O‘sha kun aniq yodimda qolgan. O‘zi har bir kunni soat va daqiqalarigacha eslab qolish qobiliyatim yo‘q. O‘shanda qariyb bir kunni hojatxonada o‘tkazgan edim. Bu joy bilan uyimiz orasini ertadan kechgacha qadamlab o‘lchab chiqqanman o‘shanda. Bundan bir ish chiqmasdi. Buvim shu kuni kechgacha men bilan qarg‘ana-qarg‘ana shu yo‘ldan necha marta qatnadi. Meniyam, anorniyam, ekkan odamlarniyam avra-astarini ag‘darib chiqdi. Meni — “ijod qilganlar”ni-ku, so‘ksa bo‘lar. Chunki ularning fatvosi bilan qishloqqa jo‘natilganman.
Lekin, men judayam yaxshi ko‘radigan anor endi meni juda qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Men bilan tinimsiz olishardi, go‘yo.
Anorni juda yaxshi ko‘rardim. Chunki uning qip-qizil, yirik va sersuv donalarining suvini bolalarning yuziga sachratishdan maroqliroq ish yo‘q bu olamda. Yaqinda maktab ham boshlanadi. Aslida maktab ancha oldinroq ochilishi kerak edi. Negadir, o‘sha yil kechroq boshlandimi yoki anor hali pishib yetilmagani uchun darsga borgim kelmadimi… Xullas, esimda yo‘q-da! Ko‘chaga chiqa olmasam, anchadan beri o‘ylagan orzumga yetolmasligimni o‘ylab siqilardim. Chunki bolalarning oppoq ko‘ylagiga anor suvini sachratishni juda yoqtirardim. Menga eng yoqadigani esa shunaqa hunar ko‘rsatganimdan keyin boshlanadigan tomoshalar edi. Men “qonga belagan” bolalarning ota-onalari va o‘qituvchilar bechora bobom bilan buvimni o‘rtaga olishardi.
O‘shanda men haqimda aytilgan ta’rifu tavsiflarning hammasi esimda qolmagan. Eslaydigan gap ham emas. Shunisi esimda qolganki, bu to‘polonda mening barcha insoniy xislatlarim tahlil qilinar, men fe’limga ko‘ra tengdoshlarimdan keskin farq qilaman va asosiysi, hamma mendan qo‘rqardi.
Darvoqe, menga qishloqda “Shaka” deb ot qo‘yishgandi. O‘sha paytlar “Gul va tosh” filmi juda mashhur edi. Men bu kinoni ilk marta qo‘shni qishloqda ko‘rganman. O‘shanda klub og‘zi-burni qadar odam bilan to‘lib-toshgandi. Bo‘yim past bo‘lgani uchun klubning derazasiga chiqib tomosha qilgandim. Hammasi juda qiziq edi. Ayniqsa, nihoyasi tomoshabinlarni qattiq hayajonga solardi. Shaka o‘z itining orqasidan Shanti olib ketilgan tarafga yugurib ketardi…
Odamlarning qiy-chuvini eshitib, ular Shakaning itidan ham tezroq yugurib, Boss degich amakining tit-pitini chiqarib kelishga tayyor turishganini anglash qiyin emasdi. O‘sha filmni ko‘rib, ko‘pchilik yoshlar Shakaga taqlidan yurish-turishga, kiyinishga, uning urishish usullarini qo‘llashga o‘tib ketishgandi.
Shaka monand mashqlar natijasida birovlarning oyoq-qo‘li sinar, hazil zilga aylanib, rostakam mushtlashuv boshlanib ketardi.
Aytganday, men qishloqqa faxriy surgunga jo‘natilganman. Sababi menga bog‘liq emasdi. Chunki men biror jiddiy gunoh qilganim ham yo‘q. Faqat bir marta qo‘shnimizning derazasini sindirdim. Bir marta (o‘zi har gapni aytib bo‘lmaydi, aks holda mening husni odobimga shubha tug‘ilishi mumkin) muallimamizning allaqayeriga yashirincha qarabman. Innakeyin, ukamning oyog‘ini osmondan keltirib daraxtga bog‘lab qo‘ydim. Albatta, bundan kattalar xabar topib, ukamni qutqarib qolishdi.
Alam qilgani shu bo‘ldiki, mening bu hazillarimni hech kim tushunmadi. Hatto meni juda yaxshi ko‘radigan bobom ham. Ha, aytgancha, bir gal qo‘shnimizning mushugini ushlab, dumiga olov berib yuborganimni aytish esimdan chiqibdi. Yana anchasini eslolmadim. Aslini olganda, bularning birortasini yomon niyatda qilganim yo‘q. Menimcha bularning hech birini yomon ish deb bo‘lmaydi.
Qishloqqa surgun vaqtini mehmon bo‘lib kelgan amakivachchamni dengiz bo‘yiga eltib, adashtirib kelishim tezlatib yubordi. Bunga ham o‘sha amakivachchamning o‘zi aybdor. Maqtanchoqlikka balo bormi? Nima emish, hamma narsani, hatto umbaloq otishni ham mendan yaxshi bilarmishlar. “E, menga nima”, dedim-u, turib-turib alam qildi. Rost-da, bu hunarda menga yetadigani yo‘q. Mehmonlar oldida o‘z mahoratimni ko‘rsataman deb, ko‘p bor kaltak yeganman.
Jahlim chiqib, sevimli amakivachchamni dengiz qirg‘og‘ida qoldirib, o‘zim bekinib oldim. Keyin esa bir chetda shahar ko‘chalarida kelayotgan mashinalarni tomosha qilib o‘tiraverdim. So‘ng uyga qaytdim. Yomon ish bo‘lgani yo‘q. Sevimli amakivachcham ham yo‘qolib ketmadi. Bari bir topib kelishdi.
O‘shanda, adashmasam, yetti yoshlarda edim. Bir gap bo‘ldi deguncha buvim mening yonimni olardi: “Hali bu go‘dak bo‘lsa, ko‘p narsaga aqli yetmaydi” derdi. To‘g‘ri aytardi buvim, bu fikrga o‘zim ham qo‘shilaman.
O‘sha yil yoshim yetgani uchun birinchi sinfga bordim. Avvaliga hammasi bir zaylda ketayotgandi. Bir kuni qo‘lim qichib qoldi va panjamning bo‘yog‘ini old partada o‘tirgan Ko‘ngil ismli qizning oppoq bantigiga artdim. Nima qilay, o‘z ko‘ylagimga artishim kerakmidi? Uydagilarning qo‘l kirini kiyim-boshga artmaslik to‘g‘risidagi pandu nasihatlari jon-jonimdan o‘tib ketgandi va buni amalda qo‘llab ko‘rgim keldi. O‘ylaymanki, bu ishim faqat tahsinga loyiq bo‘lishi kerak edi. Esimda, o‘sha kuni onam meni quchog‘iga olmadi, otam esa meni balkonda yotishga majbur qildi. Ta’til boshlangach, otamning fatvosi, buvim va bobomning taklifi bilan meni qishloqqa jo‘natdilar. O‘zi bobom va buvim biznikiga kelib qolishsa, darrov qishloqni sog‘inib qolishar va tezroq uyga otlanib, meni ham opketgilari kelardi.
Rost, qishloqqa badarg‘a qilishlaridan oldin o‘zlaricha tor doirada yig‘ilish o‘tkazildi. Mening tarjimai holim, qo‘shni qizning etagini ko‘tarib qochganimdan tortib, mushukning dumini yoqib yuborganimga qadar bo‘lgan faoliyatim qisqacha tahlil qilindi.
Es-es bilaman, otamning qarshisida uning hamma gaplarini bosh irg‘ab tasdiqlab o‘tirgan edim. Ochig‘i, uning gaplarida haqiqatga yaqin fikrlar ko‘p edi, men bundan o‘zimcha zarur xulosalar chiqarar, o‘z xatolarimni tushungandek bo‘lardim. Masalan, qo‘limni Ko‘ngilning oq bantigigamas, binafsharang koftasiga artsam, rangi bilinmasdi. Muallimaning allaqayeriga sinfda hech kim qolmagan payti, darsdan keyin ham qarasam bo‘lardi-ku? Mushuk masalasiga kelsak, bu mening yuksak mahoratimdan darak beradi. Uning dumini yoqib yuborganimdan pushaymon emasman. Chunki (garchi bu tomosha menga manzur bo‘lsa-da) uning o‘zi ham men yoqtirgan chumchuqlarni ushlab yer edi. Ana shular haqida o‘ylab turgan paytimda otam ustimdan chiqarilgan hukmni o‘qiy boshlagan edi.
Boshqa narsa mening g‘ashimga tegayotgandi. Onam hadeb boshimni silab, peshonamdan o‘paverar, bu esa fantaziyalarimning rivojiga va otamning gaplarini bosh irg‘ab tasdiqlashimga xalal berardi…
Hozir esa hojatxonada o‘tirib, o‘sha kunlarni orziqish bilan eslayapman. Aslida qishloq menga juda yoqardi. Chunki bu yerda mening o‘zimga yarasha obro‘-e’tiborim bor edi. Hech kim mushugimni pisht deyolmasdi. Men shahardan o‘zim bilan bir o‘yinchoq to‘pponcha olib kelgandim. Bolalar o‘shani bir marta otib ko‘rish uchun meni aravaga solib sayr qildirishga, qo‘llarini osmonga ko‘tarib otdek kishnashga, eshakdek hangrashga tayyor edilar. Umuman, hammasi yaxshi edi. Gohida qishloqda tug‘ilmaganimdan afsuslanib ham qo‘yardim.
Hozir qornim burab og‘riyapti. Ortiqcha kuch sarflashdan naf yo‘q. Bizning uydan ancha naridagi maydonchada bolalar futbol o‘ynayapti. Mensiz o‘yinning qizig‘i ham bo‘lmasa kerak. Chunki ularning bor-yo‘g‘i kichkina rezina koptoklari bor. Katta charm to‘p esa faqat menda bor edi, bolalar unga xuddi Pelening oyog‘i tekkan to‘pdek qarashardi.
O‘zim o‘ynamagan payti to‘pni ularga bermasdim. Men o‘ynaydigan bo‘lsam, kapitan bo‘lishim shart edi. To‘g‘rirog‘i, mening shartim shunaqaydi. 11 metrli jarima to‘pini ham faqat men urishim kerak edi va bunga maydonning qaysi tomonida yiqilishimning ahamiyati yo‘q edi. 11 metr masofani esa o‘zim mayda qadamlarim bilan o‘lchardim. Mening to‘pimni qaytarib qolgan darvozabon o‘yindan chiqarilardi. Bordi-yu, to‘p noto‘g‘ri ketib qolsa, qaytadan tepardim. Qoida shunaqa-da! Chunki to‘pning xato ketishiga kutilmaganda eshakning hangrashi, it hurishi yoki kimningdir chuqurroq nafas olishi singari arzimas hodisalar sabab bo‘lardi.
Ba’zida jahlimni chiqarishsa, indamay to‘pni qo‘ltig‘imga urib, maydonni tark etardim. Meni yana qo‘lga olish uchun kattaroq mukofot tikilishi lozim edi. Tabiiyki, men unchalik sodda bola emasdim. Odatda, men o‘ynagan jamoa, albatta, yutishi kerak edi, aks holda ertasi kuni to‘pimni bermay qo‘yishim mumkin bo‘lardi.
Albatta, bu hangomalar hamma vaqt tinch murosa yo‘li bilan kechmasdi. Men o‘z mavqeimni himoya qilish uchun uncha-muncha kuch sarflashga majbur bo‘lib qolardim.
O‘shanda men juda ham zerikardim. Temiryo‘lning chetlarida tushib qolgan sigaret qoldiqlarini bolalar mensiz terib olishadigan bo‘ldi. Yo‘q, men-ku, umuman chekmasdim… o‘shanda. Biroq, sigaret qoldiqlarini ertalab terib kelish faqat mening ishim edi. Kashanda bolalar har kuni mening atrofimda girdikapalak bo‘lishardi. Men esa bu qoldiqlarni ularga sotardim. Avvaliga hammasini bir narxda sotaverdim. Keyin uzun-qisqaligiga qarab narx qo‘yadigan bo‘ldim. Nasiyaga oladiganlar ham bo‘lardi, olma, yong‘oq, anorga almashadiganlar ham… Har holda menga ham bir nima qolardi-da. Bu daromaddan tashqari bobom har oy pensiyasidan menga bir so‘mdan berardi.
Bir gal men namatning tagidan yana bir so‘m topib oldim. Pul bobomniki edi. U keksayib qolgan, hamma narsaga e’tibor qilavermasdi. Har doim pulni to‘rt buklab qo‘yardi. Buyam uniki ekaniga shubham yo‘q. Avval o‘sha pulni qidirib ancha ivirsidi, keyin esa yodidan ko‘tarildi. O‘sha pulga nima olganim ham esimda yo‘q.
Qishlog‘imizdan ancha narida temiryo‘l stantsiyasi bor edi. Men uydagilardan arazlab ketib qolsam, birinchi bo‘lib o‘sha yoqqa qochib borardim va o‘z qochishimni “stsenariylashtirardim”. Ana shundan keyin meni qancha va’dalar bilan yalinib-yolvorib uyga olib kelishardi. Meni ortga qaytarish jarayonida sho‘rlik bobom ancha aziyat chekardi.
Har joyda bo‘lganidek, o‘sha yerda ham bitta qiz bor edi. Boringki, men uni sevardim ham deylik. Chunki har gal uni ko‘rishim bilan qo‘limda nima bo‘lsa — botqoqlikdan tutib olgan qurbaqa bo‘ladimi, daraxt tanasidan tergan qurtlarim bo‘ladimi, hammasini irg‘itib, kaftimning loyini shimimga artardim-da, sochlarimni tekislashga tushardim. O‘sha kuni ham men hojatxonada o‘tirgancha o‘sha qizni eslagan va hozirgidek sog‘ingan edim.
Buvim bo‘lsa haligacha men bilan anorning go‘riga g‘isht qalamoqchi bo‘lardi. Qarshimda o‘tirgancha menga achinish bilan qarab qo‘yardi. Mening esa tashqariga chiqqim yo‘q edi…
O‘sha paytlar qishloqda hamma narsa bor edi. Ularning hammasi esimda qolmagan. Esimda qolganda nima? Vey, o‘zi men nimalarni valaqlab o‘tiribman. Sizga har gapni aytaveramanmi? Boring-e!
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi