Bu voqea qadim-qadim zamonlarda, janub-janub tomonlarda, qisqasi, Afrikada bo‘lib o‘tgan edi.
Yorug‘ yoz kunlarining birida ikki ilon kattakon yapasqi tosh ustida yotib quyoshga toblanmoqda va yaqindagina yutilgan quyonlarni bahuzur hazm qilmoqda edilar. Ulardan biri keksa bir ko‘zli ilon edi. Aslida g‘ilay emas, bir ko‘zli bo‘lsa-da, nimagadir u ilonlar orasida “G‘ilay” degan laqab bilan ma’lum va mashhur edi.
Ikkinchi ilon hali juda yosh va hech qanday laqabga ega emas edi. U yosh bo‘lishiga qaramay quyonlarni yaxshigina yamlamay yutar, shuning uchun porloq kelajagiga katta umid uyg‘otardi. Har qalay, yaqin-yaqinlarga qadar asosan kalamushu sichqonlar, gohida yovvoiy kurkalarning jo‘jalari bilangina o‘z nafsini qondirib yurgan bu ilon endi quyonlarni ham tanovul qilishga o‘tgan ediki, ushbu dadil qadam uning yoshida aytsa arzigulik yutuq edi.
Hordiq chiqarayotgan ilonlarning atrofi yam-yashil o‘rmon bilan qoplangan bo‘lib, unda kokos palmalari, banan va yong‘oq daraxtlari ko‘p edi. Atrofda mo‘jaz qushcha kattaligidagi kapalaklaru katta kapalakdek qushchalar qanot yozib quvnardilar. To‘tilar rango-rang patlarini silkitib daraxtdan daraxtga uchib-qo‘nishar, shu asno o‘zlaricha nimalarnidir chug‘ur-chug‘ur qilardilar.
Ba’zan daraxtlarning tepa-tepalarida shoxlar bexos silkinib qolar, maymunlar chiyillashar, ana shunda yaqinginada mudrab yotgan janobi sher tahdidli na’ra tortardi. Maymunlar na’rani eshitgan zahoti shivirlashib qolishar, sal o‘tmay o‘zliklarini unutib tag‘in chiyillasha boshlashardi. Nihoyat, sher o‘zining yana bir qattiq na’rasi bilan maymunlarga tahdid qilib, ular uyqusiga xalal berishayotgani, holbuki kechqurungi ovga kuch to‘plab borishi kerakligi xususida ogohlantirdi.
Maymunlar tag‘in o‘zaro shivirlashishga tushdilar, lekin butunlay jimib qolmadilar. Ular mudom nima haqdadir bahslashar, biroq aynan nimani bo‘lisholmayotganini bilib bo‘lmasdi.
Sirasini aytganda, yapasqi tosh ustida dam olayotgan ikki ilonning bu chiyillashlaru shivirlashlarga parvoyi palak edi. Gohida maymunlarning bezovta-behalovatliklariga ko‘zlari tushganida “Bu esi pastlar chirigan bananni bo‘lisholmayaptimi, nimani talashib-tortishaverishadi muncha!” deya o‘ylardi o‘zlaricha…
– Bir narsani hech tushunolmayapman, – dedi yaqindagina quyonlarni yutishga o‘tgan yosh ilon, – men ko‘z tikib turganimda nega quyonlar qochib qolmaydilar, axir, ular odatda juda tez chopadilar-ku?..
– Buning nimasiga tushunmaysan? – dedi G‘ilay. – Axir biz ularni gipnoz qilamiz-ku!
– “Gipnoz” nima u? – tag‘in so‘radi yosh ilon.
Aytish kerakki, biz yozishga kirishgan o‘sha qadim-qadim zamonlarda bo‘g‘ma ilonlar o‘z o‘ljalarini bo‘g‘ib o‘ldirmas edilar. Faqat uchrashganlarida, aniqrog‘i, bu hurkak jonivorlarga yaqin masofada bexos duch kelib qolganlarida o‘z nigoh-nazarlari bilan bechoralarni shunaqangi dong qotirib qo‘yar edilarki, ayni shu holat oddiy xalq tilida “gipnoz” deb atalar edi.
– “Gipnoz” deganlari nima o‘zi? – yana ajablanib so‘radi yosh ilon.
– Aniq javob berishga qiynalyapman, – dedi G‘ilay, aslida u g‘ilay emas, balki bor-yo‘g‘i bir ko‘zli edi, – har qalay, quyonga yaqin masofadan qaralganida u qimirlamasligi kerak.
– Nima uchun qimirlamasligi kerak? – ajablandi yosh ilon. – Men, masalan, ular hatto qornimda ham ba’zan qimir-qimir qilayotganini sezib turaman…
– Qorinda qimirlashi mumkin, – uni ma’qulladi G‘ilay. – Axir yutilgan luqma kerakli yo‘nalishda harakatlanishi shart-da.
G‘ilay shunday deya yotgan joyida bir to‘lg‘onib oldi, boisi ichidagi quyon go‘yo ularning gaplarini eshitayotgandek birdan taqqa to‘xtab qolgan va, nazarida, uni kerakli yo‘nalishga solib qo‘yish shartdek edi.
Gap shundaki, bu ko‘pni ko‘rgan qari ilonning hayotida shunaqangi baxtsiz hodisa ro‘y bergan ediki, o‘shanda u bir ko‘zidan ajragan, o‘zi ham bazo‘r tirik qolgan edi. Har gal o‘sha hodisani eslaganida yutilgan quyon qornida taqqa to‘xtab qolar, ana shunda yemishini yo‘lga solish uchun bir to‘lg‘onib olishi kerak bo‘lar edi. Yosh ilonning savollari o‘zi eslashni xush ko‘rmaydigan o‘sha ko‘ngilsiz voqeani yodga soldi.
– Baribir, men tushunmayapman, – bir muddatlik jimlikdan keyin tag‘in so‘radi yosh ilon. – Nega endi aynan biz ko‘z tikkanimizda quyon dong qotib qolishi kerak?..
– Senga buni qanday tushuntirsam ekan? – deya o‘zicha xayolga toldi G‘ilay. – O‘ylashimcha, tiriklikning taomili shunaqa, aftidan, bu shunday qadimiy yoqimli odatki…
– Biz uchun albatta yoqimliku-ya, – gapni ilib ketdi yosh ilon, – lekin bu odat quyonlar uchun yoqimli bo‘lmasa kerak-ov?..
G‘ilay nima deyishini bilmay bir muddat jim qoldi-da, anchagina mujmal javob qildi:
– Bo‘lsa bordir, buyog‘ini kim biladi deysan, uka!
Asl tabiatini olganda, G‘ilay, ayniqsa, bo‘g‘ma ilonlar dunyosida anchagina olijanob edi. To‘g‘ri, uni quyonning yumshoqqina go‘shtini tanovul qilishdan o‘zini tiyish darajasida o‘taketgan olijanob deb bo‘lmasdi. Har qalay, u quyonlar uchun shunday bir himmat ko‘rsata olardiki, og‘ziga tushgan jonivorning jonini og‘ritmasdan yutishga imkon qadar harakat qilar edi. Evoh, ayni shu olijanobligi uchun tovon to‘lashga to‘g‘ri kelgan edi unga!
– Shunday qilib, nahotki quyonlar, – hayajonlanib gapida davom etdi yosh ilon, – bu o‘zlari uchun yoqimsiz odatga qarshi isyon qilishga hech qachon hech bir harakat qilmagan bo‘lsalar?!.
– Bunday urinishlar-ku, bo‘lgan! – istab-istamay javob qildi G‘ilay.– Yaxshisi, sen mendan bu haqda so‘rama, uka! Menga o‘z ko‘rgiliklarimni eslash mutlaqo yoqmaydi.
– Iltimo-os! – yolvordi yosh ilon. – Qiziqarli bir hikoya tinglashni shunaqangi xohlab turibmanki!..
– Gap shundaki, – dedi G‘ilay g‘ijinib, – kelib-kelib aynan mening qornimdagi quyon isyon qilsa bo‘ladimi! O‘sha kasofatning kasriga bir ko‘zimdan ajraganman-da!
– Nima bo‘luvdi, ko‘zingizni tirnab olganmidi? – battar qiziqib so‘radi yosh ilon.
– Tirnashga tirnamadi-yu, biroq shu padarqusurning aybi bilan bir ko‘zimdan ajradim-da, – dedi G‘ilay, so‘ng gaplari qornidagi quyonga qanday ta’sir qilayotganini aniqlashga o‘zicha urindi. Xayriyat, quyon jimgina hazm bo‘layotgandek edi.
– Qani, aytib bering! – tag‘in yalinib-yolvordi yosh ilon. – Nima bo‘lganini juda bilgim kelyapti!..
G‘ilay ancha keksa va yolg‘iz ilon edi. Katta ilonlar unga masxaromuz yoki dushmanlarcha munosabatda bo‘lishardi, shuning uchun u manavi yosh, lekin uquvli ilonning do‘stona muomalasini juda qadrlardi.
– Mayli, qo‘ymading, aytsam ayta qolay, – rozi bo‘ldi G‘ilay. – Faqat shuni bilib qo‘yki, bu sirni boshqa yosh ilonlar bilmasliklari kerak.
– Qasam ichaman: hech kimga churq etmayman! – barcha qasamxo‘rlar kabi o‘z qiziqishini ichayotgan qasamiga sadoqat sifatida taqdim qilgani ko‘yi yalinib-yolvordi yosh ilon.
– Bu voqea yetmish yil avval bo‘lgan edi, – gap boshladi G‘ilay. – O‘shanda men sendan salgina katta edim. O‘sha kuni men la’nati quyonga Eshaklar Suvlovi qoshida duch keldim-da, oppa-oson yutdim-yubordim. Avvaliga hammasi risoladagidek ketayotgan edi, biroq keyin… quyon qornimning qoq o‘rtasiga borganida… kutilmaganda orqa oyoqlarida tik turib, boshini yelkamga qattiq tirab olsa bo‘ladimi!..
Shu payt G‘ilay hikoyasini to‘xtatib, qulog‘ini ding qildi.
– Boshini yelkangizga tirab olsa nima qipti? – betoqatlanib so‘radi yosh ilon.
– Kimdir bizning gapimizni tinglayotgandek tuyulyapti-da menga! – dedi G‘ilay sog‘ ko‘zini nariroqdagi qalin butazorga tikib.
Yosh ilon battar betoqatlandi:
– Menimcha, sizga shunday tuyulyapti, xolos. Axir, siz yaxshi eshitmaysiz-ku! Bo‘laqoling, davomini ayting!
– Men g‘ilayman, biroq eshitish qobiliyatim joyida, uka! – norozi bo‘lib pisanda qildi keksa ilon, so‘ng tezgina hovuridan tushdi. Aftidan, deb o‘yladi u o‘zicha, shox-shabbalarning shamolda shitirlashini tirik jonning qimirlashi deb yanglishdi, shekilli-da.
U g‘aroyib hikoyasini davom ettirdi. Lekin gohida yutilgan quyonni hazm qilish uchun to‘lg‘onib, gohida kimdir gaplarini tinglayotganidan gumonsirab o‘qtin-o‘qtin to‘xtab qolaverdi. Keling, biz o‘zimiz bo‘lgan voqeani tutilmay-to‘xtamay muxtasarroq hikoya qila qolaylik. Biz, axir, gapimizni kimdir tinglayotganidan xavotirlanmaymiz, qolaversa, yaxshi bilasizki, o‘zgalarning sir-asrorlari hisobiga jasorat ko‘rsatish hamisha yoqimli!
Shunday qilib, qari G‘ilay hali o‘shanda na qari, na g‘ilay bo‘lmagani holda Eshaklar suv ichadigan ko‘l qoshida quyonni yutdi-yubordi. Darhaqiqat, avvaliga hammasi baayni xamirdan qil sug‘urgandek silliqqina kechdi. Lekin quyon kutilmaganda pastki oyoqlarida turib, boshini uning yelkasiga tiragan ko‘yi qorin bo‘shlig‘ida toshdek qotib qoldiki, bu xatti-harakati bilan hazm bo‘lmoqchi emasligini so‘zsizgina anglatmoqchidek…
– Ie, bu nima xurmacha qiliq? – dedi unga G‘ilay. – Nega o‘zboshimchalik qilyapsan? Qani, hazm bo‘l-da, yo‘lingda davom et!
– Men senga qasdma-qasd shu alfozda turaveraman! – qornining ichidan qichqirdi quyon.
Bunday o‘taketgan qaysarlikka javoban nima deysan endi!
– Asli senga yaxshilik qilgan men ahmoq! – g‘ijindi G‘ilay. Bir muddat o‘ylanib, qo‘shimcha qildi: – Ko‘ramiz, qachongacha shunday tek qotib turaverar ekansan!..
G‘ilay hali juda yosh, egiluvchan va kuchli dumi bilan uni savalay ketdi. Savalagani sayin joni og‘ridi, lekin padarqusur quyonning parvoyi palak!
– Men og‘riqni sezmayapman, men og‘riqni sezmayapman! – tag‘in qichqirdi u qornida turib.
Rostdan ham, deb o‘yladi o‘shanda ilon, mening terim qalin bo‘lganidan keyin, bu shakkokning adabini beraman deb o‘zimni o‘zim jazolayapman, shekilli?..
– Mayli, ko‘ramiz! – battar g‘ijindi G‘ilay. – Hozir men sening boshingga shunaqangi it kunini solayki, holingga maymunlar yig‘laydigan bo‘lsin!..
U atrofga olazarak qaradi. Ulkan kokos palmasining jaladan keyin ochilib qolgan bukri ildiziga ko‘zi tushdi. Ildiz qoshiga ohista o‘rmalab borib, qornining yashovchan quyon do‘mpaytirib turgan joyi-ni bukri ildizga tiradi.
– Yaxshilikcha yot! – yovvoyi vajohat bilan hayqirdi u. – Yo‘qsa naq boshingda yong‘oq chaqaman!
– Qani, chaqib ko‘r-chi! – battar qaysarligi tutdi bu esi past quyonning. – Men ham bo‘sh kelmaganim bo‘lsin!
Ana shunda ilonning butun vujudini g‘azab qopladi. Bukri ildiz ostiga kirib kiftini unga ishqayverdi-ishqayverdi.
Daraxt qattiq silkindi, kokos yong‘oqlari yerga duvva to‘kildi, biroq quyon battar quturdi.
– Ha! – deb qichqirdi. – Yana! – deb baqirdi. – Bo‘shashma! – deb masxaraomuz dalda berdi.
G‘ilay jahl ustida daraxtni shunaqangi silkitdiki, uning antiqa xatti-harakatlarini qiziqib tomosha qilib turgan maymun… naq boshiga yiqilib tushsa bo‘ladimi! Zarba sezilarli darajada kuchli edi, chunki maymun daraxtning eng uchidan yerga qulab tushgan edi. Chaqib o‘ldirmoqchi bo‘ldi, lekin boshiga balo bo‘lib yog‘ilgan maymun chaqqongina juftakni rostlab qoldi. Ortidan tashlanay desa, qornida ko‘ndalang turib olgan anovi tavqi la’nat!..
O‘zi quyonning xurmacha qilig‘idan jig‘ibiyroni chiqqan emasmi, ustiga yiqilgan maymun obro‘yini bir pul qilib boshini tuproqqa qorishtirganidan battar jazavasi tutib shunaqangi kuch bilan siltandiki, natijada bukri ildiz uzilib ketdi va u… nariroqdagi shamshod daraxtiga bor kuchi bilan kalla qo‘ydi-da, shu zahoti hushini yo‘qotdi.
Taxminan biror soatdan keyin hushiga kelib, ohista bosh ko‘targancha tevarakka nigoh tashladi. Garchi boshi g‘uvillab turgan bo‘lsa-da, atrofida qondosh ilonlarning qadrdon vishillashlari yaxshi eshitilib turibdi. Taniganlar, sudralib kelganlar, endi biri olib-biri qo‘yib gap berayotgan qavmdoshlari…
– Ish yurishmasa shunaqa bo‘ladi, – vishilladi bir ilon. – Yumshoqqina quyonning go‘shtiga ham bo‘kib o‘laverasan!
– Kimlardir bizning holimizga havas bilan qarashadi tag‘in! – dedi ilonlar orasida o‘zining tushkun kayfiyatiyu badbinligi bilan ma’lum va mashhur bir ilon…
– Oh, birodarlar! – beixtiyor faryod chekdi G‘ilay. – Anovi qornimdagi padarqusurning uni o‘chib, o‘zi hazm bo‘lay dedimi?..
– Taxminan maymunning kaftidekkina joyi hazm bo‘lgandir-ov! – dedi yaqinroqda yotgan bir ilon.
– Hamma gap maymunning qanchalik kattaligida-da! – daraxt tepasida turib kutilmaganda gap qo‘shdi bir maymuncha. – Agar gap Orangutanning kafti haqida ketayotgan bo‘lsa, uning tirnoqchasiyam hazm bo‘lgani yo‘q hali!
– Na uni o‘chdi, na murtini bolta kesdi bu quyonning! – hamma narsani qora rangda ko‘rishga yomon o‘rgangan ilon gapni ilib ketdi: – Avval-boshda qanday qoziqdek tiqilgan bo‘lsa, shunday qotib turibdi!..
– Birodarlar, yordam bering!.. –tag‘in holsizlanib yolvordi G‘ilay.
– Ishlar yomon! – kutilmaganda ilonlar podshohi Ulug‘ Bosh-qoshning ovozi yangradi: – Yomon odatlar yuqumli bo‘ladi. Quyonlarning bunday shakkokligini ko‘rib, hali maymunlar ham bizga aql o‘rgatib boshlaydi endi!
– Nima, maymunlarning boshqalardan kam joyi bormi?! – Daraxt tepasida po‘pisa bilan barmoq o‘ynatdi jikkakkina maymuncha. – Bir gap bo‘lsa darrov “maymun”, “maymun”!..
Ulug‘ Bosh-qoshning ovozini eshitib, G‘ilay qattiq dahshatga tushdi. Bu dahshatning oldida o‘zining boshiga bexos yog‘ilgan kulfatlar, nazarida, holva edi.
Gap shundaki, Ulug‘ Bosh-qosh ilonlar orasida ko‘rinish berganida o‘zining jangovar madhiyasini aytar, barcha ilonlar Bosh-qoshga cheksiz sadoqati ramzi sifatida madhiyani boshlarini ko‘tarib tinglashlari talab etilar edi.
Mana o‘sha qisqagina, ammo shu turishida ham anchagina ma’noli jangovar madhiya so‘zlari:
Ajdahoning avlodlari,
Ulug‘ merosxo‘rlari,
Ulug‘ Bosh-qoshning shogirdlari,
Yosh ilonlar!
Yutilgan quyonlarning shirin yukini
Dast ko‘taring! Bu suronli davr talabi!
Ulug‘ Bosh-qosh uchun, hatto o‘zidan yoshi kattaroq bo‘lsa-da, barcha ilonlar kichkina hisoblanardi. Uning madhiyasini bosh ko‘tarib eshitmagan ilon xoin sifatida o‘ldirilar edi.
G‘ilay hali G‘ilay bo‘lmay turib, Ulug‘ Bosh-qoshning ovozini eshitganda dahshatga tushganiga sabab mana shunda edi! Axir, u azbaroyi hushi o‘zida bo‘lmagani uchun madhiya aytilganida boshini ko‘tarolmadi-ku!
Aslida u bekorga qo‘rqqan ekan. Ulug‘ Bosh-qosh madhiya aytganida boshlarni ko‘tarish odati shu qadar kuchli bo‘lib, bu odat qon-qonlarga shu qadar chuqur singib ketgan ediki, u hushini yo‘qotgan holida ham madhiyani eshitganida boshqa ilonlar qatorida boshini ko‘targan edi.
Ulug‘ Bosh-qoshning taklifiga ko‘ra, ilonlar omadi chopmagan qavm-doshlarini qanday qutqarish masalasini muhokama qilishga kirishdilar. Bir ilon unga eng baland palmaning eng baland shoxiga qadar o‘rmalab chiqib, o‘zini yerga tappa tashlash, shu yo‘l bilan beadab quyonning boplab ta’zirini berishni maslahat qildi.
– Bu qanaqasi, birodarlar?! – fig‘oni falakka o‘rladi bechora G‘ilayning. – Men, axir, shu ahvolda daraxtga o‘rmalab chiqolmayman-ku… O‘rmalab chiqqan taqdirimda ham, yerga quyonim bilan emas, yana boshim bilan yiqilsam nima bo‘ladi?.. Men, axir, omadsizman…
– To‘g‘ri, u o‘rmalab chiqolmaydi, – dedi Ulug‘ Bosh-qosh, – xo‘sh, kimda yana qanday taklif bor?
– Balki quyonni qayt qilib tashlagani ma’quldir? – iymanibgina so‘radi bitta ilon. Ulug‘ Bosh-qosh o‘ylanib qoldi:
– Bir tomondan olib qaraydigan bo‘lsak, bu yo‘l to‘g‘riga o‘xshaydi, – dedi u. – Lekin boshqa tomondan olib qaralganda, ilonning og‘zi chiqishga emas, kirishga moslangan!..
– Biz axir bu mo‘maygina luqmadan butunlay voz kechmoqchi emasmiz-ku! – dedi ushbu antiqaroq taklifni o‘rtaga tashlagan ilon jur’at paydo qilib. – Quyon og‘zidan chiqishi bilan bir olg‘irrog‘imiz og‘zimizga olamiz-da, betamizga yutish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yamiz, tamom-vassalom!
– Bunday tentak quyonni yutgandan ko‘ra tipratikan yutganim yaxshi! – dedi hamma narsani qora rangda ko‘rishga odatlangan ilon.
– Tinchlik saqlansin, o‘rtoqlar! – ogohlantirdi Ulug‘ Bosh-qosh. – Ohistaroq vishillang! Unutmangki, dushman ichimizda… Har qalay, bittamizning ichimizda… Butun hayotim davomida (Xudoga shukur, ikki yuz yil yashab qo‘ydim), bor-yo‘g‘i bir martagina quyon ilonning og‘zidan qaytib chiqishga muvaffaq bo‘lgan!
– Qanday qilib?!
– Bu qiziq-ku…
– Aytib bering!.. – vishillashdi ilonlar.
– Birodarlar! – nola qildi G‘ilay. – Shu topda o‘tganni kavlashtirishga balo bormi?! Men nima ahvoldaman-u…
– Sabr qil! – dedi Ulug‘ Bosh-qosh. – Meni o‘z xalqim bilan gaplashib olgani qo‘y-da!.. Shunday qilib, bu voqea “Navbatdagi quyongacha quyonga quyon” degan o‘yin ilonlar orasida keng tarqalgan doril-omon zamonlarda bo‘lib o‘tgan edi.
– Bu qanday o‘yin bo‘ldi tag‘in?
– Qiziq…
– Tezroq ayta qoling!..
– Birodarlar!. – atrofga najot istab mo‘ltiradi G‘ilay. Biroq endi uning oh-nolasini hech kim eshitmadi. Odatda Ulug‘ Bosh-qosh ko‘rgan-kechirganlarini aytib boshlaganida uni to‘xtatish ham, tinglovchilarni alaxsitish ham anchagina qiyin edi.
Sirasini aytganda, rostdan ham, qachonlardir ilonlar orasida shunday bir o‘yin keng tarqalgan edi. Endigina quyonni yutgan ilon shu topda boshqa quyonni yutgan boshqa ilonga taklif qilar edi:
– Navbatdagi quyongacha quyonga quyon qilamizmi?
– Yaxshi! – deydi ikkinchi ilon, agar o‘yinga hushi bo‘lsa.
O‘yinning tartibi shunday ediki, ikki ilon yonma-yon yotib, hakamlik vazifasini o‘z zimmasiga olgan uchinchi ilonning buyrug‘iga binoan, ilonlar ichidagi quyonlar bosh bilan dum orasida u yoqdan, bu yoqqa o‘zaro musobaqalashib yugurishga tushardilar. Kimning quyoni epchilroq bo‘lsa, o‘sha yengib chiqqan hisoblanardi. Ilonlar ichidagi quyonlarning yugurishini tashqaridan osongina kuzatish mumkin edi, chunki ilonning sag‘risi quyonning harakatiga qarab to‘lqinlanib turardi. O‘yinning eng qiziq tomoni shunda ediki, hakamning o‘z ovozini o‘zgartirgan holda: “Quyonlar, qochib qoling, ilon yoningizda!” – degan ogohlantirishidan so‘ng quyonlar beixtiyor yugurib boshlardi. Ikkala quyon shuning uchun ham yugurib boshlar ediki, ular qorin bo‘shlig‘ida gipnoz kuchidan qutulganlarida o‘zlariga nima bo‘lganini mutlaqo eslolmasdilar. Qochib chiqadigan yo‘li bor antiqa kovakka kirib qolganmiz deb xayol qilardilar o‘zlaricha.
Ichidagi quyon chaqqonlik ko‘rsatgan ilon g‘olib deb topilardi. G‘olibning yutug‘i shu bo‘lardiki, mag‘lub unga yana bir quyonni topib, gipnoz qilib, ana undan keyin o‘zi chetga chiqishi, g‘olibga “Marhamat, yuting!” deya iltifot ko‘rsatishi kerak bo‘lar edi. Mag‘lub uchun do‘zax azobi edi bu! Ayrim ilonlar ikki-uch marta ketma-ket yengilganlaridan keyin azobga chidayolmay asab kasaliga giriftor bo‘lardilar.
Ulug‘ Bosh-qoshning aytishicha, ushbu o‘yinning asosiy xususiyati shunda ediki, u yoki bu ilon qanchalik ko‘p yutgani sayin uning oshqozoni shunchalik ko‘p cho‘zilar, bu navbatdagi quyonning yugurishini osonlashtirar, binobarin, ayni shu ilonda g‘olib chiqish imkoniyati tobora oshib borar edi. Ilonlar orasida hatto shunday bir chempion ham chiqqan ekanki, u oshqozonini muttasil takomillashtira borib, ichida uloqcha ham bemalol yugura oladigan qilgan ekan!
– Shoh, e shoh! – kutilmaganda Ulug‘ Bosh-qoshni qiziq gapdan to‘xtatdi bir Kaltabaqaygina ilon.
Ilonlar orasida u o‘zining bitmas-tuganmas qiziquvchanligi bilan tanilgan, shuning oqibatida quyon o‘rniga bananni yutib boshlagan va hatto banan quyonga nisbatan xushxo‘rroq degan aqidani shakkoklarcha ilgari surmoqda edi. Yaxshiyamki, bu shakkokka ilonlar orasida hech kim ergashmadi. Baribir, Ulug‘ Bosh-qosh Kaltabaqayni yoqtirmas edi – uni axloqiy buzuq, ma’naviy jihatdan aynigan deb hisoblardi.
– Shoh, e shoh! – so‘radi Kaltabaqay. – Mana, men, masalan, kaltaman, boshqalar, deylik, uzun?.. Mening ichimdagi quyon boshimdan to quyrug‘imga qadar boshqalarga nisbatan tezroq yuguradimi?..
– U-u-u, Kaltabaqay, – unga qarab vishilladi Ulug‘ Bosh-qosh, – hamisha sen o‘zingni boshqalarga qarama-qarshi qo‘yasan… Sen qadimda ilonlar o‘zingdan ahmoqroq bo‘lgan deb o‘ylama-da. Agar ilonlardan biri uzunroq bo‘lsa, uning ortiqcha joyini burab, ikkinchisi bilan baravarlashtirib qo‘yganlar.
Ayniqsa, shu o‘rinda ilonlar Shohning hikoyasi o‘zlariga yoqib tushganidan va bu qadimiy o‘yinning shartlari naqadar adolatli bo‘lganidan qattiq hayratlandilar.
– Yashasin Shoh va uning o‘chmas xotirasi! – xushnud qichqirdilar ular. – Bu ajoyib o‘yinni biz ham o‘ynaylik-da endi!
– Afsuski, iloji yo‘q, – oraga jimlik cho‘kishini kutib, mahzun holatda dedi Ulug‘ Bosh-qosh.
– Nega endi? – hafsalalari pir bo‘lib so‘rashdi ilonlar. – Sen hamisha bizning erkimizni cheklashga urinasan. Ichimizda quyon yugurishini istaymiz biz ham!
– Sababi bir ulug‘ fojia ro‘y berib, o‘shandan keyin quyonlarning ilonlar ichida yugurish erkini cheklashga to‘g‘ri kelgan, – tushuntirish berdi ilonlar shohi.
– Hamisha shunaqa! – po‘ng‘illadi hamma narsani qora rangda ko‘rishga odatlangan ilon. – Quyonlar erki cheklanadi-yu, aslida ilonlar jabr ko‘radi!
– Gap shundaki, – hikoyasini davom ettirdi Ulug‘ Bosh-qosh, – o‘yin paytida ilonlardan biri haddan tashqari og‘ziochiqlik qildimi yoki uning quyoni favqulodda abjirlik ko‘rsatdimi, ishqilib, quyon ilonning og‘zidan lip etib chiqib o‘rmonga qochib qolsa bo‘ladimi!
– Aql bovar qilmaydi! – baravariga hayratlandi bir necha ilon.
– Qanaqangi ablah quyon ekan bu! – bosh chayqab vishillashdi boshqalari.
– Ishonish qiyin, biroq bu ayni haqiqat, – o‘z hikoyasini davom ettirdi Ulug‘ Bosh-qosh, – bu bizning tariximizdagi eng qora kunlar bo‘lgan. Qochqoq quyon bizning ichki tuzilishimiz haqida qayerlarda nimalar deb vaysashi noma’lum edi. Gaplarini boshqa quyonlar qanday qabul qilishadi? Albatta, uni topib jazolash choralari ko‘rildi, topaloqqa mukofot e’lon qilindi, biroq ilonlar orasida past-baland gaplar o‘rmalay boshladi. Oradan bir muddat o‘tib u yoki bu ilon o‘sha qochqoq quyonni tutib, hatto yutib yuborgani xususidagi ma’lumotlar birin-ketin kela boshladi. Lekin qochgan quyon atigi bittagina bo‘lgani, uning tutilganiyu yutilgani xususidagi xabarlar esa, ko‘pligi sababli, aynan o‘sha padarqusur tutilganini tekshirib ko‘rish o‘ta mushkul edi. Vaqt o‘tishi bilan biz xotirjam bo‘ldik. Har qalay, quyonlar tomonidan uyushtirilgan yalpi noroziliklar kuzatilmadi. Hoynahoy isyonkor quyon chekka bir o‘lkadagi kamtaringina ilon tomonidan tutib olingan. O‘sha ilon nafaqat mo‘may mukofot ilinjida, hatto aynan qanaqangi quyonni yutayotganini o‘zi ham bilmagani holda, shakkokni bahuzur tanovul qilib yuborgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas edi. Vaqti-soati bilan biz og‘ziochiq – lapashang ilonni qatl etdik-da, shu bilan hayotimiz qayta izga tushdi. To‘g‘ri, bu o‘ta qiziqarli o‘yinni taqiqlab qo‘yishga majbur bo‘ldik. Chunki ilonning ichidagi quyonning hayotini g‘ayritabiiy ravishda uzaytirishga urinishlarga chek qo‘yish kerak edi. Tutding-da yutdingmi, marhamat, hazm qil, bu muhim ishni paysalga solib bo‘lmaydi, shu ikki o‘rtada oliftagarchilikka balo bormi!..
Ulug‘ Bosh-qosh landovur ilonni tantana bilan qatl etishning ajabtovur tafsilotlarini eslab bir muddat jim qoldi. U qatl haqida kimdir so‘rashini juda-juda istar edi. Biroq hech kimdan sas-sado chiqmadi. Shunda u yordamchilaridan biriga shivirladi, toki qatordagi ilonlar orasida kutilgan savol jadal ravishda tashkil etilsin!
– Bir guruh ilonlar qiziqish bildirishyapti, – nihoyat, savol o‘rtaga tashlandi, – o‘sha lapashang ilon aynan qay yo‘sinda qatl etildi?
– O‘rinli savol, – bosh chayqadi Ulug‘ Bosh-qosh. – Chinakamiga ajabtovur ish bo‘lgan edi bu! Hozirda biz bunday qatl turini yo‘q qildik, ochig‘ini aytsam, bekor yo‘q qilibmiz! Qatl shunday ediki, unda ilon o‘zini o‘zi yeb bitiradi. Unga ikki oy mobaynida yemish berilmaydi. Ana shundan keyin o‘z dumi o‘z og‘ziga to‘g‘rilab qo‘yiladi. Bundan-da ibratliroq jazoni tasavvur qilish mushkul! Bir tomondan, o‘zining dumini yutish ayanchli holligini u yaxshi tushunadi, ikkinchi tomondan, ilon sifatida og‘ziga ilingan o‘ljani yutmasa turolmaydi. Bir tomondan, u o‘zini o‘zi yeb bitiradi, ikkinchi tomondan, shu yo‘l bilan uqubatli hayotini sal bo‘lsa ham uzaytiradi. Axiyri ilonning qariyb boshigina qoladi-da, bu kallavaram boshni qarg‘a-quzg‘unlar cho‘qishga tushadi…
– Qanaqangi dahshatli manzara! – beixtiyor xitob qilishdi ayrim ilonlar. Ayrimlari esa, jimgina o‘z dumlariga zimdan ko‘z yugurtirdilar.
– Shunisi yetmay turuvdi! – dedi hamma narsani qora rangda ko‘rishga odatlangan tushkun kayfiyatdagi ilon. – Dumalanib yotganimda ham dumim tasodifan og‘zimga to‘g‘ri kelib qolmadimi ekan deya xavotirlanadigan bo‘ldim-da endi!
– Har qalay, shunisi aniqki, – dedi Ulug‘ Bosh-qosh, – ana o‘shandan buyon bironta ilon quyonni og‘zidan chiqarmaydigan bo‘ldi.
– O‘taketgan vahshiylik bu! – kutilmaganda xitob qildi Kaltabaqay uzoqdagi ilonlar panasida turib.
Ilonlar bunday qo‘pol muomalaga javoban nimadir deyishga ulgurmasidan, misli ko‘rilmagan bir so‘z quloqqa chalindi.
– Ablah! – kutilmaganda qaydandir allakimning aniq-tiniq ovozi eshitildi.
Barcha ilonlar bir-birlariga shubha bilan qarab, bunday haqoratli so‘zni aynan kim aytganini aniqlashga o‘zlaricha urindilar.
Ayni vaqtga kelib, ko‘pchilikning nazaridan qolgan G‘ilay qattiq dahshatga tushib shuni his qildiki, o‘zi o‘taketgan omadsizlik bilan yutgan la’nati quyonning ovozi edi bu! U yutilgan quyonning ichdagi harakatiga javobgarlik to‘la ravishda o‘z zimmasiga tushishini yaxshi bilardi, shuning uchun ham dahshatga tushgan edi.
Modomiki boshqa ilonlar aynan kim qichqirganini fahmlamayotgan ekanlar, u har ehtimolga qarshi Shohni haqorat qilgan kimsani qidirgan bo‘lib atrofga alangladi.
– Kim “ablahlar” dedi?! – vajohat bilan vishilladi Ulug‘ Bosh-qosh qo‘rqqanlaridan boshlarini o‘t-o‘lanlar orasiga yashirib olgan ilonlar safini bir sidra ko‘zdan kechirar ekan. – Mabodo sen emasmisan, Kaltabaqay?!
– Men vahshiylik haqida gapirdim, lekin “ablah” haqida, – zaharxanda bilan birlikda ta’kidladi Kaltabaqay, – hech narsa deganim yo‘q!
Ulug‘ Bosh-qosh haqoratli so‘zni shuning uchun ham ko‘plikka o‘tkazib aytgan ediki, toki u ko‘pchilik ilonlarga taalluqli, shaxsan o‘ziga, Ulug‘ Bosh-qoshga esa, bir qismigina tegishli bo‘lsin. Haqorat shu yerda turgan ilonlarga baravar taqsimlab berilsin! Unga bunday maydalanish natijasida haqoratning zalvori nisbatan kamayib qoladigandek tuyulgan edi, garchi ablahlik, kattadir-kichikdir, baribir, o‘z nomi bilan ablahlik edi.
Aytib o‘tish kerakki, keyinchalik tuzumlilar ilonlarning haqoratni bunday ko‘pchilikka baravar taqsimlash odatlarini yaxshigina o‘zlashtirib olib, o‘zini qatordagi ablah sifatida taqdim etadigan, shu tariqa o‘z ablahliklarini imkon qadar kamaytirib ko‘rsatadigan bo‘ldilar.
Shunday qilib, Kaltabaqay o‘zining aynan nima deganiyu haqoratning birlikdami-ko‘plikda qo‘llanganini hammaga yaxshigina eslatib qo‘ydi. Ayni shu o‘zi uchun yoqimsiz nozikkina jihatga e’tiborni qaratmaslik uchun Ulug‘ Bosh-qosh unga oshkora dakki-dashnom berib o‘tirmadi.
– O‘-o‘-o‘, Kaltabaqay! – u tomonga qarab shivirlash qadar vishillash bilan kifoyalandi, – senimi, hali shoshmay tur!
– Ablah! – kutilmaganda yana G‘ilayning qornidagi quyon qichqirib qoldi.
– Yolvorib so‘rayman, jim bo‘l! – iltijo qildi G‘ilay qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab.
– Men bu yerda jim bo‘lish uchun turganim yo‘q! – ovozining boricha hayqirdi quyon.
Atrofdagi ilonlar G‘ilayga ajablanib qarashdi. Chunki ular nega bu omadsiz boshiga muqarrar o‘lim keltiruvchi so‘zni aytishga jur’at qilganiga mutlaqo tushunmadilar. Hammalari Ulug‘ Bosh-qoshning maroqli hikoyasiga mahliyo bo‘lib, G‘ilayning qornida tirik serg‘ayrat quyon borligini paqqos unutib qo‘ygan edilar.
– Ie, bu hali senmisan?! – nihoyat vishilladi Ulug‘ Bosh-qosh hali g‘ilay bo‘lib ulgurmagan, lekin shunday bir ko‘rgilik ostonasida turgan G‘ilayga.
– Bu men emas, mening ichimda! – titrab-qaqshab tan oldi G‘ilay.
– Ichingda iloning bormi?! – Istehzo bilan so‘radi Ulug‘ Bosh-qosh. Ilonlar orasida keng tarqalgan haqorotomuz ibora edi bu.
– O, Shoh! – tavallo qildi G‘ilay. – Siz odatdagidek ulug‘ o‘tmishingizga mahliyo bo‘lib, mening ichimda quyonim borligini unutib qo‘ydingiz…
– Nima qilibdi?! – uni gapdan to‘xtatdi Ulug‘ Bosh-qosh. – Mening ichimda ham quyonim bor, qolaversa, bittagina emas…
Ammo shu payt yordamchilaridan biri u tomonga engashib, gap nimadaligini qulog‘iga ohista shivirladi.
– Ha, darvoqe, – esladi Shoh, – bizning hammamizni “ablah” deb o‘sha quyon aytdimi hali?
– Ha, men! – hayqirdi qo‘rquvdan dong qotib qolgan ilonning ichidagi shartaki quyon. – Sen o‘zingning ablahlaring orasida eng oliy ablahsan, buning ustiga, ahmoqsan!
– Men ablahmanmi?! – g‘azabdan nima deyishini bilmay savolni beixtiyor takrorladi Ulug‘ Bosh-qosh.
– Ha, sen ablahsan! – qichqirdi shakkok quyon.
– Men ahmoqmanmi?! – quloqlariga ishonmay, savolni takrorladi Ulug‘ Bosh-qosh.
– Ha, sen ahmoqsan! – g‘olibona qichqirdi quyon. Bu gal uning ovozi nihoyatda aniq eshitildi. Chunki bechora G‘ilay qo‘rqqanidan og‘zi ochilganicha anqayib qolgan edi.
Oraga yoqimsiz jimlik cho‘kdi. Bu paytda Ulug‘ Bosh-qosh G‘ilayga qattiq ko‘z tikdi.
– Sening oshqozoning quyonlarning minbariga aylanib qolibdi, – dedi u tahdid bilan, – lekin sen hali bu qilmishing uchun javob berasan, yaramas nogiron!
– O, shohanshohim! – tavallo qildi bechora G‘ilay.
– “Shohanshoh”mish! – achchiq kuldi Ulug‘ Bosh-qosh. – Ichida quyon gapiradigan ilon biz uchun kerakli ilon emas!
– Kerakli ilon emas, kerak emas! – vishillashdi ilonlar.
– Shuning uchun ham, – nihoyat, o‘ziga kelib, gapida davom etdi Ulug‘ Bosh-qosh, – buni Fillar So‘qmog‘iga oborib tashlang, modomiki bu ayanchli nogiron o‘zi eplay olmas ekan, betgachopar quyonni fillar bosib chalpak qilib tashlashsin!
Ulug‘ Bosh-qoshga soqchi ilonlar G‘ilayni tutib, Fillar So‘qmog‘i tomon olib ketdilar. Ular olib ketgunicha ilonning oshqozonidagi quyon beto‘xtov qichqiraverdi.
– Quyonlar! – qichqirdi u. – Bir quyon ilonning og‘zidan qaytib chiqib qochib qutulibdi! Shohning o‘zi bu haqda gapirdi! Ilonlarga qarshilik ko‘rsating! Hattoki qorinda turib ham! Menga o‘xshab!..
– Tezroq ko‘zdan yo‘qotinglar! – buyurdi Ulug‘ Bosh-qosh. Ilonlar sirini quyonlarga ovoza qilish uning asabiga tegayotgan edi, albatta.
– Biz-ku, harakat qilyapmiz, – o‘zlarini oqladilar soqchilar, – lekin buning qarshiligi…
– Birodarlar! – fursatdan foydalanib shivirladi G‘ilay ularga, – shafqat qiling, axir fillar quyonimga qo‘shib meni ham yanchib tashlaydi-ku!
– Quyonlar senga birodar! – javob qildi soqchilar uni chakalakzorning ichkarisiga olib kirib ketar ekanlar.
– Quyonlar! – hali-hanuz quloqqa chalinardi tap tortmas quyonning ovozi. – Bir quyon ilonning og‘zidan chiqib qochib qutulibdi! Shohning o‘zi aytib berdi buni!..
– Xi-xi-xi, – daf’atan Kaltabaqayning zaharxandasi eshitildi, – o‘zi shivirlab gaplashinglar deb, tag‘in o‘zi qavmimiz sirini fosh qilib o‘tiribdi anovi qovoqbosh!
– Yaramas! – Ulug‘ Bosh-qosh Kaltabaqay bilan pachakilashmaslik uchun gapni qisqa qildi: – Banan yeb kun ko‘radigan maymun!
– Hali maymun sen ablahdan yomonroq bo‘ldimi? – yong‘oq daraxtining qalin yaproqlari orasidan boshini chiqarib qichqirdi bir maymuncha. – Bizga tinchlik berasanmi-yo‘qmi? Bir gap bo‘lsa, darrov “maymun”, “maymun”!
Ulug‘ Bosh-qosh boshini ko‘tarishi bilan maymun qalin barglar orasiga yashirindi va hoynahoy, yong‘oq chaqa boshladi. Chunki yong‘oq po‘choqlari yerga shiddat bilan yog‘ilishga tushdi… Maymunlar bilan ilonlarning o‘zaro munosabatlari birmuncha chigal edi. Gap shundaki, ilonlar odatiga ko‘ra, maymunning go‘shti bilan oziqlanish mumkin edi. Biroq ular judayam serjun bo‘lgani va go‘shti u qadar mazali emasligi uchun maymunlarni tanovul qilish odobdan hisoblanmasdi.
Shu nuqtai nazarni Ulug‘ Bosh-qoshning o‘zi ham ko‘p marotaba ta’kidlagan, maymunlar, bir tomondan, go‘shtining bemaza hisoblanganidan manfaatdorlikni his qilishgan, boshqa tomondan, o‘zlarining mukammal emasligiga allaqanday imo-ishoralarni og‘rinib qabul qilgan edilar. Shuning uchun ular mayda siyosat bilan shug‘ullanib, ilonlarning ayrim kamsitishlariga javoban yengil do‘q-po‘pisa qilish bilan kifoyalanishar, ayni chog‘da, ilonlar orasida o‘zlarining mazali ekanligi xususidagi nuqtai nazarni saqlab qolishga urinishar edi.
– Topishmoq eshiting! – dedi Ulug‘ Bosh-qosh, quyonning shakkoklarcha qichqiriqlaridan qolgan noxush taassurotlarni izsiz yo‘qotishga urinib. – Hazilomuz topishmoq-da bu. Qanday quyon ilon bo‘lishi mumkin?
Ilonlar o‘ylanib qoldilar. Ayrimlar Shoh bu topishmoq yordamida bo‘lajak xoinlarni qidiryapti deb o‘yladilar, shuning uchun har ehtimolga qarshi jimgina turaverishni ma’qul ko‘rdilar. Boshqalar haqiqatga nisbatan yaqinroq mulohazalarini aytishga jazm qildilar. Biroq to‘g‘ri javobni hech kim topolmadi.
– Javobini eshitaylik, javobini! – qichqira boshlashdi ilonlar.
– Yaxshi, – dedi Ulug‘ Bosh-qosh, – mana sizga javob: ilon yutgan quyon ilon bo‘lishi mumkin!
– Buni qanday tushunish kerak, o, Shoh? – ajablanib so‘rashdi ilonlar.
– Chunki ilon hazm qilgan quyon ilonga aylanadi-da. Demak, ilonlar – bu o‘z taraqqiyotining oliy darajasiga erishgan quyonlardir. Boshqacha aytganda, biz – avvalgi ularmiz, ular – kelajakdagi biz.
– Xo-xo-xo! – Ulug‘ Bosh-qoshning haziliga qoyil qolib kulishdi ilonlar. – Biz – sobiq quyonlarmiz. Qoyil!
– Ilmiy nuqtai nazar-da bu, – kamtarlik bilan qo‘shib qo‘ydi Ulug‘ Bosh-qosh, ilonlarning o‘zini oshirib maqtashlarini to‘xtatib qolish umidida.
– Ulug‘ Bosh-qosh – bu o‘z nomi bilan Ulug‘ Bosh-qosh! – Shohlarining donishmandlarcha hazilini tilga olib, uning benazir aqliga tasannolar ayta ketishdi ilonlar. Qolaversa, quyonlarni yutar ekanlar, o‘zlari quyonlarning yumshoqqina terisi yupqa go‘shtidan lazzatlanibgina qolmay, ayni chog‘da, ma’lum bo‘lishicha, quyonni o‘zlashtirib, o‘z darajalariga ko‘tarishlarini his qilish ilonlar uchun anchagina yoqimli edi.
Fillar So‘qmog‘ida nimalar bo‘ldi ekan?
G‘ilayning xotirasida kam narsa saqlanib qoldi. Uning esida qolgani, soqchi ilonlar fillar paydo bo‘lib, yaqiniga kelgunlariga qadar uni ushlab turdilar. O‘shanda ham quyon ichida turgan holda ilonlarga qarshi kurashish kerakligi haqida to‘xtovsiz baqirib-chaqirardi.
Fillar ularni toptab boshlaganlarida la’nati quyon qochib qutula oldimi-yo‘qmi, bunisini butkul eslayolmaydi, chunki birinchi fil ustiga oyoq qo‘ymay turiboq u hushini yo‘qotgan edi.
Ikki haftadan keyin, Surunkali Yomg‘ir Mavsumida u hushiga keldi va o‘zini Fillar So‘qmog‘i qoshida behol-bemajol yotgan holda ko‘rdi. Bu yerga, aftidan, qaysidir filning nozikta’b xartumi tomonidan itqitib yuborilgan edi.
Uning jismi bir necha joydan toptab tashlangan va bir ko‘zidan ajragan edi. Fillar bosib bir ko‘zini kosasidan chiqarib yubordimi yo keyinroq o‘zi behush yotganida bir ko‘zini qandaydir o‘laksaxo‘r qush cho‘qidimi, bunisini bilmaydi. Garchi uning ahvolida boshqa tashvishlari ham yetarli bo‘lsa-da, nimagadir ayni masala G‘ilayni qattiq bezovta qilardi. Nimagadir G‘ilay ko‘zining uni o‘lik deb o‘ylagan yaloqxo‘r qush tomonidan cho‘qilab yeyilmagan, balki aynan fillarning oyoqlari ostida toptalgan bo‘lib chiqishini juda xohlardi. To ochlikni his qilish boshqa hissiyotlaridan zo‘rroq chiqquniga qadar qandaydir qush ko‘zini baayni dondek cho‘qilab yegani haqidagi fikr nimagadir uni tashvishga solardi. Shu ahvolda tag‘in bir necha kunni o‘tkazdi. Kunlardan bir kuni uning harakatsiz holatini ko‘rgan bir qarg‘a… hoynahoy ikkinchi ko‘zini ham o‘yish uchun boshiga qo‘nganida betamizni tutib olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shandan buyon u bir necha oy yagona ko‘zi bilan osmonga tikilgan ko‘yi harakatsiz yotdi. Har qalay, bekor yotmadi: uni o‘lik deb o‘ylab qattiq yanglishgan bir necha qarg‘a-quzg‘unni tutib yeyishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu yo‘l bilan G‘ilay yana sog‘ayib ketdi. Bu “ishi” bilan boshqa ilonlarda sovuqqon bir hayrat, Ulug‘ Bosh-qoshda esa, ochiq-oshkor norozilik uyg‘otdi. Qavmdoshlari unga boshqa teginmadilar, ammo nafrat bilan qaraydigan bo‘ldilar, sababi, Shoh aytganidek, “ichida quyon gapiradigan ilon ularga kerakli ilon emas” edi.
Bechora ilon boshqa ilonlarning ichida ham yutilgan quyonlar gohida gapirganini aytib, ulardan najot qidirdi, ammo bu urinishlari zoye ketdi.
– Bunisi butunlay boshqa narsa! – deyishdi ular, – bu gipnoz ta’siridagi alahlash, sening ichingdagi quyon bo‘lsa, ongli ravishda gapirdi.
Darvoqe, quyon ilonning og‘zidan chiqib qochib qutulganidan ke-yin quyonni yutgach darhol hazm qilish haqida maxsus qonun qabul qilinganini eslatishni unutib qo‘yibmiz. Mazkur qonunning ijrosi, mohiyatan olganda, ilonlarning vijdoniga havola edi. Chunki ilon quyonni yutganidan keyin darrov hazm qilib boshladimi yo uning umrini uzaytirish hisobiga tanovulning lazzatli onlarini uzaytiryaptimi, buni aniq tekshirib ko‘rish amalda mumkin emas edi.
Xullas, bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin qavmdoshlari G‘ilaydan o‘zlarini olib qochadigan bo‘lib qoldilar. Unga teginmasdilar, hatto qariyb gaplashmasdilar ham. G‘ilay bundan qattiq qiynalardi. Chunki har bir tirik jonda o‘z qavmi bilan muloqotga kirishishga cheksiz ehtiyoj mavjud.
Aynan shuning uchun ham G‘ilay bugun yosh ilon bilan yolg‘iz qolganida o‘zining achchiq tarixini oshkora hikoya qilib bergan edi. Har qalay, birgina “kasb siri”ni yosh ilonga aytib o‘tirmadi: u hozir ham gohida o‘likka o‘xshab yotganicha qarg‘a ovlardi. Chunki bir ko‘z bilan quyon ovlash oson emas, gipnoz ko‘pincha yetarli darajada ish bermaydi!
– Darvoqe, – so‘radi yosh ilon, – siz bir ko‘z bilan qanday ov qilasiz?
– Nimayam qilardim, – chuqur xo‘rsindi G‘ilay, – gipnoz chog‘ida birgina ko‘z ancha zo‘riqar ekan.
– Men hammasini eshitdim! – to‘satdan quyonning ovozi atrofga taraldi.
G‘ilayning yuragi shuvilladi.
– Bu qanaqasi?! – dedi u ovozi titrab. – Sen haliyam tirikmisan? Seni haligacha hazm qilolmadimmi?!.
– Qo‘rqmang! – unga tasalli berdi yosh ilon. – Shox-shabbalar ortida og‘zimizga tushib ulgurmagan quyonning gapi bu!
– Xayriyat-e! – yengil nafas oldi G‘ilay. – Men tag‘in o‘sha padar-qusur ichimda gapiryaptimi deb kapalagim uchib ketdi.
– Nimani eshitding o‘zi? – so‘radi yosh ilon, ortidagi quyonni ko‘rish umidida shox-shabbalarga sinchiklab tikilar ekan.
– Men ko‘pdan buyon ilonlarni kuzatib kelaman, – dedi shoxlar ortidagi quyon, – siz jasur quyon haqidagi afsonaning aslida afsona emas, haqiqatligini tasdiqladingiz. Bu mening ayrim ilmiy farazlarim to‘g‘riligini yana bir karra isbotlab turibdi. Endi men aniq bilaman: sizning gipnozingiz – bu bizning qo‘rquvimiz. Bizdagi qo‘rquv – bu sizning gipnozingiz!
– Ikkimizning qornimiz to‘qligidan foydalanib qolyapsan-a! – dedi G‘ilay o‘zining qorniga quloq tutar ekan.
– Yo‘q, – javob qildi quyon, – uzoq o‘ylanish va izchil ilmiy tekshirishlar mahsuli bu.
– Shunchalik aqlli ekansan, nega birovlarning gapini yashirincha eshitasan, – so‘radi G‘ilay, – yoki sen bu ishing odobdan emasligini bilmaysanmi?
– Men bu xususda ham ko‘p o‘ylab ko‘rganman, – javob qildi quyon shoxlar ortiga yashiringan joyida, – birovning gapini o‘g‘rincha eshitish pastkashlik ekanini bilaman. Hattoki birovni jinoyatchi deb shubhalanganingda ham uni yashirincha eshitish kerak emas. Chunki shubha asosga ega bo‘lmasligi, usul esa, keng ildiz otishi mumkin. Men aytmoqchimanki, har bir yashirincha eshitayotgan kimsa “Men uni jinoyatchi deb o‘ylayman” deya o‘zini oqlashga urinishi mumkin. Agar haqiqiy jinoyatchini kuzatayotganingga qat’iy ishonch hosil qilsang, ana shundagina yashirincha eshitish mumkin ham shart. Siz ilonlar esa, qotilsizlar. Siz qotillikni yo sodir etgansiz, yo sodir etishga tayyorgarlik ko‘ryapsiz. Binobarin, siz haqingizda imkon qadar ko‘proq bilish – tirik quyonlar manfaatiga xizmat qiladi!
– Adashmasam, men sen haqingda eshitgan edim, – esladi yosh ilon. – Bu senmisan, O‘ychan?
– Ha, menman, – javob qildi quyon.
– Agar sen o‘sha O‘ychan bo‘lsang, qani, yaqinroq kel-chi, – dedi yosh ilon. U, basharti zarurat bo‘lsa, o‘zini ikkinchi quyonni ham ketma-ket hazm qilishga qodir deb his qilmoqda edi.
– Yo‘q, – deb javob qaytardi quyon, – men shu topda tavakkal qilolmayman. Gipnozingiz yo‘q bo‘lganda ham chaqib olishingiz mumkin-da, axir!
– Shuni anglaganing uchun ham rahmat, – dedi G‘ilay, ushbu antiqa suhbatga yengil hazil-mutoyiba ohangini berishga urinib. Lekin, baribir, u quyonlarning qulog‘iga yetishi kerak bo‘lmagan ko‘p gaplarni beixtiyor aytib tashlagani chatoq bo‘ldi. Bu yerda yangi xavf-xatar hidi anqib turibdi. Buning ustiga, O‘ychan o‘zining qorasini ko‘rsatmagan holda chakalakzorning ichkarisiga juftakni rostlab qolsa bo‘ladimi!
– Nega qorangni ko‘rsata qolmading? – yana-da yolvoribroq so‘radi G‘ilay.
– Siz har bir quyonda O‘ychanni ko‘ring! – qichqirdi quyon. Uning, ayniqsa, shu gapi butun chakalakzorga ovoza bo‘ldi.
Endi qulaygina yapasqi tosh ikkala ilonga allanechuk sovuq va yoqimsiz tuyuldi. Ikkalalari bir-biridan xavfli guvoh sifatida qutulsalar yaxshi bo‘lishini o‘yladilar. Lekin ikkalasi ham hujumga jur’at qilolmadilar. Yosh – bunga tajribasi, qari esa, kuchi va abjirligi yetmay qolishidan qo‘rqdi.
– Yaxshi ish bo‘lmadi-da, – vishilladi yosh ilon. – Nazarimda Ulug‘ Bosh-qoshga bu yerda bo‘lgan gaplarni tezroq yetkazishimga to‘g‘ri keladi.
– Kerak emas! – dedi G‘ilay. – U meni yoqtirmasligini sen yaxshi bilasan-ku, axir!
– Agar sir fosh bo‘lsa-chi? – e’tiroz bildirdi yosh ilon.
– Hech kim bilmay qoldi deb umid qilamiz, – javob qaytardi G‘ilay.
– Senga oson, – dedi yosh ilon, – sen oshingni oshab, yoshingni yashab bo‘lgansan. Mening butun hayotim hali oldinda… Yo‘q, tezroq yetkazganim ma’qul…
– Lekin u holda o‘zingga ham jabr qilgan bo‘lasan-ku?
– Nega endi?
– Men gapirib boshlagan paytimdayoq sen keskin rad qilishing kerak edi, – ilonlar orasida qaror topgan eski odatlardan birini eslatdi G‘ilay.
Rostdan ham, o‘yladi yosh ilon o‘zicha, shunday bir odat bor-ku. U ikkilanib qoldi. Qay biri foydaliroq ekanini bilolmay boshi qotdi: bu yerda bo‘lib o‘tgan gaplarni tezroq kerakli joyga yetkazsinmi, yo ichiga yutsinmi?
– Agar sir fosh bo‘lsa-chi? – so‘radi u hamsuhbatiga o‘ychan boqib. – Mayli, men jimman… Xo‘sh, buning evaziga sen menga nima berasan endi?
– Men nima ham bera olardim! – chuqur xo‘rsindi G‘ilay. – O‘zim nogiron qariya bo‘lsam… Faqat maslahat berishim mumkin: agar quyon tutolmay qolsang, o‘likka o‘xshab yotib ol, ana o‘shanda ertadir-kechdir boshingga qarg‘a qo‘nadi…
– Qarg‘angni boshimga uramanmi! – ensasi qotdi yosh ilonning. – Men, xudoga shukur, yutaman desam atrofimdagi istagan quyon og‘zimda!
– Bunday katta ketma! – tanbeh berdi G‘ilay. – Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysan!..
– Qarg‘aning go‘shti qattiqdir-a? – kutilmaganda so‘rab qoldi yosh ilon.
– Go‘shti sal qattiqroq, – tan oldi G‘ilay, – ammo qorin och qolganida yo‘qdan ko‘ra bori-da…
– Agar sir fosh bo‘lsa-chi? – tag‘in ikkilandi yosh ilon va o‘zlari yotgan toshdan pastga sirg‘alib tushar ekan, qo‘shib qo‘ydi: – Mayli, aytmayman… Aslini olganda, avval-boshda sen bilan hamsuhbat bo‘lmaganim ma’qul edi-ya… “Ichida quyon gapiradigan ilon bizga kerakli ilon emas” deganida Ulug‘ Bosh-qosh ming karra haq ekan.
G‘ilayni yolg‘iz qoldirib sudralar ekan, yosh ilon chindan ham hali qay biri foydaliroq ekanini bilolmasdi: yetkazsinmi, yetkazmasinmi? Yoshligi tufayli u aytsammi yo aytmasam degan savol ustida bosh qotirayotgan kimsa axiyri albatta aytishini tushunmasdi. Chunki har qanday fikr o‘zidagi mavjud imkoniyatlarning qonuniy marrasiga yetishga intiladi.
Shuyam hayot bo‘ldiyu deya miskinlarcha o‘yga cho‘mdi G‘ilay. O‘z qavmdoshlari orasida mudom allanechuk qo‘rquv va ishtiboh ichida yashaganingdan ko‘ra o‘shanda fillar chalpak qilib tashlashgani yaxshiroq bo‘lmasmidi?!
G‘ilay shunday deb o‘ylashga o‘ylardi-yu, baribir, dil qa’rida (ya’ni, oshqozonining tub-tubida!) o‘zining hayotdan ko‘z yumib ketishini mutlaqo istamayotganini teran his qilardi. Axir, mana shunday silliqqina toshda maza qilib yotish, zotiljamdan ozor chekkan eski terisida quyoshning yoqimli taftini his qilish, nima, yomonmi? Buning ustiga, quyonxo‘rlik – yashirishning nima hojati bor! – unga hali-hanuz yetarli huzur-halovat baxsh etar edi.
O‘sha kuni, quyosh chakalakzor ustida baquvvat baobab yoxud nimjon tilog‘och balandligida porloq nur sochib turganida, Qirollik O‘tlog‘idagi Qirollik Saroyiga kiraverishda quyonlarning favqulodda qurultoyi chaqirilgan edi.
Qirol yuksak bir joyda Qirolicha bilan yonma-yon o‘tirardi. Ularning bosh ustida gulkaram tasviri tushirilgan bayroq hilpirab turardi.
Bayroq kattakon banan yaprog‘idan yasalgan bo‘lib, unga tropik gullarning rang-barang yaproqlaridan hosil qilingan bir bosh gulkaram qarag‘ay sirachi yordamida yopishtirib qo‘yilgan edi.
Aslini olganda, hech bir quyon hech qachon hech qanday gulkaramni ko‘rmagan edi. To‘g‘ri, mahalliy aholining sirli maydonlarda ishlaydigan ismlari sir tutiluvchi quyonlarning gulkaram yetishtirish bobida jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritayotganlari xususidagi shov-shuvlar (garchi bu shov-shuvlarni gohida maxsus tarqatib turilsa-da) quyonlar orasida hamisha bor edi. Yakuniga bir bahyagina qolib turgan tajribalar gulkaramni barcha ekin maydonlariga ekish imkonini bergan zahoti quyonlar hayoti boshdan oyoq hosildorlik bayramlariyu farovonlik tantanalaridan iborat bo‘lib qoladi, deya o‘zlaricha umid qilardilar ular.
Bayroqdagi gulkaram tasvirida ranglar uyg‘unligi o‘qtin-o‘qtin sezilarli darajada o‘zgarib qolar, quyonlar bu o‘zgarishda tarixning sirli, ammo to‘xtovsiz harakati o‘zlarining foydasiga ro‘y berayotganini g‘ira-shira ko‘rib turardilar. Bayroqdagi bezaklarning salgina o‘zgarishini sezganlarida ham ular o‘zlari uchun uzoq istiqbolga qarab ketuvchi ko‘tarinki xulosalar chiqarganlari holda bir-birlariga ma’noli bosh chayqab qo‘yardilar. Bu xususda oshkora gapirish odobdan va kamtarlikdan emas deb hisoblanardi. Tarixning sirli jarayonlaridan dalolat beruvchi bu ayrim tashqi alomatlar qirollik ma’muriyatining e’tiborsizligi tufayli tasodifan paydo bo‘lib qolgan, deb o‘ylardilar ular.
Quyonlar farovon kelajakni mushtoqlik bilan kutganlari holda o‘zlarining odatdagi kundalik turmushlari bilan mashg‘ul edilar: atrofdagi chakalakzorlarda o‘tlashar, tuzumlilarning dalalaridan no‘xot, burchoq va oddiy karamni o‘g‘irlashar edilar. Ayniqsa, oddiy karamning xush ta’mi Rangli Karam haqidagi orzularni battar alangalatardi. Ular bu mahsulotlarni Qirol saroyiga ham yetkazib berardilar.
– Bugungi karamning ta’mi qalay? – oddiy quyonlar hosil solig‘ini to‘lash uchun karam boshini dumalatib kelib, uni qirollik omborxonasiga taxlar ekanlar, gohida so‘rab qolardi Qirol.
– Yomon emas, – derdilar quyonlar so‘laklari oqib.
– Shuni bilib qo‘yinglarki, – derdi Qirol, – Gulkaram yaratilganida siz bu ko‘m-ko‘kkina barra o‘simlikka qayrilib qarashni ham istamay qolasiz.
– E Xudo! – bunday gaplarni eshitib shirin orziqardi quyonlar. – Nahotki o‘sha kunlarni ko‘rish bizga ham nasib qiladi?!
– Xotiringiz jam bo‘lsin, – deya bosh qimirlatardi Qirol, – tajribalarni kuzatib, tegishli yo‘nalish berib turibmiz…
Qirolga quyonlar qavmini qat’iy itoatkorlikda ushlab turishda gulkaram haqidagi shirin orzular qo‘l kelardi.
Agar quyonlar hayotida Qirolga yoqmaydigan intilishlar paydo bo‘lib qolsa va bu intilishlarni oddiy yo‘llar bilan to‘xtatib qololmasa, Qirol eng so‘nggi sevimli vositadan foydalanar va, tabiiyki, bu vosita gulkaram edi.
– Ha-a, – derdi u bunday vaziyatlarda nojo‘ya maqsadlarni ko‘zlagan quyonlarga, – siz aytayotgan gaplar to‘g‘ri, lekin bemavrid, chunki aynan hozir, gulkaram yetishtirish bobidagi tajribalarimiz yakuniga ozgina qolgan bir paytda…
Agar o‘sha quyon o‘z yo‘lidan qaytmay qat’iyat bilan davom etaversa, bexosdan yo‘qolib qolar, ana shunda quyonlar uning nomi sir tutilgani va maxfiy tajriba maydonlariga jo‘natilganini o‘zlaricha tusmol qilishar edi. Bu tabiiy ham edi. Chunki u yoki bu mustaqil fikr aqlli kallalardan chiqadi va bu aqlli kallalar, tabiiyki, avvalo gulkaram yetishtirish bobidagi ishlarda kerak bo‘ladi.
Agar yo‘qolib qolgan quyonning oilasi o‘z jigarbandining qayoqqa yo‘qolganini so‘rab-surishtirib boshlasa, unga nozik qilib qidirilayotgan quyon “gulkaram gullayotgan uzoq o‘lkalarda” degan tushuntirish berilardi!
Agar yo‘qolgan quyonning oilasi ham haqiqatning tagiga yetaman deb qaysarlik qilaversa, bunday taqdirda u ham yo‘qolardi-qolardi. Shunda quyonlar o‘zlaricha tusmol qilardilar:
– Oilasining borishiga ruxsat berilibdimi, demak, anavi o‘sha tomonlarda katta olim ekan-da, a?..
– Ba’zilarning omadlari yurisha qoladi! – deya uf tortishardi ayrim quyonlarning xotinlari bunday paytda.
Qatordagi quyonlarning kallalarida boshqacha o‘ylar paydo bo‘lmas edi. Chunki go‘shtxo‘r bo‘lmagan quyonlar qirolligida aybdorlar jazolanardilar – quloqlaridan osib qo‘yilardi – lekin hech kim o‘ldirib yuborilmasdi.
Shunday qilib, o‘sha kuni quyosh botishi arafasida Qirollik O‘tlog‘ida Qirol bilan Qirolicha baland joyda yonma-yon o‘tirishar, ularning bosh ustlarida esa, gulkaram tasviri tushirilgan bayroq havoda yengilgina hilpirab turardi.
Salgina quyiroqda saroy quyonlari, yoxud, oddiy xalq tilida aytganda, O‘ringa Qo‘yilganlar joylashgan edilar. Yana-da quyiroqda esa, O‘ringa Qo‘yilgan bo‘lishga Intilayotganlar, ulardan ham pastroqdagi o‘tloqda oddiygina quyonlar tik turar yoxud o‘tirardilar.
Quyonlarning favqulodda qurultoyi O‘ychanning g‘aroyib axboroti yuzasidan chaqirilganini osongina tushunish mumkin edi.
– Bizdagi qo‘rquv – ularning gipnozi! Ularning gipnozi – bizdagi qo‘rquv! – takrorlashardi oddiy quyonlar bu antiqa jumlaning mag‘zini yaxshiroq chaqish umidida.
– Masalaning naqadar dadil qo‘yilishini qarang! – xitob qilardilar ular.
– Fikrning mantiq kuchini aytmaysizmi, – qoyil qolishardi boshqalari, – xuddi qopchasiga terilgan burchoqdek.
– O-o, quyonla-a-ar, buyog‘i endi nima bo‘ladi! – O‘ychanning buyuk kashfiyotidan ham xursand bo‘lib, ham vahimaga tushayotgan yana bir guruh quyonlar.
Faqatgina O‘ychanning xotini g‘ala-g‘ovur qilayotgan quyonlar orasida turib bir gapni qayta-qayta takrorlar edi:
– Nega aynan mening erim ilonlarning kirdikorlarini fosh qilishi kerak? Qani O‘ringa Qo‘yilgan mutafakkirlar bilan allomalar? Xo‘sh, bu kashfiyotning bizga nima foydasi bor? Axir, ilonlar bu yerda erim aytgan gaplar uchun men bilan bolalarimdan qasos olishadi-ku!
– Sen ering bilan faxrlanishing kerak, nodon, – deyishdi uni qurshab olgan quyonlar. – U buyuk quyon!
– Uning qanchalik buyukligini men bilsam kerak! Soch-soqoli oqarib boshladi-yu, shu paytga qadar no‘xotning yaprog‘ini burchoqning yaprog‘idan ajratolmaydi!
Holbuki quyonlar Qiroliga O‘ychan topib kelgan gap mutlaqo yoqmagan edi. U bu kashfiyot yaxshilikka olib kelmasligini o‘zicha his qildi. Ammo, olomon ruhiyatining tajribali bilimdoni sifatida barchaning shod-xurramligini ko‘rib-bilib turib, bu kayfiyatning to‘la ravishda namoyon bo‘lishiga xalaqit qilmadi. U har qanday umumiy ko‘tarinkilik o‘zining avj nuqtasiga yetishini yaxshi bilardi. Ana shundan keyin muqarrar ravishda ko‘tarinkilik susayib boshlaydi va o‘sha paytdagina o‘z fikrlarini oshkora aytishi mumkin bo‘ladi.
Gap shundaki, odatda olomon nimadandir xursand bo‘layotganida u har qanday xursandchilik ertadir-kechdir tugab bitishini bilmaydi. Ana shunda, xursandchilik kamayib borgani sayin, xursand bo‘layotganlar, xursandchilik tugab bitayotganini ich-ichdan his qilib, bunda aynan kim xursand qilgan bo‘lsa, o‘shani ayblashga moyil bo‘ladi. Nega u bizga baxsh etgan xursandchilik cheksiz emas va bu qadar tez tugab qoldi, deya o‘zini ayblay boshlaydi.
Ammo, mabodo, kimdir o‘zining xursandchilik manbaiga bo‘lgan tan-qidiy qarashlari bilan o‘sha xursandchilikka rahna solsa bormi, xursand bo‘layotganlarning butun qahr-g‘azabi favqulodda kuch bilan unga qarshi qaratiladi. Xursand bo‘layotganlar ularning xursandchiliklari aslida bitmas-tuganmas edi-yu, lekin manovi baxil-hasadgo‘y atayin hammaning hafsalasini pir qildi-qo‘ydi, deb o‘ylaydilar o‘zlaricha.
Quyonlar qiroli bularning hammasini juda yaxshi bilar edi va shuning uchun ham jimgina kuzatib o‘tirardi. Garchi ayrim yakkam-dukkam shodon hayqiriqlaru baxtiyor qiyqiriqlar quloqlarga ahyon-ahyonda chalinib qolsa-da, umumiy xursandchilik shiddati sezilarli darajada pasayganidan keyin quyonlar shunga e’tibor bera boshladilarki, nimagadir Qirol jimgina o‘tiribdi. Nafaqat jimgina o‘tiribdi, uning tashqi qiyofasida adashgan jonlarning behuda hovliqishlariga istehzoli qarash mana men deb turibdi!
Shundagina quyonlar O‘ychanning kuzatishlari to‘g‘riligiga Qirol shubha bilan qarayotganini tushuna boshladi. O‘ringa Qo‘yilganlar Qirolning shubhasini birinchi bo‘lib ilg‘ab, ayrim baqiriq-chaqiriqlar bilan o‘z taajjublarini izhor qila boshladilar. O‘ringa Qo‘yilganlarning taajjublari o‘z navbatida O‘ringa Qo‘yilishga Intiluvchilar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Ular bahamjihat rivojlantirilib, Qirol tomonidan tekshirilmagan ilmiy safsataga qarshi darg‘azab raddiya izhor qilish darajasiga olib chiqildi.
Ha, O‘ychanning so‘zlari zamirida yashiringan ulkan xavf-xatarni his qilganida Qirol o‘zicha haq edi. Zotan, Qirolning butun faoliyati saroy a’yonlari bilan birgalikda yil fasllari, chakalakzordagi ob-havoning ahvoli va boshqa ko‘pgina sabablarga bog‘liq ravishda quyonlar ilonlardan qanchalik qo‘rqishlari va muqarrar xavf-xatarni teran his qilishlari kerakligini aniqlashtirib berishdan iborat edi.
Endi kutilmaganda quyonlarni boshqarishning yillar mobaynida mohirlik bilan ishlab chiqilgan tizimi yemirilishi ehtimoldan xoli emas edi. Chunki quyonlar, qarangki, gipnozdan qo‘rqmasliklari kerak emish!
Qirol faqatgina umid (gulkaram) va qo‘rquv (ilonlar) yordamidagina quyonlar hayotini oqilona boshqarish mumkinligini yaxshi bilardi. Ammo birgina gulkaram bilan ish bitirib bo‘lmaydi. Buni Qirol yaxshi tushunar edi. Shuning uchun butun davlat ahamiyatiga molik aqlini jamlab, quyonlar huzurida nutq irod qildi.
– Quyonlar, – deya ohistagina gap boshladi u, – bilasizlar, men ko‘pni ko‘rgan qirolman. Mana, Xudoga shukur, qariyb o‘ttiz yildan buyon taxtda o‘tiribman va shu vaqt mobaynida biron marta ilonning og‘ziga tushganim yo‘q. Bu hol sizlarga ba’zi narsalardan dalolat bersa kerak?
– Senga hammasini tappa-tayyor holda saroyga olib kelib berishlaridan dalolat bu! – qichqirdi olomon orasida qandaydir betgachopar quyon.
To‘g‘ri, kim gapirayotganini aniqlash mushkul, chunki allaqachon qorong‘ilik cho‘kkan edi. O‘ringa Qo‘yilganlar va, ayniqsa, O‘ringa Qo‘yilgan bo‘lishga Intilganlar olomon orasida qichqirishga jur’at qilgan shartaki quyonning unini o‘chirishga tushdilar.
Qirol saroy a’yonlariga tahdidli bir qarab, yetarli yoritqichlar bilan xalqning ko‘nglini charog‘on qilishni buyurdi. Bunga qadar ichi yonar qo‘ng‘izga to‘ldirilib, rangsiz chaqichdan shishirilgan shishalardan atigi bir nechtaginasi Qirollik Saroyiga kiraverish, Qirol bilan Qirolicha o‘tirgan yuksakliknigina yoritib turgan edi.
– O, Qirol, – kokosdan yasalgan idishdagi yonar qo‘ng‘izlarni shishalarga to‘kar ekanlar, saroy a’yonlari shivirlab eslatdilar, – axir siz o‘zingiz bizga tejashni o‘rgatgansiz-ku!
– Faqat tuzumimiz manfaatlari hisobiga emas, – qariyb shivirlagan holda javob berdi Qirol. So‘ng boshqa a’yonlar Qirollik O‘tlog‘ining turli burchaklariga yoritqichlarni o‘rnatib bo‘lgunlariga qadar olomonni jimgina kuzatib turdi. Ko‘ngli to‘lib, dili ravshan bo‘ldi, shekilli, endi Qirol o‘z fuqarolariga murojaat qildi: – Quyonlar! O‘ychanning xatosini ko‘rsatishdan avval sizga bir necha savol bermoqchiman.
– Qani, eshitaylik! – qichqirishdi quyonlar.
– Quyonlar! – Shunday deya Qirolning ovozi beixtiyor titradi: – Siz burchoqni yaxshi ko‘rasizmi?
– Yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi! – jo‘rovoz bo‘lib javob berdilar quyonlar.
– Yam-yashil, yangi, endigina uzilgan no‘xotlarni-chi?
– Gapga ne hojat, Qirol! – oh tortishdi quyonlar, – shirin xotiralarimizni qo‘zg‘ab so‘lagimizni oqizma!
– Barra karamni-chi? – Qirol shafqatsizlik bilan avjiga chiqdi. – Yeganda qirsillaydigan, dirkillab turgan, xushta’m karamni tanovul qilishni sevasizmi?
– Oh-oh-oh! – ko‘zlari yonib xitob qildi quyonlar, – yaramizga tuz sepma, Qirol!
– Shunday bo‘lganidan keyin, – umidvorlik o‘tida jizg‘anak quyonlarga tikilgan holda gapida davom etdi Qirol, – eng asosiy masalaga o‘tmoqchiman: oralaringizda kim no‘xot, karam, loviyani parvarishlab yetishtiradi o‘zi?
Ancha vaqtgacha taajjub zuhur ko‘rsatgan jimlik hukm surdi.
– Axir, Qirol, – qichqirib boshladi quyonlar, – bu ish bilan mahalliy aholi shug‘ullanishadi-ku!
– Demak, bugungi kundagi (gulkaram bilan bog‘liq ertangi kunga nozik ishora edi bu!) eng ajoyib iste’mol mahsuloti tubjoylilarga tegishlimi?
– Afsuski, shunday, – javob berishdi quyonlar.
– Xo‘sh, siz bu mahsulotlarni qay yo‘l bilan qo‘lga kiritasiz? – savolni savolga uladi Qirol.
– O‘g‘irlaymiz, – hayron bo‘lgan holda javob qilishdi quyonlar, – shuniyam bilmaysizmi?
– Menimcha, bu judayam keskin aytilgan gap! – tuzatdi Qirol. – To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, “ortiqchasini o‘zlashtiramiz”… Siz axir tuzumlilarga nimadir qoldirasiz-ku, to‘g‘rimi?
– Qoldirishga majbur bo‘lamiz-da! – javob qilishdi quyonlar.
– Endi eng asosiy fikrga o‘taman, – e’lon qildi Qirol
– Sen eng asosiy fikrga bir marta o‘tgan eding! – qichqirdi olomon orasidan yana bir shartaki.
– U birinchi eng asosiy fikr edi, endi ikkinchisi, – dedi Qirol o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan. – Ilonlarning quyonlarni yutishi – bu dahshatli nohaqlik, shunday emasmi?!
– Hamma gap shunda-da, – qichqirishdi quyonlar. – O‘ychan aynan shu gapni aytyapti-ku!
– Ha, – davom etdi Qirol, – bu quyonlarga nisbatan o‘taketgan nohaqlik va biz o‘z aqlimiz yetgan vositalar bilan unga qarshi kurashyapmiz. To‘g‘ri, bu dahshatli nohaqlik evaziga biz kichkinagina, ammo g‘oyat yoqimli nohaqlikdan foydalanamiz: mahalliy xalq yetishtirgan ajoyib iste’mol mahsulotlarini o‘zlashtiramiz. Endi, garchi hali mutlaqo isbotlanmagan bo‘lsa-da, bir lahza O‘ychan haq deb tasavvur qilib ko‘raylik! Faqat tasavvur qilamiz. Gipnoz, ma’lum bo‘lishicha, yo‘q! Qayoqqa xohlasangiz, shuyoqqa qarab sakrang, quyonlar! Tasanno, tasanno, O‘ychan! Ammo shundan keyin nima bo‘ladi? O‘ychanning gapidan chiqadigan xulosa, modomiki quyonlarga nisbatan dahshatli nohaqlik bartaraf etilgan ekan, demak, quyonlar ham, tabiiyki, biz uchun yoqimli, lekin tubjoylilarning ekin maydonlariga nisbatan sodir etayotgan nohaqligimizga ham chek qo‘yishga to‘g‘ri keladi.
– O‘ychan bunday demayapti-ku! – jo‘r bo‘lib qichqirishdi quyonlar.
– Qani kafolat? – so‘radi Qirol. So‘ng yaqinida turgan va gaplarini bamaylixotir eshitayotgan O‘ychanga ko‘z tikdi.
Gipnoz haqidagi axborotidan keyin u tepalikda qolgan edi. Chunki Qirol, bir tomondan, hech kim o‘zini norozi ekan deb o‘ylamasligi uchun, boshqa tomondan, O‘ychanni uzoq kuzatish, uning qiyofasini o‘rganish va favqulodda ta’sir kuchini shu yo‘l bilan o‘z-o‘zidan kamaytirish uchun shunday iltifot ko‘rsatgan edi.
O‘ychan jim edi, biroq uning tashqi qiyofasida Qirolning savollaridan dovdirash alomatlari mutlaqo yo‘q ekanligi sezilib turardi.
– Xo‘sh, sen nima deysan? – tag‘in O‘ychanga murojaat qildi Qirol. U paysalga solmay hozirning o‘zidayoq O‘ychanni butkul fosh qilib tashlashni istar edi.
– Men keyinroq hamma savollarga biryo‘la javob beraman, – xotirjam javob qildi O‘ychan, – mayli, Qirol gapida davom etaversin.
– Yaxshi, – garchi ich-ichdan g‘azablangan bo‘lsa-da, sir boy bermay miyig‘ida kuldi Qirol. O‘ychan ayyorona topqirlik bilan uning zarbasiga chap bermagani, balki ayrim juz’iy masalalarga behuda vaqt ketkazmaslikni nodonlarcha xohlayotgani uning g‘azabini qo‘zg‘agan edi.
– Davom etaylik, – dedi Qirol. – Ilonlarning quyonlarni yeb qo‘yishi dahshatli nohaqlik, albatta va biz qurbonlar sonini imkon qadar kamaytirish choralarini ko‘rmoqdamiz. Lekin nega bu masalaning faqat qora tomonini bo‘rttirib ko‘rsatish kerak? Hayot bu hayot! U ba’zan kutilmagan mukofotlarni bizga tuhfa etib turadi-ku. Masalan, siz ilonga duch keldingiz-da, dahshatga tushdingiz. Xo‘sh, nima qilibdi? Ma’lum bo‘ladiki, u Kaltabaqay. Rosa bananga to‘yib olgani uchun yutish tugul sizga qayrilib qarashga ham hushi yo‘q. Yana birimiz ilonga duch kelamiz. Yana dahshatga tushamiz. Xo‘sh, keyin-chi? Ma’lum bo‘ladiki, u G‘ilay ekan. Siz bemalol qutulib qolasiz. Chunki uning so‘qir ko‘zi tarafida turganingiz uchun u sizni ko‘rmay o‘tib ketaveradi. Quyonlar, aka-ukalar va opa-singillar! Hayotning bunday tuhfalaridan ko‘z yumib bo‘lmaydi-da! O‘ylab qarasangiz, tabiatda hammasi o‘zaro bog‘liq. Agar muqaddas uchlik (no‘xot, loviya, karam)dan biz oladigan beqiyos lazzat ilonlar oldida boshimizdan kechiradigan qo‘rquv hissiga bevosita bog‘liq bo‘lsa, bunisiga nima deysiz? Bu qo‘rquv hissi bo‘lmasa tabiatning jamiki xushbo‘y-xushta’m ne’matlari ittifoqo baayni zarangdek qattiq va yoqimsiz tuyula boshlasa-chi?
– Dahshat-ku bu, – xitob qildi quyonlar, – u holda yashashning nima qizig‘i bor!
– Bas shunday ekan, – gapida davom etdi Qirol, o‘z nutqiga o‘zi qoyil qolib, – kelajakdagi gulkaramni orzu qilishni ham butkul yig‘ishtirib qo‘yamizmi? Bu boradagi tajribalarni nazorat qilish va kuchaytirishni ham bas qilamizmi?!
– Bu fojia-ku, fojia, fojia, – tabiatan o‘ta ta’sirchan quyonlar beixtiyor oh chekishdi. Garchi biz shu ikki o‘rtadagi o‘xshashlikni atayin qidirmayotgan bo‘lsak-da, ayni shu ta’sirchanlikdan ilonlar ham, buyog‘ini so‘rasangiz, Qirol ham ustalik bilan foydalanishardi.
– Keling, quyonlar, – tag‘in gapida davom etdi Qirol yig‘ilganlarga donishmandlarcha o‘tkir nigoh bilan qarab, – ochiqchasiga gaplashaylik, axir bu yerda o‘zimiz-ku… Tan oling, siz kechqurun o‘z iningizga qaytib borib, xotiningizdan qaysidir quyonni ilon yutib yuborganini eshitganingizda o‘lgan birodaringizga motam tutish bilan birga o‘z uyangiz xavfsizligiyu bu shinam boshpanangiz fayzi-tarovatini favqulodda kuch bilan his qilasizmi?! Go‘zal juftlaringizning nafis badanini yalab-yulqashning rohat-farog‘atini-chi?! Yana yaqinlashish, yaqinlashish (bu yerda balog‘at yoshidagi quyonlar, binobarin, ochig‘ini aytaversam bo‘ladi), issiqqina, deyman, yoqimtoygina ayolingizga yaqinlashish-chi?!.
– Ha, ha, – qizg‘in ma’qullashdi quyonlar, – ochig‘ini tan olishga uyalasan-u, lekin to‘g‘risiyam shu-da!..
– Uyalishning hojati yo‘q, azizlar! – xitob qildi Qirol. – Axir, siz buning o‘zini alohida emas, o‘lgan birodaringiz qayg‘usi bilan birgalikda his qilasiz-ku, to‘g‘rimi?!
– Hamma gap shunda-da, – javob qilishdi quyonlar, – hammasi qandaydir aralash-quralash, ayqash-uyqash bo‘lib ketadi…
– Shunaqada!.. – kutilmaganda “Topqir” laqabli quyon bor ovoz bilan qichqirdi. U O‘ringa O‘tirgan Bo‘lishga Intiluvchilar orasida edi. Uning shakkoklarcha qichqirig‘ini hamma eshitdi-da, oraga noqulay bir jimlik cho‘kdi. Zotan, u kimsan Qirolning so‘zini bo‘lishga jur’at qilgan edi. Tabiiyki, Qirol xo‘mraydi.
– Shunaqada!.. – Topqir, aftidan, nima qilayotganini yaxshiroq anglab yetmagan holda ommaning taajjubiga parvo qilmay tag‘in qichqirdi.
– Nima “shunaqada”? – axiyri unga tahdidomuz savol tashladi Qirol.
– Shunaqada ajdodlarimiz nima bo‘ladi? – tap tortmay savolga qarshi savol berdi Topqir. – Axir, mabodo O‘ychan haq bo‘lsa, ilonlar og‘zida qahramonlarcha halok bo‘lgan barcha ajdodlarimiz, o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan xulosa, ahmog‘-u qo‘rqoq bo‘lishgan ekan-da, a? Ular ko‘rsatgan jasoratlar bema’ni bo‘lgan ekan-da, a?..
– O‘rinli gap! – dedi Qirol birdan shashtidan tushgan holda Topqirga bosh chayqab, O‘ychanga qayta ko‘z tikar ekan. – Qani, sen bunga nima deysan?
– Men hamma savollarga keyinroq birato‘la javob beraman, –bamaylixotir dedi O‘ychan, – Qirol davom etishi mumkin…
– O‘ziga bino qo‘yishini qara-ya! – Qirolicha jahlini bosolmay O‘ychan tarafga qarab burnini jiyirdi.
– Hozircha gapim tamom, – dedi Qirol. – Bir gapni qo‘shimcha qilishim mumkin: buni hayot deydilar. Modomiki, Xudo quyonni yaratgan ekan, u aynan quyonni nazarda tutib yaratgan.
Qirol nutqining yakunida ajoyib yemishlar sharafiga gulduros qarsaklar yangradi. Bu qarsaklar guldurosi ostida O‘ringa Qo‘yilganlar orasidan Qirol sha’niga qichqiriqlar va Intiluvchilar orasidan Qirolga ofarin-olqishni ifodalovchi hushtakbozliklar o‘qtin-o‘qtin eshitilib turdi.
Odatdagidek, buyuk uchlikka eng ko‘p shon-sharaflar aytildi. Ayrim juz’iy qo‘shimchalar ham bo‘ldiki, bularning orasida eng ko‘p aytilgani “Kamtarin sabziga ham shon-sharaflar!” edi.
Alohida ta’kidlash kerak bo‘ladi: har bir quyon qarsak chalar ekan, shaxsan o‘zi ajoyib yemishlarning quyonlar bilan mustahkam ittifoqi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotganiga ishonchi komil edi. Ayni chog‘da, u boshqalar nafaqat bu ittifoqni, balki Qirolning butun nutqini olqishlayapti, deb o‘ylar edi. Modomiki, hamma shunday o‘ylab, o‘z qarsaklarining xudbinlarcha mohiyatini tan olishni odobdan emas deb hisoblar ekan, ular o‘z qarsaklarining xudbinlik ifodasi ekanini yashirish va umumiy olqishlarga qo‘shilib ketish uchun harakat qilar, shuning uchun jon-jahdlari bilan qarsak chalardilar. Shaxsiy qarsaklarning mo‘jazgina hissalari qo‘shilib quyonlar jamoatchiligi fikrining qudratli harakatlantiruvchi kuchiga kuch qo‘shar edi.
– Nutqim qalay bo‘ldi? – so‘radi Qirol Qirolichadan, uning yoniga o‘tirib, quyonlarning otashin olqishlariga javoban ohista bosh chayqar ekan.
– Chinakam qahramonlik ko‘rsatding, jonginam, – dedi Qirolicha va Qirolning yuzidagi terlarini karam yaprog‘i bilan avaylabgina artib qo‘ydi.
– Topqir o‘zini ko‘rsata oldi, – dedi Qirol va u tomonga qarab bosh irg‘ab qo‘ydi.
Qirolicha Topqirga kulib qaradi va yengilgina imlab chaqirdi. Topqir yugurgilab kelib uning oldida toshdek qotdi. Qirolicha tabassum bilan haligina Qirolning yuzidagi terlari artilgan karam yaprog‘ini unga tuhfa qildi. “Eyishing mumkin” dedi unga. Bu oliymaqom iltifot, aslini olganda, O‘ringa Qo‘yilganlikning aniq-ravshan alomati edi.
– Hech qachon! – tuhfani bajonidil olar ekan, jo‘shib xitob qildi Topqir. – Men buni Sizning ulug‘ iltifotingiz ramzi sifatida asrab qo‘yaman.
– Ixtiyoring, – dedi Qirolicha va ayollarga xos qiziqish bilan Topqirga tikilib qaradi. Ayolga uning yoqimtoygina tashqi qiyofasi, ayniqsa, o‘t chaqnab o‘ynoqlagan ko‘zlari yoqdi. Bu ko‘zlar ayol zotida undan xuddi shunday o‘ynoqi ko‘zli kichkintoygina quyoncha orttirish ishtiyoqini uyg‘otuvchi nimadir borligini ifoda etardi.
Hamma jim bo‘lgach, butun mashvarat davomida o‘z qavmdoshlarining ko‘z oldida qaqqayib turgan O‘ychan, nihoyat, tilga kirdi.
– Men oxiridan boshlamoqchiman, – dedi u dabdurustdan. – Quyon bo‘lganimdan keyin, ilonning g‘amini yeyish menga mutlaqo keragi yo‘q. Marhamat qilib o‘z tabiati haqida ilonning o‘zi bosh qotiraversin!
– Xo‘sh, sen nima deb bosh qotirasan? – istehzoli gap qo‘shdi Topqir va Qirolichaga ko‘z tikkan ko‘yi karam yaprog‘ini o‘pib qo‘ydi. Qirolicha yana bir marta unga tabassum hadya etdi.
– Bu Topqir balo ekan, – dedi u.
– O‘ringa Qo‘yilgan deb hisoblayver uni! – dedi Qirol diqqatini notiqning gaplariga qaratarkan va shu sababli mazkur iltifot Topqirga biroz avval ko‘rsatilganini tamoman unutib.
“Erkakka sezdirmasdan qancha ko‘p ishlarni qilish mumkin, – deb o‘yladi Qirolicha o‘zicha, – agarda erkakning butun fikri-zikri jamoat ishlariga qaratilgan bo‘lsa!”
– Mayli, o‘zim haqimda gapiray, – dedi O‘ychan, – modomiki ilon o‘z tabiati haqida qayg‘urishga haqli ekan, quyon ham bunga tamomila haqlidir. Quyon tabiatining mohiyati esa, shundayki, u ilonlar tomonidan yutib yuborilishini mutlaqo istamaydi. Biz quyonlar ilonlarsiz ham yashay olamizmi?
– Yashaganda qandoq! – xitob qildi quyonlar. – Yashaganda ham maza qilib yashar edik-a!
– U holda ayt-chi, – o‘rnidan sapchib turdi Qirol, – nega Xudo ilonni yaratdi?
– Bilmadim, – dedi O‘ychan, – ehtimol o‘sha paytda kayfiyati chatoqroq bo‘lgandir. Ehtimol u xuddi karamni biz rohat-farog‘atning nima ekanini bilishimiz uchun yaratganidek, ilonni dahshatli azob-uqubatning nima ekanini his qilishimiz uchun yaratgandir.
– Bu gaping to‘g‘ri! – qichqirishdi ilonlar. – Ilon – azob-uqubat, karam – rohat-farog‘at!
– Nima, no‘xot bilan burchoq rohat-farog‘at emasmi? – quyonlardan biri shunaqangi bezovtalanib eslatdiki, go‘yo bu xususda o‘z vaqtida eslatilmasa, ushbu tansiq taomlar quyonlar iste’molidan butkul chiqarib tashlanadigandek.
– Davom etaman, – dedi O‘ychan. – Shunday qilib, modomiki Xudo ilonni qanday bo‘lsa shundayligicha yaratgan ekan, meni ham qanday bo‘lsam shundayligimcha yaratgan. Va men o‘ylanib qolgan ekanmanki, demak, mening quyonlik tabiatimga o‘ylash qobiliyati mutlaqo begona emas. O‘zimda mavjud fikrlash qobiliyatimni rivojlantirib ko‘p kuzatdim, tingladim, tekshirdim… Hayot, Qirolimiz takrorlashni xush ko‘rganidek, ulug‘ murabbiy. Aynan u mening bugungi xulosalarimga kelishimga turtki berdi. Kunlardan bir kuni men ilon bilan yuzma-yuz kelib qoldim. Shu payt gipnoz mushaklarimni taranglashtirib boshlaganini sezdim. Qo‘rqqanimdan hushimni yo‘qotib qo‘ydim. Ozgina o‘tib o‘zimga kelsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, voajab, meni yutishi kerak bo‘lgan ilon dumini bilanglatgancha ko‘z oldimda ketib boryapti. Sinchiklab qarab G‘ilayni tanidim. Aftidan, u ko‘rmas ko‘zi tomonida turganimda meni ko‘rmay beparvo o‘tib ketavergan. Shu asnoda, garchi aniq-tiniq shamoyil kasb etmagan bo‘lsa-da, miyamga antiqa bir fikr keldi: ularning gipnozi – bizning qo‘rquvimiz. Bizning qo‘rquvimiz – ularning gipnozi!
– O, olijanob soddadillik! – xitob qildi Qirol o‘rnidan sapchib turib quyonlar ommasiga murojaat qilar ekan. – Axir, men sizga G‘ilay yoki Kalbataqay bilan uchrashib qolishdek baxtli tasodif haqida aytmaganmidim?
– Ha, ha, aytgan edingiz, – O‘ychanning so‘zlarida qandaydir jozibali, ammo o‘ta tashvishli haqiqat, Qirolning so‘zlarida esa, zerikarli, ammo allanechuk yupatuvchi haqiqat borligini his qilib javob berishdi quyonlar.
– Hamma gap shundaki, – dedi hayajonlanib O‘ychan, – men gipnozning barcha alomatlarini his qildim, ilon bo‘lsa, meni ko‘rmadi-sezmadi ham! Demak, men o‘z qo‘rquvim bilan o‘zimni gipnoz qilganman!
– Naqadar sodda, lekin buyuk haqiqat! – deya omma orasidagi bir quyon o‘z boshiga o‘zi qattiq musht urib yiqildi-da, shu zahoti jon taslim qildi. Uning bechora kallasi bu soddagina fikrning salmog‘ini ko‘tarolmagan edi.
Izdihomda ayni juz’iy voqeaga bog‘liq g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi, lekin u mashvaratning davom ettirilishiga monelik qilolmadi. O‘ychan keltirgan misolning ishontirish kuchi, berilgan qurbonga qaramay, quyonlarga bitmas-tuganmas shodlik baxsh etgan edi.
– Yangi ta’limotning birinchi mevasini ko‘ring! – zaharxanda bilan xitob qildi Topqir aqli oshganini ko‘tarolmay o‘lib qolgan quyonni olib chiqishar ekanlar. Lekin uning gapiga hech kim e’tibor bermadi.
– Tasanno! Ofarin! Olqish! – qichqirardilar quyonlar. – Yashasin xaloskorimiz!
– Buni hali isbotlash kerak! – hayqirdi Qirol tag‘in o‘rnidan sapchib turib. – Nega o‘zini o‘zi gipnoz qilganiga bu qadar ishonch bilan qaraydi u?! Faqat G‘ilay uni ko‘r ko‘zi bilan ko‘rolmay o‘tib ketgani uchunmi? Qani mening Olimim chiqib O‘ychanga tushuntirib bersin-chi, ilmiy nuqtai nazardan qaralganda nima bo‘lgan o‘zi?!
Bu gapdan keyin quyonlar asta-sekin hovurlaridan tushdilar va O‘ringa Qo‘yilganlar orasidan Bosh Olim chiqib, jimlik saqlanishini kutib turdi-da, nihoyat, dedi:
– Albatta, O‘ychanning axboroti muayyan ilmiy ahamiyatga molik…
Quyonlar uning bu gapiga gulduros qarsaklar bilan javob qildilar.
–…Garchi bizning yig‘ilishimiz allamahalgacha cho‘zilib ketgan bo‘lsa-da, – davom etdi Bosh Olim, – muayyan xulosalar chiqarishga hali ancha erta. Xo‘sh, O‘ychanning G‘ilay bilan yoxud bizning ilmiy tilimizda aytganda, bir ko‘zi ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan ilon bilan to‘qnash kelganida aslida nima bo‘lgan edi o‘zi? Aftidan, bizning qadrdon hamkasbimiz O‘ychan, hammamizning baxtimizga, ilonning ko‘rolmaydigan tarafida turib uning nazaridan chetda qolib ketgan. Faqat shuning uchungina u tirik qolgan. Chunki harakatdagi ko‘zning halokatli gipnoz nurlari bizning sevimli hamkasbimiz turgan tomonda emas, teskari tomonda bo‘lgan. Bu hol unga gipnoz xususida shunday yuzaki xulosa chiqarishiga asos bo‘lib xizmat qilgan…
– Qanaqangi aqli kaltalarni olim deb ushlab turishadi-ya! – po‘ng‘illadi Qirol Olimning gaplarini eshitib va go‘yo uni ma’qullagan bo‘lib bosh chayqar ekan.
– Yo‘q, siz yanglishasiz, aziz hamkasbim, – davom etdi Olim. – Gipnoz hali-hanuz dushmanlarimizning dahshatli quroli bo‘lib turibdi. Faqat bizning olimlarimiz tomonidan Qirolimizning shaxsan ishtirokida ishlab chiqilgan Ko‘payish Jadvaliga og‘ishmay amal qilsakkina biz ilonlar ustidan g‘alaba qozona olamiz. Ko‘payish Jadvalini yodda tuting va uni o‘qib-o‘rganing! Ana shundagina biz quyonlarning kelajagimiz gulkaramga munosib bo‘ladi!
Quyonlarga Olimning nutqi ham ayni haqiqatdek edi. Lekin ko‘pchilik ich-ichdan O‘ychanga moyilligini his qilardi.
Darvoqe, Ko‘payish Jadvali xususida. Uning mohiyati shunday ediki, quyonlar ilonlarga nisbatan jadalroq ko‘payishar ekanlar, demak, quyonlar ilonlarga nisbatan qanchalik ko‘p bo‘lsalar, har bir alohida olingan quyonning ilonga yutilish xavfini shunchalik kamaytiradilar. Mazkur jadvaldan kelib chiqadiki, kelajakda har bir quyonning ilonga yutilish xavfi tobora kamaya borib, nolga intiladi, axiyri unga yetib boradi, hatto o‘tib ketadi ham! Shuning uchun quyonlar ko‘payishni juda yaxshi ko‘rar edilar.
Lekin quyonlarning shu topdagi kayfiyati O‘ychanning foydasiga xizmat qilar edi. Buni ko‘rib-sezib turgan Qirol yig‘ilishning davomini boshqa biron qulayroq kunga ko‘chirishga qaror qildi. Shu maqsadda u ko‘pchilikka sezdirmay Saroy Yorituvchisini so‘zga chiqishga buyurdi.
– Quyonlar! – xitob qildi Saroy Yorituvchisi. – Vaqt allamahal bo‘lib qoldi. Yoritqichlar birin-ketin o‘chyapti. Yonar qo‘ng‘izlarni oziqlantirish kerak…
– Hechqisi yo‘q! – qichqirdilar quyonlar bu gaplarga javoban. – O‘rmonda nima ko‘p – yonar qo‘ng‘iz ko‘p! Kerak paytida istaganingcha yig‘ib beramiz!..
Mashvaratni davom ettirib, so‘zni tag‘in O‘ychanga berishga to‘g‘ri keldi.
– Quyonlar! – dedi O‘ychan. – Olimimiz odatdagidek ahmoqona gaplar qildi. Men yana aytaman, gipnoz mutlaqo yo‘q narsa. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Baqalar Botqog‘ida nechta baqa bor? Shu botqoqdan uzzukun u yoki bu ilon sudralib o‘tadi. Agar ilon gipnoz qudratiga ega bo‘lganida, ilonning yutish xohishidan qat’i nazar, xushini yo‘qotgan o‘nlab baqalar uning yo‘liga “mana men” deb chiqavergan bo‘lar edi-ku? Baqalar shunday bo‘lsalar, suvdan rizqini teruvchi qushlar ilonning ortidan g‘ujg‘on o‘ynab qolmasmidilar?
Siz yaxshi bilasizki, hech bir baqa ilonni ko‘rib hushini yo‘qotmaydi ham, hech bir qush ilonga ergashmaydi ham!
– To‘g‘ri, to‘g‘ri! – qichqirishdi quyonlar. – Bu misollar ham yaqqol ko‘rsatib turibdiki, O‘ychan haq: bizning qo‘rquvimiz – ilonlarning gipnozi. Ularning gipnozi – bizning qo‘rqoqligimiz.
Quyonlar shovqin-suron ko‘tarishib o‘z munosabatlarini bildirishar ekanlar, Qirol O‘ringa Qo‘yilganlar safidan Qari Donishmand Quyon mansabidagi quyonni huzuriga chaqirtirdi.
Bu quyonning mansabga minishi anchagina qiziq bo‘lgan edi. Qirol Saroyi qoshida Sabzi daraxti o‘sar, uning mevasi sabziga juda o‘xshab ketar edi. Garchi Sabzi daraxtining mevasini yeb bo‘lmasa-da, quyonlar, odatda, bayram tantanalarida undan bezak sifatida foydalanishar, Sabzi daraxtining o‘zi esa, quyonlar tomonidan muqaddas daraxt sifatida e’zozlanardi.
Vaqti-vaqti bilan Sabzi daraxtidan uning sabzisimon mevasi to‘kilib turardi. Aytish kerakki, ancha salmoqli. Mevaning to‘kilish paytida daraxt tagida turgan quyonlarning og‘ir shikastlanish va hatto o‘lish hollari ham ro‘y bergan. Kunlardan bir kuni ayni shu quyon Sabzi daraxtining tagida turganida meva uning boshiga kelib tushibdi.
Bechoraning miyasi chayqalibdi. Bu quyonlar qavmi orasida miya chay-qalish xastaligining birinchi marotaba qayd etilishi ekan!..
– Miya chayqalishi?! – misli ko‘rilmagan kasal nomini eshitib ajablandi o‘shanda Qirol.
– Ha, miya chayqalishi! – tasdiqlashdi tabiblar.
– Demak, chayqaladigan narsa bor ekan-da? – aniqlashtirdi Qirol.
– Demak, bor ekan, – tasdiqlashdi tabiblar.
– Tuzalganidan keyin uni Qari Donishmand Quyon lavozimiga tayinlaymiz, – farmon berdi Qirol. Darhaqiqat, bu oddiygina quyon sog‘ayganidan keyin darrov O‘ringa Qo‘yilganlar qatoriga o‘tdi-qoldi.
– Endi gapirasan! – tantana qilayotgan quyonlar ommasini tundlik bilan kuzata turib unga buyurdi Qirol.
– Menimcha, foydasi yo‘qdir-ov, ishlar pachava! – dedi ko‘pni ko‘rgan Qari Donishmand Quyon.
– Bir harakat qilib ko‘rish kerak! – tag‘in buyurdi Qirol. Ayni chog‘da Qirol Saroyini qo‘riqlash guruhining boshlig‘iga, basharti g‘alayon qo‘zg‘algan taqdirda chiqib qochish uchun yashirin yo‘lni hozirlab qo‘yishni buyurdi.
– Bilasizlar, men qari donishmand quyonman, – dedi Qari Donishmand Quyon. Aytish kerakki, u qisman haq edi. Chunki mazkur mansabga tayinlanganidan buyon u qarib ulgurgan edi. – Meni donishmand qilgan muqaddas Sabzi daraxti bilan qasam ichib aytamanki, O‘ychanning so‘zlarida…
Shunday deya qarasa, quyonlarning baqir-chaqirlari dahshatli darajaga yetibdi. Ularning ayni lahzalardayoq Qirolni taxtdan ag‘darib, o‘rniga O‘ychanni saylagudek vajohatlari borga o‘xshaydi…
– O‘ychanning so‘zlarida, – takrorladi u quyonlarning avjiga chiqayotgan qiyqiriqlari orasida o‘z ovoziga joy topishga urinib, – juda katta haqiqat bor…
– Ura! – battarroq qichqirishdi quyonlar. Bu qichqiriqlar hattoki O‘ringa Qo‘yilganlarning bezovtalanib chalgan hushtaklarini ham bosib ketdi. Agar to‘ntarish bo‘lsa, birinchi galda ular shu hushtaklariga yarasha ta’zirlarini yeyishlari aniq. Lekin Intiluvchilar nimagadir jim o‘tirishardi. Hatto ular o‘zlarini umuman hech qanday intilishga ega bo‘lmagandek ko‘rsatishga urina boshlagan edilar. Ayrimlari go‘yo tabiiy ehtiyojlari yuzasidan borib kelishlari kerakdek butun umr intilib yetishgan joylarini oshkora tashlab keta boshladilar. Qaytib kelish chog‘ida esa, oddiygina quyonlar orasida o‘zlarining eski qadrdonlarini bexos ko‘rib, ular bilan uzoq-uzoq gurunglashib, anchagina ushlanib qola boshladilar.
– Qirol aytgan gaplarda, – davom etdi Qari Donishmand Quyon, – u qadar…
Shu payt nimagadir quyonlar ommasi kutilmaganda jim bo‘lib qoldi. Qari Donishmand Quyon Qirolga qaradi va yuragi shuvillab o‘ylandi: agar qirol qayta saylanmasa-chi? Olomon qattiq g‘alayonga tushganida u Qiroldan kuchliroq tuyulgan edi. Endi u jim qolganida, aksincha, Qirol yana kuchliroq tuyuldi. Shuning uchun u o‘zi ham kutmagan holda nutqini shunday yakunladi:
– Haqiqat juda ko‘p!.. Ammo, ayt-chi, O‘ychan, agar sen haq bo‘lsang va ilonlar qilayotgan nohaqlik barham topsa, bizga ilohiy uchligimiz: no‘xot, burchoq, karamni ko‘nglimiz tusagancha istifoda etish masalasini hal qilib berasanmi o‘zi?
– Ha, ha, – qichqirishdi quyonlar, – shu hayot-mamot masalamizni hal qilib berasanmi?..
O‘ychan o‘zi mansub xalqqa tikilib qoldi va hech nima deyolmadi. Shu asno oddiy quyonlar qo‘l ushlashib yer tepinar ekanlar, takrorladilar:
– Muammoni hal qil-da, o‘g‘irlik qilishga ruxsat ber! O‘g‘irlik qilishga ruxsat ber-da, muammoni hal qil!
O‘ychan tag‘in jim turaverdi. Nima qilishini bilolmay boshi qotib o‘tirgan Qirolning ko‘z oldida daf’atan umid uchqunlari chaqnadi.
– Quyonlar, – nihoyat O‘ychan tilga kirdi, – men sizga bosh muammomizni hal qilish yo‘lini baholi qudrat ko‘rsatib turibman: ilonlardan qo‘rqmasligimiz kerak! Shundan keyin nima bo‘ladi, men bu xususda faqat taxmin qilishim mumkin, xolos.
– Qarang-a, u faqat taxmin qilar emish! – beixtiyor g‘azabga mindi Qirolicha va karam yaprog‘ini jahl bilan yirtib, nariroqqa otdi.
Intiluvchilar yaproqning qayerga borib tushganini eslab qolishga uringancha Qirolichaning darg‘azab istehzosini qo‘llab-quvvatlab qiyqirishdi.
– Tag‘in bu bizga qanday yashashni o‘rgatmoqchi bo‘lyapti-ya! – xitob qildi “Topqir” laqabli quyon. U o‘z ovozi aniq eshitilishi uchun jo‘rttaga quyonlar jimib qolganida xitob qilgandi.
Muammoning tub mohiyati shunda ediki, hech kim O‘ychan qadar Topqirning g‘ashiga tegmasdi. Chunki ular bolalikdan do‘st edilar. Ikkalasi ham tez-tez ayni bir qizni sevib qolishardi. Topqir agar o‘zi Qo‘yilgan bo‘lishga Intilmaganida O‘ychandan ham zo‘rroq kashfiyotlar qilishi mumkinligiga qattiq ishonardi. Afsuski, u o‘z mavjudligining falsafasiga qaram bo‘lib, quyonlar jamoasi mavjudligi masalalari bilan jiddiyroq shug‘ullanishga hech vaqt topolmasdi.
– Unga maza, – derdi Topqir tanishlariga O‘ychan haqida gap qo‘zg‘alganida, – chunki u Qo‘yilgan bo‘lishga intilmaydi.
– Kim sening intilmasligingga xalaqit beryapti? – so‘rashardi tanishlari bunday hollarda.
– Siz yaxshisi kim menga yordam beryapti deb so‘rang, – javob qilardi Topqir ularga, ayni chog‘da Qirolning ko‘ziga yaxshiroq ko‘rinish xususida qattiq bosh qotirar ekan…
Topqirni qo‘ya turib, O‘ychanga qaytaylik.
O‘ychan gapida davom etdi:
– Quyonlar, – dedi u, agar biz yo‘lning eng boshida turib eng oxirini ko‘rishga urinadigan bo‘lsak, hech qachon o‘z joyimizdan jilolmaymiz. Dastlabki dadil qadamni qo‘yish muhim, uning to‘g‘riligiga ishonish undan ham muhimroq.
– Tag‘in nima demoqchisan? – qichqirishdi quyonlar, – Ayniqsa, no‘xot, burchoq, karam haqida nima deysan?
– O‘ylaymanki, – dedi O‘ychan, – ilonlarning bizga nisbatan o‘taketgan nohaqligi bartaraf etilganidan keyin biz tubjoylilar tomorqalariga nisbatan o‘zimiz qilayotgan nohaqliklar xususida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi.
– U-u-u, – beixtiyor uvvos tortib yubordi bu gapdan norozi bo‘lgan quyonlar. Qirol esa, bosh chayqadi: “Uni ko‘proq eshitaveringlar, o‘shanda baxtiyor hayotni tushlaringizda ko‘rasizlar!” demoqchi bo‘ldi.
– Gap bu mahsulotlarni butunlay inkor qilishda emas, – dedi O‘ychan, – balki ularni o‘zimiz yetishtirishni o‘rganishimiz kerakligidadir.
– U-u-u, – tag‘in jo‘rovoz bo‘lib bahamjihat uvlab yuborishdi quyonlar, – qanaqangi yoqimsiz… Xo‘sh, biz yerga qanday ishlov beramiz?
– Bilmadim, – dedi O‘ychan, – ehtimol, ko‘rsichqonlar bilan shart-noma tuzarmiz, ehtimol, biron boshqa chorasi topilar…
– U-u-u, – battar hafsalalari pir bo‘lib uvladilar quyonlar, – agar ko‘rsichqonlar rozi bo‘lishmasa-chi? Demak, “Alvido, no‘xot, burchoq, karam”mi?!.
Shu ko‘ndalang savoldan keyin oddiy quyonlar nomidan qavmi orasida obro‘li bir quyon so‘zga chiqdi:
– Menga qara, O‘ychan, – dedi u, – biz hammamiz seni yaxshi ko‘ramiz. Sen o‘zimizning yigitsan. Biz haqimizda o‘ylaysan. Bu-ku, yaxshi. Lekin sen nimagadir tushunmayapsan. Mana men, masalan, har kuni o‘rmonga boraman, o‘tloqlarga, tuzumlilarning ekinzorlariga ko‘z tashlayman… Har kuni men ilonga duch kelishim mumkin, ammo duch kelmasligim ham mumkin. Avvalgi kuni, masalan, duch kelmadim, kecha ham, bugun ham, Xudoga shukur, ko‘rib turibsan, sog‘-omonman. Bundan qanday xulosa kelib chiqyapti? Mahalliy xalqning ekinzorlarida men har kuni bo‘lishim mumkin. Ilon bo‘lsa, meni he-ech qachon ha-ar kuni yutolmaydi. Demak, masala mening foydamga hal bo‘lyapti-ku, shunday emasmi?.. Demak, sen nimanidir hisobga olmayapsan, O‘ychan. Marhamat, o‘zingning yam-yashil tepaligingga bor-da, shunaqangi bir yo‘lini o‘ylab topginki, natijada ilonlar ham bizga tirg‘almasinlar, ham, nima deymiz, Xudo bizni uch sevimli ozuqamizdan qismasin. Ana shunda biz barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib sening ortingdan ergashamiz.
– To‘g‘ri! To‘g‘ri! – qichqirishdi qatordagi quyonlar. Chunki do‘ppi tor kelib, bosh qotib qolganida hech qanday qaror qabul qilmaslik qarori quyonlar qavmi uchun eng maqbul qaror edi.
– Agar o‘sha sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan g‘oyang topilsa, men shaxsan o‘zim birinchi bo‘lib senga ergashaman! – tantana bilan qichqirdi quyonlar Qiroli.
– Yashasin bizning olijanob Qirolimiz! – deya o‘zlarining hech qanday qaror qabul qilmaslik ahdidan mamnun bo‘lgan quyonlar tag‘in Qirolga olqish aytishga tushdilar.
– Gapim salgina chala qoldi, – davom etdi Qirol. – O‘ychanimiz hech nimaga chalg‘imay astoydil o‘ylanishi uchun har kuni bizning hisobimizdan uning oilasiga ikki dona bus-butun sabzi berib turilsin!
– Yashasin Qirol va uning saxovati! – qichqirishdi quyonlar.
– Ko‘payishga zo‘r berish – mana bizning qurolimiz! – so‘nggi marotaba qichqirdi Qirol va yig‘ilish tugaganining alomati sifatida Qirolichani qo‘ltiqlaganicha o‘zining muhtasham Saroyiga yo‘l oldi.
Quyonlar ham g‘ovur-g‘uvur qilishib o‘z inlariga tarqalishdi. Ularning ayrimlari vijdon azobini his qilib, O‘ychanning ajoyib g‘oyasini qizg‘in qo‘llab-quvvatladi, lekin bu g‘oyaning ayrim xom tomonlari ham borligini ta’kidladi.
Ba’zi quyonlar O‘ychanning xotinidan “Qirolning iltifotidan mamnunmisiz?” deb so‘rashdi.
– Albatta, bu ot bilan tuya emasku-ya, lekin har qalay… – javob qildi u qiziqqan quyonlarga. O‘z navbatida bugungi kun ham nafaqa muddatiga kiradimi-yo‘qmi, shu asosda u ertaga qurumsoqligi va rasmiyatchiligi bilan mashhur Qirol Xazinabonidan biryo‘la to‘rt dona bus-butun sabzi oladimi-yo‘qmi – masalaning shu tomonlarini aniqlashga urindi.
– Bugungi kun ham qo‘shiladi, albatta, – bilag‘onlardek komil ishonch bilan javob qilishdi quyonlar. Ayniqsa, yig‘ilish vaqtida uning erini qo‘llab-quvvatlashda eng lanjlik va sustkashlik qilgan quyonlar endi shunchalik qat’iy ishonch bilan dadil javob qaytarardilar.
O‘ychan kimsasiz qolgan Qirollik O‘tlog‘ida g‘amga botib o‘tirardi. Nafaqat uning ta’limoti to‘g‘riligiga qattiq ishongan (bunaqalar ozchilik emas edi), balki ayni chog‘da huzur-halovatda yashashdan o‘z ixtiyori bilan voz kechib, unga ergashishga qat’iy ahd qilgan bir yosh quyoncha qoshida qoldi.
– Endi nima qilamiz? – so‘radi u O‘ychandan.
– Nima ham qilardik, – dedi O‘ychan, – o‘ylashda davom etamiz-da!
– Men ham siz bilan birgalashib o‘ylasam maylimi? – so‘radi yosh quyon. – Sizning gaplaringizni eshitganimdan buyon menda asl haqiqatni bilishga shunaqangi chanqoqlik uyg‘ondiki!..
– Mayli, birgalashib o‘ylashamiz, Chanqoq! – dedi O‘ychan. – Men butun kuch-g‘ayratimni ilonlarni o‘rganishga sarflagan edim. Ammo o‘z qondoshlarim quyonlar chin haqiqatga suyanib yashashga hali tayyor emasliklarini bilmagan ekanman…
Ertasiga sahardan quyonlar hayoti eskichasiga davom etdi. Ularning bir guruhi o‘tloqzorlarga yo‘l oldi, yana bir guruhi soya-salqingina chakalakzorni xush ko‘rdi, ayrimlari esa, tuzumlilarning tomorqalariga ravona bo‘ldilar.
O‘ychan erta tongdanoq avvallari o‘zi ilonlar ustidagi kuzatishlarini xayolida pishitgan yam-yashil tepalikda o‘tirardi. Endi ilonlar haqidagi o‘ylariga qadrdon quyonlari haqidagi bezovta o‘ylari ham kelib qo‘shilgan edi.
Tepalikdan o‘tloqzorlar, pastlikda keng yoyilib oquvchi, shuning uchun ham chakalakzorda yashovchilar tomonidan “Baqalar Botqog‘i” deb nomlangan ilang-bilang daryoning ajib manzaralari yaqqol namoyon bo‘lar edi.
Chanqoq ertalabdan o‘qtin-o‘qtin O‘ychanga ko‘z tashlab, uning olisdan ko‘rinib turgan avzoyidan miyasiga qandaydir yangi fikr kelgan-kelmaganini aniqlashga o‘zicha uringan holda tepalik yonbag‘rida o‘tlab yurar edi. Ko‘p o‘tmasdan qiziqishi ishtahasi ustidan g‘olib chiqib, nonushtani qisqaroq qilgancha yashil tepalikka ko‘tarilib bordi.
Bu paytda Qirollik Saroyining keng oshxonasida kechagi g‘alaba sharafiga nonushta ziyofati berilmoqda edi. Barcha O‘ringa Qo‘yilganlar, tabiiyki, o‘z o‘rinlarida o‘tirardilar. Qirolning kayfiyati yaxshi edi. Nonushta asnosi u tez-tez hazil-huzul qilar, bambukdan yasalib, kokos arag‘i bilan to‘ldirilgan ulkan qadahni o‘qtin-o‘qtin baland ko‘tarar, uni ko‘rgan Qo‘yilganlar tezda o‘z qadahlarini to‘ldirib, quvnoqlik va tetiklik baxsh etuvchi ichimlikni o‘z Qirollari bilan ketma-ket sipqorardilar.
Alohida qayd etish kerakki, O‘ringa Qo‘yilganlar orasida bir necha nazoratchilar o‘tirishardi. Ular O‘ringa Qo‘yilganlar qiyofasiga kirib olib, aslida, O‘ringa Qo‘yilganlarning suhbatlarini quloqlarini ding qilib tinglashar, bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad isyon kurtaklarini yoxud Qirol siyosatidan oxir-oqibat isyonga olib kelishi mumkin bo‘lgan chekinish hollarini o‘z vaqtida ilg‘ab olish edi.
Garchi Qo‘yilganlar qiyofasiga kirib o‘tirgan bo‘lsalar-da va aynan shuning uchun ham ulardan nizom bo‘yicha alohida qimmatbaho mahsulotlar, xususan, karam, no‘xot va burchoqqa nafslarini tiyibroq qarash talab etilardi. Lekin O‘ringa Qo‘yilganlar o‘zlarining qatorlarida Qo‘yilganlar qiyofasida o‘tirgan nazoratchilar borligi, shuningdek, nazoratchilarga Qo‘yilganlar darajasida yeb-ichish ta’qiqlanganini bilganlari uchun ular boshqa Qo‘yilganlar qanday yeb-ichayotganini zimdan kuzatardilar. Ayni chog‘da, o‘zlari imkon qadar ko‘proq yeb-ichishga, toki o‘zlarini, quyonlarning oddiygina tilida aytilganidek, ayg‘oqchi deb o‘ylamasliklariga urinardilar. Ammo avom tilida “ayg‘oqchi” deb ataluvchilar ziyofatda tortinibgina o‘tirsalar, boshqalar ularning asl vazifalarini sezib qolishlarini yaxshi bilishardi. Shu bois haqiqiy qiyofalarini yashirish uchun imkon qadar ko‘proq yeb-ichardilarki, bu ularning ichki xohish-istaklariga ham to‘la ravishda muvofiq kelar edi.
Shunday qilib, Qirol ziyofatida barcha ulkan fidoyilarcha ishtaha bilan tanovul qilardi.
Bu gal Qo‘yilganlar orasida Qari Donishmand Quyon mansabini egallagan quyon ko‘rinmasdi. Uning kechagi ikkillanishi, tabiiyki, Qirolning diqqat nazaridan chetda qolmagan edi. O‘rnida endi Qari Donishmand Quyonni “Qari Tulki” deb atashni taklif qilgan, bu taklifi quvnoqlik bilan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan Topqir o‘tirardi. Qirol esa, “Qari Tulki” hayotidan bir necha qiziq latifalar aytib berdi.
Nonushta avjida oshxonaga vaqt yemirib tashlagan tishlarini kavlashtirib ayni o‘sha hamma ustidan kulayotgan va kuni kechagina qirollikning birinchi maslahatchisi hisoblangan quyon kirib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, u endi oshpazlar xonasida nonushta qilibdi. Ayni u kirib kelganida Qirol o‘zining sobiq donishmandini Sabzi daraxti tagiga turg‘azib qo‘yib, mevasining boshiga tushishini kutish va u hozirda ham miya chayqalishi kasalini boshidan kechiradimi-yo‘qmi, aniqlashni yarim hazil, yarim chin sifatida taklif qilayotgan edi. Barcha Qo‘yilganlar Qirol haziliga javoban kula-kula endi bu xum kallada chayqaladigan hech vaqo qolmagandir-ov deb fikr bildirdi!
– Men nima uchun oshpazlar xonasiga o‘tib qolganimni bilaman, – dedi “Qari Tulki”, – lekin nega menga uncha yangi bo‘lmagan ko‘katlarni berishganiga tushunmayapman?
– Nima-nima? – so‘radi Qirol o‘tirganlarga ma’noli ko‘z qisib. – Senga uncha… juda yaxshi ko‘katlarni berishdimi hali?
O‘ringa Qo‘yilganlar xoholab kula boshladilar. Ularning ancha-munchasi ma’shuqalar erkalanib oshig‘ining ko‘ksiga o‘zlarini otganidek nozik bir ishonchu tamanno bilan to‘kin dasturxon ustiga o‘zlarini tashladilar. Shu asnoda ham karam yaprog‘i yoki no‘xotni go‘yoki bexosdan og‘izlariga solardilarki, bu, aftidan, o‘z mohiyatiga ko‘ra oshiq-ma’shuqalarning bir-birlarini yalab-yulqashlariga o‘xshab ketar edi.
– Meni mutafakkir qilgan Sabzi daraxtining nomi bilan qasam ichib aytaman, – dedi “Qari Tulki”, – men xato qildim… Ammo keyin shu xatoyimni o‘zim tuzatdim-ku!
– Tuzatmay ham ko‘rgin edi, – dedi Qirol miyig‘ida kulib, – aks holda sen oshpazlar xonasida emas, uzoqroqlarda nonushta qilgan bo‘larding. Ha, mayli, o‘tir, men bag‘rikengman. Bundan keyin qattiq ishlaydigan kallangni tegishli darmondori bilan kim ta’minlayotganini yaxshigina biladigan bo‘lasan.
Shunday qilib, xush kayfiyat bilan Qari Donishmand Quyon tag‘in O‘ringa Qo‘yildi. To‘g‘ri, Qirol “Qari Tulki” degan kulgili laqabni saqlab qoldi. Bu o‘z navbatida, bir tomondan, uning mansabiga allanechuk masxarali ma’no baxsh etar, ikkinchi tomondan esa, Topqirni Qirol oilasiga yana-da yaqinlashtirar edi.
Topqir biror oy O‘ringa Qo‘yilganlar qatorida qirollikning eng zo‘r ichimliklarini ichib, taralabedod qilib yashadi. Mahalliy aholi tomorqalaridan yetkazib kelingan tansiq taomlarni esa, aytmasa ham bo‘ladi.
Topqirga bu yerda hammasi xush yoqdi. Faqatgina O‘ringa Qo‘yilganlar yig‘ilishganida nimagadir na Qirol, na boshqalar gulkaram haqida lom-mim demasliklari uni ajablantirdi. Bu chindan ham juda ajablanarli hol edi. Chunki Qirol oddiy quyonlar bilan har uchrashganida u yoki bu darajada gulkaram haqidagi masalaga o‘z munosabatini bildirar edi. Bu yerda esa, nimagadir bu xususda gapirilmas edi. Nega shunday?
U savolga javob qidirar ekan, o‘zicha xulosaga keldiki, aftidan, O‘ringa Qo‘yilganlar orasida shunday nisbatan torroq doiradagi xoslar, ya’ni, O‘rindiqqa Qo‘yilganlar bor va ular, ehtimolki, Gulkaram haqida nafaqat gapirishadi, balki har hafta kamida bir marotaba uni tatib ko‘rishadi ham! Topqir shunday deb o‘ylardi. Lekin birontasidan so‘rashga jur’at qilolmasdi. Chunki O‘ringa Qo‘yilganlar orasida kim O‘rindiqqa qo‘yilganini bilmasdi. Buni so‘rash o‘zining O‘rindiqqa Qo‘yilmaganini tan olish ekanligini Topqir yaxshi tushunardi. U qulay vaziyatni kutishga va bu xususda Qirolning o‘zidan so‘rashga ahd qildi.
Shunday kun ham keldi. Kunlardan bir kuni Qirol undan tushlikdan keyin yakkama-yakka suhbatga qolishni iltimos qildi.
– Senga davlat ahamiyatiga molik topshirig‘im bor, – dedi Qirol va Qirolicha eshikni mahkam yopib kelib Topqirning yoniga o‘tirgach, qo‘shib qo‘ydi: – Sen uni bajarishga tayyormisan?
– Buyuring, Qirolim! – dedi Topqir ko‘zlarini yerga tikib.
– Bu yerda bizning saroy Shoirimiz bir she’r yozibdi. Vazifa shuki, sen chakalakzordagi Xolis So‘qmoqqa chiqib, uning boshidan oxiriga qadar butun yo‘l davomida shu she’rni qo‘shiq qilib aytishing kerak bo‘ladi?..
– Qulog‘im xizmatingizga tayyor, – dedi Topqir va qulog‘ini qimirlatdi.
Qirol qanchalik ishonchli ekanini aniqlamoqchi bo‘layotgandek uning qulog‘ini sinchiklab ko‘zdan kechirdi:
– Mana, eshit, – dedi Qirol va kattakon banan yaprog‘iga marjon mevasining sharbati bilan yozilgan she’rni o‘qishga tushdi:
O‘ychan quyon
Tepalikda o‘tiribdi,
U yerdan o‘tloq ko‘rinib turadi
Va Baqalar Botqog‘i.
Ammo bo‘ron baribir boshlanayapti!
Dahshatli taxmindan Topqirning yuragi orqaga tortib ketdi.
– Janobi oliylari, – ovozi titrab so‘radi u, – bu qaysi ma’noda?..
– Ma’nosi yo‘q, – jiddiy tortib uning gapini shartta bo‘ldi Qirol.
Topqir darrov tushundi. Bu she’rni qo‘shiq qilib aytish – ilonlarga o‘z qondoshi O‘ychanni sotish degan gap edi. U Qirol bergan O‘rindan butkul voz kechib, oddiy quyonlar qatoriga ketishga ahd qildi. Nima bo‘lganda ham, garchi u tabiatan o‘taketgan shuhrattalab bo‘lsa-da, har qalay, alamzada emas edi. Ammo bu yerda bitta nozik jihat bor edi. Saroyda qabul qilingan taomilga ko‘ra, oddiy quyonlar qatoriga qaytarilgan quyon jamiki mukofotlarini Qirolga qaytarishga majbur edi.
Demak, u qachondir Qirolicha tuhfa qilgan va o‘zini O‘ringa ko‘targan o‘sha karam yaprog‘ini ham qaytarishi kerak edi. Ammo gap shunda ediki, u o‘shanda uyasiga qaytayotganida quvonganidan karam yaprog‘ining yarmini yeb qo‘ygan, holbuki uni yeyishi mumkin emas edi. Zotan, o‘zi uni esdalik uchun saqlab qo‘yishni va’da qilgan edi.
Gap shundaki, Qirolichadan karam yaprog‘ini noyob tuhfa sifatida qabul qilib olar ekan, u taklif qilganidek, yeyishga haqli edi. Lekin tuhfani, o‘zi aytganidek, mukofot darajasiga yuksaltirganidan keyin uni yeb qo‘yish huquqini boy bergan edi.
Bularning barchasi yashin tezligida Topqirning xayolidan kechdi. Iqror bo‘ldiki, yarmi yeb qo‘yilgan karam yaprog‘ini Qirolichaga qaytarishning mutlaqo iloji yo‘q. Albatta, u tushunadi: bu ishi uchun uni hech kim ta’qib qilmaydi. Biroq quyonlar tabiati shundayki, ularga bugungi noqulayligi ertangi sotqinligidan og‘irroq tuyuladi. Noqulaylik – shu topda, ayni lahzalarda, ertaga esa, nima bo‘lishini Xudo biladi. Masalan, quyosh tutiladi-da, shu munosabat bilan hammasi bekor qilinishi mumkin.
– Yaxshi, – dedi Topqir chuqur xo‘rsinib, Qirolichaga qattiq qiynalayotgandek iltijo bilan boqib, – faqat men matnga bir tuzatish kiritsam maylimi?
– Agar bu mohiyatni o‘zgartirmaydigan bo‘lsa, mayli, – dedi Qirol.
– Men shu tarzda aytishni istayapman:
Qandaydir o‘ychan
Tepalikda o‘tiribdi.
U yerdan o‘tloq ko‘rinadi
Va Baqalar Botqog‘i.
Ammo bo‘ron baribir boshlanyapti!
– Bo‘pti, – dedi Qirol va mamnun holda Topqirning yelkasiga bir qoqib qo‘ydi. Topqir o‘zini aldayman deb aslida ustalik bilan o‘z vijdonini aldashga urinayotganini u yaxshi bilardi. Ko‘ngliga daldami-taskin qidiryapti. Shu bois qo‘shimcha qildi: – Ayniqsa, hozir ayrimlar bunaqangi andishaga o‘xshash narsalarni shunchaki bid’at, eskilik sarqiti deb turgan bir paytda…
– Yana bir tuzatish kiritsam maylimi? – so‘radi Topqir va Qirolning roziligini ham kutmay tez ayta boshladi:
Qandaydir o‘ychan
Tepalikda o‘tiribdi.
Pam-pam, pam-pam, pam-pam-pa!
Va Ba-ba-ba-qa Bat-qo-g‘i
Ammo bo‘ron baribir boshlanyapti!
– Buyog‘i so‘zsiz ohangjama bo‘lib ketdi-ku, – hafsalasi pir bo‘lib qo‘l siltadi Qirol, – bo‘sh kelganing sayin ja-a…
– Mayli, mayli, – kutilmaganda gap qo‘shdi Qirolicha, – qaytaga shu turishida yana-da jozibador eshitilyapti. Faqat mening bir iltimosim bor: qo‘shiqni aytayotganingda uchinchi qatordagi oxirgi ikki so‘zni imkon qadar avj pardada ayt: “Pam-pam, pam-pam, pam– P-A-A-M! Pa!” Tushunarlimi?
– Albatta, – dedi Topqir, – qo‘shiq aytayotganimda men buni albatta hisobga olaman.
– Mayli, – dedi Qirol, – shunday ham bo‘la qolsin. Faqat oldidan birgina so‘zni qo‘sh. Ya’ni, mana bunday: “Ko‘rinadi pam-pam, pam-pam, pam– P-A-A-M! Pa!” Tamom, boshqa savdolashmaymiz!
– Xo‘p bo‘ladi, janobi oliylari, – dedi Topqir.
– “Va Ba-ba-ba-qa Botqog‘i” deysanmi? – so‘radi Qirol so‘nggi satrni qayta eshitib ko‘rish uchun.
– Xuddi shunday, – ma’qulladi Topqir, – «Va Ba-ba-ba-qa Bot-qog‘i” deyman.
Qirol andak ikkilandi:
– Biz taraflarda uchta botqoq mashhur: Yo‘lbarslar Botqog‘i, Maymunlar Botqog‘i, Baqalar Botqog‘i… Anglashilmovchilik kelib chiqmasmikan?
– Yo‘g‘-e, – dedi Qirolicha, – eshitadiganlar bizdan ahmoqroq deb o‘ylamasligimiz kerak.
– Qirolim! – so‘radi Topqir, – men bir narsaga tushunmayapman: “Ammo bo‘ron baribir boshlanyapti!” satrining nima keragi bor?
– Sen bizning Shoirimizni bilmaysan, – dedi Qirol, – u bo‘ronsiz turolmaydi!
– U she’ri nima maqsadda foydalanishini o‘zi biladimi? – so‘radi Topqir. O‘ychanni sotishda yolg‘iz o‘zi xizmat ko‘rsatmasa, nazarida, ancha yengil bo‘ladigandek edi.
– Albatta bilmaydi! – qovog‘ini uydi Qirol. – U Shoir, osmonda uchib yuribdi. Uni o‘zimizning yerga bog‘liq xonaki ishlarimizga aralashtirib nima qilamiz?!.
– To‘g‘ri-to‘g‘ri, – ma’yusgina rozi bo‘ldi Topqir.
– Mayli, – dedi Qirol, – matnni maromiga yetkazdik. Ayrim naturalistik tafsilotlarni olib tashlash kerakligini sen bunchalik tez fahmlaganingga qoyil qolyapman!..
– O, Qirol, – beixtiyor oh chekdi Topqir, – bunday vaziyatda fahmlamay bo‘ladimi!..
– Darvoqe, – dedi Qirol o‘ta ayyorlik bilan, – Qirolicha senga tuhfa qilgan karam yaprog‘ini oxirigacha yeyversang bo‘ladi endi…
– O, Qirolicham! – nola qildi Topqir va qattiq xijolat chekib, boshini panjachalari orasiga yashirdi: – Meni afu eting… tansiq taom…
– Hechqisi yo‘q, – olijanoblik ko‘rsatib dalda berdi Qirol, – hammamiz ham quyonmiz… Har qalay, axborot xizmatim qanday yo‘lga qo‘yilgan, a, Qirolicha?
– Sen mug‘ombirnimi! – Topqirga yengilgina po‘pisa qilib tanbeh berdi Qirolicha, – buning “Hech qachon!” deb chin yurakdan xitob qilganini o‘shanda bir ko‘rganingizda edi, Qirol!
Shundan keyin Qirolicha Topqirga qirollik daftarini berdi. Unda falon kuni saroy quyoni Topqir Xolis So‘qmoqqa chiqib “Bo‘ron mavzuidagi ariyalardan parchalar”ni ijro etishi ko‘rsatilgan, chakalakzorning barcha aholisiga quyonlar bardam yashayotgani va bemalol ko‘payishayotganini ko‘rsatib qo‘yish kerakligi alohida ta’kidlangan edi.
Topqir imzo chekdi va Qirolning shaxsan o‘zi uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
– Ana endi tila tilagingni, sen istagan va mening qo‘limdan keladigan narsani bajo keltiraman, – himmat ko‘rsatdi Qirol.
– Men faqat shuni so‘ramoqchi edimki, – dedi Topqir, – men shunga ajablanayapmanki, haligi, qirollik ziyofatlari davrasida gulkaram haqida lom-mim deyilmaydi, holbuki janobi oliylari va yo boshqalar oddiy xalq bilan gaplashganingizda uni tez-tez tilga olib turasizlar, nega shunday?
– Nima deyish mumkin, – yelka qisdi Qirol, – tajribalar muvaffaqiyatli o‘tyapti va biz har tomonlama sharoit yaratib turibmiz… Barcha Yangi Qo‘yilganlar fikricha, O‘ringa Qo‘yilganlardan tashqari alohida oliy O‘rindiqqa Qo‘yilganlar ham bor…
– Nima, u yo‘qmi? – hafsalasi pir bo‘lib so‘radi Topqir.
– Yo‘q, azizim, – uning yelkasidan do‘stona quchib javob qildi Qirol, – Qirolicha bilan yotoqxonamizdan boshqa Qo‘yish mumkin bo‘lgan joyimiz yo‘q!
– Fu, Qirol, qanday qo‘pollik, – dedi Qirolicha yuzini chetga burib, ayni chog‘da, Topqir tomonga qarab ko‘zlarini suzib.
Ammo Topqirning shu qadar hafsalasi pir bo‘ldiki, buni sezmadi ham.
– Menga hammadan ko‘ra qiyinligini endi sen tushungandirsan? – dedi Qirol.
– Yo‘q, – deb javob qildi Oliy darajadagi Qo‘yilganlarning yo‘qligidan qattiq xafa bo‘lgan Topqir.
– Chunki sizning har biringiz uchun, – dedi Qirol, – sir bor, intilish mumkin bo‘lgan marra bor. Menda bo‘lsa bu baxt yo‘q. Agar men tushunmasam, tushuntiradigan kimsaning o‘zi yo‘q… Mana nima uchun qirolligimda menga hammadan qiyinroq… Lekin birgina tasallim bor… Unga – Qirol qo‘li bilan osmonga ishora qildi, – yana-da qiyinroq…
– Modomiki Oliy darajadagi O‘rindiq yo‘q ekan, bundan chiqdi, menga ham intiladigan marra qolmabdi-da! – xitob qildi Topqir, o‘zining xafaligi orqali Qirolning tushkunligini yaxshiroq tushunib. – Qanchalik zerikarli!
– Bu kayfiyating o‘tib ketadi, – dedi Qirol qat’iyat bilan, – vaqti-soati kelib O‘rinda imkon qadar uzoqroq o‘tirish ishtiyoqi O‘ringa Qo‘yilganlarning yagona bitmas-tuganmas intilishiga aylanib qoladi… Ana endi bora qol… Tiniqib uxla… Ertaga yangi kuch-g‘ayrat bilan Xolis So‘qmoqqa…
Topqir ta’zim qilib Qirol saroyini tark etdi.
– Bilasanami, Topqir nimasi bilan menga yoqadi? – so‘radi Qirol, keng va yorug‘ xona bo‘ylab odimlar ekan. So‘ng o‘z savoliga o‘zi javob qaytardi. – Insofi borligi bilan!
– Qachondan buyon? – so‘radi Qirolicha bir qadar taajjublanib.
– Sen hech nimaga tushunmaysan, – dedi Qirol xona o‘rtasida taqqa to‘xtab, – quyonga nozik topshiriqni berayotganingda halok qilmaydigan darajadagi insof juda foydali bo‘ladi.
– Men seni unchalik tushunmadim, – dedi Qirolicha parishonxotirlik bilan, chunki u shunday o‘ynoqlagan ko‘zlarga ega Topqir bu qadar ishonchsiz bo‘lib chiqqanidan hali-hanuz xafa edi.
– Ha, – takrorladi Qirol tag‘in xona bo‘ylab odimlar ekan, – quyon nozik vazifani bajarayotganida muayyan uyatni his qilib tursa, u o‘zidan keyin ko‘zga ko‘rinadigan iz qoldirib, uyatdan qizarib qolmasligi uchun bu vazifani imkon qadar toza bajarishga harakat qiladi. Bu esa, biz uchun ayni muddaodir. Insofning o‘ldirib qo‘ymaydigan darajasi – bizning mutafakkirlarimiz quyonlarning onggiga quyishi kerak bo‘lgan narsa ayni mana shu!
– Erkaklarning qanchalik beburdligini qara-ya! – dedi Qirolicha. – O‘zi “Hech qachon!” deb turib o‘zi yeb qo‘yganini-chi!..
– Yeydi deb umid qilamiz, – g‘alati javob qildi Qirol, quyonlar qirollik manfaatlari yo‘lida ishlar ekanlar, o‘z ishlaridan biron-bir xatarli iz qoldirmasliklari uchun ularning ongiga o‘limga olib kelmaydigan insof dozasini qanday qilib yaxshiroq singdirish xususida o‘ylar ekan.
Hozir biz o‘z syujetimizdan bir qadar chekinib, quyonlar Qiroli bilan Shoir o‘rtasidagi munosabatlar tarixini hikoya qilamiz.
Shoirning tabiatida har qanday kulfatga uchraganga samimiy hamdardlik bilan har qanday maishiy va tabiiy bo‘ronlarga nisbatan romantik hayrat ajib bir tarzda uyg‘unlashib ketgan edi.
Darvoqe, Qirol Shoir hormay-tolmay madh etgan bo‘ronlardan birining sharofati bilan hokimiyat tepasiga kelgan edi.
– Bu mutlaqo men kuylagan bo‘ron emas, – derdi Shoir avvaliga Qirolning boshqaruvidan norozi bo‘lib.
Lekin keyinchalik ular til topishdilar. Qirol bo‘ron qo‘shig‘ini quyonlar aqliy hayotining bir butun, yagona va to‘laqonli mazmuniga aylantirishni va’da qilib, uni o‘ziga og‘dirib oldi. Bunday jozibali va’daga Shoir qarshi turolmadi.
Xullas, Shoir bo‘ron qushini madh etishni juda sevar va kulfat qushini ko‘rishni, aksincha, juda yomon ko‘rar edi.
Bo‘ron qushini ko‘rdimi – madh etadi. Kulfat qushini ko‘rdimi – yig‘laydi. Unisini ham, bunisini ham shunaqangi sidqidillik bilan qilardiki, ayni chog‘da, bo‘ron qushini madh etish muqarrar ravishda kulfat qushining paydo bo‘lishiga olib kelishini tushunolmasdi.
Goho shunday bo‘lardiki, kulfat darakchisining yelkasida yig‘lab ulgurmasidan o‘zi ko‘z yosh to‘kib boshlagan yelkalar osha ko‘kka otilgan bo‘ron qushini ko‘rib, bu jangovar qushga shodon olqish aytib yuborardi.
U o‘zining she’riy ovozi bo‘ron qushini yana-da dadillashtiradi va atrofdagi quyonlarga barra sabzavotlarga muhabbatdan tashqari ularda bo‘ronga muhabbatdek oliy darajadagi burch borligini ko‘rsatib qo‘yadi deb ishonardi. Quyonlar gohida uning ovoziga quloq tutishib, sabzavotga muhabbatni oliy darajadagi burchga muhabbat bilan qiyoslashardilar. Va har gal sabzavotga muhabbatni ular o‘z qalblarida aniq-tiniq his qilishlari, oliy darajadagi burchga muhabbatni esa, juda g‘ira-shira his qilishlari, aniqrog‘i, hatto mutlaqo his qilmasliklari ularni ajablantirardi.
Shoir qarigan chog‘larida bo‘ron qushini ko‘rib hamon o‘sha-o‘sha hayratga tushardi. Ammo, ko‘zi zaiflashgani uchun oddiygina qarg‘ani bo‘ron qushi deb o‘ylaydigan bo‘lib qolgan edi. Qirol ham Shoir quyonlar orasida sharmandasi chiqmasin deb ko‘zi o‘tkirgina bir quyonni unga yo‘l ko‘rsatuvchi qilib biriktirib qo‘ygan edi, toki u xatoni o‘z vaqtida tuzatishiga ko‘maklashsin. Darvoqe, bu quyoncha o‘tloqda sayr qilar ekanlar, Shoirni har xil o‘ydim-chuqur va jarliklarga bexos yiqilib tushishidan ham saqlar, chunki Shoir bo‘ron qushini qidirib hamisha osmonga qarab yurar, atrofiga alanglab qarashga vaqti ham, hushi ham bo‘lmasdi.
– Jahon uzra uch, bo‘ron qushi!..– deb boshlardi Shoir, ammo ko‘zi o‘tkir quyoncha darrov uni to‘xtatib qolardi:
– Shoir amaki, u bo‘ron qushi emas, qarg‘a-ku!
– E-e, qarg‘ami, – hafsalasi pir bo‘lib derdi Shoir. Keyin o‘zinimi-quyonchanimi ovutardi. – Ha, mayli, hechqisi yo‘q, qarg‘a bo‘lsa ham, muhimi, bo‘ronga chorlayapmiz-ku!
Biz ham, o‘ylab qarasak, chalg‘ib ketibmiz, holbuki Shoir bilan Qirolning hayoti haqida tartibi bilan hikoya qilishimiz kerak edi. Ustiga ustak, bu tarix, aslini olganda, ko‘tarinki emas, anchagina g‘amgin edi. Binobarin, shunga muvofiq ravishda bir bahya pastroqqa tushishimiz kerak bo‘ladi.
Xullas, Qirol bilan Shoir til topishganlaridan keyin, Qirol yaqin kunlarda quyonlarning umumxalq ta’limini joriy qilishga va’da bergan edi.
– Faqat shundagina mening mutafakkirona ko‘rsatmalarim va sening ilohiy she’rlaring barcha quyonlarning bisoti bo‘la oladi, – degan edi bo‘lajak Qirol.
Ammo qirollik hayotining kundalik ishlari davlat ahamiyatiga molik shunaqangi mayda-chuydalarga to‘lib-toshgan ekanki, Qirolning buyuk orzularni ro‘yobga chiqarishga hech vaqti bo‘lib, qo‘li tegmasdi.
– Taxtda xuddi g‘ildirakdagi olmaxondek aylanaverar ekansan, – o‘smirlik do‘sti uning dadil rejalarini eslatganida Qirol o‘zini oqladi, – lekin men ham bo‘sh kelmay tag‘in besh ko‘za siyoh tayyorlashni buyurdim… Demoqchimanki, bu yo‘nalishda ham ba’zi choralar ko‘ril-yapti.
Qirol marjon sharbatidan olingan siyohni vaqti kelganda butun quyonlar qirolligida savodsizlikni tugatishga qaratilgan kurash vositasi bilan to‘la ta’minlash maqsadida tayyorlattirgan edi. Ammo vaqt o‘tmoqda, quyonlarning umumiy ta’limi masalalariga esa, Qirolning vaqti yo‘q edi. U qilishga ulgurgan yagona ish – vaqti-vaqti bilan yana bir necha ko‘za marjon sharbatidan olinadigan siyohni har ehtimolga qarshi tayyorlab qo‘yishga buyruq berish edi.
Lekin o‘sha ehtimol hech keladiganga o‘xshamasdi. Marjon sharbati esa, idishda achib, ajoyib o‘tkir ichimlikka aylanar, lekin buni hech kim bilmasdi. Kunlardan bir kuni Shoir o‘zining shoirona pat-qalamini qattiq g‘ajib o‘tirib uning ingichka naychasi orqali tasodifan siyohdan ozgina so‘rib qo‘ydi. Siyohning ajoyib xususiyati haqidagi ovoza quyonlar orasida tez tarqaldi. Ana shunda ular o‘z bilimlarini oshirishga katta ishtiyoq ko‘rsata boshladilar. Lekin bu xususda boshqa joyda batafsilroq hikoya qilamiz.
Qirollik hokimiyatini qo‘lida ushlab turib, quyonlar Qiroli afsus-nadomatlar ila iqror bo‘ldiki, uning butun kuch-g‘ayrati ana o‘sha hokimiyatni qo‘lida mahkam ushlab turishga sarf bo‘layapti. Agar butun kuch-g‘ayrating uni ushlab turishga sarflanadigan bo‘lsa, bunday hokimiyatning nima keragi bor, deb o‘ylardi Qirol gohida. Axiyri u shunday xulosaga keldi: qirollikni himoya qiluvchilar sonini ko‘paytirish kerak, toki u nima maqsadda hokimiyat tepasiga chiqishga intilgan bo‘lsa, o‘sha maqsadga yo‘naltirilgan ishlarga vaqt topa olsin.
U qirollik himoyachilarini ko‘paytirdi, natijada o‘zi bir qadar yengil tortgandek bo‘ldi: hokimiyatni ushlab turishga sarflanayotgan kuchning bir qismi ozod bo‘lgan edi-da. Ammo kunlardan bir kuni uning kallasiga anchagina sog‘lom bir fikr keldi: bunday qudratli himoyaning o‘zi undan hokimiyatni tortib olishga urinib qolsa-chi? Eh, endi nima qilsa bo‘ladi?
Agar shu topda himoyachilar sonini birdan kamaytirsa, o‘yladi Qirol, g‘arazli niyatda turganlar hokimiyatni qo‘lga kiritishga qulay vaziyat keldi deb o‘ylaydilar. Shuning uchun u himoyachilarni yanada ko‘paytirdi va yangi himoyachilarga shunday bir yashirin topshiriq berdiki, toki ular Qirolni eski himoyachilardan himoya qilsinlar.
Ammo bu hol Qirolning ahvolini battar murakkablashtirdi. Shu narsa ayon bo‘ldiki, eski himoyachilar ichida juda keng vakolatlarga ega bo‘lgan yangi himoyachilar haddan tashqari nazoratsiz bo‘lishadi va shunisi bilan Qirolga xavf tug‘diradi. Shunda u eski himoyachilarga yangi himoyachilar ortidan kuzatishdek yashirin topshiriq berdi, toki yangilar unga sotqinlik qilolmasinlar.
Ammo bu Qirolni battar chalkashtirdi va uning hayotini battar murakkablashtirdi. Bunday keng vakolatlarga ega ko‘pdan-ko‘p himoyachilarning har birini qandaydir kundalik ish bilan ta’minlash kerak edi. Aks holda javobgarliksiz hokimiyatdan boshi aylanib, ulardan har biri niyati buzuq isyonkorga aylanib qolish ehtimoli bor edi.
Shunday qilib, har birining zimmasida tayinli vazifa bo‘lishi va har biri bu vazifaning bajarilishi xususida hisobot berishga majburligi uchun butun quyonlar qavmi va, ayniqsa, qirollik xizmatida bo‘lgan quyonlar ortidan ayg‘oqchilar qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Ammo qirollik xizmatida bo‘lganlar orasida Qirol to‘la ishonadigan quyonlar ozchilik emas edi. Bular unga hokimiyatni o‘z qo‘liga olishida yaqindan yordam bergan o‘smirlikdagi do‘stlari edi.
Garchi Qirol ularga ishonch ko‘zi bilan qarasa-da, oxir-oqibat, bu quyonlar ortidan ham ayg‘oqchi qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Uning endigi ahvoliga xos murakkablik shunda ediki, u anavi-manavi quyonlarning ortidan ayg‘oqchi qo‘yilmasin, chunki ularga ishonaman, deyolmas edi. Bu barchaga baravar taalluqli Qonun talablariga mutlaqo xilof edi.
– Men o‘zimni istisno qilmayman, – derdi Qirol Himoya Boshlig‘iga, – agar men o‘zimning qonuniy hokimiyatimga xavf tug‘dirayotgan bo‘lsam, boshqalar qatori meni ham jazolang!
– Qani xavf tug‘dirishga urinib ko‘ring-chi, – tahdidomuz derdi unga Himoya Boshlig‘i va bu gap Qirolni anchagina xotirjam qilardi.
Agar yashirin kuzatish haqida qonun qabul qilinsa, bu qonun barchaga baravar taalluqli bo‘lmog‘i kerak, deb o‘ylardi Qirol. Agar qirollik xizmatidagi barcha quyonlar ayg‘oqchi kuzatishi kerak va kerak bo‘lmaganlarga ajratilsa, bu hol kuzatuvchilar tasavvurida ishonsa bo‘ladigan va ishonib bo‘lmaydigan quyonlar xususidagi g‘oyat qo‘pol, mutlaqo xato fikrlar uyg‘otishi mumkin. Aslida hammasi ancha murakkab, haqiqat esa, xatarli darajada harakatchan edi.
Orqasidan kuzatilayotganlar orqasidan kuzatilmayotganlar borligini bilgach, bu holdan qattiq xafa bo‘lishlari mumkin. Qarabsizki, ko‘ngillarining tub-tubida Qirolga qarshi isyon ildizlari paydo bo‘lib turibdi.
Bu xavfni orqasidan kuzatilmayotganlar ham tug‘dirishi mumkin. Sababi atrofda hamma kuzatilayotgani, o‘zining esa, kuzatilmayotganini anglagan chog‘da bu holatdan kelib chiqadigan imkoniyatlarni ishga solish xohishi o‘z-o‘zidan tug‘iladi.
Nima bo‘lganda ham, o‘zi ishonadigan o‘smirlikdagi do‘stlari ortidan ayg‘oqchi qo‘yganidan keyin bu ishidan Qirolning vijdoni qiynaldi. O‘smirlikdagi do‘stlari ortidan ayg‘oqchi qo‘yilganini, demak, Qirol ularga ishonmayotganini sezgach, u bilan tortinibroq muomala qiladigan, ya’ni, o‘ylashicha, pismiqroq bo‘lib qolishdi.
Har qalay, ortlariga ayg‘oqchi qo‘yilgan o‘smirlik do‘stlari haqida o‘ylar ekan, har gal u vijdonan qiynalardi va bu holat unga mutlaqo yoqmasdi. Vaqt o‘tgani sayin Qirol o‘smirlik do‘stlari haqida o‘ylaganida nega o‘zida noxush bir kayfiyat uyg‘onishini unutib yubordi.
U faqat o‘smirlik do‘stlari o‘zida qandaydir noxush kayfiyat uyg‘otishini his qilar va bu kayfiyat ularning shubhali darajada tortinchoqligi sababli paydo bo‘lyapti, degan xulosaga kelardi.
O‘zi buni anglamagan holda yoshlikdagi do‘stlarini xushlamasligini ularni kuzatib, ayg‘oqchilik qilayotganlar hisobiga oqlashga urinardi. Ularning hayoti haqidagi axborotlarni tinglar ekan, har safar shubhali bo‘lib ko‘ringan barcha narsaga shunaqangi zo‘r mushtoqlik bilan qiziqish bildirar ediki, ayg‘oqchilar buni sezmasliklari mumkin emasdi. Har bir shubhali jihatlarga Qirolning behad qiziqish bilan qarashini his qilgan ayg‘oqchilar avvaliga beixtiyor, keyinchalik esa, ongli ravishda o‘z chaqimchiliklarida Qirolda katta qiziqish uyg‘otayotgan jihatlarni alohida ta’kidlab ko‘rsata boshladilar.
Qizig‘i shunda ediki, Qirolning o‘smirlik do‘stlari halol-pokiza ekanliklari unga anchagina yordam berar edi. Zotan, bunday vaziyatlarda aynan halol-pokizalar dahshatli tuhmatga uchrashlari nisbatan osonroq kechadi…
O‘zidek boshqa bir jonda adovatli kayfiyat va harakatni topishni kasb qilib olgan jon ertadir-kechdir bunday kayfiyat va harakatlarni aslida yo‘q joydan qidirishga urinmasligi mumkin emas. Uzoq vaqt hech narsani topolmaganidan keyin u o‘z kasb-korining aslida mutlaqo befoydaligini yaqqol his qila boshlaydi.
Ammo nimaga bunday vaziyatlarda nisbatan halol-pokizaroq quyon qattiqroq jabr ko‘radi?
Dushmanlikning hech qanday belgilarini ko‘rsatmaganidan keyin u ayg‘oqchi quyonni ertadir-kechdir o‘ziga qandaydir qabihlikni yopishtirishga majbur qiladi. Bu qabihlik o‘ziga yarasha kattagina bo‘ladi. Nega kattagina deysizmi? Quyonlarning tabiati shunday qurilgan. Ustidan chaqimchilik qilinishi kerak bo‘lgan quyonga u qirollik omboridan ortiqcha sabzini yashirib qoldi deya ayb qo‘yib bo‘lmaydi-da! Bu qandaydir bema’ni va mayda ish bo‘lar edi. O‘z vijdoni oldida ayg‘oqchilikning pastarin ishligini oqlash uchun ay-g‘oqchi quyon o‘ylab topilgan qilmishni yetarli darajada kattagina qilib ko‘rsatadi. Bu o‘z qadrini baland tutishda o‘ziga ham qo‘l keladi. Ayg‘oqchi Quyon boshqa halol bir quyonning bo‘yniga Qirolga qarshi til biriktirishdek ulkan aybni qo‘yishi qayoqda-yu, unga omborga topshirilmagan ortiqcha sabzidek kichkinagina aybni qo‘yishi qayoqda.
Quyonlar ruhiyati shunday antiqa qurilganki, chaqimchi quyonga begunoh quyonning qirollik omboridan sabzi o‘g‘irlaganini isbotlashga nisbatan Qirolga qarshi til biriktirganini isbotlash osonroq.
Bu o‘rinda o‘zi ma’lumot yetkazayotgan boshliq “Xo‘sh, uning sabzi o‘g‘irlayotganini kim ko‘rgan o‘zi?” deb bemalol so‘rashi mumkin. Ana shunda chaqimchi quyon ishonchli dalillarni keltirishi kerak bo‘ladi.
Basharti chaqimchi quyon boshlig‘iga u yoki bu quyonni Qirolga qarshi til biriktirishda ayblab ma’lumot bergudek bo‘lsa, boshliq “Til biriktirishni ko‘rsatuvchi dalillaring bormi?” deb so‘ramasligi ham mumkin.
Nega so‘ramasligi mumkin? Shunchaki quyonlar ruhiyati shunday qurilgan. Qandaydir quyon davlat to‘ntarishini tayyorlashda ayblab turilganida bunday aybning aslida bor-yo‘qligiga dalil talab qilish quyonlarda o‘taketgan beadablik hisoblanadi. Qirolga sadoqat yoki xiyonatdek nozik masala qaralayotganda qandaydir dag‘al ko‘rinarli daliliy ashyo. Quyonlar nuqtai nazaridan bu yaxshi emas va hatto yaramaslikdir.
Shunga ham ajablanmaslik kerakki, o‘z boshlig‘i u yoki bu quyonning xiyonatiga isbot talab qilgudek bo‘lsa, chaqimchi quyon vatanparvarlarcha g‘azab o‘tida yonib “Nima, sen xiyonat ro‘y berayotganiga ishonmaysanmi hali?! Sening o‘zing ham xoinlarning sherigi bo‘lmagin tag‘in?!” qabilida qarshi hujumga o‘tib qolishi mumkin.
Quyonlar qirolligida vatanparvarlarcha qahr-g‘azab oloviga giriftor bo‘lish hammasidan dahshatliroqdir. Quyonlar odatiga ko‘ra, vatanparvarlarcha qahr-g‘azab hamisha va hamma joyda rag‘batlantirilishi kerak. Quyonlar qirolligidagi har bir quyon fidoyilarcha qahr-g‘azabini namoyish qilayotgan paytda o‘zining fidokorona qahr-g‘azabi yo‘naltirilgan quyonga nisbatan darrov bir bahya yuksalib qolar edi.
Vatanparvarlarcha qahr-g‘azabga qarshi yagona qurol – vatanparvarligu qahr-g‘azabni o‘sha vatanparvardan ham bir bahya oshirishdir. Ammo bu ishni eplash ko‘p hollarda mumkin emas. Chunki buning uchun tayyorgarlik ko‘rib yetarli kuch to‘plash talab etiladi. Ayni lahzalarda o‘zining vatanparvarlarcha qahr-g‘azabi bilan senga tahdid qilib turgan quyondan oshirib vatanparvarlik ko‘rsatish deyarli imkon doirasidan tashqaridagi ishdir.
Yuqorida bayon qilingan sabablarga ko‘ra chaqimchi quyonlarning boshliqlari u yoki bu quyonning Qirolga xiyonati xususida gap ketganida dalil-isbot talab qilishga jur’at etolmasdi.
O‘zining sobiq do‘stlariga nisbatan nohaqlik sodir etib, Qirol ularning bu nohaqlik qasosini olishga urinishini dil-dildan his qilar edi. Shuning uchun ularning xiyonatkorligi haqidagi ma’lumotlar kela boshlaganida u bu ma’lumotlarni chanqoqlik va ichki qoniqish bilan kutib olar edi. Tez orada Qirol atrofida Shoirdan boshqa hech kim qolmadi. U esa, nima qildi?
Avvaliga u Qirolga ulug‘ orzularini eslatdi. Qirol har gal hammasini yaxshi eslayman, lekin hozircha, afsuski, taxt atrofida doiraning ichida olmaxondek chirpirak bo‘lib aylanishga majburman, deb javob qildi. Bundan tashqari, u quyonlar umumiy o‘rta ta’limining vaqti-soati kelganida tayyor turishi uchun yana bir necha kattaroq idishda siyoh tayyorlashni buyurdi.
Shoir dastlab vijdonan qiynaldi va u aqalli bevosita Qirolni sharaflovchi hech nima yozmaslikka ahd qildi. Ammo o‘zi, eng muhimi, tobora kattalashib borayotgan oilasi yomon o‘rganib qolgan saroy hayoti, to‘kin-sochinlikka etak silkib ketishga nimadir xalaqit qilardi.
– Axir Qirol kelajak uchun nimadir qilyapti-ku, – derdi Shoirning xotini, – ana, qirollik omborida siyoh to‘lg‘azilgan yangi idishlar turibdi-ku.
– Kutish hamda kuzatishga to‘g‘ri keladi, – o‘ziga tasalli berdi Shoir va qo‘lidan kelgan ishini qildi, ya’ni, Qirolni ulug‘lovchi she’rlar yozmadi.
Qirol o‘z do‘stlarini yo‘qotib boshlaganida Shoir vijdon azobidan tashqari dahshatli qo‘rquvni ham his qiladigan bo‘ldi.
U Qirol xavf-xatarni oshirib ko‘rsatyapti, ammo, aftidan, tutunsiz olov bo‘lmaydi, axir, uni, Shoirni qamashmayapti, boshqa quyonlarga o‘xshab quloqlaridan osmayapti-ku deb o‘ylardi.
Kunlardan bir kuni Qirol uni tungi bazmga taklif qildi. U yerda quvvat baxsh etuvchi ichimliklar ichib, saroy raqqosalari davrasida xursandchilik qilishdi. Qirolning jahlini chiqarmaslik uchun Shoirning boshqalar qatori xursandchilik qilishiga to‘g‘ri keldi. Sirasini aytganda, Qirolning o‘zi kutilmaganda uni zaptiga olayotgan vijdon azobidan xalos etdi:
– Oh, bir kunmas-bir kun shoir bizning boplab adabimizni beradi-da, – hazilomuz dedi Qirol bazm avjida.
U o‘zi bilmagani holda Shoir qalbiga ulug‘ niyatni jo qilgan edi. Bundan buyon butun hayotini Qirolning kirdikorlarini fosh qiladigan “G‘azab bo‘roni” otashin dostonini yozishga ahd qildi. Va darrov o‘zini yengil his qildi.
Shundan buyon u Qirolning bironta gunohkorona bazmlarini xoli qoldirmaydigan bo‘ldi. Fosh etish teran va har tomonlama bo‘lishi uchun hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishim kerak-ku, deya o‘zini o‘zi oqladi.
– Menga nima, men uchun bularning hammasi hayotiy manba-da, – derdi u quvvat baxsh etuvchi sharbatni ichib, saroy raqqosasini quchar ekan.
Shoir keyinchalik o‘tkir hajviy qalami bilan fosh etishga chog‘langan hayotiy manbaga juda tez o‘rganib ketdi. Gohida o‘zi bir karra his qilgan o‘sha pastarin xohishni yana va yana his qilishga intiladigan bo‘lib qolayotgani uni ajablantirardi. Hali-hanuz Qirolning axloqiy tubanlashishidagi qandaydir nozik jihatlarni yetarli his qilolmayotgandek tuyulardi unga.
Har qalay, u o‘zining “G‘azab bo‘roni” hajviy dostonini yozishga astoydil tayyorgarlik ko‘rardi. U saroy hayotini tark etgan zahoti dostonni boshlashni o‘ylardi. Qirolning tubanlashuvidagi barcha jihatlarni o‘rganib bo‘lganidan keyingina saroyni tark etmoqchi edi. Saroy hayotining jamiki imtiyozlaridan o‘zi ham foydalana turib dostonni boshlash odobdan emas deb hisoblardi.
Shuning uchun u vaqtni boy bermasdan o‘zining bo‘lajak fosh qiluvchi dostonining she’riy ohangini ishlab chiqishga ahd qildi. So‘zsiz ohang ustida ishlash unga xush yoqib qoldi. Bir tomondan, uning ko‘nglidagi qahr-g‘azab alangasi behuda ketmasdi, ikkinchi tomondan esa, uning mazmunini saroy ayg‘oqchilari bilolmasdan dog‘da qolardilar. U qandaydir ohangni yaratib, yaproqqa yozib, keyinchalik esidan chiqarib qo‘ymasligi uchun ustiga kelajakda dostonning qayeriga qo‘yishini belgilab, qutiga yashirib qo‘yadigan bo‘ldi. Ba’zan u bu ohangni Qirolga kuylab berar, Qirol har bir yangi ohangining ohorliligi va jo‘shqinligini hamisha qizg‘in qo‘llab-quvvatlardi.
Kunlardan bir kuni u Qirolning quyonlar umumiy o‘rta ta’limi borasida sustkashlik qilayotgani xususidagi o‘z g‘azabini ifodalovchi ohangni kuylab berdi.
Ohangni ma’qullab, Qirol shunday dedi:
– Senga yaxshi, sen to‘ppa-to‘g‘ri Xudo bilan gaplashasan, menga bo‘lsa, quyonlar bilan ish ko‘rishimga to‘g‘ri keladi. Men sendan bu ohangni soliqni o‘z vaqtida to‘lamayotgan quyonlarni keskin tanqid qiluvchi ohang bilan boyitishingni so‘rayman, xo‘pmi?
O‘z ohangining mazmun-mohiyatiga butunlay teskari keluvchi bunday iltimosni eshitib, Shoir avvaliga andak kalovlandi, keyin Qirolning iltimosini bajarishga rozi bo‘ldi. Chunki unga Qirol nimadandir shubhalanayotgandek tuyulgan va shu yo‘l bilan shubhaga o‘rin qoldirmaslikka ahd qilgan edi. U iniga keldi-da, buyurtma qilingan she’rni yozdi.
Har qalay, sidqidil g‘azabning ohangi zo‘rma-zo‘raki g‘azab yo‘lida foydalanilgani Shoir qalbida yana-da kuchliroq darg‘azab ohanglarning yangi to‘lqinini paydo qildi-da, uni yozib, uzil-kesil xotirjam bo‘ldi. Odatdagidek, u sinchkov ko‘zlarni shamg‘alat qilish uchun ohang bitilgan yaproq ustiga “… haqida takroriy g‘azab” deya sarlavha qo‘ydi.
– Meni bunday tahqirlash Qirolga qimmatga tushadi hali, – dedi u o‘ziga o‘zi, takroriy g‘azab ohangini so‘zlar bilan to‘ldirganida Qirolni qanchalik kuch bilan fosh etishini o‘zicha tasavvur qilib.
Endi har gal Qirol bunday betakalluf iltimoslari bilan uning ilohiy, ha mayli, ilohiy bo‘lmasa ham, har qalay, adolatli ohanglarini tahqirlaganida Shoir qalbida isyonning yangi ohangi tug‘ilar va u “G‘azab bo‘roni” dostonidan tashqari Qirolni fosh etuvchi yana-da zaharxandaliroq she’rlar yozishni diliga tugib qo‘yar edi. Binobarin, endi Qirolga yangi ohangini kuylab berar ekan, u muayyan ichki qoniqish bilan yangi tahqirlovchi topshiriqlarni kutib qolar edi.
Darvoqe, bunday tahqirlovchi topshiriqlardan birini bajarish chog‘ida u patqalamning ustki boshini g‘ajib o‘tirib tasodifan marjon sharbatini achitib tayyorlangan siyohni ichiga tortdi va o‘zida ilhom holatini his qildi. Keyinchalik, yuqorida aytib o‘tganimizdek, uning kashfiyoti butun quyonlar qavmiga yaxshigina qo‘l keldi.
Nihoyat, u dostonni boshlash uchun saroydan ketishga qat’iy ahd qildi, lekin shunda xotini tag‘in yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi. U dediki, senga hozir saroydan ketish ayni muddao, chunki o‘zingning eng yaxshi yillaringni yashab bo‘lgansan, biroq endigina balog‘at yoshiga yetib saroyda ish boshlagan o‘g‘lingning mansab pillapoyalaridan yuksalish imkoniyati endigina ochilib kelayotganida holi ne kechadi, xo‘sh?
– O‘g‘lingning kelajagini ta’minlab qo‘y, ana undan keyin to‘rt tomoning qibla, – dedi xotini, – hozircha ohanglaringni yig‘ishtirib tura tur…
Va u o‘g‘lini Qirollik Himoyasiga ishga qo‘ydi. Bu xususda Himoyachilar Boshlig‘iga o‘z sha’nini tahqirlovchi iltimoslar qilishga to‘g‘ri keldi. Holbuki o‘zi o‘sha quyonni toshbag‘irligi uchun jinidan battar yomon ko‘rar, u ham o‘z navbatida Shoirni she’rlari uchun unchalik xush ko‘rmasdi.
Ammo shundan keyin ham u saroyni tashlab ketolmadi. Qaysar xotini jazavaga tushib u orzu qilayotgan she’riy xilvat saroy doirasidagi quyonlarga turmushga chiqishga chog‘lanib turgan qizlari uchun ma’qul joy emas emasligini uqtirishga o‘tdi.
– Avval qizlarimizni obro‘li joylarga uzataylik, – deya uvvos solib yig‘lay turib qistovga oldi xotini, – sen hozircha ohangingni yig‘ishtirib, ohangjamangni qo‘yib tur!
– Men axir ohangni keragicha yig‘ib bo‘ldim-ku, – xotinini insofga keltirishga urindi u.
Ammo xotinini insofga keltirishni bironta shoir uddalayolmagan! Binobarin, unga qizlari turmushga chiqishlarini kutishga to‘g‘ri keldi. Bu vaqt ichida esa, u, garchi Qirolning jinoyatkorona qilmishlarida o‘sha-o‘sha ishtirok etmasa-da, turli xil bazmi jamshidlarida qatnashdi.
Ayni shu chog‘da Qirol shubhali quyonlarni yig‘ishtirib tashlashning, uning nazarida, makkorona usulini o‘ylab topdi. Gap shundaki, go‘shtxo‘r bo‘lmagan quyonlar qirolligida o‘lim jazosi yo‘q edi. Barcha shubhali quyonlarni ilonlar yordamida yo‘q qilishning esa, tashvishlari ko‘p edi. Mana, u nimani o‘ylab topdi!
U Qari Donishmand Quyon mansabiga har yili tanlov e’lon qiladigan bo‘ldi. Ma’lumki, Qari Donishmand Quyon Sabzi daraxtining tagida turganida boshiga mevasi tushib miya chayqalishi kasaliga giriftor bo‘lganidan keyin shu mansabga o‘tirgan edi. Miya chayqalishi kasaliga uchragan bu quyon kallasida chayqaladigan narsa borligini har bob bilan isbotlaganidan keyingina bu mansabga tayinlangan edi.
O‘shandan buyon Qirol shubhali quyonlarni (quyonlar boshqaruvini yana-da takomillashtirishga talabgor bo‘lib chiqqan quyonlar uning nazdida shubhali shaxslar edi) Qari Donishmand Quyon mansabiga tanlovda qatnashishga majbur qilar edi.
– Ko‘ramiz, – derdi u, – agar aynan siz ayni chog‘da Qari Donishmand Quyon ekaningiz isbotlangudek bo‘lsa, ana o‘shanda biz sizning amaliy takliflaringizni jiddiy o‘ylab ko‘ramiz.
Qari Donishmand Quyon mansabiga talabgor quyonlarni Sabzi daraxti tagiga turg‘azib qo‘yilib, daraxt qattiq silkitilar edi, toki to‘kilayotgan mevalar yordamida raqiblarda miya chayqalishi hosil qilinsin.
Odatda bir necha quyonlar mevaning to‘ppa-to‘g‘ri miyaga kelib urilishi oqibatida o‘lib ketardilar. Tirik qolgan quyonlar g‘oliblar orasidagi tanlovni davom ettirardilar. Oxir-oqibat, eng so‘nggi quyon qolganida yoki u Qari Donishmand Quyon mansabiga da’vosidan butkul voz kechardi, yoki, agar u voz kechmasa, saroy tabibi u miya chayqalishi kasaliga shunday bir oddiygina sababga ko‘ra uchramadiki, kallasida chayqaladigan narsaning o‘zi yo‘q, deb tashxis qo‘yar edi.
Shoir quyonlarning soddadillarcha shuhratparastligi ustidan bundayin haqoratni nafaqat xush ko‘rmasdi, hattoki shafqatsizlarcha sodir etilayotgan ayanchli manzarani yig‘lab tomosha qilardi. Saroy quyonlari uning ta’sirchan qalbiga jarohat yetkazmaslik umidida ba’zan Shoirni Sabzi daraxtidan chekkaroqqa olib ketmoqchi bo‘lardilar, ammo u ho‘ng-ho‘ng yig‘lagan ko‘yi qaysarlik bilan ketmay turib olardi.
– Yo‘q, – derdi u, – men bu kosadagi zahar-zaqqumni so‘nggi tomchisiga qadar sipqormog‘im kerak!
Ayni chog‘da, ko‘z yoshlarini artar ekan, aftidan, bo‘ron qushi qanotlarining taskinbaxsh epkinini kutib, bir lahza osmonga ham ko‘z tashlashga ulgurar edi.
Shunisi qiziqki, yillik tanlov chog‘ida, Sabzi daraxti qattiq silkitilayotgan paytda hech kimda shubha uyg‘otmaydigan ayrim quyonlar ham o‘z ixtiyorlari bilan meva to‘kilayotgan maydonga boshlarini urar, o‘zlarida Qari Donishmand Quyon mansabiga munosib aql-donish topilib qolishidan umidvor bo‘lishardi.
Aql-donishni aniqlashning bunday ayanchli manzaralarini kuzatar ekan, Shoir nafaqat isyon bo‘ronini aks ettiruvchi ohanglar yaratardi, balki o‘z mavqeiga xavf tug‘dirib uning boshlanishiga aniq-tiniq matn ham yozdi. Ishongan do‘stlarining tor doirasida Shoir uni ba’zan o‘qirdi ham:
Jahon uzra gurilla, bo‘ron,
Sabzi daraxtini qo‘porib tashla!
Ushbu satrlarni o‘qigach, u satrlar bitilgan yaproqni g‘aladonga jimgina yashirardi. Qattiq ta’sirlangan do‘stlari esa, bosh chayqab va bu bilan she’rning bitilgan qismi zamiridagi aql bovar qilmas jasoratni tushunganlarini anglatib bir-birlariga qarashardi.
– Axir Sabzi daraxti saroy qoshida o‘sib turibdi-ku! – nihoyat, anglab yetardi ulardan biri.
– Hamma gap mana shunda-da, – qo‘shimcha qilardi boshqasi.
Sirasini aytganda, aql bovar qilmas jasorat shu bilan tugab bitdi. Shoir toki tungi bazmlarning jamiki noz-ne’matlaridan foydalanib saroyda qolar ekan, u o‘zini Qirolga qarshi bosh ko‘tarish uchun hech qanday huquqqa ega emas deb hisoblardi (etarli asoslarga ega bo‘lgan holda)!
Mana, nihoyat, qizlari ham turmushga chiqdilar, lekin shu zahoti yangi to‘siq paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, qirol himoyasining xodimiga, ya’ni, o‘g‘liga himoya sirlaridan voqif quyon sifatida chetlatilgan yoxud, ayniqsa, o‘z ixtiyori bilan saroy hududidan tashqariga chiqib ketgan qarindoshga ega bo‘lish mumkin emas ekan!
O‘g‘liga himoya ishlaridan ketishga yordamlashish va uni xazinaga ishga o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Bunga ham yana bir yil ketdi.
Shunda yana ma’lum bo‘ldiki, bir yildan keyin Qirolga sadoqat bilan xizmat qilayotganiga yigirma yil to‘lar ekan va qirollik qonuniga ko‘ra, u “Qirollikning Birinchi Shoiri” unvonini olishi kerak ekan. Bunday unvonning tirikligida hech nafi yo‘q edi, chunki allaqachon hamma narsasi bor, ammo o‘lganidan keyin unga qirollikning eng e’tiborli quyonlari qatorida Qirol Qabristoniga ko‘milish huquqini berar edi.
Shundoqqina ayni faxrli unvonni olish arafasida saroydan uzoqlashish misli ko‘rilmagan shakkoklik bo‘lar edi. Unvonni olganidan keyin ketish esa, yuzsizlarcha noshukurlik deb tushunilar edi. Xullas, u yana bir necha yil saroyda qoldi.
Endi u qarib qolgan edi. Ammo, baribir, o‘z ijodiy niyatidan voz kechsa, bunday hayotga chidab bo‘lmaydigandek tuyulardi. Kunlardan bir kuni bo‘lajak “G‘azab bo‘roni” dostoni ohanglari yozilgan qurigan yaproqlarni qayta taxlab o‘tirib u miyig‘ida kuldi.
– Ha, nima gap? – so‘radi qirollik omboridan oziq-ovqat olib kelib, hali nafas rostlab ulgurmagan xotini.
– Shunchaki o‘zim, – dedi u ohanglari yozilgan sarg‘ish yaproqlar titilib ketmasligi uchun avaylab taxlar ekan, – mening ohanglarim zaxirasi Qirolning siyohlari zaxirasini eslatyapti.
– Bu dunyoda o‘xshashliklar ko‘p, – dedi xotini qirollik omboridan olib kelgan yangi oziq-ovqat mahsulotlarini tartib bilan terib qo‘yar ekan.
Ha, shunda shoir tushundiki, oila – eng jiddiy to‘siq emas. Albatta, xotini saroy omboridan beriladigan mahsulotdan mahrum bo‘lganida ozgina dod-voy qilardi, lekin uni to‘xtatib qolmasdi. To‘siq uning o‘zida, o‘z ichida edi. U o‘lim haqida o‘ylaydigan darajada qarib qolgan edi. Basharti saroyda qolgan holda o‘lsa, Qirol Qabristoniga o‘ziga yetgulik as’asa-dabdaba bilan ko‘milishini bilardi. Albatta, saroydan ketgan taqdirda ham rasman shunday huquqqa ega bo‘lib qolaverardi. Ammo tag‘in kim biladi deysiz, hammasi Qirolning bu voz kechib ketishni qanday qabul qilishiga bog‘liq-da.
Qanaqangi fojiali ziddiyat bu, deb o‘ylarda u gohida, o‘zimdan boshqa hech kim mening jasadimga munosib dafn marosimini ta’minlashga yordam berolmaydi.
– Agar ilojim bo‘lsa edi, – derdi u xotiniga, – o‘zimni dabdaba bilan ko‘mib bo‘lib, keyin saroydan ketardim-da, dostonimni xotirjamgina yozardim.
– Aslo xavotirlanma, – javob qilardi xotini, – seni hurmatingni joyiga qo‘yib dafn qilishadi…
– Agar saroyda qolsam, albatta, dafn qilishadi, – derdi Shoir, – biroq biz saroyni tark etmoqchimiz-ku… Avval o‘zimni ko‘ngildagidek dafn qilsam, so‘ng “G‘azab bo‘roni” dostonini yozsam, ana undan keyin xotirjamgina o‘lsam, zo‘r ish bo‘lardi-da…
– Sen juda ko‘p narsani orzu qilyapsan, – derdi xotini, – boshqa quyonlar uchun bunday ajoyib, sarxush qiladigan sharbatni kashf qilganining o‘ziyoq butun umriga yetgan bo‘lardi… Sen qavmimiz uchun ko‘p ishlar qilib ulgurding, endi boshqalar ham jon kuydirishsin-da…
– Umid qilamizki, bir nimani amalga oshirdim, – derdi Shoir, o‘zining bo‘lajak jasadini qanday qilib qulayroq joylashtirishni o‘ylab, ayni chog‘da g‘amgin o‘ylaridan yangi she’riy ohang topmoqqa urinib.
Ahvoli shunaqangi tang ediki, u ba’zida ma’yus xayollarga borardi. Goho qani endi o‘zimni o‘likka solsam, Qirol Qabristoniga dafn qilishlariga yo‘l bersam, ana undan keyin oliymaqom sag‘anamni yashirincha tark etib, chakalakzorga bosh olib ketsam-da, u yerda dostonimni bamaylixotir yozsam deb o‘ylardi.
Biroq bu ishning qanchalik xatarli ekanligini tushunishga uning aqli yetardi. Amalga oshgan taqdirda ham, bunday sag‘ananing omonatligi haqidagi fikr unga azob berardi. Albatta, boshqalar uni ajoyib sag‘anasida yotibdi deb o‘ylardi. Ammo bunday emasligini o‘zi biladi-ku. Modomiki u o‘sha ajoyib sag‘anada yotmas ekan, demak, aslini olganda, bu sag‘ana unga tegishli emas-ku.
Bu fojiaviy ziddiyatdan qutulish yo‘lini topa olmagan ko‘yi Shoir xastalikka chalinib, kunlardan bir kuni vafot etdi-ketdi. O‘lim ostonasida Qirol o‘z a’yonlari bilan uni ko‘rishga keldi. Sog‘ayishini tilab, agar vafot etgudek bo‘lsa, dafn marosimini yuksak darajada tashkil etishiga ishora qildi.
Qirol o‘z va’dasining ustidan chiqdi.
Shoirning jasadi tepasida Gulkaram tasvirlangan bayroqlar egilib turardi. Qirolning o‘zi va barcha O‘ringa Qo‘yilganlar esa, faxriy qorovul bo‘lib turishar, yosh quyonlar Qirollikning Birinchi Shoiri she’rlaridan namunalar o‘qishardi.
Uni Qirol Qabristoniga dafn qilishdi. Bo‘lajak dostonning ohanglari bitilgan yaproqlar dastasi esa, qirollik arxiviga o‘tkazildi. Qirollikning Bosh Olimi bo‘lajak dostonning barcha ohanglari zamiridagi ma’nolarni ochdi va qirollik she’riyati tazkirasidan ularning har biriga mos she’r topdi.
Masalan, “…sustkashligiga qarshi g‘azab” deya qisqa nomlangan ohangga u tomorqa solig‘ini to‘lamaydiganlar tanqid qilinuvchi she’r topdi. “… xususida takroriy g‘azab” deb nomlangan ohangga esa, yana o‘shalarni, ehtimolki, butunlay tomorqa solig‘ini to‘lamaydiganlarni tanqid qiluvchi she’r topdi.
Xullas, bizning fojiaviy omadsizimizning barcha ohanglari shunday jo‘n talqin qilindiki, bu keyingi quyonlar avlodlariga Quyonlarning Birinchi Shoiri anchagina no‘noq nazmboz bo‘lgan ekan, deb o‘ylashlariga qulaygina imkoniyat yaratdi.
To‘g‘ri, nisbatan bilimliroq she’r ishqibozlari ham bor ediki, ular Shoir ilohiy she’rlar bitgan dastlabki davr bo‘lgan, faqatgina keyinchalik Qirolning ta’siri ostida rasvo she’rlar yoza boshlagan, deya ta’kidlardilar.
Ammo boshqa, yana-da nozikta’broq bilimdonlar (ehtimolki, yana-da ustaroq g‘iybatchilar) uning dastlabki she’rlarida ham haqiqat kuchiga ishonchsizlik bilan qarash mavjud derdilar. Ya’ni, ular haqiqatning g‘olib va mustaqil qadriyat ekaniga shubhalanib qarashni nazarda tutardilar. Holbuki ayni shu ishonch har qanday ijodning mustahkamligi va yashovchanligini belgilovchi yagona alomatdir. Shoir qalbida aynan shu ishonchning yo‘qligi, ularning nazarida, keyinchalik iste’dodini shu qadar achinarli inqirozga olib kelgan.
Afsuski, Shoirning ushbu ilk ijodiy faoliyati mahsullari bo‘lgan bahsli yoki bahssiz she’rlari bizning qo‘limizga kelib tushmagan. Demak, bu masalada bizning shaxsiy fikrimiz yo‘q. Biz shunchaki keyingi tadqiqotchilar fikrlarini qayd etmoqdamiz, toki ushbu masalalar bilan qiziquvchilar shunday har xil fikrlar borligi xususida tasavvur hosil qilsinlar.
Zotan, bularning barchasi quyonlar qirolligi tarixining nisbatan keyingi davriga taalluqlidir. Bizning mavzumiz – bu, aslini olganda, Gulkaramni kutayotgan quyonlar qirolligining ayni gullab-yashnagan davridir.
…Endi biz hikoya qilishni to‘xtatib qo‘ygan voqealarga qaytamiz. O‘sha kunning ertasiga chakalakzor o‘rtasida quvnoq qo‘shiq yangradi:
Qandaydir o‘ychan,
Tepalikda o‘tiribdi.
Pam-pam, pam-pam, pam-pam-pa!
Va Ba-ba-ba-qa Botqog‘i!
Ammo bo‘ron baribir boshlanayapti!
Tabiiyki, bu Topqirning ovozi edi. U o‘zining soddagina satrlarini bir necha bor aytib ulgurgan, ammo hech kim parvo qilmasdi. Qaytaga shunisi yaxshi, o‘yladi O‘ychan quvonib, men bu qo‘shiqni shunaqangi chalkashtirib tashladimki, shaytonning ham aqli shoshib qoladi. O‘zboshimchalik qilib uchinchi satrdagi asosiy so‘z “ko‘rinadi”ni tushirib qoldirganim ham yomon bo‘lmadi… Ana endi tushunib ko‘rishsin: kim o‘ychan, nima haqida o‘ylayapti, uning o‘ylarining kimga nechchi pullik qizig‘i bor?!.
Qo‘shig‘ini yana bir marta aytdi hamki, na o‘t-o‘lanlar, na shox-shabbalar orasida tanini titroqqa soluvchi tanish vishillash eshitilmadi. Xotirjam bo‘lib, yana-da tezroq yurib ketdi. Qanchalik tezroq yursam, shunchalik Xolis So‘qmoqdan tezroq o‘taman, qolaversa, biron ilon qo‘shig‘imning nima haqida ekanini bilolmaydi, deb o‘yladi Topqir. O‘zining topqirligiga yana bir karra qoyil qoldi. Endi u qo‘shiq aytgan ko‘yi yurmadi, o‘qtin-o‘qtin sakrab-sakrab yugura ketdi. Faqat ba’zan nafas rostlagani va qo‘shig‘ining havoga uchib ketayotganiga qanoat hosil qilgani bir muddatga to‘xtardi.
Keyingi gal Topqir Xolis So‘qmoq yonida o‘sib turgan yovvoyi nok daraxtining tagida to‘xtadi. Bu yerda nafas rostlashdan tashqari, daraxtdan to‘kilgan, lekin qobonlar yeb ulgurmagan noklarni tanovul qilmoqchi bo‘ldi.
Ayni shu paytda ikki maymun – ona-maymun va bola-maymuncha dumlari bilan yuqori shoxlardan biriga osilib olib, daraxtda salanglab turishardi. Topqirning yaqinlashib kelayotgan qo‘shig‘ini tinglab, ona-maymun salanglashdan taqqa to‘xtadi va bezovtalanib qo‘shiq mazmuniga quloq tutdi. Bola-maymuncha ham qulog‘ini ding qildi.
– Yana quyonlar Qiroli kimnidir ilonlarga sottiryapti, – dedi ona-maymun, – ovozi qanchalik sovuq eshitilishini-chi bu Jarchi sotqinning.
– “Ba-ba-ba-qa Botqog‘i” nima? – so‘radi bola-maymuncha.
– “Baqalar Botqog‘i”-da! – dedi ona-maymun tag‘in dumiga osilgancha salanglar ekan. – Tasalli shundaki (va tebranish kuchini oshirish uchun salanglagancha ikki qo‘lini siltadi), bu yerda ularni, anovi Jarchi sotqinlarni qancha ko‘rgan bo‘lsam, ular fe’llariga yarasha jazolarini olib o‘z qurbonlarining ortlaridan (tag‘in bir marta tebranish kuchini oshirish uchun qo‘l siltadi) o‘zlari ham asfalasofilinga ketganlar.
– Bundan chiqdi, sotish – o‘ldirish ekan-da, a? – so‘radi bola-maymuncha, – Boshqa birovning qo‘li bilan o‘ldirish…
– Ha, – ma’qulladi kerakli tebranish tezligini qo‘lga kiritgan ona-maymun. – Mahalliy xalq aytganidek, o‘z yaqinini begonaning qo‘li bilan o‘ldirish deydilar buni!.. Ana endi menga qarab tur! Ko‘ryapsanmi, men gavdamni qanchalik erkin tutib turibman. Eng baland nuqtaga siltanib chiqqaningdan keyin dumingni tushirasan-da, hech nimani o‘ylamay o‘zingni pastga otasan. Kerakli shoxga uchib borgach, yengil bir harakat bilan unga dum tashlaysan. O‘zing tag‘in uchishda davom etasan. Duming shoxga o‘ralib qoladi. Qarabsanki, sen tag‘in salanglab turibsan-da.
– Nimagadir mening dumim tutib qolmay, yerga yiqilib tushaveraman-ku, – dedi bola-maymuncha.
– Chunki sen uchayotganingda qo‘rqqaningdan qo‘ling bilan mo‘rt shoxlarga yopishmoqchi bo‘lasan, – tushuntirdi ona-maymun. – Qarabsanki, na qo‘ling, na duming ish beradi. Yodingda tut, pastga tushishda hamma gap uchish tezligida. Yiqilishdan qo‘rqma. Muhimi – tezlikda. Bir, – dedi u siltanishni kuchaytirib, ayni chog‘da, jismini bo‘sh qo‘yib va shu bilan o‘zining chaqqonligini namoyish qilib, – ikki, uch…
Ona maymun avzoyidagi shu yerlik ayollar hayvon junidan kiyim to‘qiyotgan paytidagidek xotirjamlik bilan pastga ucha ketdi. Bir payt dumi kerakli shoxga mahkam o‘raldi-da, o‘zi tag‘in butun og‘irligi bilan pastga salanglab osildi-qoldi.
– Tushunarlimi? – pastda salanglagan ko‘yi bolasiga qarar ekan, so‘radi ona-maymun.
– Tushunarli, – dedi bolasi o‘ziga bir qadar ishonchsizlik bilan, pastga – onasi salanglab turgan joyga va undan ham pastroqqa – ona-maymun dumi bilan osilgani sabab yerga duvva to‘kilgan noklarni terib yeb, daraxt soyasida yurgan Topqirga qarab.
Nokni yeb bo‘lgach, Topqir o‘ynoqlagan maymunlarga havas bilan tikildi. Ularga maza, o‘yladi mahzunlik bilan, shoxdan shoxga sakrab o‘ynaydilar, hech qanday qo‘shiq aytish tashvishlari yo‘q, Qirolning topshirig‘i yo‘q!
– Xo‘sh, senga kim xalaqit qilyapti? – kutilmaganda ichidan chiqqan bir ovoz quloqlariga chalindi.
– Kim deganing nimasi? – so‘radi u bu antiqa holdan ajablangancha ovozini balandlatib. – Modomiki tabiat meni Topqir qilib yaratgan ekan, yaxshiroq yashashim uchun topqirlik ko‘rsatishim kerak-ku.
U ichidagi ovoz nima deb javob qilishini kutib qulog‘ini ding qildi, lekin ovoz chiqmadi.
– Endi aqling kirdi, shekilli? – dedi Topqir unga va o‘z yo‘lida davom etdi.
U Xolis So‘qmoqning oxirigacha borib, ortiga qaytdi. Butun yo‘l bo‘yi ichimga qanaqangi iblis kirib oldi ekan deb boshi qotdi. O‘zini battar bezovta-behalovat his qildi. Eng qizig‘i, bu ovoz kutilmaganda bir marta bosh ko‘tardi-da, kutilmaganda tilini tishlab qoldi. Mayli, sen men bilan bahslashmoqchi bo‘lsang bahslash, dedi Topqir unga, aks holda buyog‘i qandoq bo‘ldi? Birdaniga bosh ko‘tarding, tag‘in birdan jim bo‘lib qolding. Ikki o‘rtada kayfiyatimni battar rasvoyi raddi balo qilding. Bor-e, ana, senga qasdma-qasdiga qo‘shig‘imni yana bir marta aytganim bo‘lsin.
Qandaydir o‘ychan,
Tepalikda o‘tiribdi.
Pam-pam, pam-pam, pam-pam-pa!
Va Ba-ba-ba-qa Botqog‘i!
Ammo bo‘ron baribir boshlanayapti!
U qo‘shig‘ini aytib bo‘lib chakalakzorga sergaklik bilan quloq tutdi. Yaqin atrofda hech bir xavfli tovush eshitilmadi. Mayli, qo‘shig‘imni senga bag‘ishlab yana bir marta aytaman, dedi u o‘sha ichidan chiqqan ovozga, ana undan keyin tamom-vassalom, naryog‘iga men ham ozodman!
Kutilmaganda u bir qirqquloq butalar tagida la’nati vishillashni eshitdi. Ilonning ko‘zga ko‘rinmas gavdasi qirqquloq butalari uchlarini chayqatgan ko‘yi sudralib borib daryo tomonga tushdi-ketdi. Kim qayoqqa qarab sudralsa – ixtiyori-da, yuragi shuvillab o‘yladi Topqir o‘zini tinchlashtirish umidida. Yo‘q-yo‘q, men uning aynan o‘sha O‘ychan o‘tirgan tomonga sudralib ketayotganiga ishonmayman! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Bunday bo‘lishiga ishonmasligini o‘ziga o‘zi ko‘rsatib qo‘yish umidida endi qo‘shig‘ini to‘xtovsiz aytishga tushdi.
Ayni chog‘da miyasida fikrlar g‘ujg‘on o‘ynadi. Negayam oddiy quyonlar safiga qaytib keta qolmadim-a, deya afsuslandi. Axir, men oddiy quyonlarga o‘xshab yashayolmasdim-da, deya o‘zini o‘zi ovutdi. Eh, agar Qirolichaning tuhfasini ochko‘zlik qilib yeb qo‘ymaganimda edi, bosh olib ketishim mumkin edi! Eh, Qirol bilan Qirolicha karam yaprog‘ining yarmini yeb qo‘yganimni avval-boshdayoq bilishganini bilganimda edi, bunday taqdirda ham bosh olib ketsam bo‘lardi! Oh, agar, oh, magar… deb o‘yladi Topqir Xolis So‘qmoqdan qo‘shiq aytgan ko‘yi ortiga beto‘xtov qaytar ekan.
Balki o‘sha ilon daryo bilan botqoq qoshidagi tepalik tomonga uning qo‘shig‘ini eshitib emas, o‘zicha ketayotgan bo‘lsa-chi? Ehtimol allaqachon butunlay yo‘nalishini o‘zgartirgandir? Balki O‘ychan o‘ylashga chek qo‘yib, o‘zi o‘tirgan tepalikdan jo‘nab qolgandir?.. Biri biridan mudhishroq o‘ylar iskanjasidan qutulish umidida turlicha xayollarga bordi Topqir. Ana, nok daraxti, dedi o‘ziga o‘zi, agar maymunlar o‘sha-o‘sha daraxt tepasida salanglab turgan bo‘lsalar, bu yerdan ilon o‘rmalab o‘tgan-o‘tmaganini ulardan so‘rab bilaman. Zora ilon allaqachon boshqa tomonlarga burilib ketgan bo‘lsa!
Ayni lahzalarda ham ona-maymun bilan bola-maymuncha daraxt tepasidan yerga sakrash usullarini mashq qilishayotgan edilar. O‘tgan vaqt mobaynida bola daraxtdan sakraganida dumi shoxni tutib qololmay yerga yiqilib tushgan edi. Lat yegan biqinini silagan ko‘yi u onasining sakrash usullarini puxtaroq o‘zlashtirishga qaratilgan tanbehlarini eshitardi.
– Axir men hozir hech bir shoxga qo‘lim bilan yopishib olganim yo‘q edi-ku, nega shunda ham o‘xshamadi? – so‘radi u o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
– Aynan shuning uchun o‘xshamadiki, – tushuntira boshladi ona-maymun dumiga osilib salanglagan ko‘yi bolasiga qarab, – sen tag‘in battarroq qo‘rqib ketding. Shu qadarki, qo‘rqqaningdan duming xodadek qotib qoldi! Holbuki o‘zingni yerga otganingda mutlaqo qo‘rqmasliging, duming ham yumshab, tamomila erkin harakatlanishi kerak… Ana shundagina u gavdangni ko‘tara oladigan darajada shoxga bemalol o‘raladi… Qani, yana bir marta mashq qilib ko‘raylik-chi…
Bola-maymuncha dumini shoxga o‘rab, siltanish uchun endigina qo‘llarini qanotdek yozgan edi, pastdagi Xolis So‘qmoq qoshida o‘rmalab ketayotgan ilonni ko‘rib qoldi.
– Ilon! – qichqirib yubordi u. – Men qo‘rqyapman!
– Daryo tomonga ketyapti, – tushuntirdi ona-maymun.
– Uni anovi Jarchi yo‘llamadimi mabodo?! – so‘radi bola-maymuncha.
– Boshqa kim bo‘lardi, – chuqur xo‘rsindi ona-maymun, – qo‘yaver, u ketadigan joyiga ketib bo‘ldi.
– To‘xtang, oyijon, – yolvordi bola, – men beixtiyor titrab ketyapman… Anovi O‘ychan tepalikda o‘tirgani, u tomonga o‘zining quyonlari yo‘nalish bergan ilon o‘rmalab ketayotganini o‘ylasam, qo‘rqqanimdan dumimgina emas, butun a’zoyi badanim allanechuk karaxt bo‘lyapti…
– Qani, o‘zingni qo‘lga ol-da yana bir marta mashq qil, – dedi ona-maymun, – demak, endi muhimi dumni yumshoqqina tutishda…
Bola-maymuncha nimagadir hech o‘zini qo‘lga ololmasdi. Shu payt kutilmaganda sotqinlik qo‘shig‘ining jarangdor ovozi quloqlarga chalindi. Bu Qirolning Jarchisi Xolis So‘qmoq bo‘ylab to‘xtamasdan ortiga qaytayotganda tinmay aytayotgan qo‘shig‘i edi.
– Endi nimaga qo‘shiq aytyapti? –hayron bo‘lib so‘radi bola-maymuncha, – nahotki u ilon o‘sha tomonga o‘rmalab ketganini bilmasa?!
– Bilganda qandoq! – javob qildi ona-maymun, – Hech kim sot-qinlik bilan qo‘shiq o‘zaro bog‘liq ekanini bilmasin deb atayin aytyapti-da u!.. Go‘yo u o‘z-o‘zicha qo‘shiq aytib yuribdi, ilon bo‘lsa, o‘z-o‘zidan O‘ychanga yuzma-yuz kelib qolgandek…
– Ustomonlikni qarang! – xitob qildi bola-maymuncha. – Shu yerlilar quyonlardan tarqalishmaganmi mabodo?
– Bilmasam, – dedi ona-maymun, dumiga osilib turgan holida Xolis So‘qmoqqa quloq tutishda davom etar ekan, – ular o‘zlaricha go‘yo bizlardan tarqagan ekanliklarini gapirishadi!..
Shu payt Topqir nokka yetib keldi va o‘sha-o‘sha daraxt shoxida osilib turgan maymunlarni ko‘rdi. Ular o‘z sotqinligidan keyin ko‘rib turgan birinchi tirik jonlar edi. Shu bois ularni ko‘rib quvonib ketdi. Birdan jahonda hech narsa o‘zgarmagandek, hammasi avval qanday bo‘lsa, shundayligicha turgandek tuyuldi. Mana, yovvoyi nok, avval qanday o‘sgan bo‘lsa, hozir ham shunday o‘syapti. Mana, maymunlar, sakrashni mashq qilayotgan edilar, o‘sha-o‘sha sakrashni mashq qilayaptilar. Ha, hamma-hammasi avval qanday bo‘lsa, shundayligicha turibdi… Kutilmaganda u kim bilandir, aqalli shu maymunlar bilan gaplashishni juda-juda xohlab qoldi.
– Hoy, daraxt tepasidagilar, – qichqirdi u pastda turib, – shoxni bir silkitib yuborsinlar, biz ham nok yeb maza qilaylik!..
Jimlik! Faqatgina ona-maymun osilib turgan shoxning bir maromda g‘ichirlashi eshitiladi. Topqir yana o‘zini qandaydir noxush his qilib, nazarida, hayot zerikarli tuyuldi.
– Silkitsang asakang ketadimi?! – qichqirdi u tepaga qarab.
Yana jimlik. Nahotki ilon shu yerdan o‘tib, O‘ychan o‘tirgan daryo tomonga o‘rmalab ketgan bo‘lsa?!
Og‘ir jimlik. Ammo maymunlar uzoq jim turolmadilar.
– Sen shu yerdan ilon o‘rmalab o‘tgan-o‘tmaganini bilmoqchisan-da, a? – nihoyat, istehzo bilan so‘radi u.
Bilar ekan deya yuragi shuvillab o‘yladi Topqir va, ayni chog‘da, bu tili bir qarich maymunga nisbatan o‘zida nafrat his qildi.
– Men xohlaganimni aytdim, sen ham xohlaganingcha tushunaver, – u mag‘rurlik bilan javob qildi-da, jim qoldi.
– O, qanchalik bezbet ekan, – shivirladi bola-maymuncha.
– Hozir men sakrab tushaman-da uning ana o‘sha bez betiga tupuraman, – g‘ijinib shivirladi ona-maymun, – sen mening qanday uchib tushishimni kuzatib o‘rganib tur…
– Tupuring uning bez betiga, tupuring, oyi! – quvonib shivirladi bola-maymuncha va hayajonlanganidan shoxni silkitib o‘ynay boshladi.
Ona-maymun dumiga osilib turgan yeridan bir siltanib pastga uchib ketdi. Dumini shundoqqina Topqirning bosh ustidagi shoxga o‘radi. Maymun osilgan shox silkinib, noklar yerga do‘ldek to‘kildi. Topqir boshiga yog‘ilgan kutilmagan balodan qattiq qo‘rqib, topqir bo‘lishiga qaramasdan, o‘z hayotida birinchi marotaba nima bo‘layotganiga aqli shoshib qoldi. U sotqinning yuragi har bir kutilmagan hodisani qasosning boshlanishi sifatida qabul qilishini hali bilmas edi.
– Obbo! – nihoyat, Topqirning rangiga qon yugurdi, – bu senmisan, maymun?
– Yo‘q, azob farishtasi osmondan tushdi, – piching qildi maymun dumiga osilib salanglagancha.
– Bu yerda azob farishtasiga nima bor? – sovuqqonlik bilan so‘radi Topqir. U o‘zini tutib olib, Qirol Jarchisiga munosib jiddiy qiyofaga kirib ulgurgan edi.
– Gap shundaki, – dedi ona-maymun, – qo‘shig‘ingni bas qilib uningni o‘chirishing mumkin, chunki kerakli jonivor kerakli tomonga allaqachon sudralib ketdi-da, murod-maqsadingga yetding!
– Bu yerda ilonning nima aloqasi bor?! – Topqir o‘zini yo‘qotib beixtiyor qichqirib yubordi. – Men tuhmat qilishlariga yo‘l qo‘ymayman! Men Qirolning Jarchisiman! Men arz qilaman! Men! Men! Men!
– E’tiboring uchun, men ilon haqida hech nima deganim yo‘q, – dedi maymun o‘sha-o‘sha dumiga osilib salanglar ekan.
– Yo‘q, deding! – qichqirdi Topqir. – Bu qanday beadablik! Bu Qirol Jarchisining ustidan kulish! Sen Xolis So‘qmoq ustida mashq qilyapsanmi hali?! Men buni shunday qoldirolmayman!
Rostdan ham, Xolis So‘qmoq ustida mashq qilish mumkin emas va, umuman, bu bilan adi-badi aytishmaganim ma’qul, deb o‘yladi Maymun. Bolasiga ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan basharaga tuflashga jur’ati yetmay jimgina tepaga ko‘tarilib ketdi. Topqir esa, g‘azab bilan quloqlarini o‘ynatib va o‘zicha nimalarnidir ming‘irlab yo‘lida davom etdi.
– Nima bo‘ldi, tufladingizmi? – so‘radi bola-maymuncha onasi yuqori shoxga ko‘tarilib yoniga o‘tirganida.
– Tuflaganda qandoq! – dedi ona.
– U nima qildi? – so‘radi bola.
– U nima qilardi. Juftakni rostlab qoldi-da!
– Oyi, – dedi bola-maymuncha, – men yugurib borib O‘ychanni ogohlantirib kelaymi?
– Aralashmaganing ma’qul, – dedi ona-maymun. – Qolaversa, endi kech…
– Balki ulgurarman? – betoqatlandi bola-maymuncha. – Axir, men yerbag‘irlab sakrashga usta bo‘lib ketganman-ku…
– Yo‘q dedimmi – yo‘q! – yana-da qat’iyroq javob qildi ona-maymun. – Sen hali bunaqa ishlarga aralashishga yoshlik qilasan, bolam.
– Oyi, oyijon! O‘tinib so‘rayman. Men yuguraman! Men uchib boraman! Men ulguraman! – yolvordi bola-maymuncha.
– Yo‘q dedim-ku senga! – tahdidli ovozda dedi ona. – Sen hali ko‘p narsalarni tushunmaysan, bolam!.. O‘ychanga mening ham rahmim keladi… Uning ta’limoti biz uchun ham foydali edi… Nachora, u haddan tashqari chuqur ketdi… Haddan tashqari…
– Unga shunaqangi achinib ketyapmanki! – onasi uni hech qayoqqa qo‘yib yubormasligini tushungan bola-maymuncha yig‘lashga tushdi. – O‘ychan u yoqda o‘ylanib o‘tiribdi, bu yerda bo‘lsa, uni allaqachon sotib bo‘lishgan.
– Nima ham qila olardik, – chuqur xo‘rsindi ona-maymun va bolasini tizzasiga o‘tqazib, boshini silay boshladi, – tubjoylilar fan qurbon talab qiladi deyishadi… Agar quyonlar tubjoylilarning ekin dalalariga kirmay qo‘ysalar, ehtimol bizning tubjoylilar jo‘xorizorlarini xoli qo‘yishimiz masalasi ham paydo bo‘lar… O‘ychan haddidan oshib ketgan…
– Axir, oyijon, siz o‘zingiz aytgansizki, tubjoylilar bizdan kelib chiqqan, – eslatdi bola-maymuncha asta-sekin o‘pkasi bosilib va boshi bilan onasining jag‘iga suykalib. U onasiga boshidan bit qidirish kerakligini shu tariqa eslatar edi.
– Birinchidan, buni men emas, ularning o‘zlari aytishgan, – dedi ona-maymun va tirnoqlarini qirsillatib uning boshidan bit tera boshladi, – ikkinchidan esa, ish makkajo‘xoriga borib taqalganida ular bizning qarindoshligimizni unutib, itlari bilan qo‘rqitishadi va yo‘limizga o‘zlarining timsohning og‘zidek dahshatli qopqonlarini qo‘yishadi… Nima qilamiz, ehtimol yana bir marta tepadan pastga sakrashning mashqini olarmiz?
– Faqat bugun emas, – xafaqonlik bilan javob qildi bola-maymuncha, – bugun shunaqangi hayajonlandimki!..
– Unda uyimizga ketdik, – dedi ona-maymun, – o‘zimiznikilarga ko‘rgan-eshitganlarimizni aytib beramiz… Qiziq, bularning hammasi nima bilan tugarkin…
– Ketdik, – noiloj rozi bo‘ldi bola-maymun va ular shoxdan- shoxga sakrab o‘rmon ichra ko‘zdan yo‘qoldilar.
Bu vaqtda Topqir qariyb butun Xolis So‘qmoqni o‘tib, quyonlarning dastlabki qishlog‘i yaqinidagi kichik bir ko‘l qoshiga kelgan edi. Yo‘l bo‘yi u bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘yladi va endiga kelib qariyb hovuridan tushdi, hatto maymunlarni paqqos unutdi.
Birinchidan, o‘yladi u, ehtimol ilon daryo tarafga o‘zining shaxsiy tashvishlari bilan ketayotgandir. Ikkinchidan, ehtimol O‘ychan haqdir va ilon uni yutolmas. Uchinchidan esa, ana, janubdan qanaqangi quyuq bulut bostirib kelyapti. Hash-pash deguncha momoqaldiroq gumburlaydi va O‘ychan momoqaldiroq ostida yaydoq tepalikda o‘tiravermasa kerak. O‘ychanning tirik qolish ehtimollarini ko‘paytirgani sayin u o‘zini tetik his qilaverdi.
Ayni shu quyonlarning dastlabki qishlog‘i qoshidagi ko‘l bo‘yida u tasodifan O‘ychanning xotiniga duch keldi.
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan? – so‘radi u hol-ahvol so‘rashuvlardan so‘ng.
– Qishga beda g‘amlashtiryapman, – dedi u chuqur tin olib. – Bilasan-ku, mening erim hamon o‘ylayapti…
– Axir sen Qiroldan nafaqa olasan-ku, – ajablandi Topqir.
– Olti og‘izga ikki dona sabzimi? – so‘radi quyon bosh ko‘tarib. – Yo‘q, men Qiroldan minnatdorman, lekin baribir yashash uchun kurashish kerak…
Aftidan, momoqaldiroq bo‘ladiganga o‘xshaydi, – o‘ychanlik bilan dedi Topqir va osmonga ko‘z tashladi. Rostdan ham, janubdan qop-qora, katta umid uyg‘otuvchi bulut bostirib kelardi.
– Men shu atrofda yashayman-ku, – dedi quyon osmonga birrov ko‘z tashlab.
– Menga qara, agar momoqaldiroq gumburlasa, ering uyga keladimi? – beixtiyor so‘radi Topqir.
O‘ychanning xotini Topqir nimagadir ishora qilyapti deb o‘yladi. Qachonlardir yoshliklarida ikkalasi uni sevishardi. Ammo u yoshlik qilib O‘ychanni tanlagan ediki, bunga hali-hanuz juda afsuslanadi.
– Nimalar deyapsan, – dedi u qo‘l siltab, – bilsang, u tong-sahardan to tun yarmiga qadar o‘sha joyida o‘tirib oladi-da o‘ylayveradi. Kunduz kuni uyiga tayoq bilan haydab kiritolmaysan…
– Holiga achinganimdan aytyapman-da, – dedi Topqir, – panasi yo‘q taqir joy bo‘lsa… Nima balo, u kuni bo‘yi yomg‘irga bo‘kib o‘tiraveradimi endi?
– Men uni sendan yaxshiroq bilaman-ku, – dedi quyon Topqirning ko‘zlariga tikilib, – shunday bo‘lgach, uyga yur, Xudo bergan narsalar bilan mehmon qilaman…
– Yo‘q, rahmat, – dedi Topqir, nihoyat, uning ishorasini tushunib, ammo bu ishi o‘taketgan noinsoflik bo‘lar deya o‘ylab, – men hali Qirol huzurida hisob berishim kerak…
– Ha, – deya chuqur so‘lish oldi quyon, – sen endi shunaqangi katta amaldorsan-da… Bizga yo‘l bo‘lsin!..
– He-e, – qo‘l siltadi Topqir, – nimasi amal! Ha, Qo‘yilganman, ha, to‘ygunimcha yeb-ichishim mumkin… Lekin shuni tushundimki, baxt bunda emas ekan…
– Hammalaring shunaqa deysanlar, – tag‘in chuqur xo‘rsindi O‘ychanning xotini, – mening bo‘lsa, bedadan ko‘nglim ayniydi… Tentak erim ham mansabdor bo‘lishi mumkin edi, xohlamaganini ko‘rmaysizmi!
– Mayli, xayr, – dedi Topqir va yo‘lida davom etdi. Kayfiyati battar buzilganini his qildi.
– Xayr, – javob qildi O‘ychanning xotini va tag‘in bedani qirtishlay boshladi. – Istagan paytingda kir… Holimga yarasha… Boriga baraka deb…
Topqir mujmal tarzda bosh irg‘adi va to‘ppa-to‘g‘ri Qirol O‘tlog‘idan chiqish uchun ko‘l bo‘ylab tikka suza ketdi.
O‘ychan daryo qoshidagi o‘zining yashil tepaligida o‘tirardi. Bir tomonida qalin o‘rmon, bir tomonida keng Baqalar Botqog‘i. G‘amgin va ayni chog‘da sinchkov nigoh bilan atrofiga tikiladi. Aniqroq ayt-ganda, sinchkov va aynan shuning uchun ham g‘amgin nigoh bilan atrofiga tikiladi.
Mana, pashsha lapashanglik qilib Baqalar Botqog‘i ustidan judayam pastlab uchdi va uni baqa tutib oldi. Ana, baqa ham lapashanglik qildi va uni baqaxo‘r qush tumshug‘iga ilib uchdi. Uyoqda boshqa baqaxo‘r qush esa, bu baqaxo‘r qushning tumshug‘idagi baqaga hasad bilan tikilar ekan, og‘ziochiqlik qiluvdi, uni timsoh o‘zining dahshatli og‘ziga tiqdi. Nariroqda tubjoylilar esa, lallaygan timsohni to‘rga ilintirib tutib olishdi-da, ishtaha qo‘zg‘aydigan luqmalarga (ularning nazarida) bo‘laklab qayiqqa yukladilar va narigi qirg‘oqqa suzib ketdilar. Ammo ular o‘z qishloqlariga qadar suzib yetmaslaridan, suv ustida haddan tashqari egilgan bittasini boshqa bir timsoh qayiqdan yulib olishga muvaffaq bo‘ldi.
– Mana shuni ular hayot deydilar, – dedi O‘ychan yonida o‘tirgan Chanqoqqa bosh chayqab.
– Ustoz, – dedi Chanqoq, – baribir, o‘ylashimcha, agar o‘shanda siz quyonlarga o‘g‘irlikni saqlab qolishni va’da qilganingizda edi, masala bizning foydamizga hal bo‘lar edi. Siz g‘alabaga shunaqangi yaqin turgan edingizki!.. Nahotki bizning go‘zal maqsadlarimiz haqqi-hurmati bir marotaba yolg‘on gapirish mumkin emas edi?
– Yo‘q, – javob qildi O‘ychan, men bu haqda ko‘p o‘yladim. – Aynan tiriklik hamisha harakatlanib va o‘zgarib turgani uchun ham bizga olmosdek mustahkam dasturulamal kerak, u esa, ayni haqiqatdir. U to‘laqonli bo‘lmasligi mumkin, ammo hattoki eng yuksak maqsadlarning haqqi-hurmatiga ham ongli ravishda buzilgan bo‘lishi mumkin emas. Aks holda hammasi tutdek to‘kilib ketadi… Dengiz sayyohi mo‘ljalni uchayotgan yulduzdan olmasligi kerak…
– Ammo g‘alaba shunaqangi yaqin ediki, ustoz, – quyonlar Qirolni taxtdan ag‘darishiga bir bahya qolgan o‘sha ulug‘ kunni eslatdi Chanqoq.
– Baribir mumkin emas, – takrorladi O‘ychan, – axir biz quyonlarga nisbatan bo‘layotgan ulkan nohaqliklarni bartaraf qilganimizda edi, begonalarning dalalariga nisbatan kichkinagina nohaqliklardan ham qutulishning imkoniyati paydo bo‘lar edi. Bundan tashqari, quyonlar hayotidagi boshqa mayda-chuyda nohaqliklar, jumladan, yangi nohaqliklar yuzaga kelishi mumkin edi. Masalan, quyonlar o‘zlaricha takabburlikka berilib, ular chakalakzor ahlini ilonlar oldida qo‘rqish hissidan qutqardik, binobarin, endi biz oliy mavjudotmiz deya da’vo qilishlari mumkin edi… Nimalar bo‘lmaydi deysan… Shuni yodingda tutki, biz o‘sha eng katta nohaqlikdan ozod bo‘lganimiz zahoti oddiy quyonlar uchun bu ozodlik nashidasi darrov unutilardi va hatto butkul yo‘qolardi. Har xil mayda-chuyda noxushliklardan biri quyonlarning ilonlar oldidagi o‘lgudek titrab-qaqshashi o‘rnini darrov egallardi-olardi. Hayot shunday. Ichki qo‘rquvning yangilanish qonuni shunday. Tiriklikning saqlanish qonuni shunday.
– Axir hozir battar bo‘lmadimi? – O‘ychan asosiy masaladan haddan tashqari uzoqlashib ketayotganini his qilib e’tiroz bildirdi Chanqoq. – Quyonlar Qirolga sadoqatli bo‘lib qolishdi-ku!
– Hozircha shunday. Quyonlar tafakkuri ilonlarning o‘taketgan ablahliklari tufayli aynigan. Bu ulkan ablahlikka ular o‘zlarining kichik ablahliklari, jumladan, tubjoylilarning ekin dalalaridan hosilni o‘marib qochishdek ablahliklarini boplab moslashtirganlar. Bu qotib qolgan tafakkurni qo‘zg‘otib qayta shakllantirish – mana bizning mutlaqo yengil bo‘lmagan vazifamiz.
– Ishonch bormikan, ustoz? – so‘radi Chanqoq. – Agar hammasi eski hammom- eski tos bo‘lib qolaversa-chi?
– Ishonchdan ham yuksakroq nimadir bor, uka, bu – umid, javob qildi O‘ychan. – Kuni kecha men bu yerda yolg‘iz o‘tiruvdim, bugun, mana, garchi o‘zing uchun foydasiz va xatarli bo‘lsa-da, sen qoshimga kelding.
– Mayli, yaxshi, – tag‘in e’tiroz bildirdi Chanqoq. – Yolg‘on gapirmaslik kerak, deylik. Ammo tubjoylilarning o‘sha la’nati ekin dalalari haqida gapirmasdan jimgina turishingiz mumkin edi-ku? Biz avval Qirolni ag‘darib tashlab, ana undan keyin ongni qayta qurishning eng qulay imkoniyatiga ega bo‘lganimizda edi.
– Yo‘q, yo‘q va yana bir karra yo‘q, – takrorladi O‘ychan, – men bu haqda ko‘p o‘yladim. Barcha xaloskorlarning ishlari ayni shu sababga ko‘ra chappasiga ketgan. Ularning har biri o‘zlarining oliyjanob vazifalariga mahliyo bo‘lib, beixtiyor uni jahoniy yovuzlik ustidan uzil-kesil g‘alaba deb talqin qila boshlaganlar. Ammo, men avval aytganimdek, shu topda yovuz bo‘lgan narsa yo‘qolgach, uning o‘rnini ertaga yovuz bo‘ladigan narsa darrov egallaydi-oladi. Buni barcha nodon xaloskorlar tushunib yetmadilar va shuning uchun ham g‘alaba qozongach, atrofdagi real hayotdan uzilishning dahshatli chohiga yiqilganlar.
– Dono xaloskorlar-chi? – so‘radi Chanqoq.
– Dono xaloskorlar, – miyig‘ida kuldi O‘ychan, – g‘alabaga qadar yashayolmaganlar… Nega nodonlar g‘alaba qozongach, tubanlashib boshlaganlar, – davom etdi O‘ychan. – Qo‘rquvning yangilanish qonunini tushunmaganliklari uchun ular unutish kasalini qo‘rquv degan baloyi azimdan, nihoyat, qutulish deb qabul qilganlar. Shuning uchun ham ular o‘zlarining qo‘rquvdan xalos bo‘lganlarini unutishga mo-yillarni sun’iy ravishda xaloskorlik bayramlarini nishonlashga majbur qilganlar. Oxir-oqibatda xalos bo‘lganlar bilan xaloskorlar zimdan bir-birlariga nafrat ko‘zi bilan qaray boshlaganlar. Xaloskorlar o‘z qavmdoshlarimizni baxtiyor qildik, ammo ular ahmoqligi uchun buni tushunmayaptilar deya o‘ylab, bu fikrni kecha-kunduz ularning miyalariga quyishga uringanlar. Xalos bo‘lganlar xaloskorlik ularni baxtiyor qilmaganini bilganligi sababli xaloskorlar baxtiyor qilishga va’da berganlari, amalda nafaqat baxtiyor qilolmaganlari, hatto, ustiga ustak, ular his qilmayotgan narsa, ya’ni, xalos bo‘lish baxtini tan olishga majbur qilayotganlari uchun ana o‘sha xaloskorlarga g‘azabu nafrat bilan qaray boshlaydilar. G‘alaba haqiqatga erishish vositasidan ana o‘sha haqiqatning o‘ziga aylantiriladi. Yodingda tut: qayerdaki g‘alaba haqida ko‘p gapirilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerda haqiqatni unutib qo‘yganlar yoxud undan yashirinishga urinadilar. Ilonlar o‘zlarining quyonlar ustidan kundalik g‘alabalari xususida gapirishni qanchalik sevishlarini esla va bizning ikkiyuzlamachi Qirolimiz ilonlar tomonidan yutilayotgan quyonlar sonining tasodifan kamayishini quyonlarning navbatdagi g‘alabasi, yutilgan quyonlar sonining oshishini esa, ilonlarning vaqtinchalik yutuqlari deb talqin qilishini esla.
– O‘shanda biz uni taxtdan ag‘darib tashlaganimizda edi, – o‘z gapidan qolmadi Chanqoq, – agar siz karam hidi anqiy boshlaganida quyonlarning hafsalalarini pir qilmay jimgina turganingizda edi!..
– Yo‘q, yo‘q va yana yo‘q, – qaysarlik bilan takrorladi O‘ychan, – men bu xususda ko‘p o‘yladim. Barcha qayta quruvchilarning ishlari shuning uchun kasod bo‘lganki…
– Siz buni gapirgan edingiz, ustoz, – uning gapini bo‘ldi Chan-qoq, – qachonki siz bizning hayotimizdan olingan aniq misol orqali o‘z qarashlaringizni isbotlasangiz, fikringiz mening aqlimga yaxshi yetib boradi.
– Yaxshi, – dedi O‘ychan va bir muddat o‘ylanib olib, davom etdi: – Mana senga misol. Tasavvur qil, quyonlar qavmiga qandaydir ilon tahdid solyapti. Quyonlar charchagan, chopqillab qochyapti, nihoyat, daryoga yaqinlashib qolishdi. Daryo ularning xaloskori, chunki quyonlar undan bemalol suzib o‘ta oladi, anavi ilon esa, tasavvur qilki, suvdan qo‘rqadi. Agar quyonlar suvgacha chopqillab bora olsalar, ular muqarrar ravishda qutulib ketadilar. Biroq ko‘pchiligining sillasi qurigan. Daryogacha esa, taxminan yuzta sakrashlik masofa bor. Mana shunday paytda yo‘lboshlovchi sillasi qurigan yo‘lchilarga yangi kuch-g‘ayrat baxsh etish uchun “Quyonlar, bo‘shashmang! Daryogacha bor-yo‘g‘i yigirma sakrashlik yo‘l qoldi!” deyish huquqiga egami?
– Menimcha, ega, – dedi Chanqoq bu manzarani o‘zicha tasavvur qilishga urinib, – keyinchalik ular xalos bo‘lishganida nega shunday deganini tushuntiraveradi-da!
– Yo‘q, – dedi O‘ychan, – jamiki qayta quruvchilar shunday deb adashganlar. Axir, quyonlarni xalos qilish vazifasi zamonda cheklanmagan-ku. Daryoni kechib o‘tgan quyonlar bir muddatgina nafas rost-laydilar, xolos. Bizning o‘sha umumlashtirib aytayotgan ilonimiz daryoning teparog‘idan va yo pastrog‘idan ustiga tashlangan yog‘ochni topdi-da, osongina o‘tib, ta’qibni yana davom ettirdi, deylik. Axir, bizning ilonimiz umumlashma timsol, quyon go‘shtini sevuvchilar esa, hamisha hamma joyda serob… Ko‘pincha yomg‘irdan qochib qorga tutilishga to‘g‘ri keladi biz bechoralarga…
– Xullas, men o‘ylaymanki, kerak bo‘lgan paytida yolg‘on gapirish huquqini saqlab qolish mumkin!
– Yo‘q, – dedi O‘ychan, – bunday huquq yo‘q va bo‘lmasligi shart. Quyonlar o‘z yo‘lboshchilaridan yolg‘on aytib kuch-g‘ayrat bag‘ishlagani uchun nechog‘li minnatdor bo‘lmasinlar, ular ongida “Bu yolg‘on gapirishi mumkin” degan fikr o‘rnashib qoladi. Binobarin, keyingi gal xavf-xatar haqidagi ogohlantirishni endi ular atayin mubolag‘a qilyapti deb talqin qiladilar. Yo‘lboshlovchi ham haqiqat nomidan yolg‘on gapirib haqiqatni sotdi, uni qadrsizlantirdi. Haqiqatni u qanchalik qadrsizlantirsa, shunchalik uning o‘zi haqiqatni hurmat qilmagan bo‘ladi. Haqiqat uning asabiga tegadigan bo‘lib qoladi.
– Yo Xudo, bularning barchasi qanchalik murakkab ekan! – xitob qildi Chanqoq. – Biz nima qilishimiz kerak endi?
– Quyonlarning “Ilonlar bizni gipnoz qilyapti” degan yanglish fikrini har bob bilan chippakka chiqarish kerak. O‘z tabiatini takomillashtira borib, quyon beixtiyor yoki ojizligi tufayli qoqilishi, hatto haddidan oshib tubjoyliklarning tomorqalarida bamaylixotir sayr qila boshlashi mumkin, ammo komillik olmosdek qattiq va toza bo‘lib qolmog‘i kerak. Men aytdim-ku, dengizchi mo‘ljalni uchar yulduzdan olmasligi kerak. Gap xatolar va adashishlar miqdorida emas, gap boshqa yoqda. Birovning tomorqasida tarallabedod qilayotgan quyon bu xatti-harakatining tubanlashuv ekanini anglab yetsa, demak, kelajak barbod bo‘lmagan. Agar u bu tubanlashuvni o‘z tabiati yoxud chakalakzor qonunlari bilan oqlashga tushsa, tanazzul ana shu yerdan boshlanadi. Shu yerdan ulug‘ maqsadga xiyonat, yolg‘on, riyokorlik boshlanadi va bu boshi berk ko‘chaning oxiri voy bo‘ladi!
– Ustoz! – beixtiyor qichqirib yubordi Chanqoq, – Bu yoqqa ilon sudralib kelyapti. Birinchi ko‘rishim ilon ochiq maydonda oshkora ov qilmoqchi bo‘layotganini!
– Nima qipti, – dedi O‘ychan, – sen, axir, ularning gipnozi – bu bizdagi qo‘rquv ekanini yaxshi bilasan-ku.
– Umuman olganda, gapingiz to‘g‘ri-ya, – kalovlandi Chanqoq, – tag‘in kim biladi deysiz…
– U holda chetroqqa o‘tib kuzat-da, nimaiki gapirgan bo‘lsam – ayni haqiqatligini ko‘r!
– Men uyalyapman, ustoz, lekin nima qilay, qo‘rquvim uyatdan ustunroq…
– Men seni ayblamayman… Sen hali o‘ylab o‘yingning tagiga yetganingcha yo‘q… Qachon azobli o‘ylardan keyin senga haqiqatning zarrasi ochilsa, ana o‘shanda sen uni himoya qilish yo‘lida qo‘rqmas bo‘lasan…
– Shunda ham, ustoz… Axir, anavisi bir ko‘zli nogiron edi, lekin bunisining vajohati yomon… Balki vaqt borida qochib qolarmiz?..
– Qirolga bunaqangi shodlanish imkonini bermayman, – dedi O‘ychan o‘zi necha kunlarni jondosh-qondosh quyonlarining qismati haqida o‘ylab o‘tirgan qadrdon tepaligi tomon o‘rmalab chiqib kelayotgan ilonga ko‘z tikib.
Ko‘p o‘tmay ilon tepalikka o‘rmalab chiqdi. Bu o‘sha G‘ilay o‘z ko‘rgiliklarini hikoya qilib bergan o‘smir, endilikda balog‘atga yetgan, g‘ayratchan, kelajagi porloq ilon edi.
U Jarchining ashulasini birinchi bo‘lib eshitdi va ilonlar orasida shakllangan odatga ko‘ra “yutish huquqi”ga ega bo‘ldi. Vaqti-vaqti bilan Qirol u yoki bu Jarchisi orqali u yoki bu quyonni sotib turardi va ilonlar bunga allaqachon o‘rgangan edilar.
Yutish huquqi taqdirning inoyati, ne’mati ilohiy hisoblanardi. Yosh ilon bu huquqqa ega bo‘lganida avvaliga quvondi, ammo hozirga kelib shashti ancha pasayib qoldi.
Gap avval-boshda shunda bo‘ldiki, u bu yoqqa kelayotganida ko‘rsich-qonni uchratib qoldi va Baqalar Botqog‘i ro‘parasidagi yashil tepalikka qanday chiqsa yaxshiroq bo‘lishini so‘radi. Nima deb o‘ylaysiz? Ma’lum bo‘lishicha, ko‘rsichqon unga mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l ko‘rsatibdi. Natijada u chakalakzorda bir necha soat adashib-tentirab yurib-yurib, axiyri topib kelyapti bu la’nati yashil tepalikni.
Ko‘rsichqon aldaganini tushunib yetganida u bu aldovning mutlaqo mantiqsizligiga aqli shoshdi. Nega, nega u meni aldadi deb o‘yladi ilon va hech tushunolmadi. Birinchidan, ilonlar ko‘rsichqonlarga mutlaqo daxl qilishmaydi. Ikkinchidan, ko‘rsichqon uning qayoqqa nima maqsadda ketayotganini bilmas edi. Agar uni yovvoyi echki yoki kurka aldaganida, tushunsa bo‘lardi: ilonlar faqat quyonlar hisobiga kun ko‘rmaydi-da, axir. Ammo nega kelib-kelib ko‘rsichqon aldadi ekan? Buning kimga qanday foydasi bor? Axir, ko‘rsichqonga bunday aldovdan zig‘ircha ham naf yo‘q-ku. Bas shunday ekan, nega?! Nega?! Nima uchun?!
Endi yashil tepalikka chiqib olgach, uning yalangligidan hayratga tushdi. Na bir daraxt, na bir buta, xullas, o‘lja kutib panalaydigan biron joy yo‘q! Qanaqangi qarg‘ish tekkan tepa ekanki, o‘yladi u, bu joyda yashashni Xudo ko‘rsatmasin.
Yashil tepalikning eng ustiga o‘rmalab chiqib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u yerda bitta quyonning o‘rniga ikkita quyon uni kutib o‘tiribdi. U quyonlar juda tez ko‘payishini bilardi. Lekin bu ish ularda shu qadar afsonaviy tezlikda sodir bo‘ladi deb hech qachon o‘ylamagan edi. Darvoqe, ularning qay biri O‘ychan va qay biri qay birini tuqqan?
Ohista o‘rmalab kelar ekan, u ikkala quyonga baravar ko‘z tikdi-da, har ehtimolga qarshi ikkalasiga ham aynan uni yutmoqchi bo‘layotganini anglatishga urindi. Quyonlarga yaqinlashar ekan, u bir maromda nafas olishga va o‘zining holdan toyganini sezdirmaslikka harakat qildi. Ilonlar odatiga ko‘ra, quyonni yutishga chog‘langan ilon dadil, g‘ayratchan, kuch-quvvatga to‘la ekanini ko‘zlarga aniq-ravshan ko‘rsatishi kerak edi.
– Meni diqqat bilan eshit, – dedi O‘ychan, – men hozir mana shu ilon bilan tajriba o‘tkazaman, sen chetroqda turib kuzat. Ob-havo ma’lumoti bo‘yicha bugun gipnoz qancha masofada ta’sir qilar ekan o‘zi?
– Uch sakrashlik masofada, ustoz, – xitob qildi Chanqoq sudralib kelayotgan ilondan ko‘z uzmasdan.
– Mendan boshlab ikki sakrashlik masofada chiziq chiz, – dedi O‘ychan xotirjamlik bilan.
– Axir bu juda xavfli-ku, ustoz, – e’tiroz bildirishga urindi Chanqoq.
– Bahslashma, vaqtimiz juda ziq, – uni shoshirdi O‘ychan.
Ilon yashil tepalik ustida o‘rmalab kelar, oraliqdagi masofa o‘n sakrashcha qolgan edi. Chanqoq boshqa yalintirmadi. U ustozidan ilon tomonga qarab ikki marta sakradi. Garchi u ustozining hayotini xavf ostiga qo‘yishni mutlaqo istamasa-da, bu Chanqoqning eng rasvo sakrashlari bo‘ldi.
Shunga qaramay, u ustozi aytganidek chiziq chizdi va darrov ilondan teskari tomonga biryo‘la o‘n marotaba sakradi. Garchi imkon qadar qo‘rquvini jilovlashga urinsa-da, uning har bir sakrashi shunaqangi hayratlanarli darajada go‘zal chiqdiki, asti qo‘yaverasiz. Endi u yetarli darajada xavf-xatarsiz masofada o‘tirar va hayajondan yuragi duk-duk urib, sodir bo‘lajak voqealarni kuzatardi.
Ilon tobora yaqinlashib kelaverdi. U hozirga qadar yutish huquqi bu ikki quyondan qaysi biriga taalluqli ekanini bilolmas edi. Agar bu ikki quyondan biri ikkinchisini tug‘ib ulgurgan bo‘lsa, o‘zining kech qolganini bahona qilib ikkala quyonni baravar yutib yuborolmaydi-ku? Yo yutish paytidagi muddatidan avval tug‘ilish deb talqin qilsa bo‘larmikan? Yoki tavakkal qilmagani ma’qulmikan?
Avvaliga o‘zi tomonga sakrab, qandaydir sirli belgini chizgan, keyin bo‘lsa, butunlay uzoqlashgan quyonning antiqa xatti-harakatlari unda kuchli shubha uyg‘otdi. Bu yerda nimadir bor deb o‘yladi u va imkon qadar hushyor bo‘lishga harakat qildi.
Endi uning harakatida qandaydir qarama-qarshilik sezildi. Gavdasining boshiga yaqin qismi o‘z harakatlarini sezilarli darajada sekinlatdi. Dum qismi esa, bosh qismining imillashidan darg‘azab bo‘lgandek asabiy tarzda to‘lg‘andi. Dumining uchi betoqatlik bilan maysalarni savalab, ularning changini qoqishga tushdi.
O‘z harakatini imkon qadar sekinlatgan yosh ilon boshini chiziqqa ohista yaqinlashtirdi, uni hidladi va razm solib chiziqning makkorona mohiyatini anglab yetishga urindi.
– Ko‘ryapsanmi, – dedi O‘ychan, – hattoki ilon ham odatdan tash-qari holatlarni ko‘rganda darrov o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.
– Ha! – qichqirdi Chanqoq qattiq hayajonlanib. – Men ko‘rib turibman, lekin dum qismi qattiq surib kelyapti!
– Shunday bo‘lishi ham kerak, – xotirjamgina tushuntirdi O‘ychan, – oshqozon buyruq beryapti, ilonning boshi bo‘lsa – bu faqat yamlab yutish uskunasi, xolos…
Ammo shu payt ilon qattiq ikkillanib taqa-taq to‘xtab qoldi. U hatto sezilar-sezilmas narigi quyonga qiyalab qaradi-da, avval shunisini tinchitsammi ekan, deb o‘yladi. Kutilmagan chiziq, eng muhimi, bu quyonning haddan tashqari xotirjam ovozi uni qattiq taaj-jubga soldi.
Ammo ayni lahzalarda O‘ychan, nihoyat, qotib qoldi. Quloqlari shalvirab tushdi. Ko‘zlarini esa, allanechuk mastona parda qopladi. Buni ko‘rib ilon tag‘in dadillashdi va endi bu quyondan ko‘zini uzmagan holda boshini chiziqning ichkarisiga o‘tkazdi. Quyon ozg‘ingina edi va uning xayolidan quyonlar Qiroli aynan shunaqangi ozg‘in-qotma quyonlarni ilonlarga havola qiladi-da, o‘ziga do‘mboqqinalarini olib qoladi degan fikr kechdi. U, albatta, quyonlar quyonlarni yemasligini bilardi. Ammo shu topda nimagadir buni unutib qo‘ygan edi.
– Ustoz! Ustoz! – qichqirdi Chanqoq. – Siz nazarimda uxlab ketyapsiz! Ko‘zingizni oching!
– Xavotirlanma, hammasi to‘g‘ri ketyapti, – ohista javob qildi O‘ychan, o‘z ovozi bilan ilonni hurkitib yubormaslikka harakat qilib.
– Joningizni xatarga qo‘yishning nima keragi bor, ustoz! – tag‘in qichqirdi Chanqoq.
– Mening tajribamdagi ilon haddan tashqari sust ishlayapti, – javob qildi O‘ychan, – men unga ko‘maklashyapman…
Ilon o‘zining muzlatgudek sovuq ko‘zlarini O‘ychanga tikkan ko‘yi chiziqdan ohista o‘ta boshladi.
– Ilonning qarashlarini qo‘rqinchli qilgan narsa nima? – o‘z kuzatishlarini davom ettirdi O‘ychan. – Fikrning mutlaqo yo‘qligi… Mohiyatan olganda, ilon deganlari nima? Ilon – bu sudralayotgan oshqozon.
– Ustoz, u juda yaqin qoldi-ku! – dahshatga tushib chinqirdi Chan-qoq. – Bir tomonga sakrang!
– Xotirjam bo‘l, ulguraman, – javob qildi O‘ychan va ilonni kuzatishni davom ettirdi.
Ilon sudralib kelib, butun kuchini gipnozning muqaddas holatiga jamladi, ya’ni, ko‘zlarini quyonga qattiq qadadi. Ammo bu gal hammasi qandaydir odatdan tashqari darajada antiqa bo‘layotgan edi. Yosh ilonning asabi qattiq zo‘riqdi.
Gipnoz ta’siri doirasidagi quyon uni ochiq-oshkor haqorat qilmoqda edi. Va, eng muhimi, undan axborot oqib chiqib ketayotgan edi! Tag‘in qayoqqa deng! Hattoki ta’sir doirasidan tashqaridagi quyon tomonga! Bunaqangi landovurlikni Ulug‘ Bosh-qosh hech qachon kechirmaydi!
Yosh ilon shu topda aldovga laqqa uchganiga qattiq afsuslandi. Hali u o‘sha aldoqchi Jarchiga ishonib yuribdimi?! O‘sha Jarchini jinidan battar yomon ko‘rib ketdi! Ammo, nachora, endi ortga chekinishga kech!..
– Eshit meni, – xotirjam ovozda davom etdi O‘ychan, – men butunisicha yolg‘on gipnoz doirasida turibman va men uning yovuz nafasidan boshqa hech nimani his qilmayapman… Men o‘zimning tuyg‘ularim va butun a’zoyi badanimni to‘la idora qilib turibman. Mening nut-qim ilmiy nuqtai nazardan yuz foiz haq ekanligimning isboti bo‘lib xizmat qilishi kerak… Buni shuning uchun yodingda tutki, agar Qirol mening hamma gaplarimni gipnoz ta’siridagi alahlash deb e’lon qiladigan bo‘lsa… Hozir men senga avvallari aytgan tartibda bir qator harakatlarni amalga oshiraman.
– Tezroq, ustoz, tezroq! – qichqirdi Chanqoq betoqatlanib bir joyda sakrar ekan.
Ilon endi bir sakrashlik masofada turardi va O‘ychanning so‘zlarini bezovtalanib tinglardi. Bir necha marotaba u barcha haqoratlarga tegishli javob qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo qavmdoshlarining qat’iy odatlariga ko‘ra yutilmoqchi bo‘lgan quyon bilan gaplashish yohud bahslashish man qilinardi.
– Shunday qilib, men hozir o‘ng qulog‘imni qimirlataman, – dedi O‘ychan, – keyin chap qulog‘imga o‘taman. Ana undan keyin ikkalasini baravariga qimirlataman… Nihoyat, oralig‘ida to‘xtab-to‘xtab uch marta burnimni qoqaman…
Birdan ilon butun badanini sovuq ter qoplagan holda dahshatga tushib o‘zi yutishga chog‘langan quyonning qulog‘i ko‘tarilgani va tebranganini ko‘rdi. Shunda uning o‘zi ham muqaddas holatga xilof ravishda diqqat-nazarini o‘ng quloqdan chap quloqqa ko‘chirdi. Bu quloq ham ohista ko‘tarilib, allanechuk masxaralayotgandek tebrana boshladi. Holbuki u o‘zining bor-yo‘q gipnoz kuchi bilan quyonni qimirlamaslikka buyurar, hattoki o‘z sha’nini yerga urib jon-jahdi bilan yolvorar edi.
Shundan keyin ilonda kuchli vahima uyg‘otib quyonning ikkala qulog‘i baravariga qimirlay boshladi. Hatto, o‘zi avvaldan aytganidek, ikkala burnini baravariga qoqa boshladi. Mana shunda yosh ilonning asabi dosh berolmadi.
– Men bu ahvolda ishlayolmayman! – qichqirdi u. – Nega sen mening yuzimga burningni qoqyapsan? Nega sen qulog‘ingni likillatib gap beryapsan?
– Hammasi to‘g‘ri! G‘alaba! G‘alaba! – qichqirdi Chanqoq, o‘ynagan ko‘yi o‘zicha qarsak chalar ekan. – Siz hammasini aniq bajardingiz, faqat burningizni uch emas, to‘rt bora qoqdingiz!
– Oxirgi martasida men bexosdan aksa urdim, – uni tuzatdi O‘ychan. Ovozidan o‘zi o‘tkazgan muvaffaqiyatli tajribadan g‘oyat mamnun ekani sezilib turardi. – Nafasi shunaqangi sassiq ekanki!.. Darvoqe, gipnoz haqidagi afsona shu asosda kelib chiqqan bo‘lsa ehtimol. Balki bizning ajdodlarimizdan biri ilonning sassiq nafasiga chidayolmay hushidan ketib yiqilgandir. O‘sha paytlarda chakalakzorning havosi musafforoq edi. Chunki tub joylilar anchagina kamchilik edi. Mana shu narsa vahimali shov-shuvlarga sabab bo‘lgan…
– G‘alaba! G‘alaba! – qichqirdi Chanqoq bir joyda raqs tushib. – Aqlning g‘alabasi!
– “G‘alaba” so‘zini suiiste’mol qilish kerak emas, – uni tuzatdi O‘ychan, – agar u aqlning g‘alabasi bo‘lsa ham… Men bu so‘zni lug‘atimizdan butunlay chiqarib tashlagan bo‘lardim… Uning o‘rniga “engib o‘tish” degan bo‘lardim. “G‘alaba” so‘zidan menga ahmoqlarning tantanali depsinishlari eshitiladi… Ammo men endi jim turmasam bo‘lmaydi, chunki ilon butunlay bo‘shashib ketyapti…
Shunday deya O‘ychan jim qoldi. Quloqlarini shalpaytirib, ko‘zlarini yumdi. Ilon yana bir karra ishga kirishishga chog‘lanib ko‘rdi. Ammo o‘zida chidab bo‘lmas charchoqni his qilib, sulayganicha yotaverdi.
– Men ozgina nafas rostlab olishim kerak, – dedi u sir boy bermaslikka urinib. Bu oshkora tan olish anchagina sharmandali hol edi. Ammo u beixtiyor gapirib qo‘yganidan keyin endi jimib qolganining sababini ham aytishi kerak bo‘ldi.
– Nafas rostlay qol, – rozilik bildirdi O‘ychan, – faqat qara, uxlab qolma, keyin iloji bo‘lsa, baraka topkur, nafasingni menga ufurmagin, maylimi?
– Mening avval-boshdan omadim kelmadi, – dedi ilon o‘zining lanjlik qilayotganini oqlamoqchi bo‘lib, – agar sen shunchalik aqlli bo‘lsang ayt-chi, ko‘rsichqon meni nega aldadi-yu, bundan u nima foyda topdi?
U O‘ychanni yutishga kelayotganida ko‘rsichqon qanday aldaganini aytib berdi. Darvoqe, o‘zini bu yoqqa kim yuborgani xususida ehtiyot-shart lom-mim demadi.
– Agar uloqcha yoki yovvoyi kurka aldaganida, – u o‘ziga rad qilib bo‘lmaydigandek tuyulgan mantiqiy asosni takrorladi, – nega aldaganini tushunardim. Ammo ko‘rsichqon nega aldadi? Xo‘sh, bundan unga nima foyda?
– Chunki ko‘rsichqon aqlli jonivor-da, – dedi O‘ychan.
– Bu javob emas, – andak o‘ylanib, e’tiroz bildirdi ilon, – u men qayoqqa nima maqsadda ketayotganimni bilmasdi-ku!
– Chanqoq, – dedi O‘ychan o‘z shogirdiga, – manovi juz’iy, lekin qiziq holga alohida diqqat qil. Ko‘rsichqon yerning tagida ilon qimirlasa biladigan darajada aqlli. Ammo aql ezgulik qilishdan ojiz qolganida u o‘z imkonidagi yagona ishni qilib, yovuzlikni vaqtincha bo‘lsa ham to‘xtatishga urinadi.
– Agar men do‘stimga yordam berish uchun shoshilayotgan bo‘lsam-chi?
– Ha-ha-ha, – istehzoli kuldi O‘ychan, – ilon do‘stiga yordam berganini hech kim hech qachon ko‘rmagan ham, eshitmagan ham.
– Nega endi? – e’tiroz bildirdi ilon va qavmdoshlari hayotidan ibratomuz biron-bir voqeani eslashga tutindi. – Quyon qornida ko‘ndalang turib olganida G‘ilayga kim yordam bergan edi, xo‘sh?
– Birinchidan, bu allaqachon o‘tmishga aylangan, – ilonning asabiga tegish uchun tag‘in istehzoli kuldi O‘ychan. – Ikkinchidan, qanday yordam ko‘rsatganingni yaxshi bilamiz.
– Nima qipti? – dedi O‘ychanning asosli taxminidan battar asabi buzilgan ilon. – Har qalay, ilonlar bir-birlarini sotmaydilar, quyonlar bo‘lsa, sotadilar.
– Bu gapni qayoqdan olding? – so‘radi O‘ychan.
– Xo‘sh, sen nima deb o‘ylaysan, nega men bu yerga kelib qoldim? – zaharxanda bilan so‘radi ilon. U sotqinlikning turlari naqadar ko‘pligi haqida O‘ychan hech narsa bilmasligini his qildi.
– Bilmasam, – javob qildi O‘ychan, – ilonning yurmagan joyi bor ekanmi!
– Bilmasang bilib qo‘yki, – dedi ilon bilag‘onlik ham anchagina huzur bag‘ishlashini his qilib. – Qirol o‘z Jarchisi orqali sening bu yerdaligingni bizga e’lon qildi. Jarchi esa, bu gal Topqir degan quyon bo‘ldi.
Yosh ilon hech ikkillanmay sotqin Jarchini sotib turardi. U o‘zining barcha tortgan azoblari uchun Topqirdan alamzada edi. O‘ychanda hech qanday shak-shubha qoldirmaslik uchun u hatto Jarchining qo‘shig‘ini aytib berdi.
– Qiynalmasliging uchun zamiridagi ma’noni o‘zim tushuntirib bera qolaymi? – so‘radi u O‘ychandan.
– Shundog‘am tushunarli, – javob qildi O‘ychan sotqinlikdan qattiq ta’sirlanib. – Men bunaqasini hattoki Qirolimizdan ham kutmagan edim. Eshitdingmi, Chanqoq?
– Men hayron qolyapman, – xitob qildi Chanqoq. – Balki bu tuhmatdir, ustoz?
– Yo‘q, – dedi O‘ychan mahzunlik bilan. – Men iste’dodsiz saroy Shoirining siyqasi chiqqan uslubini ko‘rib-bilib turibman… Nachora, Qirolning makkorona rejasi amalga oshishiga o‘zim yordamlashib yuborishimga to‘g‘ri keladi. Sen keyinchalik uni fosh qil…
– Bu bilan nima demoqchisiz, ustoz? – xavotirlanib so‘radi Chanqoq.
– O‘zimni qurbon qilmoqchiman, – tushkun kayfiyatda soddagina javob qaytardi O‘ychan.
– Yo‘q, bu ahdingizdan qayting, ustoz! – yolvordi Chanqoq, – Sizsiz menga og‘ir bo‘ladi… Qolaversa, Qirol o‘zini haq, sizning o‘limingizni noto‘g‘ri ilmiy xulosalaringizning natijasi deb e’lon qilishi mumkin, axir!
– Sen buyog‘idan tashvish qilma, – dedi O‘ychan. – Hammasini o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rding-ku… Mening o‘limim, nihoyat, quyonlarning ko‘zlarini moshdek ochib, Qirolning kimligini aniq-ravshan ko‘rsatadi. Gipnoz xususida esa, endi sen hammasini bilasan va hammasini takrorlashing mumkin…
– Baribir, ustoz, – yolvordi Chanqoq, – men o‘tinib so‘rayman, bunday qilmang!
– Yo‘q, – dedi O‘ychan, – agar o‘z quyonlarini ilonlarga sotgan bo‘lsa, demak, Qirolimiz tubanlikka mukkasidan ketgan ekan… Endi undan har baloni kutish mumkin. U o‘z tajribalarini kamqonli kasalmand ilonlar bilan o‘tkazgan deya meni aybdor qilsa ehtimol. Yo‘q, mana, o‘zing qara, ro‘paramizda to‘laqonli, sog‘lom, yosh, risoladagi ilon turibdi. Demak, u hozir o‘z ishini qilishi kerak.
– Men seni yutmoqchi emasman, – dedi kutilmaganda ilon va gapini isbotlamoqchidek andak ortiga tisarildi.
Bu yerda ko‘rgan-kechirganlaridan keyin ilon gipnozga ishonchini butkul yo‘qotgan, endi sharmanda bo‘lishdan qattiq qo‘rqmoqda edi. U hatto O‘ychandan yuz o‘girdi. Odatda injiq o‘ziga yoqmagan taomni ko‘rganida mana shunday ijirg‘anib yuz buradi.
– Yasha, ilon! – quvonib xitob qildi Chanqoq. – Umringda hech bo‘lmaganda bir marta savob ish qil!
– Sizlar buni nima deb atasalaringiz ixtiyoringiz, – shubhalanib vishilladi ilon tag‘in zimdan O‘ychanga naqadar ozg‘in va ta’mi bemaza ekan degandek nopisandlik bilan ko‘z tashlab.
– Nega endi yutmas ekansan? – qat’iy so‘radi O‘ychan.
– Shunaqa, yutgim kelmay turibdi! – asabiylashib dedi ilon. – Dam ko‘rsichqon aldaydi, dam Jarchi soxta axborot beradi, sen bo‘lsang, bu yerda qulog‘ingni o‘ynatasan, gapirasan, burningni qoqasan, aksa urasan!
– Men senga tajribamni rasvo qilishingga yo‘l qo‘ymayman, bunaqa tob tashlama, – dedi O‘ychan va ilonga shunaqangi yeb qo‘ygudek tikilib qaradiki, u beixtiyor bir to‘lg‘onib oldi.
– Kel, yaxshilikcha ajrashamiz, – murosa yo‘lini taklif qildi ilon, – men, ayniqsa, ko‘rsichqon yo‘ldan urganidan keyin seni topolmadim deb ayta qolaman. Buning ustiga, senlar men kelgunimcha ko‘payishib ulguribsanlar… Senlardan qay biring haqiqiy O‘ychan ekaningni qayoqdan bilaman? Ehtimol sen haqiqiy O‘ychanni qutqarish uchun atayin o‘zingni qurbon qilayotgandirsan?
– Endi biz ikkalamiz ham O‘ychanmiz, – bir tomondan, ilonning boshini uzil-kesil aylantirish maqsadida, ikkinchi tomondan, shuhratparastligi qo‘zib dedi Chanqoq.
– Men ham shuni aytyapman-da, – rozi bo‘ldi ilon. – Menga bittagina O‘ychanni yutish huquqi berilgan edi. Sizlar bo‘lsa, ikkita ekansizlar. Hech aqlim yetmayapti: qanday qilib biringiz ikkinchingizni tug‘ib ulgurdingiz? Qay biringiz ona, qay biringiz bolasiz?
– Ko‘ryapsanmi, u biz haqimizda qanchalik kam biladi? – dedi O‘ychan. – Hamma narsani bilgich ilonlar haqidagi afsona quyonlarning qo‘rquvidan yaralgan.
– O‘ylab qarasam, sen ham o‘z quyonlaringni unchalik yaxshi bilmas ekansan, – tag‘in xafa bo‘lib o‘z qavmdoshlarini himoya qildi ilon.
– Bu gaping to‘g‘rigina emas, achchiq haqiqat! – rozi bo‘ldi O‘ychan. – Lekin men, baribir, o‘zimni yutishingga seni majbur qilaman!
– Hech qachon! – dedi ilon. – Quyon o‘zini yutishga ilonni majbur qilolmaydi!
– Sen hali qorning aqlingdan qanchalik qudratliroq ekanini bilmaysan, – dedi O‘ychan va tek qotib qoldi.
Yosh ilon unga shubhali qarab yuz burdi. Keyin bir necha marta garangsib ko‘z tikdi. Quyon qimirlamay turganiga qat’iy ishonch hosil qilgach, allanechuk jonlanib qoldi. Hatto u tomonga ohista cho‘zildi.
– Albatta, – sha’ni toptalgan gipnozchining bir qadar alamli va aynan shuning uchun ham qahrli nigohi bilan O‘ychanga qarab o‘zicha ming‘irladi u, – uzoq yo‘ldan keyin tamaddi qilinsa yomon bo‘lmasdi-kuya!..
– Ustoz! – qichqirdi Chanqoq. – Axir sizning o‘limingiz kurashlardan bo‘yin tovlash emasmi! Siz ishimizni chala tashlab ketaverasizmi?..
– Jim bo‘l! – bamaylixotirlik bilan uning gapini bo‘ldi O‘ychan, – aks holda sen uni yana hurkitib yuborasan… Men qondoshlarim quyonlarni sevar edim va qo‘limdan kelgan ishimni qildim. Ammo endi charchadim, Chanqoq! Meni sotqinlik yengdi. Men quyonlarning ko‘p ojizliklarini bilardim. Qirolning ko‘p shumliklaridan xabardor edim. Ammo tabiatan mo‘min-qobil jonivor o‘z fuqarolarining qonini to‘kishga qodir deb hech qachon o‘ylamagan edim. Men dushmanlarni o‘rganishga shunaqangi ko‘p vaqt sarfladimki, natijada o‘z qondoshlarimni nazardan qochirib qo‘ygan ekanman. Endi men o‘zimdan qo‘rqyapman. Mening ruhim Katta Yomg‘ir Mavsumining qoq o‘rtasidagi tim qora bulutli kundagidek chidab bo‘lmas tarki dunyochilikka mahkum bo‘lishidan qo‘rqaman. Quyonlar meni bu ahvolda ko‘rmasliklari kerak… Sen ishimni davom ettirasan. Bunda senga ko‘pgina masalalarda menga nisbatan yengilroq, yo‘q, umuman olganda, yana-da qiyinroq bo‘ladi. Senga ilonlarni o‘rganish bobidagi o‘zimning butun tajribalarimni meros qilib qoldiryapman. Shu jihatdan senga yengil bo‘ladi. Ammo senga, azizim Chanqoq, qiyin ham bo‘ladi, chunki sening qondosh quyonlarga mehr-muhabbating ularning xoinlik-sotqinlik qilish imkoniyatlari bilan sig‘ishishi kerak bo‘ladi. Mening muhabbatim bu imkoniyatni bilmasdi va menga ancha yengil edi… Men senga umumiy ishimizni topshiryapman va shuning uchun charchash huquqimdan foydalanmoqchiman…
Bu paytda O‘ychanga yaqinlashib kelayotgan ilon O‘ychanning anchagina ozg‘in quyon ekanligi xususida o‘ylamaslikka harakat qilar, balki aksincha, O‘ychan eng aqlli quyon va uni yutar ekanman, quyonlar qavmini eng aqlli quyondan mahrum qilishim, ayni chog‘da, uning aqlini ilonlar manfaatiga xizmat qilishga majbur etishim mumkin-ku, deb o‘ylar edi. Bu fikr uni shu qadar dadillashtirdiki, u…
– Ustoz! – so‘nggi marotaba qichqirdi Chanqoq va ho‘ngrab yig‘lay boshladi, chunki ilonning og‘zi O‘ychanning boshi ustida lang ochilgan edi.
– Men o‘sha ablah Qirolga hali ko‘rsatib qo‘yaman! – achchiq ko‘z yoshi to‘kdi Chanqoq. – Men anavi yaramas Topqirga ham ko‘rsatib qo‘yaman! Ablahlar, qanaqangi buyuk quyonning boshiga yetishdi!
Ilon zo‘r berib to‘lg‘anar ekan, Chanqoqning yig‘isiga quloq tutdi va, ayni chog‘da, yutilayotgan quyonning ta’midan lazzatlanishni his qilishga urindi. U shunday ajoyib quyonni yutayotganidan uyaldimi yo uni shu qadar uzoq tahqirlovchi maynavozchilikdan keyin o‘ta kechikib yutayotganidan uyaldimi, ishqilib, o‘zida uyat hissini ham tuydi.
Hammasi qandaydir noqulayroq bo‘lyapti-da, deb o‘yladi u, ammo endi uning butun aqli mening ichimda… Bu aniq. Nahotki rostdan ham hech qanaqa gipnoz bo‘lmasa? Yo men gipnoz qobiliyatimni yo‘qotdimmi… Yo‘q, hamma balo haddan tashqari charchaganimda… Har qalay, bir narsaga shak-shubha yo‘qki, endi uning butun aqli mening ichimda… Uning jismi hazm bo‘lganidan keyin mening jismimga aylanar ekan, uning aqli ham hech qayoqqa qochib qutulolmaydi va mening aqlimga qo‘shiladi…
Yosh ilon chakalakzorga qarab sudralar ekan, o‘zining gipnoz qobiliyati haqidagi har xil vahimali xayollaridan qutulish uchun shunday o‘ylardi. Uning bu o‘ylari tahlikaga yo‘g‘rilgan ishonchsizlikdan birdaniga eng rangin umidlarga yuksaldi.
Sirasini aytganda, menga gipnoz nima beradi deb o‘ylar edi u. Quyon bilan ilonning qo‘shilib ikki baravar kuchayib ketgan aqli bilan men o‘z qavmdoshlarim orasida birinchi bo‘lishim mumkin. Ulug‘ Bosh-qosh, masalan, hech qachon quyon ovlamaydi, unga tayyorini iltifot qiladilar… Endi kim aqlliroqligini aniqlashtirish kerak bo‘ladi. Shu asno uning kallasida bir fikr yarq etdi: nega ilonlarga Ulug‘ Bosh-qosh hukmdor bo‘lishi kerak? To‘g‘ri, u Ajdaho bizga qoni yaqin, ammo, baribir, begona qon-ku!
– Ilonlarni ilon boshqarishi kerak! – birdan qattiq vishilladi u va o‘z fikrining teranligiyu aniq-tiniqligidan o‘zi qattiq hayratga tushdi.
Darrov ta’sir qilib boshladi, deb o‘yladi u, shu taraqqiyotda ketsa, quyon to‘liq hazm bo‘lganida qanaqangi aqlli fikrlar uyg‘onar ekan-a?
Shu bilan u uzil-kesil xotirjam bo‘ldi va qirqquloq butalar orasida o‘ziga qulay joy topib o‘raldi-da, O‘ychanni o‘zlashtirib, yana-da aqlliroq bo‘lishga uringanicha mudrab ketdi.
Ruschadan Rahimjon Otauli tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 5-6-sonlar.