Yaver muallim daraxtga suyangancha raqs tushayotganlarni kuzatardi. Raqs maydonchasi yosh-yalang bilan liq to‘lgandi. To‘g‘ri, atrofda yoshi kattaroqlar ham oz emasdi. Hozirgina ular ham yoshlar bilan birgalikda raqsga tushdilar. Ammo cholg‘uchilar musiqa sur’atini o‘zgartirgach, quvnoq kuy yangray boshladi. Ohanglar jadalroq harakatni talab etar, ammo bunga kattalarning yuragi dov bermayotgan edi. Yoshlar hech narsaga parvo qilmasdan, musiqaga uyg‘un tarzda g‘alati ovozlar chiqarishar, beton maydonchada depsinib, sakrashardi. Qizlarning bari yigitlardek shim kiyib olgan, ilk boqishda qizni yigitdan farqlash ham mushkul edi. Hammasining sochi yuziga yoyilib tushgan, ko‘zlari mudroq bosgan odamdek yumuq edi. Yaver muallim dam olish uyida bunday manzarani ko‘raverib ko‘zi pishgan, yigitlar qizlardan oriq va tikroq ekanligini ham tushunib olgan edi. Ha, albatta, ba’zan aksi ham uchrab turardi. Masalan, tunov kuni Yaver muallimni raqsga taklif etgan qiz boshqalarga umuman o‘xshamas edi. Novchagina, uzunoyoq bu qiz tushmagur chunonam qaqqaygan ediki, naq xoda yutgan, deysiz. U odamlar orasida o‘z qaddi bilan nihoyatda ajralib turardi. Aslida, Yaver muallimning bo‘y-basti ham, ko‘z tegmasin, bu mallasochdan hech qolishmasdi.
Bu ziyoli ko‘rinishli kishi hafsala bilan dazmollangan, chinnidek oppoq ko‘ylagi va kulrang shimi, qirov bosgan sochlari, qora gardishli ko‘zoynagi bilan e’tiborni tortardi. Hoynahoy, ana shu qiyofasi sabab daroz qiz ham tap tortmay uni raqsga taklif qilgan bo‘lsa kerak. Yaver muallim qizdan uzr so‘rab, raqs tushishni eplolmasligini aytdi va so‘zining so‘nggida yengilgina ta’zim ham qilib qo‘ydi. Qiz biroz noqulay ahvolda qolsa-da, o‘zini yo‘qotmadi. Gapni hazilga burib, o‘zimga munosib odamni topdim deganimda, shu ham buyurmadi, deya kulimsiradi. Bugun ham qiz raqs maydonchasida edi. Endi uning yonida bo‘yi bo‘yiga mos bir necha yigitni ko‘rish mumkin edi. Ular yangi kelganlardan bo‘lsa kerak, ko‘rinishlaridan boltiqbo‘yilik odamlarga o‘xshardi. Bu oqshom qiz oq-sariqdan kelgan o‘sha yigitlardan birining bo‘ynidan quchgancha, nozlanib, eshilib raqsga tushardi.
Yaver muallim kecha qizga yolg‘on so‘zladi. U raqsga tushishni yaxshi bilardi, hatto yoqtirardi. Biroq shu paytgacha biror marta raqs maydonchasiga chiqmagandi. Ba’zan oqshom chog‘lari bor jasoratini yig‘ib, to‘planganlardan birini raqsga taklif etishga jazm qilmoqchi ham bo‘lardi. Lekin nimagadir hech botinolmasdi. Bir tarafdan kechagi mallasoch qizdek so‘zi yerda qolib, o‘sal bo‘lishdan cho‘chirdi, bir tarafdan esa uyalardi. Kimdan? Uyda uni kutib o‘tirgan rafiqasidanmi, o‘g‘il-qizidanmi, nabiralaridanmi? Yo‘q. Unda kimdan? O‘zining oq sochlaridan, yoshidan uyalardimi? Yo‘q, Yaver muallim qoloq odam emas, gap-so‘zdan qo‘rqadiganlar toifasidan ham emas edi. Qarindosh-urug‘, yoru birodarlar orasida Yaver muallimning namunali oila boshlig‘i sifatida hurmati baland edi. To‘g‘ri, xotini avvallari uni juda qizg‘anardi. Ammo endi bular uzoq xotiraga aylangandi. Ehtimol, insonning qalbi, xotirasi bilan bog‘liq bo‘lgan hazin taassurotlar hamisha yoshligicha qolar? Odamning yoshi o‘tganda ham xotiralar o‘zining dastlabki sofligini saqlar?
Endi rashk, oiladagi tortishuvlar orqada qoldi. Xotini Yaver muallimni dam olish uyiga jo‘natar ekan, men endi qaridim, sizga xizmat qilishga holim qolmadi, qaytishda o‘zingiz bilan yoshroq ayol olib keling, deb hazillashgandi. Yaver muallim ham tabiatan quvnoq va hozirjavob odam bo‘lgani uchun, mehribonimdan o‘rgilay, ishonaver, topib kelaman, deya hazil bilan javob bergandi…
Yaver muallim qanchalik nekbin bo‘lmasin, kelganidan beri tuzukkina istirohat qila olmasdi. Avval bolalaridan xavotir oldi. Uyga ikki-uch marta qo‘ng‘iroq qilgandan keyin xotirjam bo‘ldi. So‘ngra unga qon bosimi tushib-chiqayotgandek tuyuldi. Shifokorga borib, o‘zini tekshirtirdi. Salomatligi ham joyida edi.
Dam olish uyida kunduzlari osoyishtalik hukm surardi. Dam oluvchilarning aksariyati ko‘l bo‘yiga, o‘rmonga sayrga chiqar, keksaroq kishilar, betoblar, tanholikni sevguchi romantiklar hech yoqqa chiqishmasdi. Shundaylardan biri Yaver muallim edi. U zerikkani uchun hech qayerga ketmasdi. Ko‘pincha odam zerikkanda shovqin-suronli joylarga intiladi, ammo Yaver muallim yolg‘izlikni xushlardi. O‘zi o‘ziga hamsuhbat bo‘lib, nimalarnidir asta pichirlab so‘zlash uning yoqtirgan odati edi. Uyda ham dili xufton bo‘lgan paytlarda xonaning bir burchiga o‘tirib olgancha soatlab sukutga botardi. Bu ishda, olimlar deganlaridek, kasbiy odatning ham muhim ahamiyati bor edi. Chunki Yaver muallim olim, ilmiy-tadqiqot institutlarining birida bo‘lim mudiri edi. Hazilkashligi, ochiq ko‘ngilligi uchun bo‘lsa kerak, hamkasblari tez-tez uning atrofiga yig‘ilishardi. Bu hol Yaver muallimning ishlaydigan joyiga xos emasdi. Chunki ishxonasi odamlarni ko‘rinmas bir qolipga solib, hammaga o‘zining yurish-turish tarzini singdirgandi: u yerda ishlaydiganlarning g‘alati takabburligi, deyarli hammasining ayni fe’l-atvori, ayni olami, hatto Yaver muallimning ta’kidlashicha, ayni zohiriy alomatlari bor edi. Bu holatning qay darajada yaxshi yoki yomonligini tadqiqotchilarga qo‘ya qolaylik. Biroq Yaver muallimning tabiati bu “inkubator” avzoyidan keskin farq qilar, balki ana shu farq uni turli soha sohiblari bilan yaqinlashirgandi. U hamma bilan til topishib keta oladigan odamoxun inson edi.
Yaver muallim dam olishga kelganining ertasi kuni hovliga chiqib, ancha kezib yurdi. Havoni atirgulning muattar isi tutgan, samo pushti rangda edi. Yaqin atrofdagi tog‘lar ham pushti rangli nafis darparda orqasidan mo‘ralayotgan bulutlarga o‘xshar, go‘yo bu “bulutlar” sal o‘tmay qayoqqadir g‘oyib bo‘ladigandek edi… Bino atrofidagi maysazorda yonboshlagancha oftobda toblanayotganlar, gazeta, kitob mutolaa qilayotganlar ham diqqatni jalb etardi. Yaver muallim ham shu maysazorga keldi-da, hozirgina matbuot do‘konchasidan olgan yangi gazetalarni ko‘zdan kechira boshladi. Ro‘parasidagi rang-barang rasmli xorijiy jurnallarni varaqlayotgan o‘rta yoshli, sport kiyimidagi ayol boshini ko‘tarib, gazetalar bugungimi, deya qiziqdi. Yaver muallim indamaygina ayolga gazetalarni uzatdi va uning jurnallariga nazar solish uchun ijozat so‘radi. Ayol mayin tabassum bilan, marhamat, deya javob berdi. Jurnallar qaysi tilda ekanligini Yaver muallim bilolmadi, sahifalarga naridan-beri ko‘z yugurtirib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Nimadandir ko‘ngli xijil edi. O‘z xonasiga borib orom olishni istardi. Ayol uning bezovtaligini sezib, tezgina gazetalarni qaytardi. Yaver muallim olmadi, bemalol o‘qiyvering, keyin qaytararsiz, – dedi. Ayol minnatdorchilik bildirdi. Oqshom kechki taomga ketayotganida ayol unga eshikning yonginasida yetib olib, gazetalarni tutqizdi. Yaver muallim biroz xijolat bo‘ldi. Bir nimalar deb g‘udranib ham qo‘ydi, lekin og‘zidan chiqqanni burni eshitdi xolos. Agar ayol unga gazetalarni berish uchun o‘zi yaqinlashmasa edi, turgan gapki, Yaver muallim uni tanimasdi. Ayol zangori rangli ko‘ylak kiygan, ko‘ksida kapalak shaklidagi bejirim to‘g‘nog‘ich yiltirar, qo‘ng‘ir sochlari orqaga taralib, chiroyli turmaklangandi. Oppoq, nozik amirkon tuflisi nafis tovlanardi, ayol go‘zallik sohibasi edi. Yaver muallim xijolatlikdan, tushunib bo‘lmas g‘udranishidan yer yorilmadiki, kirib ketsa.
Oshxonadan chiqqanda ayolga yaqinlashib bir-ikki kalima xush so‘z aytmoqchi bo‘ldi-yu, ammo darhol fikridan qaytdi – buni yengiltaklik deb hisobladi. Keyinroq ayolning qo‘shni xonaga joylashganligi ma’lum bo‘ldi. O‘sha oqshom raqs maydonchasidagilar tarqalishgandan so‘ng Yaver muallim zinadan o‘z xonasiga ko‘tarilayotgan paytda kimdir uni orqadan chaqirdi. Ismini aytishmasa-da, murojaat o‘ziga qaratilganini his etgan Yaver muallim o‘girildi. Chaqirgan o‘sha ayol edi. Ayol unga yetib olib, mabodo o‘qishga o‘zingiz bilan biror bir kitob olmaganmidingiz, deb so‘radi. Yaver muallim vaqti yetgancha o‘qish niyatida yo‘l sumkasiga uch-to‘rt tarixiy roman solib qo‘ygan edi. Hozir ayolga shu kitoblarning nomini aytdi. Ayol hayratdan qoshlarini kerib, anchadan beri bu kitoblarni axtarayotganini aytdi va hech bo‘lmasa birini o‘qishga berib turishini iltimos qildi. Kitobni bir-ikki kunda qaytarishga so‘z berdi. Yaver muallim odob yuzasidan ayolni o‘z xonasiga taklif qildi. Ayol rozi bo‘ldi. Xonaning eshigi ochiq edi. Hamxonasi raqsdan qaytgandi. U past bo‘yli, ko‘kko‘z, dumaloq yuzli va bir qarashda vazmin, kamtar odamdek ko‘ringan bir yigit edi. Har holda Yaver muallimga shunday tuyulgandi. Yigit aspiranturada tahsil olardi. Qo‘shnisining ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lim boshlig‘i ekanligini eshitganidan beri unga nihoyatda iltifotli edi. Ayol xonaga qadam bosmasdan avval Yaver muallimning yigit haqidagi fikri ijobiy edi. Ammo ayol kitobni olgan zahoti tashakkur aytib, chiqib ketishi bilanoq uning bu ko‘kko‘z aspirantga bo‘lgan munosabati tamomila o‘zgardi… Chunki yigitning yuziga ayyorona iljayish yoyildi, ko‘zlarining rangi ham quyuqlashgandek bo‘ldi, u Yaver muallimga g‘alati bir imo-ishora qildiki, muallimning aft-angori o‘zgarib ketdi, g‘azabdan yurak urishi ham tezlashdi. Keyin yigit Yaver muallimning ayol bilan munosabatiga sha’ma qilib, gapni aylantira-aylantira agar lozim bo‘lib qolsa, xonadan chiqib ketishini, ularning yolg‘iz qolishiga imkon yaratishini bildirdi.
Hali og‘zidan ona suti ketmagan bu bolaning surbetligi Yaver muallimga xuddi tarsakidek tegdi. Qoni qaynagan Yaver muallim dam olish uyi ma’muriyatiga murojaat qilib, hamxonam kechalari qattiq xurrak otarkan, deb bahona qildi va bir kishilik xonaga ko‘chib o‘tdi.
Ikki kun o‘tgach, ayol kitobni qaytarganda Yaver muallim u bilan yaqinroq tanishdi. Suhbatlari ham ko‘ngilli o‘ta boshladi. Ayol musiqa muallimasi ekan, o‘z kasbi haqida hayajon bilan, bolalardek quvona-quvona so‘zlardi. Ba’zan Yaver muallim ham o‘z ishi, kasbi, qo‘l ostidagi xodimlar, oilasi haqida so‘zlar, ayolning kutilmaganda hazil aralash bergan savollariga tutila-tutila javob izlar, har zamonda unga qo‘shilishib kulardi. Ayol Yaver muallimning choy damlash qobiliyatiga qoyil qolgandi. Oppoq piyolalardan choy ho‘plab, choyxo‘rlik qilishganda damlashning qonun-qoidalari haqida maroqlanar va ayni vaqtda o‘zining kulgili luqmalaridan qolay demasdi.
Yaver muallim ayoldan besh-o‘n yosh katta bo‘lsa ham uning yonida o‘zini xuddi bolalardek soddadil tutar, hadesa qizarib, izza bo‘laverardi… Keyingi kunlar dam olish uyining klubida birgalashib kino ko‘rishar, uncha uzoq bo‘lmagan o‘rmonga sayrga ketishardi. Gohida, o‘rmondagi yuqorilab ketgan tik so‘qmoq yo‘lga yetganda ayol astagina Yaver muallimning qo‘lini ushlab olardi. Bunday vaqtlarda kishining yuragini ajib hislar chulg‘ab olar, go‘yo qachonlardan beri qalbida zaif miltirab turgan cho‘g‘ bu onlarda yarq etib o‘t olardi. Uning nuri Yaver muallimning ko‘nglini ich-ichidan yoritar, bu yog‘du ummonining to‘lqinlarida u o‘zini boshqa bir olamga tushib qolgandek his qilardi. Xuddi oyoqlari yerga tegmayotgandek yengil qadam tashlar, o‘rmonning narigi chekkasiga bir zumda yetib olish uchun kuchiga kuch qo‘shilganini sezardi. Aslida bunday holatning, havasning sababi birgina ayolda emas edi. Asosiysi ayolning e’tibori, balki eng muhimi, so‘nggi yillar so‘na boshlagan o‘ziga ishonch hissining ayol bilan birga qaytadan yuragiga qaytishi edi. Yaver muallim yosh deganlari odamlar o‘ylab topgan uydirmadan boshqa narsa emasligini endi anglay boshladi. Yosh bir kishan bo‘lib, uni ma’lum muddat o‘tgach, inson o‘z istagiga bog‘liq bo‘lmagan holda majburlab tutqizilgan arzonbaho hadyadek qabul qilishga mahkum, degan fikr kechardi xayolidan. Ayol uning qo‘lidan tutgan onda Yaver muallim bolakaydek entikib, dam olish uyining ro‘parasidagi daraxtga chiqib olgisi yoki atlas qanotli kapalaklarning ortidan quvib ketgisi kelar, lekin o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. Atrofdagilarning masxaraomuz nazarlari, istehzoli kulishlari bo‘lmaganda edi, ayolni dast ko‘tarib, ko‘l tarafga yugurib ketgan bo‘lardi. Ammo ko‘pdan bo‘yniga olgani – keksalik degan g‘ov unga to‘siq edi.
Ayol o‘z ishlari borasida so‘zlashni yaxshi ko‘rsa-da, oilasi haqida lom-mim demasdi. Qiziq, uning eri, bolalari bormikin? Bu savollar bir-ikki marta Yaver muallimning tiliga kelay degan, ammo bo‘g‘zida qolgandi… Ayol juda jozibali, bu jozibaning markazi uning ko‘zlari edi, katta-katta ko‘zlarining quyuq kipriklari orasidan ma’noli boqishi uning chehrasiga sehrli bir ko‘rk baxsh etardi. Qop-qora ko‘zlar qiziqsinib, go‘dak ma’sumligi bilan uzoqlarga tikilganda Yaver muallim tili uchidagi savollarni berishga andisha qilganidan hayajonlanar, va har daf’a bu savollarni berolmagani uchun o‘zini oqlardi. Chunki bunday paytlar muallim, balki u hech qachon turmushga chiqmagandir, degan fikrga borardi. Biroq bu fikr ham ayolning oilasi bor yoki yo‘qligi haqidagi taraddudlantiruvchi tushunchalarini bir yoqlik qila olmasdi….
Hozir Yaver muallim jo‘ka daraxtiga suyanib, raqsga tushayotganlarni tomosha qilgancha ayolni kutardi. Aslida, u ayol bilan uchrashuv vaqtini belgilamagandi. Umuman olganda, ular bu kunlar davomida hech bir kelishuvsiz qay vaqt, qayerda ko‘rishishlarini yaxshi bilardilar. Kundalik uchrashuvlari raqsdan keyingi sayr bilan tugardi. Sayrdan so‘ng har biri o‘z xonalariga kirib ketishardi. Yaver muallim o‘z xonasida dushga tushib, biroz kitob o‘qigandan so‘ng uyquga ketardi. Ayolning chirog‘i esa allamahalgacha yonib turardi. Hoynahoy, u kechalari mutolaa qilar? Kech yotsa-da, tonglari ayol chehrasida horg‘inlikning asari ko‘rinmasdi, ko‘zlari hamisha yonib turar, bolalarcha soddalik bilan olislarga termilardi….
…Ayol bu tunda jo‘nab ketishi kerak edi. Kecha Yaver muallimga bu haqda o‘zi aytgandi. Dam olish uyidan elektr poyezdida shaharga, keyin taksida aeroportga yetib olmoqchi edi. Kecha bu so‘zlarni eshitarkan, Yaver muallim xafalansa-da, ma’yuslikdan tez orada qutulishiga amin edi. To‘g‘risini aytganda, buni xafalik deb ham bo‘lmasdi, chunki bu dunyoda har bir kishi yo‘l-yo‘lakay tanish bo‘lib qolgan, nihoyatda qisqa muddat bo‘lsa ham so‘z-suhbati qovushgan odamlar bilan ayrilishganda ana shunday tuyg‘ularni boshidan kechiradi. Ha, hozir ayol keladi, ular kechki sayrga chiqishadi, birpas yonma-yon kezib, keyin o‘z xonalariga qaytishadi. So‘ngra u biroz dam oladi, kech soat ikkida poyezdda shaharga yo‘l oladi, u yerdan esa aeroportga. Uchish vaqti saharga yaqin, soat beshda. Bu qanday reys ekan, tavba, shunaqa vaqtga ham uchishni belgilaydimi? Yaver muallim reys vaqtini belgilaganlarning sha’niga allanarsalarni ming‘irladi. Ayol ketishi kerak. Vassalom….
Yaver muallim yana o‘n-o‘n ikki kun shu yerda qoladi. Bu kunlarni amallab o‘tkazib oladi, Xudo xohlasa. Yana birov bilan tanishishni esa xayoliga ham keltirmasdi. Chunki qalbiga iliqlik bera olgan odamdan ayrilmoq qiyin. Yo‘q, albatta, masala hech ham bugun ayrilishi kerak bo‘lgan insonning ayol bo‘lganida emas edi. Yaver muallimning bu ayol bilan jiddiy munosabat bog‘lash niyati ham yo‘q edi. Yaver muallim o‘z fe’lini yaxshi bilardi, odamlar bilan tanishib, do‘stlashmoq, keyinchalik butunlay ayrilish unga juda og‘ir edi. Xususan, o‘tkinchi tanishlikdan keyingi ayriliqdan cho‘chirdi: so‘zi so‘zingga uyg‘un kelgan odamligini sezib turasan, ammo bir necha soatdan keyin uni bir umrga yo‘qotishingni va boshqa hech qachon ko‘rmasligingni ham bilasan. Mayli… Ayol ketadi, Yaver muallim bir-ikki kun siqilib, sog‘inadi, so‘ngra hayot yana o‘z iziga tushib ketadi.
Ayol keldi. O‘zi bilan chinnigul atrini olib keldi. Maydonchada esa dunyo yangidan ostin-ustun bo‘layotgandi. Yoshlar yana irg‘ishlab, sapchishda biri biridan o‘tardi. Musiqaning jarangi olamni zirillatar, bu shovqin-suronda raqs tushayotganlarning jazavasi tutgandan tutardi. Cholg‘uchilar mikrofonlar ovozini eng yuqori darajaga chiqarib qo‘ygandilar. Buning sababi bor edi, albatta. Dam oluvchilarning ko‘pchiligi bugun ketish arafasida bo‘lib, musiqada ham, odamlarning yuz-ko‘zida, hatto raqsda ham jo‘shqinlik bilan birga qandaydir dard bor edi. Qiziq, nima uchun bunday edi? Ayol ham aynan shu bugun, aniqrog‘i bir necha soatdan keyin ketishi kerak edi. Yaver muallim buni yaxshi bilsa ham, o‘zini yoshlar kabi tutmasdi, raqsga tushishga urinmasdi.
Bir vaqt ayol ohista qadamlar bilan unga yaqinlashib, qo‘lidan tutdi. Egniga yoqasi chiroyli o‘yilgan, kalta yengli, moviy rangdagi ko‘ylak kiygandi. Ayolning yuziga kapalak misoli mayin bir tabassum qo‘ngandi, lekin ko‘zlarining tub-tubiga sovuq qayg‘u cho‘kkandiki, uni faqat yurak bilan tuymoq mumkin edi. Yaver muallim bu qayg‘uni yurak ko‘zlari bilan ko‘rib turardi. Har ikkisi bir muddat sukut saqladi.
Yaver muallim raqs maydonchasidan uzoqlashmoqchi bo‘ldi. Endigina bir qadam tashlashga ulgurgan ediki, ayol to‘xtang degandek uning tirsagini asta siqdi. Yaver muallim to‘xtadi, ayolning istagini tushunolmay taajjub-la qaradi. Axir ayol shuncha kundan buyon aqalli bir marta bo‘lsa ham raqsga tushmagandi. Go‘yo bugun o‘tgan kunlarning ham hissasini chiqarishni istayotgandek ko‘rinardi. Shu payt yangi musiqa e’lon qilindi: “Oq raqs”. Ayollar erkaklarni taklif qila boshladilar. Ayol Yaver muallimning qarshisida turib, yengil ta’zim qildi. Yaver muallim avvaliga o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, taklifni rad etmoqchi bo‘ldi, lekin ko‘zi ayolning tilni lol etguvchi nazari bilan to‘qnashganda, o‘jarligidan butkul voz kechishdan boshqa iloji qolmadi…
Yoshlar turgan joylarida dong qotdilar. Yoshi ulug‘ bo‘lgan bu juftlikning davrada charx urishi ularni asir etgan edi. Cholg‘uchilarning ham havasi ortgan edi. Yaver muallim o‘zini havoda suzayotgandek his qilar, chinnigul atri uning ixtiyorini olgandi…
Raqs tugadi. Hamma olqishlab, qarsak chaldi. Yaver muallimni ranjitgan ko‘kko‘z, orsiz aspirant odamlar orasidan otilib chiqib, uning yuzi va qo‘lidan o‘pdi. Ayol bu salqin oqshomning o‘zidek dardli va g‘amgin edi….
Ayol tungi soat ikkida yo‘lga tushdi. Yaver muallim uning jomadonini ko‘tarishib, poyezd bekatigacha kuzatib qo‘ydi. So‘ngra qo‘l siqishib, xayrlashdilar. Endi hammasi orqada qolgandi: “oq raqs”, olqishlar, xayrlashuv onlari, hazin vido so‘zlari. Yaver muallim qaytib, o‘z xonasida yotib oldi. Uyqusi tamom qochgandi. Yuragi toqqa chiqqan odamning yuragidek tez urardi. Nimadandir ko‘ngli g‘ash, qalbining tubiga cheksiz bo‘shliq cho‘kkandi. Anchagacha goh u, goh bu tarafga ag‘darildi. Uyqusi kelmadi. Keyin qanday qilib o‘rnidan turdi, qanday kiyindi, qanday qilib ko‘chaga chiqib qoldi, hech biri yodida yo‘q.
Yomg‘ir maydalab yog‘ayotgan edi…
Yaver muallim yonidan g‘izillab o‘tayotgan mashinalarga qo‘l ko‘tardi. Aksiga mashinalar to‘xtamas, allaqaylarga shoshilishardi. Nihoyat, taksilardan biri to‘xtadi. Yaver muallim haydovchiga aeroportga olib borishni iltimos qildi. Haydovchi yo‘lning juda uzoqligini, kamida bir soatda yetib olishlarini aytdi. Yaver muallim haydovchini ko‘ndirarkan, xarajatni ortig‘i bilan to‘lashga so‘z berdi…
Haydovchi rozi bo‘ldi. Mashina tezlikni oshirdi.
Mashina aeroportga yetganda samolyotga chiqish e’lon qilingan, oftob chiqib, kun ham yorishgan edi. Ayol birovni axtargandek atrofga boqqancha zinapoyadan ko‘tarilib borardi. Kuzatuvchilar chekkada turib, ketayotganlarga qo‘l silkishardi. Ayol ham bir to‘xtab, atrofga nazar solganda Yaver muallim ham unga qo‘l silkidi… Ayol kulimsiradi va qo‘lini silkitdi.
O‘z xonasiga qaytib kelgandan keyin ham uzoq vaqt ayol meni ko‘rganmikan, deya uzoq o‘yladi… Axir u kulimsirab qaradi va hatto qo‘l ham silkidi. Balki ayol uni ko‘rmagandir, shunchaki bu yerlar, kechirgan kunlariga qo‘l silkib, vidolashgandir. Balki, endi hech qachon bu taraflarga yo‘lim tushmasa kerak, demoqchi bo‘lgandir… Yo‘q, yo‘q, ayol uni ko‘rgan, bunga Yaver muallim amin edi…
Yaver muallim kelasi yoz ham o‘sha dam olish uyiga keldi. Bir hafta o‘tmay zerikdi. Samolyotga bilet olib, o‘tgan yil ayol uchib ketgan aeroportdan jo‘nadi.
Yo‘l bo‘yi o‘tgan yilgi dam olishdan qaytayotgandek tuyulaverdi. Quloqlarida esa hamon “oq raqs” kuyi yangrardi. Bu kuyni hatto samolyot motorining guvullashi ham bosib keta olmasdi.
Ozarbayjon tilidan Shahlo Qosimova tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son