Chingiz Aytmatov. Tangriga tavallo (novella)

– U shunday lutf qilgan.
– Kim? Kim shunday lutf qilgan?
– Qulog‘ingga yaxshilab quyib ol, o‘shanda fahmlaysan…
U shunday lutf qilarkan, suhbatdoshining diqqatidan bo‘lsa kerak, yo‘lakay o‘yga botdi va shunda yana bir talay hodisalar qaytadan xotirida jonlandi. Bunaqa amri ma’ruf hamisha ham bo‘lavermaydi.
Shunday qilib, bu haqida naql qilishi uchun, u avvalo arqonni uzun tashladi, ota-bobolarimizning ham bu haqida rivoyatlari borligini, eslab yurishlarini qistirib o‘tdi: bunda birvarakayiga xayol otiga sak­rab minib, tafakkur uyurlarini yulduzlar qadar uchirib ketganda ham, haqiqatni samoviy kenglikda hech jilovlab bo‘lmas, unga yetmoq amri mahol, bu poygada qanchalik oldga tashlanilmasin, baribir haqiqatning bo‘yniga hech ham, hech qachon ug‘ruq – kamand tashlab bo‘lmaydi. Xuddi naq falakda turib ham osmonni o‘lja qilib bo‘lmaganidek, buning ham hech iloji yo‘q.
Aslida zaminda ham qadimdan ahvol shu: o‘tgan zamonlarda umrguzaronlik qilgan odamzod naslining ne bir boboyu bobokalon buzrukvorlari hamma zamonlarda chek-chegara bilmas tafakkur va muhokama sarhadlarida sarson-sargardon kezib, o‘ylab-o‘ylab shu qarorga, shu noiloj to‘xtamga kelaverganlar – dunyo bebaqo, kim bu zaminga birinchi tushirilib, birinchi bo‘lib unda o‘rnashib-o‘rnashmasdan, dunyoning foniyligi haqidagi o‘y unga hech tinchlik bermagan va tog‘larga yugurib chiqib, cho‘qqida turib qichqirgan: “O‘lishni istamayman, mening hech ham o‘lgum yo‘q!” Dunyoning bebaqoligi haqida kimdir qachonlardir ilk bor shuni o‘ylagan, bu haqida beixtiyor og‘zidan gullab qo‘ygan bo‘lsa, va yana kim qiyomat yaqinlashganda, hayotining oxirgi damlarida ham shu fikr xayolidan kechar – shu ma’no tilidan uchar – ammo shunda ham dunyoning bundan keyin oxir-oqibat nima bo‘lishini hech ham, hech kim karomat qila olmagay, chora esa hamisha bo‘lgan, bor, doimo bo‘ladi ham, uning birgina, yagona yo‘li – taqdirga rozilik! Biz bo‘lsak, hali hamon bunga bo‘ynimizni eggimiz kelmaydi. Faqat qazoi qadarga iymon – taqdirga rozilikkina yeru ko‘kda uddalab bo‘lmaydiganlarni uddasidan chiqishga imkon beradi. Shuning uchun bir nafas xayol uyurlaringga tin ber, qo‘yaber samo o‘tloqlarida fikr tulporlari bir yayrab-yaydoqlagancha o‘tlab olishsin va o‘zing ham nafas rostla va yana yangidan qazoi qadarga rozilik totini sur – qancha orzu qilma, abadiyat sharobini totmoq maholdir. Shuning uchun ham omochingni to‘xtat, umid va intizorlik dalasi qanchalik shudgorlanganiga bir yaxshilab qara, omoch tishi, fikr tiliklaridan pora-pora dalaga, kesilib-kesilib shudgorlangan tuproqqa ozgina halovat ber, poygada chopgan fikr tuyoqlari ostida ezilishdan, xuddi butun olam jarohatiday bo‘lib yotgan bag‘rida urug‘ sepiladigan yupun-yalang‘och, himoyasiz tuproqni asra va yana va yana taqdiringning egasi bo‘l – abadiyat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas… Qani, olg‘a!
Va sajda qil. Boshqasini xayolingga ham keltirma. Qolgan nimaki bo‘lsa, bahridan o‘t – uloqtir. Bo‘lak yo‘l yo‘q. Hech qachon dunyoning bebaqoligini o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Biroq sen nima karomat ko‘rsatding? Tin olgan bo‘ldingu, yana o‘z bilganingdan qolmading! Sen yana munodiylik qilib, hammayoqqa jar solish uchun toqqa yugurganing-yugurgan! Sen o‘zi qanaqa maxluqsan? Hech ushlaganingni qo‘yay demaysan. Kechiru, ko‘z ochganingdan buyon, hamisha shu ota go‘ri qozixona, ha, ming karra uzr, lekin bizga hech tinchlik beray demaysan, hech…
Albatta, seni tushunaman, qanday qilib murosayi-madoraga kelish­ mumkin, biroq, o‘sha itoatgo‘ylik yo‘q ekan, mayli, unda hamma o‘zinikidan qolmagani, bilganini ming ma’qullagani bilan, o‘zingga juda ham ishonma, o‘sha itoat-taqdirga rozilik yo‘q ekan, biz goh abadiyatning mahkumlari, goh esa bizda qondirib bo‘lmaydigan abadiyat tashnaligi va adoqsiz uzun orzu qilish vasvasasi hech qachon bosilmaydi. Xuddi shunday ona urug‘donida homila paydo bo‘lgan palladan va o‘lim to‘shagida ko‘zlardagi so‘nggi nur so‘nganicha, goh o‘zida bizning eng yuksakdagi va eng tubandagi saodat va fojialarimiz, zaminiy ahamiyatiga ko‘ra, har safar, yana va yana yangidan achchiq bir anglovga olib kelaveradi, bu yorug‘ olamga qancha kishi kelib ketgan va Qiyomatgacha yana qancha yashab o‘tadiganlar, ularning ko‘radigan kunlarini o‘limning lahzadagi kunfayakuni mutlaq qarzga berilgan hayotdan – yorug‘ olamdan tamoman mahrum-mosuvo etadi, o‘tgan o‘zagingni-da qirqib tashlaydi va bularning barini, hech shubhasiz, haqiqat hamma tomondan o‘rab olgan bo‘ladi. Xuddi shu yerdan odam bolalari tilidan tushmay, taralabedod qilib yuradigan “bor ekanu, yo‘q ekan” cho‘pchak kalomi ahamiyat kasb etadi… Ha, bir bor ekan – bir yo‘q ekan…
Biroq, hatto narsa-hodisalarning shunday vaziyatida ham, deylik, asrlar silsilasida kunlar qat’iy o‘lchamda belgilab qo‘yilgan esa-da, azal yaralishda biz uchun abadiyatdan bo‘nak borligida ham, insonga, bu manzil-makonlar unga vaqtinchalik karvonsaroy ekanligini eslatib turadi va bu ham yetmaganday, shuning o‘zi ham aksiga qayta-qayta ketayotgan olamga qayrilib ham qaramaganini – bular to‘pig‘iga-da chiqmaganini ko‘rish-kuzatish mumkinki, shu lahzada buyukligi kichikligida qaytalagan va tik­langanda ham, tog‘dagi qum zarrachalaridek bir ko‘rilib izsiz yo‘qolib ketadi, u bo‘g‘izda vulqonning gumburlashi kabi sado bersa-da, tevarak bunga har qachon gung-garang, betitroq, e’tiborsiz qolaveradi. Bu yerda asos – so‘z go‘yo abadiyatning zarrachalari kabidir.
Bularning bari juda oddiy, ravshan haqiqat ekanligini, shu vaqtlarda kutilmaganda Qumbel temir yo‘l stantsiyasiga kelgan bir kishi bilan Abutolib Quttiboyev daf’atan uchrashib qolib, o‘zi uchun kashf etgan edi. Ochig‘ini aytganda, o‘sha urushdan keyingi, sarson-sargardon bo‘lib yurgan og‘ir davrida surgundagi muallim uchun bu taqdirning xayrli foliday ko‘rindi. Yana dunyoning qarg‘ish tekkan bir chekkasi – Sario‘zak cho‘lida, surgunda yurganida o‘sha yillarda juda mashhur etnograf-sharqshunos olim, dovrug‘i ketgan Chadayev, kimsan Turg‘un og‘a, ya’ni Kalontoyevich bilan ko‘rishib, shakarguftorlik qilishi uning yetti uxlab tushiga kirganmidi? Bungacha ham Abutolibning qulog‘iga u haqida u-bu shov-shuvlar chalingan edi. Bu o‘sha yuragi otning kallasidek Turg‘un Kalontoyevich Chadayev bo‘lib, Stalinning “o‘ttiz yettinchi yillari” ayovsiz hushtak chalib turganida ham, o‘zining jonini xavfga qo‘yayotganiga parvo qilmay, o‘z umri uchun nojo‘ya hazil, tentaklikday ko‘ringan ishlarga tavakkal qilaverar, haqiqatni tikka aytishdan qo‘rqmagan, har narsaga hoziru nozir hushyor chekist-komissarlarni esa unga daxl qilishga oddiy bir sabab-andisha yo‘l qo‘ymagan deya rivoyat qilishar edi; zero, uning bir o‘zi birato‘la: bir emas, ikki emas, rus xalqining naq uch buyuk kishisi nomini ko‘tarib yurardi – Chadayev, Turgenev, yana deng Kollontay! Ochig‘i, o‘shanda hamma narsaga qodir NKVD xodimlariga ham bir o‘q bilan birdaniga uch buyuk nomni yer tishlatish, haddan ortiq quyushqondan chiqish bo‘lib ko‘ringan ekan!
Biroq Chadayevday odam ham, o‘z taqdiri bilan o‘ynashganiga aql bovar qilmaydi va o‘zi ustidan hukm o‘qishi – qora chiziq tortgani hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi; rostdan ham u, favqulodda bir siymo bo‘lib, Qozog‘istonu butun O‘rta Osiyoda otning qashqasiday ma’lumu mashhur, hamma birday ixlosu hurmat qiladigan bir zot edi, qariyb butun umr jonini tikkan kasb-kori orqasidan qolmagan, manba-ma’lumot izlab, o‘lkashunoslikka oid boshi-keti yo‘q ekspeditsiyalardan yozu qish bo‘shamas, bir narsani aniqlashtirmoq uchun o‘lkaning eng chekka – tulki tezak tashlamas yerlarigacha borishdan qaytmas, bu fidoyiligi hosilasi o‘laroq qator-qator, jild-jild ilmiy tadqiqotlari yuzaga kelgan edi. Balki aynan shuning uchun ham o‘zining tug‘di-bitdi antiqa xulq-atvori, afandiligini el ichra yoygan, yurtning erkasi bo‘la olgan edi. Shuning uchun ham u o‘zini “Akademiyaning udarnigi” – “zarbdor” deya atab, hazillashishdan ham toymasdi. Bir zamonlar respublika Fanlar Akademiyasining katta bir firqa yig‘ilishida birovi minbardan turib, tahdid bilan, akademik Chadayevga diqqatni qaratadi va deydiki, u qariyb firqa yig‘ilishlariga qatnashmaydi, doimo dala-dashtlarda, allaqanday o‘zining ekspeditsiyalarida sandiroqlab yuradi, firqa topshiriqlari bilan hech bir yonib-kuymaydi, firqaviy muloqotlarda hech ham faollik ko‘rsatmaydi, marks­cha-lenincha g‘oyalar, Stalin saboqlari targ‘ibotlarida ishtirok etmaydi, bularning bari bekorga bo‘lmasa kerak, nega hech kim uning sinfiy yot kimsa ekanini, feodal o‘tmishini eslamaydi, u hech qanaqa O‘rololdi mashhur “Chadayevlar” aymog‘idan bo‘lmasdan, bir kelgindi, nasl-nasabi allaqanday tayinsiz shubhali kimsalarga borib taqaladi deb qoladi; bularning bariga esa qat’iy pozitsiyada turib, birma-bir javob yo‘llangan Turg‘un Kalontoyevich Chadayevning Tuvaning allaqaysi yeridan yetib kelgan telegrammasida shunday jumlalar bor edi: “Azizim Imyarek, sening xavotir-hovliqishing behuda, men o‘zi allaqachon bu jin topmas Sibirning bir chekkasidagi sen meni ko‘rmoqchi bo‘lgan joyda kukulab yotibman. O‘zingdan qolar gap yo‘q, butun umr – o‘rnashmoqdir. Istamoq – bu hamfikr bo‘lmoqdir! Aziz jo‘rajon, seni kutaman. Orziqib kutaman. Oyog‘ingni qo‘lingga olib yugur!”
Mana endi, qarigan chog‘ida Chadayevning Sario‘zak cho‘lida paydo bo‘lganini ko‘rmaysizmi. Uning tashrifini shu yerlik alay-balay kishilar hamma uchun xayrli yangilik deb qabul qildilar. Turg‘un og‘a Chadayevning o‘zi ham, qachonlardir buyuk tarix daryosi guvullab oqqan, karvonlar paydar-pay qatnagan, ulkan yov lashkari oyoqlari ostida toptalgan sahroi o‘lkada talabalik yillaridayoq bo‘lishni, cho‘lni u boshidan bu boshigacha kezib chiqishni orzu qilib kelganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi; qolaversa, hozirgi sario‘zakliklarning o‘ziga-da, uning ilmiy maqsadda qiziqishi kam emas ekan: mahalliy rasm-rusumlar, qadimdan kelar va rioya qilinar odat va taomillarni suv qilib ichib yuborgan xalqning aytimlari uning jonu dili, atamashunoslik, lahjalarning kelib chiqishi, el-elatning paydo bo‘lib, shakllanishi va xalq og‘zaki ijodiga oid yana bir talay omillar uning uchun naq xazinaning o‘zi edi…
Ana shunday, Abutolib Quttiboyevning butun hayotida unutilmas xotira bo‘lib qolgan uchrashuvni muhtaram Chadayevning o‘zi tashkillashtirgan – bu xuddi taqdiri azalning bitigiday, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas bir alfozda yuz bergan edi.
Bu unutilmas voqeaning yuz berishida qo‘li yengil Edigey Bo‘ronning ham xizmati bor. Aslida esa bunga Sario‘zakda og‘izdan og‘izga ko‘chib yurar bir rivoyat sababchi edi…
“Sario‘zak qatli” haqidagi afsona qadim zamonlardan xalq ichida yoyilgan, goh yo‘qlikka singib ketgan qator asrlar silsilasida chalkash-chulkash bo‘lib, o‘sha zamonlarda umrguzaronlik qilganlarning xotirasida yonib bitgan gulxanning so‘nggi tutunlari kabi yiroqlashib, tamoman esdan chiqib ketar va goh yana negadir yangidan tug‘ilib, og‘izdan og‘izga shoyim bo‘lib, hayotga hamisha hamroh narsalar misol jonlanar, qo‘r to‘kar va yangidan-yangi o‘y-fikr, mushohada-muhokama buloqlari ko‘zini ochib yuborar edi. Nega bunaqa tarzdagi qismatga duchor bo‘lgani haqida esa tayinli bir javob berish amrimahol. Aftidan, unda har bir avlod xotirasiga tez yuqib tarqaladigan nimadir bor edi.
Mana shu qadim zamonlarga borib taqalar “Sario‘zak qatli” tarixi kelib-kelib, birdan, hech kutilmaganda Abutolib Quttiboyevning taqdiriga ham tasodifday kirib kelib, hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini aytmaysizmi? Nega uning qismatida rivoyat bunaqa ko‘rinishda namoyon bo‘ldi – bu ham bir jumboq. Javob berish mushkul. Gapning po‘stkallasini aytganda, bunga o‘xshash afsona surgunda yurgan muallimni qiziqtirib qolib, qiymatli narsaday qanchalik e’tiborini tortgan bo‘lsa, shundan kam bo‘lmagan darajada o‘shanda Qizil O‘rda viloyat “Yagoda-Ejov”chisi Tansiqboyevga ham tergovga ishga solinmagan, siyosiy ayb qo‘yishda dalil sifatida juda qo‘l keladiganday ko‘rinib, juda hovliqtirgan edi. Bu afsona sabab bo‘lib, Abutolib xazinaday bir bebaho kishi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lganining o‘zi alomat, buning o‘zini ham hayotdagi bir afsona desa arzirdi. Holbuki, uning baxti chopib, bu voqea haqiqatan ham ro‘y bergan edi…
Bu voqeaning ro‘y berishiga esa chindan ham qo‘li yengil Edigey Bo‘ron sababchi edi. Ayni o‘sha kunlari Edigey Qumbel stantsiyasiga borib qoladi. U Qumbelda bir tanishinikiga, shunchaki ish yuzasidan ko‘rib ketmoqchi bo‘lib kirsa, kimsan, akademik Chadayevning o‘zi o‘tirgani ustidan chiqadi; safardan qaytib kelgach, olim bilan ko‘rishib, dil yayratar suhbat qurishganini maroq va mamnuniyat bilan hikoya qilishga tushib ketadi. Turg‘un og‘a Chadayev o‘zining ikki yordamchisi – navqiron hamkasblari bilan bekat nazoratchisining dang‘illama uyiga tushishgan, yoshlar goh yozishar, goh chizishar, goh fotosuratga olib yotishar, bularday ko‘makchilarsiz olis bir joyga safar qilgan oqsoqolga qiyin bo‘lishi turgan gap ekan. Buni qarang, bir piyola choy ustida gurunglashib o‘tirishar ekanlar, el nazaridagi oqsoqol Edigeydan har turfa, o‘tgan-ketganlar qatorida bu yerdagi matal-masallardan, qay bir qulog‘iga chalinganlarini so‘rab-surishtiribdi.
Shunda Edigey o‘lkaning qadimiy rivoyatlari borasida, afsuski, o‘zi tuzuk-quruq biron narsa so‘zlab berolmasligini aytibdi. Ammo Edigeyning ta’kidlashicha, ularning bekati – Bo‘ronlida shunday bir kishi bor ekan. “Abutolib Quttiboyev degan bu kishining o‘zi sobiq muallim, hozir surgunda; bu borada u ko‘p narsani biladi, o‘zi xo‘b madaniyatli odam, shu kishi har xil qadimgi qo‘shiq-laparlar bormi, eskilardan qolgan masal-matallar bormi, hammasini birma-bir erinmay yozib olib yuradi, bu ishda Zarifa degan rafiqasi, u ham muallima, aytimlarni qanday bo‘lsa, shunday ko‘chirib berib eriga ko‘maklashadi, bular bu ishlarining hammasini kichkintoy o‘g‘ilchalari uchun qilishadi, ular ikkita – ishqilib, shu qorako‘zlari bir kuni ulg‘ayganda o‘qishsin deb, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, nima bo‘lsa ham bolalari uchun qilib yurgan kuyunchak bir odam”, debdi Edigey.
Buni qarang, Turg‘un og‘a Chadayev uning gaplarini e’tibor bilan ting­larkan: “Men, rivoyatgo‘y, anovi muallimning o‘zi, Abutolib Quttiboyev deganing bilan ko‘rishsam bo‘larkan. Sen, baraka topkur, unga shu gaplarimni yetkazib ko‘r-chi, agar iloji bo‘lsa, shu Abutolib muallim mening oldimga, bu yerga, qariya bilan uchrashishga kela olarmikin? Sario‘zakda u yig‘ib yurganlari ichida, juda nodir qo‘shiqlar, naqllar ehtimol bordir, ularni bilgan, tahlil qila oladigan kishi bilan hangomalashish men uchun juda ajabtovur, qiziqarli ish bo‘lardi”, debdi. Ana shunda Edigeyning qulfi dili ochilib, suhbatning o‘ng‘ovi kelganidan gapni nishonga uribdi: “Men bilgan rivoyatlarning bari, bittasi ham qolmasdan, hammasi uning daftarida birma-bir yozib qo‘yilgan, misol uchun, u yaqinda “Sario‘zak qatli” degan ajabtovur, qiziq bir rivoyatni topdi, deng, shu paytgacha bu yerlarda Chingizxonning bo‘lgani haqida biron-bir ilmiy ma’lumotga o‘xshash hech narsa yo‘q edi, u bo‘lsa, daragini eshitib, yana yozib ham olibdi”. Akademik Chadayevning ichini bu gaplar hazilakam qizdirmagan ko‘rinadi, yoshullining ko‘zlari charaqlab, gapga-gap qo‘shibdi: “Allazamonlardan buyon “Sario‘zak qatli” haqida har xil rivoyatnamo mish-mishlar, afsonalar yuradi, o‘sha allazamonlarda kechgan bu voqea haqida hozirdagi ushbu o‘lkalarda mish-mishu xabarlar mening ham qulog‘imga chalingan, yozib olingan matnlaridan ham bor, Abutolibdan iltimos qil, iloji bo‘lsa, yozib olganini ham o‘zi bilan birga ola kelsin, solishtirib talqin qilar edik, ana gurungu mana gurung bo‘lardi, bu borada quling o‘rgilsin suhbatga nima yetsin, agarki, kelishining hech iloji bo‘lmasa, unda men qariya uning oldiga boraman”.
Iloji yo‘q, degani nima? Gap bo‘lishi mumkin emas. Bu taklifni Abutolib hatto tasavvuriga ham sig‘dira olmadi, ayniqsa, eri uchun Zarifa juda sevinib dedi: “Axir, shunday baxtni qo‘ldan boy berish mumkinmi?! Turg‘un Chadayev hazratlari bilan yuzma-yuz ko‘rishish saodat-ku!” Erini yuk poyezdida jo‘natar ekan, Zarifaning ko‘ngli charog‘on edi, unga bu voqea malomatli surgun musibatida ezilib yurgan oila uchun jindakkina bo‘lsa-da, yorug‘ mujdaday tuyuldi.
Abutolib ertalab uydan yo‘lakay yuk poyezdiga o‘tirib, yo‘lga chiqar ekan, o‘zining hisob-kitobiga ko‘ra, ishqilib kechqurungacha uyiga qaytib kelmoqchi edi, biroq yarim kechagacha qolib ketdi, qariyb tongga yaqin, yana to‘g‘ri kelgan poyezga o‘tirib bazo‘r yetib kelganida ham, shunchalik ushlanib qolganiga qaramay, Turg‘un Chadayevning suhbatiga to‘ymagan, so‘raydiganining qancha-qanchasiga imkon bo‘lmagan edi. Yaxshiki, bunda poyezdlar u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa, sharqdan g‘arbga, g‘arbdan sharqqa paydar-pay, zuvillab qatnab turadi. Zarifa bo‘lsa, uning yo‘liga soatma soat, dam-badam qarab, zoriqib kutib o‘tirar, bolalari allaqachon dong qotib uxlab qolgan edi. Eri qaytgach esa, ertalabgacha gaplashib chiqishdi.
– Bilasanmi, Zarifa, – Abutolib gapni nimadan boshlashni bilmasdan dedi, – bunaqa suhbat butun hayotim davomida bungacha hech qachon bo‘lmagan. Men senga hammasini, oqizmay-tomizmay, bir boshdan, mufassal so‘zlab bersam deyman, o‘zing tushunib olarsan. Biroq hammasidan oldin ko‘nglimni limmo-lim etganini senga izhor qilib olishni istardim. Balki sen bilan bizdek bunaqa joyda yashayotgan kishi uchun hech kutilmagan fikr-mulohazalardir bular. Ishonsang, u bir tog‘, albatta, amalparast to‘ralar uni ayab o‘tirishmaydi. Akademiyada ham shunday kishilar borki, uni otgani o‘qi, ko‘rgani ko‘zi yo‘q, raddi badal qilishni juda ham istashadi. Aftidan, bu ko‘rolmaslik-xusumat hamma zamonlarda ham shunday davom etib kelaveradi. Shunday qilib, men u bilan xayrlashganimdan keyin, Qumbeldan to shu yerga yetguncha, butun yo‘l bo‘yi Chadayev bilan yuragimning cherini olgan suhbatimizni o‘ylab keldim – bunday suhbatdan keyin kishining qandaydir xulosaviy fikri qaror topar ekan. Arqonni uzun tashlab, gapni olisdan boshlaganimdan sen ajab­lanma. Bularning bari u tufayli. Oqizmay-tomizmay so‘zlab berishga urinib ko‘raman. Misol uchun, qadim ibtidoda dunyo bir tartibsizlikda paydo bo‘lgan, ko‘z ochgan deyishadi, lekin xuddi o‘shanda ham, aftidan, menimcha, nimadir mavjud bo‘lgan, bunga hatto fan ham kelib-kelib iqror bo‘lib turibdi, buni o‘zing ham bilasan. Mayda-chuyda shu tartibsiz zarralardan yaralishda nimadir yaxlit-butun bo‘lgan, bunda esa shubhasiz, umumjahoniy bir ustuvor qonuniyat bor. Va insoniyat hayoti ham xuddi shunday. Men nega bunday deyapman – chamasi, o‘sha tartibsizlikdan ko‘z ochgan voqealar, bizga tarixdan yetkazishgan, hayotning har turli izohotlari – hammasidan ham biz har xil sababiyatlardan kelib chiqib gapirishganlarimiz, nima yaxshi, nima yomon, har xil sabablar bilan, so‘zda, xotiralarda, fikrlarimizda, nimaiki yashayotgan bo‘lsa, tushunyapsanmi, bularning bari, tegramizda guvillab aylanayotgan bir shamol kabidir; uning uchun, Chadayev uchun esa, men tushunib qolganimga ko‘ra, bularning bari, muhim bir ma’noni anglatar fikrlar o‘rmonidir, nazarimda. Bularning hammasi tajribaning mo‘lligidan ham. Men shunday tasavvur qilaman: u ilmi urfon bilan quvvatlana-quvvatlana, osmonga ko‘tarilib boradi, bunda miqti tafakkuri, guyoki qanotlarday uni ko‘kka olib uchadi va Yer kurrasiga tepadan turib boqadi: Yerda ibtidoiy alkash-chalkashlik, behuda g‘imir-g‘imir, aralash-quralashlik, biroq ko‘kdan esa o‘sha tartibsizlik mukammal, yaxlit ekani ayonlashadi. To‘g‘ri, Turg‘un og‘a, albatta, katta olim, etnograf, akademik va hokazo, biroq faqat shugina emas, men sinchiklab diqqat qildim, unda bundan-da ko‘ra, qandaydir, alohida bir nima bor, uning ana shu asov qudrati nima, shuni men xayol qarmog‘iga ilintirmoqqa urindim. Uning tafakkur yuritishi naq ohanraboning o‘zi, barchasini o‘ziga jamul-jam eta olgan, taqdir borasida chuqur mulohaza yurita oladi, taqdirga boshqalarning xayoliga kelmagan tomondan chuqur mushohada bilan qaraydi. O‘zing ham bir mulohaza yuritib, o‘ylasang-chi, axir, haqiqatdan ham shunday-ku! Zarifa, biz faqat bolaligimizdagina emas, hammamiz, hamma vaqt sevib keladigan dardkash-afandi, yorug‘ olamdagi hamma narsa uchun kuyib-yonadigan Hasan Qayg‘uni bir esla. Xullasi kalom, o‘zing ham rad etmasang kerak, ko‘plar uning ustidan mazax ham qilib, kulib yuradi, shu ma’noda birov uni haqoratli bir laqab bilan ham atagan. Bu emish-emishlarni qara, bu Hasan Qayg‘u degan ovsarni ko‘ring, mangu hannos, hamma uchun iztirob chekadi, hamma-hamma jonivorlarlar uchun, hattoki u sichqon bo‘ladimi, chumoli bo‘ladimi, ularning ozorlanishini ko‘rib, dili og‘rigani-og‘rigan, hech kimga hech qachon, sirayam aziyat yetishini istamaydi; shuning uchun uning o‘zi bir pulga qimmat, sarson-sargardon. Misol uchun o‘zingga ham yod bo‘lib ketgan Hasan Qayg‘uning o‘ta qayg‘uchan termalaridan birini Chadayga ham eslatdim:

O‘ylash azob, qalb qashlaydi:
Boyaqish ilon qo‘lsiz, oyoqsiz,
Kim unga shafqat qilib achinar?
Tuyoqlar ostida qolmasin-da yanchilib –
Shuni o‘ylab umurtqam zirqiraydi!

O‘ylash azob, yonib-kuygay bundan yurak:
Pastak inda omon qolgaymi polaponlar,
Shamol uchirar, yo yomg‘ir savalaydi.
Himoyasiz jish to‘rg‘ayni qanday asrasam ekan –
Mayli, sellar dashtda mening xokimni uchira qolsin!

O‘ylash azob, doim bundan ko‘ngil halak:
Bulut tog‘da mudrab yotar jaziramada –
Daryolar qurir, o‘t-o‘lan so‘lib, bo‘lur jizg‘anak.
Qanday qilib bulutlarni tutsam bo‘ladi –
Bug‘lanib bitmay obi-hayot yutsam bo‘ladi?

Ha, o‘zing mendan ham yaxshi bilasan, Hasan Qayg‘umiz ana shunaqa! Yerdagi har bir jonzot-jonivor, o‘rmalab yurganning bari uchun, hammasi uchun u qon yutgani yutgan…
Nima deb o‘ylaganding? Akademigimiz Turg‘un og‘a esa, bularning barini juda antiqa, g‘aroyib bir tarzda tushuntirib bersa bo‘ladimi. Aftidan, oqsoqolning sharhida ustuvor bir o‘ziga xos falsafa – donishmandlik bor. Men nimalarnidir yozib oldim. Mana, Zarifa, yozib olganlarimdan ba’zi joylarini o‘qib bermoqchiman. Buni qara, u bularni qanday tushunar ekan? Juda ham qiziq. Men bunaqa tarzda taxmin ham qila olmasdim. Sen eshit, hozir o‘qiyman. U dediki, Hasan Qayg‘u, bilasanmi, nimani sog‘ingan ekan? Ibtidodagi chaqiriqni, da’vatni. Tushunayapsanmi, Yerdan tortib, suvlargacha, shulardan paydo bo‘lgan hamma tirik jonzotlarning da’vati ekan bu, gapning o‘mrovi qayoqqa borayotganini bilyapsanmi, bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, bor jonzotlar, go‘yo butun borliq o‘z-o‘zini himoya qilish g‘oyasini o‘zligini anglagan inson so‘zidan topar, inchunin, xuddi u ta’kidlaganidek, odam tafakkur qilishidangina abadiyat g‘oyasi ko‘z ochar ekan. Biroq odamlarning ongida yashayotgan idrok esa notugal, tarqoq, chala-chulpa, shuning uchun ham poymol qiluvchidir, hatto u aytganidek, ziddiyatli. Va mana shunda evrilishning yuksak bosqichi ot qo‘yadi, buni u izohlab tushuntirishicha, inson Xudoga yuzlanish, tavallo qilish uchun, Uni izlashga tushar, Unga hammasini havola qilar, Xudoga solar ekan; uning aqli kashf qilgan omil qayoqqa ishora qilayapti, tushungandirsan – aql, his, umidlar, tavba-tazarru va hammasining asosi tajriba, xuddi hayot qonuniyati kabi mangulik Ta’limotini, yuz-ming karra oshirib-toshirib, Undangina umid qilishga, kutishga, ijobat qilishini so‘rashga yuzlanar ekan; xuddi shu nuqtada hamma dinlarda Xudo – Molik yavmiddin hammasining asosi; Basir zoti bilan Xudo bularning barini ko‘radi, bularning bariga Some’ – eshitib turadi, oldindan Ugina qazoi qadarning egasi va samoviy va oraziy makonda hammasidan xabardor Alim zotdir. Xoliqu Xobir Hakim zot bo‘lgani uchun ham hayot vakolati Uninggina qo‘lida bo‘ladi. Shuning uchun hammasidan oldin ana shu vakolatni bizdan, aql-hushli kishilardan, yerliklardan talab qiladi.
– Nima, nima? Hayot vakolatini?
– Ha, u aynan shunday dedi. Men ham aynan shunday deb yozib oldim. Xo‘sh, biz shu ruhda davom etadigan bo‘lsak, uning lutfi bilan buni baholi qudrat ta’riflaydigan bo‘lsak, Xudoning noibi ekanmiz va biz Undanmiz va Ungagina qaytmoqni xohlaymiz, ibodatdan murod ham shu! Men bir hisobda “noib” so‘zidan gumonsirab turganimda, u ishonchliroq bo‘lishi uchun aniq-tiniq qilib, Tangriga tavallo – Qazoi Qadarga iymon – umid va rajo, hammasini Uning o‘zigina bizga in’om qiluvchi deb tushuntirdi.
– Abu, bularning barini tushunib yetish menga juda qiyin-ey. Lekin juda alomat, qiziq, ajabtovur ekan. Davom etsang-chi.
– Shuning uchun ham, biz neki bir ish qilmaylik, ulkandan mittigacha, nima haqida u-bu darajada o‘ylamaylik, har bir amalimiz, hammasi Allohning nigohidan tashqarida bo‘lmas, hammasi so‘z va fikr orqali bizga uzatiladi; bularning bariga javob berishga bandai ojiz burchli emas, biroq uqib olishga – qabul qilishga burchdor, balki mahkumdir, alal oqibatiga qara, eshit, butun borliq faqat inson orqali O‘zi borasida azoblanarli, qaqshatadigan o‘ylarga botar, o‘z qismatini hal qilar, bir qarorga kelar ekan. Ehtimol, xuddi shuning uchun ham inson barcha tirik jonzotlar ichida yagona fikrlovchi maxluqdir. Va shunaqa qilib davom etganicha, Turg‘un og‘a, butun bir ma’ruza o‘qidi o‘ziyam. Borliq insonga aql-tafakkur in’om etdi, biroq inson azob chekib, sinovdan o‘ta oladimi, Tangrining yalavochi ekanini bila oladimi yoki o‘zining dov­dir-sovdir, fikri-o‘yi yo‘q bir g‘ofilligiga andarmon bo‘lganicha, sodda mug‘ombirligicha qolaveradimi? Juda og‘ir savdo bu, u bu yorug‘ olamda eng og‘ir, hayot-mamot jangida o‘zi bilan o‘zi g‘azovot qilgani qilgan. Xudo bo‘lmoq bandaning qo‘lidan kelmas, maxluqlik – ojizlik. Hasan Qayg‘uning achchiq so‘zi, adoqsiz iztirobi shundan, al Musoqda zimmasiga olgan burchining o‘tay olmaganidan kuyib-yonishlar, o‘rtanishlar; u o‘zini shunga safarbar etgan, u Yerdagi har bir narsaning javobgari men – bu mening burchim deb tushunadi. Bundan esa Inson borliqning aql-tafakkuri degan xulosa chiqadi. Men shunda donishmand Chadaydan bir narsani so‘radim: inson paydo bo‘lganigacha-chi, va umuman, odamzod bu olamga keltirilmaganida nima bo‘lardi? Buni qanday tushunmoq kerak? U: “Aql kabi borliqning o‘zi ham bo‘lmagan bo‘lar, bu olamda Tang­ri degan tushuncha ham bo‘lmas, bunaqa savolning o‘zi-da ko‘z ochmas, bor-yo‘g‘i bo‘shliqqina bo‘lar, bu haqida ham, hech kim, hech qachon bila olmas, bo‘shliq o‘z oti bilan bo‘shliq-da, bo‘shliq fikrlay bilmaydi, bo‘shliq o‘z-o‘zini anglamaydi”, dedi…
Zarifa bilan Abutolib, Qumbel stantsiyasida Chadayevdan chiqqan bu favqulodda kutilmagan fikr-mulohazalarni o‘zaro anchagacha muhokama qilib yurishdi, holbuki, ayniqsa, bunaqa erkin tarzda falsafa so‘qishga o‘rganmagan Zarifa uchun bular hazilakam gap emas edi; shuning uchun ham ularning bularni tushunib olishi qiyin kechib, esankirishar va hamma vaqt fikr-mulohaza, muhokama sarhadida nimadir o‘zlari uchun yangi bo‘lib chiqar, odatdan tashqari fikr ong qobig‘ini yirtib tashlaganida ovozlari ichiga tushib ketar, lol bo‘lgancha qimirlamay qolishardi; zero, tevarak-atrof hayoti butunlay boshqacha edi, hech ham bunga o‘xshamasdi, hamma joyda, hammaning qulog‘iga quyib qo‘yilgan – xuddi Damokl qilichidek – uzluksiz hujumkor, dahshatvor, sinfiy mafkura hokimu mutlaq, har qanaqa voqeadan tug‘ilgan savolga o‘zgacha fikrlab, javob berishga hech ham ruxsat bermas va faqat o‘zlarining hammaga va har joyga yozib qo‘yganlaridan tashqari, hech qanaqa boshqacha dunyoqarash bo‘lishi mumkin emas deb ta’kidlab turar edi. Sario‘zak cho‘lining jin topmas bir burjiga bir kishi nogoh kelib esa, o‘zining mutlaq mumkin bo‘lmagan, mustaqil fikr-mulohazalarini tap tortmasdan aytib qolsa bo‘ladimi: bunday kishi bo‘lish uchun yo hech narsani pisandga olmaslik kerak yoki bu shundayin mutlaq umidsizliklardan tug‘ilganmikin? Shuning uchun ham Sario‘zakka badarg‘a etilgan Abutolib va Zarifaning qalbini Chadayevga daxl qiluvchi g‘alati, hatto vahimali o‘ylar beixtiyor qurshab olar edi. Va ular ich-ichdan Turg‘un og‘aning hayotidan xavotirga tushishar, qo‘rqishar, unga birdan nimadir bo‘ladigandek xavfda yurishar edi. Axir, u hech narsani yashirib o‘tirmasdan, ochiqdan-ochiq Xudoning borligi, U hayul qayyum oliy bir Zot ekanligini aytgan, holbuki, tevarakda bunaqa o‘zgacha fikrni ayovsiz mahv qiluvchi “jangovar” mafkura – din mutlaq hukmron; shuning uchun ham ushbu mafkura bundan boshqachasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi, shafqat bilmas nafrat-g‘azabiga omuxta o‘z qonun-qoidasini ishlab chiqqan totalitar sezgi, o‘zining g‘oyaviy dohiy-xudochalari ta’limotiga ko‘ra, yangi bir jinoiy ish izlab hamma joyda hoziru nozir yurar va minglab kishilar shuning uchun ularga ergashib, osmonlarni tit­ratib, butunlay jiddiy va do‘stona ravishda chinakamiga hayqirishar, xuddi Mao Szedunga o‘xshab, kam emas, ko‘p emas bu yorug‘ olamda o‘n ming yil yashab qo‘yganday, va bu sezgi o‘ziga yarasha aniq-ravshan, yengilmas edi. Zo‘ravon siyosat qat’iyat bilan butun jahoniy miqyosda qarshi turib, ayni Xudoning o‘zi bilan yovlashib, nishonni shunga olgan, boshdan-oyoq maqola-saqolalalarida buni butun jahon inqilobiy ta’limoti deb atagancha, inson ruhi, irodasi, o‘y-fikrini o‘ziga bo‘ysundirishni, butun borliqni zabt etishni, qaram qilishni oldiga “oliy” maqsad qilib qo‘ygan va u orqali qadamba-qadam Alloh taoloning O‘zini kishilar ong-shuuridan qatag‘on qilishni, Uni butunlay qulatib, hammaga marhamatli va beminnat, chek-chegarasi yo‘q samoviy, abadiyan tanho Iloh o‘rniga hech narsaga arzimas ommaviy aql sifatida siqilib kirishni ko‘zlagan edi…
Mana shunaqa o‘z g‘arazini yashirmagan zabt etish ila yagona hukmronlik ostida ommaviy tarzda butun dunyoning qiyofasini o‘zgartirmoqchi edi. Mahv etuvchi mafkuraviy yurishning asosi shu edi. Xudo – bor-yo‘g‘i so‘z, tushuncha, bundan ortiq hech nima emasga o‘xshardi. Biroq u haqiqatan ham shunday: Parvardigor Xudo deb shunchaki atalgan, bu mish-mishlar o‘laroq kelgan yoki bu yorug‘ olamda umuman bo‘lmagan, tarixiy o‘zini anglov shuurigacha U arzimas bir shirin xayoldangina iborat bo‘lsa, nima kerak edi Undan nafratlanishning va uni ur kaltak-sur kaltak qilib, qatag‘on qilishning?!
Agarki, shu kabi masala-go‘salalar ustida allaqanday monologlarda, har qanaqa umumiy bir tarzda, faqat qalbda bo‘lsa ham, muhokama qilingan, o‘ylangan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan tushunarliki, ishqilib, bu haqida hech kim bilmasligi kerak ekan va umuman, oqsoqol Chadayning hayot, bugungi va o‘tmishdagi ulug‘ shaxslar va boshqalar haqida aytganlarini dabdurustdan bir ko‘ngilga singdirmoq, ko‘z oldiga keltirmoq butunlay xavfsiz emas ekan. Ammo u qanday qilib bularni izhor etishga o‘zida jur’at topa oldi? Go‘yoki u o‘z xulosalarini aytganida, jaholat avjida emas, insoniyat tarixida hech kim qatl-qatag‘on qilinmagan, Stalin ham, kelgusida unga o‘xshash mustabidlar ham bo‘lmaydigandek va bu taloto‘plarning esa unga hech qanday ahamiyati yo‘q, asli hech nima bo‘lmaganidek, u bularning baridan yuksakda qo‘r to‘kkan edi. Bu Abutolibni xijolatga solgan sari hushini boshidan uchirar, u dag‘-dag‘ titraganicha, sovuq ter chiqarib, nimagadir o‘ranmoqchi bo‘lardi… Biroq oxiri u urushda bo‘lgani, asrga tushgani, Yugoslaviyada partizanlik harakatlarida qatnashgani uchun ham aynan, yakkama-yakka suhbatlashganlarida Chadayev atayin ko‘nglidagini unga to‘kib solganini angladi… Va bu ishonch, zavq-shavqqa botiradigan yaqin munosabat Abutolibning qalbida minnatdorchilik tuyg‘ularini uyg‘otib ruhlantirdi, shu bilan birga hali-hamon oxiri noma’lum dahshatlari ila zalvor ham bo‘lib tushdi. U o‘zini g‘alati bir tarzda his qildi – agar uning bu bilganlarini o‘zi mantiq tarozisiga tortsami, kelgusi kun qo‘qqisdan zilzila sodir bo‘lgan bo‘lar, biroq u buni birovga aytganida ham hech kim uning gapiga ishonmas edi.
U poyezdga tushib, tun yarmidan oshganda, qadrdon stantsiyasi Bo‘ron­liga – uyiga yetib kelganida, bularning barini xayolidan o‘tkazar ekan, bari haqiqatan bo‘lib o‘tganiga hech ishongisi kelmasdi. Yo‘l bo‘yi u Qumbeldagi uchrashuv ta’sirida o‘ylarga botib keldi, bu borada shuncha narsalarni bilmasdan yashagan ekan, holbuki bularning hammasi shaxsan uning kunlari tarixi ekanligi bois bulardan xabardor bo‘lishi ham qarz, ham farz emasmidi?! Mahbuslikda yashayotgan kishilarga, dunyo shu qadar tushunib bo‘lmaydigan bir alfozda ko‘rinadi. Tarix axir – kishilar, ularning faoliyati, bundan boshqa hech narsa emas-ku. Tarix degani shu insonlarga bog‘liq ekan, qanday qilib, hech narsani chamalamasdan, hech narsadan xabarsiz yashab o‘tish mumkin? Xuddi mohir xaritabozlar kabi millionlab kishilarni o‘zaro qironga soluvchi janggohlarga itqitib yuborgan, taqdirlarida o‘nglanmas qaqshatqich zarba bo‘lgan va ularning bola-baqralari hech bir najoti yo‘q oqibatdan boshqani kutmaydigan, tinimsiz olchoqlik qiladigan Hitler va Stalin haqida quloqqa chalinganlari kishini dahshatga soladi; o‘zida vasvasa oqibatida yuzaga kelgan hukmronlik qilish kabi qabih niyatni yashirib, insoniyatning xotirida bir narsa qolmagan davrlardan tinimsiz ta’qib qilib va butun dunyoda la’nati vabo kabi yuqumli inqilobiy nazariyani jar solib, “butun Yer shari” sovetlar respublikasi tashkil qilishdek puch g‘oyalar bilan avrab tashlash, bularning bir chimdimidangina xabardor bo‘lgan Abutolibning qalbini jizg‘anak etar, qani endi bularni eshitmagan, ko‘rmagan bo‘lsam, derdi. Bu bedodliklarning baridan endi qayerga bosh olib ketish mumkin?
Poyezd esa yo‘lida shitob bilan davom etar, tobora tungi dasht ichkarisiga yorib kirib borar edi. Uning dumida – so‘nggi vagonning orqa maydonchasida o‘sha tomonga qarab o‘tirgan Abutolibdan stantsiya chiroqlari tez orada uzoqlashib, shu’lasi o‘chdi. U Bo‘ronligicha yetkazib qo‘yish uchun chiqarib olgan nazoratchining yonidan joy olgan edi. Vagonning shunday yo‘lagida, ichkariga shamol kuchli urar joyidaligiga qaramay, Abutolib hali ham xuddi yoz davom etayotganidek buni sezmasdi, holbuki, erta kuz kunlari boshlanib kelardi. Poyezd g‘ildiraklarining taraqa-turug‘i, gumbur-gumbur qilib qolishida nazoratchi bilan gurunglashib ketishning ham hech iloji yo‘q, ayni holatda esa bu unga juda qo‘l kelardi ham. Yo‘lda u hammasini o‘ylab olish uchun o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishni istardi.
Tun adog‘i yo‘qday ko‘rinar, ko‘z ilg‘amas yulduzlargacha cho‘zilgan edi. Abutolibga, u harakatlanib borayotgan tik jarlikning eng chekkasida turgandek tuyuldi – zamin g‘ildiraklar ostidan jon-jahdi bilan o‘tib borayapti, yulduzlarning bosh-adog‘i yo‘qday milt-milt qiladi; go‘yo uning fikrlari marhamat qilingan insonga bu zaminiy yalangliklar olamning sarhad bilmas ekanligini anglab yetishi uchun imdod qilayotganday. Abutolib birdan tushundiki, yashash saodatini payqaydigan bunday onlar kamdan-kam uchraydi – shunday damlarda ruhiyat, harakat, butun koinot bir uyg‘unlikda bo‘ladi, shuning uchun ham har kungi tirikchilik g‘imir-g‘imirlarida chopqillab o‘tguvchi kunlarda bunaqa holat juda kam tavajjuh ko‘rsatadi.
U Turg‘un og‘a Chadayev bilan bir g‘aroyib tarzda uchrashgani-yu, oralaridagi gurung qanchalar qoyilmaqom yo‘sinda, ajoyib kechganini Zarifaga qay tarzda hikoya qilib berish haqida takror-takror o‘ylagani o‘ylagan edi. U shunday bir tarzda kechdiki…
Mana endi, yana shunday bir tunda, qamoqxona hujrasiga o‘xshagan bo‘lmada, yana yo‘lda ekan, birdan seskanib ketdi, yana o‘sha taraqa-turuq qilib yuk poyezdi bepoyon kengliklarda harakatlanib borar, vaqt g‘ildiraklar chopqinini to‘xtatib bo‘lmaydigan darajada shiddatli va buning oxiri yo‘qday edi. Nimadir uni ayni shu yerda achchiq xayollar sari burdi, bu joylarda qachonlardir sodir bo‘lgan tarix, asrlar osha sadosi hali ham o‘chmagan va kishilar qalbida hamon yashayotgan tarix “Sario‘zak qatli”ni esiga tushirdi.
U endi yana angladiki, xuddi mana shu Sario‘zak tarixi ularning asrida, ayni shu XX asrda, urushdan keyingi davrda qazoi qadarga ko‘ra yana kechgan, yana yuz berib turar edi.
U bir ayolni bilardi, ayol o‘z eri (imperialistlarning agenti)dan voz kechmagan, hatto GULAGda undan qiz ko‘rgan edi…
…U uvadasi chiqqan kirza etikda qamoqxonalar hududidagi qor uyumlarini bir-bir bosib, qo‘lida chaqalog‘ini ko‘tarib olgancha, unga quyosh shu’lalarini ko‘rsatib, osmonga ishora qilib pichirlardi: “Har nega qaramay omon qolgaymiz va Xudo nasib qilgan bir kuni otangning senga ko‘zi tushadi. Axir, sen otangning xuddi o‘zisan-da… Qarasang-chi, mana oftobjon… U sengina uchun nurlarini sochyapti, qizalog‘im. Hey, qizalog‘im, ko‘zingni qismasang-chi, qizalog‘im, bu qorlar birdan erib yo‘qoladi, bular bor-yo‘g‘i qor parchalari – bilishing kerak, bilishing… Endi qorlar qo‘njimdan ham oshib ketdi. Yotoqqacha esa juda oz qoldi, juda oz, ko‘zlaringni yumib-jimirlatib olmasang-chi…”
Uzoq, musibatli qamoqxona tunlaridan birida Abutolib Qutti­boyevning xayoliga shunday o‘y keldi: qachonlardir Chingizxonni oq bulut tark qilganidek, ertami-kechmi Stalinni ham tark etadi… Yovuzlik Haqiqati fosh bo‘ladi va hamma ko‘rib shunga amin bo‘ladiki, Yerda haqiqatga imkon bermaslik uchun ne bir jazo turlari o‘ylab topilmasin, Yovuzlik Haqiqatining niqobi baribir yirtiladi va asl basharasi muqarrar ko‘rinadi, butun kirdikorlari fosh etiladi…
U oxiri shunday to‘xtamga keldi…
Poyezdlar esa mashriqdan mag‘ribga, mag‘ribdan mashriqqa paydar-pay yelar edi…

2002

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son