Sakkiz nafar ko‘zi ojizlar guruhidan uzoqlashib, ularning diydiyolari hamon qulog‘imda, bir ozgina yurgan edim, oyoqlarini xiyol kerib turgan oppoq sochli yolg‘iz keksaga ko‘zim tushdi: boshi sal egik, og‘zida bir nimani chaynar, uning ham ko‘zi ojiz, egnidagi juldur kiyimga qaraganda, shubhasiz, tilanchi edi. Biroq uning ikki yuzi qip-qizil va to‘lishgan, yo‘g‘on lablari sog‘lom va namchil, lablarini ochmasdan, go‘yo allaqanday qoidaga rioya qilganday, sekin va bir maromda, astoydil chaynar, yuz ifodasida esa shodonlik zohir edi. Unga yaqin borib, sarasof soldim, shunda bir nima esimga tushdi, chaynashdan zo‘r lazzat olsa kerak degan xayolga bordim. Uning apelsinlar uyum-uyum qilib qo‘yilgan qator do‘konlar oldida turganini ko‘rib, o‘zimcha savdogarlardan birontasi unga apelsin bergan-u, u shuni kavshanayotgan bo‘lsa ajabmas, deb o‘yladim. Qariyaning o‘ng qo‘li gavdasidan sal nari osilib turar, undagi barcha barmoqlarning orasi ochiq, aftidan, ular akashak bo‘lgan-u, shu sabab ularni buka olmayotgandek taassurot qoldirardi.
Yana bir taajjublanarli joyi shu ediki, mo‘ysafidning tevarak-atrofidagi maydon keng va ochiq bo‘lib, go‘yo uni bir umrga yakka-yolg‘iz tashlab ketishganday va bu unga ma’qul kelib, bundan-da boshqa tilak-istagi yo‘qdek edi. Uning chaynashiga astoydil razm solarkanman, qani, ko‘raylik-chi, nima bo‘larkin, deya kutishga tushdim. U uzoq chaynaldi, bunaqangi chin dildan, samimiy va chiroyli chaynaydigan odamni, gapning ochig‘i, umrim bino bo‘lib ko‘rmagan edim. Hech vaqo bo‘lmasa-da, og‘zim bir nimani chaynash uchun o‘z-o‘zidan asta harakatga kelayotganini his qila boshladim. Hali hech qaysi bir insonning og‘zi shunchalik lazzatga erisha olishini ko‘rmaganimdanmi, unga nisbatan qalbimda chuqur hurmat-ehtirom tuydim. Ko‘zi ojizligiga ham ortiq rahmim kelmay qo‘ydi, u ko‘rinishdan xotirjam va mamnun edi. Boshqa tilanchilarga o‘xshab, so‘rab, tilanib, talab qilib o‘tirmas, sinini buzay demasdi. Ehtimol, nimaiki zarur bo‘lsa, hammasi muhayyodir, balki unga endi ortiq hech narsa kerakmasdir, kim biladi.
Shu zaylda chaynashni bas qilgach, lablarini bir necha bor yalab, barmoqlari kerik o‘ng qo‘lini bir ozgina oldinga cho‘zdi-da, xirillagan, bo‘g‘iq ovozda duo o‘qishga tutindi. Men unga yanayam yaqinroq borib, qimtinibgina qo‘liga yigirma frank tanga pul qo‘ydim. Barmoqlar qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi; ularni chindanam buka olmasdi. U qo‘lini asta ko‘tarib, og‘ziga yaqin olib bordi, tanga yo‘g‘on, do‘rdoq lablar oldida bir ko‘rinish berdi-da, so‘ng ko‘zdan yo‘qoldi. Chol yana asta chaynalishga tushdi. Og‘zidagi tangani dam chap, dam o‘ng lunjiga olarkan, uning harakatlarini ko‘z uzmay kuzatardim, u esa bamaylixotir chaynashda davom etardi.
Turib-turib, taajjubim oshib, shubhaga berildim. Mabodo, adashmayotganmikinman? – so‘radim o‘z-o‘zimdan. Ehtimol, sezmay qolgandirman, tanga balki boshqa yoqqa tushib ketgandir. Yana kutishda davom etdim. Xuddi boyagiday mazza qilib chaynab bo‘lgach, tanga nihoyat, uning lablari orasida paydo bo‘ldi. Chap qo‘lini ko‘tarib, tangani tufladi, unga qo‘shilib ko‘plab so‘lakay ham oqib chiqdi. So‘ngra tanga chap tarafdagi cho‘ntakka tushib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bu g‘alati, g‘ayrioddiy hodisani ko‘rib turib, ko‘nglim aynib, qayt qilgim keldi. Dunyoda puldan ham ko‘ra iflosroq narsa bormi, axir? Ammo bu qariya men emasdim, kaminaning ko‘nglini aynitgan narsa unga … zavq bag‘ishlardi. Darvoqe, pulga sajda qilib, uni o‘pgan odamlarni ora-sira bo‘lsa-da, ko‘rmaganmidim? Albatta, ko‘rganman. Ayni choqda ko‘plab so‘lakay o‘zgacha bir maqsadga xizmat qilishi aniq. Bu qariya boshqa tilanchilardan birgina jihati, ya’ni mo‘l-ko‘l so‘lakay “ishlab chiqara” olishi bilan ajralib turishi esa kunday ravshan. Sadaqa so‘rashdan avval; biron nima yeyishdan oldin u har doim ana shunday tarzda uzoq mashq qilguchi edi, – boshqa hech kim bunday qilib o‘tirmas edi. Demak, uning dahanidagi sa’y-harakatlarida qandaydir sir, allanechuk ma’no bor edi, chamamda.
Yoki u faqat mening tangamnigina og‘ziga soldimikin? Sadaqa tarzida oladigan odatdagi tangalardan ko‘ra qiymatliroq ekanini kaftida his qilgach, menga alohida minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘ldimikin yo? Qariyaga ham hayron, ham qoyil qolib, undan boshqa hech bir kimsa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Xullas, azbaroyi qiziqqanimdan oxiri ne bo‘larkin, deya kutishga qaror qildim. Chol duo oyatlarini bir necha bor takrorladi. Bu orada bir arab ham kelib, unga besh franklik tanga berib ketdi. Zum o‘tmay, uni ham og‘ziga solib, avvalgidek chaynala boshladi. Aftidan, bu gal unchalik uzoq davom etmadi, tanga bilan yana ko‘p so‘lak ajralib chiqdi. Uni cho‘ntagiga joylarkan, undan boshqa, butunlay mayda tangachalarni olib, yana boyagi “faoliyat”ini davom ettirdi. Mening esa hech narsaga aqlim yetmay, boshim qotib qolgandi; qanchalik uzoq tikilganim sayin, jumboq shunchalik chuqurlashib borardi. Biroq bir narsaga, ya’ni bu uning “o‘ziga xos” sadaqa so‘rash uslubi ekaniga ortiq shubha qilib bo‘lmasdi. Odamlar bir nima berarkan, uning og‘zini ham poylashardi, har gal ochganida esa og‘zi menga tobora qizarib ko‘rinardi.
Avvaliga payqamabman, olomon kaminani ham kuzatayotgan ekan. Kim biladi, og‘zim lang ochilib, anqayib, kulgili bir holatga tushib qolibman, shekilli. Negaki, apelsin ortidan bir odam to‘ppa-to‘g‘ri oldimga kelib, xotirjam ohangda:
– Bu marabu, – dedi, meni tinchlantirgan bo‘lib.
Bilaman, marabular avliyosifat odamlar bo‘lishadi, ular o‘ziga xos kuch-qudratga ega. Ushbu so‘zni eshitib, bir oz xijolat bo‘ldim, ichimdagi ijirg‘anish ham birdaniga kamaydi-qoldi.
– Unday bo‘lsa, nega u tangani og‘ziga soladi? – so‘radim men tortinchoqlik bilan.
– U doim shunday qiladi, – javob berdi haligi kishi butkul beparvo ohangda, uningcha, bu dunyodagi eng oddiy ish edi. U shunday deb, yana apelsinlar tomonga o‘tib ketdi, shundagina har bir do‘koncha ortida bir necha juft ko‘zlar menga hayron bo‘lib termilib turishganini sezib qoldim. Shunchalik ham g‘alcha bo‘lamanmi-ya, – dedim o‘zimni o‘zim koyib.
Shu bilan o‘zimcha xayr-ma’zur qilgan bo‘ldim. Marabu – xudojo‘y, taqvodor, undagi hamma narsa, hatto tupugi ham tabarruk bo‘ladi, – dedim o‘zimga o‘zim. Xayr-sadaqa qiluvchilar bilan tupugi orqali aloqa o‘rnatar ekan, ularni shunday bir yaxshilab duo qiladiki, natijada ular Yaratganning marhamatiga sazovor bo‘ladilar. Jannatning mavjud ekaniga ishonchi komil, hatto o‘zida ham odamlarga ulashish uchun bir nimalar bor va bu narsalar ularning tangalaridan ham ko‘ra qimmatliroq edi. Ha, mana endi angladim uning ojiz qiyofasidagi shodonlik sababini, u men shu paytgacha ko‘rgan boshqa barcha tilanchilardan aynan mana shu tuyg‘usi bilan ajralib turardi.
Uni yodimga jo qilib, yo‘limda davom etdim va u haqda barcha do‘stlarimga so‘zlab berdim. Taassufki, uni shu paytga qadar hech kim ko‘rmagan ekan, shu bois bo‘lsa kerak, ular so‘zlarimning haqqoniyligiga shubha qila boshlashdi. Ertasi kuni uni o‘sha joydan izlab topa olmadim. Men uni hamma joyda va har kuni qidirib ko‘rdim, biroq undan nom-nishon yo‘q edi. Balki u tog‘-toshda yolg‘iz o‘zi yashar va shaharga onda-sonda kelar, o‘yladim o‘zimcha. Apelsin sotuvchilardan so‘rashga esa iymandim, chunki ularga buning qizig‘i yo‘q edi. Do‘stlarimga qariya haqida sira ham tortinmay so‘ylarkanman, buni uni yaxshi bilgan va tanigan kishilardan sir tutardim. U ham men haqimda deyarli hech nima bilmasdi, yana tag‘in kim biladi, balki odamlar unga kamina to‘g‘risida gapirib berishgandir, balki.
Oradan bir hafta o‘tgach, o‘sha kuni yana shanba oqshomi edi, kutilmaganda uni uchratib qoldim. U bu gal ham xuddi o‘sha do‘kon oldida turar, biroq chaynalmasdi – og‘zida hech vaqo yo‘q edi, chamamda. Chol duo o‘qib bo‘lgach, unga tanga berib, nima bo‘larkin, deya kuta boshladim. Sal o‘tmay yana tirishqoqlik bilan chaynalishga tushdi. Shu payt bir kishi bexosdan oldimga kelib, menimcha, bo‘lmag‘ur gaplarni gapirdi.
– Bu – marabu. Uning ko‘zi ojiz. Qancha berganingizni bilish uchun tangani og‘ziga solib ko‘radi, – dedi u.
So‘ng marabuga arabchalab allanimalar dedi-da, men tomonga ishora qildi. Mo‘ysafid chaynashni tugallab, og‘zidan tangani oldi. U men tomonga o‘girilgandi, nogoh uning chehrasi, butun siymosi yayrab-yashnab ketdi. Meni duo qila boshladi va tilovatni olti marta takrorladi. Oyatlarni o‘qiyotgan chog‘da uning siymosidagi samimiylik va mehr vujud-vujudimga shunday chuqur singdiki, gapning rosti, men hali hech qachon bundayin marhamatga musharraf bo‘lmagan edim.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son