Boris Pasternak. Doktor Jivago (romandan parcha)

O‘N UChINChI QISM

Naqshinkor uy qarshisida

Kichik Spassk va Novosvalochnoye mavzelariga qiyshiq tepalikdan va Katta savdogarlar ko‘chasidan kirib borilardi. Shahardagi balandroq qurilgan uylaru cherkovlar xuddi shu ko‘chada joylashgan edi.
Burchakda qoramtir-kulrang tusdagi naqshinkor uy qad ko‘targan. Uy poydevoridagi ulkan to‘rtburchak toshlarga hukumat gazetalarining yangi sonlari, davlat qarorlari va farmonlari yopishtirilgandi. Yo‘lakda uzoq turib qolgan yo‘lovchilar ularni ovozsiz o‘qirdilar. Sovuq sezilarli darajada kuchayib borardi. Qorong‘i tushgan joylarni esa chiroq yoritardi. Chiroq odamlarni xayolan uzoqlarga olib ketar, qo‘rqitar, hayajon va xavotirga solar edi.
Yaqinda shaharni qizillarga topshirib, oqlar g‘oyib bo‘ldi. Otishmalar, qon to‘kishlar, harbiy to‘polonlar to‘xtadi. Ko‘chadagilar g‘ira-shirada mana bunday ma’lumotlarni o‘qirdilar: “Aholi diqqatiga! O‘ziga to‘qlar uchun ishchi guvohnomalari Yuryatin soveti oziq-ovqat bo‘limida har donasi 50 so‘mdan sotiladi. Oktyabr, sobiq General-gubernator ko‘chasi 5 uy 137-xona. Kimda-kim ishchi guvohnomasiga ega bo‘lmasa yoki daftarchasi noto‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, o‘sha kishi harbiy davrning eng keskin qoidalari asosida jazolanadi. Ishchilar guvohnomasidan foydalanishning aniq qoidalari shu yil YuIQIning №86 (1013) sonida bosilib chiqqan va Yursovetning oziq-ovqat bo‘limidagi 137-xonada osib qo‘yilgan”.
Boshqa e’londa shaharda oziq-ovqat zaxirasi yetarli ekanligi xabar qilinardi. Faqat bu zaxirani burjuaziya oziq-ovqatni taqsimlash bahonasida janjal chiqarish uchun berkitar ekan. E’lon mana bu so‘zlar bilan tugardi: “Oziq-ovqat zaxiralarini saqlaydiganlar yoki yashiradiganlar topilsa, o‘sha joyning o‘zida otiladi”. Harbiylarga mana bunday ogohlantirish berilardi: “Qurolini topshirmaganlar yoki uni yangi namunaviy ruxsatnomasiz olib yurganlar qonun bo‘yicha ta’qib etiladi. Ruxsatnomalar Yuryatin inqilobiy qo‘mitasida almashtiriladi. Oktyabr ko‘chasi 6 uy 63-xona”.
…Qiroatxonada o‘qib o‘tirgan bir guruh kitobxonlar safiga ozib-to‘zib ketgan, yaqin orada yuvinmagan va shunga ko‘ra yovvoyilashib qolgan bir odam qo‘shildi. Uning yelkasida yuki, qo‘lida hassasi bor. O‘sib ketgan sochlari hali oqarmagan. Qoramtir-kulrang soqoli orasida bitta-yarimta oq ko‘rina boshlagan. Bu doktor Yuriy Andreevich Jivago edi. Po‘stinini yo‘lda olib qo‘yishgan bo‘lsa kerak yoki uning o‘zi po‘stinni oziq-ovqatga almashgandir. Ustidagi yupun kiyimlar isitmas, o‘sha kiyimlar ham birovniki ekanligi sezilib turardi.
Qopida yeb tugatilmagan parcha non, bir bo‘lak qoqlangan cho‘chqa yog‘i bor edi. Nonni shaharga tutash qishloqda berishgandi. Shaharga bir soatcha avval temiryo‘l tarafdan kirib kelgandi. Yo‘l zahmatida toliqqan shifokor oyoqda zo‘rg‘a turar, yiqilib tushay derdi. Yiqilsa ham shahar toshlarini o‘pishdan uyalmaydi. Axir, unda bu toshlarni ko‘rish umidi tamom uzilgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Endi esa toshlarga tikilarkan, doktor xuddi tirik mavjudotlarni ko‘rayotgandek edi.
Juda uzoq vaqt temiryo‘l bo‘ylab piyoda yurib keldi. Temiryo‘l tashlandiq, qarovsiz, harakatsiz va qor bosgan holda yotardi. Uning yo‘li oq gvardiyachilarning qator-qator poyezdlari yonidan o‘tardi. Ular yo‘lovchi va yuk poyezdlari bo‘lib, yonilg‘ining yo‘qligi, Kolchakning umumiy mag‘lubiyati sababli to‘xtab qolgandi. Qor bosgan bu poyezdlar bir necha chaqirimda uzun lentadek cho‘zilib yotardi. Bu poyezdlar yo‘lda yo‘lovchilarning bor-yo‘g‘ini tortib olayotgan qaroqchilar, turli jinoyatchilar va siyosiy qochqinlar, daydilar, eng ko‘pi, sovuqdan yoki sochma tifdan halok bo‘lganlar mozoriga aylangan edi. Sovuq va sochma tif butun-butun qishloq ahlining qirilib ketishiga sabab bo‘lmoqda edi.
Bu davr “odam odamga bo‘ri” degan qadim iboraning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlardi. Yo‘lovchilar bir-birini ko‘rganda boshqa tarafga yurib ketar yoki o‘zini halokatdan saqlash uchun duch kelgan odamni o‘ldiraverardi. Unda-munda odamxo‘rlik hollari ham kuzatildi. Tamaddunning insoniy qonunlari o‘z kuchini yo‘qotdi. Ularning o‘rnini hayvoniy qonunlar egalladi. Inson uyqusida tarixdan avvalgi g‘or asri tushlarini ko‘radigan bo‘ldi.
Atrofda bekinib yotgan yakkam-dukkam soyalar yo‘llarni kesib o‘tar, Yuriy Andreevich tikilib qaraganda, ularni ilgari ko‘rgandek bo‘lardi. Ularning hammasi shifokor nazarida partizanlar lageridan chiqqandek edi. Ko‘pincha bu xayollar xato bo‘lib chiqardi. Faqat bir martagina shifokor ko‘zlari adashmadi. Yotoq vagon ustini qoplagan qor tog‘i ortidan chiqqan o‘spirin dalada zaruratini qondirdi-da, yana uyum-uyum tepalik­lar orasida g‘oyib bo‘ldi. Bu bola chindan ham “O‘rmon birodarlari”dan biri edi. U – o‘limga hukm qilingan, lekin yolg‘ondan otilgan Terentiy Galuzin edi. Unga qarata o‘q uzilgan bo‘lsa-da, o‘ldirilmagan edi. Terentiy o‘shanda uzoq vaqt behush holda yotdi, o‘ziga keldi, qatl joyidan emaklab yiroq ketdi. O‘rmonlarda yashirinib yurdi, yaralari bitguncha chidadi. Endi esa poyezdlardagi tanish-bilishlariga ko‘rinishdan ehtiyot bo‘lib, boshqa ism ortiga yashiringancha, Krestovozdvijenskdagi qarindoshlari huzuriga kelmoqda edi.
Bu manzaralar xuddi boshqa yurtlardan keltirilgandek, begonalarnikidek taassurot qoldirardi. Ular qaysidir bo‘lak sayyoralardan yerga adashib tushib qolgan qandaydir noma’lum mavjudotlarning qismlariga o‘xshar edi. Faqat tabiatgina tarixga sodiq qolib, eng yangi davr san’atkorlari suratlarida qanday chizilgan bo‘lsa, o‘shandayligicha namoyon bo‘lardi.
Doktor rasmiy bildirgilarni o‘qish uchun naqshinkor uy toshdevoridagi markaziy matbuot taxtasiga yaqinlashdi. Biroq uning ko‘zlari daqiqa sayin qarama-qarshi tomonga, undan teparoqqa, ikkinchi qavatdagi derazalarga qarayverardi. Ko‘chaga qaragan bu derazalarga qachonlardir bo‘r bilan belgi qo‘yilgan. Deraza ortidagi ikkala xonada uy egasining mebellari yig‘ib qo‘yilgan. Garchand sovuq derazalar ostini yupqa muz qatlami qoplagan bo‘lsa-da, oynalar yaltirab turar va ulardagi bo‘r izlari yuvib tashlanganligi aniq ko‘rinardi. Bu o‘zgarish nimani anglatardi? Yoki Lara bu yerdan ketib qolganmi? Bu yerga yangi xo‘jayinlar kelib, hamma narsa o‘zgarib ketganmi?
Doktorni mana shunday mavhumliklar qiynardi. U hayajonini yashirolmasdi. Jivago yo‘lni kesib o‘tdi-da, uy dahliziga kirdi va yuragiga juda yaqin bo‘lib qolgan zinalardan ko‘tarila boshladi. U quyma cho‘yan zinalardagi naqshlarni unutmagan edi. Zinalardan ko‘tarilishda qaysidir qayrilishga yetganda, panjaralar orasidan oyoq ostiga qaralsa, narvon tagida teshik chelaklar, tog‘oralar va siniq stullar tashlab qo‘yilganini ko‘rish mumkin bo‘lardi. Hozir ham hamma narsa xuddi o‘shanday edi. Hech narsa o‘zgarmabdi, hammasi ilgari qanday bo‘lsa, o‘shandayligicha turibdi. Doktor zinaning o‘tmishga sadoqatiga qoyil qoldi.
Qachonlardir bu eshikda qo‘ng‘iroqcha bo‘lardi. Lekin allaqachonlar, ya’ni doktor o‘rmon asirligiga tushishidan avvalroq buzilgan va ishlamas edi. U eshikni taqillatib ko‘rmoqchi bo‘ldi, ammo uning yangicha berkitib qo‘yilganini payqab qoldi. Emandan yasalgan eski eshikka zulfin o‘rnatilib, og‘ir osma qulf ilib qo‘yilgan edi. Ilgarilari bunday yovvoyilikka yo‘l qo‘ymasdilar. Avvallari yaxshi yopiladigan ichki qulflardan foydalanishardi. Agar ular buzilgudek bo‘lsa, tuzatadigan chilangarlar bor edi. Mana shu kichkinagina tafsilotning o‘zi hayot sezilarli darajada yomonlashganidan darak berardi.
Doktor Lara va Katenkaning nainki uyda, nainki Yuryatinda, balki butun dunyoda yo‘qligiga ishonardi. U eng dahshatli oqibatlarni ko‘rishga ham tayyor edi. Faqat vijdon sofligi uchun o‘zi va Katenka juda qo‘rqadigan teshikni bir siypalab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Qo‘li kalamushga tegib ketmasligi uchun avval oyoqlari bilan devorni tepdi. Kelishilgan joyda nimadir topilishiga unda ishonch qolmadi. Teshik g‘isht bilan yopib qo‘yilgan edi. Yuriy Andreevich g‘ishtni joyidan chiqarib, qo‘lini chuqurlikka tiqdi. Ana mo‘jiza! Kalit va xat. Xat katta varaqqa yozilgan bo‘lib, anchagina uzun edi. Doktor zina maydonidagi derazacha yoniga keldi. Mo‘jizagina emas, balki mo‘jizalar mo‘jizasi! Xat shifokorga yozilgan edi. U xatni tezda o‘qib chiqdi:
“Xudoga shukur, baxtimiz butun ekan! Seni tirik va topilgan, de­yishardi. Seni ko‘rganlar yugurib kelib, menga xabar qilishdi. Sening birinchi navbatda Varikinoga shoshilishingni taxmin qilib, men ham Katenka bilan o‘sha yoqqa ketayapman. Har ehtimolga qarshi bilib qo‘y, kalit har doimgi joyida. Mening qaytishimni kut, hech qayerga ketib qolma. Aytgancha, hozir xonadonning old tomonida, derazalari ko‘chaga qaraydigan tarafida yashayapman. Uy bo‘shab yotibdi, mebellarning bir qismini sotishga to‘g‘ri keldi. Ozgina ovqat, eng muhimi, qaynatilgan kartoshka qoldirdim. Kalamushlardan saqlash uchun kastryulkaning qopqog‘i ustiga dazmolni yoki boshqa qandaydir og‘ir narsani qo‘yib qo‘y. Men shunday qilardim. Quvonchdan aqlimni yo‘qotayapman”.
Xatning bir tomoni shu so‘zlar bilan tugardi. Doktor qog‘ozning orqasida ham yozuv bor ekanligiga e’tibor bermadi. U kaftidagi qog‘ozni lablariga bosdi, keyin buklab kalit bilan birga cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Uning shodligiga og‘riqli, dahshatli bir alam qo‘shilganday bo‘ldi. Ayol to‘g‘ridan-to‘g‘ri Varikinoga ketayotgan ekan, demak, uning oilasi haqida o‘sha joylarda hech qanday gap yo‘q. Shifokor o‘z oilasini o‘ylab, ezilib ketdi. Nima uchun ayol uning oilasi to‘g‘risida bironta ham so‘z yozmagan? Ular qayerda? Umuman, ular o‘zi mavjudmikan?
Eshik ochilishidagi taraq-turuq ichkarida to‘polonni uyg‘otib yubordi. Odamlar yo‘qligi uchun bo‘shab qolgan uy uni joyidan dumalab tushayotgan temir idish-tovoqlarning sharaq-shurug‘i bilan kutib oldi. Kalamushlar yerda bemalol o‘ynab yurardi. Behisob darajada bolalab ketgan bu mal’unlarni ko‘rib, yordamchisi yo‘qligidan doktorning yuragi sirqiradi va o‘zini yo‘qotishiga ozgina qoldi.
Doktor qanchalik qiyin bo‘lmasin, tunda bu mal’unlardan qutulishga qaror qildi. U eshigi yaxshi berkiladigan xonaga kirib olib, barcha teshiklarni, to‘g‘rirog‘i, kalamush yo‘llarini oyna bo‘laklari va temir parchalari bilan yopib chiqishga kirishdi. Xonada ham, tashqarida ham bitta yorug‘lik, ya’ni yaqinlashib kelayotgan bahorning kechki, siniqqan yog‘dulari hukmron edi. Yorug‘likning bir xilligidan xonani ko‘chadan farqlash qiyin edi. Faqat kichkinagina bitta tafovut bor. Hozir Yuriy Andreevich turgan Laraning yotoqxonasi Savdogarlar ko‘chasiga qaraganda sovuqroq edi. Ayni sovuq havoning uyda ham, tashqarida ham bir xildagi hukmronligi shifokorni ko‘chadagi yo‘lovchilar, shahardagi kayfiyat va hayot bilan yaqinlashtirayotgandek bo‘lardi. U qo‘rquvni unutdi, kasal bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylamasdi. Kechki bahoriy yorug‘lik o‘z sofligi bilan unga uzoq kelajakda yuz ochadigan saxovatga to‘liq umidlari uchun berilgan garovdek tuyuldi. U hammasi yaxshilanishiga, barcha maqsadlariga erishajagiga, yaqinlarini topishiga ishona boshladi. Lara bilan uchrashuv quvonchini eng yaqin bayramdek orziqib kutardi.
Shifokordagi quvvatsizlik o‘rnini haddan ortiq hayajon va cheksiz behalovatlik egalladi. Yaqin o‘tmishdagi zaiflikka nisbatan yangi jonlanish qandaydir kasallik boshlanayotganidan darak berardi. Yuriy Andreevich joyida o‘tirolmas edi.
Shifokor bu yerga kelishidan avvalroq soch-soqolini oldirishni mo‘ljallagan edi. Agar Laranikida qaychi topilib qolsa, mushkuli oson bo‘lardi-qo‘yardi. Ayolning pardoz stolini palapartish qidirib, shifokor qaychi topa olmadi. Shu payt uning yodiga qachonlardir Kichik Spassk ko‘chasida tikuvchilik ustaxonasi bo‘lgani tushdi. U o‘ylay boshladi: agar u yopilib ketmagan va u yerda kimlardir ter to‘kayotgan bo‘lsa, o‘zi ish soati tugashidan avvalroq yetib borsa, tikuvchilarning birontasidan qaychi olib turish mumkin bo‘ladi. Shifokor yana ko‘chaga chiqdi.
Shifokorning xotirasi pand bermagan edi. Ustaxona o‘z joyida bo‘lib, u hali ham ishlardi. Ustaxona savdo muassasasi o‘rnida joylashgan bo‘lib, yo‘lka kengligidagi vitrinasi va kiraverishdagi eshigi ko‘cha tomonga qaragan edi. Xona juda tirband edi. Bu yerda haqiqiy ishchilar bilan bir qatorda havaskor tikuvchilar ham mehnat qilardilar. Ular, asosan, Yuryatin jamiyatidan kelgan, keksarib borayotgan xonimlar bo‘lib, ishchi guvohnomasini olish uchun bu yerga qatnardilar. Guvohnoma xususida e’lonlar taxtasida aytilgan edi. Ularning harakatlari shoshib-pishib ishlaydigan haqiqiy tikuvchilarnikidan sezilarli darajada farqlanib turardi. Ustaxonada faqat harbiy kiyimlar, xususan, paxtalik shimlar, kamzul va kurtkalar tikilardi. Shuningdek, bu yerda it terisidan po‘stinlar ham tayyorlanardi. Bunaqa po‘stinlarni Yuriy Andreevich partizanlar lagerida ko‘rgan edi.
Yuriy Andreevich derazani taqillatdi va o‘zini ichkariga kiritishlarini so‘rab, qo‘li bilan ishora berdi. Xuddi shunday imo-ishoralar bilan unga alohida shaxslardan buyurtma qabul qilmasliklarini tushuntirdilar. Yuriy Andreevich chekinmas va avvalgi harakatlarini takrorlab, ichkariga kiritishlarini hamda gapini eshitishlarini iltimos qilardi. Qo‘polroq harakatlar bilan unga shoshilinch ishlari borligini tushuntirishib, xalaqit bermaslikni hamda nari ketishni so‘radilar. Shifokor o‘rta va ko‘rsatkich barmoqlarini bir-biriga chalishtirib, qaychi harakatini ifodalagandek bo‘ldi. Uning harakatlarini tushunishmadi. Uni qandaydir nomaqbul shaxs deb o‘ylab, masxarabozlikda ayblay boshladilar. Yirtiq-yamoq kiyim-boshi va g‘alati qiliqlari bilan shifokor kasal yoki jinni, degan taassurotni berardi. Ustaxonada shifokor ustidan xoxolab kulishar, mazax qilishar, qo‘llarini silkitishar va shu yo‘l bilan derazadan uzoqlashtirmoqchi bo‘lishardi. Nihoyat, u ustaxonaga hovli orqali kirmoqchi bo‘ldi. Yo‘l topdi. Shifokor ustaxonaga orqa eshikdan borib, uni taqillatdi.
Eshikni qarimsiq, qoramtir yuzli bir ayol ochdi. Ayolning ko‘ylagi ham qora edi. U o‘zini o‘ta jiddiy tutdi. Bu ayol shu muassasadagi eng yoshi ulug‘laridan bo‘lsa ajab emas.
– Mana qanaqa odam yopishib oldi bizga! Bundan ortiq jazo bormi. Mayli, tezroq bo‘ling, sizga nima kerak? Biz shoshilyapmiz.
– Hayron bo‘lmang, menga faqat qaychi kerak. Bir daqiqaga qaychi bering. Ko‘z o‘ngingizda soqolimni olib tashlaymanu qaychini minnatdorchilik bilan qaytarib beraman.
Tikuvchi ko‘zlarida ishonchsizlikka to‘la hayrat paydo bo‘ldi. Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, ayol suhbatdoshining aqliy imkoniyatlariga shubha bilan qaray boshlagan edi.
– Uzoqdan kelyapman. Hozirgina shaharga kirdim, soch-soqolim o‘sib ketdi. Oldirmoqchi edim. Bironta sartaroshxona uchramadi. Men o‘zim olardimu faqat qaychi yo‘q-da. Marhamat qilib berib turinglar.
– Yaxshi. Men sizning soch-soqolingizni olib qo‘yaman. Faqat bilib qo‘ying, agar xayolingizda qandaydir yomon niyat tug‘ilsa, ayyorlik qilishni xohlab qolsangiz, kiyimingizni o‘zgartirib kelgan bo‘lsangiz, siyosiy maqsadlar ham qo‘shilgan bo‘lsa, bizdan yaxshilik kutmang, sizni deb o‘z hayotimizni qurbon qilmaymiz, zarur joyga shikoyat qilaman. Hozir zamon boshqacha.
– Kechirasizu, nimadan qo‘rqasizlar!
Tikuvchi doktorni yon tarafdagi kichkinagina xonaga olib kirdi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas u xuddi sartaroshxonadagidek stulda o‘tirar edi. Taqilgan choyshab bo‘ynidan pastga tortib borayotganga o‘xshardi.
Tikuvchi asboblarni olib chiqqani kirib ketdi va bir muddat o‘tib, qo‘lida qaychi, taroq, har xil raqamli mashinkalar, tasma va ustara ko‘targancha qaytib chiqdi.
– Umrimda har qanaqa ishni qilib ko‘rdim, – deb tushuntirdi tikuvchi doktorning hamma narsa tayyorligidan hayron bo‘lganligini payqab. – Sartarosh bo‘lib ham ishlaganman. Avvalgi urushda shafqat hamshirasi bo‘lganman. O‘shanda soch-soqolni olishni o‘rganganman. Soqolingizni avval qaychida olamiz. Keyin ustarada tozalaymiz.
– Sochimni olsangiz, iltimos, kaltaroq qilib qo‘ying.
– Harakat qilamiz. Tuzukkina ziyoli bo‘laturib, o‘zingizni hech narsani bilmaslikka olasiz. Hozir haftalar emas, o‘n kunliklar hisobga olinadi. Bugun bizda o‘n yettinchi. Odatda, oyning yettinchi kunlari sartaroshlar dam oladilar. Nahotki shuni bilmasangiz.
– So‘zlarim rost, o‘zimni boshqacha qilib ko‘rsatishdan nima naf? Aytdim-ku, uzoqdan keldim. Bu yerlik emasman.
– Tinch o‘tiring. Qimirlamang. Kesib olishim hech gap emas. Demak, kelgindisiz? Nimada keldingiz?
– Ikki oyog‘imda.
– Katta yo‘ldanmi?
– Katta yo‘ldan o‘tdim, keyin temiryo‘l bo‘ylab yurdim. Poyezdlar qor tagida! Har qanaqa poyezd, lyuks, ekstren ham qor ostida.
– Mana endi bir qismi qoldi. Shu yerni olsak, tayyor. Oilaviy ehtiyojlar bilan yuribsizmi?
– Qanaqa oilaviy ehtiyoj! Qarzdor o‘rtoqlar ittifoqining ishlari bilan yuribman. Men sayyor inspektor edim. Tekshirish uchun safarga jo‘natgan edilar. Sharqiy Sibirda ushlanib qoldim. Orqaga qaytishning iloji bo‘lmadi. Poyezdlar yo‘q edi-da. Piyoda yurishdan o‘zga choram qolmadi. Bir yarim oy yo‘l yurdim. Shunchalar ko‘p narsa ko‘rdimki, butun umr aytib tugatib bo‘lmaydi.
– Hikoya qilish kerak emas. Men sizning aqlingizni kiritib qo‘yaman. Hozir esa to‘xtab turing. Mana sizga ko‘zgu. Choyshabning ostidan qo‘lingizni chiqaring-da, uni oling. O‘zingizga bir qarang-chi. Qalay, ma’qulmi?
– Menimcha, kamroq olibsiz. Yana ham kaltaroq qilish mumkin edi.
– Soch turmagi chiqmay qoladi. Men sizga aytayapman, hech kimga hech narsa hikoya qilishning hojati yo‘q. Hozir har qanday masalada jim yurgan ma’qul. Qarzdor o‘rtoqlar, qor ostidagi lyuks poyezdlari, inspektorlar va revizorlar – bu so‘zlarning barini unuting. Ularni aytaversangiz, shunday to‘siqlarga duch kelasizki! Ko‘rpangga qarab oyoq uzat, deyishadi. Yaxshisi, yolg‘on gapirib, o‘zingizni doktor yoki o‘qituvchi qilib ko‘rsata qoling. Mana soqolingizni bir marta olib bo‘ldim. Endi top-toza qilib qiramiz. Ozgina sovun suramiz-da, o‘n yilga yosharib ketamiz. Men suv qaynatib kelaman.
“Bu ayol kim o‘zi? – o‘ylardi doktor soch olayotgan xotin yo‘qligida. – Bizning oramizda qandaydir tutash nuqtalar borga o‘xshaydi. Ularni bilish lozim. Ko‘rilgan yoki eshitilgan nimadir bor bu yerda. Bu ayol kimnidir esga soladi. Jin ursin, kimni axir?”
Tikuvchi qaytib keldi.
– Demak, endi soqolni olamiz. Shunday qilib, hech qachon ortiqcha so‘zlamagan ma’qul. Bu abadiy haqiqatdir. Agar so‘z kumush bo‘lsa, sukunat oltindir. U yerlarda poyezdlar imtiyozli va qarzdor o‘rtoqlarniki. Yaxshisi, bir narsa o‘ylab toping, doktor yoki o‘qituvchi bo‘ling. Azob-uqubat chekkaningizni hech kimga gapirmay qo‘ya qoling. Unday gaplar bilan hozir kimning ko‘nglini ham yumshata olardingiz? Ustara bezovta qilmayaptimi?
– Biroz og‘riyapti.
– Biroz og‘ritishini o‘zim ham bilaman. Azizim, jinday chidab turing. Busiz mumkin emas. Sochlaringiz o‘sib dag‘allashib ketgan. Teringiz og‘riqqa chiday olmayapti. Ha. Ko‘rgan-kechirganlarni gapirish bilan hozir hech kimni hayratga solib bo‘lmaydi. Odamlar bir-birlari bilan tillashib olishdi. Bu yerda biz ham ozmuncha azob-uqubatni boshimizdan kechirmadik. Atamanlar vaqtida bu yerda shunday dahshatlar ro‘y berdiki! O‘g‘irliklar, o‘ldirishlar, olib qochishlar. Odamlar ketidan ov boshlangan edi. Masalan, sapunovchi bitta ahmoq poruchikni yomon ko‘rib qolibdi. Krapulskiyning uyi qarshisidagi o‘tloqqa pistirma qo‘yibdilar. Qurolsizlantirilib, soqchi kuzatuvida Razvilega olib ketibdilar. Yomon joy edi. Nega boshingizni qimirlatasiz? Og‘riyaptimi? Bilaman, azizim, bilaman. Hech narsa qilib bo‘lmaydi. Sochingiz juda g‘ayir. Shunaqa joy. Xotini talvasaga tushibdi. Poruchikning xotini. Kolya. Mening Kolyam! To‘g‘ri boshliqning oldiga… To‘g‘ri, deb faqat og‘izda aytadilar. Kim ham o‘sha xotinni boshliqning oldiga qo‘yardi. Tanish-bilish kerak. Qo‘shni ko‘chada boshliqning oldiga kirish yo‘llarini biladigan va hammaga yordami tegadigan bir ayol bor edi. Atrofda o‘zboshimchalik bilan sud qilishar, hayvoniy va rashk dramalari avj olgan edi. Xuddi ispan romanlaridagiga o‘xshardi.
“Bu xotin Lara to‘g‘risida gapiryapti”, o‘ylardi doktor. Faqat ehtiyotkorlik vajidan u jim turar va tafsilotlarni so‘ramas edi. Ayol “ispan romanlaridagi kabi”, deganda ham kimnidir esga soldi. Qishloqqa ham, shaharga ham xos bo‘lmagan bu so‘zlar nimani anglatadi?..
– Hozir, albatta, ahvol butunlay boshqacha. Tekshirishlar, chaqimchilik, otuv hali ham tugamagan. Lekin g‘oyalar birmuncha o‘zgargan. Birinchidan, hukumat yangi. O‘zi endi ish boshladi. Ikkinchidan, nima bo‘lganda ham ular oddiy xalq tomonda. Ularning kuchi shunda. Meni ham qo‘shib hisoblaganda, biz to‘rtta opa-singil edik. Hammamiz mehnatkashlardan. Tabiiyki, biz bolsheviklar tomonidamiz. Bitta opamiz olamdan o‘tgan. U siyosiy xodimning xotini edi. Uning eri shu yerdagi zavodlarning birida boshqaruvchi bo‘lib ishlardi. Ularning o‘g‘li, ya’ni mening jiyanim qishlog‘imizdagi isyonchilarga bosh edi, taniqli kishi bo‘lgan.
“Mana gap qayerda ekan! – deb o‘ylardi Yuriy Andeevich. – Bu, demak, Liveriyning xolasi, mahalliy afsonalar qahramoni va Mikulitsinning qaynisinglisi, sartarosh, tikuvchi, strelkachi, hammaga tanilgan usta, qo‘li gul ayol. O‘zimni tanitib qo‘ymaslik uchun jim turaveraman”.
– Jiyanim bolaligidan xalqqa tanilish istagida yurardi. Otasining “Svyatogor bahodir” degan joydagi korxonasida ishchilar orasida katta bo‘lgan. U yerda Varikino zavodlari bor, balki eshitgandirsiz? Biz nima qilyapmiz o‘zi! Oh, men esi yo‘q, jinni. Soqolingizning yarmi sip-silliq, qolgan qismi hali olinmagan. Mana gapga tushib ketishning oqibati nimalarga olib keladi. Siz qarab turgan edingiz-ku, nega to‘xtatmadingiz? Yuzingizda sovun qurib qolibdi. Suv qaynatib kelaman. Avvalgisi sovib qoldi.
Tuntseva qaytib kelganda, Yuriy Andreevich so‘radi:
– Varikino – xudoning panohidagi ovloq bir joy. U yerga hech qanaqa to‘polonchilar yetib borolmaydi.
– Qanday qilib xudoning panohida deysiz-a? Axir, u yerdagilarga bizdagidan ham ko‘ra qiyinroq bo‘ldi-ku. Varikinodan shunday to‘dalar o‘tdiki, kimnikiligini bilib bo‘lmas edi. Bizning tilda gapirishmasdi. Uyma-uy yurib, barchani ko‘chaga olib chiqib otib tashlayverishdi-ku. Qordagi jasadlar yig‘ib olinmay qolaverdi. Hamma ish qishda bo‘lgan edi-da. Nega nuqul tipirchilayverasiz? Sal qoldi tomog‘ingizni ustara bilan kesib olishimga.
– Kuyovingiz Varikinodan ekan. Nima, u ham o‘sha azob-uqubatlardan qutulib qolmadimi?
– Yo‘q, nega endi. Xudo rahmdil. U xotini bilan qishloqdan chiqib ketdi. Ikkinchi, yangi xotini bilan. Ularning hozir qayerdaligi noma’lum, lekin qutulganlari aniq. U yerda so‘nggi paytlarda yangi kishilar paydo bo‘lishgan ekan. Moskvaliklar oilasi, kelgindilar. Ular avvalroq ketishgan ekan. Erkaklarning kichigi, ya’ni oila boshlig‘i, doktor bedarak yo‘qolibdi. Bedarak deganda nimani tushunish mumkin? Haqiqatda esa, o‘lgan, o‘ldirilgan, deb tushunish lozim bo‘ladi. Kishilarni xafa qilmaslik uchun shunchaki bedarak yo‘qolgan deyiladi. Uni qidirishibdi, qidirishibdi, topisholmabdi. Bu orada boshqasini – kattarog‘ini vataniga chaqirib olishibdi. U professor ekan. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha. Eshitishimcha, hukumatning o‘zidan chaqiruv olgan emish. Ular avvalroq Yuryatindan o‘tib ketishdi. O‘rtoq doktor, yana qimirlayapsiz. Bunaqada mijozni so‘yib qo‘yish hech gap emas. Siz sartaroshdan juda ko‘p narsa talab qilasiz.
“Demak, ular Moskvada! Moskvada!” – u cho‘yan zinalardan uchinchi bor ko‘tarilar ekan, har qadamida bu so‘zlar takrorlardi. Bo‘m-bo‘sh xonadon uni bir to‘da sakrayotgan, chopayotgan kalamushlar bilan kutib oldi. Yuriy Andreevich qancha harakat qilmasin, bu gazandalar bilan bir daqiqa ham uxlay olmasligiga iqror bo‘ldi. Tunga tayyorgarlikni u kalamushlar chiqadigan teshiklarni berkitishdan boshladi. Baxtiga yotoqxonada unday teshiklar ko‘p emas ekan. Xonadonning boshqa xonalarida esa pol ham, devorlar ham yaxshi ta’mirlanmagan bo‘lib, teshiklar to‘lib-toshib yotardi. Faqat shoshilish kerak. Tun yaqinlashmoqda edi. Ba’zi o‘rinlarda devor tagiga qoqilgan ingichka taxtalar poldan uzoqlashib qolgan edi. O‘sha joylarga Yuriy Andreevich oyna siniqlarini qo‘yib chiqdi. Yotoqxona eshigi yopilganda, ostona bilan birlashib ketardi. Eshikni zichlab yopib, yotoqxonani uyning boshqa qismidan ajratib olish mumkin edi. Bir soatcha vaqt sarflab, Yuriy Andreevich bu ishlarning hammasini bitirdi.
Yotoqxonaning bir burchagini kafellangan, bo‘yi shiftga yetmaydigan chiroyli pechka bezab turardi. Oshxonada o‘n bog‘lamcha o‘tin g‘amlab qo‘yilgan edi. Yuriy Andreevich Laraning ikki bog‘lam o‘tinini o‘g‘irlashga qaror qildi. U o‘ng tizzasi bilan polga cho‘kkalab, chap qo‘liga o‘tin ola boshladi. O‘tinlarni yotoqxonaga olib chiqib, pechka yoniga taxladi. U xonani kalit bilan yopmoqchi edi, lekin qulf buzilgan ekan. Eshikni buklangan qog‘oz bilan zichlab yopda-da, shoshilmasdan pechka yoqishga kirishdi.
“Demak, sizlar Moskvadasiz, mening qarindosh-jondoshlarim, – degan xulosaga kelar ekan, shifokor nazarida Tuntseva ularning poytaxtga eson-omon yetib borganlariga to‘liq ishontirgandek bo‘lardi. – Demak, sizlar mensiz o‘sha og‘ir, uzoq yo‘lni takror bosib o‘tgansizlar. Yaxshi yetib oldinglarmi? Aleksandr Aleksandrovichning bu galgi safari va ortga chaqirib olinishi qanday kechdi? Agar taklif akademiyadan bo‘lsa, dadam u yerda dars berishni davom ettirsa kerak. Uydan nima topdinglar? Uyning o‘zi qolganmi? Ey Xudo, qanchalik mushkul va og‘riqli! Faqat o‘ylamaslik, o‘ylamaslik kerak! Fikrlarim qanchalik chalkashib ketyapti-ya! Menga nima bo‘layapti, Tonya! Kasal bo‘lib qolayotganga o‘xshayman. Menga va sizlarning barchangizga nima bo‘ladi, Tonya, Tonechka, Tonya, Shurochka, Aleksandr Aleksandrovich? Ey xudo, sen nechun o‘zingning quyoshdek charog‘on yuzingni mendan yashirasan? Qarindoshlarim, nechun butun hayotim davomida yaratgan egam sizlarni mendan uzoqda tutdi? Nima uchun bizlar doim ayriliqda yashaymiz? Biz yaqinda birlashamiz, topishamiz, shunday emasmi? Agarda hech yo‘l topolmasam, men sizlarga piyoda yetib boraman. Biz ko‘rishamiz. Hamma ishlar joyiga tushadi, shunday emasmi? Tonya tug‘ishi kerak edi, tuqqandir ham. Tonyaning ko‘z yorishi qanday o‘tgan ekan? Moskvaga ketishayotganlarida ular Yuryatinda bo‘lishgan. To‘g‘ri, Lara ular bilan tanish emas. Tikuvchi-yu sartarosh xotinga ularning taqdirlari noma’lumligicha qolmabdi-ku. Lara esa o‘z xatida ular to‘g‘risida bir og‘iz ham so‘z aytmabdi. Qanday ajoyib e’tiborsizlik!”
Shu paytda Yuriy Andreevich yotoqxona devoriga har vaqtdagidan e’tiborliroq ko‘z tashladi. Unga yotoqxonada turgan yoki osib qo‘yilgan narsalardan birontasi ham Laraga tegishli emasligi ayon edi. Hozir yo‘qolib ketgan yoki yashirinib yurgan uy sohiblarining jihozlariga qarab, Laraning did-farosati to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘lmasdi. Devorlardagi kattalashtirilgan suratlardan qarab turgan erkak va xotinlardan shifokorning ko‘ngli aynib ketdi. Hashamdor mebellar ham ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldi. Bu yotoqxonada u o‘zining begona va ortiqchaligini his qildi.
U ahmoq bo‘lsa, bu uyni necha marta esladi, uni qanchalik sog‘indi, bu xonaga muassasaga kirgandek emas, balki Laraga qalbida yashirin hislarini ayon qilish uchun qadam bosgandi. Chetdan qaralganda, bunday hissiyot kulgili tuyular! Samdevyatovga o‘xshagan kuchli, chiroyli, amaliyotchi kishilar shunday yashaydilarmi? Ular ham o‘z his-tuyg‘ularini shu tarzda izhor qiladilarmi? Nima uchun Lara Samdevyatov jozibasini uning tayinsizligidan, havoyi va to‘mtoq tilidan ustun qo‘yishi kerak? O‘sha odamga Lara shu qadar muhtojmi? Lara Yuriy Andreevichga qanchalik aziz bo‘lsa, Samdevyatovga ham shunchalik yaqinlik istaydimi? Aslida Lara shifokorga qanchalik yaqin? Bu savolga uning javobi doim tayyor.
Mana, hovlida bahor oqshomi. Havo go‘zal tovushlarga to‘liq. O‘ynayotgan bolalarning tovushlari shu qadar uzoq-uzoqlarga yoyilib boradiki, ulardan butun atrof-tevarak jonlanib ketganga o‘xshaydi. Bu kengliklar Rossiya deb ataladi. Uning dengizlar ortida to‘polon ko‘taruvchi muqaddas onasi, o‘jar, azob beruvchi, xudojo‘y, tengsiz, kutilmagan harakatlari bilan hammani hayratga solgan ulug‘vor vatani! Oh, yashash qanchalik shirin! Dunyoda mavjudlik va hayotni sevish naqadar go‘zal! Hayotning o‘zi, olamda borligi uchun insonning minnatdorlik bildirgisi keladi!
Mana sizga Lara. U bilan gaplashib bo‘lmaydi. Laraning o‘zi ularning vakilasi, ovozi, so‘zi, qulog‘i, go‘yoki nomavjudlik ichidagi mavjudotga o‘xshaydi. Undan shubhalangan chog‘larida shifokorning ayol to‘g‘risida o‘ylaganlari yolg‘on, ming marta yolg‘on. Lara – har tomondan kam-ko‘stsiz va mukammal ayol!
Shifokor ko‘zlaridan hayrat va tavba-tazarru yoshlari qaynab toshdi. U pechkaning qopqog‘ini ochib, kurakcha bilan cho‘g‘ni kovlab qo‘ydi. Lovullab yonayotgan olovni orqaroqqa, qolgan o‘tinlarni oldinroqqa tortdi. Bir muddat qopqoqni yopmay, qarab turdi. O‘zining yuz-qo‘llarida harorat va yorug‘lik o‘yinini his qilish unga cheksiz rohat baxsh etardi. Alanganing sezilarli harakati uni o‘ziga keltirdi. Hozir unga o‘sha ayol qanchalar zarur. Ayni damda u o‘sha ayoldan biror mujda kutardi! O‘shanga muhtoj edi!
Shifokor cho‘ntagidan uning ezg‘ilangan xatini oldi. Bu gal xatni teskarisidan ochdi-yu, qog‘ozning orqa tomonida ham yozuv borligini ko‘rib qoldi. Qog‘ozni tekislab, pechkadan chiqayotgan yorug‘lik o‘yini ostida u o‘qishga kirishdi:
“Qarindoshlaring haqida o‘zing bilasan. Ular Moskvaga yetib borishgan. Tonya qiz tug‘ibdi”.
Shundan so‘ng bir necha chaplangan qator ketar edi. Keyin quyidagilar yozilgan edi:
“O‘chirib tashladim, xatda bunday gaplarni yozish ahmoqlik. Uchrashganda suhbatlasharmiz. Shoshilayapman, ot olishga chopib ketayapman. Agar ot ololmasam, nima qilaman, bilmadim. Katenka bilan ancha qiyin bo‘ladi…”
Jumlaning oxiri o‘chib ketgani uchun o‘qib bo‘lmas edi.
Uning o‘zi emas, balki undan ham butunroq kimdir ichida nafis, yorqin, qorong‘ida fosfordek yonuvchi so‘zlarni aytib yig‘lardi, dod solardi. O‘z qalbi bilan birga u ham yig‘lardi. U o‘zini o‘zidan qizg‘anardi.
“Men kasal bo‘lyapman, men bemorman, – deb o‘ylardi u dili yorishgan chog‘larda, uyqu orasida, isitma ortgandagi alahsirashlarda va hushidan ketgan paytlarda. – Bu har holda qandaydir tif. Faqat bunday tif tibbiyot fakultetida biz o‘qigan qo‘llanmalarda tavsiflanmagan edi. Nimadir tayyorlash kerak. Nimadir yeb olish lozim. Aks holda men ochlikdan o‘lib qolishim mumkin”.
Faqat tirsakka tayanib turish uchun qilgan birinchi harakatlaridayoq qaddini ko‘tarishga holi yo‘qligiga iqror bo‘lar, hushidan ayrilar yoki uxlab qolar edi.
“Qachondan beri bu yerda kiyim-boshimda yotibman? – deb o‘yladi u o‘ziga kelgan paytlardan birida. – Necha soatdan beri? Necha kundan beri? Men yotib qolganimda bahor boshlanayotgan edi. Endi esa derazalarga qirov tushibdi. Ular shu qadar erigan va kirlanib ketganki, hatto xona ham qorong‘ilashib ketayotgandek”.
Oshxonadan kalamushlar ag‘darib yuborgan likopchalarning taraqlagan ovozi eshitilardi. Kalamushlar narigi tomonda devor bo‘ylab tepaga chiqar va og‘ir jasadlari bilan polga gursillab qulab tushardi.
U yana uxlab qolar va uyg‘onardi. Unga qirov to‘ridagi derazalar tongdagi iliqlikning pushti rangiga chulg‘angandek tuyulardi. Oynalardagi o‘sha rang esa xuddi billur qadahlarga quyilgan may kabi tovlanib turardi. Buning qanday hodisa ekanligini tushunmagan shifokor o‘ziga-o‘zi: bu tonggi iliqlikmi yoki kechki, deb savol berardi.
Bir safar unga qayerdandir, juda yaqindan odam ovozi eshitilgandek bo‘ldi. U qo‘rqib ketdi, chunki xuddi shu hodisani aqldan ozishning boshlanishi deb o‘ylardi. O‘ziga achinish hissidan ko‘zlariga to‘lib ketgan yoshlarni arta-arta, shifokor osmonga qarata iltijo qilardi. Shifokor osmon nega uni yolg‘izlikda qoldirib, yuzini boshqa bir tomonga burganini so‘rardi. U yana ilohiy kitoblardagi so‘zlarni takrorlardi: “Ey xudo, sen nechuk o‘zingning quyoshdek charog‘on yuzing diydorini mendan darig‘ tutyapsan? Men g‘aflatda qoldim!”
To‘satdan u tushunib qoldi, u alahsiramayotgandi. Yechintirilgani, yuvintirilgani, toza ko‘ylakda divanga yotqizib qo‘yilgani, tagida yangi solingan to‘shak borligi hamda sochlarini sochlariga, ko‘z yoshlarini ko‘z yoshlariga ulab, yonidagi karavotda Lara yig‘lab o‘tirgani – barchasi haqiqat edi. U baxtdan hushini yo‘qotdi.
Yaqinginada u azoblar ichida osmonga ta’na qilib, shafqatsizlikda ayblagan edi. Osmon esa butun saxovati bilan uning to‘shagi yonida edi. Unga ayol qo‘llari uzalib turardi. Quvonchdan ko‘z oldi qorong‘ilashdi. U hushidan ayrilgan odamlardek farog‘at gulshaniga g‘arq bo‘ldi.
Shifokor butun hayoti davomida doimo nima bilandir shug‘ullangan, hamisha band bo‘lgan, ishlagan, davolagan, fikr yuritgan, o‘rgangan va yaratgan edi. Harakatdan, nimagadir erishmoqdan, o‘ylamoqdan to‘xtab qolsa, qanday yaxshi bo‘lardi? Qani endi o‘sha mehnat tabiatning o‘ziga buyurilsa-da, uning qo‘lidagi biror buyumga, niyatga yoxud asarga aylanib qolsa? Bu ishni tabiat o‘zining shafqatnok, go‘zallik tarqatuvchi va ajib qo‘llari bilan amalga oshirsa!
Yuriy Andreevich tezda tuzala boshladi. Uni sog‘aytirayotgan, oyoqqa turg‘izayotgan kuch – yolg‘iz Lara bo‘lib, ayol o‘zining g‘amxo‘rligi, oqqushdek beg‘uborligi, mayinligi, nafis ovozi ila berayotgan savollari-yu javoblari bilan davolardi. Ular orasida yarim ovozda kechgan suhbatlar nihoyatda mazmunsiz bo‘lsa-da, xuddi Aflotun dialoglari kabi qiymatga ega edi.
Qalblarni mushtaraklik, shu bilan birga bir jarlik yaqinlashtirib turardi. Bu jarlik go‘yo ular va dunyo o‘rtalig‘ida paydo bo‘lgandi. Zamonaviy odamdagi taqdir tomonidan ato etilgan barcha tipik xususiyatlar, jumladan, undagi odatiy hayajonlanish, baqiroq ko‘tarinkilik va parvozlarsiz so‘niq hayot ularning ikkalasiga ham bir xilda yoqmas edi. Ularning muhabbatlari buyuk edi. Hamma ham sevadi, ammo hissiyotning noyobligini tushunmaydi. Ular shunday damlarni boshdan kechirdilarki, o‘sha lahzalarda abadiyat epkiniga monand insoniy mavjudlikning ehtiros shamoli esganda, bir-birlari va hayot to‘g‘risida yangidan-yangi kashfiyotlar ochar hamda bilib olar edilar. Ularning boshqalardan ustunlik tomonlari ham xuddi mana shunda edi.
– Sen, so‘zsiz, o‘zingnikilar yoniga qaytishing zarur. Seni ortiq bir kun ham ushlab turolmayman. Faqat bu yerda nimalar bo‘layotganini ko‘rayapsanmi. Sovet Rossiyasiga qo‘shilganimiz zahoti bizni uning xarobalari yutib yubordi. Uning yoriqlarini Sibir va Sharq hisobiga butlamoqchi bo‘ladilar. Bularni sen bilmaysan. Kasal yotganingda shaharda shunday katta o‘zgarishlar bo‘ldiki! Bizning omborlardagi zaxiralarni markazga – Moskvaga ko‘chiryaptilar. Moskva uchun bu zaxiralar dengizdan tomchidek gap. Bular tagi teshik bochkaga tushgandek yo‘qolib ketadi. Biz o‘zimiz esa oziq-ovqatsiz qolamiz. Pochta yurmayapti, yo‘lovchi tashish to‘xtab qoldi, faqat non olib ketilyapti. Shaharda Gayda qo‘zg‘olonidan oldin bo‘lgani kabi to‘polonlar boshlandi. Noroziliklarga qarshi yana favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Axir, sen qayoqqa ham borarding? Tanangda faqat teri bilan suyagu uvoqqina qalb qolibdi-ku? Nahotki yana piyoda ketilsa? Axir, sen yetib borolmaysan! Biroz o‘zingga kel, kuch to‘pla, o‘shanda boshqa gap. Senga maslahat berolmayman. Biroq o‘rningda bo‘lsam, qarindoshlarim oldiga ketishdan avval biroz xizmat qilardim, o‘z qobiliyatimni ko‘rsatardim. Buni qadrlaydilar. Masalan, men o‘zimizning guberniya sog‘liqni saqlash bo‘limiga borgan bo‘lardim. U hali ham o‘zining eski o‘rnida – shifokorlar boshqarmasida. O‘zing o‘ylab ko‘r. Sen o‘zini otgan Sibir millionerining o‘g‘lisan, xotining esa shu yerlik fabrika egasi va zamindorning qizi bo‘lsa. Partizanlar safida bo‘lgansan, ammo qochgansan. Qanday talqin qilmagin, bu qochishing harbiy-inqilobiy saflardan ketish, ya’ni dezertirlik hisoblanadi. Sen ishsiz va ortiqcha bo‘lib qolishing mumkin emas. Men ham ishga chiqaman. Guberniya xalq maorifi bo‘limiga joylashaman. Men ham olov ustida turgandekman.
– Qanaqa olov? Strelnikov-chi?
– Xuddi o‘sha Strelnikov tufayli yonayapman-da. Senga ilgari ham aytgandim, uning dushmanlari juda ko‘p ekan. Qizil armiya g‘alaba qildi. Endi partiyasiz bo‘lgan va yuqoriga yaqin turgan hamda ko‘p narsa bilganlar kunini ko‘radi. Ishqilib, iz qoldirmasdan yo‘qotib yubormasaydi. Ular orasida bizning Pasha ham birinchi qatorda turibdi. Katta xavf ostida qolgan. U Uzoq Sharqda bo‘lgan ekan. Eshitishimcha, qochgan va bekinib yuribdi. Aytishlaricha, uni qidirishayotgan emish. Yetar u haqida gapirganim. Yig‘lashni yomon ko‘raman, agar uning to‘g‘risida yana bir so‘z aytsam, dodlab yuboraman.
– Sen uni sevarmiding, hali ham uni qattiq sevasanmi?
– Axir, men unga erga tekkan edim. U mening erim edi, Yurochka. U tabiatan yuksak va yorqin shaxs. Men uning oldida aybdorman. Unga hech bir yomonlik qilmadim desam, to‘g‘ri bo‘lmas. U juda katta salohiyat egasi edi. Men uning yonida zarra misoli, aniqrog‘i, hech narsa edim. Mana mening aybim nimada. Bo‘ldi, bas, u haqda gaplashmaylik. Bu masalaga boshqa safar qaytamiz. Va’da beraman. Sening Tonyang juda ajoyib ekan, Bottichelliyevskaya. U tug‘ayotganda men yonida edim. Juda yaqin bo‘lib qolgandik. Ammo bu haqda ham keyinroq gaplashsak, iltimos. Shunday qilib, ikkalamiz birga xizmat qilamiz. Ikkalamiz birga xizmatga boramiz. Har oyda milliardlab maosh olamiz. To‘ntarishgacha bizda Sibir kreditkalari yurardi. Yaqindagina ularni bekor qilishdi. Ancha vaqt, to‘g‘rirog‘i, sen kasal bo‘lib yotgan paytingda qog‘oz pullarsiz yashadik. Ha. Tasavvur qilib ko‘r. Bunga ishonish qiyin. Bir amallab yashadik-da. Endi sobiq xazinaga poyezd-poyezd qog‘oz pul keltirishdi. Qirq vagondan kam emas, deyishyapti. Bu pullar ikki xil rangli katta qog‘ozlarga bosilgan: ular ko‘k va qizil rangda bo‘lib, xuddi pochta markalariga o‘xshaydi. Har bir qog‘oz mayda grafalarga bo‘lingan. Ko‘k kataklarning har biri besh million so‘mlikni, qizillari esa o‘n million so‘mlikni anglatadi. Bo‘yalishi, bosilishi, umuman, sifati juda past.
– Unaqa pullarni ko‘rganman. Biz Moskvadan ketayotganimizda ular muomalaga kiritilgan edi.
– Shuncha uzoq vaqt Varikinoda nima qilding? Menimcha, u yerda hech kim yo‘q, hammayoq bo‘m-bo‘sh edi. Seni u yerda nima ushlab turdi?
– Men u yerda Katenka bilan sizning uyingizni yig‘ishtirdim. Avval o‘sha yerga borib qolasan, deb qo‘rqdim. Uyingni o‘shanday holda ko‘rishingni istamadim.
– Qanday holda? U yerda nima bo‘ldi, tartibsizlikmi, talon-torojmi?
– Tartibsizlik. Chiqindilar. Men tozaladim.
– Tushunarsiz javob. Aniq gapirmayapsan. Mayli, zo‘rlik bilan ichingdagini tortib olmayman. Menga Tonya haqida gapirib ber. Qizimga qanday ism qo‘yishdi?
– Onangning sharafiga qizingni Masha deb atashdi.
– Ular to‘g‘risida aytib ber.
– Ruxsat bersang, qachondir, ya’ni keyinroq. Axir, ko‘z yoshlarimni zo‘rg‘a tiyib turganimni aytdim-ku.
– Senga ot bergan kishi bor-ku – Samdevyatov, ajabtovur odam-a?
– Juda ham.
– Men axir Anfim Yefimovichni juda yaxshi bilaman. Bizning bu yerdagi do‘stimiz edi, ko‘p yordami tekkan.
– Buni bilaman. U menga gapirib bergandi.
– Sizlar, aftidan, do‘st emasmisizlar?
– U meni yaxshiliklarga ko‘mib tashlaydi. Bilmadim, usiz nima qilardim.
– Tasavvur qilish qiyin emas. O‘rtangizda qisqacha o‘rtoqlik munosabatlari o‘rnatilgandir? U sening uchun hamma narsaga tayyor bo‘lsa kerak.
– Albatta. Orqamdan qolmaydi.
– Sen-chi? Aybdorman, chegaradan o‘tib ketyapman. Qandaydir huquqimga ko‘ra seni so‘roq qila boshladim, kechirasan. Bu beadablik.
– Voy, bemalol. Seni boshqa narsa, aniqrog‘i, bizning munosabatlarimiz qiziqtirayotgandir. Bizning tanishuvimizga qandaydir shaxsiy masalalar aralashdimi-yo‘qmi, shuni bilmoqchimisan? Albatta, yo‘q. Men Anfim Yefimovich oldida qarzdorman. Biroq u meni oltinga belab tashlaganda ham, men uchun hayotini qurbon qilganda ham, bularning hech biri meni unga yaqinlashtirardi, deya olmayman. Tug‘ilganimdan buyon qarindosh bo‘lmagan bunday saxovatli odamlarga dushmanlik ko‘zi bilan qarayman. Men hayot bilan yaqinlikni butunlay boshqacha tushunaman. Bu ham kam. Axloqiy jihatdan Anfim menga boshqa odamni, o‘zidan itaruvchi kishini eslatadi.
– Tushunmay qoldim. Sen qanday ayolsan? O‘zi nima deyapsan? Tushuntirib ber. Sen dunyodagi hamma odamlardan ham yaxshiroqsan.
– Oh, Yurochka, shunday qilib ham bo‘ladimi? Men jiddiy gaplashayotgandim. Sen bo‘lsang, mehmonxona xushomadlariga o‘tib ketding. Mendan qanday odamligimni so‘rayapsan. Men sindirilgan, bir umrga jarohatlangan odamman.
– Fahmlayapman. Bir narsani taxmin qilib yurgan edim. Biroq to‘xtab tur. O‘sha paytlar sen boshingdan kechirgan, bolalar bardosh bera olmaydigan og‘riqni, qo‘rqitilgan yosh qalb talvasasini, yosh qizning ilk xo‘rlanishini tasavvur qilish qiyin emas. Faqat bu ishlar o‘tmishda bo‘lib o‘tgan. Aytmoqchimanki, o‘sha xo‘rliklarni deb hozir azob chekish kerak emas. Endi bu tashvish seni sevgan kishilar, ya’ni mening zimmamga o‘tadi. O‘shanda kech qolganim, yoningda bo‘lolmaganim, xalos etolmaganim uchun iztirob zo‘ridan sochlarimni yulishim kerak. Agar sen nimadandir shikoyat qilib, hech narsaga kuyunmaganingda, bu qadar qattiq sevolmasdim, deb o‘ylayman. Men gunohsizlarni, yiqilmaganlaru chekinmaganlarni yaxshi ko‘rmayman. Ularning qimmati juda pastdir. Hayot go‘zalligi ularga bag‘ir ochmagan bo‘ladi.
– Men xuddi o‘sha go‘zallik haqida gapirayapman. Anglashimcha, o‘sha go‘zallikni ko‘rmoq uchun musaffo xayol va bokira idrok talab qilinadi. Bularning hammasi mendan tortib olingan. Agar men boshidanoq hayotni bu qadar jirkanch qiyofada ko‘rmaganimda, turmushga nisbatan o‘z qarashlarim shakllangan bo‘lardi. Bu ham kam. Mening ilk hayot yo‘limga bitta axloqsiz, faqat o‘zini o‘ylaydigan o‘rtamiyona shaxs aralashgani sababli benazir va kuchli inson bilan o‘qilgan nikohim zaharga aylandi. O‘sha odam meni qattiq sevardi. Men ham unga shunday muhabbat bilan javob qaytarardim.
– To‘xtab tur. Ering haqida keyinroq gapirib berarsan. Senga aytganimdek, odatda, o‘zimdan pastroq odam menda rashk uyg‘otadi. O‘zimga teng odam rashk uyg‘otmaydi. Men seni eringga rashk qilmayman. Anavi?..
– Qaysi “anavi?”
– Hayotingni zimistonga aylantirgan kimsa bor-ku. O‘sha kim?
– Moskvalik ancha mashhur advokat. U otamning o‘rtog‘i edi, otamning vafotidan so‘ng qashshoqlashib qolganimizda oyimga moddiy jihatdan yordam berib turgan. Yolg‘iz yashardi va boyligi katta edi. Bu qadar qattiq qoralash bilan uning shaxsiyatiga katta e’tibor qaratayotganga va qiymatini oshirayotganga o‘xshayman. Aslida odatiy hodisa. Xohlasang, familiyasini ham aytaman.
– Kerak emas. Men bilaman. Men uni bir marta ko‘rganman.
– Rostdanmi?
– Bir marta. Mehmonxonada, oying zaharlangan paytda. O‘shanda ancha kech tushib qolgandi. Biz u vaqtda gimnaziya o‘quvchilari edik.
– Ha, men bu voqeani eslayman. Sizlar qorong‘ida kelgandingiz va dahlizda turgan edingiz. Bu voqeani butunlay eslamagan ham bo‘lardimu, xotiramda tiklashga yordam berding. Sen o‘sha voqeani menga Melyuzeevoda eslatgan eding.
– Komarovskiy o‘sha yerda edi.
– Rostdanmi? Bo‘lishi mumkin. Meni u bilan uchratishingiz tabiiy. Biz ko‘p vaqt birga bo‘lardik.
– Nega qizarib ketding?
– Og‘zingdan “Komarovskiy” degan so‘z chiqqani uchun. G‘ayrioddiy va kutilmagan hodisa.
– Yonimda gimnaziyadagi sinfdosh o‘rtog‘im bor edi. O‘shanda o‘rtog‘im menga Komarovskiyni kutilmagan vaziyatlarda ko‘rganini aytgandi. O‘rtog‘im otamning o‘zini otganini yo‘lda tasodifan ko‘rib qolgan emish. Misha u bilan bitta poyezdda ketayotgan ekan. Sanoatchi millioner otam o‘zini o‘ldirish maqsadida poyezddan sakragan va halok bo‘lgan. Otamning yonida kuzatuvchisi yoki huquqiy maslahatchisi Komarovskiy ham bor ekan. U otamni ichirib, ishlarini chalkashtirib, bankrotlik sari boshlagan va halokat yo‘liga itarib yuborgan. Komarovskiy otamning o‘zini o‘ldirishiga, mening yetim qolishimga sababchi bo‘lgan.
– Bo‘lishi mumkin emas! Qanday dahshat! Nahotki shu gap rost bo‘lsa! Demak, u sening uchun ham qabih bir gazanda ekan-da! Bu o‘tmish bizni qanchalar yaqinlashtiradi! Taqdir taqozosi bu!
– Mana, men seni kimdan tuzatib bo‘lmas telbalik bilan rashk qilaman?
– Nimalar deyapsan? Komarovskiyga nisbatan sevgi u yoqda tursin, uni ko‘rarga ko‘zim yo‘q.
– Sen o‘zingni shu qadar yaxshi bilasanmi? Inson, ayniqsa, ayol tabiati shu qadar mavhum va ziddiyatliki, buni o‘ylab hayratda qolasan. Balki qaysidir tomondan unga itoatda bo‘lishga majburdirsan. Balki bu nafrat boshqa bir kishidan, ya’ni sen chindan ham sevishing, hech bir zo‘rliksiz muhabbat qo‘yishing mumkin bo‘lgan kishidan ham ko‘ra ko‘proq qaramlikka solar.
– Qanchalar dahshatli narsani gapirding. To‘g‘risini aytganda, bunday zid tushuncha har doimgidek, menga haqiqat bo‘lib tuyuladi. Bu – qanchalar qo‘rqinchli!
– Tinchlan. Quloq solma. Men bu so‘zlarim bilan yuzi qora, ongsiz, tushuntirib bo‘lmaydigan kimsadan seni rashk qilishimni bildirmoqchi edim. Men seni pardoz-andoz anjomlaringdan, teringdagi bir tomchi terdan, badaningga yopishib, qoningni zaharlovchi kasalliklargacha rashk qilaman. Shu kasalliklardan qizg‘anganimdek, men seni Komarovskiydan ham qizg‘anaman. Faqat o‘limgina bizni bir-birimizdan ayira oladi. Bu gaplarim ayqash-uyqash, tushuniksiz tuyular. Men o‘z fikrlarimni bundan yaxshiroq yoki tushunarliroq qilib ayta olmayman. Men aqlimni, hushimni yo‘qotayapman. Men seni cheksiz sevaman.
– Menga ering haqida ko‘proq so‘zlab bergin. Shekspir aytganidek, “taqdir kitobida biz bir qatorda turamiz”.
– Bu so‘zlar qaysi asaridan olingan?
– “Romeo va Juletta”dan.
– Melyuzeevda erimni qidirayotgan vaqtlarimda u haqida ko‘p gapirganman. Bu suhbatni Yuryatindagi ilk uchrashuvlarimizda ham davom ettirgandim. O‘shanda seni erim o‘z vagonida qamoqqa olmoqchi bo‘lganini eshitgandim. Senga aytgan bo‘lsam kerak, balki gapirmagandirman. Uni bir marta mashinaga o‘tirayotgan paytida uzoqdan ko‘rdim. Uni qanday qo‘riqlayotganliklarini tasavvuringga sig‘dira olmaysan! Menga u deyarli o‘zgarmagandek ko‘rindi. O‘sha chiroyli, haqqoniy, qat’iyatli yuz. Bunchalik haqqoniy qiyofani hech ko‘rmaganman. Xo‘jako‘rsinlik, manmanlikdan batamom xoli. To‘laqonli erkak xarakteri. O‘zi shunday edi va ayni holicha qolibdi. Faqat bitta o‘zgarishni payqadimki, u meni xavotirga solib qo‘ydi. Bu qiyofada qandaydir mavhumlik paydo bo‘libdi va uning qiymatini tushiribdi. Jonli inson siymosi g‘oyaning ifodasiga, printsipiga, mujassamiga aylanibdi. Bu kuzatuvdan yuragim siqilib ketdi. Tushunishimcha, bu o‘zgarish kimga xizmat qilgan bo‘lsa, o‘sha kuchlarning ta’sirida yuzaga kelgan va bir kunmas-bir kun uning o‘zini ham ayamasligi sezilib turardi. O‘ylashimcha, taqdir taqozosi bilan u qandaydir rag‘batga sazovor bo‘lgan. Balki men yanglishayotgandirman. Balki u bilan uchrashuvingiz qanday o‘tganligini so‘zlaganingda ishlatgan iboralaring menga yoqib qolgandir. Hislarimiz mushtarakligidan tashqari, men sendan juda ko‘p narsalarni qabul qilyapman!
– Yo‘q, yaxshisi, inqilobgacha o‘tgan hayotlaring haqida gapirib ber.
– Men bolaligimdanoq poklik haqida orzu qilar edim. U esa orzularim ro‘yobi edi. Biz deyarli bitta hovlida turardik-ku. Men, u, G‘alliullin. Men uning bolalikdagi ovunchog‘i edim. U meni ko‘rganda titroqqa tushar, o‘lib qolay derdi. Mening bularni bilishim va so‘zlashim yaxshi emasdir. Lekin o‘zimni hech narsa bilmaydigandek tutsam, yanada yomonroq bo‘ladi. Men uning bolalikdagi muhabbati edim. U shunday muhabbat ediki, o‘zining butun ehtirosi bilan bola qalbini zabt etgandi. U shunday muhabbat ediki, bola o‘z his-tuyg‘ulari to‘g‘risida bir og‘iz so‘z aytmasa-da, barcha harakatlaridan, yuz-ko‘zidan sevgi mubtalosiga aylanganini anglatib turardi. Biz do‘st bo‘ldik. Kamina-yu sen qay darajada bir xil bo‘lsak, u bilan men o‘shanchalik farqli edik. Men o‘shanda yuragim bilan uni tanlagan edim. O‘z hayotimni shu ajoyib bola bilan bog‘lashga qaror qildim. Faqat biroz katta bo‘lgunimizcha sabr qilishga kelishib olgan edik.
O‘zing o‘ylab ko‘r, naqadar qobiliyatli bola edi u! Benazir qobiliyat! Oddiy temiryo‘l strelkachisi yoki qorovulning o‘g‘li faqat o‘z aql-zakovati va tinimsiz mehnati bilan hozirgi zamon universitetlaridagi bilimlarning ikkala sohasida, ya’ni matematika va gumanitar fanlar bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishdi. Fan cho‘qqilariga ko‘tarildi, deyishimizga oz qolgandi. Bu – hazilakam gap emas!
– Bir-biringizni shu qadar sevgan bo‘lsangiz, oilaviy turmushlaringizni nima buzib yubordi?
– Bu savolga javob berish qanchalar qiyin! Hozir aytib beraman. Qiziq-da. Mendek zaifa sen kabi aqli raso odamga insoniyat hayotining mohiyatini, Rossiyadagi kishilar turmushini va nihoyat, bizning oilamiz buzilishi sabablarini hozirning o‘zida qanday tushuntirib bersin? Gap odamlarning o‘zida, ular tabiatining mosligi yoki nomuvofiqligida, sevish-sevmasliklarida bo‘lsa kerak. Turmushga aloqador, insoniyatning yashash tartibiga taalluqli hamma narsa butun jamiyatning ag‘dar-to‘ntar qilinib, qayta qurilishi oqibatida osmonga uchdi. Maishiy hayot ne’matlari uloqtirilib, vayronaga aylantirildi. Maishatga u qadar bog‘lanmagan bir yo‘l, ya’ni yalang‘ochlangan ruhiyatgina qoldi. Ruhiyat uchun hech narsa o‘zgarmagandek, chunki u hamma vaqt titrab-qaqshab o‘zi kabi yolg‘izlik tomon intilardi. Sen bilan men dunyodagi ilk ikki inson – Odam Ato va Momo Havoga o‘xshaymiz. Ular hayotning boshlanishida ustlariga nima yopishni bilmagan edilar. Endi biz ham hayotning so‘ngida uy-joysiz va kiyim-boshsiz qoldik. Ular va biz o‘rtamizda o‘tgan ko‘pmingyillar davomida yaratilgan bitmas-tuganmas ulug‘vor qadriyatlar bo‘lsa, yolg‘iz yodgorlikdan xotira bo‘lib qoldi. O‘sha yo‘q bo‘lib ketgan mo‘jizalar oldida biz nafas olamiz va sevishamiz, ko‘z yosh to‘kamiz va bir-birimizga suyanamiz, bir-birimizni quchamiz.
Qisqa tanaffusdan so‘ng u xiyla sokin ohangda davom etdi:
– Qani edi, Strelnikov qaytadan Pashenka Antipov bo‘lib qolsa. Qani edi, u aqlsizliklari va isyonlarini tark etsa. Qani edi, vaqt ortga qaytsa. Agar dunyoning qay bir burchagida chiroq yonib, uning nurlari xonamiz derazalaridan tushsa, Pashenkaning yozuv stolida kitoblar paydo bo‘lsa, men o‘sha yergacha tizzalarimda emaklab yetib borardim. Butun vujudim bilan g‘alayonga kelardim. O‘tmish va sadoqat chaqirig‘iga dosh berolmas edim. Uning oldida hammasini qurbon berishga tayyor edim. Eng qadrlilarini ham qurbon qilardim. Seni ham qurbonlikka keltirgan bo‘lardim. Sen bilan mening oramizdagi yengil-elpi yaqinlikni ham qurbonlar qatoriga qo‘shib yuborar edim. Voy, kechir. Noto‘g‘ri gapirib qo‘ydim. Bu – yolg‘on! – ayol o‘zini shifokorning quchog‘iga tashladi, yig‘lab yubordi. U tezda o‘ziga keldi. Ko‘z yoshlarini artaturib, shunday dedi: – Axir, bu seni Tonyangning yoniga haydayotgan ovozning ayni o‘zi-ku. Burch ovozi-ku. Ey xudo, biz qanchalar qashshoqmiz! Bizga nima bo‘ladi? Biz nima qilaylik? – Ayol hushini to‘liq yig‘ib olgach, yana davom etdi: – Baribir, baxtimiz nega barbod bo‘lganligini senga aytmadim. Buni men keyin to‘la-to‘kis tushundim. Senga so‘zlab beraman. Faqat bu hikoya bizgagina taalluqli bo‘lmaydi. Bu – ko‘plarning taqdiri haqidagi hikoyadir.
– So‘zlayver, aqlligim.
– Biz urush arafasida, aniqrog‘i, undan ikki yil avval turmush qurgan edik. Endigina ro‘zg‘orimizni tiklagandik, urush e’lon qilindi. Endi iqror bo‘lamanki, urush o‘zidan keyingi barcha avlodlarning, hatto hozirgi nasllarning baxtsizligiga sabab bo‘layotgan ekan. Bolaligimni yaxshi xotirlayman. Bir zamonlar jamiyatda “tinchlik asri” degan tushunchalar ham hukmron edi. Aqlning ovoziga quloq solishga hamma kelishib olgandek edi. Vijdon taqozo etgan hamma narsa tabiiy va zarur deb hisoblanardi. Bir odamning ikkinchisi tomonidan o‘ldirilishi juda kam uchraydigan, favqulodda hodisa hisoblanardi. Qotillik josuslar hayotidan olingan tragediya va romanlar, kundalik gazetalarda uchrar, turmushda deyarli yo‘q bo‘layozgandi.
To‘satdan osoyishta, betashvish, gunohlardan xoli, bir maromdagi hayot oqimidan qon hamda dod-voylar, kun sayin yoki har soatda kuzatiladigan aqlsizliklaru yovvoyilashuv, qotillikdek jirkanch hodisaning qonuniylashuvi va buni maqtovga loyiq ko‘rish tomon yuz burildi. Aftidan, bunday hodisotlar hech qachon izsiz o‘tib ketmaydi. Hammayoq birdaniga vayronaga aylanganini mendan ko‘ra yaxshiroq eslasang kerak. Poyezdlarning harakatdan to‘xtashi, shaharlar oziq-ovqat ta’minotining izdan chiqishi, uy-ro‘zg‘or asoslari hamda ongni suyab turgan ma’naviy ustunlarning bir zarb bilan sinishi esingda bordir, axir!
– Gapiraver. Bundan keyingi aytadiganlaring menga tanish. Bularni juda yaxshi bilar ekansan! Seni tinglashning o‘zi qanchalar maroqli.
– O‘shanda rus zaminiga haqsizlik kirib kelgandi. Eng katta xato, kelajakda yuz beradigan qabohatlarning ildizi xususiy fikrning qadr-qiymati tushib ketgani bilan bog‘liq. Axloq da’vatiga bo‘ysunib yashash davri o‘tdi, endi hamma qatori bitta qo‘shiqni jo‘rovozlikda kuylash hamda zo‘rlik bilan kiritilgan, majburiy qonunlar asosida turmush kechirish taklif qilinyapti, deb o‘ylagan edilar. Avvaliga monarxiya, keyin esa inqilobiy so‘zbozlik hukmi ortib bordi. Bunday ijtimoiy adashuv barchaga osongina yuqar va tezdan yopishib olardi. Hamma narsada uning ta’siri sezila boshladi. Bizning uyimiz ham bundan mustasno emasdi. Uyimizda nimadir larzaga kelgandek bo‘ldi. Bizda doim hukmronlik qilib kelgan hisob-kitobsiz jonsaraklik o‘rnini va suhbatlarimizni ahmoqona deklomatsiya egalladi. Bu so‘zbozlik majburiy jahoniy mavzular yuzasidan o‘ta aqllilardek fikr yuritish, yuqoridan taqdim etilgan tayyor gaplarni yetkazish shaklida namoyon bo‘lardi. Pashadek nozik fikrlaydigan va o‘ziga talabchan hamda mohiyatni tasodifiy narsalardan farqlaydigan odam bu bema’nilikni fahmlamasligi mumkin emasdi. Xuddi mana shu yerda u juda katta, hammasini yo‘qqa chiqaruvchi xatoga yo‘l qo‘ydi. U davr belgisini va ijtimoiy qabohatga aylanayotgan hodisalarni faqat o‘z ro‘zg‘origagina xos illat deya tushundi. Suhbatlarimizdagi notabiiylik, rasmiy zo‘rakilikni u o‘ziga, toshyurak va niqob bandasi ekanligiga bog‘ladi. Balki hozirgi hayotimizdagi bu kabi mayda-chuydalar sen uchun u qadar muhim emasdir. Pashaning mana shu bolalarcha tushunchadan qanchalar ahmoqona noma’qulchiliklarga qo‘l urganini tasavvur ham qilolmaysan.
Undan hech kim talab qilmagan bir paytda Pasha urushga jo‘nadi. Bu ishni u bizni go‘yoki o‘zidan xalos etish, xayolidagi zulmdan qutqarish uchun qildi. Xuddi mana shundan uning telbaliklari rivoj oldi. Yigitlarga xos qandaydir yasama kibr bilan turmushda boshqalar e’tibor ham bermaydigan allanarsalardan xafa bo‘la boshladi. U voqealar oqimidan va tarixdan araz qilardi. Uning tarix bilan kelishmovchiliklari avj oldi. U hozirgi qadar tarix bilan hisob-kitob qiladi. Xuddi shundan uning aqlga sig‘maydigan xulosalari kelib chiqadi. Shu ahmoqona ishlari uchun u muqarrar o‘limga yaqinlashib boradi. Qani edi uni qutqara olsam!
– Sen uni qanchalar sof va ulkan yurak bilan sevasan-a! Sevaver, sevaver uni. Men seni undan rashk qilmayman. Men senga xalal bermayman.
Shu taxlitda ikki yoki uch oy o‘tdi. Taxminan oktyabr oylarida Yuriy Andreevich Larisa Fyodorovnaga shunday dedi:
– Bilasanmi, men xizmatdan ketadiganga o‘xshayman. Doimiy takrorlanadigan tarix. Bu gal har doimgidan ham oshib tushyapti. “Biz halol mehnatni doimo quvonch bilan qarshi olamiz. Yangi fikrlarni yanada katta shodlik bilan kutib olamiz. Ularni qutlamaslikning hech iloji yo‘q. Marhamat qiling, ishlayvering, kurashing, izlab toping”. Ammo jiddiy o‘ylab ko‘rilsa, ular fikr o‘rnida nuqul ko‘z-ko‘zlashni, Inqilobni ulug‘lash va hukumat tepasida turganlarni maqtash uchun ishlatiladigan so‘zbozlikni tushunishlari ayon bo‘lmoqda. Bu juda zerikarli ish bo‘lib, tezda jonga tegadi. Men bu borada ustasi faranglardan emasman. Balki ular haqdirlar. Lekin men ular tomonda emasman. Ammo bir fikrga, ya’ni ular qahramonlar va yorqin shaxslar bo‘lgani holda, o‘zimni insonni qullikka soluvchi, quyundek bir dardi bedavo sanashlariga rozi bo‘lolmayman. Sen qachonlardir Nikolay Vedenyapin degan ismni eshitganmiding?
– Albatta. Sen bilan tanishuvimizdan avvalroq eshitgandim. Keyin u haqdagi hikoyalaringni tinglaganman. Simochka Tuntseva uni tez-tez eslab turadi. Bu ayol uning izdoshi. Ammo uning kitoblarini o‘qimaganman. Butunicha falsafaga bag‘ishlangan asarlarni uncha yoqtirmayman. Menimcha, falsafa san’at va hayotga uyg‘un bir sohadir. Quruq falsafa bilan shug‘ullanish achchiq garmdori chaynash bilan barobar bir ish. Ha-ya, uzr, o‘zimning bema’ni mulohazalarim bilan seni chalg‘itib yubordim.
– Yo‘q, yo‘q, aksincha. Fikrlaringga qo‘shilaman. Bunday fikrlash tarzi menga juda yaqin. Ha, shunday qilib, gap tog‘am haqida ketayotgan edi. Balki uning ta’sirida men yomon yo‘lga kirib ketgandirman. Biroq ularning o‘zi favqulodda bashorat, favqulodda bashorat deb qichqiradilar-ku. Rost, men kasalliklarga tashxis qo‘yishda kamdan-kam yanglishaman. Ularning nazarida bu tusmol. Aslida esa bu hamma tarafni qamrab oluvchi bilimlarning umumiy manzarasidir. Men mimikriya masalasiga o‘ralashib qolganman. Mimikriya organizmlarning muhitga rang jihatdan tashqi moslashuvidir. Bu yerda, ya’ni ranglar moslashuvida ichki holat bilan tashqi ta’sir o‘rtasida yaqinlashuv kuzatiladi. Ma’ruzalarimda xuddi shu masalani o‘rtaga tashladim. Hamma to‘polon shundan boshlandi. “Idealizm, mistika. Gyote naturfalsafasi, neoshellingchilik” degan ayblar qo‘yildi. Ketish kerak. Guberniya sog‘liqni saqlash bo‘limidan ham, institutdan ham o‘z xohishim bilan bo‘shayman. Kasalxonada esa meni haydab yuborgunlarigacha ishlab turaman. Seni qo‘rqitmoqchi emasman, lekin shuni ochiq aytib qo‘yishim kerakki, vaqti bilan – bugun yo ertaga meni qamaydiganga o‘xshaydilar.
– Xudo saqlasin, Yurochka. Hali qamalishgacha bor. Ammo sen haqsan. Ehtiyotkor bo‘lish zarur. Fahmlashimcha, bu yosh hokimiyatning o‘rnashuvi bir necha bosqichdan iborat bo‘ladi. Boshlanishida aql tantanasi, tanqidiy ruh, o‘tmish sarqitlariga qarshi kurashish yetakchilik qiladi. Keyin ikkinchi bosqich boshlanadi. Endi yo‘lda qolgan yopishqoqlar, o‘zini hayrixoh qilib ko‘rsatuvchi kuchlar ustunlikka erishadi. Shubhalar, chaqimchilik, chalkashtirish, ko‘rolmasliklar avj oladi. Sen haqsan, biz ikkinchi bosqichning boshida turibmiz. Misol qidirib uzoqqa borishning hojati yo‘q. Bu yerga, ya’ni inqilobiy tribunal kollegiyasiga Xodatskdan ikkita sobiq siyosiy mahbusni, ilgarigi ishchilardan bo‘lgan Tiverzin bilan Antipovni o‘tkazishdi. Ularning ikkalasi ham meni yaxshi bilishadi. Bittasi erimning otasi, ya’ni qaynotam. Biroq ular bizga o‘tkazilgach, Katenka ikkalamizning hayotimiz borasida xavfsiray boshladim. Ulardan hamma narsani kutish mumkin. Antipov meni yomon ko‘radi. Bir kunmas-bir kun ular meni, hatto Pashani oliy inqilobiy adolat yo‘lida yo‘q qilib yuborishlari mumkin.
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu suhbat davom etdi. Bu vaqt ichida Kichik Buyanovka ko‘chasidagi qirq sakkizinchi uyda, beva ayol Goreglyadova xonadonida tungi tintuv o‘tkazildi. Bu uy ambulatoriyaning yonginasida edi. Uydan qurol-yarog‘ ombori topilib, aksilinqilobiy tashkilot borligi aniqlandi. Shaharda juda ko‘p odam qamaldi. Tintuv va qama-qamalar uzoq vaqtgacha davom etdi. Shivir-shivrlardan ma’lum bo‘lishicha, shubhadagilarning bir qismi daryoning narigi tarafiga o‘tib ketgan. Bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida shunday deyishardi: “Nima bo‘pti, shu ularga yordam berarmikan? Gadoning dushmani gado, daryoning dushmani daryo bo‘ladi. Juda qiziq daryolar ham bor-da. Amurdagi Blagoveshensk degan joyda qiziq bir misolga duch kelamiz. O‘sha yerda daryoning bir qirg‘og‘ida sovet hokimiyati, ikkinchi tarafida – Xitoy. Suvga sakrasang, suzib o‘tsang bo‘ldi, ismingni ham hech kim bilmaydi. Mana buni daryo desa bo‘ladi. Butunlay boshqa gap”.
– Havo og‘irlashyapti, – derdi Lara. – Bizning xavf-xatardan xoli zamonlarimiz o‘tib ketdi. Bizni, ya’ni seni va meni albatta qamashadi. Unda Katenkaga nima bo‘ladi? Men axir onasiman-ku. Men qizimni yaqinlashayotgan baxtsizlikdan ogohlantirishim, nimadir o‘ylab topishim kerak. Menda muammoni hal qiladigan tayyor yechim bo‘lishi kerak. Shularni o‘ylasam, aqldan ozay deyapman.
– Kel, o‘ylab ko‘raylik. Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish mumkin? Bu zarbani qaytarishga qodirmizmi? Bu axir taqdir masalasi-ku.
– Qochish mumkin emas va boradigan joyim ham yo‘q. Soyaga, ya’ni ikkinchi rejaga o‘tib turish kerakmikan. Masalan, Varikinoga ketish mumkin. Men Varikinodagi uy haqida o‘ylayapman. Bu – ancha chet joy. Buning ustiga tashlandiq bir yer. O‘sha joyda, bu yerdagidan farqli, hech kimning g‘ashiga tegmagan bo‘lardik. Qish yaqinlashyapti. U yerdagi qahraton zahmatlarini o‘z zimmamga olardim. Bizga yetib kelgunlarigacha bir yilni yashab qo‘ygan bo‘lardik. Bu ham katta yutuq. Shahar bilan aloqa bog‘lashimizga Samdevyatov yordamlashgan bo‘lardi. Balki u bizni yashirib qo‘yishga ham ko‘nar. Nima deysan? To‘g‘ri, hozir u yerda hech kim yo‘q, bo‘m-bo‘sh. Har holda men u yerga borgan vaqtda, ya’ni martda xuddi shunday edi. U yerda faqat bo‘rilar bor, deyishadi. Qo‘rqinchli. Ammo odamlar, ayniqsa, Antipov yoki Tiverzin kabilar hozir bo‘ridan ham xavflidirlar.
– Nima deyishni bilmayman. Axir, o‘zing meni Moskvaga haydayapsan-ku? Nuqul tezroq jo‘nashga undaysan. Hozir bu ancha oson. Vokzalda surishtirdim. Uzoqdan qoplarda g‘alla keltirib sotishlariga qo‘l siltab qo‘ya qolishyapti. Quyondek epchillarni ham poyezddan uloqtirib yuborayotganlari yo‘q. Otaverib charchab qoldilar. Hozir kamroq otishyapti. Moskvaga yozgan barcha xatlarimning javobsiz qolayotgani meni xavotirga solmoqda. O‘sha yerga borib, uydagilarga nima bo‘lganini aniqlash kerak. O‘zing menga shunday qilish lozimligini qayta-qayta tayinlarding-ku. U holda Varikino haqidagi so‘zlaringni qanday tushunish kerak? Nahotki, bir o‘zing, ya’ni mensiz o‘sha xavfga to‘la ovloq joyga ketsang?
– Yo‘q, sensiz mumkin emas.
– Bo‘lmasa, nega meni Moskvaga haydayapsan?
– Ha, shunday bo‘lishi kerak.
– Eshit. Bilasanmi, nima? Miyamda ajoyib reja yetilyapti. Hammamiz Moskvaga ketamiz. Sen, men va Katenka birga jo‘naymiz.
– Moskvagami? Aqlingni yo‘qotdingmi? Nega endi? Yo‘q, men qolishim kerak. Men shu yaqin o‘rtada tayyor turishim kerak. Bu yerda Pashenkaning taqdiri hal bo‘ladi. Yakunni kutishim zarur. Lozim bo‘lsa, har ishga shay turishim kerak.
– Unda Katenka haqida o‘ylab ko‘raylik.
– Yonimga vaqti-vaqti bilan Simushka, ya’ni Sima Tuntseva kelib turadi. Yaqinginada u haqda gaplashgan edik.
– Nima bo‘pti? Uni bu yerda tez-tez ko‘rib turaman.
– Senga hayronman. Erkaklarning ko‘zlari qayoqqa qaraydi? O‘rningda bo‘lganimda uni sevib qolardim. Shu qadar jozibali! Tashqi ko‘rinishiga gap yo‘q! Qaddi-qomati. Xushbichimligi. Aqli. O‘qimishli. Saxovatli. Tiniq fikrlovchi.
– Asirlikdan qaytganimda uning opasi – tikuvchi Glafira soch-soqolimni olib qo‘ygandi.
– Ularni bilaman. Opa-singillar kattalari Avdotya bilan birga turishadi. Avdotya kutubxonachilik qiladi. Halol, ishchan oila. Vaziyat keskinlashsa, ya’ni bizni tutib ketishsa, o‘sha opa-singillardan Katenkani o‘z qaramog‘iga olishlarini so‘ramoqchiman. Hali bir qarorga kelmadim.
– Faqat juda keskin vaziyatda. Bunday baxtsizlik, shoyadki, hali bizdan uzoq bo‘lsa.
– Aytishlaricha, Simaning esi butun emas. Chindan ham uni rasmana ayol deb bo‘lmaydi. Lekin bu uning teran va o‘ziga xos fikrlashi bilan bog‘liq. U noyob aql egasi, ammo u ziyolilardek ilm olmagan, unga xalqona ta’lim berilgan. Sen bilan uning qarashlarida hayratlanarli darajada yaqinlik bor. Men qo‘rqmasdan Katyani uning tarbiyasida qoldirgan bo‘lardim.
Yuriy Andreevich vokzaldan juda charchab qaytdi. U har o‘n kunda bir dam olardi. Odatda, shifokor o‘sha kuni butun hafta uchun uxlab olardi. U divanda yoyilib o‘tirar, vaqti-vaqti bilan yarim yonboshlab olar yoki butunlay cho‘zilib yotardi. Doktor mudroq holatda tinglayotgan bo‘lsa-da, mehmonga kelgan Simaning mulohazalari unga huzur baxsh etardi. “Albatta-da, bularning hammasi Kolya tog‘amdan olingan, – deb o‘ylardi u. – Qanchalar iste’dodli va aqlli ayol!”
Havoning avzoyi buzuq edi. Qorong‘ilik cho‘kdi. Hovliga kirib olgan ikkita zag‘izg‘on qo‘nishga joy qidirardi. Shamol ularning patlarini sokin o‘ynar va silkitar edi. Zag‘izg‘onlar axlat qutisi tomiga tushdi, devorga o‘tdi, yerga qo‘ndi va hovli bo‘ylab yura boshladi. “Zag‘izg‘onlar qordan darakchi”, – o‘yladi doktor. Shu daqiqaning o‘zida u parda orqasidan ovoz eshitdi:
– Zag‘izg‘onlar xabarchi bo‘ladilar, – derdi Sima Laraga. – Mehmon kutasiz. Yoki kimdandir maktub olasiz.
Biroz o‘tib, tashqarida eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Birmuncha vaqt avval qo‘ng‘iroq buzilgan, uni yaqinginada Yuriy Andreevich tuzatib qo‘ygan edi. Parda orqasidan chiqqan Larisa Fyodorovna eshik ochgani dadil qadamlar bilan yurdi. Suhbatdan uyga Simaning opasi Glafira Severinovna kelganini payqadi.
– Singlingizga keldingizmi? – deb so‘radi Larisa Fyodorovna. – Simushka biznikidalar.
– Yo‘q, unga emas. Mayli, unga ham deylik. Agar u ketishga tayyorlanayotgan bo‘lsa, birga qaytsak ham bo‘ladi. Men butunlay boshqa ish bilan keldim. Do‘stingizga xat bor. Bir vaqtlar pochtada ishlaganim uchun menga rahmat aytsa arziydi. Bu xat qancha qo‘llardan o‘tib, oxiri menga yetib keldi. Moskvadan. Xat besh oy yo‘lda qolib ketibdi. Manzil egasini topa olmayotgan ekan. Men uning kimligini bilar edim. Bir vaqtlar uning soch-soqolini olib qo‘ygandim.
G‘ijimlangan, ezg‘ilangan, ochilgan, eskirgan xatjildda ko‘p sahifali uzun xat bo‘lib, uni Tonya yozgan edi. Doktor faqat u qanday qilib qo‘liga tegdi yu Lara unga xatni qanday topshirdi – shunga aqli yetmasdi. Xatni o‘qishga kirishar ekan, doktor o‘zining qaysi shaharda va kimning uyida ekanligini yana esladi, ammo xatni o‘qigan sari undagi bu tushuncha yo‘qola bordi. Xonadan chiqqan Sima u bilan salomlashdi va bir vaqtning o‘zida xayrlashdi. Shifokor beixtiyor javob qaytardi, lekin ayolga hech e’tibor bermadi. Uning ketganini doktor sezmadi ham. Borgan sari u hamma narsani unutadigan, o‘zining qayerdaligi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini anglamaydigan holga tushdi.
“Yura, – deb yozadi Antonina Aleksandrovna o‘z xatida, – sen qizimiz borligini bilasanmi? Marhuma oyimiz Mariya Nikolayevna xotirasiga qizchaga Masha deb ism qo‘ydik. Endi boshqa narsalar to‘g‘risida yozay. Kadetlar partiyasi va o‘ng sotsialistlardan bo‘lgan Melgunov, Kizevetter, Kuskova va yana boshqalar, shuningdek, amakimiz Nikolay Aleksandrovich Gromeko, dadam hamda barchalarining oila a’zolari Rossiyadan chet elga jo‘natilarmish. Sening yo‘g‘ingda bu og‘ir baxtsizlik bo‘ldi. Xudoga ming qatla shukur, hozirgi qo‘rqinch zamonda bizni mamlakatdan haydashning shunday yumshoqroq yo‘lini topishibdi. Axir, bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-ku? Agar seni topsak, biz bilan birga ketarding. Lekin sen hozir qaydasan? Men bu xatni Antipovaning manziliga yuborayapman. Agar u seni topa olsa, xatni yetkazadi. Meni bir mavhumlik qiynayapti: xudoning marhamati bilan topilib qolsang, oilamizga tegishli qaror senga ham tatbiq etilib, chet elga ketishingga ruxsatnoma beriladimi. Ishonamanki, sen tiriksan va topilasan. Sevgiga to‘liq yuragim buni menga aytayapti. Men uning ovoziga quloq solaman. Balki o‘sha vaqtlargacha, ya’ni topilguningcha, Rossiyadagi hayot sharoitlari ancha yaxshilanib qolar va sen o‘zing uchun chet el safariga alohida ruxsatnoma olarsan. O‘shanda hammamiz bir joyda yig‘ilib, birgalikda yasharmiz. Buni yozayapmanu, bunday baxtning yuzaga chiqishiga o‘zim ishonolmayapman.
Hamma balo shundaki, men seni sevganim holda, o‘z qalbingda Tonyangga nisbatan muhabbat yo‘q. Bunchalar yomon ko‘rishing sababini bilolmay, izoh topolmay, seni oqlay olmay, o‘lib bo‘ldim-ku. Men tinimsiz o‘z-o‘zimni taftish qilaman, kovlashtiraman, qidiraman, butun hayotimiz va sen haqda bilganlarimni chig‘iriqdan o‘tkazaman. Biroq ibtidoni topolmayapman, senga nima yomonlik qilganimni bilolmay, qanday qilib shuncha baxtsizlikni orttirib olganimga hayronman. Sen menga yomon ko‘z bilan qarab, nuqul qiyshiq oynada ko‘rgandek bo‘lasan. Men bo‘lsam, seni sevaman. Seni qanchalar sevishimni tasavvur qila olsang edi! Seni boringcha, yaxshi-yomoning bilan sevaman. Sendagi odatiy va favqulodda jihatlarga, ichki dunyongni aks ettiruvchi yuzingga, qandaydir erkinlik o‘rnini egallab olgan iste’doding va aqlu zakovatingga muhabbat qo‘yganman. Bularning hammasi men uchun juda qadrlidir. Men sendan yaxshiroq insonni bilmayman. Faqat sen mening nima demoqchiligimga quloq sol. Bu qadar qadrli bo‘lmaganingda ham, sevgimni shunchalar qozonmaganingda ham, sevishning nomaqbul haqiqati ochilmaganda ham seni sevaverardim. Sevmaslikning o‘zi qanchalar tubanlik, yo‘q qiluvchi jazo, bu haqiqatdan juda qattiq qo‘rqqanim holda senga muhabbat qo‘yishdan ongsiz ravishda bo‘lsa-da voz kecholmasdim. Men ham, sen ham buni hech qachon bilolmay qolaverardik. Yuragim bu baxtsizlikni mendan yashirgan bo‘lardi, chunki muhabbatsizlik deyarli o‘limga teng hodisadir. Men hech kimga bunday zarba berishni istamasdim.
Hali hech narsa oxirigacha ma’lum qilinmagan bo‘lsa-da, har holda biz Parijga ketsak kerak. Men ketayotgan mamlakatga seni bolaligingda olib borishgan, o‘sha yerda dadamiz bilan amakimiz tarbiya olgan. Dadam senga salom yo‘llaydi. Shura katta bo‘lib qoldi, u judayam ko‘rkam bo‘lmasa-da, sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘aydi. Sen haqingda gap ochilsa, tinmay, achchiq-achchiq yig‘laydi. Boshqa yozolmayman. Ko‘z yoshlardan yuragim qon bo‘lib ketdi. Mayli, alvido. Oxiri yo‘q, sinovlarga to‘la, noma’lum va qorong‘i yo‘lning boshida, kel, seni bir cho‘qintirib qo‘yay. Seni hech narsada ayblamayman, bir og‘iz ta’na ham qilmayman, hayotingni o‘zing xohlagandek quraver, sening ko‘ngling to‘lsa bo‘ldi.
Biz uchun qo‘rqinch va xavfga to‘liq Uraldan ketar ekanmiz, Larisa Fyodorovna haqida ba’zi narsalarni bilib oldim. Undan minnatdorman. Qiynalgan paytlarimda doim yonimda bo‘ldi. Tug‘ayotganimda ham yordam berdi. Uning juda yaxshi ayol ekanligini samimiyat ila e’tirof etaman. Yolg‘on gapirmaslik uchungina mening fikrlarimga to‘lig‘icha zid holda mulohaza yuritishini ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. Men dunyoga hayotni soddalashtirish va yashashda to‘g‘ri yo‘l topish uchun keldim. U esa hayotni murakkablashtirish va yo‘ldan chiqarish uchun bu olamda paydo bo‘lgan.
Alvido, tugatish kerak. Xatni olib ketgani kelishdi. Yo‘lga hozirlanish zarur. Oh, Yura, Yura, azizim, qadrligim, umr yo‘ldoshim, bolalarimning otasi, nimalar bo‘lyapti, axir. Biz endi hech qachon, hech qachon ko‘rishmaymiz. Men shu so‘zlarni senga yozdim. Ularning ma’nosini chaqib olish sening vazifang. Sen tushunyapsanmi, tushunyapsanmi, axir? Shoshirishyapti. Meni qatlga olib ketgani kelishganga o‘xshaydi. Yura! Yura!”
Yuriy Andreevich bir tomchi ham yosh qolmagan ko‘zlarini xatdan uzdi, niyatlari tortib olingan, g‘amdan qovjirab, iztirobdan majolsizlangan ahvolda edi. Atrofdagi hech narsani ko‘rmas va anglamasdi.
Deraza ortida qor yog‘a boshlagan edi. Shamol qorlarni surib borar, lahza sayin tezlashar, go‘yoki poygalashayotgandek kerakdek shoshilardi. Yuriy Andreevichning ko‘zlari qor uyumlarini emas, balki Tonyaning xatidagi misralarni ko‘rayotgandek edi, ko‘z o‘ngida qup-quruq qor zarralari emas, balki mayda qora harflar orasidagi oppoq qog‘oz parchalari jonlanardi. Yuriy Andreevich beixtiyor ingrab yubordi va ko‘kragini changalladi. U hushini yo‘qotayotgandek bo‘ldi, divan tomonga bir nechta qing‘ir-qiyshiq qadam tashladi va o‘ringa behush yiqildi.

O‘N TO‘RTINChI QISM

Yana Varikinoda

Qish kirib keldi. Pag‘a-pag‘a qor yog‘a boshladi. Yuriy Andreevich shifoxonadan uyga qaytdi.
– Komarovskiy keldi, – dedi noxush va bo‘g‘iq ovozda Lara uni qarshilayturib. Ular kiraverishdagi maydonchada turishardi. Ayol xuddi birov kaltaklagandek edi.
– Qayerga? Kimnikiga? Biznikidami?
– Yo‘q, albatta. U ertalab kelgandi, kechqurun qaytishni rejalashtirgan ekan. Tez orada keladi. Sen bilan gaplashmoqchi.
– Nega kelibdi?
– So‘zlaridan ko‘p narsani tushunmadim. Aytishicha, Uzoq Sharqqa ketaturib, bu yerda to‘xtabganmish. Atayin qing‘ir-qiyshiq yo‘llardan o‘tib, bizni ko‘rgani Yuryatinga kelgan emish. Asosan, sen bilan Pashani deb kelganga o‘xshaydi. Ikkalangiz haqingizda ko‘p gapirdi. Yana aytishicha, biz uchalamiz, ya’ni, sen, Patulya va men katta xavf ostida qolgan emishmiz. Aytganlarini bajarsak, yolg‘iz o‘zi bizni qutqara olarmish.
– Men ketaman. Uni ko‘rishga toqatim yo‘q.
Lara yig‘lab yubordi. Tiz cho‘kishga intildi, doktorning oyoqlarini quchoqlab, bosh urgisi keldi, biroq shifokor ayolni ushlab qoldi.
– Men uchun qolgin, yolvoraman. U bilan yolg‘iz qolishni istamayman. Bu juda og‘ir. U bilan yakka qolishdan qutqar. Keyin, bu odam amaliyotchi, ko‘pni ko‘rgan. Balki u bizga qandaydir maslahat berar. Sening undan nafratlanishing tabiiy. Sendan o‘tinaman, o‘zingni majburlab bo‘lsa-da, shu yerda qol.
– Senga nima bo‘ldi, farishtam? Tinchlan. Nima qilayapsan? Hech kimga tiz cho‘kma. Tur o‘rningdan. Ko‘nglingni cho‘ktirma. Seni qo‘rquvga solayotgan vasvasadan xalos bo‘l. U odam seni bir umrga qo‘rqitib qo‘yibdi. Men yoningdaman. Agarki xohlasang va buyursang, men uni o‘ldiraman.
Yarim soatlardan keyin kech tushdi. Hammayoqqa qorong‘ilik yoyildi. Mana, yarim yildirki, poldagi barcha teshiklar berkitilgan. Yangi teshiklar paydo bo‘lib qolsa, Yuriy Andreevich darhol ularni ham yopib tashlaydi. Uyga sergak katta baroq mushuk topib kelishdi. Kalamushlar uydan butunlay ketgani yo‘g‘u, ammo biroz ehtiyotkorroq bo‘lib qolgan.
Komarovskiyni kutishar ekan, Larisa Fyodorovna o‘zlariga o‘lchab berilgan qora nondan va bir necha qaynatilgan kartoshkadan likopchaga soldi-da, stolga qo‘ydi. Mehmonni eski xo‘jayinlardan qolgan ovqatlanish xonasida qabul qilishmoqchi edi. O‘sha xonada hali ham ovqatlanishar edi. Xonada keng va katta eman stoli bor bo‘lib, yonida o‘sha daraxt yog‘ochidan yasalgan og‘ir bufet turardi. Stol ustidagi idishga kastorka quyilib, pilik tushirilgan holda yonib turardi. Uni doktorning sayyor chirog‘i deb atashardi.
Komarovskiy dekabrning qorong‘i tunida bo‘ralab yog‘ayotgan oppoq qorga belangan holda kirib keldi. Po‘stinidan, qalpog‘i va kalishlaridan qor erib tushar, polda ko‘lmak hosil qilar edi. Komarovskiyning anchadan beri olinmagan soqol-mo‘ylovi masxarabozlarnikiga o‘xshab qolgandi. Egnida avaylab-asralgan kamzul-shim bor edi. Salomlashishdan avval u nam, ezilgan sochlarini cho‘ntak taroqchasida yaxshilab taradi, dastro‘molchasida mo‘ylovi-yu soqolini artdi. Keyin birdaniga lom-mim demasdan, mazmundor ifoda bilan bir vaqtning o‘zida chap qo‘lini Larisa Fyodorovnaga, o‘ngini esa Yuriy Andreevichga uzatdi.
– Bir-birimizni eski tanishlar deb bilsak, – murojaat qildi u Yuriy Andreevichga. – Men dadangiz bilan juda qalin edim, eslarsiz. Qo‘limda jon bergan. Sizga qarab, nuqul o‘xshashlik qidiryapman. Aftidan, dadangizga tortmagansiz. Fe’li keng odam edi. Hujumkor, intiluvchan. Tashqi qiyofangizga qaraganda, ko‘proq onangizga o‘xshab ketasiz. Mayizdekkina ayol edi. Orzulari bir jahon edi.
– Larisa Fyodorovna sizni eshitib ko‘rishimni so‘radi. Aytishicha, menda qandaydir ishingiz bor emish. Uning iltimosini bajarishga rozi bo‘ldim. Demak, suhbatimiz majburiyroq ruhda bo‘ladi. O‘z xohishimga ko‘ra siz bilan tanishmagan bo‘lardim. Har holda men, bir-birimiz bilan tanishib oldik, deya olmayman. Shuning uchun ham tezroq asosiy masalaga o‘tsak. Sizga o‘zi nima kerak?
– Salom, mening azizlarim. Men hammasini his qilib, tushunib turibman. Dadilligim uchun kechiringu, lekin sizlar bir-biringizga dahshatli darajada mos ekansizlar. Sizlarni oliy darajada bir-biriga mos keluvchi juftlik deb atasa bo‘ladi.
– Gapingizni bo‘lishga majburman. Sizga taalluqli bo‘lmagan masalalarga aralashmasangiz. Sizdan hech kim xayrixohlik istayotgani yo‘q. Qayerdaligingizni unutib qo‘yyapsiz.
– Yaxshi yigit, siz birdaniga bunaqa chatnab ketmang-da. Endi aytsam, siz ko‘proq dadangizga o‘xshayapsiz. Xuddi to‘pponcha va porox. Ruxsatingiz bilan, bolalarim, sizlarni tabriklayman. Afsuski, faqat mening so‘zlarim bilan emas, balki boshqalarning tilidan ham sizlarni bola desa bo‘ladi, chunki dunyodan butkul bexabar, hech narsa ustida bosh qotirmay yashaydiganga o‘xshaysiz. Bu yerda bor-yo‘g‘i ikki kun bo‘ldim, ammo siz haqingizda siz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq narsa bilib oldim. Sira o‘ylab ko‘rmaganingiz sababli to‘ppa-to‘g‘ri jar yoqasida ketayotganingizni bilmaysiz. Hozir bir yo‘l topib, xavf bartaraf qilinmasa, erkinligingiz onlari va hayotingiz kunlari tugab bitishi hech gap emas. Hozir kommunistik uslub degan bir me’yor chiqqan. Kamdan-kam odamgina unga mos keladi. Shu kunlarda, Yuriy Andreevich, o‘z yashash va o‘ylash uslubini eng ko‘p buzayotgan odam faqat siz ekansiz. Ari uyasiga cho‘p tiqishning nima hojati bor? Siz butun dunyo kulgisi ostida qolgansiz, uning jarohatiga aylangansiz. Bunday yashash sizning sirli tomoningiz bo‘lib qolsa ham mayli edi. Lekin bu yerda Moskvadan kelgan va katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kishilar bor. Sizning ichingiz ularga oynadek ravshan bo‘lib turibdi. Bu yerlik ayollar huquqlari uchun kurash homiylari sizdan g‘azabda. Antipov bilan Tiverzinning yaqinlari Larisa Fyodorovnaga va sizga tishlarini qayrab turibdi. Siz – erkaksiz, siz – erkin kazaksiz, deydilar erkin rus dalalarida. O‘z hayotini garovga qo‘yib, o‘yin ko‘rsatmak sizning qonuniy huquqingizdir. Biroq Larisa Fyodorovna erkin inson emasdir. U ona bo‘lib, qo‘llarida bola hayoti va taqdirini tutib turibdi. Bulutlar ortidan uchib, xayoliy parvozlarga berilishga uning haqqi yo‘q. Butun tongni Larisa Fyodorovnaga bu yerdagi vaziyatga jiddiyroq yondoshish kerakligini uqtirishga bag‘ishladim. U meni eshitishni ham xohlamaydi. Siz o‘z mavqeingiz bilan Larisa Fyodorovnaga ta’sir o‘tkazib, uni to‘g‘ri yo‘lga solishda ko‘mak bering. Katenkaning xavfsizligi bilan hazillashishga haqqi yo‘q, mening gaplarimga ham quloq solmog‘i lozim.
– Hayotimda hech kimni biron narsaga zo‘rlab ko‘ndirmaganman. Ayniqsa, yaqinlarimga nisbatan zo‘rlik ishlatmaganman. Larisa Fyodorovnaning kimnidir eshitishni istashi yoki istamasligi – uning o‘z ishidir. Undan tashqari, gap nima haqdaligini mutlaqo tushunmayapman. Siz o‘z mulohazalarim, deya atayotgan fikrlar ham menga notanish.
– Yo‘q, siz borgan sari menga o‘z dadangizni eslatib yuboryapsiz. U bilan ham bir bitimga kelish qiyin edi. Shunday qilib, asosiy masalaga o‘tamiz. Faqat bu anchagina murakkab masala bo‘lgani uchun ham ko‘proq sabr-toqat talab qilinadi. Iltimos, gapimni bo‘lmasdan tinglang. Yuqorida juda katta o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganmish. Yo‘q, yo‘q, bu ma’lumotlar menga eng ishonchli manbalardan yetib kelgan. Ularga sira shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Hayotning o‘ta demokratik yo‘liga o‘tish, umumiy qonuniyatlarga yon berish kabi tadoriklarning juda yaqin kelajakda amalga oshuvi ko‘zda tutilmoqda. Ayni shular vajidan yo‘qotilishi mo‘ljallangan jazo muassasalari joni chiqar oldidan so‘nggi talvasa bilan hujumga o‘tishi mumkin, Yuriy Andreevich. Ismingiz ro‘yxatga kirgan. Hazil bilmang, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, menga ishonishingiz mumkin. Xalos bo‘lish haqida o‘ylang, aks holda kech bo‘ladi. Lekin bu gaplarning hammasi hali kirish so‘z o‘rnida aytilayotgan edi. Masalaning asosiga o‘taman.
Tinch okeaniga yaqin dengiz sohillarida hozir sobiq muvaqqat hukumat va tarqatib yuborilgan ta’sis majlisidan qolgan siyosiy kuchlar to‘planmoqda. Bu yerga duma a’zolari, jamoat arboblari, tadbirkorlar, sanoatchilar, yer ishlari bilan shug‘ullanuvchilar kelmoqda. Ko‘ngilli generallar o‘z armiyalarining qoldiqlarini xuddi shu yerda to‘plashyapti. Sovet hokimiyati Uzoq Sharq Respublikasi tug‘ilishiga panja orasidan qaramoqda. Qizil Sibir bilan tashqi dunyo o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun ham xuddi shunday siyosiy bir qurilma zarur edi. Yangi respublika hukumati qorishiq tarkibga ega bo‘ladi. Hukumatdagi o‘rinlarning yarmidan ko‘pi Moskvaning o‘zidayoq kommunistlarga ajratib berilibdi. Bunday taqsimot zarur bo‘lgan paytda respublikani qo‘lga olish va istagan yo‘lga solish imkonini tug‘dirardi. Bu yerda g‘oya juda aniq ishlangan bo‘lib, gap vaqtdan unumli foydalanishda edi.
Men bir vaqtlar, aniqrog‘i, inqilobdan ilgari Vladivostokda aka-uka Arxarovlar, Merkulovlar kabi ko‘plab savdo hamda bank xodimlarining ishlarini yuritganman. U yerda meni yaxshi bilishadi. Shu ishni tashkil qilayotgan va ismi sir tutilishini istayotgan emissarlardan biri menga yarim maxfiy, yarim ochiq tarzda Uzoq Sharq hukumatiga adliya vaziri lavozimiga kirishni taklif qildi. Men rozi bo‘ldim va o‘sha yoqqa jo‘nab ketyapman. Aytganimdek, bu muzokaralarning hammasi sovet hokimiyatining roziligi va nazorati ostida o‘tyapti. Faqat bu muzokaralar biz o‘ylaganchalik oshkora tarzda davom etayotgani yo‘q. Demak, bu masala atrofida ortiqcha shov-shuv ko‘tarishning ham hojati yo‘q. Men sizni va Larisa Fyodorovnani o‘zim bilan birga olib ketishim mumkin. U yerdan dengiz yo‘li orqali o‘zimiznikilar tomonga osongina o‘tsangiz bo‘ladi. Ularning surgun qilinganini allaqachon eshitgandirsiz. Bu masala katta shov-shuvlarga sabab bo‘lyapti. Bu haqda butun Moskva gapiryapti. Men Larisa Fyodorovnaga Pavel Pavlovich boshiga yog‘ilgan xavfni bartaraf etishga va’da berdim. Mustaqil va tan olingan hukumat a’zosi sifatida men Strelnikovni qidirib topaman, uning Sharqiy Sibirdan bizning muxtor viloyatimizga o‘tishiga ko‘maklashaman. Agarda uning qochishiga imkoniyat yaratolmasak, almashuv taklif qilaman. Bu almashuvga ko‘ra Pavel Pavlovich ittifoqdoshlarimiz tomonidan asirlikda ushlab turilgan, Moskva uchun yuksak qiymatga ega bo‘lgan biror shaxsga ayirboshlanadi.
Larisa Fyodorovna suhbat mazmunini zo‘rg‘a ilg‘ab olar, masalaning mag‘zi nimadaligiga ba’zan aqli yetmay ham qolardi. Faqat Komarovskiyning so‘zlari doktor bilan Strelnikovning xavfsizligiga kelib taqalganda, ayol o‘ychan befarqlik holatidan chiqdi, kutib turdi, biroz qizarinqirab luqma tashladi:
– Yurochka, tushunyapsanmi? Bu tadorik sen va Pashaning hayoti uchun ekanligini payqayapsanmi?
– Do‘stginam, juda ishonuvchansan. Hozirgina o‘ylab topilganlarning barchasi o‘sha zahoti hal bo‘ldi, deya tushunish to‘g‘ri emas. Men Viktor Ippolotovich hammamizni maymunday o‘ynatyapti, demayapman. Bu gaplarning bari chuchvarani xom sanashdan! Endi, Viktor Ippolotovich, mening bir necha og‘iz gapimni eshiting. Taqdirim borasida qayg‘urganingiz uchun ming rahmat. O‘ylaysizki, men taqdirimni sizning yaratishingizga yo‘l qo‘yib beraman! Lara bilan Pashaga qilayotgan g‘amxo‘rligingiz to‘g‘risida bo‘lsa, o‘ylab ko‘rish lozim.
– Masalaning mohiyatini tushunyapsanmi? Biz u bilan birga ketamizmi yoki yo‘q? O‘zing juda yaxshi bilasan, sensiz hech qayoqqa bormayman.
Komarovskiy Yuriy Andreevich ambulatoriyadan keltirgan suv aralashtirilgan spirtdan tez-tez ho‘plab o‘tirar, ora-sira bitta-yarimta kartoshka chaynab qo‘yar va asta-sekin mastlikdan ko‘zi suzilib borardi. So‘zbozligu aqlbozlik va buning ustiga deyarli hech kimga aloqasi bo‘lmagan mavzu ustidagi suhbatning haddan ortiq cho‘zilishi Larisa Fyodorovnaning joniga tekkan edi. Natijada, u xayrlashish uchun Komarovskiyga qo‘l cho‘zar ekan, hech bir yuzxotirliksiz shunday dedi:
– Kech bo‘lib qoldi. Ketishingiz kerak emasmi? Mening uyqum kelayapti.
– Menday mehmonni bundayin kechki soatda eshik ortiga haydamassiz. Kechasi begona shaharda yo‘l topib ketishimga ishonmayman.
– Bu haqda ilgariroq o‘ylash kerak edi va gapni cho‘zib o‘tiravermaslik lozim edi. Sizni hech kim ushlab turgani yo‘q edi.
– Ie, nega siz men bilan bunchalik qo‘rs ohangda gaplashyapsiz? Siz hatto yotarga joyim bor-yo‘qligini ham so‘ramadingiz-a?
– Mutlaqo qizig‘i yo‘q. O‘zingizni xafa qildirib qo‘ymaysiz. Agar men va Katenka yotadigan joyda tunni o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, bunday taklifga hech rozi bo‘lmayman. Boshqa xonalarda esa kalamush tinchlik bermaydi.
– Men ulardan qo‘rqmayman.
– U holda o‘zingiz bilasiz.
…Ular bo‘zargan qish tongida shahardan chiqib ketdilar. Varikinoga kunning yorug‘ paytida chanada go‘yoki uchib kirdilar va eski Jivago uyi oldida to‘xtadilar… Yuriy Andreevich ro‘zg‘or buyumlaridan hech narsa topolmadi… Ular yana yo‘lga tushdilar.
Mikulitsinlar uyi eshigida ikki zulfinga bitta osma qulf ilingandi. Yuriy Andreevich qulfni urib sindirishga ko‘p urindi va oxiri vintlarga yopishib qolgan yog‘och bo‘laklari bilan chiqarib oldi. Avvalgi uyda bo‘lganidek, bu xonadonga ham shoshilib, yechinmasdan, po‘stinlari-yu qalpoqlari va piymalarida yopirilib kirdilar.
Uyda mehmonlar ko‘ziga yarq etib tashlanadigan narsa tartib muhri edi, u ayrim buyumlarga bosilgan, Averkiy Stepanovichning kabineti ham muhrlangan edi. Bu yerda yaqinginada kimningdir yashab ketganligi sezilardi. Faqat kim yashagan ekan? Agar uy sohiblari yoki ulardan birontasi turgan bo‘lsa, nima uchun eshikka ichki qulf o‘rnatilmasdan, osmasi ilib qo‘yilgan? Agar uy egalari uzoqroq yashagan bo‘lsa, u holda xonadonning bir qismi emas, balki to‘liq yig‘ishtirilgan bo‘lardi. Xonadonga Mikulitstsinlardan boshqa yana kimdir kirganga o‘xshardi. Unda o‘sha odam kim? Bundayin noma’lumlik doktor bilan Larani qiynamasdi. Ular bu haqda bosh qotirib o‘tirmadilar. Yarim mulki o‘g‘irlanib, o‘zi havo hukmiga topshirib ketilgan xonadonlar kammi hozir? Yoki ta’qibdan qochib, u yer-bu yerda yashirinib yurganlar oz deysizmi? “Qidiruvdagi oq zobitlardan biri bo‘lsa kerak, – degan fikrga keldilar doktor bilan Lara. – Bordi-yu kelib qolsa, ko‘risharmiz, kelisharmiz”.
…Shifokorning nimanidir qoralagisi, satrlarni qalashtirib tashlagisi kelardi. Avvaliga u eskiroq biror narsani eslashga urinadi. Shu yo‘l bilan tanaffusda zerikib qolgan iqtidorini qaytadan uyg‘otadi. Yuriy Andreevichni baxtga to‘la, farog‘atli, totli hayot va sukunat qurshab olgandek edi. Lampa yorug‘i oq qog‘oz uzra oltin rangda oqib tushar, siyoh bilan siyohdon ichiga kirib olar va go‘yoki suzib yurardi. Deraza ortida zangori qish tuni hukmron edi. Yuriy Andreevich pechkasi yoqilmay muzlab yotgan qo‘shni xonaga qadam qo‘ydi. Bu yerdan tashqari yaxshiroq ko‘rinardi. Qish kechasining go‘zal manzarasi ta’rifga sig‘masdi. Hozir doktorning qalbida butun dunyo mujassamdek edi. U yorug‘, issiqqina xonaga qaytdi-da, yozishga tutindi.
U ikki-uchta yengilgina banddan va o‘zini hayratga solgan qiyoslardan so‘ng ishga tamoman berilib ketdi, ilhom deya ataluvchi holatga sho‘ng‘ib borayotganini his qildi. Bu paytda ijodni boshqaruvchi kuchlar ma’lum bo‘lib qolar ekan, ifodalanayotgan inson va uning ruhiy holati emas, balki ularni aks ettiruvchi til asosiy o‘ringa ko‘tarilar ekan. Til – go‘zallik hamda fikrning vatani-yu, go‘yo uning o‘zi inson o‘rnida o‘ylaydi va gapira boshlaydi, shuningdek, to‘lig‘icha musiqaday jaranglaydi. Bunda musiqa deganda, tashqi ovoz jarangini emas, balki insonning ichki dunyosidagi so‘zlar harakatchanligi va qudratini tushunish o‘rinli bo‘ladi. O‘sha til qudratli daryo oqimi suv tagidagi toshlarni yo‘l-yo‘lakay o‘zi silliqlab borgani kabi yoki aylanib turuvchi tegirmon g‘ildiragi singari nutq oqimining kuchayish qonuniyatlariga mos holda vaznu qofiyani, yana boshqa minglab xil unsurlarni yuzaga keltiradi. O‘sha unsurlar orasida shunday muhimlari ham borki, ular hali yetarlicha o‘rganilmagan, ularga nom ham qo‘yilmagan.
Yuriy Andreevich qog‘ozdan bosh ko‘targanida, soat tungi uch bo‘lgan edi. Berilib ishlagandan keyin butun vujudida baxtiyorlik, kuch-qudrat, xotirjamlik hissini sezardi. To‘satdan u deraza ortidagi uzoq-uzoqlarga yoyilgan cheksizlikdan qandaydir g‘amgin, ingroq tovush eshitdi…
Qo‘shni saroylardagi pichan uyumlari ham tugab, qayerdandir yana chiqib qolishiga umid yo‘q edi. Bu yerda uzoqroq qolishning iloji bo‘lganda, doktor atrofni aylanib chiqqan, yem-xashak bilan oziq-ovqat zaxirasini to‘ldirish choralarini topgan bo‘lardi.
Doktor otni chanaga qo‘shgani chiqib ketdi. Bu ishni zo‘rg‘a bajarardi. Uni bu ishga Samdevyatov o‘rgatgan edi. Yuriy Andreevich tajribasiz qo‘llari bilan zarur bo‘lgan hamma ishni bajardi. Avval u tasmaning quyma temir uchini yoyga o‘rab, shotiga bog‘ladi, so‘ngra qisqichlar bilan tortib mahkamladi va otni zina yoniga olib borib, unga bog‘lab qo‘ydi. Shu tariqa ish bitgach, shifokor Laraning oldiga chiqib, ketishga tayyorgarlik ko‘rish mumkinligini aytdi.
Lara bilan Katenka ketishga tayyor bo‘lib kiyinib olishgan, hamma narsani yig‘ishtirib bo‘lishgan edi. Faqat Larisa Fyodorovna qattiq g‘amga botgan holda ko‘z yoshlarini arta-arta Yuriy Andreevichdan bir daqiqaga o‘tirishni iltimos qilar, kresloga o‘zini tashlar, qaytib turar hamda o‘z so‘zlarini “to‘g‘ri emasmi?” degan xitoblari bilan bo‘lib turardi. Shu xitobni baland va ingichka ohangda aytgani bilan qolgan so‘zlarini tez-tez va shoshilib so‘zlardi:
– Men aybdor emasman. Qanday qilib bunday bo‘ldi? Faqat hozirning o‘zida jo‘nab ketish mumkinmi? Yaqinda qorong‘i tushadi. Tunda yo‘lda bo‘lamiz. Xuddi o‘sha o‘zingning o‘rmoningda bo‘lamiz. To‘g‘ri emasmi? Sen nima desang, men shuni bajarishga tayyorman, lekin o‘zimcha bu yerdan hozir keta olmas edim. Bu yerda meni nimadir ushlab turibdi. Yuragim bezovta. Yana o‘zing bilasan. To‘g‘ri emasmi? Nega sen jim turibsan? Nima uchun birorta so‘z aytmaysan? Erta tongdan beri bekor yurib, kunning yarmini o‘tkazib yubordik. Ertaga bu takrorlanmaydi, biz hushyorroq bo‘lamiz, to‘g‘ri emasmi?
– Oshirib yuboryapsan. Qorong‘i tushishiga hali ancha bor. Hali juda vaqtli. Ammo, mayli, seningcha bo‘lsin. Yaxshi. Qolamiz. Faqat tinchlan. Qaragin, qanchalar hayajondasan. Mayli, po‘stinlarni yechib yotaveramiz. Mana, Katenka qorni ochganini aytyapti. Tamaddi qilib olamiz. Sen haqsan, bugungi ketishimiz kutilmagan, tayyorgarliksiz bo‘lur edi. Xudo haqqi, faqat hayajonlanma va yig‘lama. Hozir pechka yoqaman. Lekin undan avval chanaga qo‘shilgan otda o‘tin keltiraman. O‘tin umuman qolmadi. Faqat sen yig‘lama. Tezda qaytaman.
Shifokor uyiga qalbi to‘la xavotir bilan yetib keldi. Uydan shovqin-suron eshitilib turardi. Yuriy Andreevich eshitishni istamaganidan, eshitganda ham nimanidir tushunishga qodir emasligidan beixtiyor qadamlarini sekinlashtirdi va to‘satdan to‘xtab qoldi. So‘zlarni aniq eshitmasa-da, Komarovskiy, Lara va Katenkaning ovozini juda yaxshi tanidi. Komarovskiy Lara bilan tortishardi. Laraning ovoz ohangiga qaraganda, ayol hayajonlanar, yig‘lar, goh keskin e’tiroz bildirar, ba’zida esa suhbatdoshining fikrlariga yon berardi. Yuriy Andreevich ichki tuyg‘u bilan shu daqiqada Komarovskiy uning o‘zi haqida gap ochganini payqab qoldi. Komarovskiy mulohazalaridan ayon bo‘lishicha, unga ishonish qiyin ekan (“Ikki boyga bir malay” degan ibora o‘tdi shu onda Yuriy Andreevichning xayolidan). Uning uchun oilasi muhimmi yoki Lara qadrliroqmi? Buni bilib bo‘lmaydi. Laraning unga ishonishi mumkin emas, ayol doktorga umid bog‘lab, “ikki quyonning ortidan quvib, stul orasida qolishi hech gapmas”. Xuddi shu vaqtda Yuriy Andreevich uyga kirib keldi. Doktor xonaga kirishi bilan Lara va Viktor Ippolitovich unga tashlandilar.
– Qayerga yo‘qolib qolding? Hozir shu qadar keraksanki!
– Salom, Yuriy Andreevich! O‘tgan galgi uchrashuvimizda bir-birimiz bilan dag‘alroq muomala qilgan bo‘lsak-da, ko‘rib turganingizdek, siznikiga hech bir taklifsiz kelaverdim.
– Salom, Viktor Ippolitovich.
– Buncha uzoq vaqt qayerda qolib ketding? Bu odam nima deyayotganini yaxshilab eshit, o‘zing va men uchun tezda biror qaror qabul qil. Vaqt yo‘q. Shoshilish zarur.
– Nega tik turibmiz? Viktor Ippolitovich, o‘tiring. Larochka, qayerga ham ketardim? O‘tinga ketganimni bilar eding-ku. Keyin otga qaradim. Viktor Ippolitovich, o‘tiring.
– Hayron bo‘lmayapsanmi? Nega hayratingni oshkor qilmaysan? Bu odamning ketib qolgani-yu uning gaplariga quloq solmaganimizga ko‘p afsus qilgan edik. Mana, u sening yoningda. Eng so‘nggi yangiliklarni unga aytib bering.
– Larisa Fyodorovna nimalarni ko‘zda tutayotganini bilmayman, biroq o‘z navbatida shularni ma’lum qilaman. Jo‘nab ketganim haqida atay ovoza tarqatdim. O‘zim bo‘lsam yana bir necha kun shu yerda qoldim. Bundan maqsad sizga va Larisa Fyodorovnaga yana o‘ylab ko‘rish hamda shoshilmay qaror qabul qilish imkonini berish edi.
– Faqat endi kechiktirib bo‘lmaydi. Hozir jo‘nab ketish uchun eng qulay payt. Ertaga tongda… Ha, mayli, qolganini Viktor Ippolitovichning o‘zi senga aytib bersin.
– Bir daqiqa, Larochka. Kechirasiz, Viktor Ippolitovich. Nega biz po‘stinlarda, tik oyoqda turibmiz? Avval yechinib, o‘tirib olaylik. Gapimiz axir juda muhim. Bunaqa masalalarni tezda hal qilib bo‘lmaydi. Uzr, Viktor Ippolitovich. Bizning darhol rozi bo‘lmasligimiz ruhiy holatimiz bilan bog‘liq. Buni muhokama qilib o‘tirish noqulay va kulgilidir. Siz bilan qayergadir ketishni hech o‘ylamagan edim. Larisa Fyodorovna boshqa masala. Bizning xavotirlarimiz bir-birimizdan ajralganda, yagona vujud emasligimizni eslagan chog‘larda tug‘iladi. Laraning qizi uchun ham rejalaringiz haqida o‘ylab ko‘rishi o‘rinli. U xuddi shunday qilyapti ham, ya’ni siz va’da qilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida juda ko‘p bosh qotiryapti.
– Faqat bitta sharti bor: sen ham birga borgan taqdiringdagina o‘ylab ko‘rish mumkin.
– Ajralishimizni tasavvur qilishning o‘zi biz uchun og‘ir. Shunday bo‘lsa-da, bu majburiy ko‘rinadi. Axir, mening sizlar bilan birga jo‘nashim to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
– Hali hech narsa bilmaysan-ku. Avval eshitib ko‘r. Ertaga tongda… Viktor Ippolitovich!
– Chamasi, Larisa Fyodorovna men keltirgan va unga yetkazgan ma’lumotlarni ko‘zda tutyapti. Yuryatin yo‘lida jo‘nashga tayyor bo‘lib, Uzoq Sharq hukumatining xizmat poyezdi turibdi. U kecha Moskvadan keldi va ertaga manziliga jo‘nab ketadi. Bu bizning temiryo‘l vazirligimizga qarashli poyezddir. Uning yarmi yotib ketishga mo‘ljallangan xalqaro vagonlardan iborat. Shu poyezdda ketishim kerak. Mening ishchi guruhimdagilar uchun poyezdda o‘rinlar ajratilgan. Hammamiz maza qilib ketgan bo‘lardik. Bunday imkoniyat boshqa bo‘lmaydi. Sizning yolg‘on gapirmasligingizni bilaman. Menimcha, qarorida qat’iy kishisiz, siz uni o‘zgartirmaysiz. Ammo Larisa Fyodorovna uchun, o‘zingizni majburlab bo‘lsa-da, biz bilan birga ketish haqida yana bir bor o‘ylab ko‘ring. Axir, eshitdingiz-ku, u sizsiz hech qayerga ketmaydi. Vladivostokkacha bo‘lmasa-da, aqalli Yuryatingacha birga boring. U yog‘ini ko‘ramiz. Shuning uchun shoshilish zarur. Bir daqiqani ham yo‘qotish mumkin emas. Yonimda odamim bor. O‘zim otni yaxshi boshqarolmayman. Chanam keng bo‘lsa-da, beshalamiz unga sig‘maymiz. Adashmasam, ixtiyoringizda Samdevyatovning oti bor. Ot hali chanadan ajratilmaganmi?
– Yo‘q, otni ajratib qo‘ydim.
– Unday bo‘lsa, qaytadan qo‘shing. Xizmatkorim sizga yordamlashadi. E-e-e, kerak emas. Hammamiz bir amallab mening chanamda yetib olarmiz. Faqat, xudo haqi, tezroq qimirlang. Yo‘lga qo‘lga ilingan eng zarur narsalarnigina olish mumkin. Uy shundayligicha, qulflanmasdan qolaversin. Qulflarga kalit izlab yurgandan ko‘ra bola hayotini asrash zarur.
– Viktor Ippolitovich, sizga tushunmay qoldim. Siz menga o‘zingiz bilan birga ketishga rozi odamdek muomalada bo‘lyapsiz. Agar Lara istasa, jo‘nayvering, xudo yo‘lingizni ochsin. Uy to‘g‘risida tashvish qilmang. Men sizdan keyin ham bu yerda qolib, hammayoqni yig‘ishtiraman, eshiklarni qulflayman, so‘ngra jo‘nayman.
– Yura, nimalar deyapsan? O‘zing ham ishonmaydigan gaplardan nima ma’ni? “Agar Lara istasa…” deysan. Juda yaxshi bilasan, Lara sensiz hech qayoqqa bormaydi, bironta ham qaror qabul qilmaydi.
– Demak, so‘zingizdan qaytmaysiz. Unda boshqa iltimosni eshiting. Larisa Fyodorovnaning ruxsati ila siz bilan yolg‘iz qolib, o‘zingizga bir-ikki og‘iz gap aytsam.
– Juda yaxshi. Agar shu zarur bo‘lsa, oshxonaga yuring, Lara, sen qarshi emasmisan?
Viktor Ippolitovich gap boshladi:
– Strelnikov qo‘lga olingan, oliy jazoga buyurilgan. Hukm ijro etilgan.
– Qanday dahshat. Nahot shu rost?
– Shunday deb eshitdim. Men bunga ishonaman.
– Laraga aytmang. U aqldan ozadi.
– Albatta. Men sizni bekorga boshqa xonaga olib chiqdimmi? Oila boshlig‘i otilgach, uning xotini va qizi xavfga juda yaqin tursa bo‘lmas. Ularni qutqarishda menga yordamlashing. Biz bilan ketishdan qat’iy bosh tortasizmi?
– Sizga aytdim-ku, albatta.
– Faqat u sizsiz hech qayoqqa ketmaydi. Nima qilishni bilmayman. U holda sizdan boshqa bir ko‘mak so‘raladi. Siz yolg‘ondan o‘zingizni ketayotgan qilib ko‘rsatsangiz. Yuryatinda ham, vokzalda ham bizni kuzatishga chiqasiz-u, hech kim bilan xayrlashmaysiz. Ketayotganingizga uni to‘liq ishontirish kerak. Uning oldida yolg‘ondan qasam ichishingizga to‘g‘ri keladi. Faqat mening so‘zlarim yolg‘on bo‘lmaydi. Ishoningki, dilingizda yonimizga kelish xohishi tug‘ilgan zahoti chaqirib olish va istagan tomoningizga jo‘natib yuborish majburiyatini zimmamga olaman. Larisa Fyodorovna bizni kuzatayotganingizga iqror bo‘lishi lozim. Aytaylik, to‘satdan otni chanaga qo‘shish uchun chopib ketasiz-da, o‘sha zahotiyoq, ya’ni sizni kutmasdan yo‘lga chiqaverishni maslahat berasiz hamda orqamizdan quvib yetishni va’da qilasiz.
– Pavel Pavlovichning otilgani haqidagi xabardan dahshatga tushdim, o‘zimga kelolmayapman. So‘zlaringizni zo‘rg‘a tushunyapman. Ammo fikringizga qo‘shilaman. Strelnikov otilgach, Larisa Fyodorovna bilan Katyaning hayoti ham xavf ostida qoladi. Baribir qaysimiznidir ozodlikdan mahrum qiladilar-da, bizni bir-birlarimizdan ajratib yuboradilar. Shunday bo‘lgach, hoziroq ajratsinlar-da, uzoq-uzoqlarga, mayli, dunyoning ikki chetiga uloqtirsinlar. Sizga bu so‘zlarni aytayapmanu, ishlar rejangizga muvofiq rivojlanmoqda. Aytgan yangiligingiz meni holdan toydirdi. Shunday iztirobga tushdimki, o‘ylash, mulohaza yuritishga majolim yo‘q. Balki sizning so‘zingizga kirib, tuzatib bo‘lmas xato qilayotgandirman va bu adashish deb butun umr azob chekarman. Faqat meni holdan toydirayotgan og‘riq ta’sirida ongsiz ravishda so‘zingizga qo‘shilishga va ko‘r-ko‘rona ergashishga majburman. Demak, xo‘jako‘rsinga, yolg‘iz uning baxt-saodati deb, hoziroq otni tayyorlab, orqalaringdan yetib borishimni e’lon qilaman-da, oxirida shu yerda yolg‘iz o‘zim qolaman. Faqat bir narsani aniqlab olaylik. Kech tushayotganini ko‘rib turib ham, yo‘lga chiqaverasizlarmi? Yo‘l o‘rmondan o‘tadi. Atrofda bo‘rilar bor. Ehtiyot bo‘ling.
– Bilaman. Miltiq va revolver bor. Xotirjam bo‘ling. Sovuq bo‘lgani uchun ozroq spirt ham olganman. Yetib qolar. Xohlasangiz bo‘lishamiz.
Shifokor karaxt edi. “Nima qilib qo‘ydim? Men nima qilib qo‘ydim? Berib yubordim, voz kechdim, yon berdim. Orqasidan quvib borish, yetib olish, qaytarish kerakmi? Lara! Lara! Eshitishmaydi. Shamol teskari tomonga qarab esmoqda. Balki baland ovozda so‘zlashayotgandirlar. Uning quvonishga va xotirjam bo‘lishiga asoslari bor. U aldovga berildi va hozir naqadar adashganini bilmaydi. Mana uning taxminiy o‘ylari: “Hammasi uning xohishiga muvofiq sodir bo‘ldi. Uning xayolparast va o‘jar Yurochkasi nihoyat biroz yumshadi. Yaratganga shukur. Yurochka endi o‘zi bilan birga qandaydir maqbul joyga, ulardan aqlliroq odamlar orasiga, qonun va tartib himoyasiga jo‘naydi. Bordi-yu ertaga fe’lini ko‘rsatib, aytganida qattiq turib, o‘jarlik bilan poyezdga o‘tirmasa, Viktor Ippolitovich orqasidan boshqa odamni yuboradi va u odam sira kechikmay, o‘z vaqtida yetib keladi. Hozir esa u, albatta-da, otxonada hayajon va shoshilishdan adashayotgan, bo‘ysunmayotgan qo‘llari bilan samanni hozirlayapti, so‘ng tezlik bilan yo‘lga tushadi, orqalaridan quvadi, hali o‘rmon boshlanmasdanoq, ya’ni dalaning o‘zidayoq yetib oladi”.
Ayol taxminan mana shunday o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Ular tuzuk xayrlashganlari ham yo‘q. Yuriy Andreevich qo‘lini silkitib, boshqa tomonga o‘girilib oldi. Bu harakati bilan u tomog‘iga bir bo‘lak olma tiqilib, og‘riqdan o‘layotganga o‘xshash qiyofasini yashirgan edi.
Doktor bir yelkasiga po‘stinini tashlagan holda zinada turar edi. U butun ongu shuuri bilan borliqdagi bir uzoq nuqtaga bog‘langan edi. Bu yerdan birmuncha uzoqlikda balandlikka o‘rlaydigan torgina yo‘l bo‘lib, u bir nechta alohida o‘suvchi qayinlardan boshlanardi. Xuddi shu ochiq joyga ayni daqiqalarda botayotgan quyosh nurlari tushib turardi. O‘sha joyga, ya’ni yog‘dular tushib turgan yerga lahza sayin uncha chuqur bo‘lmagan pastlikdan bitta chana chiqib kelishi lozim edi.
– Alvido, alvido, – deya hushsiz, ovozsiz takrorlardi doktor kechki sovuq havoda titroq tovushlarni ichidan itarib chiqarar ekan. – Alvido, yagona sevgilim, manguga yo‘qotganim! Ketishyapti! Ketishyapti! – deya shivirlardi u oqargan lablari bilan. Xuddi shu paytda chanalar qayinlar yonidan bir-bir o‘tib, pastlikdan tepalikka o‘qday otilib chiqardi. Tezlikni kamaytirishdi. Qanday quvonchki, oxirgi qayin ostida to‘xtashdi. Oh, uning yuragi qanday urib ketdi, qanday urib ketdi, oyoqlari mayishdi, hayajonning zo‘ridan xuddi shalviragan, yelkadan oqib tushayotgan po‘stinga o‘xshab qoldi! “Oh, yaratgan egam, aftidan, uni menga qaytarishni mo‘ljallagansan? U yerda nima bo‘ldi? O‘sha kunbotardagi chiziqda nimalar bo‘lyapti? Izoh qani? Ular nega to‘xtadilar? Yo‘q. Yo‘qoldi. Yana jo‘nab ketdilar. Aftidan, o‘sha ayol to‘xtashni iltimos qildi. U bir daqiqa tin olib, xayrlashayotgan manzillariga oxirgi marta nazar solmoqchi bo‘ldi, shekilli. Balki ayol Yuriy Andreevichning yo‘lga chiqqan-chiqmaganini bilmoqchi bo‘lgandir, tezroq yetib olishiga umid bog‘lagandir? Ketdik. Ketdik.
Mana o‘sha daqiqa ham yetib keldi va o‘tib ketdi. Quyosh nurlari ko‘kimtir qor uyumlari uzra to‘kilardi. Mana ular ko‘rindilar, o‘qday uchib o‘tib ketdilar. “Alvido, Lara, u dunyoda ko‘rishguncha xayr, alvido, go‘zalim mening, alvido, shodligim mening, cheksiz, tuganmas, abadiy muhabbatim mening”. Mana ular g‘oyib bo‘ldilar. “Men seni endi hech qachon ko‘rmayman, hech qachon, hech qachon hayotimda uchratmayman, seni endi hech qachon ko‘rmayman”.
Ko‘ngildagi iztirob Yuriy Andreevichning hayajonini battar oshirardi. Go‘yo u hammasini o‘n barobar kuchliroq holda qabul qilardi. Tevarak-atrof, hatto ob-havo ham o‘zgacha. Go‘yo qorong‘ilik ham bugungidek bo‘lmagan. Oqshom faqat bugun tushayotganga o‘xshardi. Har holda, yetimdek bo‘lib qolgan, tanholikka mahkum odam uchun shunday tuyulishi tabiiy. Go‘yo tevarakdagi o‘rmon ufqqa orqa o‘girib emas, balki tartibni buzgancha endi yer ostidan chiqib kelgandek, xayrixohlik bildirishga tayyordek ko‘rinardi.
Doktor o‘sha daqiqalardagi oshkora go‘zallikdan uzoqlashishga urinar, bu ishi bilan go‘yo o‘ziga xayrixohlik bildirayotgan olamdan yiroqlashgandek bo‘lar, o‘zi tomon intilayotgan tong nurlariga: “Rahmat. Kerak emas”, – deyayotganga o‘xshardi. U yopiq eshikka yuz burib, butun dunyoga orqa o‘girgandek zinada turardi. “Mening porloq quyoshim botdi”, deya nuqul takrorlardi shifokor ichidagi qandaydir kuch da’vatiga bo‘ysunib. Bu so‘zlarni ovoz chiqarib aytishga majoli yetmas, tomog‘ida qadalib turgan talvasalar ham bunga yo‘l bermasdi.
U uyga kirdi. Yuragida ikki xil ovozda monolog boshlanayotgan edi: bu monolog o‘ziga nisbatan quruq va soxta tuyulsa, Laraga murojaat sifatida o‘qilganda hadsiz-hududsizdek ko‘rinardi: “Endi yo‘l Moskvaga. Birinchi navbatda – tirik qolmoq zarur. Uyqusizlikka berilmaslik darkor. Uyquga yotmaslik kerak. Kechalari holdan toyguncha, ya’ni charchoq qulatguncha ishlamoq lozim. Mana yana bir narsa. Kechasi behudaga sovuqdan qotib o‘lmaslik uchun hoziroq yotoqxonadagi pechni yoqmoq zarur”.
U o‘z-o‘zi bilan yana mana bunday so‘zlashardi: “Unutilmas go‘zalim mening! Hamon mening qo‘llarim va lablarimda mavjud ekansan, hamisha o‘zim bilan birgasan. Sen haqingda biror arzigulik, uzoq vaqtlar yashaydigan asar yozib, bor ko‘z yoshlarimni unga to‘kib solaman. Xotirang nafis, nozik, yurakni larzaga keltiruvchi ifodada mujassamlashadi. Shu ishni tugatmagunimcha, bu yerdan ketmayman. O‘shandan keyingina jo‘nab ketaman. Mana seni qanday tasvirlayman: xususiyatlaringni dengiz to‘lqinlarini asosi ila parchalovchi bo‘ron tasviri aks etgan qog‘ozga bitaman. Yoningdagi qumloqda shiddatli, uzoq-uzoqlarga yetib borguvchi to‘lqinlar izlari mavj urib turadi. Dengiz o‘z ko‘ksidan nimaniki, mayda toshchalaru, po‘kaklaru o‘t-o‘lanlarni uloqtirgani kabi, hayot bo‘roni seni ham mening oldimga surib kelgan edi. Seni mana shunday tasvir etaman”.
Doktor uyga kirdi, eshikni yopdi, po‘stinini yechdi. Ertalab Lara supurib-sidirib tozalagan xonadagi betartib solingan to‘shakni, polda-yu stullarda sochilib yotgan narsalarni ko‘rgach, yosh boladay karavot yonida tizzaladi, chetiga ko‘kragini tirab, yuzini bosdi hamda go‘daklardek yengil va achchiq yig‘lab yubordi. Bunday holat uzoq cho‘zilmadi. Yuriy Andreevich o‘rnidan turdi, tezdan ko‘z yoshlarini artdi, charchoq va hayratga to‘liq nigohlari bilan atrofga nazar tashladi. U Komarovskiydan qolgan shishani qo‘liga oldi, qopqog‘ini ochdi, suyuqlikdan stakanning yarmigacha quydi, suv qo‘shdi, qordan ham soldi va rohat qilib, shoshilmay, ho‘plab-ho‘plab ichib yubordi.
Yuriy Andreevich tushuniksiz ahvolda qoldi. U sekin-asta aqldan ozayotgan edi. Umrida hech bunday bo‘lmagandi. Uyga qaramay qo‘ydi, o‘zini o‘ylamaydigan bo‘ldi, kechalari kunduzga aylandi, Lara ketgandan beri qancha vaqt o‘tganini bilmay ham qoldi. U o‘zicha tarixni, aniqrog‘i, tarix deb ataluvchi hodisani butunlay boshqacha tushunardi. Nazarida, tarix o‘simliklar dunyosidagi hayot tarziga juda o‘xshash edi. Qishda qor ostida qolgan yalang‘och novdalar cholning soqol-mo‘ylovi kabi ingichka, siyrak bo‘ladi. Bahorning bir necha kunida o‘rmon go‘yo yangilanadi va shoxlari bulutlargacha borib yetadi, barglar bilan qoplangan quyuq daraxt shoxlari orasida berkinish, yo‘qolib qolish mumkin. Bu yangilanish harakat hisobiga yuz beradi. Mazkur o‘sish-intilish hayvonlardagidan ko‘ra xiyla tez kechadi. O‘rmon o‘z o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Biz o‘rmonni bir joyda qotib qolgandek ko‘rinuvchi, aslida tinimsiz o‘suvchi va taraqqiy etuvchi mavjudlik deya tushunamiz. Tolstoy Napoleon, hokimlaru qo‘mondonlar haqida yozaturib, shaxsning tarixdagi rolini inkor qilar ekan, fikrini oxirigacha yetkazmagan edi. Aslida, u ham masalani bizdek tushungan, faqat oxirigacha aniq-tiniq qilib aytishga ulgurmagan. Maysa o‘sganini ko‘rish mumkin bo‘lmaganidek, tarixiy rivojlanishni ham ko‘z bilan payqashning iloji yo‘q. Shuning uchun tarixni hech kim yaratmaydi, degan gapda chuqur ma’no bor. Urushlar, inqiloblar, podsholar, Robesperlar – bular tarixning harakatlantiruvchi, ko‘pirtiruvchi qismlaridir. Inqilobni harakatchan, bir tomonlama fanatiklar, cheklangan daholar amalga oshiradilar. Ular bir necha soat yoki bir necha kun ichida eski tartiblarni uloqtirib tashlaydilar. To‘ntarishlar bir necha hafta, ko‘pi bilan biron yil davom etishi mumkin. Keyin esa o‘nyilliklar mobaynida odamlar o‘sha to‘ntarishga sajda qilib yashaydilar.
Lara deb yig‘lar ekan, shifokor o‘tmishdagi Melyuzeevo yozini ham ayanch bilan esga oldi. O‘shanda inqilob odamlar ko‘ziga osmondan tushgan xudo bo‘lib ko‘ringan edi. O‘sha yoz xudosi qo‘l ostida har kim o‘zi bilgancha yashayverdi. Hammaning hayoti o‘zicha davom etar, faqat yuqoridan joriy etilgan siyosatga mos kelsa bo‘ldi edi. Shu tariqa har xil hodisalarni tasvirlash va xayoldan o‘tkazish asnosida doktor o‘z xulosalariga yanada ishonch hosil qilardi. Uning eng asosiy xulosasi shuki, san’at har doim go‘zallikka xizmat qiladi. Go‘zallik esa muayyan shaklga ega bo‘lish baxtidir. Shakl mavjudlikning kalitidir. Mavjud bo‘lmoq uchun har bir yashovchi jism o‘z shakliga ega bo‘lmog‘i zarur. Shunday qilib, san’at va uning tarkibidagi fojiaviy qism ham mavjudlik baxti haqidagi hikoyadir. Ushbu yozuvlar va mulohazalar ham unga baxt keltirardi. Faqat bu baxt fojiaga, ko‘z yoshlariga to‘liq edi. Undan bosh charchoq va og‘riqqa to‘lardi.
Shifokorni ko‘rgani Anfim Yefimovich kelib ketdi. U ham aroq keltirdi, Antipova qizi va Komarovskiy bilan jo‘nab ketgani haqida hikoya qilib berdi. Anfim Yefimovich doktorni otga yaxshi qaramaganlikda ayblab, samanni o‘zi bilan olib ketdi, Yuriy Andreevichning yana uch-to‘rt kun sabr qilib turish to‘g‘risidagi iltimosiga quloq ham solmadi. Biroq u bu vaqt ichida qaytib kelib, doktorni Varikinodan olib ketishga va’da berdi.
Ba’zan yozib, ishlab o‘tirar ekan, Yuriy Andreevich xotirasida ayol butun ko‘rinishi bilan jonlanar, doktor nazokatu ayriliq dahshatini tuyib, aqldan ozay derdi. Uzoq bolalik chog‘larida, yozning eng go‘zal paytlarida qushlar ovozi orasida vafot etgan onasining tovushi ham eshitilgandek bo‘lardi. Hozir uning alahsirashdan gangigan quloqlariga narigi xonadan gohida: “Yurochka”, – degan sado kelib urilgandek bo‘lar edi. Shu hafta ichida u boshqa bir hissiy aldanish holatlarini ham tuydi. Jumladan, hafta oxirida kechasi tushida uy tagidagi ajdaho qarorgohini ko‘raturib, to‘satdan uyg‘onib ketdi. U ko‘zlarini ochdi. To‘satdan jarlik ostida yorug‘lik chaqnadi va otilgan o‘q tovushidan hammayoq gumburlab ketdi. Hayratlanarli joyi shunda ediki, mazkur voqeadan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas doktor yana uxlab qoldi, ertalab esa hammasini tushga yo‘ydi.
Oqshom oldidan, ya’ni hali quyuq qorong‘ilik tushmasdan kimningdir qorda og‘ir-og‘ir qadam tashlagani eshitildi. Kimdir dadil, shiddatli qadamlar bilan uyga yaqinlashardi. Qiziq. Kim bo‘lishi mumkin? Anfim Yefimovich otda kelgan bo‘lardi. Hozir Varikinodan boshqa yo‘lovchilar ham o‘tmay qo‘ygan. “Meni olib ketgani kelishdi, – deb o‘yladi Yuriy Andreevich. – Shaharga yetib borish haqidagi chaqiriq yoki talab bilan. Yo bo‘lmasa, qamamoq uchun. Faqat ular meni nimada olib ketadilar? Shunda ham ular ikki kishi bo‘lishlari kerak edi-ku. Bu – Mikulitsin, Averkiy Stepanovich”, – degan qarorga borib, shifokor quvonib ketdi. U mehmonni yurishidan tanigandek edi. Bu orada kimligi hali topishmoq bo‘lib turgan odam zulfini urib tushirilgan eshik oldida bir daqiqa to‘xtab qoldi, undan mo‘ljaldagi qulfni topmadi. So‘ngra ishonchli qadamlar bilan olg‘a yurdi, yo‘lda uchragan eshiklarni ochib ham yopib kelaverdi.
Bu vaqtda Yuriy Andreevich kiraverishdagi eshikka orqa o‘girib, yozuv stoliga egilib ishlab o‘tirardi. Doktor o‘rnidan turib, eshikka yuz burganida mehmon ostonada qoqqan qoziqdek turar edi.
– Sizga kim kerak? – degan savol otilib chiqdi doktorning bo‘g‘zidan. Javob bo‘lmadi. Yuriy Andreevich bunga hayron qolmadi.
Mehmon kuchli, qaddi-qomati kelishgan, ko‘rkam kishi edi. U egniga po‘stin, shim, oyoqlariga echki terisidan tikilgan etik kiygandi, yelkasida tasmali miltiq osilib turardi. Mehmonning kelishi emas, balki uning paydo bo‘lish lahzasi kutilmagan hodisadek tuyuldi. Uydagi ba’zi topilmalar va ayrim boshqa belgilar Yuriy Andreevichni bu uchrashuvga ichdan tayyorlab qo‘ygan edi. Mehmonning tashqi ko‘rinishi doktorga tanish tuyuldi. Chamasi, mehmon ham uy bo‘sh emasligi haqida ogohlantirilgan edi. Mehmon uyda odam kamligiga uncha hayratlanmadi. Unga uyda kimni uchratishi haqida ma’lumot bergan bo‘lishlari ham mumkin. Balki uning o‘zi doktorni tanir.
“Kim bu? Kim bu? – deya Yuriy Andreevich xotirasini titkilar va eslashga urinardi. – Yaratgan egam, hammasi sening irodang ila, men bu odamni qayerda ko‘rganman? Shunday bo‘lishi mumkinmi? Qaysidir yilning may tongi. Razvile temiryo‘l bekati. Mehr-shafqatdan begona komissar vagoni. Tushunchalar tiniqligi, printsiplarning to‘g‘riligi va shafqatsizligi, haqqoniylik, haqqoniylik, haqqoniylik.
Strelnikov!..”

O‘N YeTTINChI QISM

Yuriy Jivago she’rlari

HAMLET

G‘ovur so‘ndi. Chiqdim sahnaga. Endi
Eshik yondoriga suyangan ko‘yi
Olis sadolardan ilg‘ayman: neni
Ko‘rib-kechirarman men umrim bo‘yi.

Nimqorong‘i yoqdan, amrday vojib
Minglab durbin menga tikilar kutib.
Agarda, ey Ota, bo‘lsa iloji
Ketsin ushbu kosa naridan o‘tib.

Qaysar niyatingga havasim oshar –
Men bu rolni ijro etmoqqa shayman.
Lekin hozir tamom boshqa tomosha,
Shu gal meni bo‘sh qo‘y – izn so‘rayman.

Lekin o‘ylangan ish bo‘lmoqqa mahkum,
So‘nggi marra – shaksiz yangrar bir bayot.
Men – yolg‘iz, barini riyo etgay gum,
Bo‘yoqchi nilimi kiroyi hayot.

OQ TUN

O‘tgan kunlar tushar yodimga mening,
Peterburg yoqdagi o‘sha xonadon.
Kursklik pomeshchiklar – tomiring sening,
Kursda o‘qib yurgan qizsan sho‘x-xandon.

O‘zing oydekkina, shaydolaring bor.
Bu oq tun sen va men to‘lib havasga,
Egilib derazang rafidan – bedor,
Ko‘ko‘par go‘shangdan qaraymiz pastga.

Fonuslar naq harir kapalaklardir,
Tong ilk titrog‘i-la tegindi bexos.
Asta so‘ylaganim senga xuddi sir,
Sokin uyqudagi kengliklarga mos.

Bizni asir etgan beizhor, erksiz
Ko‘ngil orzusiga vafo to‘la zavq,
Neva ortidagi bepoyon, cheksiz
Manzara bergandek Peterburgga shavq.

Unda, uzoqlarda, ushbu bohayo,
Oq tun ichra uxlar kengliklar bari,
Butun o‘rmon bo‘ylab taratar ziyo,
Bulbullarning baravj madhiyalari.

Toblanar jununiy chah-chahlarda or,
Uvoqqina qushning selday ovozi
O‘rtaydi – yoqachok mast chakalakzor
Qiy-chuv bilan to‘lar va bo‘lar rozi.

Oyoqyalang daydi xotinday tolib,
O‘sha yoq ketar tun to‘siqlar osha,
Deraza rafidan, ketar chuvalib –
Bo‘lgan suhbat uning izidan shosha.

Eshitilgan suhbat aks sadolari
Yupqa taxta devor to‘sgan, boyoqish
Olma, olcha shoxi – bog‘ adolari
Egniga liboslar tashlaydi oqish.

Daraxtlar yog‘dirar misoli ro‘yo –
Yo‘ldagi to‘dalar uzra oqliqlar,
Aylar ko‘pni ko‘rgan oq tunga, go‘yo,
Vido ishorasi, uzrxohliqlar.

ShARHI HOL

Buzilgandi birdan – na vaj, na to‘zim,
Tuzildi qaytadan, tuyqusdan hayot.
Tag‘in o‘sha ko‘hna ko‘chada o‘zim,
Yozning o‘sha kuni, o‘sha soat bot.

O‘sha odamlaru tashvishli kuni,
Kunbotar yong‘ini o‘chmagan hamon,
Manej devoriga o‘shanda uni
O‘lim shomi shoshib mixlagansimon.

Kirchimol ko‘ylaklar kiygan ayollar
Kechda boshmoqlarin keltirar epga.
Keyin tunukaga – chormixga olar
Va saqlar chordoqlar, yoygandek sepga.

Biri zo‘rg‘a yurar, zo‘r berar ancha,
Ostonaga yetib oladi lekin
Yarimerto‘ladan ko‘tarilgancha,
Hovlini qiyalab o‘tadi sekin.

Men yana turli vaj topaman shu kez,
Hammasi baribir men uchun yana.
Qorasin o‘chirib qo‘shni xotin tez,
Xoli qoldiradi bizlarni, mana.

KUZ

Jo‘natib yubordim uydagilarni,
Yaqinlar tarqashgan qachonlar, zotan,
Yolg‘izlik yopishib, bir qadam nari
Jilmaydi ko‘ngildan va tabiatdan.

Qorovulxonada biz yolg‘iz edik,
Bir men, bir sen, o‘rmon kimsasiz, ovloq,
To yarmisigacha, – qo‘shiqdagidek, –
O‘t bilan qoplanmish yo‘lka-yu so‘qmoq.

Yolg‘izligimizga duch kelgach hadeb,
Taxtadevorlar ham boqmoqda xomush,
So‘z bermadik g‘ovni qo‘poramiz deb
Biz xazon bo‘lurmiz oshkora va xush.

Soat birda boshlab, tinarmiz uchda,
Men kitob, sen kashta uzra injilmay,
Tongda ajralamiz, go‘yoki, hushdan
O‘pishmoqdan qanday to‘xtashni bilmay.

Yaproqlar, yanada bebok, serhasham
Shovullang, to‘kilib sochiling alhol,
To‘ldirib-toshirib kechagi alam
Kosasin bugungi g‘am ila darhol.

Bir jonu bir tanlik, latofat, havas!
Potrarmiz sentyabr shovqinida chog‘!
Kuz shitir-shitiri ichra ko‘mil, bas!
Nafas chiqarmay qot yo esingdan og‘!

Daraxtzor to‘kkandek bargin saboda
Egningdagin yechib tashlaysan sen ham,
Popuklari ipak harir qaboda
O‘zingni og‘ushga otganda u dam.

Darddan uqubatli bo‘lganda hayot,
Halokatli qadam baxsh etgan xayr – sen,
Go‘zallik ildizi esa jasorat,
Bizni qovushtirgan sir – shu, deyman men.

QISh KEChASI

Bo‘ralar qorlar, qorlar
Oqqa o‘ralar olam.
Stol uzra sham porlar,
Porlar sham.

Yozda, yolqinga chivin
Yopirilgandek har bor,
Kirmoqning topmay evin,
Romga kalla tashlar qor.

Izg‘iriq naqsh solar:
Oynada o‘q, gardish ham,
Stol uzra sham porlar,
Porlar sham.

Yalt-yult shiftni arvohlar
To‘planib manzil qilgan.
Qismatlaru, oyoqlar,
Qo‘llar chalishtirilgan.

Bir juft boshmoq qalashib
Tushganda ingranar pol.
Tunchiroq mum ko‘z yoshi
Libosga tomar behol.

Neki bor – g‘oyib – chorlar:
Qor to‘zoni ichra jam,
Stol uzra sham porlar,
Porlar sham.

Fevral guvranib qorar
Borliqni qorga har dam,
Stol uzra sham porlar,
Porlar sham.

TONGOTAR

Qismatimning sen eding bori.
Vayronkorlik, urush keldi so‘ng,
Bo‘lsam hamki men intizori
Bir xabaring uchramadi o‘ng.

Badar ketgach yillar shu ko‘yi,
U sas tag‘in oldi oromim.
O‘gitlaring o‘qib tun bo‘yi
Tutqanog‘im oti o‘chdi jim.

Odamlarga, qaynagan, gavjum –
Joyga boshlar meni ixtiyor.
Nuqib, aqlin kiritib shu zum,
Men hammani tiz cho‘ktirgim bor.

Chopqilayman zinama-zina,
Go‘yo, ko‘rib ilk bor o‘ng-so‘lni,
Bu qor bosgan ko‘chani, yana,
To‘nglab yotgan to‘shama yo‘lni.

Rus tilidan Sanjar Sodiq tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 7-son