Edogava Rampo. Kursi odam (hikoya)

Har tong Yosiko erini ishga jo‘natib, nufuzli “N” jurnalining yozgi sonida chop etilishi lozim bo‘lgan romani ustida ishlash uchun ovro‘pacha jihozlangan ijodxona (eri ikkalasi uchun bitta bo‘lma)da yolg‘iz qolardi. Yosiko nafaqat latofatli, iqtidorli, qolaversa, shunday mashhur ediki, Tashqi ishlar vazirligining kotibi bo‘lmish turmush o‘rtog‘idan-da o‘zib ketgandi.
Har kuni noma’lum muxlislardan bir dasta xat kelardi. Mana, bugun ham qo‘liga qalam olishdan burun, odatdagidek, nomalarni ko‘zdan kechirdi. Aytarli yangilik yo‘q – bari uzundan-uzoq, zerikarli. Lekin Yosiko kamoli diqqat-la har bir xatjildni birma-bir ochaverdi. Birinchi galda ikkita qisqa xatni va qutlovxatni o‘qidi, semizgina – qo‘lyozma bo‘lsa kerak – qog‘ozxaltadagini esa keyinroqqa olib qo‘ydi.
Qo‘lyozma haqida biror gap-so‘z yo‘q edi, biroq avvallari yosh qalamkashlar o‘z asarlarini – esnoq tuttiradigan romanlarini jo‘natib turishardi. Yosiko odatini kanda qilmadi: qog‘ozxaltani ochdi – jilla qursa, sarlavhasiga ko‘z tashlash kerak-ku.
Ha, adashmabdi – salmoqli qog‘ozlar dastasi chindan ham qo‘lyozma ekan, ammo qanchalik g‘alati tuyulmasin, birinchi sahifada na ism-sharif, na sarlavha bor edi, bitik shunchaki “Begoyim!..” deb boshlanardi. Yosiko xayoli qochib bir necha satrga ko‘z yugurtirdi va yuragi g‘ashlandi. Tug‘ma qiziquvchanligi ustun keldi-yu, mutolaaga sho‘ng‘idi.

“Begoyim!
Siz meni tanimaysiz. Beandishaligim uchun ikki bukilib afu etishingizni so‘rayman. Hayratlanayotganingizni tasavvur etgan holda boshidanoq aytib qo‘yay: Sizga dahshatli sirni ochmoqchiman. Jinoyatim sirini.
Mana, necha oydirki, dunyodan uzilib, iblisona hayot kechiryapman. Shubhasiz, hech bir tirik jon nima bilan mashg‘ulligimni bilmaydi. Agar ba’zi bir holatlar bo‘lmaganda, hech qachon odamlar orasiga qaytmasdim…
So‘nggi damlarda shunday o‘zgarishlar yuz berdiki, qalbim ostin-ustun bo‘ldi. Ortiq jim turolmayman, istig‘for keltirishim shart! Maktubim ilk satrlardanoq Sizga g‘alati tuyulgandir, yolvoraman, uni bir chetga tashlab qo‘ymang, marhamat qilib oxirigacha o‘qing! Balki ana shunda Siz nochor ahvolimni tushunarsiz, ne sabab aynan Sizga iqror bo‘layotanimni fahmlarsiz…
Nimadan boshlashgayam hayronman. Ko‘rmaysizmi, aytmoqchi bo‘layotganlarim, shunchalik beiboki, hatto qalam ham bo‘ysunmayotir. Nima bo‘lsa, bo‘ldi. Hammasini boshidan boshlayman.
Judayam beo‘xshovligimdan boshlayman. Buni yodda tuting. Nega desangiz, qattiq iltimos qilishimga qaramay, uzoq oylar davomida shundog‘am manfur bo‘lgan tashqi ko‘rinishim bundayin kun kechirishim tufayli jirkanch tus olganidan bexabar ravishda men bilan ko‘rishishni istab qolasizmi, degan hadigim bor… Bu uchrashuv Sizni larzaga solishi mumkin.
Eh, mening baxtiqaro qismatim! Bu badburush jismda toza, jo‘shqin yurak urib turibdi… Badbasharaligimni, miskin nasl-nasabimni unutib, shirin orzular olamida yashadim.
Boy-badavlat oilada tug‘ilganimda edi, aysh-ishratu o‘yin-kulgulardan o‘zimga taskin topardim, qusurimdan iztirob chekmasdim. Yoki menga iqtidor berilganidami, go‘zal misralar to‘qib, baxtsizligimni unutardim. Ammo Tangri mendan marhamatini darig‘ tutgan: men bor-yo‘g‘i oddiy hunarmandman, qimmatbaho mebellar yasovchi ustaman…
Shunday bo‘ldiki, men turli stul va kursilar yasaydigan mutaxassisga aylandim. Mening qo‘limdan chiqqan mebellar eng nozikta’b buyurtmachilarga maqbul tushardi; savdo-sotiq doiralarida mashhur bo‘ldim va qimmatbaho, serhasham buyumlar: turfa shakldagi, yangi fasondagi, o‘ymakor suyanchiqli, tirsakqo‘ygichli, jimjima yostiqli, bir so‘z bilan aytganda, nafis kursilar yasashni menga buyurtirishardi; bunday buyurtmani bajarish uchun aqlga to‘g‘ri kelmaydigan mahorat va qunt talab qilinadi. Lekin ishni tugatib, doim cheksiz quvonchni tuyardim – mashaqqatli mehnat ortda qolganidan emas, albatta. Siz meni havoyilikda ayblashingiz turgan gap, ammo hislarimni hozirgina dohiyona asarini tugallagan musavvir xurramligi bilan tenglashtirishga botindim. Kursini yasab bo‘lib, unda o‘tirish qulaymi-yo‘qmi, o‘zim sinovdan o‘tkazardim. Meni allatovur ajib bir titroq qamrardi. Bu onlar tussiz hayotimning hayajonli damlari edi. Men yasagan kursida kim o‘tirishini tasavvur qilib ko‘rardim – tagli-tugli aslzodami, tengi yo‘q sohibjamolmi… O‘y-xayollarim meni kursi buyurtirilgan dang‘illama hovliga olib borardi, hovlida kursiga mos xona bo‘lishi kerak: turli-tuman qimmatbaho va nafis bezaklarga to‘la, devorlarga atoqli musavvirlarning suratlari ilingan, shiftga billur qandil osilgan. Polda oyoq bossang, botib ketadigan momiq gilam… Mo‘jazgina stolchada muattar bo‘yli gullar solingan ovro‘pacha guldon. Telba orzularimda bu koshonaning xojasi edim, so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas huzur-halovatdan sarmast edim.
Tasavvurim chegara bilmasdi. O‘zimni kursiga o‘tirvolib, quchog‘idagi go‘zal qallig‘ini oshiqona so‘zlar ila erkalayotgan zodagon deb tasavvur qilardim.
Biroq mo‘rt orzularim shallaqi xotinlarning chiyildoq ovozidan, mishiqi bolalarning ho‘ngrab yig‘lashidan chilparchin bo‘lardi. Orzularimdagi sohibjamol-chi… U ham bug‘dek tarqalib ketardi… Bunisi-ku mayli, hatto bolasini yetaklab yurgan qo‘shni xotinlar-da menga qayrilib qarashmasdi. Faqatgina o‘zim yasagan dabdabali kursigina men bilan qolardi. Lekin u ham tez orada meni tark etardi. Har safar buyurtma kursi bilan xayrlasharkanman, ma’yus tortib qolardim. “Qurt-qumursqadek kun ko‘rgandan ko‘ra o‘lganim yaxshi”, deb o‘ylardim o‘zimga ichim achib. Mug‘ombirlik qilmayapman: men hadeb o‘lim haqida o‘ylayverardim.
Bir kuni miyamda ajoyib fikr yilt etdi: “O‘lib nima ro‘shnolik ko‘rardim? Boshqa chorasi bordir, axir?” O‘y-fikrlarim yanada xatarli tus olaverdi. O‘sha vaqtda charm qoplangan kattakon kursi yasardim. Kursi qandaydir ovro‘palikka qarashli Iokogamadagi mehmonxonaga atalgandi. Avvalboshda u kursini chet eldan olib kelmoqchi bo‘libdi, biroq savdogarimiz o‘rtaga tushib, mening iqtidorimni maqtab, buyurtmani kaminaga berishdi.
Uyquni ham, yeb-ichishni ham unutib, ishga sho‘ng‘idim. Kursiga butun qalbimni berdim, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mana, kursi ham tayyor bo‘ldi. unga qarab o‘zimda yo‘q zavq-shavqni tuydim. Shunday durdona kursi yasaganimga o‘zim ham hayron edim. Odatimcha, kursini oftobga olib chiqib, o‘tirdim. Oh, shunday rohatki! Ortiqcha yumshoq ham emas, ortiqcha qattiq ham emas. Charm qoplamasini aytmaysizmi! Qoplamaning tabiiy rangini saqladim, ushlasang, xuddi terini ushlaysan-a… Badanga chippa yopishadigan suyanchig‘i, momiq-momiq tirsakqo‘ygichi biram shinam, biram qulayki! Qulayroq o‘tirib, tirsakqo‘ygichlarini silab, ko‘zimni yumgancha rohatlandim. Yana orzularga berildim. Bu safar orzularim shunchalik jonli, yorqin ediki, o‘zimdan qo‘rqib: “Aqldan ozdimmi, nima balo?” deb so‘radim. Shunda meni g‘oyat zo‘r bir fikr asir etdi! Bu fikrni naq iblisning o‘zi aytib turdi menga. G‘oya shunday vahimali ediki, shu sabab xayolimdan haydab sololmadim. Bu fikr, shubhasiz, mehnatim samarasidan ayrilishni istamaganim uchun ongimning bir burjida shu’ladek paydo bo‘ldi. Kursimning ortidan dunyoning bir chetiga ham borishga shay edim. Fikr bora-bora dahshatli niyatga evrildi. Nima bo‘lsa, bo‘ldi, g‘oyani amalga oshirishga ahd qildim.
Darhol kursini qismlarga bo‘lib, qaytadan tikladim. Endi kursi rejalarimni amalga oshirishimga bemalol xizmat qila oladi. Kursi kattakon, polgacha charm tortilgandi; qolaversa, suyanchig‘i va tirsakqo‘ygichlari shunday o‘lcham va shaklda ediki, ichida bemalol odamni yashira olardi. Albatta, qoplama tagida yog‘och sinchi, po‘lat prujinalari bor edi, ammo-lekin men bor mahoratimni ishga solib, kursini shunday ishladimki, o‘rindig‘iga tizzalarim, suyanchig‘iga gavdam va boshim joylashdi. Kursi shakliga kirib, uning ichida xohlaganimcha qolishim mumkin edi. Xo‘b ter to‘kib ishladim, o‘zimga qulaylik yaratish uchun kursini takomillashtirdim. Masalan, nafas olish, kuzatish va tashqaridagi ovozlarni eshitish uchun ko‘zga tashlanmaydigan mayda teshikchalar ochdim. Boshim barobarida suv va osh-tuz uchun tokcha o‘rnatdim. Tabiiy hojat uchun esa rezina xalta ham bor edi. Xullas, kursi ichida bir necha kun yashasa bo‘lardi, bir so‘z bilan aytganda, bir kishilik hujra…
Ko‘ylagimni yechib, ichkariga kirdim va g‘ujanak bo‘lib o‘rnashdim. Juda g‘alati! O‘zimni xuddi sag‘ana ichiga tiriklayin suvab tashlagandayman. Men ko‘rinmas ridoga yopinib, odamlar orasidan yo‘qolgandim…
Tez orada arava yetaklab kursini olib ketish uchun eltuvchi keldi. Kursini aravaga ortishayotganda, bir hammol: “La’nati! Namuncha zil-zambil bo‘lmasa!” dedi. Qo‘rqqanimdan yanayam g‘ujanak bo‘lvoldim. Lekin bunday turdagi kursilar doim og‘ir bo‘lgan, shu bois xavotirga o‘rin yo‘q. Keyin o‘nqir-cho‘nqirlarda taraqa-turuq boshlandi. Bekorga yurak hovuchlabman: o‘sha kuni kursini mehmonxonaga eson-omon yetkazishdi va ichkariga olib kirishdi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, kursini dahlizga qo‘yishibdi.
Fahmlayogan bo‘lsangiz kerak, men bir maqsadni – payt poylab, kursidan chiqib, u-bu narsani o‘zlashtirishni ko‘zlardim. Kursida odam yashiringani kimning xayoliga kelibdi deysiz?..
Xonadan xonaga kirib-chiqib soyadek tentirashim mumkin edi, shovqin-povqin eshitilsa, panamga kirib ketardim. Damimni ichimga yutib, o‘g‘rini qidirayotganlarning hovliqishlariga quloq solardim. Sohil bo‘yidagi toshlar orasida yashaydigan go‘shanishin qisqichbaqani bilsangiz kerak? Ko‘rinishidan yirik o‘rgimchakka o‘xshaydi. Tevarak-atrof jimjit bo‘lsa, qisqichbaqa surbetlarcha sohilda tarallabedod qiladi, salgina shovqin eshitilishi bilan darrov qobig‘iga yashirinib oladi va jirkanch, sertuk panjalarini andak chiqarib, g‘animi harakatlarini kuzatadi. Men o‘sha qisqichbaqaning o‘zi edim. Faqat in o‘rnida kursi, sohil o‘rnida esa mehmonxona edi.
Ha, o‘ylagan rejalarim inson tasavvuridan-da olislab ketgandi, shuning uchun ham omadim chopgandi. Mehmonxonaga kelganimning uchinchi kunidayoq “yog‘liqqina” o‘ljani qo‘lga kiritdim. Har safar “ov”ga chiqarkanman, ich-etimni yoqimli hayajon chulg‘ar, muvaffaqiyatli o‘g‘rilikdan keyin ta’riflab bo‘lmas sevinchdan yuragim hapriqardi. Kursi atrofida kuymalanib tashvishga tushgan odamlarning ahvolini bir ko‘rsangiz edi!
Taassufki, hozir ko‘rgan-kechirganlarimni batafsil tasvirlashning mavridi emas. Izn bersangiz, hikoyamni davom ettirsam.
Ittifoqo, men o‘ta qaltis va oxiratni kuydiradigan lazzat manbaini kashf etdim – diqqat qiling, hikoyaning asosiy qismiga yaqinlashyapmiz!
Lekin bundan oldin hikoyamning avvaliga qaytamiz.
…Shunday qilib, kursini dahlizga qo‘yishdi va mehmonxona xodimlari birma-bir kelib o‘tiradigan bo‘lishdi. Birmuncha fursat o‘tib turib ketishardi. Keyin suv quygandek jimjitlik hukm surardi. Chamasi, dahlizda hech kim qolmagandi. Panadan chiqay derdim-u, biroq meni kutib turgan ming bitta xavf-xatarni o‘ylab fikrimdan qaytardim. Jon qulog‘im bilan atrofga quloq osdim. Ko‘p o‘tmay og‘ir-vazmin qadam tovushlari eshitildi. So‘ng deyarli eshitilmay qoldi. Aftidan, boyagi odam dahlizga to‘shalgan yumshoq gilamga qadam qo‘ygandi. Keyin hars-hars nafas olganini eshitdim va taraddudlanishga ham ulgurmasimdan, tizzalarimga zilday tana o‘zini tappa tashladi, vaznidan ovro‘palikka o‘xshaydi. Yaxshilab o‘tirvolib, bir-ikki sakradi. Vazmin gavdadan meni faqat charm qoplama ajratib turardi. Keng yelkalari ko‘ksimga tiraldi, og‘ir qo‘llarini bilaklarimga tashladi. Sigara chekyapti, shekilli, burnim achishdi.
Begoyim, o‘zingizni mening o‘rnimda bir tasavvur qilib ko‘ring! Juda notabiiy his. Badanimdan duv-duv ter oqib, dahshatga tushdim, hatto miyam fikrlashdan to‘xtab qoldi.
Shundan keyin o‘nlab odamlar galma-galdan tizzamda o‘tirib ketishdi. Birortasining xayoliga kursiga emas, tomirlarida qaynoq qon oqayotgan odamning ustiga o‘tirayotgani kelmadi. Endi men uchun butun olam mana shu charm g‘ilofdan iborat edi. Men uchun odamlar o‘z qiyofalarini yo‘qotib, ularning ovozlari, nafas olishlari, qadam tovushlari, ko‘ylaklarining shitirlashi, badanlarini his eta boshladim. Ularni yuzlaridan emas, o‘tirishlaridan ajratadigan bo‘ldim. Biri semiz, hidlangan baliqdek silliq; boshqasi qoqsuyak. Qolaversa, belining bukilishi, kuragi, qo‘lining uzunligi, tosining kengligidan ham ajratardim… Odamlarni nafaqat tashqi ko‘rinishi, barmoq izlari, balki paypaslab ko‘rib ham ajratib olish mumkin ekan.
Shubhasiz, bularning bari nozik hilqat vakillariga ham tegishli. Ko‘pincha ularning tashqi ko‘rinishiga qarab go‘zal yoki ko‘rimsiz deya fikr yuritamiz. Ammo mening dunyomda bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas. Bu yerda ayollarning ipakday mayin terisi, hushohang ovozi, xushbo‘y isi muhim…
Begoyim, umid qilamanki, ochiqchasiga o‘tganimdan Sizni xijolatga qo‘ymayman.
…Alqissa, bir kuni yuragimda jo‘shqin hislarni uyg‘otib bir xonimcha kursiga o‘tirdi. Ovozidan ajnabiy qiz ekanini bildim. Raqsga tushayotgandek yurib, ajib bir kuyni xirgoyi qilgancha, quyundek dahlizga kirib keldi… Kursiga yaqinlashib, bir zum tek turdi va birdan e yo‘q, be yo‘q tizzalarimga sakrab o‘tirib oldi! Yarim soatdan ziyodroq fursat xirgoyi qilayotgan kuyiga mos ravishda tebranib tizzalarimda o‘tirdi. O, bu shunday rohat ediki! Butun umr ayollardan o‘zimni olib qochdim – ular meni ko‘rishlari bilanoq yuzlarini burishtirib, teskari qarashardi – lekin bu xonada men notanish sohibjamol bilan yolg‘iz edim. Qiz naq bag‘rimda. Sirasini aytganda, shirin orzularga berildim…
Shundan so‘ng boshdagi haris niyatlarimdan voz kechib, yettinchi falakka ko‘targuvchi, o‘zgacha his-tuyg‘ular girdobiga sho‘ng‘idim.
Kursidagi muhabbat!.. Buni boshidan kechirmaganlar qayoqdan ham bilsin! Bu muhabbat paypaslash, eshitish va ifordan tug‘iladi. Zulmat ichra muhabbat. Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz!
Avvalboshda ancha-muncha “o‘lja”ni qo‘lga kiritib, juftakni rostlab qolmoqchi edim. Lekin qayoqda! Sirli-notanish tuyulgan lazzat asiriga aylandim-u, qochish fikri xayolimdan uchdi-ketdi.
Uzoq vaqt bukchayib o‘tiraverganimdan a’zoyi badanim tosh qotdi, hatto tik turolmay qoldim; tunda oshxona yoki xalajoyga yurib emas, sudralib borardim. Tentakligimni qarang! Shuncha azoblardan keyin ham “oshyon”imni tark etmadim.
Mehmonxona mijozlari tez-tez almashib turardi. Albatta, mening ma’shuqalarim ham o‘zgarardi. Ularni tana shakllaridan eslab qolardim. Biri xushbichim, biri ilondek eshiluvchan, boshqasi koptokdek tarang, yana boshqasi antik davr haykallarini yodga soladi. Har birining o‘ziga yarasha malohati, jozibasi bor edi.
Gapiraversam, gap ko‘p. Ko‘rgan-kechirganlarimga batafsil to‘xtalib o‘tirmayman, gapning indallosi bular emas. Shundog‘am ko‘p vaysab yubordim.
…Oradan bir necha oy o‘tdi. Mehmonxona xo‘jayini ba’zi bir sabablarga ko‘ra vataniga jo‘nab ketdi. Mehmonxonani esa qandaydir yapon firmasiga sotib yubordi. Yangi xo‘jayin mehmonxonani oddiy, hammabop mehmonxonaga aylantirmoqchi bo‘ldi va barcha qimmatbaho buyumlarni kimoshdi savdosiga qo‘ydi, jumladan, kaminaning kursisini ham. Buni eshitib, chuqur qayg‘uga botdim. Bir xayolim odamlar orasiga qaytsammi, dedim. Savqitabiiyim bu eng to‘g‘ri yo‘l, derdi. Shu oylar davomida durustgina boylik yig‘ishga ulgurgandim, yallama-yorim qilib yashasam bo‘laverardi. Lekin tavakkaliga ish ko‘rishni ma’qul topdim. Gap shundaki, mehmonxona go‘zallari ming malohatli bo‘lmasin, baribir ham ajnabiy edi, demakki, qalban menga begona. Men yapon ayolini sevib qolishni orzulardim!
Shu orada mening kursimni ham kimoshdi savdosiga qo‘yishdi. Ichimda balki kursimni birorta yapon sotib olar deb umid qilardim. Shuning uchun sabr-toqat qilib, kursini tark etmaslikka ahd qildim.
Kimoshdi savdosi zalida alamdiyda holatda birmuncha fursat o‘tirdim, baxtimga, ko‘p o‘tmay xaridor topildi. Xaridor Iokogama yon-veridagi shaharda yashovchi amaldor bo‘lib chiqdi. Yuk mashinasida kursini olib ketisharkan, ichim to‘kilib qolay dedi. Amaldor dang‘illama hovlida turarkan. Kursini ovro‘pacha jihozlangan xonaga olib kirishdi. Buni qarangki, xona er-xotin uchun bitta ijodxona vazifasini o‘tarkan. O‘sha kundan boshlab bir oy davomida amaldorning rafiqasi bilan bir hujrada yolg‘iz qoldim. Tushlik va uyqu vaqtini hisobga olmaganda, hamma vaqt tizzalarimda o‘tirib qandaydir asar ustida ishladi; hatto xonaga kirgandan so‘ng eshikni ichkaridan qulflab olardi.
Bu ayolni telbalarcha sevib qolganimni aytsammi-aytmasammi? Bu xonadonda men ilk bor chinakam sevgi sururini tuydim. Bu ayolning oldida boshqalari hatto ip esholmasdi.
Bu dilbar xonim kursi ichida ekanimni bilishini istardim. Bu o‘ta qo‘rslik, ammo men uning muhabbatiga tashna edim. Unga qanday sha’ma qilsam ekan? Agar ogohlantirishsiz shunday qilsam, qo‘rqqanidan eri yoki xizmatkorini chaqiradi. Ana unda mening baxtimga nuqta qo‘yiladi. Ustiga ustak, meni jinoyatda ayblashadi va qonun oldida javob berishimga to‘g‘ri keladi.
Uning mehriga sazovor bo‘lish uchun o‘zgacha yo‘l tutdim: uzoq vaqt kursida o‘tiraverib toliqib qolsa, holatni o‘zgartirib, qulayroq o‘tirishiga sharoit yaratardim; ko‘zi ilinsa, asta-asta belanchakday tebranardim. Bora-bora u kursiga xuddi tirik jonday muomala qiladigan bo‘ldi.
His-tuyg‘ularim kundan-kunga avjlanaverdi. Alaloqibat, butun dunyoni unutdim; mahbubamning raftoriga bir marotaba nigoh tashlasam-u, so‘ng jon taslim qilsam, degan yondirguvchi istak yuragimni kuydiraverdi…
Begoyim! Siz, shak-shubhasiz, hammasini fahmladingiz. Sizni mahbubam deganim uchun bir qoshiq qonimdan keching. Turmush o‘rtog‘ingiz kimoshdi savdosida mening kursimni sotib olganidan buyon Sizga oshiqu beqaror bo‘ldim.
Begoyim! Sizdan birgina o‘tinchim bor. Bir onga bo‘lsa-da, Sizni ko‘rsam, dilga malham bo‘lguvchi shirin yupanch so‘zlaringizni eshitsam bo‘lgani! Bir nochoru notavondan marhamatingizni darig‘ tutmang!
Sizga mana shu maktubni bitish uchun kecha tunda xonadoningizni tark etdim. Hozir Siz ushbularni o‘qiyotgan bir zamonda men yuragim taka-puka bo‘lib derazangizga ko‘z tikib turibman. Basharti beandisha o‘tinchimga rozi bo‘lsangiz, iltimos, xonangiz derazasida turgan tuvakdagi gulga ro‘molchangizni tashlab qo‘ying. Shu belgi orqali eshigingizni taqillataman…”

Maktub shu yerda uzilgandi. Hali so‘nggi satrlarni o‘qib ulgurmagan Yosiko dokaday oqarib, jirkanch kursi turgan xonadan miltiqning o‘qiday otilib chiqdi. Beadablarcha yozilgan xatni parcha-parcha qilib yirtib tashlagisi keldi-yu, allaqanday kuch to‘xtatib qoldi.
Dahshat! Nahotki, har kuni o‘tirgan kursisida begona erkak yashiringan bo‘lsa?! Yosiko ustidan muzday suv quyganday seskanib ketdi, vujudini titroq bosdi. U turgan joyida kishanlanganday qotib qoldi. Nima qilsa ekan? Kursini tekshirib ko‘rsamikin? Aslo! U ketdi, ammo kursining ichida ovqat qoldiqlari, latta-puttalari qolgan-ku…
– Begoyim, sizga xat keldi!
Yosiko sapchib tushdi. Ostonada qo‘lida xatjild ushlagancha oqsoch turardi. Yosiko beixtiyor xatni olib ochdi. Tanish iyerogliflarga ko‘zi tushgach, chinqirib yubordi. O, dahshat! O‘sha husnixat bilan bitilgan yana bitta maktub!
Yosiko nima qilishini bilmay, o‘yga cho‘mdi. Nihoyat, xatni ochib o‘qiy boshladi. Noma qisqa, lekin Yosiko mazmunidan esankirab qoldi:

“Yana bir bor haddim sig‘ib Sizni bezovta qilayotganim uchun ma’zur tutgaysiz. Gap shundaki, anchadan beri sizning asarlaringizni o‘qib, muxlisingizga aylanganman. Bundan avvalgi xatim – ilk kamtarona ijodiy asarim. Agar qo‘lyozmamga taqriz bildirsangiz, boshim ko‘kka yetardi. Asarimni hech qanday izohlarsiz jo‘natganim uchun yana bir marta avf etgaysiz. Xo‘sh, hikoyam Sizga ma’qul tushdimi? Modomiki, zig‘ircha-da Sizni qiziqtirolgan bo‘lsa, quvonchimning cheki yo‘q. Hozircha hikoyamga nom tanlamadim. “Kursi-odam” deb nomlasammi, deb turibman. Siz nima deysiz?”

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son