Anavi – tosh. Men ham toshman. Xuddi to‘xtab qolgan ayrilig‘imiz onlari kabi oramizga chang va tuproq to‘lgan.
Osuda shahar tuni. Ertaga quyosh chiqadi va simyog‘ochda yolg‘iz nur taratib turgan chiroq o‘chadi. Peshinda esa, quyosh ayovsiz yerning bor suvini ichadi. Yer quriydi, yoriladi.
Keyin yomg‘ir yog‘adi, bizni yuvintiradi, loyni yumshatadi va bizda tosh qotgan umid uyg‘onadi: balki biz bir-birimizga tegib ketarmiz…
Biroq shamol bulutni haydab yuboradi, yana quyosh yerga tikiladi. Ko‘chada yana chang ko‘tariladi va oramizdagi harakatsiz onlar yana to‘ladi.
Biz uchun hammasi o‘zgarmas. Biz uchun hamma narsa toshdan: bizning xursandchiligimiz va ayrilig‘imiz, bizning yaqinligimiz ham toshdan; fikrlarimiz toshdan, orzularimiz, ko‘zlarimiz ham; osmonimiz va yulduzlarimiz ham tosh qotgan; azobimiz ham toshdan, tosh bizning xudomiz…
Osuda shahar tuni. Haligi tosh uxlayapti, shekilli… Balki tosh emas, men uxlayotgandirman? Toshning uyqusi nima bo‘lardi? Bedorligi-chi?
Bizning uyqumiz ham, bedorligimiz ham tosh.
Men uxlamayapman. Men shunchaki o‘tmishni eslab, kelajak haqida orzu qilyapman. Balki, hozirim yo‘q bo‘lgani uchun shundaydir. Tosh uchun hozir yo‘q. Toshda faqat avval bo‘lganlar va endi bo‘ladiganlar bor. Agar o‘zimning hozirimni topmoqchi bo‘lsam ham, men uni o‘tmish va kelajak orasida ko‘ra olmayman – toshning hoziri o‘tmishdan avval va kelajakdan so‘ng keladi.
Men shunchaki xotirlayapman. Mening o‘tmishim mening ajdodimdek. Xotiralarim shunchalik ko‘pki, jon deb ularni hech bo‘lmaganda jajji baliqning bugungi kuniga almashardim… Endi men sabr bilan kelajagimning nihoyasini kutyapman, chunki undan keyin hayotim boshlanishi kerak.
Avvaliga mening o‘tmishim sovuq va mustahkam qoya edi. Men shu qoyaning bir bo‘lagi edim. Boshim qayerdan boshlanib, oxirim qayerdaligini bilmasdim. Uzoq vaqt shunday edi. Keyin yomg‘irlar yog‘ib, qoyani yuvdi. Quyosh chiqardi, oy xira tortardi, sovuq bo‘ldi, jazirama, yana yomg‘ir yog‘di, tong otdi, soniyalar, daqiqalar, yillar, asrlar osmonga qaytardi…
Qoya darz ketdi. Yoriqlar paydo bo‘ldi va ular kattalashib bordi, qoraydi, chang va tuproqqa to‘ldi. Tuproqda daraxt ildiz otdi… Bizda ildiz otmadi, bizda hayot tug‘ilmadi.
Keyin bizni yuvib yana yomg‘ir yog‘di, quyosh keldi, oy ketdi, qor yog‘di, sovuq bo‘ldi, jazirama…
Qoya quladi.
Texurining tubi, men tushib qolgan joy, mening eng baxtli o‘tmishim. Shunda men baliqdek ho‘l edim. Tepamda, suv osmonida ajoyib baliqlar suzib yurardi. Quyosh chiqardi, men uning yagonaligini unutdim, u suv tubiga minglab aksi bilan yetib kelardi.
Texuri meni ko‘p siypaladi. Vaqtlar o‘tib o‘tkir qirralarim ketib, baliqdek silliq bo‘lib qoldim.
Yana qayerdadir – yonginamda hayot bor edi, men esa hamon tosh edim.
Qanday vaqtlar edi!
Tepamda – suv osmonida ko‘p baliqlar suzardi.
Ammo ularning bari ikki baliqdek mening xotiramda qoldi. Ulardan biri kichikroq va chaqqon, ikkinchisi esa undan sal yirikroq. Ular doim birga edilar. Ba’zan baliqchalar ko‘m-ko‘k suvning yashil soyalariga berkinishardi. Keyin yana paydo bo‘lishardi. Ammo endi ularning harakatlari sal boshqacharoq, menga notanish bo‘lgan qandaydir sirga ega edi. Aynan shunda, men o‘zimda qandaydir yolg‘izlikni his qildim: ular… baliqlar jonli edi, men esa yo‘q. Baliqlar tepamda suzib yurardi, faqat men kimningdir ushalmas va unutilgan istagidek daryo tubida yotardim.
Aynan o‘sha yerda, Texurida mening jonli bo‘lish orzuyim paydo bo‘ldi. Ammo men unda hayot menga nima uchun kerakligini bilmasdim. Endi bilaman…
Baliqlar hikoyasi achinarli yakun topdi. Yirikrog‘i qarmoqqa ilinib qoldi va uni yuqoriga tortib ketishdi.
Bechora…
Ammo baliq bo‘lib qarmoqda tipirchilay olmaydigan – yanada baxtsizroqdir.
Chorasiz qolgan kichkina baliqcha do‘sti atrofida parvona bo‘lar, qutqarib qolishga harakat qilardi, yordam bera olmadi. Yolg‘iz qolib, do‘stining qaytib kelishini kutib suzib yurdi. Ammo bilaman: har kim bir kun kelib suv osti dunyomizni tark etadi va boshqa qaytib kelmaydi.
G‘amga botgan baliqcha mening bag‘rimda uzoq yotdi. Keyin suzib ketdi va bizning tomonlarni tark etdi.
Shunday qilib bu hikoya tugadi. Shundan buyon ularning o‘yinlari va erkalashlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. O‘shanda mening tosh yuragimda orzu paydo bo‘ldi.
Mening o‘tmishimda yana bir kun keldi.
Daryo tubida jim yotardim, birdan ustimda qandaydir soyani payqadim. Soya asta-sekin yaqinlashib, odam tanasiga aylandi. Judayam yaqinda odam qo‘lini ko‘rdim… U daryo tubini paypaslardi va men unga ilindim.
Tinchingni buzishsa, biram yoqimsizki.
Daryo bo‘yida yalang‘och bolalar turishardi…
– Olib chiqdi, yutdi! – baqirishardi ular.
Bolakay meni Texuri tubidan olib chiqib g‘olib bo‘ldi. Qandaydir daqiqalar ichida men quridim, chunki tepamda quyosh turardi. Soniyalar ichida o‘tmishim meni tark etdi.
Yomg‘ir yog‘di, meni yuvdi, quyosh chiqdi, jazirama bo‘ldi va men o‘z soyamga berkindim. Oy xiralashdi, bag‘rimda kunlar bir-birini quvlab o‘tardi, kun tunga almashdi, yulduzlar porladi, qor yog‘di, barglar daraxtlarni tark etdi. Yil ortidan yil o‘tdi, bir asr meni boshqasiga uzatardi.
Atrofda hamasi aniq edi. Quyosh yana yagona. Osmon quruq va balandda qushlar uchib yurardi. Yaqinroqda jilg‘a shildirardi. Dexqonlar taxta ko‘prikdan Texurini tomosha qilishni yaxshi ko‘rishardi.
Ba’zan Texuri toshib, meni siypalar va o‘zining iliq mehrini eslatardi.
Bu o‘tmishimda har oqshom kelib, Texuri bo‘yida o‘tiradigan bir bolani eslayman. U sokin qo‘shiq kuylar va toshlarni Texuriga qaytarardi. Faqat tasodif tufayli men u yerga qaytmadim.
Yomg‘ir yog‘ardi, meni yuvardi, quyosh chiqardi, oy xira tortib, yulduzlar miltillardi, qor yog‘di, barglar daraxtni tark etdi, osmon asrlar bilan to‘lib borardi…
Oqshomlari Texuri bo‘yiga qizcha kelardi. Daryo bo‘yida o‘tirib, u ham qachondir yigitcha aytgan qo‘shiqni kuylardi. Qizcha kuylar va Texuriga toshlarni uloqtirardi. Qo‘llarining iliq tafti menga ham nasib etdi, ammo meni ko‘tarishga kuchi yetmadi va men o‘z suvimga qayta olmadim.
Nihoyat, mening so‘nggi o‘tmishim yetib keldi. Kimdir kimningdir yo‘l xaltasidan yeguligini o‘g‘irlab qo‘ydi va o‘rniga meni solib qo‘ydi.
Shahargacha qorong‘ulikda yotdim. So‘ng deraza ochilib, meni tashqariga uloqtirishdi. Bu yerda chuqurcha bor edi…
Osmon mendan yana ham uzoqlashdi. Chuqurchaning ikki chetida uylar bor edi. Tun yaqinlashib kelardi, ko‘cha chiroqlari yondi. Derazalarda yorug‘lik ko‘rindi. Ochiq derazalardan musiqa taraldi.
Yomg‘ir yog‘ardi, meni yuvardi, atrof loy, men esa unga botib borardim. Ba’zan og‘ir mashina g‘ildiraklari ustimdan yurib o‘tardi. Barglar daraxtni tark etdi, quyosh chiqdi va bizning ko‘chaga ham qarab qo‘ydi, oy xira tortdi, ko‘chani chiroqlar yoritib turardi.
Bu narsa xuddi shu chuqurchada sodir bo‘ldi. Shu yerda men o‘z orzuimning shirin ta’mini totdim. Nima uchun o‘z orzuim ushalishini qattiq istashimni anglab yetdim.
Shu yerda men o‘sha tosh bilan uchrashdim.
Bu shunday sodir bo‘lgandi.
Bu yer uncha chuqur emasdi. Tosh ortilgan og‘ir mashina keldi. Men shu yerda edim. U tosh ham shu yerda bo‘lgan ekan, faqat biz loy ichida bir-birimizni ko‘rmabmiz. Ishchilar kelib, biz bilan chuqurni to‘ldirib yo‘lni ta’mirlashmoqchi bo‘lishdi. U tosh juda kichik edi va bir ishchi uni uloqtirib yubormoqchi bo‘ldi, ammo erindi. Biz yonma-yon joylashib qoldik. Men va o‘sha tosh, biroq chang va tuproq xuddi ayriliqning ayovsiz soniyalari kabi oramizga suqildi.
Shundan buyon biz shu ahvolda yotibmiz. O‘shandan buyon bir-birimizga yaqinlashishni istaymiz. Bir-birimizga tegsak, g‘aroyib narsa sodir bo‘ladigandek go‘yo. Balki, o‘shanda bizning tosh emasligimiz ayon bo‘lib, biz ham titrab ketarmiz, xuddi baliqlar kabi!
Ammo yo‘q…
Biz toshlarmiz. Bizning ichimiz ham toshdan. Bizning xursandchiligimiz va ayrilig‘imiz, bizning yaqinligimiz ham toshdan. Tosh – bizning ko‘zimiz, bizning orzuimiz; osmonimiz va sevgimiz tosh qotgan, biz o‘zimiz ham toshmiz.
Tosh bizning xudomiz.
Bu suhbatimiz ham toshdan:
– Men toshman.
– Men ham toshman.
– Chang va tuproq xuddi ayriliqning ayovsiz soniyalari kabi oramizga suqildi.
– Yomg‘ir yog‘ayapti, bizni yuvayapti, loydan bo‘lgan ayrilig‘imizni yumshatayapti.
– Quyosh chiqadi.
– Oy botadi…
– Soniyalar daqiqaga aylanadi.
– Daqiqalar kunga.
– Kunlar yilni to‘ldiradi.
– Asrlar abadiyatni.
– Shunda biz yo‘q bo‘lib ketamiz.
– Keyin yana qaytamiz.
– O‘shanda biz baliq bo‘lamiz.
– Baliq bo‘lganimizda…
– Sen ona bo‘lasan, men – ota.
– Sen ota bo‘lasan, men – ona.
– Qaytamiz-da…
– Baliq bo‘lganimizda…
Yomg‘ir yog‘ayapti, bizni yuvayapti, quyosh chiqadi, oy xiralashib, yulduzlar miltillaydi.
Rus tilidan Gulchehra Botirbekova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-son