
I
Bu voqea 1882 yilning noyabr oyi boshlarida, Manitobaga qish kirib qolganda bo‘ldi. Men kursiga yoyilib, kulbamizning yakkayu yagona derazasidan ko‘rinayotgan dashtni, og‘ilxonamizni tomosha qilib o‘tirardim.
Shunda, bir nimaga ko‘zim tushib, xayolim birdan bo‘lindi, ulkan bir jonivor dasht bo‘ylab qochib, bizning og‘ilxonaga yo‘l oldi, izidan bir maydagina, ola-bula jonivor quvib keldi.
— Bo‘ri! — dedim o‘zimga-o‘zim, so‘ng miltiqni olib, itga yordam bergani yugurdim.
Ammo men borgunimcha bo‘ri bilan it og‘ilxonadan chiqib qochdi. Bo‘ri qorda bir oz yugurib, to‘xtadi, o‘zini himoya qilishga shaylandi. Qo‘shnimizning nasl-nasabi shotland laycha iti bo‘rini aylanib chopib, hamla uchun qulay vaziyat poyladi.
Men bo‘rini olisdan ikki bor nishonga oldim, ammo har ikkovidayam xato ketdim. Bo‘ri bilan it yana dasht oralab quvlashib ketdi. It bo‘riga har yaqinlashganda, avvalo uning quymichiga yopishdi, har safar bo‘rining o‘tkir tishlaridan qochib qutulishga ulgurdi. Bo‘ri o‘zini himoya qilib, dasht bo‘ylab ko‘ziga qaramay qochdi. It uni odam bor joyga qarab quvdi, bo‘ri esa maqsadsiz orqasiga qarab qochdi, sharq tarafda qorayib ko‘rinayotgan o‘rmonlarni mo‘ljallab chopdi. Ular goh olishib, goh quvishib, bir milcha yo‘l bosdi, nihoyat, men ularga yetib oldim, it menga ishonib uzil-kesil hamlaga o‘tdi.
Bir necha daqiqa o‘tdi. Ikki jonivor olatasir olishib, ajrashdi, shunda yerda chalqancha yotgan bo‘riga, uning tomog‘idan g‘ippa tishlab turgan itga ko‘zim tushdi. Men uchun bo‘rining boshini nishonga olishdan boshqa ish qolmadi.
Qo‘shnimizning bu g‘aroyib laychasi bo‘rining joni uzilganini bilgach, unga qayrilib qaramadiyam. U qorda likillab, egasining to‘rt milcha naridagi fermasiga yo‘l oldi.
Laycha noyob it edi, u men bormasam ham bir o‘zi bo‘rining korini qilardi. U o‘zidan qudratli bo‘rini yengdi. Keyin bilsam, bu uning hayotidagi birinchi voqea emas ekan.
Men uning dovyurakligiga qoyil bo‘ldim, uni qancha pulga bo‘lsayam sotib olishga ahd qildim. Ammo qo‘shnim rozi bo‘lmadi:
— Yo‘q, bo‘lmaydi, yaxshisi kuchugimni sotib ola qoling?
Shunday qilib, Frenk laqabli bu itni sotib ololmadim, o‘rniga bir kuchukni istar-istamay sotib oldim. Shunday zo‘r itning zurriyoti bo‘lmish bu kuchuk bir yumaloq junga o‘xshardi, u kuchukdan ko‘ra ayiq bolasiga kelbat berar edi. Ammo uning Frenknikiday olasi bor edi. Tumshug‘i atrofidagi olalar uning Frenkday it bo‘lib yetilishiga umid tug‘dirardi.
Endi kuchukka ot qo‘yishim qoldi. Bu oson. Men uni Bingo deb atadim.
II
Shunday qilib, Bingo qishning oxirini bizning kulbamizda qishladi. Takasaltang, xomsemiz, ahmoqona hayot kechirdi. Haminqadar semirib, kun sayin beso‘naqay bo‘lib qoldi. U hatto mushukdan uzoqroq yurish kerakligini ham o‘ylab ko‘rmadi. Uning mushuk bilan do‘st tutinishga urinishi, turgan gap, mushukka yoqmadi, oqibat, ularni bir necha bor tayoq bilan ajratib qo‘yishga to‘g‘ri keldi.
Shunda Bingo hayotga juda erta mustaqil qadam qo‘ydi: kulbani tark etib, saroyga borib yashashga ahd qildi.
Bahor kelgach, men Bingoning tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. Ko‘p ter to‘kdim, Bingo esa ko‘p qiynaldi. U hademay mening amrimga binoan dashtda o‘tlab yurgan qari sariq molimizni qidirib topib keladigan bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, bu ish Bingoga yoqib qoldi, u zo‘r ishtiyoq bilan molimizni uyga haydab keladigan bo‘ldi. Imo qilishim bilan xushchaqchaq hurib, dashtga qarab chopdi, yerdan baland-baland sakrab, molimizning qayerda o‘tlayotganini izladi. Xiyol o‘tmay molimizni oldiga solib, lo‘killatib haydab keldi. Molimiz pishqirib, harsillab, og‘ilxona burchagidagi joyiga joylashgandan keyingina Bingoning ko‘ngli tinchidi.
U molni haydab kelishga haddan ziyod berilib ketmaganda edi, biz uni o‘z holiga qo‘yib qo‘yardik, lekin u endi Donni laqabli bu molni bizning amrimizsiz ham oldiga solib keladigan bo‘ldi. Oxir-oqibat shu darajaga borib yetdiki, u mol bechorani bir-ikki martayamgina emas, kuniga o‘n ikki martalab haydab keladigan bo‘ldi. Shunchaki yugurgisi kelsa yo bekorchi bo‘lsa, yoki xayoli og‘sa ham to‘g‘ri dashtga qarab yugurib, xiyol o‘tmay bechora molimizni oldiga solib kelaverdi.
Avval-avval Bingoning bu ishi foydaliday tuyuldi, chunki mol uydan olislab ketmay, shu yaqinda yuradi. Keyin-keyin itning ishi molning joniga tegdi. Mol oriqlab, kam sut bera boshladi. Kapalagi uchib, tevarakka olazarak boqib, itning qachon paydo bo‘lishini poylaydigan bo‘ldi. Ertalablari og‘ildan chiqmay, qo‘rqqanidan dashtga o‘tlagani borolmaydigan bo‘lib qoldi.
Bingo haddidan oshib ketdi. Uni yo‘lidan qaytarishlar samarasiz bo‘ldi, oqibatda uni zo‘rlab tiyib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. U Donnini boshqa quvishga yuragi betlamadi, lekin molni sog‘ayotganlarida og‘il og‘zida uzala tushib, unga tikilib yotdi.
Yoz kelib, mayda chivinlar ko‘payib qoldi, ular turli-tuman narsalarni bulg‘ab boshladi. Yana tag‘in molni sog‘ayotganda unga aylanib, tinchlik bermadi, oqibatda mol dumini silkiy berib, sog‘dirgani qo‘ymadi.
Molni sog‘uvchi Fred ukam mol dumini likillatmaslikning yo‘lini o‘ylab topdi. U molning dumiga g‘isht bog‘lab qo‘ydi, u endi dumini siljitmasligiga amin bo‘lib, sog‘ishda davom etdi. Biz uning bu ishiga ishonqiramay qaradik.
Ishonmaganimizchayam bor ekan, kutilmaganda chivinlar aylanayotgan yerdan tars etgan tovush bilan so‘kinish eshitildi. Mol bamaylixotir kavsh qaytaraverdi, Fred esa o‘rnidan sapchib turib, achchiq bilan unga kursini otmoqchi bo‘ldi. Achchig‘lanmay bo‘ladimi axir, mol dumini silkib, g‘isht bilan Fredning quloq-chakkasiga soldi! Qarab turganlarning zaharxanda kulgisi esa uni battar ezdi.
Bingo g‘ala-g‘ovurni eshitib, janjalga aralashishni o‘zining burchi deb bildi-da, molga narigi tarafdan hamla qildi. Bosdi-bosdi bo‘lguncha sut yerga to‘kilib, paqir bilan skameyka sinib bo‘ldi, mol bilan it esa tayoq ostida qoldi.
Bechora Bingo nima ayb qilganini bilolmay hayron bo‘ldi. O‘zi-ku, ko‘pdan buyon molni yomon ko‘rib yurardi, endi esa hatto uning og‘ili eshigiga ham qaragisi kelmay, otxonada yotadigan bo‘ldi.
Mol mening molim, ot esa akamniki edi, Bingo og‘ilni tark etib, otxonaga ko‘chib o‘tdi, ayni vaqtda mendan ham yuz o‘girgan bo‘ldi. Shunday qilib Bingo bilan bo‘lgan oshnachiligimizga putur yetdi, ammo u biror kori hol bo‘lsa akamning emas, mening oldimga keladigan bo‘ldi. Shunda u ham, men ham inson bilan it orasidagi yaqinlik faqat narigi dunyodagina barham yeyishi mumkinligini angladik.
Bingo yana bir marta podachilik qildi. Bu shu yilning kuzida Karberri yarmarkasida bo‘ldi. Yarmarkada mollarni belgilangan ma’lum bir joyga haydab borish bo‘yicha itlar bilan tozilar musobaqasi o‘tkazildi, g‘olib uchun ikki dollar qo‘yildi.
Bir o‘rtog‘imning ha-hasi bilan Bingoni musobaqadoshlar ro‘yxatiga yozdirdim, musobaqa bo‘ladigan kuni molni qishloq ortidagi dashtga haydab yubordim. Musobaqa boshlanganda Bingoga mol o‘tlayotgan tarafni ko‘rsatib amr qildim:
— Bor, molni haydab kel!
Turgan gap, Bingo molni musobaqa hakamlari oldiga haydab borishini istadim.
Jonivorlar nima qilishni siz bilan bizdan yaxshi biladi. Bingoning jon-jahdi bilan chopib kelayotganini ko‘rgan qari Donni undan faqat og‘ilxonaga borib qutulishi mumkin ekanini tushundi, Bingoning yakkayu yagona maqsadi esa molni iloji boricha tezroq og‘ilga qamash bo‘ldi. Bingo xuddi bug‘uni quvayotgan bo‘ri misol, molni dasht bo‘ylab to‘g‘ri og‘ilga qaratib quvdi, ko‘p o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Musobaqa hakamlari na itni, na molni boshqa qaytib ko‘rmadi. Sovrin Bingoning yakkayu yagona raqibi bo‘lmish bir tozida ketdi.
III
Erta ko‘klamdan boshlab Bingoni tarbiya qildim, hademay uning o‘zi menga aql bo‘la boshladi.
Bundan ikki milcha narida, bizning kulbamiz bilan Karberri qishlog‘i o‘rtasida fermamizning chegarasini ko‘rsatuvchi simyog‘och bor. Bu uzun, yo‘g‘on simyog‘och olisdan ham ko‘rinadigan kichkina do‘nglikka o‘rnatilgan.
Kunlar o‘tib, shu narsani sezdimki, Bingo bu simyog‘ochni avval yaxshilab kuzatmasdan turib uning yonidan o‘tmas ekan. Yana bir necha kundan so‘ng bu simyog‘och oldiga chiyabo‘rilar bilan qo‘shnilarimizning itlari ham kelib-ketishini bilib oldim.
Men necha bor bu simyog‘och bilan Bingoni sirli yurishlari boisini bilib olish uchun uzun durbin orqali simyog‘ochni kuzatdim.
Bilsam, bu simyog‘och jonivorlarning o‘zaro kelishuviga binoan adreslar stoli vazifasini o‘tar ekan. Jonivorlar o‘zlarining hid bilish qobiliyatlari tufayli yaqinda bu yerga qaysi birodarlari kelib-ketganini bilib olarkan. Yerga qor tushganda yana ham ko‘p narsalarni bilib oldim. Bu simyog‘och o‘lkadagi adreslar stoli vazifasini bajaradigan belgilarning faqatgina bittasi ekan, xolos.
Bunday adreslar stoli viloyatda juda ko‘p ekan. Adreslar stoli bir-biridan ma’lum bir masofada joylashgan bo‘lib, har biri ko‘zga tez tashlanadigan jismlardan tanlangan. Masalan, yo simyog‘och, yo katta toshlar. Men yanayam e’tibor bilan kuzatib, butun boshli aloqa o‘rnatish tarmoqlari borligini bilib oldim.
Har bir it yo bo‘ri yo‘lida uchragan adreslar stolida to‘xtab, bu yerda yaqinda kim bo‘lganini bilib oladi. Bu odat biror klub a’zosi shaharga qaytib kelib, uning yo‘qligida klubga kimlar kelib-ketganini bilib olish uchun yo‘qlamalar daftarini ko‘zdan kechirishiga o‘xshardi.
Men Bingoning simyog‘och oldiga kelib, tevarakni hidlab kuzatganini ko‘rdim. U hurpayib hurdi, ko‘zlari yonib, orqa oyoqlari bilan yer tirnadi. So‘ng ketiga xo‘mrayib qarab-qarab ketdi. Uning bu qarashi ma’nosini insoniyat tiliga tarjima qilsak, mana bunday bo‘ladi:
«G‘r-r-r, hap! Yana o‘sha Makkarti sassiq ko‘ppak kelibdi-da! Hap, bu kecha men uning kunini ko‘rsataman, hap-hap!»
Boshqa bir kuni simyog‘ochni aylanib hidlab, kutilmaganda g‘azabi toshdi, chiyabo‘rining izidan jo‘nadi. Keyin bilsam, o‘shanda Bingo o‘ziga-o‘zi shunday degan ekan:
«Bu shimoldan kelayotgan chiyabo‘ri izi, undan anqiyotgan hid harom o‘lgan molning hidi… To‘g‘rimi? Polluartning Brindl degan qari moli harom o‘libdi-da? Buni tekshirib ko‘rish kerak…»
U ba’zan dumini likillatib, simyog‘ochni aylanib chopdi, yana qaytib keldi, Brendondan qaytgan ukasi Bill ko‘rsin uchun izlarini ko‘zga yanada aniq ko‘rinadigan qilib qoldirdi. U o‘ylagandek, bir oqshom ukasi Bill kelib qoldi, aka-uka diydor ko‘rishganlarini nishonlash uchun adirga borib, bir ot o‘laksasini topib, baham ko‘rdilar.
Shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, Bingo simyog‘och oldiga kelib, qalbini larzaga soluvchi yangiliklar ustidan chiqdi. Shunda navbatdagi axborotlar belgisiga yugurib, bundan ham yangiroq ma’lumotlar olish uchun shoshildi.
Gohida simyog‘ochni jiddiy e’tibor bilan kuzatib, o‘zicha shunday deganday bo‘ldi: «Bu nima? Bu kim bo‘lishi mumkin?..»
Simyog‘ochni aylanib, o‘zicha o‘yladi: «Adashmasam, u bilan bultur yozda suvdan suzib o‘tayotganimizda ko‘rishgan edim, shekilli?»
Bir kuni ertalab Bingo simyog‘och oldiga kelganda junlari hurpayib, dumi ko‘tarilib, qaltiray boshladi, ko‘ngli aynib, o‘zini haddan ziyod yomon his qildi. Izni quvishdan kechib, to‘g‘ri o‘z makoniga yo‘l oldi. Yarim soatcha vaqt o‘tdi hamki, o‘ziga kelolmadi: Yag‘rin junlari tikrayib, ko‘zlari dahshat, nafrat bilan yondi.
Men Bingoning fe’l-atvorini, murod-maqsadini yaxshilab bilib oldim, Bingoning qo‘rquv aralash, «G‘r-r-r! Hap!» — deb irillagani ularning tilida «o‘rmon bo‘risi», degani ekan.
Men Bingodan ana shularni bilib oldim. Shundan keyin Bingo sovuq yotog‘idan chiqib, kerishib, serjun yelkalariga qo‘ngan qorlarni silkinib to‘kib, panjalari bilan «tap-tap-tap» yer tepinib, qorong‘ilik sari yo‘l olardi, shunda o‘zimga-o‘zim aytardim:
«Ha, qari ko‘ppak-e! Otxonada yotging kelmay, qayoqqa borayotganingni bilaman! Nimaga tunlari ayni bir vaqtda tevarakni aylanishingni, o‘lja qidirib, qachon, qayoqqa borish kerakligini bunchalik yaxshi bilishingni endi anglab yetdim!»
IV
1884 yil kuzida de Vinton fermasining kulbasi mixlab tashlangach, Bingo boshqa joyga ko‘chdi. U endi mening qo‘shnim ham o‘rtog‘im bo‘lmish Gordon Raytning otxonasida yashay boshladi.
Bingo o‘zining yangi makonida birinchi qishni o‘tkazdi, shu vaqt mobaynida xo‘jayinning uyiga deyarli qadam bosmadi. Faqat bir falokat bundan mustasno. O‘shanda miltiqning gumburlagan tovushi Bingoning yuragini yorib yubordi. U panoh izlab, xo‘jayinining uyiga qochib kirishga majbur bo‘ldi.
Bingo doim otxonada tunadi, sovuq qahriga olgan tunlariyam otxonadan beri kelmadi. U tamoman erkin, ozodlikda yashashni istadi.
U tunlari olis-olislarda aylanib yuradigan, bo‘ldi. Ko‘pchilik uni tanib qoldi. Bundan, ancha uzoqda yashaydigan fermerlar Gordon cholni uchratib, agar uning iti kechalari yana shunday izg‘iyversa, unda, uni sochma o‘q bilan otajaklarini aytdi. Fermerlar aytganini qildiyam. Shundan buyon Bingo miltiqni ko‘rsa o‘takasi yoriladigan bo‘lib qoldi.
Olis Petrelda yashovchi bir kishi ulkan o‘rmon bo‘risini ko‘rganini, u qish kechalaridan birida bir chiyabo‘rini tilka-pora qilib tashlaganini aytib berdi. U gapida ikkilanib, o‘sha o‘rmon bo‘risi emas, Raytning iti bo‘lishi kerak, dedi.
Qayerda sovuqdan harom o‘lgan ho‘kiz yo otning o‘laksasi bo‘lsa, Bingo o‘sha yerda hoziru nozir bo‘ldi, chiyabo‘rilarni haydab yuborib, o‘ljani o‘zi pok-pokiza tushirdi.
U ba’zan uzoq qo‘shnilarimizning itlari bilan urishgani boradigan bo‘ldi. Bingoning yurish-turishi qanchalik xavf-xatar ostida bo‘lmasin, biz uning eson-omon yurishiga ishonchimiz komil edi.
Bir kishi uchta bolasi bor chiyabo‘rini ko‘rganini, bolalari onasidan ko‘ra ulkan, qora tusliligini, tumshuqlari ola ekanini aytib qoldi. Darhaqiqat, martning oxirlari chana bilan ketayotib, kutilmaganda shu chiyabo‘riga duch keldik. Chiyabo‘ri soydan otilib chiqib, qocha boshladi. Bizning izimizdan qadamma-qadam chopib kelayotgan Bingo chiyabo‘rini quvib ketdi. Chiyabo‘rining yugurishiga qaraganda, u ta’qibdan unchalik ham hayiqayotganga o‘xshamasdi. Xiyol o‘tmay Bingo unga yetib oldi, hech qanday olishuv sodir bo‘lmadi. Aksincha, Bingo u bilan do‘stona yonma-yon chopib, uning tumshug‘ini yaladi.
Biz hayron bo‘lib, Bingoni chiyabo‘riga olqishladik. Bizning qichqiriqlarimiz chiyabo‘rini qo‘rqitib yubordi, u qadamini tezlatdi. Bingo yana unga yetib olib, u bilan do‘stona iskashdi.
— Bu ona bo‘ri-ku! U ona bo‘riga ziyon bermaydi! — gap nimadaligini bilib qichqirdim men.
Oxir-oqibat Bingoni zo‘rlab olib ketishga to‘g‘ri keldi.
Shu voqeadan keyin chiyabo‘rilardan baloga qoldik, ular haftalab bizga tinchlik bermadi, tovuqlarimizni o‘g‘irlab qochdi, bizning yo‘g‘imizda derazadan mo‘ralab, bolalarni qo‘rqitdi.
Bingo uyni qo‘riqlagisi kelmay, chiyabo‘rilarga erk berib qo‘ydi. Nihoyat, chiyabo‘rini o‘ldirishdi, Bingo bundan qattiq g‘azablandi. Chiyabo‘rini o‘ldirgan Oliverga nisbatan o‘zicha urush e’lon qildi.
V
Inson bilan it do‘stligi ajab, ko‘ngilni toblovchi ish!
Butler olis shimoldagi bir hindular qabilasi haqida gapirib berdi. Aytishicha, ikkita qabila ichki nizolar oqibatida bir-birini yo‘q qilibdi. Janjal bir qabilaga mansub hinduning itini ikkinchi qabilaga taalluqli qo‘shnisi o‘ldirib qo‘yganidan boshlanibdi. Bizda ham itlar tufayli ichki nizolar, hatto urish-janjallar bo‘lib turadi, lekin biz: «Egasini izzat qilgan — itiniyam izzat qiladi», degan qadimgi taomilga amal qilamiz.
Qo‘shnilarimizdan birining Tan laqabli ajoyib bir tozisi bor edi. Qo‘shnimiz uni olamdagi eng yaxshi, eng ajoyib it deb bilar edi. Men qo‘shnimizni hurmat qilardim, shu boisdan itiniyam izzat qilardim. Bir kuni shu Tan og‘ir yaralanib, uyiga zo‘rg‘a emaklab keldi, ostonadayoq zorlanib ingillay boshladi. Qo‘shnimiz qattiq qayg‘urib, agar Tan o‘lib qolsa, uning uchun qasos olishga tayyor ekanini bildirdi. Men qo‘shnimizga hamdardlik bildirib, o‘sha zolimni qidirib topishga tushdim, uning boshi uchun shirinkoma atadim. Ko‘p o‘tmay, janub tarafimizda yashovchi har uch odamning bittasi bu razil ishda ishtirok etganini aniqladim. Biz ularga da’vo qildik, ablahlarni bechora Tanning mash’um o‘limi uchun javobgarlikka tortmoqchi bo‘ldik.
Biroq favqulodda bir hodisa sodir bo‘lib, mening da’volarimni butunlay chippakka chiqarib yubordi, men uchun tozining o‘limi kechirib bo‘lmaydigan razillik emas, balki bosdi-bosdi qilib yuborsa bo‘ladigan shunchaki bir jinoyatdek tuyuldi.
Gordon Raytning fermasi janub tarafga cho‘zilib ketgan edi. Men bir kuni qotilni izlab shu yoqlarga borib qoldim. Gordonning ukasi nima maqsadda yurganimni payqab, meni chetga tortdi, tevarakka g‘amgin alanglab, dardli ovozda dedi:
— Tanni Bingo o‘ldirdi…
Shu bidan yugurib-elishlarimni bas qildim, shu daqiqadan e’tiboran, adliyachilarni chalg‘itishga urindim.
Men Bingoni allaqachon qo‘shnimizning ixtiyoriga berib yuborgan edim, lekin u bilan haliyam do‘stona aloqamiz bor edi, endi do‘stligimizni yana bir bor amalda ko‘rsatishga to‘g‘ri kelib qoldi.
Keksa Gordon bilan Oliver qalin oshna edilar. Ular qish o‘rtalarigacha birgalashib o‘rmon kesdilar. Keyin Oliverning qari oti o‘lib qoldi, u ot o‘ligini sudrab, dashtga olib borib tashladi, unga bo‘rilarga mo‘ljallangan zahar sepib qo‘ydi.
Bechora bizning Bingomiz! U bo‘rilarcha yashashni istardi, oqibatda uyam bo‘rilarning kunini ko‘rib, hayoti doim xavf-xatar ostida kechardi. Bingo ham bo‘rilar kabi ot o‘ligini yaxshi ko‘rardi. U shu kechasi ham Raytning Kerli laqabli iti bilan ot yegani jo‘nadi.
Ot tevaragidagi bazmi jamshid nihoyasiga yetdi, zahar o‘z kuchini ko‘rsatib, ular yo‘lda og‘u ta’sirida bo‘lganicha bo‘lishib, makonlariga zo‘rg‘a yetib keldi. Kerli egasi Gordonning oyoqlari ostiga o‘zini tashlab, azob-uqubatda jon berdi.
Egasini izzat qilgan — itiniyam izzat qiladi!
Turli xil o‘z-o‘zini oqlashlar, falokatga yo‘yishlar foyda bermadi. Bingoning Oliverga nisbatan bo‘lgan eski nafrati yanada olov oldi. Rayt bilan Oliverning hamkorlikda o‘rmon kesish ishlari barham yedi, o‘rtalaridagi oshnachilik iplari uzildi. Kerli o‘limi tufayli hali-hamon davom etib kelayotgan ikki qarama-qarshi guruh paydo bo‘ldi.
Bingo bir necha, oy deganda og‘u zahridan forig‘ bo‘ldi. Biz u endi burungi dovyurak, qudratli Bingo bo‘lolmaydi, degan qayg‘uda edik. Ammo u bahor kelishi bilan yana kuch-quvvatga to‘la boshladi.
VI
Hayotimdagi ba’zi bir o‘zgarishlar Manitobadan olis-olislarga ketib qolishimni taqozo etdi. 1886 yilda yana qaytib kelsam, Bingo haliyam Raytning uyida yurgan ekan. Men ikki yillab bu yerda bo‘lmadim. Bingo meni esidan chiqarib yuborgan bo‘lsa ham kerak, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, unday emas ekan. U qish boshida ikki kunlab g‘oyib bo‘lib ketib, uchinchi kuni yo‘g‘on qoziqli bo‘ri qopqonni sudrab keldi. Qopqonga tushgan oyog‘ini sovuq olib, toshday qotib qolgan edi. Uni qopqondan xalos etishga hech kimning yuragi betlamadi, chunki kim oldiga yaqin borsa irillayverdi. Shunda men unga yaqinlashib, bir qo‘lim bilan oyog‘ini, bir qo‘lim bilan qopqonni ushladim. U mening qo‘limga og‘iz soldi.
— Bingo, meni tanimayapsanmi?
U darrov qo‘limni qo‘yib yubordi. Qopqonni oyog‘idan olayotganimda ko‘p ingilladi, ammo qarshilik qilmadi. U meni ko‘pdan buyon ko‘rmagan bo‘lsa-da, ammo meni o‘z egasi deb bildi. Garchi uni birovlar ixtiyoriga berib yuborgan bo‘lsam-da, men ham uni o‘zimning itim deb bildim.
Garchi Bingo istamasa-da, baribir uni uyga olib kirishdi, ichkarida oyog‘iga yopishgan muzlar erib tushdi. U butun qish davomida oqsab yurdi, sovuq olgan ikkita barmog‘i qurib, uzilib tushdi. Kunlar isishi bilan u yana kuch-qudratga to‘ldi.
VII
Men o‘sha qishda qopqon bilan juda ko‘p bo‘ri, tulki tutdim. Bahor kelgandayam qopqonlarni yig‘ib olmadim, chunki yirtqichlarni yo‘q qilayotganim uchun pul olar edim.
Kennedi tekisligi qopqon qo‘yishga qulay yer, chunki undan odam yurmaydi. Tekislik quyuq, zich o‘rmonlar orasida joylashgan. Men u yerda ovda bo‘lib ko‘p mo‘yna topganman.
Aprel oxirlarida shu tekislikka yo‘l oldim.
Ma’lumki, bo‘ri qopqon pishiq temirdan yasaladi. Bo‘ri qopqonda ikkita prujina bo‘lib, har birining kuchi yuz funtga baravar keladi. Har bir ko‘rinmas tuzoq tevaragiga to‘rttadan qopqon qo‘yilib, qoziqqa yaxshilab bog‘lab tashlanadi. Shundan so‘ng ustidan qum sepib, yaxshilab bekitib qo‘yiladi.
Qopqonlarimning biriga chiyabo‘ri ilinib qoldi. Men uni tayoq bilan bir urib o‘ldirib, o‘ligini chetga otib yubordim. Yana qopqon qo‘ya boshladim.
Hademay qopqon tayyor bo‘ldi. Qopqonni buraydigan buragichni otim turgan tarafga otib yubordim, shunday yonimdagi mayda qumlarga ko‘zim tushib, uni kaftlarim bilan sidirib olmoqchi bo‘ldim.
Qanday ahmoqona xayolga boribman-a! Qanday tentaklarcha dovdirlik qilibman-a! Bu mayda qumlar ostida qopqon bor ekan, men qopqonga tushib qoldim!
Xayriyat, shakastlanmadim, chunki bu qopqonning tishi yo‘q edi. Ammo qalin ov qo‘lqopim g‘ijim bo‘ldi, qo‘lim temir iskanjasida ozor chekdi.
Parvo qilmadim, o‘ng oyog‘imni buragichga uzatdim. Oyog‘imni iloji boricha cho‘zib uzatib, uchi bilan buragichni ilib olmoqchi bo‘ldim. Buragichga bir vaqtning o‘zida ham oyoq uzatib, ham qarab bo‘lmas edi. Shu sababli qaramay, oyog‘im uchi buragichga tegishini kutib uzataverdim.
Avval urinishlarim samara bermadi. Oyog‘imni qancha uzatmayin, buragichga yetkaza olmadim. Oyog‘imni uyoq-buyoqqa silkidim, foydasi bo‘lmadi. O‘ng oyog‘imni uzatib, silkiyverib, chap oyog‘imni esdan chiqarib qo‘yibman. Chap oyog‘imni uchinchi qopqon shiq etib o‘z iskanjasiga olmagunicha uni o‘ylamabman.
Holim xarob bo‘lganini hadeganda tushunavermadim, so‘ng, qopqondan qutulib ketolmasligim aniq ekanini anglab yetdim. Qopqonlardan qutulib ketish uyoqda tursin, ularni hatto o‘rnidan qimirlata olmadim. Yerda uzala tushib yotaverdim.
Endi holim nima kechadi? Kun iliq, muzlab qolishdan qo‘rqmasam ham bo‘ladi. Lekin shunday yotaveramanmi? Kennedi tekisligiga qishda daraxt kesuvchilar kelib ketishini aytmasa, boshqa vaqt hech kim kelmaydi. Buning ustiga, mening qayoqqa ketganimni hech kim bilmaydi, demak, qopqondan chiqolmasam men yo bo‘rilarga yem bo‘laman, yo ochimdan o‘laman!
Shunday yotaverdim, quyosh qizarib, botqoqlikdagi qarag‘ay butalari ortiga og‘ib ketdi. Bir-ikki qadam naridagi do‘nglikda bir to‘rg‘ay oqshom qo‘shig‘ini kuyladi. Qaysi bir oqshom kulbamiz eshigi oldida ham to‘rg‘aylar xuddi shunday ashula aytib edi. Qo‘limda og‘riq turdi, a’zoyi badanim sovuq qotdi, shunday bo‘lsa-da, qushlarning quloqlari ustidagi uzun, taram patlarini tomosha qilib yotdim. Keyin, xayolim oqshomlari Raytning uyida bo‘ladigan dasturxonga ketdi. O‘zimcha, hozir ular yo kechki ovqatga cho‘chqa go‘shti qovuryapti, yo allaqachon stol atrofida o‘tiribdi, degan xayolga bordim. Otimning yugani yerga osilib, meni uyga olib ketish uchun kutib turaverdi. U mening bunchalik uzoq qolib ketishim sababini bilolmadi, ovoz berib chaqirsam, o‘tdan boshini ko‘tarib, menga angrayib, hayron bo‘lib qarab turaverdi.
U uyga borsa yaxshi bo‘lardi! Yoniga og‘ib qolgan egarni ko‘rganlar mening bir falokatga yo‘liqqanimni bilardi. Keyin izlab kelishib, meni olib ketardi. Ammo u menga sodiq qolib, meni soatlab kutdi, men esam ochimdan o‘ladigan bo‘lib qoldim.
Shunda men keksa bo‘ri ovlovchi Jiruning halokatini esladim.
Qari ovchining o‘rtoqlari uning suyaklarini kelgusi bahorda oyog‘i ayiq qopqonga qisilgan holda topib olgan edilar. Men, bordi-yu, olamdan o‘tsam, o‘rtoqlarim suyaklarimni qaysi kiyimlarimdan bilib olishini o‘ylay boshladim…
Xayolimga favqulodda fikr keldi: qopqonga tushgan bo‘ri mana shunaqa azoblarni boshidan kechirar ekan-da! Ularni qanchalar qiynabman! Mana endi yaratganning o‘zi mengayam ko‘rsatdi…
Asta-asta tun cho‘ka boshladi. Qayerdadir chiyabo‘ri uvilladi. Ot quloqlarini ding qilib, mening oldimga kelib, boshini egib turdi. Bo‘rilar biri qo‘yib biri uvilladi. Ular shu yaqin bir joyga yig‘ilayotganini sezdim. Nima qilishimni bilmay, cho‘zilganimcha yotaverdim. Bo‘rilar hozir buyoqqa kelib, meni tilka-pora qilib tashlasa juda yaxshi bo‘lardi, deya o‘yladim o‘zimcha.
Bo‘rilarning bir-birini chorlab uvillashini uzoq eshitib yotdim, so‘ng ularning qorong‘ilikdagi qora sharpalariga ko‘zim tushdi. Bo‘rilarni eng avval ot ko‘rdi, pishqirib, ularni bir oz nari ketishga majbur qildi. Biroq bo‘rilar yana qaytib kelib, uzoqdan atrofimni o‘rab oldi. Bir botirrog‘i hali men chetga otib yuborgan chiyabo‘ri jasadi oldiga kelib, uni tortqilab ko‘rdi. Men bo‘riga baqirdim, u g‘ingshib, nari ketdi. Yana qaytib kelib, bir oz timiskilanib turdi, nihoyat, jasadni sudrab olib ketdi. Bo‘ri bo‘rini yedi.
Keyin ular menga yaqinroq kelib, tevaragimni o‘rab o‘tirdi. Eng dovyuragi miltig‘imni iskab, unga tushgan tuproqlarni sidirib tashladi. Men unga bo‘sh turgan oyog‘imni silkib, baqirdim, bo‘ri nari ketdi, indamayotganimni bilib yanada botirroq bo‘ldi, hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzimga tikilib irilladi. Buni ko‘rgan boshqalariyam dadil bo‘lib, irilladi, yanada yaqinimga kela boshladi. Men endi o‘ldim, tilka-pora bo‘ldim, deb o‘yladim. Shunda birdan zim-ziyo tun bag‘ridan boshqa bir ulkan, qop-qora bo‘ri uvillab paydo bo‘ldi.
Bo‘rilar tumtaraqay bo‘lib qochdi, bittasini yangi kelgan ulkan bo‘ri ushlab olib, shu daqiqadayoq jonsiz jasadga aylantirdi. Shundan so‘ng bu qo‘rqinchli yirtqich… Uh, qanday dahshat… bu yirtqich menga tashlandi… Qarasam, o‘zimning Bingom mayin junli yonlari bilan menga suykalyapti, sovuqda qotgan yuzimni yalayapti…
— Bingo… Bingo! Eski qadrdonim… bor, buragichni olib kel!
U yugurib borib, miltiqni sudrab keldi.
— Yo‘q, Bingo… buragichni deyapman!
U yana chopib ketib, bu safar kamarimni olib keldi. Nihoyat, buragichni ham topib keldi, aytganimni topib kelganini ko‘rib, quvonchidan dumini likillatdi.
Bo‘sh qo‘limni uzatib, juda qiyinchilik bilan qopqon vintini buradim. Qopqon ochilib, qo‘lim ozod bo‘ldi, bir daqiqalardan keyin o‘zim ham butunlay ozod bo‘ldim. Bingo otni oldiga solib keldi. Bir oz harakat qilgach, qonim yurisha boshladi, so‘ng otga mindim. Yo‘lda avval asta-asta yurdik, keyin chopdik. Bingo oldinda bor ovozi bilan tantanali hurib, bizning kelayotganimizni ma’lum qilib yura boshladi. Uyga kelib eshitsam, jonivor Bingo shu oqshom ko‘p bezovta bo‘libdi. Irillab, o‘rmon yo‘lidan ko‘zini uzmabdi. Qorong‘i tushgach esa, uni qanchalik ushlamasinlar, baribir qo‘ldan qochib chiqib, qorong‘ilikda ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Mening sodiq Bingoginam! U kuchukligida shundayam bir ajabtovur edi! Bir qarasang tuppa-tuzuk edi, yana bir qarasang, senga qiyo ham boqmasdi. U umrining oxirigacha shunday bo‘lib qoldi.
Umrining oxirigacha bo‘rilarcha hayot kechirdi, bo‘rilar odatiga amal qilib, qishda nobud bo‘lgan otlarni qidirib topdi. Xuddi shu odati uning boshiga yetdi. U zaharlangan ot o‘ligini topib olib, uni bo‘rilarcha ochko‘zlik bilan yedi. So‘ng o‘lim azobida qiynalib, Raytnikiga emas, yo‘q, mening kulbam ostonasiga keldi.
Ertasi kuni uyga qaytib kelib, Bingoning qor ustida uzalib yotgan jasadini ko‘rdim. U umrining so‘nggi daqiqasigacha mening itim bo‘lib qoldi, o‘lim azobida mendan madad so‘radi. Afsus, kech bo‘lgan edi.
Tog‘ay Murod tarjimasi

