Tolstoy nima degandi:
“Bir necha yuz ming odam kichik yerga jamlanib, o‘zlari tiqilib yashayotgan zaminning abjag‘ini chiqarishga qanchalik urinishmasin, giyoh unmasin deb yerga qancha tosh yotqizishmasin, nish urib ko‘kara boshlaganlarini qirib-qirtishlashmasin, toshko‘mir, yermoy burqsitib, daraxtlarni, jamiki jonzotlarni g‘orat qilishmasin, bahor shaharda ham bahor edi…”
O‘n sakkiz oy deganda, aniqrog‘i, 1984 yilning 27 fevralida, Moskva vaqti bilan soat 15.30 da bizning rota ichki dislokatsiya tartibiga ko‘ra, afg‘on yeridan chiqdi. Termiz shahri biqinidagi Hayraton ko‘prigidan o‘tib, yuk mashinasining go‘rday qorong‘i va muzday tepasida dam qalqib, dam uyg‘onib yana bir kun yurdik. Ertasi kuni bizning sapyorlar vzvodi rotadan ajratilib, N. shaharchasidagi kichik gospitalga joylashtirildi. Qo‘mondonlik urushda obdan holdan toygan kichik bo‘linmamizni yangi buyruq kelgunicha shu yerda ushlab, ozroq bo‘lsa-da, tiniqib, esimizni yig‘ib olishimizni istagan bo‘lsa kerak.
O‘sha qo‘rqinchli kunlar tushlarimga kirib, cho‘chib uyg‘onaman. Azaldan uyg‘ona solib, temir karovatning bosh tarafini ikki qo‘llab qattiq siqqanimcha, kerishishga odatlanganman. Yaltiroq nikel shunchalik sovuqki, kaftlarim jizillab, unga yopishib qoladiganday qo‘llarimni darrov tortib olaman. Sovuq simillab, tovonimgacha yetib boradi.
O‘sha kuni tongda negadir kaftlarim iliqqina bir nimaga tekkanidan, avvaliga qayerda yotganimni anglolmay, gangidim. Ko‘zimni ochib, tepaga qarasam, pardaning ochiq joyidan men yotgan burchakka quyosh nurlari yog‘ilayotgan ekan. Karavotning nikel dastasi yaltirab, ko‘zni qamashtirardi. Biz bor-yo‘g‘i yigirma chog‘li jangchi edik. Bu yerda zobitlar uchun alohida uy bo‘lmaganidan komandirimiz gospital yo‘lagidagi dori-darmon saqlanadigan mo‘jaz xonaga joylashgan. Unga tutash keng yo‘lak kazarmaga aylantirilgan. Kamina – serjant, komandirga o‘rinbosarman. Komandirning yuziga quyosh tushib, uyqusini buzdi, shekilli, chapanichasiga so‘kindi.
Bahor keldi. Afg‘onistonda qariyb ikki yil davomida o‘tgan vaqt ichida, urush hech qachon, hatto ikki dunyoda ham tugamaydiganday tuyulgan bo‘lsa, u yerning olov purkovchi qarg‘ish tekkan qora bujur yalang‘och tog‘lariga-yu, chuqur jarliklar qa’ridagi ilonizi, qaqroq jilg‘alariga endi hech qachon bahor qaytmaydi, deb o‘ylardim. Bahor ovchi ta’qibidan hurkkan ohudek bu yerlardan batamom bezib ketgan derdim. Urushda ikkitagina fasl mavjud: birinchisi, suyak-suyagingni ignaday teshib o‘tguvchi sovuq bilan dunyodan to‘ydirib yuborguvchi qora (oq emas) qish, ikkinchisi, hech qachon chanqog‘ing qonmaydigan, mudom halquming quruqshab, holdan toydiruvchi jazirama yoz. Avval qish. Uzoq, juda uzoq davom etadigan izg‘irinli qora qish qanday qilib miyani qaynatadigan garmselli yozga ulanib ketishini sezmay qolasan.
O‘shandan beri o‘ttiz besh yil o‘tibdi. Nazarimda, afg‘on zaminida hali-hamon o‘sha qahrli qish davom etayotganday. Har gal, Afg‘onistonning badanni seskantiruvchi qora sovug‘i yodimga tushganida, saraton bo‘lsa-da, titray boshlayman. Yana bir esda qolgani – tomoqni g‘ippa bo‘g‘uvchi qo‘lansa hid. Uning barcha urushlarga xos bo‘lgan o‘limtik hidi ekanini keyin anglab yetdim.
N. shaharchasida kechgan o‘sha ko‘klam tonglari g‘oyat o‘zgacha edi. Tun pardasi so‘kilib, odamlarning totli uyqusiga ozor bermayin deganday qorabosh qizilquyruq to‘rg‘ay tortinibgina xonish qiladi. Unga izma-iz qorasayroq: “E-e, qo‘y-e, shu ham sayrash bo‘ptimi, sayrash mana bundoq bo‘ladi!” – demoqchiday ovozining boricha, borliqni varanglatib, to‘lib-toshib sayrashga tushib ketadi. U xuddi qo‘shiqning qochirimlarini namoyish qilayotgan xonanda singari, bora-bora jazavaga tusha boshlaydi.
Xudoning qudratini qarang-ki, kechagina borliqni bez bo‘lib bosib yotgan qattiq qor bir kechada g‘oyib bo‘lsa-ya! O‘rnimdan sapchib turib, derazadan tashqariga mo‘ralayman. Gospital hovlisining ko‘lanka joylaridagina olachalpoq qor pag‘alari ko‘zga tashlanadi, kungay joylar esa qoramtir tusga kirgan. Azim chinorning ingichka ola-sur butog‘ida patlari yiltillagan sariq qushcha so‘nggi bor sayrayotganday jon-jahdi bilan chirqillaydi. Havoda qushlarga ergashib bir dilkusho to‘lqin u yoqdan-bu yoqqa kezinayotganday. Endi ko‘p o‘tmay dimog‘larni erkalovchi ifor hidi essa kerak. Odamlar “mayna” deydigan afg‘onning ola qanot quv kaptari hovli yuzida viqor bilan odimlaydi. U o‘lgan askarlarning (to‘g‘risi, buni o‘zim ko‘rmaganman) ko‘zini cho‘qib yeydi deganlarini ko‘p eshitgandim. Bahor quyoshi mana shu bexosiyat qushni ham nurlari bilan erkalardi. Urushda qush bo‘lmaydi. Urush boshlanishi bilanoq u yerdan, avvalo farishtalaru, qushlar bezib ketishadi. Shu boisdan ham oddiy sariq chumchuq ko‘zimga ham issiq, ham qadrdon ko‘rinib ketdi. Ko‘klam kelganiga ishonch hosil qilib, uning sog‘intirgan vasli qarshisida butga sig‘ingan majusiy kabi unsiz qotgan bo‘lardim.
O‘zgacha, mas’ud damlar edi. Keyingi hayotimda bunday dilnavoz damlar juda oz kechdi. Bir yaxshi tushlar ko‘rib, tongda dilxush bo‘lib uyg‘onaman, ammo ko‘rgan tushlarimning birontasi yodimda qolmaydi. Uyg‘oniboq, derazadan hovliga mo‘ralayman. Har tong u yerda, kelgan kunimoq tanishganim Surayyo ismli sanitar qiz dorga kir yoyayotgan bo‘ladi. Apil-tapil kiyinib, derazadan tashqariga sakrayman. Komandir:
– Yana o‘sha yarim betliging oldiga ketdingmi? – deb mazaxlab kuladi. Gapiga parvo qilish yo‘q. Orqasidan borib, qizni yelkasi osha quchib olaman. U “Qo‘yib yuboring!”– deb ho‘l sochiq bilan qo‘limga urgach, battar quchog‘imga qattiqroq tortaman. Qiz xandon otib kuladi, quchog‘imdan chiqishga urinadi, vujudim sarxushlanib, boshim aylanadi. Qiz kulgisini eshitganim qachon edi!
– Hozir otam kelib, titig‘ingizni chiqazib, devorga yopishtirib tashlaydi! – deydi qiz.
O‘zbek tilini bilmasam-da, nima deganini tushunaman. Otasini aytib qo‘rqityapti. Qo‘rqmasam-da, qo‘rqqan bo‘lib, tolning ortiga o‘tib, yashiringan bo‘laman.
– Qo‘rqmas ekansiz-a!– deb u menga suv sepadi. Men qochaman.
Qizning otasi “titig‘imni” chiqazmasligini yaxshi bilaman. Gospitalimiz santexnigi Mamayoqubning aytishicha, Surayyoning otasi Teshavoy tog‘a tanchadan chiqqan olovda kuyib o‘lgan. Otasini qutqaraman deb Surayyo ham olovda qolib, betining bir tomoni kuyib, hozirgi ko‘yga tushgan ekan. Shu ahvolida ham unga uylanmoqchi bo‘lib, sovchi qo‘ygan yigitlarning birortasiga unamapti.
– Mabodo men og‘iz solsam, jon deb rozi bo‘lardi-yu, yarim betli bo‘lgach, ko‘nglim chopmaydi… Kuygan qiz laqabini orttirib, qari qiz bo‘lib o‘tiripti. Endi, haliginday… nima desang, yo‘q demaydi… ko‘nadi, uka, – deb so‘yloq tishlarini irshaytirib, xiringlab kulgani yodimda. Mamayoqub kulganida nariroq turilmasa, sarg‘aygan tishlarining orasidan otilgan nosvoy aralash tupuk betga sachraydi.
Surayyo haqiqatdan ham o‘ng tarafdan qaralsa, ko‘rkam chehrali, lablari endi ochilayotgan qirmizi g‘unchaday, hind qizlarinikiday qirra burun, ko‘zni qamashtirguvchi yoqut kabi yonguvchi ko‘zlarini o‘zga tugul o‘zidan ham qizg‘anganday panalovchi uzun kipriklari qanday edi-ya! Yana uning quyuq, payvasta qoshlari birikkan joyidagi latif xoli ko‘z o‘ngimda. Hmm… betiga chap yog‘idan qarasangiz… yo‘q, chap yog‘idan qaramang, qaramaganingiz ma’qul! Chap taraf beti kuyib burishgan… Men buni gapirish u yoqda tursin, eslashni ham istamayman.
Boshqa yillarni bilmadimu, o‘sha yili O‘zbekistonda yigirma oltinchi martda o‘rik gulladi, yigirma to‘qqizda shaftoli, aprelning birida – gilos bilan olxo‘ri, uchinchisida esa olcha. So‘ng olma bilan nok, eng so‘nggida – behi nafarmon gullarga burkandi. O‘sha yildan boshlab men har ko‘klam kelishi bilan qaysi meva daraxti qachon gullashini kuzatadigan, o‘shandan beri kundalik tutadigan bo‘ldim.
O‘rik gullagan serfayz kunlar edi. Oqshom payti o‘g‘rincha tashqariga chiqib, gospital ortidagi tepalikka ko‘tarildim. O‘zbekistonda o‘rik gullagan palla borliq tabiat bayramona joziba kashf etarkan. Oqshom chog‘i toqqa qarasangiz, uning yonbag‘rida o‘rikzor bog‘lar emas, oq ko‘ylakli qizlar boshlaridagi durrachalarini yelviratib, cho‘qqi sari yuqorilab borayotganga o‘xshaydi. Sharq va g‘arbning ziyolilari har bahor kelishi bilan sakura gullashini tomosha qilish uchun atayin Yaponiyaga borisharkan. Imkoniyat bo‘lganda-ku, shaxsan men o‘rik gullashini ko‘rish uchun har bahor O‘zbekistonga kelgan bo‘lardim…
– Be, o‘rik guli nima bo‘pti, siz bodom gulini ko‘rganingizda edi! –dedi Surayyo o‘sha kuni,– gul deb o‘shani aytsa bo‘ladi.
U oshxona binosi oldida sochiga o‘rik gulini qistirib, kulimsirab turardi.
– Uni menga kim ko‘rsatadi? – dedim hayajonlanib.
– Bodom birinchi gullaydi, ko‘pincha sovuq urib ketadi. Men uni “bodom” demagan, “umrizoye” degan bo‘lardim. Har yili ahvol shu. Martning boshida bir telba sovuq kelib, bodom sho‘rlikni uradi-ketadi.
Bu gapni u ma’yuslanib aytgandi. Men uni yupatgim keldi. Ammo yupatolmadim. Palatadan chiqib, yoniga borgunimcha oshxonaga kirib, eshikni ichkaridan berkitib olipti.
Kazarmaga ko‘nglim huvillab, bo‘shashib qaytdim. Tashqarida iliq oq yomg‘ir shivalay boshladi. Momaqaldiroq guldurab, tog‘lar qa’ridan aks-sado berdi, ufqni xanjarday tilib, chaqmoq chaqdi. Ichkarida o‘tirgim kelmay, tashqariga chiqib, sandiroqlab yurdim. Shifokor kechki ko‘rikka chaqirgach, noiloj ichkariga kirdim.
– Alvastingni ko‘rdingmi? – masxaromuz ohangda so‘radi komandir.–Xudoyim-ey, oyoq-qo‘ling bolg‘aday yigitsan, basharasidan odam u yoqda tursin shayton hurkkilik o‘sha “yarim bet”ga buncha yopishmasang? Yo o‘ljaning osonini taqimingga bosmoqchimisan, shum bola,– dedi yana.
Ovulimiz qariyalari bunday bo‘lmag‘ur kimsalar haqida: “Irigan og‘izdan chirigan so‘z chiqadi”, – deyishardi. Ichvopti. Har kuni ichkilikni qaydan toparkin, hayronman.
O‘sha kechasi, meni ko‘pdan ta’qib etuvchi qo‘rqinchli tushni yana ko‘ribman. Bir gal olis safardan qaytayotib, Seshanbe qishlog‘ida tunadik. Komandirimiz mast, askarlar bo‘lsa yashirincha nayaki tortib olishdi. Tongda biz tunagan uy sohibi – qishloq muallimi uyidagilari bilan hovlisiga tutash machitga chiqish uchun tadorik ko‘rayotgan edi. Hovli tepasidagi mezanadan muazzin azon ayta boshlaganida tungi ichkilikdan hali o‘ziga kelolmay, kallasi xum komandirimiz: “Zatknis!”– deb baqirib qoldi. Bir qarasam, mezana tomonga avtomat o‘qtalib turibdi ekan. Esimni yiqqancha bo‘lmay, tarillagan ovoz eshitildi-da, mezana tepasidan qalpoqday uchgan muazzin to‘ppa-to‘g‘ri mening oldimga gursillab tushsa bo‘ladimi! Soqoliga endigina oq oralagan, o‘rta yoshlardagi norg‘il kishi ekan. Labining bir chekkasidan qon sizib oqardi. Boshdagi sallasi yechilib, qo‘liga o‘ralib qopti. U mendan ko‘zini olmasdan, kulimsiragancha: “La ilaha illaallah” dedi. Yuzida quvonch qalqqan, go‘yoki u bir ulug‘ ishning yakunidan mamnun yotardi. O‘lim deganlari shunchalik rohat bo‘lishiga bugungacha aqlim bovar qilmay, istig‘for keltiraman. Kimdir: “Doktor chaqiringlar, doktor!” deb qichqira boshladi. Muazzin “kerak emas” deganday boshini qimirlatib, yuzi yal-yal yongan ko‘yi sokingina jon berdi. Biz apil-tapil yig‘ishtirilib, qishloqdan chiqib ketdik.
Tushimda o‘sha muazzin biz yotgan gospitalga kelib, barchamizni oldiga solib, gospital binosini aylantira quvib yurganmish. Komandir sirtmoqqa tushgan qulunga o‘xshab, xirillab, chinqirarmish. Cho‘chib uyg‘ondim. Kechasi allamahalda mast bo‘lib kelib, yotog‘iga kirishga ham holi kelmay, yonimdagi bo‘sh karavotda yotib qolgan komandir chindan ham og‘zidan oq ko‘pik sachratib, xirillab yotgan ekan. Siltalab, yulqilab, arang uyg‘otdim. U anchagacha o‘ziga kelolmay, karavotdan oyog‘ini osiltirgancha, behush o‘tirdi-da, so‘ng gandiraklab tashqariga chiqib ketdi. Hozir borib, yo‘lakda o‘t o‘chirish uskunalari taxtasidagi chelakka yashirgan vinosini olib ichadi.
Boshqa uxlay olmay, tonggacha to‘shakda u yoqdan bu yoqqa ag‘darilib, bedor yotdim. Kecha oqshom boshlangan yomg‘ir tingani bilan havo ochilib ketmadi.
O‘sha kuni ertalab vzvod belgilangan mashq rejasiga ko‘ra, uch chaqirimlik yugurishga chiqdi. Komandirimizning hech narsa bilan ishi yo‘q, ortimizdan: “Qaytishda ko‘proq qo‘ziqorin terib kellaring!”– deb xayqirgancha, kazarmada qolaverdi. Askarlarni boshlab buloqli soyga tushayotsam, boshiga ro‘mol o‘rab olgan ayol eshakning ikki tomoniga posangi qilib osilgan ikkita flyagaga buloqdan chelaklab suv to‘ldirayotgan ekan. Salomlashib yonidan o‘taversam, tanish ovoz:
– Nima, mendan xafa bo‘ldingizmi? – deb qoldi. Boshidagi ro‘molidan Surayyoni tanimabman. Shu asnoda, buloq boshiga suv tashuvchi mashina kelib to‘xtadi-da, gospitaldagi rus ayollar “krasavchik” deydigan haydovchi yigit bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib qoldik. Yigitlar yefreytorga ergashib, nari qaray yugurib ketishdi. “Krasavchik”ning mashina kabinasidan yetti-sakkiz yoshlardagi, bir-birlariga o‘xshash uch nafar bola sakrab tushib, mashina bochkasiga suv to‘ldira boshlashdi. Ular uch egizakligini angladim. “Krasavchik” uylangach, atigi to‘rt-besh yil ichida to‘qqiz o‘g‘il ko‘rib, ko‘p bolali otaga aylanganini odamlardan eshitgandim. Xotini faqat uchtalik egizak tug‘ar emish. Bu favqulodda xushro‘y yigitning ismi Toshmuhammad edi. Hamyurtlari uni “Toshrasm” deyishardi. Rasmda chizilganday chiroyliligini aytishsa kerak-da. Men uni ko‘rganim sayin adabiyot darsligidagi Saken Sayfullinning surati ko‘z oldimga kelaveradi. Toshmuhammad g‘alati yigit edi. Shunchalik xushchiroy, ammo ishonib bo‘lmaydigan darajada go‘l. Bizda “Tovusning o‘zini ko‘rsang – anqayasan, oyog‘ini ko‘rma – qartayasan”, degan gap bor. Buni Toshrasm singarilarni ko‘rgan birov aytgan bo‘lsa kerak. U doim yalang‘och badaniga eskirib, u yer-bu yeridan paxtasi chiqib ketgan chopon, qay yili tikilgani noma’lum, rangi o‘ngib ketgan, halpillagan galife shim, oyog‘iga qo‘lantayoq rezina kalish kiyib yurardi. Kalishining yuzasiga allaqanday askar bushlatining yaltiroq, sariq tugmasi qadalgan bo‘lardi. Ko‘z tegmasin degan irimmikan, degandim, unday emas, uyda kalish kiyadiganlar ko‘pligidan almashib ketmasligi uchun qadab qo‘yganman, deydi. Undan nimani so‘rsangiz ham, gapni “bilmasam”dan boshlaydi. Masalan:
– Toshrasm, olamda nima gap? – desangiz, o‘ylamay-netmay “Bilmasam…” deydi.
– Toshrasm, do‘kon sotuvchisini ko‘rdingmi?
– Bilmasam…
– Toshrasm, mashina qalay?
– Bilmasam, mashina mashina-da, la’nati.
Savolingga aniqroq javob bersa, boshi baloga qoladiganday shunday deydi mug‘ombir.
Kulishi ham g‘alati. Oshnalarining askiyasiga qo‘shilmay, asov to‘riq ot singari bir chekkada unsiz turadi-da, davradagilar kula-kula tarqalishga chog‘lanishganida Toshrasmning og‘zidan “o‘h!”degan sas chiqib, so‘ng yana unsiz qolardi. Unsiz qoladi, deyish noto‘g‘ri, aslida u unsiz kulayotgan bo‘lardi. Biroq o‘zgalarga o‘xshab qaqillash ham, shaqillash ham, ichagi buralguday qornini ushlab, bukchayish ham unga begona, har qanday holatda lablari qimtinib ham qo‘ymasdi, yuzi ham o‘zgarmasdi, tik kelib qolsa farishtaning aqlini oluvchi ko‘zlaridagi sovuq suluvlik buzilmasdi. Uning faqat ikki yelkasi-yu, qorni kulardi. Avval yelkalar ohista titrab, so‘ng qorni silkina boshlardi. Bu holatdan davrada yana qahqaha ko‘tarilardi. Uning bu odatini bilguvchilar payrov tugagandan keyin ham davrani tark etmay, tomosha boshlanishini kutib turishardi. Toshrasmning kulishini tomosha qilgani ataylab boshqa qishloqlardan keladiganlar bor ekan.
Bochkasi suvga to‘lgach, Toshrasm mashinasini o‘t oldirib, o‘z yo‘liga ketdi. Qarasam, Surayyo eshakni oldiga solib, ancha joyga borib qolgan ekan. Orqasidan yetib oldim.
– Ular sizga nima dedi? – dedi qiz, e yo‘q, be yo‘q.
– Kim nima deydi?..
– Toshmuhammad aka-da!
– Seni juda suluv qiz dedi.
– Rostdanmi?– dedi qiz ko‘zlari yonib.
– Yo‘q, hazil, sen haqingda hech nima demadi. Har doimgiday “bilmasam”ning naryog‘iga o‘tmadi.
– Men haqimda gapirmasligini bilardim,– dedi-da, Surayyo negadir bir turli bo‘lib, mung‘ayib, ancha joygacha indamay bordi, so‘ng:
– U maktabimizga to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotganimda kelgandi. Muallim edi. Fizkulturadan dars berardi, – deya so‘zini davom ettirdi qiz. –Voy-bo‘y, maktabda unga oshiq bo‘lmagan qiz yo‘q edi. Hatto raisning qizi unga sevgi izhor qilib, xatlar yozgan. Qo‘shni tuman raykomining qizi “Siz uchun jonimni ham beraman”, deb suratini yuborganini Akram pochtachidan eshitgandim. Sinfdosh qizlar bilan yolg‘iz qolganimizda faqat bu kishi haqida gaplashardik. To‘qqizinchi sinfni bitirish arafasida bizlarni dashtdagi qo‘riq sovxozga paxta chopiqqa olib ketishdi. Kuni bo‘yi cho‘l jaziramasida chopiqda bo‘lib, kechqurun o‘g‘il bolalar bo‘lak, qizlar bo‘lak kanalga borib cho‘milardik. O‘sha kuni barakda navbatchi bo‘lganimdan supir-sidir bilan band bo‘lib, kanalga qizlardan keyin bir o‘zim bordim. Hech kim yo‘q ekan, yechinib, o‘zimni suvga otdim. Kanalning o‘rtasigacha suzib borib, endi orqaga qaytaman deganda birov belimdan qattiq quchoqlab olsa bo‘ladimi. Chinqirib yubordim. Kurakday kaft og‘zimni berkitdi. Qaynoq lablar tomog‘imni yondirgiday o‘pa boshladi. Avval bunday holatga tushmagandim. Ko‘zlarimni katta ochib qarasam, Toshmuhammad muallim! Ikkalamiz olisha-olisha sohilga chiqdik. U yerga tizzalab o‘tirdi-da, yig‘lab yubordi. “Ey, Xudo, senga nima yozig‘im bor edi? – dedi qo‘llari bilan boshini changallagancha,– Qiz bitgani menga oshiq bo‘lgani bilan shu yoshga kelgunimcha sendan boshqasini sevolmasam netayin, Surayyo?! Faqat Seni, Senginani sevaman. Sen bo‘lsang menga hatto qayrilib ham qaramaysan, Surayyo!” – dedi u.
– Qo‘ying, Tosh aka, uyat bo‘ladi, – deyman dir-dir titrab. Boshqa nima deyishimni bilmay, faqat ro‘molimni g‘ijimlayman. Keyin, bizni birov ko‘rib qolmadimikin, degan xayolda atrofga alanglayman. Xayriyat, oqshom g‘ira-shirasida kanal yaqinida hech zog‘ ko‘rinmasdi. Yotoqqa birga qaytdik.
– Endi menga bunday gaplarni aytuvchi bo‘lmang,– dedim yotog‘imizga yaqin qolganda,– otam bilib qolsa sizniyam, meniyam tikka so‘yadi.
– Men seni sevaman, Surayyo! – dedi u shivirlab. – Baribir sen meniki bo‘lasan!..
Qolgan gaplarini eshitmaslik uchun barakning qizlar yotadigan bo‘lmasiga chopqillab kirib ketdim. Tuni bilan uxlolmay, vujudim jizg‘anak bo‘lib chiqdi…
– Uyda qattiqqo‘l tarbiya ko‘rganmiz,– deya Surayyo kuldi. Shu tobda osmon ham, manov tevarak-atrofdagi tog‘lar, anovi boshiga oppoq sholro‘mol burkalgan o‘riklaru, olchalar, olxo‘rilaru, olmazorlar ham qizga qo‘shilib kulayotganday edi.
Barmoqlarim titrab, qizning bilagidan ushladim. U qo‘lini tortib oldi.
– Hech qachon, – dedi qiz rangi o‘zgarib,– menga bunday qiliq qila ko‘rmang! Bu birinchi va so‘nggisi bo‘lsin.
Ko‘ngilda jo‘sh urgan hayajon suv sepganday bosildi-qoldi.
– Kechir, – dedim, – endi hech qachon bu takrorlanmaydi.
– Sizga bir qiziq voqeani aytib beraymi?– dedi u ko‘ngli yorishib.
– Qiziq bo‘lsa, ayt, – dedim bo‘shashib.
– Esimizni tanibmizki, onam bizga o‘g‘il bolalarga yaqin yurmalaring, hatto ular turgan, o‘tirgan yerga yo‘lamanglar, yukli bo‘p qolasanlar, deb qo‘rqitardilar. Uchinchi sinfda muallimamiz meni majburlab Sharif degan duduq bola bilan bir partaga o‘tqazdi. Sumkam doim o‘rtamizda turadi. Sharif “chegaraning” bu tarafiga o‘tishi mumkin emas. O‘tsa kaltak yeydi. Birda bilmasdan uning o‘rniga o‘tirib olibman. Qo‘rqqanimdan o‘rnimdan sapchib turdim. Qo‘limga tushgan chizg‘ich bilan uni savalay boshlaganimda “Nima bo‘ldi?” deb muallima tepamizga yugurib keldi. Men tomdan tarasha tushganday qilib:
– Nima bo‘lardi? Men manov duduqdan ikkiqat bo‘p qoldim! – deb o‘kirib yig‘lay boshladim. Muallimamiz hushidan ketishiga oz qolgan. O‘sha voqea esimga tushsa, hozirgacha uyalib ketaman.
– Shuning bilan Toshmuhammad nima bo‘ldi?– so‘radim gapini bo‘lib.
– Nima bo‘lardi? U kishi kech-qorong‘ida yo‘limni poylab: “Seni sevaman, baribir meniki bo‘lasan!”– deyishini qo‘ymadi…
Kutilmaganda eshak hangrab yubordi. Shaharchaga yaqinlashib qopmiz.
– Bugunga shunisi yetar,– dedi qiz kulib,– siz endi orqaga qayting. Anovi qiya tepalikni aylanib o‘tsangiz, tol-terakli to‘qay boshlanadi, o‘sha yerda qo‘ziqorin serob. Sog‘ bo‘ling.
U biroz yurgach, orqaga qayrilib:
– Gospitalga boshqa yo‘l bilan keling! – deb qichqirdi. Men ma’qul degan ma’noda bosh silkdim.
Ertasiga Surayyo:
– U kishi men ko‘z ochib ko‘rgan birinchi erkagim,– deya hangomasini boshladi. Surayyo Toshmuhammadni “u” demaydi, hurmat bilan “ular” deydi. O‘zbeklarga xos bu xususiyatni tezda angladim.
– O‘ninchi sinfni bitirish arafasida jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz Toshmuhammad aka rahbarligida bir guruh maktabdosh sportchi bolalar bilan viloyatda o‘tadigan o‘quvchilarning spartakiadasiga keldik. Ishtirokchilarga viloyat markazidagi sport-internatining yotoqxonasidan joy ajratilgan ekan. Maktabdosh qizlarni bir xonaga joylashtirishdi-yu, negadir men boshqa tumandan kelgan rus qizlari orasiga tushib qoldim. Nega bunday bo‘lganini ko‘nglim sezuvdi. O‘sha oqshom yangi tanishgan dugonalarim bilan choy ichib o‘tirganimizda qizlardan biri derazaga qarab:
– Boje moy, syuda sam Radj Kapur idyot! – desa bo‘ladimi.
Gap kim haqida ekanligi fahmlab, yuragim dukullab ura boshladi. Zum o‘tmay eshik taqillab, ostonada Toshmuhammad aka ko‘rindi.
– Kiyin, seni uyda kutishyapti, – dedilar u kishim. Keyin qizlarga:
– Bu jiyanim, men uni uyga olib ketaman, – deya izoh bergan bo‘ldilar.
O‘shanda qizlarning ularga mahliyo bo‘lib, tikilishganini ko‘rsangiz edi. Albatta, qizlar “Radj Kapurga “jiyan”ligimga ishonishmagani va menga havas bilan qarashayotganlarini payqash qiyin emasdi. Ochig‘i, o‘sha onda o‘zimni dunyoda eng tolei kulgan qiz his qilgandim. Ozgina muddat, loaqal bir zumgina bo‘lsin, o‘zingni baxtli his qilganga nima yetsin!
Tosh aka meni internatga yaqin ko‘pqavatli uydagi bir xonadonga boshlab bordilar. Xullas, o‘sha kecha men qizlik… – Surayyo bir zum tin olib, so‘ng qo‘shimcha qildi. – O‘sha kechasi men…ayol bo‘ldim.
Tosh aka meni derazadan mo‘ralayotgan oydan ham, shamoldan ham qizg‘andilar. Ularning yonib-kuygan bo‘salari, qovurg‘amni sindirguday ehtiros ila quchishlari, jundor ko‘ksi bilan ko‘kragimni siypalab, ma’nosiga o‘zga tugul o‘zi ham tushunmaydigan poyintar-soyintar, uzuq-yuluq so‘zlaridan vujudim toliqib, esim og‘ib yotsa-da, unga jonim bilan berilmadim. Hozir o‘ylasam, kulgim keladi, ular jinni bo‘lganday, ora-sira: “Senga ozor yetkazmadimmi, kechir-chi!” – deydilar-da, yana ehtirosdan junbushga tushadilar. Qizig‘i, o‘shanda hech qanday ozor sezmaganman.
Men agar “ketdik” desam ular o‘sha kechasi izimdan dunyoning narigi chekkasiga bo‘lsa-da, ketishga rozi bo‘lardilar. “Hech bo‘lmasa meni bir martagina o‘p-chi!” deganlariga ham ko‘nmabman. Ular mening ham ehtiros olovida kuyishimni istab, oyoqlarimni quchib yig‘laganlarida yengil tin olib, lazzatlanganman. Aslida, chinakam lazzat u emas edi. Buning hammasi shunchaki quruq gap, juda oshib ketsa, bir lahzalik qozon qaynatar qahr, xolos. Bunday shafqatsizlik ayollarning barchasida bo‘ladi. Tan olish kerak, haqiqiy lazzat chiroyli erkakning og‘ushi ekan. Ularning og‘ushi… – Surayyo yerga tikilgancha bir zum o‘yga cho‘mib, so‘ng boshini ko‘tarib dedi, – xohlasangiz men sizga keyin bir qiziq narsa ko‘rsataman.
– Sen nima ko‘rsatsang ham ko‘raman, Surayyo. Ammo ayt-chi, Toshmuhammadni nega sevding? – dedim.
Qiz savolimga tushunmaganday, betimga angrayib qaradi.
– Nima? – dedi u, – “Nega sevding?”, deganingiz nimasi?
Uning ko‘zlari pirpiradi. “Buning esi joyidami?” deganday betimga yana tikildi. U meni bunchalik befahm deb o‘ylamagan, shuningdek, bunchalik bema’ni savolni kutmaganidan hafsalasi pir bo‘lgani sezilib turardi.
– Ahmoqona savolimdan xafa bo‘lma, Surayyo, – dedim bo‘shashib, – shunchaki so‘radim… Undan ko‘ra ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qizig‘ing nimaligini ayt.
Hamon betimga angrayib turgan qiz nihoyat jilmayib:
– Uni fursat kelganida ko‘rasiz, sabr qiling, – dedi.
Shu asnoda komandirning:
– Afonya, itdan tarqagan, qaydasan?! – degan kayf aralash hayqirig‘i eshitildi. Men o‘rnimdan sapchib turib, orqa eshikdan tashqariga otildim.
Kelgan kunimizdayoq komandir Mamayoqub bilan hamtovoq bo‘lib oldi. Aslida bu joyning odamlari orasida piyonistalar yo‘q hisobi, hatto kashandalar ham ozchilikni tashkil etarkan. Mamayoqubni suruvning ichidagi bitta tirraqi echki, desa bo‘lardi. Hushyorligida so‘ljaygan basharasiga qarab bo‘lmaydigan Mamayoqub, og‘ziga araq tegdi degandan so‘zamolga so‘zini, oyoqliga yo‘lini bermasdi. Qachon qarasang, do‘ppisi gardanida tursa-da, yerga tushib ketmaganiga hayron bo‘lasan. Qo‘llari haddan tashqari uzun, naq tizzalariga yetadi. Manglayi keng, olako‘z. Ozg‘in odamlarning ko‘zlari, odatda botiq, kirtaygan bo‘ladi. Buniki esa sal bo‘lmasa sirtga otilib ketadiganday, qontalash, chaqchaygan. Bu joyning ko‘pchilik erkaklari kabi u ham oyog‘iga rezina kalishni qo‘lantayoq kiyib yuradi. Mabodo, Mamayoqub xuddi ko‘l yoqasida turgan baliqchiday, ikkala pochasini tizzagacha shimarib, tizzalarini uqalab o‘tirsa, demak u ichgan bo‘ladi. Kecha payqabman, komandirimiz ham pochalarini tizzasigacha shimarib yuradigan bo‘pti. Qachon qaramang, ikkalovining o‘rtasida “Chashma”ning bo‘sh shishasi.
Mamayoqub, askarlikdan o‘rganib kelgan bo‘lsa kerak, o‘rischa gapirganda ikki so‘zning biri so‘kinishdan iborat edi. U kazarmaga tong saharlab keladi-da, suvni yopib, bir xonadagi isitish batareyasini yechib oladi. So‘ng, to kechgacha o‘shani o‘rniga qayta o‘rnataman deb urinadi. Yonida buyruq bergan bo‘lib komandirimiz yuradi. Komandirga Xudo berib qoldi: “Ey” deydigan ega yo‘q, “qo‘y” deydigan xo‘ja yo‘q, shtab boshqa shaharda. Yomon odatga odam tez ko‘nikarkan, kazarmada intizom bo‘shashgan. Nazorat yo‘q. Komandir: “Hammasi sening zimmangda!” deb javobgarlikni menga yuklab qo‘yib, o‘zi Mamayoqub bilan markazga ketadi. Tun allamahalda o‘lasi mast bo‘lib qaytadi. O‘zi choshgohgacha uxlagani bois, askarlarni odatdagiday tonggi soat yettida uyg‘otmasdan, bemalol to‘yib uxlashsin, deb kenglik qilib yuripti. Kengligi qursin, ayrim paytlari uyqudan uyg‘onadi-yu: “Saflan!” deb hayqirib qoladi. Bu tungi soat birmi, uchmi, unga baribir.
Bunday vaziyatda oraga men tushaman. Bir yaxshi tomoni, tixirlik qilib, oyoq tirab o‘tirmaydi. Navbatdagi stakanni simirib, yana uyquga ketadi. Unga mendan ko‘ra Mamayoqubning so‘zi o‘timliroq. Ko‘ngli kelganida komandir uni “Afonya”, achchig‘i kelganida “dushman” deydi. Keyingi paytda u Surayyoni “dushmanka” deydigan bo‘lgan. Sezib yuribman, ichgan paytida “dushman”dan “dushmanka” haqida surishtiradigan odat chiqargan.
Mamayoqub, qachon so‘ramang, bu shaharchada nima bo‘lib, nima qo‘yganini ignaga ilib, ipga tizganday qilib aytib bera oladi. Qay uyda qancha odam borligi-yu, bolasi qayerda kim bo‘lib ishlashi yoki nima uchun ishlamasligini ham biladi. U bilmaydigan narsa yer ostida bo‘lsa kerak. Bu joylik odamlar bir-birlarining ismlarini kam atashadi. Barchaning laqabi bor. Masalan, Surayyo – kuygan qiz, Mamayoqub – Afonya, shifoxonaning oshpazi Tursunoy opa – tarvuz (tarvuz kabi dumaloq va semiz), Toshmuhammad – Toshrasm, xullas, shunday davom etaveradi. Menga opalarcha mehr ko‘rsatgan Tursunoy – tarvuz bo‘ldi. U yoshi o‘ttizdan endi oshsa-da, erta yetilgan, semiz, qo‘sh bag‘baqali beti dub-dumaloq, kipriklari qayrilma kelinchak edi. Odatda semiz kishilar xushfe’l bo‘lishadi. Yangamiz qo‘li ochiq, oqko‘ngil, katta bilan ham, kichik bilan ham kulib so‘zlashadigan, so‘zlaganida suhbatdoshining qulog‘i og‘irday shang‘illab, qattiq so‘zlaydigan, shaqillab kuladigan, polni teshib yuborguday yer-ko‘kni zangillatib yuradigan, bichimi mo‘l ayol edi. Birinchi eri Pavlodarning Bayonovulidan Shomil ismli tatar yigit bo‘lgan ekan. Qozoqligimni bilgach, “qaynimsan” deb o‘ziga yaqin oladigan bo‘ldi. Pavlodarda o‘tgan kunlari esiga tusharmidi, ba’zan “Qaniydi, bir tishlamgina qazi bo‘lsa!” – deya og‘zi suv ochib o‘tirardi. Shomil og‘amizning keyingi taqdiri nima bo‘lganini u aytmagan, men so‘ramaganman.
Mamayoqubning haqiqiy ismini biladiganlar kam, barcha uni “Afonya” deb chaqiradi, Uning Surayyo bilan yulduzi to‘g‘ri kelmaydi. Uni gapirtirgim kelib: “Bu yaqin-oradagi yolg‘iz bo‘ydoq – sensan, bilishimcha, Surayyo ham senga yo‘q demasdi, nega unga uylanmaysan?” – deb so‘raganimda uning javobini eshitib, yoqamni ushlab qolibman.
– Hurarga iti, siqarga biti yo‘q Surayyoni boshimga uramanmi? – desa bo‘ladimi. – Mamayusuf akaning sakkizinchi sinfda o‘qiydigan Muhayyo ismli qizini ko‘z ostimga olib qo‘yibman. Ham suluv, ham otasi puldor! O‘sha qizga uylansam, u kishida o‘g‘il yo‘q, hamma boyligi menga qolmaydimi?!
– Mamayusuf deganlari kim ekan?
– Otamning tug‘ishgan inisi – amakim bo‘ladi.
– Unda qanday? – deyman shoshganimdan tilimga so‘z kelmay.
– Shunday! – deydi u yonidan nosqovog‘ini olar ekan, – kallani ishlatish kerak, do‘stim, kallani!
– Aqling joyidami, nimalar deyapsan?! O‘sha qiz senga tug‘ishgan singil-ku! – deyman tutaqib.
– Nimasi tug‘ishgan? Bir emchakni emmasa, uylanish mumkin, degan fatvo bor, shuniyam bilmaysanmi, qozoq?!
– E, bor bo‘l-e! – deyman o‘zimga kelolmasdan.
– Bor bo‘lsam ham, yo‘q bo‘lsam ham otalarimiz kelishib qo‘yishgan, maktabni bitirishi bilanoq to‘yimiz bo‘ladi, do‘stim.
– E, do‘st bo‘lmay ket, do‘st bo‘lmay ket-e! – deb yerga tuflayman.
Surayyo Mamayoqubni jinidan battar ko‘radi:
– Uning valdirvasirligiga otasi aybdor. U o‘z og‘asining qiziga uylangan. Bunday nikohdan sog‘lom bola tug‘ilarmidi? Erkakning kiyimini kiyib yursa-da, ayolcha tirikchilik qiladi. Uning o‘zi emas, eshagi erkak, – deb kuladi.
Keyin bilsam, u Surayyoga oshiq bo‘lib xat yozadi, o‘rtaga odam qo‘yib uchrashuvga chaqiradi. Muddao hosil bo‘lmagach, u qanday qilib bo‘lsa-da, o‘ch olishni o‘ylaydi. O‘ylab-o‘ylab, topgani, Surayyolarning og‘irini-engil, uzog‘ini yaqin qiladigan yo‘rg‘a eshagining ustiga benzin sepib yoqib ketadi. Mojaroga uchastka inspektori Boymirza aralashgach, Mamayoqub – Afonya Surayyoning otasiga ikki qop kartoshka, bir telejka jo‘xori poyasi, bitta uloqli to‘qol echki berib zo‘rg‘a qutuladi.
“Mol achchig‘i – jon achchig‘i”, deganlariday, Mamayoqub bir davrada ichib olib, “Eshak yoqishim repititsiya edi, endi bu yaramaslarning uyini yoqib ketaman!” – deb chiranibdi. Bu gap tirnoq ostidan kir qidirib, bulutsiz kunda chaqmoq chaqtirishni xush ko‘radigan uchastka inspektori Boymirzaning qulog‘iga yetgach, Mamayoqubni bo‘linmaga olib boradi. Bu safar Mamayoqub uchastka inspektoriga bir yangi palos, ikki qop yer yong‘oq, besh dona tarvuz bilan o‘nta qovun berib, qutulgan ekan. Bularni Surayyo Mamayoqubga achinib gapirib bergandi.
Komandirimiz Mamayoqub – Afonya bilan doim yashirincha nimalarnidir gaplashishadi. Komandirimiz pakana bo‘yli, kallasi xumday, ozg‘in, sariq kishi. Bunday kalta bo‘y, ozg‘in tanaga xumday kalla mos kelmay, yursa-da, o‘tirsa-da, bir joyda tursa-da, hatto yotganida ham og‘irlik qiladi, shekilli, bir yoniga qiyshayib turadi. Mamayoqub – Afonya, aksincha, ertak qahramonlariday qop-qora, devqomat. Bir o‘tirganida ikki kishining ovqatini yeydi. Biroq ovozi yer ostidan chiqqanday bo‘g‘iq. Ikkovining dardi – araq bilan ayol. Qiyqirib kulishsa, demak, hamtovoqlar ayollar haqida gurunglashayotgan bo‘ladi. Ayniqsa, keyingi paytda ikkovlon ko‘proq pichirlashadigan bo‘p qolishdi. Men tomonga o‘g‘rincha qarab, xiringlashishlarini aytmaysizmi.
Ko‘p o‘tmay komandirimiz o‘zidan-o‘zi “Sasha-Sashulya, oh, Sashulyaga boraman!” deb qo‘shiq aytadigan bo‘ldi. “Buning Sashulyasi yana kim bo‘ldi ekan?” dedik-da, qo‘ydik. Kechqurun oshxona tomondan Surayyoning qichqirig‘i eshitildi. Oqshom sokinligida ovoz baralla jaranglab, barchaning qulog‘ini ding qildi. Qarasak, komandirimiz dumi qisilgan laychaday uylar orasidan zipillab kelyapti. Labida sigareta. Kallasi yana jinday yugursa, tanasidan uzilib tushadigan oshqovoq singari likillab, silkinadi. Sochi sigir yalaganday manglayiga yopishib qopti. Alang-jalang orqasiga qarab qo‘yadi. Nogahon nigohlarimiz to‘qnash kelgach, u o‘xshovsiz tirjaydi. Bu qilmishi oshkor bo‘lgan nobakor kimsaning noiloj tirjayishi edi. G‘azabim qo‘ziganidan, ko‘zlarimga qon quyulib, ters burilib ketdim.
Surayyo bo‘lsa oshxona zinasida qo‘llarini beliga tirab, baqirardi:
– Yaramas, mal’un! Men senga Sasha ham, Natasha ham emasman, men Surayyoman, manov zahringni o‘shalar bilan ich, qiyshanglasang o‘shalarga qiyshangla, men o‘zbek qiziman! Menga yana yaqinlashib ko‘r-chi, otamning pichog‘i bilan ichak-chavog‘ingni qovoq kallangga salla qilib o‘rab qo‘yaman, cho‘chqadan tarqagan, iflos! – deya komandirning ortidan uloqtirgan yarimtalik shisha toshga urilib, chil-chil sindi. Ertasiga komandir Afonyaga:
– Sashulya deganing boshiga yugan-qo‘riq tegmagan yovvoyi ekanu, sen nega meni laqillatding? U sindirgan araqni to‘laysan! – deb baqirayotganini eshitgan askarlar kulib yurishdi.
– Siz ham men haqimda shunday o‘ylarsiz?– dedi Surayyo menga tikilib,– bilib qo‘ying, men senlarday soldafonlarga qo‘lsochiq bo‘lmayman. Senlar o‘zbek qizlarini bilmas ekansanlar. Afg‘onistonda ayollarni zo‘rlashni o‘rganganlaringdan xabarimiz bor, ammo bu ishni bizlarga qilolmaysanlar.
Qonim boshga tepdi:
– Senga birov tegadigan bo‘lsa, mendan ko‘radiganini ko‘radi! – dedim titrab. Ovozim o‘zimga notanish tuyulib ketdi. Haqiqatdan ham o‘shanda Surayyo uchun har qanday qaltis ishga qodir edim. Rangim gezarib ketgan bo‘lsa kerak, Surayyo betimga tikilgancha bir zum angrayib turib, so‘ng:
– Eh, siz ham o‘shalardaymisiz?! – deya eshik tomon tislandi. Keyinchalik men bir yapon yozuvchisining: “Qo‘rquv ayolni yanada go‘zallashtiradi” degan iborasini o‘qiganimda Surayyoning o‘sha paytdagi holatini esladim. Men u paytlari umr bo‘yi Surayyoni qo‘msab yashashimni bilmasdim.
U yaqin kelib ko‘zlarimga tikilib:
– Qurib ketsin, komandiringizga ham, Afonyaga ham tega ko‘rmang, bekordan-bekorga qamalib ketasiz, – deya, qo‘limni olib, betiga bosdi-da, barmoq uchlarini asta o‘pib chiqqach, chuqur tin olib, dedi:
– Endi boring, hozir sizni axtarib qolishadi.
Botirga ham jon kerak, deganlariday, anchayinda og‘zidan oq it kirib, qora it chiqadigan, oq tog‘ni ayirib, qora tog‘ni qayirib yuradigan komandirimiz o‘sha voqeadan keyin jini qoqib olingan azayimxonday yuvoshlanib qoldi. Hammasidan ham ajablanarlisi, u birdan ichkilikni tashladi. Bunga ishonish qiyin edi. Ikkinchi o‘zgarish – u o‘zbek tilini o‘rganishga kirishdi. Murabbiy – Afonya. Bir qarasang, ikkovlon apoq-chapoq bo‘lib, shug‘ullanib o‘tirishgan bo‘ladi. Chamasi, saboqni tuslanishdan boshlashgan bo‘lsa kerak, komandir: “Teshavoy akamlarga”, “Teshavoy akamlardan”, “Teshavoy akamlar bilan” – deb ustoziga jo‘r bo‘lib takrorlaydi. Yana bir qarasang, komandir til o‘rgatishga no‘noq murabbiysining yetti otasi-yu, yetmish besh bobosining birortasini qoldirmay uchirtirib o‘rischa so‘kayotgan bo‘ladi.
Kim nima deb maslahat berganini bilmayman, komandirimiz nima bo‘lsa-da, ishni murakkablashtirmaslik yo‘lini o‘yladi. Buning uchun u gospital xodimlarining ko‘nglini topib, shu yo‘l bilan Surayyodan kechirim so‘ramoqchi bo‘lsa kerak, jamoaga dasturxon yozadigan bo‘ldi. Dasturxon bo‘lgandayam, oyni osmonga bir bor chiqarib, o‘zbeklarning yilda bir marta navro‘zdagina pishiradigan “sumalak” degan tansiq taomini pishiradigan bo‘ldik. Tursunoy yanga shunday maslahat beripti.
Sumalak qaynatishga bir hafta tayyorgarlik ko‘rdik.
Komandir meni oshxonaga navbatchi etib tayinladi. Boshqalar emas, men kelganimdan Surayyo quvondi. U o‘tgan safar “Sizga bir qiziq ko‘rsataman” degan va’dasida turib, qizg‘ish-yashil muqovasi to‘zg‘iy boshlagan kitobcha keltiripti. Uni bir ko‘rsatdi-yu, qaytadan yashil xalatining cho‘ntagiga solib oldi. Qanday kitobligini sezmay qoldim. Qayta ko‘rsat, degunimcha tashqaridan Tursunoy – tarvuzning gursillagan oyoq tovushi eshitilib, Surayyo tashqariga lip etib chiqib ketdi. Tursunoy – tarvuz eshikdan kira solib, shang‘illab:
– Aylanay qayinim, ma’shuqang senga mashina avariyasi haqida gapirayotuvdimi? – dedi.
– Qanday avariya? – dedim gapiga tushunolmay.
– Aytmadimi?
– Yo‘q, aytmadi.
– Aytmasa, aytadi, – dedi yangamiz. Yupqa lablari sirli chimirilganday bo‘ldi.
Kechqurun Surayyo so‘ramasam ham:
– Bizning baxtimizni chilparchin qilgan o‘sha avariya bo‘ldi, – deya hangomasini boshladi, – bir gal Toshmuhammad akamning “Volga”sida tog‘dan ravoch terib qaytdik. Xursand edik. Rulga men o‘tirdim. U kishim, ko‘pincha mashinasining rulini menga berardi. Tog‘dan tushayotganimizda tormoz ishdan chiqib, pastlikka qarab shuvillab ketayotganimizni bilaman. Keyin otam Toshmuhammad ikkalamizni yonayotgan mashinadan tortib chiqarayotganini tushda ko‘rayotganday bo‘ldim. Shifoxonada hushimga kelib, men nima bo‘lsam bo‘ldim, faqat Tosh akamlar sog‘ bo‘lsinlar, deb yotdim. Xudo tilagimni berdi, u kishim sog‘ayib ketdilar. Ming afsus, otam bechora bizni qutqaraman deb badanining yarmi kuygan ekan, kasalxonada ko‘z yumdilar. Men esa, yarim betimdan ajrab, shu ko‘yga tushgach: “Bu turqim bilan Toshmuhammad akaday yigitga munosib emasman. U kishim baxtga munosiblar. Men esa, Xudo boshga solganini ko‘rarman!” – deb ular bilan uchrashmay qo‘ydim. Yozgan maktublariga ham javob yozmadim. Nihoyat onasi uni uylantirdi… Ular yozgan maktublarni umrim bo‘yi saqlab o‘taman. Birovlar o‘qib, ustimdan kulishmasin, deb hammasini bir daftarga ko‘chirib qo‘yibman. Unga yo‘llanmagan javob maktublarim ham o‘sha daftarga ko‘chirilgan. Uni boshimga qo‘yib yotaman, o‘lsam narigi dunyoga kafanimga o‘rab, o‘zim bilan qabrga olib ketaman!
Haligi kitobchaning sirini endi bilgandayman. Unda nimalar yozilgan ekan? Buni judayam bilgim kelardi. Surayyo mening niyatimni uqqan shekilli, qovog‘ini uyib:
– Keyin ko‘rsatarman, hozir buni ko‘rishga bo‘lmaydi! – deb cho‘rt kesdi. Uning fe’li ko‘klam havosiday o‘zgaruvchan edi. Bir onda quvnab, bir zum o‘tmay ma’yuslanadi. Qizig‘i, bu fe’li o‘ziga yarashardi. Sirli kitobga qiziqishim battar kuchaydi. Unda nimalar yozilgan ekan, degan fikr miyamdan ketmay qo‘ydi.
Sumalak… Haligacha esimda, besh-olti askar yigit bilan oshxonaning bir burchagida chang bosib yotgan doshqozonni tashqariga dumalatib olib chiqdik. Sig‘imi sakson litr ekan. Tursunoyning ko‘rsatmasi bilan, bozordan o‘ttiz besh kilogramm bug‘doy sotib olib, tosh-qum, cho‘p-somondan tozaladik. Surayyo o‘sha oqshom tish yorib, gapirmay qo‘ydi. Oshxonada ikkovimizgina edik. Men nimadir aytmoqchi bo‘lib og‘iz juftlayman, u “gapirma” degan ma’noda ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosadi. Tozalangan bug‘doyni laganlarga solib, salqin joyga qo‘yib chiqdik. Bug‘doyning ustiga damba-dam suv sepib turish kerak ekan.. Ichim pishib ketdi. “Nega indamaysan? Yoki yoningda yurganim yoqmayaptimi? Yoqmasa ketayin, Surayyo”, – dedim. “O‘tir”, – dedi u yana imo bilan. Shunda payqabman, u halidan beri shivirlab, nimalarnidir o‘qib o‘tirgan ekan. Nihoyat u kaftlarini yoyib, “Allohu akbar!” deb betini siladi. Keyin bilibman, qoida bo‘yicha navro‘zdagi sumalak ustida “Ixlos” surasini qirq bora takror tilovat qilib, aytilgan tilaklar Xizr boboning qulog‘iga chalinarmish. Surayyo mening “Nima tilak tilading?” degan savolimga, “Yaxshi tilaklar-da” deb qo‘ya qoldi. Nega ekani qaydam, o‘sha oqshom u ikkovimizga baxt tilab, duo o‘qiganday tuyulgan edi. Men bunga haligacha ishonaman.
Bir haftadan so‘ng bug‘doy nish urib, yorila boshladi. Bug‘doy kurtagi barmoq uzunligiga yetishi bilan keliga solib, yog‘och kelisop bilan peshingacha tuydik. Shunda xuddi go‘sht qiymalagichdan o‘tganday quyuq modda paydo bo‘ldi. Undan yangi o‘rilgan maysaning hidi anqirdi. Do‘kondan sotib olib keltirilgan yetmish besh kilogramm unni qozondagi suyuqlikka solib, aralashtira boshlaganimizda Surayyo oq chit ro‘molchaning uchidagi tugunni yechib, undan bedananing tuxumiday ikki dona oppoq tosh oldi-da, ularni hammaning ko‘z o‘ngida “cho‘lp” etkazib qozonga tashlagach, menga o‘g‘rincha qarab, jilmayib qo‘ydi. Qozonga o‘tni men yoqdim. Surayyo kesilgan o‘rik shoxlarini o‘choq boshiga tashib turdi. Komandirimiz o‘tin chopish uchun o‘rikzorni oralab yurgan edi, Surayyo qo‘lidan boltasini yulqib olib, o‘zini bog‘dan quvib chiqardi.
– Daraxtlarning joni bor. Hozir g‘o‘ralash paytida boltani ko‘rsa, meva tugish o‘rniga qurib, hosildan qoladi. Manov alvasti shuniyam bilmaydi! – dedi qizishib.
Kechki soat to‘qqizdan boshlab yanagi kun, kunduzgi soat uchgacha qozonga olov yoqdik. Shu vaqt oralig‘ida Surayyo ikkovimiz navbatma-navbat sumalakni tinmay kovlab turdik. Kecha qozonga tashlangan toshlar kapgirga gohida birga, gohida alohida tegib, shaqillagan ovoz chiqadi. Toshlar birga tekkanida quvonib ketamiz, bo‘lak tegsa, ranjib qolamiz. Bu Surayyoning o‘zi o‘ylab topgan irim. Sumalak o‘n uch soat qaynagach, Tursunoy ta’mini tatib ko‘rib: “Karomat pishipti!”, – dedi. O‘n uch soat mobaynida Surayyoning yonida bo‘ldim. Sumalak men uchun sehrli kuy bo‘lib tuyuldi. Bu kuydan endi zavqlana boshlaganingda tugab qolmay, davom etaversa ekan, degan tilak aytib o‘tirasan. Men ham sumalak qaynayversa ekan, deb tilangandim. Yo‘q, u ko‘klamning ko‘roydin kechasida juda qisqa, qisqa ham gapmi, ko‘z ochib yumguncha, hatto kiprik qoqquncha bo‘lmay, yarq etib so‘ngan chaqmoq singari bir lahzada pishsa deng!
Qozon tagida qolgan saqich bu yerlarda “qo‘g‘irmoch” deya o‘zgacha qadrlanar ekan. Odatda uni yangi uylangan yigitlarga berisharkan. Biz o‘sha kuni qozon tagidan ikki tog‘ora “qo‘g‘irmoch” qirib oldik. Tursunoy yanga qozonning tagidagi saqichga aylangan qo‘g‘irmochni qog‘ozga o‘rab menga berdi-da, Surayyoga qarab ko‘zini qisib qo‘ydi.
Sumalagimiz barchaga ma’qul bo‘ldi.
Shunday qilib, ko‘rgan tushday bo‘lib sumalakning qizig‘i ham o‘tdi-ketdi. Endi Surayyoni ko‘rish orzuga aylandi. Nima desak-da, ixtiyor o‘zimizda bo‘lmagan askar bo‘lgach, oshxonaga qayta-qayta borish mumkin emas. Bormaslikka esa toqatim yetmay, o‘z-o‘zim bilan olishib yuribman. Tushlikda vzvoddan qolib, stolda mayiz yeb o‘tirgandim:
– Nima, qayliq o‘ynagani borasizmi? – dedi Surayyo taom pishirish bo‘lmasidan chiqayotib. Odam quvonchdan o‘lmas ekan, bil’aks men o‘sha o‘tirgan joyimda til tortmay o‘lgan bo‘lardim.
– Qayliq o‘ynagani? – deyman hovliqqandan tilim so‘zga arang kelib. – U nima degani?
– Qadimda Buxoro amiri Olimxon haramga kirish oldidan qora mayiz yerkan, – deb kuldi Surayyo.
– ?
– Bugun navbatchiman. Kechqurun oshxonaga keling, – dedi u ovqat pishirish bo‘lmasiga kirayotib.
– Kelaman, Surayyo!
– Kechki sakkizda, kechikmang.
Buni qarang-ki, ko‘rishga shuncha vaqt intiq bo‘lgan narsa men kutganday emas, mashhur “Kamastura“ bo‘lib chiqdi. O‘tgan yili shu yerda davolangan tankchilardan biri tumbochkada unutib qoldirgan ekan. Kim bilsin, o‘sha noma’lum tankchi bu kitobni qaydan olgan? Askarlarimiz Afg‘onistondan nimalarni olib chiqishmadi, dersiz. Umrida yeb ko‘rmagan noz-ne’matdan tortib, uy anjomlari-yu, kiyim-bosh, radio, televizor, magnitofonning xilma-xillari deysizmi…
Kitob ingliz tilida ekan, hijjalab o‘qib, tushunishga urinib ko‘rdik.
– Toshmuhammad aka mana bu usulda qo‘shilishni yoqtirardi, menga esa bu usul umuman yoqmaydi, xuddi bir-biriga juftlashib qolgan itlarga o‘xshaydi. Uning xotini har kuni mana shunday buqa-sigirga o‘xshab qo‘shilamiz, deydigan ko‘rinadi. Quturgan xotin-da, padariga la’nat. Tosh aka undan jirkanadilar… Manovini qarang, manov suratni aytaman, menga mana shunisi yoqadi. Yoqishining boisi – men uchun erkakni his qilish kamlik qiladi. Doim ko‘zlariga tikilib, uni ko‘rib yotgim keladi. Sevgan erkagimni…
O‘ng qo‘lim asta ko‘tarilib, uning bo‘yniga osildi, keyin pastga sirg‘alib, ko‘ksiga qanday borib qolganini ikkovimiz ham bilmaymiz. O‘tday qaynoq lablar bir-birini qanday topganini ham bilmaymiz. Biz butun borliqni unutgan edik. Uni bilishni ham istamasdik… Anorlari toshday qattiq edi…
Olam to‘nkarilib borardi.
Olam yonib borardi.
Kitob sirg‘alib tushib, oyoqlar ostida qoldi.
– Hoy qiz, onangga aytaman!
Tursunoyning momaqaldiroqday to‘satdan gumburlab eshitilgan ovozi tepamizdan muzday suv quyib yuborilganday seskanib ketdik.
– Hech nima bo‘lgani yo‘q, kelinoyi! – dedi Surayyo etagini qoqib, o‘rnidan sapchib turar ekan. Men ham kamarimni chala bog‘lagancha, o‘rnimdan sapchib turdim. Surilib-qoqilib, eshikdan chiqayotganimda kazarma tomonda baraban chalindi. Har galgiday bu yerdaligimni bilgan yigitlarning hazili bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim, Yo‘q, komandirning:
– Vzvo-o-od, saflan! – degan xitobi eshitildi.
O‘pkamni qo‘lga olib, kazarma tomon yugura ketdim. Ko‘pdan kutgan yangi buyruq mana shunday kech xuftonni poylab kelgan, shekilli. Shunday qilib, bosh-oyog‘i o‘n besh daqiqada yig‘ilib, bo‘g‘inib, tugilib yo‘lga chiqib ketdik.
* * *
Buvim aytguvchi edi: “Undan beri zamon o‘zgardi, qarag‘ay uchiga cho‘rtan chiqdi”, – deb. Undan beri o‘ttiz besh yil qanday o‘tdi, desalar nima javob berar edim? Yosh edim, hayot bunchalik beshafqat deb o‘ylamagandim.
Bir gal xizmat safaridan kelsam kotiba qiz:
– Sizni kechadan beri bir o‘zbek kampir so‘roqlaydi, – dedi qoshini kerib. Mening o‘zbekka nima dahlim borligiga aqli yetmay turipti.
– Yaxshi, chirog‘im. Kampir-sampir bo‘lmasa endi men qiz-kelinchaklarga kerak emasman, – deyman hazillashib. Shunday deguncha bo‘lmay, telefon bezillab qo‘ya berdi.
– Yana o‘sha kampir, nima dey, yo‘qlar deymi? – so‘radi kotiba ensasi qotib
– Ula! – deb ichkari kirib go‘shakni olsam “Tursunoy, desangiz biladi, tarvuz, desangiz tushunadi…” – deya shang‘illagan ovoz eshitildi. Tanidim. Bu o‘sha, N. shaharchasidagi oshpaz Tursunoy edi. Ko‘p o‘tmay kabinetda olisdan kelgan yangamiz bilan choy ichib o‘tirdik… Olmaotaning meva bozorida savdo qiladigan qizi bilan kuyovini ko‘rishga kelgan ekan. Ularni bozor politsiyachilari nari-beri quvib, tirikchilik qildirmayotgan ko‘rinadi.
– Qozog‘istoningiz polniy bespredel! Bunchalik yuzsiz bo‘lib ketgan odamlarni birinchi ko‘rishim. Qimirlasang pul so‘rashadi, bermasang “Kelgan joyingga quvib yuboraman!” – deb qo‘rqitishadi, – deydi Tursunoy yanga.
– Uning bir amalini toparmiz, g‘am yemang, Tursunoy yanga. Boshqa nima yangiligingiz bor? – deyman qiziqsinib.
– Nima yangilik bo‘lardi, shaharchamiz o‘zgargan, juda qattiq o‘sib ketgan. Mustaqillikning sharofatidan, albatta. Prezidentimiz haqiqatdan ham alomat odam, barchasi o‘sha kishining mehnati. Gaz tortildi, yangi binolar qad ko‘tardi. Bugun harbiy N. shaharchasi yo‘q – Mustaqillik shahri bor. Tanishlaringiz sizga salom aytib yuborishdi. Kimdan boshlasam ekan, masalan, o‘zingiz bilgan Mamayoqub – Afonya haligacha santexnik. U amakisining Muhayyo ismli qiziga uylangan, Mamarasul ko‘r, Mamasoli kal, Mamasharif lang degan uch o‘g‘li bor, biri so‘qir, biri kal, biri oqsoq, haytovur butuni yo‘q. To‘ng‘ichi sizlarning meva bozorda o‘rik sotadi. Shu yerda yurib bir qozoq xotinga uylanipti. Men uning yonida nozik niholman. O‘zidan kamida besh yosh katta. Bunisi yetmaganday, meshoy qozoqchaniyam, o‘zbekchaniyam bilmaydi. Faqat o‘rischa gapiradi. Qachon ko‘rsang, og‘zidan chilimi tushmaydi, sho‘rlik bu parovoz xotinni qaydan topgan, tavba. So‘qir otga – qo‘tir ot juda mos tushipti. Qolgan ikkovi Moskvada – qurilishda. Toshrasm do‘stingiz bo‘lsa bugun o‘n besh nafar o‘g‘ilning otasi, xotini yil oralatib goh egizak, goh uchtachak tug‘ib bergan. Bolalarining biriyam o‘qimadi. Bari otasiga o‘xshab maktabni chala bitqazib, tirikchilikka aralashib ketishdi. O‘zi nafaqaga chiqsayam, haligacha “krasavchik” qolipida, “bilmasam” deb eski vodovozida kasalxonaga suv tashib yuripti. Hech nimaga boshini og‘ritmaydi. Gospitalimiz sil davolash shifoxonasiga aylangan. Yil sayin, bahorda sumalak pishiramiz. Albatta, sizni eslaymiz…
Surayyoga navbat qachon kelarkin, deya toqatsizlanib o‘tirganimni sezganday Tursunoy:
– Xabaringiz bo‘lsa kerak… – deb ko‘z ostidan menga bir qarab oldi, – shunday qilib, sizlar ketgan yili savrda tog‘dan ravoch terib kelayotgan mashina ag‘darilib, Surayyo bechora ham o‘lib ketdi, – deb yanga kaftlari bilan betini siladi. Bu gapdan yuragim shig‘illab, g‘alati bo‘lib ketdim.
– Yo‘q… Xabarim yo‘q, – dedim tilim arang aylanib.
– Rahmatli siz bilan xat yozishib turamiz, deguvchi edi-yu, tavba…Eh, nimalar deb aljib ketdim, kechiring, qartaydi deganlari shu ekanda, adashaveraman. Surayyo narigi dunyodan xat yozarmidi, demaysizmi? Aljib qolganman, aslida. Hali nima deyotuvdim? Xayolparast, juda g‘alati qiz edi, sirini faqat menga aytardi. Bilaman, keyin sizga ham aytdi, u sizni sevib qolgandi…. O‘zicha to‘qib, avariya deyverardi… Gapiga farishta omin, deganmi, xuddi o‘zi to‘qigandayin tog‘dan ravoch terib qaytishayotganida avariyaga uchrab, nobud bo‘lsa, deng. Kechirasiz, nimalar deyotgandim? Ha, marhumani o‘z qo‘lim bilan yuvib, pokizaladim. Albatta, hammasi Yaratganning qo‘lida, degan bilan joni jannatda, deb o‘ylayman. Boisi, qiz bo‘lib tug‘ilib, qiz bo‘lib dunyodan ketdi, rahmatli. Uning bokiraligini bilardim, buni keyin shifokor ham tasdiqladi.
Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi.
Tursunoy yanga yana nimalar degani yodimda yo‘q. Mehmonni kuzatgach, shifoxonaga jo‘nadim. Shifokorlarimiz boshqa kasallarga diagnoz qo‘yishda yanglishishlari mumkin, biroq mening kasalimga kelganda yanglishgan emas. Qon bosim xuruji! Jonlantirish palatasida ilk tunagan kunim Surayyo tushimga kirsa kerak, deb o‘ylagandim, ammo o‘sha qo‘rqinchli tushni yana ko‘ribman. Masjid mezanasidan qulab tushgan muazzin bizlarni kazarmani chir aylantirib quvib yurgan emish…
Qozoq tilidan Mehmon Islomqul o‘g‘li tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 3-son