– Siz uyda yo‘q ekansiz, – dedi German hayron bo‘lib.
Uning gapini olqishlarning yangi guldurosi uzib qo‘ydi. Polkovnik xijolatga tushdi. Ishqibozlarning quloqni batang qiladigan qiyqiriqlari ostida u hech kimga qaramasdan, qisinib-turtinib olomon oraladi, oxiri qo‘ltig‘iga qistirilgan xo‘roz bilan ko‘chaga chiqib oldi.
Butun shahar ahli, to‘g‘irog‘i, shaharning jaydari kishilari tomoshaga chiqishgan, maktab o‘quvchilari qurshovida polkovnikning qayoqqa yo‘l olishiga qiziqishardi. Maydonning bir kunjagida allaqanday so‘loqmonday habash bo‘yniga ilonni o‘rab olganicha, dori-darmonlarni stolda yoygancha savdo qilar edi. Portdan qaytayotgan kishilar oqimi uning qo‘yarda-qo‘ymay suv tekin, joningizni kiritadi kabi xayolni ovlar jalb etishlariga chalg‘ib bir zumga to‘xtashdi. Biroq qo‘ltig‘i ostiga xo‘rozini qistirib olgan polkovnikka ishqibozliklarini unutmasdan, yana cholning ortidan yurib ketdilar. Polkovnikka uyiga olib borar bu yo‘l hech qachon bunchalik uzun bo‘lib ko‘rinmagandi. U bundan kuyingani yo‘q, albatta. Shahar o‘n yil davomida uzoq uyquga cho‘mgan, nazarida, go‘yo vaqt ham bir joyda to‘xtab qolganday edi. Biroq ushbu jumada – yana bir juma maktubsiz kechgandi – shahar karaxtlikdan uyg‘ongan edi. Polkovnik o‘tgan zamonlarni xotirga oldi: mana u xotini va o‘g‘li bilan soyabon ostida yashirinib, jala quyishiga qaramay o‘ynalayotgan spektaklga qaragancha o‘tirishibdi; mana sochlarini silliq taragan partiya rahbarlari musiqa ohangiga mos tarzda uning hovlisida yelpinib o‘tirishibdi. Polkovnikning quloqlariga do‘mbiraning og‘riq berar darajada daranglagani aniq eshitildi.
U ko‘chani kesib o‘tib, daryo bo‘ylab borar ekan, bu yerda ham xuddi saylovlar paytida bo‘ladigan, allaqachon unutilgan favqulodda vaziyat, guvranib turgan izdihomga ko‘zi tushdi. To‘plangan kishilar tsirkchilar lash-lushlarini tushirishlarini kuzatardi. Polkovnik do‘konchalarning biri yonidan o‘tayotganida, allaqanday ayol xo‘roz haqida nimadir deb chiyilladi. Ammo polkovnik tamoman o‘z olamiga g‘arq edi: qariyb unutilayozgan, juda ham olislardagi, hamon qalbidagina sado berib turgan abas ovozlarni tinglar, baayni haligina galerada yangragan gulduros olqishlovlarning aks sadosidek edi bu.
U eshigi og‘zida bolalarga yuzlandi:
– Qani endi uylaringizga qarab jo‘nab qolinglar-chi bir! Bo‘lmasa qo‘limga tasmamni olaman.
U eshik zulfinini o‘tkazib, to‘g‘ri oshxonaga yurdi. Kampiri harsillab yotoqxonadan chiqdi.
– Uni zo‘rlik bilan olib ketishdi, – vag‘illadi ayol. – Men ularga ko‘ksimda jonim bor ekan, xo‘rozni bermayman, dedim.
Polkovnik kampirining ayanchli dod-voyi ostida xo‘rozni pechkaga bog‘lab, tovog‘idagi suvini yangiladi.
– Ular bo‘lsa, hatto o‘lsam ham o‘z qarorlaridan qaytmasliklarini ma’lum qilishdi. Xo‘roz bizgagina emas, butun shaharga tegishli ekan.
Kampiri bir lahza jim bo‘lganida, polkovnik uning bo‘zargan yuziga boqib, na achinish, na gunohkorlikdan asar ham yo‘qligini ko‘rib, hayratdan barmog‘ini tishladi.
– Ular to‘g‘ri qilishgan, – dedi u bosiqlik bilan. Keyin esa cho‘ntaklarini paypaslab qo‘yib, allaqanday yumshoq ohangda qo‘shimcha qildi: – Xo‘roz sotilmaydi.
Kampiri uni yotoqxonagacha kuzatib bordi. Polkovnik hamisha shunday bo‘lib kelganday, o‘zini odatdagiday tutar, ayni paytda ayol juda olisda, go‘yo ekranda uni ko‘rgandek alfozda edi. Erkak shkafdan pul olib, cho‘ntaklarida qolganini qo‘shib sanadi va yana shkafga berkitdi.
– Bu yerda yigirma to‘qqiz peso, biz uni yoshulli don Sabasga qaytaramiz, – dedi u. – Qolganini nafaqa olganimizda to‘laymiz.
– Agar olmasak-chi? – savolga tutdi kampiri.
– Olamiz.
– Mabodo olmasak-chi?
– Demak, unda to‘lamaymiz.
Erkak karavoti tagidan yangi botinkani topdi. Karton qutisini olish uchun u shkafga qaytdi, poyabzalning tagcharmlarini latta bilan artib, yakshanba kech kampiri ularni keltirganda quti ichida qanday yotgan bo‘lsa, shunday tarzda botinkani qutiga soldi. Ayol qimirlamadi.
– Botinkani do‘konga qaytaramiz, – dedi polkovnik. – Bu yana o‘ttiz peso.
– Uni qaytarib olishmaydi, – dedi kampiri.
– Qaytarib olishlari shart, – rad etdi polkovnik. – Men uni bor-yo‘g‘i ikki marta kiyib chiqdim.
– Turklar buni tushunmaydi, – dedi ayol.
– Albatta tushunishlari kerak.
– Agar tushunmasalar-chi?
– Tushunishmasa tushunishmas.
Ular kechki tamaddisiz yotishdi. Polkovnik xotini ibodatini tugatib, chiroqni o‘chirishini kutib yotdi. Biroq ko‘zi hech ilinavermadi. U kinonazorat signalini eshitgan, ko‘p o‘tmay komendantlik soati boshlanganini bildirib chalingan bongdan keyin ham uch soat o‘tgan edi. Tungi ayozli havoda kampirining nafas olishi xirillab chiqa boshladi. Kampiri g‘udranibgina, bu safar xotirjam, yarashgan ohangda unga gap tashlaganida ham polkovnik ko‘zi ochiq holda yotar edi.
– Uxlaganing yo‘qmi?
– Yo‘q.
– Yaxshilab o‘ylab olib, keyin bir ish qilgin, o‘tinaman. Ertagayoq yoshulli don Dabas bilan gaplash.
– U dushanbagacha uyiga qaytmaydi.
– Juda soz, – dedi ayol. – Yaxshilab o‘ylab olishing uchun imkoningda yana uch kun bo‘ladi.
– Boshimni qotirishga hech hojat yo‘q, – dedi polkovnik.
Oktyabrning xira tumani yoqimli toza havo bilan almashdi. Dekabr yana o‘zini eslatdi – ko‘lbuqa qushi bu boshqa fasl deya sayrardi. Ikkida ham polkovnik hamon uxlamagan, gamagida to‘lg‘onib yotardi.
– Uxlolmayapsanmi? – kampiri yana so‘radi.
– Yo‘q.
Kampiri biroz indamay turdi.
– Bu imkoniyatni qo‘ldan boy berishga bizning haqqimiz yo‘q. Biz uchun to‘rt yuz pesoning qiymati qancha ekanligini o‘z boshingga yaxshilab o‘ylab ko‘r.
– Biz hademay nafaqa olamiz, oz qoldi, – dedi polkovnik.
– Men bu haqida o‘n besh yildan buyon eshitib kelaman.
– Xuddi shuning uchun ham, – dedi polkovnik. – Shuning uchun ham endi yana kutishga majbur qila olmaydi.
Kampiri uzoq tin oldi. Ammo tilga kirganida, polkovnikka bir daqiqa ham o‘tmagandek tuyuldi.
– Mening ko‘nglim sezib turibdi, bu pullar hech qachon bizgacha yetib kelmaydi.
– Keladi.
– Mabodo kelmasa-chi?
Bu savolga javob berishga polkovnik ulgurmadi. Xo‘rozning birinchi qichqirig‘iyoq uni uyg‘otib yuborgan bo‘lardi, ammo bu pallaga kelibgina ko‘zi ilingan, gumgurs, tush-push ko‘rmay qotib yotardi. Uyg‘onganida oftob allaqachon tikkaga kelgandi. Kampiri ham tosh qotgandi. Odatiga xilof ikki soat kechikib bo‘lsa-da, polkovnik ertalab qilishi kerak bari yumushlarini ado etib, birga nonushta qilishlari uchun kampirini kutib o‘tirdi.
Kampiri esa yotoqxonadan yoniga yo‘lab bo‘lmaydigan bir alfozda chiqib keldi. Ular bir-biriga xayrli tong tilagach, churq etmay stulga cho‘kishdi. Polkovnik bir bo‘lak pishloqni, sutli non bilan chimdib, bir finjon qora qahva ichdi. U ertalabki vaqtini tikuvchilik ustaxonasida o‘tkazdi. Kun yarmida uyga qaytib, kampirini begoniya gullari orasida uchratdi – u kiyim-kechaklarni yamash bilan mashg‘ul edi.
– Tushlik vaqti bo‘ldi, – dedi u.
– Tushlikka hech vaqo yo‘q, – dedi kampiri.
Polkovnik yelkalarini qisib, panjaraning tirqishini berkitishga yo‘l oldi, u orqali bolakaylar oshxonaga kirib olishardi. Uyga qaytganida stol tushlikka hozirlangan edi.
Tushlik chog‘ida polkovnik kampiri ko‘z yoshini arang tiyib turganini payqadi. Bu uni xavotirga soldi. U kampirining fe’lini bilar, tabiatan chidamli, qirq yillik sitam va muhtojliklarda toblanib, yana ham matonatli bo‘lgan, hatto o‘g‘lining o‘limi ham irodasini bukolmagan, bir tomchi ko‘z yosh to‘kmagandi.
U kampiriga gina bilan qaradi. Ayol lablarini tishlab, ko‘zlarini qo‘llari bilan artib, yana totinmoqqa yuzlandi.
– Sen men bilan hech ham hisoblashmaysan, – dedi u.
Polkovnik javob qaytarmadi.
– Sen badjahl, g‘o‘rsan, meni sira odam o‘rnida ko‘rmaysan, – derkan, xoch monand qo‘yilgan qoshiq va sanchqiga ko‘zi tushib, irimchiligiga borib ularni bir-biridan shu zahoti ayirdi. – Men senga butun hayotimni bag‘ishladim, mana endi aniq bo‘lganidek, anavi zormanda xo‘roz menga qaraganda sen uchun aziz ekan.
– Unday emas, – deb qo‘ydi polkovnik.
– Yo‘q, xuddi shunday, – qarshilik bildirdi ayol. – Tushunsang-chi, men o‘lyapman. Hozir mening jismi-jonimida nima sodir bo‘lyapti, sen qaydan ham bilarding, bu kasallik emas, jon talvasasi.
Shu bilan stoldan turganlaricha polkovnik churq etmadi.
– Agar doktor menga xo‘rozni sotsang, kampiringning damqismasi tuzalib ketadi, deb kafolat bersa, o‘sha zahoti sotib yuboraman, – dedi u. – Kafolat bermaskan – sotmayman.
Tushlikdan so‘ng polkovnik xo‘rozni galeraga olib ketdi. Uyga qaytganida kampirida xastalik xuruji boshlangandi. Dahliz bo‘ylab sochlari to‘zg‘igan bir ahvolda sang‘ir, qo‘llarini keng yoyganicha, xaris bir harakat ila hushtak chalganday qilib, havo simirmoqchi bo‘lardi. U shunday alfozda kechgacha yurdi. Keyin esa choliga hech nima demasdan joyiga cho‘zildi.
Komendantlik vaqti kirganini bildirib bong urilganda ham u ming‘irlaganicha, duo o‘qib yotardi. Polkovnik chiroqni o‘chirmoqchi bo‘ldi, biroq kampiri norozilik bildirdi.
– Qorong‘ida o‘lishni istamayman.
Polkovnik chiroqni polga qo‘ydi. U o‘zini juda ham horg‘in his qildi. U barini butunlay unutishni, tarashaday qotib uxlashni va qirq besh kundan keyin, naq yigirmanchi yanvarning soat uchida galerada, xo‘roziga arenaga chiqishga ruxsat beriladigan shunday bir lahzada uyg‘onishni jon-jonidan istar edi. Ammo uxlolmas, chunki kampiri uxlamagan edi.
– Azaliy kechmish shu, – yana allaqancha vaqtlar o‘tib kampiri o‘ziga-o‘zi g‘o‘ng‘illab dedi. – Boshqalarni to‘ydirish uchun och-muhtojlikda, arang kunimiz o‘tadi. Qirq yil shunday kechdi.
Polkovnik sabr qilardi, undan kampiri uxlaganing yo‘qmi deb so‘raganida, yo‘q deb javob qildi. Ayol esa kesib-kesib, bir xil ohangda, shafqatsizlarcha davom etdi:
– Bizdan boshqa, hammaga yutuq chiqadi. Xo‘roz uchun tikishga bir chaqasi yo‘q biror kimsa bo‘lsa, o‘sha bizmiz.
– Yigirma foizgacha xo‘roz xo‘jayinining haqqidir.
– Sening saylanishga haqqing bo‘lgani uchun ham saylovda manglayingni bejab qo‘yishdi, – e’tiroz bildirdi kampiri. – Fuqorolar urushida joningni xatarga qo‘yib, tavakkal qilganing uchun, nafaqa olishga haqqing bor. Ammo hammaga tayinlangani holida faqat yolg‘iz sen bir chekkada qolib ketding va endi ochingdan o‘lasan.
– Men yolg‘iz emasman.
U nimanidir kampiriga tushuntirmoqchi bo‘ldi, biroq uyqu yengdi. Kampiri choli uxlab qolganini bilib qolmagunicha, ming‘irlab yotdi. Keyin esa ustidagi pashshaxonasini itqitib tashlab, qorong‘i xonada borib-kelib, vaysashini hech qo‘ymadi. Polkovnik tongotardagina uni chaqirib to‘xtatdi.
Kampiri eshik oldida, pastda arang yonayotgan chiroq shu’lasida arvohdek paydo bo‘ldi. Biroq javrashdan shunda ham qolmadi.
– Kel, yaxshisi, bunday qilamiz, – uning gapini bo‘ldi polkovnik.
– Qilinishi mumkin bo‘lgan yagona ish – xo‘rozni sotish, – dedi ayol.
– Soatni ham sotish mumkin.
– Hech kim uni olmaydi.
– Ertaga uni qirq pesoga Alvaroga taklif qilaman.
– Bermaydi.
– Unda suratni sotamiz.
Ayol yana to‘shakdan turib, gapga tushdi. Polkovnik kampirining nafasidan ichgan shifobaxsh o‘t-o‘lanlari hidini tuydi.
– Unga qayrilib qarashmaydi.
– Ko‘ramiz, – dedi polkovnik muloyim, xotirjam ovozda. – Hozir esa uxla. Agar ertagayam hech narsa sota olmasak, unda yana biror chorasini topishni o‘ylab ko‘rarmiz.
U ko‘zini yummaslikka harakat qilar, ammo uyqu uni baribir yengdi. Polkovnik uyqu karaxtligida na makoni, na zamoni bor, zavjasining gaplaridan teskari ma’no chiqadigan allaqanday bo‘shliqqa qulab borardi. Biroq bir daqiqa o‘tmay yelkasidan kampiri turtayotganini his qildi.
– Menga javob bersang-chi!
Polkovnik bu so‘zlarni tushida eshitdimi, hushidami bilmasdi. Tong otdi. Derazadan yakshanba tongida yashnagan maysalar aniq-tiniq ko‘rinib turardi. Polkovnikda isitma boshlangan, qovoqlari kuyishar, u juda mashaqqat bilan fikrlarini bir joyga yig‘di.
– Agar biz hech narsa sotolmasak nima qilamiz? – jag‘i tinay demasdi kampirining.
– Ungacha yigirmanchi yanvar ham kelib qoladi, – derkan polkovnik butunlay uyg‘ondi. – Tikilgan cho‘talning yigirma foizini o‘sha kuniyoq qo‘limizga tutqazishadi.
– Agar xo‘roz yengib chiqsa, – dedi kampiri. – Agar yengilsa-chi? Sening xum kallangga bu xayol hech kelmaydi-da, ehtimol, uni cho‘qib, dabdalasini chiqarib tashlashlari ham mumkin-ku.
– Bizning xo‘rozga bas kelisholmaydi.
– Kutilmaganda cho‘qilab tashlashsa-chi?
– Hali ungacha qirq besh kun bor-ku oldinda, – dedi polkovnik. – Nima kerak bu haqida hozirdan boshni qotirib?
Ayol umidsizlikdan o‘rtana boshladi.
– Bungacha biz nima yeymiz? – kampiri cholining ko‘ylagi yoqasidan tutgancha, kuch bilan silkitar edi. – Javob bersang-chi, biz nima yeymiz, nima?
Polkovnik yetmish besh yoshga kirgan – mana shu lahzada butun umrlik tirikchilik azobini roppa-rosa shuncha yil daqiqama-daqiqa qayta boshidan kechirgandek bo‘ldi. Biroq o‘zining yengilmas ekanligini aniq-tiniq his qilarkan, lo‘nda qilib dedi:
– Tezak.
Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 11-son