U teridan tikilgan kamzulining yoqasini ko‘tarib politsiya mashinasida o‘tirar, qop-qora kamzulning tugmalari kumush rangda tovlanardi. U o‘n yetti yoshda edi. Tim qora, hurpaygan sochlari yelkasigacha tushgan. U qaddi-qomati kelishgan yigit ekanini o‘zi ham bilar, shuning uchun boshini tik tutib yurardi. Lablari istalgan lahzada ochilishga tayyor buklama pichoq damiday qimtilgan, qo‘li kamzulining cho‘ntagida, kulrang ko‘zlarida hayajon bor edi. Bu ko‘ngilsizliklar o‘tkinchi ekaniga o‘zini ishontirishga urinar, lekin qo‘lidan hech ish kelmasdi. Politsiyachi fonarini yuziga o‘qtalganda qochmoqchi bo‘lgani, mirshab kamzulining yengidan ushlaganda tutaqib, mashinaga tiqishayotganda qarshilik qilgani, keyin politsiya mahkamasida ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida savollarga javob berishdan bosh tortgani qayta-qayta ko‘z oldiga kelaverardi.
Irlandiyalik navbatchi zobit unga boshdan-oyoq razm soldi.
– Nega baqrayasan, baqaloq? – dedi u bezrayib.
Zobit unga yeb qo‘ygudek o‘qraydi-da:
– Buni ertagacha qamoqqa tiqinglar, – deb buyruq berdi. Tunni politsiya mahkamasidagi hibsxonada o‘tkazdi-yu, tongda vujudi yana o‘sha g‘alati hayajonni his qildi. Shu hayajon tufayli u mushkul ahvolga tushib qolganini durustroq anglayolmasdi. Chunki avvallari boshiga tashvish tushsa o‘zini bunchalik masrur his qilmasdi. Hozir u go‘yo maxfiy bir joydagi sirli davraga tushib qolgandek edi. Nonushtadan so‘ng soqol olishga ruxsat berishmaganda politsiyaga nafrati yanada ortdi. O‘n yetti yoshda bo‘lsa ham halitdan soqoli binoyidek o‘sardi. Erkak kishi tongda soqol olishi kerak-ku, axir, jin ursin! Lekin atrofidagi voqealar unga shunchalik g‘ayritabiiy tuyulardiki, yuziga qahrli tus bergan tuklariga ham e’tibor bermay qo‘ydi. Boshiga musibat tushgan bo‘lsa nima qilibdi? Bunaqa hayotning ham o‘ziga yarasha zavqi bor-ku, axir. U o‘zini kino qahramonlaridek his qila boshladi. O‘zini ko‘rsatadigan vaqt keldi. Uni tutib qamoqqa tiqishganda zig‘ircha ham qo‘rqmadi, aksincha zavqi jo‘shib hayajonlandi.
Hibsxonada egnidan arzon vino hidi anqiyotgan, tunni u kabi shu yerda o‘tkazgan bir daydisifat nusxa ham o‘tirardi.
– O‘v! – dedi u.
– Menga gapirayapsanmi? – dedi kameradoshi.
– Ha. Endi bizni nima qilishadi?
– Avval so‘roq qilishadi, bolakay, – dedi daydi. – Birinchi marta qo‘lga tushdingmi, deyman?
– Birinchi marta, – dedi u gerdayib.
– Hamma qonunbuzarlarni dastlab so‘roq qilishadi, – tushuntira ketdi haligi nusxa. – Shu jumladan, jinoiy ishga qo‘l urganlarni ham. Sen jinoyat qilganmisan?
– Ha-da, – dedi u pinagini buzmay.
Bu badbaxtni nega hibsga olishgan ekan-a? Bog‘dagi skameykada uxlagani uchun ushlashgan bo‘lsa kerak.
– Demak, dastlabki so‘roqdan o‘tishingga to‘g‘ri keladi. Har ehtimolga qarshi basharangni eslab qolish uchun hamma izquvarlar yig‘iladi. Seni o‘rtaga chiqarib ayblovni o‘qishadi. Keyin izquvarlarning boshlig‘i seni so‘roqqa tutadi. Aytgancha, isming nima, bolakay?
– Nima ishing bor?
– Gap qaytarma, tirrancha, qo‘lingni sindirib qo‘yaman, – dag‘dag‘a qildi daydi. Usti yupun bo‘lsa ham u iyagini jun bosgan buqaday baquvvat, gavdali kishi edi.
– Ismim Stivi.
– Men esa Jim Skinnerman, – dedi daydi. – Birov maslahat berganda bidirlamay eshitishni o‘rgangin, xo‘pmi?
– Qanaqa maslahat ekan o‘zi? – dedi Stivi ham bo‘sh kelmay.
– So‘roqqa olib chiqishganda savollariga javob berma. Jinoyat joyida ko‘rsatma berganmisan?
– Yo‘q.
– Yaxshi. So‘roq paytida ham indamay o‘tiraver. Ular seni javob berishga majburlay olishmaydi. Og‘zingga tolqon solgandek miq etmay o‘tirsang bo‘lgani.
– Ularga nimaniyam aytardim? Shundog‘am barini bilishadi-ku, – dedi Stivi.
Daydi yelka qisdi-da, bunga gapirish befoyda ekan, degandek yuzini nari burdi.
* * *
Stivi ko‘cha shovqiniga quloq tutgancha hushtak chalib politsiya mashinasida o‘tirardi. U o‘zini yettinchi osmonda yurgandek his qilar, shodligini ichiga sig‘dirolmasdi. Uning yonida o‘tirgan Skinner o‘rindiqqa yastangancha bir nimalarni o‘ylayotgandi. Markaziy ko‘chadagi politsiya mahkamasiga yetib kelishgach, ularni alohida kameralarga joylashdi. Dastlabki so‘roq soat to‘qqizda boshlanishi kerak edi. O‘nta kam to‘qqizda Stivini hibsga olgan politsiyachi uni mahbuslar uchun yasalgan maxsus liftga olib kirdi.
– Liftyorlik qilish senga yoqsa kerak-a? – deb so‘radi u mirshabning asabiga tegish uchun. Lekin mirshab pinagini ham buzmadi. Ular dastlabki so‘roq o‘tkaziladigan hayhotday zalga kirib, sahna yonidagi yig‘ma kursilarda o‘tirgan allaqanday kimsalarning yonidan o‘tishdi.
– Jamoat jam-ku, – dedi Stivi.
– Umringda teatrga tushmaganmisan, deyman? – dedi politsiyachi miyig‘ida kulib.
Sahnadagi pardalar ochib qo‘yilgani uchun hamma narsa kaftdagidek ko‘rinib turardi: mahbus uchun shiftdan ingichka quvur orqali tushirilgan mikrofon, oppoq devorga bo‘yni o‘lchash uchun har xil balandlikda tortilgan chiziqlar. Uni tomosha qilish uchun shahardagi hamma izquvarlar yig‘ilganini payqagach, Stivi o‘zini nihoyat qo‘lga tushgan tutqich bermas jinoyatchidek his qila boshladi. Politsiyachilarning ortiga mikrofonli minbar o‘rnatishibdi. U yerda mirshablarning boshlig‘i o‘tirsa kerak, deb o‘yladi Stivi. Zal bir xil kiyim kiygan politsiyachilarga to‘la, sahnadagi stolda fuqarolik kiyimidagi bir kimsa o‘tirardi.
– Anavi kim? – deb so‘radi Stivi mirshabdan.
– Stenografiyachi zobit, – dedi u. – Kelajak avlod uchun sening gaplaringni yozib oladi.
Ular sahnaga chiqishganda atrof butun shahardan tutib kelingan jinoyatchilarga to‘la edi. Mahbuslarning orasida faqat bitta ayol bor edi va Stivi erkaklarga taqlid qilish uchun ularga diqqat bilan razm soldi. Lekin bu shalviragan jinoyatchilar uning hafsalasini pir qildi. Stivining bulardan o‘lsa o‘ligi ortiq edi. Demak, u davraning bosh qahramoni bo‘ladi. Uni zalga boshlab kirgan zobit nariroqdagi xo‘ppa semiz politsiyachi ayol bilan gap sota boshladi. Skinnerga ko‘zi tushgan Stivi esa uni savolga tutdi:
– Endi nima bo‘ladi?
– Bir ozdan so‘ng ular deraza pardalarini tushirib, zalni qop-qorong‘i qilishadi-da, yuzingga projektorlarni to‘g‘rilashadi. Xullas, sen tomoshabin izquvarlarni ko‘rolmaysan, ular esa seni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirishadi.
– E, shularning turqiga qarayman deb ko‘zim uchib turgani yo‘q, – dedi Stivi ensasi qotib. Skinner yelka qisib gapida davom etdi:
– Ishingni muhokama qilishayotganda seni hibsga olgan zobit izquvarlar boshlig‘ining yoniga borib turadi. Bosh izquvar ismingni va seni qayerda qo‘lga tushirishganini o‘qib eshittiradi. Joy nomi bilan birga raqamni ham aytadi. Masalan: Manxetten-bir yoki Manxetten-ikki. Bu o‘sha okrugdagi jinoyat ishining raqami. Birinchi bo‘lib jinoyat qilgan bo‘lsang, bir raqamini olasan, tushundingmi?
– Ha, – dedi Stivi.
– U izquvarlarga seni nega hibsga olishganini tushuntiradi. Keyin ayblov qo‘yildi yoki qo‘yilmadi, deb aytadi. Agar senga ayblov qo‘yishsa, bosh izquvar ko‘p savol bermaydi, chunki javoblaring avval bergan ko‘rsatmangga mos kelmasligi mumkin. Lekin agar ayblov qo‘yishmasa, savol beraverib boshingni qotiradi. Ammo sen birorta savoliga javob bermasliging kerak.
– Keyin nima bo‘ladi?
– Bosh izquvar gapini tugatgach, suratga tushirish va barmoq izlaringni olish uchun seni pastga olib tushishadi. Undan keyin yakuniy ayblovni e’lon qilgani jinoiy sud majlisiga olib borishadi.
– Meni suratga ham olisharkan-da? – dedi Stivi hangu mang bo‘lib.
– Bo‘lmasam-chi.
– Bu yerda muxbirlar ham bo‘lsa kerak-a?
– Kim?
– Muxbirlar.
– Bo‘lsa bordir. Lekin jurnalistlarning aksariyati politsiya mashinalari to‘xtagan yo‘lning narigi betidagi binoda o‘tirishadi. Bu yerda politsiya radiosi bor. Ular shov-shuvli tafsilotlarni shu radiodan eshitib darrov e’lon qilib yuborishadi. Kim biladi, balki bir-ikkita muxbir bu yerga ham kirgandir.
Shunday deb Skinner Stiviga shubhalanib qarab qo‘ydi.
– Muxbirlarga nima ishing bor? O‘zi nima jinoyat qilgansan?
– E, aytishga ham arzimaydi, – dedi Stivi. – Gazetalarda biz haqimizda yozisharmikan, shuni bilmoqchi edim.
– Shov-shuv ko‘tarmoqchisan shekilli?
– Yo‘q deyapman-ku! Nima, meni qayerga tushib qolganini bilmaydi, deb o‘ylayapsanmi?
– Menimcha, sen qanchalik mushkul ahvolda qolganingni fahmlamayapsan. – dedi Skinner bosh chayqab.
– Bu bilan nima demoqchisan, jin ursin?!
– Vaziyat sen o‘ylagandan ko‘ra ancha jiddiy, bolakay. Gapimga ishonaver.
– Ishonaman, albatta! Axir, bu sohada sening tajribang katta-ku!
– Sendek g‘o‘r emasman har qalay, – dedi Skinner ensasi qotib.
– To‘g‘ri aytasan. Istirohat bog‘idagi skameykada uxlab juda katta jinoyat qilgansan. Menga aql o‘rgatmay qo‘yaqol.
– Odam o‘ldirdingmi?
– Yo‘q, – dedi Stivi.
– Birortasini zo‘rladingmi?
Stivi javob bermadi.
– Nima ish qilgan bo‘lsang ham, avval bu jinoyatni necha marta takrorlaganingdan qat’i nazar o‘zingni birinchi marta qing‘ir yo‘lga kirganday ko‘rsat. Qilmishingni tan ol-da, bu yog‘iga jinoyatga qo‘l urmayman, deb ayt. Ana shunda shartli jazo bilan qutulib qolishing mumkin.
– Yo‘g‘-e?
– Ha-da. Lekin keyin qing‘ir ishlardan tiyilishingga to‘g‘ri keladi. Ana shunda hammasi izga tushib ketadi.
– Qing‘ir ishdan tiyil, emish. Kulgimni qistatmasang-chi, oshna.
Skinner Stivining bilagiga chang soldi.
– Esingni yig‘, tirrancha! Suvdan quruq chiqish imkoni bor ekan, foydalanib qol! O‘zim necha martalab jazodan qutulib qolganman. Lekin bu safar tuzoqqa ilindim. Bu yer oromgoh emas, gapimga ishon. Turmaga o‘rganib qolmay turib esingni yig‘ib ol!
Stivi uning changalidan yulqinib chiqdi-da:
– Meni tinch qo‘y, jin ursin! – deb o‘shqirdi.
– Janjalni bas qillaring, – oraga suqildi politsiyachi. – Hamma tayyor. Boshlayversak ham bo‘ladi.
– Atrofingdagi mahbuslarga qara, – deb shivirladi Skinner. – Yaxshilab qara, balki shunda senga es kirar.
Stivi aftini bujmaytirib, yuzini nari burgan edi, Skinner uni yelkasidan tortib o‘ziga qaratdi. Daydining tuk bosgan yuzi-yu, qizargan ko‘zlarida iltijoga o‘xshash bir ifoda qotib qolgandi.
– Bolakay, – pichirladi u. – Gaplarimga quloq sol. Maslahatimga amal qil. Men axir…
– Gap sotishni bas qillaring! – o‘shqirdi zobit.
Shu payt Stivi deraza pardalari tushirilib, zal nimqorong‘i bo‘lib qolganini payqadi. Atrofga og‘ir sukunat cho‘kdi. Stivi o‘zini birinchi bo‘lib sahnaga chaqirishlarini kuta boshladi. Anavi jin urgur Skinner nimalar deb valdiradi o‘zi? Atrofingdagilarga qara, emish! Qo‘rqqanidan boyoqishning esi og‘ib qoldi shekilli. Xitlar bunaqa qari piyonistalarni jazolab nima foyda topisharkan-a?
Shu payt politsiyachi sahnaga bir kishini boshlab chiqdi va Stivi mahbusga yaxshiroq razm solish uchun chaproqqa surildi. Mirshablar uni hech vaqo ko‘rinmaydigan orqa qatorga haydashmasa bo‘lgani. Stivini hibsga olgan politsiyachi hamon baqaloq ayol bilan gap sotardi.
Sahnaga chiqqan tepakal kimsa jimitdek ko‘zlarini nuqul pirpiratar, egniga dengizchilar kamzuli va qora kanop shim kiygandi. Qizarib ketgan ko‘zlari tuni bilan mijja qoqmaganidan dalolat berardi. Uning bo‘yi devordagi besh futu olti dyuymlik belgigacha yetdi.
– Ismi-sharifi Aziyey Ogastus, – gap boshladi izquvarlar boshlig‘i. – Manxetten-bir. O‘ttiz uch yoshda. Brodvey va qirq uchinchi ko‘cha kesishgan joyda, barda hibsga olingan. Cho‘ntagidan 45-kalibrli to‘pponcha chiqqan. Ayblov qo‘yilmadi. Xo‘sh, bu voqea haqida o‘zing nima deysan, Gas?
– Qaysi voqea haqida? – deb so‘radi Aziyey.
– Cho‘ntagingda o‘qotar qurol bormidi?
– Ha, to‘pponcham bor edi.
Shu paytgacha yelka qisib turgan Aziyey birdan gavdasini ko‘tardi.
– Nega to‘pponcha olib yurganding, Gas?
– Shunchaki o‘zim.
– Uni nimaga ishlatmoqchi eding?
– Qolgan savollaringizga javob berish niyatim yo‘q, – dedi Aziyey. – Siz meni uchinchi darajali so‘roqqa tutayapsiz. Menga advokat berishlarini talab qilaman.
– Hali advokat talab qilishga erta, – dedi izquvarlar boshlig‘i. – Hech kim seni uchinchi darajali so‘roqqa tutmayapti. Nega to‘pponcha olib yurganingni bilmoqchimiz, xolos. Quroldan foydalanishga ruxsatnomang yo‘qligini bilarding-ku, axir, to‘g‘rimi?
– Ruxsatnomam bor, – dedi Aziyey.
– Biz quroldan foydalanishga ruxsatnoma beruvchi bo‘limdagilar bilan gaplashdik. Ularning aytishicha, senda ruxsatnoma yo‘q ekan. To‘pponchang dengizchilar revolveri, shundaymi?
– Hm.
– Javobingni eshitmadim.
– Ha, dengizchilar revolveri.
– Nega bu to‘pponchani ko‘tarib yurasan? Undan qanday foydalanmoqchisan?
– Men qurollarga qiziqaman.
– Nega?
– Nega, deganingiz nimasi? Nega qurolga qiziqasan demoqchimisiz? Chunki…
– Nega cho‘ntagingga to‘pponcha solib yuruvding?
– Bilmasam.
– O‘qlangan qirq beshinchi kalibrli revolver olib yurishga biror jiddiy sababing bo‘lgan. Qurol o‘qlangan edi, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– Boshqa qurollaring ham bormi?
– Yo‘q.
– Uyingdan o‘ttiz sakkizinchi kalibrli to‘pponcha ham chiqdi-ku. Bunga nima deysan?
– Hech nima.
– Tushunmadim?
– O‘ttiz sakkizinchi hisobga kirmaydi.
– Bu nima deganing?
– Uning tepkisi buzuq.
– Demak, senga tepkisi soz revolver kerak ekan-da?
– Men bunday deganim yo‘q.
– O‘ttiz sakkizinchi yaramaydi, chunki buzuq, deding, to‘g‘rimi?
– O‘q otmaydigan to‘pponchaning kimga keragi bor, axir?
– Senga o‘q otadigani nimaga kerak edi?
– Shunchaki cho‘ntagimga to‘pponcha solib yurardim. Hech kimni otganim yo‘q-ku, axir?
– Hali kimnidir otish niyating ham bormidi?
– Bo‘lmasam-chi, – dedi toqati toq bo‘lgan Aziyey. – Shunaqa niyatim bor edi.
– Kim ekan o‘sha bechora?
– Bilmasam, – dedi Aziyey achchiq jilmayib. – Yo‘limda uchragan istalgan odamni otmoqchi edim. Xo‘sh, javobim sizga yoqdimi? Hammani bir boshidan qirmoqchi edim! Ko‘nglingiz joyiga tushdimi? Butun insoniyatni yo‘q qilmoqchi edim.
– Balki sen butun insoniyatni qirishni emas, o‘g‘rilik qilishni rejalashtirgandirsan?
– Yo‘q, qirmoqchi edim, – Aziyeyning o‘jarligi tutdi. – Shaharliklarning barini o‘ldirmoqchi edim. Xo‘sh? Javobim sizga ma’qulmi?
– Qurolni qayoqdan olding?
– Flotdan.
– Qayerdan?
– O‘zim xizmat qilgan kemadan.
– Demak, revolverni o‘g‘irlabsan-da?
– Yo‘q, topib oldim.
– Davlat mulkini o‘g‘irlagansan, shundaymi?
– Topib oldim, dedim-ku.
– Flotdagi xizmatdan qachon bo‘shading?
– Uch oy burun.
– Boshqa ish topdingmi?
– Yo‘q.
– Seni qayerda xizmatdan bo‘shatishdi?
– Pensakola shahrida.
– O‘sha yerda to‘pponchani o‘g‘irladingmi?
– O‘g‘irlaganim yo‘q, deyapman-ku!
– Nega flotdan ketding?
Aziyey nima deb javob qaytarishni bilmay ikkilanib qoldi.
– Xo‘sh, nima uchun flotdan ketding? – izquvarlar boshlig‘i savolini takrorladi.
– Meni u yerdan haydashdi! – dedi Aziyey tutaqib.
– Nega?
– Chunki ketishimni xohlashdi! – o‘shqirdi Aziyey.
– Nega?
U javob bermadi.
– Nega seni flotdan haydashdi?
Qop-qorong‘i zal suv quygandek jim jit bo‘lib qoldi. Stivi Aziyeyning titrayotgan labiga va pirpirayotgan ko‘zlariga diqqat bilan razm soldi.
– Keyingisini chaqiringlar! – deb buyurdi izquvarlar boshlig‘i.
Stivi Aziyeyning politsiyachi kuzatuvida zina bo‘ylab pastga tushganini ko‘rdi. Aziyey sinovdan yaxshi o‘tdi. To‘g‘ri, so‘roqning oxirida biroz asabiylashdi-yu, lekin umuman olganda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Yigit kishi cho‘ntagiga to‘pponcha solib yursa, buning nimasi yomon? Axir, u hech kimni otmagan-ku! Bu xitlarning shaharda izg‘ib, to‘pponcha olib yurgan yigitlarni tutishdan boshqa ishi yo‘q shekilli. Boyoqish Aziyey flotda xizmat qilgan ekan. Asabiylashsa ham quyushqondan chiqmadi, azamat.
Shu payt Stivining yonidan bir erkak va bir ayol o‘tib sahnaga chiqishdi. Erkak juda novcha ekan – bo‘yi olti futlik belgiga tenglashdi. Malla sochli, to‘ladan kelgan ayolning bo‘yi pastroq edi.
– Ularni birga qo‘lga tushirishgan, – deb shivirladi Skinner. – Shuning uchun birga so‘roq qilishadi.
– Aziyey zo‘r yigit ekan-a? – dedi Stivi javoban. – Xitlarni boplab laqillatdi, to‘g‘rimi?
Skinner indamadi. Izquvarlar boshlig‘i tomoq qirib gap boshladi:
– Makgregor Piter, qirq besh yoshda va Anderson Marsiya, qirq ikki yoshda. Bronks-bir. Grand-Konkors ko‘chasida, yo‘l chetida turgan mashinada hibsga olinishgan. Mashinaning orqa o‘rindig‘idan jomadon, yozuv va tikish mashinkalari, po‘stin va boshqa buyumlar topilgan. Ayblov qo‘yilmadi. Xo‘sh, bu lash-lushlar haqida nima deya olasiz, Pit?
– Ular meniki.
– Po‘stin ham siznikimi?
– Yo‘q, po‘stin Marsiyaniki.
– Sizlar rostdan ham er-xotin emasmisizlar?
– Yo‘q.
– Birga yashaysizlarmi?
– O‘zingiz bilasiz-ku, – dedi Pit.
– Xo‘sh, bu lash-lushlar haqida nima deya olasiz? – izquvar savolini takrorladi.
– Bizniki deb aytdim-ku, – dedi Pit ensasi qotib.
– Nega barini mashinaga solib oldinglar?
– Chunki… biz… haligi… – Pit duduqlana boshladi. – Sayohatga chiqqandik.
– Qayoqqa borayotuvdinglar?
– Qayoqqa, deysizmi? Haligi… – Pit nima deyishni bilmay jimib qoldi. Bu nusxa g‘irt masxaraboz ekan-ku, deb o‘yladi Stivi. Bunaqa tomosha bilan solishtirganda Koni Aylenddagi arg‘imchoqlar hech narsa emas. Bir-ikki soat so‘roq qilinsa bu kisma qilmishiga iqror bo‘lishi aniq. Xotini ham o‘ziga mos ekan.
– Biz… – dedi Pit hamon talmovsirab. – Biz haligi… Denverga ketayotuvdik.
– Nega?
– Dam olish uchun-da, – dedi u jilmayishga urinib.
– Hibsga olishganda cho‘ntagingizda necha pul bor edi?
– Qirq dollar.
– Qirq dollar bilan Denverga ketayotganmidinglar?
– Yo‘q, ellik dollarim bor edi. Xullas, qirq-ellik dollar pul bor edi-da.
– Mashinadagi lash-lushlarni nima qilmoqchi edinglar?
– Aytdim-ku, sayohatga chiqqan edik, deb.
– Yo, tavba! Sayohatda tikuv mashinasini nima keragi bor? Tikuvchimisiz deyman?
– Men emas, Marsiya – tikuvchi.
– Shundaymi, Marsiya?
– Ha, – dedi mallasoch ayol shang‘illoq ovozda. – Tikishni yaxshi ko‘raman.
– Po‘stin ham siznikimi, Marsiya?
– Albatta.
– Astariga “J” va “D” harflari tushirilgan ekan. Bu ismingizning bosh harflari emas, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– Unda po‘stinga nega bu harflar yozilgan?
– Men qayoqdan bilay! Po‘stinni bozorda xarid qilganmiz.
– Qayerdagi bozordan?
– Bruklindagi Mirtl-avenyudan. Bruklinga hech yo‘lingiz tushganmi?
– Tushgan. Jomadon-chi? Unga ham boyagi harflar o‘yib yozilgan. Xo‘sh, buni qanday izohlaysiz?
– Jomadonni ham o‘sha bozordan sotib olganmiz.
– Yozuv mashinkasini-chi?
– Mashinka Piterniki.
– Unda harf tera olasizmi, Pit?
– Ba’zan ermak qilaman.
– Mashinangizdan chiqqan narsalarni yo‘qolgan buyumlar ro‘yxati bilan solishtiramiz. Demak, bu lash-lushlarning o‘g‘irlanganidan xabaringiz bor ekan, to‘g‘rimi?
– Biz ularni bozordan sotib oldik, – g‘o‘ldiradi Pit. – Avval o‘g‘irlanganmi-yo‘qmi, qayoqdan bilaylik?
– Siz ham Pit bilan Denverga ketayotganmidingiz, Marsiya?
– Ha.
– U yerga yo‘l olishga qachon ahd qildinglar? Uch-to‘rt daqiqa burunmi?
– Sayohatga chiqishga o‘tgan hafta kelishib oluvdik.
– Denverga Grand-Konkors orqali ketayotganmidinglar?
– Nima? – Piterning peshonasi tirishdi.
– Mashinangiz Grand-Konkorsda turgan edi. O‘g‘irlangan buyumlarga to‘la mashina bilan u yerda nima qilayotuvdinglar?
– Hech ham o‘g‘irlanmagan-da, – e’tiroz bildirdi Pit.
– Biz Yonkersga ketayotgandik, – gapga aralashdi ayol.
– Hozirgina Denverga dedinglar-ku?
– To‘g‘ri, lekin biz avval mashinani tuzatmoqchi bo‘ldik. Uning haligi… Piter, mashinaning qayeri buziluvdi?
Pit javob berishdan avval uzoq o‘yladi.
– Ha, haligi… anavi… g‘ildiraklarni bir-biriga bog‘lagan uzun temir ilgak bor-ku, o‘shani tuzatmoqchi edik. Yonkersda o‘sha ilgaklarni tuzatadigan ustaxona bor.
– Yonkersga ketayotgan bo‘lsangiz, nega Konkorsda to‘xtadinglar?
– Bir masala yuzasidan kelisholmay qoldik.
– Nima masala yuzasidan kelisholmadinglar?
– Yo‘q, kelisholmadik emas, sal bahslashib qoldik.
– Sabab?
– Haligi… ovqat…
– Nima?
– Men xitoycha ovqat yemoqchi edim. Marsiya esa bir stakan sut bilan pishiriq yemoqchi bo‘ldi. Shuning uchun Konkorsda xitoycha restoranga kirgan ma’qulmi, oddiy oshxonagami deb bahslashib qoldik.
– Plashingizdan hamyon topdik, Pit. U siznikimi?
– Yo‘q.
– Kimniki?
– Bilmayman, – dedi Pit va shoshib qo‘shib qo‘ydi. – Ichida pul yo‘q edi.
– Lekin Simon Greynjer degan odamning hujjatlari bor ekan. Hamyonni qayerdan oldingiz?
– Ko‘chadan topib oldim. Ichida puli yo‘q edi.
– Balki mashinadagi buyumlarni ham ko‘chadan topgandirsiz?
– Yo‘q, ser. Ularni sotib olganman. Hamyonni egasiga qaytarmoqchi edimu, pochta qutisiga solib ketish xayolimdan ko‘tarilibdi.
– Denverga sayohat tashvishlariga chalg‘igandirsiz-da?
– Topdingiz.
– Oxirgi marta qachon mehnat qilib pul topgansiz, Pit?
Pit beixtiyor jilmaydi.
– Uch yilcha burun, adashmasam.
– Bu ikkovlon shu paytgacha qo‘l urgan jinoyatlar ro‘yxatini o‘qiyman, – dedi izquvarlar boshlig‘i. – Marsiya, 1938 yil – jinoiy jazo olgan, 1939 yil – dalillarni yashirish, 1940 yil – giyohvand moddalar saqlashda ayblangan. Haliyam nasha chekasizmi, Marsiya?
– Yo‘q.
– 1942 yil – jamoat tartibini buzgan, 1943 yil – yana nasha bilan qo‘lga tushgan. 1947 yil… Hozircha shu yog‘iyam yetar, Marsiya?
Ayol indamadi.
– Piter, – dedi izquvarlar boshlig‘i qog‘oziga ko‘z yugurtirib, – 1940 yil – bir ayolni zo‘rlamoqchi bo‘lgan, 1941 yil – harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan, 1942 iyl – jamoat tartibini buzgan, 1943 yil – o‘g‘rilik, 1945 yil – qo‘shmachilik qilgan, 1947 yil – bosqinchilik qilib og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun Ossingsda ikki yil o‘tirib chiqqan.
– Men turmada o‘tirmaganman.
– Manavi hujjatda o‘tirgansiz, deb yozilgan.
– Hech qachon qamoqqa tushmaganman, – dedi Pit asabiylashib.
– 1950 yil, – ro‘yxatini o‘qishda davom etdi izquvar, – voyaga yetmagan shaxsga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Xo‘sh, bunga nima deysiz, Piter?
Pit qult etib yutindi.
– Nima ham derdim…
– Nahotki qilmishingizdan uyalmayotgan bo‘lsangiz?
Pit javob bermadi.
– Olib ketinglar bularni, – deb buyurdi izquvarlar boshlig‘i.
– Bechoralarni tavbasiga tayantirdi o‘ziyam, – deb pichirladi Skinner. – Shahardagi har bir politsiyachi ularni eslab qolishi uchun ataylab shunday qildi…
– Oldimga tush, – dedi shu payt bir mirshab Skinnerning bilagidan ushlab. Stivi zinadan sahnaga chiqayotgan Skinnerga qarab boyagi ikkovlon haqida o‘yladi. Pixini yorgan muttahamlar ekan o‘ziyam! Tavba, bir qarashda ikkoviyam el qatori mo‘min-qobil odamga o‘xshaydi-ya!
– Skinner Jeyms. Manxetten-ikki. Ellik bir yoshda. Uchinchi avenyudagi “Kiyim-kechak” do‘koni vitrinasiga axlat chelagi uloqtirgan. Politsiya zobiti uni do‘kondan bir talay palto olib chiqayotganda hibsga olgan. Ayblov qo‘yilmadi. Aytganlarim to‘g‘rimi, Jeyms?
– O‘sha voqeani eslolmayapman, – dedi Skinner.
– Nahotki?
– Tongda hibsxonada uyg‘onganim yodimda, xolos.
– Do‘kon vitrinasiga axlat chelagini otganingizni ham eslolmaysizmi?
– Yo‘q, ser.
– Paltolarni o‘g‘irlaganingizni-chi?
– Yo‘q, ser.
– Do‘konga bekorga bostirib kirmagandirsiz har holda? Nazoratchi zobit sizni bir quchoq palto ko‘tarib chiqayotganingizda hibsga olgan.
– Gaplaringizga ishonaman, ser.
– Do‘kondan palto o‘g‘irlayotganda qo‘lga tushgandan keyin ishonmay qayoqqayam borardingiz.
– Bu voqeani eslolmayapman, ser.
– Avval ham shu do‘konga kiruvmidingiz?
– Yodimda yo‘q, ser.
– Qayerda ishlaysiz?
– Hech qayerda, ser.
– Avval biror joyda ishlaganmisiz?
– Yodimda yo‘q, ser.
– Ko‘p narsani esdan chiqarib qo‘yibsiz-da, a?
– Xotiram chatoq, ser.
– Balki qilmishlaringizning ro‘yxatini o‘qisam xotirangiz joyiga tushar?
– Balki, ser.
– Nimadan boshlashga ham hayronman, Jeyms. Tartibli fuqaro emasligingiz shundoqqina ko‘rinib turibdi.
– Nahotki, ser?
– Xo‘sh, 1948 yil – bosqinchilik qilgansiz, 1949 yil – jamoat joyida yarim yalang‘och yurgansiz, 1951 yil – o‘g‘rilik qilgansiz, 1952 yil – og‘ir tan jarohati yetkazgansiz. Xullas, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan odamga sirayam o‘xshamaysiz, Jeyms.
– Shunaqa deng, ser.
– Ha, shunaqa. Xo‘sh, do‘kon haqida nima deya olasiz?
– O‘sha voqeani eslolmayapman, ser.
– Nega do‘konga bostirib kirdingiz?
– Bostirib kirganimni eslolmayman, ser.
– I-e, bu nima? – dedi qo‘qqisdan izquvar.
– Ser?..
– Ro‘yxatning teparog‘iga qarash kerak ekan-da, Jeyms? 1938 yil – birinchi darajali qotillikda ayblangan va o‘lim jazosiga hukm qilingan.
Tomoshabin izquvarlar bir-biri bilan shivirlashishga tushdi. Hangu-mang bo‘lib qolgan Stivi esa, maslahat beraverib joniga tekkan daydiga yaxshiroq razm solish uchun oldinga surildi.
– O‘shanda nima bo‘luvdi, Jeyms?
– Qachon, ser?
– Sizni o‘limga hukm qilishgan ekan-ku? Bu jazodan qanday qutulib qoldingiz?
– Apellyatsiya beruvdim.
– Ishni qayta ko‘rib chiqishmaganmi?
– Yo‘q, ser.
– Omadingiz bor ekan.
– Shunaqa desayam bo‘ladi.
– Shunaqa desayam bo‘ladi, emish. Elektr kursidan qutulib qolibsizu, yana taqdirdan noliysiz-a! Lekin bu safar qonunga chap berolmaysiz.
– Men qonunlarni yaxshi tushunmayman, ser.
– Yo‘g‘-e?
– Ha, ser. Faqat bir narsani aniq bilaman – politsiya mahkamasini oyoqqa turg‘izmoqchi bo‘lsang, bir shisha arzon vino sotib ol-da, chetroqqa chiqib to‘yguningcha ich.
– Bu bilan o‘sha kuni vino ichgandim, demoqchimisiz?
– Ha, ser.
– Keyin do‘konga bostirib kirganingizni eslolmaysiz-a?
– Eslolmayman, ser.
– Yaxshi, keyingisini chaqiringlar!
Skinner boshini burib bir nima demoqchi bo‘lgandek Stiviga qaradi. Keyin mirshab hamrohligida sahnadan tushib zulmatga singib ketdi. Shu payt boshqa bir zobit Stivining bilagidan tutdi. Dastlab Stivi shoshib qoldi, lekin darrov o‘zini qo‘lga olib politsiyachining changalini nari surdi-da, qaddini g‘oz tutib zinadan chiqa boshladi. Sahnaga chiqqach, u o‘zini rol o‘ynashga tayyorlanayotgan aktyordek his qildi. Yoritilgan sahna va tomoshabin izquvarlar o‘tirgan qop-qorong‘i o‘rindiqlar kishida g‘alati taassurot qoldirardi. Yuziga tushirilgan projektorlar ham u o‘ylagandek yorqin nur sochmaskan. Gapirganda hamma unga qarashi uchun kuchliroq projektor o‘rnatishsa bo‘lmasmikan-a? Stivi pastda o‘tirgan izquvarlarga qaradi. G‘ira-shirada ularning yuzini bir-biridan ajratib bo‘lmasdi. Bosh izquvar gapira boshlaganda Stivi boshini burib ortidagi devordagi bo‘y o‘lchagichga bir qarab oldi-yu, gapi hammaga eshitilishi uchun mikrofon yoniga turdi.
– Ayblov qo‘yilmagan, – deb xulosa chiqardi izquvar. Stivi damini ichiga yutib ilk savolni kuta boshladi.
– Birinchi marta qo‘lga tushdingmi, Stivi?
– Bilib turib so‘raysiz-a, – dedi u ensasi qotib.
– Savolimga javob ber.
– Ha, birinchi marta.
– Nima ish qilib qo‘yganingni aytib berasanmi?
– Aytgandan nima foyda. Bari o‘zingizga ma’lum-ku.
– Tafsilotlarni sendan eshitmoqchimiz. Bir boshdan gapirib ber, Stivi.
– Oddiy o‘g‘rilikni butun shtatga ovoza qilmoqchimisiz? Nima, boshqa qiladigan ishingiz yo‘qmi?
– Seni bafurja so‘roq qilishga vaqtimiz yetadi.
– Mening esa vaqtim yo‘q.
– Shoshib qayoqqa ham borarding, o‘g‘lim. Bo‘la qol, boshla gapingni.
– Nimani ham gapirardim? Qandolat do‘koniga o‘g‘ri tushgan, tamom-vassalom.
– O‘sha o‘g‘ri sensan, to‘g‘rimi?
– Buni hali isbotlashingiz kerak.
– Do‘konga sen bostirib kirganing bizga ma’lum.
– Unda nega savol berib boshimni qotirasiz?
– Nega do‘konni o‘marding?
– Tamakiga pulim qolmovdi.
– Xo‘sh, davom et.
– Do‘konni o‘margim keldi.
– Nega?
– Menga qarang, sizlar meni jinoyat ustida qo‘lga oldinglar. Bunaqa savol-javobning nima keragi bor?
– Biz nima ro‘y berganini o‘z og‘zingdan eshitmoqchimiz. Nega aynan qandolat do‘koniga bostirib kirding?
– Har xil do‘konlarning nomini qog‘ozga yozdim-da, ko‘zimni yumib bittasini tanladim, tushunarlimi?
– Yo‘g‘-e? Juda unchalikmasdir?
– Aldadim. O‘sha qandolat do‘konida bitta qari go‘rso‘xta ishlaydi. Uni biryog‘liq qilish xamirdan qil sug‘urganday gap.
– Do‘konga soat nechchida kirding?
– Cholning o‘zi aytgandir? Menga qarang, meni bu yerga hamma tomosha qilishi uchun olib chiqishganidan xabarim bor. Izquvarlaringizni zeriktirmay shu dahmazani tugata qolaylik.
– Do‘konga soat nechchida kirding, Stivi?
– Aytmayman.
– Aytmasang ham bilamiz.
– Unda nega so‘rayapsiz? Soat o‘nda kirdim. Ko‘nglingiz joyiga tushdimi?
– Sal ertaroq kiribsanda-a?
– Unda o‘n birda kirdim! O‘n bir to‘g‘ri keladimi?
– O‘n ikkida deganingda haqiqatga yaqinroq bo‘lardi.
– E, menga baribir, – dedi Stivi pinagini buzmay. Aslida bularga hammasi ma’lum. Shunday ekan, o‘tirganlarga o‘zini bir ko‘rsatib qo‘ysa ziyon qilmaydi.
– Do‘konga o‘n ikkida kirgansan, to‘g‘rimi?
– O‘n ikkida bo‘lsa, o‘n ikkida-da, nima farqi bor.
– Qo‘lingda o‘qotar qurol bormidi?
– Yo‘q.
– Nima bor edi?
– Hech nima. Men cholni nigohim bilan qo‘rqitdim.
– Qo‘lingda pichoq bo‘lgan, shundaymi?
– Bilib turib nega so‘raysiz?
– Undan foydalandingmi?
– Yo‘q.
– Cholga kassani ochmasang bo‘g‘izlab ketaman, deb aytibsan. Shu gap rostmi?
– Aytgan gaplarimni magnitofonga yozib olmayman-ku, axir.
– Demak, bo‘g‘ziga pichoq tirab kassani ochishga majbur qilgansan, shundaymi?
– Ha.
– Kassadan necha pul olding?
– O‘ljamni tortib oldinglar-ku. O‘zlaring sanagandirsizlar.
– Sanadik. O‘n ikki dollar o‘maribsan, to‘g‘rimi?
– Men sanashga ulgurmadim. Xitlar kelib qoldi.
– Zobitlar do‘konga qachon yetib kelishdi?
– Ketayotganimda. Meni hibsga olgan xitdan so‘rang. Aniq vaqtini o‘sha biladi.
– Lekin ketishingdan avval ham bir voqea ro‘y bergan.
– Hech nima ro‘y bermadi. Kassani ship-shiydam qilib, juftakni rostladim. Quyonning rasmini chizdim.
– Pichog‘ingda qon izi qolgan.
– Kecha jo‘ja go‘shtini burdalovdim. O‘shaning qoni bo‘lsa kerak.
– Do‘kon xo‘jayinini pichoqlagansan, shundaymi?
– Men-a? Men umrimda birovni chertgan odam emasman!
– Uni nega pichoqlading?
– Men hech kimni pichoqlamaganman!
– Qayeriga pichoq suqding?
– Pichoqlamaganman, deb aytayapman-ku!
– Pichoq suqqaningda baqirdimi?
– Savolingizga tushunmadim.
– Do‘kon xo‘jayinini pichoqlagansan. Bu bizga ma’lum.
– G‘irt safsata bu!
– Meni laqillataman, deb ovora bo‘lma, Stivi.
– Bila turib nega so‘rayverasiz, axir? Mendan nima istaysiz o‘zi?!
– Do‘kondorni nega pichoqlaganingni ayt.
– Pichoqlamaganman deyapman-ku!
– Kecha uni shifoxonaga olib ketgan do‘xtirlar ko‘krak va qorniga olti marta pichoq suqilganini aytishdi. Xo‘sh, bunga nima deysan, Stivi?
– Bunaqa savollaringizni boshqa mahbuslarga asrab qo‘ying. Meni sizga aytadigan gapim qolmadi.
– Pulini o‘marganingdan keyin nega bechorani pichoqlading?
Stivi javob bermadi.
– Yo undan qo‘rqdingmi?
– E, cholning nimasidan qo‘rqaman? – dedi Stivi tutaqib.
– Balki birovga gullab qo‘yishidan yoki kimnidir yordamga chaqirishidan qo‘rqqandirsan?
– Hech narsadan qo‘rqqanim yo‘q, deyapman-ku! Qari go‘rso‘xtaga damingni chiqarmay o‘tir, devdim. Aytganimni qilganda olam guliston edi!
– Demak, u aytganingni qilmagan?
– O‘zidan so‘rang.
– Men sendan so‘rayapman!
– Ha. Kassadagi pulni olishim bilan qari to‘nka do‘konni boshiga ko‘tarib dodlay ketdi. O‘n ikki dollarni deb ayuhannos soldi-ya, esi past!
– Keyin nima qilding?
– Ovozingni o‘chir, dedim.
– U gapingga kirmadi, shundaymi?
– Ha. Bo‘g‘ziga pichoq tiraganimdan keyin ham dodlayverdi. Keyin… pichoq bilan bir-ikki marta turtdim.
– Olti martami?
– Sanaganim yo‘q. Dodlamay jim o‘tirganda sog‘ qolardi. Kasalxonaga borib o‘zidan so‘rang-chi, ayb kimda ekan. Dunyoni boshiga ko‘tarib ayuhannos solmaganda unga qo‘limning uchini ham tekkizmasdim!
– Endi undan hech narsani so‘rolmaymiz, Stivi.
– Nega?
– Bugun ertalab uning joni uzildi.
– Nima?..
Stivining fikrlari chalkashib ketdi. Izquvar uni o‘ldi, dedimi? Zal suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Hamma Stiviga savol nazari bilan qarayotgandek tuyuldi. U nigohini qayerga yashirishni bilmay boshini egib oldi.
– Men… men uni o‘ldirmoqchi emasdim.
– U nima dedi? – deb so‘radi stenografiyachi-zobit daftaridan boshini ko‘tarib.
– O‘ldirmoqchi emasdim, dedi, – shivirladi uning yonida turgan boshqa bir mirshab.
– Nima?
– O‘ldirmoqchi emasdim, dedi! – o‘shqirdi bosh izquvar. Uning ovozi jimjit zalda aks-sado berdi. Stenografiyachi boshini egib daftariga yoza ketdi.
– Keyingisini chaqiringlar! – dedi bosh izquvar.
Stivi sahnadan tushganida boshi og‘irlashib, oyoqlari shalvirab qolgandi. U zobitning ortidan churq etmay liftga kirdi.
– Birinchi so‘roqdayoq surobingni to‘g‘rilashdi, yigitcha, – dedi zobit liftning eshigi yopilgach.
– U o‘lmasligi kerak edi! – alamidan o‘kirib yubordi Stivi.
– Pichoqlamaganingda o‘lmasdi, – dedi zobit pinagini buzmay.
Stivi so‘roqdan avval Skinner unga nima deb maslahat berganini eslashga urinar, lekin liftning taraq-turug‘ida fikrlari chuvalashib ketaverardi. “Atrofimdagilar haqida nimadir degandi”, nihoyat esladi u liftda o‘shalarning yoniga tushib borarkan.
Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 12-son