Bir kuni oqshom ko‘ylakka dazmol bosayotgan chog‘im hayotimga o‘zgarish kiritgan muhim voqea sodir bo‘ldi. To‘g‘ri, dabdurustdan xayolimga kelib qolgan fikr oddiy edi, ammo juda boshqacha, kishini o‘ziga tortardi. Erim mehmonxonada televizor tomosha qilib o‘tirardi. Men uning oldiga bordim va xayolimga kelgan gapni aytdim:
– Ijaraga ofis olmasam, bo‘lmaydiganga o‘xshaydi?!
Erimga shunday deyishga dedim-u, bu gap o‘zimga erish tuyuldi. Menga ofis nima uchun kerak, o‘zi? Uyimiz bor, tag‘in keng va shinam, yana deng, derazadan dengiz ham ko‘rinib turadi. Unda barcha sharoit muhayyo: alohida yemakxona, yotoq, hammom va, bordi-yu, do‘stlaring kelib qolsa, chaqchaqlashib o‘tiradigan xona ham bor. Yana-tag‘in, uyim atrofi bog‘. Xullas, joy degani tanqis emas.
Lekin hozir bu yerda meni qiynayotgan narsa butunlay boshqa edi: men yozuvchiman. Yo‘q, bunday desam, o‘zimga bino qo‘ygan bo‘laman, to‘g‘rirog‘i, go‘yo bu rasmiyatchilik uchun, ishonchsizlik bilan aytilganga o‘xshaydi. Yaxshisi, mana bunday deya qolay: men yozishni mashq qilib turaman. Menimcha, shunisi ma’qul. Xullas, men yozuvchi bo‘lishga harakat qilyapman. Hozir aytayotganim oldingilaridan ham o‘tib tushdi. Xuddi men o‘zimni o‘zim kamtar qilib ko‘rsatayotgandayman. Xo‘p, nima dey bo‘lmasa?!
Umuman, hozir gap bular haqida emas, balki yozuvchining ijod qilish jarayoni to‘g‘risida ketyapti. Voqealarni birma-bir bayon qilarkansan, ana shu ajib jarayonda so‘zlar sokinlikdan chiqib, dunyoni ko‘radi. Kishilar ana shu “so‘z”larni samimiyat va mehr bilan qabul qiladi, kimlardir qayg‘uli “so‘z”lardan ko‘zyosh to‘kadi. Yana kimlardir sen to‘qigan baxtli yakundan quvonadi. Shuning o‘zi qanday ajoyib! Bu ijodkor uchun juda yoqimli va qiziqarli jarayon. Aynan nimani yozishingiz masalasi esa qalb amridir. Ijod menga o‘zimni bog‘lab turgan chegaralarning yo‘qolishi, ko‘nglimni chog‘ etish va yana… yana ko‘nglimdagi dard-alamlarimni sokin bir ovoz bilan chiqarish imkoniyatidir. Ana shu ovoz yupatishdan tolsa-da, baribir sira sizdan nolimaydi, ta’na ham qilmaydi, faqatgina “O, bechoragina!” deydi, xolos.
Endi menga nima uchun ofis kerakligini bilib olgandirsiz. Ha, ijod qilish uchun. Erimga ham shunday dedim. Bu gap “chunki” degan izohini eshitish oson bo‘lmagan mavzu ekanini, tag‘in ko‘nglimning ko‘chasiga “qani, marhamat” deya erk bergandek yangraganini o‘zim ham fahmladim. Hamma ham yozish uchun yozuv mashinkasi yoki hech bo‘lmasa qalam, qog‘oz, stol-stul kerak bo‘lishini yaxshi biladi. Umuman olganda, bu jihozlar yotog‘imning bir burchagida turibdi ham. Lekin shunday bo‘lsa-da, hozir men ofisga ehtiyoj sezyapman.
Garchi ijaraga olgan xonamni ijodxona qilgan taqdirimda ham u yerda biror narsani do‘ndirishimga ishonchim komil bo‘lmasa-da, ahdim qat’iy edi. Ehtimol, u yerda o‘tirib olganimcha, mayli, menga yoqmasa ham devorlarga tikilib o‘tirarman. Ijodxona – men uchun tom ma’noda o‘zligimni anglatuvchi go‘sha. Ijodxonaga erishish – mening o‘z oldimga qo‘ygan behad jiddiy maqsadim. O‘z-o‘zidan ma’lumki, erimga bunday balandparvoz gaplarni aytib, izoh berib o‘tirmadim. Umuman, bunday gaplarni aytish niyatim ham yo‘q edi, shu tufayli tushuntirish yo‘li o‘zgartirildi.
Har qalay, uyda erkak kishining ishlashi uchun sharoit yaratilgan bo‘ladi. Ishxonasida bitirolmay qolgan yozuv-chizuvlarini uyga olib kelsa, unga barcha zarur sharoit muhayyo etiladi. Uydagilar uning ishi muhimligini yaxshi tushunadi va xalaqit qilishmaydi. “Jiring-jiring” qilgan telefonga javob bermaydi, uyda nima qayerda ekani undan so‘ralmaydi, yana janjallashayotgan bolalariga qozilik qilishi yoki mushugiga ovqat berishi ham shart bo‘lmaydi. U eshigini ichidan berkitib oladi-da, bemalol ishlayveradi. Ana endi ayni shu holatga onani qo‘yib ko‘raylik: u ishlash uchun xonasining eshigini ichkaridan qulflab oladi. Onasining ichkarida ekanini bilib turgan bolalar bundan vahimaga tushishi aniq-ku. Eri va farzandlarining risoladagiday yashashiga mas’ul bo‘lgan ayol shu harakatlari bilan ularni qiynab qo‘ymaydimi, bu axir hayotning ming yillik an’anayu odatlarini buzish bo‘lmaydimi? Zero, oilada ayolning burch va majburiyatlari erkak kishinikidan tubdan farq qiladi. Axir, ayol oilada ertalab yuvib dazmollangan kiyimlarni egniga ilib ishga ketadigan va oqshom kelib, tayyor ovqatni yeb, joyiga borib uxlaydigan erkak bilan teng emas-ku. Uyni uy qilib ushlab turgan ayol barini qo‘yib, hech narsaga chalg‘imay, butun fikri yodi bilan uyda ijod qilib o‘tira olarmidi?!
(Mening bir odatim bor: nimadir ustida tortishayotgan mahal munosib javob qaytara olmaslikdan cho‘chib, fikrimni obrazli va ta’sirchan iboralar bilan ifodalashga tutinaman. Endigina zamin yuzini ko‘rgan yam-yashil maysalar uzra yomg‘ir shivalagan, xuddi vaqt to‘xtab qolgandek tuyulgan mana shu bahor oqshomida ko‘nglimdagi gaplarni erimga to‘kib soldim-da, dengiz uzra hadsiz mehr bilan yiltirab, o‘ziga chorlayotgan shu’lalarga termulib derazalarni asta ochdim. Nazarimda, uy go‘yo kichrayib, qaytadan yog‘ochu g‘ishtlarga aylanib qolgandek, ular ham mana-mana qulab tushadigandek tuyuldi. Go‘yo men bu uydagi turmushimni shafqatsizlarcha tashlab ketayotgandek, ichim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Hozir erimga bildirgan fikrlarim bema’nilik hisoblanib, rad etilishiga ichimda tayyor tursam-da, erkinlik deya bosh ko‘targanimdan qaltirab turgan bo‘lsam-da, ammo baribir hayotimda qat’iy qadam tashlaganimdan o‘zimni kuchli, kishanlardan xalos bo‘lgandek his etdim. Birozdan so‘ng vujudimdagi bu bezovtalik barham topdi: menga rozilik berildi.)
– Agar birorta arzonroq joy topsang, marhamat, – bari aytgan so‘zlarimga erimdan bor-yo‘g‘i shu bir jumla javob bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdiki, erimga bu niyatim yoqmadi, shu on mening ohu zorimni eshitib o‘tirishga toqati yo‘q edi. Nima ham derdim, bu qalbi kitobga oshno bo‘lmagan insonning munosabati-da. Ijaraga ijodxona olganimdan keyin yozuvchilik faoliyatim qanday davom etadi, davom etadimi o‘zi – unga bularning qizig‘i ham yo‘q edi.
Hatto mening o‘zim ham vaqt o‘tib, yozuvchi sifatida nom chiqaraman deb o‘ylamasdim. Balki o‘sha paytda bu menga erishib bo‘lmas orzudek tuyulgandir. Men, qaniydi, mo‘ynali paltom, olmosli zanjirim bo‘lsa, deb o‘ylay olaman-ku. Balki, bu taqinchoqlar ayol kishi erishsa bo‘ladigan buyumlar bo‘lgani uchun bemalol orzu qilgandirman. Bolalarim bu qarorimni amalga oshishi mushkul gapdek e’tiborsizlik bilan qabul qilishdi. Oila a’zolarimning ishonchsiz munosabatiga qaramay ishga kirishdim: uyimizdan ikki uy naridagi savdo-sotiq markaziga yo‘l oldim. Bir necha oydan buyon u yerdagi dorixona va pardozxona joylashgan binoning yuqori qavati derazalariga ilingan “Ijaraga beriladi” degan e’lonning menga qanday bog‘liq joyi borligini tushunolmay, negadir o‘sha joyni doimo kuzatib yurar edim. Hozir shu binoning birinchi qavatidan yuqoriga chiqib borar ekanman, nazarimda, bu ishni hech qachon amalga oshirib bo‘lmaydigandek tuyuldi. Shubhasiz, ijara oldi-berdisi, tag‘in ofislar masalasida mo‘may daromad degani edi. Tag‘in bu – shunday e’longa ko‘zingiz tushgach, u yerning eshigini qoqqaningizda “Mana, marhamat, shu joy sizni kutib turgan edi” qabilidagi javobni eshitasiz, degani emas. Ijaraga joy olishni niyat qilgan odamning aniq bir rejasi bo‘lishi kerak-da. Ijaraga berayotganlar ham anoyi emas, maqsadlari pul ishlash bo‘lsa.
Shunday qilib, eshigini taqillatishim kerak bo‘lgan xonodonga kelganimda bunga hojat ham qolmadi. Bo‘sh ofislardan birining eshigi ochilib, qo‘lidagi changyutgichini oyog‘iga suyab bir ayol chiqib keldi-da, xolldan o‘tib kiriladigan, binoning orqa tomoniga qaragan eshigi ochiq katta xona tomon ketdi. Ayol eri bilan shu uyda yashar ekan. Ular binoning egalari edilar. Mollilar oilasi binodagi xonalarni ijaraga berish bilan shug‘ullanardilar. Men ayolga ijaraga xona olmoqchiman, dedim. U hozirgina tozalab chiqqan xonalar tish do‘xtirlari uchun mo‘ljallanganini aytgach, u yerga kirib o‘tirmadim. So‘ng ayol menga boshqa xonani ko‘rsatadigan bo‘ldi. Missis Molli meni ko‘rib, to‘xtab qoldi, changyutgichini hali xonasiga olib kirishga ham ulgurmagandi. Changyutgichni joyiga olib kirib qo‘yay, bo‘sh xonaning kalitini olib chiqaman, dedi, meni ham ichkariga taklif qildi va bemalol kiraverishimni, bezovta qilishim mumkin bo‘lgan hech kim yo‘qligini qo‘shib qo‘ydi.
Qora sochli bu missis Molli, ehtimol, qirq yoshlarida jozibali ayol bo‘lgandir. Uning ayolligini eslatib turuvchi nomiga surilgan qip-qizil lab bo‘yog‘i, pushtirang jun shippak, nazokat bilan o‘zini mag‘rur tutishi – shu jihatlari bilan kishini haliyam biroz o‘ziga jalb qilardi. Ruhi siniq, hayotning achchiq-chuchugini ko‘p totgan, jonsarak ko‘rinardi. Bu esa sal narsaga kaltaklayveradigan, badjahl va ichkilikboz odam bilan umrini o‘tkazganidan dalolat berib turardi. Men dastlab ko‘rganimdayoq ayolning qanday kunlarni boshidan kechirganini sezgan bo‘lsam-da, o‘zimni hech bir narsadan xabari yo‘q odamdek tutdim, albatta. Shunday er bilan yashab, yana qo‘shimcha tashvish orttirmay deb bola ko‘rishni ham istamagan bo‘lsa kerak, degan xayolga ham bordim. Ha, yanglishmabman, chindan ham, uning farzandi yo‘q ekan.
Menga ko‘rsatilgan xona mehmonxona bilan ofisning qorishmasi ekani shundoq ko‘rinib turardi. Ichkari kirishim bilan dastlab ko‘zimga tashlangan narsalar – XV–XVII asrlarga mansub katta ispan dengiz kemasi va yana sal mo‘jazroq qadimiy kema maketlari, stol ustida qirolicha Mariya byusti, enli deraza rafi va televizor bo‘ldi. Kema maketlaridan ortgan joylarga gulli gultuvaklar qo‘yilgan, qolgan joylarda esa xitoycha uslubda yasalgan bug‘u kallasi, birinj otlar va katta-katta yaltiroq tamakidonlar qalashib yotardi. Devorga suratlar va allaqanday diplomlar ilib tashlangan edi. Suratlardan biridan jingala jaydari it bilan buldog erkak va ayol libosida qarab turardi (itlarga bunday ortiqcha mehr-oqibat odamning ensasini qotirar ekan). Surat ostida shunday bitik bitilibdi: “Qadrdon do‘stlar”. Ana shu aralash-quralash ashyolar orasida zarhal ramkaga solingan bir portret yarq etib ajralib turar edi. Bu yozuv stolida o‘tirgan, qora kostyum-shimli, aftidan, avji ish faoliyati gullab-yashnagan, o‘rta yoshlardagi, oq-sariqdan kelgan, sarg‘ish soch, istarasi issiq odamning portreti edi. Menga portretning bu xona devoriga ilinishi nomutanosib tuyuldi. O‘zi notanish odam bo‘lsa, o‘zicha kimgadir nimanidir isbotlash uchun ijaraga beriladigan joyga portretini osib o‘tirsa… bu hol portret egasiga begona kishi uchun g‘alati ko‘rinishi aniq. “Xo‘sh, nima qipti, men o‘zi shunaqaman” qabilida ish tutish, faqat o‘zinikini to‘g‘ri hisoblab, ko‘ngliga kelganini qilish – borib turgan tentaklikdir.
Menga nima, bu Mollilarning ishi bo‘lsa. Garchi bu joy shifokorlar uchun mo‘ljallanib ikkiga ajratilgan va menga keragidan ham kattalik qilsa-da, baribir, kirganimga hech qancha o‘tmay xona menga yoqib qoldi.
– Bir vaqtlar bu yerni xiropraktor1 ijaraga olgan edi, – dedi missis Molli negadir afsus bilan, – biroq u ketgan, – qo‘shib qo‘ydi bu mavzuda ortiq gapirgisi kelmay.
Devorlar ko‘zni qamashtirib yuboradigan kulrang aralash oq tusda edi. Ayni vaqtda bu xonaga talabgor birorta shifokor chiqmagani va missis Mollining o‘zi bir qancha vaqtdan buyon xona bo‘sh turganini yashirmaganini inobatga olib, men bir oyga yigirma besh dollar ijara haqini taklif qildim. Missis Molli buni eri hal qilishini aytdi.
Kelgusi safar kelganimda ularga taklifim ma’qul tushganini bildim, shunda men mister Molli bilan yuzma-yuz ko‘rishdim. O‘tgan safar xotiniga aytganimdek, unga ham men ofis sifatida ijaraga olayotgan xonada doimo bo‘lmasligimni, balki dam olish kunlari, ora-sira oqshom paytlari kelishimni tushuntirdim. Mister Molli xonani asli nima maqsadda ijaraga olayotganim bilan qiziqdi, garchi uning bu savoliga javob bergim kelmasa-da, lekin javob qaytarishga majburligimdan, stenografiya bilan shug‘ullanaman, deb qo‘ya qoldim. Mister Molli javobimdan xursand bo‘ldi, qiziqib, yana meni so‘roqqa tutdi:
– E, siz hali yozuvchimisiz?
– Ha, shunday.
– Unday bo‘lsa, sizga qo‘limizdan kelgan barcha sharoitni muhayyo qilib beramiz, – dedi u ochiq chehra bilan. – Men o‘zim hobbilarga mukkasidan ketgan odamman. Mana shu kema maketlarini ham o‘zim yasaganman. O‘zingga yoqadigan mashg‘ulot bilan shug‘ullanish toliqqan asablarga huzur bag‘ishlaydi. Odamlar asablarini asrash uchun birorta narsa bilan mashg‘ul bo‘lganlari durust. Mana, siz ham hobbi ketidan quvadiganlardan ekansiz.
– Xuddi shunday, – deb javob berdim uning gaplarini ma’qullab. Mening shuncha harakatlarimni shunchaki hobbi deb tushunganidan yengil tortdim.
“Bolalaringizga kim qaraydi, mabodo bunga eringiz qarshilik qilmaydimi?” deya so‘raydimi, deb kutgandim, yo‘q, xayriyat, indamadi. Ko‘z oldimda turgan mister Molli portretdagi mister Mollidan ancha farq qilar edi. Oradan o‘tgan o‘n, ehtimol, o‘n besh yil bu odamni ancha muloyimlashtirib qo‘ygani ko‘rinib turardi. Mister Mollining oyoq va bo‘ksalari shu qadar beo‘xshov semirib ketganidan hansirar, qorni shishib turgan par yostiqdek qappaygan, homilador ayollarga o‘xshash harakatlari ham sust edi. Endi uning sochlariga oq oralagan, ko‘zlari xiralashgan, yuziga ajin tushgan, yoshlikdagi cho‘rtkesarligi ezmalikka aylangan edi. Men unga ortiq e’tibor qilmadim. Zotan, bu xonani odamlarning tabiatini o‘rganish uchun ijaraga olayotganim yo‘q.
Shunday qilib, hafta oxirida menga rozilik bergan oilamning yordamisiz ofisimga ko‘chdim. Bu yerga yozuv mashinkamni, g‘ildirakli stolini, stul, yana ixchamgina yog‘ochli stolcha ham olib keldim; bu stolchaga plita, chovgum, bir shisha qahva, qoshiqcha va sariq finjon qo‘yishni mo‘ljalladim. Bor budim shulargina edi. Xonam devorlariga hech nima qoqilmaganidan, keltirgan arzimas buyumlarimdan butunlay qoniqqan edim: bular tinimsiz chang artib, yig‘ishtiraverishga zarurat tug‘dirmas edi.
Bunday kamtarona manzara mister Molliga ma’qul kelmadi. Men narsalarimni joylab bo‘lganimdan hech qancha o‘tmay, u eshikni taqillatdi. Ayrim narsalarga oydinlik kiritib olish niyatida ekan. Xona qorong‘ilik qilmayaptimi, tashqaridan yetarlicha yorug‘lik tushayaptimi, xonaning harorati mo‘tadilmi, derazalar ustidagi jajji soyabon tomlar quyoshdan yaxshi pana qilyaptimi – meni mutlaqo qiziqtirmaydigan mana shunaqa mayda-chuydalarni oydinlashtirib olmoqchi ekan. Yana buyam kamlik qilganday, barcha narsalarga o‘ychan qarab chiqdi-da, fikrini aytdi: bunday sharoit mendayin lediga munosib emasmish.
– Aksincha, bu joy menga juda ma’qul, – dedim unga. Shu javobim bilan uni tinchlantirdim, deb o‘yladim va endi xonadan chiqib ketar deb umid qildim.
Men, albatta, unga ko‘nglimdagi gapni aytmadim. O‘zi, shunday noqulay vaziyatlarga duch kelib qolsam, jinim suymagan odamlar bilan gapni qisqa qilish uchun hamisha shunday yo‘l tutaman. Ba’zida xushmuomalalik bilan izzatini joyiga qo‘ysam, bundaylardan tezroq qutulaman, degan anoyilarcha umidga ham berilaman.
– Ilhom kelishini poylab turganingizda, yumshoqqina kresloda o‘tirishga nima deysiz? Birinchi qavatda o‘tgan yil onam vafot etganidan keyin qolgan kreslolar yotibdi, istaganingizni tanlab olsangiz bo‘ladi. Uyning bir burchagida hech kimga nafi tegmay qancha gilamlar ham uyilib yotibdi. Biz xonangizga gilamlardan bittasini olib chiqib, to‘shab qo‘ysak ham bo‘ladi, shunda o‘zingizni uyingizda yurgandek his etasiz.
– Ovora bo‘lmang, – dedim, – bu joy menga qanday bo‘lsa, shundayligicha yoqyapti, gapim rost.
– Agar siz derazalarga parda ilaylik, desangiz, mayli, olib beraman. Bu xona uchun yorqin ranglar kerak, bunday diqqinafas xonada o‘tiraverib siqilib ketasizmi, deb qo‘rqayapman.
– O, aslo, – dedim men kulib, – ishonchim komil, bunday bo‘lmaydi.
– Agar siz erkak kishi bo‘lganingizdayam boshqa gap edi, lekin siz ayolsiz. Ayollar qulaylikni yaxshi ko‘radi.
Axiyri o‘rnimdan turib, deraza oldiga bordim. Derazaning tashqi tomonidan tutilgan gorizontal qavatli ochilib-yopiladigan yelim panjaradan pastga, shanba kunidagi bo‘m-bo‘sh ko‘chalarga termildim. Xayolimda uning lo‘ppi yuziga qarab zahar sochishdan o‘zimni tiyib, qanday qilib vazminlik bilan javob bersamikin, deb tursam-da, tilim qursin, ichimdagini sirtimga chiqarib yubordi:
– Mister Molli, iltimos, bunday narsalar bilan meni boshqa bezovta qilmasangiz. Bu sharoit meni qoniqtiradi, deb sizga aytdim-ku, axir. Menga nimaiki zarur bo‘lsa, bari yetarli. Yorug‘lik haqida qayg‘urganingiz uchun rahmat.
Lekin natija men kutganimday bo‘lib chiqmadi, u meni yaxshigina uyaltirdi:
– Tabiiy, sizga xalal berishni xayolimga ham keltirganim yo‘q, – javob qaytardi mister Molli dangal, ovozida xafagarchilikdan asar ham yo‘q edi. – Bu gaplarni faqat sizning foydangizni ko‘zlab gapirdim, xolos. O‘rningizda bo‘lganimda, axir menga qulaylik yaratib berishyapti-ku, deb indamay xonadan chiqib turgan bo‘lardim.
Mister Molli chiqib ketgandan so‘ng o‘zimni ancha yaxshi his qildim. U gapning indallosini aytib, meni uyaltirganiga qaramay, erishgan g‘alabamdan xursand edim. “Hozir u bilan chaqchaqlashib o‘tirib, keyin ertaga undan qutulolmay, boshimga balo orttirganimdan ko‘ra hozirdanoq vaqtimni olishlarini suymasligini bildirib qo‘yganim ma’qul”, dedim o‘zimga o‘zim.
Kelgusi hafta eshigim tag‘in taqilladi. Ochsam, ostonada yana mister Molli turibdi. Xuddi meni mazax qilayotgandek, o‘zini bechoraga solib olibdi; ehtimol, rol o‘ynamayotgandir, lekin endi bunga ishonarmidim.
– Tashvish chekmang, men sira vaqtingizni olmoqchi emasman, – dedi. – Aslida sizga qiyinchilik tug‘dirish niyatim yo‘q edi. O‘tgan safar sizni ranjitib qo‘yganim uchun uzr so‘ray deb keldim, xolos. Meni kechiring. Qabul qilsangiz, aybimni yuvish uchun sizga arzimas bir sovg‘a olib kelgandim.
U xonaga men nomini ham bilmaydigan allaqanday gul ko‘tarib kirdi. Pushti va oq zar qog‘ozlar bilan qalin qilib o‘ralgan tuvakdagi gulning zich o‘sgan barglari yaltirab turar edi.
– Manavi yerga qo‘yib qo‘yamiz, – dedi u gulni xona burchagiga olib borib. Menga ham gul uchun shu joy ma’qul ko‘rindi. – Oramizda hech qanday dilgirlik bo‘lishi kerak emas. To‘g‘ri, o‘sha kuni ayb mendan o‘tdi. Mayli, xona jihozlanishini xohlamasa-xohlamas, keyin o‘yladim o‘zimcha, biroq gul noqulaylik tug‘dirmas. Aksincha, gul ilhom bag‘ishlaydi.
Qaniydi, shu dam yurak yutib: “Menga gul mutlaqo kerak emas!” deya olsam. Chunki negadir xonaki gullarni xushlamayman. U menga gulni qanday parvarish qilish, necha kunda suv quyish, xullas, shularni o‘rgatdi. Tabiiyki, men unga tashakkurimni aytdim. Ha, ayni vaziyatda uning hadyasi, ezmalangan uzrxohligidan ko‘nglim ozib, bazo‘r tingladim va rahmat aytdim. Nima qilay, boshqa ilojim ham qolmagandi-da. Mister Molli yana boshqatdan, meni ma’zur tuting, qalbingizga ozor berdim, kabi ezma gaplari bilan suhbatni ulashga tushdi. Biroq men darhol hayotimda o‘tgan xoh yaxshi, xoh yomon voqealarni hadeb eslayvermasligimni aytib, uning og‘ziga urdim. To‘g‘ri-da, men unga kim bo‘libmanki, u mening “qalbimga ozor bergan” bo‘lsa. Shunday xayol qilib o‘tirarkanman, yuragim siqildi: endi xirapashsha mana shu mister Mollidan qanday qilib qutularkinman-a.
– Ishlaringiz siljib qolgandir? – so‘radi u o‘rtadagi ko‘ngilsizlikni unutib.
– Ha, ketyapti.
– Shunday deng, mayli… Ha-ya, mabodo yozay deganingizda g‘oya tugab qolsa, menga murojaat qilavering. Menda g‘oya deganingiz g‘ij-g‘ij. – U jim bo‘lib qoldi. – Qarang-a, sizning vaqtingizni olyapman, – dedi yasama achinish bilan.
Bu gapni shunchaki o‘smoqchilab aytdi va mendan kutgan javobini ololmadi. Burchakni butunlay egallab olgan gulga qarab miyig‘imda kuldim, bu – uning oxirgi jumlasini tasdiqlaganim edi.
Hozir bu xonani sizdan oldin ijaraga olgan xiropraktor yigit xayolimga keldi. U haqda kitob yozsangiz ham bo‘ladi.
Qo‘limdagi kalitni o‘ynashdan to‘xtab, uning gaplarini tinglashga tutindim. Jur’atsizlik tabiatimdagi katta qusurlardan edi. Qiziquvchanlikka kelsak, bu endi mutlaqo boshqa masala.
– O‘sha yigitning qo‘li gul ekan deng, mana shu xonada katta ishlar qildi. Javonga bilimini oshiradigan kitoblarni taxlashdan ko‘ra bu joyni o‘zicha o‘zgartirishni ma’qul ko‘rdi. O‘zgartirganda ham o‘ng-chapiga qaramay o‘zgartirgan. Men u joylashgandan ancha keyin kirdim. O‘shanda qanday manzaraning ustidan chiqqanman, bilasizmi? Xonaning ovoz o‘tkazmaydigan qoplama bilan o‘rab chiqilganiga hayratda qolganman! Butun devor ovoz o‘tkazmaydigan qoplama bilan o‘rab chiqilibdi-ya. Tag‘in buni hech kimning yordamisiz, yolg‘iz o‘zi uddalaganini aytmaysizmi. Siz hikoyalaringizni yozib o‘tirgan mana shu xonani-ya. Biz buni qanday bilib qoldik, deng. Bir kuni notanish xonim eshigimni taqillatdi. Xonim mening kalitim bilan xiropraktor eshigini ochib berishimni so‘radi. So‘rasam, u eshigini ochmayapti, deydi. Men bo‘lsam vaqtida xiropraktorimiz bu xonimni davolagandir, ayol qayta davolanmoqchidir, deb taxmin qilib o‘tiribman. Xonimning ayni yetilgan, durkun vaqti deng, shifokor yigitimizning ham ayni qirchillama payti. Gap qayoqqa borayotganini o‘zingiz ilg‘agandirsiz. Tag‘in, u yigitning yoshgina ajoyib xotini, ko‘rsangiz suqingiz kiradigan ikki farzandi bor-a. Nafsi buzuq odamlar bu dunyoda ayshini ana shunday surib yuraverar ekan-da.
Menga, mister Molli bu voqeani shunchaki g‘iybat uchun emas, balki yozuvchi bunday gaplarni eshitishga juda ishtiyoqmand, deya o‘ylab aytib berganini birmuncha vaqtdan so‘ng angladim. Yozuvchilik deganda erkak bilan ayol o‘rtasidagi nozik munosabatlarni tasavvur qiladi, shekilli. Garchi bu hatto e’tibor berishga ham arzimaydigan o‘ta jo‘n fikr bo‘lsa-da, yana bunda yoshlikni qo‘msash sezilib tursa-da, baribir bu hol menga, hozir zoye ketayotgan vaqtlaring uchun isyon qilsang-chi, degandek bo‘lardi. Lekin hozirdan ko‘ra ertani o‘ylab tilni tiyish zarurligini yaxshi tushunar edim. Bir achchiq gap bilan manavi misterning tanobini tortib qo‘yaman, deb yo‘l tutishim ayni damda katta xatolikka yo‘l qo‘yganim bo‘lar edi.
Bu hafta menga choynak hadya qilindi. Ishlayotganimda faqat qahva ichishimni, yaxshisi, buni missis Molli olgani ma’qul, deb turib oldim. Gapni qarang, asabiy odamlar uchun qahvadan ko‘ra choy foydaliroq emish va men mister Molliga o‘xshagan asabi chatoq inson ekanman. Atirgullar rasmi chekilgan, yaltiroq zarlar bilan zeb berib ishlangan choynak juda xunukligiga qaramay, baribir qimmatbaholigi bilinib turardi. Yana noiloj qolib, choynakni oldim va uni stolim ustiga qo‘ydim. Keyin nima qilarimni bilmay, xonamning burchagini egallab yotgan gulning barglari changini tozalashga tushdim. Yo‘q, u xonamda bo‘lsa, qanday qilib yozaman? Yana hotamtoy mister Molli mayda-chuyda yengil chiqindilarni tashlash uchun ichi va sirtiga xitoycha bitiklar bitilgan ajoyib idish berdi. Tag‘in kreslom uchun teshik-teshik yumshoq rezina yostiqcha ham olib keldi. Mana shu saxovat orqasidan unga meni ishlagani qo‘ying, deb shartta gapirolmayotganim uchun o‘zimdan o‘zim nafratlanib ketdim. Bu sermulozamat kushandaning yuziga eshikni yopib qo‘ya olmayotganim uchun, ijodxonamga kirishiga yo‘l qo‘yayotganim uchun bezovta bo‘lardim, uni ko‘rishga ko‘zim, otishga o‘qim yo‘q edi. O‘z navbatida, mister Mollidek odam ham mana shu shaqir-shuqurlari bilan mening toqatimga tovon to‘layotgani va faqatgina gaplarini tinglab o‘tirishim uchun shuncha ter to‘kayotganidan ham mendan nafratlanayotgani turgan gap edi.
Mana, endi u menga o‘z hayotini hikoya qila boshladi va, qarabsizki, shu bilan yana xonamda qoldi. Bundan maqsadi aytib berganlarimni axiri bir kun kitob qilar, degan ilinjda bo‘lgani ravshan edi. Ehtimol, huda-behudaga yuzlab odamlarga o‘z hayot qissasini gapirib chiqqandir. Mayli, bularni yozishimga ko‘zi yetmas, ammo bu safargi bayon o‘zgacha ruh bilan badiiy talqin etildi. Aksariyat insonlardan farqli o‘laroq uning peshonasiga musibatlar izma-iz bitilgan ekan. Omad yuz o‘girib, ishlari orqaga ketganda birodarlari uni tashlab ketgan ekan. U sidqidildan yordam qo‘lini cho‘zgan, hamisha qo‘llab-quvvatlab kelgan do‘stlari bo‘lsa, eh, ular unga xiyonat qilgan ekan. Boshida tegirmon toshi yurgizilgan o‘sha og‘ir damlarda kimlar deng, o‘zi biror marta bo‘lsin, ko‘rmagan, tag‘in uni mutlaqo tanimagan odamlar koriga yaragan ekan. Mana shu jabru sitamlar tufayli ham uning umri ming bir qiyinchiliklar ichida o‘tgan ekan. Yana deng, bu musibatlar uning jufti haloliga o‘z asoratlarini qoldirmay qo‘ymabdi: sog‘lig‘idan putur ketibdi, asablari tamom bo‘libdi. Xo‘sh, u qanday qilib shunday ko‘rgiliklarni ortda qoldirib, mana shunday dorilamon kunlariga yetib kelibdi?
– Bu jumboqning yechimiga siz o‘z ko‘zlaringiz bilan shohid bo‘lib turibsiz, – dedi va qo‘llarini tepaga ko‘tarib ishora qildi. – Ha, nimaiki bo‘lmasin, men hayotning shafqatsiz sinovlaridan o‘ta oldim.
Mister Molli zo‘r umid bilan o‘zini tasdiqlashimni kutib, menga qarab turardi, afsuski, bunday bo‘lmadi.
Bu hafta kelganimda zinalardan oyog‘imning uchida, ohista yurib chiqdim, eshikni ochayotganda ham kalitni avaylab buradim. Xo‘p, endi, yozuv mashinkang chiqillab, egam keldi, deb ovozini chiqarib tursa, kimdir shu tobda bu ehtiyotkorliging kimga kerak desa-chi?! Mashinkada emas, qo‘lda yozsammikan, deb bosh qotirdim, anovi xiropraktordek devorlarga ovoz o‘tkazmaydigan qoplama qoplasammikan, deb xayol qildim. O‘zimni boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek his etib, axir biror fikr chiqar, deya erimga yorildim. “Shu ham muammo bo‘ldi-yu”, degandek, erim shunday yechim taklif etdi:
– Kechirasiz, hozir band edim, de, bo‘ldi, – aql o‘rgatdi.
– Hamma gap ham shunda-da! Doim qo‘lida biror sovg‘a bo‘ladi. Yo bo‘lmasam, allaqanday bahona bilan kelib, eshigimni taqillatadi, keyin hol-ahvol so‘raydi. Men unga gapni qisqa qilib, hozir vaqtim yo‘q, yozayotgan edim, deb suhbatlashish mavridi emasligini oshkora bildiraman. Qani endi, o‘sha Molliga gap ta’sir qilsa. Fig‘onimni chiqarib, xonangizga birrov kirsam degandim, uncha vaqtingizni olmayman, deydi bezbetlarcha. U hamisha xayolimdan o‘tayotgan gaplarni, tag‘in ijodxonamga kirib kelmasin-da, ishiqilib, deb qo‘rqib turishimni ham biladi. Bilib turadi-yu, baribir yuzingda ko‘zing bormi, demay bostirib kelaveradi.
Bir kuni qorong‘i bo‘lguncha ishlab, uyga qaytdim. Qarasam, pochtadan jo‘nataman, deb yozib qo‘ygan xatimni ofisda qoldiribman, uni olib kelish uchun ortimga qaytdim. Mollilar ko‘chasiga yetib borganimda, derazadan ijodxonam chirog‘i yoniq turganiga ko‘zim tushdi. Yana deng, mister Molli mashinkam ustiga egilib olgan edi. Demak, u kechalari kirib, yozganlarimni doim mana shunaqa qilib o‘qib yurgan! U oyoq tovushlarimdan kelayotganimni bildi, chunki men xonaga kirganimda u o‘zi bergan savatchaning ichini bo‘shatayotgan edi. Qaranglar-a, bu kishim xonani men uchun saranjomlab qo‘yayotgan ekan. O‘sha safar boshimni qotirmay, darhol chiqib ketdi. Unga hech narsa demadim. Unga biror nima demadim-u, ammo g‘azabdan titrab ketdim. Lekin shu chog‘ ichimda mamnuniyat his qildim. Axir, bu mister Molli deganlarini shunday voqea ustida ushlash – shu qilmishi tufayli yuziga eshikni tars yopib qo‘yishim uchun zo‘r imkoniyat paydo bo‘lgan edi.
Shunday qilib, kelgusi hafta eshik ichidan qulflab oldim. Biroz o‘tib, mister Mollining oyoq tovushlari, so‘ngra eshikning ohista, taqillashi eshitildi. Men hech narsa eshitmayotgandek, mashinkamda chiqillatib yozib o‘tiraverdim, ora-sira to‘xtab ham qo‘yardim. Shuning uchun mister Molli men eshik taqillaganini eshitganimni bildi. Eshik ochilavermagach, oxiri meni chaqirdi. Biroq men javob bermasdan indamay o‘tiraverdim. Aslida bunday bezbetlikka chiday olmasdim, nima qilay, joyimdan jilmay o‘tiraverdim. Shu kuni, xayriyat-e, dunyoda quyoshning issiq tafti ham bor ekan-ku, dedim: nihoyat ijodxonamda asabim buzilmay, bamaylixotir ishlashga muyassar bo‘ldim.
Ammo buning oqibati keyin qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Ishlarimni yakunlab, endi eshikni qulflamoqchi edim, shunda eshikka yopishtirilgan, mister Molliga bir uchrashib ketsam, boshi ko‘kka yetishi yozilgan qog‘ozga ko‘zim tushdi. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, shu bilan bunga nuqta qo‘ya qolay, deb uning xonasiga yo‘l oldim. Borsam, u stol yonida, o‘zi maxsus almashtirgan chiroqning xira nurida o‘tirgan ekan. Eshikdan kirmasimdanoq, go‘yo men uning arpasini xom o‘rgandek, qovog‘ini uyib, chimirildi, so‘ng gapini yozuvchiligimni bilib, meni ijaraga qo‘yganidan boshladi.
– Sizga aytsam, yozuvchi va san’atkorlar qanday toifa odamlar bo‘lishini ko‘p va xo‘p eshitganman. Albatta, bunday odamlarga aslo rag‘batim bo‘lmagan. Lekin men shunga qaramay, Molli, hamma bir xil emas-ku, deb sizga xona berdim. Ha-ya, ularning qandayligini o‘zingiz ham bilasiz.
Ochig‘i, gap nima haqida ketayotganini anglolmay qoldim.
– O‘zingiz mening huzurimga kelib, mister Molli, ijod qilishim uchun ijaraga xona olmoqchiman, dedingiz. Men esa so‘zlaringizga ishonib, mana sizga xona, mana barcha sharoit, dedim. Mana, men ana shunday odamman. Biroq siz shunga munosib yo‘l tutmadingiz. Hozir meni qattiq o‘ylantirayotgan, aniqrog‘i, lol qoldirayotgan ishni o‘zingiz ham sezib turibsiz.
– Nima lol qoldiryapti? – so‘radim men.
– Meni sizning xatti-harakatlaringiz hayron qoldiryapti. Eshikni ichidan qulflab olib, taqillatishsa, ochmasligingiz, bir o‘ylab ko‘ring-chi, o‘ziga to‘g‘ri odamning ishimikan? Agar ichkarida yashiradigan holat bo‘lmasa, albatta. Erim, bolalarim bor, degan xurlik ayol ijaraga ofis olib, mashinka chiqillatib o‘tirishi to‘g‘rimi?
– Siz mening xayolimga ham kelmagan…
U qo‘lini ko‘tarib, to‘xtang-to‘xtang, deya ishora qildi.
– Endi asosiy gapga yetib keldik, sizdan so‘ralayotgan birgina iltimosim, men bilan to‘g‘riso‘z bo‘lib, hech narsani yashirmasangiz. Menimcha, kamina bunday ishonchga ancha-muncha munosibman. Siz ofisdan o‘zga bir maqsadda foydalanayapsizmi yoki bu boshqalardan sir tutilishi kerakmi, do‘stlaringiz yoki, umuman, kim bo‘lishidan qat’i nazar, birortasi sizni ko‘rishga kelayaptimi?! Men shulardan voqif bo‘lib turay, ma’qulmi?
– Tushunmadim, siz nimani nazarda tutyapsiz?
– Sizning yozuvchiman, degan da’vongiz esa keyingi masala. Men gazeta jurnallarni ko‘p o‘qiyman, lekin buni qarangki, sizning ismi-sharifingizga ko‘zim tushmagan ekan. Balki, hikoyalaringizni boshqa nomda chiqararsiz?
– Yo‘q, – javob berdim men.
– To‘g‘ri, men hali nomini ham eshitmagan yozuvchilar bor, albatta, – dedi muloyimlashib. – Mayli, buni qo‘yaylik. Hozir siz menga boshqa firib bermaslikka, egallab turgan ofisingizda ayol kishining sha’niga nomunosib ishlar bilan shug‘ullanmaslikka vijdonan so‘z bersangiz.
Nimalar deb aljirayapti bu odam? Yo‘q, qandayligi peshonasiga yozib qo‘yilgan shu odamdan ahmoq bo‘lib, qanaqa aqlli gap kutib o‘tirdim o‘zi? Yo‘q, endi bunisi hammasidan ham oshib tushdi. Uning quyushqondan chiqib, gapirgan gapi qonimni qaynatib yubordi. Hoziroq o‘rnimdan turib, bu yerdan chiqib ketmasam bo‘lmaydi!
Xolldan yurib o‘tarkanman, u ortimdan vaysaganicha qoldi. Men uning oldidan jahldan bo‘g‘ilib, ofisi boshida qolsin, ketaman, deb chiqib ketdim. Biroq mana, hozir ijodxonamda o‘tirib, oldimda sevimli ishimni ko‘rib, bu xona men uchun qanchalik qadrli ekanini, bu yerda ilhom bilan ishlaganimni anglab yetdim. Angladim-u, endi yutqazmaslikka ahd qildim. Nihoyat, o‘rtamizda nizodan boshqa narsa qolmadi. Men bemalol eshikni qulfladim, uning eshikka yopishtirib ketgan “xat”lariga e’tibor bermaslikni ham epladim hamda yuzma-yuz kelganda begonaday indamay o‘tib ketish ham qo‘limdan keldi. Ijara haqini bo‘lsa ortiqcha to‘ladim va menga agar oyning oxiriga yetmay chiqib ketadigan bo‘lsam, to‘lagan pulimdan bir tsent ham qaytarib berilmasligi aytildi. Bunga qarshilik qilmadim. Endi mister Molli o‘qimasin deb har kuni qo‘lyozmalarimni uyga olib ketadigan bo‘ldim. Ana shu ehtiyotkorligim menga pand berganga o‘xshaydi. Mayli, shu o‘qisa o‘qiyversin edi, qorong‘ida timirskilanib yurgan sichqon bilan nimadir o‘zgarib qolarmidi?
Bundan so‘ng eshigimga yopishtirilgan qaydlarga bir necha bor ko‘zim tushdi. Men o‘qimayman deb ahd qilardim-u, lekin baribir o‘qishga majbur edim. Mening ayblarim salmog‘i kundan-kunga og‘irlashib bormoqda edi. Xatlarda yozilishicha, xonamdan erkak kishining ovozini eshitibdi, azbaroyi shovqindan rafiqasi kunduzlari dam ololmayotgan emish (tavba, dam olish kunlarini aytmaganda hech qachon kunduzi (?) bu yerga kelmaganman-ku). Yana u axlat chelakdan viskining shishasini topibdi.
Anavi xiropraktorga havasim keldi. Ha, bu yerda mister Mollining dahmazalariga bardosh berib o‘tirish oson emas ekan.
Garchi uning “xat”lari orqali o‘rtadagi adovat ortib borayotgan bo‘lsa-da, yuzma-yuz to‘qnashuvlarimiz barham topgan edi. Ahyon-ahyonda xollga kirib kelayotganimda ko‘rib qolmasin deb mendan berkinib engashganicha orqasiga qaytib ketayotganiga ko‘zim tushib qolardi. Asta-sekin o‘rtamizdagi bu munosabatlar g‘aroyib tus oldi. Endi mister Molli eshigimga yopishtirib ketayotgan xatlarida meni “Nyumero-Sink” xo‘randalari bilan “apoq-chapoq” bo‘layotganimda ayblay boshladi. “Nyumero-Sink” shu atrofdagi qahvaxona bo‘lib, nazarimda, azbaroyi kimni topishni bilmaganidan shu joydagi xo‘randalarni ro‘kach qilgan. Bo‘ldi, mister Molli men uchun asrab qo‘ygan gaplarini mana shunday yozaveradi, yozgan sari bu xatlarning menga ta’siri yo‘qolib boraveradi, xullas, bu mashmasha shundan u yog‘iga o‘tmaydi, deb o‘yladim.
Yakshanba kuni soat o‘n birlar chamasi mister Molli eshigimni taqillatdi. Men endigina kelib paltomni yechib, elektr plitasidagi chovgumga suv quyayotgan edim.
Eshikni ochdim. Bu safar uning yuzi o‘zgacha qiyofa kasb etgan edi: meni ayblaydigan dalil topgandek yuzi xursandchilikdan porlab, sovuq irshayib turardi.
– Sizga malol kelmasa, – dedi u hayajon bilan, – hozir men bilan yursangiz degandim.
Yana nimani o‘ylab topdi ekan, deya ortidan ergashdim. U meni hojatxona oldiga boshlab bordi, u yerning chirog‘i yoniq edi. Bu hojatxona men ijaraga olgan xonaga tegishli bo‘lib, u yerga mendan boshqa hech kimsa kirmasdi. Biroq menda hojatxona kaliti yo‘q bo‘lib, doimo ochiq turar edi. Mister Molli hojatxona eshigi oldida to‘xtadi-da, eshikni itardi va indamay, xo‘mrayib turib qoldi.
– Xo‘sh, manavi kimning ishi? – so‘radi u ranjigan ovoz bilan.
Hojatxona va qo‘l yuvish xonasining devorlari aji-buji rasmlar chizilib, har xil yozuvlar yozib tashlangandi. Odatda plyaj yoki men voyaga yetgan mo‘jaz va ko‘rimsiz shaharlar aksariyat jamoat joylaridagi umumiy hojatxonalarida shunday manzarani kuzatish mumkin edi. Aksar devorga lolab bilan yozilgan bo‘ladi. Odatda shanba kunlari tuni bilan do‘konlar atrofida sanqib yuradigan biror daydi kirgan bo‘lsa bordir, deb o‘yladim o‘zimcha.
– Hojatxona doim ochiq turadi, aslida kech kirgandan keyin qulflab qo‘yish kerak, – tezroq shu vaziyatdan qutulish uchun qat’iy ohangda sovuqqonlik bilan dedim men. – Biror daydi bezori tunda kirib, devorlarni bezab chiqibdi, ko‘rinib turibdi-ku.
– Bu, shubhasiz, bezorilik. Balki, siz do‘stlaringizga atab hazil qilgandirsiz. Ammo mening nuqtai nazarimda, bu juda qabih ish. Ertalab o‘zingga tegishli mulkning eshigini ochsang-u, shunday manzarani ko‘rsang… Agar bilsangiz, bu juda yoqimsiz, albatta.
– Lab bo‘yog‘i ekan, yuvsa, ketadi.
– Rafiqam bunga guvoh bo‘lmaganidan astoydil quvondim. Yaxshi tarbiya ko‘rgan pokiza ayol bunday holdan ranjishi turgan gap. Xo‘sh, do‘stlaringizni chelak-lattasi bilan bu yerga bir vaqtichog‘lik qilishga taklif etsangiz qanday bo‘larkin? Men bunday odamlarning o‘yin-kulgisini ko‘rishga qarshi emasman.
Endi xonamga qaytaman deb bir qadam tashlaganimni bilaman, u halloslab oldimga chiqdi va yo‘limni to‘sib oldi.
– Devorda bunday manzaraning shu tarzda namoyish etilishi menga kundek ma’lum.
– Mabodo buni siz qildingiz, demoqchi bo‘lsangiz, – dedim men juda vazmin ohangda, – u holda siz o‘taketgan lo‘ttiboz ekansiz.
– Hojatxonaga begonalar qanday qilib kiradi? Bu yerga sizdan boshqa kim kiradi, ayting? A, kim?
– Hojatxona doim ochiq turgan. Shunday ekan, ko‘chadagi duch kelgan o‘tkinchilar ham kirib ketaveradi. Ehtimol, kecha men ketganimdan keyin birorta bola kirib qilgandir. Men buni qayoqdan bilay?
– Kattalarning o‘zlari bolalarni shunday axloqsiz qilib tarbiyalab, yana hamma aybni ularga to‘nkashlarining o‘zi o‘taketgan axloqsizlik. Avvalo, bunaqa gaplarni bir mushohada qilib ko‘rish kerak. Bizda qonun bor. Bilasizmi, siz hozir qonunni oyoqosti qilyapsiz. Badiiy adabiyotda ham shunday talablar bor, bunga ishonchim komil.
Umrimda birinchi marta muvozanatimni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun indamadim, faqat chuqur-chuqur nafas oldim, xolos. Chini bilan hozir uni bo‘g‘ib o‘ldirishga tayyor edim. Shu turishda uning basharasi insonnikidan farq qilar edi, qarasang, ko‘ngling ozar edi: u go‘yoki o‘z qo‘llari bilan adolat o‘rnatdi. U go‘yoki havodan emas, faqat erishgan intiqomi g‘alabasidan nafas olayotgandek, burun kataklari kerib ochilgan, ko‘zlari suzilgan edi. Agar mana shu la’nati devorlar bejalmaganda edi, u hech qachon, ha, hech qachon g‘olib bo‘lmagan bo‘lardi. Ha, men yengildim. Mister Molli g‘alaba nashidasini surib turgan ayni damda qalbimda to‘lib-toshgan nafrat yuzimda aks etdi, shekilli, u beixtiyor chetga tisarilib, menga yo‘l berdi. Menga yo‘l bersa-da, baribir yana vaysaqiligini boshladi. Balki, devordagi rasmlar men kelmasimdanoq oldin paydo bo‘lgandir. Uning nazdida, go‘yoki do‘stlarimdan birortasi qilgandir. Men churq etmay, xonamga kirdim-da, eshikni berkitdim.
Plitadagi chovgumdan dahshatli ovoz chiqar edi: qaynayverib suvi qurib qolibdi. Darrov uni plitadan oldim va plitani ham o‘chirdim. Bir muddat g‘azabdan bo‘g‘ilib, nafas ololmay turib qoldim. So‘ng sekin bu og‘riq o‘tdi. Men endi nima qilishim kerakligini yaxshi bilardim: yozuv mashinkamni, undagi qog‘ozlarimni olib, stulga qo‘ydim, ular turgan stolimni esa eshik oldiga ko‘tarib keldim. Bu yerga ko‘chib kirganimda narsalarimni solib kelgan sumkamni shkafdan oldim va unga og‘zini mahkamlab burab, shishadagi qahvamni, sariqrang finjonimni va kichkina qoshiqchamni soldim. Yana bolaga o‘xshab, burchakda turgan tuvakdagi gulni, chiqindi savatchasini, gulli choynakni, yostiqchani, ha-ya, unutibman, yelim qalam chiqargichni olib ketib, mister Mollidan o‘ch olgim ham keldi.
Narsalarimni mashinaga ortayotganimda missis Molli yetib keldi. Men uni avval bir ko‘rganimdan buyon deyarli ko‘rishmagan ham edim. U, aftidan, orada bo‘lib o‘tgan voqealarni to‘g‘ri qabul qilgan va hojatxona devorlaridagi manzaradan xafa ham emas edi.
– Mister Molli qilgan ishidan pushaymon bo‘lyapti, – dedi missis Molli. – U bundan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
U menga yordamlashib, qahva va finjonli sumkamni olib chiqib berdi. Bu ayol uni ilk bor ko‘rganimda qanday holatda bo‘lsa, hozir ham shunday tushkun kayfiyatda edi. To‘g‘risi, ayolning afti-angorini ko‘rib, g‘azabim o‘z-o‘zidan tarqab ketdi.
Shunday qilib, u yerdan ketganimdan buyon hali o‘zimga ofis topganimcha yo‘q. Kim biladi, biror kun izlab ko‘rarman, ammo hozir emas. Ko‘z o‘ngimda mister Molli bir qo‘lida sovunli chelak, bir qo‘lida latta bilan gavdalandi, mabodo xayolimdagi fikrlarni yozadigan bo‘lsam, unga bu ikki dunyoda ham ma’qul kelmaydi: uning ishonchiga xoinlik bilan javob berajak bo‘lajak qissani tinimsiz o‘ylamoqda edim. Ha, men hozir mister Molli o‘qtin-o‘qtin nafas olganicha hojatxona devorlarini beso‘naqay gavdasi bilan inqillab-sinqillab tozalayotganini, xayriyatki, ko‘zim bilan ko‘rmayapman. Sodir bo‘lgan bu voqealar o‘z ta’sirini yo‘qotib, ongim avvalgi holatiga kelgunga qadar o‘zimga ijod qilish uchun ofis olishni bir chetga surib turishim kerak bo‘ladi. So‘z mening doimiy hamrohim. O‘ylaymanki, so‘zlarim mister Molli degan odamdan qutulish uchun ijaraga olgan ijodxonamdan ketishga majbur bo‘lganimni to‘g‘ri tushunadi.
Ingliz tilidan Gulhayo Mahamadaliyeva tarjimasi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 4-son