Men o‘tish davrining odamiman. Bu davrning hamma qoidalariga amal etaman. Elektr haqining ham to‘rtdan birini to‘layman, shuning uchdan birini hisoblagichdan o‘chirib tashlayman. Albatta, insof bilan. Eshikka kelgan “elektrchilar”ning ham bola-chaqasi bor. Davlatga qiyin bo‘lmasin deyman. To‘g‘ri, o‘tish davriga oid vazifalarim bu bilan bitmaydi.
O‘tish davrining odami sifatida eshik qoqqan odamning kimligini bilish uchun tuynukdan mo‘ralayman. Chunki o‘tish davrining odami uyiga kelgan odamning kimligini bilishi kerak. Suv, kanalizatsiya, gaz pulini yig‘ib yuradiganlarning hammasini taniyman. Har gal bitta bahona bilan ularni orqaga qaytaraman. “Uyning egasi uyda yo‘q”.
Eshik odamlar uchun aksilrobita, ehtimolki, robita vositasi hamdir. Yaxshiyam eshik bor ekan. Bo‘lmasa, lo‘lilarga o‘xshab pul yig‘ib yurgan odamlar ko‘z ochirgani qo‘yishmasdi. Ular eshik ortida turib, o‘tish davrining talablariga muvofiq menga “ishonadilar”.
Ya’ni, ishonishga majburdirlar. O‘tish davrining bolasiga nima deya olardilar? Nima, bizam qonun-qoidani bilmaymizmi? Ularni ham o‘zimiz tuzganmiz-ku? O‘tish davrining konstitutsiyasiga, deputatlariga… hammasiga o‘zimiz ovoz berganmiz. Fuqarolarning so‘z va mulk erkinligini o‘zimiz qo‘llab-quvvatlaganmiz.
Ba’zida o‘tish davrining tushlarini ko‘raman. Tasodifan topib olgan bir diplomat dollarni sarflashga tushaman, padarla’nati shunaqa tez tugab qoladiki… Odamning och-yalang‘och qarindosh-urug‘i, xesh-aqrabosi, tanish-bilishi bo‘lganidan keyin shu-da? Ko‘rgan tushlarimni xotinimga umuman aytmayman. Bo‘lmasa, pulni behuda xarjlaganim uchun kunimni ko‘rsatadiki, bunaqa tushni ko‘rganim uchun ming pushaymon bo‘laman va bunday tush ko‘rmaslikka minba’d qasam ichishim mumkin.
Pul masalasi — og‘ir masala. Chunki bizning oilada almisoqdan beri, to‘g‘rirog‘i men aqlimni taniganimdan buyon pul ta’minotini to‘g‘ri tushunmaganlar va pulga xuddi ertakdek qarashgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men tushimda topib olgan pullarimni ham tez sarflab yuboraman, hammasi ertakka aylanadi. Men esa subhdan shomgacha, shomdan yana subhgacha (agar uyda bo‘lsam) xotinimga kelgusida boyib ketishim, uni pulga ko‘mib tashlashim haqida maroqli ertaklar aytib beraman, ishonadi bechora.
Gangsterlik amaliyoti, oliy martabali odamlar bilan uchrashuvlar, suluv qizlar qurshovidagi bazmu jamshidlar ham tez-tez tushimga kirib turadi. Bular hammasi bir oqshomlik rohatim mahsulidir.
Men bunaqa tushlarni ko‘p ko‘raman. Ko‘rmasam o‘zim tashkillashtiraman. Ko‘pincha ko‘radigan tushlarim avvaldan tuzilgan stsenariy asosida bo‘ladi. Gohi-gohida ahmoqona hikoyalar yozib turaman. Siz esa ularni soddalik bilan o‘qib chiqasiz. Siyosatchilarning dazmollangan gaplarini o‘qigandan ko‘ra, mening yozganlarim qiziqarliroq emasmi?
Ba’zida muxolifatning piket, mitinglarida shunchaki hushtakvozlik uchun chiqib turaman. Shunchaki ermak-da buyam. Imtihonlardan o‘tish uchun domlalarga pora ham uzatib turaman.
Ana endi maqsadga ko‘chdik. Bilaman, siz aqlli o‘quvchi sifatida (mening o‘quvchilarimning hammasi aqlli odamlar) boyadan beri tishingizni-tishingizga bosib, gapning indallosiga o‘tishimni kutyapsiz. To‘g‘ri topdingiz, hikoyam pora haqida. Xullas, bir muddat nafas rostlab, yangi satrga, asosiy masalaga o‘tsak bo‘lar…
Bir kuni ertalab uyqudan turdim. Gapimni tahrir qilishga urinmang. O‘zi kamdan-kam hollarda ertalab uyg‘onaman. Bo‘lmasa kunning istalgan paytida ko‘z ochishim mumkin. Bu daf’a erta turdim. Aniq esimda, sut, qatiq, qaymoq sotadigan xolalarimiz butun “do‘m”larni boshlariga ko‘tarib baqirib-chaqirishardi. Biz tarafda bu opalarimiz har qanday xo‘roz yoki budilnikning vazifasini a’lo darajada bajarishadi. Qo‘lim bilan og‘zimni bekitib chuqur esnadim. Odatim shunaqa. Kasbiy dengizi ustidan ko‘tarilayotgan hovurga boqdim. Shahar ko‘chalarida o‘tlab yurgan mol-qo‘ylarga qaradim. Reflektik (shunaqa so‘z bormi o‘zi lug‘atda?) tarzda qishlog‘imizni esladim. Maza qilib qichqirgim keldi — ovozim chiqmadi. Qo‘limni kissamga soldim. Uyimiz tagidan o‘tib ketayotgan aravakashga qaradim. Uyam bir vaqtlar odam edi, endi aravakash bo‘ldi. Shu payt uning har doim gapirib yuradigan va men ko‘rmagan kabobxonasi esimga tushib, og‘zim suvlandi.
Yana chalg‘ib ketdim. O‘tish davri-da! Maqsadga o‘tish uchun allaqayerlarda o‘tlab ketishga to‘g‘ri keladi. O‘sha kuni ertalab meni telefonda so‘rashdi… Yo‘q, shu yerda yanglishdim. Anchadan beri puli to‘lanmagani uchun telifonni uzib qo‘yishgan. Demak, qo‘ng‘iroq eshikniki ekan. Men yana odatimga uyg‘un o‘laroq tuynukdan mo‘raladim. Bu odam yangi edi.
Eshik ochilishi bilan qo‘limga bir telegramma ushlatdi… Ha, telegramma ekani aniq. Chunki men imzo chekish uchun ancha vaqt qalam axtarganim esimda. Kostyumimning kissalarini ag‘darib tashladim. Xotinimning sumkasini ham titkiladim. Nima qilay, uning qosh qalami bilan qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim.
Erta uylansa shunaqa bo‘ladi. Xotinning borligi ana shunday mushkul vaziyatlarda qo‘l keladi. Telegrammada ikki og‘iz gap bor edi: “Soat uchda avtobusni kut”. Imzoning keragi ham yo‘q. Telegrammani ukam jo‘natgan. Moddiy, xotinim aytmoqchi, gumanitar yordamni onam yuboradi. Bu galgi yordam asosan kurkadan iborat bo‘lishi kerak. Shunga kelishganmiz.
Ol-a, kurka deganim tovuq bo‘lib chiqdi. To‘rvaning ichida kaftdek bir qog‘oz ham bor edi. Jiyanimning daftaridan yirtib olishgan bo‘lsa kerak. “Aylanay bolam, kurka topolmadim, kuchim shunga yetdi… Menga qaytishda koptok ola keling”. Oxirgi gapni jiyanim yozgan. Aji-buji yozuvini taniyman.
Tovuq ham tovuq ekan-da! Patlari hurpayib, rangi-quti uchib, tumshug‘i xuddi yig‘lashga moyil bolaning lab-lunjidek bir yonga osilib turibdi. Xuddi qizil qalam bilan chizilgan, yomg‘irning tagida ikki kun turgach, oftobda quritilgan suratga o‘xshaydi-ey!
Avtobus bilan uyga qaytayotganimda tovuq qo‘qqisdan to‘rvadan uchib chiqdi-da, o‘zini gaplashib ketayotgan ikki qizning oyoqlari orasiga urdi. “Bu kimning xo‘rozi?” deyishdi… Yo‘q, tovuq demadilar. Xo‘roz-da! Garchi noo‘rin bo‘lsa-da, bu anglashilmovchilik menga yoqib tushdi. Qaddimni g‘oz tutib, g‘urur bilan “meniki”, deb qo‘ydim. Yuzimdagi tabassum uyga ketguncha so‘nmadi.
Tovuqni ko‘rishi bilan xotinimning labi cho‘chchaydi: “Bu qanaqa tovuq o‘zi? Puf desa o‘ladi-ku, yeb bo‘larmidi buni?!”
“Ishing bo‘lmasin, – dedim, – haliyam sen yegin deb olib kelganim yo‘q. Yeydigan odamning ham sho‘ri bor ekan. O‘tish davrining tovug‘i shunaqa bo‘ladi, dedim ensam qotib”.
Hammasi o‘sha bolalarni deb bo‘ldi. Ularga men pora berolmayman, deb aytdim-ku, bo‘lmasa? O‘zi bu kurka… yo‘g‘-e, tovuq tarix o‘qituvchimizga atalgan. Ikki kun ilgari yotoqxonaga kursdoshlarimdan kitob so‘rab turish uchun borgandim. “Kitobning nima keragi bor? – dedi kursdoshlarim, – uy quradigan odam tarixni boshiga uradimi?” Boshqalari ham bu gapni qo‘llab-quvvatlashdi. “Undan ko‘ra yuzta-yuzta qilamiz, yur. Zacho‘tkaning ichiga beli sinmagan o‘ntalik qistirsang, masala hal”. Men pora berolmayman, dedim. Unda sovg‘a olib bor, deyishdi. Ular kurka olib borishni maslahat berishdi. Shayton yo‘ldan urib, ularning gapiga kirdim.
…Tovuqning oyog‘idan karavotga bog‘lab qo‘ydim. Tagiga bitta gazet ham to‘shadim. Har holda, mehmon, biznikiga har kuni kelib turibdimi? U menga, men unga termilib charchamaymiz.
Bir-birmizga o‘xshab ketamiz. Ikkovimizning ham rangi-ro‘yimiz so‘lg‘in. Ayollarga maza. Har qanday qurum bosgan yuzni upa-elik bilan epaqaga keltirishadi. Sho‘rlik erkaklar. Biz ham shunaqa qilsak bo‘ladi-yu, lekin darrov “anavinaqa ekan” deb shubhalanib qolishadi. Aha, zo‘r fikr keldi. Tovuqniyam yaxshilab pardoz qilsam-chi? Odam eng yaxshi qarorni o‘z-o‘zi bilan gaplashgan paytda chiqaradi.
Tovuqni qarindoshlarimizdan ham qizg‘angan hammomga olib kirdim. Manavi xotinning shampuni. Bunaqa narsani tovuqning avlodu ajdodi ko‘rmagan. Lekin xotin ko‘rib qolsa bormi?
Hozir xotin darsda. Bo‘lg‘usi do‘xtir. Manavi uning lab bo‘yog‘i. Tumshuqlarini qizartirdim. Bu boshqa gap. Keyin tovuqni isitkichning ustiga qo‘ydim. Bechora sovuqdan dir-dir titraydi. Qishda sovuq urgan-da bechorani. Anavi xotinning feni. Oh, zo‘r bo‘ldi-da! Tovuq emas, naq tovusning o‘zi bo‘ldi. O‘zim ham u yer-bu yerimni to‘g‘rilab, patlari oppoq, momiq, babaqi, yuzlari qip-qizil tovuqni qo‘ltiqqa urdim-da, domlaning uyiga yugurdim. Odamlar unga qarab dedilar: “Ketvorgan tovuq ekan-da o‘ziyam”.
“O‘yinchoq bo‘lsa kerak-da”. “Yo‘g‘-e, ana tirik-ku”. Qarab-qarab shundoq suluv… tovuqqa hayfim kep ketdi, lekin na iloj? Omonatga xiyonat qilib bo‘lmaydi. Tovuq — domlaniki.
Indamaygina borardi jonivor. “Yarim kilo bo‘lsa kerak” o‘yladim o‘zimcha. Juda yengil-da! Ha endi, qishloqning tovug‘i-da! Buyog‘i oshpazning mahoratiga bog‘liq.
Ertalab hammadan oldin auditoriyaga kirdim. Ular mening yuzimda qoniqish alomatini ko‘rib, ishim joyida ekanini tushundilar va ma’noli ko‘z qisdilar. Men ulardan rozi edim…
Marraga ham yetib keldik. Domla auditoriyaga kirdi. Odati shunaqa o‘lgurning. Imtihonni hammaning ko‘z oldida oladi. Bitta-bitta chaqirib so‘rash yo‘q.
Xonaning u yog‘idan bu yog‘iga tomon yurib, hammani bir-bir nazardan kechira boshladi. Bitta orkestr kam. Yurishlari shunaqa shaxdamki… Tovuq yoqibdimi, deyman. Bardamligi shundan. Pora odamni shunaqa bardam, tetik qilib qo‘yadi.
Auditoriyaning o‘rtasida turib, ko‘zoynagi tagidan yuzimga sinchkov tikildi. O‘zimda yo‘q xursandman. “Albatta, men olib bordim, domlajon!” Ichimda aytdim buni. Uyidagilarga hech narsa demagan bo‘lsam-da, o‘zi hammasini tushunibdi. Menga ancha tikilib turgach, mamnun bosh irg‘ab qo‘ydi.
Shu payt kutilmaganda (rostdan ham hech kim kutmovdi, hamma g‘alabani men bilan baham ko‘rishga hozir turardi) domlaning yuzi burishib ketdi:
– Kecha anavi fohisha xotinga o‘xshagan pason tovuqni uyimga kim olib boruvdi, pichoqqa yetmay jon berdi sho‘rlik…
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi