«Men adoyi tamom bo‘lgan odamman, lekin baxtiyorman. Har qalay, men qo‘limdagi kosani tag-tugiga qadar sipqorib ulgurganimcha yo‘q. To‘g‘ri, judayam oz bo‘lsa-da, hali ichida nimadir bor. Uni so‘nggi tomchisiga qadar totib ko‘rishdan umidvorman. Agar yana ozgina yashay olsam, albatta: anchagina keksayib qolganman, bir oyog‘im to‘rda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda.
Mana, talay yillardan buyon hamma mening ijodiy tanazzulga yuz tutganimni, yozuvchi sifatida uzil-kesil va tamomila “o‘lib bo‘lganimni” uqtiradi. Bu xususda ochiq-oshkor aytmasalar-da, o‘zlaricha shunday o‘ylaydilar. Mening e’lon qilgan har bir yangi asarim qiyalik bo‘ylab pastga qarab qo‘yilgan yana bir qadam sifatida baholanadi. Shunday, tobora pastlasha-pastlasha, oxir-oqibat, boshi berk ko‘chaga kirib turibman.
Hammasiga avvalo o‘zim sababchiman. Men o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt mobaynida ongli ravishda, avvaldan puxta o‘ylangan reja asosida asta-sekin, biroq to‘ppa-to‘g‘ri tubsiz chohga qarab yo‘l yurib keldim.
Boshqacharoq aytganda, deb so‘raysiz siz mendan, sen o‘zing shu ko‘rgilikni istab, o‘zingga o‘zing choh qazidingmi, bundan chiqdi?
Ha, shunday, xonimlar va janoblar, xuddi shunday. Men o‘z ijodimda avvaliga ko‘z qamashtirar yuksakliklarga ko‘tarildim. Mashhurlik shohsupasiga chiqdim. Jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdim.
Omadim yurishgandan yurishaverdi. Shu ketishda yanayam yuksakroqlarga parvoz qilishim mumkin edi. Agar istasam bas, ortiqcha zo‘riqishlarsiz to‘la va mutloq shuhratga erishgan bo‘lar edim.
Lekin men istamadim.
Buning ustiga, men batamom boshqacha yo‘l tanladim. O‘zim erishgan yuksaklikdan (e’tiboringiz uchun, ijodda, mayli, Himolay demay, har qalay, Montorozaning eng baland cho‘qqisiga mengzagulik anchagina yuksak ko‘rsatkichlarga erishganman!) sekin-asta pastga tushishni ma’qul ko‘rdim. Yuqoriga ko‘tarilayotganimda sakrab-sakrab o‘tganim ayni o‘sha yo‘lni quyiga tushayotganimda boshqacharoq tarzda bosib o‘tishga ahd qildim.
Ayanchli ahvolda past ketishning butun achchiq alamini tatib ko‘rishim kerak edi. E’tibor bering, ayanchli, biroq faqat bir qarashdagina shunday. Zotan, men bu asta-sekin tushishdan chinakamiga huzur-halovat tuydim. Shu bugun kechqurun men sizga hammasini batafsil tushuntirib bermoqchiman. Dil sandig‘imda uzoq saqlangan botiniy sirimni ochib ko‘rsatmoqchiman. Arzi holim sahifalarini g‘ilofga joylab, ustini yelimlab qo‘yaman, toki ular men bu dunyoni tashlab ketganimdan keyingina ochib o‘qilsin.
Qirq yoshimda ijodiy yutuqlar ummonida chappor urgancha qulochkashlab suzar ekanman, kamina o‘z-o‘zimga qattiq maftun-mahliyo edim, biroq, haytovur, ajoyib kunlardan birida ko‘zim ochildi.
Olamshumul shon-shuhrat, dovruq, as’asa-dabdaba, xalqaro e’tirof, mashhuri jahonlik – aynan shularga men butun jon-jahdim bilan intilgan edim-a, buni qarang! – kutilmaganda ko‘z oldimda o‘zining qip-yalang‘och nochor-notavonligi bilan yaqqol namoyon bo‘ldi-qoldi.
Mashhuri jahonlikning moddiy jihatlari meni qiziqtirmas edi. Chunki o‘sha paytlardayoq anchagina boy, o‘zimga to‘q edim. Xo‘sh, yana nima kerak?.. Qarsaklar, g‘alaba nashidasi, jimjimador sarobmi?.. Ayni shularni deb qancha erkak va ayollar shaytonga o‘z jonlarini sotmadilarmi? Har gal bu osmondan yog‘ilgan chalpakning urvog‘ini tatib ko‘rganimda og‘zimda uning achchiqdan-achchiq, ko‘ngilni aynituvchi ta’mini his qiladigan bo‘lib qoldim. Mashhuri jahonlikning eng oliy darajasi nima, deb so‘radim o‘zimdan. Javob ham topdim. Nihoyati shundan iboratki, ko‘chada ketayotganingizda odamlar alanglab qarashadi-da, o‘zaro shivirlashadi: ana, ko‘ryapsanmi, ana u!.. Shugina, xolos! Buning ustiga, e’tibor bering, hatto mana shu asossiz huzur-halovat ham faqatgina mashhur siyosiy arboblar yoxud shon-shuhrat gulchambariga o‘ralgan kinoyulduzlarninggina chekiga tushar ekan, xolos. Hozirgi paytda oddiygina yozuvchiga e’tibor berishlari uchun – bilmadim, qanday mo‘‘jiza yuz berishi kerak.
Ustiga ustak, medalning orqa tomoni ham borligini aytmaysizmi! Taniqli yozuvchining kundalik hayoti qanchalik do‘zax azobiga aylanib qolishini siz bilasizmi o‘zi: bitmas-tuganmas majburiyatlar, muxlislarning xatlari-yu telefon qo‘ng‘iroqlari, intervyular, uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, radioda chiqishlar va boshqa shular kabi behisob-bemaza dahmazalar. Lekin meni qo‘rqitgan narsa bular emas! Kaminani qattiq sergak torttirgan va bezovta qilgan kuch butunlay boshqa narsa! Men shuni sezib qoldimki, shaxsan o‘zimga qariyb hech qanday huzur-halovat baxsh etolmaydigan har bir ijodiy yutug‘im… ko‘pchilikni qattiq azob-uqubatlarga giriftor qilar ekan! O, mening ijodiy hayotimdagi eng quvonchli lahzalarda do‘stlarim va qalamkash birodarlarimning bezovta-behalovat avzolari o‘zimda qanchalik achinish, rahm-shafqat hislarini uyg‘otganini bilsangiz edi! O‘zim bilan eski qadrdonlik va umumiy manfaatlarning mustahkam rishtalari orqali mahkam bog‘langan ajoyib-ajoyib yigit-qizlar, vijdoni uyg‘oq zahmatkashlar – nega endi ular azob chekishlari kerak?!
Ana o‘shanda men hammasini taroziga qo‘ydim-da, yaxshigina tushunib yetdimki, kaminaning ijodiy parvoz ishtiyoqi atrofimdagilarni qanchalar azob-uqubatlarga giriftor qilmoqda ekan… Shu yaxshimi? Gunohkorman – bu xususda avvalroq o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Endi esa, chuqur mulohaza qilib, o‘zimcha qattiq vijdon azobini his qilmoqdaman.
Yana bir narsani tushunib yetdim: agar shu shiddat bilan ijodiy yuksalishda davom etaversam, yangidan-yangi shuhrat gulchambarlariga sazovor bo‘lishim muqarrar.
Lekin bu holda yana qancha odamlarning yuraklari torayib, qon bosimi oshib, o‘zini qo‘ygali joy topolmay qolar ekanlar? Axir, shu ko‘yga solishim ularga nisbatan insofdanmi?!. Bu dunyoi dun turli xil azob-uqubatlarga to‘la. Biroq hasad-baxillik inson qalbiga eng chuqur, eng qonli, uzoq vaqtgacha ming bir mashaqqatlardan keyin ham bitishi dargumon bo‘lgan jarohat muhrini bosuvchi tuyg‘u ekanki, odam bolasining bu nochor-notavon ahvoliga qarab turib ko‘nglingda rahm-shafqat, mehr-muruvvat hislari beixtiyor jo‘sh uradi.
Endi men o‘z gunohimni yuvishim kerak – bundan boshqa chora yo‘q! Shunda men uzil-kesil bir to‘xtamga keldim: Xudoga shukr, anchagina xayrli ishlarni qilib ulgurdim. Hozirga qadar men, omadi kulib boqqan odam, o‘zimga o‘xshaganlarga ko‘pdan-ko‘p ozor berib keldim. Endi esa, ularni xotirjam-xursand qilib, ularga omadimni bosh-butun qaytaraman! Azoblarga chek qo‘yish – axir, mana shu emasmi – quvonch? Axir quvonch avvalgi kechirilgan azoblar o‘rnini bossa yomonmi?
Ish sur’atini susaytirmagan holda yozishda davom etaverishim kerak, toki hech kimda “o‘z ixtiyori bilan voz kechdi, tashlab qochdi” degan noxush taassurot uyg‘onmasin. Bu ish mening hamkasblarim ko‘nglida yetarli taskin-tasalli, kutilgan quvonchni uyg‘otishi amrimahol. Yo‘q, yaxshisi hammasini ahmoq qilish kerak, chalg‘itish kerak, iste’dodni eng gullab-yashnab turganida sir saqlab, go‘yo ilhom bulog‘i qurib borayotgandek, tobora yomonroq yozish kerak, tamom-vassalom.
Toki mendan yangi ijodiy parvozni kutayotgan odamlarni o‘zimning ijodiy tanazzulim – past ketishim bilan allanechuk yoqimli taajjublarga solay!
Vazifa bir qarashdagina yengil! Zotan, rangsiz-tussiz, ochiq-oshkor o‘rtamiyona asar yozish oson ish deb o‘ylovchilar u1179 .attiq yanglishadilar. Aslida, hammasi anchagina og‘ir va buning ikkita muhim sababi bor.
Birinchidan, munaqqidlarni qattiq bir silkitib, ularni oshirib maqtash odatlaridan voz kechishga majbur qilishimga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda nafosat ko‘rgazmasida alohida o‘ringa ega, obro‘si baland, ulkan adiblar qatoriga mansub edim-da. Meni oshirib maqtash qariyb qat’iy rioya qilinishi zarur bo‘lgan qoidaga aylanib ulgurgan edi. Munaqqidlar esa, ma’lumingizkim, hamma narsani joy-joyiga qo‘yib bo‘lganlaridan keyin, qani endi ularni o‘z fikrlaridan voz kechishga majbur qilib ko‘ring-chi! Ular mening yozadiganimni yozib bo‘lganimni sezisharmi ekan, yoki o‘zlarining oshirib maqtashlardan iborat baholarida qattiq oyoq tirab turib olaverarmikanlar?
Ikkinchi sabab. Qon deganlari oddiygina suv emas-da, azizlar! Siz o‘zimdagi daholikning asov yulqinishlarini bo‘ysindirib, uni bosib turish menga oson bo‘ldi deb o‘ylaysizmi?! Nechog‘li jo‘n va o‘rtamiyona bo‘lib ko‘rinishga urinmayin, iste’dod yolqini o‘zining ilohiy kuchi bilan satrlararo sizib yuzaga chiqib qolishi ehtimoldan holi emasdi-da, axir.
Chinakam so‘z san’atkori uchun jo‘ngina qalamkash bo‘lib ko‘rinishning turgan-bitgani azob, hatto agar o‘zingizni aslingizdan yomonroq qilib ko‘rsatishni astoydil istaganingizda ham.
Har qalay, bu ishni bir amallab uddalashga muvaffaq bo‘ldim. Yillar o‘tishi bilan men o‘zimning tutqich bermas tabiatimni jilovladim. Iste’dodsizlikni shunaqangi nozik, qoyilmaqom qilib ko‘rsatishni o‘rganib oldimki, shuning o‘ziyoq ulug‘ iste’dodning aniq-ravshan dalili bo‘la oladi. Men birin-ketin, biri biridan bo‘shroq kitoblar yozaverdim. Badiiy ifoda va hayot haqqoniyatidan ming farsah yiroqdagi bu qadar lanj, ensa qotirar darajadagi soxta qoralamalar mening qalamim ostidan chiqqanini kim ham o‘ylabdi deysiz! Bu yozuvchining asta-sekinlik bilan o‘z joniga qasd qilishiga barobar ish edi.
Mening yangi paydo bo‘lgan har bir asarimdan keyin do‘stlarim va hamkasblarimning chiroylari ochilib, yuzlaridagi ajinlari yozila bordi. Men u bechoralarni asta-sekinlik bilan hasadning og‘ir yukidan xalos qilaverdim. Natijada, ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari yana orta bordi. Yashash ishtiyoqlari kuchaydi.
Eng muhimi – meni qaytatdan astoydil sevib boshladilar. Qisqasi, yayrab-yashnab boshladilar. Qanchalar uzoq vaqt ularning naq bo‘g‘izlarida suyakdek tiqilib turgan ekanman-a men! Endi esa, o‘ta ehtiyotkorlik va g‘amxo‘rlik bilan ularning jarohatlariga malham bosib, o‘zlarini qushdek yengil his qilishlariga imkoniyat yaratib bermoqdaman.
Qarsaklar susaydi. Men o‘zimni soyaga oldim. Lekin taqdirimdan minnatdor edim. Atrofimdagi munofiqlarcha soxta maqtovlarga yo‘g‘rilgan xitob-undovlar iskanjasidan xalos bo‘ldim. Endi meni sidqidil muhabbat va samimiy minnatdorchilikning qaynoq to‘lqinlari chulg‘ay boshladi. Do‘stlarimning ovozlarida barchamizning yoshlik chog‘larimizdagi, hali insoniy tubanliklarning ko‘chasidan ham o‘tmagan va olis-olislarda qolib ketgan yaxshi kunlardagi kabi toza, beg‘ubor-begidir, oliyhimmat munosabat ohanglarini qayta ilg‘ay boshladim.
Bu qanaqasi bo‘ldi, deb so‘raysiz siz mendan, demak, sen atigi besh-o‘ntagina hamkasblaring uchungina yozgan ekansan-da, bundan chiqdi? Yozuvchilik sharafi nima bo‘ldi? Adabiy jamoatchilik-chi? Sen ko‘ngillarini yorishtirishing mumkin bo‘lgan, bugungi kunda yashab turgan va kelgusida tug‘ilajak ko‘pdan-ko‘p kitobxonlar-chi? Demak, sening san’ating, mahorating aslida ham haminqadar ekan-da, a? Demak, iste’doding shu qadar nochor-notavon ekan-da?
Javob beraman: ha, siz haqsiz, do‘stlarim va qalamkash birodarlarim oldidagi qarzim – butun bashariyat oldidagi majburiyatimga taqqoslaganda hech narsa emas, albatta. Lekin men o‘z yaqinlarimni, butun sayyoramiz bo‘ylab sochilgan ko‘zga ko‘rinmas kitobxonlarimni, uchinchi ming yillikda keladigan avlodlarni zig‘ircha ham xafa qilmaganman. Butun hayotim davomida Parvardigori Olam zimmamga yuklagan sharafli vazifani yashirin ravishda sidqidil ado etdim. Ilohiy ilhom qanotlarida uchar ekanman, men o‘zimning asl mohiyatimni yorqin aks ettiruvchi asarlar yozdim. Ular meni ertadir-kechdir osmoni-falakka ko‘tarib, shon-shuhratning eng baland cho‘qqisiga olib chiqa oladi. Ha, ular allaqachon yozilib yotoqxonamdagi katta bir qutiga taxlab qo‘yilgan. Naqd o‘n ikki jild! Siz ularni mening vafotimdan keyin o‘qiysiz. O‘sha paytda do‘stlarimning qayg‘urishlari uchun sabab bo‘lmaydi. Marhumning hamma ayblarini oson kechirib yuboradilar, hatto uning o‘lmas asarlar yozganini ham! To‘g‘ri, o‘shanda do‘stlarim nopisandlik bilan istehzoli kulishadi-da, bosh chayqab turib aytadilarki, “Qanaqangi ablah ekan-a, u hammamizni dog‘da qoldirib ketibdi-ya! Biz bo‘lsak, u qarigan chog‘ida yosh boladek bo‘lib qoldi deb o‘ylabmiz-a!..”
Nima bo‘lganda ham sizga…»
Yozuv shu yerda uzilib qolgan edi. Keksa yozuvchi o‘z dilnomasini tugatolmabdi. Sababi jon taslim qilibdi. Uni yozuv stoli oldida o‘tirgan holda topishibdi. Oq qog‘oz ustidagi singan qalam bilan yonma-yon uning sochlari oppoq oqargan boshi o‘zining eng so‘nggi va eng ulug‘ xotirjamligida harakatsiz yotar edi.
Yozuvni o‘qigach, yaqinlari yotoqxonaga kirdilarda, qutini ochdilar. U yerda jami o‘n ikki dona qalin qog‘oz taxlamini ko‘rdilar: taxlamning har biri yuz bet!.. Mutlaqo yozilmagan, hatto bir belgi ham qo‘yilmagan…
Rus tilidan Otauli tarjimasi