Chingiz Aytmatov. Qizil olma (hikoya)

Tun bo‘ldi, Isabekov bo‘lsa haliyam o‘y surib o‘tiribdi. Xatni nimadan boshlasin? Bu xatda o‘zi nimani yozadi? Juda qiyin, judayam qiyin. Ko‘p gaplarni yozishi kerak, rosa yig‘ilib qolgan! Kechikkan izhorlarni u tushunarmikan?
Ko‘p yillik og‘ir oilaviy hayot ortda qoldi. Shuncha xafagarchiliklar, so‘ngsiz ta’nalar, ko‘pincha nohaq, shuncha janjal va yarashuvlardan so‘ng, va nihoyat, ajrashgandan keyin u odamgarchilik qilib uni tushunamikan, kechira olarmikan? Turmushning ilk yillaridagi kabi — beg‘ubor, ochiq, mehribon bo‘la olarmikan? Bo‘lolmasa-chi? Uni tushunmasa, undan ham yomoni, oQrinib, yana ayollik g‘ururi va baxtsiz qismatdan so‘z ochsa… Unda nima bo‘ladi?
Isabekov uning e’tirozlarini ayollarga xos xudbinlik deb baholaganini esladi.
U har doim dugonalariga hasad qilardi.
— Sezdingmi, u hatto mehmonda ham ayoldan ko‘z uzmadi, odamlarning oldida tiz cho‘kib, tuflisining ipini bog‘lab qo‘yishdan tortinmadi.
— Birovga yoqishga urinmayman, bunaqa erkalashni ham bilmayman, — degandi Isabekov kesib.
— Yoqishga urinish nimasi? Senda noziklik, mehribonlik yo‘q, nima desa bo‘larkan, sevgingdan uyalasanmi-ey. Men bunday yashashni xohlamayman, sevgan kishim meni ochiq sevishdan qo‘rqmasligini istayman. Yo‘qsa, odamga og‘ir botadi. Sen bu haqda hech qachon o‘ylamagansan.
— O‘ylashni istamayman ham. Bunga vaqtim yo‘q. Shunday bo‘la turib, axir, dissertatsiyang yaqinlashib qoldi-ku, bunday mayda-chuydaga — kim kimning bog‘ichini bog‘laganiga qanday ahamiyat berasan: hayronman.
— Senga gapirishdan foyda yo‘q, baribir, hech baloni tushunmaysan.
Ammo endi u xotini nima haqda gapirganini tushunardi, uning nimadadir haq bo‘lganini o‘ziga iqror bo‘lmasa-da, his qilardi.
U ko‘chada ketayotib, o‘tgan-ketganlarning e’tiborini tortishi Isabekovga xush kelardi. U ham xotinini jozibali, aqlli, latofatli deb bilardi. Qadam tashlashi ham yoqardi. Umuman, u o‘ta yengil va chiroyli yuradi, ingichka poshnali tufli kiyib olsa, qiz bola deb o‘ylash ham mumkin. Raqs tushishi-chi, odamlarning havas bilan qarayotganini sezganda, ko‘zlari baxtiyor chaqnab ketadi! Bunday daqiqalarda u ayolini juda sevardi.
Ammo baribir, nimadir uni erkin, qaysi fazilati uchun yaxshi ko‘rishini o‘ylamay sevishiga xalal berardi. Shunchaki sevishiga. U yoshligiga qaytish uchun o‘zini majburlashi, ortda qoldirishi kerak bo‘lmagan narsani qoldirganini xijolat bilan his qilardi.
Endi Isabekov xatosini tan olishi kerak, agar buni xato deb bo‘lsa. Ammo uni boshqa narsa ko‘proq tashvishga solardi: endi ular xarakterlari to‘g‘ri kelmay, shunday ta’riflash odat tusiga kirgan-ku, bir-birlaridan uzoqroq bo‘lish va hammasini uzil-kesil hal qilish niyatida ketganlaridan so‘ng u o‘zidan kechib, tashqaridan o‘tgan umrga nazar tashlay olarmikan? Bunday qilolmasa-chi? Unda hammasi tamommi? Alvidomi? Yo‘q, u bunga yo‘l qo‘ymaydi!
Isabekov bir necha marta qo‘liga qalam oldi, tashladi, deraza yoniga borib, ancha paytgacha devorga yopishgancha tek turdi.
So‘nggi avtobuslar burchakda to‘xtab, yo‘lovchilarni tezda olib, kuzgi xira chiroqda qizil chiroqlarini lipillatib ketishardi.
Qandaydir yigit qo‘shnining qizi bilan bir necha marta pod’ezd oldiga keldi, keyin yana ketdi va yana qaytdi, xuddi bog‘chadagi kabi bir-birining qo‘lini qo‘yib yubormay ushlab olgan. Isabekov ularga hasad qilmadi, ammo bu manzarada unga sog‘inch qadar tanish, ta’sirli, yaxshi bir narsa bor edi.
Qayerlardadir, shahar tashqarisida, tog‘larda bo‘lsa kerak, jonli olov yulduzchaday nur sochardi. Hoynahoy, cho‘ponlarning gulxani. Shu lahzada uning hech narsani o‘ylamay, quyuq tun zulmatidan junjikib, olovga o‘tin tashlagisi kelib ketdi.
Keyin u derazadan nari ketib, yotoqxonaga, qizi Anoraga ko‘z tashlashga kirdi. Katta bo‘lib qolgan-u, har doim ustini ochib tashlab sovuq qotib qoladi. Bu gal Anora tinchgina uxlayapti, kun bo‘yi charchagan bo‘lsa kerak. Ha, qizi tinchgina uxlar, bugun nima qilib qo‘yganini bilmasdi. Eh, Anora, Anora! Otasining yuragini tashvishga qo‘yganini xayoliga keltirmasdi! Shunday kech paytda nima uchun uxlamayotganini bilmasdi. Isabekov qiziga termulgancha sassiz shunday derdi: «Tinchgina uxlayotganing yaxshi. Hali ulgurasan, ulg‘aysang, o‘ylarga to‘la tunlar bo‘ladi. Bundan hech kim qochib qutulolmasa kerak. Hozircha esa, uxla, uxla, shirin tushlar ko‘rgin».
Kunduzi u Anorani shaharga olib bordi. U o‘sha yerda, tabiat qo‘ynida, onasi bilan munosabatlarini tushuntirib bermoqchi edi. Xotini xatda shuni qat’iy talab qilgan. U qiziga onasi Moskvaga faqat dissertatsiyasi uchun ketmaganini, birga yashamaganlari ma’qulligini, Anora esa kim bilan turishni tanlashi kerakligini aytmoqchi edi. Isabekov bola uchun og‘ir bu suhbatni boshlashga cho‘chirdi. Nimagadir shahar tashqarisida bu ishni qilish osonroqday, qizi u bilan qoladiganday, xotini ilmiy tadqiqot insitutiga doimiy ishga o‘tib, Toshkentda yashamoqchi edi, u shaharga ketishni istamaydigandek tuyulgandi.
Anora otasi chaqirganda hovlida o‘ynayotgandi.
— Sviteringni kiy, shahar tashqarisiga boramiz.
— Shahar tashqarisiga?! — Anora chapak chalib yubordi, keyin ajablanib so‘radi: — Nimaga?
— Shunchaki, aylanib kelamiz.
Isabekovni ko‘chada mashinalar ko‘pligi asabiylashtirdi, mashinalar zo‘rQa-zo‘rQa yurardi. Yakshanbada har doim shu ahvol. Shahardan chiqqach, mashinalar oqimi tindi. «Volga» chayqalgancha tezlikni oshirib borardi. Silliq asfalt yo‘l uzoq toQlarga tomon ketardi. Isabekov oldinda oqarib turgan cho‘qqilarga jimgina tikilardi.
— Dada, sekinroq haydang, — iltimos qildi Anora.
Isabekov tezlikni kamaytirdi.
— Qo‘rqyapsanmi?
— Yo‘q, shunchaki, — dedi u va yana derazaga yopishdi.
— Axir, har doim tez yurishni yoqtirarding-ku.
Anora o‘girilmadi, go‘yo eshitmagandek hech nima demadi.
Isabekov uning yupqa sviterni turtib chiqqan ozg‘in yelkalariga, qora mayin sochlari yopishgan ingichka bo‘yniga qararkan, eshikka yopishgan vujudida unga xos bo‘lmagan, begona narsani tuydi. Qizcha bezovtaday edi.
Balki u sezayotgandir? Axir, bolalar sezgir bo‘lishini ko‘pincha unutib qo‘yamiz-ku. Nega u hech qachon hech nimani so‘ramaydi?
Bu o‘ylardan Isabekovning ko‘ngli buzildi. Yo‘q, qayerdan bilsin? Buni bilishi mumkin emas. U ham, xotini ham sezdirmagan. Yana kim bilsin! Eng qo‘rqinchlisi — u har doim shundan qo‘rqardi — bolaning ruhini buzish. Inson qalbi shunday yaralgan: uni muzlatish oson, ilitish qiyin, ba’zan esa umuman ilojsiz. Keyin nevrasteniklar paydo bo‘ladi. Yo‘q, Anora normal qiz. Balki u nimanidir sezayotgandir? Axir, uyda bir nima bo‘lsa, u doim bilgan-ku. O‘shanda qanchalik azob chekkanini hech kim tasavvur qilmagan. Nimayam qilsin, ertami-kechmi, baribir, bilishi kerak. Bu bo‘lmasa, onasi aytadi, u to‘g‘riso‘z-ku. Yaxshisi, o‘zi aytadi. Boshqa iloji yo‘q. Ortiq cho‘zib bo‘lmaydi… Balki, unga shunday tuyulgandir, Anora derazadan to‘kilayotgan barglarga zavqlanib qarayotgandir. Umuman olganda, bu hech nimani o‘zgartirmaydi, baribir, aytish lozim. Eh, bugun kun yaxshi. Yurakda ham shunday halovat bo‘lsa yaxshiydi…
Barglar sochilgan yo‘llar kuzga xos bo‘lganiday quruq. Isabekov chindan ham bunday tezlikda ketish nomaqbulligini o‘yladi. Barglar, ohista aylangancha, asta yerga tushyapti. Ba’zilari bir lahzaga oynaga urilib kapotga tushadi, keyin nariga uchib, go‘yo ortda qolishni istamagandek bir muddat mashina bilan birga ketadi. Yo‘lning ikki tomonida quyosh nuri sochilgan quruq sariq dalalar, yig‘ishtirilgan uzumzorlar yastanib yotibdi. Oltin kuzning so‘nggi kunlari.
«Yomg‘irlar o‘tadi, hamma yoq qorayib, chiroyini yo‘qotadi», o‘yladi Isabekov afsus bilan. U o‘t yoqqichni yondirib, sigaret tutatdi va yana Anoraga boqdi. U derazaga qarab ketardi.
— Nega jimsan, Anora?
Qizcha taajjub bilan otasiga qaradi-yu, indamadi.
— Kecha darslaringni qilganmiding?
U bosh irg‘adi.
— Atrof go‘zal-a?
— Ha, judayam.
Isabekov xijolat bo‘ldi. Bu majburiy, zerikarli savollar kimga kerak? Unga nima bo‘ldi? Axir, ular, odatda, erkin va oson gaplashishadi-ku. Bugun o‘zi zerikarli bo‘lsa kerak.
— Robertino! — tipirchiladi Anora. — Voy, dada, Robertino. Sinfimizda uni hamma yaxshi ko‘radi. Qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham. Siz ham uni yaxshi ko‘rasiz-ku? Onam ham.
— Ha, Anora, ha. Albatta, onang ham. Biram chiroyli bo‘lib ketgansanki, qizim. — Isabekov qizining katta ochilgan qisiq ko‘zlari birdaniga chaqnab ketganidan hayratga tushib sochlarini silab qo‘ydi. — Mendan xafamisan, deb o‘ylayotgandim.
— Nimalar deyapsiz, dada!
— Juda yaxshi, kel, eshitamiz. Keyin men senga Shubert va Robertinoning vatani haqida gapirib beraman.
Suhbat davom etarkan, «Ave Maria» sadolari kuzgi kengliklar uzra ulug‘vor suzar, go‘yo bu kuzni ham, zaminni ham, inson qalbini ruhlantirardi. Isabekovda kutilmaganda quyoshni, oldindagi viqorli tog‘larni, Robertinoning ovozini hamda qizining hayajonini qamragan uyg‘unlik hissi uyg‘ondi.
Har bir yurakda go‘zallikka chanqoqlik hissi yashasa kerak. Bu inson tabiatiga xos bo‘lsa kerak. Ammo ko‘pincha biz, o‘zimiz tushunmagan holda, bu go‘zallikni qadrlamaymiz. Mana, hozir ham u bolaning hali mustahkamlanmagan, yarim ertak tasavvurlarini barbod qilishi kerak…
Robertino kuylardi, Anora ham unga qo‘shilib past ovozda xirgoyi qilardi. Mashina bo‘lsa bu vaqtda katta olma bog‘i to‘sig‘idan o‘tib, daryo yonidagi shossega burildi.
Isabekovlar bu yerga yozda kelishardi. Bu yerga kam odam kelardi: daryo kichkina muzdek tog‘ suvi orasida toshlar ko‘rinardi. Plyaj ham yo‘q edi. Ammo tog‘lar yaqin edi. U yerdan, tepadan Anora chiqishni yaxshi ko‘radigan katta xarsanglar tushib qolgan. Balki shuning uchun Isabekov ham bu joylarga talpinar.
Atrof jimjit. Anora xarsanglar yoniga yugurdi, uning Robertinoga taqlid qilayotgan ovozi toshlar ortida goh yo‘qolar, goh yana eshitilib qolardi.
«Ave Maria» ohanglari Isabekovni tark etmas, atrofdagi hamma narsa yangilanganday tuyulardi.
Bog‘, allaqachon bo‘shab qolgan, daryo ustida bo‘lib, toza, tartibli edi. Go‘yo «Hali mevalarni terishga yana kelishmasmikan!» deb quloq solayotgandek tuyuladi. To‘siq yonidagi somonlar uyumi o‘tib ketgan yozdan darak beradi. Yozda bu yerda hamma narsa boshqacha bo‘lgan bo‘lsa kerak, u eslolmaydi, go‘yo yozi bo‘lmagandek. Ana, bulutlar paydo bo‘ldi — oppoq bo‘taloqlar. Oh, ovulda bo‘lsang! U yerda bo‘lmaganiga ham ancha bo‘ldi…
Anora so‘qmoq bo‘ylab boqqa yugurib ketganini sezgan Isabekov bu yerga nima uchun kelganini eslab, qichqirdi:
— Qayerga ketyapsan?
— Boqqa. Daraxtga chiqmoqchiman.
— Sen bilan gaplashib olishim kerak.
— Nima haqda, Robertino haqidami?
— Ha.
— Keyin eshitarman, tez kelaman, — Anora boqqa yugurib ketdi.
Isabekov yana qiziga hammasini qanday aytishini o‘ylashga tushdi. Aytmoqchi bo‘lgani o‘ziga ham g‘alati, bema’ni, dahshatli bo‘lib tuyular, bu kuz kuni, nurga yo‘g‘rilgan tuyg‘ular, Robertinoning ovozi hamda «Ave Maria» bilan bog‘lanmasdi. Unda qo‘rquv paydo bo‘ldi. Anora uzoqroq o‘ynashini, aytishi kerak bo‘lgan gapni aytishga majbur qilmasligini xohladi. Bog‘dan qizining nimadandir hayratlangan, ajablangan ovozi eshitilganda esa, u titrab, boshini eggancha orqasini o‘girib yerga o‘tirib qoldi.
— Dada, dada! Qarang, nima topdim!
U o‘girilmadi. U qizining yugurib kelayotganini, hansirayotganini eshitdi. Anora chopib kelib, otasining bo‘ynidan quchdi va kattakon qizil olma uzatdi.
— Olma topdingmi?
— Ha, barglar orasiga berkinib olibdi, umuman ko‘rinmayotgandi! Ayyorligini-chi. Men esa topdim! U fonusga o‘xshab yonayotgandi. Bu eng oxirgi va eng shirin olma. Butun bog‘da boshqa bunaqasi yo‘q. Qarang, qanday chiroyli, hidini aytmaysizmi! Xuddi quyoshga o‘xshaydi!
— Ha, judayam chiroyli, bu qishki aport, — kutilmaganda qo‘shib qo‘ydi: — Bilasanmi, Anora, bu baxt belgisi. Bu olma yoz bo‘yi seni kutgan, hech kim ko‘rmasligi uchun yashirinib olgan. Sen bo‘lsang, topib olding. Bu olmani yegan odam juda baxtli bo‘ladi.
Isabekov olmani dastro‘moli bilan artib qiziga uzatdi.
— Ma, ye.
— Robertino haqida qachon gapirib berasiz?
— Keyin, hozircha bog‘da o‘ynab tur.
— Bilasizmi, dada, daraxtga zo‘r chiqaman. Olmalar katta, baland, shoxlariyam semiz, chiqishga qulay. O‘rik bo‘lsa yomon daraxt, tikanlari ko‘p.
— Sen yaxshi daraxtlarga chiq,— kulib yubordi Isabekov.
— Dada, siz bir marta bo‘lsayam shunaqa olma topganmisiz? — kutilmaganda so‘rab qoldi Anora.
Isabekov dovdirab qoldi. Javob berishdan oldin bir muddat jim turdi-da, past ovozda dedi:
— Ha. Sen bor, o‘ynab kel, men shu yerda o‘tirib turaman.
Anora qo‘lida qizil olmasi bilan boqqa yugurib ketdi, u esa boshqa qizil olmani esladi va g‘alati o‘xshashlikdan ajablandi. U ham bir paytlar shu yerda, faqat boshqa bog‘ning narigi tomonidan, olmalar dalalarga qaragan joydan xuddi shunday qizil olma topgandi…

* * *

Urushdan so‘ng u hozir o‘zi ma’ruza o‘qiydigan qishloq xo‘jaligi institutiga kirish uchun shaharga keldi.
Xuddi shunday kuz kunlaridan birida ularning butun guruhini ertalab kolxozda lavlagi kavlash uchun yuborishdi. U paytlar yo‘l hali asfalt qilinmagan edi.
Kun bo‘yi ishlab, qora non burdasi allaqachon yeb bo‘lingan, kechga borib charchab, ochiqib shaharga qaytishardi. Qaytishda butun guruh kolxozga yo‘lni burdi. Hosil allaqachon yig‘ib olingan, ammo o‘tlar va barglar orasidan ba’zilar olma topish baxtiga muyassar bo‘ldi. Do‘stona ravishda bo‘lishib yeyishdi. Ochlik hissi yana kuchaydi. Hamma tarqab ketdi, bog‘ni axtarishga tushishdi. Ammo arzirli hech nima topolmay yo‘lga chiqa boshlashdi.
Isabekov, hozir eslashicha, bog‘da o‘rtoqlarining ketidan yugurib ketayotganda, barglar orasida yorqin bir nima ko‘rindi. U to‘xtadi, ammo hech nimani ko‘rolmadi. Ko‘zimga ko‘rindi, deb o‘yladi. Bir necha qadam yurib, yana ortiga qaytdi. Qari daraxtlar orasida o‘tqazilgan yosh olma daraxti atrofida aylandi. Bu daraxtning barglari boshqalaridan farqli o‘laroq hali quyuq edi. Quyosh so‘ligan barglarga quruq, qaynoq nur sochardi. Gugurt chaqsang bas, daraxt yonib ketadi. Lekin u ko‘rdi va hayratda shivirladi: «Oh!»
Ikki mushtcha keladigan katta qip-qizil olma, balki bu daraxtning yagona mevasidir, barglar orasida ingichka, egilgan shoxda osilib turardi.
Bir necha lahza Isabekov bu mo‘jizani tomosha qilib turdi, keyin sakrab, oyoq uchida turib osilib turgan qizil sharni uzib oldi. Xo‘shbo‘y hid boshini aylantirib yuborayozdi. Yupqa alvon po‘chog‘i orasida yumshoq, suvli meva ko‘rinib turardi. Og‘izga solib olging kelardi. U olmani bo‘lishga chog‘langandi hamki, so‘nggi damda fikridan qaytdi.
Bu olmani unga beradi!
O‘sha lahzada uni qanday esladi? Biram ajoyibki! Ammo Isabekov har doim u, o‘sha notanish, ismini ham bilmagan qiz haqida o‘ylardi. Qanday qilib eslamasin! Boshqa hech nima to‘g‘risida o‘ylamay Isabekov olmani cho‘ntagiga suqa boshladi. Ammo bundan naf chiqmadi. Shunda u kurtkasining tikilgan joyini so‘kib tashlab, teshikka olmani soldi-da, o‘rtoqlarining izidan yugurib ketdi. Ular yo‘lda yo‘lovchi mashina kutib turishardi. Isabekov shu zahotiyoq do‘stlariga bor gapni aytishga qaror qildi.
— Bolalar, men olma topib oldim, ammo uni hech kimga bermayman. Uni bir odamga sovg‘a qilaman.
— Olmaning o‘zi qani?
— Mana, ushlab ko‘rlaring.
— Voy, kattaligini!
— Qanaqasiga bir odamga sovg‘a qilasan? Kimga? — uning yoniga keldi Sher.
— Kimgaligining nima farqi bor? — dedi Isabekov.
— Buni qarang-a, olma topib olibdi. — Ensasini qotirib kulib Isabekovning yelkasiga qoqib qo‘ydi Sher. — Mug‘ombirlikni yig‘ishtir, olmani bu yoqqa chiqar.
Sher Isabekovning yuziga kulib, hazil qilibmi yo chindanmi, olmani olish niyatida kurtkasidan ushlab oldi.
Isabekov uning qo‘liga qattiq urdi. Sher chetga surilib ketdi.
Bolalar kulib yuborishdi.
Shu payt yo‘lovchi yuk mashinasi kelib qoldi, bolalar kuzovga otilishdi.
Isabekov bu g‘aroyib olmani o‘sha notanish qizga sovg‘a qilishga qaror qildi. U qizni shahar kutubxonasida ko‘p ko‘rardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qishloq xo‘jaligi instituti joylashgan chekka joydan shahar markaziga sudralib borardi. O‘quv zalida o‘tirgancha qandaydir ichki tuyg‘uga asoslanib uning qachon paydo bo‘lishini sezardi. U qizni shunday kuchli hayajon bilan kutardiki, nima o‘qiyotganini tushunmasdi. Isabekov eshik qarshisidagi stolga o‘tirib, u ostonada paydo bo‘lganda, nigohini kitobdan uzar, ko‘zlar bir lahzaga to‘qnashardi. U tikilib turishdan qo‘rqardi. Qiz ham uning xijolat bo‘lganini sezganday tezda bo‘sh joyga borib, stolga sumkasini qo‘yardi-da, kitobga ketardi. Isabekov esa kitoblarni olib, mag‘rur, erkin, hamisha chiroyli kiyingan holda yana yonidan o‘tishini kutardi.
U juda aqlli va tarbiyali bo‘lsa kerak. Isabekov bu haqda faxr bilan o‘ylar, uning bundayligidan quvonar, g‘ururlanardi.
Uning o‘quv zalida o‘tirishining o‘zidanoq Isabekov ham quvonch, ham azob hissini tuyardi. U yon tomondan qizga mo‘ralashni, o‘ychan egilgan kipriklari, tinimsiz ravishda daftarga nimalarnidir yozayotgan yumshoq qo‘llariga qarashni yaxshi ko‘rardi. Birortasi uning oldida to‘xtab qolsa yoki bolalar stoliga xatcha tashlasa-yu, qiz o‘qisa, joni chiqardi. Isabekov stol tagida mushtlarini tugib, hammaga tashlanishga tayyor bo‘lardi. Ammo uning surbetlarning xatlarini yirtib tashlaganda, xiringlash va shivirlashlarga hatto o‘girilib qaramaganda, qalbi taskin topar, minnatdor bo‘lardi. Isabekov bu yerda unga hech kim yoqmaydi (o‘zi sal-pal) deb o‘ylardi. U buni juda istar, bu haqda shunday orzu qilardiki, sal sezilarli tabassumlar va bosh irg‘ashlarni o‘ziga nisbatan simpatiya tarzida qabul qilardi. Ammo Isabekov u bilan tanishishga jur’at qilolmasdi. Qiz unga o‘ta intelligent bo‘lib tuyular, u esa shaharda yuzlab topiladigan ovullik oddiy bir yigit edi. Qolaversa, Isabekov o‘zining tashqi ko‘rinishidan uyalardi. U akasidan qolgan etik va gimnasterkada, dala sumkasi bilan yurardi. Qishda ham akasining shineli bilan yurishi kerak edi.
U kutubxonada ancha kech paydo bo‘lar, ba’zan o‘quv zali yopilguncha qolib ketardi. U stoldan turib, kitoblarini topshirishga ketayotganda, Isabekov tezda narsalarini yig‘ishtirardi-da — kutubxona kitoblarini kech qolmaslik uchun avvaldan topshirib qo‘yardi, — ko‘chaga chiqardi. Boshqa tomonga o‘tib, qizning chiqishiini kutardi. Mana shunday masofada, odamlar orasidan qaragancha uyigacha kuzatardi. Qiz yaqinda, kutubxonadan ikki mavze narida, ulkan kulrang uyda yashardi.
Uni kuzatgach, Isabekov shahardan yayov yotoqxonasiga borardi. Yo‘l-yo‘lakay shahar bog‘iga kirib o‘tardi. U yerda raqs maydonchasi bor edi. Qizlarning belidan quchgancha, qo‘lini ushlab musiqa ohangiga mos raqs tushayotgan yigitlarga qanchalik uning havas qilishini hech kim bilmasdi. Yigitlar qizlarga nima deyishar, ular esa jilmayib, bundan yanada baxtiyor bo‘lishardi. Raqs tushayotganlarga qarab turarkan, Isabekov eng chiroyli va sevgisi eng kuchli juftlikni tanlab, yigitning o‘rnida o‘zini, qizning qiyofasida esa uni tasavvur qila boshlardi. Uning tasavvurlari shunchalik chuqur, shunchalik haqqoniy ediki, sevgilisi bilan raqs tushibgina qolmay, suhbatlashardi ham. Bu xayoliy suhbatlar taxminan shunday edi:
— Bilasizmi, men faqat sizni deb kutubxonaga kelaman.
— Ha, bilaman. Har doim meni kutishingizni bilaman.
— Men sizni kun bo‘yi — ma’ruzalarda ham, oshxonada ham, yotoqxonada ham o‘ylayman. Men kinoda o‘tiraman-u, ekranda nima bo‘layotganini ko‘rmayman. Siz haqingizda o‘ylaganda qanchalik zavqlanishimni bilsangiz edi.
— Qiziq, men ham ba’zan siz haqingizda o‘ylayman. Ammo nega hecham yonimga kelmaysiz, gaplashmaysiz?
— Men shundoq ham xursandman. Agar siz tonggacha kutubxonada o‘tirsangiz, men ham sizga termulib o‘tirardim.
— Meni yigitlar kuzata boshlasa-chi, unda nima qilasiz?
— Bunga yo‘l qo‘ymayman. Siz ham yo‘l qo‘ymaysiz, to‘g‘rimi, axir, men sizni sevaman.
— Yo‘l qo‘ymasligimni qayerdan bilasiz?
— Siz unaqa emassiz.
— Men haqimda hech nima bilmaysiz-ku, qanday qilib xulosa chiqaryapsiz?
— Sizga juda ishonaman. Men sizni bilaman. Sochlaringiz isini, ovozingizni sira eshitmagan bo‘lsam-da, qanday kulishingizni bilaman. Sizning ko‘zlaringizga ishonaman, siz yaxshisiz, eng go‘zal va eng aqllisiz.
— Voy, juda ko‘p gapirib yubordingiz. Shularning bari chinmi?
— Chin.
O‘sha kuni kechqurun, yotoqxonagacha qaytgach, Isabekov olmani tumbochkaga soldi-da, eng avval yuvinishga, etiklarini tozalashga yugurib ketdi — kutubxonaga borish uchun o‘zini tartibga solishi kerak-ku. Ammo yo‘lakdagi soatga qarab kech bo‘lganini tushundi.
Xonada hamma allaqachon uyquga ketgan, u esa olmani ertaga qanday qilib berishini o‘ylab aQanab yotaverdi. U qizning hayrati va quvonchini ko‘rganday bo‘ldi, — Axir, bunday paytda shunday rang va shunday hidli olmani butun dunyoni axtarib ham topib bo‘lmaydi-ku. U albatta o‘zining topilmasi — eski kuzgi bog‘dagi yosh olma daraxti va bu daraxt kechki quyoshning oltin nurlarida hammasidan chiroyli bo‘lgani haqida gapirib beradi.
Yana orzusini aytadi va har gal uyga kuzatib borishini, raqs maydonchasida birga raqs tushishini, suhbatlashishini ham bildiradi. U kulib yuborib, «Devona!» desa kerak. Bu gapni aytayotganda, uning ovozida mazax emas, mehrni tuyadi. Keyin kinoga borishsa kerak, u qizning yonida o‘tiradi, yaqinligini his qiladi va, tabiiyki, hech qanday kinoni ko‘rmaydi, unga kino kerakmas ham. Kostyum bilan tuflisi yaxshi bo‘lganda edi. Etikda uning yonida noqulay-da. Ammo u aqlli-ku, demak, bunga e’tibor bermaydi.
Isabekov shu o‘ylar bilan uyquga ketdi. Ammo tunda karavotdan sakrab turdi. Tushida surbet Sherning qizil olmani yeb qo‘yayotganini ko‘ribdi. Isabekov uyqusirab Sherga tashlandi, ammo u xurrak otib yotar, boshqalar ham uxlardi. Shunda ham Isabekov tumbochkani ochdi-da, olmani ushlab ko‘rib, ko‘ngli joyiga tushdi. «Mendan ko‘rasan!» pichirladi u olmaga.
Ertalab darchani ochgan bolalar olmani hidlab-hidlab qo‘yishdi.
— Isabekov, olmang ham zo‘r ekan-da. Hidini qara! Uni kasalxonaga birovga olib borsang, tezroq olib bor, yo‘qsa, Sher yeb qo‘yadi.
— Kecha yeb qo‘ymoqchiydim, — to‘ng‘illadi Sher. — O‘zlaring qo‘llamadilaring.
— Urinib ko‘rgin ham-chi! — tahdid qildi Isabekov past ovozda.
Keyin hammalari darsga ketishdi. Ma’ruzalar shunday azobli ediki!
Tanaffusdan so‘ng Isabekov Sherning auditoriyada yo‘g‘ligini sezib qoldi. Isitmasi chiqib ketayozdi. U o‘rnidan sakrab turdi-da, zoologiya domlasining ma’ruzasini bo‘lib, dedi:
— Kechirasiz, professor. Tezda, hoziroq ketishim kerak.
— Sizga nima bo‘ldi, yigit? — ajablandi professor.
— Tushuntirib berolmayman, ammo iltimos qilaman, menga javob bering…
Isabekov o‘quv korpusidan yotoqxonagacha mushtlarini tukkancha yugurib bordi. Sher xonada yo‘q ekan. Isabekov tumbochkaga otildi — olma joyida turgan ekan. U ham xijolat, ham xursand bo‘ldi. Demak, Sher shunchaki zoologiyadan qochib ketgan. Hayajon va yugurganidan hansirab qolgan Isabekov karavotda o‘tirgancha pichirlardi: «Kechir, kechir meni, Sher! Sen haqingda endi hech qachon bunday yomon xayolga bormayman!»
Kechki payt gazetaga o‘rog‘liq olmani qo‘ltig‘iga qisgancha Isabekov nihoyat kutubxonaga jo‘nadi. U odatdagidan ertaroq keldi va har doimgidek eshik yonidan joy olib, stol ustiga daftar-kitoblarini qo‘yib kuta boshladi. Va har doimgidek odamlar kitobga engashgancha o‘tirishar, shivirlashar, chekish xonasiga borib, yana qaytib kelishardi. Bularning hammasi Isabekovning tushida bo‘layotgandek edi. U kutardi. Gazetaga o‘rog‘liq qizil olma stol tagida tizzasida turar, shuning uchun qimirlashga qo‘rqib o‘tirardi. Bir yarim soat o‘tdi, ko‘chaga qorong‘ulik cho‘kdi. U kelavermadi. Ikki soat o‘tdi — yo‘q! Uch soat o‘tdi — yo‘q! Isabekov hamon kutardi. U kelmadi.
Ertasiga u yana ma’ruzalarda o‘tirib, kech tushishini kutdi, yana shahar bo‘ylab olmasini ko‘tarib yurdi. Avvalgidan ham alamliroq sabrsizlik bilan kutdi kutubxonada. U ostonada paydo bo‘lganda esa, o‘zining yurak urishlaridan quloqlari bitib qolgandek bo‘ldi. U har doimgidek sezilar-sezilmas jilmayib, yengilgina bosh irg‘adi, o‘tib ketayotib esa, qo‘li bilan biroz turtib yuborgandek bo‘ldi, so‘ng bir stol naridan joy egallab, kitob olishga ketdi.
Isabekov hayajon baxsh etgan quvonchdan mast bo‘lib, stol tagida o‘zining muqaddas qizil olmasini titragancha ushlab o‘tirardi.
Keyin u kitob ko‘tarib qaytdi va har doimgidek hech kimga qaramay, hech narsaga e’tibor bermay, daftariga nimalarnidir ko‘chira boshladi.
Isabekov esa hamon kutardi. Vaqt yana cho‘zildi, ammo u bugun orzusi amalga oshishini o‘ylab baxtiyor edi. U yon tomondan qizning tartib bilan taralgan sochlariga, o‘ychan egilgan kipriklariga va yumshoq qo‘liga termulib o‘tirarkan, «Devona!» deyishni o‘zicha tasavvur qilardi.
Shunday baxtdan yuragi gursillab urardi. Ha, u qizga hammasini, olmani yeyishga shaylanganda, qanday eslab qolganini, biror yaxshi, chiroyli narsani ko‘rganda, har doim uning yonida bo‘lishni, u bilan birga quvonishni istashini, chunki faqat u bilan go‘zallikning butun jozibasini his eta olishini aytadi.
Ko‘chada tungi chiroqlar yongan, kitobxonlar tarqala boshlagandi, u esa hamon joyidan jilmasdi. Isabekov ham kutib o‘tirardi. Keyin, qiz narsalarini yig‘ishtira boshlagach, u tezda konspektlarini sumkasiga tiqdi-da, gazetaga o‘rog‘liq olmani olib ko‘chaga chiqdi. U yo‘lning nariga tomoniga o‘tmadi, hayajonini bosishga kuchi yetmay, yo‘lakda to‘xtadi. Og‘zi qurib ketdi, tashnalik sezdi. Nihoyat, tosh zinalardan uning poshnasi ovozi eshitildi va u kalta chiroyli paltoda paydo bo‘ldi. Isabekov olmani bag‘riga bosgancha u tomonga yurdi. Qiz indamay yonidan o‘tib ketdi.
— Yaxshi qiz! — qat’iyatsiz tovushda chaqirdi Isabekov.
— Ha, — qiz to‘xtab ortiga o‘girildi. — Menga nimadir demoqchimisiz?
Noqulay jimlik cho‘kdi.
— Men sizga… olma olib keldim, — dedi Isabekov zo‘rg‘a.
— Olma? Buni qarang-a! Nima, siz meni umrida olma ko‘rmagan deb o‘ylayapsizmi?
— Yo‘q, bilasizmi, men uni topib oldim…
— Xo‘sh, nima bo‘pti? Sizga mendan nima kerak o‘zi, — asabiy tarzda dedi u va hech qayoqqa qaramay, tez nari ketdi.
Qiz o‘zining qizil olmasidan uzoqlashib ketayotgandi.
Isabekov esa uning ortidan o‘zining bebaho qizil olmasini ushlagancha, nima bo‘lganini tushunmay qotib qarab turardi. Qizil olma sabab yaralgan ajoyib olam to‘satdan parcha-parcha bo‘lib, qulab ketdi.
Isabekov uyga sudraldi. U birdan qo‘lini siltab, olmani uloqtirib yubordi. U qayerdadir devorga borib urildi.
U xuddi mast odam kabi bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda to‘g‘ri ko‘prik ustidan ketib borardi. Ahyon-ahyondagi mashinalar ehtiyotkorlik bilan uni chetlab o‘tishardi.
Keyin u ko‘p qizlar bilan tanishdi, ammo hech biriga qizil olma sovg‘a qilgisi kelmadi. Ular ham buni istashmasdi…
Ammo bir umr undan qizil olma talab qilgan, yolvorgan, kutgan yagona ayol bor ekan, bor ekan. Bu uning xotini Sobira edi. Hozir kuzgi bog‘ to‘siqlari oldida o‘tirgancha Isabekov shu haqda o‘ylardi.
Kechki payt Isabekov va Anora uyga qaytishardi. Tez qorong‘u tushdi. Oldinda shahar chiroqlari porlab turardi. Mashina barglar sochilgan yo‘ldan ohista suzib borardi.
Isabekov sigaret olib, o‘t yoqqichi bilan o‘t oldirdi-yu, Anoraning qo‘lidagi qizil olmani ko‘rdi.
— Ie? Haliyam yemadingmi?
— Yo‘q, men oyimga olib qo‘ydim, — deya asta javob qildi qiz.
— Oyingga? — ming‘illadi Isabekov. Issiq bir nima tomog‘iga tiqildi. — To‘g‘ri, uni oyingga olib boramiz.
Ortiq hech nima haqida gaplashishmadi. Isabekov qizi to‘g‘risida o‘ylardi. Anora hammasini tushunarkan-ku. Ishqilib, har doim shunday bo‘lsin-da. Ishqilib, hech qachon qizil olmasidan voz kechmasin-da.
Isabekov xat yozolmadi.
Ertalab, u uxlab yotganida, Anora otasining stolida Moskvaga jo‘natilmagan xatni ko‘rdi: «Sobira, biz sening yoningga ketyapmiz». Qizcha ruchka olib, katta harflar bilan qo‘shib qo‘ydi: «Bizni kutib oling, oyi. Sizga qizil olma olib ketyapmiz».

Komila tarjimasi.