Branislav Nushich. Mening qobiliyatli farzandim (hajviya)

Men kelajakda qanday voqea-hodisalar yuz berishini oldindan bilish qobiliyatiga ega ekanimdan o‘zim ham ba’zida hayratga tushaman.

Birinchi farzandim o‘g‘il bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, uning havorang ko‘zlari keyinchalik yashilsimon bo‘ldi, vaqt o‘tgach, jigarrangga aylandi va nihoyat qop-qora bo‘lib qoldi.

U injiq, serxarxasha bola edi. Masalan, u mo‘ylovimdan bitta-bittalab yulganda, juda huzur qilar edi. Qaynonam bola otasining mo‘ylovidan tuklarini yulsa, ota zavqlanishi, huzur qilishi lozim ekanini aytganidan so‘ng, o‘g‘limning bu qilig‘iga ko‘z yoshlarimni yashirib chidab berdim. Qaynonam bu mashmasha menga yanayam ko‘proq zavq bag‘ishlashi uchun zolimimni “Yul, yul, yul!”– deya tezlardi.

Lekin bu hali holva edi, chunki bola go‘dakligida u bilan ko‘proq onasi shug‘ullanardi. Oradan bir necha yil o‘tib, bola tarbiyasi mening bo‘ynimga tushdi.

Ammo men sizga aytgan “tashvishlar” shunchaki tashvishlar emas, balki yaxshigina, tashvishlar edi.

O‘g‘lim birovlarning devorlaridan chaqqonlik bilan o‘tganida, u vaqti-soati kelib Gannibal bo‘ladi, u kabi Alp tog‘laridan epchillik bilan o‘tib ketadi, ustimdan sakrayotganida esa, o‘g‘lim beliga qilich boylab, qator otlar ustidan sakragan Milosh Voynovich[1] bo‘ladi deb, o‘zimni ovutar edim. Qurmag‘ur qo‘shnilarning tovuqxonalaridan tuxum o‘g‘irlab qochgan paytida esa uni Yevropani zabt etgan buyuk Napoleon bo‘ladi, deb o‘zimni yupatardim. Biroq tez orada u shunday noma’qul hunarlar ko‘rsata boshladiki, men o‘zimni ovutishga biror bahona, ovunch topa olmay xunob bo‘lardim. Jumladan, u qo‘shnilarning oynalarini chilparchin qilib sindiradi. Bu hali hech narsa emas, chunki hamma buyuk shaxslar bolalikda qo‘shnilarining oynalarini sindirganlar.

Xullas, men undan nimalar kutishni ham bilmasdim. Uning qiliqlari bir-biriga o‘xshamas edi. Bir kuni mening eng yaxshi paltom etagini qirqib, undan bayroq yasabdi. Uning ostiga u o‘zining katta qo‘shinini yig‘ib, uyimni qurshab olib, hujum boshladi. Jangchilar na oynalar, na poliz ekinlarini pisand qilmay, “qal’a”ni zabt etdilar. So‘ng ushbu g‘oliblar haqiqiy xunrezlikni amalga oshirdilar, ya’ni barcha jo‘jalarimning bo‘ynini qayirib o‘ldirdilar.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu hodisa meni birinchi galda ota, so‘ng jo‘jalar egasi sifatida qattiq ranjitdi.

Ranjiganimni xotinimga bildirdim, o‘z-o‘zidan ma’lumki, u ham ranjidi. Shuning uchun kechki payt, xuddi har qanday ranjigan ota va ona kabi, biz ham maslahatlashish uchun yig‘ildik. Xotinim o‘g‘ilchamiz menga o‘xshagani va o‘ta qobiliyatli ekanini aytdi. Men esa uning gaplariga qo‘shilgan holda, farzandimiz o‘z imkoniyatlarini keskin tarzda namoyish qilib, ularni bekorga sarflayotgani va bularning oqibatida ulg‘aygach, kelajakda buyuk shaxs bo‘la olish layoqatini yo‘q qilayotgani haqida aytdim.

Men o‘g‘lim Serbiyaning ortiqcha va foydasiz kishilari qatoriga qo‘shilishini juda xohlardim deya olmayman, lekin uning o‘ta “qobiliyatliligidan” cho‘chirdim. Chunki u shunday zo‘r qobiliyat egasi bo‘lsa, vazir bo‘la olmasligini bilardim. Ikkinchidan, shunday “qobiliyatlari” tufayli rekvizitsiya kvitantsiyalari yo gerbli muhr bosilgan markalarning qalbaki nusxasini yasashi, mas’uliyatli lavozimni egallab olib, oldindan ma’lum bo‘lgan soxta hisobotlar tuzishi, turli bahonalar bilan davlat solig‘iga tegishli bo‘lgan mablag‘ning bir qismini o‘zlashtirib olishi mumkin ekanini; yoki do‘stlari, tanish-bilishlari ustidan chaqimchilik qilishi, ya’ni o‘g‘lim Serbiyaning barcha qobiliyatli kishilari bajarayotgan ishlarni qilishi mumkin ekanidan qo‘rqardim. Ma’lumki, bu qobiliyatlari tufayli uni okrug jamoa boshlig‘imi, soliqchi, pochtachi, hech bo‘lmaganda birorta moliya tashkilotiga g‘aznachi etib tayinlashlari mumkin edi-da. Menga esa bunday kasblar sira yoqmaydi, shuning uchun men o‘g‘limning yuksak qobiliyat egasi bo‘lishiga qarshi edim.

Muammolar har qanday odamni ham o‘ylantirishi, bezovta qilib qo‘yishi tabiiy, otalik tashvishlari ham bundan mustasno emas, balki aksincha tashvishliroqdir. Xullas, o‘g‘limning kelajagi masalasi meni sira tinch qo‘ymasdi. Barcha boshqa yaxshi xotinlar oila tashvishini o‘z turmush o‘rtoqlari bilan birga baham ko‘rganlari singari, mening xotinim ham men bilan birga edi. Bizning arzandamiz esa Gannibal, Voynovich yo Napoleon bo‘lish fikridan qaytgan chog‘i – kunlardan bir kun mushukni suvda cho‘ktiradi. Ishonchim komilki, na Gannibal, na Voynovich va na Napoleon mushuklarni suvda cho‘ktirgan emaslar.

Farzandimning kelajagi haqidagi tashvishlar meni maslahat olgani bizning eng taniqli pedagoglarimizdan biri, ma’rifat bo‘yicha Kengash a’zosi, ta’limni qaytadan tashkil etish bo‘yicha barcha komissiyalar a’zosi, ko‘plab o‘quv dasturlarining muallifi, bolalarni tarbiyalash Jamiyatining faxriy a’zosi, bulardan tashqari ko‘plab ilmiy asarlar muallifi bo‘lgan kishining uyiga borishga majbur qildi.

Men uni bezovta qilganimdan yomon pushaymon edim.

U meni kursiga taklif etdi. Endi o‘tirmoqchi edim: nozik joyimga bir narsa qattiq sanchilganidan qichqirib yubordim. Uning oldida o‘sha sanchilgan yerimni paypaslaganimdan juda xijolatda edim. Taniqli pedagog ham voyvoylagancha men ushlagan joylarimni paypaslab ko‘rdi-da, so‘ng:

– Ming bor uzr, bu katta o‘g‘limning qiliqlari, bu shumtaka juda sho‘x bo‘lgan! Bolasi qurmagur, kursingizga ignani tiqib qo‘yganini qarang… U tez-tez shunday qilib turadi, buning uchun ma’zur tutasiz, – dedi.

– Unda siz mehmonlaringizning kursidan sapchib turishlarini tez-tez kuzatib turar ekansiz-da? – istehzo bilan so‘radim. So‘ng men shunchaki mehmon emas, balki yordam so‘rab kelgan ota ekanligimni eslab, o‘zimni bosdim-da, yana asta kursiga o‘tirdim.

Endigina maqsadimni tushuntirmoqchi bo‘lib turganimda birdan qo‘shni xona eshigining tepa qismidagi oynasi jaranglab, chilparchin bo‘lib, oyog‘im ostiga tufli uchib keldi.

– Jivko! – o‘rnidan sapchib turdi pedagog janoblari. – Shayton urgur, bu nima qilganing!

Eshikning singan oynasi orasidan bir bolaning boshi ko‘rindi va:

– Menga bufetning kalitini bermagani uchun onamni o‘qqa tutayapman, – dedi.

– Bay, bay, bay! Senga uyat emasmi, huzurimda mehmon o‘tirganini ko‘rmayapsanmi?!

Bola menga quvnoq ko‘zlari bilan nazar tashladi-da, so‘ng xuddi bufet kalitini men sababli ololmagandek, aftini burishtirdi.

Pedagog bir oz o‘ylanib turib, bolani qanday tarbiyalash va buning uchun qanday kitoblar va ilmiy asarlar bilan tanishib chiqish lozimligi haqida ma’ruza o‘qiy boshladi. Buning uchun birinchi o‘rinda uning kitoblarini o‘qib chiqishimni tavsiya etdi-da, farzandining sho‘xliklari uchun o‘zini ayblay boshladi. So‘ng taniqli pedagog oriq qo‘llarini sochlarining orasiga tiqib, bir kitobining muqovasida yozilgan “Farzandlar xatosi ularning xatosi emas, balki ota-onalar xatosi”, degan gapni aytdi.

Shu payt ko‘chadan bolalar do‘mbirasining dupur-dupuri eshitildi. Taniqli pedagogning uyi oldidan qizil chitdan yasalgan bayroq ostida chamasi ellikdan ortiq bola saf tortib, harbiylarcha qadam tashlab o‘tdi. Unga buyuk pedagogning katta o‘g‘li boshchilik qilar edi (Shundagina taniqli pedagog oyna oldida turgan qizil pardalardan biri yo‘q bo‘lib qolganini ko‘rdi). Har bir harbiyning yelkasida bittadan tayoq, boshlarida esa qog‘ozdan yasalgan harbiylarning uchburchak bosh kiyimi bor edi.

Buyuk pedagog oynaga tikilib qaradi, avvaliga xotirjam o‘tirgan odamning rangi doka singari oqarib ketdi. U darhol yozuv stolining qutisini ochdi. Quti bo‘sh ekanini ko‘rib, vahimaga tusha boshladi, so‘ng qo‘llarini siltab:

– E, xudoyim-ey! – deya ayyuhannos sola boshladi.

– Nima bo‘ldi? Xudo haqqi, ayting, – deb so‘radim.

– Hammayoq rasvo bo‘ldi! Ishlar pachava! E, xudoyim-ey! – deb pedagog qayg‘uli ovozda pichirlay boshladi. – Men kechani kecha, kunduzni kunduz demay, olti oy davomidan tunu kun tinmay “Oila – bolaning tarbiyachisi sifatida” nomli katta va muhim ilmiy asarimning to‘rtinchi qismini o‘n kun oldin tugatgan edim. O‘ylab ko‘ring-a, o‘n kun oldin…

– Juda yaxshi, lekin nima sababdan siz…

– Siz, nima, bolalarning boshidagi shapkalarini ko‘rmayapsizmi? Katta o‘g‘lim qutidan qo‘lyozmalarimni olib, ulardan o‘zining harbiylariga bosh kiyim yasabdi…

Dunyoda har xil odamlar bor. O‘g‘lim to‘polonchi bo‘lsa ham, lekin buyuk pedagogning o‘g‘li emasligi uchun biroz xotirjam tortdim. Men uning ustidan kulmagan bo‘lsam-da, biroq:

– Menimcha, katta o‘g‘lingiz juda qobiliyatli bola. Yaqin kelajakda u yaxshi va o‘ta talabchan ilmiy tanqidchi bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, agar u halitdan qo‘lyozmalarga qo‘l ura boshlagan bo‘lsa, kelajakda faqat shapkalar yasash uchun ma’qul bo‘lgan quruq safsatali nazariya va qo‘lyozmalarning dushmaniga aylanadi.

– Na iloj, etikdo‘z etikka yolchimasligini bilasiz-ku.

Shu so‘zlardan so‘ng, buyuk pedagog bilan xayrlashib, uyimga yo‘l olarkanman, “etikdo‘z etikka yolchimas” maqoli odamga qanchalik darajada tasalli berishi mumkin ekani haqida o‘ylab ketdim.

Uyga kelishim bilanoq menga quvonchli xabarni – o‘g‘limni qutqarib qolganlarini aytishdi.

Aslida uning quduqqa tushib ketishi rejalashtirilmagan ekan. O‘g‘lim do‘stlaridan birini quduqqa itarib yuborishi kerak ekan, lekin sirpanib ketib, o‘zi tushib ketibdi.

Xudoga ming qatla shukrki, qutqarib qolishibdi! O‘ylashimcha, bu uning uchun katta saboq bo‘ladi – endi u birovni quduqqa itarib yuborishdan oldin, o‘zi uchun ehtiyot choralarini ko‘radi.

Rus tilidan Muhsin G‘aniyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son

______________

[1] Milosh Voynovich – serb xalq dostoni qahramoni.