Bu ulkan, keng shoxlari tarvaqaylab ketgan daraxtni kim va qachon o‘tqazganini qishloq ahlining hech biri ayta olmasdi. Lekin bu sokin ko‘chaga birinchi bor kelgan odam beixtiyor shu haqda o‘ylab qolardi. Ushbu qurg‘oqchil o‘lkada bunday turdagi daraxtlar juda kamyob narsa.
– Daraxt? Qanaqa daraxt? – Bunday savollarga hayron bo‘lib javob berardi odamlar. Va daraxtga xuddi uni endigina ko‘rayotganday hayrat bilan qarardilar.
– Yangi kelgan kishi uni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, uning boshqa daraxtlardan unchalik ham ajralib turmaganini sezadi. Unda qarag‘aydagi ochiq soyabonga o‘xshash baland, nafis xushbichimlik yo‘q edi. O‘zining butun hashamati bilan emanning ulug‘vorligiga teng ham kelolmasdi. Lekin baribir yil bo‘yi quyosh, yil bo‘yi o‘t purkaydigan, tangri ham unutgan bu qishloqchada uning soyasi hammaning joniga oro kirardi, xudoning marhamatiday, barchani quvontirardi va har holda, hamisha yam-yashil bo‘lib turadigan ulkan daraxt yo‘l bo‘yida shumshayib turadigan daraxtlardan farq qilardi.
Daraxt shundoqqina uning biqinidagi uychada yashovchi oilaga tegishli edi. Uycha sotib olingan o‘sha olis paytlarda uning atrofidagi joylar bo‘m-bo‘sh edi. O‘shandan beri ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Puli bor odamlar bu yerlarga ko‘plab kottejlar qurishdi va uycha ular orasida ko‘rinmay qoldi. Lekin daraxt hamon qishloq uzra yuksalib turar va o‘zgalarning tomorqalariga soya solib, noxushlik uyg‘otardi.
Uychada umrini yashab bo‘lgan chol-kampir istiqomat qilardi. Ularning bolalari allaqachon dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan, shu bois ikkalasi hech kimning ishiga aralashmay tinchgina yashardi. Uychaning sohibi qishloq do‘konchasida ishlardi. O‘tgan yillar ta’sirida uning beli bukchaygan, binobarin, uning peshtaxta oldida turishi ancha qiyin bo‘lib qolgandi. Shuning uchun uni o‘tirib ishchilarni kuzatib tursin deb omborga o‘tkazishgandi.
Uning xotini hali baquvvat ayol edi. Xo‘jalik ishlarini uning o‘zi bajarardi. Bolalarning tashvishi bilan band bo‘lmagani uchun uning bo‘sh vaqti ko‘p edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, avvallari parvo qilmagan narsalarga endi ko‘proq e’tibor beradigan bo‘ldi. Jumladan, xonim hammomlari yo‘qligiga afsuslana boshladi. Yo tavba, shuncha yil ajoyib qulayliklardan foydalanmay qanday yashashdi ekan! Bundan o‘ttiz yil muqaddam to‘ylari o‘tishi bilan sotib olingan yog‘och jihozlar ham endi unga yoqmay qoldi. Yillar o‘tishi bilan biz o‘zgaramiz va atrofimizni o‘rab turgan vaziyatni ham o‘zgartirishga harakat qilamiz. Agar mablag‘ bo‘lsa, buning qiyin joyi yo‘q. Lekin bor puling kundalik eng zarur narsalargagina yetsa nima ham qila olarding? Ming tejab sarfla, baribir hech narsa qolmaydi.
Keksa xonim deraza oldida uzoq turib yonlarida qurilayotgan uyni kuzatdi. Uy emas, haqiqiy saroy! Hali uyning poydevori solinayotgan paytdayoq xonim bu uy necha xonali bo‘lar ekan deb chetan to‘siq orqali razm solgandi. Ikkita xona, aftidan, yotoqxonaga mo‘ljallangandi. Uchinchi eng katta xona – mehmonxona bo‘lsa kerak. Avvaliga ayol uyda ikkita hammom bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Keyin bu ikki xonadan iborat joy omborxona bo‘lajagini angladi. Ana hasham, ana dabdaba! Hammom yetmaganday, yana omborxona deng! Yangi uyga ikkita ayvon ham qurishdi: bittasi uning old tomoniga, ikkinchisi ularning kulbasi tomoniga – ochiq ayvon, ishchilarning aytishicha, bu oftobda toblanish uchun emish. Qani endi choli bilan unga ham shunday ayvon bo‘lsa! Lekin aytishadi-ku: borga beradi deb! Yo‘qlarga qayoqda deysiz!.. Oldin xonimning bunday mushohadalar uchun vaqti bo‘lmasdi. Endi bo‘lsa, bundan boshqa hech narsa haqida o‘ylamasdi. Naqadar adolatsiz qurilgan bu dunyo! Endi ertalab shu o‘y bilan uyg‘onar, kechqurun shu o‘y bilan uxlab qolardi.
Kechqurunlari esa, eri horib-charchab ishdan qaytgach, xotiniga o‘z ishlari to‘g‘risida gap boshlaganda u nuqul yonlarida qurilayotgan uy haqida so‘zlardi.
– Men ham shunday hammomimiz bo‘lishini xohlardim, – derdi u xo‘rsinib, – yoki xuddi shunaqa ayvonni. Mayli, sal kichikroq bo‘lsa ham. Qarang-a, ikkita ayvon! Bizda bittasi ham yo‘q.
Chol boshini sarak-sarak qilardi. U hamisha xotinining gapini ma’qullardi. Eh, afsus, u xotiniga barcha qulayliklarni yaratib berolmadi-da! Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uyda yashash katta baxt, xonim bo‘lsa hamisha boriga ko‘nikib kelgan! Lekin uning hamma gapiga rozi bo‘lib, aytganiga ko‘narkan, ba’zan g‘ijinib ham qo‘yardi: qachongacha uning childirmasiga o‘ynayveradi! Avvallari, to‘rtala bolasining hammasi shu uyda yashagan paytda, xonim negadir shikoyat qilmasdi. Endi bo‘lsa, tashvishimiz ancha yengillashgan bir paytda, hech narsadan ko‘ngli to‘lmaydi.
– Odamlar ikki xil bo‘ladi, – o‘ylardi xonim, – har bir tiyinini hisoblaydiganlar va pulni sanamay sarflaydiganlar.
U faqat tirjayardi.
– Sen hech qachon o‘ylaganmisan? – so‘rardi xonim, – agar pulimiz ko‘p bo‘lganida biz qanday yashar edik?..
Nihoyat uy bitdi va unga sohiblari ko‘chib kirishdi. Xonim go‘yo keng xonalar bo‘ylab aylanib yurib, jihozlarni joylashtirayotganini endi tassavvur qilolmasdi.
Yangi uy sohiblari unga tanish emasdi. Ular ko‘chib keliboq, darhol bog‘ yaratishga kirishdilar. Ularning tomorqasida kun bo‘yi bog‘bon ishlardi. Xonim daraxt tagida o‘tirganicha, sim to‘siq nariyog‘ida nimalar bo‘layotganini kuzatardi. Bu to‘siq shunaqa yaqin ediki, shunday qo‘lingni cho‘zsang, yangi o‘tkazilgan nihollarga tegib ketadigandek tuyulardi. Gullar hali yo‘q edi. Yerni yaxshilab ag‘darishdi va tekislashdi. Bir necha mashina go‘ng olib kelishdi, shundan keyingina gul eka boshlashdi. Aytishlaricha, yangi uy sohibasi gullarni juda ham yaxshi ko‘rarkan va bu yerning shu quruq iqlimida ham gullar yetishtirmoqchi ekan.
Qish kirdi. Kechalari shamol daraxt shoxlarida shunday shovullardiki, uy devorlariga bo‘ron hujum qilayotganday bo‘lardi. Chol-kampir bunga ko‘pdan beri ko‘nikkanlari uchun shovqinni uncha sezmasdilar ham. Kunlar qisqarib borardi. Tush paytiga kelib quyosh nuri qiyalab tushgani uchun daraxt keng soya solardi. Bir kuni kechqurun er uyga juda holdan toyib qaytdi.
– Biror narsa bo‘ldimi? – so‘radi tashvishlanib xotin.
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, – javob berdi chol mujmallik bilan.
– O‘zingni yomon his qilyapsanmi?
– Belim bezovta qilyapti.
Kechki ovqat payti indagani yo‘q. O‘ziga qahva quyib olgach, gap ochdi.
– Bugun qo‘shnimizni uchratib qoldim.
Xonim hamishagidek iljayib qo‘ydi. Qo‘shnilar haqida gap ketganda doim shunday qilardi. Chunki yonma-yon yashasalar-da, ulardan juda uzoqqa o‘xshardilar.
– Nima, biror narsa dedimi?
– U ko‘chatlar yaxshi ko‘karmayotganini aytdi.
– Men ularning ishlari yaxshi ketyapti deb o‘ylagandim.
– Uning aytishiga qaraganda, bizning daraxtning ildizlari yerning butun sharbatini so‘rib olayotganmish, shuning uchun ham yerlarida hech narsa o‘smayotganmish. Buning ustiga, soyasi ham butun bog‘ni, hatto ayvongacha egallab olayotganmish.
Xonim g‘azab bilan boshini sarak-sarak qildi.
– Nima, u soyasi ayvonlariga tushayotgani uchun biz daraxtni kesib tashlashimizni o‘ylayaptimi? Albatta, uning xotiniga gullari bizning daraxtimizdan qimmatliroq ko‘rinsa kerak-da!
– Unday emas, – javob berdi chol. – U daraxtimiz uchun pul to‘lamoqchi bo‘lyapti.
– A-a. Shunaqa degin. Lekin sen unga hech narsa va’da bermadingmi?
– Yo‘q, oldin senga aytmoqchi edim. Unga aniq bir javob berganim yo‘q.
U yerda, ko‘chada, u darhol rad javobini bermoqchi edi, lekin bunaqa narsani oldin xotini bilan maslahatlashish odati ustunlik qildi. Avvalo maslahatlashish kerak. Axir xotini ham xuddi o‘ziga o‘xshab o‘ylaydi-da…
Idish-tovoqni yuvishar ekan, chol-kampir bu ishni hamisha birga qilishardi, bolalari haqida, ertalab ulardan olingan xat haqida gurunglashardi. Lekin keyinroq, hamma ishni bitirib bo‘lgach, o‘choq oldida o‘tirishganda ayol birdan so‘rab qoldi:
– Qancha taklif qilyapti?
– Bilmayman.
– Nima, u necha pulligini aytmadimi?
– Yo‘q.
Chol narx haqida so‘ramagani uchun afsuslandi. Lekin u bu taklif xotinini qiziqtirib qoladi deb sira o‘ylamagan edi.
Shu kecha ular bu mavzuga boshqa qaytishmadi. Uxlashga yotishganida esa shimoliy shamol deraza tagidagi daraxt shoxlarida shunday shovqin soldiki, ular bu uyga o‘rnashganlarining birinchi kechasi ham xuddi shunday bo‘lganini eslashdi.
Keyingi kun ertalab xonim daraxt ostida kir yuvardi. Miyasida kechagi suhbat charx urardi. Vaqti-vaqti bilan tushib turgan quyoshning yorqin nurlaridan ko‘zini qisib, daraxtning shovullab turgan shoxlariga qarardi. Ertalabki shabada barglarni shitirlatardi. O‘shanda shumtaka o‘g‘illari daraxt shoxlariga tirmashar, qizi esa uning soyasida o‘tirib narsa to‘qirdi. Bolalar muncha tez ulg‘aymasa! Ulg‘ayishdi va ketib qolishdi. Mana endi xonim yolg‘iz… Shunday g‘amgin damlarda ayol o‘zini daraxt bilan qarindoshlik rishtalari-la bog‘liqligini his qilardi. Ularning hayoti bir-biriga shunday chambarchas chatishib ketgandiki, ajratish amri mahol edi.
Lekin, baribir, qiziq-da, anavi boy qo‘shnilari daraxt uchun qancha taklif qilarkan. O‘n funtmi? Ehtimol ko‘proqdir. Yigirma beshmi? E, bu juda ko‘p. Lekin, bordi-yu shuncha pul taklif qilsa-chi? Hazilmi, yigirma besh funt! Bu pulga xo‘jalikdagi barcha kam-ko‘stlarni to‘ldirish, bir necha kun maza qilib yashash mumkin. Lekin u shuncha bermasa kerak…
Kechqurun ishdan qaytgach, er xabar qilishga shoshildi:
– U meni ko‘chada yana to‘xtatdi. Biz qanday qarorga kelganimizni bilishni istayapti.
– Sen unga nima deding?
– Hech narsa… Hali biror qarorga kelmaganimizni aytdim.
– Qancha beraman deyapti?
– Ellik funt.
– Ellik?
– Ha.
– Buni qara-ya, bir daraxtga ellik funt! Bir dunyo pul-ku bu!
Xonim dovdirab qolgandi. Qo‘lida ellik funt pul bo‘lsa… Dahliz uchun poyandoz, ikki kishilik karavot uchun prujinali to‘shak, balki hatto suv qaynatadigan bak olsa bo‘ladi. Xo‘jalik uchun zarur bo‘lgan mayda-chuydalar! Bu pulga qayerdadir maza qilib dam olish, eh-he, betashvish, hech narsani o‘ylamay dam olishga ne yetsin!
Hayotda hech bo‘lmasa bir marta, mayli, bir hafta yoki hatto bir kun boshqalar yashaganday, har bir chaqani sanamasdan yashashga nima yetsin.
– Sen nima qilishni taklif etasan? – so‘radi ayol nihoyat.
– O‘zing hal qil.
– Nima deysan, shu taklifni qabul qilsakmikan?
– Bilganingni qil.
– Ellik funt– katta pul.
– Ha.
Ellik funt nima degani? – kechasi karavotda u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilarkan o‘yladi chol. Pul qo‘lning kiri. Bir ikki kun o‘tmay tugaydi-qoladi. Daraxt esa bu yerda uning bolaligidan beri turibdi. Hali ko‘p yillar turadi… Sen daraxt o‘stirasan va u notanish kishilarning do‘sti bo‘lib qoladi. Lekin u o‘sha notanish odamlarga tegishli emas. Bu daraxt ular uchun ayni paytda ham chol, ham o‘smir: chol – chunki ular daraxtning yoshligini bilishmas, o‘smir – chunki daraxt ular o‘lgandan keyin hali ko‘p yashaydi. Uni yer va quyosh nuri odamlar quvonchi uchun o‘stirgan, hozir yashayotgan va keyin yashaydiganlar uchun o‘stirgan… Ayol qizcha singari daraxt uchun taklif qilinayotgan pulga quvonadi. Lekin uni ayblash mumkinmi? Pul juda ko‘p qulayliklarni bildiradi, eri esa unga bunday imkoniyatni berolmasdi. Shunday ekan, ayolning o‘zi hal qilsin, u bo‘lsa… Yo‘q, bu daraxtni hech qachon pulga sotmasdi!
Keyingi kuni eri ishga ketgach, eshikni taqillatishdi. Ayol eshikni ochdi va qo‘shnisi – bashang kostyumdagi pardoz-andozli olifta janobni ko‘rdi. Xonim qo‘shnisini ichkari taklif qildi va o‘zining faqirona jihozli xonasiga o‘tkazdi.
– Men siz bilan daraxt haqida gaplashgani keldim, – deya gap boshladi qo‘shnisi. – Eringiz bu narsa sizga bog‘liq deb aytdi.
– Ehtimol.
– Siz biror qarorga keldingizmi?
– Daraxt bu yerda juda ko‘pdan beri turibdi.
– Tushunaman. Lekin bunga boshqa tomondan ham qarash mumkin-ku, axir…
Ayol boshini qimirlatib qo‘ydi. Albatta, boshqacha mushohada qilish ham mumkin.
Axir kecha kun bo‘yi va tuni bilan ayol ularga juda zarur bo‘lgan ellik funt haqida o‘ylab chiqdi. Biroq o‘sha pulni deb tagida bolalari ulg‘aygan va o‘zi keksaygan daraxtni qurbon qilish qanday bo‘larkan…
– Xonim, – deya amaliy ohangga o‘tdi qo‘shni, – bu daraxt sizga qanchalik qadrli ekanini men juda yaxshi bilaman. Men va rafiqam, ana shu daraxt uchun qancha istasangiz, shuncha to‘lashimiz mumkin. Biz sizlarga ellik funt taklif qildik. Siz ko‘proq to‘lashimizni xohlayapsizmi?
Ko‘proq to‘lashimizni xohlayapsizmi? Yo‘q, u bu haqda o‘ylagani yo‘q! Ammo, qolaversa, nega endi yo‘q? Bu odamlarda pul bor. Agar ular ellik funt to‘lashga tayyor bo‘lishsa, demak, ko‘proq to‘lashga ham rozi bo‘lishadi!
Qo‘shni erkak ayolning yuzida ikkilanishni sezdi va shoshilib qo‘shimcha qildi:
– Yaxshi, oltmish funt.
Juda osonlik bilan o‘n funt qo‘shdi-ya! Xuddi gap o‘n shilling haqida ketayotgandek.
– Oltmish funt, albatta, biz kambag‘al kishilar uchun katta pul, – javob berdi ayol. – Lekin, bolalar uyga kelib, daraxtning yo‘qligini ko‘rgach, nima deyishadi?
– Oltmish funt rostdan ham katta pul, – dedi qo‘shni, – bundan tashqari, daraxt kesilgach, uni arralab sotishingiz mumkin. Uning menga keragi yo‘q.
Albatta, daraxtning ham, o‘tinning ham ularga keragi yo‘q. Ular uchun muhimi – har qanday yo‘l bilan shu daraxtdan qutulish. Ayol yangi uyning sohibasi qanday to‘ng‘illayotganini tassavvur qildi. Ildizlari bilan butun bog‘imizni o‘rab olgan manavi la’nati daraxtning dastidan gullarimiz o‘smayapti. Butun ayvonimiz uning soyasida qolib ketdi. Qimmatroq to‘lasalar ham bo‘ladi-ku? Bu ularga qiyin emas. Qo‘lini cho‘ntakka tiqib xohlagancha pul chiqara oladi!
Qo‘shni ko‘z qiri bilan uni kuzatib turdi, lekin nima o‘ylayotganini tushuna olmadi.
– Oltmish funt – shundoq ham qimmat, – takrorladi u, – lekin bu daraxtni juda yaxshi ko‘rishingizni bilaman. Keling, oltmish beshga kelisha qolaylik.
Ayol butunlay dovdirab qoldi. Keyin qattiq qisilgan lablarini yengil tabassum ochib yubordi. Qanday qilib bo‘lsayam shu daraxtni olishni istayapti!.. Shunda birdan kutilmaganda – shu kunlarda birinchi marta – ayol bu pulga nimalar sotib olish mumkinligini emas, balki nimaga ega ekanligini o‘ylab qoldi. Bu fikr uning ko‘zlarida faxr bo‘lib chaqnadi. Bu odamlarda pul bor, unda esa mana shu daraxt. Ular pulga xohlagan hamma narsani sotib olishlari mumkin. Faqat daraxtni emas, u rozilik bermas ekan sotib olisholmaydi. Ammo u rozilik bermaydi.
– Mefrau…
– Yo‘q, meneer.
– Agar siz ko‘proq so‘rasangiz biz tayyormiz…
Ayol qat’iy bosh chayqadi.
– Siz meni tushunmayapsiz, meneer, gap pulda emas.
Qo‘shni unga hayrat bilan qaradi. Keyin hammasini tushundi. U esli-hushli odam bo‘lgani uchun ham shuni yaxshi angladiki, bu ayolni fikridan qaytarib bo‘lmaydi. U xayrlashdi va chiqib ketdi.
Kechqurun chol-kampir oshxonada o‘tirib, chiroqning xira yorug‘ida suhbatlashardi.
– Bugun qo‘shnimiz keldi, – dedi ayol. Eri yalt etib unga qaradi. – Daraxt uchun oltmish besh funt taklif qildi. Voy, tavba!
– Sen-chi… sen nima deding?
– Men rad etdim. Pulga hamma narsani ham sotib olish mumkin emasligini bilib qo‘ysin. – Eri nihoyat xotinining ovozida oldingi g‘urur va ishonchni his qildi.
Unga minnatdorlik bilan tikildi.
Daraxtning shox va shabbalarida shamol erkin shovullardi.
– Inson o‘z do‘stlarini sotmaydi, – dedi u. – Axir biz uzun umrni u bilan birga yashadik.
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013 yil, 4-son.
* * *
Qishloqdagi birorta odam bu qalin, keng quloch yoygan daraxtni kim va qachon o‘tqazganini bilmaydi. Biroq so‘lim qishloqqa tashrif buyurganlarning barchasi eng avvalo uning tarixi bilan qiziqadilar. Ulkan daraxt olisdan ko‘zga tashlanadi. Sahroda bu kabi qalin, qishin-yozin yam-yashil daraxtning uzoq yillardan beri yashab kelayotgani haqiqiy mo‘jiza edi.
– Daraxt? Qanaqa daraxt? – hayratlanib javob qilishardi odamlar mehmonlarning savollariga va xuddi uni ilk marta ko‘rib turgandek bo‘y-bastiga taajjublanib tikilishardi.
Bunday olganda uning boshqa qondoshlaridan sira ham farq qiladigan joyi yo‘q, hatto qarag‘ay kabi go‘zal va adl qomatga ham ega emasdi. Qanchalar katta va qalin bo‘lmasin, baribir eman bilan bo‘ylasha olmasdi ham. Nima qilganda ham deyarli yil bo‘yi quyosh ayamay qizdiradigan bu chekka qishloqda abadiy yashil va ulkan daraxtning soyasi barchani birdek quvontirardi va u yo‘l yoqasidagi ma’yus, qarovsiz, ko‘rimsiz daraxtlarga mutlaqo o‘xshamasdi ham.
Daraxt qishloq etagidagi kichkina uyda yashaydigan oilaga tegishli edi. Olis o‘tmishda bu uy atrofidagi yerlar quruqshab yotardi. Qishloqda hozirgi kabi hashamatli uylar yo‘q edi. Yildan-yilga zamon o‘zgarib borardi, unga qarab odamlar ham… Ular baland-baland imoratlarni qurib, bu sokin qishloq qiyofasini yangiladilar. Ammo faqat ana shu ulkan daraxt va mo‘jazgina uy avvalgidek edi. Vaqt o‘tgani bilan tabiatning bu mo‘jizasi sahro o‘rtasida qulochlarini yoyib, hech kimdan izn so‘ramay, saxiylik bilan boshqa xonadonlarga ham o‘z soyasini ulashishdan charchamasdi. Mo‘jazgina uyda yoshlari o‘tinqirab qolgan ikki qariya bir-birini suyab yashashardi. Bolalari allaqachon ulg‘ayib, turli shaharlarga o‘qishga borib, o‘sha yerlarda qolib ketishgan. Uy egasi qishloq do‘konida savdo qilardi. O‘tgan yillar uning qaddini shu darajada bukib qo‘ygandi-ki, bechora hatto kun bo‘yi peshtaxta yonida tikka turishga qiynalardi. Shu sabab, uni omborxonaga ishga o‘tkazishdi. Endi u o‘tirgan joyida ishchilarga ko‘z-quloq bo‘lib turadi xolos. Xonadon bekasi esa hali baquvvat ayol edi. Ro‘zg‘or ishlarini ham yolg‘iz o‘zi bajarardi, bolalar bilan bog‘liq tashvishlar arigani sabab, bunga uning vaqti ham yetarlicha edi, balki shuning uchun ilgari sira e’tibor qaratmagan narsalari haqida bosh qotiradigan bo‘lib qolgandir. Masalan: uylarida hammom yo‘qligidan tez-tez o‘kinardi. Shuncha yil qanday qilib bunday sharoitda yashaganiga hayron qolardi. Na qulaylik va na boylik qiziqtiribdi uni. Ayolga endi to‘ylaridan keyin sotib olingan o‘ttiz yil oldingi uy jihozlari ham yoqmay qolgandi. Yillar o‘tgani sayin hammamiz ham o‘zgaramiz va uyimizdagi sharoitni o‘zgartirishga harakat qilamiz. Bu tabiiy hol albatta. Agar bunga imkoniyat bo‘lsa bundan oson ishning o‘zi yo‘q, biroq topayotgan puling ro‘zg‘ordan ortmasa nima qilish kerak? Ro‘zg‘or g‘or, deganlari rost ekan, qanchalik iqtisod qilmagin baribir yutib ketaveradi. Ayol uzoq vaqt deraza oldida o‘tirib, ularning kulbasi yonida qurilayotgan mahobatli uydan ko‘z uzmasdi. Uy emas, haqiqiy saroy! Hali poydevori solinayotganda ayol o‘zicha imoratning nechta xonasi bo‘lishi mumkinligini chamalab ko‘rardi. Ikkitasi aniq yotoqxona uchun mo‘ljallangandi. Eng katta xona esa mehmonxona vazifasini o‘taydi. Avvaliga ayol ikkita hammom qurilayotgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandi. Keyin esa ulardan biri alohida omborxona hisobiga bunyod bo‘layotganini eshitib, hayratini yashirolmadi. Mana buni dabdaba desa bo‘ladi! Yangi uyda ikkita ayvon qurildi. Biri old, ikkinchisi orqa tomonidan. Ustalarning gapiga qaraganda bu ochiq ayvonlarda bemalol oftobda toblanib yotish mumkin ekan. Ayol koshinli baland ayvonlarga suqlanib boqarkan, biz qariyalarga ham xuddi shunaqasidan bo‘lsa qaniydi, deya xayolidan o‘tkazdi! Ilgari ayolda bunday o‘y-xayollar uchun vaqt topilmasdi, biroq endi u shundan boshqasini o‘ylay olmasdi. Hayot qanchalar adolatsiz. Ayol shunday o‘y bilan uyg‘onar va shunday o‘y bilan uyquga ketardi.
Kechqurunlari ishdan horib-charchab qaytgan er xotiniga do‘kondagi ishlari haqida ko‘ngil yozganida ayol faqat qo‘shnisining qurilayotgan imorati haqida so‘zlardi.
– Xuddi shunaqa hammomimiz bo‘lishini istardim, – derdi u bu tilaklar hech qachon amalga oshmasligini o‘ylarkan. So‘ng chuqur uh tortib so‘zlashda davom etardi. – Ayvon ham imoratga yarashib turibdi. Tasavvur qiling: ikkita ayvon! Bizda bittasi ham yo‘q. Kichikroq bo‘lsa ham mayli, atigi bitta ayvonimiz bo‘lsaydi…
Chol indamay bosh chayqab qo‘yardi. U hamisha xotiniga yon bosardi. Qani edi u ham boshqa erkaklar kabi xotinining baxtli yashashi uchun barcha sharoitni yaratib berolsa… qulayliklarga ega uyda yashash qanchalar baxt! To‘g‘ri aytishadi, puli bor otasiga yetti osh bergan ekan. Bechora chol butun umr mehnat qilsa hamki, topgan puli ro‘zg‘ordan ortmasdi. Ayoli ham insofli va diyonatli chiqdi. Boriga shukr qilib, yo‘g‘ida sabr qilib shuncha yil birga yashadi. Undan o‘pkalansa – uyat, nolisa – gunoh bo‘ladi. Sababi, xotini hech qachon o‘zi uchun ortiqcha narsa so‘ramagan va talab ham qilmagan, biroq endi u biroz o‘zgarib qolgan, go‘yo tanasiga boshqa odam joylashib olgandek edi. Har kuni undan bir xil gapni eshitish va unga yon bosish qariyaga malol kela boshlagandi. Chol ayolining ilgari – to‘rt bolasi yonidaligida biror nimadan shikoyat qilib so‘zlaganini hech eslolmadi. Biroz tashvishlardan xoli bo‘lishlari uning bilan ming‘ir-ming‘iri ko‘paydi.
– Dunyoda odamlarning ikki toifasi bor, – deya fikrlardi ayol. – Biri pulni oxirgi chaqalargacha sanaydiganlar, ikkinchisi pulning betiga qaramay ishlatadiganlar. Boy bo‘lganimizda qanday yashashimiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Xotinining savoliga er indamay, miyig‘ida kulib qo‘ya qolardi…
* * *
Nihoyat katta uyning qurilishi bitdi va unga odamlar ko‘chib kelishdi. Ayol keng va yorug‘ xonalarda qimmatbaho jihozlarni qanday joylashtirishlarini hatto tasavvur qilolmasdi.
Yangi uyning xo‘jayinlari unga tanish emasdilar. Qo‘shnilar ko‘chib kelishlari bilan bog‘ barpo qilishga kirishdilar. Ularning yerida bog‘bon tinim bilmay ishlardi. Daraxt soyasida o‘tirib ayol sim to‘siqning narigi tomonida bo‘layotgan ishlarni kuzatardi. To‘siq shunchalar yaqin ediki, go‘yo qo‘l uzatsa hozirgina o‘tqazilgan ko‘chatlar bargiga yetadigandek…
Gullar hali ochilmagan edi. Bog‘bon ko‘chatlarni o‘tqazishdan ilgari yerni yaxshilab tekislab, unga ishlov berdi. Gap-so‘zlarga qaraganda, xonadon bekasi gullarni yaxshi ko‘rarkan. Shu sabab, u bu quruq iqlimda ham gul o‘stirishga astoydil kirishgandi.
Qish keldi. Kechqurunlari kuchli shamol daraxt shoxlarini silkitib, to‘polon qilardi. Go‘yo tashqarida bo‘ron ko‘tarilayotganday tuyulardi. Kunlar ham qisqarib qolgandi. Kun yarmida quyosh kuchsiz nur sochardi va daraxt keng soya yoyib, sukut saqlab qishloq ahlini o‘z mehri bilan siylab turardi.
Bir kuni kechqurun eri uyga har doimgidan-da kechroq qaytdi. Uning tushkun kayfiyatdaligini sezgan xotini:
– Ha tinchlikmi? Nima bo‘ldi? Tobingiz yo‘qmi? – deya so‘radi.
– Belim og‘riyapti, – qisqagina javob qildi u istamaygina.
Chol kechki ovqat mahali ham sukut saqlab o‘tirdi va faqatgina o‘ziga qahva quyayotib:
– Bugun yangi qo‘shni yonimga keldi, – deb og‘iz ochdi.
Ayol tabassum qildi. Qariyalar qo‘shnilari bilan yaqin turishsa-da, qalban ulardan olisda edilar. Sababi “yangi boy”lar bu oilani o‘zlariga teng ko‘rishmasdi.
– Unga nima kerak ekan?
– O‘tqazgan ko‘chatlari va ekkan ekinlari bosh ko‘tarmayotgan ekan. Uning aytishicha, daraxtimizning soyasi bog‘ini quyoshdan to‘sib qo‘yibdi. Baquvvat ildizlari esa yerning kuchini tortib olayotgan emish..
– Oliynasab xotiniga ekkan gullari bizning yuz yillik daraxtimizdan azizroq ko‘rinayotgandir-da. U qadrdon do‘stimizni qo‘porib tashlashimizni so‘rayaptimi?
– Buning uchun hatto pul ham taklif qildi.
– Nima deb javob qildingiz? Uning taklifiga ko‘nmagandirsiz?
– Yo‘q, men unga jo‘yali javob aytmadim, avval sen bilan maslahatlashib olay degandim.
Chol o‘sha paytdayoq bu taklifni rad qilgan bo‘lardi, biroq hamma gapni xotini bilan maslahatlashib olishga o‘rganib qolgani sabab, bu fikr ustun keldi. Chindan ham maslahatlashib olish kerak. Kim biladi, xotini boshqacha fikrda bo‘lishi mumkin axir…
Qariyalar idish-tovoqlarni yuvayotib, (ular bu ishni doim birgalikda qilishardi) bolalari va ularning xatlari haqida so‘zlashdilar. Kechqurun hamma ishlarni tugatib, ular uxlagani hozirlik ko‘rayotganlarida, kutilmaganda ayol:
– Xo‘sh, u qancha berarkin? – deb so‘rab qoldi.
– Bilmadim.
– U pul miqdorini aytmadimi?
– Yo‘q.
Qariya pul miqdorini so‘ramaganligi uchun afsuslandi. Axir bu taklif xotinini qiziqtirib qolishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.
O‘sha kecha ular bu mavzuga boshqa qaytmadilar. Uxlagani yotishganida deraza ortida shimol shamoli ular bu uyga ko‘chib kelgan ilk kechadagi kabi daraxt shoxlarida to‘polon qilayotgandi.
* * *
Erta tongdan ayol daraxt soyasida kir yuvayotib, uning bo‘y-bastiga sinchiklab boqdi. Tonggi yelvizak daraxt barglarini o‘ynardi. Bu tanish ovoz unda xotiralarda ko‘milib yotgan o‘sha shirin, totli, baxtli kunlarini eslatdi. Sho‘xlik qilib qo‘ygan o‘g‘illari onalari beradigan jazodan qutulish maqsadida uning shoxlari orasiga kirib yashirinardilar. Qizlari esa qo‘shiq aytib, kashta tikishardi. Ammo bolalar tez ulg‘ayisharkan. Ulg‘ayishdi-yu bu qishloqdan butunlay ketishdi. Mana u yolg‘iz qoldi. Bir muddat ayolga daraxt bolalaridan ham yaqinroq va qadrliroqdek tuyuldi. Hayotini undan ayro tasavvur qilolmadi. Ammo baribir qiziq. Boy qo‘shnisi bir daraxt uchun qancha berarkin? O‘n ming funt? Balki undan ham ko‘proqdir? Yigirma besh ming funt? Bu endi juda ham ko‘p. Agar u chindan ham shuncha pul miqdorini aytsa. Yigirma besh ming hazilakam pul emas axir. Buncha pulga ro‘zg‘orning barcha kam-ko‘stini to‘g‘rilab, hech bo‘lmaganda bir necha kun tashvishsiz yashasa bo‘ladi. Biroq u qancha berarkin…
Kechqurun ishdan qaytgan er xotiniga shoshib:
– U yana meni ko‘chada to‘xtatib, qanday qarorga kelganimizni so‘radi, – dedi.
– Bu safar unga nima dedingiz?
– Hech nima… shunchaki hali bir qarorga kelmadik, – dedim.
– Qancha berarkan?
– Ellik ming funt.
– Nahotki, bir daraxt uchun ellik ming? Buni qarang-a.
Ayol pul miqdorini eshitib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Bu pulga gilam, yangi va zamonaviy yotoqxona jihozlarini va hatto oshxona buyumlarini, ro‘zg‘orga kerakli barcha ikir-chikir narsalarni sotib olishi mumkinligini chamalab ko‘rdi. Shunda ham pul ortib qolaverdi. Hech nimani o‘ylamay, biror joyga dam olib kelishga borsa bo‘ladi, axir u butun umr qishloqdan tashqariga chiqmadi. Bahavo joylarga dam olishga borgan er-xotinlarning taassurotlarini eshitsa havas qilardi. Ammo o‘zi sira bu haqda orzu qilmagan. Chunki bunga ularning imkoniyati ham yetmasdi. Hech bo‘lmasa umrida bir marta atigi bir haftaga bo‘lsa ham oxirgi chaqalarni sanamay, boshqalar kabi yashashga haqli emasmi ?
– Nima deysiz? – so‘radi u oxiri oraga cho‘kkan sukunatni buzib.
– O‘zing bilasan.
– Taklifini qabul qilsak to‘g‘ri bo‘larmikan?
– Bilmadim
– Ellik ming – hazilakam pul emas…
– Ha.
Ellik ming-a, deya o‘ylardi uyqusizlikdan qiynalayotgan qariya yotog‘i ustida u yoqdan bu yoqqa ag‘anarkan. Pullar qo‘lning kiri. Qanday kelib, qanday ketganini sezmay qolasan odatda. Bu daraxt esa bolaligidan beri bor. Agar uni qo‘porib tashlamasa yana uzoq yillar yashaydi… ular bu daraxtni o‘zlari o‘tqazganlarida ham uning taqdirini hal etishga haqli bo‘lishardi. Axir bunday olganda u ikkisiga ham tegishli emas, biroq shunday bo‘lsa-da, nihoyatda qadrli. Daraxt ular uchun ham qariya, ham yosh yigit. Qariya deb qabul qilganiga sabab, u bu daraxtning yoshligini hech qachon ko‘rmagan. Bolaligida qanday bo‘lsa hozir ham shunday. Yosh yigit deganiga sabab, ular erta-indin o‘lib ketishadi, biroq u yashaydi. Daraxtni shu qishloq odamlari baxtiga ona yer, quyosh nuri ulg‘aytirgan… o‘stirgan… Shuning uchun u yashayapti va yana yashaydi ham… xotini daraxt uchun taklif qilingan pul miqdorini eshitib yosh qizlardek quvondi. Nahotki, uni bunda ayblash mumkin bo‘lsa? Bu pullar u shuncha yil ter to‘kib, ro‘yobga chiqarishga erisholmagan xotinining barcha orzularini ushaltiradi. Shunday ekan, o‘zi hal qila qolsin… agar unga qolsa… hech qachon va hech qaysi pulga qadrdonini sotmagan bo‘lardi.
* * *
Ertasiga ertalab eri ishga ketishi bilan eshik taqilladi. Ayol ostonada badavlat janoblarga xos tarzda bashang kiyingan qo‘shnisini ko‘rdi. Beka uni jihozlari eskirib qolgan mehmonxonaga taklif qildi.
– Men siz bilan daraxt haqida suhbatlashgani keldim, – dedi qo‘shni. – Xo‘jayiningizning aytishicha, hammasi sizga bog‘liq ekan.
– Bo‘lishi mumkin.
– Bir qarorga keldingizmi?
– Bu daraxt anchadan beri bor. Unga ko‘nikib qolganmiz…
– Tushunaman, ammo bu masalaga boshqacha qarash ham mumkin…
Ayol bosh irg‘ab uning fikrini ma’qulladi. Albatta boshqacha qarash ham mumkin. Kecha kun bo‘yi va tong otguniga qadar unga hozir qanchalar kerak bo‘lgan o‘sha ellik ming funt haqida ko‘p o‘yladi. Ammo bu pullar farzandlari soyasi ostida huzurlanib, shoxlarida o‘ynab katta bo‘lgan, qolaversa o‘zi ham yonida qarigan qadrdon daraxtini qurbon qilishga arzimasligini angladi.
– Xonim, bu daraxt siz uchun qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanligini bilamiz. Men va xotinim uning uchun qancha so‘rasangiz shuncha to‘lashga tayyormiz, – deya savdolashayotgan ishbilarmon odamlardek ovoz ohangini o‘zgartirdi erkak. – Biz sizga ellik ming funt taklif qilgandik. Bu miqdorni oshirishingiz ham mumkin.
Pul miqdorini oshirish – bu haqda u o‘ylab ham ko‘rmagandi. Nega endi mumkin emas? Bu odamlarda pul bor. Ellik mingni to‘lay olgan odam undan ko‘proq ham bera oladi.
Erkak qo‘shni ayolning qiyofasidan ikkilanish alomatlarini sezdi va shoshib:
– Mayli, oltmish ming funt, – deya qo‘shib qo‘ydi.
O‘n ming funtni qanchalar oson qo‘shdi-ya! Go‘yo gap o‘n shilling ustida borayotgandek…
– Oltmish ming funt biz kambag‘al odamlar uchun juda katta pul, – deya javob qildi ayol. – Ammo bolalarimiz uyga qaytishganida daraxtni ko‘rishmasa nima deyisharkin?
– Oltmish ming funt bir daraxt uchun yomon narx emas, – dedi qo‘shni. – Bundan tashqari daraxtni kesganingizdan keyin pullashingiz ham mumkin. Menga u kerak emas.
Albatta daraxt ularga kerak emas, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, asosiysi, undan qutulish muhim. U bir muddat yangi xonadon bekasining bog‘da o‘tqazgan gullari ko‘karmayotgani, bu ham yetmaganidek, uning ko‘lankasi hashamatli ayvonini ham to‘sib qo‘ygani uchungina, shuncha yillik qadrdonini har kuni la’natlab, so‘kishini tasavvur qildi. Ha, xotinining tinmaydigan jag‘ini o‘chirish uchun bu erkak qancha bo‘lsa shuncha to‘lashga tayyor… Uning uchun qo‘lini cho‘ntagiga suqish kifoya. Kerakli pulni olib beradi. Bu boylarga bundan oson ish bor ekanmi? Qo‘shni diqqat bilan ayolni kuzatib turdi. Uning hamon ikkilanayotganini va hali u o‘z maqsadiga to‘liq erisholmaganini sezdi.
– Oltmish ming – bu juda ko‘p, – takrorladi erkak. – Keling, yaxshisi oltmish besh mingga to‘xtaymiz!
Ayol butunlay esankirab qoldi. Keyin uning labida mayin tabassum paydo bo‘ldi. Ular bu daraxtni yo‘q qilishni qanchalar istashyapti-a? Ilk marta ayol o‘zida yo‘q pullar, qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan narsalar haqida emas, balki o‘zida bori haqida o‘yladi. Bu fikr unda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi va ko‘zlari baxtiyorlikdan chaqnadi. Pul topiladi va o‘shanda u istagan narsasini sotib olishi mumkin, biroq faqat bu daraxt evaziga emas. U taklifga ko‘ndi ham deylik, ammo bunga daraxtning o‘zi nima derkan? Undan hech kim so‘ramadi-ku, qadrdoni bu ishga rozilik bildirarmikan? Ko‘nmaydi… qolaversa bunga o‘zi ham ko‘nmaydi, to tirik ekan, qadrdonini qo‘porib tashlashlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bolalaridan ham aziz bo‘lib qolgan abadiy yashil daraxt uchun oltmish besh ming ko‘p emas, aslida kam. Chunki u oddiy daraxt emas… U bebaho… Axir ular shuncha yil yonma-yon yashashdi…
– Xonim…
Ayol qat’iy ishonch bilan bosh chayqadi.
– Yo‘q, janob, buning sira iloji yo‘q.
– Istasangiz yana…
– Tushunmayapsiz, janob, gap pulda emas, – dedi ayol qat’iy.
Qo‘shnisi ahmoq emasdi. U bir muddat ayolning yuziga tikilib turdi-da, endi uni ko‘ndirolmasligini tushundi va tortishib o‘tirmay, xayrlashib ortiga qaytdi.
* * *
Kechki ovqat mahali qariyalar oshxonada xira nur sochayotgan chiroq shu’lasi ostida suhbatlashib turishgandi.
– Bugun yangi qo‘shnimiz uyga keldi, – dedi ayol. Er hushyor tortib, xotinining og‘ziga tikildi. – Daraxt uchun oltmish besh ming taklif qildi.
– Qancha? Qancha? Oltmish besh ming… Taklifini qabul qildingmi?
– Yo‘q.
– Nega rozi bo‘lmading? – so‘radi u xotiniga sinovchan nazar tashlarkan.
– Pulga hamma narsani ham sotib ololmasligini tushunishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, bu dunyoda hech nimaning qadri qolmaydi.
U g‘urur bilan so‘zlayotgan xotiniga mehrli nigohlarini qadadi.
– Odam o‘z do‘stlarini sotmasligi kerak. Axir biz shuncha yil birga yashadik… – dedi xotirjam.
Tashqaridan esa qalin daraxt barglarining shamolda shitirlagan tovushi eshitilardi…
Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.