Edmon Rostan. Sirano de Berjerak (komediya)

(Besh pardali qahramonlik komediyasi)

Ishtirok etuvchilar:

Sirano de Berjerak – shoir
Kristian de Nevilet
Graf de Gish
Ragno
Le Bre
Kapitan Karbon de Kastel-Jalu
Gaskon gvardiyachilari
Liner
Kapelmeyster
De Valver
Monflyori
Belroz
Jodle
Kyuiji
Brisayl
Shilqim
Ispan ofitseri
Birinchi kavaler
Ikkinchi kavaler
Birinchi xizmatkor
Ikkinchi xizmatkor
Tomoshabin
G‘ulom
Birinchi markiz
Ikkinchi markiz
Eshik og‘asi
Shaharlik
Uning o‘g‘li
Kissavur
Bertrandu, burg‘uchi
Kaputsin
Roksana
Volida Margarita
Rohiba Marta
Rohiba Beata
Liza
Bufetchi ayol
Oqsoch
Gul sotuvchi ayol

Gvardiyachilar, mushketyorlar, markizlar, kavalerlar, shahar ahli, g‘ulomlar, shoirlar, aktyorlar, skripkachilar, tomoshabinlar, xonimlar, rohibalar, o‘quvchilar, bolalar, somsapazlar, mayda o‘g‘rilar, ispan askarlari, xizmatkorlar va hokazolar.

Dastlabki to‘rt harakat 1640 yili, beshinchisi 1655 yili sodir bo‘ladi.

Burgund mehmonxonasi manzaralari

Burgund mehmonxonasining 1640 yildagi tomosha zali. Teatr tomoshalari qo‘yishga moslashtirilgan keng-mo‘l sahn. Zal to‘rtburchak shaklida. Uning bir tomonidagi dekoratsiya bor bo‘yicha o‘ng tomondagi old burchakdan orqa chap burchakkacha cho‘zilib, sahna bilan burchak hosil qiladi va biz uning bir qismini ko‘ra olamiz. Sahna pardasi bo‘ylab ikki tomonga o‘rindiqlar qo‘yilgan. Parda ikkiga ajraluvchi qismlardan iborat, yuqori qismida qirollik tamg‘asi aks etgan. Sahnadan zalga keng pillapoyalardan tushiladi. Zinalarning har ikkala tomonida skripkachilar uchun o‘rindiqlar bor. Qandilda mum shamlar. Yon galereya ikki qavatli; tepadagisi lojalarga bo‘lingan. Voqealar yuz beradigan parterda o‘rindiqlar yo‘q. Uning ichkarirog‘ida, o‘ng tomonda bir qator narvonchali o‘rindiq yaqqol ko‘zga tashlanadi; undan nariroqda, zina (tomoshabinga uning quyi pog‘onalarigina ko‘rinadi, xolos) tagida – gul solingan guldonlar , billur qadahlar, shishalar, pishiriq solingan likopchalar va hokazolar terilgan, shiftiga qandillar osilgan bufet.
Ichkarida, o‘rtaliqda, lojali galereya ostidan teatrga kiriladi. Darvoza tomoshabinlar kirganda ochilib-yopilib turadi. Eshik tabaqalari, burchaklar va bufet peshtoqiga “Kloriza” deb yozilgan qizil afishalar yopishtirilgan. Parda ko‘tarilganida g‘ira-shira va bo‘m-bo‘sh zal ko‘rinadi. Qandillar quyi tushirilgan va hali shamlar tutashtirilmagan.

BIRINChI PARDA

Birinchi ko‘rinish

Olomon asta-sekin to‘planmoqda. Kavalerlar, shaharliklar, xizmatkorlar, g‘ulomlar, o‘g‘rilar, eshik og‘asi, markizlar, Kyuiji, Brisayl, bufetchi ayol, skripkachilar va hokazo. Devor ortida shovqin, keyin kavaler otilib kirib keladi (eshik og‘asi unga ergashib).

Eshik og‘asi:
Chiptaga pul qani, yo‘qsa, ortga qaytsinlar!
1-kavaler:
Xomkalla, bizga hamisha tekin.
Eshik og‘asi:
Sababi, nechun?
1-kavaler:
Ovozingni o‘chir, muttaham,
Kimsan, hazrati oliylarining qo‘riqchisiman!
(o‘tib ketadi)
Eshik og‘asi: (endigina kirib kelgan ikkinchi kavalerga)
Marhamat qilib chiptangizni ko‘rsating!
2-kavaler: Seni qara-yu, qanaqa chipta,
Menga doim tomosha tekin!
Ko‘rganmisan to‘laganimni?
Eshik og‘asi: Lekin…
2-kavaler: Men – mushketyorman!
Eshik og‘asi: Mana sizlarga aqcha!
O‘tkazmay iloj qancha!
1-kavaler:(ikkinchisiga) Boshlanishi ikkida edi,
Tomoshagoh esa hamon bo‘sh.
Kel, mashq qilib turamiz,
Nima foyda bekor o‘tirib.
Yana ortar mahoratimiz
Qilich bilan vaqtni o‘ldirib.
(qilichlarini sug‘urib mashq qila boshlaydilar)
1- xizmatkor: (ikkinchisiga) Ji-m… ji-m…
2- xizmatkor: Shampan vinosi?
1-xizmatkor: (Qo‘ynidan qarta va oshiqlarni olib ko‘rsatadi)
Yo‘q, ko‘ryapsanmi? Qarta va oshiq.
Mehmonlar kelguncha bir qo‘l ko‘raylik!
2-xizmatkor: Bilasan-ku, shinavandaman!
O, men senga hamtovoq bo‘lib
Har baloga tayyorman doim.
1-xizmatkor: Yashavor, erkak! (Cho‘ntagidan sham qoldig‘ini olib yoqadi va polga o‘rnatadi). Mana ozgina nur,
Bu shamni
Graf dargohidan eplashtirganman.
Gvardiyachi: Qanday yaxshi teatrga kelganing chog‘
G‘ira-shira bo‘lsa hammayoq!
(Gulchi qizning belidan tortadi)
Janjalkashlardan biri (zarba olarkan): Tegdi!
Qimorbozlardan biri: Men valetni soldim!
Gvardiyachi (gulchi qizni ta’qib qilarkan): Bittagina o‘pich!
Gulchi qiz: Oh, yo‘q, ko‘rib qolishar.
Gvardiyachi (qizni qorong‘i burchakka tortib):
Bu joyda hech kim yo‘q,
Ha, bexijolat!
1-tomoshabin (polga jo‘ralari bilan o‘rnashib, o‘rtaga yegulik qo‘yarkan): Olomon yo‘q, itar-itar yo‘q!
Vaqt g‘animat,
Maza qilib yeb-ichib oling!
Shaharlik (o‘g‘ilchasini yetaklab): Bu yoqqa o‘g‘lim, bu yoqqa,
Shu atrofdan yaxshi ko‘rinar.
Qimorboz: Tuz, dama va valet!
G‘ishtindan keldi!
2-tomoshabin (yomg‘irpo‘sh qo‘ynidan shisha chiqarib, o‘rnashib o‘tiradi):
Mayxo‘r sifatida tortay tanobin,
Burgund otelida Burgund sharobin.
Shaharlik (o‘g‘liga): Qay go‘rga kep qoldik? Ko‘zoynagim ber.
Eh, axloq (hassasi bilan mayxo‘rni ko‘rsatadi) xarobot ahli, (janjalkashlardan biri tisarilib turtib yuboradi) xudobezorilar! (qimorbozlar davrasiga kirib qolib) qimorbozlar.
Gvardiyachi (Gulchi qizga shilqimlikni davom ettirib): Bittagina o‘pich!
Shaharlik (O‘g‘lini hushyor chekkaga tortib): Mana shu dargoh
Mashhur rotraga ham bo‘lgandi guvoh.
Shaharlikning o‘g‘li: Kornelni, ota!
Shaharlik: G‘am bosdimi, ayt?
Quvnoq g‘ulomlar to‘dasi bir-birlarining qo‘llaridan tutib, qo‘shiq aytib kirib kelishadi.
Eshik og‘asi (tahdid bilan): Shovqin-suron solmang, g‘ulomlar!
1-g‘ulom (g‘ururi toptalgan qiyofada): E taqsir, nimalar deysiz?
(Eshik og‘asi o‘girilgach, sherigiga sho‘x-shan): Chilvir yoddan chiqmadimi?
2-g‘ulom: Ilmoq ham yonimda. Sen xotirjam bo‘l!
1-g‘ulom: Juda soz: chapdastlik bilan bir necha parikni ovlaymiz bugun.
3-g‘ulom: Hamma yuqoriga.
2-g‘ulom: Xo‘p, qani, ketdik.
Qimorboz: Tuz qarg‘a!
Kissavur (atrofida bir necha shubhali shaxslar):
Diqqat, firibgarlar, o, siz havaskor,
Bunda hunaringiz ko‘ramiz ilk bor.
Qovun tushirmaysiz, sizdan ko‘nglim to‘q!
2-g‘ulom (galereyada o‘tirgan boshqa g‘ulomga baqirib): Tuppak o‘zingdami?
3-g‘ulom (yuqoridan): Ha, no‘xat bilan birga!
(No‘xat solingan tuppakdan pastga qarab “o‘q” otadi).
Shaharlikning o‘g‘li: Bugun nima qo‘yishar ekan?
Shaharlik: “Kloriza”ni.
Shaharlikning o‘g‘li: Muallifi kim?
Shaharlik: Baro. Pesa to‘la qiziq bir tilsim.
(o‘g‘li bilan qo‘ltiqlashib o‘tib ketadi)
Kissavur (o‘z shotirlariga):
Po‘rimlarning cho‘ntagini kesinglar chaqqon!
Bir tomoshabin (sherigiga):
Ko‘rdingmi, bu joyda “Sid”ni qo‘yishgan.
(o‘rindiqlardan biriga ishora qilib)
U kunlar qalbimda yashaydi hamon.
Kissavur (tegishli ishoralar bilan):
Soatlarni uring ko‘zingiz tushgan!
Shaharlik (o‘g‘liga): Hozir o‘z qarshingda ko‘rasan qator
Mashhur artistlarni, dimog‘dor, nomdor…
Kissavur (go‘yo o‘z cho‘ntagidan tez-tez nimanidir olayotganday):
Dastro‘mol haqida ortiq tashvish yo‘q,
Cho‘ntakka tushishdan osonroq ish yo‘q.
Shaharlik (o‘g‘liga): Bopre, Belroza, Monflerni ko‘rasan.
Ovoz (yuqori galereyadan): Boshlanglar!
1-g‘ulom (parterda sherigiga): Ana u voh-voh qanday shan!
Bormikin bu qadar latif siymtan?
Bufetchi ayol (to‘siq oldiga kelib):
Chanqovbosdilar bor, marhamat mana.
Malina va limon sharbati yana!
Murabbo, sut, noranj qiyomi!
Eshik ortidan birovning qichqirig‘i: Yo‘l bo‘shat, qorayaloq! Tez!
1-qarol (hayratlanib): Markizlarmi?
2-qarol: Rost.
1-qarol: Kelishyapti. Parterga, nahot?!
2-qarol: Bir necha daqiqa, xolos!
1-markiz (yarmi bo‘sh zalga kirib):
Ie, eldan burun kelibsiz, ajab,
Dabdabasiz, pastkash meshchanga o‘xshab.
Shovqin ko‘tarmasdan, bosmasdan oyoq,
Uyat-e! Suf bizga! Sha’nimizga dog‘.
(ertaroq kelgan boshqa zodagonlar bilan salomlashadi)
E-ha! Kyuiji! Brisayl!
(quchoqlashadi)
Bundayin diydordan yoqimli ne bor?
Namuncha vaqtli?
Kyuiji: Ha, hamma xudojo‘y, kelibmiz ildam,
Bizga muntazirdek bu yerdagi sham.
1-markiz: Eh, gapirma, mening qaynadi qonim,
Kyuiji: Shamchi keldi, o‘zni bos qadrdonim.
Barcha yig‘ilganlar shamchini olqishlar ila kutib olishadi va u yoqayotgan qandil ostida to‘planishadi. Galereyada bir necha qiyofalar paydo bo‘ladi. Liner Nevilet bilan qo‘ltiqlashib parterga o‘tadi. Linerning usti boshi tartibsiz, u uyqudan turgan odamni eslatadi.­ Kris­tian risoladagidek kiyingan, lekin sal eskicharoq, xavotirli qiyofada lojaga qarab-qarab qo‘yadi.

Ikkinchi ko‘rinish

O‘sha Kristian, Liner, Ragno va le Bre.

Kyuiji: Liner!
Brisayl (kulib): Haliyam hushyor? Qanday evrilish!
Liner (Kristianga sekingina): Tanishtirib qo‘yaman sizni
(Kristian rozilik bildirib bosh irg‘aydi).
Baron de Nevilet!
Ular bir-birlariga ta’zim qilishadi.
Olomon birinchi yoqilgan qandilni shiftga ko‘tarilishini olqishlaydi.
Kyuiji (Kristianni kuzatarkan, Brisaylga aytadi):
Binoyidek kelishgan!
Brisayl (Kyuijiga): Jonon yigit, shubhasiz!
1-Markiz (bu so‘zlarni eshitib): H-m! Nimasini aytasiz!
Liner (tanishtiradi): Kyuiji… Brisayl…
Kristian (ta’zim qilib): Hayajondaman.
1-Markiz (ikkinchisiga): Ha, yigit chakkimas, lekin bu libos…
Yo Tangrim, naq otam zamoniga mos!
Liner (Kyuijiga): Baron hozirgina Turendan keldi.
Kyuiji: Yo‘lning charchoqlari chiqdimi?
Kristian: Shukr, yigirma kun bo‘ldi Parijdaman men.
Gvardiya polkiga kirgum ertaga.
Bufetchi ayol: Meva-cheva, sut!
Skripkachilar (cholg‘ularini sozlab): La-la…
1-Markiz (asta-sekin to‘lib borayotgan lojaga qarab): Madam Obri! Qara, qanday maftunkor!
Xira pashsha doim yonida tayyor.
Kyuiji (Kristianga zalni ko‘rsatib): Odamni qarang!
Kristian: Ur-yiqit, suron!
1-Markiz: Jamiyat qaymog‘i! Mana xonimlar!
Ular ayollarning yasan-tusaniga qarab o‘zlaricha baholashadi, keyin lojaga kirib, bir-birlariga tabassum bilan ta’zim qilishadi.
2- markiz: Madam de Hemene!
1-markiz: Meni xarob etgan.
Kyuiji: Madam de bua-Dofen…
2-markiz: Qarshisida biz
Mudom hayratdamiz, tilimiz ojiz!
Brisayl: Mana go‘zal madam de Shavini
2-markiz: Bizni suyib suymadilar, ozod qo‘yib qo‘ymadilar,
Dilimizni barmog‘ida olma kabi o‘ynadilar.
Liner: Ie, Janob Karnel kelmish Ruandan.
Shaharlikning o‘g‘li (otasiga): Shu yerdami akademiya ham?
Shaharlik: Barcha jamuljam.
Budyu, Porsher, Burze ehtiromga loyiq,
Kyuro, Burdon, Arbo… O, qanday nomlar!
Aslo unutmaydi tarix, xaloyiq.
1-markiz: Tamtam xonimchalar joylashmoqdalar!
Ana Felikseriya, Bartenoida mana,
Irimedonta… Kassandiya, Fillida yana…
2-markiz: O, bu naslu nasab! Go‘zal naqadar!
Nozik, latif, muhtasham!
Barchasini tanirsiz, markiz?
1-markiz: Ha, taniyman barchasin, markiz.
Liner (Kristianni chetga tortib):
Sizning ko‘nglingiz-chun kelgandim asli
Ammo ko‘zlaringiz hamon nigoron.
U bu yerda yo‘qmi?
Kristian: Taassuf!
Liner: Unda menga ruxsat.
Kristian (yalinib): Yo‘q! Qo‘shiqlaringizda katta-kichik jo,
Butun boshli shahar, shuningdek, saroy.
Sizdan boshqa hech kim madh etolmaydi
Men sevgan go‘zalning ismu tal’atin.
Kapelmeyster (pyupitrani kamoncha bilan taqillatib):
Skripkachilar diqqat! Boshlaymiz
(kamonchasini ko‘taradi)! Qo‘lga oling kamonchalarni.
Bufetchi ayol: Limu sharbati, biskvitlar, somsalar…
(Skripkachilar chala boshlaydi)
Kristian: U haddan tashqari ishvagar, tannoz,
Shu meni cho‘chitar negadir mudom.
Unga munosibdir latofatu noz,
Uning nazdida men nodon bir odam.
Bu yerdagi sheva, yozuv san’ati
Mendek askarga ham tuban g‘alati…
U loja chetida, joyi o‘ng taraf.
Liner: Befoyda? Men ketdim. Meni kutmoqda
Mayxonada ulfat.
Kristian (uni to‘xtatib): Ketmang!
Liner: Yo‘q!
Kristian: Yo rab!
Qoling!
Liner: Jon deb qolardim
Ammo tashnalikdan o‘lgum begumon.
Bufetchi ayol (uning oldiga patnis ko‘tarib keladi):
Sharbatdan quyaymi?
Liner: E…
Bufetchi ayol: Sut-chi?
Liner: Be…
Bufetchi ayol: Sharob?
Liner: To‘xtang-chi…
Bufetchi ayol: Mana Russilonning o‘tkir sharobi.
Liner (Kristianga): O‘zingizni bosing. Men qolar bo‘ldim.
(bufetchi ayolga) Qani, quying endi, sharob limmo-lim.
(O‘rnashib o‘tirib olib ichadi)
(Semiz, pakana va quvnoq odam ko‘rinishi bilan tomoshabinlar orasidan hayqiriqlar eshitiladi)
Ovozlar: Ragno, Ragno, Ragno!
Liner: Ragno bu shuhratli mohir pazanda,
Artistlarni siylab yuruvchi banda.
Ragno(oshpaz kiyimida Linerga tez yaqinlashadi):
Uzr, to‘ram, bezovta qilyapman sizni
Shoir Siranoni ko‘rmadingizmi?
Liner (Ragnoni Kristianga tanishtiradi):
Aktyor, shoirlarning valine’mati.
Ragno (taltayib): O, to‘ram, bu ishning ko‘pdir lazzati.
Liner: Qo‘ying himmatli zot!
Ragno: Ha, bu janoblar
Tashriflari bilan meni aylar shod.
Liner: Hamisha nasiya, gohida tekin,
O‘zining ham ta’bi nazmi bor lekin.
Ragno: Kim biladi deysiz.
Liner: She’rlar to‘qiydi.
Ragno: O, bahra olmoqqa nazm nahridan…
Liner: Bu kishim o‘tgaylar somsa bahridan.
Ragno: To‘g‘ri, faqat mayda somsalarimdan.
Liner (Kristianga): Tentak, shu gapni ham bo‘yniga olar.
(Ragnoga qarab)Yo‘q-yo‘q, yopolmaysiz aybingiz tamom.
Sizda qancha turar to‘rtlikning narxi?
Oddiy she’rga qancha to‘laysiz?
Ragno (bo‘shashib): Bir juft obinon.
Liner (tahdidli): Shirmoy emasmi?
Kristian: Sevasizmi teatrni ham?
Ragno: Bundan ortiq baxt yo‘q begumon.
Liner (Kristianga qarab): Chiptani somsaga ayriboshlar bu.
(Ragnoga qarab) Ayting-chi, savolim o‘zaro gapu
Qanchaga tushdiykin bugungi chipta?
Ragno: Umuman.
Liner: Yo‘q-yo‘q, opqochmasdan gapiring usta.
Ragno: To‘rt dona mag‘izli qatlama hamda
Yigirmaga yaqin mazali gumma.
Liner (kulib): Hah-ha, buni qarang-a
Ragno (alanglab): Bo‘lsa ham kech,
Sirano ko‘rinmaydi hech.
Tinchlik bo‘lsin-da!
Liner: Siranoda ne ishingiz bor?
Ragno: I-e, bilmaysizmi?
Liner: Yana nima gap?
Ragno: Manfleri o‘ynaydi bugun
Liner: Shoirga nima?
Ragno: Sirano tinch qo‘ymas bu bo‘g‘irsoqni.
Liner: Kulgimni qistatmang!
Nimani talashar bu to‘nka bilan,
Sahnada gulchambar to‘qiydimi yo
To‘nka va Sirano?
Ragno: Nahot sizga noayon
Manfleridan jirkanar shoir
Va uni sahnaga topmish noloyiq
Lener (to‘rtinchi qadahni ichib tugatarkan): Keyin-chi?
Ragno: Uning so‘ziga bo‘ysunishdan bosh tortdi aktyor
Va chiqmoqchi bugun sahnaga.
Kyuiji (hamrohlariga yaqinlashib): Sen menga inon
Shoiring qo‘lidan hech vaqo kelmas.
Ragno: Oho-oho! Bizga shu tomosha kerak.
1-markiz:Siranosi kim?
Kyuiji: G‘aroyib inson,
Kallakesar hamda yovqur, pahlavon…
2-markiz: Mashhurmi?
Kyuiji: Hm… Qozongan shuhrat:
Gvardiyada xizmat qilar u
(aftidan kimnidir qidirib yurgan janobni ko‘rsatib)
mana uning do‘sti Le Bre
U hammadan yaxshiroq bilar (chaqiradi) Le Bre!
Siz menimcha Siranoni qidirmoqdasiz?
Le Bre: Uning yo‘qligiga hayronman rost gap,
Tashvishga solyapti meni bu holat.
Kyuiji: De Berjerak kabi zot bilan
Eski do‘stsiz, qanday alomat!
Le Bre (jonlanib): Men undan g‘aroyib odam ko‘rmadim.
Ragno: Asti aytmang! Talantli adib!
Le Bre: Va sozanda!
Brisayl: Ajoyib fizik!
Kyuiji: Va duelboz!
Liner: Qilichidek keskir aqli ham.
Lekin jimjimador kiygan libosi,
Boshqacha qiyofa baxsh etar rosti.
Ragno: To‘g‘ri, Siranoning surati bizga
Avliyo Filippni eslatmas mutloq.
Eskicha urfdagi libosi shundoq
Kaloning arvohin shod aylar, o‘rtoq.
Engil boshi ajib, aqli yugurik,
G‘ayratu shiddati bamisli chaqmoq.
Sho‘x, janjalkash, sal g‘alatiroq.
Shlyapasin chapanicha qo‘ndirgan boshga,
Yo‘l-yo‘l chakmoni ham yarashgan g‘oyat,
Yomg‘irpo‘sh etagin ko‘targan shamshir
Eslatar jangari xo‘roz dumini.
Yoqasi doimo qor kabi oppoq,
Hamisha ohorli – yoqa ushlaysiz.
Burni-chi! Ko‘rsangiz, bamisoli tog‘,
Tasavvurga sig‘mas kattaligidan.
Ushbu tog‘ salobat baxsh etar unga.
Qansharin ko‘tarib yuradi mag‘rur.
“Burnin yechib keyin uxlasa kerak”,
Deb o‘ylar ko‘rganlar shubhasiz, beshak.
Burundan ma’lumki, yechilmas burun.
Le Bre (bosh chayqab): Har kimki burniga qilsa ishora,
Sirano bu zotga ko‘radi chora.
Ragno(mag‘rur): Ha, uning olmos shamshiri
Parkining dahshatli qaychisi monand.
1-markiz (elkasini qisib): O, sizning nutqingiz qanday tumtaroq
Tashbeh, tavsifi yorqindir biroq,
Ko‘rinmaydi u.
Ragno:Ko‘rinmaydi? O‘ynayman garov,
Monflerining dodin berar beayov.
1-markiz: Garov? Xo‘p nimani tikamiz bunga?
Ragno: Jo‘ja qovurdog‘i Ragno qaylasi bilan!
Uning kelishiga tikaman.
1-markiz: Kelishdik, Sirano kelmas baribir (kuladi).
(Roksana o‘z lojasida paydo bo‘ladi. Zalda hayratomuz suron ko‘tariladi. U oldinda, oqsochi orqada o‘tiradi. Bufetchi ayol bilan hisob-kitob qilayotgan Kristian Roksanani payqamaydi)
2-markiz (tamshanib): Yo rabbano! Naqadar jozib!
1-markiz: Haddan ortiq go‘zal, yaratgan Egam!
2-markiz: Duxoba shaftoli, labi qulupnay!
1-markiz: Dudog‘i chinnigul misoli qirmiz.
2-markiz: Shu qadar maftunkor, shu qadar durkun,
Yurakni oldirib qo‘yishing mumkin.
(Kristian boshini ko‘tarib Roksanani ko‘rib qoladi.
Linerning qo‘lidan tutib)
Kristian: Oh, ana u!
Liner (Roksanaga ko‘z tashlab): Qani? Qayerda?
Qalbingiz o‘g‘risi shumi?
Kristian: Ha-ha. Titrayapman. Ayting kim asli?
Liner (sharob xo‘plab): Madlena de Roben, Roksana derlar.
Erka qizlar kabi nafis, oqila.
Kristian (hayajonlanib): Hayhot, oqila!
Liner:Arziydi ishq qissasi uchun.
Ozod, yetim, Siranoning ammavachchasi,
Bizning qahramon.
(Shu daqiqada yelkasidan havorang tasma o‘tkazgan
juda po‘rim Velmoja lojaga kirib, tik turgan holda
Roksana bilan suhbat boshlaydi)
Kristian (qaltirab): Kim u Roksanani suhbatga tortgan?
Liner (kayfi oshgan, ko‘z qisib): De Gish – oshiqi beqaror,
Ammo bari bekor.
Kimsan Arman Reshilega kuyov bo‘ladi.
Lekin ko‘nglida Roksanani uzatsam der
Graf de Valverga. Bechora janob.
Qulay er bo‘lardi shaksiz-shubhasiz.
Qiz qarshi bo‘lsa-da, De Gish nufuzi.
Bu ishni hal qilar o‘zidan-o‘zi
Bir qo‘shiq to‘qidim, do‘stlar, yaqinda
Kiborlar va kirdikorlar haqida.
Bilaman u meni qo‘ymaydi omon,
Uning qilmishlarin etganman bayon.
Ayniqsa, xulosa…
(qo‘lida qadah bilan o‘rnidan turayotib chayqalib ketadi)
Kristian:Urinmang,
Men ketdim.
Liner: Qayon?
Kristian: Valver yoniga.
Liner: Ehtiyot bo‘ling,
U sizni o‘ldirar!
Nega kerak sizga o‘sha erkak g‘oz?
(nigohlari bilan unga Roksanani ko‘rsatadi)
Sizga qarayapti u, ketmay turing!
Kristian (lojaga nazar tashlab): Xo‘p, qoldim…
(hafsalasiz ko‘rinadi)
(O‘g‘ribachchalar to‘dasi uni karaxt holda angrayib turganini ko‘rib sekin yaqinlashishadi).
Liner: Biz endi ketdik. Qovoqxona chorlaydi bizni!
Xumori tutyapti!
(chayqalgancha ketadi)
Le Bre: (zalni aylanib Ragno yoniga qaytadi, qoniqish bilan)
Qorasi ham ko‘rinmas uning!
Ragno (ikkilangan ovozda): Biroq…
Le Bre: Ehtimol e’lonni o‘qimagandir?
Ovoz: Boshlanglarda endi!

Uchinchi ko‘rinish

Yana o‘sha davra, faqat Linersiz: de Gish, Valver, keyin Monfleri.

1-markiz (Roksananing lojasidan chiqib, porterga kelib laganbardor zodagonlar davrasiga qo‘shilgan de Gishni ko‘rib qoladi; ular orasida de Valver ham bor):
De Gish davrasiga bir qara!
2-markiz: Gaskoniyalikmish tag‘in, fu!
1-markiz: Lekin dono hamda sovuqqon.
G‘alabaga tashna. Shuning uchun ham
Hamma uning ra’yiga qaram.
Yur, yaxshisi, borib ikkovlon,
Ta’zim aylab kutaylik karam…
(De Gish tomon yura boshlaydi)
2-markiz: Ajabtovur tasma! Ayting-chi, graf,
“Kabutar quyrug‘i” deganimi shu?
1-markiz: “O‘p meni Lizetta” deb nom olgan bu rang.
De Gish: Yo‘q, o‘tlab ketdingiz ikkovingiz ham:
Bu tasmaning nomi – “Kasalmand ispan”
1-markiz: Rangiga til ojiz, muhtaram graf,
Holatga mos tushmish, sizga yo‘q taraf.
Sizning xizmatingiz, jasoratingiz
Tufayli barchaning ko‘ngli birday to‘q:
Siz bor – ispanlarga kun yo‘q, omon yo‘q!
2-markiz (kulib): Ha, sen haqsan!
De Gish: Minnatdorman sizdan janoblar,
Endi yuring sahna ortiga.
Intizor kutmoqda aktrisalar.
(barcha markiz va zodagonlar hamrohligida yo‘l oladi, birdan to‘xtaydi va qayrilib) Ketdikmi, Valver?
Kristian (bu ismni eshitib qaltirab ketadi):
Valver? Ha, yaramas!
La’natining basharasiga…
(cho‘ntagiga qo‘l solib, tunayotgan o‘g‘rivachchaning bilagidan tutadi. Qayrilib qarab): Nima?!
O‘g‘ri: Voy jonim! Vo-ey!
Kristian (uni qo‘yib yubormasdan): Qo‘lqopim topdim.
O‘g‘ri(ayanchli kulib): Qo‘lqopning ichida mening qo‘lim bor.
(so‘z ohangini o‘zgartirib, tez va past tovushda)
Quloq soling… meni qo‘yvorsangiz gar,
Mutlaq yangi gapdan topgaysiz xabar.
Kristian (qo‘lini qo‘yvormay): Qanaqa mish-mish?
O‘g‘ri: Sir.
Kristian:Qanaqa sir?
O‘g‘ri: Ha-da, biz uchun hazil g‘irt xarom.
Liner yoningizdan ketdiku hozir…
Kristian (O‘g‘rining qo‘lini tutgancha): Liner?
Xo‘sh, nima bo‘pti?
O‘g‘ri: Uning kuni bitgan – ishonchim komil.
Ayovsiz fosh etmish she’rda to‘rani,
Bugun tunda kutar bir to‘da qotil,
Yuz kishi… men ham…
Kristian: Eh, muttaham! Seni…
O‘g‘ri: Sizni aldab menga nima naf?
Bu qasosdir, shu – erkakcha gap!
Kristian: Kim olmoqchi o‘ch? Ayt, kimdir qasoskor?
O‘g‘ri:Batamom sotmoqqa qo‘ymas vijdon, or.
Kristian (elkasini qisib): Ha-ha.
O‘g‘ri (ko‘krak kerib): Dog‘ tushirmam kasbim sha’niga.
Kristian:Qayda kutishyapti qotillar uni?
O‘g‘ri: U kelgan chog‘ Nelsk minorasin yoniga
Yopirilib qasd qilurlar nogoh joniga.
Ogoh etmoq lozim!
Kristian (nihoyat uni qo‘yib yuboradi): Topurmiz qaydan?
O‘g‘ri: Qovoqxonadan-da!
Kristian: Yo‘q topolmayman –
Har xil qovoqxona menga begona.
O‘g‘ri: U qadar ko‘p emas asli mayxona:
“Bir juft mash’ala” va “Uch oltin qarg‘a”,
“Yashil cho‘chqa” bilan “bo‘m-bo‘sh chelak” bor.
G‘arib “Oq eshshak” ham kun ko‘rar zo‘rg‘a,
Har bir mayxonada qoldiring xabar!
Kristian: Men ketdim! Dunyoda qolmabdi insof!
Birgina shoirga yuz nafar kazzob!
(Roksanaga mehr bilan qaraydi)
U shunda qolurmu?
(Valverga g‘azablanib tikiladi)
Bu shunday qolurmu?
Hayhot! Men Linerni qutqazishim shart!
(tez chiqib ketadi)
(De Gish, Valver, markizlar – barcha zodagonlar o‘rindiqlarga
joylashish uchun parda ortiga o‘tishadi. Parter to‘ladi.
Galereya va lojalarda bo‘sh joy qolmaydi).
Xaloyiq:Boshla! Boshla! Boshla!
Shaharlik (yuqori galereyadagi bezori bolalar uning parigini ilmoq bilan tortib olishadi): Nimalar bo‘lyapti? Parigimga teginmanglar.
Ovozlar(xaloyiq orasidan) Yasha o‘g‘il bola, kal ekan-ku chol!
Shaharlik (quturib musht o‘qtaladi): He, qaroqchi!
Ovozlar(xaloyiq orasidan): Ha-ha-ha-ha!
Shaharlik: La’nati maxluq!
Ovozlar (xaloyiq orasidan): Vah-ha-ha-ha-ha-ha! (shovqin va kulgi asta-sekin pasayadi).
Le Bre:Birdan sukut cho‘kdi bu nedan darak?
(tomoshabinlardan biri uning qulog‘iga nimadir deb shivirlaydi).
Yo‘g‘-e!
Tomoshabin: Hozir aytishdi.
(xaloyiq orasida shivir-shivir)
Jim… – yo‘q… nahotki… yopiq lojada!
Jim… jim! – Kardinal! Jim-e! – Kardinal!
Bezori:Juda g‘alati-ku! Sipo tutamanmi endi o‘zimni?
(Sahnada taraqlagan ovoz eshitiladi. Hamma tinchlanadi).
1-markiz (sahna chetidagi parda tirqishidan bosh chiqarib): Stul bervoringlar!
(Odamlar boshlari uzra qo‘lma-qo‘l qilib unga stul uzatishadi.
Markiz lojaga qarab havoyi bo‘salar yo‘llab,
stulni tutgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi).
1-tomoshabin: Hov, eshikni qiyalatib qo‘y!
2-tomoshabin: Jim… jiming!
(Yana sahnada uch marta taqillagan tovush yangraydi, parda ko‘tariladi. Sahna chetlarida markizlar taltayib o‘tirishibdi. Orqadagi dekoratsiya och havorang. To‘rtta mo‘jaz billur qandil sahnani yoritib turibdi. Skripkaning mayin musiqasi).
Le Bre (Ragnoga sekin): Monfleri hozir chiqarmi?
Ragno: Ha, hozir.
Le Bre: Lek hamon ko‘rinmas Sirano – shoir.
Ragno: Ha, men yutqazdim.
Le Bre: Juda soz!
(Dulayka tovushi ostida sahnada cho‘chqadek semiz cho‘pon kiyimida: qulog‘igacha atirgulli shlyapa bostirgan Monfleri paydo bo‘ladi. Tasmalar bilan beztilgan valinka chaladi).
Partyor (olqishlab): Monfleri!
– Ahay! Monfleri, ofarin!
Monfleri (ta’zim bajo aylab, Fedon rolini ijro eta boshlaydi):
“Bunda jam bo‘lganlar qanday baxtiyor,
Taqdirga bosh egib kun ko‘rar sokin.
Mayin tong sabosi esarkan takror…”
Ovoz (parterdan): Ha-a-a, ablah! Men senga bir oy
Sahnaga chiqishni man qilgandim-ku.
(Umumiy his-hayajon. Hamma orqaga qayrilib qaraydi.
Shovqin-suron)
Ovozlar: Nima gap?
Nima?
Nimalar bo‘lyapti?
Kyuiji: Bu o‘sha!
Le Bre (qo‘rqib): Yo Tangrim! Sirano!
Ovoz: La’nati! Lo‘ttivoz, men senga u kun
Sahnaga chiqmaysan degandim bir oy!
Shu qilgan ishingning badali uchun
Endi ikki oyga cho‘zilar muddat!
Qani tush, dumingni tugaman bugun!
Xaloyiq (hayron): O-o!
Monfleri: Lek ma’zur tutasiz…
Ovoz: To‘xta yaramas!
Damingni chiqarma!
Xaloyiq: Jim… jim… Bo‘ldi! jim… o‘yna, Monfleri!
Cho‘chima biz bor!
Ovoz: Ko‘zingga qara!
Monfleri (ikkilanib): “Kimki olomondan yiroq bo‘lsa, bas,
Baxtiyordir o‘sha…”
Ovoz: Masxaraboz moxov, hassam zarbini
Sog‘inib qoldingmi? Shoir yaramas…
(Parterdagi olomon boshi uzra yuqori ko‘tarilgan hassa paydo bo‘ladi)
Monfleri (borgan sari xasta tovushda): “Kimki olomondan…”
(hassa siltanadi).
Ovoz: Tinchgina yo‘qol!
Partyor (hamma yoppasiga): O‘h-o‘!
Monfleri(bo‘g‘ilib): “Kimki olomondan…”
Ovoz: Do‘zaxi, lain!
G‘azabimni oshirma!
(Birdan Sirano paydo bo‘lib, stulga sakrab chiqadi. Qo‘lini chalishtiradi. Boshida o‘sha chapanicha shlyapa. Burama mo‘ylov, dahshatli burun. Hamma lol).

To‘rtinchi ko‘rinish

O‘sha holat va Sirano, yana Belroz, Jodle.

Monfleri (markizlarga): Yordam bering, janoblar!
1-markiz (bamaylixotir): O‘ynasangiz-chi!
Sirano: Agar yana haddingdan oshsang,
Mazza qilib yeysan kaltagim!
2-markiz: Bas!
Sirano: Ie! Ne deb sayrar markizlar?
G‘ijimlansa libosi agar,
Ranjimasmi ko‘ngilchalari?
Hamma markizlar (o‘rnilaridan turib):
O‘ynayvering Monfleri!
Sirano: Yaxshilikcha uyga yo‘l olgay,
Yo‘qsa butkul quloqsiz qolgay.
Kimningdir ovozi: Ammo…
Sirano: Yo‘qol!
Boshqa tovush: Biroq…
Sirano: Nima? Hamon shundasan? A’lo!
Hozir mayxonaga aylanar sahna.
(englarini shimaradi)
Yaproq qilib to‘g‘ray yog‘li qazini.
Monfleri (o‘z nomusini asrash uchun):
Lekin xuruj qilish odobdan emas!
Bunda Taliya ham xafa shu nafas.
Sirano (juda xushmuomalalik bilan):
Yo‘q, janob! Siz uchun o‘gay, begona
Ijod farishtasi uchratsa sizni
Sumbatingiz ko‘rib yoqa tutardi.
Axlatquti kabi qorningiz u
Eski shippagini tashlab o‘tardi.
Partyor: Bas! – Monfleri! – Qo‘ying o‘ynasin!
Sirano (yon-atrofda qichqirayotganlarga):
Iltimos, marhamat ko‘rsating bizga,
Agar toshar bo‘lsa sabrim kosasi
Davrada jaranglar qilichim sasi.
(Davra kengayadi)
Olomon (chekinib): E!.. E!..
Sirano (Monfleriga): Ko‘zimdan yo‘qol!
Ovoz (tomoshabinlar orasidan): U juda bebosh.
Olomon (Sirano ustiga yopirilib va guldirab):
O‘-hov! Quvib sol uni!
Sirano (o‘grilib): Kimdir hayotidan norozimi?
(Olomon yana chekinadi)
Ovoz (ichkaridan kuylaydi): Ovora bo‘lmang, Sirano
Aytganingiz bo‘lmaydi.
Baribir bugun teatr
“Kloriza”ni o‘ynaydi.
Olomon (kuylaydi): “Kloriza”ni o‘ynaydi.
Sirano: Kuylavering yana, men dodlataman!
Shaharlik: Siz Samsonmasmisiz?
Sirano: Ha, do‘st, birpasga
Jag‘ingizni berib tursangiz qarzga.
Xonim (lojada dugonasiga): Jonginam qara-ya, qanday ajoyib!
Shaharlik: Birinchi bor ko‘rdim bunaqasini!
Amaldor: Tushga ham kirmagan.
Bezori: Mazza mojaro!
1-tomoshabin: Shunaqayam bo‘ladimi?
2-tomoshabin: Juda hayajonli birinchi parda.
Sirano: Jim!
Partyor (junbishga kelib): Cho‘-cho‘! Ie! Vov-vov! Qu-qu!
Sirano: Jim bo‘ling!
Bezori: Miyov!
(Shovqin)
Sirano:Taqiqlayman sizga shovqin solishni,
O‘chinglar! Tinglangiz mening so‘zlarim!
Jasoratingizni qadrlayman men,
Murojaat qilaman hamma-hammaga.
Ismi-sharifingiz yozaman hozir,
Xo‘p, xo‘sh, qani qulog‘im sizda.
Kim jang qilmoqchi?
Bu yer bemalol.
Sizlarni kutmoqda olmos shamshirim.
Sizga tarqataman shartli raqamlar,
Qahramonlar, keling navbati bilan
Qani kim ochadi ilk sahifani
Sizmi, janob? Yo‘q. Sizmi? Yo‘q. Siz?
Birinchi raqib
kutib olinadi sharaf-shon bilan.
Kimning o‘lgisi bor?
Kim jondan to‘ygan?
Ajal nazariga tushgan kim bunda?
Jasur qo‘llarini ko‘tarsin tezroq.
(Sukunat)
Lekin ko‘rmayapman jur’atdan nishon
Yalang‘och qilichim cho‘chitdimi yo
O, uyat tuyg‘usi, do‘stsan dushmanga!
Demak, hech kim yo‘q
Davom etamiz.
(Voqealar yakunini sahnada betoqat kutayotgan
Monfleriga o‘girilib)
Talabim sizlarga ayon albatta
Qayta ko‘rinmasin menga bu madda.
Chiqsa achchig‘im
(qilichini tutadi)
Ilma-teshik qilar manovi tig‘im.
Monfleri: Men… men…
Sirano (stuldan tushadi va chekinib turgan tomoshabiinlar orasiga o‘rnashib o‘tirib oladi):
Eshit meni chirigan to‘nka,
Senga ma’qul tushar mening taklifim
Uni zudlik bilan bajarishing shart.
Suiiste’mol qilma ko‘ngilchanligim.
Men uch bora qattiq chalaman qarsak,
Qorang o‘chgan bo‘lar birdan qarasak.
Monfleri: Men…
Sirano (qarsak chaladi): Bir!
Monfleri: Ruxsat bering avval bir so‘z aytishga.
Ovoz (lojadan): Hech yoqqa jilmang!
Ovozlar (parterdan): Ketma! Qol!
Sirano: Ikki!
Monfleri: O‘ylaymanki, menga bo‘lgay munosib…
Men, rostdan, hayronman, lolman to‘g‘risi…
Sirano: Uch!
(Monfleri o‘qdek uchib g‘oyib bo‘ladi.
Kulgi, hushtak, qiyqiriq shovqini)
Ovozlar (parterdan): Qo‘rqoq! Ojiz, notavon!
– Bu dahshat!
– Tirraqi!
Hoziroq qayt!
Sirano (stulga yastanib o‘tirib oyoqlarini chalishtiradi):
Ha! Qaytaqolsin Monfleri!
Shaharlik: Ana rejissyor
Loja: Belroz! Belroz!
Ovozlar (parterdan): Kerakmas! Bizga Jedle kerak!
Tezroq chiqsin u!
Belroz (uqtirib): Begoyimlar, siz ham janoblar
Partyor: Yo‘q, yo‘q! Jodle chiqsin!
Jodle (oldinga chiqadi, past tovushda): Ey siz, qo‘ylar podasi!
Ovozlar (parterdan): Balli! Yashavor! Ofarin!
Jodle: Bas qilinglar qichqiriqlarni!
Ovozlar: Siz meshqorin deb kulgan adib
Mazasi yo‘q, yotibdi og‘rib.
Ovozlar (parterdan): Qo‘rqoqlarni kechirmaymiz biz!
Jodle: U ketishi shart edi. Ketdi.
Ovozlar (partyordan): Qaytib kelsin, keyin ko‘ramiz!
Bir necha ovozlar: Shartmas!
Boshqa ovozlar: Kelsin!
Shaharlikning o‘g‘li (Siranoga qarab):
Mumkin bo‘lsa tushuntirsangiz
Ne sababdan Monflerining
Adabini berdingiz, taqsir?
Sirano (stulda o‘tirgancha iltifot bilan):
O, siz palapon,
Sizni ko‘rmay qolibman, uzr!
Ogoh etay men ikki sirdan,
Qolishmaydi biri biridan.
Birinchidan, u o‘ta qallob!
Aktyor, adib, deb betga niqob
Tortib olgan eshakboshi u!
Ikkinchidan, yo‘q bu shaxsiy sir!
Keksa shaharlik (Siranoning ortida turib):
Eh! Podalar tomoshasidan mahrum qildingiz-da, men noroziman!
Sirano (stuli bilan o‘giriladi, hurmat bilan):
Siz maqtagan Baro bir pulga qimmat,
Uning yozganlari siyqa va bid’at,
Va qilgan ishimdan afsusdamasman.
Tomoshabin ayollar (lojadan): Shunaqayam bo‘ladimi?
– Jonginam! – Eh! – Baro daho-ku!
Yo rabbim! – Nahotki? – Baro! Voy xudoyim-ey!
Sirano (stuli bilan loja tarafga o‘girilib, takalluf bilan):
Zebo xonimchalar, bir iltimos bor,
Davron suring deyman! Bu husnu jamol
Bizga umidlar baxsh etsin takror,
Qahru g‘azab ketsin, yo‘qolsin zavol,
Qaro tun qo‘ynida Zuhrodek yoning,
Xushbo‘y atirguldan porlang yorqinroq.
San’atkor ko‘ngliga ilhomlar soling,
Ustimizdan hukm chiqarmang biroq!
Belroz: Lekin chipta haqin to‘laysiz endi!
Sirano (stuli bilan o‘girilib):
Faqat sizdan chiqdi bo‘ladigan gap,
O Belroz, siz haqsiz tamoman, mutlaq.
Melpomenda tikib yomg‘irpo‘shimni
Himoya qilaman tig‘ tegishidan.
Mana hamyon, ushlang, yarashdik, demak?
(sahnaga hamyonini otadi)
Barcha tomoshabinlar (hayratda): Yo pir-ay! Oho-hov! Oh…
Jodle (hamyonni ilib olib, salmoqlab ko‘radi):
Bu himmat bilan
Har kun barbod qiling “Kloriza”ni!
(hushtakvozlik)
Hech bo‘lmaganda
Hushtakbozlar sharaflasin ikkalamizni.
Belroz: Xaloyiq, marhamat, bo‘shating zalni!
Jodle: Tomosha tagini oldi, janoblar!
(Xaloyiq tarqala boshlaydi. Sirano atrofga qoniqish bilan qaraydi. Lekin olomon navbatdagi suhbatni eshitib to‘xtaydi. Lojadagi o‘rinlaridan turib, yomg‘irpo‘shlarini kiyib ulgurgan xonimlar yana qayta joylariga o‘tirishadi).
Le Bre (Siranoga): Aqlingni yebsan!
Surbet (Siranoga yaqinlashib): Kimlar nima desa desinu azal
Oqibatsiz qolmas bunaqa janjal,
Bundoq qarasangiz Monfleri naq
Gertsog Kandalyuga o‘xshashligi haq!
Sirano: Xo‘sh nima bo‘pti?
Surbet: Qodir xudo shohid!
Bir maslahatim:
Uyga boraqoling… Sizga homiy kim?
Sirano: Hech kim.
Surbet: Hech kim! Nahotki?
Sirano: Yo‘q.
Surbet: Yo‘q?
Sirano: Sizga “yo‘q” deb aytdim men ikki bora.
Takrorlashim shartmi uchinchi karra?
Lutfan qaytaraman sizga so‘nggi bor,
Homiy yo‘q, istagim ham yo‘qdir zinhor.
(Qo‘lini shamshiri dastasiga qo‘yib)
Lekin himoyachim yonimda mudom.
Surbet: Sizni quvg‘in qilish xavfi bor ammo.
Sirano: Ko‘ramiz!
Surbet: Lek gertsog bu kun
Istagan o‘raga qamashi mumkin.
Kunday ayon: kimki tegsa g‘ashiga
Turfa ko‘rguliklar solar boshiga.
Uning dasti uzun…
Sirano: Umidim andog‘:
Qachonki, qo‘llarim qilich tutgan chog‘,
(qilichiga ishora qilib)
Gertsogning qo‘llari bo‘lar qisqaroq.
Surbet: O‘ylamay so‘ylaysiz…
Sirano: O‘ylab so‘ylayman.
Surbet: Izn bering…
Sirano: Izn yo‘q, ruxsat beraman
Shu lahza tuyog‘ing shiqillatishga.
Surbet: Ammo men…
Sirano: Qani, nari tur.
Surbet: Ammo men…
Sirano: Chaynalma, bo‘ldi.
Surbet: Ammo men…
Sirano: Sabr kosam to‘ldi. Ayturman ayon:
Gaplaring kufrimni oshirar chandon.
Ket! Yo‘q, to‘xta, tingla so‘zimni:
Burnimdan uzolmay qolding ko‘zingni?
Surbet (qo‘rqib ketib): Men-a?
Sirano (unga tahdid qilib): Nojo‘ya nima bor unda?
Surbet (chekinib): Xudo haqqi siz adashyapsiz.
Sirano (bostirib boradi): Yo burnim yuzimga beo‘xshov qo‘ngan?
Yoki yonboshlagan so‘lga yo o‘ngga?
Surbet (chekinib): Men bunday demoqchimasdim.
Sirano: Ehtimol, biltanglab tashlanib ko‘zga
Filning xartumini eslatgan sizga?
Surbet: Ammo men…
Sirano: Balki qo‘pol quvur bo‘lib ko‘ringan?
Yo boyqush chumdugi…
Ne bo‘lganda ham
Nimasi kulgili?
Surbet: To‘g‘ri, hech narsa.
Sirano: Ajabtovur dersiz bundoq qarasa.
Surbet: Men hatto qarashni o‘ylamadim ham
Sirano: Rost ayting burnimda qanaqa nuqson?
Ha, demak, shunchaki yoqimsiz?
Surbet: Hecham
Umuman!
Sirano: Yo rangi yoqimsiz yomon?
Surbet: Unaqamas
Sirano: Balki shakli ko‘rimsiz?
Surbet: Xudo haqqi!
Sirano: Balki aynir ko‘nglingiz,
Me’yordan bahaybat bo‘lgani uchun?
Surbet(qo‘rquvdan duduqlanib):
Minba’d! Juda kichik! Jimitdek burun!..
Sirano: Nima? Topdingizmi mendan shunday ayb?
Burnim kichkinami? Nahotki shunday?
Aftidan, birodar, aqlingiz zaif.
Sira ko‘rmagandim qo‘pollik bunday.
Surbet: Yo falak, men halak!
Sirano: Kamtarlik nechun?
Burundan mashhurdir bu ulkan burun!
Ey siz tovuqburun, bilmaysiz beshak
Katta burun katta xislatdan darak,
Aql va iltifot jasorat undan.
Botirlik, ezgulik ma’lum burundan.
Xullas bu xislatlar sizda yo‘q zinhor,
Bunga o‘zingiz ham bo‘lursiz iqror.
(unga shapaloq tortib yuboradi va tepadi)
Surbet (shaytonlab):
Voy-dod! Yordam bering!
Sirano: Mana ishora,
Kimki muhokama qilsa oshkora
Kattami-kichikmi kamina burni,
Gar zodagon qilsa haqorat uni,
Manavi daydidan farqli o‘laroq,
Yuragiga shamshir urgayman shundoq.
Odatim shu!
De Gish (markizlar bilan birga sahnadan tushib):
Kechirasizu
ushbu mojaro jonga tegdi.
Valver (elkasini uchirib):
Olifta, sulloh!
De Gish: Hech kim miq etolmay qoldi-ku biroq?
Valver: Mana hozir ko‘radi mendan,
Adabini berib qo‘yyay zab.
Yurmaydigan bo‘lsin tentirab.
(ularni diqqat bilan kuzatib turgan Siranoning yoniga keladi
va jangovar holatga kiradi).
Tinglang… bu burningiz… to‘g‘risin aytsam
Beo‘xshov juda ham.
Sirano (xotirjam): To‘g‘ri juda ham.
Valver: Ha-ha-ha!
Sirano: Ko‘ryapsizki, men xotirjamman.
Xo‘sh keyin-chi? Hech gap yo‘q. Attang,
Ochig‘ini aytaman sizga,
Juda no‘noq ekansiz so‘zga.
Fikri ojizimcha behazil.
Mavjud edi payrovga imkon,
So‘z o‘yini qilib turfa xil
Burnim yerga ishqalab oson,
Har tomondan qochirim aylab,
Askiyaga tortib burnimni
Oyoq-qo‘lim, tilimni boylab,
Poygakka sursangiz o‘rnimni.
Va desangiz: “Menda bo‘lsa bundayin xartum,
Tag-tugidan kesardim o‘zim.
Do‘stona ohangda taassuf bilan
Desangiz: “Siz qadah ko‘targan mahal,
Burningiz suqilib bermasmi halal?
Istasangiz topay kattakon kosa!”
Yoki ejikilib aytursiz: “Rosa
Qoya bu, yo adir, yo yarimorol!”
Sinchkov kishi esa der hardamxayol:
“Uzr, bir narsani so‘rash mumkinmi?
Bu siyohdonmi yo pichoqqa qinmi?”
Nafis tovush aytar: “Qaysi musavvir
Burningiz aylamish qip-qizil, taqsir?”
Iltifotli birov: “Qushbozmisiz, der
Qushlarga qo‘ngali noqulay deb yer
Burningizni qo‘noq qilibsiz, qoyil!”
Bir mehribon aytar: “To‘shakda yotib
Tutun chiqarganda chilimni tortib,
Vahimaga tushgan qo‘shnilar shoshib,
O‘t o‘chiruvchilarni boshlab kelmasmi?”
Ogohlantirgaylar: “Bo‘ling ehtiyot,
Burin og‘ir kelib tosh bosgan zahot
Bir tarafga og‘ib bo‘lmang yerparchin!”
“Buncha yoqimtoy bu burun tushmagur,
Ta’sir qilmasmikin unga tushgan nur,
Kun qizib, zabtiga olarkan bahor,
Bu noyob burunga soyabon darkor”,
Deydi latofatli bir mehribonim.
Rasmiyatchi aytar: “Bu oqil jonzot
Uni Aristofan kabi oliy zot
Gipokampelefantokamelos degan,
Qadimda ham shunaqalar bo‘lgan ekan”.
Olifta aytadi: “Men kiyimparast,
Shlyapa ilgichga qilyapman havas,
Ixtiroga gap yo‘q, javon shart emas!”
Kimdir hayajonda der: “Azza-bazza:
Burunmas bu, do‘stlar, katta mo‘jiza,
To‘g‘risi, uni shamollatish uchun
Birgina shamolning yetmaydi kuchi.
Unga ta’sir etar solsa g‘alayon,
Quyun, bo‘ron, dovul, dahshatli to‘fon”.
Siz dengiz ma’budi, deydi nazmgo‘y,
Amfitrit bazmida avj olarkan to‘y,
Siz chiqasiz burningizni karnay aylabon!”
Go‘l kimsa aytadir: “Bu ajib haykal
Ziyoratga ochiq bo‘lgay qay mahal”.
Hamisha shubhada yashovchi odam
Deydi: hazil qilmang menga sira ham.
Ko‘rib turibmanku burun – qalbaki”.
Xushomadgo‘y der: “Burningiz og‘ayni,
Attor peshtaxtasin eslatar ayni”.
“Qachon bu minora shajarangizga
O‘tgan?” so‘rar bir muhtaram zot.
Qishloqi angrayib qaraydi bizga:
“Ne sabab g‘ovlamish bu burun azot?”
– Eh sen pandavaqi, kallang ancha xom,
Axir, bu qovunmas, axir, bu sholg‘om.
Harbiy aytar: “Nay-za-ni o‘q-tal!”
“Do‘stim, bu burunni, – deydi ustamon,
Lotereya o‘yiniga tiksangiz agar,
Qur’ada omadi yurishgan inson
Kattakon sovrinni olgay muqarrar!”
Piramaga qizg‘in taqlid aylabon
Mojaro o‘tiga quyib yana moy
Yolg‘ondakam yig‘lab ko‘zlari giryon
Ayturlar: “Qizarmish burun hoynahoy
Bu husni Yusufni buzgani uchun”
Mana taqsir, bir burunga ming bitta payrov,
Topolardi kimda bo‘lsa zig‘irdek aql.
Siz esa og‘zingiz ochiboq birrov
Shu zahot dovdirab tishladingiz til.
Men kulib yuraman o‘zimdan doim,
Lekin kular bo‘lsa ustimdan birov
Bir lahzada qo‘par qiyomat qoyim!
De Gish (hang-mang bo‘lib qolgan Valverni yetaklamoqchi bo‘ladi):
Qo‘yavering uni, Valver!
Valver (bo‘g‘ilib):
Qandaydir notayin kimsa
Hatto qo‘lqopsiz…
Shunaqa ohangda menga gapirsa!
Sirano: Shuni kamchilik deb topdingizmi siz?
Valver: Tasma yo‘q… bo‘yinbog‘… xullas, behasham…
Sirano: Bu gaplaring haq,
Olifta, po‘rimlik yoqmaydi mutlaq,
Tashqi qiyofamga bermagayman zeb,
Yugurib yelmayman qichiq hayot deb.
Ammo boshqalardan farqli o‘laroq,
Vijdon pok, sha’nimdan haqorat yiroq.
Qora ko‘ngil bilan g‘ijimlangan baxt
Menga tegishlimas. Menga mulku taxt:
Erkinlik – libosim, jasorat – xojam,
Belingiz tutib g‘oz etgandek kamar
Goho qaddimni tik tutolmasam ham,
Ammo ko‘nglim to‘g‘ri va tik hamisha.
Garchi urfdan qolgan boshda shlyapam,
Shlyapa ostida boylik – aql jam.
Yo‘l yursam yo‘lim keng ochilib borar,
Poyimdan haqiqat sochilib borar.
Valver: Lek janob…
Sirano: Menda yo‘q qo‘lqop.
Bor edi judayam eskirib ketgan.
Birini otganman sulloh, surbetga.
Ovozin o‘chirgan surbet o‘sha tob.
Valver: Firibgar! Yaramas! Yolg‘onchi! Ahmoq!
Sirano (Valver yuqoridagi haqoratlar bilan o‘zini tanishtirgandek, Sirano shlyapasini yechadi va ta’zim qiladi):
Tanishganimdan bag‘oyat xursandman.
Men esa de Berjerak,
Saviniy-Sirano-Erkyul!
(hamma kuladi)
Valver (quturib):
La’nati masxaraboz!
Jag‘ingni ezaman, kekkaygan xo‘roz!
Sirano (go‘yo biror yeri og‘riyotganday yolg‘ondakam dodlaydi):
Voy! Voy!
Valver (ketayotgan joyida to‘xtab, qayriladi):
Nima dedi?
Sirano (og‘riqli qiyofada):
Hamisha shunday:
Ko‘z oldimda yana u karaxt!
Uni bekor qoldiray qanday!
Voy! Voy!
Valver: Sizga nima bo‘ldi?
Le Bre (Siranoga sekin):
Esingni yig‘!
Sirano (unga e’tiborsiz):
Nima? Birdan qilichimni qumursqa bosdi.
Valver (qilichini sug‘urib): Juda soz!
Sirano (o‘z qilichiga):
Mana! Qalay! Shodmisan endi?
O‘zni ko‘rsatmoqlik fursati keldi.
Valver (nafratlanib): Shoir!
Sirano: Ha, to‘g‘ri shoir:
Mavzu topdim she’rimga hozir!
Bilarmisiz “ballada” nedir?
Valver: Shu-u…
Sirano: Bu haqida tushunchangiz yo‘q,
O‘rgaturman ko‘ngil bo‘lsin to‘q.
Diqqat: turgan joyda qilichim sermab,
Ballada to‘qiyman men sizga atab.
Valver: Shu…
Sirano: Izohlashga men turibman shay,
Yoziladi ballada qanday.
Valver: Qo‘rslik bu…
Sirano (uqtirib): Ballada uch banddan to‘qilar,
Har birida sakkiz she’r bo‘lar.
Valver: Oh! Oh!
Sirano (o‘sha ohangda): So‘nggi bandni derlar “Havola”
Valver: Quloq soling…
Sirano: Ayni dam unga
To‘rttagina she’r kirar. Demak,
O‘zimizning duelga kelsak
Balladamni boshlayman o‘zim,
Sizga chin so‘zim,
She’r so‘nggida bo‘lursiz yakson.
Valver: Yetar! Nuqta qo‘yay bu safsataga!
Sirano: Ha, yakuniy band yangragan zamon,
Sizga bo‘lar muqarrar yomon!
Valver: Aslo!
Sirano: Aslo?
Boshladik qani!
(ifodali qilib)
“Shoir de Berjerak bir bekorchixo‘ja bilan
duelga chiqqani haqida ballada”
Valver: O‘! Bu ne yana?
Sirano: Bumi? Sarlavha!
Xaloyiq (ishtiyoqi toshib):
Siz qolasizmi? – Ha. Yana biroz.
– Zo‘r bo‘lyapti! – Jim!.. Jiming, iltimos!
Manzara: partyordagi ishtiyoqmandlar davrasi: markizlar, ofitserlar, shaharliklar omma bilan aralash-quralash; tomoshani yaxshiroq ko‘rish uchun bezorilar bir-birlarining yelkalariga chiqib olishgan. Lojadagi xonimlar tik turib olishgan. O‘ngda de Gish va uning a’yonlari, chapda: Le Bre, Ragno, Kyuiji va boshqalar.
Sirano (bir lahza ko‘zlarini qisib):
Ruxsatingiz bilan… Qofiya… shunday!
Kamina hamisha xizmat uchun shay.
Endi balladamni boshlay.
(So‘zlariga mos harakatlar bilan)
Fetrimni yechib ulug‘vor,
Erga tashlay yomg‘irpo‘shimni.
Chorlagayman dahshatli xunxor
Shamshirimni – sodiq do‘stimni.
Chaqqon, chapdast harakatlarim
Qo‘lim chayir, ko‘zlarim o‘tkir.
Yodingizda tursin gaplarim –
She’r so‘nggida sanchilar shamshir.
(Ular birinchi zarbalarini berishadi)
Menga, do‘stim, teng kelolmaysiz:
Chorlovimga tushdingiz laqqa.
Chovutimdan sizni olmoqqa
Jazm qilar qaysi bir markiz?
Tilsammikin son yo yelkani?
Ilsammikin tig‘ uchiga yo?
Bitta bo‘lar shoir aytgani:
She’r so‘nggida raqibi ado!
Chekinyapsiz, shunday ekanda
Basharangiz dokaday oppoq.
Oshnaginam, eh, sodda banda,
Tig‘dan qo‘rqqan – haqiqiy qo‘rqoq!
Qayga ketdi haligi hovur?
Bo‘sh shishadek holingiz g‘arib.
Zarb qaytarib, eslatay bir qur –
Tig‘im topgay sizni axtarib.
(Tantanavor e’lon qiladi)
Va nihoyat xotima mana,
Oliy hazrat kuningiz bitdi.
Bir, ikki – ur! Uch – usul rosmana,
(sanchadi) Mana!
(Valver chayqaladi, Sirano ta’zim qiladi).
Men sanchdim! She’r yakunga yetdi!
(Shovqin, qarsaklar, Siranoga gul va ro‘molchalar otishyapti. Ofitserlar uni qurshab qutlashyapti. Ragno quvonchdan o‘yinga tushyapti. Le Bre yashnab ketgan va ayni paytda sarosimada. Valverning do‘stlari uni suya­ganicha chiqib ketishadi).
Xaloyiq (birvarakay uzun hayqiradi): Ha-a-a!
Ofitser: Qoyilmaqom!
Xonim: Naqadar ajib!
Markiz: Ana zakovat!
Ragno: Asosiysi, mutlaq yangicha!
Le Bre: Yo‘q, aqlga sig‘mas bir holat!
(Hamma Siranoning atrofida parvona. Olqishlar yangraydi)
Ovozlar: Ajoyib! Ofarin! Sizni qutlaymiz!
Umrim bino bo‘lib ko‘rmagan sahna!
Xonimlar: Qahramon! Ha, u qahramon!
Markiz: O‘xshashi yo‘q, betimsol so‘zsiz.
Ragno: Beqiyos! Hayratomuz! Cho‘qqilar qadar!
Mushketyor (qo‘llarini cho‘zib Siranoga qarab tez yurib keladi):
Izn bering, xojam, sizdagi jur’at
Meni lol ayladi, olqishladim xo‘p.
Yurakni toshirdi zavqu shavq, hayrat…
Holbuki, janglarda tajribamiz ko‘p,
Ammo ko‘rmagandim bunday mahorat!
(Ketadi)
Sirano (Kyuijiga): Bu janob kim?
Kyuiji: Bumi? Bu D’Artanyan,
Mashhur uch mushketyorlardan biri.
Le Bre (Siranoni qo‘ltiqlab): Gaplashib olaylik, do‘stim.
Sirano: Yo‘q, anovlar chiqib ketishsin.
(Belrozga) Qolsam bo‘ladimi, taqsirim?
Belroz: Marhamat qiling!
Xohlasangiz ertalabgacha!
(sahna ortidan qichqiriqlar)
Shovqin solgan kim?
Jodle (tashqariga chiqib qarab, qaytib keladi):
Monfleri sabab qiyqirmoqdalar.
Belroz (hikmatomuz ohangda):
Baxt naqadar yugurik!
(ohangini o‘zgartirib, eshik og‘asiga)
Supir-sidir, yig‘ishtir chaqqon,
E, o‘chirma chiroqni, nodon!
Ovqatlanib qaytib kelamiz,
Mashq qilamiz.
(Jodle va Belroz Siranoga chuqur ta’zim qilib ketishadi)
Eshik og‘asi (Siranoga): Siz ketmaysizmi?
Sirano: Yo‘q.
(Eshik og‘asi chiqib ketadi).
Le Bre: Nega? Tushlik nima bo‘ladi?
Sirano: Bugun tushlik yo‘q.
Le Bre: Lekin…
Sirano (mag‘rur holda): Qornim to‘q!
(Eshik og‘asi uzoqlashayotganini ko‘rib ohangini o‘zgartiradi).
Sariq chaqam ham qolmadi.
Le Bre (xuddi hamyon otgandek harakat bilan):
Tushunmadim! Haligi hamyon…
Sirano: Ha, u mening so‘nggi mablag‘im.
Nafaqa pul edi otamga qolgan.
Le Bre: Yashaysanmi endi och-nahor?
Sirano: Boshga tushsa, ko‘rmoqlik darkor.
Yo‘qchilikda kun ko‘rganlarning
Qanday kechar ekan hayoti
Sinab ko‘rmoqchiman men o‘z tanamda.
Le Bre: Naqadar oliyjanoblik!
Lekin esciz hamyon, bu g‘irt ahmoqlik!
Sirano: Vaholanki qanday abjir zarb!..
Bufetchi ayol (bufet ichkarisidan yo‘taladi):
Ihhi… ihhi…
(Sirano va Le Bre o‘giriladi; ayol ikkilanib
ularga yaqinlashadi).
Yo‘q, qarab turolmayman bu holga aslo!
(Bufetni ko‘rsatib)
Ma’zur tuting, yeguliklar bunda muhayyo.
(Jonlanib)
Ruxsatingiz bilan qilurman taklif.
Sirano (shlyapasini yechib):
Garchi gaskonlarga xos bu g‘ururim,
Yo‘l qo‘ymas hadyalar qabul qilmoqqa.
Lek qattiq ranjiysiz hozir rad etsam,
Mutaassir etdi lutfingiz behad.
Sizdan minnatdorman chin dildan albat.
(Bufetga borib tanlaydi)
Bir piyola suv.
(Bufetchi ayol unga vino quyib bermoqchi bo‘ladi.)
Yo‘q, suv azizam,
Va bir shingil uzum.
(Bufetchi bir bosh uzum bermoqchi bo‘ladi).
(Bir dona oladi)
Etar!
Endi manavi somsaning…
Butunichamas!
(Yarmini qaytarib beradi).
Le Bre: Men hayronman, nega o‘zingni
Jinnilikka solyapsan atay?
Bufetchi ayol: Olsangizchi yana ul-buldan.
Sirano (Le Brega): Xotirjam bo‘l, men zo‘rini olaman.
(Bufetchi ayolga qarab)
Qo‘lingizni uzating menga!
(Bufetchi ayol unga qo‘l uzatadi, u malikalarning qo‘lini
o‘pgandek ehtirom bilan o‘padi).
Bufetchi ayol: O, xojam…
(ta’zim qiladi) Ko‘rishguncha xayr!..
(Ketadi)

IKKINChI PARDA

“Shoirlar qandolatxonasi”

Sent-Onore va Arbr-Sek ko‘chasi burchagida joylashgan qandolatchi va oshpaz Ragno do‘koni. Ko‘chalar keng oynavand eshiklar orqasidan ko‘rinib turadi; tongotar chog‘i ular kulrang tusda ko‘zga tashlanadi. Chapda, old planda naqshin temirlar soyabonida kichik rasta, unda g‘oz, o‘rdak, tustovuqlar osib qo‘yilgan. Ganchkor ulkan guldonlarda oddiy gullardan saylangan katta guldastalar, asosan, sariq kungaboqarlar. Qarama-qarshi tomonda ikkinchi planda katta gulxan, uning atrofida doshqozonlarda har xil taomlar qovurilyapti, qaynatilyapti. O‘ngda, old planda eshik; keyingi planda darchadan ichkarisi ko‘rinib turgan boloxonaga olib chiquvchi zina: u yerda kichik flamand qandili yoritib turgan stolda dasturxon tuzalgan; xonaga odamlar yeyish-ichish uchun kirib-chiqib turishadi. Zina davomidagi taxta yo‘lak xuddi shunday boshqa xonalarga eltadi. Qandolatxona o‘rtasida qandilga o‘xshatib temir halqa osilgan, ko‘tarib tushirish uchun unga arqon bog‘langan; halqaga turli-tuman ilvasin (ovlangan qushlar) osib tashlangan. Zina tagida qorong‘ilikda pechkalar qizarib ko‘zga tashlanadi. Mis idishlar yaraqlaydi. Son go‘shti tiqilgan sixlar aylanyapti. Mayda jonivorlar (o‘ljalar) to‘dasi osib qo‘yilgan. Ertalabki jonsaraklik: cho‘chib shoshilgan oshpaz bolalar va semiz oshpazlar bir-birini turtkilashgan. Ularning boshlaridagi oq qalpoqlarda xo‘roz yoki tustovuq pati ko‘rinayati. Ular temir patnislarda, to‘qima savatlarda jigar uyumlari, lahm go‘shtlarni tashiydilar. Stollar turli pishiriqlar va yegulik bilan to‘la. Stol va stullar mehmonlar uchun taxt qilib qo‘yilgan.
Parda ko‘tarilganda burchakdagi kichik stolda qog‘ozlarga ko‘milgan Ragno yozib o‘tiribdi.

Birinchi ko‘rinish

Ragno, oshpazlar, keyin Liza.
Ragno stolchada ilhom bilan barmoqlarida sanab yozib o‘tiribdi.

Birinchi oshpaz (taomni olib kirib):
Mana somsalar!
Ikkinchi oshpaz: Yong‘oqli holva!
Uchinchi oshpaz (tustovuqni olib kirib): Tustovuq!
To‘rtinchi oshpaz: (zarang kosa olib kirib): Sharbat!
Beshinchi oshpaz: (pirog olib kiradi) Pirog!
Ragno (yozishdan to‘xtab, boshini ko‘taradi):
Avroraning qirmiz barmog‘i
qozonlarni ayladi zarhal…
Tamom! Uchib ketding sayroqi ma’bud.
Ajib qofiyalar, shirin orzular
Taqdim etding menga oqshomga qadar.
Yana yetishgaymiz ilhomiy onga,
Endi esa navbat o‘choq-qozonga.
(Turadi. Oshpazlardan biriga)
Qayla qo‘shing tag‘in.
Oshpaz: Qancha?
Ragno: Uch bo‘g‘in.
(Nariroq o‘tadi)
Oshpaz: H-m…
Birinchi oshpaz (taomni keltirib): Mana parmuda.
Ikkinchi oshpaz (u ham taom keltirib): Mana kabutarlar.
Ragno (pechka yonida): O, ilhom parisi!
Xudo haqqi ket,
Yo‘qsa, oshxonaning jahannam o‘ti
Ko‘zingni kuydirib pishirar ayon.
Qofiya bo‘lmaydi she’r va oshqozon.
(Oshpazga kulchalarni ko‘rsatib)
Manov kulchalaring o‘xshamabdiku,
Noto‘g‘ri qo‘yilgan bu yerda urg‘u.
She’riyat ham shunday injiq masala.
(Boshqasiga tortni ko‘rsatib)
Buning qubbusiga aylab ehtirom,
Shakar uyumidan tiklangiz ehrom.
(Sixga ilvasinni o‘tkazayotgan shogirdga)
Mag‘rur kurkani va kamtar jo‘jani
Bir sixga teryapman qayerda ma’ni?
Malerbni eslagil, kichkina fardni
Hamda Aleksandr ash’orin chunon
Joy-joyiga qo‘ygan – muxlislar hayron.
Shoirdan o‘rnak ol har ishda, har dam,
Shunda kuymagaydir six ham, kabob ham.
Boshqa shogird (salfetka bilan yopilgan patnis keltirib):
Xo‘jayin fursatni topib g‘animat,
Bir narsa pishirdim siz uchun faqat!
(Salfetkani oladi va hammaning ko‘zi chiltor
shaklidagi tortga tushadi)
Ragno (hayajonda): I-e! Chiltor!
Shogird: Ha shunday, chiltor!
Ragno (to‘lqinlpnib): Bu g‘oya qayoqdan kep qoldi birdan?
Shogird: O‘zim tayyorladim shirin xamirdan.
Ragno: Minnatdorman, do‘stim!
Men uchun illo
Bundan qadrliroq sovg‘a yo‘q aslo.
(Unga pul beradi)
Ol, o‘zingni xursand qil, yayra…
(Xotiniga ko‘zi tushib, ohista)
Jim… Liza!
Pulni yashir va jo‘na tezda.
(Shosha-pisha, dovdirab Lizaga chiltorni ko‘rsatadi)
Qaragin Lizajon!
Asalcha qanday!
Liza (qahr bilan): Kulgili va qo‘pol.
(Rastaga qog‘oz o‘ramalar taxlamini qo‘yadi).
Ragno: O‘ramlar? Rahmat, azizam.
(Qog‘oz o‘ramalarni ko‘zdan kechirib)
Xudoyim! Nima bu! Aziz bitiklar!
Do‘stlarim she’rlari, orzu-o‘ylari
Yog‘liq somsa uchun qilurmi xizmat?
Sen nontepki qilgansan poymol,
Bir zamonlar gumrohlar badmast,
Orfeyga ham shunday qilgan qasd!
Liza: Aziz shoirlaring bizdan qancha qarz?
Daftarlari harna… she’ri arzimas.
Shu ishga yaradi bular har tugul.
Menda nima ayb? Bahosi bir pul.
Ragno: Iloh kapalagin qilma haqorat,
Ey tuban qumursqa!
Liza: Mana oqibat,
Jonim, sen ularni tanimagan chog‘,
Na qumursqa edim, na badmast gumroh.
Endi ular a’lo, men esa pastkash,
Xo‘rlik, haqoratlar nasibam yakkash.
Ragno: O, mening bechora kapalaklarim,
Otashin she’ringiz – qog‘oz o‘rami!
Liza: Shundan boshqasiga yaramas bari!
Ragno: She’rni shu ahvolga solding sen basir,
Ne bo‘lar qo‘lingga tushsa gar nasr?!

Ikkinchi ko‘rinish

O‘sha holat va qandolatxonaga kirgan ikki bolakay

Ragno: Qo‘zichoqlarim, keling!
Birinchi bola: Uchta shirin kulcha bering.
Ragno (ularga shirin kulchalarni uzatib):
Mana issiqqina – hozir yopilgan!
Ikkinchi bola: Sizda qog‘ozo‘ram topilmaydimi?
Obketmoqchiydik-da o‘zimiz bilan.
Ragno (norozi ohangda): Qog‘ozo‘ram! Obbo!
(Qog‘ozo‘ramni olib, unga kulcha solish o‘rniga o‘qiy boshlaydi)
“Dovyurak Odissey qaytarkan uyga…”
Oh, buyuk dostonim tushding ne ko‘yga?
Bunimas! Yo‘q aslo!
(O‘ramni joyiga qaytarib qo‘yadi va boshqasini olib
kulchalarni unga solmoqchi bo‘ladi)
“O, nuroniy Feb…”
(Bu o‘ramni ham qaytarib qo‘yadi)
Bo‘lmaydi.
Liza (besabrlik bilan):
Yana qachongacha ivirsiysan-a?
Ragno: Mana, hozir, mana!
(Uchinchi o‘ramni olib unga kulchalarni joylaydi).
“Filida soneti”!..
Oh! Ne uchun bu qadar azob?
Liza: Buncha kalovlanding?
(Elkasini qisib) Laqma!
(Stulga chiqib, javonning yuqori qismidagi
idishlarni tartibga keltira boshlaydi).
Ragno (Xotini o‘girilgan zahoti chiqib ketmoqchi bo‘lgan bolalarni imlab chaqiradi): Jim… jim… chiqarmang tovush!
She’rni qaytib bering, ya’ni qog‘ozni,
Yana kulcha bilan siylayman sizni.
(Bolalar unga qog‘ozni qaytarishadi va kulchani
olib chiqib ketishadi)
(Qog‘ozni tekislab o‘qiy boshlaydi)
O, jonim tasadduq! Yuvuqsizlardan
Zo‘rg‘a qutqarvoldim.
“Filida”!.. jonim,
Bahoriyiforlar taralar andoq!
Hayhot, isming uzra tushmish yog‘li dog‘…

Shiddat bilan Sirano kirb keladi.

Uchinchi ko‘rinish

Ragno, Liza, Sirano, keyin mushketyorlar

Sirano: Soatni aytvor!
Ragno (ehtirom bilan ta’zim qilib): Oltiga yaqin
Sirano (hayajonlanib): Bir soatcha bor!
(U yoq-bu yoqqa yura boshlaydi)
Ragno (unga izma-iz ergashib):
Chin dildan qutlashga bering ijozat,
Men guvoh bo‘ldimki…
Sirano: Yana nima gap?
Ragno: Kechagi jang.
Sirano: Qaysi?
Ragno: Valver bilan duel!..
Sirano (jirkanib): Ha, umi…
Ragno (hayratlanib): Ha, ha, she’riy duel. Qanday soz!
Bunaqasin ko‘rmagandim rost.
She’riy duel!
Liza: Buning nimasiga qolasan hayron
Uning qorni to‘la she’r ila doston.
Sirano: Xo‘sh, xo‘sh…
Ragno: O, menga ham imkon berishsa edi,
Men ham shu mavqega erishsam edi.
(Sixni olib o‘zicha mashq qiladi)
“Xotimada men sanchaman!” – g‘oyat beqiyos!
“Xotimada men yanchaman!” – daholarga xos!
(Borgan sari avjlanib)
“Va men sanchdim…”
Sirano: Ragno, soat necha?
Ragno (Soatga qarash uchun to‘xtab):
Oltidan besh daqiqa o‘tdi…
(Sixni tushirib)
“Xotima bitdi!..”
Eh, qaniydi bir bor bo‘lsa ham,
Mana shunday ballada yozsam!
Qandolatchi (qo‘lida idish):
Shakarlangan kashtan yong‘og‘i.
Ragno: To‘shamalar tayyormi?
(Qandolatchi bilan past ovozda suhbatlashadi)
Liza (Rasta yonidan o‘tayotib, dovdirabroq qo‘l berib so‘rashgan Siranoga): Qo‘lingizga ne bo‘ldi, janob?
Sirano: Sal tirnaldi. Ahamiyati yo‘q.
Ragno: Yana bir ishkalga ilashgandeksiz.
Qilich qinida zang bosmasin deysiz.
Sirano:Kutilmaganda…
Liza: (barmog‘i bilan tahdid qilib)
Yo‘q, bunda boshqa bir gap bor.
Sirano: (ohangini o‘zgartirib)
Quloq solgin, Ragno… hozir bir barno
Uchrashuvga kelar. Rosa yetti-da,
Yolg‘iz qoldirasan bizni, maylimi?
Ragno: A’lo hazrat
Bosh ustiga… e-voh, jin ursin, ammo
Mening ochu nahor shoirlarim ham
Bo‘lishlari kerak shu soatda jam.
Liza (masxaraomuz): Katta stoldagi tekin ovqatga.
Sirano: Boshqa xonalarga ularni joyla,
Bu yerda biz uchun sharoit ayla.
Ragno, soat necha bo‘lganin so‘yla?
Ragno: Oltidan chorakta o‘tdi,
Sirano: Yo rab!
Ragno: Sizni ogoh etay fursatga qarab.
Sirano (Ragnoning stoliga o‘tiradi va kutilmagan harakat bilan qog‘oz oladi): Bersang-chi qalam!
Ragno (qulog‘iga qistirilgan patni olib uzatadi):
Mana oqqush pati!
Mushketyor (burama mo‘ylovli, kiradi va guldirakdek ovozda so‘zlaydi): Ruxsat eting!
Sirano: Bu yana kim bo‘ldi?
Ragno: Ha… xotinning do‘sti, bordir hikoyat,
Botir askar emish bu nusxa g‘oyat.
Sirano (yoza boshlaydi va Ragnoni keskin ishora bilan haydaydi): Boraqol, naylayin, boladek titrab,
Ojizman ko‘nglimni yozmoqqa yo Rab.
Hammasini yozsam, qalbimni ochsam,
Xatni tutqazsamu shu zahot qochsam.
(Patqalamni tashlaydi).
La’nati qo‘rqoqlik! O‘zimga ayon
Tishlarim tilimga qafas har qachon.
Sevgi iqroriga ojizdir tilim,
Sharhi dildan ko‘ra osonroq o‘lim!
Soat necha?
Ragno: Oltiyu yigirma ikki.
Sirano: Qancha latif so‘zlar ongimda mudom,
Ko‘nglimda, ko‘ksimda… bermaydi orom.
Ammo dilimdagi tilimga chiqmas,
Yaxshisi yozaman, shu osonroq, bas.
(Yana patqalamni olib)
Muhabbat maktubim shay allaqachon,
Uning har bir so‘zi menga qadrdon.
Hamma uxlagan chog‘ oy va men bedor,
Uni to‘qidim va o‘qidim takror.
Yuragim otashin maktubga to‘ldi,
Endi qo‘lim nusxa ko‘chirsa bo‘ldi.
(Oynavand eshikdan kimlarningdir ozg‘in va jur’atsiz
qiyofalari ko‘rinadi).

To‘rtinchi ko‘rinish

Ragno, Liza, mushketyor; Sirano kichik stolda yozib o‘tiribdi; paypoqlari chuvalgan, ust-boshi kir-chir shoirlar.
Liza (eshikdan uzoqlasharkan, Ragnoga):
Mana sizning juldirvoqilar!
Ragno (ularga peshvoz chiqib): Boshim osmonda!
Birinchi shoir (kirayotib, Ragnoga): Karami keng do‘stim!
Ikkinchi shoir (uning qo‘lini qisib): Aziz, hamkasbim!
Uchinchi shoir: Siz burgutsiz oshpazlar aro!
(Havoni hidlab)
Oh, bunchalar yoqimli havo!
To‘rtinchi shoir: Bunda surnay chalmas oshqozon.
O, qandolatchi Feb!
Beshinchi shoir: Shakkar Apollon!
Ragno (kirib kelganlarning qurshovida va quchog‘ida):
Bu davrada ko‘ngling qush bo‘lib ketar!
(Shoirlarga)
Ko‘p yalab-yulqamang, janoblar, yetar!
Birinchi shoir: Biz biroz kechikdik, chunki olomon,
Yopirildi birdan Nel qopqasi tomon.
Jamiki ko‘chalar tirband, to‘palon.
Ikkinchi shoir: Bir necha jasadlar topilmish jonsiz.
Uchinchi shoir: Daydilardir balki.
To‘rtinchi shoir: Sakkizta ekan hammasi.
Sirano (yozishdan to‘xtab): Yo‘g‘-e! Yettita edi chamasi.
Ragno (Siranoga): Bilarsiz balkim,
Tungi olishuvning qahramoni kim?
Sirano (sovuqqonlik bilan): Menmi? Yo‘q.
Liza (mushketyorga): O‘zlarimasmi?
Mushketyor (mo‘ylabini burab, ma’nodor qilib sekingina):
Hm… Hm… Ovoza bo‘lib ketmasin tag‘in.
Liza (suyib): Boshingizni asrang, bevoshim!
Sirano (yozishda davom etadi. Har zamonda uning u yoki bu so‘zni ovoz chiqarib o‘qiyotgani eshitiladi):
“Men sevaman sizni… sevaman!”
Birinchi shoir: Aqlbovar qilmas uzunquloq gap,
Barini qochirmish bir mard, ajabo
Sirano: “Sizning fatton ko‘zingiz sabab…”
Ikkinchi shoir: Go‘yo vahshiy arslon darg‘azab
Tilka-pora qilmish.
Liza: Yo xudo!
Uchinchi shoir: Har yerda qurol-yarog‘ uyumlari,
To‘rtinchi shoir: Murdalar ko‘ksida bosh kiyimlari.
Sirano: “Nozik dudog‘ingiz…”
Birinchi shoir: Qanaqadir dev
Qutirgan yo‘lbarsdek solmishdir vahshat.
Sirano (maktubni yakunlab):
“Qo‘rquvdan titrayman sizni ko‘rgan vaqt”.
Ikkinchi shoir (somsadan olib):
Ragno, nima tuhfa etar iste’dodingiz?
Sirano: O‘zim yetkazaman, shart emas imzo.
Ragno (ikkinchi shoirga):
She’r qildim bir taom tayyorlash yo‘lin.
Uchinchi shoir (parmuda solingan patnis yoniga o‘tirib):
Eshitamiz! Tasanno!
To‘rtinchi shoir (parmudalarga qaraydi va bittasini oladi): Mana bu parmuda boshi yonboshda.
(Bosh qismini tishlaydi)
Birinchi shoir: Manov shirin kulcha umidvor bo‘lib,
Bizga boqar bodom ko‘zlari kulib!..
(Shirin kulchani sindirib yeya boshlaydi).
Uchinchi shoir: Qulog‘imiz sizda.
To‘rtinchi shoir (chiltor tortni yeya boshlaydi):
O, chiltor! Shoirni boqyapsan ilk bor!
Ragno (she’r o‘qishga shaylanib, yo‘talib oladi, qaddini rostlab, qalpog‘ini to‘g‘rilaydi):
Taom tayyorlashning she’riy bayoni…
Uchinchi shoir: Bu fikr qanchalar nafis, betakror!
To‘rtinchi shoir: Tinglaymiz, u bizga ne qilar tortiq!..
Ikkinchi shoir (birinchi shoirni tirsagi bilan turtib):
Do‘stim, bugun ul-bul yeysanmi?
Birinchi shoir (u ham turtkilab):
Sen o‘zing-chi? To‘yay deysanmi?
Ragno: “Bodomli pishiriq
Tayyorlash siri”
Tuxumning oqini ko‘pirtirib ol
Bemalol
Shakar va vanilindan sol,
Keyin xushbo‘y kukundan ham sep,
Va bodomli sut qo‘shib,
Aralashtirgin jo‘shib.
Keyin, ey chaqqon odam,
Xamir qil qo‘shib bodom,
Damo-dam
Xamirga shakl berib,
Ijodingdan qad kerib,
Atrofga boqib g‘olib,
O‘rik qiyomin olib,
Chetlariga sur.
Ko‘pirgan tuxum oqin
Tomchilab quyib chiqqin.
Olovga qo‘y, marhamat,
O‘tda toblanib albat,
Pishiriqlaring xushbo‘y,
Mallasoch qizdek xushro‘y.
Qaynoq qorasoch qizdek,
Jonon pishiriq bo‘lgay,
Qarab o‘z ko‘ngling to‘lgay.
Va degaysan: do‘stu yor,
Bizning pishiriq tayyor!
Shoirlar (lunjilari to‘la):
Qoyil! Qanday mukammal shakl!
Ikkinchi shoir (tiqilib):
Tili qanchalar ravon!
Shoirlar: Biz shu paytga qadar
Ko‘rmadik bunday asar!
Somsalarni kavshab, rasta yoniga borishadi. Ularni kuzatib turgan Sirano Ragnoning yoniga keladi.
Sirano: Bechoralar juda ochqaroq,
Sen e’tibor berdingmi jo‘ra?
She’rlaringni tinglayotgan chog‘
Og‘zi ovqat bilan ovora.
Ragno (xotirjam tabassum bilan):
Ko‘rib ko‘rmaslikka olgum doimo,
Yo‘q, ranjitgim kelmas ularni aslo.
Shoirligim mening zaifligim rost,
Ko‘nglim ham yumshoqdir shoirlarga xos.
Har xil davralarda she’r o‘qib albat,
Och va muhtojlarga qilib marhamat.
Topaman o‘zimga taskin va rohat.
Sirano: (uning yelkasiga qoqib)
Shuning uchun seni qilaman hurmat!..
(Ragno o‘z do‘stlari yoniga boradi).
(Ragno ortidan boqib, birdan).
Ey, Liza!
Liza (mushketyor bilan andarmon Liza cho‘chib ketadi va yaqinlashadi):
Xizmat?
Sirano: Darg‘angiz…bemalol tutmoqda o‘zni,
O‘ramayaptimi mabodo sizni?
Liza (mag‘rur):
Bilsangiz qahrli ko‘zlarim, janob,
Har qanday surbetga berolgay javob.
Sirano (masxaraomuz):
Sening ko‘zing? Qo‘ysang-chi!
To‘siq bo‘lolmaydi mag‘lublarga ham
Liza (jahli chiqib):
Kechirasiz, janob, ammo…
Sirano (qat’iy va baland ovozda):
Quloq soling, Liza!
Menga yoqadi Ragno, –
Voz kechasiz xarxashalardan
Va kulmaysiz ustidan aslo.
Taqiqlayman buni mutlaqo.
Liza: Janob, siz, ammo…
Sirano (juda baland ovozda):
Eshitganlar anglaydilar, bas,
Buning uchun aql shart emas.
(Mushketyorga ta’zim qilib, eshik oldiga boradi va
avval soatiga bir qarab oladi).
Liza (Siranoning ta’zimiga javob qaytargan mushketyorga):
Turaverasizmi angrayib shundoq?
Qo‘yib qo‘ymaysizmi joyiga bundoq!
Payrov qilmaysizmi tarnovdek burnin?
Mushketyor: Burnin?.. Qanday qilib? Hozirmas o‘rni…
(tez chiqib ketadi, Liza ergashadi)
Sirano (shoirlarni olib chiqib ketma’nosida Ragnoga ishora qiladi):
Boraqol endi!
Ragno (shoirlarga o‘ng tarafdagi eshikni ko‘rsatib):
Hm… Janoblar… Ijozat eting…
Sirano (betoqatlanib): Kalovlanma!
Ragno (shoirlarni chiqishga undab):
Ketdik, mushoira qilamiz, do‘stlar!
Sirano: Turib qolding nega qaqqayib?
Ragno (shoirlarni ergashtirib): Ketdik!
Birinchi shoir (lunji to‘la): Somsalar-chi?
Ikkinchi shoir: Patnisni ol, bo‘lmaydi ayb!

(Egulik to‘la patnislarni ko‘tarib shoirlar Ragnoga ergashib chiqib ketadilar).

Beshinchi ko‘rinish

Sirano, keyin Roksana va oqsoch qiz

Sirano: Umid uchqunlarin payqaganim on,
Xatni berib, ishqim aylayman ayon!
Oynavand eshik ortida niqob taqqan Roksana oqsoch qiz bilan ko‘rinadi. Sirano zudlik bilan eshikni ochadi, qizlar kirishadi.
Jon nisor etmoqqa tayyorman, yo rab!
(Oqsoch qizga)
Quloq soling, bor bir og‘iz gap.
Oqsoch qiz: Ikki og‘iz bo‘lsa ham mayli.
Sirano: Shirinlikka tobingiz qalay?
Oqsoch qiz: Joni dilim!
Sirano: Juda soz!
Etmasangiz rad,
Muhtaram Benserad
Sonetidan keltirsam iqtibos.
Oqsoch qiz: Voy!
Sirano: Cho‘chimang, bu sizga mukofotdir naqd,
Sonet o‘ramida bir hovuchcha qand.
Oqsoch qiz (yuz qiyofasi o‘zgaradi): Oh!
Sirano: Parmuda yemoqqa bormi ishtiyoq?
Oqsoch qiz: O janob! Bo‘lganda qandoq.
Sirano: Bir… ikki… yo‘q, ikkitasi kam:
Sent Aman she’riga uchta bo‘ldi jam.
Manov og‘ir roman tubiga, singil,
Biskvit solamiz par kabi yengil.
Xo‘jag‘at qiyomli shirin kulcha non!
Shaplen she’riga ketar begumon.
Manov vaflilar‑chi? Sizga yoqarmi?
Oqsoch qiz: Maftunman, savolning hojati bormi?!
Sirano (oqsochga o‘ramlarni tutqazib):
Eshiting, azizam, shoshmasdan butkul,
Ko‘chada bemalol aylang tanovul.
Oqsoch qiz: Lekin, janob…
Sirano (uni eshik tomon kuzatib):
Ozroq semirsangiz yarashar sizga,
Eb bo‘lgach, shoshilmay qaytarsiz izga.
Oqsoch qiz (eshikni yopib Roksanaga yaqinlashadi va shlyapasini yechib, masofa saqlab turadi).

Oltinchi ko‘rinish

Roksana, Sirano, keyin bir lahza oqsoch qiz

Sirano: Izn bering menga ushbu daqiqa,
Dil to‘la shukronam aylayin bayon.
Mayli, tasodifan, muhimi, faqat
Dunyoda borligim eslab, men tomon –
Siz qadam ranjida qilib… keyin… ha…
Roksana (yuzdan niqobini olib): Ha,
Sizga minnatdorlik bildirmoqchiman,
Kecha qutqardingiz.
Sirano: Yo‘g‘-e, nimadan?
Roksana: Kecha ko‘z oldimda u satang banda
Adabini yedi, bo‘ldi sharmanda.
Meni majbur qilib unga turmushga…
Sirano: De Gishga?
Roksana (ko‘zlariga g‘am cho‘kib):
Lekin mening aybim yo‘q zinhor.
Maylim ham yo‘q, ammo u makkor
Ta’qib qilar. U – xavfli oshiq!
Sirano: Aytdim, kecha maza bo‘ldi jang!
Ravshan bo‘ldi barchasi bugun.
Men kulgili burnim sababmas,
Olishibman qo‘sh yulduz uchun!
Menga boqqan mag‘rur bu ko‘zlar…
(Chuqur ta’zim qiladi).
Roksana: Keyin istardimki… Yo rab! Bu so‘zlar…
Yo‘q! Eslamasam bo‘lmas xotirotlarni,
Siz ham yodga oling ma’sum paytlarni,
O, bizlar qanchalar edik qadrdon!..
Akamdek edingiz menga mehribon.
Sirano: Allaqachon meni tark etgan bahor…
Hozir siz tufayli taratdi ifor.
Roksana: Bizning ko‘hna bog‘cha…
Sirano: Ko‘l bo‘yida sayr…
Roksana: Ko‘l suvi yaraqlab turardi quvnoq,
Sirano: O, bebosh sho‘xliklar! So‘lim hammayoq!
Xo‘jag‘at mevasin yulardik qandoq!..
Roksana: Qilich yasardingiz qamishni kesib,
Sirano: Oltin makkasoqol qo‘g‘irchoqqa soch…
Madlena der edim sizni erkalab…
Jajji liboslarda…
Roksana: Yarasharmidi
O‘sha kiyimlarim, rostini ayting?
Sirano: Judayam…
Lekin baribir… balog‘at… balog‘at!..
Roksana: Bajo aylardingiz istasam neni.
Sizga qonun edi mening xohishim.
Eslaysizmi… kirib kelardingiz goh
Tilingan, shilingan… qahramonga xos,
Sizga kattalardek berardim dakki,
So‘zlarimga berib tahdidli ohang,
Barmog‘im ko‘tarib, niqtab o‘sha dam:
“Qayda yaralanding? Bu ishing chakki?”
(Uning qo‘lini oladi va hayratlanib, so‘zdan to‘xtaydi).
Yo‘q! Bu nimasi? Qanday? Yana o‘sha hol?
Hali‑hanuz?
(Sirano qo‘lini tortib olmoqchi bo‘ladi).
Yo‘q! Qani ko‘rsating, janob!
Qaydan orttirdingiz?
Sirano: Arzimagan gap…
Kecha tasodifan… o‘ynab.
Roksana (stol yoniga o‘tirib ro‘molchasini stakandagi suvda ho‘llaydi):
Nel minorasi yonida, a?
Sirano: Ha, Nel minorasi yonida.
Roksana: Qo‘lingizni bering.
Qonni yuvgunimcha to
Kecha ne bo‘lganin aylang hikoya.
Sirano (o‘tiradi):
Naqadar mehribon, latif bu xil’at!
Roksana: Ular yuztamidi?
Sirano: Menimcha, kamroq.
Roksana: Qani, boshlang.
Sirano: Rosti, arzimagan gap.
Yaxshisi, siz so‘ylang tashvish boisin,
Pinhona sharhi dil… Bu qanday asror?
Roksana (uning qo‘llarini qo‘yib yubormay):
Jur’atim yetmaydi… men uyalaman…
Lekin olis xotira berdi menga kuch,
Endi men aytaman sizga ro‘yirost:
Men sevib qoldim.
Sirano: Oh!..
Roksana: Jismu jonim bilan.
Sirano: Oh!
Roksana: Lekin u
Mutlaqo bexabar muhabbatimdan.
Sirano: O, xudoyim!
Roksana: Ha… ammo tez orada bo‘lgaydir voqif.
Sirano: O!
Roksana: Bechora olisdan tashlaydi nigoh,
U ham muhabbatin etolmas izhor.
Sirano: Oh!
Roksana (uning qo‘lini bog‘lashda davom etib):
Titrashingiz qarang! Xuddi varaja!..
Lek moviy ko‘zidan hammasi ayon!
U meni sevadi.
Sirano: Oh!
Roksana: Bilasizmi, do‘stim…
U xizmat qiladi sizning qo‘shinda.
Sirano: Oh!.. Roksana!..
Roksana: U yosh va mag‘rur… va jasur qahramon,
Shunchalar yaxshiki!
Sirano (rangi oqarib o‘rnidan turadi):
Yaxshi?
Roksana: Nega rangingiz o‘chdi?
Sizga ne bo‘ldi?
Sirano: Hech narsa… shunchaki…
(Qo‘lini ko‘rsatib majburan kuladi).
Manavi yara…
Roksana: Tanishganimiz yo‘q, faqat besh marta
Tomoshada ko‘rdim.
Sirano: Gaplashdingizmi?
Roksana: Nigohlar bilan.
Sirano: Qayoqdan bildingiz uning kimligin?
Roksana: So‘radim tanishlar, dugonalardan,
Bilasiz-ku, gap turmas bizning davrada.
Sirano: Gvardiyachimi u?
Roksana: Ha, yana gaskoniyalik.
Sirano: Ismi sharifi ne?
Roksana: Baron de Nevilet.
Sirano: Bunaqasi yo‘q bizning qo‘shinda…
Roksana: Ha, to‘g‘ri, yo‘q edi, bugundan boshlab
Bo‘linmaga kirdi kapitan bo‘lib.
Sirano: Demak, shu sherbachcha oldimi asir
Mening Roksanamni? Lek…
Oqsoch qiz (eshikdan mo‘ralaydi):
Janob! Uvoq ham qolmadi,
Barin yeb bo‘ldim.
Sirano: O‘ramlardan olavering marhamat,
Doston, sonetlardan bo‘ling bahramand.
(Oqsoch qiz chiqib ketadi).
Mening soddaginam, sizday qiz nahot
Tuyg‘uda, fikrda, husnda yakto
Kimligi betayin odamga hayhot
Butunlay beryapsiz yuragingizni.
Ehtimolki, unda qiyofa go‘zal,
Lekin arzirmikan tirnog‘ingizga?
Sizga munosibmi qalban va aqlan?
Sizga arzimaydi!..
Roksana: Yolg‘on! Tushuning
Ko‘zi va sochlari shahzodalardek.
Sirano: Ko‘zi va sochlari… shularmi asos
Uning aqli rasoligiga?
Roksana, balki u eshshakdan battar?
Roksana: Aslo! Mening ko‘nglim sezib turibdi aniq,
Surati, siyrati go‘zal begumon.
Hamma xushsuratlar ahmoq bo‘larmi?
Sirano: Lekin baribir… ahmoq bo‘lib chiqsa-chi?
Roksana (er tepinib):
O, Yaratgan egam!
Unda tobutimga tayyorlang dahma!
Tentak bo‘lib chiqsa alaloqibat,
Gar go‘zal vujudda bo‘lmasa ko‘ngil,
O‘zim aylanaman ruhsiz jasadga.
O‘laman.
Sirano: Hm, shunaqa deng… Rostdanmi?
(Sukut saqlab)
Kechirasiz, faqat tushunmayapman
Ne maqsadda menga qilyapsiz hasrat?
Roksana: Sizga yuragimni ro‘yirost ochaman.
Kecha qo‘rqib ketdim juda ham yomon.
Odamlar aytdiki, Gaskon qo‘shini
Yangi kelganlarni ezarkan qiynab…
Sirano: Shungamidi? To‘g‘ri, bu bor gap.
Ha, biz yangilarga bergaymiz adab.
Quruq oliftalar, soxta botirlar
Ko‘rar gaskonchilar nega qodirlar.
Ha! Aslo osonmas bu safda turmoq!
Roksana: Men ham xavotirga tushdim shu bois.
Sirano (tishlari orasidan):
Asos bor!
Roksana: Lek kecha jangingiz ko‘rib
Tan berdim: duelda tengi yo‘q, zo‘rsiz.
Birdan angladimki, mana siz borsiz,
Dovyurak, kuchlisiz… mana himoya.
Sizga bo‘ysunar gaskonlar bari…
Sirano: Xo‘p, masala hal:
Ranjitib qo‘ymaymiz baroningizni!
Roksana: Rostdanmi? Xayriyat, tinchidi ko‘nglim,
Doim his qilardim do‘stligingizni.
Sirano: Ha, ha!..
Roksana: Demak, og‘irini yengil qilasiz?
Sirano: Ha!
Roksana: Demak, o‘zingizga do‘st deb bilasiz?
Sirano: Ha! Ha! Ne desangiz aylayman bajo.
Roksana: Uni duellarga qo‘ymaysiz aslo?
Ont iching! Qani! Istagim shunday.
Iltimos qilaman.
Sirano: Ont ichaman!
Roksana: O! Sizni sevaman qanday!
Lekin ketishim shart.
(Yana niqobini taqib, peshonasiga to‘r ro‘molini tushiradi.
So‘ng ikkilanadi).
Darvoqe, kechagi jasoratingiz,
Nimalar qildingiz minor yonida?
Keyinroqqa qoldi hikoyatingiz…
Sirano: Ha, ha.
Roksana: O, siz qahramonsiz, faxrimsiz!
Aytganday… Kristianni ko‘rganingiz vaqt
Etkazing men undan… kutayapman xat.
Aytasiz-a unga?
Sirano: Albatta, Roksana.
Roksana: Zo‘rsiz-da! Gar o‘zim bilmasam sizni
Aslo ishonmasdim: yuz raqib! Dahshat!
Bu haqda keyinroq qurgaymiz suhbat.
Vaqt tig‘iz. Qayerdan shuncha kuch-qudrat?
Menimcha, xo‘p qo‘llagan xudo!
Sirano: Bular quruq gaplar, Roksana, ammo
Buyuk qahramonlik ko‘rsatdim hozir…
(Ta’zim qiladi).
Roksana: Keyin gaplashamiz, men ketdim, xayr!
Oqsoch kutib-kutib bo‘lgandir ado!..
(Kulib chiqib ketadi).

Sirano ko‘zalarini yerga tikib harakatsiz turib qoladi. Sukunat. Eshik ochilib Ragnoning boshi ko‘rinadi.

Ettinchi ko‘rinish

Sirano, Ragno, shoirlar, Karbon de Kastel-Jalu, gvardiyachilar, olomon, keyin de Gish.
Ragno: Mumkinmi kirsam?
Sirano (qaramasdan): Ha.
Ragnoning ishorasi bilan shoirlar kirishadi. Shu vaqtning o‘zida orqa eshikdan gvardiya kapitani kiyimida Karbon de Kastel-Jalu kiradi; Siranoni ko‘rib quchoqlarini ochgancha u tomon yuradi.

Karbon: Mana u! Mana bizning qahramon!
Sirano (boshini ko‘tarib): Kapitan!
Karbon (tantanali): To‘xta! Bir bag‘rimga bosay!
Endi aysh qilamiz, quramiz bazm.
Do‘stlaring g‘urur‑la qilurlar ta’zim.
Sirano: Lekin men…
Karbon (uni chalg‘itishga urinib):
Ro‘parada qovoqxona kutmoqda seni.
Sirano: Hozir ilojim yo‘q.
Karbon (eshikni ochib tashqariga guldurakdek ovozda baqiradi):
Yigitlar, bu yoqqa!
Borgisi yo‘q bizning qahramon!
U hasratga ko‘milmish yomon!
Ovoz (ko‘chadan): Nima?
U askar sha’niga tushirmoqda dog‘!

Tashqaridan yaqinlashib kelayotgan qadamlar tovushi, shporlar jarangi, qilichlar shaqirlashi eshitiladi.

Karbon (kaftlarini ishqalab): Kelishyapti.
Gaskon gvardiyachilari (qandolatxonaga kirib):
A! Jin ursin! Mingta jin ursin!
Ikki ming jin, uch ming jin ursin!
Ragno (qo‘rqib chekinadi):
Janoblar, barchangiz gaskonlar, demak?
Gvardiyachilar: Hech shubhasiz, million jin ursin!
Nega ahmoq qilyapti Sirano bizni?
O‘yna! Kul! Irg‘ishla! Xursand qil do‘stni!
Birinchi gvardiyachi (Siranoga): Vivat!
Sirano: Baron!
Ikkinchi gvardiyachi (Siranoga): Vivat!
Sirano: Men xursandman!
Uchinchi gvardiyachi: Ofarin!
Sirano: Baron!
To‘rtinchi gvardiyachi: Uni quchoqlang!
Sirano (kimga javob qaytarishni bilolmay):
Baron!.. Baron!.. Baron!..
Ragno: Baron bilan to‘la to‘rt tomon!
Hammangiz baronmi?
Gvardiyachilar: Hammamiz!
Ragno: Yo‘q, rostdan?
Gvardiyachi: Bu ishonmayaptimi? Tojimiz taxlasak agar,
Bir minora hosil bo‘lar ko‘k qadar!
Le Bre (kirib, Siranoning yoniga yugirib keladi):
Sen tomon olomon kelyapti, hamma
Qutlamoqchi seni shu damda.
Ichlariga kirvolganmi jin!
Baqir-chaqir qilishar betin.
Sen – bugunning qahramonisan!
Sirano (dahshatga tushib):
Mening qaydaligim aytgandirsan-da?
Le Bre (kaftlarini ishqalab): Albatta!
Sirano: Iztirob neligin bilmagan banda…
Shaharlik (boshqa shaharliklar bilan birga kiradi):
Butun Parij sizga oshiqar shu tob,
Derazadan nazar tashlang-a, janob!

Ko‘cha xalq bilan to‘lib-toshgan. Aravalar va otliqlar to‘xtab qolgan.

Le Bre (kulimsirab, Siranodan sekin so‘raydi):
Roksana nima bo‘ldi?
Sirano (jonlanib):
Jim bo‘l, bema’ni!
Olomon (eshik ortida baqirib):
Sirano qani?

Qandolatxonaga odamlar yopirilib kiradi. Tiqilinch, o‘zaro salom-alik.

Ragno (stolga chiqib):
To‘lib toshdi do‘konim! A’lo!
Jihozlar sinmoqda, o‘marilmoqda!
Iloyo, kam bo‘lmang, baxtliman juda!
Kirganlar (Siranoning atrofini o‘rab):
Do‘stim! Do‘stim! Qahramon tanho!
Sirano: Kechagina bari edi begona!
Le Bre (hayajonda):
Muzaffariyat!
Markiz (qo‘llarini cho‘zib yugurib keladi):
Qahramonsan o‘zing yagona!
Ruxsat et, do‘stim!..
Sirano: Sensiraysiz meni… bemalol, go‘yo
Yoshlikdan osh-qatiq bo‘lganmizmi yo?
Boshqa markiz: Tanishtiray, janob, bir oyimqizni.
Karetada intiq kutmoqda sizni.
Sirano (sovuqqina):
Avval tanishtiring siz o‘zingizni…
Le Bre (hayratlanib):
Senga nima bo‘ldi?
Sirano: O‘chir.
Le Bre: Uning aybi nima?
Literator (qo‘lida siyohdon bilan):
Bu jang tafsilotin so‘ylangiz, janob?
Sirano: Iltimos, ko‘nglimga bermangiz azob…
Le Bre (Siranoni tirsagi bilan turtib):
Bu, axir, Renodo – bilasan, Teofrast –
“Gazeta”ni o‘ylab topgan shu chapdast.
Bitta katta varaq – g‘ij-g‘ij hangoma!
Hali mashhur bo‘lib ketar ro‘znoma.
Sening jasorating aylagay oshkor…
Sirano: Kerakmas, Teofrast, shov-shuv ne darkor?!

Shoir yaqinlashadi.

Yana nima kerak?
Shoir: Hamkasbim, tuyg‘ular ko‘tarib tug‘yon,
Sizning sha’ningizga bitarman doston…
Yana kimdir (yaqinlashib):
Ruxsat eting, janob…
Olomon orasidan biri: Janob, mumkinmi?..
Sirano: Bas!

Olomon harakatlanib, saf tortadi. Ofitserlar qurshovida de Gish paydo bo‘ladi. Keyin birinchi ko‘rinish oxirida Sirano bilan sahnadan birga chiqib ketgan Kyuiji, Brisayl va boshqa ofitserlar kirib kelishadi. Kyuiji Siranoning yoniga ildam yaqinlashadi.

Kyuiji (Siranoga):
Huzuringizga – graf de Gish…

Hayajon; olomon yo‘l beradi.

Le Bre (Siranoga asta):
Esingni yig‘, nechun qaramayapsan?
De Gish (Siranoga ta’zim qilib salomlashadi):
Marshal Gason menga berdilar buyruq,
Jasorat qoshida shart erur qulluq.
U zotni lol etdi jasoratingiz.
Sirano: Marshal e’tirofi – qadrli shaksiz,
Jasorat neligi unga ayondir.
De Gish: Hech aqlga sig‘mas jang tafsiloti,
Marshal ham ishonmas edi-yu ammo
Mana bu janoblar guvohlik berib,
Qasam keltirdilar, tepada xudo…
Kyuiji: Ha, ko‘rdik hammamiz ko‘zimiz bilan!
Le Bre (hech narsani eshitmayotgandek turgan Siranoga asta qaraydi):
Sirano, sen achchiq iztirobdasan!..
Sirano (seskanib, qaddini rostlaydi):
Manovlar yonida!..
(Le Brega)
Iztirob! Men-a?
Boshqa kulgiliroq gap yo‘qmi yana?!
(Qad kerib, mo‘ylovini buraydi).
De Gish (uning qulog‘iga Kyuiji nimalarnidir pichirlaydi).
Harbiyda uncha ko‘p qilmasdan xizmat
Jasur ofitserdek topgansiz izzat.
Bilishimcha, hozir anov qo‘shinda
Haligi quturgan…
Sirano: Gaskondaman, ha.
Gaskonlardan biri (vahshat bilan): Biz-da!
De Gish (Sirano ortida turgan gaskonlarni nazardan o‘tkazib):
A-ha! Mana ular – “gvardionlar”,
Takabbur bashara – shumi gaskonlar?
Karbon: Aftidan, bu graf bilmaydi bizni,
Sirano, tanishtir sen polkimizni!..
Sirano (de Gish tomon ikki qadam tashlab gaskonlarni ko‘rsatadi):
Po‘sht, yo‘l bering gaskon jangchilariga!
Bizni birlashtirgay yagona ildiz,
Sodiqmiz baronlik toj-tug‘lariga
Hamda qilichlarga sodiqmiz.
Po‘sht, po‘sht, yo‘l beringlar gaskonlarga siz,
Qadrdon janubning o‘g‘lonlarimiz.
Bu yorug‘ dunyoga quyosh tig‘ida
Qalbda quyosh bilan keldik barimiz.
Urush bizga hazil va ermak,
Lava kabi qaynar qonimiz.
Olov kabi hilpirar yurak,
Shamshirimiz – tug‘ishqonimiz.
Shuhrat bilan shon – jononimiz!
Lekin ilhom parisi bot-bot
Cho‘qqilarga chorlaydi ayon.
Kutar ekan jang-qirg‘inbarot
Qo‘shiq to‘qir bizning qahramon,
Po‘sht, gaskon jangchilariga yo‘l bering!..
Gaskon jangda olishar sherdek,
Xonimlar qoshida muloyim.
Shu sababdan go‘zallar birdek
Ko‘ngil berar bizlarga doim!..
Ot dupuri eshitilgan chog‘
Olovlanar sanamlar ko‘zi.
Saflarimiz go‘yo kulrang tog‘,
Dushmanimiz ketgaydir to‘zib…
Po‘sht, yo‘l bering gaskon jangchilariga.
Chin ko‘ngildan maslahat sizga
Hushyor bo‘ling hayotingizga!
O‘zingizni qiling ehtiyot!
Po‘sht, yo‘l bering gaskon jangchilariga.
De Gish (Sirano so‘z boshlagan paytda Ragno keltirgan kresloga beixtiyor cho‘kib):
Har bir o‘zin bilgan akobir uchun
Shaxsiy shoir xizmat qilarmish bugun.
Mening xizmatimga o‘tmaysizmi?
Sirano: Yo‘q.
Haddan ziyod sertakallufsiz.
Le Bre (talvasada): Yo rab!
De Gish: Rishele tog‘amga tushibsiz ma’qul;
Kecha aytdi, sizga qoyilmish butkul.
U bekorga aytmas birorta so‘zni,
Tanishtirmoqchiman tog‘amga sizni.
Bilishimcha, taqdim etishga tayyor
Beshta aktli pesangiz bor.
Le Bre (Siranoning qulog‘iga): Sen “Agrippina”ni qo‘ymog‘ing mumkin.
Sirano (taklifga beixtiyor mayl bildirib): To‘g‘risi…
De Gish: Aylangiz asarni taqdim:
Ba’zi she’rlaringiz tahriri uchun
Tayyordir, qobil va dono u kishim…
Sirano (darhol tumshayib):
Yo‘q, bo‘lmaydi, graf. Ming afsus!
Men qarshiman o‘zgarsa bir so‘z.
So‘zni qo‘ying, hatto bir vergul
O‘zgarmog‘i menga noma’qul.
De Gish: Lekin unga yoqsa biror she’ringiz
Hamyonim qappaydi deyaveringiz.
Sirano: She’rim bahosini bilaman o‘zim,
Baholay olmaydi menchalik hech kim.
O‘zim istagancha, bilgancha yozgum,
Zavq-shavqqa to‘laman o‘qiganim zum.
Le Bre (achchiqlanib): Yo rabbim!
De Gish: Takabbur ekansiz…
Sirano: Shundaymi? Yo‘g‘-e…
Ajoyib kashfiyot topibsiz chog‘i?..
Gvardiyachi (yirtilgan, lattasi chiqqan shlyapalarni qilichiga tizib olgan holda kirib keladi):
Manavi o‘ljamga qara, Sirano!
Nel minori yonidan terdim. Xo-xo-xo!
Karbon: Dimog‘dor zotlardan g‘arib esdalik!
Hamma kuladi.
Kyuiji: Dov tikishga tayyorman, do‘stlar, behadik:
Bu fitnani uyushtirgan kas
Quturgandir, yer-ko‘kka sig‘mas!
Brisayl (xoxolab kulib):
Xudo haqqi, yayradim, maza!
Bilmaysizmi, kim o‘sha kimsa?
De Gish: O‘sha menman.
Kulgi darrov to‘xtaydi.
Maqsadim esa:
Meni qo‘shiqlarda masxara qilgan
Daydi bilan olishib yurmoq
Kiborlarga to‘g‘ri kelmaganidan
Buyruq bergan edim men shundoq.
Jimlik. Hamma hayron.
Gvardiyachi (Siranoga shlyapalarni ko‘rsatib):
Nima qilsak ekan bu matohlarni?
Sirano (shlyapalar tizilgan qilichni olib, graf oyog‘i ostiga ta’zim bilan to‘kadi):
Eltib xursand qilmaysizmi o‘rtoqlarni?
De Gish (turib, keskin):
Aravamni hozirlang! Ketdim!
(Siranoga qahr bilan).
Siz, janob, siz…
Sirano (chetga):
G‘alaba! Yutdim!..
Le Bre (Siranoga asta):
Falokatga tiqding o‘zingni takror!
Ovoz (ko‘chadan):
Janobi oliylari, arava tayyor!
De Gish (o‘zini qo‘lga olib, kulimsirab):
Ayting‑chi… “Don Kixot”ni o‘qiganmisiz?
Sirano: O‘qiganman.
De Gish: U haqida qanday fikringiz?
Sirano: Birgina ismini eshitganim chog‘
Ko‘nglimda uyg‘onar hurmat va ardoq.
De Gish: Quloq soling mening so‘zimga
Va fikrlang…
Hammol (eshikni ko‘rsatib):
Arava tayyor, janob…
De Gish: O‘n uchinchi bob.
Sirano: Tegirmon haqida!
De Gish: Bu bob ibratli juda.
Cho‘ng tegirmon bilan jang qilmoq qiyin,
Parragi uchirib yuborar tayin.
Kimki olishmoqqa aylasa jur’at,
Tuproqqa teng qilgay sohibi qudrat!..
Sirano: Yo arshi a’lodan topgaydir joyin?..

De Gish ketadi. Uning aravaga o‘tirayotgani ko‘rinib turadi. Zodagonlar shivirlashib chiqib ketadi. Olomon tarqaladi.

UChINChI PARDA

Roksananing bo‘sasi

Ko‘hna Parijda joylashgan kichik maydon (Mare yaqinida). Eski uylar. Tor ko‘chalar ko‘zga tashlanadi. O‘ngda daraxtlarning quyuq shoxlari ko‘rinib turgan Roksanalar bog‘ining devori va uyi namoyon bo‘ladi.
Eshik tepasida deraza va balkon. Ostonada o‘rindiq. Devorni baxmaldek chirmovuq o‘simliklar qoplagan, balkonni enlab yerga yosuman guli osilib turibdi. O‘rindiqqa chiqib toshdevor vositasida balkonga osongina o‘tsa bo‘ladi.
Chapda, qarama-qarshi tomonda xuddi shunday g‘isht va toshdan qurilgan qadimiy uy turibdi. Kirish eshigidagi qo‘ng‘iroq vazifasini o‘tovchi bolg‘a yarador barmoq kabi latta bilan chirmab o‘ralgan. Parda ko‘tarilganda o‘rindiqda o‘tirgan oqsoch ko‘zga tashlanadi. Roksananing balkoni derazasi lang ochilgan. Oqsoch ro‘parasida eshik og‘asiga o‘xshab kiyingan Ragno turibdi. U hikoyasini tugallab, ko‘z yoshlarini artadi.

Birinchi ko‘rinish

Oqsoch, Ragno, keyinchalik Roksana,Sirano va ikki g‘ulom.

Ragno: …Va nihoyat xotin surdi mushketyor bilan,
Bor-budimni olib qochdi, men bo‘ldim xarob.
Na uy, na pul, na xotin va na ish bor! Alam!..
O‘tmishim – tush, kelajagim – jahannam, sarob…
Men o‘zimni o‘ldirishga ahd qildim. Ammo
Meni xalos qildi naqd Xizrning o‘zi.
Mose de Berjerak bo‘ldi-yu paydo
Bo‘ynimdan sirtmoqni oldi shu kezi.
Ish boshqaruvchilikka tayinladi so‘ng.
Oqsoch: Sarmoyangiz qayda?
Ragno: Yo‘qoldi izsiz.
Oqsoch: Shunaqa deng?
Sizni xonavayron qilgan nedir aslida?
Ragno: Nedir? Hech ham mos tushmasdi bizning didimiz.
Mening fikri-yodim g‘azal bazmida,
U esa sovutni sevardi ko‘proq,
Unga ma’qul edi qilich jarangi.
Mana, Apollonni yeb bitdi Mirrix,
Bu hol cho‘zilmasdi baribir uzoq,
Shunday to‘zg‘ib ketdi ko‘ngilning changi…
Oqsoch (o‘rnidan turib, ochiq derazaga qichqiradi):
Roksana, azizam!
Roksananing ovozi (derazadan): Nima deysiz?
Oqsoch: Sizni tayyor bo‘lgandir deb o‘ylabman, uzr.
Bo‘laqoling, bizni kutib o‘tirishgandir.
Roksananing ovozi: Kiyinyapman, shay bo‘laman besh daqiqada.
Oqsoch: Qarang, kech qolmaylik.
(Ro‘paradagi eshikni Ragnoga ko‘rsatib)
Bugun o‘tirish bor anov hovlida.
Dono Klomira yashaydi bunda.
“Nafis” muhokama kutmoqda bizni.
Ragno: “Nafis”?
Oqsoch (nozlanib): Ha, nima, sizga
Yoqmaydimi bunaqa mavzu?
“Nafis”ga baxshida doston muntazir bizga.
Bunaqada kech qolamizu!
(Qichqiradi).
Roksana, bo‘laqoling, shoshiling, jonim!
Roksananing ovozi: Tushyapman!
Torli cholg‘ularning sadosi eshitiladi, tobora yaqinlashadi.
Siranoning ovozi (sahna ortidan kuylaydi):
La-la-la-la!
Oqsoch (hayron): Bu nima? Serenadami?
Sirano (ud ko‘targan ikki g‘ulom bilan kirib keladi. Barmog‘i bilan notaga niqtaydi).
Bu yerda qo‘sh diyez, ey siz, qo‘shaloq ahmoq!
Birinchi g‘ulom (masxaraomuz):
Notani ham bilasizmi, mose de Berjerak?
Sirano: Asl shoir sozanda bo‘lishi kerak.
Ehtimol, talantim sal anaqaroq.
G‘ulom (soz chalib kuylaydi): La-la-la-la-la-la!
Sirano: Shunday bo‘lsa-da, biroq,
Sening ohangingda kuylay olaman.
(Uning qo‘lidan udni tortib olib, musiqiy jumlani davom ettiradi).
Mana, ko‘ryapsanmi, og‘aynichalish,
Ish emas bunaqa kuylash va chalish.
(Chaladi).
Roksana (balkonda paydo bo‘lib):
Shu yerdamisiz, Sirano?
Sirano (chalayotgan ohangiga mos kuylaydi):
Keldim, mana, men, keldim:
Ey lablari g‘uncha, yonog‘i qirmiz,
Salom berib cho‘kadirman tiz.
Roksana: Tushyapman.
(Kirib ketadi).
Oqsoch (g‘ulomlarni ko‘rsatib):
Qaydan bino bo‘ldi bu nag‘masozlar?
Sirano: Bularmi? Yutvoldim. Bir do‘stim bilan
Grammatika yuzasidan tortishib qoldim.
Garovga tikvordi ikkisin birdan.
Noiloj, yutuqni majburan oldim.
Shartga ko‘ra bugun kun bo‘yi, yana
Ertaga tonggacha mening izmimda.
Cholg‘uni ko‘tarib qolmas izimdan,
Avval tuyulgandi maroqli. Mana
Zerikib ham qoldim, qizgina…
(G‘ulomlarga)
Hoy sizlar, o‘ljalarim!
Monfleriga, o‘sha xo‘ppasemiz to‘nkaga
Mening nomimdan borib
Nag‘ma qiling o‘xshatib!
G‘ulomlar ketishga shaylanib cholg‘ularini yig‘ishtirishadi.
(Oqsochga)
Aytgancha, kelganim asl sababi
Barno Roksanaga aytar gapim bor.
Hamon mahliyomi, maftunmi qalbi?
(Jo‘nayotgan g‘ulomlarga)
Yoqimsiz kuy chaling, uzoq va takror.
(Oqsochga)
Hanuz unga tengsiz ko‘rinarmi u?
Roksana (uyidan chiqib):
Ha! Oqil u, yigitning guli,
Qanchalar sevaman!
Sirano (kulimsirab):
Nahotki shunchalar aqlli?
Roksana: Sizdan aqlliroq.
Sirano: Qo‘shilaman bu gapga mutlaq!
Roksana: Hech kimda topilmas bunday fasohat,
Shunchalar ko‘ngilga yoqimli, latif.
Engil bo‘sa kabi hislar qatma-qat
Aqling hayron aylar ko‘nglin sayratib.
Goho mubham o‘ylar girdibodida
Mum tishlagan kabi jim qolar, ammo,
So‘ng birdan kuylaydi. Uning oldida
Lol bo‘lar bulbuligo‘yo!
Sirano (ishonqiramay): Ishongim kelmaydi.
Roksana: Shunaqami? Sizningcha, men aldayapmanmi?
Qo‘ying, sizga yarashmaydi adolatsizlik!
Har doim ham kelishganlar ahmoq bo‘larmi?
Yo‘q, ahmoqlar ko‘rinmaydi ko‘zga chiroylik.
Sirano: O‘ylovdimki, u og‘zin ham ocholmas hatto,
Xom-xatala bo‘lar uning aytgan so‘zlari.
Shunday qilib ishq haqida so‘z ochdimi?
Roksana: O!
Nozik, dilbar, salmoqlidir gaplarin bari.
Sirano: Ishonish qiyin.
Roksana: Xo‘p, eshiting unda!
(Ifodali o‘qiydi).
“Muhabbatga qancha etsang mubtalo,
Bu dardni qaytargum o‘zingga chandon.
Qancha meni ishqdan aylasang judo,
Dilda muhabbatim oshar begumon!”
(Siranoga tantanali)
Xo‘sh, ne deysiz? Ochig‘in ayting!
Sirano: To‘g‘risini aytsam, oddiy judayam.
Roksana: Yoki mana:
“Menga yurak kerak iztirob uchun,
Lekin siz yuragim oldingiz tortib.
Dildorim, bir umr bo‘lardim mamnun
Menga yuragingiz etsangiz tortiq”.
Sirano: Goh “dilda muhabbatim”, goh “yuragim oldingiz”,
Mantiq qani? Ziddiyat! E’tibor qilmabsiz!
Roksana: Meni xafa qilyapsiz, do‘stim,
Sizda hasad uyg‘ongan, bildim.
Sirano (titrab, chetga): Yo xudoyim!
Roksana: Shoirga hasad.
Tushunaman sizni, insofsiz shoir:
Sizning hasadingiz ijodkorga xos.
Mana bunisin ham eshiting hozir,
Bunisi ham sizga, ehtimol, yoqmas.
“O maktubda topsa ifoda beshak
Mayin erkalashlar, olov bo‘salar,
Qaynoq quchoqlaru otashin istak,
Qalbni o‘rtaguvchi, dilga o‘t solar –
Hislarni yo‘llardim, siz o‘qirdingiz
Ko‘z yugurtiribmas, lab yugurtirib”.
Sirano (beixtiyor rohatlanib jilmayadi):
Hm, bu satrlar chiqmabdi yomon…
Hm…
(O‘ziga kelib, bepisand)
Lekin o‘ta suyuq,
Judayam chuchmal.
Roksana: Qildan qiyiq qidiryapsiz siz!
Mana bunisi…
Sirano: Hammasini yod olganmisiz?
Roksana: Hammasini!
Sirano: Bunisi ma’qul!..
Roksana: Ha, u shoir! U chindan daho!
Sirano (kamtarona): Juda baland beryapsiz baho…
Roksana (qizishib): E’tirozga o‘rin yo‘q aslo!
U daho, dedimmi, u daho!
Sirano: Ha, mayli…
Oqsoch (ichkaridan qaytib chiqib, hayajonda):
Graf de Gish buyurdi tashrif!
(Siranoni uy ichiga yetaklab)
Ichkariga kirib turing siz.
Ko‘rmagani ma’qul bu joyda,
Shunday bo‘lsa, hammaga foyda.
Roksana: Sir oshkor bo‘lmasin. To‘g‘ri aytasiz.
Bo‘laqoling, Sirano! U mashhur, shaydo.
Sevgimning boshiga solmasin balo.
Sirano (uyga kirarkan): Kiryapman! Kiryapman! Kiryapman!

De Gish paydo bo‘ladi.

Ikkinchi ko‘rinish

Roksana, De Gish, oqsoch – chetda

Roksana (de Gishga ta’zim bilan): Men endi chiqmoqchi bo‘lib turuvdim.
De Gish: Xayrlashmoq uchun keldim.
Roksana: Ketyapsizmi? Qayga?
De Gish: Urushga… bugun kechqurun…
Roksana: Yo‘g‘-e?
De Gish: Boshimizga kulfat tushdi kutilmaganda
Buyruq oldik Arrasni qamal qilishga.
Roksana: Arrasni?
De Gish: Ketmog‘imdan yetmasmi ozor?
Roksana: O!
De Gish: Men iztirobdaman…
Yana nasib etgaymi diydor?
Nega taqdir buncha beshafqat.
Siz tufayli unga ayturman la’nat.
Lekin aql ko‘zi bilan qaralsa
Shod bo‘lmog‘im kerak men bu urushdan:
Tayinlandim qo‘mondon etib…
Roksana (befarq): Yo‘g‘-e, qoyil!
De Gish: Gvardiyachilar polkiga.
Roksana (cho‘chib): Gvardiyachilar polkiga?
De Gish: Unda xizmat qilar sizning bo‘langiz,
Takabbur va o‘jar. Urush, bu – imkon;
Men undan o‘chimni olaman oson.
Tushovga tushadi yovvoyi ayg‘ir.
Shu sababdan, to‘g‘risi, shodman.
Roksana (iztirobda): Qanday? Borurmi u ham?
De Gish (tirjayib): Ha, butun lashkar, aynan gvardiyachilar
Ona tuproq uchun xizmatga tayyor!
Roksana (o‘rindiqqa bemajol cho‘kib, chetga qarab):
Kristianim mening, yo xudo, o‘ldim…
De Gish: Sizga nima bo‘ldi?
Roksana (favqulodda hayajonlanib):
Nima bo‘ldi?
Bu xabar – dahshat…
Endigina qalb rishtasi bog‘langani on
Urush chorlab tursa muhabbatingni
Va o‘rtaga tushsa beshafqat hijron…
De Gish (hayratlanib va ajablanib):
O, men sizdan shunday so‘zlarni
Ayriliq tufayli eshitar bo‘lsam,
Hijronga shon-sharaf o‘qiyman, shaksiz,
Va bu judolikni atayman bayram!
Roksana (ohangni o‘zgartirib, yelpig‘ich bilan yelpinib):
Xo‘sh, Kristiandan o‘ch olasizmi?
De Gish (jilmayib): Tashvishingiz uning uchunmi?
Men so‘zimni qaytarib oldim.
Roksana: Yo‘q, uning uchunmas!
De Gish: U kelib turadimi?
Roksana: Ahyon-ahyonda.
De Gish: Endi o‘zi kabi chuchmal bir do‘stlik
Bitta gvardiyachiga bog‘ladi uni.
Oting qurg‘ur (ismini eslab)
De Nevilen… viler… ularni ajratib bo‘lmas.
Roksana: Bilaman, ko‘rganman, bo‘ychan…
De Gish: Mallatob…
Roksana: Yo‘q, tillasoch…
De Gish: G‘aroyib nusxa…
Roksana: Sal-pal so‘zamol…
De Gish: Yigitning guli…
Roksana: Aslo!
De Gish: Lekin xudo urgan ahmoq!
Roksana (kulib): Bu kunday ayon!
(Ohangni o‘zgartirib)
To‘g‘risi, sizni deb jon koyityapman.
Do‘stona maslahat beraymi sizga?
De Berjerakni urushga yo‘llab
O‘zingizga olmoqchi bo‘lyapsiz qasos,
Uning joni dili urush-ku, axir,
Bu bilan unga baxt berasiz, xolos.
Xavf-xatar, otishma va beomon jang
Unga o‘yinday gap.
Graf, menga qarang,
Boshqacha yo‘l bilan uni jazolang.
De Gish: Qanday qilib?
Roksana: Urushga bormasin, tamom‑vassalom!
Yurishga otlangan qo‘shin safida
Bo‘lmasa bu “buyuk botirlar” agar,
Do‘stlari jon olib, jon bergan mahal
Bekorchixo‘jaga aylansa bular,
Bundan ortiq jazo topilmas, graf.
Bu yerda, Parijda oyimqiz misol
Urushdan xat-xabar kutib o‘tirsa…
Mana ular uchun munosib jazo.
Ularni g‘alaba nashidasidan
Hamda shon-shuhratdan aylang mosuvo!
De Gish: Beqiyos qasos! Haqsiz mutlaqo!
Faqat ayol zoti topmog‘i mumkin
Bunday makkorona qasosni!
Roksana: To‘g‘ri, rostakam!
De Gish (yaqinlashib): Demak, sal bo‘lsa-da yoqaman sizga,
Mening qasosimga bo‘ldingiz sherik.
Ne xulosa qilay? Nedir bu tuyg‘u?
Roksana: Nima? Jirkanish emas har holda.
De Gish (bir to‘p muhrlangan jildlarni ko‘rsatib):
Jangga kirish haqida buyruqlar bunda,
Hozir yetkazaman egalariga.
Faqat bunisini olib qolaman.
(Bir jildni ajratib oladi).
Bunisi qoldi.
(Kuladi).
Ha-ha-ha-ha!
Mana sizga, Sirano!
Eh, yovqur jangchi!
Tasavvur qilyapman uning holatin,
Qafasdagi sherdek to‘lg‘onishini,
Kulgili chindan!
Siz doim odamlar ustidan shunday
Qoyillatasizmi hazil-mazaxni?
Roksana (kulib): Har zamonda.
De Gish (unga judayam yaqin kelib):
Siz meni aqldan ozdirasiz-ku!
Tinglang meni… Bugun umuman
Sizdan, sizning ko‘zlaringizdan
Aslo yiroq keta olmayman.
Zo‘rg‘a cho‘kar yer bag‘riga tun,
Qo‘shni monastirda tutganman makon.
Faqat peshin payti kirar odamlar,
Menga esa uning eshigi
Ochiq har qachon.
Ruhoniy otalar ishbilgich juda,
Bari kardinalning xizmatidadir,
Mendan hayiqarlar shu sababli ham.
O, meni shu safar quvmasang edi!
Izn ber, qolayin ertagacha men,
Yoningga sezdirmay, niqobda kelgum.
Roksana: Bo‘lmagan gap!
Sizni sezib qolishar!
De Gish: Menga, axir, baribirmasmi?
Roksana:Urush-chi? Arras-chi?
Shuhratu shon-chi?
De Gish: Menga sening iltifoting, bas.
Izn ber!..
Roksana: Yo‘q, aslo!
De Gish: Izn ber!..
Roksana (mayinlik bilan):
Vijdonim yo‘l qo‘ymas, rad etgum buni!
(Boshqa tomonga qarab)
O, Kristian,
Rol o‘ynashga majburman.
De Gish: O‘tinaman!..
Roksana: “Ha” demoqqa qo‘ymaydi aqlim,
O‘zim sevgan insonning doim
Antoniy kabi
Qahramon bo‘lishin istardim.
De Gish: O, qanday ajoyib! Shunday sevasanmi sen?
Roksana: Sevaman bir kishini –
Ayni dam uni o‘ylab, chekmoqdaman iztirob.
De Gish (o‘zida yo‘q xursand): Men ketaman! Azizam!
(Uning qo‘lini o‘padi).
Shunda bo‘larmisan shod?
Roksana: Ha, albatta… Azizim!..
De Gish ketadi.
Oqsoch (uning ortidan mazxaraomuz ta’zim qiladi):
Ha, albatta… Azizim!..
Roksana: Bu tadbirim haqida aytmagaysan bo‘lamga,
Tag‘in bir baloni boshlab yurmasin.
(Chaqiradi).
Bo‘la!

Uchinchi ko‘rinish

Roksana: Klomiranikiga ketyapmiz.
Mana, manavi uyga.
(Ro‘paradagi uyni ko‘rsatadi).
Sevgi haqidagi
O‘z asarlarin
Alkandr va Lizimon o‘qib berishar bizga.
Sirano: Jonning rohati-ku!
Bormaganim ma’qul. Qalbim g‘azabda!
Oqsoch (jimjilog‘ini qulog‘iga yaqinlashtirib):
Jimjilog‘im menga hozir shipshidi,
Kech qolyapmiz ekan.
Sirano (Roksanaga): Shoshiling tezroq!
Yo‘qsa, to‘lig‘icha ko‘ra olmaysiz
Bu hayvonot bog‘in.
Ular Klomiraning uyi eshigi yoniga borishadi.
Oqsoch (hayratda):
Qaranglar!
Bolg‘acha matoga o‘rab qo‘yilgan!
(Zulfin bolg‘achaga)
Yaxshi qilishibdi sizni yo‘rgaklab,
Chunki siz gapuqmas, qaysar, baqiroq.
Nazokatli so‘zlar, dil rozlarini
Buzib qo‘yishingiz mumkin-da nogoh.
(G‘ayriodatiy bir ehtiyotkorlik bilan zulfinni ko‘tarib,
astagina uradi)
Roksana (eshikni ochishayotganini ko‘rib):
Ketdik!
(Ostonada turib, Siranoga)
Kelishi bilanoq aytingiz unga,
Meni kutib tursin shu yerda.
Sirano (Roksana eshik ortida deyarli ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach):
Roksana!
Uni qanday savol kutmoqda bugun?
Sizning romaningiz sahifalari
Nimalar haqida so‘ylaydi, ayting.
Siz undan biror narsa haqda so‘rarsiz?
Roksana: Sirlarni ochishni o‘ylamang aslo,
Sizdan g‘azablanib yurgum abadiy!
Sirano: Og‘zimga talqon soldim!
Roksana: Bugun hech narsa
So‘ramasman endi men undan.
Mayli, ergashtirsin orzulariga,
Hamroz etsin o‘tinch, tuyg‘ulariga.
Sirano (kulib): Ajoyib!
(Boshqa tomonga qarab)
Qani, ko‘raylik-chi.
Roksana: Guldur-gupmi?
Sirano: Guldur-gup!
Roksana: Jim‑m…
Sirano: Ha, albatta…

Roksana uyga kiradi va eshikni yopadi; eshik yopilgach, Sirano ta’zim bajo qiladi.
Ma’lumotingiz uchun rahmat!
Roksana (yana ko‘rinish beradi): Yo‘q, hali.
Sirano: Ana, xolos!
Ikkalasi birgalikda: Jim-m…
Eshik yopiladi.
Ajoyib!
Sirano (chaqiradi): Bu yoqqa kel tezroq, Kristian!

To‘rtinchi ko‘rinish

Sirano, Kristian

Sirano: Hammasini bilaman. Romaningni tayyorlagaymiz.
Ketkazmaymiz vaqtni behuda.
Nega tundsan, yuzingda tashvish?
Bugun erishmog‘ing mumkin shuhratga.
U hozir keladi. Yur tez, mashq qil,
Imillaysan, vaqt-chi – kutib turmaydi.
Kristian: Yo‘q, men bormayman!
Sirano: Nima?
Kristian: Roksanani kutaman.
Sen bilan ketmayman!
Sirano: Alahlashni boshlading, do‘stim!
Kristian: Yo‘q, dedim senga! Yetar, charchadim,
Jonimga tegdi bu uyatli yolg‘on,
Sen aytganday sevish, qo‘rqish, qaltirash.
Suflyorning otash so‘zlarin aytib
Izhori dil qilmoq, axir, qanday gap!
Uning so‘zlari‑yu nigohi sabab
Tushundim nihoyat – u sevar meni.
Unga o‘z so‘zlarim aytaman, yetar!
Sirano: O‘-ho‘!
Kristian: Ha, to‘g‘risi, jonimga tegdi,
Nahot men shunchalik ahmoqman, ahmoq,
Rahmat, menga shuncha berding sen saboq.
Yodimda qofiya to‘la she’rlaring,
Hissiyot, otashga to‘la so‘zlaring.
Garchi hech birini aytolmasam-da,
Ammo uni o‘zim qucha olaman!
(Klomiranikidan chiqqan Roksanani payqab)
U-ku! Yo‘q, Sirano, tark etma meni!
Sirano (ta’zim qilib) Yo‘q, janobim, gal endi sizga.
(Bog‘ devori ortiga yashirinadi).

Beshinchi ko‘rinish

Roksana (Klomiraning uyidan bir guruh kishilar bilan birga chiqadi, ular bilan xayrlasharkan, ta’zimlar qiladi):
Tez orada yana yuz ko‘risharmiz,
Xayr, Bartenoida! Xayr, Deliya!
Oqsoch (tushkun kayfiyatda): E-h!
“Nazokatli” Lizimona haqidagi ma’ruzani unutibmiz-ku!
(Roksananing uyiga kiradi).
Roksana (hali ham ta’zim qilishda davom etadi):
Alkandr! Eridedonta! Gremiona!
Omon bo‘ling!
Hamma Roksana bilan va o‘zaro ta’zim qilib xayrlashgach, turli chalarga tarqab ketadi. Roksananing ko‘zi Kristianga tushadi.
Azizim, bu sizmi?
(Uning yoniga keladi).
Bilasizmi, qanday laziz bu diydor,
Oqshom. Bizlar yolg‘iz. Hammayoq sokin.
Men bu yerga, siz esa poyimga cho‘king.
Har bir so‘zingizga o‘zim xaridor.
O, tez boshlay qoling, o‘tinchim shudir –
She’rlar aytib bering sehrga to‘la.
Kristian (uning poyiga o‘tirib, biroz jim qoladi).
Men sizni sevaman.
Roksana (ko‘zlarini yumib):
Ayting sog‘inchlardan, beqarorlikdan,
Mening yo‘llarimga intizorlikdan.
Kristian: Men seni sevaman, sevaman!
Roksana: Qanday go‘zal so‘zlar!
Kristian: Men sizni sevaman, sevaman!
Roksana: Azizim, siz uchun qog‘oz muntazir,
Go‘zal so‘zlaringiz biting birma-bir.
Kristian: Sevaman!
Roksana: Xo‘sh, keyin-chi? Davomin so‘ylang.
Kristian: Keyin… Keyin… Keyin…
Qanday baxtli bo‘lardim, axir,
Sizning javobingiz bilsaydim, jonim?
Meni sevasanmi?
Roksana (yuzini burishtirib): Nasrga yo‘q toqatim ortiq!
Gul o‘rniga supurgi o‘t qilyapsiz tortiq.
Siz meni sevasiz, lekin qanday?
Kristian: H-m… Qanday deysizmi? Dahshatli!
Roksana: Qalbingizni bayon eting, axir, ochiqroq.
Kristian: Seni o‘pmoq va quchmoqni istayman ko‘proq!
Roksana (g‘azablanib): Birorta tuzukroq she’ringiz yo‘qmi?
Kristian: Sevaman seni!
Roksana: Yana shu gap? Mayli, xush qoling.
(Turmoqchi bo‘ladi).
Kristian (uni tutib): Yo‘q, men sizni sevmayman, Roksana!
Roksana (yana o‘tiradi): Nihoyat!
Kristian: Ha, men sizni sevmayman. Sizni qilaman hurmat!
Roksana (ketmoqchi bo‘lib, o‘rnidan turadi): Tavbangdan ketay!
Kristian: Kechiring…
Eh, xudoyim, aqlimni yedim, chog‘i,
O‘zimdamas ixtiyor.
Roksana (quruqqina qilib):
Ko‘rib turibman, shunday.
Ahmoqlikni jinim suymagan aslo,
Faqatgina husningiz bilan
Qilolmaysiz siz meni maftun,
Faqatgina aql bilan ham.
Kristian: Lekin… lekin…
Roksana: Qayerga daf bo‘ldi aqlingiz? San’atingiz ketdi qayoqqa!
To‘plang, hislaringiz ketmish sochilib,
So‘ng esa she’r ayting tuyg‘uga to‘lib.
Kristian: Lekin… lekin…
Roksana: Siz meni sevasiz. Ko‘pdan bilaman.
Xayr, xush qoling.
(Uyiga ketadi).
Kristian: O‘tinib so‘rayman, so‘zimni tinglang.
Roksana (eshigini ochib):
Meni hurmat qilasiz, yaxshi bilaman.
Yo‘q, yo‘q! Daf bo‘ling! Yetar!
Uyatli va kulgili bu hol!
Kristian: Axir, o‘tinaman.
Sirano (bu orada sahnada sezdirmaygina paydo bo‘ladi):
Mana buni haqiqiy muvaffaqiyat desa bo‘ladi!

BEShINChI PARDA

“SIRANO GAZETASI”

O‘n besh yildan so‘ng, 1655 yil. Parijdagi Muqaddas xoch ayollar monastiri bog‘i. Baland sersoya daraxtlar. Chapda uy; keng ayvon, unga olib chiqadigan bir nechta eshik bor. Sahna o‘rtasida katta daraxt, boshqalardan ajralib turadi. O‘ngda, birinchi planda baland butalar orasida yarim aylana tosh o‘rindiq.
Sahna ichkarisi kashtanli xiyobondan iborat; xiyobon chapdan o‘ngga cho‘zilib, juda uzoqda, shoxlar orasidan ko‘zga tashlanayotgan cherkov yonida tugaydi. Ikki qator tizilgan daraxtlarning yaproqlari orasidan bog‘ ichkarisi yaqqol ko‘zga tashlanadi – turli xiyobonlar, maysazor, guldevor, osmon. Cherkovning orqa devori ortida uzum shoxlariga o‘ralgan qator ustunlar. Uzumlar g‘arq pishgan. Kuz. Hali yashilligini yo‘qotmagan maysazor ustida tillarang yaproqlar, ba’zi joylarda yam-yashil shamshod daraxtlarini ilg‘ash mumkin. Har bir daraxt ostida bir uyum xazon. Bunday yaproqlar butun sahnaga sochilgan, xiyobonlarda, oyoqostida uchib, shitirlaydi, ostona va o‘rindiqlarning yarmigacha qoplagan. O‘ngda, o‘rindiq va daraxt o‘rtasida kashtadan tikilgan chambarak bor, yoniga kichkina stulcha qo‘yilgan. Yonidagi savatchada o‘rama ip va kalavalar. Kashta boshlab qo‘yilgan.
Parda ko‘tarilganda oppoq kiyimli rohibalar bog‘ bo‘ylab aylanib yuradi. Ba’zilari o‘rindiqqa cho‘kkan, yonlarida keksa rohiba bor. Yaproqlar to‘kiladi.

To‘rtinchi ko‘rinish

Roksana yolg‘iz, so‘ng bir daqiqaga ikki rohiba kirib keladi.

Roksana: Sentyabr kuni yozga o‘xshamas,
Osmon moviy. Havo musaffo.
Barglar yerga tushar shitirlab goho.
Sumbula kiryapti, jazirama yo‘q,
O‘ychan kuz faslining erkalashlari
Yuragimga bu dam bermaydi og‘riq.
(Chambarak oldiga o‘tiradi, o‘ychan).
Qaytarib bo‘lsaydi o‘tmishni bir on!..

Uydan ikki rohiba chiqib keladi; katta kreslo ko‘tarib kelib, daraxt yoniga qo‘yishadi.
Bu esa Sirano uchun o‘rindiq!
Beata: Kreslo topilmas bundan qulayroq.
Roksana: Rahmat sizga, Beata opa.
Rohibalar ketadi.
Atrof qanday ajoyib,
Sukunat va muattar ifor.
Hozir kelar mening qadrdon do‘stim,
O‘tgan u kunlarni eslaymiz takror…
Soat bong uradi.
Soat bong uryapti. Ammo u qayda?
Bunday payt kelardi. Kelmadi bugun.
Nima sabab ekan? Bu – birinchi bor!
Balki tutib olib eshik og‘asi
Osmonlar haqida so‘zlashib, uni
Xatosiga qat’iy qilmoqda iqror…
Sukut.
Ha, ha, shunday. Hamma sevar uni bu yerda,
Qayda u qadrdon, qalbimga qo‘noq?..
Hammayoqda sap-sariq yaproq!
(Chambarakka tushgan sariq yaproqni chetga irg‘itadi).
Bu yerga… sariq ipak mos… Ha, shundoq…
(Ishlaydi).
Chidolmayman, yo‘q, bunga ortiq…
Bu o‘y dilga solmoqda og‘riq…
Rohiba (peshayvondan): Mose de Berjerak!

Beshinchi ko‘rinish

Roksana, Sirano, so‘ng bir daqiqaga rohiba Beata.

Roksana (qaramay):
Ha, ha, u, beshak!
(Tikishda davom etadi).
Sirano kirib keladi, rangida rang yo‘q; shlyapasini ko‘zigacha bostirib olgan; rohiba uni kuzatib kelgach, g‘oyib bo‘ladi. U peshayvondan sekin-asta, qiynalib, hassasiga og‘ir tayangacha tushadi.
(Ishida davom etadi).
Sarg‘ish gul solmasam
Hech o‘xshamaydi.
(Siranoga, mehrli koyish bilan)
Qayerlarda edingiz daydi,
Kechikdingiz bugun ilk bora
Oxirgi o‘n yilda. Uyat, Sirano!
Sirano (o‘rindiqqa zo‘rg‘a yetib kelib, yuzidagi ayanchli ifodaga mos tushmagan quvnoq ovozda gapiradi):
Siz tomon qarolmay turibman hatto,
Men ushlanib qoldim. Shunda muammo!
Roksana: Kim u sizni to‘xtatgan?
Sirano: Allakim-da,
Oddiy bir mehmon…
Roksana: Kim o‘zi?
Kutilmagan mehmonmi?
Sirano (boshqa tomonga qarab):
O, o‘limning naqd o‘zi!
(Roksanaga)
Yo‘q, mehmonlar…
Roksana (hazil-kinoya ohangida): Sirano!
Sirano: Xonimni ketishga ko‘ndirdim, ammo
Dedim: “Bugun shanba, bilmaysiz nahot,
Meni tutib turish bugun muammo,
Kechroq keling, qurarmiz suhbat”.
Roksana (beparvo): O, kutishga majbur kechgacha,
Sizni qo‘yvormayman ungacha hecham!
Sirano (muloyimlik bilan): Yo‘q… balki oldinroq ketarman.
(Ko‘zlarini yumib, sukutga cho‘madi).
Rohiba Beata butxonadan peshayvon tomon yuradi. Roksana uni payqab, kelishiga ishora beradi.
Roksana: Ne sabab u siz-la qilmaydi hazil?
Yo biror hazilning tagi chiqdi zil?
Sirano (ko‘zlarini tez ochib): Beata bilanmi? Menmi?
Aslo yo‘q! Hech qachon!
(Atayin dag‘al ovozda)
Qani, opaxon,
Keling bu tomon.
Rohiba Beata yaqin keladi.
Ha, ha, nigohlari yer suzgan.
Beata (ko‘zlarini yerdan olib, tabassum bilan):
Lekin… (Uning yuzini ko‘rib, qichqirib yuboradi).
Yo xudo!
Sirano (Roksanaga ishora qilib, past tovushda):
Jim-m… Jim-m… Sezdirib qo‘ymang.
(Baland tovushda, hazil ohangida)
Opaxon!
Ro‘za tutish esdan chiqmish nogahon!
Beata: Bilaman.
(Boshqa tomonga qarab)
Bu ertaklar mengadir ma’lum,
Rangida rang qolmabdi hecham.
(Siranoga tez va past tovushda)
Oshxonaga boringiz keyin…
Sizga maxsus issiq sho‘rva bor.
Koni foyda, jonning rohati,
Biz birpasda qilamiz tayyor.
Sirano: Oh, oh, oh!
Beata: Doimgidan ko‘ra o‘ychansiz bugun.
Roksana (ular pichirlab gaplashayotganini eshitadi):
Yana qilyapsizmi pandu nasihat?
Ta’sir qilarmikan bu kishiga?
Beata: Hatto urinmadim bu ishga.
Sirano: Nahotki? Qizig‘-u juda!
Tinglang meni bu dam, opajon,
Qayda qoldi o‘gitlaringiz?
Meni juda qildingiz hayron,
Nahot qilmagaysiz meni tarbiya?
(Yasama g‘azab bilan)
Topshiriq bor sizga, chekmangiz qayg‘u!
(O‘zini yaxshiroq hazil qidirayotganday tutadi va nihoyat go‘yo o‘sha hazilni topadi).
Bugun tunda, tiz cho‘kib, yig‘lab,
Menga aytajaksiz tavba-tazarru!
Roksana: Nima? Nima?
Sirano (kulib): Ha-ha! Kapalagi uchdi opaxonimning!
Beata: Kechirasiz… Mayli, xush qoling.
(Ketadi).
Sirano (chambarakka engashgan Roksanaga):
O, mohir qo‘llarda yashnagan tikish,
Menga nasib etmas bitishing ko‘rish.
Roksana (hazillashib): Qofiyangizni juda sog‘ingan edim!
(Yaproqlar to‘kiladi).
O! Yaproqlar to‘kilyapti boz!..
(Boshini ko‘tarib, xiyobon ichkarisiga nazar tashlaydi).
Qanday ajoyib ovoz!
Ko‘zlarimga malhamdir go‘yo
Tilla rangli bu mehrigiyo.
Qarang, qanday quyilar xazon!
Sirano: Ha, juda go‘zal. Uchdi, uchdi va qo‘ndi yerga.
Sukut.
Tuproqning bag‘rida ovozsiz va jim
Chirib, tamom bo‘lishdan oldin
Go‘zalligin qilib namoyish,
Erga uchib tushadi mahzun.
Roksana: Ko‘rinasiz judayam tushkun.
Sirano (quvnoq): O, Roksana, sira undaymas!
Roksana: Qayg‘urmang yaproqlar uchgani uchun,
Axir, hammamiz ham o‘lamiz bir kun…
Xo‘sh, qanday kechyapti Parijda hayot?
Sirano: Yangilik deysizmi?.. Yangilik…
Roksana: Sizda-ku har qanday so‘nggi axborot.
Sirano (rangi tobora oqaradi, og‘riq bilan kurashayotgani yaqqol seziladi): Shanba kun saroyga uzum keldi soz,
Qirol o‘ntasini tushirdi paqqos.
Qoni ko‘paygandan tabib qon oldi.
Bal ham uyushtirdi ul oliy hazrat,
Yakshanbada bo‘ldi bu zo‘r ziyofat…
Zal shunday yorishdi, go‘yo kun bo‘ldi:
Sakkiz yuz qirq bir shamdon osildi.
Osib o‘ldirishdi uchta folbinni,
Reja ham qilishdi katta qirg‘inni.
D’Atis xonimning iti nogahon
Qorni og‘rib qolib, bo‘ldi chalajon.
Roksana (kulib): Bori shumi? Xabar aytishni ham boplaysiz chunon!
Sirano: Dushanbada nima bo‘lganin so‘rang…
Uncha muhim gapmas. Gap yo‘g‘ida gap.
Palmira Lizimon bilan topishdi,
Alkandr – sevimli yigitin tashlab.
Roksana: O!
Sirano (tobora qiynalib): Seshanba – Fonteneblo bayrami kuni,
Chorshanbada markizni “rad etdi” Mongla.
Ammo ertasi kun shodlikka cho‘mdi –
Nikohga rozilik oldi u tongda.
Jumada ne bo‘ldi?.. Qirol ushbu kun
Manchini suratin chizdirish uchun
Buyurtma berdi… Xo‘sh, shanba kunida…
(Ko‘zlarini yumadi. Boshi shilq etib tushadi. Jimlik).
Roksana (so‘zlari tinib qolganidan hayron bo‘lib, o‘giriladi va dahshatdan qichqirib yuboradi): Sirano!
Yo xudo! Ne bo‘ldi unga?
(Uning yoniga chopadi).
Sirano (ko‘zlarini ochib, g‘o‘ldiraydi):
Nima gap?
(Tepasida egilib turgan Roksanani ko‘rib, boshidagi shlyapasini darhol o‘nglaydi va o‘zini o‘rindiqqa tashlaydi).
Yo xudo! Qo‘rqmang!
O‘tib ketdi! Men soppa-sog‘man!..
Roksana: Lekin siz…
Sirano: Tashvishlanmang, bo‘lmang xijolat,
Aytyapman-ku, bari o‘tdi deb.
Bu o‘sha… la’nati jarohat…
Roksana: O, azizim!
Sirano: Orttirgan edim men uni Arrasda,
O‘zini namoyon etdi shu kezda.
Ammo o‘tib ketadi tezda.
(O‘zini majburlab kuladi).
Mana, o‘tib ketdi!
Roksana: O, azizim, har birimizda
Bor shundayin bitmas jarohat.
Ha, menga ham berar u azob…
(Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi).
U bu yerda – bermas halovat.
Yuragim ustida tumorday turar,
Uning so‘nggi xati, garchi so‘zlari
O‘chgan, ammo menga ko‘rinib turar.
Bu maktub azizdir menga jon qadar.

Sahnada qosh qorayganini bildiruvchi manzara.

Sirano: O, azizam, do‘sti qadrdon,
Eslaysizmi… menga bir zamon
Uni o‘qiysiz deb bergandingiz so‘z.
Roksana: O‘qishni xohlaysizmi?..
Sirano: Ha, ha. Hozir!
Roksana unga ko‘ksidagi tumor-xatni olib beradi.
O‘qiyveraymi?
Roksana: O‘qing bahuzur.
Chambarak yoniga qaytadi. Ishlarini yig‘ishtiradi.
Sirano (ovoz chiqarib): Alvido! Yulduzim so‘nmoqda asta…
Roksana (ishini to‘xtatib, hayratda): Nega ovoz chiqarib o‘qiyapsiz?
Sirano: “O‘lim kutar meni, kechiring, jonim.
Nahot o‘lajakman sizdan olisda!
Ammo yuragimda erursiz doim,
Siz menga hamrohsiz har bir nafasda,
Hatto eshitaman ovozingiz ham…”
Roksana: Qanday o‘qiy olayapti u?
Sirano: “Nahot endi ko‘rmayman takror
Sarv bo‘ying, ey qaddi shamshod,
Ko‘zing mangu etgaymi xumor?
Oh, bo‘g‘zimga to‘ldi-ku faryod!!”
Roksana: Sirano!
Sahna qorong‘ilasha boshlaydi.
Sirano: “Hayqiraman: xayr, umrbod!..”
Roksana: Qanday o‘qiy olayapti u!
Sirano: “Seni, o, hayotim…”
Roksana: Lekin bu ovoz…
Sirano: “Ey mening sevgilim,
Qalbim bayoti…”
Roksana: Lekin bu ovoz
Ko‘nglimga tanishdir judayam, hayhot!
(Holsiz bir shaklda, Siranoga sezdirmay asta yaqinlashadi, o‘rindig‘i orqasiga o‘tib, ovozsiz egilib, xatga tikiladi).

Qorong‘ilik quyuqlashadi.

Sirano: “Sen men uchun eding bebaho,
Ayni damda senga so‘nggi bor
Muhabbatim qilaman izhor,
Bari endi ro‘yodir, ro‘yo.
Xayr endi, xayr, yaxshi qol,
Mahshargacha, jonim, alvido!..”
Roksana: Sirano!
Qanday o‘qiyapsiz? Axir, zim-ziyo!
Sirano titrab ketadi, o‘girilib, u juda yaqinida turganini ko‘radi, dahshatga tushib, boshini egadi. Uzoq jimlik.
(Qo‘llarini bukib, ohista gapiradi).
O‘n besh yil shu rolni o‘ynadingizmi?..
Sirano: Roksana!..
Roksana: Ha, bu siz edingiz…
Sirano: Yo‘q, yo‘q, Roksana, yo‘q.
Roksana: O, azizim, o‘z baxtingiz siz
O‘zingizdan o‘g‘irladingiz.
Sirano: Yo‘q, siz adashyapsiz, yo‘q!
Roksana: Og‘ir erur mening gunohim…
Anglolmabman hech neni, essiz.
Hozir yuragimni tars yorar ohim,
Axir, hamma xatning muallifi – siz…
Sirano: Yo‘q, yo‘q!
Roksana: Menga yoqqan, dilga cho‘g‘ solgan
So‘zlar bari sizniki bo‘lgan!
Sirano: Yo‘q!
Roksana: Ko‘zlarimni ko‘r etgan tamom,
Yuragimni elitgan kalom
Sizniki!
Sirano: Yo‘q, yo‘q!
Roksana: Yuksak qalb egasi – daho,
Sizsiz, o‘zgamas aslo.
Sirano: Yo‘q, yo‘q!
Roksana: O‘sha tunda,
Deraza yonida qurganda suhbat,
Siz mening qalbimga solgansiz hayrat…
Sirano: Asosi yo‘q gap bu! Qilsangiz gumon,
Axir, sevmaganman sizni hech qachon!
Roksana: Yo‘q, sevgansiz.
Sirano: Sizni sevmaganman… Shunday…
Roksana: Bilaman, ana shu muhabbat sabab
Sizda shakllangan shunday buyuk qalb!
Sirano: Yo‘q, yo‘q, sevmaganman, sizni… sevgilim!
Roksana: O, qandoq azob bu! Afsus va armon,
To‘kilgan ko‘z yoshlar, dardli hayajon!
Ne uchun o‘n besh yil saqladingiz sir?
Dardingizni pinhon tutdingiz mag‘rur?
Qalbingizda esa yashadi orzu…
Menga shuncha yillar ishq tuhfa etgan
Ko‘z yoshli maktublar sizniki ekan!
Sirano (xatni berib): Ha…
Lekin undagi qon meniki emas.
Roksana: Nega birdan ochdingiz bugun
Bu olovli xatlarning sirin?
Tutmadingiz nega yashirin?
Sirano: O!.. Nega deysizmi?
Le Bre va Ragno yugurib keladi.

Oltinchi ko‘rinish

Oldingilar, Le Bre va Ragno

Le Bre: Qanday qilib?
Ragno: Kelib qoldingiz bu yerga?
Le Bre: G‘irt jinnilik bu! Ishongandim men bunga ammo!
Sirano (kulib, qaddini rostlab): Bas qil! Sog‘man, yo‘qdir muammo!
Le Bre: O‘limga teng edi to‘shakdan turish!
Roksana: Bejiz emaskan-da hushidan ketish…
Sirano: Ha, to‘g‘risi, yetmadi kuchim
Sizga yetkazgani hamma xabarni.
Azizam, kechiring, men gunohkorni.
“O‘n oltinchi sentyabr, shanba kunida
De Berjerak o‘ldi nomard tig‘idan”.
(Shlyapasini oladi; boshi o‘rab-chandib tashlangani ko‘rinadi).
Roksana: Yo xudo, nima bu!
Hushingiz joyidami, Sirano!
Sirano: Ha, hushim joyida, aqlim ham ravon,
Manglayda bor ekan shundayin davron.
Jang payti dushmanning o‘qiga uchrab,
O‘lishni orzular edim hamisha.
Pastkash bir qasosning qurboni bo‘ldim,
O, menda judayam sho‘r ekan manglay!
Qotilim – yollangan qandaydir malay.
Bir umr yashadim uy-joysiz, g‘arib,
Bir umr boy berdim, hayhot, ne qilay,
Munosib o‘lim ham etmadi nasib!
Ragno: Yo tangrim!
Sirano: Yig‘lama. Har neda kerakdir mezon.
(Unga qo‘lini cho‘zadi).
O, do‘stim,
Hozir kimning xizmatidasan?
Ragno (ko‘zida yosh bilan):
Ayni dam… Molerning chiroqchisiman…
Sirano: Moler! Iste’dodli deyishar uni!
Ragno: Yo‘q, jonimga tegdi, ketaman butkul,
Kecha “Skapen” bo‘ldi namoyish.
Boshdan-oyoq o‘g‘irlik bir ish.
Le Bre: Ha, u tomoshani o‘g‘irlab olgan.
Ragno: Shu sababli ketaman-da.
Le Bre: Bu qilmish…
Sirano: Bo‘ldi, bas! Behuda qilmangiz g‘azab,
U rejalab, o‘ylab qilgan ish.
Xo‘sh, yaxshi chiqdimi o‘sha namoyish?
Ragno (hiqillab): Ha, janob! Hamma kuldi qornin changallab…
Sirano: Taqdirim shu ekan: mudom birovga
Suflyorlik qilish… va unutilish…
(Roksanaga)
O‘sha sehrli tun yodingizdadir?
Men butun umr
Jur’atsiz, ovozsiz turdim hamisha.
Boshqalar tepaga chiqdilar mag‘rur,
Sevgi yo shuhratdan oldilar bo‘sa.
Roksana: Yo‘q! Baxtli bo‘lasan! Komil ishonchim,
O‘lma! Yasha endi! Do‘stim, azizim!
Cherkov qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Rohibalar ibodatga tayyorlana boshlaydi.
Sirano: Ibodat qilishar bugun men uchun.
Roksana (rohibani chaqirish uchun o‘rnidan turadi): Opa! Hoy, opa!
Ragno (hiqillab): Yo qodir xudo!
Sirano (Roksanani ushlab): Yo‘q, hech kim kerakmas… Ketib qolmang… Yo‘q…
Siz qaytib kelganda, balki bu yerdan
Rixlatga ravona bo‘lgan bo‘lurman.
Rohibalar cherkovga kirib keladi.
O, qanday baxt!.. Nur sochadi oy,
Qaydandir taralar yoqimli navo.
Gullarning ifori judayam xushbo‘y,
Jonimga jon qadar yaqindir dunyo!
Roksana: Men seni sevaman, o‘lma, azizim!
Sirano: Mehringning o‘ziyoq kifoya menga,
Endi ertaklarga o‘xshaydi hayot.
Axir, cho‘pchaklarda bo‘ladi faqat:
Ushalmas orzular ushalar birdan,
Xunuk shahzodaga boqadi omad…
Biz esa yashaymiz boshqa dunyoda.
Roksana: Azizim!
Sirano: Qo‘rqma, men yashayman, uzundir umrim,
Axir, o‘ngga do‘ndi shirin tushlarim.
(Oyga kulib boqib)
Ey, to‘lin oy! Qadrdon,
So‘nggi yo‘lga sen-la ketarman shodon!
Roksana: Faqat bir kishini sevdim bir umr,
Qalbimdagi o‘sha nodir javohir
Ikkinchi bor meni tark etar hozir.
Sirano: Le Bre! Oyga uchajakman, mana, nihoyat,
Kerak emas endi menga kashfiyot.
Samolarga uchib boradi ruhim,
Boshlanadi unda boshqa bir hayot.
Roksana: Oh, nimalar deyapsan?
Sirano: Nima deyapman?
Oy meni hamisha etgandi maftun,
Menga darddosh edi, yaqin edi u.
Ruhim orom olar balki u yerda,
Axir, butun umr talpingandim-ku.
Ruhlar ko‘p u yerda, hech gumonim yo‘q,
Galiley, Suqrot ham u yerda aniq.
Le Bre: Yo‘q, yo‘q, ishonmayman, barchasi yolg‘on!
Nahot o‘lsa shundayin talant!
Tengi yo‘q iste’dod, shoiri zamon
Mangu ketajakdir, qaytmaydi, hayhot!
Shunday o‘lim mumkinmi?
Sirano: Le Bre yana laqillab qoldi!
Le Bre (hiqillab): Do‘stim!
Sirano (turib, har tomonga alanglab):
Yo‘l beringiz gaskonliklarga!
Bir Vatanga hammamiz o‘g‘lon…
Shu yarqiroq quyosh ostida…
Dastlabki moddalar… Yo‘q, ishon…
Le Bre: Ilmiy hatto alahlashi ham!
Sirano: Kopernikning so‘ziga ko‘ra…
Roksana: Yo xudo! Qanday azob bu!
Sirano: Ne sabab keldi u yorug‘ dunyoga?
Bu ko‘hna kemada ne bois hozir?
Nega mehr qo‘ydi orzulariga?
Nima uchun bo‘ldi u shoir?
O!.. Bu yerga shoir ko‘milgan,
Mayda tashvishlarga tamom yengilgan;
Uchuvchi, cholg‘uchi, fizik, faylasuf,
Hech kim tan olmadi uni, taassuf!
Bir umr hayotdan yedi u zarba;
Omadi yo‘q oshiq, bechora telba,
De Berjerak-ku – u, ismi – Sirono.
Qabrining ustida shunday bitik bor:
“Bu odam betakror,
Har balo edi u, edi hech vaqo!..”
Uzr… Fursat yetdi… Oy keldi, mana…
U bilan bo‘lurman ko‘kka ravona…
(O‘rindiqqa yiqiladi. Roksananing ko‘z yoshlari uni o‘ziga keltiradi; barmoqlari uchi bilan uning yopinchig‘i etagidan tutadi).
Yo‘q!
Kristian edi oqil, mehribon,
Loyiq edi sevgingizga ham!
Uni seving… Mayli, ozgina
Men uchun ham tutingiz motam.
Roksana: O, azizim, so‘zimga ishon,
Men seni sevaman!
Sirano (chayqalib ketadi va tez o‘rnidan turadi):
Yo‘q! Bu yerdamas! Xudo haqqi!
(Uni tutib qolishadi).
Yolg‘iz qolay… Kerakmas hech kim,
Ana u kelyapti! Soviyapti tan!..
(Daraxtga suyanadi).
Qo‘limda xanjar bilan
Uni qarshi olaman…
Roksana (qattiq kuyunib):
Qutqaring! Qutqaring uni!
(Sirano qo‘liga xanjarini oladi. Hamma ortga chekinadi).
Sirano: Kulyapsanmi ustimdan, o‘lim?..
Burnim yoqmadimi!.. Holing bo‘lar voy!
(Xanjarini ko‘taradi).
Qilichimga bo‘lsin shon-sharaf!..
Nima? Kulyapsizmi siz menga qarab?
Hayronmisiz yo bu ishimdan?
Ha, tan olaman,
Foyda bermas o‘lim bilan jang.
Oldimdadir tubsiz choh, attang.
Ammo imkoniyat ortiq bo‘lgan chog‘
Qo‘rqoqning ishidir urushga kirmoq.
Mingtamisiz? Yuztamisiz? Qaydasiz?
A-ha! Hammangizni bilaman!
Siz – eski dushman!
(Xanjar bilan havoga hamla qiladi).
Baringiz – xomxayol!..
Sen – yaramas! Mana, ol!..
Ey, vahima! Mana bu senga!
(Yana havoga xanjar uradi).
Sizga yengildimmi? Kerakmas hazil!
O, ahmoqlik – xavfli dushman, kel!
Bilaman, siz meni etasiz mag‘lub,
Bilaman, qabriston turibdi kutib.
Oxiri siz meni yengasiz aniq,
Ammo jang qilaman, bo‘sh kelmayman, yo‘q!
(Holdan toyib, to‘xtamaguncha dahshatli kuch bilan havoga
xanjar uradi).
Siz sabab hammasi havoga uchdi,
Orzular, umidlar, maqsadlar o‘chdi.
Olingiz, olingiz barini, ammo
O‘zim bilan birga bo‘lar doimo,
Bir tuyg‘u – beg‘ubor, rangin, bebaho,
Uni mendan hali olmagan xudo.
Bugun menga bag‘rin ochadi osmon,
Ucharman bepoyon, moviy ko‘k tomon,
U yerda o‘zimni etgum namoyon…
(Qo‘lidan xanjari sirg‘alib tushadi, o‘zi esa chayqalib Le Bre va Ragnoning quchog‘iga yiqiladi).
Roksana (egilib, peshonasidan o‘pib): Nima bo‘ldi, azizim?
Sirano (ko‘zini ochadi, uni tanib, yuziga baxtiyor kulgi yuguradi):
O, qalbim egasi, malikam…

Parda

Rus tilidan Iqbol Mirzo tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 5-6-sonlar