Edgar Allan Po. Morg ko‘chasidagi qotillik (hikoya)

Sirenalar qanday qo‘shiqni kuylashardi yoki Axill ayollar orasida yashirinar ekan, o‘z ismini nima deb aytardi — bu savollar nechog‘lik murakkab bo‘lmasin, bunda ham allaqanday taxminga o‘rin topiladi.
Ser Tom Braun. “Xokdon”

Aql-idrokimizning imkoniyatlarini tahlil etish mushkul. Biz bu haqda faqat uning natijalariga qarab baho berishimiz mumkin. Lekin bizga shu narsa ham ma’lumki, mantiq kuchli bo‘lgan insonda tahlil eta olish qobiliyati unga rohat baxsh etadi. Yengil atletika bilan shug‘ullanuvchi sportchi mushaklarini ishlashga majburlovchi o‘zidagi kuch va uddaburonlikdan nechog‘lik faxrlansa, bajarayotgan mashqlari unga qanchalik lazzat baxsh etsa, tahlil etish qobiliyati kuchli bo‘lgan inson ham istalgan bir jumboqni yechish yoki biron masalaga aniqlik kiritish imkoniyati tug‘ilsa, o‘ta xursand bo‘ladi. Hatto, ko‘pam murakkab bo‘lmagan, lekin uning iste’dodi charxlanishiga yordam beruvchi masalalarni yechish ham uning dilini xushnud etadi. U, oddiy bir aql sohibi uchun yechimini topish o‘ta murakkab tuyulgan turli jumboq, kriptogrammalarni jonidan ham yaxshi ko‘radi. Haqiqatan ham, faqat uning o‘ziga xos bo‘lgan uslub asosida aniqlik kiritilgan masala va jumboqlarning yechimi oldindan his etish, ko‘ra bilishning ajoyibotlaridek tuyuladi. Jumboqni yechish qobiliyati matematika, ayniqsa uning tahlil deb nomlangan qismi bilan shug‘ullanish natijasida, ehtimol, yanada oshar. Garchand, hayotda hisob-kitobni to‘g‘ri olish, vaziyatni to‘g‘ri baholay bilish, bu tahlil eta bilish degani emas. Masalan, shaxmat o‘ynovchi hisob-kitob qiladi, tahlil qilmaydi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi, shaxmat o‘yini kishilarda mantiq kuchini oshiradi, yordam beradi degan gap asossiz. Shunday qilib, hurmatli kitobxon, e’tiboringizga havola etilayotgan kitob traktat emas, bor-yo‘g‘i men hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan g‘ayrioddiy hikoya uchun muqaddima vazifasini o‘tashi lozim bo‘lgan bir qancha tasodifiy kuzatishlar xususidagi mulohazalarimdan iborat, men imkoniyatdan foydalanib, shashka o‘yini shaxmatga nisbatan ko‘proq mulohaza yuritishni talab etishi va aqlga ko‘proq ozuqa berishini aytmoqchiman. Shaxmat donachalarining turli ko‘rinishga egaligi va ularning mavqe jihatdan teng emasligi, yurish yo‘llarining turliligi, murakkabligi (ko‘pchilik hollarda) shaxmatni qiyin o‘yinlardan biri deb o‘ylashimizga sabab bo‘ladi. Vaholonki, bu o‘rinda kuzatuvchanlik muhim ahamiyatga ega. Bir soniyaga bo‘lsa-da, e’tiboringiz susaysa, o‘yinni yutqazdingiz hisob. Shaxmat donachalarining yurish yo‘llari turlicha bo‘lishi bilan birga, ular ko‘p ma’noli hamdir. Shu bois yutqazish imkoniyati ham ko‘proq va o‘nta o‘yindan to‘qqiztasini iqtidorli o‘yinchi emas, balki kuzatuvchan o‘yinchi yutadi. Shashka o‘yiniga kelsak, bunda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yish imkoniyati kamroq bo‘lib, e’tiborsizlik ko‘pam muhim ahamiyat kasb etmaydi, uning bir necha ko‘rinishdagi bitta yo‘li bo‘lib, muvaffaqiyat asosan o‘yinchining zukkoligiga bog‘liq. Misol uchun, to‘rtta damka qolgan shaxmat o‘yinini tasavvur qilaylik, bu o‘rinda e’tiborsizlik xususida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Aftidan, bu o‘rinda g‘alaba (agar kuchlar teng bo‘lsa) kutilmagan, oqilona yo‘l tanlashga bog‘liq bo‘ladi. O‘zga imkoniyat bo‘lmaganida, mushohada etuvchi raqibining fikrini o‘qishga intiladi. O‘zini uning o‘rniga qo‘yib ko‘radi va ko‘pincha bir qarashda mavjud bo‘lgan yagona bir yo‘lni ilg‘ab oladi, bu yo‘l raqibning e’tiborini chalg‘itishi, yo hisob-kitobni noto‘g‘ri olishiga olib keladi.
Vist1 azaldan biron narsaning hisob-kitobini olish san’atiga doir ajoyib maktab sifatida mashhur edi. Shuningdek, ma’lumki, ko‘pchilik mashhur aql egalari vistga nisbatan, vaqt bekorga ketgan shaxmat o‘yinidan farqli o‘laroq, tushuntirib berish qiyin bo‘lgan bir moyillikni his etishardi. Aslini olganda, dunyodagi biron-bir boshqa o‘yin bu qadar tahlil salohiyatini talab etmaydi. Jahondagi eng yaxshi shaxmatchi, shu vist o‘yinini mohirona o‘ynab, aql bilan aql bellashganda g‘alabaga erishish imkoniyatini qo‘ldan bermagan shaxmatchidir. “Mohirona o‘yin” deganimda, men o‘yinchining, qonuniy g‘alabani ta’minlovchi o‘yin barcha sir-sinoatini yuksak darajada egallaganini nazarda tutaman. Bu boradagi sir-sinoatlar ko‘p bo‘libgina qolmay, balki shu qadar xilma-xildir hamki, u inson qalbini chuqur bilishni talab etadi, bunga esa o‘rtacha qobiliyatli o‘yinchining erishishi mushkul. Kim kuzatuvchan bo‘lsa, u esida ham aniq saqlab qoladi, demak, e’tibor bilan o‘ynovchi istagan shaxmatchi vist o‘yinida g‘alabaga umid qilishi mumkin, chunki Xoyla qo‘llanmasi (oddiy o‘yin mexanikasiga asoslangan bo‘lib) hamma uchun tushunarlidir. Vist o‘yinini yaxshi o‘ynash uchun, o‘yin “qoidasiga” rioya etish va yaxshi xotira kuchiga ega bo‘lishning o‘zi kifoya. Ammo, mushohada yurituvchining san’ati, aynan, o‘yin qoidasida nazarda tutilmagan o‘rinlarda namoyon bo‘ladi. U o‘zicha qanday xulosalarga kelib, qanday kuzatuvlar olib bormaydi, deysiz. Uning raqibi ham xuddi shunday ish tutsa kerak, lekin bunda xulosalarning ishonchliligidan ko‘ra, kuzatuvchanlikning sifatiga qarab qo‘l baland keladi. Nimaga e’tibor berilishi lozimligini bilish muhim, albatta. Lekin bizning o‘yinchimiz o‘zini xafa qilib qo‘ymaydi, garchand uning asosiy maqsadi o‘yin bo‘lsa-da, uning e’tiboridan biron-bir narsa chetda qolmaydi. U raqibining yuz qarashlarini o‘rganadi va har bitta boshqa raqibining yuz qarashlari bilan solishtiradi, ular qo‘llaridagi qartani qanday taqsimlashayotganini ilg‘aydi va ko‘pincha ularning ko‘z qarashlaridan qo‘llaridagi qaysi qarta kuzirligini biladi. O‘yin jarayonida o‘yinchilarning ko‘z qarashlarini kuzatib, xulosalar chiqaradi, ularning yuz qarashlaridagi tez-tez o‘rin almashib turuvchi qat’iylik ham, hayrat ham, tantana ham, afsus ham uning e’tiboridan chetda qolmaydi. U, raqibi qo‘liga tushirilgan pullarni quchoqlab, qay yo‘sinda yig‘ishtirib olayotganiga qarab, bundan keyingi o‘yin qanday kechishini biladi. Raqibi qartani qanday tashlaganiga qarab, bu yurishni u ko‘zbo‘yamachilik uchun yurganini sezadi. Nogahon yo o‘ylamasdan aytilgan so‘z; qo‘qqisidan tushib ketgan yo ochilib qolgan qarta; qartani qo‘rqinch aralash, pinhona yo xotirjamlik bilan bekitishlariga qarab, qo‘lga kiritilgan pul va uning joylashtirilishi; tahlika, sabrsizlik yoki qo‘rqinch — biron narsa befarq ko‘ringan mushohada etuvchining nazaridan chetda qolmaydi. Ikki-uch yurishdan so‘ng, kimning qo‘lida qanday qarta borligi unga ma’lum bo‘ladi va u qartani shunday ishonch bilan tikadiki, go‘yo qolgan o‘yinchilarda imkoniyat butkul qolmagandek.
Mushohada etish salohiyatini oddiy topqirlik bilan aralashtirmaslik lozim, chunki mushohada yurituvchi hamisha topqir bo‘ladi. Lekin har qanday topqir odam mushohada yuritishga qodir bo‘lmasligi mumkin. Frenologlar muhim deb topgan insondagi bu xislat, odam tanasida u alohida a’zoni ham tashkil etadi, ya’ni insondagi biron narsalarni o‘ylab topish va tatbiq qilish mahoratini, aqliy imkoniyat darajasi boshqa masalalarda ancha past bo‘lgan kishilarda ham uchratish mumkin, zero u turmush va tamoyillarni tasvirlovchi yozuvchilar tomonidan bir necha bor qayd etilgan. Topqir aql bilan mushohada yurituvchi aql o‘rtasidagi farq xayolot bilan tasavvur o‘rtasidagi farqdan ancha katta, lekin bu bir narsaning ikki tomoni. Haqiqatda ham, topqir odamlar boy fantaziyaga ega bo‘lishadi, boy tasavvurga ega odamlarda bo‘lsa mushohada etish salohiyati kuchli bo‘ladi.
Hikoyamizning davomi kitobxon uchun keltirilgan fikrlarimizga namuna vazifasini o‘taydi.
18… yilning bahori va yozining bir qismini Parijda o‘tkazdim, u yerda mose S.Ogyust Dyupen ismli bir kimsa bilan tanishdim. Ko‘pchilikka tanish, hatto mashhur bo‘lgan sulolaning hali yosh bu zurriyodi taqdir taqozosi bilan og‘ir ahvolga tushib qolgan bo‘lib, biron narsaga harakat qilmay qo‘ygan, boyliklarini qayta qo‘lga kiritish xayolining bir chekkasiga ham kelmasdi. Kreditorlarning yaxshi munosabati tufayli Dyupenning otasidan qolgan merosning uncha katta bo‘lmagan qismi saqlanib qolgan edi, u mana shu meros hisobiga zo‘rg‘a yashar, shohona hayot lazzatlariga befarq bo‘lib qolgan edi. U o‘ziga ep bilgan yagona qimmatli narsa — bu kitoblar edi.
Biz birinchi bor u bilan Monmartr ko‘chasidagi xarobgina kutubxonada uchrashgan edik. Ikkalamiz ham o‘ta nodir, ayni bir kitobni qidirayotgan bo‘lganimiz sababli, u bilan gaplashib qoldik. Keyinchalik ham u bilan bir necha bor uchrashdik. Men uning oilasi tarixiga qiziqib qoldim, u frantsuzlarga xos samimiylik bilan menga hammasini bir boshdan gapirib berdi. Dyupenning ko‘p narsalarni bilishi meni hayratda qoldirdi, ayniqsa tasavvurining boyligidan lol qoldim.
Men u kezlarda Parijda o‘ziga xos bir qiziqish bilan yashardim va Dyupen kabi inson bilan tanishish men uchun katta bir topilma ekanligini his qilib, buni unga izhor etdim. Tez orada ikkimizda, to men Parijda ekanman, bir joyda yashash haqida fikr tug‘ildi. Mening imkoniyatim Dyupennikidan biroz tuzukroq bo‘lgani uchun, uning roziligi bilan Sen-Jermenning shinam bir burchagidan ajoyib ko‘rinishli, vaqt o‘tishi bilan biroz to‘kilib tushgan, allaqanday kirimga berilganidan egalari tashlab ketgan uyni ijaraga oldim va uni ikkalamizga xos bo‘lgan romantik dilgirlik uslubida jihozladim.
Agar bu dahadagi turmush tarzimiz olamga ma’lum bo‘lganida, bizni savdoyi deb atagan bo‘lishardi, garchand beozor savdoyi bo‘lsak-da! Biz hammadan ajralgan holda yashay boshladik. Men do‘stlarimga yashash manzilimni aytmadim. Dyupen bo‘lsa allaqachon Parij bilan aloqasini uzgan, Parij ham uni esga olmasdi. Biz faqat o‘zimiz bilan o‘zimiz andarmon bo‘lib yashardik.
Do‘stimdagi ajoyibotlardan biri, buni boshqacha atash mumkin ham emas, bu — undagi tunga, tunning maftunkorligiga bo‘lgan muhabbat. Undagi bu xislatni men uning tabiatiga xos bo‘lgan boshqa hamma xislatlari qatori so‘zsiz qabul qildim. Go‘zal tun sohibi bizni tez-tez tark etib turardi va biz undan ajralmaslik uchun quyoshning birinchi nurlari tushishi bilan deraza pardalarini tushirib, qo‘lansa hid tarqatib, bazur yorug‘lik beruvchi ikki-uchta shamchiroqni yoqib qo‘yar edik. Shamchiroqning xira nurlari ostida to soatlar mili haqiqiy Tun kelganidan xabar berguncha, biz orzularga berilar, o‘qir, yozar va suhbatlashar edik. So‘ng bir-birimizni qo‘limizdan ushlab, ko‘chaga chiqar va kunduzgi suhbatimizni davom ettirar yoki qaro tungacha bemaqsad sayr etar va katta shaharning milt-milt etib yonib-o‘chayotgan tungi chiroqlari og‘ushida ma’naviy oziq olar edik.
Bunday daqiqalarda, garchand bu undagi tajribaning bir ko‘rinishi ekanligini tushunib yetsam-da, men Dyupendagi mushohada etish qobiliyati bilan hayratlanmaslikka ilojim yo‘q edi. Dyupenga ham o‘zidagi bu xislatni takomillashtirish xush yoqardi. Bunga uning o‘zi ham iqror bo‘lardi. U ko‘pincha mamnuniyat bilan insonlarning ko‘pchiligi men uchun o‘qilgan kitob deb maqtanar va buning isboti o‘laroq, mening dilimda nimalar kechayotganini aytib berar edi. Bunday paytlarda men ikkiga ajraluvchi qalb haqidagi rivoyatlarni xayolimga keltirar va yaratuvchi bilan parchalab tashlovchi Dyupenni ko‘z oldimga keltirib, zavq olardim.
Aytilganlardan gap qandaydir bir g‘aroyibotlar haqida boradi degan fikr kelib chiqmasligi kerak, shu bilan birga men o‘z qahramonimga romantik tus ham bermoqchi emasman. Frantsuz do‘stimning xarakteriga xos chizgilar bu shunchaki ehtirosga berilgan tasavvurning natijasi edi. Lekin u bildirgan fikrlar haqida keltiradigan misollarimiz yanada aniqroq tasavvur beradi.
Kunlarning birida, kechqurun Pale-Royaldagi nihoyatda uzun va iflos ko‘chalarning birida sayr qilar va har birimiz o‘z xayollarimiz bilan band edik, shu bois, chorak soatcha vaqt davomida birontamizdan sado chiqmadi. To‘satdan Dyupen, shunchaki gapirayotgandek:
— Bu maxluqqa yo‘l bo‘lsin! Undan ko‘ra baxtini “Varete” teatrida sinasa bo‘lardi, — dedi.
— Juda to‘g‘ri, — dedim men.
Men shu qadar xayolga berilib ketgan ekanmanki, hatto mening javobim Dyupenning so‘zlariga to‘g‘ri kelganini ham his etmabman. Lekin shu zahotiyoq o‘zimga kelib, hayratdan yoqamni ushladim.
— Dyupen, — dedim men jiddiy bir tusda, — aqlim bovar qilmayapti, sizga to‘g‘risini aytsam, quloqlarimga ishonmayapman. Men… kim haqida o‘ylayotganimni siz qayerdan bildingiz?
… Men kim haqida o‘ylaganimni u biladimi, yo‘qmi, aniq bilish uchun biroz sukut saqladim.
— Shantili haqida, — dedi u. — Nima uchun tutilib, to‘xtab qoldingiz? Siz uni fojeaviy rolga to‘g‘ri kelmasligi haqida o‘ylayotgan edingiz.
Ha, men aynan Sen-Deni ko‘chasidagi etikdo‘z Shantili haqida o‘y surayotgan edim. Teatr jinnisi bo‘lib qolgan bu kishi yaqinda bir pardalik Krebiyon tragediyasida Kserks rolida o‘ynadi va sharmandalarcha sahnadan tushirib yuborildi.
— Xudo haqi, menga uslubingizni tushuntirib bersangiz, agar haqiqatan bu uslub mavjud bo‘lsa va siz uning yordamida mening fikrimni bexato o‘qigan bo‘lsangiz, — deb oyog‘imni tirab oldim. To‘g‘risini aytsam, ajablanganimni ko‘pam bildirmaslikka harakat qilardim.
— Bu fikrni sizda ko‘kat sotuvchi uyg‘otdi, — dedi do‘stim, — ya’ni bu tabib, Kserks va unga o‘xshashlar darajasiga yetmaganligi xususida.
— Ko‘kat sotuvchi? Qo‘ysangiz-chi, men hech qanday ko‘kat sotuvchini tanimayman.
— Chorak soat oldin bu ko‘chaga burilganimizda sizga urilib ketgan beso‘naqay-da…
Shundagina men boshida olma to‘ldirilgan katta savat ko‘targan ko‘kat sotuvchini esladim, tor ko‘chadan keng ko‘chaga chiqqanimizda u bexosdan menga urilib ketgan edi. Lekin Shantilining bunga nima daxli borligini men hech tushunmasdim.
Lekin Dyupen rost gapirayotganligiga shubha yo‘q edi, albatta.
— Ruxsat bersangiz, men sizga tushuntirib bersam, — dedi u. — Meni yanada yaxshiroq tushunishingiz uchun, keling, xayolingizdan kechgan voqealarni to ko‘kat sotuvchini uchratguningizgacha yana bir boshdan qayta eslaylik. Fikringizning asosiy yo‘nalishi — Shantili, Orion, doktor Nikols, Epikur, stereotomiya, xarsangtosh va ko‘kat sotuvchi.
Ma’lum bir xulosaga kelgan kishining xayoliga bu xulosaga kelgunga qadar vaqt oralig‘ida xayolidan kechgan o‘ylar birin-sirin o‘tgani turgan gap. Bu juda qiziqarli mashg‘ulot, kimki bu mashg‘ulotga berilsa, xulosaga kelingan vaqt bilan uning boshlanishi oralig‘ida ancha vaqt kechgani va umuman fikrning boshlanishi bilan qilingan xulosa bir-biriga kamdan-kam hollarda muvofiq kelishini ko‘rish mumkin. Men Dyupen so‘zlarini o‘ta qiziqish bilan tingladim va uning so‘zlari haqiqat ekanligini tan olmaslikka ilojim qolmadi.
Bu orada mening do‘stim gapida davom etardi.
Ko‘chaga burilmasdan, agar adashmasam, biz otlar haqida gaplashayotgan edik. Suhbatimiz shu yerga yetganida gapimiz bo‘linib qoldi. Bu ko‘chaga burilganimizda esa qayerdandir paydo bo‘lgan boshida olma to‘la katta savat ko‘targan ko‘kat sotuvchi yonimizdan chopib o‘tdi va sizni ko‘prik ta’mirlanayotgan yerda bir to‘da toshlar uyumi ustiga itarib yubordi. Siz toshga urilib ketdingiz, oyog‘ingiz lat yedi, jahlingiz chiqdi, har qalay, qovog‘ingizni uyib oldingiz, nimalardir deb vaysadingiz, yana bir bor toshlar uyumiga boqib, yurishda davom etdingiz. Men sizning orqangizdan poylaganim yo‘q, shunchaki so‘nggi paytlarda e’tibor bilan kuzatish mening kasbimga aylanib qoldi.
Siz to biz shaxmat tartibida bir tekis terilgan toshlar joylashtirilgan Lamartin nomidagi ko‘chaga burilgunimizcha ko‘zingizni yerdan uzmasdingiz va ko‘zingiz qiri bilan yo‘l chekkasiga boqardingiz (bundan men bildimki, siz hamon toshlar uyumlari haqida o‘ylardingiz). So‘ng biroz kayfiyatingiz ko‘tarildi va lablaringizni qimirlashidan men “stereotomiya” degan so‘zni pichirlab aytganingizni eshitdim. Bu so‘z sizni atomlar, xususan, Epikur ta’limoti haqida o‘ylashga da’vat etishini angladim, uning ustiga biz yaqindagina siz bilan bu mavzu ustida gaplashgan edik va men sizga bu olijanob yunonning mulohazalarini, samoviy tumanlik qismiga doir zamonaviy kosmogoniyaning xulosalarini isbotlashga uringan edim, shu bois men nigohingizni Orion yulduzlari turkumiga qaratishingizni kutdim. Haqiqatdan ham siz men kutgandek yuqoriga boqdingiz va bu bilan mening mulohazalarim to‘g‘ri ekanligini yana bir bor isbotladingiz. Darvoqe, kechagi “Musee”dagi Shantiliga qarshi qaratilgan chiqishda, etikdo‘z o‘z ismini o‘zgartirishga urindi deyilgan va lotin muallifidan bir satr keltirilgan edi, biz siz bilan suhbatimiz davomida bunga bir necha bor to‘xtalgan edik. Men “Perdidit antiguum litera prima sonum”1 degan she’r satrini nazarda tutyapman.
Men sizga bu o‘rinda Orion nazarda tutilganini aytgan edim, bir paytlar u Urion deb yozilar edi, bu haqda siz bilan bir hazillashib ham olgan edik, har qalay esda qoladigan voqea bo‘lgan edi. Men Orion haqidagi o‘ylar sizni Shantilini eslashingizga olib kelishini bilar edim, lablaringizdan uchgan tabassum mulohazalarimning to‘g‘riligini tasdiqladi. Siz bechorani eslab chuqur nafas oldingiz. Yo‘l bo‘yi bukchayib kelayotgan edingiz, shu yerga yetganda qaddingizni rostladingiz va men sizni etikdo‘z haqida o‘yladingiz deb taxmin qildim. Va shu yerga yetganda men, haqiqatdan ham bizning Shantiliga xudo bo‘ydan bermagan, undan ko‘ra baxtini “Varete” teatrida sinasa bo‘lardi, deb fikringizni bo‘ldim.
Shundan keyin, oradan biroz vaqt o‘tgach, “Sud xabarlari” haqidagi gazetaning kechki sonini ko‘raturib quyidagi xabarga ko‘zimiz tushdi.

QULOQ EShITMAGAN JINOYaT

Bugun ertalab soat uchlarga yaqin Sen-Rok ko‘chasida yashovchi aholining tinchini quloqni qomatga keltiruvchi qichqiriqlar buzdi. Birin-sirin eshitilayotgan bu baqiriq-chaqiriqlar Morg ko‘chasidagi uyning beshinchi qavatidan kelayotgan edi. Mahalliy aholiga ma’lum bo‘lishicha, bu xonadonda allaqanday L’ Espane xonim o‘zining turmushga chiqmagan qizi madmuazel Kamilla bilan birga yashar edi. Uyning eshigidan odatdagi yo‘l bilan kirib bo‘lmagach, lom ishlatishga to‘g‘ri keldi va o‘nga yaqin qo‘shni ikkita jandarm boshchiligida binoga otilib kirdi. Baqiriq-chaqiriqlar tingan edi, lekin bir to‘da odamlar yuqoriga ko‘tarilgach, yuqoridan bir-biri bilan urishayotgan ikkita, uchta bo‘lishi ham mumkin, kishining jahl bilan gaplashayotgani eshitildi. Uchinchi qavatga ko‘tarilguncha bu ovozlar ham tindi, jimlik hukm surdi. Odamlar uyning u boshidan bu boshiga xonama-xona chopib yurishardi. Navbat beshinchi qavatning burchakdagi yotoqxonasiga yetganda (ichkari tomondan berkitilgan eshik qulfini ham sindirib kirishdi), ko‘z oldida namoyon bo‘lgan manzaradan hang-mang bo‘lgan odamlar dahshatdan qotib qoldi.
Hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketgan, sindirilgan mebel parchalari sochilib yotar edi. Xonada faqat bitta ko‘rpa-to‘shaksiz karavot turardi. Yostiq bilan ko‘rpa yerda yotardi. Stulda tig‘i qonga belangan ustara turardi. Kamin panjarasiga, aftidan, tag-tugi bilan yulib olingan va qonga belangan ikkita-uchta qalin soch tolalari yopishib qolgan edi. Polda, oyoq ostida to‘rtta napoleondor, topaz toshli bitta sirg‘a, uchta kumush oshqoshiq va uchta melxior choyqoshiq, ikkita umumiy hajmi to‘rt yuz frankka teng bo‘lgan tilla tanga to‘ldirilgan xalta topildi. Burchakdagi jovonning tortmalari ochilib yotar edi, aftidan, o‘g‘rilar uning ichini ham titkilashgan, lekin narsalarning hammasini olib ketishga ulgurishmagan. Temir quticha o‘rin-ko‘rpaning (karavotning emas) tagidan topildi. U ochiq bo‘lib, kaliti hamon qulfning og‘zida osilib yotardi, lekin uning ichida sarg‘ayib ketgan xatlar va qog‘ozlardan boshqa hech narsa qolmagan edi.
L’ Espane xonimdan biron-bir iz qolmagan edi! Kimningdir kamindagi kul uyumiga ko‘zi tushdi, mo‘rini tekshira boshlashdi. Vo ajab! Qizning tanasini sochidan tortib chiqarishdi, sho‘rlikni bo‘lsa oyog‘ini osmonga qilib, tor mo‘rining ich-ichiga tiqib tashlashibdi. Murda hali issiq edi. Tekshirish davomida shu narsa aniq bo‘ldiki, murda terisining ko‘p joylari shilinib tushgan, aftidan, murda tanasini sudrab mo‘riga tiqishayotganida ishlatilgan kuchning natijasi bo‘lsa kerak. Yuzlari tirnalib ketgan, bo‘ynida tirnoq izlari qolgan, bamisoli uni bo‘g‘ishgan kabi bo‘ynining momatalog‘i chiqib ketgan edi.
Uyning astar-paxtasini chiqarib hamma yerini tekshirib chiqib, biron-bir yangilik topisholmagach, pastga, baquvvat eshik tomonga qarab otilishdi. U yerda o‘lib yotgan kampirni ko‘rishdi. Uning boshini ustara bilan shunday kesishgan ediki, murdani ko‘tarishmoqchi bo‘lishganida boshi uzilib tushdi. Murdaning yuz-ko‘zi tanib bo‘lmas darajada tilib tashlangan, ayniqsa tanasini tanib bo‘lmasdi, unda insonga xos narsaning o‘zi qolmagan edi.
Quloq eshitmagan jinoyat mana shunday ko‘rinishga ega bo‘lib, hozircha qanday voqea sodir bo‘lgani yechilishi qiyin bo‘lgan bir sir edi”.
Ertasi kun ro‘znomalarda quyidagi qo‘shimcha xabarlar chop etildi:

“MORG KO‘ChASIDAGI FOJIA”

Sodir etilgan aql bovar qilmas qotillik butun Parij ahlini larzaga soldi, bir sidra guvohlar so‘roq qilindi, lekin yuz bergan fojia sirini oydinlashtirishga ko‘mak beruvchi biron-bir narsa topilmadi. Quyida nisbatan e’tiborga molik bo‘lgan ko‘rsatmalar keltirildi:
Polina Dyubur, kir yuvuvchi, ko‘rsatma berishicha, o‘ldirilgan ayollarni so‘nggi uch yil ichida tanir, ularning kirini yuvgan ekan. Aftidan, o‘ldirilgan qariya ayol qizi bilan ancha ahil turgan. Uy to‘lovlarini vaqtida to‘lagan. So‘roq qilinuvchi ularning turmush tarzi va daromadi borasida biron narsa bilmaydi. Nazarida L’ Espane xonim fol ochardi, tirikchiligi shu bilan o‘tardi. Uning puli ko‘p degan gaplar yurarkan. Guvoh kirni olib ketgan yoki tozasini ularnikiga olib kelgan kuni hech kimni uchratmagan. Ular uy yumushlariga yordam beruvchi xizmatchi tutishmagan. Bilishicha, mebel faqat beshinchi qavatda bo‘lgan.
Per Moro, tamaki do‘konning egasi, ko‘rsatma berishicha, u madam L’Es-panega so‘nggi to‘rt yil ichida hidlaydigan va chekadigan tamaki sotib kelgan. U shu yerda tug‘ilib, shu yerda yashagan. O‘ldirilgan ayol qizi bilan olti yildan ziyod vaqt davomida ularning o‘ligi topilgan uyda yashashardi. Unga qadar bu uyda zargar yashagan, u tepa qavatdagi xonalarni ijaraga berardi. Uy L’Espanega xonimga qarashli edi. U bo‘sh xonalarga odam qo‘yuvchi ijarachisidan toza to‘ygan edi, shu bois tepa qavatga o‘zi ko‘chib chiqadi va bo‘sh xonalarni ijaraga berish niyatidan butkul voz kechadi. Boshqacha aytganda, kampirning sal miyasi aynib, yosh bolaga o‘xshab qolgan edi. Bu yillar oralig‘ida guvohlik beruvchi kishi kampirning qizini bor-yo‘g‘i besh-olti marta ko‘rgan edi, xolos. Bu ikki ayol birovga qo‘shilmasdan, osuda hayot kechirishardi, uzun-quloq gaplarga qaraganda ularning puli ko‘p bo‘lgan. Mish-mishlarga ko‘ra L. xonim fol ochar emish, lekin u (guvohlik beruvchi) bunga ishonmasdi. Chunki biron marta ularning uyiga kampirning o‘zi, qizi, ba’zan darbon va sakkiz-o‘n marotabacha xabar olgani kirgan shifokordan boshqa biron kimsaning kirib chiqqanini ko‘rmagan.
Taxminan xuddi shu gaplarni boshqa qo‘shnilar ham takrorlashdi. Ularning birontasi bu ayolning uyiga kimsa kirib chiqqanini ko‘rmagan. Ularning qorindosh-urug‘i yo do‘stlari bor-yo‘qligini ham hech kim bilmaydi. Uyning ko‘cha tomonga qaragan derazalari kam ochilardi, hovli tomondagisi bo‘lsa, beshinchi qavatdagi katta uyning derazasidan tashqarisi, umuman qoqib tashlangan edi. Uyning o‘zi ancha baquvvat bo‘lib, hali eski emas edi.
Izidor Myuze, jandarm, guvohlik berishicha, uni olib ketgani ertalab soat uchlarga yaqin kelishgan. Uyning yonida yigirma-o‘ttizga yaqin odamlar to‘planib turishganini ko‘rgan. Eshikni, u buzib ochgan, lom bilan ham emas, temir bilan. Eshik ikki tavaqali bo‘lib, osongina ochila qolgan. U na past tarafdan, na yuqori tarafdan mahkamlangan edi. Eshik to ochilmagunga qadar baqiriq-chaqiriq eshitilib turgan, ochilgach taqqa to‘xtagan. Baqiriq-chaqiriqlar (bitta odam baqiryaptimi, ikkitami — anglab bo‘lmasdi) bo‘g‘iq, uzuq-yuluq bo‘lmasdan, cho‘ziq va baland ovozda edi. Guvohlik beruvchi tepaga birinchi bo‘lib chiqqan. Ikkinchi qavatga chiqqach, ikki kishini o‘zaro qattiq-qattiq tortishayotgani qulog‘iga chalingan — biri bo‘g‘iq ovozda, boshqasi chiyillagan ovozda, uning ustiga ovozi ham o‘ta g‘alati. Birinchi kishining ayrim so‘zlarini ilg‘ay olgan. U frantsuz bo‘lgan. Lekin ayol bo‘lmagan. U “sacre” va “diable” degan so‘zlarni eshitgan, chiyillagan ovozda chet ellik kishi gapirgan. Faqat u erkakmi, ayolmi ajratib olish qiyin bo‘lgan. Nima haqida gapirayotganini bilib bo‘lmagan, ispan tilida gapirgan. Guvoh jinoyat sodir etilgan xona va murdalar qay ahvolda ekanligi haqida gapirib berar ekan, biz bilgan kechagi ma’lumotlarga biron narsa qo‘shimcha qilmadi.
Anri Dyuval, qo‘shni, mutaxassisligi zargar, guvohlik berishicha, uyga birinchilardan bo‘lib kirgan. Myuze bergan ko‘rsatmalarni umuman olganda tasdiqlaydi. Yo‘lakka kirishgan zahoti, orqalaridan ergashib kelayotgan odamlar to‘dasi kirmasin deb, eshiklarni berkitishgan. Tunning qoq yarmi bo‘lishiga qaramasdan, odam ko‘p bo‘lgan. Guvohning nazarida chiyillab gapirgan ovoz egasi italyan millatiga mansub. Frantsuz emasligi aniq. Ayol bo‘lishi mumkin. Guvohlik beruvchi italyanchani bilmaydi, so‘zlarni anglamagan, lekin ularni gapirish ohangidan italyan bo‘lsa kerak deb taxmin qilmoqda. L. xonim va uning qizi bilan shaxsan tanish edi. Ikkalasi bilan ko‘p marta suhbatlashgan. Ularning ikkalasi ham chiyillab gapirmasligiga ishonchi komil.
Odengeymer, restoran sohibi. Bu guvohning o‘zi ko‘rsatma berishga oshiqdi. U frantsuz tilini bilmas ekan, shu bois, tarjimon yordamida so‘roq qilindi. O‘zi asli amsterdamlik ekan. Baqiriq-chaqiriq ovozlar kelayotgan uyning yonidan o‘tib borayotgan ekan. Shovqin-suron bir necha daqiqa davom etgan, aniqrog‘i, o‘n daqiqalarcha. Eshitilayotgan ovozlar juda baland, yurakka larza soladigan darajada bo‘lgan. U birinchilardan bo‘lib uyga kirgan. O‘zidan oldin ko‘rsatma bergan guvohlarning ko‘rsatmalarini to‘laligicha tasdiqladi. faqat bittasidan tashqari: u eshitgan chiyildoq ovoz erkak kishiniki bo‘lib, uning frantsuz emasligi aniq. Ularning gaplarini u aniq eshitmagan, gap nima haqida borayotganini bilmagan ham, ular jahldanmi yo qurquvdanmi tez-tez gaplashishar, xuddi bo‘g‘ilib qolayotgan kishidek. Ovozlari chiyillashdan ko‘ra, ko‘proq jiddiy, keskin edi. Yo‘q, yo‘q, eshitilgan ovozlarni chiyillagan deb aytib bo‘lmasdi. Bo‘g‘iq ovoz tinimsiz “jin ursin” deb qaytarar, bir safar bo‘lsa “e xudo” dedi.
Jyul Mino, bankir, Deloren ko‘chasidagi “Mino va o‘g‘illari” firmasidan. U Minolarning kattasi. L’ Espane xonimning ozgina jamg‘armasi bor edi. Bahor oylarining birida (sakkiz yil avval) bu tul ayol ularning bankida hisob raqamini ochadi. Va tez-tez uncha ko‘p bo‘lmagan pul qo‘yib turardi. Chek yozdirmasdi, lekin o‘limidan uch kun oldin shaxsan o‘zi hisob raqamidan to‘rt ming frank pul olgan. Pul tilla bilan to‘lanib, uni bank xodimining o‘zi uyiga olib kelib bergan.
Adolf Lebon, “Mino va o‘g‘illari” firmasi xodimi, uning ko‘rsatishicha, belgilangan kuni soat o‘n ikkilarda ikkita xaltachaga joylashtirilgan to‘rt ming frank pul bilan birga L’ Espane xonimni uyigacha kuzatib qo‘ygan. Eshikni L’ Espane xonimning qizi ochgan va uning qo‘lidagi xaltachaning bittasini u, bittasini kampirning o‘zi olgan. Shundan so‘ng u xayrlashib jo‘nab ketgan. O‘sha kuni ko‘chada u biron kimsani ko‘rmagan. Ko‘cha sokin va odam kam bo‘lgan.
Uilyam Berd, tikuvchi, uning ko‘rsatishicha, u o‘sha kuni hamma bilan birga uyga kirgan. U ingliz. Parijda ikki yildan beri yashaydi. Birinchilardan bo‘lib zinadan ko‘tarilgan. Ikki kishining tortishayotgani qulog‘iga chalingan. Bo‘g‘iq ovozligi frantsuz edi. Uning ayrim so‘zlarini ilg‘asa bo‘lardi, lekin eshitgan gaplarining hammasi esida yo‘q. “Sacre” va “Mon Dieu” degan so‘zlarni aniq eshitgan. Bu so‘zlar to‘s-to‘polon ichidan eshitilib turardi, xuddi bir nechta kishi bir-biri bilan do‘pposlashayotgandek edi. Boshqa ovoz aniq eshitilardi, bo‘g‘iq ovozdan kuchliroq eshitilardi. Lekin u inglizga tegishli emas edi, bunga ishonchim komil. Aniqrog‘i, ovozning egasi nemis bo‘lsa kerak, Berdning o‘zi nemis tilida gapirmas edi. Buning ustiga ayol kishi bo‘lsa kerak.
Ko‘rsatma bergan guvohlardan to‘rt kishi ikkinchi so‘roqda oyimqiz L.ning jasadi topilgan yotoqxonaning eshigi ichkaridan berkitilgan bo‘lganini tasdiqlashdi. Kishini dahshatga soluvchi jimlik hukm surardi. Eshikni sindirib kirishganida, u yerda hech kim yo‘q edi. Yotoqxona va biridan biriga kiruvchi xonalarning derazasi berkitilgan va ichkaridan mahkam qulflangan bo‘lib, xonalar o‘rtasidagi eshik yuziga yopilgan, lekin qulflanmagan edi. Yo‘lakka qaragan xonaning eshigi ichkaridan qulflangan edi. O‘sha beshinchi qavatdagi yo‘lakning oxirida joylashgan, derazasi ko‘chaga qaragan uncha katta bo‘lmagan xonaning eshigi qulflanmagan bo‘lib, qiya ochiq turar edi. Bu xonada karavotlar, tortmalar va boshqa eski-tuski narsalar ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotardi. Xonadagi narsalarni olib chiqib, sinchiklab ko‘zdan kechirishdi. Uyni boshdan-oyoq tintib chiqishdi. Mo‘ri tozaluvchilar mo‘rilarni ham tekshirib chiqishdi. Tomning tepasidagi xonalarni hisoblamaganda, uy besh qavatlik edi. Tomga chiqadigan yo‘l qoldirilgan, lekin u mixlab tashlangan edi, aftidan undan anchadan beri foydalanilmas edi.

Guvohlar to‘s-to‘polonni eshitib, yotoqxona eshigini buzib kirgunlariga qadar, oraliqda kechgan vaqt turlicha ko‘rsatildi. Kimdir uch daqiqa o‘tdi, dedi, kimdir besh daqiqa, dedi. Lekin eshikni buzib kirish ancha kuch talab etdi.
Alfonso Garsio, tobutchi, Morg ko‘chasida yashashini aytdi. Kelib chiqishi ispan. Boshqalar qatorida uyga kirgan. Lekin tepa qavatga ko‘tarilmagan. Buni asabi chatoqligi, unga ortiqcha tashvishlanish mumkin emasligi bilan tushuntiradi. Ikki kishini o‘zaro tortishgani qulog‘iga chalingan, bo‘g‘iq ovozlisi, so‘zsiz, frantsuz odamga tegishli deb biladi. Nima ustida tortishishganligini anglab yetmagan. Chiyillagan ovozda gaplashgan kishi ingliz edi. Tobutchi ingliz tilini bilmaydi, gap ohangidan shunday deb o‘ylamoqda.
Alberto Montani, tayyor ko‘ylaklar sotiladigan do‘kon mudiri, birinchilardan bo‘lib, tepa qavatga otilib chiqqani haqida ko‘rsatma berdi. Kelayotgan ovozlarni eshitgan. Bo‘g‘iq ovozlisi frantsuzga tegishli bo‘lgan. Ayrim so‘zlarni tushunish mumkin edi. Tortishayotganlarning biri ikkinchisini nimalardir deb ayblayotgan edi. Ikkinchi kishining gaplarini yaxshi anglamagan. U tez-tez gapirardi, tez gapirganidan tili aylanmasdi. Aftidan, rus tilida gapirardi. Qolgan masalalar bo‘yicha guvoh o‘zidan oldin ko‘rsatma berganlarning so‘zlarini tasdiqladi. Uning o‘zi italiyalik bo‘lib, ruslar bilan gaplashishga to‘g‘ri kelmagan.
Guvohlarning ayrimlari ikkinchi so‘roqda to‘rtinchi qavatdagi mo‘ri ancha torligi va unga odam sig‘masligini tasdiqlashdi. “Mo‘ri tozalovchilar” deyishganda ular mo‘rini tozalashda qo‘llanadigan tozalagichlarni nazarda tutishardi. Uyda tashqariga chiqadigan yana bitta eshik yo‘qki, ta’qib qiluvchilar zinadan yuqoriga chiqquncha, qotil orqa eshikdan qochib ulgursa. L’Espane oyimqizning jasadi mo‘riga shu qadar tiqib tashlangan ediki, uni to‘rt-besh kishi birgalashib bazo‘r tortib olishdi.
Pol Dyuma, shifokor, ko‘rsatma berishicha, uni ertalab, tong otishi bilan o‘ldirilgan ikki ayolning jasadini ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketishgan. Ikkala jasad eski to‘shak ustiga yotqizilgan edi. Qizning tanasini momatalog‘i chiqib ketgan, timdalangan edi. Bu qizni tor mo‘riga tiqishayotganida ro‘y bergan deb taxmin qilsa bo‘ladi. Ayniqsa uning bo‘yin qismi ancha shikastlangan edi. Dahanining ostki qismi shilinib, chuqur tirnoq o‘rinlari ko‘rinib turardi. Aftidan, bu qotil panjalarining izi bo‘lsa kerak. Yuzi ko‘karib ketgan, ko‘zlari kosasidan chiqib ketgan edi. Tili bo‘lsa, qattiq tishlab olganidan uzilib tushgan edi. Qornining pastki qismidagi qontalashgan joy, uni tizza bilan bosib, ezilganidan dalolat berardi. Mose Dyumaning fikricha, L’Espane xonim bo‘g‘ib o‘ldirilgan, aftidan, qotilning sherigi ham bo‘lgan. L’Espane xonimning tanasi qattiq shikastlangan edi. O‘ng qo‘lining suyaklari va oyoqlari sindirilgan va qisman mayda-mayda qilib tashlangan edi. Boldir suyaklari va chap tomondagi qovurg‘alari tilib tashlangan edi. Bu shikastlar qanday yetkazilganini aytish qiyin. Og‘ir tayoq bilanmi yo temir lom bilanmi?! Bu oromkursining oyog‘i bo‘lishi ham mumkin, umuman nihoyatda kuchli kishining qo‘liga tushgan har qanaqangi og‘ir dastak ham bo‘lishi mumkin. Bu ayol kishining qo‘lidan kelmaydi. Jasadning boshi tanasidan uzilgan va nihoyatda abjag‘i chiqib ketgan edi. O‘tkir ustara bilan bo‘ynidan bo‘g‘izlab tashlangan bo‘lishi ham mumkin.
Aleksandr Etenn, jarroh. U mose Dyuma bilan birgalikda jasadni ko‘rikdan o‘tkazish uchun taklif etilgan edi, u mose Dyumaning ko‘rsatmasi va xulosalariga to‘liq qo‘shildi.
Garchand, dastlabki tergov uchun ancha kishilar taklif etilgan bo‘lsa-da, boshqa biron-bir arzigulik narsani aniqlash imkoni bo‘lmadi. Parijda bu qadar g‘aroyib va o‘ta sirli sodir etilgan qotillikni eslasholmaydi. Va umuman, buni qotillik desa bo‘ladimi? Politsiya sarosimada edi. Bu jumboqni yechish, unga oydinlik kiritishga imkon beradigan kalavaning uchi topilmasdi.
Kechki xabarlarda Sen-Rok dahasida avvalgidek hamma sarosimada, qotillik sodir etilgan uyni yana qaytadan tintuv etish ishlari ham, guvohlarni qaytadan so‘roq qilish ham biron-bir natija bermagani aytildi. Yana Adolf Lebon hibsga olingani haqida xabar qilindi. Uning aybini tasdiqlovchi avvaldan ma’lum dalillardan boshqa biron-bir yangi dalil topilmadi.
Men Dyupen tergov jarayoni bilan o‘ta qiziqayotganini sezdim, lekin u izoh berishdan o‘zini tiydi. Lebonning hibs etilgani haqida xabar tarqalgandan so‘nggina u mendan bu haqida qanday fikrdaligimni so‘radi.
Men hamma parijliklar kabi sodir etilgan bu jinoyat yechib bo‘lmaydigan bir jumboq ekanligini aytishim mumkin, xolos. Qotilni topishga yordam beruvchi biron-bir izdan darak yo‘q edi.
Siz ko‘rganlaringizdan kelib chiqib, xulosa chiqarmang, dedi Dyupen. Parij politsiyasi hamma narsani ayyorlik bilan qo‘lga kiritadi, ularning fahm-farosatliligi haqidagi maqtov gaplar bu afsona. Ularning birinchi daqiqalarda aniqlangan narsalarini asos qilib olish odatlarini nazarda tutmaganda, harakatlarida tartib yo‘q. Ular o‘tkazadigan tadbirlari haqida bor ovozlari bilan jar solishdi, lekin ularning bu sa’y-harakatlari nishonga tegmaydi. Shu bois bexosdan Jurdenni eslaysan kishi. U “musiqani yaxshiroq eshitish uchun” unga “xalatni” berishlarini so‘rardi. Ular biron-bir narsaga erishsalar, faqat harakatchanligi va mehnati orqasida erishishadi. Lekin bu xislatlar kamlik qilgan o‘rinlarda ularning barcha harakatlari puchga chiqadi. Misol uchun Vidokda taxmin qilish qobiliyati va qat’iylik kuchli, lekin undagi mantiqiy fikrlash kuchsizlik qilardi, oqibatda u qidiruv jarayonlarini olib borishda ko‘p hollarda noqulay ahvolga tushib qolardi. U qidiruv ishlari olib borayotganida haqiqatga yaqinlashganday bo‘lardi, lekin natijasi ko‘rinmasdi. U yaxlitlikka erisholmasdi. Chuqur fikrlash ham hammavaqt yaxshi natija bermasligi mumkin, bunday kezlarda oshirvorish hech gap emas. Haqiqat hamisha quduqning tubiga yashiringan bo‘lmaydi. U yuzada yotgan bo‘lishi ham mumkin. Biz uni dara ichkarisidan izlasak, u tog‘ cho‘qqisida bizni kutib turgan ham bo‘lishi mumkin. Bu kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yishning sababini o‘rganish uchun osmon jismlarini kuzataylik. Osmondagi yulduzga bir zumgina boqing, unga ko‘zingizning qirini tashlang. Shunda siz uni nechog‘liq yaltillab yonishiga baho berishingiz mumkin. Lekin siz u tomonga qayrilib, unga tik boqsangiz, undagi nurning xira tortganining guvohi bo‘lasiz. So‘nggi holatda ko‘zga nur ko‘proq tushadi, ammo birinchi holatda qabul qilish imkoniyati ancha kuchliroqdir. O‘ta diqqat bilan, nigohni uzmasdan qarash Zuhro yulduzini ham osmondan tushirib yuborishi mumkin.
Qotillik masalasida esa, keling, mustaqil qidiruv uyushtiraylik, keyin uni xulosalaymiz. Bunday qidiruv ishlari bizga biroz vaqtixushlik baxsh etadi (vaqtixushlik so‘zi biroz noo‘rin ishlatilgani fikrimdan o‘tdi, lekin gap qo‘shmadim), uning ustiga bir paytlar Lebon menga yordam bergan, men hanuz undan qarzdorman. Yuring, hamma narsani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik, politsiyachi G. — mening eski tanishim, yo‘q demasa kerak.
Ruxsatnoma olindi va biz vaqtni boy bermasdan Morg ko‘chasiga otlandik. Bu Rishele ko‘chasi bilan Sen-Rok ko‘chasini birlashtirib turuvchi tinch ko‘chalardan biri edi. Biz shaharning boshqa bir burchagida yashar edik va faqat soat uchlarga yaqin voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelaoldik. Uyni darrov topdik, chunki hanuzgacha ba’zi bekorchilar ko‘chaning narigi yuzida turib uyni tomosha qilardi. Bu odatdagi Parij uylaridan bo‘lib, yon tomonida derazasi ko‘tarilib ochiladigan oynaband qorovulxonasi ham bor edi. Uyga kirmasdan, uni aylanib o‘tdik. Dyupen sinchkovlik bilan uyni, uning yon-atrofini tekshirib chiqdi, biron e’tiborga loyiq narsa yo‘qligidan men uning bu ishidan o‘ta hayron edim.
Uyning kirish tomoniga qaytib kelib, qo‘ng‘iroqni bosdik. Qo‘limizdagi hujjatlarning eshik tagida turgan politsiyachilarga ta’siri bo‘ldi va ular bizni ichkariga qo‘yishdi. Biz zinadan ko‘tarilib, L’Espane xonimning jasadi topilgan yotoqxonaga kirdik, ikki jasad hamon u yerda yotardi. Xonada biron narsaga, odatdagidek, tegishmagan edi va u yerda o‘sha-o‘sha tartibsizlik hukm surardi. Ko‘z oldimda “Sud ro‘znomasi”da tasvir etilgan manzaradan boshqa narsa yo‘q edi. Ammo Dyupen hamma narsani bir boshdan sinchiklab ko‘zdan kechirdi, shu jumladan, jasadlarni ham. Biz boshqa xonalarni ham aylanib, so‘ng hovliga chiqdik. Politsiyachi bizni nigohi bilan kuzatib turardi. Voqea sodir bo‘lgan joyni tekshirish ancha vaqtni oldi. Nihoyat, ishni tugatib, yo‘lga tushdik. Qaytishda do‘stim tahririyatlardan yana biriga ham kirib chiqdi.
Bu o‘rinda do‘stimga xos bo‘lgan uning ba’zi bir xislatlari haqida gapirib o‘tay. Men hamisha u nima desa, uning gapini ma’qullar edim. Ammo hozir uning sodir etilgan qotillikni muhokama etish niyati yo‘q edi va bu haqda u ertasi kuni peshinlarda gap boshladi. Gapni dabdurustdan boshlab, bergan savoli bilan meni sarosimaga solib qo‘ydi. U mendan vahshiyona sodir etilgan bu qotillikda ko‘zimga biron-bir muhim narsa tashlandimi-yo‘qmi, deb surishtirdi. U “muhim” so‘zini shu qadar ovozini pastlab so‘radiki, men beixtiyor seskanib tushdim.
— Yo‘q, hech narsa sezmadim. Gazetalardan o‘qib bilganlarimiz, xolos.
— Nazarimda, gazetalardagi xabarlarda eng muhim narsa tushirib qoldirilgan, — deb e’tiroz bildirdi Dyupen. — Bu — ro‘y bergan voqea zamirida aql bovar qilmas dahshat yotganidir. Hay, mayli. Ular nima desalar deyaversinlar. Fikrimcha, ular bu jumboqni aynan yechish imkonini beradigan masalaga tayanib, uni yechib bo‘lmaydi deb ovoza qilishdi. Men qotillikni nechog‘lik vahshiylik bilan sodir etilganini nazarda tutyapman. Politsiyachilarni ham qotillik emas, balki uni sodir etishdagi vahshiylik hayratga solgan edi, buning ustiga, bu ikki ayolni o‘ldirishga undovchi sabab ham ko‘rinmasdi. Guvohlarning bergan ko‘rsatmalari bo‘lsa biri birini inkor etardi. Ular uyning tepa qavatidan janjallashayotgan odamlarning ovozini eshitishgan, aslida u yerda o‘ldirilgan qiz, L’Espane xonimning jasadidan boshqa kimsa bo‘lmagan. Qotil qochgan ham bo‘lishi mumkin emas, chunki uydan chiqib ketish uchun ikkinchi eshik yo‘q. Agar shunday imkon bo‘lganda ham guvohlar zinadan yuqoriga ko‘tarilayotganida ular bilan to‘qnash kelgan bo‘lardi. Yotoqxonada hamma narsa ag‘dar-to‘ntar qilingan edi, jasadni bo‘lsa, kimningdir mo‘riga oyog‘ini osmondan qilib tiqish esiga kelganiga aql bovar qilmasdi. Kampirni insonni larzaga soluvchi darajada qiynashgani, yuqorida qayd etilgan va yana bir qator vaziyatlar, men ularni bu yerda sanab o‘tirmayman, mana shularning hammasi ma’murlarimizni sarosimaga solib qo‘ygan va ularning maqtalgan donoligiga shak keltirgan edi. Ular g‘ayri-oddiy narsani tushuntirib berish qiyin bo‘lgan narsa bilan aralashtirib, o‘ta qo‘pol, lekin tez-tez uchrab turadigan xatoga yo‘l qo‘yishgan edi. Aslida esa aynan oddiy va sodda narsadan chetga og‘ish haqiqatni izlab topishda aqlga yo‘l ko‘rsatadi. Biz tekshirayotgan ishda masalani “Nima voqea ro‘y berdi” deb emas, balki shu paytgacha “hech ro‘y bermagan qanday voqea sodir bo‘ldi”, — deb qo‘yish kerak bo‘ladi. Men bu masalaning yechimini topishga nechog‘lik osonlik bilan erishgan bo‘lsam, politsiyadagilar uchun bu shu qadar og‘ir kechdi.
Men Dyupenga hayrat bilan qarab turardim.
— Berilgan guvohliklardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, — davom etardi Dyupen, — guvohlar zinada eshitgan ovozlar bu ikki ayolga tegishli emas edi. Demak, L’Espane xonim qizini o‘ldirib, so‘ng o‘zini o‘ldirgan, degan taxminga o‘rin qolmaydi. Meni bu haqida gapirishimdan maqsad, bu boradagi fikrlarimni bayon etish. L’Espane xonim qizining jasadini mo‘rkonga tiqishga jur’at etolmasdi, o‘zining bu qadar og‘ir qiynoqni boshdan kechirishi, uni o‘z hayotiga suiqasd qilgan degan taxminni bekor qiladi.
Bundan, qotillik uchinchi bir odam tomonidan sodir etilgan va eshitilgan ovozlar shu odamga tegishli degan fikr xayolga keladi. Endi bo‘lsa, eshitilgan ovozlar xususida berilgan guvohliklarning barchasini emas, balki ma’lum qismigagina e’tibor beraylik. Ayting-chi, sizni biron narsa hayron qoldirdimi?
— Guvohlarning barchasi, — javob berdim men, — bo‘g‘iq ovoz frantsuzga tegishli, deb bir ovozdan tasdiqlashdi, chiyillagan yoki shiddatli ovoz xususida bo‘lsa, fikrlari bir joydan chiqmadi.
— Siz, umuman, ko‘rsatmalar haqida gapiryapsiz, — deb e’tiroz bildirdi Dyupen, — o‘ziga xos tomonlar haqida emas. Siz eng muhim narsaga e’tibor bermagansiz. Aslida, e’tibor berish kerak edi! Guvohlar, siz to‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, bo‘g‘iq ovoz egasi xususida bir fikrdalar. Chiyillagan ovoz egasiga kelsak, ajablanarli tomoni shundaki, fikrlarni bir joydan chiqmagani emas, balki bu ovozni guvohlar bir ovozdan italyan, ingliz, ispan, xolland va frantsuzga, ya’ni ajnabiy odamga tegishli deb ko‘rsatishgani bo‘ldi. Biron-bir kimsa bu chiyillagan ovoz egasi o‘z vatandoshiga tegishli ekanligini qayd etmadi. Qizig‘i shundaki, guvohlik beruvchi frantsuzga bu ovoz ispan odamiga tegishlidek tuyulgan, u: “Kim gapirayotganini anglash qiyin edi, lekin tili ispanchaga o‘xshab ketardi”, — desa, hollandiyalik uchun bu ovoz frantsuzga tegishlidek tuyuldi. Holbuki, bayonnomada “guvoh frantsuzcha gapirmasdi, uni tarjimon yordamida so‘roq qilishdi”, — deb qayd etilgandi. Ingliz guvoh bu ovozni olmoniyaliknikiga o‘xshatgan. O‘zi esa olmoncha bir so‘zni ham bilmasdi. Ispaniyalik guvoh bo‘lsa, bu ovoz inglizga tegishli degan “qat’iy” fikrda, holbuki o‘zi inglizcha “biron-bir so‘zni bilmaydi”. Ingliz tili unga begona til, buni u ovoz ohangidan kelib chiqib aytyapti. Italiyalik uchun bu ovoz rus kishisiga tegishlidek tuyulgan, holbuki “rus kishisi bilan biron-bir marta ham muloqotda bo‘lishiga to‘g‘ri kelmagan”. Boz ustiga, ikkinchi frantsuz guvoh birinchi frantsuz guvohdan farqli o‘laroq, “ovoz” italiyalikka tegishli ekaniga ishonchi komil.
U xuddi guvohlik bergan ispanga o‘xshab, italyan tilini bilmasa-da, gapirish ohangi italyannikiga o‘xshashini aytadi. Haqiqatdan ham, guvohlarning qulog‘iga eshitilgan ovoz o‘ta g‘alati bo‘lsa kerakki, yirik yevropa mamlakatlarining besh xil millatiga mansub vakillardan birontasi bu ovozni o‘ziga tanish bo‘lgan, ona tiliga o‘xshatmagan. Siz, ovoz osiyolik yoki afrikalikka tegishlidir, deb aytishingiz mumkin. Garchand, osiyolik yo afrikaliklar Parijda ko‘pam uchramaydi. Lekin bu taxminni ham inkor etmagan holda, men sizning e’tiboringizni uchta narsaga qaratmoqchiman. Bu, guvohlarning biriga ovoz “chiyillagan emas, balki keskinroq”dek tuyulgan. Qolgan ikki guvohga bo‘lsa, ovoz egasi bir tekis emas, shoshibroq gapirgandek tuyulgan. Lekin biron-bir guvoh aniq bir so‘zni eshitmagan.
Men keltirgan dalillar sizga qanday ta’sir ko‘rsatishini bilmayman, lekin bo‘g‘iq va chiyillagan ovoz masalasida dadillik bilan shuni ta’kidlashim mumkinki, ulardan qonuniy xulosa va taxminlar kelib chiqadi va ular biz olib borayotgan tekshirish ishlarini oldindan belgilab berishga qodirdir. “Qonuniy xulosalar” degan iborani men ko‘pam o‘rinli ishlatmadim chog‘i. Men jumboqni yechishda natija beruvchi va to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi yagona imkoniyat bu demoqchi edim.
Taxminlarim nimadan iborat ekanligini hozircha aytmay turaman. Lekin shuni yodda tutishingizni iltimos qilar edimki, taxminlarim shu qadar asosliki, ular menga kampirning xonasida olib borgan qidiruv ishlarimda asqotdi va yo‘nalish ko‘rsatdi.
Xayolan kampirning xonasiga ko‘chaylik. Bu o‘rinda biz qidiruv ishlarini avval nimadan boshlaymiz? Albatta, qotil qochgan eshikni aniqlashdan. Biz siz bilan, albatta, g‘aroyibotlarga ishonmaymiz. Axir, yovuz kuchlar L’Espane xonim va uning qizini o‘ldirgan emas-ku. Qotillar, tabiyki, makonda yashovchi jonzot, shu bois ular qochganda ham makon qonun-qoidasiga amal qilgan holda qochadi. Lekin qanday qilib? Bu o‘rinda, baxtimizga, ko‘pam murakkab mulohaza yuritib ovora bo‘lmaymiz, mulohazalarimiz bu muammoni yechishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Qotil xonadan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni birma-bir o‘rganib chiqaylik. Ma’lumki, odamlar zinadan yuqoriga ko‘tarilishayotganida, qotil kampirning xonasida bo‘lgan, nari borsa yon xonada bo‘lgan, demak u qochgan yo‘lni ham aynan shu ikki xona atrofidan qidirish kerak. Politsiyachilar devor, ship, polning tagini obdon tekshirishdi. Biron-bir maxfiy yo‘l ularning e’tiboridan chetda qolib ketishi mumkin emas edi. Lekin, ularga ishonmasdan, men yana bir boshdan xonadan chiqib ketish mumkin bo‘lgan yo‘llarni tekshirib chiqdim. Xonalardan yo‘lakka olib chiquvchi ikkala eshik ham ichkaridan qulflangan edi.
Mo‘rkonlarga e’tibor qilaylik. Mo‘rining sakkiz-to‘qqiz fut masofani egallagan pastki qismi shu kenglikda bo‘lib, yuqori qismi shu qadar torayib borganki, undan o‘rtacha semizlikdagi mushukning ham qochib chiqishi amri mahol. Shu tariqa, qotil qochishi mumkin bo‘lgan bu imkoniyatni istisno etamiz. Endi, derazalarni ko‘rib chiqaylik. Xonaning ko‘chaga qarovchi derazalarini hisobga olmaymiz, agar qotil deraza oshib qochganida, uy oldida to‘planib turgan odamlar uni, albatta, ko‘rgan bo‘lardi. Demak, qotil yotoqxonadagi deraza orqali qochgan bo‘lishi kerak. Biz shunday mantiqiy xulosaga keldik va bunday bo‘lishi mumkin emas, degan fikrga kelib, bu fikrimizdan qaytmasligimiz kerak. Aksincha, “bo‘lishi mumkin emas” degan fikrning “bo‘lishi mumkinligini” isbotlashga harakat qilamiz. Yotoqxonaning ikkita derazasi bor. Ularning biri biron narsa bilan to‘silmagan, shu bois, boshdan-oyoq ko‘rinib turadi.
Ikkinchi derazaning pastki tarafi zalvorli karavotning bosh tomoni bilan to‘sib qo‘yilgan edi. Birinchi deraza ichki tarafdan mahkamlangan. Uni ochish uchun behuda kuch sarfladik. Deraza romining chap tarafida tuynuk bo‘lib, deraza romiga katta mix qoqilgan edi. Ikkinchi derazani tekshirganimizda, uning ham mix bilan mahkamlanganini ko‘rdik. Bu derazani ham ochish uchun qilgan harakatimiz behuda ketdi. Bu esa politsiyachilarni qotil bu yo‘l bilan qochishi mumkin emasligiga yana bir bor ishontirdi. Shu bois ular romdan ikkala mixni sug‘urib, derazani ochishga harakat qilishmadi.
Men, yuzaki tekshirish bilan qanoatlanmay, sababini sizga avval aytgan edim. Chunki men “bo‘lishi mumkin emas” degan fikrning aksini isbotlashim lozim edi.
Men bosqichma-bosqich emas, teskari tartibda mulohaza yurita boshladim. Qotil, so‘zsiz, ikkita derazaning biridan qochgan. Lekin, bunda qotil derazani ichki tarafdan qaytadan mahkamlab yopgan bo‘lishi mumkin emas. Derazalar bo‘lsa ichki tarafdan mahkam berkitilgan edi. Aynan mana shu yerga yetganda politsiyachilar boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek, qidiruv ishlarini davom ettirolmay qolishdi.
Ha, haqiqatdan ham derazalar berk edi. Demak, ular avtomatik tarzda yopiladi. Bunday fikrning kelishi tabiiy edi. Men oldi to‘silmagan derazaning yoniga kelib, undan mixni sug‘urib oldim va derazani ochishga harakat qildim. Taxminim to‘g‘ri chiqdi, deraza ochilmadi. Shunda xayolimga bir fikr keldi, derazani ochishning ko‘z ilg‘amas bir yo‘li bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Derazaning romlarini sinchiklab ko‘zdan kechirdim va haqiqatdan ham ko‘z ilg‘amas bir prujinaga ko‘zim tushdi. Men uni bosdim, derazaning ochilish siridan voqif bo‘lganimdan sevinib deraza romini ko‘tardim.
Men mixni yana joyiga qo‘ydim va yoriqqa sinchiklab razm soldim. Derazadan tirmashib chiqqan kishi uni tashqaridan yopishi mumkin, shunda derazaning zulfi shiq etib, o‘z-o‘zidan qulflanib qoladi, lekin mix o‘z-o‘zidan joyiga turib qolmaydi-ku. Bundan quyidagi xulosa kelib chiqmoqda edi: qotillar boshqa derazadan qochishgan. Ammo, derazaning zulfi ikkala romda ham bir xil, demak, gap mixda yoki uni qanday qilib joyiga o‘rnatishda bo‘lsa kerak. Men to‘shakning ustiga chiqib, karavotdan osilib, ikkinchi romning derazasini sinchiklab ko‘zdan kechirdim, qo‘limni cho‘zib, xuddi birinchi derazadagiga o‘xshash temir prujinani topdim va uni bosdim. So‘ng mix bilan shug‘ullandim. U xuddi yon derazadagi sherigi kabi juda mustahkam edi va tirqishga oxirigacha kirar edi.
Siz, albatta, meni nima qilishini bilmay garang bo‘lib qoldi, deb o‘ylarsiz. Unda siz tafakkurning induktiv usuli — ya’ni, dalildan uning sababiga qarab xulosa chiqarish haqida tasavvurga ega emas ekansiz. Sportchilarning iborasi bilan aytganda, men to‘pni bexato urdim. Men aniq yo‘ldan ketayotgan edim. Mening fikrlash tarzimning biron bo‘g‘inida nosoz halqa yo‘q edi, men uni oxirgi nuqtasigacha ishlab chiqqan edim va bu oxirgi nuqta mix bilan bog‘liq edi. Men avval ham aytgan edim, u xuddi yon derazadagi mixga aynan o‘xshar edi. Lekin, mix sirning kaliti ekanligiga mening ishonchim shu qadar komil ediki, uning oldida boshqa dalillar hech gap emas edi. “Demak, mixda bir gap bor”, — deb o‘yladim men. Ha, haqiqatdan ham, mixga sal tegib ketishim bilan uning boshi turumcha bilan qo‘limga sinib chiqdi. Mixning tanasi hamon tirqish orasida qolib, aftidan, u o‘sha yerda sinib qolgan edi. Bu siniq azaldan mavjudligi temirdagi zangdan ham ma’lum edi; men yana shunga e’tibor berdimki, mixni qoqayotganda bolg‘a uning boshining bir chekkasini ham qoqib, romning ichiga kirgazib yuborgan.
Qo‘limdagi siniqni avaylab joyiga qo‘yganimda, mix xuddi butundek taassurot qoldirdi. Biron bir yoriq sezilmadi. Men prujinani bosib, derazani ko‘tardim. Rom bilan birgalikda deraza tirqishida zich o‘tirgan mixning boshi ham birga ko‘tarildi. Men derazani tushirdim, mix yana butundek tassavvur uyg‘otardi.
Shunday qilib, jumboqning deraza bilan bog‘liq joyi yechildi: qotil karavot to‘sib turgan derazadan qochgan. Derazaning romi o‘zi yoki birovning yordamida ochilib yopilganida prujina uni joyiga mahkamlardi, politsiyachilar bo‘lsa, prujinaning vazifasini mix bajargan degan xayolga borganlari uchun tekshiruv ishlarini to‘xtatganlar.
Qotil qanday qilib pastga tushdi, degan savol tug‘iladi. Bunga men siz bilan uy atrofini aylanib chiqqanimizda javob topdim. Biz aytgan derazaga besh yarim futcha yetmasdan yashinqaytargich o‘tgan.
Bu yerdan deraza tomonga o‘tish, ayniqsa undan oshib tushish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo men bir narsaga ahamiyat berdimki, beshinchi qavatdagi romlar, parijlik duradgorlarning aytishicha, modadan qolganiga ancha bo‘lgan, lekin siz ularni Lion yoki Bordodagi uylarda tez-tez uchratib turasiz. Bunday deraza romlari odatdagi bir qanotli eshiklarni eslatadi, faqat tepa qismi ochiq bo‘lib, xuddi panjara yoki shpaller qoqilgandek, unga qo‘l bilan osilib olish qulay. L’Espane xonimning uyidagi deraza-romlarining eni uch yarim futdir. Biz uyning orqa tomonidan qaraganimizda deraza romlari yarim ochiq edi, ya’ni devorga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida joylashgan edi. Politsiyachilar ham menga o‘xshab, uyni ichkari tomonidan tekshirishgan bo‘lishsa kerak. Lekin deraza romlarini yon tomondan ko‘rganlari uchun unga yetarli e’tibor berishmagan, ya’ni uning eni o‘ta kengligiga ahamiyat berishmagan.
Bu yo‘l orqali qotillar qochishi mumkin emasligiga ishonchi komil bo‘lgan politsiyachilar, tabiiyki, uyning derazalarini yuzaki tekshirish bilan chegaralanganlar. Men bo‘lsam karavot tomondagi deraza romini ochib yuborilsa, qotillar yashinqaytargichdan bor-yo‘g‘i ikki fut oralig‘ida bo‘lishiga darrov aqlim yetdi. O‘ta epchil va qo‘rqmas odam hech qiynalmasdan, bemalol yashinqaytargich orqali derazadan oshib tushishi mumkin.
Yashinqaytargichni qo‘yib yuborib, oyog‘i bilan devorga tiralib, kuch bilan o‘zini itarishi va derazani berkitishi mumkin, agar deraza ochiq deb tasavvur qilinadigan bo‘lsa, deraza tokchasidan to‘g‘ri xonaga sakrab tushishi mumkin.
Demak, esda tuting: gap o‘ta epchillik ustida boryapti, chunki faqat o‘ta epchillik orqali bunday mushkul vazifani bajarish mumkin.
Men sizga, birinchidan, aynan shunday sakrash imkoniyati mavjudligini isbotlamoqchiman, ikkinchidan bo‘lsa, va bu eng muhimi, bunday sakrash uchun o‘ta g‘ayrioddiy epchillik talab etilishini tasavvur qilishingizni istayman.
Siz, albatta, men uchun bunday hollarda advokatlarning fikriga ko‘ra, nechog‘lik epchillik zarurligini isbotlashdan ko‘ra, uni sir tutish qulayroqdir, deb aytishingiz mumkin. Advokatlarning odati shundaydir, lekin aql bunday odatni ixtiyor etolmaydi. Haqiqatga yetishish — mana mening asl niyatim. Mening navbatdagi vazifam sizning ongingizda quyidagini taqqoslashga moyillik uyg‘otish: bir tarafdan, men sizga aytgan o‘ta epchillik; ikkinchidan — qaysi millatga mansubligini ajratish qiyin bo‘lgan dag‘al ovoz; shu bilan birga biron so‘zini tushunish qiyin bo‘lgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz…
Eshitganlarim miyamda fikr uyg‘otgandek bo‘ldi. Yana bir urinsam, Dyupen gapni nimaga olib kelayotganini tushunib oladigandekman. Odatda, nimanidir eslash uchun, miyani shunday ishga solinadi, bu orada do‘stim gapida davom etmoqda edi:
— Ahamiyat bering, o‘g‘ri qanday qilib yashiringani haqidagi gapdan, men uni xonaga qanday qilib kirgani haqidagi gapga o‘tib ketdim. Bu bilan men ikkala voqea ham ayni bir joyda va ayni bir xil sodir bo‘lganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Endi xonaga qaytsak, bu yerda biz nimalarni ko‘rdik? Javon tortmalaridan, hozir ham sochilib yotgan, kiyim-kechaklarning ko‘pchiligi, bizni ishontirishlaricha, o‘g‘irlangan. Bema’ni gap. Bu taxmin isbotsiz osmondan olingandek gap. Kim biladi deysiz, ehtimol javonda topilgan narsalardan bo‘lak boshqa narsalar bo‘lmagandir ham. L’Espane xonim va uning qizi uzlatda, odamlardan uzilgan holda yashashar, kimsa uylariga kelmas, o‘zlari ham biron kimsanikiga bormas edilar. Xo‘sh, ularga ortiqcha kiyim-kechakning nima keragi bor, deb o‘ylaysiz? Topilgan kiyim-kechaklar bu xonimlar kiyib yurgan kiyimlardan yomon emas. Agar o‘g‘rini kiyim-kechaklar qiziqtirgan bo‘lsa, unda nima uchun u kiyimlarni aynan yaxshisini o‘zi bilan olib ketmagan? Nima uchun o‘zi bilan hammasini olib ketmagan? Va eng muhimi, nima uchun qandaydir latta-lutta deb uydan topilgan 4 ming tilladan voz kechgan?
U pulga qo‘l ham urmagan. Mino janoblari bizni voqif etgan tillalarning hammasi joyida, xaltachalar polda sochilib yotar edi. Shu bois uyga keltirilgan tilla haqidagi ko‘rsatmalarga asoslanib, politsiyachilar kallasiga kelgan ahmoqona fikrni xayolingizdan chiqarib tashlang. Pulni uyga keltirib berilishi va uch kundan so‘ng pul egasini o‘ldirib ketilishi kabi tasodiflar kunda yuz beradi va biz ularga ahamiyat ham bermaymiz.
Tasodif — ma’lum tarzda fikrlovchi va ehtimollik nazariyasi haqida umuman tasavvurga ham ega bo‘lmagan kishilarga pand beruvchi jihatdir. Aslida esa, o‘zining olamshumul kashfiyotlari bilan shuhrat qozongan fan sohalari aynan mana shu ehtimollik nazariyasidan minnatdor bo‘lishlari lozim. Albatta, agar pul kam chiqqanda, uni qotillik yuz berish arafasida olib kelingani haqidagi o‘y oddiy tasodif sirasiga kirmagan bo‘lar edi.
Bunday holda jinoyatga qo‘l urishning sabablari nima degan tabiiy savol tug‘iladi. Mazkur holatda jinoyatning sababi pul o‘g‘irlash degan xayolga borish, bu o‘g‘rining landovur va o‘taketgan ahmoqligini tan olishdir. Chunki o‘g‘ri, uni jinoyat sodir etishga undagan sabab, ya’ni pulni olmagan, unutib qoldirgan edi.
Endi, uch holat — ya’ni o‘ziga xos tovush, g‘ayrioddiy epchillik va o‘ta vahshiylik bilan sodir etilgan jinoyatning yuzaga kelishiga undovchi sababning yo‘qligini esdan chiqarmagan holda, e’tiborni sodir etilgan jinoyatga qaratsak. Mana, avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan, so‘ng oyog‘ini osmondan qilib mo‘riga tiqilgan jasad. Odatda jinoyatchilar bu yo‘l bilan o‘ldirishmaydi. Buning ustiga jasadni bu yo‘sinda yashirishmaydi. Ko‘z oldingizga qotil murdani mo‘riga tiqishini keltiring. Bunda bizning tasavvurimizga sig‘maydigan o‘taketgan vahshiylik mavjudligiga tan berasiz, garchand bu ishga tubanlashib ketgan gazanda qo‘l urgan bo‘lsa-da, shuningdek, uch-to‘rt kishi birgalashib mo‘ridan zo‘rg‘a yuqoridan pastga tortib tushirilgan jasadni pastdan turib, yuqoriga itarib kirgizish uchun nechog‘lik kuch egasi bo‘lish lozimligini ham tasavvur qiling. Va nihoyat, bu dahshatli kuch egasi qoldirgan boshqa izlar ham bor. Kamin panjarasida nihoyatda qalin, oqargan soch uyumi topildi. Ular ildizi bilan qo‘porib, yulib olingan edi. Yigirma-o‘ttiz dona sochni birvarakayiga yulib olish uchun qancha kuch kerak bo‘lishini o‘zingiz bilasiz. Boshqasini gapirmasa ham bo‘ladi. Siz ham men kabi bu soch uyimini ko‘rdingiz.
Millionga yaqin soch tolalari et bilan birga yulib olingan bo‘lib, unda qotib qolgan qon donachalari bir tortishda shuncha sochni yulib chiqarish uchun qancha kuch kerakligidan dalolat berardi. Kampir shunchaki bo‘g‘izlangan bo‘lmay, balki kallasi bo‘ynidan butkul judo etilgan edi. Qotilga oddiy ustara qurol sifatida xizmat etgan bo‘lib, bu vahshiylikni sodir etish uchun nechog‘lik yirtqich bo‘lish kerakligini tasavvur qiling. L’Espane xonimning momataloq bo‘lib ketgan a’zoyi badani haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Mose Dyuma va uning munosib hamkasbi Mose Eten jasad tanasidagi momataloq bo‘lib ketgan o‘rinlar o‘tmas bir dastak bilan urish natijasida yuzaga kelgan degan fikrdalar va hurmatli janoblar bunda haqdirlar. O‘tmas qurol dastak vazifasini bu o‘rinda xarsang toshlar yotqizilgan yo‘l o‘tagan. Chunki jasadni karavot bilan to‘silgan derazadan uloqtirishgan. Axir bundan oson narsa yo‘q. Lekin politsiyachilarning chegaralangan aqli shunga ham yetmagan, ularni xayoliga derazalar ochilishi mumkin degan fikr kelmagan ham.
Agar bu kuzatishlarni yotoqxonalarda sodir etilgan tartibsizliklar bilan to‘ldirilsa, unda bo‘lib o‘tgan fojeani nechog‘lik shitob bilan, insonga xos bo‘lmagan kuch, qonxo‘rlik va aql bovar qilmas shafqatsizlik bilan ovozi va shevasidan qaysi millatga mansub ekanligini aniqlash qiyin bo‘lgan, gaplari tushunarsiz kimsa tomonidan bajarilganini chog‘ishtirish qoladi, xolos. Xo‘sh, bundan qanday xulosa kelib chiqayapti? Bu kim bo‘lishi mumkin?
Berilgan bu savoldan meni etim jimirlashib ketdi.
— Bu yovuzlikni aqldan ozgan, yaqin o‘rtadagi jinnixonadan qochgan savdoyi sodir etgan, — dedim.
— Yomon emas, mulohazangizda jon bor, — dedi ma’qullab Dyupen. — Lekin telbaning baqir-chaqirlari jazavasi tutgan paytda ham odamlar zinadan ko‘tarilayotganda eshitgan ovozga o‘xshamaydi. Har qalay telbaning millati, tili bo‘ladi, gaplarini ma’nosiga yetilmasa, so‘zlarini tushunsa bo‘ladi. Buning ustiga mening qo‘limdagi soch uyimi telbaning sochiga o‘xshamaydi. Men ularni L’Espane xonimning changak tortgan barmoqlari orasidan zo‘rg‘a tortib oldim. Siz bu haqida nima deya olasiz?
— Dyupen, — deb qichqirib yubordim men esankiraganimdan, — bu sochlar odamniki emas!
— Men odamniki demayapman, — e’tiroz bildirdi Dyupen. — Lekin biron-bir qarorga kelishdan oldin mana bu varaqdagi rasmga razm soling. Bu rasmda men L’Espane xonimning bo‘ynida “qontalashgan o‘rinlar va tirnoq izlari” bor edi deb berilgan ko‘rsatmaga hamda Dyuma va Eten janoblarning tanadagi “bir necha ko‘kimtir dog‘lar, aftidan, barmoq izlari bo‘lsa kerak”, degan fikriga asoslanib, uni aks ettirishga harakat qildim.
Oldimizga rasmni qo‘yar ekan, do‘stimiz gapida davom etdi:
— Mulohaza qilib ko‘ring, rasmdagi barmoqlarning egasi kuchli va changali o‘tkir ekanligidan dalolat berib turibdi. Bu barmoqlar changalidan omon chiqish qiyin. Ular qurbonning so‘nggi nafasi chiqquncha kuchini yo‘qotmagan, tirnoqlari tanaga botib ketgan edi. Endi bo‘lsa, ikkala qo‘lingizni rasmdagi barmoq izlari o‘rniga qo‘yib ko‘ring.
Urinish behuda edi. Mening barmoqlarim rasmdagiga to‘g‘ri kelmas edi.
— To‘xtang, keling hammasini qanday lozim bo‘lsa, shunday bajaramiz, — deb to‘xtatdi meni Dyupen. — Varaq tekis sath ustida yotibdi, inson bo‘yni bo‘lsa, yumaloq shakldadir. Mana inson bo‘yni kattaligidagi g‘o‘la. Rasmni g‘o‘lani ustiga qo‘yib, yana bir urinib ko‘ring.
Men uning aytganini qildim, lekin uddasidan chiqolmadim.
— Aftidan, bu izlar insonga tegishli emas.
— Endi, Kyuvedan mana bu satrni o‘qing, — dedi Dyupen. — Unda — Hindistonda yashaydigan qo‘ng‘ir orangutangning batafsil umumiy va anatomik tasviri berilgan. Bu sutemizuvchilar oilasiga kiruvchilar taqlid etish qobiliyati kuchliligi, jilovlab bo‘lmaydigan g‘azab, kuch va epchilligi bilan ajralib turadilar.
— Barmoqlar ta’rifi, — dedim men so‘zimni tugatar ekanman, — aynan biz rasmda ko‘rayotgan barmoqlarga mos keladi. Endi men aynan tavsif etilgan orangutang bu izlarni qoldirishiga ishonch hosil qildim. Zanglagan qo‘ng‘ir rangdagi junlar bu o‘xshashlikni tasdiqlaydi. Lekin yuz bergan fojeani qanday izohlamoq lozim? Axir guvohlar ikki kishining ovozini eshitganlar, ulardan birining ovozi so‘zsiz frantsuzga tegishli bo‘lgan.
— Juda to‘g‘ri! Siz, albatta, hamma frantsuz odamning talaffuzi, deb ta’kidlayotgan “top Dlei!” degan hayqiriqni eslab qolgansiz. Mazkur voqeaga tegishli bo‘lgan bu hayqiriq bir guvoh tomonidan norozilik alomati sifatida juda o‘rinli sharhlab berildi (do‘kon sohibi, Montani). Mana shu ikki so‘z yordamida bu jumboqni batamom yechish niyatidaman. Qandaydir bir frantsuz qotillikning shohidi bo‘lgan. Ehtimol, balkim aniqdir ham, uning yovuzlarcha sodir etilgan qotillikka aloqasi yo‘q. Aftidan, maymun u kishidan qochib ketgan. Frantsuz bo‘lsa, uni qotillik sodir etilgan joygacha kuzatib borgan. Maymun tutqich bermagan, u hozir ham ozodlikda. Gumonlarim haqida ko‘p gapirib o‘tirmayman, bu shunchaki mening farazlarim va ular shunchalar kam asoslanganki, sizni tugul meni ham ishontiraolmaydi. Demak,buni biz faraz deb qabul qilamiz va uni tabiiy baholay boshlaymiz. Agar bizning frantsuz, mening taxminimcha, qotillikka aloqasi bo‘lmasa, unda men yo‘lakay “Mond” gazetasi tahririyatiga topshirib kelgan e’lonim uni bu yerga boshlab keladi. Bu gazeta bizning kemachiligimiz manfaatlarini ifodalaydi va dengizchilar orasida juda mashhurdir.
Dyupen menga gazeta sahifasini tutdi. Men o‘qidim: “Sahar payti Bulon o‘rmonida (qotillik sodir etilgan kun, ertalab), oyi va sanasi ko‘rsatilgan, Borneo orolida uchraydigan bahaybat qo‘ng‘ir orangutang tutib olindi. U egasiga qaytarib beriladi, agar egasi (ovozalarga qaraganda u Malta kemasiga qarashli dengizchiga tegishli) unga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa va uni tutish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lasa. Quyidagi manzilga murojaat eting: uy… ko‘cha… 5 qavat.”
— Siz u odamning Malta kemasidan ekanligini qayerdan bildingiz?
— Men buni bilmayman, — e’tiroz bildirdi Dyupen. — Bunga ishonchim ham komil emas. Lekin mana bu tasmaga e’tibor bering, uni yog‘ bosib ketgan. Odatda, dengizchilar sochlarini bunday tasma bilan turmaklashni xush ko‘rishadi. Tasmani aynan mana shunday tugun qilib, faqat dengizchi, aniqrog‘i, maltalik bog‘lashi mumkin. Men bu tasmani yashinqaytargich oldidan topib oldim. Lekin men adashayotgan bo‘lsam va tasmaning egasi maltalik dengizchi bo‘lmasa ham, bergan e’lonimning zarari tegmaydi. Agar men adashgan bo‘lsam, dengizchi “kimdir meni chalg‘itgan” deb bu haqda ko‘pam o‘ylab o‘tirmaydi. Agar haq bo‘lsam, bu mening qo‘limdagi eng muhim ro‘kach. Frantsuz garchand qotillikka sherik bo‘lmasa-da, uning shohidi bo‘lgan kishi sifatida e’lon bo‘yicha uchrashishdan oldin bir necha bor o‘ylab ko‘radi. U taxminan mana shunday mulohaza yuritadi: “Men aybdor emasman. Uning ustiga men badavlat emasman, orangutanglar qimmat turadi, bu mening uchun yaxshigina mol-dunyo. Nima uchun men undan voz kechishim kerak. Mana u, shundoq yonginamda. Uni qotillik sodir etilgan joydan ancha naridan Bulon o‘rmonidan topishgan”.
— Bu yovvoyi maxluqning qo‘lidan ajabtovur ishlar kelishi mumkinligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Bu voqea qanday sodir bo‘lgani politsiyachilarning xayoliga ham kelmaydi. Agar maymunning orqasidan kuzatib borishgan taqdirda ham mening bo‘lgan voqeadan voqifligimni isbotlash qiyin. Voqeadan voqif bo‘lgan taqdirimda ham men aybdor emasman. Muhimi, men haqimda kimningdir xabari bor. E’londa bu maxluqning egasi men ekanligim ochiq aytilgan. Kim biladi deysiz, bu kishiga men haqimda yana nimalar deyishgan. Agar menga tegishli mulkni olgani bormasam, axir u qimmat turadi-ku, uning ustiga egasi men ekanligim ma’lum, unda maymun shubha uyg‘otadi va bu maxluqning shubha ostida qolishidan menga naf yo‘q. Yaxshisi, men e’lon bo‘yicha borib, orangutangni olib kelaman va hammasi bosdi-bosdi bo‘lguncha, uni yashirib qo‘yaman” .
Zinada oyoq tovushlari eshitildi.
— Qurolingizni hozirlang, — ogohlantirdi meni Dyupen, — faqat uni ishlatmang, ko‘rsatmang ham — toki men ishora qilmagunimcha.
Pastda ko‘cha eshik ochiq edi; U qo‘ng‘iroqni chalmasdan, zinadan ko‘tarila boshladi. Ammo u ikkilandi, shekilli, bir daqiqacha joyida turib, yana pastga tusha boshladi. Dyupen eshik tomon otildi. Lekin shu onda notanish kimsaning yana zinadan ko‘tarilayotgani quloqqa chalindi. U orqaga qaytishni boshqa ixtiyor etmadi. Biz uning shiddat bilan zinadan yurib kelayotganini eshitdik, so‘ng u eshikni taqillatdi.
— Kiring! — dedi xushmuomalalik bilan Dyupen. Eshikdan bir erkak kishi kirib keldi, aftidan, u dengizchi edi. U baland bo‘yli, yag‘rindor, hech kim unga bas kelolmaydigan taassurot uyg‘otardi kishida, umuman olganda u yoqimtoy edi. Uning soqol-mo‘ylovi oftobda qoraygan yuzining deyarli yarmidan ko‘pini egallab olgan edi. U qo‘liga to‘qmoq ushlab olgan edi. Aftidan, bu uning yagona quroli edi. Dengizchi xijolatomuz ta’zim qilib, biz bilan salomlashdi. U frantsuz tilida toza gapirar edi, sezilar-sezilmas shevasini e’tiborga olmaganda. Lekin u parijlik ekani bilinib turardi.
— O‘tiring, oshna, — salomlashdi u bilan Dyupen.— Siz orangutangni olib ketgani kelgan bo‘lsangiz kerak, albatta? Ochig‘ini aytsam, sizga havasim keladi! Noyob nusxa, uning ustiga narxi ham qimmat bo‘lsa kerak. U necha yoshda, nima deb o‘ylaysiz?
Dengizchi yengil nafas oldi. Aftidan, uning yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek edi.
— Bilolmadim, — dedi u betakalluflik bilan. — To‘rt-besh yoshlar chamasi, undan ko‘p emas. U shu yerdami?
— Qayoqda deysiz, bizda unga loyiq xona topilmadi, biz uni Dyubur ko‘chasidagi izvoshchi aravalar turadigan uyga topshirdik. Uni olib ketgani ertaga keling. Unga egalik huquqingizni isbotlash sizga qiyinchilik tug‘dirmasa kerak.
— Gap yo‘q, janob!
— Undan ajralish bizga qiyin, — davom etdi Dyupen.
— Janob, urinishlarim behuda ketdi, deb o‘ylamang. Menda ham vijdon bor. Imkonim qadar mehnatingiz haqini to‘layman. Kelishamiz!
— Xo‘sh, bu juda olijanoblikdir siz tarafdan. Sizdan qancha haq olsam ekan, o‘ylab ko‘rish kerak. Hay, mayli, pul olmay qo‘ya qolay, undan ko‘ra menga Morg ko‘chasidagi qotillik haqida nima bilasiz, shuni aytib bering.
Oxirgi so‘zini u biroz past ovozda, lekin juda bamaylixotirlik bilan aytdi. U xuddi shunday bamaylixotirlik bilan eshik yoniga borib, uni qulflab, kalitini cho‘ntagiga soldi; so‘ng yon cho‘ntagidan to‘pponchasini olib, shoshilmasdan stol ustiga qo‘ydi.
Xuddi bo‘g‘ma kasali bordek, dengizchining yuzi o‘zgarib ketdi.
Beixtiyor u o‘rnidan sapchib turdi va to‘qmog‘ini mahkam ushlab oldi. Lekin shu ondayoq stolga ag‘darilib tushdi, butun tanasi titrar, rangi dokadek oqarib ketgan edi. U biron so‘z aytmadi. Men unga chin dildan achinar edim.
— Bekorga xavfsirayapsiz, birodar, — tinchlantirdi uni Dyupen. — Ishoning, biz sizga yomonlik qilmaymiz. Chin frantsuz va chin inson so‘zim: Sizga nisbatan niyatimiz yaxshi. Morg ko‘chasidagi qotillikka sizning daxlingiz yo‘qligini men aniq bilaman. Lekin bunga umuman aloqam yo‘q deya olmaysiz, albatta. Ko‘rib turganingizdek, menga ko‘p narsa ayon. Qayerdan bilganimni tasavvur ham qilolmaysiz. Umuman, vaziyat tushunarli. Siz o‘zingizni aybdorman deya olmaysiz va sizni javobgarlikka tortsa bo‘ladigan ish ham qilmagansiz. Siz hatto pulga ham qo‘l tekkizmagansiz. Pullarni olganingizda ham hech kim sezmasdi. Shu bois sizning qochib yurishingizga asos yo‘q. Ammo vijdon oldida bu ish bo‘yicha bilganlaringizning hammasini gapirib berishga majbursiz. Begunoh bir odam hibsga olingan. Uni qotillikda ayblashlari xavfi bor, sizga esa asl aybdor ma’lum.
Dyupenning so‘zlari ta’sir kuchini ko‘rsatdi: dengizchi o‘zini tutib oldi, faqat undagi surbetlik qayerga ketdi!
— Nima bo‘lsa bo‘ldi, — dedi u biroz jim turgach. — Bilganlarimni sizga aytib beraman. Xudo o‘zi menga yordam bersin! Siz, albatta, menga ishonmaysiz — siz menga ishonasiz deb umid qilsam, men g‘irt ahmoq bo‘lgan bo‘lar edim. Lekin baribir bunda mening aybim yo‘q! Meni qatl etishsa ham mayli, sizga hammasini qanday bo‘lsa, shundayligicha aytib beraman.
Yaqinda uning Indoneziya arxipelagida bo‘lishga to‘g‘ri kelgan ekan. Bir guruh dengizchilar bilan Borneoda tushib qolishga to‘g‘ri kelibdi va do‘sti bilan orol ichkarisiga aylangani jo‘nashibdi. U do‘sti bilan orangutangni tutishga muyassar bo‘libdi. Tez orada uning do‘sti vafot etib, dengizchi maymunning yagona egasi bo‘lib qolibdi. U yovuzlashgan maymunni to Parijdagi uyiga olib kelib, qiziquvchan qo‘shnilarning ko‘zi tushmasin deb, shuningdek, maymunning kemada yaralangan oyog‘i tuzalib ketguncha, juda ko‘p savdolarni boshidan kechiribdi. Dengizchi uni mo‘may pulga sotish ilinjida ekan.
Yaqinda mehmondorchilikdan qaytgach, — bu qotillik sodir etilgan kechasi, aniqrog‘i, saharda yuz berdi, — u o‘z yotoqxonasida orangutangga duch keladi. Ma’lum bo‘lishicha, uni qochib ketmasin deb qamab qo‘yilgan joyidan panjarani buzib chiqqan. Maymun qoidasi bilan yuzini sovunlab, qo‘lida ustara bilan oyna oldida o‘tirardi. U xuddi egasiga o‘xshab, soqolini olish taraddudida edi. Chunki qulf tirqishidan xo‘jayini soqolini qanday olishini har kuni ko‘rar edi. Vahshiylashib ketgan maymunning qo‘lida ustarani ko‘rgach, dengizchi esankirab qoldi, chunki maymun ustarani ishga solishi mumkin edi-da. Lekin u tezda o‘ziga keldi, chunki mahbusini qanday qilib jilovlashni yaxshi bilardi. Hatto uning eng jazavaga tushgan paytida ham qamchi bilan savalab, tezda o‘ziga keltirardi. U hozir ham qamchiga yopishdi. Buni ko‘rgan orangutang eshik tomon otildi va zinadan pastga qarab tushdi, baxtga qarshi oyna ochiq edi — undan nari ko‘chaga otilib chiqdi.
Frantsuz dahshatga tushib, uning orqasidan chopdi. Maymun bo‘lsa, qo‘lidan ustarani qo‘ymasdan chopar, ba’zi-ba’zida to‘xtab, egasiga aftini bujmaytirar, egasi yaqinlashgach, yana qochib ketardi. U ancha vaqt uning ketidan quvib yurdi. Ertalabki soat uchlar edi, ko‘cha jimjit edi. Morg ko‘chasining orqa tomonidagi tor ko‘chadagi uyning beshinchi qavatida yonib turgan chiroq maymunning e’tiborini tortdi. Yaqinroq kelib, yashinqaytargichni ko‘rgach, aql bovar qilmas tezlik bilan unga tirmashib chiqdi va ochiq turgan oynadan o‘zini ichkariga urdi. Buning uchun bir daqiqa vaqtning o‘zi yetarli bo‘ldi. Xonaga kirgach, maymun oyog‘i bilan deraza romlarini tepib ochib yubordi.
Dengizchi xursand bo‘lishini ham, xafa bo‘lishini ham bilmasdi. U tuzoqqa tushgan qochoqni endi tutaman deb o‘yladi, chunki u faqat yashinqaytargich orqali o‘tishi mumkin edi. Bu yerda esa uni tutish oson kechardi. Ishqilib, uyda biron kor-hol ro‘y bermasin-da! Xayoliga kelgan bu o‘y uni maymunning orqasidan borishga undadi. Yashinqaytargichga tirmashib yuqoriga chiqish qiyinchilik tug‘dirmasdi, ayniqsa, dengizchi uchun. Lekin ichkari tomonda joylashgan chap tarafdagi oynaga yaqinlashgach, u to‘xtashga majbur bo‘ldi. Qo‘lidan kelganicha deraza tomon cho‘zilib, ichkariga qaradi. Hayratdan pastga ag‘anab tushay dedi. Aynan shu onda Morg ko‘chasida yashovchi aholini sarosimaga solgan quloqni qomatga keltiruvchi faryod eshitildi.
L’ Espane xonim va uning qizi, aftidan, yuqorida tilga olingan temir sandiqchadagi qog‘ozlarni xonaning o‘rtasida ko‘zdan kechirib o‘tirishgan edi.
Sandiqcha ochiq, uning ichidagi narsalar esa polda sochilib yotardi. Aftidan, ikki ayol derazaga orqasi bilan o‘tirgan bo‘lgani uchun, tunggi mehmonni darrov payqashmagan. Uning paydo bo‘lishi bilan xotinlarning qichqirig‘i orasida bir muddat vaqt o‘tgani bois, xotinlar deraza ochilganini payqashmagan, eshik g‘ichirladi deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak.
Dengizchi derazadan xonaga qaraganda, bahaybat orangutang L’ Espane xonimning yelkasi bo‘ylab yoyilib yotgan sochlaridan (u sochlarini taragan edi) tutib turardi. Va xuddi sartaroshga o‘xshab, uning ko‘zi oldida ustarani o‘ynatardi. Qizi hushidan ketib, polda cho‘zilib yotardi. Kampirning baqiriq-chaqiriqlari yomonlik qilish niyati bo‘lmagan orangutangning g‘azabini qo‘zg‘atgan chog‘i, u fikridan qaytib, uning sochini eti bilan yulib oladi. Maymun o‘zining kuchli qo‘li bilan kampirning kallasini uzib olishga sal qoldi. Qonni ko‘rgan maxluqning jazavasi yanada qo‘zib ketdi. Uning ko‘zlari yonardi. Tishlarini g‘ichirlatib, o‘zini qizning ustiga otdi, o‘tkir tirnoqlari bilan uni bo‘ynidan bo‘g‘a boshladi. Qiz to jon bermaguncha uni qo‘yib yubormadi. G‘azabga mingan maymun rangi dokadek oqarib ketgan xo‘jayinni oynadan qarab turganini ko‘radi. Xo‘jayinining qamchisini unutmagan maymunni to‘satdan qo‘rquv bosadi. U o‘zini aybdor sezadi va jazolashidan qo‘rqib, qonli qilmishini yashirish harakatiga tushadi.
U xonada gir aylanib, hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qiladi, jihozlarni sindirib, ko‘rpa-to‘shaklarni otib yuboradi. Nihoyat u qizning jasadini olib, uni mo‘riga tiqadi, kampirning jasadini bo‘lsa, uzoq o‘ylab o‘tirmay, oynadan uloqtiradi. Maymun qo‘lidagi burda-burda qilingan jasad bilan deraza oldiga borganini ko‘rgan dengizchi turgan joyida qotib qoladi va qo‘rquvdan yashinqaytargichdan sirg‘alib tushdi-da, maymunga egalik qilishni keyingi safarga qoldirib, uyi tomon qocha boshladi. Zinadan ko‘tarilayotgan odamlar esa frantsuzga tegishli xitoblarni va junbushga kelgan maxluqning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irini eshitgan edilar.
Mana, bor gap shu. Eshikni buzib kirgunlariga qadar orangutang, aftidan, kampirning yotoqxonasidan yashinqaytargich orqali qochib qolgan. Romning derazasini ham o‘zining orqasidan yopib qoldirgan bo‘lsa kerak.
Ko‘p o‘tmay maymunning egasi uni tutib oladi va Botanika bog‘iga mo‘maygina pulga sotib yuboradi. Biz Dyupen bilan mahkamaga kelib, bor gapni aytib berganimizdan so‘ng Lebonni ozod qilishdi. (Dyupen ba’zi bir izohlarni berishdan o‘zini tiyolmadi). Do‘stimga munosabati nechog‘lik yaxshi bo‘lishiga qaramay, o‘sha amaldor ham xatoga yo‘l qo‘yganidan pushaymon ekanini berkita olmadi va hamma o‘z ishi bilan shug‘ullangani ma’qul, deb bizga dashnom berib ham qo‘ydi.
— Javrayversin, — dedi Dyupen menga, amaldorning savolini javobsiz qoldirar ekan. — O‘zini-o‘zi yupataversin. Odam o‘z qalbini yozishi kerak-da! Menga bo‘lsa, dushmanimni o‘zi uyida mag‘lub qilganim yetarli. Shunday bo‘lganda ham, bizning prefekt jumboqni yecholmadim deb, bekorga qayg‘urmadilar.
Rostini aytganda, masalaning mohiyatiga yetish uchun u o‘ta ayyorlik qiladi. Masalaga yuzaki qarash — unga odat. Uning xuddi Laverna ma’budasiga o‘xshash, faqat tanasiz bitta kallasi bor. Nima bo‘lganda ham, yomon odam emas, meni u, ayniqsa, o‘zini aqlli, bilarmon qilib ko‘rsatishidagi ustaligi hayron qoldiradi. Men undagi mavjud narsani inkor etish va yo‘q narsa haqida og‘iz ko‘pirtirish qobiliyatini nazarda tutyapman.

Ra’no Ibrohimova tarjimasi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-son