Ko‘hna uyning tinchini telefon ko‘ng‘irog‘i buzdi. Tiyoko taajjublandi, chunki unga kamdan-kam qo‘ng‘iroq qilishardi.
– Allo, Kuki eshitadi.
– Oyi, otam to‘satdan vafot etdi. Yurak xurujidan. “Tez yordam”da kasalxonaga olib kelishdi, ammo hayotini saqlab qolisha olmadi.
Bu Tani edi. Tiyokoni erining vafotidan ko‘ra o‘g‘lining ovozi hayajonga soldi. Uning ovozi naq Masatane Kukiniki edi. Ayolga xuddi eri gapirayotgandek tuyuldi. Bir necha soniyadan keyingina erining qazo qilgani uning shuuriga yetib bordi.
– Hech qanday ma’raka-paraka bo‘lmaydi. Bilasiz, otam buni tirikligida ko‘p tayinlardi. Gulchambar va qurbonlik haqida hatto gap bo‘lishi mumkin emas. Tobut tepasida kechasi bilan turishning ham keragi yo‘q. O‘limi oldidan dadam xokini dengizga to‘kish mumkinligini aytgandi. Xullas, uning talablariga ko‘ra ish ko‘rishga kelishdi.
– Qaysi kasalxonada?..
– A.Yu.
Shu bilan suhbat tugadi. Tani xuddi otasi kabi ishning mohiyatini rasmiy ohangda bayon qildi. Tiyoko budkada parishonxotir turib qoldi. Qalbi bo‘m-bo‘sh edi. Hushiga kelganda o‘zini shkaf yonida ko‘rdi. Yo‘lga otlandi.
– Yo‘l bo‘lsin, bekam, – dedi xizmatkor Otoki oshxona tomondan chiqib kelib.
– Tokioga ketyapman. Ertaga qaytaman. Hozirgina Tani qo‘ng‘iroq kildi, Masatane to‘satdan vafot etibdi.
Otoki bekasi atrofida jonsarak aylandi.
– Shunisi ham bormidi hali.
Tiyoko qo‘lida sakvoyaj bilan uyidan chiqdi.
– Tanamidan taksi chaqiraymi?
– Avtobusda ketaman. U yog‘iga o‘zlari olib ketishadi.
Otoki oltmishga kirgan Tiyokoning darvoza tomon shaxdam odimlayotganiga og‘zi ochilib qarab qoldi. Ko‘p o‘tmay shoxdevor ortida qoraga bo‘yalib, bitta qilib o‘rilgan soch g‘ira-shira ko‘zga tashlandi. Tiyokoning silliq, bitta ham ajin tushmagan za’faron yuzi tim qora sochlariga mos emas edi. Otoki turgan joyida qotib qoldi. Bekasi qishloqning asosiy yo‘lini kesib o‘tdi. Uydan yuz qadamcha narida daryo bo‘ylab asfalt yo‘l yotqizilgan, biroq ayol eski so‘qmoq bo‘ylab yugurgilab ketdi. Otoki bekasining izidan chopdi. Yetib olib, jimgina sakvoyajga qo‘l uzatdi, Tiyoko ham indamasdan yukini berdi.
Ular umuman og‘iz ochishmadi. Nihoyat, avtobus keldi. Otoki ko‘z qiri bilan qarab, odob-la ta’zim qildi. U Tiyokodan bir yoshga kichik bo‘lishiga qaramay, yuzini ajin qoplagandi.
Avtobusda Tiyoko hech narsani o‘ylamasdan ketdi. Yuragi hapriqardi-yu, lekin negadir dard chekmas edi. Qirq daqiqadan so‘ng Tanamiga yetib keldi va Nagoyagacha chipta oldi. Elektropoyezdda ham o‘ysiz ketdi. Nagoya vokzalidan tezyurar poyezdga chiqdi. Poyezd jilishi bilan bento sotib oldi. Bugun kechroq ovqatlanyapman deb o‘yladi u. Oynaga qarab og‘ziga yegulik soldi. Tashqaridan qaraganda, bu muhtarama ayol Tokioga nevaralarini ko‘rgani ketyapti, deb o‘ylash mumkin edi.
Yuragini qo‘rquvmi, hayajonmi asta-sekin qamrab ola boshladi. Ayol o‘zini tinchlantirishga harakat qildi. Yana Tanining ovozini esladi. Bu o‘y ta’bini xira qildi. Tiyoko kutilmagan o‘lim sababini anglab yetishga urindi. Biroq biror to‘xtamga kelgunicha poyezd Tokioga kirib keldi. Oxirgi marta Tiyoko bu yerlarga qishloq keksalari bilan ekskursiyaga kelgandi, biroq o‘shanda ham na eri, na o‘g‘li bilan ko‘rishgandi.
A.Yu. shifoxonasi – Tokiodagi mashhur joy. Haydovchi Tiyokoni qayerga eltib qo‘yish kerakligini darhol tushundi. Mashinada Tiyoko otasining o‘zidek gapiradigan Tani bilan bo‘ladigan uchrashuvini tasavvur qilishga urindi. O‘g‘lim hozir o‘ttiz ikkida, o‘yladi u, olti yildan beri ko‘rishganimiz yo‘q…
Shifoxona mahobatli edi. Eshik tagida kasal ko‘rgani kelganlar tizilib o‘tirishardi. Tiyoko urinib-surinib ichkariga kirdi. U yon-bu yon alanglab, ma’lumotlar bo‘limiga yo‘naldi. Ro‘paradagi xonadan soch-soqoli oqargan kishi unga peshvoz chiqdi.
– Men bugun ertalab joni uzilgan Masatane Kukining yaqini bo‘laman. U hali ham palatadami, qaysi xonada?
Erkak oldindan bilgandek javob berdi:
– Mening ismim Seki. Siz janob Kukining ayoli bo‘lsangiz kerak. Biz u bilan o‘rta maktabda birga o‘qiganmiz. Uning vafoti haqida, odatdagidek, kechki xabarlarni ko‘rayotib bildim. Ertalab qazo qildi-yu, kechqurun gazetalarda e’lon qilishdi. Bunchalik epchilliklariga lol qoldim-u, oyog‘imni qo‘limga olib, bu yoqqa yugurdim. Tobut marosim zalida.
Seki Tiyokoni zalga olib bordi, yo‘l-yo‘lakay zavq bilan gapirib ketdi:
– Maktabni tugatib Kukini ko‘zdan qochirdim, uch yil avval kutilmaganda Sindzyukuda sinfdoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda to‘qnashib qoldik. Tokioda yashayotgan og‘aynilarimizni izladik – yettitasi yig‘ildi. Biz bir yilda bir marta to‘planishga kelishdik, lekin Kuki faqat bir marta ko‘rindi. Umuman olganda, radioda ishlashini bilardim…
Seki yaqindagina Tanamiga qo‘shilgan Kuvada shahridan edi. Sekiga Tiyokoni ilgari ko‘rgandek tuyuldi. Xotirida uning silliq yuzi saqlanib qolgandi.
– “Masatane Kuki 30-yanvar kuni A.Yu. shifoxonasida vafot etdi. Marhumning vasiyati bo‘yicha motam marosimi o‘tkazilmaydi”. Men ushbu e’lonni o‘qib, o‘ylanib qoldim: nahot, bu Kukiga xos bo‘lsa? Hatto o‘limidan keyin ham odamlarni hayratga soldi.
Tiyokoga uning so‘zlari g‘alati tuyulmadi. U hamon sukut saqlardi. Ular yo‘lak bo‘ylab anchagina yurishdi, keyin qaysidir palatadan chiqib, tik zinalardan yerto‘laga tushishdi. Marosim zalida olti kishi bor edi. O‘rtaga, supacha ustiga, tobut qo‘yilgandi. Devorlar beton, shift pastakkina, havo bo‘g‘iq edi, na sham, na isiriqdon bor edi. Kichkina guldonga sariq xrizantema guldastasi solib qo‘yilgandi. Badandan o‘tib ketadigan sovuq. Zaldagilar marhumning hamkasblari edi. Birontasi Tiyokoni tanimasdi. Seki, vaziyatni fahmlab, ulardan biriga murojaat etdi.
– Marhumning turmush o‘rtog‘ini tanishtirishga ijozat etsangiz. U hozirgina ota yurti Mie prefekturasidan kelib turibdi. Mening ismim Seki, janob Kukining maktabdosh do‘stiman.
Hamma hayron bo‘lib Tiyokoga tikilib qoldi. Yoshi kattaroqlari ta’zim qilishdi. Bu yerdagi vaziyatda uni boshqaruvchi roliga chiqarib qo‘yishdi. U beixtiyor tegishli so‘zlarni aytdi. Hamkasblar marhum bilan xayrlashib, taassurotlarini o‘rtoqlashgancha tarqalishdi.
– Janob Kukining xotini bor, deb o‘ylamagandim.
– U sira shaxsiy ishlari to‘g‘risida gapirmagan. Sirli odam edi. Qiziq, buni qanday tushunish mumkin. O‘g‘li haqida, rosti, birovdan eshitganman. Kukining o‘zi esa o‘g‘li haqida churq etmagan.
– Ayollar bilan munosabatlari qulog‘imga chalinuvdi. Buyuk konsperator edi.
– Aytishlaricha, shu qovoqbosh ham o‘limini oldindan sezgan ekan.
Tiyoko erining kasbdoshlari uchun g‘iybat mavzusiga aylanganini tushunib turardi. U yolg‘iz qolishni istadi. Ayol tobut tepasida boshini xam kilib, ko‘zini yumib turardi.
– Tanini ko‘rdingizmi?
– Bu yoqqa kelganimda o‘g‘lingiz allaqachon chiqib ketgan ekan. Buni menga radiodagilardan kimdir aytdi. Marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatishga hamkasblardan ozginasi kelgan ko‘rinadi. Xayrlashuv chamasi, oltigacha. Tani, aytishlariga ko‘ra, tobut yonida ikki soatcha turibdi.
“Nima uchun oxirigacha qolmadiykin?” – o‘yladi Tiyoko.
Seki og‘iz juftlamoqchi edi, Tiyoko qo‘ymadi:
– Mehmonxonada tunamoqchiman. So‘raganim uchun avf etgaysiz, birontasini tavsiya qilolmaysizmi?
– Taninikida qolmaysizmi?
– Uning uyida mehmon uchun joy yo‘q.
Seki zalni tark etdi. Bu yerda hatto stul ham topilmaydi. Tiyoko tobutda yotgan Masatane Kuki bilan yolg‘iz qoldi.
“Men bu yerga aslida sen bilan butunlay vidolashgani keldim. Modomiki, qonuniy xotining ekanman, o‘z burchimni bajaraman. Ruhoniydan bosh tortding – xo‘p, mayli. Motam marosimi, kechasi bilan yoningda yaqinlaring turishidan, qurbonlikdan, gulchambardan bo‘yin tovlading – e’tirozim yo‘q. Xokingni dengizga oqizish mumkinligini aytibsan. Menga faqat sening xohishingni bajarish qolyapti. Hayot bilan o‘zing xohlagandek vidolashding. Oltmish uch yoshda hayotdan ko‘z yumish – bu hali erta, lekin biz barchamiz taqdirning izmidamiz. Seni kaltafahm deyishdi, radioda kuzatuvchan hisoblasharkan. Faqat sen nimaiki qilmagin, xotiningga buning aloqasi yo‘q. Tani Tokio universitetiga kirganidan beri meni unutding. Undan ham oldin o‘z otangni tashlab ketding. Bir o‘zim o‘n yil mobaynida otangga g‘amxo‘rlik qildim. Kukilar xonadonining davlati bilan uni har qanday kasalxonaga yotqizib, begona qo‘llarga topshirishim mumkin edi. Biroq qariya qadrdon uyini tark etgisi kelmadi. Avval-boshda yordamchilar bor edi, keyin hamshira ham qochib ketdi. O‘n yil, to otang bandalikni bajo keltirmaguncha, hatto hamshira ham jirkanadigan ishlarni qildim. Qiziq, padaringga qilgan yaxshiliklarim to‘g‘risida o‘ylab ko‘rganmikinsan? Tani maktabga qatnay boshladi. Yillar shuvillab o‘tar, endi u yuqori sinfda o‘qirdi. Keyin uyimizda sen paydo bo‘lding. Kukilar xonadonida yana kulgu ovozlari eshitildi. Ona yurtingga kamdan-kam kelarding. Xizmat yuzasidan Nagoya, Kioto, Osakalarda bo‘larding-u, biznikiga birrov kirib o‘tishga nima to‘sqinlik qilardi? Yo‘q, sen ishingni bahona qilarding. Chol sen haqingda tokiolik tanishidan bilib turdi, chunki menga achinardi. Otang bilan munosabatlaring yaxshi emasligini allaqachonlar tushungandim. Buning arzirli sababi yo‘q edi. Yoshligingdan bir o‘zing yashashni yaxshi ko‘rishingni, oilangdan o‘zingni olib qochishingni eshitardim. Bunaqalar kamyob emas. Yosh ulg‘aygan sari o‘zini sevish xudbinlik bilan almashadi, deb hisoblashadi. Otang ham, balki, alohida fe’l-atvori bilan ajralib turgan bo‘lsa kerak. Sizlarni hamjihatlik ruhida tarbiyalamagani achinarli hol. Otangning fe’lida shunaqa xislati bor edi: agar farzandlari o‘ngga qarashsa, u yuzini chapga burib olardi. Sizlar ichlaringda bir-birlaringni yoqtirmasdinglar. Sen radioga joylashding. Hayotning ma’nosini ishdan topding. Ona yurting esa yildan-yilga sendan uzoqlashib bordi. Otang sen haqingda begonalardan surishtirayotganini bilib g‘azablanding va shu kundan boshlab uy bilan aloqani butunlay uzding. Na sen, na Tani dafn marosimiga keldilaring. Qarindosh-urug‘larni, ikkovi chet el safarida, deb aldashimga to‘g‘ri keldi. Albatta, sen bu haqda hech nimani bilmasding. Sen boshqa olamda yasharding. Osakada ham, Tokioda ham jazmanlaring bor edi. Kaltafahmga ayollar kerak edi. Bu sir sengagina ma’lum edi”.
Tiyoko zinapoyadan chiqayotgan qadam tovushlarini eshitdi. O‘girilib qaradi. Zalga Seki kirib keldi.
– Manavini mehmonxonadagi navbatchi boshqaruvchiga ko‘rsating. U yerda meni yaxshi tanishadi, shunday ekan, o‘zingizni uyingizdagidek his qilavering, – dedi u Tiyokoga tashrif qog‘ozini uzatib.
Tashrif qog‘oziga: “Firma direktori”, deb yozilgandi. Tiyoko, bu iltifotli janob Seki prezidentlikka ham loyiq, deb o‘yladi.
– Erimning xokini o‘zim bilan olib ketmoqchiman.
– Albatta. Menimcha, u kulini dengizga oqizishni vasiyat qilgandi. Qolganini yaqinlarining ixtiyoriga topshirgan.
– Yordamingiz uchun katta rahmat. Sizni ortiq ushlab turmoqchimasman. Bu yerda yana biroz qolaman. Tez orada yopilsa kerak, shunga oxirigacha qolsam degandim.
– Boshqa hech kim kelmasa kerak. Chunki kechasi marhum tepasida o‘tirish bekor qilindi.
Seki haq edi. U ketganidan so‘ng boshqa hech kim kelmadi.
“Sendan birgina narsani so‘ramoqchiman. Tani o‘ttiz ikkida, uylanganiga uch yil bo‘ldi. Nima uchun kelining vidolashgani kelmadi? O‘g‘il bilan kelin so‘nggi daqiqalargacha tobut yonida bo‘lishlari lozim, deyilgan. Ammo birgina men qoldim. Taniga qo‘ng‘iroq qilishganida oyog‘ini qo‘liga olib kelibdi va kvartirangda notanish ayolga duch kelibdi. Sog‘lig‘ing yomonlashgani haqida shu ayol Taniga xabar bergan ekan. Biroq kasalxonaga sen bilan kelmadi – fe’lingni bilib olgan ko‘rinadi. Men albatta u bilan uchrashib, erimga qilgan jonkuyarligi uchun minnatdorchilik bildiraman. Bunday vaziyatlarda ayollar aktrisalik qila olishadi. Qolaversa, men raqibalik haqida gapiradigan yoshda emasman. Bu xotin meni qiziqtirmaydi. Bu gal men ustun keldim. Demak, u hayotingdagi oxirgi ayol bo‘lgan. Krematoriyga ham kelmasligi aniq. Hamma unga olayib qarashini xohlamasa kerak. Aytishlaricha, u o‘ttiz beshda ekan. Nima ham derdim, ayollar ayni shu yoshda yana ham ochilib ketishadi. U didingga mos – to‘lishgan, qo‘pol, kamgap, lekin oppoq. Tani bir o‘zi keldi. Xotinini nimaga olib kelmadiykin? Hech kim aniq bilmaydi, ammo ba’zi birovlar nimanidir payqashgan. Tanining xotini oq, to‘ladan kelgan. Ismi Yasuko. Sening ayollaring orasida nechanchisi edi u? U Tokiodan, shundaymi? Dedektiv agentligi hisobotida u golf ishqibozi deb qayd etilgan. Sen ham, Tani ham golf o‘ynardinglar. Aynan golf Yasuko bilan Tanini uchrashtirmaganmidi? Qiziq, ular o‘rtasidagi aloqani bilganingda qanday ahvolga tushgan ekansan? Ota va o‘g‘il munosabatlari sen tufayli o‘zgarmadi. Sen uchun ayollar shunchaki ermak edi. Sen qiynalmay unisini deb bunisining bahridan o‘tarding, tez orada yana yangisini topib olarding. Darhaqiqat, dedektivlar zo‘r ishlashadi. Qaynotam seni doimiy kuzatuv ostiga olishi uchun agentlikka murojaat qildi. Har yili uyimizga sen haqingda xabar kelib turardi. Sen to‘g‘ringda o‘qish menga ham qiziq edi. Konvert ichiga xizmat haqi uchun hisob ham solib qo‘yilgan bo‘lardi. Qurg‘ur, o‘lib ketdi. Kuzatishga odam yo‘q, uyga hisobot kelmay qo‘ydi. Yaxshiyamki, bularni vafotingdan keyin bilyapsan. Jazmanlaring orasida yosh qizlar, bevalar, bardagi jononlar ham bo‘lardi. Nima uchun birortasi bilan uzoqroq qolmading? Ona shahrimda xotinim bor, deb aytmagan bo‘lsang kerak. Ayollar qonuniy oila qurish niyating yo‘qligini darrov fahmlashgan bo‘lishsa kerak. Ularni deb boshingni og‘ritib o‘tirmasding. Negadir senga Yasukoning Tani bilan tanishishi zarur bo‘lib qoldi. Tani Tokioga ko‘chib o‘tgach, uning barcha xarajatlarini bo‘yningga olding, o‘qishiga pul to‘lading. Unga pulni faqat kompaniyang qabulxonasidan beradi, deb eshitgandim. O‘z o‘g‘lingni biron marta uyingga taklif qilmagansan. Temir tamoyilingni sira buzmasding: sirni saqlash uchun avvalo yaqinlardan qutulish lozim. Tamoyilga putur yetdi, endi Yasuko Taniniki edi. Men uni kechirmadim. Hatto nevaram tug‘ilsa-da kechirmayman. Bunga haqqim bor. Qaysarlik borasida senga salgina o‘xshab ketyapman. Keksalikdan bo‘lsa kerak. Ha, ayol qismati og‘ir. Peshonasiga tug‘ilganidan o‘zini begona qo‘llarga topshirishi yozilgan. Tabiat qonunidan hech qayoqqa qochib qutula olmaysan. Erkaklar esa beqaror yashash uchun tug‘ilishadi, xuddi sen kabi.
Yasukoning kelmagani yaxshi bo‘ldi. Tanidan kelganimni eshitib, bu yerga kelishga ko‘nmagan, shekilli. Tani bir nimalar deb to‘ng‘illagan. Bu Taniga xos. Og‘ir, vazmin, biroz ayyor, umuman, fe’l-atvori yumshoq. U bilan hali ko‘rishganim yo‘q, senga o‘xshab gapiradi. Bo‘yi ham senikidek, novcha. Yuz tuzilishi ham, menimcha senikiga tortgan. Universitetga kirganida uyga kam kelardi, keyinchalik asta-sekin bizni butkul yo‘qlamay qo‘ydi. Shaharning yugur-yugur hayoti tug‘ilib o‘sgan joyingni xotirangdan o‘chirib tashlaydi. Na sen, na Tani o‘g‘lini oq yuvib, oq tarab, Tokioga jo‘natgan, miyasi aynigan cholning ketidan o‘n yil yurishga majbur bo‘lgan ayolni eslamadinglar. Ikkovlaring ham faromushxotir chiqdilaring. Men o‘zimni erim va o‘g‘lim tomonidan unutib yuborilgandek his qildim. Nima uchun shunday bo‘ldi? Qaynotam yer-mulkka egalik huquqini menga o‘tkazib berdi. Butun merosi mening tasarrufimda. Men, axir, unga mutlaqo begonaman. Aynan shuning uchun moliyaviy ishlarni hal etish mumkin bo‘ldi. Er-xotin, ona-bola har doimo bu muammoni qiyinchilik bilan yechishadi. Sen bilan Tani hamisha xotiningiz va volidangizni mazax qilardinglar. Turgan gap, bir marta bo‘lsin qanchalar azob chekayotganligini o‘ylamagansizlar. Tani, balki Yasukoga bog‘lanib qolgandir. Yasuko undan katta. Sendan ko‘ra Tani bilan unga yaxshiroq. O‘g‘lim o‘z otasining jazmanini quchoqlayotganini tasavvur etsam, yuragim siqiladi. Bu o‘yga sira ko‘nika olmayapman. Butun umr menga e’tibor qilmading. Otang bilan orani ochiq qilib, uni menga tashlab ketding. Meni nazaringga ilmasding. Birga yotgan ayollaringni ham mensimasding. His-tuyg‘ularing haqida bilishgach, ular seni tinch qo‘yishardi. Ko‘p ayollar bilan birga bo‘lsang-da, birontasini chin yurakdan sevmading. Bu – sening ishing. Ayollar senga jismoniy mayl uchun kerak edi. Sen jozibali, qat’iy eding, bekorga ko‘chada senga qayrilib qarasharmidi? Iste’dodingga yaxshigina haq to‘lashardi. Sen haqingda hamisha duv-duv gap yurardi. Seni hurmat qilishar, sevishardi. Balki, do‘stlaring hamda hamkasblaring “Masatane Kuki haqida esdaliklar” kitobini chiqarishar. Dafn marosimini yo‘qqa chiqarding, shuning uchun ular seni sharaflashni o‘zlariga burch deb bilishyapti. Ularni tushunaman. Sen bilan qiz ko‘rish marosimida uchrashganimizda qanchalik hayajonlanganim hali-hanuz yodimda. Esdaliklarda faqat hayotingdagi tekshirib ko‘rilgan faktlar yozilsa kerak, deb o‘ylayman. Bunday kitobdagi har bitta so‘zni taroziga solib ko‘rish kerakligini hamma biladi. Yaxshi kitob chiqishi aniq. Sen to‘g‘ringda har bir kishi vijdonan yozadi. Mualliflar orasida o‘z esdaliklarini alohida bob bilan yozadigan ikki-uchta ayollar ham chiqib qoladi. Lekin haqiqiy qalbingni birgina men bilaman. Men – sening yagona qoralovchingman. To o‘lim soatlarigacha shu huquqni saqlab turaman. Agar o‘z hayotini bag‘ishlagani uchun kompaniya Masatane Kukini mukofotlamoqchi bo‘lsa, yaxshisi pulni Tani olaqolsin”.
Ostonada marosim zalining xizmatchisi ko‘ringanda Tiyoko ketishga shaylanayotgandi. Bosh silkib, zinapoyadan chiqib ketdi.
Mehmonxonaga kelib Tiyoko nazoratchiga Sekining tashrif qog‘ozini ko‘rsatdi.
– Sizni kutayotgandik.
Uni to‘rtinchi qavatdagi xonaga kuzatib qo‘yishdi. Deraza ortida qorong‘u tushib qolgandi. Tiyoko Taniga sim qoqdi. Go‘shakni ko‘targuncha uzoq kutib turdi.
– Sen ertaga krematoriyda bo‘lasanmi?
– Ha.
– Men bormayman. Xokni mehmonxonaga keltirib ber. Uni nima qilishni o‘zim hal qilaman. Poyezdda ota-bobolarimiz qabristoniga qo‘yish yoki daryoga oqizishni o‘ylab ko‘raman.
Tiyoko Yasuko har bir so‘zni berilib eshitayotganligini ko‘rib turardi, go‘yo. Mehmonxona nomini aytib, go‘shakni ildi.
Ertasiga tushdan so‘ng eshik taqilladi.
– Hozirgina keltirishdi, – dedi xizmatchi Tiyokoga oq matoga o‘ralgan qutichani uzatayotib.
– O‘sha odam hali ham shu yerdami?
– U kishi darhol ketib qoldi.
Demak, bu Tani, o‘yladi asabiylashib Tiyoko. Unda shunday his paydo bo‘ldiki, go‘yo uni biror muhim narsada dog‘da qoldirishgandi. “Nahot, shu darajada yuraksiz bo‘lsa?” – deb o‘yladi, ma’yus bo‘lib qoldi.
Tiyoko vokzalga yetib bordi. Oppoq matodagi quticha odamlarni o‘ziga jalb qilardi. Tiyoko yer osti savdo markaziga tushib, qog‘oz sumka sotib oldi. Otokiga sovg‘a tanladi. Tokio osmoniga boqqancha yigirma daqiqa poyezd kutdi. Odamlarning nazari silliq yuzli, qo‘lida sakvoyaj va qog‘oz sumka ko‘tarib olgan ayolda to‘xtardi.
Ekspress joyidan qo‘zg‘aldi.
“Onang seni kechirmaydi. Qabrga kirmagunimcha, Tani, seni ayblayveraman”.
“Xokimni ajdodlarim yotgan qabristonga qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi”, – xayolidan o‘tkazdi Tiyoko. Ruhi yengillashdi.
Nagoyada Kintetsu yo‘nalishidagi elektropoyezdga o‘tirdi. Tiyoko Tanami platformasiga tushganda qosh qoraya boshlagandi. Kechki shafaq Sudzuko tog‘ tizmalarini yoritib turardi.
– Bandargohga, – taksiga o‘tirib so‘z qotdi Tiyoko.
– Tikugami? – so‘radi haydovchi.
Poyezdda Tiyoko yoshligida sinfdoshlari bilan Tanamidan u yoqlarga borganini eslab kelgandi. Bu Ise ko‘rfazida joylashgan, tuxum shaklidagi buxta edi. U yerda baliq tutishga mo‘ljallangan kemachalar suzib yurardi.
– Tikuda nima ishingiz bor? Qorong‘u tushib qoldi, qoqinib-netib ketishingiz mumkin, – dedi haydovchi mashinadan tushayotib.
– Bir iltimosni bajarish kerak. Bu ko‘rfazda dengizga, albatta, bir narsani oqizish lozim.
Haydovchi Tiyokoning ketidan xavotirlanib qarab qoldi. Pristandagi notekis tarashlangan toshlar yurishga xalal berardi. “Kech tushdi”, – o‘yladi Tiyoko. Yuziga, kiyimlariga dengiz havosi urildi. Dengiz tim qora edi. To‘lqinlar o‘rkachlari bilan to‘lqinqaytargichlarga asta urilardi. Tiyoko anchadan buyon to‘lqinlar shovullashini eshitmagandi. Maktabga endigina qatnayotgan paytlari qum sohilda o‘ynab, dengizga tikilishni yoqtirardi. Tiyoko bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan qishloqda tug‘ilgandi. Uning ota-onasi Kukilar oilasi bilan bitta ibodatxona – Bodaydziga borishar, ularning ajdodlari qabri ham bitta qabristonda edi. “Xokimni ota-onamning qabri yoniga qo‘yishganida qabriston qorovuli hayratda qolsa kerak”, – xayol qildi Tiyoko. U to‘lqinqaytargichning eng chekkasida turardi. Qog‘oz sumkadan oqqa o‘ralgan qutichani chiqardi. Haydovchi qorong‘uda ko‘rmasa kerak. Tiyoko qutichani shu holicha dengizga tashlamoqchi bo‘ldi, ammo keyin qirg‘oq bo‘yidagi eniga uch yuz metrga cho‘zilgan toshlar uyumiga ko‘zi tushdi. Dengizga oqizib ketolmaydi. Matoni yechib, qutichadan chinni ko‘zachani oldi. Ichida Masatane Kukining xoki bor. Mehmonxonada qutichani olib Tiyoko unga hatto ko‘z tashlamagandi. Tim qora dengizga xotirjam nigoh tashladi va ko‘zachani dengizga uloqtirdi. Nimaningdir singan tovushi yangradi, suv sathida oq bulutchalar paydo bo‘ldi. Tiyokoning ko‘ziga shunday ko‘ringandir, balki. To‘lqinlar qirg‘oqqa yugurishdi. Ular go‘yo hech nima bo‘lmagandek erinchoqlik bilan chayqalardi.
Tiyoko mashinaga qaytdi.
– Sizdan xavotirlanayotgandim, – dedi haydovchi.
– Komodzava qishlog‘iga.
– Tanamiga jo‘namasmidingiz?
Tiyoko indamadi. Eri bu dunyoni tark etmaguncha buyruq berishga o‘rganmagandi.
Kuki, oilasining odatiy tartibini buzishni istamay, yaqinlarini krematoriy va dafn marosimida uchrashish majburiyatidan xalos etdi. U odati bo‘yicha hammaning ko‘ngliga qaragandi. Xokimni dengizga oqizishadi, deb o‘ylamagandi. Bu buyruqni bajarishga botina olmasliklariga ishonchi komil edi. Tiyoko o‘ch olish yo‘lini o‘zi topdi.
– Xokni olib keldingizmi? – so‘radi Otoki ostonaga arang oyoq bosgan bekasidan.
– Tanida qoldirdim.
– Shunaqami? Shunisi ma’quldir, balki.
Tiyoko bamaylixotir mehmonxonaga o‘tdi.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 11-son