O‘tgan shanba Zakrinicheda birvarakayiga bir necha to‘y bo‘lib o‘tdi: kutubxonachi qiz fizkultura muallimiga turmushga chiqdi, mo‘ylovi sabza ura boshlagan, kechagina maktabni bitirgan ikki yigitcha uylandi, nihoyat, yigirma olti bahorni qarshilagan traktorchi Makar Chervonoshapka ham nikoh to‘yi o‘tkazdi. Ilgari, armiyaga borguniga qadar, Chervonoshapkaga birov qaray demasdi: qiltiriq, nimjon, yelkalari ensiz edi. Ammo armiyada bo‘lib, pul topish ilinjida ikki yil Vorkutada ishlagach, Makar kutilmaganda shunchalik baquvvat tortib ketdiki, endi uni dabdurustdan tanish qiyin edi. Yiltillab turuvchi biqqi yuzi, keng yelkalaridan tansihatlik ufurar, chag‘ir ko‘zlari o‘tkir boqar, kerilgan qoshlari kamonga o‘xshab ketardi. Xullas, ro‘parasidan chiqib qolgan qizlar beixtiyor nafaslarini ichga yutib, Chervonoshapkadan uzoq vaqt ko‘z uzolmay qolishardi.
Endi u, sirasini aytganda, o‘zini Vorkutaga borib ishlashga o‘rgatgan, urushdan keyin o‘sha yerda ancha yillar mehnat qilgan Zvajiyning to‘ng‘ich qizi — Natalka Zvajiyga uylanmoqda. Rayon gazetasi esa Zvajiy haqida har yili «Seyalkalar dalaga chiqdi» sarlavhasi ostida yakkash shunday yozardi: «Semyon Mixaylovich Zvajiy ikki ish kunidayoq suli va xashaki no‘xat ekishni tamomlab, a’lo darajadagi ish sifatiga erishdi.»
Kolxoz yaslisida enaga bo‘lib ishlovchi, g‘oyat go‘zal Natalka, lo‘li quyosh bilan o‘ynashayotgandek, yigitlarning boshini aylantirib, o‘ziga munosib juft qidirardi. Natalka bunaqa injiqlik qilaversa qari qiz bo‘lib uyda o‘tirib qolishi, birov unga qiyo boqmay qo‘yishi cho‘t emas, deyishardi zakrinicheliklar. Ammo hech kutilmaganda, u, Makar Chervonoshapkaga turmushga chiqishga jazm qildi. Ular ilgari bir-birlari bilan na uchrashishgan, na xat yozishgan. Natalka o‘z taqdirini Makar bilan bog‘lashni xayoliga ham keltirmagandi. Endi bo‘lsa, hech narsadan hech narsa yo‘q, mana shu shanba nikoh, buyog‘i esa to‘y…
To‘y marosimining birinchi kuni qayliqnikida o‘tishi kerak edi. Kuyovto‘ra o‘zining navkarlari bilan erta tongdanoq Natalkanikiga ketib borardi. Shu chog‘, kelinning hovlisiga yaqin qolganda, oq zaranglar o‘sib yotgan tangu tor ko‘chada Chervonashapka yo‘lini bir guruh yigitlar to‘sib, qayliq uchun evaz talab qilishdi.
Chervonoshapka azal-azaldan Zakrinicheda hukm surib kelayotgan rasm-rusmni buzib o‘tirmadi, albatta. U qizning ko‘chasida yashovchi, ehtimol, uni o‘g‘rincha ko‘z ostiga olib yurgan yigitlarga evaz bermog‘i kerak. Ehtimol, yigitlarning Natalka uchun evaz talab qilishlari xushyoqayotgandir, ularning ko‘nglini olish ham ko‘ngillidir, g‘olib yigit uchun.
Kuyovnavkarlar yegulik va ichimlik bilan to‘ldirilgan butun boshli savatni olib kelishdi. Yigitlar to‘pi bunday saxovatdan mamnun bo‘lib, barglari sarg‘aygan zarang daraxtlari ostida kelin-kuyovning salomatligi uchun qittay-qittay ichishdi. Chervonoshapka navkarlari bilan endi o‘tib ketmoqchi edi, birov unga ro‘para turib, so‘radi:
— Xo‘sh, menga-chi? Axir mening ichmasligimni bilasan-ku?!
Kuyovning yo‘lini Maksim Brovarnik to‘sgan edi. U qishloq xo‘jalik institutida agronomlik ixtisosiga o‘qir, har shanba va yakshanba kunlari shahardan ota-onasinikiga qatnardi. Uning qaldirg‘och qanotlariday kerilgan qoshlari ostidagi moviy ko‘zlari yonib turardi. Xiyol qiyshiq burnining parraklari titrar, uning hayajonlanayotgani aniq edi. Brovarnik maktabni Chervonoshapkadan uch-to‘rt yil keyin tamomlagan bo‘lib, ular hech qachon do‘stlashmagan, uchrashganlarida faqat salomlashishar, qishloq ishlari haqida sira qovushmay gaplashishardi.
— Evaz hamma uchun bitta beriladi,— dedi Chervonoshapka.
— Bunaqa qayliq uchun baho talashmasang ham bo‘ladi, — yana qistadi Brovarnik qoshlarini chimirib. — Zakriniche qishlog‘ining eng sara qiziga uylanyapsan-a!
Chervonoshapka bir daqiqa o‘yga tolib, taajjublangan navkarlari oldida nima qilishini bilolmay turdi, keyin bir qarorga kelib, cho‘ntagidan hamyonini chiqardi.
— Ma, — u Brovarnikka yam-yashil elliktalikni cho‘zdi. — Boqon* bo‘lsa boqon, evaz bo‘lsa evaz-da. Zakrinichelik eng yaxshi qizning bosh-ko‘zidan sadaqa.
Bashang kiyingan, kechadan beri ichaverganidan kayfi taraq navkarlar saxiy kuyov uchun mag‘rurlanib, jilmayishdi. Brovarnik pulni oldi, ammo ko‘ngli to‘lmasdan, lablarini burdi.
— Ha, albatta, kam, — uning fikrini uqqanday iqror bo‘ldi obdan saxovatpesha bo‘lib ketgan Chervonoshapka yana bitta elliktalikni uzata turib. — Ol, shaharda studentlaring bilan vaqtichog‘lik qilganingda mening Natalkam haqida so‘zlab berarsan. Uning uchun dunyoning teng yarmini ham ayamasdim.
— Shunchalik sevasanmi? — qoshlarini chimirib so‘radi Brovarnik.—Dunyoning teng yarmini-ya?
— Ha-da, dunyoning yarmini, qolgan ikkinchi yarmini esa ustama qilib beraman! — dedi Chervonoshapka.
— Qalay, yigitlar, ustamani qabul qilamizmi? — Maksim do‘stlaridan so‘radi. — Kuyov o‘zining Natalkasiga boraversinmi?
— Boraversin, — shovqin solishdi boqonchilar.
Brovarnik go‘yo og‘rinibroq yo‘l bo‘shatdi. Kim bilsin, balki Chervonoshapkadan dunyoning yarmini undirmoqchi edimi?..
— To‘yga kelinglar, — Chervonoshapka boqonchilarni taklif qilarkan, o‘zining saxiyligidan mumnun edi. — Agar kimki ertaga raqsda poshnasini yo‘qotmasa hisob emas.
Boqon tutgan yigitlarning ko‘pchiligi Chervonoshapkaga havas qilishdi. Negaki, u qandaydir bir-ikki oy ichida Zakrinichedagi eng go‘zal qiz — Natalkani o‘ziniki qilib oldi-da! Yosh ofitserlar, eng avvalo, Natalka bilan raqs tushish ilinjida deyarli har yakshanba qishloq klubiga kelishardi. Ba’zan qo‘shni qishloqlardan bitta-yarimta yigitlar, masalan, Zalivanshchinadan zootexnik, Chovnovitsadan hisobchi ko‘rinib qolishardi. Ammo zakrinichelik bo‘ydoqlar oshiqlarning har biri bilan alohida-alohida «gaplashib» qo‘yishar, shu-shu ular qaytib qoralarini ko‘rsatishmasdi. Oxir-oqibatda na o‘zlarining, na begonalarning omadi chopdi.
Boqon ahli chaqchaqlashib, hazil-huzul qilganlaricha, evaz bilan andarmon bo‘lib qolishdi. Maksim Brovarnik esa picha qaqqayib turdi-da, boshini quyi egib, nari ketdi. Shu dam uning vujudini sog‘inch aralash yot bir his qoplab, kindik qoni to‘kilgan Zakrinicheda o‘zini begona seza boshladi. Uyga kelgach, bostirma tagiga o‘tib chekdi. Sigareta bemaza ekan, uni oyog‘i bilan ezg‘ilab, boshqasini oldi. Tomorqada, har biri gumbazday bo‘lib, oshqovoqlar yetilgan edi. Shularni yerto‘laga olib kirgin, deb onasi iltimos qildi. Ammo u o‘rnidan qo‘zg‘almasdi. Bosiq qoqolaganicha babaqxo‘roz yaqinlashib keldi, qonga to‘lgan ko‘zlari bilan Maksimga qaradi. Yigit esa qo‘l ko‘tarib xo‘rozni haydab yuborishga ham o‘zida majol topmadi. Shu dam opasi as’asayu dabdaba bilan dolondan chiqib keldi. Xo‘ppa semiz, bir tutam sochini ataylab oqartirgan Ganna mudom yangi kiyim-bosh xarid qilishni o‘ylar, shu bilan ovunardi. Ammo mehnatkashlikda butun boshli Zakrinicheda unga teng keladigani yo‘q edi.
— Nega to‘yga bormading? — so‘radi u ovozini tovlantirib. Bunday gapirish malohatimni tag‘inam oshiradi, deb o‘ylardi u. — Xuddi boyqushga o‘xshab tumshayib olibsan?
— Kimnikiga borishim kerak? — dedi Maksim bashang kiyingan opasiga xo‘mrayib.
— Kimnikiga bo‘lardi? — Ganna ukasining loqaydligidan zarracha ham xafa bo‘lmasdan gapirardi. — Men bo‘lsam Natalkaning to‘yiga ketyapman, yur, o‘zim olib bora qolay.
— Juda qo‘ling qichib turgan bo‘lsa, boshqa birontasini yetaklab ketaver, men uyda o‘tiraveraman. Avtobusga chiqishga ham tayyor turishim kerak. Yo‘qsa, shaharga qanday yetib olaman?
— Borarsan! Bir kun-yarim kun kechiksang, osmon uzilib yerga tushmas.
— O‘z vaqtida borishim mumkin-ku, nima uchun kechikishim kerak?
— Obbo sen-ey, — ayyorlik bilan ta’naomuz dedi opasi. — Jahling chiqadimi — yo‘qmi, ammo kechikding — vaqt o‘tdi, g‘isht qolipdan ko‘chdi. Nima sababdan Natalkaning to‘yiga bormayotganing sababini bilmaydi, deb o‘ylaysan-a?
— Xo‘sh? — kiprik qoqmasdan tikilib turardi Maksim.
— Agar sevmaganingda bu yerda boyqushga o‘xshab «haq» deb o‘tirmasding. Natalkani sevasan, shuning uchun ham dunyo ko‘zingga qorong‘i ko‘rinyapti.
Maksim qo‘zlarini xiyol qisdi, uning qorachiqlarida tillarang olov uchquni mavjlanardi. Chamasi, miyasiga qon tepgan bo‘lsa kerak, yuzini go‘yo pushtirang tutun yalab o‘tgandek bo‘ldi. Shunga qaramay, iloji boricha beparvolik bilan dedi:
— Dunyoda nima ko‘p, qiz ko‘p, hammasini sevishning iloji yo‘q. Hi-hi, Natalka bo‘lmasa, yana boshqa bittasi-da?
— Gapir-a, gapir! Qizni shundoqqina burningning tagidan ilib ketishdi-ku! — Ganna gapirarkan, uning durkun ko‘kraklari ko‘tarilib-ko‘tarilib tushardi. — Endi uni qaytarolmaysan, kech bo‘ldi! Ilgari edi — qayliqni jig‘aning tagidan o‘g‘irlab ketishardi, endi bunaqa qilishmaydi… Shunday qizni qo‘ldan chiqarding-a!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, — Maksim tahdid bilan to‘ng‘illadi. — Hech kimni qo‘ldan chiqarganim yo‘q. Menga atalgani hech qayoqqa qochib qutulolmaydi.
— Albatta, qochib qutulolmaydi, — opasi yana uning jig‘iga tegdi. — Qashinib bo‘lguningcha kutib o‘tiraveradi… Buncha mag‘rur bo‘lmaganingda, ehtimol bugun sening to‘yingni o‘tkazayotgan bo‘larmidik… Yutganim o‘zimniki, chaynaganim gumon, deb shuni aytadilar-da!
— Albatta mag‘rurlik qilaman, — javob berdi Maksim endi xotirjamroq ohangda. — Yonida hamisha bir gala yigit pashshaxo‘rda bo‘lib yurganidan keyin…
— Nima, Natalka bunga arzimabdimi? Agar bilmoqchi bo‘lsang, u sen to‘g‘ringda hammadan ham ko‘proq o‘ylardi!
— Aljirayapsan, — ishonqiramay dedi Maksim. Biroq endi uning qarashlari yumshagan, deyarli quvonch bilan takrorladi, — Aljirayapsan!..
— Sen mag‘rur emas, lattasan, — Ganna endi ta’na qilmas, achitib koyirdi. — Undan yaxshisini topib bo‘psan, bir umr tilingni tishlab, tamshanib yurasan!
— Bularning hammasi suvga panshaxa bilan yozganday bir gap, ko‘ramiz hali kim tamshanib yurarkan.
— Panshaxa bilan suvga yozgani nimasi? Qishloq Soveti ularni el qatori nikohdan o‘tkazib, panshaxa bilan emas, ruchka bilan yozib qo‘yadi. Jilla qursa, to‘yga borib odamlarning qanday uylanishini ko‘rib olsang zarar qilmasdi. Bir kun kelib asqotardi.
— Kar demang—eshitamiz, ko‘r demang-ko‘ramiz.
— Hazillashging kelsa o‘z-o‘zing bilan hazillashaver, men ketdim.
Maksim otasining quduq yonida turgan «Jiguli»sini o‘t oldirib, hovlidan shunday shiddat bilan chiqdiki, qizil tusli babaqxo‘rozni bosib ketishiga sal qoldi. Darvozadan chiqqach, yo‘l Natalkalarning uyi yonidan o‘tardi. Maksim ularning qo‘rasi yonidan, hatto ko‘z qirini solmasdan, yelday uchib o‘tdi. Shu chog‘, narigi tor ko‘chaga burilarkan, mashinani to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
To‘xtatishga majbur edi, chunki to‘y marosimi qatnashchilari tor ko‘chani to‘ldirib borardi. Odamlar oqimi boshida oppoq fata yopingan Natalka, bayram libosidagi Chervonoshapka ketishardi. Qo‘shni qishloqdagi qand zavodidan yollangan orkestr kuy chalar, kelin-kuyovning do‘stlari va dugonalari ortidan bolalar halloslab yugurishar, Natalka va Makarning ota-onalari viqor bilan qadam tashlashardi. Oyoqlar ostidan ko‘tarilayotgan pushtirang chang ko‘kka o‘rlardi, marshning osongina uvalanib ketayotgan allaqanday bo‘g‘iq tovushi eshitilar, shumtollardan za’faron barglar to‘kilar — hozir bularning hammasi Maksim Brovarnik uchun chidab bo‘lmas bir azob edi. U to‘y marosimi qatnashchilarining tor ko‘chadan o‘tib bo‘lishini kutolmasdi. «Jiguli»ni tislantirib, kimningdir hovlisiga kirdi, qayirib olgach, hovuz tomon uchirib ketdi. Namxush yaylovdan o‘tib, tolzorni orqada qoldirdi-da, qishloq chekkasiga chiqib oldi. Dala yo‘li esa yerdan ko‘m-ko‘k bo‘lib bosh ko‘targan kuzgi ekinzorlar sari boshlab ketdi. Hozir Brovarnikning o‘zi ham qayoqqa ketayotganini tuzuk anglayolmasdi. Nihoyat, u to‘xtadi, chunki yo‘lning davomi shudgorga ulanib ketgan, mashina qattiq silkina boshlagan edi. Ufqqa qadar yastanib yotgan kimsasiz qora tuproq goh u, goh bu yerda xiyol yiltirardi. O‘zini dala o‘rtasida ko‘rgan Brovarnik taajjublandi: qaysi alvasti uni bu yerga yetaklab keldi o‘zi? Nega u xuddi ortidan shayton quvganday, Zakrinichedan qochdi?..
Kutilmaganda, uning yodiga opasining so‘zlari tushdi: «Agar bilmoqchi bo‘lsang, u sen to‘g‘ringda hammadan ham ko‘proq o‘ylardi!» Yuragini kemirayotgan ojiz quvonchning jilg‘alari endi qudratli oqimga aylanib, asta-sekin Brovarnikning butun vujudini zabt etdi. Go‘yo kutilmaganda, shu yerda, qop-qora shudgor o‘rtasida unga hamma narsa ochiq-oydin bo‘lib ko‘rindi. Ufqqa qadalgan ko‘zlari o‘zininggina qalbiga razm solib qolmasdan, balki Natalkaning ham yuragiga nazar tashlagandek bo‘ldi. U ham quvonar, ham o‘z-o‘ziga malomat toshlari yog‘dirardi: albatta, ahmoqsan, merovsan! O‘z mag‘rurliging qoshida mag‘lub bo‘lding-a! Topgan gapingni qara: Natalkaning yonida mudom bir to‘p yigit pashshaxo‘rda bo‘lib yurarmish! Xo‘sh, u ana shu yigitlarga e’tibor berib, qayrilib qaraganmidi? Brovarnik ko‘nglimga qo‘l solarmikin, deb kuta-kuta ko‘zi to‘rt bo‘lgach, axiyri Chervonashapkaga ko‘ngil qo‘ygan-da. Nima, u haqiqatan ham qari qiz bo‘lib dulyodan o‘tsinmi! Axir u ham kimgadir turmushga chiqishi kerak-ku? Ana, uzoqda, ulkan hovuz tegrasida to‘ng‘igan qalayi misol tuman qo‘ynida yaltirayotgan kuz ko‘loblari osha Zakriniche yastanib yotipti. Aftidan, to‘y marosimi qatnashchilari qishloq Sovetidan qaytayotgan bo‘lsalar kerak.
Brovarnikning vujudini quvonch hissi qoplab oldi. Natalka, ehtimol, endi afsuslanayotgandir, uni mehmonlar orasidan qidirayotgandir. Nega u biyday dala o‘rtasida qaqqayib qoldi?..
Maksim nima qilishini hali tuzukroq o‘ylab ham ko‘rmasdan, «Jiguli»ga o‘tirdi-da, boya boshi oqqan tomonga qanday uchib ketgan bo‘lsa, xuddi shu zaylda Zakrinichega jo‘nadi. Mashinani ko‘chada qoldirib hovliga kirarkan, atrofda kuymalanib yurgan mehmonlarni kuzatdi.
Ostonada Chervonoshapka ko‘rindi — ko‘krak cho‘ntagidan soatning tilla zanjiri osilib turar, barmog‘ida toza oltindan yasalgan nikoh uzugi yaltirardi. Maksimga ko‘zi tushib, go‘yo eng aziz mehmon, qadrdon do‘sti tashrif buyurganday, quchoqlarini yozdi.
— Xo‘sh, sen uni ko‘rdingmi, a? Uni ko‘rdingmi? — kuyovto‘ra Brovarnikni chekkaga olib chiqarkan, shodumonlikdan nafasi tiqilib dedi, — Zakriniche Zakriniche bo‘liptiki, hali bunaqa kelinni ko‘rmagan, ko‘rmaydi ham! Bilasanmi, men uning uchun ishlab, qancha pul topdim? Bir umrga yetadi! Men yana shunday o‘ylardim: Zakrinichega qaytib borsam, eng chiroyli qizni tanlayman — qo‘limni qaytarmas. Kelib qarasam, qishloqning eng chiroyli qizi — Natalka! Undan yaxshisi yo‘q, to‘g‘rimi? Xo‘sh, deb o‘yladim, mana, kim uchun jahon kezibman, pul topibman, mana, kimni sevaman, mana kim meni sevadi! Yigitlarga evaz tariqasida bir chelak gorilka* berdim, ishonsang. Bu men uchun nima? Dengizdan tomchiday gap! Senga yuz so‘m berdim — Natalka uchun shuyam pul bo‘ldimi? Yarim dunyoni, butun dunyoni bersam ham bari bir kam, u shunaqa ajoyib.
— Sevasanmi? — so‘radi Brovarnik shum niyatda iljayib.
— Qo‘llarimni ko‘rdingmi? — dedi Chernovoshapka o‘zining g‘adir-budur barmoqlarini kerib. — Bundan yarim yil ilgari ham bu qo‘llar kim uchun ishlayotganligini bilmasdi, holbuki ular kim uchundir ishlardi, ishlardi! Endi esa bilaman — Natalka uchun qadoq bo‘lgan ekan.
U shu qadar bepisandlik bilan gapirardiki, chag‘ir ko‘zlari shunchalik kibru havo bilan yaltirardiki, Brovarnikning lablaridagi tabassum o‘z-o‘zidan so‘ndi. U endi kuyovto‘raga dahshat yoxud taajjub bilan emas, ko‘proq shubha bilan boqardi. Negaki, muhabbat insonning ko‘zlarini basir qilib qo‘yishini, shu ko‘yga tushgan kishi Chervonoshapka eqanligini hatto tasavvur ham qilolmasdi.
— Men Natalka uchun butun hayotimni ham ayamayman! Pedinstitutga sirtdan o‘qishga yuboraman, qaragin, bolalarni qanchalik sevadi — uzzukun yaslidan chiqmaydi. U ham sen qatori o‘qisin-da. Modomiki, hokimiyatimiz imkoniyat yaratib bergan ekan, undan foydalanish kerak. Men Natalkaga muhabbatimni hadya etaman, u esa menga. Qarabsanki, ikki yorti-bir butun. Umr bo‘yi shunday yashaymiz. Hovuz yonidagi tepalikka uy quraman, marhum buvimning qo‘rasi o‘sha yoqda. Natalkamning nomi Zakrinichedan tashqarida ham hurmat bilan tilga olinishi uchun, qasam ichib aytamanki, Mehnat Qahramoni bo‘laman… Uning atrofida qanchadan-qancha yigitlar pashshaxo‘rda bo‘lib yurishganini bilmaydi, deb o‘ylaysanmi? Hammasi o‘z yog‘iga o‘zlari qovrilib, bir bosh, bir tepa bo‘lib qolaverishdi!
Chervonoshapkaning har bir hatti-harakatida o‘ziga kuchli ishonch bor edi. Qachondan boshlab u shunaqa bo‘lib qoldi? Nahotki, bir paytlari Zakriniche bo‘ylab chopqillab yuradigan nimjongina, kamsuqum yigitchada shu qadar kuch-qudrat va jasurlik yashiringan bo‘lsa?
— Qishloqda Natalka haqida g‘iybat gaplar tarqatishga ham ulgurishipti. Nima, u hammaga yoqqani uchun aybdormi? Men, mana hech qanday g‘iybatlardan qo‘rqib o‘tirmadim! — Chervonoshapka mushtumini qisdi va takrorladi, — qo‘rqqanim yo‘q! — U yuzida suiqasdchilarga xos ifoda paydo qilib davom etdi, — hatto biron-bir gunoh qilgan taqdirda nima bo‘pti? Aybsiz odam bormi o‘zi? Hech bo‘lmaganda fikran gunoh qilmagan odamning o‘zi yo‘q! Uzoq-uzoqlarda sanqiganman, meni ham g‘iybat qilgan bo‘lishlari mumkin!
Kuz darakchilari — mizonlar havoda uchib yurardi. Brovarnikning nazarida ko‘kimtir osmonda yovvoyi g‘ozlarning g‘og‘olashi eshitilgandek bo‘ldi. Boshini orqaga tashlab, ko‘chmanchi qushlarni qidira boshladi — osmon kimsasiz, cheksiz edi. Ammo qushlarning xayrlashuv qichqirig‘i qanday qilib unga ro‘yo bo‘lib tuyulishi mumkin?
— Natalka ham menga yopishdi-qoldi. — Chervonoshapka baquvvat qo‘llari bilan Maksimning yelkasidan quchib, o‘z quvonchini baham ko‘rar ekan, ovozi xuddi bochkadan chiqayotgandek guvillardi. — Mangulikka, o‘la-o‘lguncha sevib qoldi!
— Mangulikka? — Brovarnikning lablari arang qimirlardi. — O‘la-o‘lguncha?
— Muhabbat! — yuzi tantanavor bo‘g‘riqib xo‘rsindi kuyovto‘ra. — Sen-chi, birontasini sevganmisan o‘zi? Senga yo‘l bo‘lsin? Sevganingda shu paytgacha sanqib, xotinsiz yurarmiding?
— Sevganman, sevaman ham, — ko‘nglida kutilmagan sovuqlik tuyib javob berdi Brovarnik.
— Buni qara, zakrinichelik qizlardan birontasi yuragingdan urdimi? Yoki shahardagi bitta-yarimtasiga xushtor bo‘lib qoldingmi? Balki institutdagilardandir, a?
— Yo‘g‘-e, Zakrinicheda, — dedi Maksim yelkasidan Chervonoshapkaning qo‘lini tushirib. So‘ng hech ikkilanmasdan davom etdi, — Natalkani sevardim, hozir ham sevaman.
— Qaysinisini? — makkorona ko‘z qisib so‘radi kuyovto‘ra, gap nimadaligiga hali tushunib yetmasdan.
— Shu bugun sen uylangan Natalkani.
— Nima deding? — Chervonoshapka bir sapchib tushdi. U sarosimada emas, raqibiga shunchaki ishonmay tikilib turardi. Yuzida ozor chekish yoki qahr-g‘azabdan nishona bo‘lsa ham mayli edi…
Chervonoshapka xoxolab kulib yubordi. Xoxolashdan gavdasigina emas, ko‘z qorachiqlari ham titrayotgandek tuyulardi. Maksim Brovarnik bu shiddatli quvonch sababini tushuna olmay, o‘zining tobora nafratlanayotganini sezib turardi.
— Sen-a?.. Sen-a?.. — xoxolash to‘lqinlari oralig‘ida shu so‘zlar yangrardi.
Maksim butalar ustidan hatlab o‘tarkan, kinoyali kulgidan qutilish uchun qochib qolishga ham tayyor edi. Chervonoshapka hushiga kelib, xodaday qo‘llarini yoygancha, ikki hatlashdayoq unga yetib oldi.
— Obbo, darhol jig‘ibiyron bo‘ldingmi? Nega to‘ydan qochib ketyapsan? Natalkani sevsang sevaver, menga nima? Uni hamma sevadi, bu bilan Natalkaning biron yeri kamayib qolarmidi? Baribir u menga nasib etdi, endi uni qo‘ldan chiqarib bo‘pman. Qarashni taqiqlab bo‘larmidi, men ham buni man etmoqchi emasman!
«Nima balo, u jinni-pinni bo‘lganmi? — taajjublanib o‘yladi Brovarnik. — Balki ular rostdan ham bir-birlarini hech qanday shaytondan ham tap tortmay sevishar? Mo‘-ji-za-a-a!»
— To‘yga keldingmi, endi ketkizib bo‘pman. Nima, otamizdan qolgan merosni talashamizmi? Janjalga hech sabab yo‘q. Institutni tamomlab, agronom bo‘lsang, qayoqqayam borarding, Zakrinicheda qolarsan? Shunday ekan, nega endi janjallashamiz? Bu dunyoda hamma ahil-inoq yashashi kerak. Qani, bo‘l, uyga boramiz, Natalkani tabriklaysan, mehmonlar kelishgan, bir yayraylik.
Brovarnik picha hovridan tushdi. Ehtimol, u hech qanaqa jinni-pinni emas, shunchaki oqko‘ngil, bir qop yong‘oqdir, dilidagi-tilida deb shuni aytishsa kerak-da. Borsinmi, bormasinmi? Borishga oyog‘i tortmayapti, ammo qandaydir kuch uni g‘ayratlantirar, yo‘lga otlantirardi.
U g‘ala-g‘ovur to‘yxonaga kelib qo‘shildi. Araq ta’sirida aqli xiralashdi, bora-bora yana ravshan tortdi. Gannaning xo‘ppaytirib turmaklagan zig‘ir tolasisimon sochlari quyosh nurida tovlanar, Maksim u tomonga qaramaslikka, opasining ko‘zlarini ko‘rmaslikka tirishardi. Kelin-kuyov o‘tirgan tomonga qarashdan ham o‘zini tiyardi.
Chervonoshapka bilan bo‘lgan boyagi suhbatdan keyin uning hissiyotlari hammaga fosh bo‘lgandek, barcha faqat shu haqda gapirayotgandek edi. Buni qara, Natalkasini sevganlari uchun kuyovning na ichi achiydi, na rashki keladi va na yoqa bo‘g‘ishadi. Zo‘rlab to‘yga olib borganini aytmaysanmi — bu bilan baxtimni ko‘rib qo‘y, baxillik qilmayman demoqchimi? Sen esa, mana, kamsitilganingcha o‘tiribsan, hatto o‘rningdan turib chiqib ketishga darmoning yo‘q…
Hovlida raqs boshlangach, Brovarnik xonadan chiqdi, sigaret tutatganicha, yigitlar orasida picha turdi. Qizlarning o‘zi Maksimning qoshiga kelishar, o‘yinga taklif qilishardi. Biroq u raqs tushmas, lab tishlagan ko‘yi qaqqaygancha turardi. Vujudida esa botiniy tug‘yon, g‘alayon kechmoqda edi.
Kelin bilan kuyov raqs tusha boshlagach, Maksim ulardan ko‘z uzolmay qoldi. Aftidan, Natalka ham o‘zining qaylig‘i va Maksim o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan xabar topgandi. Chunki u «yalt» etib, ma’noli qarash qildi. «Bilsa, bilaversin, — o‘jarlik bilan o‘yladi Maksim. — Mayli!..» Uning xayoliga yana bir fikr keldi: «agar hozir qizni mashinaga o‘tqazsa-yu, o‘g‘irlab shaharga olib ketsa-chi? Natalka institutni tamomlaguncha yotoqxonada yashashardi yoki biron hovlida ijarada turishardi. «Jiguli»ga o‘tqazsang-da, hayyo-huv deb Zakrinichedan bosh olib ketsang. Natalkadaqasini qayerdan topa olarding?
Brovarnikning xayoliga bir-biridan antiqa fikrlar kelar, nazarida, chora topiladigandek edi. Agar Natalkani raqsga taklif qilib, boya Chervonoshapkaga iqror bo‘lgandek, ko‘nglidagi bor gapni to‘kib solsa: shunday-shunday, hali ham kech emas, imkon bor, desa…
Xonadan hovliga olib chiqilgan radiola go‘yo og‘ir xo‘rsingandek bo‘ldi. Brovarnik ko‘pdan beri Natalka bilan raqs tushishni orzu qilib yurgan vals yangray boshladi. Shanba kuni shahardan qaytib, qishloq klubida bo‘layotgan kechalarga bosh suqarkan, shuni istardi; shaharda ham studentlar yotoqxonasining qizil burchagida raqsga tusharkan, istagi shu edi. O‘sha kezlari Brovarnik deyarli har bir qiz siymosida Natalkani ko‘rar, uning kulgisi shuurida yashardi.
Valsning jo‘shqin ohanglari taralishi hamono u qat’iyatsizlikni yengib, kelin va kuyov tomon jadal borarkan, ishqilib, ular hozir chir aylanib raqsga tushib ketmasaydi, deb hadiksirardi.
Maksim hali yetib kelmasdan kuyovto‘ra unga shu qadar do‘stona, shu qadar xayrixohlik bilan boqdiki, Brovarnikning qattiq qimtilgan lablari o‘z-o‘zidan yumshab, qalbidagi muz erib ketgandek bo‘ldi.
— Sizni valsga taklif qilaman, — dedi Maksim kelinchakka, so‘ng Chervonoshapkaga razm tashlab.
— Natalka, bora qol, — Chervonoshapkaning gap ohangida iltimosdan ko‘ra buyruq kuchliroq edi. Go‘yo u qaylig‘i rad javobi berishidan qo‘rqayotganga o‘xshardi. — Sen bilan Maksim ham raqs tushsin, hechqisi yo‘q!..
Natalka Maksimning ko‘ziga qaramaslikka tirishib, yengil raqs tushib ketdi. Brovarnik qizga dahshat ichra bir lahzagina nigoh tashlashga jur’at etdi… Go‘yo o‘zi — bu bayramda begona va yot odam-baxt tantanasini buzmoqchidek tuyuldi. Go‘yo u faqat to‘yga tashrif buyurgan mehmonlar qarshisidagina emas, balki Chervonoshapka, kelin-kuyovning qarindosh-urug‘lari, qolaversa, o‘zi oldida, bu haqda hech kimga og‘iz ochib gapirish mumkin bo‘lmagan hissiyot oldida aybiga iqror bo‘lmoqchi edi. Negaki, uning Chervonoshapkaga qilgan boyagi dil izhori o‘z-o‘ziga, shu paytgacha sof va muqaddas deb bilgan tuyg‘uga xiyonat edi. Natalka bilan raqs tusharkan, unga bir og‘iz ham so‘z ayta olmasligini tushundi.
Sal fursatdan keyin chetan devor yonida turganicha to‘y marosimiga nazar tashlarkan, eslab ketdi… Mana, u Natalkani Chervonoshapkaga topshirdi, mana kelinning quvonch to‘la so‘zlarida qandaydir so‘zsiz savol yolqinlandi… Uning malla sochlari atrini dimog‘ida tuydi, havoga to‘sh urgan qaldirg‘och qanotlaridek yoyilgan qoshlarining naqadar qadrdonligiga iqror bo‘ldi… Opasi Ganna uni laqillatgan bo‘lishi mumkin — uning so‘zlariga ishonishi kerakmikin?
Mashinaga o‘tirib, to‘y marosimi shovqin-suronidan uzoqlasharkan, o‘z-o‘zini tushunishga urinardi… Nega ishqqa iqrorligini Natalkaning o‘ziga ayta qolmadi? Axir u Chervonoshapkaga bor gapni yuzma-yuz turib aytdi-ku?! Nega Natalkani o‘g‘irlashga harakat qilmadi? Axir bu uning so‘nggi, milliondan bir imkoni edi-ku?!
Maksim hovlisiga qarab burildi, to‘xtadi, peshonasiga kaftini bosdi. O‘ylab-o‘ylab o‘yining tagiga yeta olmasdi. U Natalkani ko‘rish uchun tag‘in ortiga qaytmoqchi edi, ammo qandaydir kuch tutib qoldi. Mag‘rurlikmi, muhabbatmi?
Qo‘llarini beixtiyor ko‘krak cho‘ntagiga cho‘zdi — nima bu? Ha, evaz-ku! Kuyovto‘ra boqon uchun ajratgan har biri elliktalik ikkita qog‘oz. «Ol, studentlaring bilan vaqtichog‘lik qilarsan… Men uning uchun Dunyoning yarmini bergan bo‘lardim!»
U merovlik bilan pulga boqarkan, ko‘zlariga ishonmasdi. Go‘yo pulni berishganiga, o‘zi esa uni olganiga ishonmasdi. Bu — Natalka uchunmi? Ha, Natalkaning o‘zi yarim dunyoga, butun boshli bir dunyoga arzirdi, uning uchun, hatto hazillashib, hatto odatga muvofiq bo‘lsa-da, evaz berish mumkinmidi? O‘sha evazni olish-chi? Kaftlarida g‘ijimlangan pulni tutib turarkan, o‘ziga nisbatan nafrat, jirkanch hissini tuydi.
Evazni oldi, demak, sotdi. Ammo Natalkaga ham, Chervonoshapkaga ham, o‘ziga ham adolatsizlik qilayotganini sezib turardi. Hozir o‘z-o‘zini savalashi zarur edi — shusiz hech tinchiy olmaydigandek. G‘alati bo‘lib chiqdi-ku: go‘yo endigi uylanish yoki hech qachon uylanmaslik boqonga bog‘liq bo‘lib qolgandek…
Cho‘ntagidan gugurt chiqardi-da, g‘azab bilan tirjayib, pulni yoqib yubordi. Qisqagina alanga seskanar, uning shu’lasi Maksimning rangpar yuzida akslanardi.
Suv to‘la chelakni ko‘targanicha quduq tomondan kelayotgan onasi mashinada o‘tirgan o‘g‘liga tikilib qoldi. O‘g‘li esa mashina eshigini ocharkan, ko‘kka o‘rlayotgan tutunga ishora qilib, na baxillik va na umidsizlik ohangida dedi:
— Natalka uchun olingan evazni yoqib yubordim — hech narsa qolmadi!
— Ha, sen uning uchun butun Zakrinichega o‘t qo‘yib yuborishdan ham toymaysan.
Onaning so‘zlari hech bir ta’nasiz, mehr bilan aytilganday tuyuldi. Ana, u chelak ko‘targanicha dolonda g‘oyib bo‘ldi, ammo qadrdon ovozi oqshom havosida hamon jaranglar, aks-sadosi qalbga o‘rnashib, jafokash o‘g‘ilning hozirgi ahvolini xiyol yengillashtirardi. Kuygan kaftidagi bir chimdim kul shamolda ucha boshlagan, achimsiq hid anqib turar, bu badbo‘ylik borgan sayin kuchayardi.
Rus tilidan Sherali Sokin tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1987 yil, 10-son
______________
* Boqon — tuhfa olish maqsadida yangi kelayotgan kelin yoki kuyovning yo‘liga g‘ov solmoq. Bu odat ba’zi o‘zbek qishloqlarida hozir ham uchraydi (tarjimon).
* Gorilka — araq (ukraincha).