Romualdo o‘zining bo‘ydoqlik to‘shagida uyg‘onganida birinchi xo‘roz qichqirig‘i yangragandi: uning oldida hali shaharga yetib olish uchun xachir ustida uch soat silkinish, o‘ttiz kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishdek mashaqqatli yo‘l turardi. U hali biron marta ham Kova-Figeydan San-Felipgacha masofa vaqtini qisqartirishga muyassar bo‘la olmagandi: bu masofani ba’zi otliqlar uch soat deganda qanday bosib o‘tisharkin, bunga Romualdoning hech aqli yetmasdi.
U xachirni egarlayotgan paytda oqsochi Luiza fonus yorug‘ida echki sog‘ardi: Romualdoning oshqozoni og‘rirdi va u ertalablari, albatta, yangi sog‘ilgan sut ichishi va obdon qovurilgan kuskus yeyishi kerak edi. Xo‘jayinining ovqatlanish tartibini Luiza yaxshi bilardi va u rohiblikning jabr-zulmidan ozod bo‘lib, shunday keksa o‘qituvchining og‘irini yengil qilayotganidan mamnun edi. To‘g‘ri, o‘qituvchi tinmay qix-qix qilib yo‘talar, nolishdan charchamasdi.
Tizgin butkul to‘zib, egar yostig‘idagi jun gazlama sitilib, laxtak-laxtak bo‘lib ketgandi, uzangining bir necha joyiga yamoq ham tushgandi, biroq abzal hali durust edi, qayish ham. Nima ham qila olardik – odamlar qarigandek, buyumlar ham eskiradi.
Yangi sog‘ilgan bir stakan sutni simirib, yog‘li kuskusni jig‘ildonga urib, Romualdo yo‘lga tushdi. Uning xachiri qarigan sayin yuvosh bo‘lib borardi: shunday bo‘lsa-da, uncha-muncha yo‘lni ko‘rdim demasdi, haliyam tetik, chaqqon edi, Romualdo o‘la-o‘lguncha uni xix-xixlab yurishga tayyor edi.
Xo‘rozlar tong yog‘dusini qutlagancha, ovozlarini baralla qo‘yib qichqirardi. Yo‘l charaqlagan yulduzlarning yorug‘ida aniq-ravshan ko‘rinardi. He-yo‘q, bugun yana yomg‘ir bo‘lishi dargumon: buni Somon Yo‘lining nur sochib turganidan bilsa bo‘ladi. Qariya hovlidagi daraxtlar hali barg chiqarmaganini payqadi, axir iyun oyi poyoniga yetay deb qoldi, kurtaklardan allaqachon barra yaproqchalar yozilib chiqishi kerak edi. Ammo buning uchun yomg‘ir kerak, qani o‘sha yomg‘ir!
Shunisi ham borki, janob Romualdoni qurg‘oqchilik uncha tashvishga solmasdi – yomg‘ir yog‘adimi, yo‘qmi, uning hayoti bunga bog‘liq emasdi. Qariya umr bo‘yi o‘qituvchilik qilgan va vaqti soati bilan nafaqaga chiqqandi. Nafaqa puli haqiqatan ham kam edi: tirikchilikka arang yetadi, boz ustiga yana mana bu ovqatlanish tartibini aytmaysizmi: shifokor unga lo‘viya va cho‘chqa go‘shtini va umuman cho‘chqa yog‘idan tayyorlangan har qanday yegulikni taqiqlab qo‘ygan… Yaxshiyamki, unga Luiza degan insofli oqsoch uchrab qoldi, yaxshiyamki, o‘sha Luiza kuskus deganni yeyishga rozi bo‘ldi: oqsochni boqish uchun endi ortiqcha sarf-xarajatning ham hojati yo‘q. Parhez arzonga tushadigan narsa emas: shifokor Barreto, o‘simlik moyi, guruch, patir nonning qotgani, sut va ora-sira qovurilgan jo‘ja yeb turishni buyurdi… Yozishga-ku, u yozdi, biroq hamma gap shundaki, bu ko‘rsatmalarni bajarish janob Romualdoning qo‘lidan kelmasdi: pul yetmaydi. Buning ustiga hamma narsani ham bozordan topib bo‘lmaydi. Masalan, buzoq go‘shtini qayerdan olasan?!
Farzand dog‘i uni adoi tamom qilgandi – u birdan yetimchaga aylanib qolgandek edi, ota-onasidan ayrilgan kezlar ham u o‘zini bunchalik g‘arib his etmagandi… Bu paytda ustoz sho‘rlik o‘g‘lining jasadi yotgan qabriston darvozasining naq yonginasidan o‘tib borardi. Manuel otasini qanday yaxshi ko‘rardi, yoshiga qaraganda qanday farosatli, odamlarga ishonuvchan va ularga faqat yaxshilikni ravo ko‘ruvchi bola edi u! U onasini bilmasdi: u tug‘ilgandan so‘ng bir oy o‘tib, onasi Dakarga jo‘nab ketdi va o‘sha ketgancha boshqa qorasini ko‘rsatgani yo‘q.
Romualdo bolaga juda bag‘ir bosib qolgandi, bir nafas ham farzandisiz turolmasdi – yoshi ulg‘ayganda Yaratgan unga shunaqa ovunchoq ato etgandi. Uning yana boshqa farzandlari ham bor edi, biroq bari o‘sib-ulg‘ayib, dunyoning har chekkasiga qanot bog‘lab uchib ketishgandi, Romualdo ularning faqat bittasidan maktub olardi. Manuel qariyaning yakka-yolg‘izligini bilintirmasdi, biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmadi… U olti yoshida meningit kasaliga chalinib dunyodan o‘tdi. Bola hushsiz yotgan kezlar qanday mungli ohangda ingraganlari, otasining bo‘yniga osilib: “Ana u! Ana, kelyapti!” deya qanday qattiq qichqirganlari hali-hamon ustozning qulog‘i tagida jaranglab turadi. Manuel bu dunyoni abadiy tark etganida, uning tinchib qolgan chehrasida azob-uqubat ifodasidan nom-nishon qolmagandi, qariyaning yuragiga esa avval u sira boshdan kechirmagan sog‘inish hissi pusib kirib olgandi.
Hozir esa u shaharga otlangandi, chunki qiyomatlik do‘sti Joan idishda yog‘ sotilayotgani to‘g‘risida xabar bergandi – uning parhezi uchun zarur bo‘lgan juda yaxshi zaytun moyi. Moy hozircha bojxonada bo‘lib, payshanba kuni bir yuz sakson eskudodan kimoshdi savdosi orqali sotiladigan bo‘lgandi. Undan arzon bo‘lmaydi. Agar olibsotar baqqollar moyni olishga ulgurishmasa, yog‘ bir necha oyga yetadi – omadni sinab ko‘rish kerak.
Xachir yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirliklarni odatdagidek aylanib o‘tar, tuyoqlarini taqillatgancha, ildam yurib borardi, chuqur o‘yga botgan janob Romualdo esa bunday silkinishlarni hatto sezmasdi ham.
U San-Felipda va Kova-Fizeyrda deyarlik qirq yil dars berdi; unga olti yuz eskudo nafaqa tayinlashgandi; xotini va bolalari bo‘lganda, shugina nafaqa ularga urvoq ham bo‘lmasdi… U hatto xalq maorifi sohasida o‘z vazifasini halol ado etgani uchun mukofot ham oldi; shaxsan gubernatorning o‘zi munitsipalitet tanobiysida uni bag‘riga bosib tabrikladi. U bu tantanaga o‘g‘lini ham olib borgandi va Lissabondan tashrif buyurgan nufuzli janob uning ko‘kragiga qandaydir chiroyli narsani qadab qo‘yayotganda, bolaning yuragi g‘ururga to‘lgandi! Janob yana shunday degandi: “Bu mukofot bolalarga yaxshi ta’lim berganing uchun…” Sho‘rlik, aziz va jajji Manuel!
Bir necha kundan so‘ng avliyo Ioann kuni bayrami, biroq kungurador tog‘ tizmalari tepasida bir parcha bo‘lsa-da, bulutdan asar yo‘q va yaqinlashib kelayotgan tong yorug‘ida bu tizmalar yanada yaqqolroq ko‘rina boshlagandi. Hademay qizigan temirdek qip-qizil va qaynoq quyosh cho‘qqilar orasidan qalqib chiqadi. “Yaxshiyam soyabonni olib olganim, — xayoldan o‘tkazdi qariya, – osmon tip-tiniq, rosa kuydirishi tayin”. Janob Romualdo yo‘lga mukammal shaylangandi: tutingan o‘g‘li Amerikadan olib kelgan sho‘x rangdagi kanop surupdan kostyum, boshiga panama ilgandi.
Dengizga olib tushadigan tep-tekis yo‘lni kimdir belkurakdami, yo ketmondami jo‘rttaga qazib tashlagandek edi. Qovjirab-qaqrab ketgan yerning yomg‘ir ko‘rmaganiga ham ancha bo‘lgandi, faqat unda-bunda yashil dog‘dek o‘t-alaflar ko‘zga tashlanardi. Sayozlashib qolgan soylar og‘zini katta ochgan maxluq jag‘lariga o‘xshardi, go‘yo. Eh, qani edi bir sharros yomg‘ir qo‘yib bersa! Tevarak-atrof bir zumda boshqacha tusga kirgan bo‘lardi! Qaqrab ketgan yerni bug‘doy qoplardi, chuqurliklarning chetlaridan chechaklar unib chiqardi, hammayoq barra maysa bilan qoplanardi, mollar ham miriqib o‘tlar edi… Hozir-chi, atrofga qaraging kelmaydi… hammayo kuyib yotibdi!
Qariya eski oshnasi Rufinoning do‘konida bir oz ushlanib qoldi.
– Bugun do‘konni erta ochibsanmi!
– Janob Romualdo, kallayi saharlab yo‘l bo‘lsin?
– Shaharga tushmoqchiydim, ishim bor.
– Ahvolingiz yaxshimi o‘zi, janob Romualdo?
– Ha, tuproqdan tashqari deganday…
– Sudda guvoh bo‘lib ketmayapsizmi?
– Yo‘g‘-e, Xudo saqlasin.
– Olis yo‘l, siz esa endi yosh emassiz, sog‘liq ham…
– Nima ham qilardik, iloj qancha… Rafiqangiz, bolalar yaxshimi o‘zi?
– Xudoga shukur, yomon emas. Nininyaning kecha ko‘zi yoridi, biz yana bittaga ko‘payishdik.
– O‘, umri bilan bergan bo‘lsin! Endi farzandlar qancha bo‘ldi?
– To‘qqiz jon. Kecha dunyoga kelganini ham qo‘shib aytadigan bo‘lsak, besh nafar qizu, to‘rtta o‘g‘il bola. Balki ichkari kirib, bir piyola qahva ichib bir oz nafasni rostlab olarsiz?
– Mehribonligingiz uchun tashakkur. Kun qizib ketmasdan shaharga tezroq yetib ola qolay. Bo‘lmasa jaziramaga qolib ketaman.
– Zorimiz boru zo‘rimiz yo‘q, unda qaytishingizda mehmonimiz bo‘ling. Shaharda uncha uzoq qolmassiz, a?
– Yo‘g‘-e. Ertagayoq qaytaman.
– Demak, tez bitadigan yumush ekan-da?..
– Arzimagan ish. Maydonga bir ko‘z tashlasam bo‘lgani.
– Maydonga?
– Ha. Bojxonada ba’zi bir mollar sotilar ekan.
– Rostdanmi?
– Bo‘pti, Rufino, vaqt yo‘q. Xotiningga salom ayt, ko‘rishguncha.
– Yaxshi boring, janob Romualdo, ishingiz o‘ngidan kelsin!
Xachir yana qadamini tezlatdi va shu ketishda Kova-Figeyrgacha to‘xtamadi, xo‘jayini soyabonini ochdi: osmondan olovli nayzalar yog‘ila boshladi. Bir necha daqiqa ichida hamma yer tog‘ tizmalari ustidan otilib tushayotgan yog‘duga ko‘mildi.
Janob Romualdo o‘zini ulkan soyabon gumbazi panasiga oldi. Shaharga yetib olish uchun yana yarim soatlik yo‘l qolgandi.
Chindan ham yigirma besh daqiqadan so‘ng bosh cherkovning baland qo‘ng‘iroqxonasi ko‘zga chalindi. Dengiz xuddi yog‘ to‘kilgan yerdek yaltirardi. Garchi bu paytlarda uning cho‘qqilarini oppoq qor qoplab yotgan bo‘lsa-da, ayni paytda parcha bulut ham ko‘rinmasdi. Bu yaxshilik alomati emas. Ostonada avliyo Ioann kuni turgan bo‘lsa-yu bir tomchi yomg‘ir bo‘lmasa-ya.
U tushishda davom etardi. Felip Santos Silvi maydonida bolalar koptok ketidan quvib yurishardi, ularning ba’zilari o‘quvchilar xaltasini yelkalariga osib olishgandi. “O‘qish o‘rniga, esi pastlar koptok ketidan quvib yurishadi. Oh, bu futbol deganlari yoshlik davrining zavoli bo‘ldi faqat”.
Janob Romualdo maydonni arang kesib o‘tdi: hurkib ketgan xachir dam-badam joyida serrayib qotib qolardi. Tajriba yo‘q. Odob nima bilmaydigan bu tirranchalarning ota-onalarida uyat degan narsa qolmabdi: farzandlariga tuzukroq tarbiya berishni ham bilishmaydi…
Romualdoga ko‘zlari tushishi bilan bolalar baqira ketishdi:
– Undan yasalgan chuvalchang! Undan yasalgan chuvalchang!
Bu gapning egasi, albatta, u edi: oq kavush, oq qalpoq, oqargan mo‘ylovlar. Uni masxara qilishayotgani aniq, boshqa yana kimni ham bo‘lardi… Teri ham xuddi o‘chakishgandek rangsiz edi…
– Hu-u-u, undan yasalgan chuvalchang!
Xachir tuyoqlari bilan shahar tosh ko‘chalarini taqirlatib kirib borganida, minora soati sakkizga zang urgandi. U uydan sahar soat to‘rtda yo‘lga chiqqandi… Hammasi to‘g‘ri – yo‘lga naq to‘rt soat vaqt ketibdi.
Cho‘qintirgan ota Joan va uning ayoli Margid ustozni samimiy quvonch bilan kutib olishdi. Xachirning egarini yechib, shiyponga eltib qo‘yishdi, Romualdoga buklama kursiga o‘tirishni taklif etishdi. Uning oyoqlari uvushib, o‘qtin-o‘qtin og‘riyotgandi.
– Janob Romualdo, uzangingiz haddan tashqari kalta ekan. Uni tushirmasa bo‘lmaydi.
– Men shunday yurishga o‘rganganman.
– Yo‘q, yo‘q, siz uni bir uzaytirib ko‘ring-a, qanday qulay bo‘lishini ana o‘shanda ko‘rasiz. Yo‘l qancha olis bo‘lsa, uzangi ham shuncha uzun bo‘lmog‘i kerak, buni men otamdan o‘rganganman.
Janob Romualdo bu odamlarni hamisha ko‘ngliga yaqin olardi: Margid onadek barchaga mehribon edi, bu ehtimol unga onalik baxti nasib etmaganidandir. Bundan tole egasi bo‘lgan ayol ich-etini yeb yashardi va shu bois uning uyidan ertalabdan to qosh qoraygunga dovur yosh bolalarning shovqin-suroni arimasdi. Ko‘pchilik er-xotinlar o‘z juftlarini shu xonadonda topishgandi, endi ularning farzandlari Joan va Margidni o‘z buvilariyu o‘z buvalaridek ko‘rishardi va ularni shunday deb chaqirishardi ham.
Janob Romualdo o‘zining kasaliyu parhezi to‘g‘risida, omadi chopib Luizadek mehribon xizmatkor uchragani haqida, yolg‘izligiyu o‘n yil burun bu dunyoni tark etgan o‘g‘li Manuel haqida va yana yomg‘irdan hali hanuz darak yo‘qligi, hozirgi zamonda bolalarga tuzukroq tarbiya berilmayotgani va pirovardida o‘zining bu yerlarga azza-bazza ovora bo‘lib bir idish yog‘ uchun kelgani to‘g‘risida so‘zlay ketdi.
– Litri qanchadan ekan?
– To‘rt gallondan, shunda, o‘n litri – o‘n sakkizdan bo‘ladi.
– Boshlang‘ich bahosi-chi?
– Bir yuz o‘n sakkiz eskudodan. Bu juda arzon. Zaytun moyining litri odatda o‘n to‘qqiz eskudodan sotiladi. Ikki yuzdan sotsa ham bo‘ladi. Bir katta idishdagisi kaminaga bir yilga, balki undan ham ko‘proqqa yetib qoladi. Biz axir Luiza ikkimiz xolosmiz-ku.
Garchi qariya ovoragarchilikning keragi yo‘q, qayerda bo‘lsa ham yotib ketaveraman deya e’tiroz bildirsa-da, cho‘qintirgan ota Joan janob Romualdoni hamisha mana shunday – qo‘yarda-qo‘ymay uyida olib qolardi. Qariya qancha tarang qilsa, Margid ham shuncha qattiq turib olardi va olis yo‘ldan tinkasi qurib kelgan Romualdo oxiri noiloj taslim bo‘lardi. Yaxshi ma’nodagi bunday mulozamatlaru e’tirozlar o‘n yildan beri shu taxlit takrorlanardi.
Uni eltib qo‘yishgan xonada, Amerika mahsuloti bo‘lgan yumshoq to‘shakli, egiluvchan, xuddi yap-yangidek yalt-yult etib turgan behisob soqqachalaru xaridan iborat baland va keng, temirdan yasalgan va sarg‘ish rangga bo‘yalgan karavot turardi. Karavot keng xonaning o‘rtasiga, metalldan yasalgan ulkan xochning tagiga joylashtirilgan bo‘lib, uning bosh tarafi shimol devoriga qaragandi. Bu karavot ma’rifatli va bilimdon, va u ham Markaziy maktabda dars bergan, tevarak-atrofdagilarga ma’lumu mashhur Margidning otasi ruhoniy Kassianoga tegishli edi.
Devorda yana janob Romualdoning g‘ashiga tegadigan o‘ymakorlik va oleografiya usulida ishlangan rasmlar, kalendarlar osilib turardi: ulardan birida ko‘z-ko‘z qilish uchun ust-boshsiz qiz bola tasvirlangan bo‘lib, bu kalendar naq Margidning portreti tagiga ilingandi. Cho‘qintirgan ota Joan xotinidan sal bo‘lsa ham hurmatini darig‘ tutmasa bo‘larmidi. Ojiz odam!
Javon ustida ham romga solingan fotosuratlar turardi va rasmlar orasida Joan va Margidning cho‘qintirgan o‘g‘li jajji Manuelning ham surati joy olgandi. Bu uning o‘limidan sal avval olingan so‘nggi rasmi edi. Shunaqangi chiroyli va shunaqangi aqlli bola… Yaratgan unga nega shunday qisqa umrni ravo ko‘rdi ekan, balki janob Romualdoning yoshi ulg‘ayganda unga ermak topilishini istamaganidandir?!
Ertasiga barvaqt Romualdo Joan bilan birga bojxonaga yo‘l olishdi: oldi-sotdi sakkizga belgilangandi. Minora soati qachon zang urarkin deya ikkovining ham qulog‘i ding edi. Ular o‘rindiqqa o‘tirib, ob-havo to‘g‘risida, yomg‘irdan darak yo‘qligi to‘g‘risida suhbatlashishdi va bo‘ladigan hosilni o‘zlaricha chamalab ham ko‘rishdi. Agar yomg‘ir yog‘masa, hamma yer kuyib tamom bo‘ladi. Keyin hukumat ochin-to‘qinlarga yordamlashish uchun biron-bir chora-tadbir qo‘llashga majbur bo‘ladi. Yomg‘irdan esa hamon darak yo‘q: daraxtlarda barg tugul hatto kurtak ham ko‘rinmasdi, may oyi odatga ko‘ra sharros yomg‘irni bashorat qilsa-da, g‘ivir etgan shamol ham esmayotgandi…
Shu payt, xuddi teatr pardasi ochilgandek, bojxona eshigi ochildi. Otalar tushungandek, bir-birlariga qarab qo‘yishdi, so‘ng o‘rinlaridan turib, safning oldiga o‘tishdi.
Odamlar yig‘ilayotgandi va cho‘qintirgan ota Joan Romualdo eshitib qolmasin deya ehtiyot bo‘lib qo‘shnilar bilan gapga tushib ketdi: mana, iste’fodagi o‘qituvchi emish, nafaqasi ham oz ekan, shifokor parhez qilishni buyuribdi, cho‘chqa yog‘idan tayyorlangan har qanday taomni taqiqlab, faqat zaytun yog‘idan iste’mol qilishini aytibdi, shu bois u zaytun yog‘i solingan idishdan birini olmoqchi, agar siz unga yo‘l berib, himmat ko‘rsatsangiz, oliyjanob ish qilgan bo‘lurdingiz.
Odamlar, dengiz ko‘pigidek oq, boshiga soyabonli qalpoq, egniga barcha tugmalari tekis qadalgan kalta kanop kamzul kiyib olgan ozg‘in, hammaning ko‘zi mo‘ylovli qariyada – bu ko‘zlar ozmuncha yosh to‘kmadi. Ko‘rinishi izzatu hurmatga loyiq odam edi. Bironta ham raqib uni sindirishga jazm etolmasdi.
Mashinkada bosilgan bir uyum qog‘oz ko‘tarib, ochiq savdo vakili kirib keldi-da, quti ustiga chiqdi va shu bilan ochiq savdo boshlandi.
Sotuvga chiqqan mollar ro‘yxati binoyidek katta edi, navbat yog‘ to‘ldirilgan idishga keldi.
– Bir yuz sakson, kim ko‘proq beradi?
– Bir yuz sakson bir! – qo‘lini ko‘tardi janob Romualdo.
– Bir yuz sakson bir, kim ko‘proq? Bir yuz sakson bir – bir! Bir yuz sakson bir – ikki!..
Hech kim bahoni ko‘tarmadi. “Uch!” – qichqirdi ochiq savdo vakili va idishdagi yog‘ odob bilan jilmayib turgan janob Romualdoga nasib etdi. Cho‘qintirgan ota Joan uni to‘lib-toshib tabrikladi.
Endi idishdagi zaytun moyini Kova-Figeyrga yetkazish qolgandi va uning joniga yana qiyomatli do‘sti Joan oro kirgazdi: eski qadrdoniga eshagini berdi. Bari ishlar joyida ketayotgandi. Tushdan so‘ng janob Romualdo o‘z xachirida yo‘lga tushadi, ortidan esa yelkasiga yog‘ to‘la idish yuklangan eshak mayda qadamlar bilan yo‘rtib boradi. Endi u bir yilgacha yog‘ g‘amini yemay yashayversa ham bo‘ladi.
Tushlik qilib bo‘lgan qariya Margidning mehmonnavozligi uchun minnatdorchilik bildirdi-da, u bilan xayrlashdi va egarga o‘tirib bojxona tarafga qarab yo‘lga tushdi. Do‘sti Joan unga yordamlashish uchun bir yigitni yollagandi.
Soat ikki bo‘lsa-da, hali bojxona yopiq edi, biroq eshikka qo‘ling tegishi bilan eshik ham ochildi.
Yigitcha amaldorning ko‘magi bilan yuk ortiladigan egarni tayyorlashga kirishdi: idishdagi yog‘ni olis manzilga yetkazishning o‘zi bo‘masdi. Ular bor kuch bilan qorinbog‘ni tortishdi, so‘ng yog‘ to‘la idishni ehtiyotlik bilan yuk ortiladigan egarga ko‘ndalang qilib joylab, birining ustiga ikkinchisini kesishtirib arqon bilan bog‘lashdi va tugun tarang qilib tortildi, arg‘amchi eshakning terisiga mahkamlandi. Yukni mahkam tortib bog‘langaniga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng eshakni o‘z holiga qo‘yishdi.
Yana qancha vaqtga ajralishayotganlarini bilmay, bir-birlari bilan o‘pishishdi: turgan gap qariya shaharga tez-tez kelolmaydi, uning yoshida bunday safarlar bilan hazillashib bo‘lmaydi. Qariyani ko‘rgani Kova-Figeyrga yaxshisi qiyomatli do‘sti borsin: u hali yosh, baquvvat, o‘zi bilan Margidni ham birga olib kelsin, u yerning havosi ayoldagi migren kasaliga shifo bo‘lsa, ajab emas.
Ko‘cha maydondan qiyalik bo‘ylab tikka borardi. Dengiz manzarasi qay tarzda namoyon bo‘larkin: oqshom u yerga shaharliklar to‘planishadi. Romualdo qachonlardir, shaharda yashayotgan paytlari har oqshom u yerga borib turardi va haykal supachasiga o‘tirib olib, shaharning boobro‘ kishilari bilan uzoq suhbat qurardi. U paytlar hali yosh, sog‘lig‘i zo‘r, pul ham cho‘ntagida yetarlicha bo‘lardi. Maoshi uncha katta emasdi, shunga yarasha hamma narsa arzon edi. Markaziy maktabda oyiga yigirma besh milreysdan maosh to‘lashardi va desert uchun metropoliyadan o‘ziga uzum sotib olishga ham qurbi yetardi. Endi bo‘lsa, bazo‘r qo‘l uchida kun ko‘ryapti va idishdagi arzimagan yog‘ni uchun jazirama oftobda, o‘nqir-cho‘nqir, past-baland yo‘llarda qadamini zo‘rg‘a bosib, ovorayu sarson tentirab yurishga majbur bo‘lyapti…
Maydondan ketayotib, hali moliya muassasasi muyulishiga burilib ulgurmayoq yog‘ to‘la idish qulab tushdi. Quladiyu dumalab ketdi. Orqasidan kelayotgan Joan o‘zgargudek ovozda dod-faryod ko‘targancha voqea joyiga otildi. Qariya egarda toshday qotib qolgandi. Bojxona xizmatchisi ham qichqira ketdi. Yog‘ to‘la idish tosh yo‘ldan gumburlagancha yumalab bordi va panjaraga kelib urildi. Idishning chambaraklari uchib, halqalari sochilib ketdi, yog‘ esa tizillab oqa boshladi. Eti suyagiga yopishgan it yaltirab yotgan silliq tosh yo‘lni osilib tushgan lunjlari bilan yalay boshladi.
– Qadrdonim Romualdo, bu qanday gap bo‘ldi?! – qayg‘urib xitob qildi Joan.
Romualdoning hatto qimirlashga ham majoli qolmagandi. U yog‘ni tinmay yalayotgan itdan ko‘zini uzmasdi: tosh yo‘lni halqob bosgandi.
– Bu qanday ofat bo‘ldi yana, bu qanday musibat! Shunday olis yo‘l bosib kelib, bir yuz sakson eskudo pul sarf qilinsayu uyga qup-quruq qo‘l bilan qaytilsa…
– Qo‘ysang-chi, Joan. Manueldek bolamdan ayrilishga yetgan bardoshim, shu oddiy yog‘ga kelganda yetmasmidi…
U ulkan shamsiyasini ochdi: prujina qarsilladi. Romualdo qoq suyak gavdasini jaziramadan va shaharliklarning achinish to‘la nigohlaridan yashirdi.
Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son