Franchesko Petrarka. Avlodlarga maktub

Mabodo mening arzimas, faqirul-haqir nomam zamonlar va makonlararo kelgusi avlodlarga yetib borsa, mabodo ey, kelajakdagi o‘quvchim, mening kimligim va nimalarni yozganim seni sal-pal qiziqtirib qolsa (aslida o‘sha zamonlarga ismim va ijodim yetib borishiga unchalik umid bo‘lmasa-da), men haqimda chala-chulpa qandaydir zaif xabarlar va mish-mishlar quloqqa chalinsa, odamlar mening haqimda yo haddan ziyod maqtovlar aytsa, yo haddan ziyod yerga urib gapirsa, bu so‘zlarga shubha bilan qarasangiz, sizlarga oydinroq bo‘lsin deb, shul maktubni yozmoqdaman. Rostini aytsam, men ham sizlarga o‘xshagan oddiy bir odam edim, nasl-nasabim baland ham, juda past ham emasdi. Rim qaysari Avgust aytganiday, urug‘-avlodim ancha qadimiy edi. Tabiatimda rostgo‘ylik ham, kamtarinlik ham yo‘q emasdi, faqat ayrim yomon odatlarim bu fazilatlarimga putur yetkazardi.
Yoshligim — g‘o‘rligim meni aldadi, yigitligimda o‘zimga bino qo‘yib yanglishdim. Qarilik avvalgi hayotimdagi adashuvlarni tushu- nishimga yordam berdi. Barcha yoshdagilar va barcha zamonlar ahlining ko‘nglidagini bilgich Tangrim menga anglatdiki, yoshligimizda biz bandalar kibru havoga berilib, yo‘ldan adashgan ekanmiz, qarilikda kech bo‘lsa ham, gunohlarimizga tavba qilib, o‘zimizni anglashimizga imkoniyat berilar ekan. Kamina yoshligimda baquvvat bo‘lmasam-da, ammo xiyol chaqqon, serg‘ayrat edim, chiroyda ham kam emasdim, olov yigitligimda (qizlarga) yoqar edim, ikki yanog‘im oq-qizilu ko‘zim o‘ynoqi, birovga uzoq qarab qoluvchi edi, ammo yoshim oltmishdan o‘tganida nigohim biroz xiralashib, ko‘zoynakka muhtojlik sezildi. Hamisha durkun bo‘lgan jismim qarilikda zaiflashdi, qarilik lashkari — turli kasalliklar badanim qal’asiga hujum boshladilar.
Kamina umrimda boylik, mol-dunyoga hirs qo‘ymadim, uni yomon ko‘rganim uchun emas, balki mol-dunyo topish uchun o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urgim kelmasdi. Katta bazm, ziyofatlar qilish uchun boylik topishga ham qiziqmasdim. Dasturxonim el qatori, kamtarona edi. Mehmondorchiliklarga (aslida mast-alastlar bazmiga) hushim yo‘q edi. Shuning uchun turli bazmlarga bormasdim, mehmon kutib olishga vaqtim ham yo‘q edi. Ammo do‘stlar davrasida o‘tirish, beg‘ubor sho‘xliklar menga ham yoqardi, ulfatlarim yo‘qlab kelsa, sevinib kutib olardim. Taomni iloji boricha, ko‘pchilik bilan baham ko‘rardim. Dabdaba, hashamatni xushlamas va ortiqcha dahmaza deb o‘ylab, yomon ko‘rardim. Turli ko‘ngilxushliklardan o‘zimni tiyardim, ularni tinchlik, xotirjamlikning dushmani deb bilardim.
Ilk yoshligimda Xudoi taolo menga pokiza va munosib bir go‘zal ishqini ato etdi. Bu sevgi iztiroblari uzoq davom etishi mumkin edi, ammo Tangri u go‘zalni yoshligida, niholligida rahmatiga olib, bu o‘lim meni sevgi olovida yonishlardan xalos etdi. Rosti, men u qizga ehtirosli vujudim bilan ham intilardim, ammo ko‘nglimning bir chekkasida bu hirs, ehtirosni la’natlar edim. Avji kuch-g‘ayratga to‘lgan qirchillama yoshlarimda ham men manfurt u ban vujudiy ehtiroslarimni jilovlab ola bilgan edim. Endi boshqa mavzuga o‘taman. Men ko‘proq boshqalarni qadrlar, o‘zimni hammadan past tutar edim. Jahl-g‘azabimni ham boshqalarga emas, o‘zimga sochardim. Tabiatan jizzaki, jahldor bo‘lsam-da, tez o‘zimni bosib olardim, gina-kudurat va kek saqlamasdim, yomonlik qilganlarni unutib, yaxshilik qilganlarni yodda tutardim. Olijanob do‘stlikni, do‘stlikka sadoqatni qadrlar edim. Ammo, afsuski, inson qariganida ko‘pchilik do‘stlaridan ayrilib, yolg‘iz qolar ekan.
Umrim davomida knyazlar va qirollar kaminaga shunchalar izzat- hurmat ko‘rsatdilarki, bu ba’zilarning hasadini keltirdi. Shu sabab- li meni izzat-hurmat qilgan qudratli zotlardan uzoqroq yurishni, hech kimga bog‘lanmay, erkin yashashni xush ko‘rar edim. Ozodligimni bo‘g‘ishi mumkin bo‘lgan odamlarga nafratim cheksiz edi. Eng buyuk tojdorlar (qirollar) menga izzat-hurmat ko‘rgazishda go‘yo musobaqa qilar edilar, sababini men ham bilmasdim, o‘zlari ham bilmasalar kerak(2). Faqat shuni bildimki, buyuk qirollarning menga marhamat ko‘rsatishlari kaminaga (ijodda) qulay imkoniyatlar tug‘dirdi.
Kamina aqlu zakovatim juda o‘tkir emas, o‘zimga yarasha bo‘lib, ezgu va najotkor bilimlarni tez o‘rganishga, ma’naviy-falsafiy bilim- larga, she’riyatga ko‘proq qiziqardim. Keyingi vaqtlarda she’riyatdan sal uzoqlashib, falsafiy, diniy, muqaddas, sirli ilmlarga rag‘batim ortdi. She’riyat endi men uchun hayot bezagi bo‘lib qoldi. Qadimgi zamonlar meni ko‘proq qiziqtira boshladi. Bu tashvishli zamondan ko‘ra (ulug‘vorliklarga boy) o‘tmish zamonlarda tug‘ilganimda yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman. Shu bois tarixchilarning asarlarini o‘qishni yaxshi ko‘rardim, zero, o‘tmish zamonlarda ham adovat, dushmanlik (qirg‘in urushlar) meni xafa qilsa-da, har holda bor haqiqatlarga, ularni yozgan mutafakkirlarga ishonar edim.
Yozishda tilim ancha ravon, jonli, fasohatli bo‘lib qoldi, imperator Avgust fasohat san’atini o‘rganishga ko‘p vaqt va kuch sarfla- ganligi meni ajablantiradi. Va’zlarim tinglovchilarga xush kelar edi. Ammo, o‘rni va tinglovchilarning saviyasiga qarab, nutqimni sal o‘zgartirardim. Fikrimcha, notiqning qanday gapirishi emas, qanday umr kechirishi muhimroqdir. Faqat til fasohati bilan shuhrat qozonish men uchun ahamiyatsiz edi.
Xullas, kamina Florentsiyada yashab, keyin Aretstsoga quvg‘in qilingan, o‘rtahol, deyarli kambag‘al oilada tug‘ilib o‘sdim (Shu yerda muallif o‘zining milodiy 1304 yilning 20 iyulida, dushanba kuni tug‘ilganligini eslatadi — M.M.).
Qisman taqdir, qisman irodam (fe’l-atvorim) taqozosi bilan shu kunlarga yetib keldim. Tug‘ilgan joyim Aretstsoda bir yil ham bo‘lmay, oilamiz Florentsiyadan 14 ming qadam (deyarli 14 km.) naridagi, Antsizga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda otamning mulki bor edi, shu yerda olti yil yashadim. Sakkiz yoshimda onam quvg‘indan qaytib kelgach, Pizoda bir yil yashadik. Shundan so‘ng Alp tog‘lari ortida, Galliyada, Rona daryosining chap sohilida, Avinon shahrida turdik. Bu yerda Rim ruhoniy rahbari (Rim papasi) masihiylik dinidagi uchlikni uzoq yillar taqiqlab qo‘ygan edi. Bundan sal avval papa Urban V Iso Masihning muqaddasligini qayta tikladi, so‘ng bu ishidan afsuslandi (Katoliklar Isoni Xudoning o‘g‘li demaydilar – Tarj).
Bolaligim va yoshligimning ko‘p yillarini Rona daryosi bo‘ylarida o‘tkazdim. Albatta, boshqa joylarga ham borib-kelib turardim. To‘rt yil nariroqdagi Karpantra shaharchasida yashab, o‘qidim. Maktabda grammatika (sarf, nahv), dialektika (jadal) va ritorika ilmlari- ni aqlim yetganicha o‘rgandim. So‘ng to‘rt yil Monpele shahrida qonun va huquq ilmini o‘rgandim, so‘ng Bolonyada uch yil fuqarolik huquqi kursini tugatdim. Ko‘pchilikning fikricha, men shu sohani davom ettirganimda yosh bo‘lsam-da, ko‘p narsalarga erishgan bo‘lardim (3). Ammo men bu ilmlarni otam va onamning istagi bilan o‘rgandim. Aslida bu ilmlar jamiyatda adolat o‘rnatishga xizmat qilishi zarur edi, ammo hokimiyat vakillari bu qonunlarni nopoklik bilan tinimsiz buzganlari sababli xalq uchun foydasiz bo‘lib qolgan edi. Bu qonunlardan nopok ishlarda foydalanish mening ko‘nglimga begona edi, ulardan haq ish uchun foydalanganlarni tinch qo‘yishmas, qonunlarni bilmaslikda ayblar edilar.
Xullas, 22 yoshimda Avinonga qaytib keldim va ijod qilishga kirishdim. Shu yerda she’rlarim bilan tanilib, shon-shuhrat qozona boshladim. Ko‘pchilik odamlar men bilan tanishuvga intilar edilar, sababini bilmadim.(2) Ammo yoshlik g‘ururi bilan bunday shon-shuhratga o‘zimni munosib deb bilardim. Xususan, Rim kuriyasi (hokimiyati) majlislarini (oqilona nutqlari bilan) bezovchi davlat arboblari Jakomo va Jovanni Kolomna janoblari meni hurmatlab, homiylik qila boshladilar. Hozir bu izzat-hurmatlarni eslab, xijolat bo‘laman. Mashhur va beqiyos Jakomo men bilan sal tanishgach, Pireney tog‘lari etagidagi Gaskon mulkiga (dam olishga) taklif etib, o‘zi bilan olib ketdi. Jannatmakon mulk sohibi va yaqinlari mana shu yoz faslida nafis suhbatlari bilan meni shunday erkalatib ardoqladilarki, hamon u kunlarni eslasam, yuragim orziqadi. Shundan so‘ng bu safardan qaytib, ul hazratning sevimli birodari (ukasi) Jovanni Kolomnaning chorbog‘ida yashadim. Ular meni juda e’zozladilar.(3)
Ammo ko‘nglimda Frantsiya va Germaniyaga sayohat qilish ishtiyoqi bor edi. Homiylarimga turli bahona-sabablarni ko‘rsatdim, aslida asosiy sabab — jahon kezish (xalq hayotini o‘rganish) edi. Shu sayohatimda avvalo Parijga bordim, odamlarning bu go‘zal shahar haqida aytganlari to‘g‘rimi, xatomi ekanligini bilmoqchi edim.
Parijdan qaytib, bolalikdan buyon ko‘rishni orzu qilganim — Rimga bordim. U yerda meni aziz xonadon sohibi (Jakomo va Jovannilarning otasi) Stefano Kolomna meni o‘z farzandiday kutib oldi va behad mehribonliklar ko‘rsatdi. Bu zot umrining oxirigacha mendan mehr-oqibatini ayamadi. Mening ham u kishiga mehr va hurmatim cheksizdir.
Rimdan qaytgach, (oilamiz uchun quvg‘in joyi bo‘lgan) Avinonda bir kun ham turgim kelmay qoldi. Izlab-izlab, oxiri, Avinondan 12 chaqirim olisda, tevarak-atrofdagi barcha buloqlarning manbai bo‘lgan Sorga bulog‘i bo‘yida To‘g‘on deb ataluvchi shiringina bir vodiyni topib, 34 yoshimda sevimli barcha kitoblarim bilan o‘sha yerga ko‘chib o‘tdim.
Shu buloq boshida men ko‘p yillar yashab, nima ishlar qilganimni yozsam, hikoyam juda cho‘zilib ketadi. Xullas, shu so‘lim ma’voda men ko‘p yillar yashab, deyarli barcha asarlarimni yozganman, o‘sha vaqtdan boshlab qo‘ygan ba’zi ijodiy g‘oyalarimni hozir ham o‘ylayman. Go‘zal manzaralarning o‘zi meni “Bukolika” (Cho‘pon qo‘shiqlari) turkumidagi she’rlarimni yozishga ilhomlantirdi. Buni va yana ikki kitobni men o‘sha vaqtda Kavalyonda kichik yepiskop bo‘lib turgan do‘stim Filippga bag‘ishladim. U hozir Sabinada kardinal-episkoplik xizmatida. Mening yoshlikdagi eski do‘stlarimdan shu kishi qoldi.
Bir kuni o‘sha atrofdagi tog‘larni kezib, Afrikali Stsipion (Karfagenlik buyuk lashkarboshi Xannibalni yenggan Rim sarkardasi M.M) haqida qahramonlik ruhida bir poema yozishni o‘ylab qoldim. Poemani zavq va ilhom bilan yoza boshladim, ammo mavzu qiyinligidan uni tugatolmadim. Yozilgan qismlarini do‘stlarimga o‘qishga bergan edim, shu sababli “Afrika” deb atalgan bu poema hali yozilib tugamay turib, mashhur bo‘lib ketdi. O‘sha xilvat, ovloq joyda yashayotganimda (poemani o‘qib) sevingan hokimiyat vakillaridan bir kunda ikki joydan, Rim kuriyasidan va Parij universitetidan menga g‘oliblik gulchambarini berish taklifini yuborishibdi. Bu ikkala xushxabardan men yoshlik g‘ururi bilan juda sevindim. Axir kazo-kazo muhtaram zotlar meni shu oliy mukofotga munosib ko‘rishibdi (6). U vaqtda o‘zimni bu sharaflarga munosib ko‘rardim. Faqat bu ikki taklifdan qay birini tanlashga qiynalib qoldim. Maslahat so‘rab, yuqorida zikr etilgan kardinal Jovanni Kolomnaga maktub yubordim, chunki u men turgan joydan eng yaqin masofada edi, shu qadar yaqinki, kechqurun yozib yuborgan maktubimga ertasiga choshgohda, soat uchlarda javobini oldim. U menga Rimni tanlashni maslahat berdi. Avvalgi maktubim va bu maslahatni qabul qilganim haqida javob maktubim hozirgacha saqlanib qolgan. Yoshligimga borib, bu mukofotga o‘zimni munosib ko‘rsam-da, boshqa nozikta’blar nima derkin, deb shu mazmunda maslahat olish uchun avval Neapolga, buyuk qirol va faylasuf Robert huzuriga bordim. Qirol Robert olim, dono va odil podshoh edi, bu haqda, o‘quvchim, sen ham bilsang kerak. Men qanday yaxshi niyat bilan kelganimni bilib, qirol Robert sevinib ketdi. Ehtimol, bu yosh shoirning ishonchini qozongani va shoirning shon-shuhratiga sherik bo‘lish (tarixda qolish) shodligi bo‘lsa kerak. Xullas, qirol bilan bir necha kun suhbat qurdik. U “Afrika” poemasini o‘qib, boshi osmonga yetgach, bu asarni unga bag‘ishlashimni o‘zi iltimos qilib qoldi. Men, albatta, nozikta’b qirol, faylasufning bu iltimosiga yo‘q deyishim mumkin emas edi. Xullas, gulchambarni kimdan qabul qilish masalasini qirol va kamina bir necha kunlarda, ma’lum vaqtlarda qizg‘in muhokama qildik. Qirol Robert uchinchi taklifni — dafna gulchambarini o‘zining Neapol qirolligidan olishni aytdi. Men bunday marhamatga ko‘pdan-ko‘p minnatdorligimni, ammo Rim shon- shuhrati muhimroq, oliyroq ekanligini tushuntirganimdan so‘ng qirol Rim senatiga tavsiyanoma va minnatdorchilik tuyg‘ulari ifodalangan maktub yozib, menga yo‘lboshlovchi-etakchilar qo‘shib berdi. Qirolning bu shohona bahosiga o‘sha vaqtda o‘zim ham ishonardim. Ammo hozir buni yoshlik g‘ururi va g‘o‘rligi deb bilaman.
Xullas, kamina Rimga yo‘l oldim. Minglab rimliklar (senatorlar, olimlar, shoirlar) qatnashgan tantanali buyuk shodiyona marosimida dafna gulchambari boshimga qo‘yildi. Bu voqealar haqida mening xatlarim, nazm va nasrda yozgan asarlarim saqlanib qolgan.
Dafna gulchambari menga hech qanday bilim bermadi, faqat hasadgo‘ylarni ko‘paytirdi. Lekin bu haqda ham gapni cho‘zib o‘tirmayman, hozir buning o‘rni ham emas. Xullas, shundan so‘ng men Parmaga bor- dim, u yerning hukmdorlari, Korredjo xonadoni sinorlari bir-biri bilan chiqisha olmasa-da, barchasi menga oliy darajada izzat-hurmat ko‘rsatdilar. Bu zotlar hukmdorlik qilgan yillarda boshqaruv shu qadar adolatli, xalqqa g‘amxo‘rlik shu qadar havas qilarli bo‘lganki, bu haqda hozirgacha hamma gapiradi, o‘ylashimcha, bizning zamonada endi bu kabi adolatli boshqaruv topilmaydi. Menga o‘sha vaqtda ko‘rsatilgan g‘amxo‘rliklarni eslasam, bunga munosib emas edim deb, hozirgacha xijolat chekaman.
Kunlardan birida tog‘da (Pireney tog‘ida) sayr qilib yurganimda, Entsa soyidan kechib o‘tib, Reja vodiysida shu qadar xushmanzara joy- larni ko‘rdimki, zavq-shavqqa to‘lib, “Afrika” poemasining davomini yoza boshladim. Avval so‘nib qolgan ilhomim qayta avj oldi, ammo o‘sha kuni va keyingi kunlarda ham oz-ozdan yozib, to‘ldira boshladim. Ijodga qiziqib ketib, Parmaga qaytdim va chekkaroq, xilvatroq bir joyda tinchgina bir hovli-joyda (avval ijarada yashab), so‘ng uni sotib olib, o‘sha hovlida poemani oxiriga yetkazdim. Asarni juda qisqa vaqtda tugatganimga hozir ham ajablanaman.
Shundan so‘ng yana Alp tog‘lari ortidagi Sorga bulog‘i bo‘yiga qaytdim. Yozganlarim yana shuhrat qozongani sabablimi, har holda o‘sha zamondagi eng buyuk, fozil, odil hukmdorlardan biri kenja Jakomo Karrari (Paduya qiroli) nazariga tushibman. U, kaminaga Alp tog‘lari ortiga ham maktublar va odamlarini yuborib, meni mehmonga chaqirib, qayta- qayta iltimos qilaverdi. Men endi jahon podshohlaridan olisroqda, tinch hayot kechirishni istardim, ulardan hech narsani umid ham qilmas edim. Oxiri bu qirolga hurmatsizlik bo‘lmasin, ehtimol u ajoyib insondir, deb, Parmaga hamda Veronaga borib, bir necha kun turgach, so‘ng Paduyaga yo‘l oldim. Paduya qiroli meni samoviy mehmonni ko‘rganday, benihoya izzat-hurmat bilan kutib oldiki, buni so‘z bilan ifodalash qiyinligini bilib, pinhon saqlashga ahd qildim.
Paduya qiroli mening yoshlik chog‘larimda diniy mansabga tayyorlanganimni bilar ekan, shu sababli u menga Paduya bosh ruhoniysi (kanonik) vazifasini taklif qildi. Ammo qirolga umri vafo qilmadi. Ikki yildan so‘ng samo farishtalari uni chaqirib oldilar. Bu baqosiz dunyoda barcha shodliklar, go‘zalliklar o‘tkinchi ekan. Agar shu qirolga Tangri ko‘proq umr berganida mening sarson-sargardonligimga ham chek qo‘yilgan bo‘lur edi. Keyinchalik o‘ylasam, u kabi olijanob insonga bu dunyo munosib emas ekan.
Qirol Jakomo Karrari o‘rnini o‘zi kabi oqil va fazilatli o‘g‘li egalladi. U ham, otasi kabi, menga ko‘p izzat-hurmat ko‘rsatdi. Ammo otasi mening tengdoshim va do‘stim, betakror inson edi, uning o‘rnini hech kim bosolmasdi. Shu qayg‘uli o‘ylar bilan (qirolning o‘g‘liga minnatdorchilik bildirib), Paduyani tark etdim va bemorlarga havoni almashtirish zarur bo‘lganiday, yana Frantsiyaga qaytdim, bu yerda avval ming martalab ko‘rgan odamlarni ko‘rdim, ammo qayg‘um tarqalmadi.

Izohlar

1. Franchesko Petrarka zamonida atoqli din arboblari, yepiskoplar farzandlari birovlarga zarar yetkazmasligi uchun uylanmas, oila qurmas edilar
2. Sababi — shoirlik shon-shuhrati, iste’dodni qadrlash bo‘lgan.
3. Parijliklar hayoti shoirga yoqmagan bo‘lsa kerak, shu bois bu shahar haqida so‘z ochmay qo‘ya qolgan.
4. Shoir kamtarlik qilmoqda. Shon-shuhratining sababi — sevgi haqidagi sonetlarining jozibasida edi.
5. Qadimgi Rim imperiyasi parchalanib ketgan, Vizantiya-Sharqiy Rim imperiyasi ham saljuq turklariga qaram bo‘lib qolgandi. Italiya o‘sha vaqtlarda Genuya, Neapol, Venetsiya, Paduya, Verona, Parma, Florentsiya kabi kichik mustaqil qirolliklardan iborat edi.
6. Qadimgi Olimpiya musobaqalari davridan qolgan dafna gulchambari oltindan yasalgan. Bunday mukofotni Rim shoiri Vergiliy ham olgan.

Rus tilidan Mahkam Andijoniy tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2012, 7-son