Fridrix Nitshe. Maktublar

Bazel, Frants Overbekga[1]

Kannobno, Badia villasi, 1887 yil 14 aprel

Muhtaram do‘stim,

Uchinchi apreldan buyon shu yerda, Lago-Majordaman, pullar vaqtida yetib keldi, hamma pulni yubormaganing ham mamnun etdi, chunki hatto ayni pallada ham yozni qayerda o‘tkazishimni aniq bilmayman. Ko‘hna Zils-Mariyani, qolaversa, Nitstsani ham har qancha og‘ir bo‘lmasin unutishga to‘g‘ri keladi. Bu har ikki joyda ham men uchun suv va havoday zarur yolg‘izlik, xilvatnishinlik, har qanday moneliklardan xolilik, farog‘atli osoyishtalik yetishmaydi, holbuki, ayni shunday sharoitsiz muammolar qa’riga sho‘ng‘iy olmayman (chunki, sendan yashiradigan sirim yo‘q, men favqulodda teran shaxsman va ayni teran fikr-mulohazalarsiz hayot zarbalariga bardosh bera olmayman). <…> Nazarimda, odamlarga nisbatan o‘ta sertakalluf, bag‘rikengman, qolaversa: qayerda yashamayin, odamlar meni o‘z doiralari va yumushlariga shu darajada jalb qiladilarki, pirovard-natijada ulardan qanday qilib himoyalansam ekan, deb boshim qotadi. Ayni mulohazalar, deylik, Myunxen[2] masalasida tavakkalchilik qilishdan meni tiyib turibdi. Mazkur shaharda shodu xurramliklar girdobi yo‘limga muntazir hamda menga suv va havoday zarur shart-sharoitlarga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘ladigan yoxud ularni ta’minlash yo‘lida jonbozlik qiladigan zoti sharif yo‘q. O‘zingga nisbatan talabchan qat’iyatlilik bilan munosabatda bo‘layotganingni oshkora namoyish qilish odamlarning o‘ta g‘ashiga tegadi, chunki o‘zlari bunday darajaga yuksala olmagan. <…> Nazarimda, toki ko‘nglimni anglamas ekanlar, qolaversa, basharti mo‘ljallarim va taxminlarim pand bermasa, 1901 yilgacha bu borada biron-bir o‘zgarish bo‘lishi dargumon. O‘zimga oid mulohazalarimni bayon etsam, meni telba, deya ovoza qilishlariga ishonchim komil. Qismatimning mavhumligini e’tibordan soqit qilmagan holda, «insonparvarligim»ni namoyon etaman: aksincha, barcha qadrdon do‘stlarim menga nisbatan to‘nini teksari kiyib oladi va hammasining ixlosini qaytaraman.

Muhim ishim shu bo‘ldiki, avvalgi asarlarimni tahrir qildim va yangi matnini tayyorladim. Basharti yaqin vaqt ichida kunim bitsa – dunyodan bosh olib ketish istagim kuchayib borayotganini yashirmoqchi emasman, – har holda, nimadir qoladi: bu o‘ziga xos madaniyat mahzani bo‘lib, ma’lum davr mobaynida muayyan qimmatga ega bo‘lishi shubhasiz. (O‘tgan qish mavsumida Yevropa adabiyotini ko‘zdan kechirdim va e’tirof eta olamanki, falsafiy nuqtai nazarimni dadillik bilan o‘ziga xos yo‘nalish desa bo‘ladi – bu shu darajadaki, men o‘zimni bir necha ming yilliklar vorisi deb bilaman. Tafakkurim va jismu jonim qanchalar dahshatli muammolar uzra charx urib aylanayotgani, qanday muammolar doirasiga bog‘langanim borasida zamonaviy Yevropa tirnoqcha ham tasavvurga ega emas – va men bilan birgalikda halokat yaqinlashayotir, uning nomini bilaman, lekin oshkor qilmayman.) <…>

 

Bazel, Karl Shpittelerga[3]

Zils-Mariya, 1887 yil 17 sentyabr

Marhamatli janob,

safar tadorigini ko‘rayotganim bois Sizning maqolangizga oid muxtasar fikr bildirmoqchiman.

Tahririyatlar va nashriyotlar Sizni g‘azablantiradi – bu, avf etasiz-u, meni Sizga biroz qarshi qilib qo‘yadi! Ommaviy xashaki asarlar yozadiganlarning nafis adabiyotga befarq munosabati uchun xalqni ruhlantiradigan asar yaratuvchilar javobgar emas. Bunday befarqlik qarshisida ularning «vahimaga tushishlarining» ham, «sotqinlik ko‘chasiga» kirishlarining ham hojati yo‘q.

Bunday holatni ustunlik afzallik alomati deb bilish zarur (o‘z tajribamdan kelib chiqyapman) va barchasidan qat’i nazar tishni tishga bosib, bardosh berish kerak. Ko‘p kulgan oxiri yig‘laydi, deb bejiz aytishmagan.

Nihoyat – iqtidorim evaziga xonlarday davru davron suraman, degan xomxayolga berilmaslik kerak (favqulodda salohiyat sohiblari bundan istisno, albatta).

Samimiy tilaklar bilan

kamtarin qulingiz prof. doktor Nitshe. <…>

 

Naumburg, Frantsiska Nitshega

1887 yil 18 oktyabr, Venetsiya

Mehribon onajon,

maktubingizni tavalludim kuni oldim, sizni mamnun etadigan ish bilan band edim: janubiy amerikalik Lama[4]ga xat yozayotgandim. Faqat sizdan samimiy tilaklar bildirilgan maktub oldim, bu keyingi paytda qo‘lga kiritgan «mustaqilligim» xususida binoyidek taassurot paydo qiladi – faylasuf uchun xilvatnishinlik, uzlat suv va havoday zarur, axir. Olmonlarning menga oid mulohazalarini[5] ne chog‘lik samimiy xushnudlik bilan Sizga bayon qilganim e’tiboringizni tortgan bo‘lsa kerak,– ular bilan tanishish meni haqiqatdan ham quvontirdi, chunki odamzot fe’l-atvorini binoyidek bilaman, binobarin ellik yildan keyin menga oid mulohazalar shu darajada o‘zgaradiki, sizning o‘g‘lingizning ismi sharifi shonu shuhratga burkanadi. Holbuki, ayni xususiyatlar bois hozirga qadar mayna qilib, sha’nimga malomat toshlarini yog‘dirib kelayotirlar. Esimni tanibmanki, mohiyatan teran va hamdardlik bilan yo‘g‘rilgan bir og‘iz kalima eshitganim yo‘q, – peshonam shunday qora ekan va bundan hech qachon shikoyat qilmaganman… Sizni xotirjam qilish uchun bir gap aytaman: ziddiyatli holatim aslida nasroniylikka munosabatim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb taxmin qilayotgan bo‘lsangiz kerak. Aslo! Sizning o‘g‘lingiz bu qadar «mo‘min-qobil» emas, muhtaram g‘animlarim ham «qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan» xokisorlar emas. Sizga havola qilingan mulohazalar barcha-barchasi va alohida har bittasi cherkovdan tashqari doiralardan kelib chiqqan: bular ilohiyatshunoslar fikr-mulohazalari emas. Deyarli har bitta shunday tanqid (ularning aksariyati binoyidek bilimdon tanqidchilar va olimlarning fikrlari) negizida o‘zlarini shubha-gumondan soqit qilishga urinish seziladi, mening asarlarim go‘yo allaqanday xavf-xatar manbai sifatida talqin qilinadi, shu bois meni «cherkov kalamushlari va qabriston quzg‘unlari» xomtalash qilishlarini istaydilar. Men bilan bog‘liq antogonizm o‘ta radikal xususiyatga ega, shuning uchun ham istalgan diniy masala va diniy konfessiyalar bilan bog‘liq nozikliklarga jiddiy diqqat-e’tibor berishning hojati yo‘q.

Ortiqcha batafsil chekinish uchun ma’zur tuting, lekin: nihoyatda zukko olimlar menga nisbatan haligacha yanglish fikr bildirganlarini qayd etar ekanman, bundan anglashiladiki, qariya Pinder[6] ulardan biror-bir ahamiyatli jihati bilan farq qilmaydi. Barchasidan yolg‘iz o‘zlashtirgani shuki, uning va mening nuqtai nazarimiz – bir-biriga o‘xshamaydi va bundan afsuslanishini qayd etadi.

Paragvayga oid xabarlar haqiqatdan ham quvonarli, biroq aksilsemit kuyovim[7] yaqiniga ilgarigidek mutlaqo yo‘lamoqchi emasman. Ikkimizning mulohazalarimiz bir-biriga o‘xshamaydi, bundan pushaymon emasman.

Safar jomadonim tayyor bo‘lay deb qoldi; indin kechki payt yoki ertalab yo‘lga tushaman. Ko‘zim pand berayotganini aytmaganda, salomatligim umuman chakki emas. Mening manzilim bundan buyon Nitstsa. <…>

 

Asunson, Elizabet Fyorsterga

Nitstsa, 1887 yil dekabr oxiri

(qoralama)

Janob doktor Fyorster aksilsemit harakat bilan aloqasini hali-hanuz uzmaganini batafsil isbotlab berishdi. Endilikda bu vazifani leyptsiglik olifta to‘nka (xotiram pand bermasa, Fritssh) zimmasiga olgan: qat’iy qarshiligimga qaramasdan haligacha aksilsemit xat-xabarlarni uzluksiz yubordi (hayotimda bundan jirkanch narsa o‘qimaganman). O‘shandan buyon senga avvalgidek mehr va hayajon bilan munosabatda bo‘lishga qiynalaman, holbuki, oqibatli qarindoshlik rishtalari bizlarni uzoq vaqt bog‘lagandi, ikkalamiz o‘rtamizdagi ixtilof shu asno bema’ni tarzda asta-sekin namoyon bo‘ldi. Yoki dunyoda nima uchun yashayotganimdan tamomila bexabarmisan?

Mening mulohazalarimga qarshi fikrlar jamuljami bilan tanishmoqchimisan? Ularning barcha-barchasini turmush o‘rtog‘ingning «Parsifalga oid mulohazalar»idan topasan; ular bilan tanishish asnosida xayolimga dahshatli fikr keldi. Sen mening xastaligimdan ham, achchiqdan-achchiq va hayratomuz tajribamdan ham hech vaqoni uqa olmagansan – men barchadan aziz bilib, e’zozlagan kimsa qiyofasini hazar qilarli darajada o‘zgartirganu men dunyoda haddan tashqari nafratlanadigan holatga tushgan – axloqiy va nasroniy muqaddas qadriyatlarni nayrangbozlik vositasiga aylantirgan. Endilikda ahvol shu darajaga yetdiki, iblisona aksilsemit sifatida qoralamasliklari uchun bor kuch-quvvatim bilan himoyalanishim zarur; bu tug‘ishgan singlimning, sobiq singlimning, endilikda esa Videmanning ham tasavvur qilish mumkin bo‘lgan yovuz xatoliklarga turtki berganining oqibati. Aksilsemit xat-xabarlarda hatto Z<ardusht> ismiga ham ko‘zim tushgach, sabr-bardoshim tugadi – endi men turmush o‘rtog‘ingning firqasiga qarshi mustahkam himoyalanishga o‘tdim. La’nati aksilsemit qovoqboshlar muqaddas qadriyatlarimga qo‘lining uchini ham tegiza olmaydi!!

Turmushga chiqishing biz uchun qimmatga tushdi – endilikda nomimiz mazkur harakat bilan birga tilga olinyapti, shu bois boshimga ne savdolar tushmadi! Keyingi olti yil mobaynida nima qilish va nima qilmaslik kerakligini tamomila unutding…

F<aylasuf> sifatida davrimga nisbatan qanday mavqeda ekanim borasida seni biron-bir mulohazaga ega, deb hech qachon umid qilmaganman. Kamina bundan buyon opa-singillarim haqida bamisoli Shopengauer singari xulosaga kelganman: ularning mutlaqo keragi yo‘q, turgan-bitgani bosh og‘rig‘i.

Ma’sum xomxayollardan qutulganim keyingi o‘n yilning yakuni ekanidan huzurlanayapman; go‘yo qanday ahvolda ekanimni kimdir biladiganday. Yillar mobaynida o‘limning sovuq nafasini tuyib yashadim, buning boisini biror-bir kimsa hatto tasavvur ham qila olmaydi. <…> Endilikda qadam-baqadam mazkur haqiqatni anglab yetyapman (men haqimda hech kim hech vaqo bilmaydi), va buning yaxshi jihati shundaki, buni tushunib yetganimdan e’tiboran o‘zimni erkinroq, har bir odamga nisbatan xayrixoh sezyapman.

Hozir shunday ahvoldamanki, ilgari ham ayni holatga o‘zimni «hukm qilingan» hisoblardim (istaymanki, bundan buyon qarindosh-urug‘larim meni tinch qo‘ysinlar), boz ustiga, ayni holatda mening maqomimning, muammolarimning, masalani yangicha talqin qilishimning butun mohiyati namoyon bo‘ldi.

 

Venetsiya, Genrix Kyozelitsga[8]

Nitstsa, 1888 yil 1 fevral

Muhtaram do‘stim,

mazkur butun davr mobaynida Siz menga juda yaqin bo‘ldingiz! Goh hud, goh behud xayolimdan qanday fikrlar kechmadi, barcha-barchasida Sizning timsolingiz yo‘lchi yulduzday porladi. Bunga qoyilmaqom bahona ham bor edi: Nitstsada lotereyaning so‘nggi o‘yini, – bosh yutuq menga nasib etadi, deya kamida yarim soat mobaynida o‘zimni sarobiy xayollar bilan mamnun etdim. Mazkur yarim million sarmoya bilan talay xayrli ishlarni uddalasa bo‘lardi; yo‘q deganda, har ikkimiz turmushning bema’niligiga o‘ta kinoya bilan, tamomila bo‘lak mavqe-maqomdan nazar tashlagan bo‘lardik. Darhaqiqat, Siz bilan biz uddalayotgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish uchun, ularni risolagidek amalga oshirish uchun, mohiyatan, faqat va faqat kinoya zarur (binobarin, yarim million – kinoya narxi; zaminiy mantiq hosilasi shu).

Salomatlik, sarmoya, hurmat-ehtirom, mehru oqibat, muhofaza taqchil dahri dunda vaysoqi fojianavislarga aylanmaganimiz, – bu hozirgi holatimizning chinakam paradoksi, muammosi. Mening ko‘nglim surunkali yaralanadigan holga tushgan, shu bois unumli foydalanishga urinaman – lekin ko‘zlangan natija hamisha ham nasib qilavermaydi, bu, mohiyatan, shafqatsizlik ekstsessi. Buning dalili – mening so‘nggi asarim. Biroq barchasidan qat’i nazar hamma-hammasiga pokiza ruhshunos sifatida bardosh beraman va zarracha ham ahloqan qoralamayman; mening holatimdek radikal ahvolda umrguzaronlik qilish qanchalar ibratli-a! Men faqat ayni pallada moziyni idrok qilyapman, tarixn – so‘nggi oylardagi singari – hech qachon bu qadar teran tushunmaganman. <…>

 

Bern, Yozef Viktor Vidmanga[9]

Nitstsa, Pension de Geneve,1888 yil 4 fevral

Qimmatli janob doktor,

janob Shpitteler asarlarimni tahlil qilganidan juda mamnun bo‘ldim. Juda aqlli! Bunday zamon donishmandidan dakki-dashnom eshitishning ham o‘zgacha gashti bor! Ma’lum sabablarga ko‘ra, deyarli shakl masalalari bilan cheklangan: tafakkur negizidagi amaliyot mohiyati, ehtiros, halokat, manglayda bitilgani, maqsad sari intilish uning shunchaki e’tiboridan chetda qolgan – bunday munosabatni jonu tanim bilan ma’qullashimni ta’riflashga ojizman, bu borada o‘ziga xos delicatezza[10] – nazokatli andisha bor. Shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan yuzaki mulohazalar ham istagancha topiladi. Asarlarimni birinchi marta o‘qib chiqqani (aksariyat qismini esa o‘qimagani) yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayni shu bois turli kitoblar shakli bilan ular yaratilgan davrlar o‘rtasidagi keltirilgan farq xususidagi qat’iyatli nozik kuzatishlar yanada hayratlantiradi. «Ezgulik va yovuzlikdan xoli tarafda» asarim hisobga olinmaganidan juda afsuslandim: oqibatda keyinroq chop etilgan «Pamflet»[11] asarim haqida mulohaza yuritish uchun zarur zaminga ega bo‘la olmagan.

Asarlarim murakkabligi shundaki, me’yoriy emas, aksincha, kamdan-kam uchraydigan va yangi ruhiyat holatlari ularda ustunlik qiladi. Ayni shunday qayd qilinmagan va aksariyat qayd etish dargumon ruhiy holatlarni aks ettirishga urinaman, nazarimda, bu – mening kashfiyotim. «Xaloskor uslub kuchi» menga tamomila begona, bunga, agar yanglishmasam, janob Shpitteler ishonadi. Adib o‘z asarini yaratish ustida bosh qotirar ekan, dastavval o‘ziga xos uslub yaratish xususida bosh qotirmaydimi? Menimcha, agar adibning dastlabki rejalari o‘zgarsa, ayni tarzda uslubni ham tubdan o‘zgartirish zarur. Men, masalan, «Ezgulik va yovuzlikdan xoli tarafda» asarimni yaratishda shunday yo‘l tutganman, uning uslubi avvalgi asarlarimdan farq qiladi: tamomila boshqa masalaga urg‘u berganman. «Pamflet»da ham shunday yo‘l tutganman: «Ezgulik va yovuzlikdan xoli tarafda» asarimga xos betaraflik va sust ilgarilash o‘rnini Alltgro feroce va ehtirosli nue, crue, verte[12] egallaydi. Janob Shpitteler bizni ishontirishga har qancha zo‘r bermasin, janob Nitstse aksariyat darajada artist ekani ehtimoldan xoli emas…

Kamoli ehtirom va samimiy qutlovlar bilan

Sizning Nitshe.

 

Bazel, Karl Shpittelerga,

Nitstsa, 1888 yil 10 fevral,

(Pension de Geneve)

Qimmatli janob,

«Bund»ning yangi yil ilovasini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Mazkur ilova uchun «Bund»ning benazir muharririga o‘z-o‘zidan ma’lumki, kinoyadan xoli bo‘lmagan minnatdorchiligimni allaqachon izhor etdim.

Janob Shpitteler – juda nazokatli va ziyoli shaxs, lekin ayni holatda, menimcha, fe’l-atvoriga begona mavzuga qo‘l urdi. U estetika masalalaridan bo‘lak hech vaqoni ko‘rmaydi va hech qanday mavzuda gap ochmaydi: mening muammolarim, jumladan kamina haqida ham, deyarli hech qanday gap yo‘q. Meni ta’riflaydigan birorta ham band tilga olinmagan. Nihoyat, shakllarga oid mulohazalarda ham maqtovlar keragidan ortiq bo‘lgani holda xatoliklar va shoshma-shosharlik bilan bildirilgan fikrlar istagancha topiladi. Masalan, <…> «hikmatlarni juda qiynalib yozadi» (men galvars esa, bani bashar paydo bo‘lganidan buyon mag‘zi to‘q hikmatomuz iboralar yozish borasida kaminaning oldiga tushadigani yo‘q degan fikrda edim: «Zardo‘sht tavallosi» – buning isboti). Nihoyat, mening pamfletim uslubi ham janob Shpittelerning e’tiroficha, barkamollikdan olis: men go‘yo xayolimga nimaki kelsa, hatto o‘ylab ham ko‘rmasdan yozaverar emishman. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, quruq tuhmat (boshqacha ta’riflab bo‘lmaydi, axir); men dunyoda mavjud uchta muammo haqida qiziqqonlik va jasorat bilan mulohaza yuritganman, bular aynan kaminaning mahriga tushgan mavzular bo‘lib, ayni holatlarda oliy tartib-intizom talab qilganidek, na biron-bir kimsani va na o‘zimni ayagan emasman; boz ustiga – mazkur barcha jihatlardan yangi mavzular uchun yangi lisoniy uslub topganman – tinglovchim esa avvalgidek uslubdan o‘zga hech vaqoni eshitmaydi, uslubimni yaroqsizga chiqargani kamday, Nitshedan binoyidek adib chiqadi, degan umidlarim oqlanmaydigan ko‘rinadi, deya nadomat chekadi. Nahotki men allaqanday «saftaboz yozg‘uvchi»ga o‘xshasam? Chamasi, mazkur janob uchun «Zardo‘sht tavallosi» ham ahamiyatsiz iboralar yaratish yo‘lidagi qoyilmaqom mashqdan bo‘lak hech narsa emas. <…>

So‘nggi masala: «Ezgulik va yovuzlikdan xoli tarafda» asarim haqida nima uchun bir og‘iz ham gap yo‘q. Bu kitob taqiqlangani menga yaxshi ma’lum, lekin bundan qat’i nazar mazkur asar vositasida meni faylasuf sifatida kashf qilsa bo‘ladi. <…>

Kamina, siz, qimmatli janob oldida burchdorman, va umid qilamanki, bundan buyon ham lutfu marhamatingizni darig‘ tutmagaysiz,

Fridrix Nitshe.

 

Qohira, Rixard fon Zaydlitsga,

Nitstsa, 1888 yil 12 fevral,

(Pension de Geneve)

Qimmatli do‘stim,

keyingi paytda deyarli hech kim bilan suhbatlashmayapman, buning boisi «mag‘rurona sukut saqlash» emas, aksincha iztirob chekayotgan kimsaning sabr-toqatga yo‘g‘rilgan sukunati bo‘lib, ayni alamzada azobu iztiroblarini ko‘z-ko‘z qilishdan andisha bilan yo‘g‘rilgan. Xastalangan yirtqich g‘ordan boshpana topadi – faylasuf la bete[13] shunday yo‘l tutadi. Do‘stona hamdardlikka zorman. hozir yolg‘izman, yakka-yolg‘iz barcha-barchasiga qarshi beshafqat pinhoniy kurash olib bordim (bu kurashimning shiori – «Jamiki qadriyatlarni qaytadan baholash»), bunga hali hozirgacha hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘ldilar, lekin shu asno o‘zim allaqanday g‘orga – sir-sinoatga, hatto astoydil bel bog‘laganda ham topib bo‘lmaydigan mavhumiyatga aylandim. Biroq ayni mavhumiyatni topishga, kashf etishga hech kim jazm etmayapti… Uchalamiz[14] aro aytganda, men davrning buyuk faylasufi, ehtimol, ikki ming yillik miyonasidagi birmuncha yirik maqomga ega siymo bo‘lishim ham mumkin. Bunday favqulodda holat uchun muntazam tovon to‘lash talab qilinadi – yolg‘izligim tobora kuchayib, tobora sovuqlashib, bir chetga chiqarib qo‘ymoqda. Qimmatli nemis birodarlarimiz-chi!.. 45 yoshga kirganimga va taxminan o‘n beshta kitob chop ettirganimga qaramasdan Germaniyada loaqal bironta kitobim muhokamasiga oid atigi bironta ham urinish qilingani yo‘q. Hozir «ekstsentrik», «patologik», «psixiatrik» singari atamalar bilan qurollanib olishgan. Mening sha’nimga alamzada ta’na toshlari va bo‘xtonlar yog‘dirilyapti; ilmiy va noilmiy jurnallarda tizginsiz g‘animlik ruhi hukmron – hammasidan alam qiladigan joyi shundaki, bunga e’tiroz bildiradigan mard topilmayati. Ustimdan ketma-ket mag‘zava ag‘darilayotganiga hech kim parvo ham qilmayapti. Yillar mobaynida shu ahvol – na biron-bir taskin-tasalli, na insoniylikdan nom-nishon, na bir paysa mehr-oqibat!

Nitstsada shu vaziyatda kun kechirishga majburman. <…> Bu go‘sha tongining nafosatini ta’riflashga ojizman; bundan ham go‘zal qishni ko‘rmaganman. Nitstsaning kamalakday rang-bo‘yoqlari-chi! Ularni senga yubormoqchiman. Barcha bo‘yoqlar yorqin nuqra bilan yo‘g‘rilgan, – nafis, benazir, asosiy rang-tuslarning bo‘rtib ko‘zga tashlanishi ko‘zatilmaydi. Alisso bilan Nitstsa oralig‘idagi mazkur bir enlik sohil – rang-tuslar, nabotot olami va quruq havo tufayli Afrikani eslatadi: bunday manzara Yevropaning boshqa joyida yo‘q.

Hozir Senu Sening muhtarama jufti haloling bilan gomerona-feakiya osmoni ostida jon deb suhbat qurgan bo‘lardim… Biroq fe’l-atvorimga janub havosi to‘g‘ri kelmaydi (oradan hech qancha fursat o‘tmay ko‘nglim shimoliy, nisbatan oddiy manzaralarni tusay boshlaydi). Qachon yana Myunxenga kelasan, yana bir marta menga yozib yubor va mazkur dilgirlik bilan yo‘g‘rilgan maktubimni ma’zur tutgaysan.

Sadoqatli do‘sting Nitshe.

Ajabo! Sen mehmonga kelib qolarsan deya uch kun ko‘z tutdim. Myunxendan mehmonlar kelishi kutilayotgandi, ular kimlar ekanini aytmoqchi emasdim. Yonimdagi stolda ikki joyni bo‘shatishdi – mana, senga kerak bo‘lsa! Bular uchchiga chiqqan qimorbozlar va montkarlistlar ekan, afsuski ularni jinim suymaydi…

 

Venetsiya, Rixard fon Zaydlitsga

Turin, 1888 yil 7 aprel

Qimmatli do‘stim,

maktubingizni olib, tilla topganday quvondim! Bu yerda meni dastlab Sizning qutlovingiz kutib oldi, Nitstsada ham nasib etgan so‘nggi qutlovni Sizdan olgandim. Qanchalar quvonchli, dilkash mujdalar-a! Kvartetingiz allaqanday kalligrafik durdona sifatida ro‘parangizda hoziru nozirligidan boshim osmonga yetdi, binobarin uning sharofati bilan Siz endilikda mazkur fasli zamharirni ham sharaflay olasiz. O‘z qo‘ling bilan yaratgan asarlaring toki kafolat o‘rniga o‘tar ekan, beixtiyor ijodkor didi yuksaladi. Xususan, shu asno duch kelgan kimsaning ko‘nglini topish istagidan xalos bo‘lasan: o‘ta jiddiy ekaningni ular sezadi. O‘z asarlarini e’zozlovchi ijodkor haddan tashqari jiddiy, bama’ni, mulohazago‘y bo‘ladi…

Qadrli do‘stim, Sizga maktub yozish uchun favqulodda qizg‘in sayohatning dastlabki osoyishtaligidan foydalanyapman, balki bu osoyishtalik menga biroz bo‘lsa-da xotirjamlik va barqarorlik baxsh etar, chunki shu paytgacha juda bezovta edim. Bu qadar noqulay sharoitlarda hech qachon sayohat qilmaganman. Dushanbadan shanbagacha shu qadar bema’ni savdolarga duch kelganimga aql bovar qilmaydi! Hammasi boshdan boshlandi: ikki kun tobim qochib yotib qoldim, qayerda deng? Samperdarenda. Meni u yerga boradi degan niyati bor bo‘lsa kerak, deb o‘ylamang. Yolg‘iz jomadonim ko‘zlangan manzil – Turinga yetib bordi; qolgan barcha narsalar, xususan qo‘limdagi yuk va kaminai kamtarin boshimiz oqqan tomonga ketaveribmiz. Yo‘lkiraning qimmatligini aytmaysizmi! Boylik orttirish uchun menday qashshoqning so‘nggi sariq chaqalarini ham shilib olishdi! Bundan buyon yolg‘iz safar qilishga haqiqatdan ham yaramayman; bunday sayohatlar haddan tashqari hayajonlantiradi, shu bois nimagaki qo‘l urmay, kutilgan natijaga erisha olmayman. Bu yerda ham avvaliga shunday bo‘ldi. Surunkasiga bir necha kun uxlay olmadim, boisini anglay olmay boshim qotdi. Siz bilan yana uchrashganimizda Savonda sodir bo‘lgan voqeani so‘zlab beraman, shu voqea asosida ajoyib feleton yozsa bo‘ladi. Lekin men bechorani tinkamni quritib, betob qilib qo‘ydi.

Genuya bo‘ylab yorqin xotiralar oralab soya kabi kezdim. U yerda men ilgari, besh yohud olti yil muqaddam menga juda manzur bo‘lgan joylar endilikda yana ham maftun etdi – ular beqiyos gullagan oliyjanoblik va Rivera va’da qilayotgan barcha narsalarga nisbatan g‘oyat go‘zal bo‘lib tuyuldi. Dekadanslik yillarida mazkur g‘amboda shaharni manglayimga bitgani uchun taqdirdan minnatdorman – basharti ulardan xalos bo‘la olsam, bu har gal o‘zingni o‘zing yengish bilan barobar, irodang yana kengliklarga talpinadi, natijada nihoyat jur’atsizlik illatidan qutulasan. Genuyada darveshona hayot kechirganim uchun juda-juda mamnunman.

Biroq Turin! Qadrli do‘stim, shu o‘rinda men Sizni muborakbod etaman! Siz ayni ko‘nglimdagini taklif qildingiz! Bu endilikda menga haqiqatdan ham zarur shahar! Dastlabki lahzadan bunga imon keltirdim: bu joyda dastlabki kunlar naqadar dahshatli kechganidan qat’i nazar <…>

 

Dantsig, Karl Fuksga

Turin, 1888 yil 14 aprel

Muhtaram, qimmatli janob doktor,

bu yerda, Nitstsada bo‘lganidek, stolda ro‘paramda Sizning portretingiz turibdi: Siz bilan hasratlashish ishtiyoqim qanchalar kuchli ekanini bilsangiz edi? Nihoyat, Sizga maktub bitishga kirishdim. Makon ichra bunday bema’ni tarqoqlikning (bu, faylasuflar aytgandek, ayni ular tomonidan kashf etilgan) nima keragi bor, deya o‘zimga savol beraman, bu bir-biriga biron fikr aytadigan sanoqli siymolar orasidagi ayriliq makoni.

Turinda bo‘lganmisiz? Men sevadigan yagona shahar. Osoyishta, bir oz tantanavor. Nigohlar uchun ham, poyi qadam uchun ham rohati jon (kaftday tekis ko‘chalar hamda sariq va qizil-qo‘ng‘ir gul-chechaklar barcha-barchasi yaxlitlik kasb etgan). Afsungar XVIII asr mo‘jizasi. Muhtasham qasrlar qalbga ulug‘vorlik baxsh etadi, – renessans davriga oid birorta ham qal’a yo‘q. Shahar markazidan Alp tog‘larining qorli cho‘qqilari chorlaydi! Ko‘chalar cho‘qqilarga boshlab boradiganday! Havo quruq, juda-juda tiniq. Shahar kunduz og‘ushida shuncha go‘zal qiyofa kasb etishi yetti uxlab tushimga kirmagan.

Ellik odim narida – mahobatli vizavi palatstso Karinyano (1670). Yana ellik odimda esa – Karinyana teatri, bu koshonada «Karmen» mahorat bilan sahnaga qo‘yilmoqda. Ba’zan ko‘chalar qo‘ynida yarim soatlab yuksak ravoqlar poyida odimlaysan. Mazkur shahri azimda hammasi keng va emin-erkin, ayniqsa maydonlar, binobarin shahar markazida o‘zingni erkin qushday sezasan.

Dardu hasratim va falsafam bilan do‘kon-dastgohimni ayni shu shahri azimga keltirdim. To iyungacha jazirama tashvishini tortmayman. Shahar biqinida qad rostlagan azim tog‘lar kuch-quvvat baxsh etadi, hatto allaqanday maqsadlar sari safarbarlikka chorlaydi. Nihoyat, navbatda, ko‘hna yozgi qarorgohim – Zimls-Mariya: Yuqori Engadin, hayot dolg‘alaridan olis, g‘ayrioddiy qadrdon ona tabiat quchog‘i… Shundan so‘ng bir oy Venetsiyada – men uchun nurafshon maskan, bugungi kunda aqlga sig‘maydigan musiqalarni ayni kamina uchun yaratadigan yagona bastakorning qarorgohi (yohud, ta’bir joiz bo‘lsa, qamog‘i) – qonun-qoidalarga mos barkamol erkinligi ila samimiy, quyoshli shaharda bo‘laman.

Qayerdadir o‘qidim-a, Germaniyaning faqat sanoqli shaharlarida Shopengauer yubileyi[15] nishonlanganmish. Dantsig tilga olingan. Shu zahoti Sizni o‘yladim.

Bularning barchasidan naqadar olisdaman! Yanada yiroqlashib borayotgandayman! Shunchalar ham osudalik bo‘ladimi! Qayoqqa nazar tashlamayin biror-bir tanish chehra uchramaydi. Singlim Janubiy Amerikada. Maktublar ham kamayib boryapti. Holbuki, qarib-churib qolganim yo‘q!! Shunchaki faylasufman! Shunchaki mulohazago‘y! Shunchaki o‘zini o‘zi ayovsiz fosh qiluvchi!

Kutilmagan yangilik: hozirgina Daniyadan yuborilgan gazetani oldim. Ma’lum bo‘lishicha, Kopengagen universitetida «om den tueske filosof Friedrich Nietsche»[16] turkum ommaviy ma’ruzalar o‘qilayotgan ekan. Ma’ruzachi – privat-dotsent doktor Georg Brandes. <…>

Venetsiya, Genrix Kyozelitsga

Turin, 1888 yil 31 may

<…> Ayni kezlarda frantsuz tiliga tarjima qilingan Manu qonunlari jildi qo‘limga tushib qoldi. Mazkur manbaa Hindistonda tayyorlangan va hind olimlari hamda oliy rutbali ilohiyot peshvolari tomonidan batafsil kelishilgan. Vedalarga va kastalarga asoslanuvchi mazkur qadimiy muqaddas axloqiy qomus to‘la-to‘kis oriylar tomonidan yaratilgan, – boshdan-oyoq diniy ruh bilan yo‘g‘rilganidan qat’i nazar pessimistik kayfiyatdan xoli, – din bilan bog‘liq tasavvurlarimni kutilmagan tarzda boyitdi. Nazarimda, buyuk etnik qonunchilik hujjatlaridan bizlargacha yetib kelgan qolgan barchasi taqlid va hatto karikaturaday… hatto Aflotun ham barcha asosiy jihatlari bilan yaxshigina ta’lim-tarbiya olgan braxmanga o‘xshaydi. Shu nuqtai nazardan yahudiylar chandala irqini eslatadi. Ular o‘z hukmronlari qo‘li ostida shunday qoidalarni o‘zlashtiradilarki, ayni qoidalar vositasida muqaddaslik hokimiyatni egallaydi va ulusni uyushtiradi… Chamasi, xitoyliklar ham ayni mazkur mumtoz qadimiy qonun kitobi ta’siri tufayli Konfutsiy va Lao-tszi ta’limotini yaratgan. O‘rta asrlarga xos tartib-tuzumlar esa qadimgi hind-oriylar jamiyati tayangan barcha tasavvurlarni ko‘r-ko‘rona tiklashga hayratomuz urinishday tuyuladi. Lekin irqlarning tanazzuli bois ularga pessimistik xususiyat baxsh etilgan.

Yahudiylar, aftidan, bu borada ham shunchaki «vositachi» vazifasini bajargan – ular hech vaqo kashf qilmagan. <…>

 

Evansvill (Indiana) Karl Korntsga

Zils-Mariya, Yuqori Engadin,

1888 yil 21 iyun (Shveytsariya)

<…> Nazarimda, ayni boy psixologik tajribasi, xatarli va yalang‘och samimiyatdan tap tortmasligi tufayli asarlarim haqiqatdan ham benazirday tuyuladi. Turli qiyofalar kasb etish va san’atkorona mahorat ko‘rsatish borasida ham kamtarlik qilmaganman. Nemis tili bilan azaliy muhabbat, sirli qondoshlik, teran ehtirom bir tanu bir jon aylaydi. Ayni tilda yozilgan deyarli barcha boshqa kitoblarni o‘qimaslik uchun mazkur asoslar yetarli. <…>

 

Bazel, Frants Overbekga

Zils, Engadin, 1888 yil 4 iyul

<…> Turinni tark etganimdan buyon holim tang. Uzluksiz boshim og‘riydi, ko‘nglim ayniydi; surunkali xastaliklar xuruj qilayotir, asabiy holsizlanganim oqibatida biron-bir ishga yaramayapman. Vahimali xayollardan deyarli qutula olmayapman. To‘g‘rirog‘i, umumiy holatim aniq, afsuski ijobiy jihatdan emas. Nafaqat salomatlik pand berayotir, aksiga sog‘ayish ishtiyoqi ham yo‘q: adoyi tamom bo‘lgandayman. Kamida o‘n yillik boy berishlar o‘rnini to‘ldirish dargumon – boz ustiga hech vaqo xarid qilmasdan shaxsiy «zahiram» hisobiga kun kechirdim. Bu tarzda qashshoqlashish shubhasiz. Tanamizda yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi, fiziologiya masalalariga oid mulohazalarni ingliz Galtondan[17] o‘zlashtirganman. Qulay shart-sharoitda favqulodda ehtiyotkorlik va omilkorlik evaziga omonat muvozanatga erisha olaman; lekin, mazkur qulay shart-sharoit bo‘lmasa, har qanday favqulodda ehtiyotkorlik ham, omilkorlik ham naf bermaydi. Turinda shunday qulay shart-sharoitlar bor edi, Zelsda esa, afsuski, anqoning urug‘i. Bu yerda tund va bezovta qishga duch keldim, Bazeldagi ko‘ngilsiz fevral havosiday salbiy ta’sir qilyapti. Ob-havo ta’siriga bunday haddan tashqari bog‘liqlik, albatta, yaxshilik alomati emas: bu umumiy darmonsizlikdan dalolat, ayni shu kamina duchor bo‘lgan baloyi ofat hisoblanadi. Bosh og‘rig‘iyu va boshqa xastaliklaru yoxud bu darajadagi simptom oqibatlar, xolos. Bazelda boshimdan kechgan eng og‘ir davrda va Bazeldan keyin ham ayni mushkulotlardan qutula olmadim, faqat (yoki bitta farqi shundaki) u kezlarda tamomila g‘aflatda edim, shu bois shifokorlarga turli xastaliklarni aniqlashlariga ruxsat berdim, bu esa o‘lganning ustiga tepgan bilan barobar bo‘ldi. Ochig‘ini aytganda, mening boshim ham, me’dam ham xasta emas, biroq asabiy holdan toyish oqibatida (qisman otamdan meros qolgan – otam hayotiy kuch-quvvatning umumiy yetishmasligi, qisman esa orttirilgan xastaliklar oqibatida vafot etgan) barcha ko‘rinishdagi xastaliklar yuzaga chiqayotir. O‘sha kezlarda mijozimga to‘g‘ri keladigan yagona davolash usuli Vayra-Mitchellning amerikacha usuli bo‘lib, unga ko‘ra quvvat baxsh etadigan noyob ukol qilishdan iborat edi (bunda yashash joyi, yon-atrofdagi kishilar, qiziqishlarni ham tubdan o‘zgartirish talab qilinardi). Amalda esa g‘aflatda qolib, buning aksini tanlabman: tamomila holdan toyish oqibatida Genuyada nima uchun zavol topmaganimga hali ham aqlim bovar qilmaydi.

 

Bazel, Frants Overbekka

Zils-Mariya, 1888 yil 20 iyuldan ko‘p o‘tmasdan

qoralama

Qimmatli do‘stim,

senga muxtasar maktub yo‘llayapman, lekin bu gaplarning hammasi faqat ikkalamizga tegishli bo‘lib, o‘rtamizda sir bo‘lib qolgani ma’qul. Butun borlig‘imni tog‘ kabi ezib turgan fursat cheksiz, biroq uning manbai Sen va boshqa do‘stlarim qidirayotgan joyda emas. Buni tushuntirishim qiyin. Biroq «Zardo‘sht tavallosi»ni e’lon qilganimdan buyon o‘zimni qayta-qayta yarador qilinayotgan yirtqichday sezayapman. Biron-bir munosabat, biron-bir aks-sadoning yo‘qligi ahvolimni tobora tanglashtirayotir. Bu kitob chetga chiqib qoldi, demoqchimanki – barcha kitoblarga nisbatan yolg‘izlatib qo‘yildi, shu bois ham uning muallifi sifatida o‘zimni qo‘ygani joy topolmayapman. Yolg‘izligim va yakkalab qo‘yilganim uchun yuragim yoriladigan darajaga kelib qoldim; boshqa jihatdan, hech kim biron-bir fikr bildirmaganiyu hali-hamon kamina yetib kelmaganini ham juda yaxshi anglayman… Xulosam shuki: barhayot asar yaratganing uchun halokatga yuz tutishing hech gap emas, – chunki ayni ishni uddalaganing uchun har daqiqa ayni joning bilan tovon to‘lashing zarur. Bu fe’l-atvorga ham, didga ham, salomatlikka ham putur yetkazadi. Holbuki, mazkur asardagi loaqal olti satrning mohiyatini anglash va botinan his etish – nazarimda, har qanday bandai osiyni hatto yetti uxlab tushiga kirmagan yuksakliklarga olib chiqa oladi. Biroq mazkur asarning butun rang-barang olamini – hali-hanuz ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘ta zalvorli olamni jamiki teranliklari va kengliklari bilan yurakda olib yurish, keyin esa ularning yukidan halos bo‘lish uchun kim bilandir dardlashishga chog‘langanda toshdan ham qattiq yolg‘izlikka ro‘baro‘ bo‘lish – bunday chorasizlikni dushmanimga ham ravo ko‘rmagan bo‘lardim.

Mazkur kechinmalarning iskanjasidan najot topish maqsadida butun mahoratimni ishga solayapman. Keyingi asarlarimni shu maqsadda yozdim: shu payt-gacha yozgan asarlarimga nisbatan ularda ehtiros kuchliroq. Ehtiros dardni engillashtiradi. Bu naf keltirayapti, dardlarimni unutish imkonini berayapti… Bundan tashqari, ma’lum ma’noda aktyorlik salohiyatim ham yo‘q emas, o‘zimni ovutish uchun xayolimda turli siymolar yarataman. Jumladan, ayrimlari qaysarliklari bilan taskin beradi. Hozir musiqa mavzusidagi pamflet[18] chop etiladi: uni bir o‘qigandayoq qanchalik xush kayfiyat bilan yozilgani seziladi: shodu xurramlik ham dardni yengillashtiradi. Mana shunday asarlarni yaratish asnosida kayfiyatim hamisha ko‘tarinki bo‘ladi.

Kifoya qiladigan darajada ta’sir ko‘rsatadigan ko‘ngilxushliklarni topish tobora qiyinlashayapti. O‘qtin-o‘qtin yuragim shunday siqiladiki, asti qo‘yaverasan.

 

Engadin, Neyvevil Zils,

Karl Shpittelerga,

1888 yil 25 iyul,

Sizning savolingizga javoban aytmoqchimanki, Germaniya matbuoti bilan munosabatimni qanday ta’riflashga ham hayronman. Matbuot mening qay xislatimdan cho‘chiydi, tushuna olmayman. Men obro‘yi tushib ketishidan xadiksiramaydigan sanoqli kishilar toifasidanman: bundaylar o‘ta xatarli zirva hisoblanadi. Aslida esa binoyidek qadr-qimmatim bor va kitobxonlarim doirasi tobora kengaymoqda. Yevropaning eng mustaqil aql-idroki sohibi bo‘lish – hammaga ham nasib etavermaydi. har bir shaharda, hatto Baltimorda ham muxlislarim to‘garagi bor. Millat o‘zini o‘zi uzluksiz ko‘klarga ko‘tarish bilan mashg‘ul pallada Germaniya “ta’lim tizimi”ga hujum uyushtirganim meni izzat-hurmat qilishlarini uzul-kesil kafolatlash yo‘lida men qilgan juda muhim ish bo‘ldi.

Tan olmasdan o‘zga ilojim yo‘q: mendan hayiqishlari hikmatdan xoli emas, chunki bunday munosabat istalgan lahzada e’zoz-ehtiromga aylanishi hech gap emas. haligacha shaxsiy dushman orttirmaganim bilan faxrlansam arziydi.

“Jamiyat diqqat-e’tiborini qozonish yo‘lidagi dastlabki qadam – duel”, deydi Stendal. Buni bilmagan holda shunday qilgan ekanman. <…>

Mete fon Salis auf Marshlinsga

Zils-Mariya, 1888 yil 7 sentyabr

<…> Keyingi paytlarda juda qunt bilan ishladim – shu darajada jonbozlik qildimki, “yozni behuda o‘tkazganimga oid” oldingi maktubda yozgan fikrlarimdan voz kechmoqchiman. Shunchalik serg‘ayrat bo‘lishim hatto o‘zimning ham xayolimga kelmagan… To‘g‘ri, buning oqibatida hayotimda tartibsizlik yuzaga keldi. “Ilhom parisi”ning da’vati bilan kechasi, soat ikkilar atrofida bir necha marta uyg‘onib, pishib yetilgan mulohazalarimni qog‘ozga tushirdim. Keyin uy sohibi, janob Durishning eshikni ehtiyotkorlik bilan ochgani eshitiladi va tashqariga chiqadi – tog‘ kiyigi ovlash maqsadida. Ehtimol, mening sa’y-harakatlarim ham tog‘ kiyigi ovlashday ish bo‘lgandir…

Uchinchi sentyabr ajoyib kun bo‘ldi-da! Ertalab “Barcha qadriyatlarni qayta baholash” asarimga muqadimma yozdim, hozirgacha bunaqa mag‘rurona muqaddima yozilmagan. Shundan so‘ng ko‘chaga chiqib, bilasanmi, nimaga ko‘zim tushdi? Engadinda bunday go‘zal kunni ko‘rmagandim. Butun borliq shabnamga chayib olinganday, ko‘l va osmon lojuvard, havo ham chinniday toza – aql bovar qilmaydi… Tabiat go‘zalligi qoshida boshqalar ham hayratga tushdi. Etaklarigacha oppoq qorga burkangan tog‘lar tabiat go‘zalligiga o‘zgacha chiroy baxsh etgandi.

<…> 15 sentyabrda Turinga yo‘l olaman. Dunyoda yagona hurfikrli kitob – “Barcha qadriyatlarni qayta baholash” asarimni nashrga berish masalasini ke-yingi yillarda hal qilaman. Bunga oid qaror yetilishi zarur! Dastlabki kitob, deylik, “Antixrist” deb nomlanadi.

 

Buxvald, Genrix Kyozelitsga

Turin, 1888 yil 27 sentyabr

<…> Safar og‘ir kechdi, sabr-toqatim yana bir marta jiddiy sinovdan o‘tdi: faqat yarim kechada Milanga yetib oldim. Komoda suv bosgan joydan to‘sin tashlab qilingan ensizgina ko‘prikdan kechasi, mash’alalar yorug‘ida jonimizni hovuchlab, ming azob bilan o‘tdik! Bunday mashaqqatli yo‘lni menday shabko‘r uchun ataylab tayyorlab qo‘yishganday! Lombardiyaning dim va badbo‘y havosi tamomila holdan toydirdi, arang Turinga keldim. Yo‘l davomida tortgan azoblarim behuda ketmadi. Oltin kuz fasli og‘ushidagi Turin shahri meni bag‘rini keng ochib kutib oldi. <…>

Bazel, Frants Overbekga

Turin, 1888 yil 18 oktyabr

Qimmatli do‘stim,

kecha Sening maktubini ushlagan holda Turin atroflarida odatdagidek sayr qildim. Beg‘ubor oktyabr havosi og‘ushida yayradim. Deyarli Po daryosi bo‘ylab uzangan ajoyib o‘rmon so‘qmog‘ida salkam bir soatcha sayr qildim – mazkur o‘rmonda hali kuz nafasi uncha sezilmaydi. Hozir dunyodagi eng oliyjanob insonman hamda faqat va faqat ijobiy ma’noda ayni kuz fasliga xos kayfiyatdaman: to‘kin hosil yig‘adigan fursatim yetib keldi. Hamma-hammasi osonlik bilan qo‘lga kirayapti… Dastlabki “Barcha qadriyatlarni qayta baholash” asarim nashr qilish uchun tayyor, – bu xushxabarni senga yetkazishdan qanchalar mamnun ekanimni bayon etishga ojizman. Jami to‘rt kitob bo‘ladi – hammasi alohida-alohida chop etiladi. Bu gal, ustomon zambarakchi singari o‘z to‘plarimni namoyish qilaman: mening zambaraklarim zarbalaridan insoniyat tarixi teng ikkiga bo‘linib ketadi, degan xavotirdaman. Oldingi maktubimda tilga olingan asarimni yaqinda tugallayman… “Insoniylik, o‘ta insoniylik”dan sen yo‘llagan parcha ayni mavridida keldi-da, uni asarim matniga kiritdim. Bu asar oshkora urush ochishdan iborat, hatto aks-sadosi tog‘lardan ham eshitiladi. Unda nemislarga qarshi yalpi hujumga o‘tganman: “kinoyalardan” shikoyat qilishingga hech bir hojat yo‘q. Bu shu darajada mas’uliyatsiz irqki, madaniyatga qarshi olamshumul barcha jinoyatlarni sodir etgan, tarixning barcha hal qiluvchi pallalarida hamisha allaqanday bema’niliklar mahliyosi bo‘lgan (Angliya va Frantsiyada ilmiy mushohada yuritish uslubi ming mashaqqat bilan qo‘lga kiritilgan bir pallada – Uyg‘onish davrida reformatsiyaga zo‘r bergan, Kant falsafasi bilan maydonga chiqqan; Yevropani siyosiy va iqtisodiy jihatdan bir butun qilish borada yagona qudratga ega Napoleon paydo bo‘lganda “xaloskorlik urushlari” bayrog‘ini ko‘targan), – hozir esa, qadriyatlar haqidagi buyuk masalalar birinchi marta kun tartibidan joy olgan pallada, mazkur millatning fikri-zikri “reyx” bilan band, bu partikulyarizm va madaniy atomizmni keskinlashtirishdan bo‘lak hech vaqo emas. Bunday muhim tarixiy fursat hech qachon bo‘lmagan, lekin buni kim qadrlaydi? Bugun biz shohidi bo‘lib turgan tushunmovchilik juda-juda tabiiy hol: shu paytgacha kuzatilmagan ma’naviy ehtiros yuksakligi va erkinligi insoniyatning oliy muammosiga yopishib olgan va uning taqdiriga nisbatan hukm chiqarishni talab qilayotgan bir paytda, – ayni shunday pallada yalpi pastkashlik va johillik yaqqol namoyon bo‘lishi kerak. Menga nisbatan dushmanlik alomatlari hozircha zarracha ham ko‘zga tashlanmayapti: xullas tarafdorlar ham, qarshilar ham yo‘q…

<…> Navbatdagi uch yil mobaynida juda katta miqdordagi bosmaxona sarf-xarajatlarini qoplash uchun hozir imkon boricha tejamkor bo‘lishim kerak… 20 noyabrgacha shu yerda qolishni mo‘ljallayapman… Keyin Nitstsaga yo‘l olmoqchiman. <…>

 

Rim, Malvida fon Meyzenbugga

Turin, 1888 yil 20 oktyabr

Muhtarama qadrdonim,

sizni bezovta qilayotganim uchun ma’zur tutasiz, bu eng oxirgisi. Asta-sekin barcha bilan munosabatlarimga deyarli barham berdim. Hafsalam pir bo‘lgani bejiz emas: meni bor holimcha emas, balki o‘zgacha bir shaxs sifatida talqin qilayaptilar. Nihoyat, navbat Sizga keldi. Yillar mobaynida asarlarimni Sizga taqdim etib kelayapman – nihoyat sabr kosangiz to‘lib, haqqoniy ravishda soddadillik bilan: “Bu asarlardagi har bir kalima meni dahshatga soladi” deb vahima qilarmikansiz degan umiddaman. Shunday qilsangiz, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lardingiz. Chunki Siz “idealist”lar sirasiga kirasiz, men esa idealizmni his-tuyg‘ularga chirmashib olgan diyonatsizlik, mavjud voqelikni tan olmaslikka intilish deb bilaman; asarlarimdagi har bir kalimayu ibora idealizmga nafrat bilan yo‘g‘rilgan. Butun insoniyat tarixida mazkur intellektual tubanlikdan ortiq insofsizlik bo‘lmagan; “ideal olam”ni o‘ylab topishlari natijasida jamiki voqeliklar qimmati sariq chaqaga ham arzimaydigan bo‘lib qoldi… Mening vazifam Siz uchun tushunarsizmi? “Barcha qadriyatlarni qayta baholash” deganda nimani nazarda tutayotganim ham mavhummih Fazilatli kishilarni Zardo‘sht nima uchun o‘ta xatarli toifa hisoblaydi? U nima uchun axloq-obod qoidalarini chippakka chiqarishi kerak? Zardo‘shtning: “Rahmdil va taqvodorlarni yer bilan yakson qiling!” degan da’vatini Siz unutdingizmi?

Mening “Alo odam” atamamni Siz yana o‘zingizcha buzib talqin qildingiz, bu “marhamatingiz” uchun Sizni hech qachon kechirmayman. Ayni paytda asarlarimning har bir jiddiy muxlisi bilishi kerak: men nafratlanmaydigan insoniy toifa – moziydagi mehribon siymolarning tamomila aksi, Isoi Masihga nisbatan Chezar Bordjiaga yuz bora yaqin. Huzurimda Mikelandjelo ismini va Vagner singari tuban kimsaning ismini og‘zingizdan bol tomib tilga olar ekansiz, Sizni ham, o‘zimni ham tuyg‘ularimga haqqoniy baho berish mas’uliyatidan xoli qilaman. Ularning har biriga nisbatan butun hayotingiz davomida soxta tushunchalarni shakllantirgansiz. Ayni Sizga ishonganlari uchun mening hayotimda ham talay ko‘ngilsizliklar ro‘y bermoqda, – chunki Sizning mulohazalaringiz hech qanday asosga ega emas. Nihoyat, Vagner qayerdayu, Nitstse qay makonda ekanini ham unutib qo‘ydingiz!.. Har qanday andishali shaxs sifatida bundan o‘n yil muqaddam Vagnerdan nafrat bilan yuz o‘girganim boisini Siz hali hamon anglay olganingiz yo‘q. Vagner musiqasi o‘lati qanday tarqalayotgani, sozandalarni qay asno yo‘ldan ozdirayotganini barcha sofdil musiqashunoslar kabi kuzatishim mohiyati ham, taassufki, Sizga ayon emas. <…> mening birorta kalomimni, biron bir qadamimni Siz hech qachon anglamagansiz: qo‘limdan nima ham kelardi, lekin mazkur ahvolga oydinlik kiritish zarur – “Vagner hodisasi” ayni shu nuqtai nazardan menga juda qo‘l keldi.

Fridrix Nitshe.

 

Venetsiya, Genrix Kyozelitsga

Turin, 1888 yil 30 oktyabr

Qimmatli do‘stim,

hozirgina ko‘zguga qaradim – hech qachon shu asno risoladagiday bo‘lmaganman. Kayfiyatim a’lo, qomatim raso – naqd o‘n yosh yashargandayman. Ne baxtki, Turinni qarorgoh sifatida tanlaganimdan buyon o‘zimga munosabatim ijobiy tomonga keskin o‘zgardi: jumladan, qo‘li gul chevar huzuriga tashrif buyuraman, ya’ni hamma joyda meni martabali ajnabiy sifatida e’zozlashlariga alohida e’tibor beraman. Ishonasanmi, bu ishni qoyillatayapman! <…> Nitstsaga nisbatan Turin shunchalar xushmanzaraki, rangpar Rivera yalangliklari esimga tushgani sayin u ko‘ngilsiz joylarda uzoq qolib ketganim alam qiladi… Bu yerda esa tabiiy barkamollik va nurafshon oftob rom aylaydi: za’faron bog‘lar zarhal yuritilganday ko‘zni qamashtiradi, osmon lojuvard va ko‘m-ko‘k daryo, norasida nafasiday beg‘ubor havo – baayni Klod Lorren[19] mo‘yqalami bilan yaratilgan mo‘jiza!

Ob-havo shu qadar ajoyibki, qimmatli asar yaratish uchun hech qanday monelik yo‘qday. Tug‘ilgan kunimda navbatdagi yangi asar yoza boshladim, o‘ylaymanki, barchaga manzur bo‘ladi, darvoqe, uning uchun allaqachon salmoqli bo‘nak oldim. Nomlanishi “Ecce Homo”, yoki “O‘zlikni anglash asrori”. Mazkur asarda shaxsiyatim va asarlarim haqida dadil fikr yuritiladi; shu asno nafaqat omma oldida o‘zligimni namoyon qilmoqchiman, o‘zligimni hayratlanarli shaxsiy qayta baholashdan oldin erkin matbuot to‘g‘risidagi nemislarga xos tasavvur nimalarga giriftor qilishi mumkinligini sinab ko‘rmoqchiman. “Qayta baholash”ning dastlabki kitobi qonuniy va asosli ravishda zudlik bilan musodara qilinadi, degan gumonim bor. “Ecce Homo” vositasida mustahkam negiz tayyorlamoqchiman, bu oqilona tasavvur doirasida boshqalarga nisbatan men uchun alohida imtiyozlar yaratilishini ta’minlagan bo‘lardi. Darvoqe, o‘zim haqimda tasavvur qilish mumkin bo‘lgan psixologik “mug‘ombirlik” va hushyorlik bilan mulohaza yurityapman – odamlar oldida payg‘ambarona, dahshatangez va axloqiy qo‘riqchi maqomiga da’vo qilish menga yo‘l bo‘lsin. Kitob shu nuqtai nazardan ham naf keltirishi mumkin: meni ayni ziddim bilan chalkashtirishga monelik qilsa, ajab emas. <…>

Elizabet Fyorsterga

Turin, 1888 yil noyabr o‘rtalari

(qoralama)

Qimmatli singlim!

Maktubingni oldim, bir necha marta o‘qigach, Sen bilan vidolashishim zarur degan jiddiy xulosaga keldim. Taqdirim hal bo‘lgan ayni pallada Sening menga nisbatan aytilgan har bir kalimang yuz barobar og‘ir ta’sir qiladi: qanday siymo va qanday qismat sohibi bilan yaqin qarindosh ekaningni Sen zarracha ham tasavvur qila olmaysan, holbuki, ayni mening timsolimda ming yillik jumboqlar yechim topdi, gapning indallosini aytganda, insoniyat istiqboli ixtiyorimda… Men yashayotgan muhit tamomila begona bo‘lgani bois aynan Sen salkam menga qarama-qarshi tomon qochishga majbur ekaningni tushunaman, albatta. Faqat bitta holat ko‘nglimga taskin beradi: Sen o‘z nazdingda hayotingni to‘g‘ri izga solding, qismating kimlar bilandir bog‘liq, Sen kimgadir ko‘ngil bergansan va kimdir Seni sevadi, imkoniyatlaring va kuch-quvvating yetadigan vazifalarni uddalash zimmangga yuklatilgan; nihoyat, bu masalani chetlab o‘tmoqchi emasman, ayni zimmangdagi vazifa Seni mendan olislarga uloqtirdi, shu bois ayni pallada boshimga tushishi ehtimoldan xoli bo‘lmagan dastlabki ko‘ngilsizliklar Senga hech qanday ziyon-zahmat yetkazmaydi. Sening manfaating yo‘lida ayni shuni xohlayman; men hozir e’lon qiladigan asarlarga do‘stona, hatto ayni holatda qaltis qiziquvchanlik bilan munosabatda bo‘lmaslikni va o‘qimaslikni Sendan o‘tinaman. Ular ko‘nglingni haddan tashqari qoldirishi hech gap emas… Shu nuqtai nazardan Vagner haqidagi asarimni Senga behuda yuborganimdan afsuslanaman…

Mamnuniyat bilan ayta olamanki, kayfiyatim a’lo, umrim mobaynida bu qadar qat’iyatli va sabr-toqatli bo‘lmaganman; qay bir ishga qo‘l urmay qancha murakkab bo‘lmasin, oson hal bo‘layotir. Zimmamga yuklangan vazifa – qismatim amri, menga ato etilgan saodatni ayni hozir teran anglayapman. Men shunday xarsang-qoyalar bilan yuzma-yuz kelayapmanki, ular bilan olishuv istalgan o‘zga banda uchun halokatli bo‘lardi…Illo, men uddalashim zarur vazifa – har jihatdan dahshatli: men ayrim kimsagagina qarshi emas, balki butun insoniyatga o‘ta dahshatli ayb taqayapman: va qanday hukm chiqarilishidan qat’i nazar – mening foydamgami yoki menga qarshimi, – har ikkala holatda ham son-sanoqsiz ko‘ngilsizliklaru kulfatlar mening nomim bilan bog‘liq bo‘ladi… Shu bois maktubimni shafqatsizlik sifatida emas, balki oldindagi kulfatlar miqyosini kamaytiradigan chinakam insoniylik sifatida qabul qilishni Sendan chil dildan o‘tinaman.

 

Sening og‘ang

Drezden, Ferdinand Avenariusga

Turin, 1888 yil 10 dekabr

<…> Tanqid qilganingiz uchun Sizdan chin dildan mamnunman… o‘zingiz bilmagan holda ko‘ngilga xushyoqadigan fikrlarni bildiribsiz. Zimmamga hayratomuz vazifa yuklangan – barcha qadriyatlarga qaytadan baho berishim kerak; baayni bashariyat qismatini yelkamga olganman, va bu borada masxaraboz, hajvchi yoki, Siz ta’riflagandek “feletonchi”, darvoqe bu xislatim “Vagner bilan bo‘lgan holat” asarimda namoyon bo‘lgan, sifatida ham faoliyat yurita olsam, bular naqadar salohiyatli ekanimni yana bir bor isbotlaydi. Nihoyatda teran aql ayni paytda ma’lum ma’noda yuzakiroq bo‘lishi kerak – bu, e’tiboringiz uchun, kamina falsafasining qoidasi. <…>

 

Bayroyt, Kozima Vagnerga

Turin, 1889 yil 3 yanvar

Mening seviklim, qirolicha Ariadnaga,

odam ekanim xurofotdan boshqa hech vaqo emas. Lekin odamlar orasida bir necha marta yashaganman va ularning qismati menga ayon. Hindlar orasida Budda, Yunonistonda – Dionis bo‘lganman, Aleksandr va Sezar siymosida ham yashaganman, Shekspir ustozi lord Bekon timsolida ham umrguzaronlik qilganman. Nihoyat, Volter va Napoleon, balki Rixard Vagner ham bo‘lganman… Bu gal Zaminni to‘yxonaday bezatuvchi muzaffar Dionis sifatida kelajakman… Yetarli fursatim bor deb aytolmayman… Shu joyda ekanimdan Samovot yayramoqda… Ha-ya, meni chormixga ham tortishgan…

Chormixga tortilgan.

Rus tilidan Abduhamid Pardayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 5-son.

————————–

[1] Frants Overbek (1837-1905) – ilohiyotshunos, cherkov tarixchisi, Nitshening qadrdon do‘sti.

[2] “Menga yirik kutubxonaga ega shahar zarur”, deya izohlaydi Nitshe.

[3] Karl Shpitteler (1845-1924) – shveytsariyalik adib, Nobel mukofoti sohibi (1919). Mazkur maktub yo‘llanishi arafasida Nitshe haqida tanqidiy maqola e’lon qilgan.

[4] Lama – faylasufning singlisi Elizabet Fyorster-Nitsheni bolaligida erkalab shunday chaqirishgan (kutilmaganda payg‘ambarona bashorat bo‘lgan, chunki lamalar Janubiy Amerikada bor bo‘lib, Elizabet 1886 yilda eri bilan shu mamlakatga jo‘nab ketgandi).

[5] Nitshe 1887 yil 10 oktyabrda yozgan edi: «So‘nggi kitobim xususida olmon jurnallarida mujmallik va yoqtirmaslik bilan yo‘g‘rilgan allahanday mudhish bulamiqni eslatadigan fikrlarga ko‘zim tushdi. Kitobim goh «bema’ni safsata»ga, goh «iblisona makkorlik» namunasiga aylanadi, goh esa ular bois boshimni tanamdan judo qilishsa ham kam ekani shama qilinadi – ba’zan esa «yunker asilzodalar faylasufi» sifatida alqaydilar, ba’zan esa ikkinchi Edmunt fon Xagen deya ovoza qilib, asabimga tegishadi, ba’zan XIX asr Fausti tariqasida hamdardlik bilan qarashadi, ba’zida «bomba» va «gazanda» yorliqlarini yopishtirib, bir chetga surib qo‘yishadi. Kamina xususida shunday «bilimlarga» ega bo‘lishlari uchun ularga qariyb o‘n besh yil kerak bo‘ldi; holbuki dastlabki asarim – «Tragediyaning yaralishi»ni bir oz bo‘lsa-da anglaganlarida, u holda o‘shandayoq mendan Azozzildan qo‘rqandek qo‘rquvga tushishib, allaqachon yuz o‘girishar edi. Biroq u kezlarda asliyatim harir parda ortida pinhon bo‘lgani bois olmon go‘rso‘xtalari meni ham go‘yo o‘zlarining gumashtalari sifatida e’zozlar edi».

[6] Vilgelm Pinder (1844-1928) – Nitshening bolalik do‘sti.

[7] Bernxard Fyoster (1845-1889) – Nitshening kuyovi, Paragvayda nemis koloniyasining «Nuzva Ermania» asoschisi.

[8] Genrix Kyozelits (1854-1918) – bastakor, Nitshening do‘sti va shogirdi.

[9] Yozef Viktor Vidman – Shveytsariyadagi «Berevr bund» jurnali muharriri.

[10] Delikatlilik (ital.)

[11] «Axloq geneologiyasi xususida»

[12] Yalang‘och, qo‘pol, keskin (frants.)

[13] Jonivor (frants.)

[14] «Uchalamiz» deganda baron fon Zeydlitsning xotini Iren nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin, lekin «Zardo‘sht tavallosi» ruhida, mazkur nomani bitayotgan yoki pinhoniy Nitshe degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin.

[15] Tavalludining 100 yilligi.

[16] «Nemis faylasufi Fridrix Nitshe haqida» (dat.)

[17] Frensis Galton (1812-1911) – ingliz sayyohi va adibi, yevgenika asoschisi, Londondagi Antropologiya instituti prezidenti.

[18] «Vegner bilan bo‘lgan hodisa»

[19] Klod Lorren (1600-1682) – frantsuz tasviriy san’at ustasi.