Men mashhurman, to‘g‘rirog‘i mashhur edim. Ammo “Yunius maktubi”ning muallifiyu “Temir niqobli” odam ham emasman. Mening ism-familiyam Robert Jons, Beli Berdda tug‘ilganman. Onamning aytishicha, endigina tetapoya qila boshlagan vaqtlarimdanoq, ikkala qo‘lim bilan burnimni cho‘zib o‘ynarkanman. Mushtiparim buni mening yorqin kelajagim belgisi deb o‘ylabdi. Otamning ko‘zlari quvonchdan yoshlanibdi. Ko‘p o‘tmay, xonam burunshunoslikka oid kitoblar bilan to‘lib ketdi. Men burunshunoslik nazariyasini mukammal o‘rganganimda hali pantalon ham kiymagan edim. Qisqa muddat ichida katta ilmiy salohiyatga erishdim. Burnim esa borgan sari kattalashib, meni shon-shuhrat tomon boshlardi. Men bo‘lsam hech qanaqangi nazariyaga amal qilmasdan har kuni ertalab burunni cho‘zish mashqlarini bajarardim.
Bir kuni otam o‘z xonasiga chaqirdi.
— O‘g‘lim, — gap boshladi otam o‘tirganimizdan so‘ng, — kelajakda qanday maqsadlaring bor? Men ham bilsam degandim.
— Otajon, burunshunoslikdagi mashg‘ulotlarim hali oxiriga yetgani yo‘q, — dedim men.
— Robert, burunshunoslik nima ekan o‘zi? — deya so‘roqqa tutdi u.
— Ser, — tushuntirdim men, — bu burun haqidagi fan.
— Aytchi, burun nima?
— Burun, — dedim-da, u haqidagi minglab kashfiyotlarni xayolimdan o‘tkazarkanman, soatimga qarab oldim. Hozir kunning yarmi, tong otguncha hammasini aytishga ulgursam kerak. Demak, boshladik: — Burun, tananing muhim a’zosi bo‘lib, Bartolin nazariyasiga ko‘ra: qavariq — do‘ng, uzunchoq…
— Yetarli, yetarli Robert! — dedi otam qo‘llarini boshi uzra ko‘targancha. — Men sening cheksiz bilim egasi bo‘lganingdan xursandman… Xudoga shukr. (U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ko‘zlarini yumdi). — Yonimga kel! (U meni yelkasiga opichib oldi) — Ilmning cho‘qqisini zabt etibsan. Buyog‘iga faqatgina o‘zing uchun qayg‘ur. Burningni esa shamollardan asra, xo‘pmi, — u meni yelkasidan olib zinaga qo‘ydi-da, ko‘cha tomon itarib yubordi. — Endi esa el ichiga bor, Parvardigor seni o‘z panohida asrasin.
Men o‘zimda his qilgan ruhiy tetiklikni yaqin orada erishajak baxtga yo‘ydim. Uydan ketdimu, cho‘qintirgan otam maslahatlariga qattiq rioya qildim. Burnimni yelvizakdan saqlashning turli yo‘llarini qo‘lladim. O‘qiganlarim bekor ketmadi, burnimni cho‘za-cho‘za burunshunoslikka oid qo‘llanma ham yozib tashladim.
Uni Beli Berdda nashr qilishlari bilanoq qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
— G‘aroyib daho! — deyishdi “Choraklik”dagilar.
— Tengsiz fiziolog! —- jar solishdi “Vestministr”liklar.
— Ajoyib yozuvchi! — deyishdi “Xorijliklar”.
— Buyuk inson! — dedi “Bentli”.
— U bizniki! — dedi “Blekvud”.
— Kim u? — so‘radi Ko‘k chulkili xonim.
— Qani u? — so‘radi kenja Ko‘k chulkili xonimcha.
Men ham ularni bee’tibor qoldirmasdan rassom ustaxonasiga boshlab bordim. Rassomdan biron narsa chizib berishini so‘radim. Gertsoginya Shut-Deri surat chizilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Markiz Rek gertsoginyaning gajaklarini o‘ynab turibdi. Graf — menga baribir degan kabi qo‘lidagi mushki anbar solingan idishchani ermak qilar, oqsuyak xonim — menga tegma degandek kursiga yastanib o‘tirib olgandi. Usta ishini tamomlagandan so‘ng suratga yaqinlashdim va burnimni cho‘zib qo‘ydim.
— Qanday go‘zal! — dedi oqsuyak xonim jilpanglab.
— Yo, Xudoyim! — o‘zidan ketay dedi markiz.
— Siz buning uchun qancha so‘raysiz, — dabdurustdan so‘rab qoldi rassom.
— Burni uchunmi? — qichqirdi kiborli xonim.
— Ming funt, — dedim men yumshoq kursiga yastanib olarkanman.
— Ming funt? — o‘ychan holda takrorladi rassom.
— Ming funt, — dedim men.
— Betakror! — dedi rassom hayajonini yashirolmay.
— Ming funt! — takrorladim men.
— Siz kafillik berasizmi? — dedi u burnimni chiroqning yorug‘iga toblab ko‘rarkan.
— Kafolat beraman, — dedim.
— Bunaqasi boshqa yo‘qligiga? — surishtirdi rassom.
— Px-x-x! — ovoz chiqardim, burnimni yonboshga qayirib ko‘rsatarkanman.
— Uni hech qachon chizishmaganligiga? — dedi rassom qo‘liga mikroskopni olarkan.
— Hech qachon, — dedim burnimni yana bir bor cho‘zgancha ko‘z-ko‘z qilib.
— Ajoyib! — deb qichqirdi rassom go‘zallik oldida o‘zini yo‘qotar holatga tushib.
— Ming funt, — dedim men.
— Siz aytganingizni olasiz, — dedi u. — Shunday noyob narsa oldida pul nima degan gap…
U menga chek yozib berdi va burnimni shunday o‘xshatib chizdiki, asti qo‘yaverasiz. Men bu suratni “burunshunoslik” kitobimning to‘qson to‘qqizinchi qayta nashri bilan birga Zoti Oliylariga yubordim. Baxtiqaro shahzoda Uelskiy meni kechki ziyofatga taklif qildi.
Saroyga mamlakatning barcha mashhur va nozikta’b kiborlari tashrif buyurishgandi. Bir payt va’zxonlik boshlanib ketsa deng: Platonning zamonaviy talqinchisi Porfiriydan, Prokldan, Maksim Tirskiylardan namunalar o‘qib berdi. O‘z o‘zini anglash tarafdorlari esa Tyurgo, Pray, Krendordan misollar keltirdi. Ser Pozitiv Paradoksning aytishicha hamma ahmoqlar faylasuflardir, faylasuflar esa ahmoqlardir. Etiks Estetiksning chiqishi olov, tanholik va atom, ko‘ngil ikkilanishlari, visol va ayriliq haqida bo‘ldi. Rashi de Kapkalyalik Frikasse minbarga chiqib olib, frantsuzlar ovqat uchun rangli karamni qancha ishlatishlarini uzoq gapirdi. Beli Berd universiteti prezidenti oyni Frakistonda — Bendido, Misrda — Bubastida, Rimda — Diana, Gretsiyada — Artemida deb atashlarini qayta-qayta ta’kidlab, nutq irod qildi…
Va’zxonlik qizigandan-qizib, notiqlarning oxiri ko‘rinay demasdi. Va nihoyat menga ham navbat yetib keldi. Mening nutqim boshdan oxir burunshunoslik, u haqdagi qo‘llanmam, o‘zim va yana o‘zim haqimda bo‘ldi. Burnimni cho‘zib-cho‘zib, uzundan uzun, otashin nutq so‘zladim.
— Ajoyib aql sohibi! — dedi shahzoda.
— G‘aroyib! — deyishdi uning mehmonlari.
Keyingi kundagi ziyofatga esa gertsoginya Shut-Deri taklif qilib dedi:
— Sen Elmakka borasanmi, azizim?
— Chin so‘zim, albatta boraman, — dedim men.
— Burning bilan birgalikdami?
— Qasam ichaman, — dedim men.
— Mana bu tashrif qog‘ozim. Endi sening borishingga ishonsam bo‘ladimi?
— Albatta, azizam gertsoginya.
— Aynish yo‘g‘-a? Bus-butun burning bilan-a?
— Shubhasiz, — dedim men burnimni cho‘zib qo‘yarkanman.
Elmakka tashrif buyurganimda u yer tiqilinchdan chidab bo‘lmas darajada dimiqib ketgandi.
— U kelayapti! — dedi kimdir zinadan.
— U kelayapti! — dedi yana kimdir tepa zinadan.
— U rostdan ham keldiya! — quvonchdan qichqirib yubordi gertsoginiya. U qo‘llarimni siqqancha burnimdan cho‘lpillatib o‘pa boshladi. Bir pasda mening tashrifim shov-shuv bo‘lib ketdi.
— Iblis! — qichqirdi graf Kozerogutti.
— Ey Xudo! O‘zing asra! — g‘o‘ldiradi don Stiletti.
— Iblisona, — dedi kurfyurest Krofoshatskiy.
Shu payt kurfyurest tomon o‘girildim-da:
— Janob, siz ablahsiz, — dedim.
— Janob, — dedi u, — Momoqaldiroq va Chaqmoq!
Bundan battar bo‘lishi mumkin emasdi. Biz ertasiga tong mahal Chok–Farm ostida otishdik. Men bir o‘q bilan uning burnini tagidan uzib tashladim-da do‘stlarimga yuzimni ters burib ketdim.
— Ahmoq! — dedi biri.
— Hayvon! — dedi ikkinchisi.
— Eshak! — dedi uchinchisi.
— Telba! — dedi keyingisi.
— Qorangni ko‘rsatma! — dedi yana biri.
Abgor bir ahvolda otamning oldiga borib, bor gapni aytib berarkanman dedi:
— Otajon, men uchun hayotning qizig‘i qolmadi.
— O‘g‘lim, bu hali burunshunoslikning ilk sinovlari-ku, ammo sen -kurfyurestning burniga tegishib katta xatolikka yo‘l qo‘yibsan. Sening burning betakror, bunisi aniq, lekin kurfyurest Krofoshatskiyda esa hech vaqo qolmadi-da. Mana shu yo‘qotishi unga shon-shuhrat olib keldi, bilsang. Sen halokatga yuz tutding, u esa bugun qahramon. Belli Berdda endi hech kim burunsizlik bilan uning oldida maqtanolmaydi. Mana, sen yuz tutgan fojia qayerda, bolam.
Men esa kelajagimni o‘zim barbod qilganimni tushunganimda karvon allaqachon ketib bo‘lgandi.
Rus tilidan Davron Ulug‘murodov tarjimasi.