Dino Butstsati. Tuxum (hikoya)

Xalqaro Binafsha Xoch tashkiloti o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun qirollikning yozgi saroyi qoshidagi bog‘da “pasxa tuxumini ovlash” bo‘yicha katta bayram shodiyonasi tashkil etdi. Chipta narxi – yigirma ming lir.
Tuxumlar pichanlar g‘aramiga yashirib qo‘yiladi.
Qoidaga ko‘ra, bolakay topib olgan barcha tuxumlar unga qarashli bo‘ladi. Bu tuxumlar har xil shakl va turda – shokoladli, metalli, kartonli bo‘lib, har birining ichiga ajoyib sovg‘a solingan.
Xizmatkor Jilda Sozo bu xususda xo‘jayini Dzernattaning uyida eshitib qoldi. Sinora Dzernatta, garchi bu unga sakson mingga tushsa-da, o‘zining to‘rtala bolasini bayramga olib borishga jazm qilib turgan ekan.
Jussasi jikkakkina, yigirma besh yoshlardagi ayol, to‘g‘ri, go‘zal emas, lekin hunuk ham emas, sho‘x va gulgun yuzli, tabiatan xushfe’l, ammo bir qadar odamovi bo‘lgan Jilda Sozo ham o‘zining to‘rt yashar qizchasini xursand qilmoqchi bo‘ldi. Qizaloq yoqimtoy, yaxshiku-ya, biroq, afsuski, ota mehrisiz o‘syapti-da.
Uzoq kutilgan kun keldi: kichkinagina Antonella yap-yangi paltocha, bejirimgina shlyapachada zodagonlarning bolalaridan hecham farq qilmasdi.
Jildaning o‘zi aslzoda xonim bo‘la olmasdi, chunki kishi ko‘rgilik kiyimi yo‘q edi. Shunga qaramasdan, bu mushkul vaziyatdan chiqish yo‘lini topdi – boshiga yarqiroq bir niqob kiyib oldi: qarabsizki, oqbilak bo‘lmasa-da, har qalay, zodagonlar xonadonining Jeneva yoxud Nevshatelda tahsil ko‘rib diplom olib kelgan maxsus tarbiyachisi bo‘ldi-qoldi!
Jilda belgilangan vaqtda qizchasi bilan qirollik bog‘ining darvozasi oldiga kelib to‘xtadi-da, go‘yo bekasini qidirayotgan tarbiyachidek atrofga alanglab qaray boshladi. Shu asnoda mashinalar birin-ketin kelib to‘xtab, ulardan “tuxum ovi”da qatnishishga shoshayotgan bolakaylar tushaverishdi. Sinora Dzernatta o‘z bolasi bilan kelib qolgan edi, Jilda ko‘rib qolmasin deb o‘zini panaga oldi.
Nahotki barcha urinishlari behuda bo‘lsa? U tiqilinch va to‘polonda chiptasiz o‘tib ketishni mo‘ljal qilgan edi, biroq hadeganda qulay vaziyat kela qolmasdi.
“Ov” soat uchda boshlanadi. Beshtakam uchda hukumat mashinasi kelib to‘xtadi: undan Rimdan kelgan qandaydir vazirning xotini ikki bolasi bilan tushib keldi. Xalqaro Binafsha Xoch tashkilotining prezidenti, maslahatchilari-yu mas’ul xodimalari muhtarama mehmonni kutib olishga shoshildilar. Ana shunda, nihoyat, Jilda mushtoqlik bilan kutgan qulay vaziyat tug‘ilib qoldi.
Shunday qilib, tarbiyachi niqobini kiygan xizmatkor bog‘ning ichkarisiga kirib oldi-da, yo‘l-yo‘lakay qizchasiga tegishli pand-nasihatlarni berdi: o‘zingni yo‘qotma, o‘zingdan kattaroq va abjirroq bolalar oldida bo‘sh kelma…
Sayxonlig-u o‘tloqzorlarga katta-kichik g‘aramlar uyib tashlangan edi. Bitta g‘aramning balandligi hatto kamida uch metrcha kelardi – kim bilsin, uning tagida qanday tuxum yashirib qo‘yilgan, ehtimol hech nima yo‘qdir.
Signal ovozi eshitilib, start yo‘nalishi oldidagi tasma kesildi. Bolalar misli ko‘rilmagan bir shiddat bilan “ov”ga otildilar.
Kichkintoy Antonella bu boy bolakaylarning oldida dovdirab qoldi. U bir g‘aramdan ikkinchisiga qarab yugurar, ammo qo‘lini g‘aram ichiga tiqishga jur’at qilolmasdi. Boshqalar esa, bu vaqtda kattakon shakoladrang, qip-qizil, oppoq, muhimi – sehrli sovg‘alarni bag‘riga olgan tuxumlarni ko‘ksiga bosgan ko‘yi onalari tomon yeldek uchardilar.
Mana, nihoyat, Antonella ham bir g‘aramga ohista qo‘l suqib, qandaydir qattiq va silliq bir nimani tuydi: aftidan, tuxum ancha bahaybat edi. Suyunganidan o‘zini yo‘qotib, “Topdim! Topdim!” deya qichqirib yubordi-da, tuxumni chiqarib olmoqchi bo‘ldi. Lekin shu payt bir bolakay ashaddiy regbistdek chaqqon tashlandi-da, tuxumni ko‘ksi bilan qopladi. So‘ng Antonella uning kattakon pasxa tuxumini qo‘lida tutgan ko‘yi yugurganicha o‘zidan uzoqlashayotganini, yugura turib ortiga burilib qaraganini, hatto tilini chiqarib uni masxara qilganini ko‘rdi.
Qanchalik olg‘ir-a bu bolakaylar. Soat uchda o‘yin boshlangan edi, oradan o‘n besh daqiqa o‘tib-o‘tmay jamiki tuxumlar o‘z egalarini topdi. Faqatgina Jildaning qizchasi quruq qo‘l bilan atrofga alanglab qarar, onasi kiygan soxta niqobni qidirardi. Uning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan, lekin o‘zini yig‘idan tiyishga jon-jahdi bilan urinardi: bu bolakaylarning oldida ho‘ngrab yig‘lash katta sharmandalik bo‘lib tuyulardi unga.
Shu payt yetti yoshlardagi qandaydir tillarang sochli qizaloq ajoyib pasxa tuxumlarini naq bir quchoq qilib ko‘tarib o‘taverdi. Mana buni o‘lja deydilar!
Antonella unga havas bilan tikilib qoldi.
– Nima bo‘ldi, sen hech nima topmadingmi? – mehribonlik bilan so‘radi o‘sha qizaloq.
– Ha, hech nima.
– Istasang, mendan bittasini olishing mumkin.
– Rostdanmi? – suyunib ketdi Antonella. – Qaysi birini olay?
– Kichikrog‘ini ola qol.
– Shunisini olsam maylimi?
– Mayli, ola qol.
– Rahmat! – Qizchaning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.
– Sening isming nima?
– Inyatsiya, – dedi tillasoch qizaloq.
Shu payt novchagina ayol, aftidan, Inyatsiyaning onasi kelib ularning suhbatiga qo‘shildi.
– Nega tuxumingni bu qizchaga berding?
– Men berganim yo‘q, uning o‘zi oldi, – po‘ng‘illadi Inyatsiya: bolalar ba’zan tushunarsiz makkorlikka jazm qilishadi.
– Yolg‘on! – qichqirdi Antonella. – Uning o‘zi berdi-ku!
Bu qalin qog‘ozdan bejirim qilib yasalgan chiroyli tuxum bo‘lib, hoynahoy qutiga o‘xshab ochilar edi-da, ichidan qandaydir o‘yinchoqmi-qo‘g‘irchoq chiqardi.
Mojaroni ko‘rib, Binafsha Xoch tashkilotining oppoq kiyingan ellik yoshlardagi xodimasi ularning oldiga keldi.
– Nima bo‘ldi, jajji qizaloqlarim? – so‘radi u kulib turib. Biroq uning kulgisi qandaydir muzdan ham sovuqroq edi. – Sizlar nimadandir norozimisizlar?
– Yo‘q-yo‘q, hammasi joyida, – javob qildi Inyatsiyaning onasi. – Faqat manovi maymuncha, bilmadim, kimning qizi ekan, mening qizchamning qo‘lidan tuxumini tortib olibdi. Arzimas narsa! Har qalay, men uchun! Mayli, ola qolsin shu! Yur, ketdik, Inyatsiya! – Shunday deb ona qizini yetaklab ketdi.
Lekin mas’ul xodima mojaro to‘la yechimini topdi deb hisoblamadi.
– Sen u qizning tuxumini tortib olganmiding? – so‘radi u Antonelladan.
– Yo‘q, uning o‘zi menga beruvdi.
– Nahotki? Sening oting nima o‘zi?
– Antonella.
– Antonella, familiyang-chi?
– Antonella Sozo.
– Onang qaerda?
Shu payt Antonella onasini ko‘rib qoldi. U bor-yo‘g‘i bir necha qadam narida nima bo‘layotganini jimgina kuzatib turardi.
– Ana, mening onam, – deb ko‘rsatdi qizcha.
– Shu ayolmi? – so‘radi mas’ul xodima.
– Ha.
– U murabbiya emasmi?
Jilda ularga yaqinlashdi.
– Bu mening qizim.
Xodima unga hayron bo‘lib boshidan oyog‘igacha razm solib qaradi.
– Meni kechirasiz, sinora, sizning chiptangiz bormi o‘zi? Qani, marhamat qilib ko‘rsating-chi!
– Mening chiptam yo‘q, – Antonellaning yonida turib javob qildi Jilda.
– Chiptangizni yo‘qotib qo‘ydingizmi?
– Yo‘q, menda chipta aslida yo‘q edi.
– Demak, siz chiptasiz o‘tgan ekansiz-da, a? Bu butunlay boshqa gap! Bunday taqdirda, qizcha, tuxumni qaytarishga to‘g‘ri keladi. – Shunday deya tuxumni Antonellaning qo‘lidan yulib oldi. – Sizlarga uyat emasmi? – tanbeh berdi yana. – Qani, marhamat qilib tezda bog‘ni bo‘shatib qo‘ying-chi!
Qizcha toshdek qotib qoldi. Uning ko‘zlariga shunaqangi g‘am-g‘ussa cho‘kdiki, bosh ustidagi osmon ham kutilmaganda qorayib ketgandek bo‘ldi.
Mas’ul xodima tuxumni qo‘lida ko‘targan ko‘yi mag‘rur odimlab uzoqlashar ekan, Jildaning g‘azabi qattiq junbushga keldi. U qalbida yig‘ilib qolgan tahqir, xo‘rlik, puchga chiqqan umid bilan sarobga aylangan istakni ortiq jilovlashga mutlaqo qodir emas edi endi. Natijada u alifboning “g”, “b”, “s”, “sh” va boshqa harflari bilan boshlanuvchi jamiki qo‘pol so‘zlarni ayolning ortidan peshma-pesh yubordi.
Atrofga oliy tabaqaga mansub zodagon ayollar bilan ularning ajoyib pasxa tuxumlarini ko‘tarib olgan bolalari darrov yig‘ildilar. Ayrimlar Jildaning baqirishlarini eshitib, qo‘rqqanlaridan qochib qoldilar. Boshqalari g‘azab bilan so‘z qotdilar:
– Qanday sharmandalik! Janjalga balo bormi!
Bolalarning oldida-ya! U ayolni shu zahoti hibsga olish kerak!
– Ket! Yo‘qol! Agar politsiyaning qo‘liga tushishni istamasang, tezroq yo‘qol bu yerdan, yaramas! – tahdid qildi mas’ul xodima.
Antonella shunaqangi g‘am-alam bilan yig‘ladiki, bu yig‘i toshni ham eritib yuborgudek edi. Jildaning bo‘lsa, hushi o‘zida emas edi: g‘azab, uyat, nafrat, qahrdan kuchiga kuch qo‘shilgan edi go‘yo.
– O‘zingiz uyalmaysizmi? Shu bechora kichkintoyning tuxumini tortib olishdan siz uyalishingiz kerak edi, siz! Ha, men emas, siz uyaling, pastkash!
Ikki politsiyachi yugurib kelib, Jildaning qo‘lidan tutishdi.
Jilda battar jazavaga tushib qichqirdi:
– Qo‘yvoring, menga qo‘l tekkizmang! Ablahlar!
Ular ayolning qo‘llarini qayirib darvoza tomonga sudradilar.
– Biz bilan bo‘limga borasan! Qamoqqa tiqish kerak buni! Hokimiyat vakillarini haqorat qilishning oqibati qanday bo‘lishini bilib qo‘ysin!
Baquvvat erkaklar shu jikkakkina, nimjongina ayolni bazo‘r tutib turishar edi.
– Yo‘q! Yo‘q dedimmi, yo‘q! – qichqirdi u. – Qani mening qizim?! Qo‘yvoringlar meni, ablahlar!
– Oyi! Oyijon!
Antonella uning etagiga yopishdi. Qizaloq titrab-qaqshab hiqillab yig‘lar ekan, to‘polonda uni u yoqdan bu yoqqa siltashardi.
Jildani endi o‘ntacha odam – erkak va ayollar bosishga urinishardi.
– Bu ayol aqldan ozibdi! Tiydirish ko‘ylagi kerak!
Qamoqqa tiqish kerak buni!
Bir zumda politsiyaning usti yopiq mashinasi yetib keldi-da, uning orqa eshigi ochildi. Mashinaga tiqish uchun Jildani ko‘tardilar. Binafsha Xochning mas’ul xodimasi Antonellaning qo‘lchalaridan mahkam ushlab turdi.
– Sen men bilan ketasan! Men uni – sening onangni hali shunaqangi tavbasiga tayantirayki!..
Hech kim nohaqlikni ko‘rib-bilib, jonidan-qonidan o‘tkazib turgan odam g‘ayritabiiy kuch-qudratga ega bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi.
– Oxirgi marta ogohlantiraman: yaxshilikcha qo‘yvoring! – qichqirdi Jilda, uni mashinaga zo‘rlab tiqmoqchi bo‘layotganlarida. – Qo‘yvoring dedim, yo‘qsa o‘ldiraman!
– Bo‘ldi, bas! Olib keting uni tezroq! He, o‘l bu kuningdan!.. – qizchani o‘zining oldida bazo‘r ushlab turar ekan, qichqirdi xodima.
– Hali shunaqami! U holda birinchi bo‘lib sen o‘l, ming la’nat senga! – jon-jahdi bilan yulqinar ekan, qichqirdi Jilda.
– E Xudo! – oqbilak oyimcha oh deb yiqildi-da, shu zahotiyoq jon taslim qildi.
– Mening qo‘limni ushlab turganing uchun endi navbat senga! Keyin navbat senga! – xitob qildi xizmatkor.
Ayolni o‘rab turgan odamlar to‘dasi o‘z-o‘zidan yoyildi. Politsiyachilardan biri mashinadan tashqariga ag‘darilib tushdi-yu jon asari yo‘q holda yotib qoldi.
Jilda yana bir so‘z aytar-aytmas ikkinchisi ham uning ortidan yiqildi.
Atrofdagi hamma tomoshatalablar dahshatdan dong qotib qoldilar. Endi Jilda unga yaqinlashishga jur’at qilolmayotgan olomon orasida yakka o‘zi turardi.
Ona Antonellaning qo‘lidan tutib shahd bilan olg‘a intildi.
– Qani, yo‘lni bo‘shat hammang!
Hech kim unga yaqin kelishga jur’at qilolmagach, o‘z-o‘zidan yo‘l bo‘shab qoldi. Biroq politsiyachilar yigirma metrcha orqadan unga ergashdilar. Sirenaning chiyillashidan qo‘rqqan tomoshabinlar turli tomonga qocha boshladilar: qo‘shimcha kuch – tez yordam, o‘t o‘chirish, politsiya mashinalari oldinma-ketin yetib kelgan edi. Qo‘lga olish harakatiga rahbarlikni politsiya boshlig‘ining o‘rinbosari o‘z zimmasiga oldi. U buyruq berdi:
– Brandspoytlarni tayyorlang! Ko‘zni yoshlatuvchi gaz!
Jilda qo‘rquv nimaligini unutgan edi, ortiga shahd bilan burilib qaradi:
– Qani, mard bo‘lsang oldimga kel!
Insoniy sha’ni toptab-tahqirlangan ona ko‘ksida bo‘ysinmas bir ilohiy kuch qaynab-toshmoqda edi.
Qurollangan politsiyachilar halqasi uni tobora qurshovga olib kelaverdi. Tahdidli xitob yangradi:
– Qo‘lingni ko‘tar, ey badbaxt! Ogohlantiruvchi o‘q tovushlari ham eshitildi.
– Senlar hali yolg‘iz o‘zimni emas, qizim ni ham o‘ldirmoqchimisanlar! – qichqirdi Jilda. – Yo‘limdan qoch hammang!
Shunday deya u o‘z yo‘lida dadil davom etdi. Ayol hech kimga barmog‘ini ham tekkizmasa-da, “oldingi safda kelayotgan” olti nafar politsiyachi baravariga yer tishladi.
Shunday qilib, u uyiga yetib oldi. Bu shahar chekkasidagi atrofi yovvoyi o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan ulkan va ko‘rimsiz bir inshoot edi. Politsiyachilar uyni qurshovga olishdi.
Politsiya boshlig‘i qo‘lida ovoz kuchaytirgich bilan oldinroqqa chiqdi: barcha uy egalariga besh daqiqa ichida binoni bo‘shatib qo‘yish taklif qilindi. Isyonkor ayolga esa, jiddiy ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida qizchasini o‘z ixtiyori bilan topshirish tavsiya etildi.
Jilda yuqori qavatdagi derazadan boshini chiqarib tushunarsiz tarzda nimalardir deb qichqirdi. Qurshovga oluvchilar halqasi bir zumda baayni ko‘zga ko‘rinmas to‘siqqa duch kelgandek taqqa to‘xtadi-qoldi.
– Qayoqqa? Saflar mustahkamlansin! – buyruq yangradi.
Lekin hattoki ofitserlar ham qoqila-surina ortlariga chekindilar.
Butun binoda Jilda bilan qizchasidan boshqa hech kim qolmadi. Aftidan, ayol qizchasiga yegulik tayyorlayotgan edi, sababi mo‘ridan ingichkagina tutun chiqib tepaga o‘rlay boshladi.
Atrofga asta-sekin qorong‘ulik cho‘kmoqda edi. Bino tegrasiga esa, Yettinchi motorlashtirilgan polkning zirhli mashinalari tizilishtirib qo‘yildi. Jilda yana oynadan qarab nimadir deb qichqirdi. Og‘ir zirhli mashinalardan bittasi turgan joyida sapchib, nimagadir to‘nkarildi-qoldi. Undan keyin ikkinchisi, uchinchisi, to‘rtinchisi… Qandaydir sirli kuch ularni baayni yengilgina o‘yinchoqlardek chor tarafga otib boshladi. Ular borib tushgan joylarida yalpayib, bir uyum temir-tersakka aylanaverdi.
Favqulodda qamal holati e’lon qilinib, BMTning maxsus qo‘shini chaqirildi. Atrof-javonibdagi butun bir tuman aholisi boshqa joyga ko‘chirildi. Tong saharda bombardimon boshlandi.
Jilda bilan Antonella ayvonga chiqib, bu qiziq tomoshani bamaylixotir kuzata boshladilar. Nima uchunligi noma’lum, bironta bomba uyning ustiga kelib tushgani yo‘q. Ularning hammasi nishonga uch yuzmi-to‘rt yuz metr qolganida havoda portlab ketmoqda edi. Keyin Jilda yotoqxonaga qaytib kirdi, chunki qizchasi kuchli portlash tovushidan qo‘rqib yig‘lay boshlagan edi.
Ularni tinkasini quritish yo‘li bilan qo‘lga olishga qaror qilishdi. Suv ta’minotini to‘sib qo‘yishdi. Lekin, baribir, har kuni ertalab va kechqurun mo‘ridan o‘sha-o‘sha tutun chiqaverdi – demak, Jilda qizchasiga yegulik pishirmoqda edi.
Generalissimuslar hujumni soat X ga belgilashdi. Ayni shu soatda, xuddi qiyomat qoyim bo‘landek, bir necha chaqirimlik joyda yer zir titradi. Bronetank kuchlari birgalikda aniq yo‘naltirilgan hujum boshladilar.
Jilda tag‘in derazadan boshini chiqardi.
– Bo‘ldi-da endi! – qichqirdi u. – Meni tinchimga qo‘yasizlarmi-yo‘qmi?
Qandaydir bir ko‘zga ko‘rinmas qudratli kuch tank saflarini buzib tashladi: ajal yuklangan temir-po‘lat mastodontlar (qadimda yashagan bahaybat filsimon hayvonlar) nimagadir qars-qurs qilib parchalanmoqda va ishdan chiqqan ma’danlar qabristoniga aylanmoqda edi.
BMT Bosh Kotibi oq bayroqni baland ko‘tarib oldinga chiqdi. Jilda qo‘l ishorasi bilan uning uyga ki-rishiga ijozat berdi.
BMT Bosh Kotibi xizmatkor bilan tinchlik bitimi tuzish yuzasidan muzokara yuritish umidida kelgan edi: mamlakat o‘lar ahvolda turibdi. Xalq bezovta-behalovat. Qurolli Kuchlar butkul holdan toygan. Ahvolni qanday o‘nglash kerak endi?..
Jilda mehmonni qahva bilan siyladi. Shundan keyin shartini aytdi:
– Men qizalog‘im uchun pasxa tuxumini xohlayman. Uyning yo‘lak boshiga o‘nta yuk mashinasi kelib
to‘xtadi. Ulardan turli kattalikdagi mislsiz darajada go‘zal tuxumlar tushirildi-da, taklif qilindi: mana, qizaloq marhamat qilib tanlab olaversin! Ulardan bittasi hatto diametri o‘ttiz besh santimetrlik sof tilla tuxum bo‘lib, usti qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi.
Antonella o‘sha mas’ul xodima o‘zining qo‘lidan tortib olgan tuxumga aynan o‘xshaydigan, rangli qog‘ozdan yasalgan kichkintoygina bir tuxumni tanlab oldi.

Rus tilidan Otauli tarjimasi