Bertolt Brext. Sichuandan chiqqan mehribon (pesa-parabola)

IShTIROK ETUVChILAR:

VAN – meshkob
UCh FARIShTA
ShOY DA (ShEN DE)
YaN SUN – ishsiz uchuvchi
YaN XONIM – uning onasi
BEVA ShIN
SAKKIZ KIShIDAN IBORAT OILA
DURADGOR LIN TO
UY EGASI MI DZYu XONIM
POLISIYaChI
GILAMFURUSh
UNING XOTINI
QARI FOHIShA
YoSh FOHIShA
SARTAROSh ShU FU
BONZA
OFISIANT
IShSIZ
PROLOGDA YO‘LOVChI-O‘TKINChILAR

Voqea yarim yevropalashgan Sichuan markazida kechadi. Yer yuzida odamni odam ekspluatatsiya qiladigan hamma joylar Sichuan viloyati timsolida umumlashtirib olingan, Sichuan hozir shunday joylar sirasiga kirmaydi.

PROLOG

Sichuan markazida bir ko‘cha. Oqshom. Meshkob Van tomoshabinlarga o‘zini tanitadi.
VAN. Men shu yerlik meshkob – Sichuan markazida suv sotaman. Kasbim og‘ir. Suv kamaysa, olisdan tashib kelishga to‘g‘ri keladi. Suv kamaysa, chaqasi oz tushadi. Umuman viloyatimizda yo‘qchilik avjiga chiqqan. Hammaning umidi faqat farishtalardan, hamma shundoq deydi. Endi mening sevinchimni tasavvur qilavering, qoramol bilan savdo qiluvchi oshnam – u har go‘rda bo‘ladi – aytdiki, bir necha mashhur farishtalar yo‘lga chiqishganmish. Ular Sichuanga hali zamon kelib qolishsa, ajabmas. Ko‘kka ko‘tarilayotgan arzu dodlardan osmonu falak ham tashvishga tushganmish. Mana, men sirasiga uchinchi kun, ayniqsa, oqshomlari mehmonlarga birinchi bo‘lib peshvoz chiqish uchun ana shu shahar darvozasi oldida turaman. Bu ishni orqaga surolmayman. Nega desangiz, ularni oliy martabali zotlar darrov o‘rab olishadi, keyin yaqinlashib bo‘lmaydi. Ha, darvoqe, ularni qanday qilib tanib olsam ekan? Bir yo‘la hammasi kelishmasa kerak. Judayam e’tiborni tortmaslik uchun bitta-bittalab kelishsa kerak. Manavilar farishtalarga o‘xshamaydi, ishdan qaytishayapti. (Yon veridan o‘tayotgan ishchilarga tikilib qaraydi) Yuk tashiyverib, yelkalari qapishib ketgan. Manavi-chi? Qanaqasiga farishta bo‘lsin – barmoqlari siyohga botgan. Nari borsa, tsement zavodida xizmatchidir. Hattoki, mana bu ikki janob ham… (Yonidan ikkita erkak o‘tadi) chamamda, farishta emas. Yuzlari, birovlarni urib-kaltaklashga o‘rgangan odamlardek beshafqat, farishtalarga birovlarni urib-kaltaklashning nima hojati bor! Mana, tag‘in uchtasi! Bular – boshqa gap. Miqti gavdali, bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishgani ham ma’lum emas, kavushlari changga botgan, demak, olisdan kelishayapti. O‘shalar, o‘shalarning xuddi o‘zi! O, oqilu donolar, amringizga muntazirman!
(Tiz cho‘kib, yer o‘padi).
BIRINChI FARIShTA (quvonib). Bizni bu yerda kutishayaptimi?
VAN (ularga suv tutib). Ko‘pdan kutishayapti. Ammo tashrifingizdan yolg‘iz xabardor – men.
BIRINChI FARIShTA. Tunash uchun bizga joy kerak. Balki sen aytarsan, qayerda tunasak bo‘ladi?
VAN. Qayerda deysizmi? Istagan joyingizda! Butun shahar izmu ixtiyoringizda, oqilu donolar. Qayerni xohlaysiz?
Farishtalar bir-birlariga ma’noli qarashadi.
BIRINChI FARIShTA. Masalan, eng yaqin uyga joylasha qolsakmikin deyman, o‘g‘lim! Eng yaqiniga joylashishga bir unnab ko‘raylik!
VAN. Men boyonlarimizdan bittasining uyini tanlab, boshqasidan baloga qolmasam edi, deb qo‘rqaman.
BIRINChI FARIShTA. Bas, shundoq ekan, senga amr etamiz, eng yaqinidan boshlayver!
VAN. Bu uyda Fo janoblari yashaydilar! Bir daqiqa sabr… (Yugurgancha uy yoniga borib, eshikni qoqadi)
Eshik ochiladi, lekin Van rad javobi olgani ma’lum bo‘ladi. U cho‘chinqirab, iziga qaytadi.
VAN. Omadimiz kelmadi! Fo janoblari uyda yo‘q ekanlar, xizmatkorlar u kishining buyrug‘isiz biror ish qilisholmaydi, xo‘jayinlari bag‘oyat qattiqqo‘l! O‘zlari ham eshikdan kimlarning qaytib ketganini eshitib, rosa jahlga minsalar kerak, shundoq emasmi?
FARIShTALAR (kulimsirab). Albatta.
VAN. Yana bir daqiqa sabr! Shundoq yon tomondagi uy beva xonim Suga tegishli. U juda xursand bo‘ladi. (uyga qarab yuguradi, ammo, aftidan, yana rad javobini oladi) Men yaxshisi narigi tomonga o‘ta qolay. Beva bitta hujram bor, u ham ivirsib yotipti, deydi. Men hoziroq Chen janob­lariga murojaat qilaman.
IKKINChI FARIShTA. Bizga kichik hujra ham bo‘laveradi. Ayt, biz o‘shani ijaraga olamiz.
VAN. Hatto ivirsigan, ichi to‘la g‘ij-g‘ij o‘rgimchak bo‘lsa ham-a?
IKKINChI FARIShTA. Ziyoni yo‘q! O‘rgimchak bor joyda pashsha bo‘lmaydi.
UChINChI FARIShTA (ochiq chehralik bilan Vanga). O‘g‘lim, janob Chenmi yoki boshqa birovning eshigiga boraqol, rostini aytsam, o‘rgimchaklarni jinim suymaydi.
Van qay bir eshikni qoqib ichkari kiradi.
UY IChIDAN OVOZ. Farishtalaringni boshimga uramanmi! Shusiz ham tashvishim oshib yotipti!
VAN (farishtalarning yoniga qaytib). Chen janoblarining kayfiyati buzuq, uyi to‘la qarindoshlar, u sizga ko‘rinishga istihola qilayapti, azizlar. Chamamda, bu albatta o‘zaro gap, ular orasida yomon odamlar borga o‘xshaydi. U o‘shalarni ko‘rib qolishingizni istamaydi shekilli. Qahri-g‘azabingizdan qo‘rqadi. Hamma balo shunda.
UChINChI FARIShTA. Nahotki biz shu qadar dahshatli bo‘lsak?
VAN. Yomonlar uchun dahshatlisiz, shundoq emasmi? Mana, masalan o‘n yildirki Kvan viloyatini suv bosib, xaloyiq zarar ko‘radi, sababki, Xudoning qahriga uchragan!
IKKINChI FARIShTA. Yo‘g‘-ey? Nega endi?
VAN. Negaki, u yerda nuqul dahriylar yashaydi.
IKKINChI FARIShTA. Bekor gap! To‘g‘risi, ular to‘g‘onni tuzatishmagan.
BIRINChI FARIShTA. Sekinroq! (Vanga) O‘g‘lim, sen hali ham umid qilasanmi?
VAN. Shundoq degani qanday tilingiz boradi? Yana bitta uy nariga o‘tsak, bas, olam guliston, siz uchun yotoq muhayyo. Hamma ko‘zi to‘rt bo‘lib sizni kutib turipti. Faqat omad kelmayapti, xolos, tushundingizmi? Xo‘p, men yugurdim! (Sekin nari ketadi va qayoqqa borishini bilmay, ko‘cha o‘rtasida qaqqayib turib qoladi)
IKKINChI FARIShTA. Xo‘sh, men aytmabmidim?
UChINChI FARIShTA. Baribir, fikri ojizimcha, bu oddiy bir tasodif.
IKKINChI FARIShTA. Shun viloyatida tasodif, Kvanda tasodif va Sichuanda tasodif. Yer yuzida endi hech kim Xudodan qo‘rqmaydi – siz ana shu haqiqatni tan olishdan qo‘rqasiz. Iqror bo‘lavering, ishingiz chippakka chiqdi!
BIRINChI FARIShTA. Biz hali yaxshi kishiga duch kelishimiz mumkin. Har daqiqada! Daf’atan chekinish yaramaydi.
UChINChI FARIShTA. Qarorda nima deyilgan edi: inson deb atalishga loyiq insonlar yerda yetarli ekan, dunyo dunyoligicha qoladi. Meshkob, yanglishmasam, ana shunday insonlardan. (Hamon arosatda turgan Vanga yaqinlashadi)
IKKINChI FARIShTA. U yanglishdi. Meshkob hali bizga suv tutganida, men bir narsani payqagan edim. Mana uning krujkasi! (Uni birinchi farishtaga ko‘rsatadi)
BIRINChI FARIShTA. Tagida yana taglamasi bor.
IKKINChI FARIShTA. Qallob!
BIRINChI FARIShTA. Mayli, bu hisobga kirmaydi, bitta notavon uchrasa, nima qipti? Biz hali insonga munosib hayot kechirishga qodir bo‘lganlarni albatta uchratamiz. Biz ularni uchratishimiz shart! Mana, ikki ming yildirkim, faryodu fig‘onlar falakning qulog‘ini qomatga keltiradi, shundoq davom etaverishi yaxshi emas! Bu dunyoda hech kimsa yaxshi odam bo‘lolmaydi! Biz, nihoyat, ilohiy farmoyishlarga amal qiladigan insonlarni topib ko‘rsatishimiz kerak.
UChINChI FARIShTA(Vanga). Balki, boshpana topish judayam mushkuldir?
VAN. Siz uchun mushkul emas! Uzr! Darhol topilmaganiga aybdor – men, yomon izlayapman.
UChINChI FARIShTA. Gap, albatta, bunda emas. (Iziga qaytadi).
VAN. Ular payqab qolishdi. (O‘tkinchiga) Muhtaram janob, bezovta qilayotganim uchun afu etasiz. Bilasizmi, Sichuan xalqi shuncha yillardan buyon ana keladi, mana keladi deb orziqib kutayotgan uch qodir farishta nihoyat qadam ranjida etishdi, ular boshpanaga muhtoj. Hoy, sabr qiling! Ishonmasangiz, mana, o‘zingiz ko‘ring! Bir qarasangiz, kifoya! Xudo haqi, yordam qiling! Omadingiz kelipti, foydalanib qoling! Boshqalar ilib ketmasidan oldin farishtalarni uyingizga taklif qiling, rozi bo‘lishadi.
O‘tkinchi yo‘lida davom etadi.
(Boshqa bir o‘tkinchiga murojaat qiladi). Muhtaram zot, eshitdingizmi? Balki sizda boshpana bordir? Koshona bo‘lishi shart emas. Hamma gap – yaxshi niyatda.
Ikkinchi o‘tkinchi. Farishtalaring qanaqa farishta o‘zi, peshonasiga yozib qo‘yganmi? Uyimdan joy berib, baloga qolib o‘tirmay tag‘in. (Tamaki do‘koniga kiradi).
VAN(yugurgancha, farishtalar yoniga qaytadi). U rozi bo‘ladiganga o‘xshaydi. (O‘z krujkasining yerda yotganini ko‘rib, farishtalarga hayron bo‘lib qaraydi, so‘ng krujkani qo‘liga olib, yana yugurganicha ketadi.)
BIRINChI FARIShTA. Bu jilla xushxabar emas.
VAN(tamaki do‘konidan chiqib kelgan o‘tkinchiga). Xo‘sh, boshpana berasizmi?
Ikkinchi o‘tkinchi. Uyim borligini qayoqdan bilasan, balki mehmonxonada yasharman?
BIRINChI FARIShTA. U baribir topa olmaydi. Sichuanni ham ro‘yxatdan o‘chirishga to‘g‘ri keladi.
VAN. Uch qodir farishta! Ishoning, so‘zlarim chin! Ibodatxonadagi haykallarning xuddi o‘zi! Agar fursatni boy bermay, ularning oldiga borib, taklif etsangiz, balki rozi bo‘lishar.
Ikkinchi o‘tkinchi (kulib). Sen joylashtirmoqchi bo‘lgan kimsalar pixini yorgan muttahamlar bo‘lsa kerak. (Ketadi).
VAN (uning ortidan so‘kinib). Muttaham chayqovchi! Xudodan qo‘rqmaysanmi? Bag‘ritoshliging uchun jahannam olovida yonasan! Farishtalar sendaqalarga tupurishadi! Shoshma, hali pushaymon yeysan! Yetti urug‘ingga qadar jazoga duchor bo‘lasanlar! Sendaqalarni deb butun Sichuan malomatga qoldi. (Pauza) Endi yolg‘iz Shen De qoldi, u “yo‘q” deyolmaydi-ku. (Chaqiradi) Shen de!..
ShEN DE yuqoridagi deraza oynasidan qaraydi.
Ular kelib qolishdi, men ularga boshpana topolmayapman. Sen bir kechaga qabul qilolmaysanmi?
ShEN DE. Qabul qilolmasam kerak, Van. Men mehmon kutayapman. Nahotki, sen ularga boshpana topolmading?
VAN. Hozir bu gapning mavridi emas. Butun Sichuan – boshdan-oyoq marazlar makoni.
ShEN DE. Bo‘lmasa-chi, u kelsa, men bekinib turaman. Shunda balki ketib qolar. Shu yetmaganday, men bilan sayr qilishni ham istab qolipti.
VAN. Biz tepaga chiqib tursakmikin-a?
ShEN DE. Faqat baland ovozda gaplashmanglar. Ular bilan ochiqchasiga gaplashsa bo‘ladimi?
VAN. Xudo asrasin! Ular sening hunaring to‘g‘risida hech narsa bilmasliklari lozim. Yo‘q, yaxshisi, biz pastda kutib turamiz. Hoynahoy, sen u bilan ketib qolmaysanmi?
ShEN DE. Ishim chatoq, ertagacha ijara haqini to‘lamasam, meni uydan haydashadi.
VAN. Shunday paytda hisob-kitob qilib o‘tirishing yaxshi emas.
ShEN DE. Qaydam. Afsuski, podshomizning tug‘ilgan kunida ham qorin qurg‘ur quldirayveradi. Ha, mayli, ularni qabul qilaman.
U chiroqni o‘chiradi.
BIRINChI FARIShTA. Aftidan, yana omadimiz yurishmadi.
Farishtalar Vanning yoniga kelishadi.
VAN (ortida turgan farishtalarni ko‘rib, seskanib tushadi). Boshpana topildi. (Yuzidagi terlarni artadi).
Farishtalar. Rostmi? Undoq bo‘lsa, bora qolaylik.
VAN. Birpas sabr qiling. Hujrani yig‘ishtirib bo‘lishsin.
UChINChI FARIShTA. Bo‘lmasa, shu yerda kuta turamiz.
VAN. Bu yer serqatnov joy ekan. Yaxshisi, narigi tomonga o‘ta qolaylik.
IKKINChI FARIShTA. Biz odamlarga razm solib qarashni yaxshi ko‘ramiz. Nafsilamrni aytganda, bu yoqqa kelishimizdan ham muddao shu.
VAN. To‘g‘riku-ya, lekin bu yer yelvizak joy ekan.
IKKINChI FARIShTA. O, biz chiniqqan odamlarmiz.
VAN. Balki siz tungi Sichuanni tomosha qilmoqchidirsiz? Jindak sayr qilib kelmaymizmi?
UChINChI FARIShTA. Bugun biz yetarlicha yo‘l bosdik. (Kulimsirab). Bordiyu bu yerdan ketishimizni istasang, buni ochiq qilib aytaver.
Nari ketishadi.
Xo‘sh, endi xursandmisan?
Ular bir uyning zinapoyasiga borib o‘ltirishadi.
VAN(ulardan bir necha qadam narida, yerga o‘tiradi, nafasini rostlab). Siz kimsasiz bir qiznikida turasiz. Sichuanda u yaxshi odam sanaladi.
UChINChI FARIShTA. Juda soz!
VAN(tomoshabinlarga). Men krujkamni olganimda ular menga g‘alati qilib qarashdi. Payqashgan bo‘lsa-ya? Men endi ularning ko‘ziga qanday qarayman?
UChINChI FARIShTA. Juda charchabsan.
VAN. Ha, sal-pal. Yugur-yugurdan…
BIRINChI FARIShTA. Xo‘sh, bu yerda odamlar yomon yashashadimi?
VAN. Yaxshilar yomon yashashadi.
BIRINChI FARIShTA(jiddiy). Sen hammi?
VAN. Nima demoqchisiz, men bilib turibman. Men yaxshi odam emasman. Ammo menga ham oson tutmang.
Shu orada Shen De uyi oldida bir erkak paydo bo‘ladi. U bir necha bor hushtak chaladi. Van har gal bir seskanib tushadi.
UChINChI FARIShTA (Vanga sekin). Nazarimda, u kutmasdan ketib qoldi.
VAN(dovdirab). Ha, ha.
(O‘rnidan turib, ko‘za va krujkasini qoldirib, maydonga qarab chopib ketadi).
Shu payt quyidagi voqealar ro‘y beradi: ko‘chada ketayotgan erkak ketib qoladi, Shen De uyidan chiqib “Van” deb sekin chaqirgancha, ko‘chada uni izlaydi. Van ham “Shen De” deb sekin chaqiradi, ammo unga hech kim javob bermaydi.
VAN. U meni aldadi. Ijara haqiga pul ishlayman deb ketib qoldi, endi oqilu donolarni qayerga joylashtirishga ham hayronman. Ular charchagan va kutishayapti. Men ularning oldiga borib, yana “Boshpana yo‘q” deb qandoq aytaman? O‘z uyim – suv oqadigan quvur, uni uy qatoriga qo‘shib ham bo‘lmaydi. Buning ustiga, farishtalar o‘zlari qallobligini payqagan bir kimsanikida turishni albatta istashmaydi. Endi o‘lsam ham, ularning oldiga qaytib bormayman. Voy, u yerda idishim qoldi-ku. Nima qilsam ekan? Yo‘q, borib, uni ololmayman. Yaxshisi, shahardan bosh olib ketamanu ularga qoramniyam ko‘rsatmayman. nega desangiz, o‘zim sajda qilib, sig‘inib yurgan zotlarga yordam berolmadim.
(Yugurganicha ketadi. Uning qorasi o‘char-o‘chmas, Shen De qaytib kiradi, Vanni izlab, farishtalarga ko‘zi tushadi.)
ShEN DE. Bu sizmisiz, oqilu donolar? Mening ismim Shen De. Mening kulbamga qadam ranjida etsangiz, xursand bo‘lardim.
UChINChI FARIShTA. Darvoqe meshkob qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?
ShEN DE. Chamasi, biz u bilan yo‘lni adashtirib qo‘ydik.
BIRINChI FARIShTA. U seni kelmaydi deb o‘ylab, bizning oldimizga qaytib kelishga cho‘chidi.
UChINChI FARIShTA (ko‘za bilan krujkani yerdan olib). Bularni senga qoldiramiz. Bular hali unga kerak bo‘ladi.
Shen De boshlab, ular uyga kirishadi. Sahna qorong‘ulashib, yana yorishadi. Tongotarda farishtalar uydan chiqib kelishadi. Shen De oldinga tushib, chiroq bilan ularning yo‘lini yoritadi. Ular xayrlashadilar.
BIRINChI FARIShTA. Azizam Shen De, mehmondorchilik uchun tashakkur. Bizga faqat sen boshpana berganingni sira unutmaymiz. Meshkobga idishlarini berib, yaxshi odamni bizga topib bergani uchun tashakkurimizni aytib qo‘y.
ShEN DE. Men yaxshi odam emasman. Ochig‘ini aytsam, Van sizga deb boshpana so‘raganda, men ikkilandim.
BIRINChI FARIShTA. Ikkilanish, agar u yengib o‘tilarkan, ziyon qilmaydi. Bilib qo‘y, sen bizga faqat tunash uchun joy bermading, ko‘proq narsa berding. Ko‘pchilikda, hattoki biz farishtalarda ham – Yer yuzida yaxshi odamlar qoldimikin, degan shubha paydo bo‘ldi. Ana shuni aniqlash uchun yo‘lga chiqdik. Biz mamnuniyat bilan yana yo‘lga tushamiz, negaki, bitta yaxshi odamni uchratdik. Xayr!
ShEN DE. Sabr qiling, oqilu donolar, men yaxshi kishi ekanligimga unchayam ishonmayman. To‘g‘ri, men yaxshi odam bo‘lishni istardim, lekin ijara haqini qanday to‘layman? Iqrorman, men tirikchilik deb o‘zimni sotaman. Lekin shu yo‘l bilan ham tirikchilik qilish qiyin, nega desangiz, bu yo‘lni tutganlar oz emas. Bas, shuning uchun, men hamisha hamma narsaga tayyorman. Xo‘sh, aytingchi, hamma narsaga tayyor bo‘lmagan kim bor? Albatta, men kattalarni izzat-hurmat qilish, yolg‘on so‘zlamaslik kabi ilohiy farmoyishlarni jon deb bajo etardim. Birovning uyiga ko‘z tikmaslik – men uchun quvonch, bitta erkakka sodiq bo‘lish – menga rohat. Men yana boshqaning kuchidan foydalanish, g‘ariblar ko‘ngliga ozor berishni ham istamasdim. Ammo ne iloj? Samoviy farmoyishlarni buzib ham, zo‘rg‘a kun ko‘ramiz.
BIRINChI FARIShTA. Bular hammasi, Shen De, yaxshi kishining shubha-gumonlari.
UChINChI FARIShTA. Xayr, Shen De! Meshkobga samimiy salom deb qo‘y. U bizga do‘st edi.
IKKINChI FARIShTA. U bizni deb zahmat chekdi.
UChINChI FARIShTA. Baxting yor bo‘lsin!
BIRINChI FARIShTA. Eng muhimi, rahmdil, mehribon bo‘lib qolaver! Xayr, Shen, De!
O‘girilib, keta boshlaydilar, “xayr” ma’nosida bosh silkiydilar.
ShEN DE (qo‘rqib). Ammo men o‘zimga ishonmayman, oqilu donolar! Hamma narsa shundoq qimmat-qiron bo‘lib turganda, qanday qilib men rahmdil bo‘lay?
IKKINChI FARIShTA. Bu o‘rinda, afsuski, biz ojizmiz. Iqtisod masalalariga aralasha olmaymiz.
UChINChI FARIShTA. To‘xtanglar! Jindak sabr. Biroz mablag‘i bo‘lganda, uning yaxshi odam bo‘lib qolishi balki osonroq bo‘lardi.
IKKINChI FARIShTA. Unga hech narsa berolmaymiz, haqqimiz yo‘q. Buni tepadagilarga tushuntirib bo‘lmaydi.
BIRINChI FARIShTA. Nega bo‘lmas ekan?
Shivirlashadilar, qizg‘in tortishuv.
(Shen Dega, xijolatomuz). Eshitishimizcha, ijara haqi to‘lashga qiynalib qolibsan. Biz jilla qashshoq-bechoralar emas. Boshpana haqi to‘lashga qurbimiz yetadi. Mana, ol! (Unga pul uzatadi.) Faqat pul berganimiz haqida birovga og‘iz ochma. Gapni chuvatib yurishadi.
IKKINChI FARIShTA. Chuvatganda qandoq!
UChINChI FARIShTA. Yo‘q, bunga yo‘l bor. Biz qoidani buzmadik, boshpana uchun haq to‘ladik, xolos. Qarorda bu haqda hech narsa deyilmagan. Xo‘p, xayr!
Farishtalar bir zumda g‘oyib bo‘lishadi.

I

Kichik tamaki do‘koni.
Do‘kon hali yaxshi jixozlanmagan, berk.
ShEN DE (tomoshabinlarga). Mana, farishtalarning ketishganiga ham uch kun bo‘ldi. Ular boshpana haqi to‘lashdi. Bir payt, nima berishdi ekan deb bundoq qarasam, qo‘limdan ming kumush dollardan ziyod aqcha. Men ana shu aqchaga tamaki do‘koni sotib oldim. Kecha bu yoqqa ko‘chib o‘tdim, ko‘p xayrli ishlar qilaman, degan niyatim bor. Masalan, shu do‘konning sobiq egasi Shin xonim. U kecha kelib, bolalari uchun guruch so‘radi. Mana, u bugun ham maydonni kesib, xurmachasini qo‘ltiqlab, bu yoqqa kelayapti.
Shin kiradi. Ular ta’zim ado bilan salomlashadilar.
Assalomu alaykum, Shin xonim.
ShIN. Vaalaykum assalom, Shenbonu. Yangi uyda kayfiyatingiz nechuk?
ShEN DE. Durust. Bolalaringiz bu kecha yaxshi uxlashdimi?
ShIN. Begona uy – begona ekan! O‘sha choldevorni uy deyishga ham tiling bormaydi. Kenjatoyim halitdan yo‘talayapti.
ShEN DE. Bu yaxshi emas.
ShIN. Siz nima yaxshi emasligini yaxshi bilmaysiz, negaki o‘zingiz yaxshi yashaysiz. Ammo bu do‘konchada bir nimalarni tatib ko‘rishingizga to‘g‘ri keladi. Unutmang, bu yer – kambag‘allar mahallasi.
ShEN DE. Ha, lekin tushlikda, o‘zingiz aytganingizdek, tsement zavodi ishchilari ham kirib turishadi, shundoq emasmi?
ShIN. Ulardan bo‘lak hech kim hech narsa sotib olmaydi, hattoki qo‘shnilar ham.
ShEN DE. Do‘konni sotganda bu haqda lom-mim demagansiz.
ShIN. Yetishmay turgani – shu ta’na qilishingiz edi! Bolalarimni uydan mahrum qilganingiz ozmidi! Yana isqirt do‘koncha, kambag‘allar mahallasi deb jirillaysiz. Noinsof!..(Yig‘laydi)
ShEN DE (shosha-pisha). Men sizga hozir guruch keltiraman.
ShIN. Men yana jindak pul qarz so‘ramoqchi edim.
ShEN DE (xurmachaga guruch solayotib). Buning iloji yo‘q, qo‘limga hali bir chaqa ham tushmadi.
ShIN. Menga pul kerak. Bo‘lmasa, qandoq yashayman? Siz bor narsamni oldingiz, endi tuproqqa qorishtirmoqchimisiz? Men bolalarimni keltirib oyog‘ingiz ostiga tashlayman, qonxo‘r!(Shen Dening qo‘lidan xurmachani tortib oladi).
ShEN DE. Jahlingiz chiqmasin, guruchni to‘kasiz!
O‘rta yashar er-xotin va qashshoq kiyingan bir kishi kiradi.
Xotin. Azizim Shen De, biz omading kelibdi deb eshitdik. Korchalon xotin bo‘libsan! Bilasanmi, jonim, bizning boshpanamiz yo‘q. Tamaki do‘konini yopishga to‘g‘ri keldi. Bir kecha senikida tunasak, qandoq bo‘larkin, deb kelayapmiz. Jiyanimni eslasang kerak-a? Mana u, biz hamisha birgamiz.
JIYaN (do‘konni ko‘zdan kechirib). Yaxshigina do‘koncha ekan!
ShIN. Bular kim bo‘ldi?
ShEN DE. Men qishloqdan shaharga kelganimda dastlab shularnikida ijarada turganman. (Tomoshabinlarga). Cho‘ntagimda pulim tugagach, meni ko‘chaga haydab chiqarishgan. Ular chamamda mendan “yo‘q” javobini kutib, cho‘chib turishibdi. Sho‘rliklar!

Ular uysiz, benavo,
Yurak-bag‘ri ezilgan.
Ularga madad kerak,
Qandoq qilib yo‘q deysan?

(Kelganlarga ochiq chehra bilan.) Marhamat qilinglar! Sizlarni jon deb qabul qilaman. Lekin, rostini aytsam, do‘kon ortida kichik bir hujram bor, xolos.
ERKAK. Bizga bo‘laveradi. Sen tashvish chekma. (Shen De ularga choy quyib tutadi). Biz xalal bermaslik uchun mana shu yerga joylasha qolamiz. Nazarimda, ilk bor biznikida turganingni eslab, tamaki savdosini tanlabsan, shundoq emasmi? Biz ba’zi maslahatlar bilan senga ko‘maklashsak, deymiz. Bu yerga ana shu maqsadda keldik.
ShIN (mazax qilib). Balki endi xaridorlar ham kelishar.
XOTIN. U bizga sha’ma qilayapti shekilli?
ERKAK. Sekinroq! Mana, xaridor ham kelib qoldi.
Juldur kiyimli kishi kiradi.
JULDUR KIYIMLI. Kechirasiz. Men ishsizman.
Shin kuladi.
ShEN DE. Keling, xizmat?
IShSIZ. Men ertaga do‘konni ochasiz deb eshitdim, mol yoyganda orasidan biror chiqiti chiqib qolarmikin, deb o‘yladim. Ortiqcha sigaretingiz yo‘qmi?
XOTIN. Uyalmay tamaki so‘raydi-ya! Non so‘rasa ham go‘rga edi!
IShSIZ. Non qimmat. Bir-ikki tortsam, bas, boshqa odamga aylanaman – qo‘yaman. Tinkam quridi.
ShEN DE (unga sigareta tutib). Boshqa odamga aylanish – bu juda yaxshi gap. Mening birinchi xaridorim bo‘ling. Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin.
Ishsiz darhol chekadi va yo‘talib tashqariga chiqadi.
XOTIN. To‘g‘ri ish qilmading, azizim Shen De!
ShIN. Shundoq savdo qilsangiz, uch kun deganda xonavayron bo‘lasiz.
ERKAK. Garov o‘ynayman, uning kissasida puli bor edi.
ShEN DE. Lekin u hech vaqoyim yo‘q deb aytdi.
JIYaN. Aldagan bo‘lsa-chi?
ShEN DE (jahli chiqib). Aldaganini men qayoqdan bilay?
XOTIN (boshini chayqab). U “yo‘q” deyolmaydi! Sen juda rahmdilsan, Shen De. Do‘konni qo‘ldan berib qo‘ymayin desang, birov biror nima so‘raganda “yo‘q” deb javob berishga odat qil.
ERKAK. Bu do‘kon menikimas, bir qarindoshniki, u mendan hisob so‘rab turadi, deb ayt. Shu gapni aytish qiyinmi?
ShIN. O‘zingni oliyhimmat qilib ko‘rsatishni istamasang, qiyin­chiligi yo‘q.
ShEN DE (kulib). Koyiyveringlar! Men ham shartta aynayman-da, boshpana ham bermayman, guruchni ham tortib olaman.
XOTIN (qo‘rqib). Hali guruch ham senikimidi?
ShEN DE (tomoshabinlarga).
Ular – yomonlar,
Ular xush ko‘rmaydi biror kimsani.
Ular bir kimsaga bermas bir kosa taom.
Ular o‘zlarini bilishar faqat,
Buning-chun kim aybdor etar ularni?

Pakana bir kishi kiradi.
ShIN (uni ko‘rib, ketishga oshiqib). Ertagayam birrov kiraman. (Ketadi)
PAKANA (uning izidan qichqirib). To‘xtang, Shin xonim! Sizda ishim bor!
XOTIN. Nega u o‘ralashadi? Senda haqi qolganmi?
ShEN DE. Xaqi qolmagan, lekin u – och. Ochlik bilan hazillashib bo‘lmaydi.
PAKANA. U tuyoqni shiqillatib, qochib qolish kerakligini yaxshi biladi. Do‘konning yangi xo‘jayini siz bo‘lasizmi? Tokchalarga mol terishga ham ulguribsiz! Aytib qo‘yay, tokchalarni men yasab berganman! To haqini to‘lamas ekansiz, ular meniki bo‘lib qolaveradi! Boyagi taviya haqimni to‘lamagan. (Boshqalarga). Men duradgorman.
ShEN DE. Men do‘konning butun asbob-uskunasi haqini to‘laganman, tokchalar ham shunga kirmaydimi?
DURADGOR. Bekor gap! Hamma yoqda aldoqchilik! Siz ana u Shin bilan til biriktirib olgansiz! Men yuz kumush dollar haqimni talab qilaman, uni olmas ekanman, Lin To otimni boshqa qo‘yaman.
ShEN DE. Pulim bo‘lmasa qayoqdan to‘layman?
DURADGOR. Undoq bo‘lsa, men ularni “kim oshdi” qilib sotaman! Hoziroq sotaman! Yo haqimni to‘laysiz, yo hoziroq sotaman!
ERKAK (Shen Dega shivirlab). Qarindosh!
ShEN DE. Kelasi oygacha sabr qilolmaysizmi?
DURADGOR (qichqirib). Yo‘q!
ShEN DE. Judayam bag‘ri tosh bo‘lmang, janob Lin To. Men hamma bilan bir yo‘la hisob-kitob qilolmayman-ku. (Tomoshabinarga).

Jindak himmat bo‘lsa, kuchga kuch qo‘shiladi.
Mana arava ot, o‘tga bo‘ynin cho‘zadi.
Qo‘yib bering –
Aravani yaxshi tortadi.
Saratonda bir oz sabr etsangiz bormi,
Sumbulada sharbatlarga to‘lar shaftoli.
Ne bo‘lardi agar himmat bo‘lmasa, dunyo?
Jindak sabr –
Hosil bo‘lur buyuk muddao.

(Duradgorga). Himmat qiling, janob Lin To!
DURADGOR. Xo‘sh, menga, mening oilamga kim himmat qiladi? (Tokchalardan birini devordan uzib, go‘yo uni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ladi) Pulini to‘lang, yo‘qsa tokchalarni olib ketaman!
XOTIN. Azizim Shen De, shu ishni qarindoshingga topshira qolsang, nima qiladi? (duradgorga). Narxini yozing, Shen Dening amakivachchasi to‘laydi.
DURADGOR. Bilamiz unaqa amakivachchalarni!
JIYaN. Nega ahmoqqa o‘xshab tirjayasan? Men uni shaxsan taniyman!
ERKAK. Bu odam emas, tig‘i parron!
DURADGOR. Bo‘pti, hisobni unga berib qo‘yishsin. (Tokchani to‘nkarib, unga o‘ltirib, hisob yozadi).
XOTIN. Agar qo‘yib bersang, ustingdagi ko‘ylagingni ham yechib oladi. Haqlimi, haqsizmi, da’volarini rad qilaver, yo‘qsa, da’volardan boshing chiqmay qoladi. Axlat qutisiga bir burda et tashlab qo‘ysang, butun mahalla itlari hovlingga kelib, bir-biri bilan g‘ajishadi. Axir, sud-mahkama degan nega kerak?
ShEN DE. U o‘z haqini so‘rayapti. Uning oilasi bor. Pulim yo‘qligi alam qiladi, bo‘lmasa, to‘lardim. Axir, farishtalar nima deydi?
ERKAK. Sen bizga boshpana berding, shuning o‘zi yetib ortadi.
Cho‘loq erkak bilan homilador ayol kiradi.
ChO‘LOQ (er-xotinga). Iye, shu yerdamisizlar! Aziz qarindoshlar deganicha bor! Bizni ko‘chaga tashlab kelaveribsizlar-da, barakalla-ey!
XOTIN (Shen Dega, uyalinqirab). Bu mening inim Vun va kelinimiz. (Ikkalasiga.) Ginaxonlikni qo‘yib, mana bu burchakka o‘tinglar, qadrdonimiz Shen Dega xalal bermaylik. (Shen Dega.) Menimcha, ularni qoldirishga to‘g‘ri keladi – kelinning bo‘yida besh oylik bolasi bor. Yoki sen boshqacha fikrdamisan?
ShEN DE. Yo‘q-yo‘q, marhamat, qolaverishsin!
XOTIN. Rahmat aytinglar. Piyolalar anavi yerda. (Shen Dega.) Bular qayoqqa bosh suqishni bilmay, tentirab yurishgan edi. Yaxshiyam do‘koning bor ekan!
ShEN DE (tabassum bilan choy tutib, tomoshabinlarga). Yaxshiyam, do‘konim bor ekan!
Uy egasi Mi Dzyu xonim qog‘oz ko‘tarib kiradi.
UY EGASI XONIM. Shen De bonu, men uy egasi Mi Dzyu xonim bo‘laman. Biz bir-birimiz bilan chiqishamiz deb umid qilaman. Mana, ijara haqida shartnoma. (Shen De shartnomani o‘qiydi.) Kichik savdo do‘konining ochilishi – ajoyib sana, shundoq emasmi, janoblar? (Do‘konni ko‘zdan kechiradi.) Tokchalarda hali mol siyrak, ammo ziyoni yo‘q, hammasi vaqti-soatida bo‘ladi. Siz, ishonamanki, bir necha tavsiyanoma ko‘rsata olasiz?
ShEN DE. Bu shunchalik zarurmi?
UY EGASI XONIM. Axir, men sizni yaxshi tanimasam…
ERKAK. Biz Shen Dega kafilmiz. Uni shaharga kelganidan buyon bilamiz va uning uchun har daqiqa boshimiz bilan javob berishga tayyormiz.
UY EGASI XONIM. Siz kim bo‘lasiz?
ERKAK. Tamaki savdogari Ma Fu.
UY EGASI XONIM. Do‘koningiz qayerda?
ERKAK. Hozir do‘konim yo‘q. Bilasizmi, men uni yaqinda sotdim.
UY EGASI XONIM. Shunaqa deng? (Shen Dega). Boshqa hech kimsa sizga kafolat berolmaydimi?
XOTIN (shivirlab). Amakivachchang! Amakivachchang!
UY EGASI XONIM. Men sizni uyga qo‘yishim uchun kimdir kafolat berishi kerak. Azizim, bu judayam e’tiborli uy. Aks holda, men siz bilan shartnoma tuzolmayman.
ShEN DE (sekin, yerga qarab). Mening amakivachcham bor.
UY EGASI XONIM. Voy, amakivachchangiz bormi? Shu yerda, shahardami? Bo‘lmasa, to‘ppa-to‘g‘ri uning oldiga bora qolaylik. U nima ish qiladi?
ShEN DE. U bu yerda emas, boshqa shaharda yashaydi.
XOTIN. U Shun shahrida yashaydi, deb aytganding shekilli?
ShEN DE. Janob Shoy Da. U Shun shahrida yashaydi!
ERKAK. Ha, ha, men uni yaxshi bilaman. Baland bo‘yli, qotmadan kelgan.
JIYaN (duradgorga). Siz ham, chamamda, tokchalar to‘g‘risida Shen De bonuning amakivachchasi bilan bitishdingiz, shundoq emasmi?
DURADGOR (to‘ng‘illab). Hozir unga hisob yozayapman. Mana! (Hisobni beradi) Ertaga ertalab yana kelaman! (Ketadi.)
JIYaN (ko‘z qiri bilan uy egasi xonimni ta’qib etib, duradgorning izidan qichqiradi). Xotirjam bo‘ling, amakivachchasi hammasini to‘laydi!
UY EGASI XONIM (Shen Dega sinchkovlik bilan tikilib). Ha, mayli! Siz bilan tanishsam, xursand bo‘laman. Oqshomingiz xayrli bo‘lsin, bonu. (Ketadi).
XOTIN (biroz jimlikdan so‘ng). Endi hammasi ochiladi! Ishonaver, u ertaga ertalab sen to‘g‘ringda bor gapni bilib oladi.
KELIN (jiyanga, sekin). Bu yerda uzoq turib bo‘lmaydi.
Bir cholni yetaklab, bola kiradi.
BOLA (elkasi osha ko‘rsatib). Ular shu yerda.
XOTIN. Salom, bobojon. (Shen Dega). Judayam mehribon chol! Bizni deb rosa tashvish chekkan bo‘lsa kerak. Bolani qarang, kap-katta yigit bo‘lib qolibdi. Uch kishining ovqatini yeydi azamat. Yana kimni boshlab keldilaring?
ERKAK (tashqariga qarab). Qiz jiyanimizdan bo‘lak hech kimni.
XOTIN (Shen Dega). O‘zi yoshgina, yaqinda qishloqdan kelgan. Senga og‘irligi tushmasa kerak? Sen biznikida turganingda uyimiz bozor edi, shundoq emasmi? Lekin ko‘paygandan ko‘payaverdik. Ko‘payganimiz sari maishatimiz og‘irlashaverdi. Kelinglar, endi eshikni tambalaymiz, bo‘lmasa, tinchlik berishmaydi. (Eshikni qulflaydi.)
Hamma o‘tiradi.
Eng muhimi – sening ishingga xalal bermaslik. Yo‘qsa, bu uyda qozon qaynamaydi. Shundoq tartib joriy qilamiz: kunduzi yoshlar ketadi, faqat bobom, kelin va men qolamiz. Boshqalar kunduzi ko‘pi bilan bir ikki bor bosh suqishadi, qalay? Xo‘p, endi chiroqni yoqib, yaxshiroq joylashib olinglar.
JIYaN (mug‘ombirona kulib). Bugun kechasi amakivachcha, dahshatli Shoy Da janoblari bostirib kelmasa, go‘rga edi.
Kelin kuladi.
AKASI (sigaretga qo‘l cho‘zib). Bitta olsak, ziyon qilmas!
ERKAK. Bemalol.
Hamma sigareta olib chekadi. Aka davrada sharob to‘la ko‘zani yurgizadi.
JIYaN. Amakivachcha to‘laydi!
ChOL (Shen Dega, jiddiy). Assalomu alaykum!
Shen De xijolat chekib, ta’zim qiladi. Uning bir qo‘lida duradgor bergan hisob qog‘ozi, ikkinchi qo‘lida ijara haqidagi shartnoma.
XOTIN. Bir nima kuylab, bekani xursand qilmaysizlarmi?
JIYaN. Bobomiz boshlasin!
Ular kuylashadi.
Tutun haqida qo‘shiq
ChOL:
Soch-soqolim oppoq oqarmaguncha,
O‘ylardim menga chin aql bo‘lsa, bas.
Endi bilamanki, hech qanday aql
Mening och qornimni to‘ydira bilmas.

Shuning-chun deymanki: unut barini!
Kulrang tutunga boq, taralur qanday.
U sovuq samoga uchar, bir kuni
Taralib ketasan sen ham tutunday.
ERKAK:
Halol mehnat qilsang tering shilarlar,
Qing‘ir yo‘l tanladim, lekin al’omon,
Shunda ham g‘ov bo‘lib, yo‘lim to‘sdilar,
Endi arosatda turibman hayron.

Shuning-chun deymanki: unut barini!
Kulrang tutunga boq, taralur qanday.
U sovuq samoga uchar, bir kuni
Taralib ketasan sen ham tutunday.
QIZ JIYaN:
Umid yoshni sevar, unga vaqt kerak,
Lekin chil-chil sinar oxir-oqibat.
Yoshlarga yo‘l ochiq, yo‘llar eshiklar
Bizni yo‘qlik sari yetaklar faqat.

Shuning-chun deymanki: unut barini!
Kulrang tutunga boq, taralur qanday.
U sovuq samoga uchar, bir kuni
Taralib ketasan sen ham tutunday.

JIYaN (akasiga). Sharobni qaydan olding?
KELIN. U bir qop tamakini garovga qo‘ydi.
ERKAK. Nima-nima? U tamaki bisotimizda so‘nggi mol edi. Biz bosh pana haqi to‘lash uchun ham unga qo‘l tekkizmagan edik. Cho‘chqa!
AKA. Xotinim sovuq qotib o‘tirgani uchun meni cho‘chqa deb ataysanmi? O‘zing ham ichding-ku! Qani, ko‘zani bu yoqqa cho‘z!
Ular talashadilar. Tokchalar tamakisi bilan qulaydi.
ShEN DE (ularga yolvorib). O, do‘konni ayanglar, buzib qo‘yasiz! Bu – farishtalar tuhfasi! Nima istasalaring, olinglar, lekin do‘konni buzmang­lar!
XOTIN (zaharxanda qilib). Do‘kon men o‘ylaganimdan kichikroq ekan. Uni xolamga va boshqalarga maqtab o‘tiribman deng. Agar ular ham kelishsa bormi, naq zindonga aylanadi-qo‘yadi.
KELIN. Do‘kon oyim nazarimda qovoqlarini solib oldilar.
Tashqaridan ovozlar eshitilib, eshik qoqiladi.
QIChQIRIQLAR. Ochinglar! Biz keldik!..
XOTIN. Xola – bu sizmisiz? Voy, endi nima qildim?
ShEN DE. Sho‘rlik do‘konginam! O, mening umidlarim! Ochildingu do‘konga o‘xshamay qolding. (Tomoshabinlarga.)

Qutqazuvchi qayiqcha
Dengizga cho‘kar shu on.
Cho‘kayotganlar unga
Yopishganlar ko‘p yomon…

QIChQIRIQLAR (tashqaridan). Ochinglar!

KO‘PRIK OSTIDA INTERMEDIYa

Daryo bo‘yida g‘ujanak bo‘lib meshkob o‘ltiribdi.
VAN (tevarakka alanglab). Atrof jimjit. Mana to‘rt kundirki, shu yerda yashirinib yotibman. Ular meni topisha olmaydi, nega desangiz, har narsaga olazarak bo‘lib qarayman. Men atay ular ketgan tomonga qarab yugurdim. Kecha ko‘prikdan o‘tishdi, tepamda oyoq tovushlarini eshitdim. Hozir ular hoynahoy uzoqda bo‘lishsa kerak, endi tinchib yotaversam ham bo‘ladi. (yotib uxlab qoladi).
Musiqa. Tepalik yorishib, shaffof tus oladi, farishtalar hozir bo‘lishadi.
(Go‘yo o‘zini himoya qilmoqchiday, yuzini tirsaklari bilan bekitib oladi) Gapirmang, men hammasini bilaman! Men sizga boshpana berishni istaydigan biror kimsa, biror xonadonni topolmadim! Endi sizga hammasi ayon, endi ketaveringlar.
BIRINChI FARIShTA. Yo‘q, sen topding. Sen ketib qolganingda, o‘sha topgan odaming yonimizga keldi. U bizga boshpana berdi, tinchimizni qo‘riqladi, ketar chog‘imizda chiroq tutib, yo‘limizni yoritdi. Sen uni yaxshi odam deding, u chindan ham yaxshi odam bo‘lib chiqdi.
VAN. U Shen De emasmi?
UChINChI FARIShTA. Xuddi o‘shaning o‘zi!
VAN. Men qo‘rqoq esa qochib yuribman! Uni kelmaydi deb o‘yladim. Kelishi ham dargumon edi, negaki, ishlari chatoq edi.
FARIShTALAR.

Ey ojiz inson!
Ojiz, ammo oqko‘ngil inson!
Muhtojlik yonida ezgulik ko‘rmas,
Xavf-xatar yonida ko‘rmas qahramon.
Ey ojizlik, yaxshilikka ko‘zlaring botil!
Hukmlaring yengil-elpi! Uning ortidan
Etib kelar darhol afsus-pushaymonlaring!

VAN. Men juda xijolatman, oqilu donolar!
BIRINChI FARIShTA. Endi sen bizdan bitta xizmatingni ayama, poytaxtga qaytib, Shen Deni top, keyin bizni xabardor qil. Uning ishlari hozir yomon emas. Aytishlaricha, u hozir mablag‘ topib, do‘kon ochib, o‘z mehribonchiligini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lganmish. Uning yordamiga muhtojligingni ma’lum qil, zero, insondan mehribonlik talab qilinmas ekan, u uzoq vaqt mehribon bo‘lib qololmaydi. Biz esa Sichuandan chiqqan mehribonga o‘xshash insonlarni izlab ketamiz, ularni topib, Yer yuzida yaxshilarga o‘rin yo‘q, degan turli gap-so‘zlarga chek qo‘ymoqchimiz.
Farishtalar g‘oyib bo‘lishadi.

II

Tamaki do‘koni. Hamma yoqda odamlar uxlab yotishibdi. Chiroq hamon yonib turibdi. Eshik taqillaydi.
XOTIN (uyqusirab, o‘rnidan turadi). Shen De! Eshikni qoqishayapti! U qayda qoldi ekan?
QIZ JIYaN. Nonushtaga biror narsa topib kelgani ketdi shekilli. Janob amakivachchasi to‘laydi.
Xotin kuladi va oyoqlarini sudrab, eshikka qarab yuradi. Ichkariga yosh yigit, uning ortidan duradgor kiradi.
YoSh YIGIT. Men amakivachchasi bo‘laman.
XOTIN (hayratlanib). Qanday? Kimsiz?
YoSh YIGIT. Mening ismim Shoy Da.
MEHMONLAR (bir-birini uyg‘otib). Amakivachchasi! Voy, bu hazil edi-ku, uning hech qanaqa amakivachchasi yo‘q!
– Lekin mana bittasi kelib, men amakivachchasiman, deyapti!
– G‘alati, shunday bemahalda-ya!
QIZ JIYaN. Siz bekamizning amakivachchasi bo‘lsangiz, marhamat qilib, bizga nonushta tayyorlang.
ShOY DA (chiroqni o‘chirib). Hali zamon xaridorlar kelib qolishadi, marhamat qilib, tezroq kiyininglar, do‘konimni ochadigan vaqt bo‘ldi.
ERKAK. Do‘konimni? Menimcha, bu do‘kon oshnamiz Shen Dega tegishli edi? (Shoy Da “yo‘q” deb bosh chayqaydi.) Nima, bu uning do‘koni emasmidi?
KELIN. U bizni rosa laqillatibdi. O‘zi qayoqqa yo‘qoldi ekan?
ShOY DA. U bir oz ushlanib qoldi. U sizga boshqa hech qanday yordam berolmasligini aytib qo‘yishimni so‘radi.
XOTIN (hang-mang bo‘lib). Biz uni yaxshi odam deb o‘ylagan edik.
JIYaN. Bunga ishonmanglar. Anavini topish kerak.
ERKAK. Ha, hoziroq bu ishga kirishamiz. (Buyuradi). Sen, sen, sen va sen! Chiqib, uni hamma yoqdan axtaringlar. Biz qariya bilan shu yerda qolib, qal’ani qo‘riqlab turamiz. Bolakay shu orada bizga biror yegulik topib keladi. (Bolaga). Hu, burchakdagi non do‘konini ko‘rayapsanmi? Sekin o‘shanga yaqinlash-da, qo‘yningni nonga to‘ldirib qayt.
KELIN. Bir juft jajji oq somsa olishniyam unutma!
ERKAK. Hazir bo‘l, do‘kondor ushlab olmasin tag‘in. Ha, politsiyachiga ham yo‘liqa ko‘rma!
Bola bosh irg‘ab, tashqariga chiqadi. Boshqalar tez kiyina boshlaydilar.
ShOY DA. O‘g‘rilik qilish siz panoh topgan joyning sha’niga dog‘ tushirmasa edi, deb qo‘rqaman.
JIYaN. Unga e’tibor qilmanglar. Biz anavini tezda topamiz, shunda u manavining ta’zirini berib qo‘yadi!
Jiyan, aka, kelin va qiz jiyan chiqishadi.
KELIN (yo‘l-yo‘lakay). Bizga ham nonushtadan qoldiringlar!
ShOY DA (xotirjam). Siz uni topolmaysiz. Jiyanim ha deb mehmondorchilik qilolmaydi. Siz judayam ko‘psiz! Tamaki do‘konini butkul egallab olibsiz, holbuki u Shen De bonuga kerak.
ERKAK. Bizning Shen De bu so‘zlarni og‘ziga ham olmasdi.
ShOY DA. Balki siz haqdirsiz. (Duradgorga) Ammo, hamma balo shundaki, bu shaharda yo‘qchilik haddiga yetgan, unga bir kishi bas kelolmaydi. Afsuski, keyingi o‘n bir asr davomida, kimdur ushbu to‘rtlikni to‘qigandan buyon bu yerda biror o‘zgarish yuz bermagan. Mana, o‘sha she’r:

– Aytingchi, deb hokimdan savol so‘rdilar bir kun,
Ne qilsa, sovuq qotmas yupunlar, ayting, yohu?
– O, butun mahallaning ustiga yopmoq uchun
O‘n ming gaz ko‘rpa kerak, – deya javob berdi u…

(Do‘konni tartibga sola boshlaydi)
DURADGOR. Nazarimda siz jiyaningizning ishini saranjom etmoqchisiz, darvoqe, uning kichik bir qarzi bor edi – tokchalar uchun – shuni to‘lasangiz yomon bo‘lmasdi. Guvohlarim ham bor. Yuz kumush dollar.
ShOY DA (cho‘ntagidan hisobni chiqazib, do‘stona bir ohangda). Sizningcha, yuz kumush dollar – judayam ko‘p emasmi?
DURADGOR. Yo‘q, unchalik emas. Bir tiyin ham tushmayman. Bola-chaqali odamman.
ShOY DA (keskin). Nechta bolangiz bor?
DURADGOR. To‘rtta.
ShOY DA. Unda men yigirma kumush dollar beraman.
ERKAK kuladi.
DURADGOR. Nima, jinni bo‘ldingizmi? Tokchalar yong‘oq yog‘ochidan ishlangan!
ShOY DA. Marhamat, oling ularni.
DURADGOR. Bu nima deganingiz?
ShOY DA. Ular men uchun judayam qimmat. Marhamat qilib yong‘oq yog‘ochidan ishlangan tokchalaringizni oling bu yerdan.
XOTIN. Bopladi azamat! (U ham kuladi).
DURADGOR (ishonqiramay). Men Shen De xonimning kelishini talab qilaman. U sizdan ko‘ra insofliroq edi.
ShOY DA. Shubhasiz. U sindi, kasod bo‘ldi.
DURADGOR (tokchalardan birini shartta qo‘porib eshikka qarab yuradi). Molingizni yerga yoyabering! Men tupurdim ularga!
ShOY DA (erkakka). Unga yordamlashib yuboring!
ERKAK (tokchalarni qo‘porib, iljaygancha, eshikka qarab yuradi). Xullas, daf bo‘lsin tokchalar.
DURADGOR. Sen it! Mening oilam ochlikdan o‘lsin ekan-da, a?
ShOY DA. Men sizga yana bir karra yigirma kumush dollar taklif etaman, nega desangiz, molimni yerga yoymoqchi emasman.
DURADGOR. Yuz dollar! (Shoy Da beparvo bir qiyofada derazadan tashqariga qarab turadi. Erkak yana tokchalarga yopishadi) Eshikka urib, sindirib qo‘yma, tentak! (Alam bilan) Aytmoqchi, ular ma’lum o‘lchamda yasalgan, shu teshikdan boshqa joyga yaramaydi. Kesilgan taxtalar.
ShOY DA. Hamma gap shunda-da. Shuning uchun ham men sizga faqat yigirma dollar beraman, ya’ni kesik taxtalar uchun.
Xotin sevinchidan qiyqirib yuboradi.
DURADGOR (birdan bo‘shashib). He, jin ursin! Ha, mayli, tokchalarni olib, beradiganingizni bering.
ShOY DA. Yigirma kumush dollar. (Stol ustiga ikkita yirik tanga tashlaydi. Duradgor ularni oladi.)
ERKAK (yana tokchalarni joyiga tashib). Bir quchoq kesik taxta uchun shu ham yetadi.
DURADGOR. Ha, bir miriqib ichishga yetadi! (Ketadi)
ERKAK. Bunisidan qutildingiz!
XOTIN (kulaverib, ko‘z yoshlarini artib). “Ular yong‘oq yog‘ochidan ishlangan!” – “Oling ularni!” – “Yuz kumush dollar!” – “Mening to‘rt bolam bor!” – “Unda men yigirma dollar beraman!” – “Ammo ular kesilgan!” – “Hamma gap shunda-da!” – “Yigirma kumush dollar!” Bu kimsalar bilan ana shundoq gaplashish kerak.
ShOY DA. Ha. (Jiddiy) Endi ketinglar.
ERKAK. Biz ketaylikmi?
ShOY DA. Ha, siz. Siz o‘g‘ri va tekinxo‘rlar. Hozir gapni cho‘zmay, ketaqolsangiz qutulishingiz mumkin.
ERKAK. Yaxshisi unga javob bermagan ma’qul. Och qoringa kekirdakka zo‘r berib bo‘lmaydi. Bola qayoqqa yo‘qoldi ekan?
ShOY DA. Ha, bola qayoqqa yo‘qoldi? Men sizni ogohlantirdim: U som­sa o‘g‘irlab, mening do‘konimga oyoq bosa ko‘rmasin. (Birdan baqirib) Ketinglar!
Ular miq etmay o‘tiraverishadi.
(Yana tamom xotirjam ovoz bilan). Ixtiyoringiz. (eshikka qarab yuradi va u yerda kimgadir ta’zim qiladi. Eshikda politsiyachi paydo bo‘ladi.)
Siz mahallamiz tinchini qo‘riqlayotgan hokimiyat kishisi bo‘lsangiz kerak.
POLISIYaChI. Xuddi shundoq, janob…
Shoy Da. Shoy Da.
Ular bir-birlariga qarab tabassum qilishadi.
Bugun havo ajab iliq.
POLISIYaChI. Ha, bir oz issiqroq.
ShOY DA. Darvoqe, bir oz issiqroq.
ERKAK (xotinga, sekin). U shundoq gap sotib tursa, bola qaytib keladi, shunda bizni tutib olishadi. (Shoy Daga yashirincha imo-ishoralar qilishga intiladi)
ShOY DA (unga parvo qilmay). Ammo ob-havo haqida chang-to‘zonli ko‘chada gapirish bir boshqayu salqin xonada turib gapirish bir boshqa.
POLISIYaChI. Shubhasiz! Bu yerda farq bor!
XOTIN (eriga). Xavotir olma! Bola eshikda mirshabni ko‘rib, bu yoqqa kirmaydi.
ShOY DA. Kira qoling. Bu yer ancha salqin. Biz jiyanim bilan do‘kon ochdik. Aytishga ijozat bering, biz boshliqlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga alohida e’tibor beramiz.
POLISIYaChI (ichkariga kirib). Siz nazokatli odamsiz, janob Shoy Da. Darvoqe, bu yer ancha salqin ekan.
ERKAK (sekin). Bola tashqaridan ko‘rib qolmasin uchun u mirshabni atay bu yoqqa kiritdi.
ShOY DA. Mehmonlar! Eshitishimcha, jiyanimning uzoq tanishlari. Bu yoqqa yo‘l usti kirishibdi.
O‘zaro salomlashadilar.
Hozir xayrlashmoqchi edik.
ERKAK (xirillab). Xo‘p, biz jo‘nadik.
ShOY DA. Men jiyanimga boshpana uchun minnatdorchiligingizni aytib qo‘yaman, kutishga fursatlari bo‘lmadi, deyman.
Ko‘chadan shovqin va “o‘g‘rini ushla!” degan qichqiriqlar eshitiladi.
POLISIYaChI. Nima gap?
Eshikda bola paydo bo‘ladi. Qo‘ynidan non va somsalar to‘kiladi. Xotin unga “ket!” deb ishora qiladi. Bola o‘girilib ketmoqchi bo‘ladi.
Hoy, to‘xta! (Uni tutib qoladi) Somsalarni qaydan olding?
BOLA. Ana u yerdan.
POLISIYaChI. A-ha, o‘g‘irladingmi?
XOTIN. Bundan bizning sirayam xabarimiz yo‘q. Bolasi tushmagur o‘z boshicha ish qilibdi. Ha, yer yutsin seni!
POLISIYaChI. Janob Shoy Da, nima gapligini siz tushuntirib berolmaysizmi?
(Shoy Da indamaydi)
A-ha! Hamma men bilan mahkamaga boradi.
ShOY DA. Mening do‘konimda shunday voqea ro‘y berganidan juda xafaman.
XOTIN. Bolaning ketganini u bilar edi.
ShOY DA. Mirshab janoblari, ishontirib aytamanki, men jinoyatni bekitmoqchi bo‘lsam, sizni bu yoqqa taklif etmas edim.
POLISIYaChI. O‘z-o‘zidan ravshan. Ammo Shoy Da janoblari, albatta, tushunsalar kerak, bu kimsalarni qamoqqa olish – mening burchim.
(Shoy Da ta’zim qiladi.) Qani, oldinga tushinglar, marsh! (ularni haydab chiqadi)
ChOL (ostonada turib, do‘stona ohangda). Ko‘rishguncha xayr!
Shoy Dadan bo‘lak, hamma ketadi. U do‘konni tartibga solishda davom etadi. Uy egasi xonim kiradi.
UY EGASI XONIM. Demak, siz uning amakivachchasi bo‘lasiz! Mening uyimda odamlarni qamoqqa olishadi – bu nima degan gap? Jiyan­ingiz bu yerni karvonsaroyga aylantirgan shekilli? Kechagina kavaklarda yashab, nonvoydan non tilagan kimsalarga qayishsang, mana, oqibati nima bo‘ladi. Ko‘rib turibsizki, men hamma gapdan xabardorman.
ShOY DA. Ko‘rib turibman. Jiyanim to‘g‘risida sizga rosa to‘qib-chatishgan ko‘rinadi. Uni qarovsiz, och qolgan edi, deb ayblashgan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, u nochorlikda yashar edi. O‘ta badnom, ya’ni kambag‘al edi.
UY EGASI XONIM. U bir…
ShOY DA. Gado edi. Keling gapning po‘skallasini aytaqolamiz!
UY EGASI XONIM. O, marhamat, faqat ko‘z yoshiga toqatim yo‘q! Men uning xulq-atvorini aytaman, daromadini emas. Shubhasiz daromadi ham baharnav bor edi, yo‘qsa mana bu do‘kon bo‘lmasdi. Ayrim tabarruk zotlar g‘amxo‘rlik qilishgan. Bo‘lmasa, do‘kon qayoqdan bo‘lib qoldi? Taqsirim, bu mo‘tabar uy! Bu yerda haq to‘lab turuvchilar shunday bir kimsa bilan devor-darmiyon bo‘lib yashashni istashmaydi, ha! (Pauza) Men bag‘ritosh emasman, ammo bu jihatni hisobga olmasam bo‘lmaydi.
ShOY DA (sovuq ohangda). Mi Dzyu xonim, men bandman. Ochig‘ini ayting-chi, bu mo‘tabar uyda turish bizga qanchaga tushadi?
UY EGASI XONIM. Judayam sovuqqon odam ekansiz.
ShOY DA (peshtaxta ostidan ijara haqidagi shartnomani oladi). Ijara haqi juda baland. Menimcha, shartnomani shundoq tuzish kerakki, ijara haqi oyma-oy to‘lanadigan bo‘lsin.
UY EGASI XONIM (bidirlab). Ammo sizning jiyaningizga o‘xshash odamlar bilan bundoq shartnoma tuzib bo‘lmaydi.
ShOY DA. Xo‘sh, nima demoqchisiz?
UY EGASI XONIM. Demoqchimanki, jiyaningizga o‘xshash odamlar ikki yuz kumush dollarni yarim yil oldin to‘lab qo‘yishlari shart.
ShOY DA. Ikki yuz kumush dollar! Bu – talonchilik-ku! Xo‘sh, men uni qaydan olaman? Bu yerda katta daromadga ko‘z tutib bo‘lmaydi. Yolg‘iz umid – tsement zavodida qop tikuvchi ayollar, ular ko‘p chekishadi, aytishlaricha, mehnatlari judayam og‘ir emish. Ammo ish haqlari oz.
UY EGASI XONIM. Bu haqda oldinroq o‘ylash kerak edi.
ShOY DA. Mi Dzyu xonim, judayam berahm bo‘lmang. Ha, jiyanim uysizlarga boshpana berib, to‘g‘ri ish qilmadi. Ammo u xatosini tuzatadi, ishonavering, men bunga kafilman. Boshqa jihatni ham o‘ylab ko‘ring, o‘zi tubanlikdan chiqqan, tubanlikdagi hayotni yaxshi biluvchi kishidan ham afzalroq ijarachi topa olarmikinsiz? U haqingizni o‘z vaqtida to‘lash uchun o‘lib-tirilib ishlaydi. U hamma ishni qiladi, hamma narsadan kechadi, hamma narsani sotadi, hech narsani ayamaydi, bir quldek xizmat qiladi, amringizga “labbay” deb turadi, negaki, haligi eski joyiga qaytib borishni istamaydi. Axir, bunday ijarachi tilloga topilmaydi.
UY EGASI XONIM. Ikki yuz kumush dollarni oldindan to‘lashni talab qilaman, yo‘qsa, kelgan joyiga jo‘naydi.
Politsiyachi kiradi.
POLISIYaChI. Men xalal bermasam kerak, janob Shoy Da.
UY EGASI XONIM. Darhaqiqat, politsiya bu do‘konga ayricha e’tibor bilan qaraydi.
POLISIYaChI. Mi Dzyu xonim, siz boshqacha xayollarga bormang. Janob Shoy Da bizga yaxshi xizmat qildi, men unga mahkama nomidan rahmat aytish uchun atay keldim.
UY EGASI XONIM. Ha, buning menga daxli yo‘q. Janob Shoy Da, mening taklifim jiyaningizga ma’qul bo‘lar degan umiddaman. Men ijarachilarim bilan ahil yashashga odatlanganman. Xayr, janoblar. (Ketadi)
POLISIYaChI. Mi Dzyu xonim bilan oralaringda biror anglashilmovchilik bormi?
Shoy Da. U ijara haqini oldindan to‘lashni talab qiladi, jiyanim uning ko‘ziga yetarlicha nufuzli bo‘lib ko‘rinmayotgan emish.
POLISIYaChI. Nima, sizda pul yo‘qmi?
Shoy Da indamaydi.
Janob Shoy Da, sizdek kishi kreditdan foydalanishi kerak, shundoq emasmi?
ShOY DA. Ehtimol. Ammo Shen Dega o‘xshaganlarga kim kredit beradi?
POLISIYaChI. Bu yerda qolish niyatingiz yo‘qmi?
ShOY DA. Yo‘q. Lekin bu yerdan ketolmayman ham. Falokatning oldini olish uchun, unga yo‘l-yo‘lakay yordam qo‘lini cho‘zoldim, xolos. Ha demay, u yana yolg‘iz qoladi, uni nimalar kutishini o‘ylashga ham qo‘rqaman.
POLISIYaChI. Janob Shoy Da, ijara haqi masalasida qiynalib qolganingizga achinaman. Rostini aytsam, biz bu do‘konga boshda boshqacha ko‘z bilan qarardik, ammo bugungi xolis xizmatingiz sizning kimligingizni ko‘rsatdi, biz, hokimiyat vakillari tartib-intizom masalasida kimga suyanish mumkinligini bir qarashda bilamiz.
ShOY DA (alam bilan). Politsiyachi janoblari, jiyanim aytmoqchi, farishtalar tuhfasi bo‘lmish bu do‘konni saqlab qolish uchun men qonun ko‘targuncha, har bir chorani ko‘rishga hozirman. Biroq qattiqqo‘llik va ayyorlik faqat tuban kishilarga qarshi qaratilganda yaxshi foyda beradi, bu chegara oqilona tortilgan. Men yomg‘irdan qutilib, qorga uchragan kishiga o‘xshayman. (Biroz jim turib) Chekasizmi?
POLISIYaChI (cho‘ntagiga ikkita sigara solib). Biz, hokimiyat vakillari, sizni qo‘ldan berib qo‘yishni istamaymiz. Ammo Mi Dzyu xonimni ham tushunish kerak. Shen De – yolg‘on gapirishning nima keragi bor – o‘zini boshqalarga sotib kun kechirardi. Menga e’tiroz etishingiz mumkin: xo‘sh, boshqa chorasi bo‘lmasa, nima qilsin? Masalan, uy uchun ijara haqini qanday to‘lasin? To‘g‘ri, ammo lekin bu sohibi ehtirom belgisi emas. Nega? Birinchidan, sevgini sotish rasm emas, sotilsa, u sotqin sevgi bo‘ladi. Ikkinchidan, aqcha to‘lagan kimsa bilan emas, o‘zing sevgan kishi bilan birga bo‘lish sohibi ehtirom belgisi sanaladi. Uchinchidan, u bir hovuch guruchni deb emas, sevgani uchun o‘sha kishi bilan birga bo‘ladi. Barakalla, deysiz, ammo bo‘lgan ish bo‘lib, bo‘yog‘i singan ekan, bu gaplardan ne foyda? Xo‘sh, u nima qilsin? U yarim yillik ijara xaqini topishi kerak. Janob Shoy Da, iqrormanki, men bu savolga javob berishga ojizman. (Qattiq o‘ylaydi) Janob Shoy Da! Topdim! Unga er toping!
Kichik bir kampir kiradi.
KAMPIR. Marhamat qilib, erim uchun arzonroq, yaxshiroq sigara topib bersangiz. Ertaga bir yostiqqa bosh qo‘yganimizga rosa qirq yil to‘ladi, shuning sharafiga to‘ycha qilmoqchimiz.
ShOY DA (xushfe’llik bilan). Qirq yil o‘tibdiki, hamon to‘y ekan-da!
Kampir. Qurbimiz yetguncha! Qarshingizdagi do‘kon bizniki bo‘ladi – gilam bilan savdo qilamiz. Siz bilan ahil qo‘shni bo‘lamiz degan umiddaman. Bu hozirgi zamonda juda muhim.
ShOY DA (unga turli qutichalar taklif etadi). Ha, zamonning yaxshilanishiga ko‘zim yetmay turibdi.
POLISIYaChI. Janob Shoy Da, bizga kapital kerak. Shundoq ekan, mening taklifim – nikoh.
ShOY DA (xijolat chekib, kampirga). Men o‘z tashvishlarimga politsiya janoblarini ham sherik qildim.
POLISIYaChI. Biz yarim yillik ijara haqini to‘lay olmaymiz. Bas, kichik bir kapitalga turmushga chiqamiz.
ShOY DA. Bu uncha oson emas.
POLISIYaChI. Nega? U yomon qiz emas! Kichik bo‘lsa ham, o‘z do‘koni bor! (Kampirga) Xo‘sh, siz nima deysiz?
KAMPIR (hayron qolib). Ha…
POLISIYaChI. Gazetaga e’lon beramiz.
KAMPIR (bosiqlik bilan). Qiz rozi bo‘lsa…
POLISIYaChI. Nega rozi bo‘lmas ekan? Hoziroq yozamiz. Himmatga himmat. Hokimiyat vakillari tirikchilik toshi ostida ezilgan mayda savdogarlarga achinmaydi, deb o‘ylamang. Siz bizga ko‘maklashasiz, biz esa turmush qurish niyatingiz borligi haqida e’lon yozamiz. (Kulib). Xo-xo-xo! (Yon daftarchasini shartta olib, qalamni ho‘llab, yoza boshlaydi)
ShOY DA (sekin). Yomon emas.
POLISIYaChI. “Kim, ya’ni, kichik kapitalga ega bo‘lgan erkak… Beva bo‘lishi ham mumkin… gullab yashnayotgan tamaki savdosi sohibasi bilan nikohdan o‘tishni istaydi?” Yana qo‘shib qo‘yamiz: “Yoqimtoy husn egasiman”. Xo‘sh, qalay?
ShOY DA. Agar siz mubolag‘a bo‘ldi deb o‘ylamasangiz…
KAMPIR (ochiq chehra bilan). Yo‘g‘-ey, yo‘g‘-ey! Axir, men uni ko‘rganman.
Politsiyachi daftarchadan varaqni yirtib, Shoy Daga uzatadi.
ShOY DA. G‘ildirak ostiga tushib qolmaslik uchun qanchalar epchil bo‘lish kerak! Qancha ayyorlik kerak! Qancha do‘st kerak! (politsiyachiga) Qat’iy harakat qilishga qaror bergan bo‘lsam-da, ijara haqi masalasini qanday hal etishni bilolmay turuvdim. Mana, siz kelib, oqilona maslahat bilan yordamlashib yubordingiz. Nazarimda, najot yo‘li endi ko‘rinib qoldi.

III

Shahar bog‘ida oqshom.
Juldur kiyingan yosh yigit bog‘ ustidan baland uchib o‘tayotgan samolyotni kuzatib qoladi. U cho‘ntagidan chilvir olib, atrofga alanglaydi. So‘ng baland tolga qarab yuradi. Shu payt yo‘lda ikkita fohisha ko‘rinadi. Biri qari, ikkinchisi Shen De do‘koniga joylashgan oiladan, qiz jiyan.
YoSh FOHIShA. Oqshoming xayrli bo‘lsin, azizim. Men bilan yurmaysanmi?
SUN. Borsam boraveraman, aziz xonimlar. Yegulik biror nima bersalaring, bas.
QARI FOHIShA. Nima, jinni-pinni bo‘ldingmi? (Yosh fohishaga) Qani, yur. Bekorga vaqtni o‘tkazmaylik. Bu ishsiz uchuvchi-ku.
YoSh FOHIShA. Bog‘da, aftidan, hech kim qolmagan, hademay, yomg‘ir yog‘adi.
QARI FOHIShA. Qarab ko‘raylik, balki birortasi uchrar.
Ular ketishadi. Sun atrofga ko‘z solib, chilvirni daraxt shoxiga tashlaydi. Lekin unga yana xalal berishadi. Ikki fohisha iziga qaytadi. Ular yigitni ko‘rishmaydi.
YoSh FOHIShA. Oh, sel yog‘sa kerak.
Yo‘lda Shen De ko‘rinadi.
QARI FOHIShA. Qara, anavi tasqara kelayapti! U seni ham, qarindoshlaringni ham ado qildi.
YoSh FOHIShA. U emas, amakivachchasi. U bizga boshpana berib, somsaga pul to‘langlar, dedi. Unga qasdim yo‘q.
QARI FOHIShA. Seniki bo‘lmasa, meniki bor! (Baland ovozda) Ha, mana, jondan aziz singlimiz xurmachasini tillaga to‘ldirib kelayapti! Unga do‘koni kamlik qilganday, xushtorlarimizni ham yo‘ldan urmoqchi.
ShEN DE. Nega menga baqrayasan? Men hovuz bo‘yidagi choyxonaga borayapman.
YoSh FOHIShA. Hamma yoqda duv-duv gap… Uch bolasi bor bevaga turmushga chiqarmishsan!
ShEN DE. Ha, u bilan choyxonada uchrashmoqchiman.
SUN (betoqat). Qorangizni o‘chiring, shallaqilar! Shu yerda ham tinch­lik berishmaydi!
QARI FOHIShA. O‘zing ovozingni o‘chir!
Ikkala fohisha ketadi.
SUN (ular izidan qichqirib). Qirg‘iylar! (Tomoshabinlarga) Shunday xilvat joyda ham o‘zlariga qurbon izlashadi, butazorlar orasida, yomg‘ir ostida ham o‘z xaridorlarini qo‘lga tushirmoqchi bo‘lishadi.
ShEN DE (jahli chiqib). Nega ularni so‘kasiz? (Chilvirga ko‘zi tushib). Voy!..
SUN. Nega qaqqayib qolding?
ShEN DE. Chilvir sizga nega kerak?
SUN. Qani, jo‘na, yo‘lingdan qolma, singlim! Menda pul u yoqda tursin, chaqa ham yo‘q. Ammo bo‘lganda ham senga xarj qilmas edim, bir krujka suv sotib olardim.
Yomg‘ir yog‘a boshlaydi.
ShEN DE. Chilvir nega kerak? Siz bu ishni qila ko‘rmang!
SUN. Senga nima? Qani, tuyog‘ingni shiqillat!
ShEN DE. Yomg‘ir yog‘ayapti-ku.
SUN. Joningdan umiding bo‘lsa, daraxtga yaqinlashma.
ShEN DE (yomg‘ir ostida qaqqayib turaveradi). Yo‘q.
SUN. Jo‘na, deyman, bekorga ovora bo‘lasan. Baribir mendan ish chiqmaydi. Buning ustiga, juda xunuksan. Oyoqlaring qiyshiq.
ShEN DE. Yolg‘on.
SUN. Ko‘rsatma! He, jin ursin, mayli, yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, daraxt ostiga kelib tur.
ShEN DE (sekin daraxt ostiga kelib o‘tiradi). Nega bunday qilmoqchi bo‘ldingiz?
SUN. Bilging kelayaptimi? Mayli, aytsam, aytaqolay, balki keyin tinch qo‘yarsan.
(Bir pas jimlik)
Sen uchuvchi kimligini bilasanmi?
ShEN DE. Choyxonada ularni ko‘rganman.
SUN. Yo‘q, sen ularni ko‘rmagansan. Balki charm qalpoq kiygan anavi ezmalar, ahmoqlarni ko‘rgandirsan… Ularda na mator sezgisi bor, na mashina tuyg‘usi. Ular boshqaruvchining tomog‘ini moylab, qutiga tushib olishgan. Shunaqalarga, qani, sandig‘ingni ikki ming funt balandlikdan bulutni yorib, pastga ag‘dar-da, so‘ng richagni bir siltab, uni o‘nglab ol, deb ko‘r-chi, nima derkin? U, bu gaplar shartnomada yo‘q, deydi. Samolyotni xuddi o‘z orqasidek yerga qo‘ndirolmagan uchuvchi – uchuvchi emas, laqma. Men esa – uchuvchiman. Rostini aytsam, dunyoda eng katta ahmoq ham o‘zim, chunki Pekin maktabida uchishga doir jamiki kitoblarni o‘qib chiqqanman. Yolg‘iz bir kitobning bitta sahifasi qolgan, unda uchuvchilar ortiq kerak emas, deb yozilgan ekan. Xullas, men endi samolyotsiz uchuvchi, pochtasiz poch­ta uchuvchisiman. Ishlar shunaqa, e, sen nimani ham tushunarding!
ShEN DE. Har holda tushunaman.
SUN. Tushunmaysan, dedimmi, tushunmaysan.
ShEN DE (dam kulib, dam yig‘lab). Bolaligimda hovlimizda qanoti singan bir turna bo‘lar edi. Mehribon qush edi, sho‘xlik-shumlik qilsak, ko‘tarar, bo‘ynini g‘oz qilib, biz bilan yonma-yon yurar, faqat undan o‘zib ketsak, bezovta bo‘lib, qichqirar edi. Ammo bahor va kuzda qishlog‘imiz ustidan gala-gala bo‘lib qushlar uchib o‘tganda, oromini yo‘qotib qo‘yardi, men uni yaxshi tushunardim.
SUN. Yig‘lama.
ShEN DE. Yo‘q.
SUN. Ko‘z yoshidan yuzing uniqadi.
ShEN DE. Mana, bas qildim. (Engi bilan ko‘z yoshini artadi)
SUN (daraxtga suyangancha, Shen Dega o‘girilmasdan, qo‘lini cho‘zib, qizning yuzini silaydi). Sen eplab yuzingni ham artolmaysan. (Ro‘molchasi bilan uning yuzini artadi).
Bir pas jimlik.
Bas, o‘zimni osishga qo‘ymas ekansan, gapir, tilga kir.
ShEN DE. Nimani gapiray?
SUN. Nega meni sirtmoqdan qutqarmoqchi bo‘lding, singlim?
ShEN DE. Men qo‘rqib ketdim, siz, balki, oqshom shu qadar badqovoq bo‘lgani uchun ham shu ishga jazm etgansiz. (Tomoshabinlarga)

Bizning mamlakatda
Xo‘mraygan oqshomlar bo‘lmasin
Va daryo ustida baland ko‘priklar.
Bag‘oyat xavflidir subhu saharlar,
G‘oyat xatarlidir qish fasli.
Gap shunda-ki, arzimas narsa
Etar kambag‘alning toqatini toq.
Shunda u o‘zidan hayot yukini
Uloqtirib tashlaydi mutloq…

SUN. O‘zing haqingda gapirib ber.
ShEN DE. Nimani gapirsam ekan? Kichik do‘konim bor.
SUN (masxaralab). Rostdan-a? Xushtorlar izidan quvmaysan, kichik do‘koning bor!
ShEN DE (qat’iy). Do‘konim bor, ammo ilgari fohisha edim.
SUN. Senga do‘konni farishtalar sovg‘a qilishgandir?
ShEN DE. Ha.
SUN. Bir kuni oqshom ular hozir bo‘lishganu “Mana, ol” deb senga pul cho‘zishgan.
ShEN DE (ohista kulib). Unda tong edi.
SUN. Har holda sen bilan suhbatlashib, xursand bo‘lishgan, deb aytolmayman.
ShEN DE (biroz jim turib). Men sitra chalib, birovlarga taqlid eta olaman. (Izzat-e’tiborli kishining past, bo‘g‘iq ovozi bilan) “Yo‘q, nima desangiz deng, men hamyonimni yo‘qotib qo‘ydim shekilli!..” Ke­yin men do‘kon sotib oldim. Shunda birinchi galda sitrani sovg‘a qilib yubordim. Endi, dedim men o‘z-o‘zimga, tosh haykaldek tura olaman, haligi ishlar, menga endi kerak emas!

Endi boy xotinman, dedim o‘zimga,
Yolg‘iz yuraman va yotaman yolg‘iz.
Men endi yil bo‘yi erkak zotini
Yo‘latmayman yonimga hargiz…

SUN. Endi bo‘lsa, turmushga chiqayapsan, shundoqmi? Hovuz bo‘yidagi choyxonada o‘tirgan kimsaga.
(Shen De indamaydi)
Sen sevgi haqida aslida nima bilasan?
ShEN DE. Hamma narsani.
SUN. Xo‘p, mayli, singlim. Menga o‘sha yoqar edi, demoqchimisan.
ShEN DE. Yo‘q.
SUN (o‘girilmay, uning yuzini silaydi). Mana bu-chi, yoqadimi?
ShEN DE. Ha.
SUN. Ko‘rib turibmanki, senga ko‘p narsa kerak emas. Bu qanaqa shahar o‘zi!
ShEN DE. Do‘stlaringiz yo‘qmi?
SUN. Do‘stlarim ko‘p, lekin hamon ishsiz yurganimni sabr-toqat bilan eshitadigan bittasi ham yo‘q. Gapirsang, hammasi og‘zini ochib, ko‘zini chaqchaytiradi. Sening do‘sting bormi?
ShEN DE (bo‘shashib). Amakivachcham bor.
SUN. Undan ehtiyot bo‘l.
ShEN DE. U bu yerda atigi bir marta bo‘ldi, xolos. Ketdi, endi sira qaytib kelmaydi. Namuncha noumidsiz? Axir, maqol bor: noumid – shayton.
SUN. Xo‘sh-xo‘sh, gapiraver. Ne bo‘lsa ham inson ovozi-ku.
ShEN DE (kuyib-pishib). Muhtojlik naqadar avjiga chiqmasin, baribir dunyoda rahmdil kishilar uchraydi. Yosh bola edim, bir gal yelkamda bir bog‘ o‘tin bilan yiqilib tushdim. Bir chol meni o‘rnimdan turg‘izib, qo‘limga bir chaqa tanga berdi. Keyin shuni tez-tez eslab yurdim. Faqirlar bir burda nonni ham boshqalar bilan bo‘lishib yeydi. Odamzod o‘zi nimalarga qodirligini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radi, ammo qodir bo‘lgan narsalar ichida eng afzali – mehribonlik emasmi? Qahr-g‘azab qobiliyat yetmagan yerda yuz beradi. Kimda kim qo‘shiq kuylasa yoki mashina yaratsa, yoki sholi eksa, shubhasiz, u rahmdil bo‘ladi. Siz ham rahmdilsiz.
SUN. Ko‘rib turibmanki, senga ko‘p narsa kerak emas.
ShEN DE. Voy, yuzimga yomg‘ir tomchiladi.
SUN. Qani qayeriga?
ShEN DE. Ikki ko‘zim orasiga.
SUN. O‘ngiga yaqinroqmi, chapiga?
ShEN DE. Chapiga.
SUN. Yaxshi. (Birozdan so‘ng, uyqisiragan ovozda) Xo‘sh, erkaklar bilan hisob-kitobing bitdimi?
ShEN DE (kulimsirab). Lekin mening oyoqlarim qiyshiq emas.
SUN. Balki qiyshiq emasdir.
ShEN DE. Sirayam qiyshiq emas.
SUN (daraxtga xorg‘in suyanib). Ikki kundan buyon tuz totmadim, kechadan buyon tashnaman, o‘zim istagan taqdirda ham seni sevolmayman, sing­lim.
ShEN DE. Yomg‘irning yog‘ishi qanday yaxshi.
Meshkob Van paydo bo‘ladi. U kuylaydi.

YoMG‘IR YoG‘AYoTGANDA MEShKOB QO‘ShIG‘I

Qaldiroq gumburlab, yomg‘ir quyadi,
Men esam ko‘chada suv sotaman, suv.
Hech kim suv so‘ramas, suv sotib olmas,
Hech kimsaga kerak emas u.
Tinmay qichqiraman: “Yaxtday yaxob!”
Hech kim sotib olmaydi uni.
Hattoki tushmaydi sariq chaqa ham
Mening cho‘ntagimga shu kuni.
Suv sotib olinglar, ko‘ppaklar!
Qaniydi, hech yomg‘ir yog‘masa,
Etti yil yog‘masa, istardim shuni.
Suv sotib, miriqib yashardim,
Qatra-qatra sotardim uni.
– Suv ber! Tezroq suv! – deb qichqirib,
O‘rab olishardi meni har mahal.
Men esam har bitta xaridorga
Sinchkovlik bilan boqardim avval.
Balki u to‘satdan yoqmay qolar?
Chanqab o‘lardingiz shunda, ko‘ppaklar!
(Kulib)
Yomg‘ir quyganidan quyar, siz esa,
Tekin suv zavqini surasiz.
Bulutlarning ulkan siynasini
Bir tiyin bermasdan so‘rasiz.
Men esam qichqirib yuraman hamon,
“Yaxtday yaxob!” deya maqtayman uni,
Hech kim sotib olmaydi suvni…
Suv sotib olingiz, ko‘ppaklar!

Yomg‘ir tinadi.
ShEN DE (Vanni ko‘rib, uning yoniga yugurib boradi). Oh, Van, qaytib keldingmi-a? Idishlaring menikida.
VAN. Ularni asrab qo‘yganing uchun rahmat. Ahvoling qalay, Shen De?
ShEN DE. Yaxshi. Men juda jasur va aqlli yigit bilan tanishib qoldim. O‘shanga deb sendan bir krujka suv sotib olmoqchiman.
VAN. Boshingni orqaga tashlasang, og‘zing suvga to‘ladi. Ana, tol bargidan tomib turibdi.
ShEN DE. Lekin men sening suvingdan sotib olmoqchiman, Van.

Uzoqdan tashib kelding,
Mashaqqat chekding talay,
Yomg‘ir yog‘ib turganda
Hech kim sotib olmagay.
Ammo u menga kerak
Anavi janob uchun.
U uchuvchi bir yigit,
Demak, hammadan jasur.
U bulutlarni surib,
Bo‘ronni tikka yorib,
Ko‘klarda parvoz etar.
Uzoq o‘lkalardagi
Do‘stlarga salom eltar.

(Pul to‘lab, bir krujka suv bilan Sun tomonga yuguradi. Yo‘l-yo‘lakay Vanga o‘grilib, kulib qichqiradi). U uxlab qoldi. Umidsizlik, yomg‘ir va men uni charchatib qo‘ydik.

INTERMEDIYa

Vanning qo‘nalg‘asi – suv oqadigan quvur. Meshkob uxlab yotibdi. Musiqa. Ohang tobora nozik tus oladi. Vanning boshida farishtalar paydo bo‘lishadi.
VAN (quvonchdan entikib). Men uni ko‘rdim, oqilu donolar! Avval qandoq bo‘lsa, hozir ham shundoq.
BIRINChI FARIShTA. Bu bizni quvontiradi.
VAN. U birovni sevib qolibdi! Menga ko‘rsatdi. Chindan ham uning ahvoli yaxshi.
BIRINChI FARIShTA. Eshitib xursand bo‘ldik. Bu narsa uning ezgulikka bo‘lgan intilishini yanada mustahkamlaydi, deb umid qilamiz.
VAN. O, albatta! U qo‘lidan kelganicha yaxshilik qiladi.
BIRINChI FARIShTA. Xo‘sh, u nechuk yaxshiliklar qildi? So‘zlab ber bizga, azizim Van.
VAN. Hech kimdan yaxshi so‘zini ayamaydi.
BIRINChI FARIShTA (qiziqsinib). Xo‘sh-xo‘sh?
VAN. Cho‘ntagida puli bor kishi uning do‘konidan tamakisiz chiqmaydi.
BIRINChI FARIShTA. Bu yomon emas. Xo‘sh, yana?
VAN. U sakkiz jondan iborat oilaga boshpana berdi!
BIRINChI FARIShTA (ruhlanib ketib, ikkinchi farishtaga). Sakkiz jondan iborat! Bu hali hammasi bo‘lmasa kerak?
VAN. Yomg‘ir quyib turganiga qaramay, u mendan bir krujka suv sotib oldi.
BIRINChI FARIShTA. Bular bari mayda-chuyda xayrli ishlar, vassalom. Lekin har xolda, tushunarli.
VAN. Xayrli ishlar aqcha talab qiladi. Kichik bir do‘kondan tushadigan daromad butun xarajatni qoplamaydi.
BIRINChI FARIShTA. Albatta, albatta! Ammo yaxshi bog‘bon bir parcha yerda ham mo‘jiza ko‘rsata oladi.
VAN. Shen De mo‘jiza ko‘rsatayapti! U har ertalab guruch tarqatadi, daromadining yarmidan ko‘pi shunga ketadi. Menga ishonavering, oqilu donolar.
BIRINChI FARIShTA (bir oz xafsalasi pir bo‘lib). Men bir nima demadim shekilli. Boshlanishi yomon emas.
VAN. Zamon og‘ir, shuni inobatga olishingizni so‘rayman! U do‘konchasini saqlab qolish uchun bir gal amakivachchasini yordamga chaqirishga ham majbur bo‘ldi.

Topilgach shamoldan ovloq, pana joy,
Ayozli osmonning chor tarafidan
Chug‘urlashib keldi qushlar galasi.
Boshlandi joy uchun talash, shum tulki
Tuynuk ochdi yupqa devordan.
Yolg‘iz oyoq bo‘ri bo‘lsa-chi,
Osh to‘la kosani yerga ag‘dardi…

Xullas, uning yolg‘iz o‘zi ishni eplay olmasdi. Lekin hamma uni, mehribon qiz, deydi. Hamma joyda uni, mahalla farishtasi deb atashadi. Uning do‘kon – ezguliklar makoni! Duradgor Lin To nima desa, deyaversin.
BIRINChI FARIShTA. Xo‘sh, nima gap? Duradgor Lin To uni xush ko‘rmaydimi?
VAN. E, tokchalar haqini tugal to‘lashmadi deb hasrat qilib yuradi, xolos.
IKKINChI FARIShTA. Nimalar deyapsan? Duradgorga to‘lashmadimi? Shen De do‘konida-ya? U bunga qandoq qilib yo‘l qo‘ydi ekan?
VAN. Chamamda, puli yetishmagan.
IKKINChI FARIShTA. Yo‘q, bu insofdan emas. Qarzdormisan – qarzingni to‘la! Sha’ningga zarra dog‘ tushmasin. Qonunga avval amal qil, keyin qonun talashsang, yarashadi.
VAN. Bu yerda uning o‘zi emas, amakivachchasi aybdor, oqilu donolar.
IKKINChI FARIShTA. Undoq bo‘lsa, amakivachchasi endi uning do‘koniga oyoq bosmaydi.
VAN (ma’yus tortib). Tushunaman, oqilu donolar. Lekin shuni ham aytishim kerakki, amakivachchasi g‘oyat e’tiborli bir savdogar. Hatto politsiya ham uni qadrlaydi.
BIRINChI FARIShTA. Biz amakivachcha janoblarini eshitmay turib, hukm chiqarolmaymiz. Iqror etishim kerak, savdo-sotiq masalalarida darhol chalkashib ketaman, balki savdogarchilikda nima ma’qul, nima ma’qul emasligini oldin aniqlab olish kerakdir. Oh, bu jonga tekkan savdogarchilik! Shu ishning bo‘lishi shartmikin o‘zi? Hamma savdo deb aqldan ozadi! Magar yetti mehribon qirol savdogarchilik qilishganmidi? Yoki taqvodor baliq sotganmidi? Insonga munosib halol hayot kechirishga savdogarchilikning nima aloqasi bor?
IKKINChI FARIShTA (qattiq jahl ila). Nima bo‘lsa ham, bu boshqa takrorlanmasligi shart. (O‘girilib ketmoqchi bo‘ladi)
Qolgan ikkisi ham ketishga shaylanadi.
UChINChI FARIShTA (xijolatomuz). Qattiq gapirdik, uzr. Biz bugun juda charchadik, uyqu ham chala bo‘ldi. Tunash uchun boshpana! Boylar bizga kambag‘allar uchun yaxshi tavsiyalar berishadi, kambag‘allar esa boshpanaga zor.
FARIShTALAR (yiroqlashib, koyib borishadi). Ularning eng yaxshisi ham ojiz. Xo‘sh, buning nimasiga xayron qolasan? Oz!Oz! To‘g‘ri, hammasi chin yurakdan, lekin foydasi zig‘ircha! U hech bo‘lmaganda…
Ularning ovozi eshitilmay qoladi.
VAN (ularning izidan qichqirib). Jahlga minavermang, oqilu donolar!
Boshlanishi uchun shu ham oz emas!

IV

Shen De tamaki do‘koni oldida.
Sartaroshxona, gilamfurushlik va Shen Dening tamaki do‘koni. Kun – dushanba. Shen De do‘koni oldida sakkiz jon oilaning qolgan a’zolari – chol va kelinchak, shuningdek ishsiz kishi bilan beva Shin kutib turishibdi.
KELINChAK. U bugun uyida tunamadi!
ShIN. Aql bovar qilmaydi! Xayriyatki, anavi yovuz amakivachchasi yo‘qoldiyu bu bizga marhamat yuzasidan goh-goh guruch beradigan bo‘ldi. Ammo bir necha kunlab qorasini ko‘rsatmay, allaqayoqlarda tentirab yurishga balo bormi!
Sartaroshxonada shovqin ko‘tariladi. U yoqdan qoqilib-suqilib Van chiqadi, uni semiz sartarosh quvib kelmoqda, qo‘lida soch jingalak qiluvchi og‘ir ombur.
JANOB ShU FU. Mijozlarga qo‘lansa suving bilan xiralik qilishni ko‘rsatib qo‘yaman senga! Qani, krujkangni ol-da, bu yerdan qorangni o‘chir!
(Van janob Shu Fu qo‘lidan krujkani olmoqchi bo‘ladi, lekin shu payt sartarosh uning qo‘liga ombur bilan uradi, Van qichqirib yuboradi.)
Mana, senga! Bundan keyin saboq bo‘lsin! (Hansirab, sartaroshxonaga qaytadi)
IShSIZ KIShI (krujkani yerdan olib, Vanga uzatadi). Urgani uchun sudga berishing mumkin.
VAN. Qo‘l ado bo‘ldi.
IShSIZ KIShI. Nima, sindimi?
VAN. Qimirlatolmayman.
IShSIZ KIShI. O‘tir, ustidan suv quy.
Van o‘tiradi.
ShIN. Ha, senga suv tep-tekin.
KELINChAK. Soat sakkiz bo‘libdiki, yumshoq supurgidan hamon darak yo‘q! Allaqaylarda yallo qilib yuribdi! Sharmandalik!
ShIN (qovog‘ini solib). U bizni unutdi!
Ko‘chada bir xurmacha guruch ko‘tarib Shen De hozir bo‘ladi.
ShEN DE (tomoshabinlarga). Men shaharni erta tongda sira ko‘rmagandim. Odatda bu pallada boshimni irkit ko‘rpaga burkab, qani endi hech uyg‘onmasam, deb qimirlamay yotardim. Bugun men gazeta sotuvchi bolalar, ko‘cha asfaltini yuvayotgan erkaklar, qishloqdan toza sabzavot olib tushgan dehqonlarning aravachalari oralab yurdim. Sunning mahallasidan uyimgacha uzoq yo‘l bosdim, ammo qadam sayin quvonchim osha bordi. Men sevishganlar osmonu falakda uchib yurishadi deb eshitgandim, ammo eng yaxshisi yerda, asfaltda yurish ekan. Menga ishoning, birovni sevib erta tongda uyg‘onayotgan shaharni ko‘rmabsiz – dunyoga kelmabsiz. Shahar bu pallada, shoirlar aytmoqchi, uyqudan turib, sof havoni simirib, ish asbobini qo‘liga olgan tetik hunarmand Cholga o‘xshaydi. (Kutayotganlarga) Assalomu alaykum! Mana, guruch! (Guruchni tarqatib, Vanga ko‘zi tushadi) Salom, Van. Men bugun biroz beparvoroqman. Yo‘l bo‘yi har vitrina oynasida o‘zimni kuzatdim, endi o‘zimga shol ro‘mol olmoqchiman. (Sal turib) Bilasanmi, judayam chiroyli bo‘lgim keladi. (Darhol gilamfurushlik do‘koniga kiradi)
JANOB ShU FU (eshikda ko‘rinib, tomoshabinlarga). Tavba, bugun Shen Debonu judayam chiroyli bo‘lib ketibdimi? Shu paytgacha payqamaganimni qarang! Bor-yo‘g‘i uch daqiqa ko‘rdimu chippa-chin oshiq bo‘ldim – qo‘ydim. Ajoyib go‘zal ayol! (Vanga) Yo‘qol, yaramas! (Sartaroshxonaga qaytib kiradi)
Shen De, munkillagan er-xotin – gilamfurush savdogari va uning rafiqasi – do‘kondan chiqishadi. Shen Dening qo‘lida shol ro‘mol, gilam savdogarining qo‘lida ko‘zgu.
KAMPIR. Alomat ro‘mol, narxiyam arzon, kichik bir teshigi bor, xolos.
ShEN DE (ro‘molni kampirga tutqizib, o‘zi tomosha qiladi). Yashil ro‘mol ham alomat ekan.
KAMPIR (kulimsirab). Afsuski, u bejirim.
ShEN DE. Ilojim qancha. Men do‘kondor bo‘lib ham o‘zimga tuzukroq bir narsa ololmayman. Daromaddan buromadim ko‘p.
KAMPIR. Xayr-ehson qilasiz. Namuncha? Dastlabki paytlarda bir kosa guruch ham – pul, shundoq emasmi?
ShEN DE (yaroqsiz ro‘molni o‘ziga chamalab). Ha, bo‘lar ish bo‘ldi, ammo bugun men beparvoman. Bu rang menga yarashadimi?
KAMPIR. Buni birorta erkak kishidan so‘rang.
ShEN DE (Cholga o‘girilib). Menga yarashadimi?
ChOL. Buni mendan so‘ramang…
ShEN DE (o‘ta xushfe’llik bilan). Yo‘q, men sizdan so‘rayman.
ChOL (xushfe’llik bilan). Ro‘mol sizga yarashadi. Faqat teskarisini yopining.
Shen De pul to‘laydi.
KAMPIR. Agar u sizga yoqmasa, almashtirib olishingiz mumkin. (Shen Deni chetga tortib) Uning biroz jamg‘armasi bordir?
ShEN DE (kulib). O, yo‘q.
KAMPIR. Unda ijara haqini qanday to‘laysiz?
ShEN DE. Ijara haqi? Voy, tamom unutibman!
KAMPIR. O‘zim ham shundoq deb o‘ylovdim! Yanagi dushanba – oyning birinchi kuni. Men siz bilan gaplashib olishim kerak. Bilasizmi, erim bilan men sizni yaqindan tanigach, anavi nikoh haqidagi e’longa ishonmay qo‘ydik va sizga jilla bo‘lsa ham yordam qo‘lini cho‘zishga qaror qildik. Jindak asrab qo‘yganimiz bor, sizga ikki yuz kumush dollar qarz bera olamiz. Istasangiz, do‘kondagi tamakingizni garovga qo‘ying. Yozma kafolat berish shart emas.
ShEN DE. Nahotki mendek yengiltak bir kimsaga qarz bermoqchi bo‘lsangiz?
KAMPIR. Amakivachchangiz yengiltak kishi emas edi, rostini aytsam, biz unga qarz bermasdik, lekin sizga – bajonudil.
ChOL (ularga yaqinlashib). Kelishib oldilaringmi?
ShEN DE. Janob Fen, qaniydi xotiningiz menga nimalar deganini farishtalar eshitsaydi. Ular mehribon va baxtiyor kishilarni izlab yurishibdi. Siz chamamda menga yordam qo‘lini cho‘zish bilan baxtiyorsiz, axir, men sevgini deb shu nochor ahvolga tushib qoldim.
Chol kampir bir-birlariga kulib qarashadi.
KAMPIR. Mana, pul. (Shen Dega konvert cho‘zadi. Shen De uni olib, ta’zim qiladi. chol-kampir ham unga ta’zim qilishadi. Har kim o‘z do‘koniga qarab yuradi).
ShEN DE (Vanga, konvertni baland ko‘tarib). Yarim yillik ijara haqi tayyor. Mo‘jiza emasmi? Yangi shol ro‘molim senga yoqdimi, Van?
VAN. Sen buni men shahar bog‘ida ko‘rgan anavi yigitni deb olding, shundoqmi?
Shen De bosh qimirlatib tasdiqlaydi.
ShIN. Ishqiy savdolaringni vaysab o‘tirguncha, buning qo‘liga bir nazar solsang bo‘lardi!
ShEN DE (qo‘rqib). Voy, qo‘lingga nima qildi?
ShIN. Sartarosh bizning ko‘z o‘ngimizda urib, sindirdi.
ShEN DE (o‘z e’tiborsizligidan dahshatga tushib). Men hech narsa payqamabman! Hoziroq vrachga yugur, yo‘qsa, qo‘ling yog‘ochday qotib, ishga yaramay qoladi! Qanday falokat! Qani, bo‘la qol! Tezroq bor!
IShSIZ KIShI. Unga vrach emas, sudya kerak. U badavlat sartaroshdan ko‘rgan ziyoni uchun haq talab qilsin.
VAN. Shundoq qilsa bo‘larmikin?
ShIN. Agar qo‘ling chindan ham singan bo‘lsa?
VAN. Singan shekilli. Shishganini qara! Umrbod nafaqa berishadi deb o‘ylaysanmi?
ShIN. Har holda, senga guvohlar kerak.
VAN. Axir, hamma ko‘rdi-ku! Guvohlik bera olasiz. (Atrofga alang­laydi. Ishsiz kishi, qariya va kelinchak devorga suyanib, ovqat yeyish bilan band, hech kim boshini ko‘tarib unga qaramaydi).
ShEN DE (Shinga). Axir siz ko‘rgansiz-ku!
ShIN. Politsiya bilan bordi-keldi qilishga toqatim yo‘q.
ShEN DE (kelinchakka). Unda, siz!
KELINChAK. Men? Ko‘zim boshqa yoqda edi.
ShIN. Qanaqasiga ko‘zingiz boshqa yoqda bo‘lsin? Qarab turganingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Siz qo‘rqayapsiz, negaki sartaroshning qo‘lida hokimiyat bor.
ShEN DE (qariyaga). Ishonamanki, siz guvohlik berasiz, yo‘q demaysiz.
KELINChAK. Uning guvohligi o‘tmaydi. U esini yo‘qotib qo‘ygan.
ShEN DE (ishsiz kishiga). Gap umrbod nafaqa ustida boradi.
IShSIZ. Tilanchilik qilganim uchun ikki bor qamalib chiqqanman. Mening guvohligim unga faqat ziyon keltiradi.
ShEN DE (ishonqiramay). Xullas, bu yerda nima voqea bo‘lganini aytishga hech kim botinmaydi? Bu qanday gap, kuppa-kunduzi urib, birovning qo‘lini sindirishsayu, buni hamma ko‘rib jim o‘tiraversa? (G‘azablanib)

O, siz, sho‘rliklar!
Haqoratlaydilar og‘ayningizni,
Lekin siz ko‘z yumib o‘tasiz!
U sho‘rlik qichqirar, siz esa
Indamay turasiz tobakay?
Orangizda yurib, o‘ziga
Yangi qurbon izlar zo‘ravon,
Siz esa, u meni ayaydi,
Chunki men qo‘zidek yuvoshman, deysiz.
Bu ne shahar o‘zi? Bu ne odamlar?
Shaharga haqsizlik bo‘larkan hokim,
U qo‘zg‘olib, isyon etmog‘i lozim.
Agar u qo‘zg‘olib, isyon etmasa,
Hali tun zulmati cho‘kmasdan turib,
Kuyib olovlarda, ado bo‘lsin u…

Van, mayli, ko‘rganlar guvohlik berishdan bosh tortishar ekan, men o‘zim ko‘rdim deb guvohlik beraman.
ShIN. Bu soxta guvohlik bo‘ladi.
VAN. Nima qilishga ham hayronman. Mayli, ne bo‘lsa ham, bir unnab ko‘raman. (Qo‘liga tikilib, tashvishlanib). Nima deysiz, juda shishib ketibdimi? Nazarimda, shishi bir oz qaytgandek, shundoq emasmi?
Ishsiz (uni yupatib). Yo‘q, shishi sirayam qaytmagan.
VAN. Rostdanmi? Darvoqe, bir oz shishinqiragan. Suyagi singan shekilli. Yaxshisi, sudyaga bora qolay. (Qo‘lini ehtiyot bilan ushlab, undan ko‘z uzmay, uzoqlashadi. Shin sartaroshxonaga qarab chopadi).
IShSIZ. U xushomad qilgani sartaroshga yugurdi.
KELINChAK. Biz bu dunyoni o‘zgartira olmaymiz.
ShEN DE (ma’yuslanib). Men sizlarni xafa qilmoqchi emasdim. Men juda qo‘rqib ketdim. Yo‘q, xafa qilmoqchi edim. Qani, ko‘zimdan yo‘qoling!
Ishsiz, kelinchak va qariya qovoq uyib, ovqat chaynab, nari ketadilar.
(Tomoshabinlarga)

Ular endi javob berishmas.
Tur, degan joyingda turishar qotib.
Ket! – desang, shu zamon bo‘lishar g‘oyib.
Ularga hech nima ta’sir etmagay.
Faqat ovqat hidi dimoqqa ursa,
Boqishar baqrayib, xo‘mrayib.

Yugurib, bir qari ayol kiradi. Bu Sunning onasi, Yan xonim.
YaN XONIM (nafasi bo‘g‘ilib). Siz Shen De bonumisiz? O‘g‘lim menga hammasini aytib berdi. Men Sunning onasi, Yan xonimman. Bilasizmi, o‘g‘lim yana uchadigan bo‘ldi! Hozirgina Pekindan maktub oldik. Pochta samolyotlari ustaxonasi boshlig‘idan.
ShEN DE. U yana uchadi deng? O, Yan xonim!
YaN XONIM. Lekin buning uchun katta pul kerak, besh yuz kumush dollar.
ShEN DE. Ko‘p ekan. Lekin pulidan qochib, shundoq imkoniyatdan kechib bo‘lmaydi-ku, shundoq emasmi? Mening do‘konim bor.
YaN XONIM. Oh, siz yordam bera olsangiz edi!
ShEN DE (uni quchoqlab). Oh, men yordam bera olsam edi!
YaN XONIM. Sharofatingiz bilan u odam qatoriga o‘tardi.
ShEN DE. Kishini foydali ish qilishgayam qo‘yishmaydi! (Bir oz jim turib). Do‘konning daromadi kam, mana bu ikki yuz dollarni menga qarz berishdi. Buni hoziroq olishingiz mumkin. Men do‘kondagi tamakini sotib, qarzimni uzarman. (Unga chol-kampirdan olgan pulini beradi)
YaN XONIM. O, Shen De bonu, o‘g‘lim shu pulga judayam muhtoj. Bilasizmi, uni bu yerda nima deb atashadi? O‘lik uchuvchi deb. Bas, uchmaydimi, demak u o‘lik uchuvchi.
ShEN DE. Ammo bizga yana uch yuz kumush dollar yetishmaydi. O‘ylab, chorasini topish kerak, Yan xonim. (Sekin). Men bir kishini bilaman, xohlasa, u yordam bera oladi. O, men u bilan gaplashishniyam istamasdim – u shu qadar bag‘ri tosh, shu qadar makkor. Ammo lekin u bilan oxirgi marta gaplashsam, nima qiladi? Axir, uchuvchi uchishi kerak! Gapning indallosi shu!
Uzoqdan motor shovqini eshitiladi.
YaN XONIM. Oh, siz aytgan o‘sha odam pul bersaydi! Qarang, ertalabki pochta samolyoti, Pekinga uchayapti!
ShEN DE (qat’iy). Unga qo‘lingizni silking, Yan xonim! Uchuvchi bizni ko‘rib qolsa, ajabmas! (O‘zi shol ro‘molini silkiydi) Qo‘lingizni silking, deyapman!
YaN XONIM (qo‘l silkib). Siz uni taniysizmi?
ShEN DE. Yo‘q. endi uchadiganini taniyman. Umidsizlikka tushgan janob Yan uchaqolsin endi! Mayli, hech bo‘lmasa, bizning ustimizdan, jamiyki kulfatlarimiz ustidan baland ko‘tarilib, parvoz etsin! (Tomoshabinlarga)

Yan Sun, qalbim sohibi, bulutlar bilan
Bo‘ronlarga tushib basma bas,
Osmon osha –
Do‘stlik maktublarini
Olis o‘lkalardagi do‘stlarga eltar.

Parda oldida intermediya

Shen De qo‘lida Shoy Daning niqobi va kiyimlari bilan kiradi, kuylaydi.
Farishtalar va yaxshi kishilarning ojizligi haqida qo‘shiq

Bizning mamlakatda
Yaxshining yaxshilik qilishi mushkul.
U isbotlay olur yaxshiligini
Zo‘ravonlar madadiga suyanib faqat.
Yaxshilar notavon, malaklar ojiz,
Nega malaklarda kreyserlar yo‘q?
Tanklar, samolyotlar, zambaraklar yo‘q?
Yo‘qsa, yomonlarni yo‘qotib butkul,
Yaxshilar avaylab-asralganda-chi,
Ham bizga, ham malaklarga bo‘lardi yaxshi.

(Shoy Daning kiyimlarini kiyib, uning yurishi bilan bir-ikki qadam tashlab)

Bizning mamlakatda
Yaxshi bo‘lib qolish ham mushkul:
Non yetmasa, xo‘randalar ko‘tarar g‘ovur.
O, malaklar tayin etgan qonunlar bari
Faqirlarni faqirlikdan qutqara olmas.
Nega bizning bozorlarga malaklar kelmas, –
To‘kin-sochin qilib bunda hamma narsani,
Tabassum aylamas, non yeb, musallas ichgan
Odamlarni, bundan keyin bir-biringiz-la
Ahil-inoq bo‘ling, deya dalolat etmas?

(Shoy Daning niqobini kiyib, uning ovozi bilan kuylashda davom etadi)

Qoshiqni kosaga tamom yetkazmoq uchun
Bag‘ritoshlik kerak.
Shunga suyanadi butkul imperiyalar.
O‘n ikki gadoni abgor etmasdan turib,
O‘n uchinchi gadoga ehson berilmas.
Nega uni aytishmaydi arshi a’loda,
Yaxshilarga yaxshi kun yo‘q ushbu dunyoda?
Nechuk zambaraklar berib, biz yaxshilarga:
“O‘t oching!” deb amru farmon etmas malaklar?
Qachongacha toqat qilib turishar ular?

V

Tamaki do‘koni
Shoy Da peshtaxta oldida gazeta o‘qib o‘tiribdi. U betinim vaysab, do‘konni supurib-sidirayotgan Shinning so‘zlariga parvo qilmaydi.
ShIN. Agar mish-mishlar tarqab qolsa bormi, do‘koncham sindi, deya­vering. Menga ishoning, men bilib gapiraman. Shen Dening Sariq ko‘chalik anavi Yan Sun bilan nima ishlar qilib yurganini bir tekshirib ko‘rsangiz bo‘lardi. Unutmangki, qarshingizda yashovchi sartarosh, o‘n ikki uyi, yolg‘iz birgina qari xotini bo‘lgan janob Shu Fu oyimqizni judayam yoqtirib qolganini shaxsan menga aytdi. U hatto qizning mulk-mablag‘i ne ahvolda ekanini ham surishtiribdi. Xo‘sh, bu sizga chin muhabbat belgisi emasmi? (Tayin javob ololmagach, chelakni ko‘tarib chiqadi)
Sunning ovozi (tashqaridan). Bu Shen De bonuning do‘konimi?
ShINNING OVOZI. Ha. Ammo bugun do‘konda amakivachchasi o‘tiribdi.
Shoy Da Shen Dega o‘xshab, yengil qadamlar bilan ko‘zguga intilib, sochlarini tuzatmoqchi bo‘ladi, ammo xatosini payqab qoladi. U o‘zicha kulib, o‘rniga qaytadi. Ketma-ket – Yan Sun va Shin paydo bo‘ladi. Shin uning yonidan o‘tib, ichkariga kiradi.
SUN. Men Yan Sunman.
Shoy Da ta’zim qiladi.
Shen De shu yerdami?
ShOY DA. U bu yerda yo‘q.
SUN. Bizning munosabatlarimiz sizga ma’lum bo‘lsa kerak. (Do‘konni ko‘zdan kechirib). Voy-bo‘y, haqiqiy magazin-ku! Men esam uni bir oz mubolag‘a qildi, deb o‘ylabman. (Turli qutichalar, chinni tuvakchalarga havas bilan tikilib). Og‘ayni! Men yana uchaman! (Sigara oladi).
Shoy Da unga gugurt yoqib, tutadi.
Fikringiz qalay, biz bu do‘kondan yana uch yuz kumush dollar undira olarmikinmiz?
ShOY DA. So‘rashga ijozat eting: siz do‘konni hoziroq sotmoqchimisiz?
SUN. Axir bizga naqd uch yuz dollar yetishmayapti-ku, shundoq emasmi?
Shoy Da bosh silkib tasdiqlaydi.
Shen De marhamat qilib, darhol ikki yuz dollar berdi. Ammo yana uch yuz kerak, o‘shasiz ishim yurishmaydi.
ShOY DA. Menimcha, u sizga va’da berganda bir oz shoshqaloqlik qilgan. U do‘kondan ayrilib qolishi mumkin. Shoshqaloqlik – shamol, u imoratni ham yiqitadi, degan maqol bor.
SUN. Menga hoziroq pul kerak, keyin kech bo‘ladi. U tanti qiz, birovga bir narsa kerak bo‘lib qolsa o‘ylab-netib o‘tirmaydi, shartta beradi. Bu – erkaklar orasidagi o‘zaro gap: shu paytgacha u “yo‘q” demagan.
ShOY DA. Shunaqa deng?
SUN. Ha, shunaqa tanti u.
ShOY DA. Bilsam bo‘ladimi, besh yuz kumush dollar sizga nega kerak bo‘lib qoldi?
SUN. Marhamat. Sezib turibman, meni paypaslab ko‘rayapsiz. Pekindagi samolyot ustaxonasi boshlig‘i, maktabdosh do‘stim besh yuz kumush dollar evaziga meni ishga joylamoqchi.
ShOY DA. Bu judayam ko‘p emasmi?
SUN. Yo‘q. U katta oilaning boshlig‘i, shuning uchun ham, o‘z xizmatini astoydil bajaradigan bir uchuvchining xatosini topib, ishdan haydamoqchi. Tushundingizmi? Ha, aytmoqchi, bu o‘zaro gap. Shen De eshitmasin.
ShOY DA. Xo‘p. Lekin ustaxona boshlig‘i yanagi oyda sizning o‘zingizni ham sotib qo‘ymasmikin?
SUN. Boshqalarni sotsa ham, meni sotmaydi. Men xatoga yo‘l qo‘ymayman. Men uzoq vaqt ishsiz yurdim.
ShOY DA (boshi bilan tasdiqlab). Och it aravachani uyiga tezroq tortadi, deng. (bir muddat Sunga tikilib turadi) Qaltis ish. Janob Yan Sun, siz jiyanimdan shahardagi kichik do‘koni va barcha do‘stlaridan voz kechib, o‘z taqdirini qo‘lingizga topshirishni talab qilayapsiz. Nazarimda, Shen Dega uylanmoqchisiz, shundoqmi?
SUN. Ha, men bunga tayyorman.
ShOY DA. Shundoq ekan, do‘konni bir necha kumush dollarga sotib yuborishga qandoq ko‘zingiz qiyadi? Shoshilib sotgan kishi hamisha arzon sotadi. Qo‘lingizdagi ikki yuz kumush dollar binoning yarim yillik ijara haqini qoplagan bo‘lurdi. Sizni tamaki savdosining istiqboli qiziqtirmaydimi?
SUN. Meni-ya? Uchuvchi Yan Sun qaqqayib, peshtaxta ortida tursinmi? “Muhtaram afandim, achchiq sigaradan beraymi yoki yumshoqrog‘idanmi?”: yo‘q, Yan Sunlarga bunday ishlar yarashmaydi.
ShOY DA. So‘rashga ijozat eting, uchish yaxshi ishmi o‘zi?
SUN (cho‘ntagidan xat olib). Muhtaram zot, men har oyda ikki yuz ellik kumush dollar olaman! Mana, ko‘rib qo‘ying – Pekinning pochta markasi va muhri.
ShOY DA. Ikki yuz ellik kumush dollar? Katta pul.
SUN. Siz meni tekinga uchadi, deb o‘ylabmidingiz?
ShOY DA. Ko‘rinib turibdi, yaxshi joy ekan! Janob Yan Sun, jiyanim uchuvchi bo‘lib joylashishda sizga yordam berishimni so‘radi, axir, uchuvchilik – jonu dilingiz. Men jiyanimni tushunaman, u o‘z qalbining amrini ado etarkan, bunga hech e’tirozim yo‘q. U muhabbat lazzatini tatib ko‘rishga batamom haqli. Men bu yerdagi hamma narsani pulga chaqishga tayyorman. Mana, uy egasi Mi Dzyu xonim kelayapti, fursatdan foydalanib, savdo-sotiq xususida u bilan kengashib olaman.
UY EGASI XONIM (kiradi). Salom, janob Shoy Da. Bir kundan ke­yin ijara haqini to‘lash muddati tugashidan xabaringiz bordir?
ShOY DA. Mi Dzyu xonim, sharoit taqozosiga ko‘ra, jiyanim endi tamaki savdosi bilan shug‘ullanmasa kerak. U turmushga chiqayapti, bo‘lajak kuyov (Yan Sunni tanishtiradi) uni o‘zi bilan Pekinga olib ketmoqchi. Tamakiga xaridor topilsa, do‘konni sotmoqchiman.
UY EGASI XONIM. Xo‘sh, qancha so‘raysiz?
SUN. Naq uch yuz.
ShOY DA (shoshib). Yo‘q, besh yuz!
UY EGASI XONIM (Sunga). Sizga yordam berolsam kerak. (Shoy Daga) Tamakingiz bahosi qancha edi?
ShOY DA. Jiyanim unga ming kumush dollar to‘lagan, bor-yo‘g‘i ozgina tamaki sotildi, xolos.
UY EGASI XONIM. Ming kumush dollar! Albatta, uni laqillatishgan! Gapning po‘skallasi: agar ertadan keyin jo‘naydigan bo‘lsalaring, men butun do‘kon uchun uch yuz kumush dollar to‘layman.
SUN. Qo‘lni bering! Nima deysan, boboy?
ShOY DA. Oz!
SUN. Yetadi!
ShOY DA. Menga eng kamida besh yuz kerak.
SUN. Nega?
ShOY DA. Kuyov bilan gaplashib olishimga ijozat eting. (Sunni bir chetga boshlaydi) Do‘kondagi bor tamaki sizga topshirilgan ikki yuz dollar uchun chol-kampirga garovga qo‘yilgan.
SUN (bo‘shashib). Bu haqda tilxat bormi?
ShOY DA. Yo‘q.
SUN (bir pas jim turib, uy bekasi xonimga). Biz uch yuzga rozimiz.
UY EGASI XONIM. Do‘kon qarz bilan bog‘liq shartnomalardan ozodmikin, shuni ham bilishim kerak.
SUN. Javob bering.
ShOY DA. Ozod.
SUN. Biz uch yuz dollarni qachon olamiz?
UY BEKASI XONIM. Ertadan keyin, ungacha yana o‘ylab ko‘rishingiz mumkin. Bir oy sabr qilsangiz, ko‘proq olasiz. Men uch yuz berayapman, sababki, sizga yordamlashmoqchiman. Axir, gap yosh kelin-kuyovning baxti ustida ketayapti. (Ketadi)
SUN (uning izidan qichqirib). Rozimiz! Qutichalar, tuvakchalar, xaltachalar – hammasiga uch yuz, tamom-vassalom! (Shoy Daga) Birisi kungacha boshqa kishiga qimmatroq sotib bo‘lmasmikin? Unda biz anavi ikki yuzni ham qaytarardik.
ShOY DA. Shunday qisqa muddat ichida-ya? Biz Mi Dzyu taklif etganidan bir dollar ham ortiq sotolmaymiz. Ikki kishiga yetgulik yo‘l xarajati va dastlabki kunlarda ro‘zg‘or qilish uchun pulingiz bormi?
SUN. Bor.
ShOY DA. Qancha?
SUN. Men o‘g‘irlab bo‘lsa ham topaman.
ShOY DA. Oh, hali uni topish kerak deng?
SUN. G‘ashimga tegaverma, boboy. Men nima qilib bo‘lsa ham, Pekinga yetib olaman.
ShOY DA. Ammo ikki kishiga ham pul kerak.
SUN. Ikki kishiga? Shen De shu yerda qoladi. Birinchi kunlar, ochig‘ini aytsam, u menga dahmaza bo‘ladi.
ShOY DA. Tushunaman.
SUN. Nega menga teshik yog‘donga tikilgandek tikilib qoldingiz? Kishi ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi.
ShOY DA. Aytingchi, jiyanim bu yerda qaysi mablag‘ hisobiga yashaydi?
SUN. Siz yordamlashasiz, shundoq emasmi?
ShOY DA. Albatta.
Pauza
Janob Yan Sun, menga haligi ikki yuz kumush dollarni qaytaring, Pekinga bir juft bilet olib, keltirib ko‘rsatmas ekansiz, pul shu yerda turadi.
SUN. Menga qara, qayin og‘a, bu ishga aralashma, deb senga aytganman.
ShOY DA. Shen De bonu…
SUN. Buni menga qo‘yib bering.
ShOY DA… balki do‘konni sotishga unamas, agar u…
SUN. Baribir rozi bo‘ladi.
ShOY DA. Men rozi bo‘lmasam-chi?
SUN. Ey, muhtaram zot!
ShOY DA. Axir u ham odam, uning ham aql-idroki bor, buni unutdingiz shekilli.
SUN (xushchaqchaqlik bilan). Xotinlar haqida, ularning aql-idroki haqida nimalarni to‘qishmaydi, eshitib, hayron qolasan kishi! Siz hech mahal muhabbat qudrati, shahvoniy hirs haqida eshitganmisiz? Siz uning aqliga umid bog‘laysizmi? Unda aql yo‘q. U sho‘rlikni umr bo‘yi xo‘rlashgan! Yelkasiga qo‘limni qo‘yib: “Qani, yur men bilan!” – desam, bas, shu ondayoq qulog‘ida ibodatxona qo‘ng‘irog‘i jaranglab, o‘z tuqqan onasini ham taniyolmay qoladi.
ShOY DA (qiynalib). Janob Yan Sun!
SUN. Janob… Ha, otingiz nimaydi?
ShOY DA. Jiyanim sizga sodiq ekan, buning sababi…
SUN. Sababi – mening quchog‘im unga xush yoqadi. Ha, buni yaxshilab eslab oling! (Qutidan bitta sigara oladi, keyin ikkita sigara olib, cho‘ntagiga soladi, nihoyat, qutisi bilan ko‘tarib, qo‘ltiqlab oladi). To‘y masalasi hal, to‘yga quruq qo‘l bilan kelmaysan. Yoki u, yoki sen naqd uch yuz keltirasan, yoki u, yoki sen! (Ketadi)
ShIN (ichkari hujra eshigidan boshini chiqazib). Voy, la’nati-ey! Bechora qizning boshini aylantirib olganini butun Sariq ko‘cha biladi.
ShOY DA (qichqirib). Do‘kon ado bo‘ldi! U sevmaydi! Bu halokat! O‘lim! (“Do‘kon ado bo‘ldi!” deb xonaning u boshidan bu boshiga yuguradi. Keyin Shinning qarshisida to‘xtab, unga murojaat etadi). Shin, siz axlatxonada o‘sgansiz, men ham. Nahot, biz yengiltak kishilar bo‘lsak? Yo‘q! Zarur bo‘lsa, qo‘limizdan qattiqqo‘llik kelmas ekanmi? Yo‘q! Men yoqangizdan bo‘g‘ib, to o‘zingiz mendan o‘g‘irlab olgan tangani tupurib tashlamas ekansiz, sizni to‘xtovsiz silkitib turishga hozirman. Siz buni bilasiz. Zamon og‘ir, bu shahar – jahannam, biz silliq devorga tirmashib, tepaga intilamiz. Bir payt nogahon qay birimizga falokat – sevgi falokati yopiriladi. Qarabsizki, hamma narsa tugabdi. Jindak zaiflikka yo‘l qo‘ysangiz, bas, ado bo‘ldim, deyavering. Bu zaifliklar, hammadan oldin, bu muhabbat savdosidan qutulishning iloji bormikin? U inson uchun azob-uqubat! U judayam qimmat! Lekin, ayting-chi, bir umr sergak – hushyor bo‘lib turib bo‘larmikin? Bu qanaqa dunyo o‘zi?

Avval o‘pib, keyin bo‘g‘adilar,
Ishq ohi faryodga aylanur shu on.
Oh, nega quzg‘unlar unda charx urar?
Unda uchrashuvga oshiqar juvon!

ShIN. Yaxshisi, men sartaroshni boshlab kela qolay. Bir gaplashib ko‘ring. U – or-nomusli kishi. Sartarosh – jiyaningizga juda munosib kuyov. (Javobni ham kutmay, yugurgancha chiqadi).
Shoy Da yana bezovtalanib, u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi, janob Shu Fu, uning izidan Shin kiradi, u Shu Funing ishorati bilan g‘oyib bo‘ladi.
ShOY DA (unga peshvoz chiqib). Afandim, eshitdimki, mening jiyanimni yoqtirar emishsiz. Odob-andishani bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, ochiq gapirishga ijozat bering, negaki Shen De bonuga hozir katta xavf-xatar tahdid solib turibdi.
JANOB ShU FU. O!
Shoy Da. Boyagina o‘z do‘koniga ega bo‘lgan jiyanim endi gado-mosuvo. Janob Shu Fu, do‘kon ado bo‘ldi.
JANOB ShU FU. Janob Shoy Da, men Shen De xonimning husni malohati uning do‘konidagi boyliklarda emas, balki mehribon qalbidadir deb o‘ylayman. Uning nomiyoq kimligini aytib turibdi, uni “mahalla farishtasi” deb atashadi!
ShOY DA. Afandim, mehribonlik bugun jiyanimga ikki yuz kumush dollarga tushdi. Bunga chek qo‘yish fursati yetdi.
JANOB ShU FU. Boshqa, yumshoqroq bir mulohazani o‘rtaga tashlashga ijozat bering. O‘sha mehribonlikni qo‘yib berishning hozir ayni fursati. Yaxshilik qilish – Shen De bonuning kasbi. U bor-yo‘g‘i to‘rt kishini boqadi – men har ertalab juda mutaassir bo‘lib, buni kuzataman. Nega endi u to‘rt yuz kishini boqmas ekan? Eshitishimcha, u bir necha uysizlarga boshpana berish haqida bosh qotirib yurganmish. Mening kushxona ortidagi uylarim bo‘m-bo‘sh, huvullab yotibdi. Ularni Shen De bonu ixtiyoriga beraman va hokazo, va hokazo. Janob Shoy Da, umid qilsam bo‘ladimi, keyingi kunlarda mening boshimga kelgan bu fikrlar Shen De bonuni qiziqtirarmikin?
ShOY DA. Janob Shu Fu, bunday olijanob fikrlarni u jon deb eshitadi.
Politsiyachi bilan Van kiradi. Janob Shu Fu o‘girilib, tokchalarni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshlaydi.
VAN. Shen De shu yerdami?
ShOY DA. Yo‘q.
VAN. Men meshkob Van bo‘laman. Siz janob Shoy Da bo‘lsangiz kerak?
ShOY DA. Xuddi shunday. Salom, Van.
VAN. Biz Shen De bilan do‘stmiz.
ShOY DA. Bilaman, siz uning qadrdon do‘stlaridan birisiz.
VAN (politsiyachiga). Ko‘rdingizmi? (Shoy Daga) Men qo‘lim masalasida kelgan edim.
POLISIYaChI. Qo‘li singan, bu endi bor gap.
ShOY DA (tez). Aytmoqchi, qo‘lingizni boylab olishingiz kerak. (Xonadan shol ro‘mol chiqazib, uni Vanga tutadi)
VAN. Bu yangi shol ro‘mol-ku.
ShOY DA. Bu ro‘mol endi unga kerak emas.
VAN. Shen De buni kimgadir yoqish uchun sotib olgan edi.
ShOY DA. Ma’lum bo‘ldiki, endi bunga ehtiyoj yo‘q.
VAN (qo‘lini shol ro‘mol bilan boylab). U mening yagona guvohim.
POLISIYaChI. Sartarosh Shu Fu ombur bilan meshkobni urganini jiyaningiz ko‘rgan emish. Shu gapdan xabaringiz bormi?
ShOY DA. Men shuni bilamanki, bu kichik hodisa sodir bo‘lganda jiya­nim bu yerda bo‘lmagan.
VAN. Bu – anglashilmovchilik! Shen De kelsin, hammasi ravshan bo‘ladi. Shen De hammasini tasdiqlaydi. U qayerda?
ShOY DA (jiddiy). Janob Van, siz o‘zingizni jiyanimning do‘sti deb ataysiz. Xuddi shu tobda uning tashvishlari boshidan oshib yotibdi. Duch kelgan har kimsa uni siqib, suvini ichgan. Kelajakda bunday ishlarga u yo‘l qo‘yolmaydi. Men ishonamanki, uning soxta guvohlikka o‘tib, bor bisotidan ayrilib qolishini siz istamaysiz.
VAN (dovdirab). Men, axir uning maslahati bilan sudyaga bordim.
ShOY DA. Qo‘lni davolash sudyaning ishi ekanmi?
POLISIYaChI. Yo‘q. Uning ishi yetkazilgan ziyonni qoplashga sartaroshni majbur etish.
Janob Shu Fu o‘grilib qaraydi.
ShOY DA. Janob Van, do‘stlarning bahsiga men aralashmayman, bu – mening qoidam. (Shu Fuga ta’zim qiladi)
Shu Fu ham unga ta’zim qiladi.
VAN (ro‘molni yechib, uni uzatib, ma’yus qiyofada). Tushunarli.
POLISIYaChI. Men endi ketsam bo‘lar, sen shundoq obro‘li kishini shilmoqchi bo‘lding. Menga qara, yigit, bundan keyin qadamingga ehtiyot bo‘l. Janob Shu Fu shafqat etmasa, tuhmat qilganing uchun qamalasan. Endi bor, jo‘na!
Politsiyachi bilan Van ketadilar.
ShOY DA. Xafa bo‘lmang.
JANOB ShU FU. Ziyoni yo‘q. (Shosha pisha) Manavi “kimgadir” (ro‘molni ko‘rsatib) bilan bog‘liq ish endi o‘tib bo‘ldimi? Batamom tugadimi?
ShOY DA. Tugadi. Uni fosh qilishdi. To‘g‘ri, jarohatning bitishi uchun fursat kerak.
JANOB ShU FU. Albatta bu inobatga olinadi.
ShOY DA. Hali yarasi yangi.
JANOB ShU FU. U qishloqqa jo‘naydi.
ShOY DA. Bir necha haftaga. Ammo bu masalani u ishonchli bir kishi bilan oldindan maslahatlashib olishni istaydi.
JANOB ShU FU. Kamtarin, ammo yaxshi restoranda, kamtarin dasturxon atrofida.
ShOY DA. Xilvatda. jiyanimni tezroq xabardor qilay. U aqlli qiz, tushunadi. U o‘zi farishtalar ehsoni deb biladigan do‘koni uchun tashvish chekib yuribdi. Bir pas kuting, men hozir… (Ichkari xujraga kiradi)
ShIN (boshini chiqazib). Tabriklasa bo‘ladimi?
JANOB ShU FU. Bo‘ladi, Shin xonim, Shen De boqimandalariga bugunoq xabar qiling, men kushxona ortidagi uyimdan ularga boshpana beraman. (Shin boshi bilan tasdiqlaydi, ishonqiramay, kuladi. O‘rnidan turib, tomoshabinlarga) Xo‘sh, men qalay ekanman, xonimlar va janob­lar? Bundan oshirib bo‘larmikin? Mendek fidoyi, mendek nazokatli, mendek oqilu dono qayda bor? Kamtarin dasturxon! Odatda, shunday deganda, allanechuk dag‘al va nomunosib fikrlar miyaga keladi! O, yo‘q, biror nojo‘ya ish ro‘y bermaydi. Hattoki tuzdonni olaman, deb qo‘lim qo‘liga tegib ham ketmaydi. Faqat fikr almashuv, vassalom. Stolni bezagan gullar, oq xrizantemalar orasida ikki jon bir-birini topadi. (Shuni daftarchasiga yozib qo‘yadi) Yo‘q, bu yerda og‘ir ahvoldan iste’foda etish, yuz bergan yanglish – xatodan foydalanish yo‘q. Deyarli unsiz – so‘zsiz g‘amxo‘rlik va yordam taklif etiladi. Hamma narsa yolg‘iz ko‘z qarashi bilan tushuntiriladi. Ha, ko‘z qarashida gap ko‘p!
ShIN. Hamma narsa istaganingizdek bo‘ldi, janob Shu Fu!
JANOB ShU FU. O, nimasini aytasiz! Ha, endi o‘zgarishlar bo‘ladi. Anavi kimsa iste’foga chiqdi, do‘konga bo‘lgan da’volar ham o‘z kuchini yo‘qotadi. Shahardagi eng iffatli qizning sha’niga dog‘ tushirmoqchi bo‘lganlar endi men bilan hisoblashadi. Siz anavi Yan Sun deganini taniysizmi?
ShIN. U eng iflos, eng yalqov…
JANOB ShU FU. U – hech narsa. U yo‘q. U endi yashamaydi.
Sun kiradi.
SUN. Bu yerda nimalar bo‘layapti?
ShIN. Janob Shu Fu, xo‘p desangiz, men janob Shoy Dani chaqira qolay. U do‘konda begonalarning qaqqayib turishini istamasa kerak.
JANOB ShU FU. Shen De bonu bilan janob Shoy Da muhim bir masala ustida gaplashishayapti, ularga xalal berib bo‘lmaydi.
SUN. U shu yerdami? Qanday qilib? Uning bu yoqqa kirganini ko‘rmadim-ku! U qanday gap ekan? Men eshitishim kerak!
JANOB ShU FU (uning yo‘lini to‘sib). Kutib turishingizga to‘g‘ri keladi, afandim. Kim bilan gaplashayotganini sezib turibman. Ma’lumotingiz uchun aytib qo‘yayki, biz Shen De bonu bilan unashtirilganimizni e’lon etmoqchimiz.
SUN. Nima – nima?
ShIN. Nega hayron bo‘lasiz?
Sun ichkari xonaga kirmoqchi bo‘lib, sartarosh bilan talashadi, shu payt Shen De chiqib keladi.
JANOB ShU FU. Ma’zur tutasiz, azizim Shen De. Balki o‘zingiz tushuntirib berarsiz?
SUN. Shen De! Nima gap? Jinni bo‘ldingmi?
ShEN DE (hayajonlanib). Sun, amakivachcham va janob Shu Funing bitishuviga ko‘ra, men janob Shu Funing mahallamizdagi odamlarga yordam berish rejalari bilan tanishmoqchiman.
Pauza
Amakivachcham bizning munosabatlarimizni xush ko‘rmaydi.
SUN. Sen rozi bo‘ldingmi?
ShEN DE. Ha.
Pauza
SUN. Ular meni yomon odam deb aytishdimi? (Shen De indamaydi) Ehtimol, shundaydirman, Shen De. Shuning uchun ham sen menga keraksan. Men – pastkash bir odamman. Pulsiz, tarbiyasiz. Ammo men qarab turmayman. Ular baxtingga zavol bo‘lishadi, Shen De. (Unga yaqinlashib, past ovoz bilan) Unga bir qara! Ko‘zlaring qayoqda? (Qo‘lini uning yelkasiga qo‘yadi) Bechora ohu! Ular seni qayoqqa boshlashayapti? Hisob-kitobli nikohga! Men bo‘lmasam, ular seni kushxonaga ham sudrashadi. Qani, aytchi, men kelmasam, ular bilan ketarmiding?
ShEN DE. Ha.
SUN. O‘zing sevmagan kishi bilan-a?
ShEN DE. Ha.
SUN. Sen hammasini unutdingmi? Yomg‘ir yog‘ib turganini?
ShEN DE. Yo‘q.
SUN. Meni sirtmoqdan qanday qutqarganing, suv sotib olib berganing, mening yana uchishim uchun pul va’da qilganingni unutdingmi?
ShEN DE (qaltirab). Mendan nima istaysan?
SUN. Men bilan ketishingni istayman.
ShEN DE. Janob Shu Fu, meni kechiring, men Sun bilan ketaman.
SUN. Ko‘rayapsizmi, biz bir-birimizni sevamiz, siz buni tushuna olarmikinsiz? (Uni eshikka boshlaydi). Do‘konning kaliti qani? (Kalitni qizning cho‘ntagidan olib, Shinga uzatadi) Supurib bo‘lgach, buni ostona ustiga qo‘yib qo‘ying. Ketdik, Shen De.
JANOB ShU FU. Bu zo‘ravonlik! (Sahnaning ichkarisiga qarab qichqiradi). Janob Shoy Da!
SUN. Ayt, bu yerda baqirmasin!
ShEN DE. Kechirasiz, amakivachchamni chaqirmang, janob Shu Fu. Bilaman, u mening ishimga rozi bo‘lmaydi. Lekin, sezib turibmanki, u haq emas. (Tomoshabinlarga)

Men o‘z sevgan kishim bilan ketmoq istayman,
Bu qanchaga tusharkin, deb hisoblamayman.
O‘ylashni ham istamayman – to‘g‘ri qildimmi?
Bilishni ham istamayman – sevarmi meni?
Men o‘z sevgan kishim bilan ketmoq istayman.

Sun. Mana shundoq.
Shen De va Sun ketadilar.

PARDA OLDIDA INTERMEDIYa

Shen De to‘y libosida, nikohdan o‘tishga borayapti, u tomoshabinlarga murojaat qiladi.
ShEN DE. Hozirgina dahshatli daqiqani boshdan kechirdim. Uydan xursand bo‘lib, sho‘x-shodon orzularga to‘lib chiqarkanman, meni ko‘chada kampir – gilamfurishning xotini to‘xtatdi. U qaltirab, erining menga bergan puli uchun tashvish chekaverib, kasal bo‘lib qolganini aytdi. Pulni hoziroq qaytarib bersangiz, yaxshi bo‘lardi, dedi. Men albatta va’da qildim. U tinchib, ko‘zida yosh bilan menga baxt tiladi, uzr so‘rab, amakivachchamga ham, hattoki Sunga ham ishonmasligini aytdi. Men shunday arosatda qoldimki, kampir ketishi bilan, oyoqlarim bo‘shashib, o‘tirib qoldim. Ana shu arosat ichra men yana o‘zimni Yan Sunning quchog‘iga otdim. Uning ovozi, erkalashlari meni eritdi. Uning Shoy Daga aytgan barcha dag‘al so‘zlari Shen Dening esini kiritmadi. Uning ko‘ksiga bosh qo‘yib, farishtalar mening o‘z o‘zimga ham mehribon bo‘lishimni istagan edi deb o‘yladim.

Gar boshqalar halok bo‘lmasin, desang,
O‘zingni ham halok aylama.
Gar boshqalar baxtga yor bo‘lsin, desang,
O‘zingni ham baxtiyor ayla…

Qandoq qilib men mehribon chol-kampirni unutib qo‘yibman? Sun xuddi dovulga o‘xshab, mening do‘konimni, unga qo‘shib butun do‘stlarimni Pekinga qarab uchirdi. Ammo u yomon odam emas va meni sevadi. Erkakning erkakka aytgan so‘zi – hali hech gapmas. Bunday paytlarda u ulug‘, qudratli va, albatta, qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinishga intiladi. Men chol-kampirning ahvoli tang, soliq to‘lasha olmaydi, desam, bas, u hamma gapni tushunadi. U tsement zavodiga ishchi bo‘lib kiradi, jinoiy yo‘l bilan uchuvchi bo‘lmaydi. Ha, uchish – uning jonu dili. Lekin uning qalbida ezgu tuyg‘ular uyg‘otishga kuchim yetarmikin? Nikohdan o‘tishga borayapman – yuragim to‘la quvonch va qo‘rquv. (Tez ketadi)

VI

Shahar chekkasidagi arzon restoranning alohida xonasi. Ofitsiant to‘yga kelgan mehmonlarga sharob quyadi. Shen De yonida qariya, kelinchak, qiz jiyan, Shin va ishsiz kishi turishibdi. Burchakda yolg‘iz Bonza kutib o‘tiribdi. Oldingi planda Sun onasi Yan xonim bilan gaplashmoqda. U qora smokingda.
SUN. Oyi, bir oz noxushlik yuz berdi. U o‘ziga xos soddalik bilan, do‘konni sotolmayman, dedi. Qandaydir kishilar u qarzga olib, senga bergan ikki yuz kumush dollarni talab qilishibdi. Amakivachchasi qarz uchun orada tilxat yo‘q, deb o‘zi menga iqror bo‘lgan edi.
YaN XONIM. Sen unga nima deding? Sen, albatta, unga uylana olmaysan.
SUN. Bu gaplarni unga gapirish foydasiz. U judayam to‘mtoq. Men amakivachchasiga kishi yubordim.
YaN XONIM. Amakivachchasi uni sartaroshga bermoqchi-ku.
SUN. Men bu gaplarga barham berdim. Sartaroshning ham qorasi o‘chdi. Endi amakivachchasi ham o‘ylab ko‘radi, bas, ikki yuz kumush dollar mening qo‘limda ekan, do‘konning ham kuni bitdi, u berilgan qarz uchun garovga olinadi. (Lekin u yana o‘ylaydi) Tag‘in uch yuz olmasam, men ucholmayman.
YaN XONIM. Chiqib, men uni ko‘chada poylab turaman. Sen kelinning yoniga bor, Sun!
ShEN DE (tomoshabinlarga). Men unga ishonib, adashmadim. U kayfiyatini sira buzmadi. Albatta unga uchishdan voz kechish og‘ir. Lekin u o‘zini tetik tutayapti. Men uni sevaman. (Bosh ishorasi bilan Sunni o‘z yoniga chaqiradi) Sun! Sen kelin bilan hali qadah urishtirmading.
SUN. Xo‘sh, nima uchun ichamiz?
ShEN DE. Kelajak uchun.
Ichadilar.
SUN. Kuyov kostyumni ijaraga olib yurmasin.
ShEN DE. Kelin gohi yomg‘irda qolib, ko‘ylagi ivisa ham mayli…
SUN. Eng yaxshi orzular uchun!
ShEN DE. Ular tezroq ro‘yobga chiqsin!
YaN XONIM (tashqariga chiqayotib, Shinga). Men o‘g‘limdan behad xursandman. Men unga hamisha, istagan qizingga uylanasan, deb aytar edim. Nega deysizmi? Axir, u mexanik va uchuvchi. U hozir menga nima deydi deng? Oyi, men sevib uylanayapman. Pul bu hali hamma narsa emas. Bu – sevgiga suyangan nikoh! (Kelinchakka) Bir kun emas, bir kun shundoq bo‘lishi kerak-ku.
Shundoq emasmi? Ammo onaga oson tutmang. Ha, oson emas. (Bonzaga, baland ovozda) Jonim, judayam shoshilavermang. Marosimni o‘tkazishga ketgan vaqtingiz qadar vaqt sarflab, haqingiz uchun talashsangiz, shubhasiz, u ancha ortgan bo‘lardi. (Shen Dega) Biz biroz kutamiz, azizam. Mo‘tabar mehmonlardan biri hali kelmagan. (Hammaga) Uzr. (Ketadi)
KELINChAK. May bor ekan, kutaveramiz.
IShSIZ. Shoshilib, qayoqqa ham boramiz.
SUN (baland ovozda, hazilomuz). Nikoh oldidan seni bir imtihon qilib ko‘rmoqchiman. Nikohlar yashin tezligida o‘tkazilayotgan hozirgi zamonda bu ish foydadan xoli emas. (Mehmonlarga) Xotinim qanaqa odam o‘zi, men bilmayman. Mana shu narsa meni tashvishlantiradi. Xo‘sh, ayt-chi, uch dona choy bargidan besh piyola choy tayyorlay olasanmi?
ShEN DE. Yo‘q.
SUN. Demak, men choysiz qolar ekanman. Xo‘sh, kaftdek kursiga chiqib, yota olasanmi?
ShEN DE. Ikkimizmi?
SUN. Yolg‘iz o‘zing.
ShEN DE. U holda – yo‘q.
SUN. Mana, peshonamga qanday xotin bitganini ko‘rib qo‘ying.
Hamma kuladi. Shen Dening yelkasi osha, eshikda Yan xonim ko‘rinadi. U kutilayotgan mehmondan darak yo‘q, deb Sunga yelkasini qisadi.
YaN XONIM (soatini ko‘rsatayotgan Bonzaga qarab). Namuncha shoshilasiz? Yana jindak kutamiz, xolos. Qarang, hamma ichib, chekib o‘tiribdi, hech kim shoshilayotgani yo‘q. (Mehmonlar yoniga kelib o‘tiradi)
ShEN DE. Ishni saranjomlashni bir gaplashib olsakmikin?
YaN XONIM. O, marhamat qilib, bugun ishdan og‘iz ochmang. To‘y sovib qoladi, shundoq emasmi?
Qo‘ng‘iroq chalinadi. Hamma o‘girilib eshikka qaraydi, ammo hech kimdan darak yo‘q.
ShEN DE. Oying kimni kutayapti, Sun?
SUN. Bu hozircha sir. Aytmoqchi, amakivachchang Shoy Da qaylarda yuribdi? Biz u bilan chiqishib qoldik. Juda aqlli yigit! Kallasi ishlaydi! Nega indamaysan?
ShEN DE. Bilmadim. Men u haqda o‘ylashni istamayman.
SUN. Nega endi.
ShEN DE. Sen u bilan chiqishmasliging kerak. Meni sevsang, uni sevolmaysan.
SUN. Unda amakivachchangni jin ursin. Qani, ich! (Zo‘rlab ichiradi)
KELINChAK (Shinga). To‘yga o‘xshamayapti.
ShIN. Siz nima deb o‘ylovdingiz?
BONZA (shartta o‘rnidan turib, Yan xonimga yaqinlashib, unga soatini ko‘rsatib). Men ketishga majburman, Yan xonim. Bugun yana bitta to‘y bor, ertaga ertalab dafn marosimi.
YaN XONIM. Paysalga solib o‘tirish menga xush yoqadi deb o‘ylaysizmi? Biz bir ko‘za sharob yetadi, deb o‘ylagandik. Qarang, ko‘za bo‘m-bo‘sh. (Baland ovozda Shen Dega) Hayronman, azizim Shen De, amakivachchang nega bizni shuncha kuttirib qo‘ydi?
ShEN DE. Amakivachcham?
YaN XONIM. Azizim, biz o‘shani kutayapmiz. Men eski rasm-rusumlar tarafdoriman, shundoq yaqin qarindoshing to‘yda bo‘lishi shart.
ShEN DE. O, Sun, bu haligi uch yuz kumush dollar uchun!
SUN (unga qaramay). Nima uchunligini eshitib turibsan. U eski rasm-rusumlarni sevadi. Men buni hisobga olishim kerak. Yana chorak soat kutamiz, kelmasa, jin ursin, o‘zimiz boshlayveramiz!
YaN XONIM. Albatta, hamma eshitgan bo‘lsa kerak, o‘g‘lim pochta samol­yoti uchuvchisi bo‘lib ishga joylashayapti. Bu meni quvontiradi. Bu zamonda ishlab, ko‘proq pul topish kerak.
KELINChAK. U Pekinda yashaydimi?
YaN XONIM. Ha, Pekinda.
ShEN DE. Sun, endi Pekinga borolmayman deb oyingga aytishing kerak.
SUN. Agar gaplaring bir joydan chiqsa, buni unga amakivachchang aytadi. Menimcha, u boshqacha fikrda bo‘lsa kerak.
ShEN DE (qo‘rqib). Sun!
SUN. Sichuanni ko‘rarga ko‘zim yo‘q! Ko‘z qirimni tashlasam, bu yerdagilar, bilasanmi, menga nima bo‘lib ko‘rinadi? Qirchang‘i ot bo‘lib. Ular boshlarini u yoqdan-bu yoqqa siltagani-siltagan: voy, ustimizda nima taraqlayapti? Yo‘g‘-ey? Biz endi kerak bo‘lmay qoldikmi? Bu qanaqasi? Vaqtimiz bitdimi? Mayli, ular bu o‘laksa shaharda bir-birini g‘ajiyversin! Biz bu yerdan chiqib olsak, bas!
ShEN DE. Ammo men pulni qaytarib beraman, deb va’da qildim.
SUN. Buni boya aytding. Shundoq nodonlikka borasanmi, a? Yaxshiyam, amakivachchang keladi. Ich va ishni qanday bitirishni bizga qo‘yib ber! Biz hammasini tinchitamiz.
ShEN DE (jig‘ibiyron bo‘lib). Axir, amakivachcham kelolmaydi!
SUN. Nega kelolmas ekan?
ShEN DE. U hozir bu yerda yo‘q.
SUN. Xo‘sh, unda ayt-chi, endi qandoq yashaymiz?
ShEN DE. O‘ylaymanki, senda anavi ikki yuz kumush dollar turibdi. Uni ertagayoq egasiga qaytarib, tamakini saqlab qolamiz, tamaki qimmat, uni tsement zavodi darvozasi oldida pullaymiz. Yo‘qsa, yarim yillik ijara haqini to‘lab bo‘lmaydi.
SUN. Buni kallangdan chiqar! Tamom, unut! Men, uchuvchi Yan Sun, ko‘chada, tsement zavodi ishchilariga tamaki sotamanmi? Undan ko‘ra o‘sha ikki yuz kumush dollarni bir kechada sovurishim yoki suvga oqizishim afzal emasmi! Amakivachchang mening kimligimni biladi. Men u bilan kelishganman, u to‘yga deb yana uch yuz keltiradi.
ShEN DE. Amakivachcham kelmaydi.
SUN. Keladi, kelmay iloji yo‘q.
ShEN DE. Men bor joyga u oyoq bosmaydi.
SUN. G‘alati-ku!
ShEN DE. Sun, qulog‘ingga quyib ol: u senga do‘st emas. Seni men sevaman. Amakivachcham Shoy Da hech kimni sevmaydi. U menga do‘st, ammo do‘stlarimga do‘st emas. U uchuvchi bo‘lib joylasharsan, deb chol-kampirning pulini olishingga rozi bo‘ldi. Lekin to‘yga deb u uch yuz kumush dollar keltirmaydi.
SUN. Nega keltirmas ekan?
ShEN DE (uning ko‘zlariga tikka boqib). Uning aytishicha, Pekinga yolg‘iz bitta chipta olganmishsan.
SUN. Kecha shundoq bo‘lgan edi, ammo bugun men unga ko‘rsatishim mumkin! (Ko‘krak cho‘ntagidan ikkita qog‘ozni chala-yarim chiqazadi). Kampir ko‘rib qolmasin. Pekinga bir juft chipta, ikkimizga. Sen hali amakivachchang bizning nikohimizga qarshi deb o‘ylaysanmi?
ShEN DE. Yo‘q. uchuvchilik – yaxshi kasb. Mening endi do‘konim yo‘q.
SUN. Seni deb mebelni sotdim.
ShEN DE. Bas, boshqa gapirma! Biletlarni ko‘rsatma! Hozir shundoqki, hamma narsadan kechib, sen bilan ketib qolishim hech gapmas. Oh, Sun, senga uch yuz dollar berolmayman, chol-kampirni o‘ylasang-chi!
SUN. Sen meni o‘ylasang-chi!
Pauza
Yaxshisi, ich! Yoki sen esli-hushli xotinlardanmisan? Menga aqlli xotin kerak emas. Men ichsam, go‘yo yana uchaman. Sen ham ich, balki shunda tushunarsan meni.
ShEN DE. Meni tushunmaydi deb o‘ylama, sen uchmoqchisan, men esa yordam berolmayman, mana shuni tushunmaysan.
SUN. “Mana, samolyot, sevgilim, lekin bitta qanoti bor!”
ShEN DE. Halol yo‘l bilan Pekindagi o‘sha joyga joylashib bo‘lmaydi. Shuning uchun men haligi ikki yuz kumush dollarni qaytarib olishim kerak. Hoziroq pulni ber, Sun!
SUN. “Hoziroq pulni ber, Sun!” Nimalar deyapsan? Menga xotinmisan yoki yo‘q? Meni sotayapsan-ku, nahotki tushunmasang? Hayriyatki, baxtimizga, bu yog‘i senga bog‘liq emas, hammasi allaqachon hal qilib qo‘yilgan.
YaN XONIM (sovuq ohangda). Sun, kelinning amakivachchasi keladi deb ishonasanmi? U bu nikohni istamaydi, shuning uchun ham kelishi dargumon.
SUN. Nimalar deyapsiz, oyi! Biz u bilan shundoq qalinmizki, oradan qil o‘tmaydi. Men eshikni lang ochib qo‘yaman, toki u do‘stining to‘yiga kelib, bizni darhol topib olsin. (Eshikka borib, uni tepib ochadi. U ko‘p ichib qo‘ygan, yengil chayqalib iziga qaytadi, Shen Dening yoniga o‘ltiradi) Kutamiz. Amakivachchang sendan aqlliroq. Sevgini hayotdan ajratib bo‘lmaydi, deb juda to‘g‘ri aytdi. Eng muhimi, bu ishlar oqibatida ham ersizu ham do‘konsiz qolishingni u yaxshi biladi.
Hamma kutadi.
YaN XONIM. Kelayapti!
Oyoq tovushlari eshitiladi, hamma eshikka tikiladi, oyoq tovushlari uzoqlashadi.
ShIN. Janjal bo‘ladi. Sezayapsizmi? Kelin to‘yni, kuyov uning amakivachchasini kutayapti.
SUN. Amakivachcha janoblari shoshilmaydilar.
ShEN DE (sekin). Oh, Sun!
SUN. Cho‘ntagimga bir juft chiptani solib, sanoqni ham bilmaydigan bir nodon bilan qaqqayib yonma-yon o‘tirishimni qarang! Bir kun emas, bir kun politsiyani uyimga boshlab kelib, mendan ikki yuz dollarni talab qilishingni oldindan ko‘rib turibman.
ShEN DE (tomoshabinlarga). U yaxshi odam emas, mening ham shundoq bo‘lishimni istaydi. Uni sevadigan men yonida o‘tiribman, u esa amakivachchamni kutadi. Ammo mening atrofimda alamzadalar – kasalmand cholu kampir, ertaga do‘kon eshigida bir kosa guruchga ko‘z tikib turuvchi kambag‘allar, ish joyim qo‘ldan ketmasa edi, deb qo‘rqib-qaltirab yuruvchi pekinlik notanish uchuvchi o‘ltirishibdi. Ular hammasi menga suyanadi, shuning uchun meni muhofaza etadi.
SUN (shisha ko‘zaga tikilib qaraydi, ko‘zada sharob qolmagan). Sharob solingan ko‘za – bizning soatimiz. Biz kambag‘al kishilarmiz, mehmonlar sharobni ichib tugatishibdi, demak, soatimiz endi butunlay to‘xtab qolibdi.
Yan xonim unga “jim bo‘l” deb ishora qiladi, yana oyoq tovushlari eshitila boshlaydi.
OFISIANT (kiradi). Yana sharob keltiraymi, Yan xonim?
YaN XONIM. Yo‘q, menimcha yetadi. Sharob kishini bo‘shashtirib yuboradi, shundoq emasmi?
ShIN. Puli ham ozmuncha emasdir.
YaN XONIM. Men sharob ichsam, nuqul terlayman.
OFISIANT. Unda hisob-kitob qila qolaylik?
YaN XONIM (unga quloq solmay). Janoblar, yana jindak sabr. Kelinning qarindoshi hozir yo‘lda bo‘lsa kerak. (Ofitsiantga) Xalal berma!
OFISIANT. To hisob-kitob qilinmas ekan, men hech kimni qo‘yib yubora olmayman.
YaN XONIM. Meni bu yerda hamma taniydi.
OFISIANT. Shuning uchun ham qo‘yib yubora olmayman.
YaN XONIM. Tavba! Bugungi xizmatkorlar shunaqa! Sen nima deysan, Sun?
BONZA. Yaxshi qolinglar! (Viqor bilan yurib, chiqib ketadi)
YaN XONIM (jig‘ibiyron bo‘lib). Qimirlamanglar! Ruhoniy hozir qaytib keladi.
SUN. Oyi, bo‘ldi, bas qiling endi. Janoblar, ruhoniy ketib qolgach, sizlarni ortiq tutib turolmaymiz.
KELINChAK. Yuring, bobojon!
QARIYa (stakanni bo‘shatib, jiddiy). Kelinning sog‘ligi uchun!
QIZ JIYaN (Shen Dega). Undan ranjimang. Yurakdan chiqazib aytdi. U sizni yaxshi ko‘radi.
ShIN. Ana sharmandalik!
Barcha mehmonlar ketadi.
ShEN DE. Men ham ketsammikin, Sun?
SUN. Yo‘q, sen kutib turasan. (Uning ro‘molidan siltab tortadi, ro‘mol bir tarafga qiyshayib qoladi) Yoki bu sening to‘ying emasmi? Men kutayapman, kampir kutayapti. Chamamda, u hali ham ko‘kda uchgan lochinni ko‘rmoqda. Rost, men ishonaman, bu muqaddas Hafshanba kuni ro‘y beradi: unda onam eshikka qarab yuradi, shu payt uning tomi ustidan o‘g‘lining samolyoti gumburlab uchib o‘tadi. (Bo‘m-bo‘sh stullarga qarab, go‘yo ularda hali ham mehmonlar o‘tirganday) Xonimlar va janoblar, nega shirin suhbatni davom ettirmayapsiz? Yoki bu yer sizga yoqmayaptimi? To‘yni biroz kechiktirdik, sababi, bir mo‘tabar mehmon hayallab qoldi, buning ustiga – kelin hali muhabbat nimaligidan bexabar. Sizlarni biroz ovuntirib turish uchun men – kuyov hirgoyi qilib beraman. (Kuylaydi)

Muqaddas Hafshanba haqida qo‘shiq

Kimda kim kambag‘al beshikka yotmish,
Shu sirli allaning zavqini totmish.
Sohibi taxt bo‘lar kambag‘al bir kun,
Degan qo‘shiqqa u ishonmish butun.
Bu qutlug‘ Hafshanba kuni ro‘y berar,
O‘sha kun kambag‘al taxtga o‘ltirar.

O‘sha kun qabohat bo‘g‘ilar butkul,
O‘sha kun ezgulik ochilar gul-gul.
Qo‘lni qo‘lga berib xo‘jayin, qaror,
Sharobxona sari borishar xushhol.
Muqaddas Hafshanba kuni muqarrar
Qiltiriq semizning mehmoni bo‘lar.

Anhor suvi oqar ortiga ravon,
Yomonlar ko‘rinmas, hamma mehribon.
O‘sha kun barchaga rohat bo‘lar, bas,
“Ha, bo‘l!” deb birovni birov niqtamas.
Muqaddas Hafshanba kuni muqarrar
Er yuzi jannatdek yashnab-yarqirar.

O‘sha kun general bo‘larsan tayin,
Men esam, ko‘klarga uchardim lekin.
Vanning og‘riq qo‘li tuzalib tamom,
Sen ham tinib-tinchib, olarding orom.
Muqaddas Hafshanba kuni ehtimol,
Sen ham tinib-tinchib qolarding, ayol.

Ortq kutolmaymiz, tugadi bardosh,
Zahmatkash insonlar, barcha qari-yosh
Qutlug‘ Hafshanbani talab qilamiz,
Qutlug‘ Hafshanba kun kelaqolsin tez,
Toki dam olaylik biz ham bemalol!

YaN XONIM. U endi kelmaydi.
Uchovi o‘tiribdi, ikkisining ko‘zi eshikda.

INTERMEDIYa

Meshkobning tushiga yana farishtalar kiradi. U katta bir kitobni ochib, shu ko‘yi uxlab qolgan. Musiqa.
VAN. Hayriyatki, keldingiz, oqilu donolar! Boshimni qotirgan bir savolga javob bersangiz. Ruhoniy ruhoniylikni tark etib, tsement zavodiga ishchi bo‘lib ketdi. Uning tashlandiq, xaroba kulbasidan bir kitob topib olib, unda g‘alati bir jumlaga duch kelib qoldim. Sizga o‘qib bermoqchiman. Mana eshiting. (Tushida ko‘rinayotgan kitobni o‘ng qo‘lida tutib, chap qo‘li bilan uni varaqlaydi. Haqiqiy kitob tizzasida turibdi. U o‘qiy boshlaydi) “Sung viloyatida Changalzor degan joy bor. U yerda kaktuslar, sarvlar va tut daraxtlari o‘sadi. Bilakdek keladigan nihollarni odamlar kesib, itlariga katak yasashadi. Undan uch-to‘rt karra yo‘g‘onroq daraxtlarni boy va kibor oilalar kesib, tobut uchun taxta yo‘nishadi. Tanasiga quloch yetmaydigan daraxtlarni esa ayrim odamlar hashamatli yozlik imoratlariga g‘o‘la o‘rnida ishlatishadi. Shunday qilib, bu daraxtlarning hammasi o‘zining yarim umrini arang yashab, arra va boltaga yem bo‘ladi. Kim ko‘proq foyda keltirsa, o‘sha ko‘p azob chekadi”.
UChINChI FARIShTA. Bundan chiqdiki, kim o‘ta foydasiz bo‘lsa, o‘sha hammadan qadrli bo‘lar ekan-da?
VAN. Yo‘q, u hammadan baxtiyor bo‘ladi. Eng yaramas inson – eng baxtiyor inson.
BIRINChI FARIShTA. Tavba, nimalarni yozishmaydi!
IKKINChI FARIShTA. Bu rivoyat nega seni o‘ylantirib qo‘ydi, meshkob?
VAN. Shen De tufayli, oqilu donolar! U muhabbatda baxt topmadi, negaki, yaqinlaringga mehribon bo‘l, degan qoidaga amal qildi. Bu dunyo uchun u o‘ta oqko‘ngil shekilli!
BIRINChI FARIShTA. Bekor gap! Ojiz va notavon bandasan! Ko‘rib turibmanki, bit bilan shakkoklik teng yarmingni yamlab qo‘yibdi.
VAN. Albatta, albatta, ey oqilu dono! Uzr! Balki aralashtirib ko‘rarmikansiz, deb o‘ylabman.
BIRINChI FARIShTA. Bu sirayam mumkin emas. Do‘stimiz (uchinchi farishtaga ishora etadi, uning ko‘zlari osti shishib, ko‘kargan) kecha bahsga aralashgan edi, mana oqibati.
VAN. Yana amakivachchasini chaqirtirishga majbur bo‘ldi. O‘zim sinab ko‘rganman, u judayam epchil kishi, ammo o‘sha ham yordam berolmayapti. Do‘konning kuni bitganga o‘xshaydi.
UChINChI FARIShTA (tashvishlanib). Balki, yordamlashib yuborarmiz, nima deysizlar?
BIRINChI FARIShTA. Mening fikrimcha, u o‘z o‘ziga yordamlashmog‘i kerak.
IKKINChI FARIShTA (keskin). Yaxshi kishi qancha ko‘p qiynalsa, o‘zligini shuncha ko‘p namoyish etadi. Azob-iztirob kishini tozalaydi!
BIRINChI FARIShTA. Undan umidimiz katta.
UChINChI FARIShTA. Qidiruvlarimiz jilla natija bermayapti. Biz goho yaxshi niyat, ezgu maqsad, bir talay yuksak tamoyillarga duch kelamiz, ammo bular bari yaxshi inson nomini olishga kamlik qiladi. Bir qadar yaxshi odamlar uchraydi, ular odamdek yashamaydi. Usti-boshimizga yopishgan mana shu xoru xaslardan har kecha qayerda tunashimizni tasavvur qilaver.
VAN. Axir, siz, hech bo‘lmaganda…
FARIShTALAR. Zarari yo‘q. Biz yolg‘iz kuzatuvchilarmiz, xolos. Va ishonamizki, yaxshi inson ana shu qorong‘u dunyoda o‘z o‘rnini topib oladi. Yuk qancha og‘ir bo‘lsa, kuch shuncha mustahkam bo‘ladi. Yana biroz sabr qil, meshkob, ko‘rasan, hammasi xayrli…
Farishtalar asta so‘nib, ovozlari pasayib boradi. Nihoyat, ular g‘oyib bo‘lib, ovozlari tamom eshitilmay qoladi.

VII

Shen De tamaki do‘koni ortidagi hovli. Aravachada uy-ro‘zg‘orga tegishli lash-lushlar. Shen De va Shin quritish uchun dorga yoyilgan choyshab va ich kiyimlarni yig‘ishtirib olishayapti.
ShIN. Men sizning o‘rningizda bo‘lsam, do‘konim uchun tish-tirnog‘im bilan kurashardim.
ShEN DE. Qo‘ysangiz-chi! Do‘kon uchun hatto ijara haqi to‘lashgayam pulim yo‘q-ku… Bugun chol-kampirga ikki yuz kumush dollarni qaytarishim kerak, uni birovga berib qo‘ydim, endi tamakini Mi Dzyu xonimga sotishga to‘g‘ri keladi.
ShIN. Xullas, hammasi tugadi deng? Na er, na tamaki, na boshpana! Ko‘rpangga qarab oyoq uzatmasang, shunaqa bo‘ladi. Endi qanday yashaysiz?
ShEN DE. Bilmadim. Balki tamaki tozalashga yollanarman.
ShIN. Janob Shoy Daning chalvori bu yerga qayoqdan kelib qoldi? Nima, u yalang‘och jo‘nadimi?
ShEN DE. Uning boshqa chalvori bor edi.
ShIN. Uni butunlay ketdi dedingiz, shekilli? Nega chalvorini qoldiribdi?
ShEN DE. Kerak emasdir-da.
ShIN. Uni joylaymi?
ShEN DE. Yo‘q.
Hansirab, bo‘g‘ilib Shu Fu kiradi.
JANOB ShU FU. Bas qilinglar. Menga bari ayon. Siz o‘zingizga ishongan chol-kampirni qutqaraman deb shaxsiy baxtingizdan voz kechdingiz. Yo‘q, bu mahalla, hammaga shubha bilan qarovchi bu toshbag‘ir odamlar sizni bekorga farishta deb atamaydi. Kuyovto‘ra siz ko‘tarilgan ma’naviy yuksaklikka ko‘tarila olmadi, siz u bilan ajrashdingiz. Endi ko‘plar uchun najot orolchasi bo‘lmish do‘konni bekitmoqchimisiz? Men bunga chidab turolmayman. Men har kuni ertalab eshigimdan boqib, do‘koningiz oldida to‘plangan beva-bechoralarni, ularga guruch ulashib berayotganingizni ko‘rib turardim. Nahotki, bu endi takrorlanmasa? Nahotki, xayrli ish halokatga mahkum bo‘lsa? Oh, ana shu oliyjanob ishda sizga yordam qo‘lini cho‘zishga ijozat bersangiz edi! Yo‘q, hech narsa demang! Meni ishontirishning hojati yo‘q! Yordamimni qabul qilishingizni aytib, va’dalar ham bermang! Ammo, mana (Cho‘ntagidan daftarchasini olib, chek yozib, uni aravacha ustiga tashlaydi.) sizga chek, o‘zingiz istagan raqamni unga yozishingiz mumkin. Men endi hech narsa da’vo qilmayman, faqat sizga nisbatan hurmat-ehtiromga to‘lib, oyoq uchida yurib, jimgina, kamtarinlarcha, fidoyilarcha yo‘limga ravona bo‘laman! (Ketadi.)
ShIN (chekni ko‘zdan kechirib). Qutuldingiz! Sizdaqalarga omad hamisha yor! Qani, ming kumush dollar deb yozing, anavi hushini yig‘ib olmasdan men bankga yuguray.
ShEN DE. Kiyimlar solingan savatni aravachaga qo‘ying. Kirchining haqini cheksiz ham to‘lay olaman.
ShIN. Nima? Chekni olmaysizmi? Bu jinoyat! Chekni olsam, unga turmushga chiqishimga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylaysizmi? Bu g‘irt jinnilik. Axir u meni laqillatinglar, deb o‘z oyog‘i bilan o‘zi kelib turibdi-ku! Bunaqalar shundan zavq oladi. Nahotki, o‘sha uchuvchingizdan hamon ko‘ngil uzolmayapsiz? U sizni qanchalar xo‘rlaganini butun mahalla, butun Sariq ko‘cha biladi.
ShEN DE. Hammasiga kambag‘allik aybdor. (Tomoshabinlarga)

Men ko‘rdim, u tunda qovog‘in solib,
Osiltirib oldi labi-lunjini.
Serjahl ko‘rindi shunda naqadar!
Ertalab ko‘ylagin olib qaradim,
Ilma-teshik ekan ko‘ylagi.
Shum kulgusi meni dahshatga soldi.
Ammo oyog‘ida yirtiq tufli ko‘rib,
Yana angladimki, sevaman uni…

ShIN. Hali uni oqlamoqchimisiz? Bunaqangi tentaklikni sira uchratmagandim. (Jahli chiqib) Bu yerdan jo‘nasangiz, xudoga shukur derdim.
ShEN DE (ich kiyimni dordan olayotib, chayqalib ketadi.) Boshim aylandi.
ShIN (uning qo‘lidan ich kiyimni olib). Uzanib-engashganingizda boshingiz tez-tez aylanib turadimi? Boshqorong‘i bo‘lmang tag‘in? (Kuladi.) U sizni rosa tushiribdi-ku. Agar shu gap rost bo‘lsa, ish chatoq, bunday paytlarda chek berilmaydi. (Savatni ko‘tarib, sahnaning ichkarisiga qarab ketadi.)
ShEN DE (Uning izidan indamay qarab qoladi. Keyin o‘zini ko‘zdan kechiradi, kafti bilan qornini silaydi, yuzida shodon bir tabassum paydo bo‘ladi. Sekin). O, baxt! Menda inson tug‘ilayapti! Hozircha hech narsa sezilmaydi. Ammo u mana shu yerda. Dunyo uni yashirincha kutadi. Shaharlarda allaqachon aytib yurishibdi: shundoq bir odam paydo bo‘ladiki, u bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi… (Tomoshabinlarga o‘zining jajji o‘g‘lini go‘yo tanishtirib) Uchuvchi!

Osmon o‘par tog‘lar, ovloq yerlarni
Zabt etuvchiga siz ayting sharaflar!
U kimsasiz cho‘llar, sahrolar osha
Insondan insonga maktublar eltar.

(Xayolan o‘g‘ilchasini yetaklab, u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi.) Yur, o‘g‘lim, dunyoni ko‘rib qo‘y. Mana bu – daraxt. Unga egilib salom ber. (Ta’zim qiladi.) Quloq sol, ana meshkob kelayapti. U bizga do‘st, unga qo‘lingni cho‘z, qo‘rqma. Marhamat qilib, o‘g‘limga bir krujka suv bering! Bugun havo issiq. (O‘g‘liga suv tutadi.) Voy, politsiyachi kelayapti! Yaxshisi, unga ko‘rinmaylik. Fey Pun boyning bog‘iga kirib, olcha uzaylik. Faqat birov ko‘rib qolmasin. Yur, yetimcham! Nima, sening ham olcha yeging kelayaptimi? Jim, sekinroq, o‘g‘lim! (Atrofga olazarak boqib, hadiksirab, ehtiyot bo‘lib yurishadi.) Yo‘q, yaxshisi bu yoqqa yuramiz, butalar bizni pana qilib turadi. Voy, tikkasiga borib nima qilasan? (Bola aftidan oyisini sudraydi, oyisi ko‘nmaydi.) Aqlni ishga solaylik. (To‘satdan ko‘nib, rozi bo‘ladi.) Qo‘ymading, qo‘ymading-da… (Bolani ko‘taradi.) Olchalarga qo‘ling yetadimi? Ularni to‘ppa to‘g‘ri og‘zimga solaver, shunda hech qayoqqa ketmaydi! (O‘g‘li og‘ziga solgan olchani yeb ko‘rib) Shirin! O, politsiyachi! Qochamiz! (Qochadilar.) Mana, ko‘chaga ham chiqib oldik. Endi o‘zingni bos, shoshilma, yo‘qsa, boshqalar gumonsirab qolishadi. Go‘yo hech narsa bo‘lmaganday… (Xayolan bolasi bilan sayr etib, kuylaydi.)

Olucha bechorani
Bir daydi ushlab oldi,
Judayam epchil ekan,
Bo‘ynidan tishlab oldi…

Bola yetaklab meshkob Van kiradi. U Shen Dega hayron bo‘lib qaraydi.
ShEN DE (Vanning yo‘talganiga o‘grilib). Van, o‘zingmisan? Assalomu alaykum!
VAN. Shen De, eshitdimki, ahvoling og‘ir, qarzingdan qutulish uchun do‘konni sotmoqchi emishsan. Ammo manavi bola boshpanasiz. Kushxona hovlisida tentirab yuribdi. Bu bir necha hafta burun ustaxonasidan ayrilib, ichkilikka berilgan duradgor Li Toning o‘g‘li bo‘lsa kerak. Uning bolalari och-yalang‘och, darbadar yurishibdi. Buni nima qilsam ekan?
ShEN DE (bolani undan olib). Kela qol, bolam. (Tomoshabinlarga)

Hoy, eshiting! Inson boshpana so‘rar,
Bugun yordam so‘rar ertangi inson.
Uning do‘sti, sizga tanish jahongir
Uni panohiga olur shu zamon.

(Vanga) U janob Shu Funing choldevorida yashab turadi, balki men ham o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tarman. Mening ham o‘z bolam bo‘ladi. Faqat bu haqda hech kimga og‘iz ochma, Yan Sun eshitib qolmasin, bizning unga keragimiz yo‘q. Quyi shaharda Lin Toni topib ayt, mening qoshimga kelsin.
VAN. Rahmat senga Shen De. Biror chorasini topishingni bilardim. (Bolaga) Ko‘rdingmi, yaxshi kishi hamisha chorasini topadi. Men borib, otangni chaqirib kelay. (Ketmoqchi bo‘ladi.)
ShEN DE. Darvoqe, Van, qo‘ling qalay? Men sen uchun guvohlikka o‘tmoqchi edim, ammo amakivachcham…
VAN. Tashvish chekma. Qara, men o‘ng qo‘limsiz ham ishni eplay olaman. Menga endi o‘ng qo‘lning keragi yo‘q. (O‘ng qo‘lsiz ko‘za va krujkani qanday eplashni ko‘rsatib beradi.) Mana, qara, menga buning hech qiyinchiligi yo‘q.
ShEN DE. Ammo qo‘ling shundoq qotib qolmasligi kerak. Mening aravachamni ol-da, undagi bor narsani sotib, doktorga uchra. O‘z so‘zimning ustidan chiqolmaganimga hijolatman. Buning ustiga, sartaroshning choldevorini olishga ham rozi bo‘ldim. Sen bunga nima deysan?
VAN. Unda uysizlar va o‘zing yashay olasan, bu mening qo‘limdan ko‘ra muhimroq. Duradgorni chaqirib kelaman. (Ketadi.)
ShEN DE (uning ortidan qichqirib). Men bilan doktorga boraman deb va’da ber!.. (Shin qaytib kirib, unga turli imo-ishoralar qiladi.) Nima gap?
ShIN. Aqldan ozdingizmi? Kishi so‘nggi lash-lushlari bilan aravachasini ham birovga sovg‘a qiladimi? Uning qo‘li og‘risa, sizga nima? Agar bu gapdan sartarosh xabar topsa, o‘sha choldevordan ham quvib haydaydi sizni. Kiringizni yuvganim uchun haqimni hali to‘laganingiz yo‘q!
ShEN DE. Siz nega muncha zaharsiz? (Tomoshabinlarga)

Yaqinlaringizni toptab, ezishdan
Nahot charchamaysiz? Manglayingizda
Ochko‘zlikdan bo‘rtib turar tomirlar.
Chin yurakdan cho‘zilgan qo‘lning
Berishi ham oson, olishi ham.
Saxiy bo‘lish naqadar zarur!
Ochiq chehra bo‘lish naqadar yaxshi!
Shirin so‘zlar
Bag‘ringizdan uzilar yengil nafasdek…

(Shin arazlab ketib qoladi.Bolaga) Sen shu yerda o‘tirib tur. Hozir otang keladi.
Bola yerga o‘tiradi. Hovliga yoshi o‘tib qolgan er-xotin kirishadi. Ular Shen De do‘kon ochgan kun kelishgan edi. Er-xotin katta qoplarni ko‘tarib olishgan.
XOTIN. Yolg‘izmisan, Shen De? (Shen De “ha” deb boshi bilan tasdiqlagach, xotin jiyanini chaqiradi, jiyani ham qop ko‘tarib kiradi.) Amakivachchang qani?
ShEN DE. Ketdi.
XOTIN. Qaytib keladimi?
ShEN DE. Yo‘q. Men do‘konni sotaman.
XOTIN. Biz buni eshitdik, shuning uchun ham bu yoqqa keldik. Birov bizdan bir necha qop tamaki bargi qarz olgan edi, shuni qaytarib berdi. Yangi uyingga o‘z bisoting bilan shularni ham tashlab o‘tsang. Ularni qo‘yishga joyimiz yo‘q. Ko‘chada tursa, shubha-gumon qilishadi. Do‘koningda chekkan ozorimiz haqi “yo‘q” demaysan, deb o‘ylayman.
ShEN DE. Marhamat, men “yo‘q” demayman.
ERKAK. Bu qoplar kimniki deb so‘rab qolishsa, meniki deb aytaver.
ShEN DE. Kim so‘rashi mumkin?
XOTIN (unga diqqat bilan tikilib). Masalan, politsiya. U yerda bizni xush ko‘rishmaydi va har qadamda sindirishga harakat qilishadi. Qoplarni qayerga qo‘yaylik?
ShEN DE. Bilmadim. Ayniqsa, hozir biror nojo‘ya ish qilib, turmaga tushib qolishdan qo‘rqaman.
XOTIN. O‘zingga o‘xshamayapsan. Endi yetmaganday, bisotimizda qolgan shu bir-ikki qop tamakidan ham ajrab qolmasak edi!
Shen De jim turaveradi.
ERKAK. Bilasanmi, balki shu tamaki bizga dastmoya bo‘lar. Balki biz o‘zimizni o‘nglab olarmiz.
Shen De. Xo‘p, men qoplaringizni yashirib qo‘yaman. Hozircha ular ichkari hujrada tura tursin. (Ular bilan ichkariga kiradi.)
Bola uning izidan qarab turadi. So‘ng qo‘rqa-pisa axlat chelagi yoniga borib, undan bir nima olib yeya boshlaydi. Shen De va boshqalar qaytib kirishadi.
XOTIN. Bilasanmi, endi suyangan tog‘imiz – sen.
ShEN DE. Xo‘p. (Bolaga ko‘zi tushib, qotib qoladi.)
ERKAK. Ertadan keyin seni janob Shu Funing uyidan topib olamiz.
ShEN DE. Endi ketinglar, tobim qochib turibdi. (Ularni kuzatib qo‘yadi.
(Kelganlar ketishadi.) U – och. Axlat chelagini titkilayapti. (Bolani ko‘tarib, bolakayning gezargan lablarini ko‘rsatib, tomoshabinlarga murojaat qiladi. O‘z bolasiga nisbatan hech qachon shunday toshbag‘ir bo‘lmaslikka qasamyod etadi.)

O, o‘g‘lim, o, uchuvchi!
Kelmoqdasan qay bir dunyoga?
Axlat chelagida baliq ovlashingni istaydi ular!
Mana bu gezargan lablarga bir qarang!

(Bolani ko‘rsatib)

O‘zingizga o‘xshash jonga oqibat shumi?
Bu o‘z mevangiz-ku, axir!
Sizda rahm yo‘q!
Sho‘rliklar, o‘z-o‘zingizga etmaysiz shafqat.
Xo‘sh, men o‘z bolamni nechuk himoya etgum?
Endi aylanaman ona yo‘lbarsga!
Ha, shu bolakayga ko‘zim tushgandan buyon
Sizdan ayirilishni istayman.
O‘z o‘g‘limni, loaqal shu bitta go‘dakni
Qutqarmagunimcha menga tinim yo‘q!
O‘g‘lim, maktabimda, o‘sha axlat o‘rada
Menga aldov yo musht bilan berilgan saboq
Endi senga xolis xizmat qilmog‘i zarur!
O‘g‘lim, endi yolg‘iz senga mehribon bo‘lgum,
Endi boshqalarga – yo‘lbars, yirtqich bir hayvon.
Shundoq bo‘lishi shart,
Xuddi shundoq bo‘ladi!

(Amakivachchasiga aylanish uchun keta boshlaydi.) Yana bir karra, o‘ylaymanki, so‘nggi bor unnab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. (Yo‘l-yo‘lakay Shoy Daning chalvorini oladi. Qaytib kelgan Shin uning izidan qiziqsinib qarab qoladi. Kelinchak bilan qariya kiradi.)
KELINChAK. Do‘kon berk, lash-lushlar hovlida! Demak, hammasi tamom!
ShIN. Mana yengiltaklik, havoyilik va xudbinlik oqibati! Qayoqqa dumalayapti, deysizmi? Pastga! Janob Shu Funing choldevoriga, sizning yoningizga!
KELINChAK. U yerni xushlarmikin? Biz arz qilgani keluvdik. Oyoq ostida kalamushlar ilma-teshik qilib tashlagan pol. Sartarosh sovunlari mog‘orlab ketgani uchun bizni o‘sha choldevorga taklif etgan. “Sizga boshpana bermoqchiman, nima deysiz?” emish… Nima derdik, “Uyat va sharmandalik!” deymiz.
Ishsiz kiradi.
IShSIZ. Shen De ko‘chib ketayapti deyishyapti, rostmi?
KELINChAK. Ha, u hech kimga bildirmay, qochib qolmoqchi edi.
ShIN. U o‘zining sinib qolganidan hijolatda.
IShSIZ (hovliqib). Amakivachchasini chaqirish kerak! Unga shunday deb maslahat beringlar! Yolg‘iz o‘sha biror chorasini topa oladi.
KELINChAK. Haq gap! To‘g‘ri, u xasis, lekin har qalay, do‘konni qutqarib qoladi, shunda bizga ham foydasi tegadi.
IShSIZ. Men sizni emas, uning o‘zini o‘yladim. Lekin, rost gap, siz uchun ham uni chaqirish kerak.
Van bilan duradgor kiradi. U ikkita bolani yetaklab olgan.
DURADGOR. Sizga qanday rahmat aytishga ham hayronman. (Boshqalarga) Bizga boshpana va’da qilishayapti.
ShIN. Qayerdan?
IShSIZ. Janob Shu Funing uyidan! Bu – kichkintoy Fenning sharofati tufayli. Shen De go‘yo: “Hoy, eshiting! Inson sizdan boshpana so‘rar!” – deb xitob etdiyu bizga darhol boshpana topib berdi. Ukalaringga qulluq qilinglar!
Duradgor va uning bolalari kichkintoyga qulluq qilishadi.
Boshpana so‘raganing uchun qulluq senga!
Shoy Da kiradi.
ShOY DA. Xo‘sh, bu yerda nima qilib turibsizlar?
IShSIZ. Janob Shoy Da!
VAN. Assalomu alaykum, janob Shoy Da! Qaytib kelganingizdan bexabar edim. Sizga tanish duradgor Lin To. Shen De bonu unga janob Shu Fu uyidan boshpana va’da qilgan edi.
ShOY DA. Janob Shu Funing uyida ortiqcha joy yo‘q.
DURADGOR. Demak, biz ko‘chib o‘tolmas ekanmiz-da?
ShOY DA. U bino boshqa bir maqsadga mo‘ljallangan.
KELINChAK. Demak, bizni u yoqdan haydashadi, shundoqmi?
ShOY DA. Chamamda, shunday.
KELINChAK. Unda biz qayoqqa boramiz?
ShOY DA (elkasini qisib). Mening bilishimcha, Shen De bonu – ayt­moqchi, u jo‘nab ketdi – sizdan himmatini ayamaydi. Ammo kelajakda bu ish oqilona hal etiladi. Tekinga ovqat berilmaydi, himmatga yarasha xizmat bo‘lishi kerak. Har kimga halol ishlab, oyoqqa turish imkoniyati beriladi. Shen De hammangizga ish topib bermoqchi. Kimda kim men bilan hozir Shu Funing uyiga borsa, quruq qolmaydi.
KELINChAK. Bundan chiqdiki, Shen De uchun xizmat qilar ekanmiz-da?
ShOY DA. Ha. Tamaki tozalaysiz. Orqa xonada uch qop tamaki bor. Olib chiqing!
KELINChAK. Unutmang, bizning ham o‘z do‘konimiz bo‘lgan, biz o‘zimiz uchun ishlashni afzal ko‘ramiz, negaki, o‘z tamakimiz bor.
ShOY DA (ishsiz va duradgorga). Sizlar-chi? Shen De uchun ishlaysizlarmi? O‘z tamakilaring yo‘q shekilli?
Duradgor va ishsiz norozi bir qiyofada hujraga kirishadi. Uy egasi xonim paydo bo‘ladi.
UY EGASI XONIM. Xo‘sh, janob Shoy Da, do‘konni sotasizmi? Mana, sizga uch yuz kumush dollar.
ShOY DA. Mi Dzyu xonim, men do‘konni sotmaslikka qaror qildim, ijara shartnomasiga qo‘l qo‘ymoqchiman.
UY EGASI XONIM. Nima? Uchuvchi uchun pul kerak emasmi?
ShOY DA. Yo‘q.
UY EGASI XONIM. Ijara haqi to‘lashga ham pulingiz bordir?
ShOY DA (aravachadan sartarosh tashlab ketgan chekni olib, to‘ldiradi). Mana, janob Shu Fu o‘n ming kumush dollarga tashlab ketgan chek, bilasiz, u mening jiyanimga xushtor. Ishonmasangiz, o‘qib ko‘ring, Mi Dzyu xonim! Yarim yillik ijara haqi – ikki yuz kumush dollar bugun kechqurun soat oltigacha qo‘lingizga tegadi. Endi Mi Dzyu xonim, ijozatingiz bilan men ishni davom ettiray. Men bugun juda bandman, ma’zur tutishingizni so‘rayman.
UY EGASI XONIM. O, tushunaman, janob Shu Fu uchuvchining izidan borayapti! O‘n ming kumush dollar! Har qalay bugungi yosh qizlarning beqarorligi va yengiltakligi meni hayron qoldiradi, janob Shoy Da. (Ketadi. Duradgor va ishsiz ichkaridan qoplarni ko‘tarib chiqishadi.)
DURADGOR. Tushunmayman, nega men siz uchun qop tashishim kerak ekan?
ShOY DA. Mening tushunganim kifoya. O‘g‘lingizning ishtahasi karnay. U ovqat so‘raydi, janob Lin To.
KELINChAK (qoplarga ko‘zi tushib). Mening pochcham bu yoqqa kirgan edimi?
ShIN. Ha.
KELINChAK. Qoplarni tanidim. Bu bizning tamakimiz.
ShOY DA. Sekinroq gapiring. Bu mening tamakim, negaki, mening do‘konimda turibdi. Shubhalansangiz, hoziroq politsiyaga borib, shubha-gumonlarga barham berishimiz mumkin. Boramizmi?
KELINChAK (achchiqlanib). Yo‘q.
ShOY DA. O‘z tamakingiz yo‘q shekilli. Balki endi, Shen De bonu himmat qo‘lini cho‘zib turganda foydalanib qolarsiz? Qani, marhamat qilib, menga Shu Funing uyini ko‘rsatib qo‘ying.
Duradgorning kichkintoyini qo‘lidan yetaklab, Shoy Da chiqadi. Uning izidan duradgor, uning bolalari, kelinchak, qariya va ishsiz ravona bo‘ladilar. Kelinchak, duradgor va ishsiz qop ko‘tarib chiqishadi.
VAN. U yomon odam emas, ammo Shen De – rahmdil.
ShIN. Bilmadim. Kir yoyilgan dordan chalvor yo‘qolib qoldi. Amakivachchasi kiyar edi. Bunda bir sir borga o‘xshaydi. Ajabo, nima ekan?
Chol bilan kampir kiradi.
KAMPIR. Shen De bonu bormilar?
ShIN (quruq). Ketib qoldi.
KAMPIR. Qiziq! U bizga bir nima bermoqchi edi.
VAN (o‘z qo‘liga alam bilan boqib). U menga ham yordam bermoqchi edi. Qo‘lim qotganidan qotib borayapti. Shen De tez orada qaytsa kerak. Odatda amakivachchasi bu yerda uzoq turmaydi.
ShIN. Shunaqa deng?

INTERMEDIYa

Vanning qo‘nalg‘asi. Musiqa. Meshkob uyqusida farishtalarga o‘z tashvishlari haqida so‘zlaydi. Farishtalar hamon safarni davom ettirmoqdalar. Ularning yuzlaridan xorib-charchaganlari ko‘rinib turadi. Ketayotib, ular meshkobga o‘girilib qarashadi.
VAN. Sizlar qadam ranjida qilishingizdan oldin, oqilu donolar, men jonajon singlim Shen Deni tush ko‘rdim, uning ahvoli benihoya og‘ir edi. U daryo yoqasidagi qamishzorda, ayollar o‘z joniga qasd qiladigan joyda turar edi. U g‘alati chayqalar, botqoqqa tortuvchi allaqanday yumshoq, ammo og‘ir bir yukni sudrab borayotgandek bo‘yni egik edi. Men chaqirsam, u bir qop yozma farmoyishlarni narigi qirg‘oqqa olib o‘tishim kerak, yo‘qsa, ular ivib, yozuvlari o‘chib ketadi deb javob berdi. Rostini aytsam, uning yelkasida men hech narsa ko‘rmadim. Ammo siz farishtalar, o, qanday sharmandalik! Tunash uchun boshpana topolmaganingizda u uyi­dan joy bergani uchun unga ulug‘ fazilatlar in’om etganingizni eslab, qo‘rqib ketdim. Endi uning uchun qanchalar tashvish chekayotanimni tushungan bo‘lsangiz kerak.
UChINChI FARIShTA. Masalan, nimani kamaytiraylik, Van?
VAN. Masalan, sevgi o‘rniga shunchaki mayl ham bo‘laveradi yoki…
UChINChI FARIShTA. Ammo bu yana ham og‘irroq, o, bandai gumroh!
VAN. Yoki adolat o‘rniga muruvvat.
UChINChI FARIShTA. Unda hammaning boshi tashvishdan chiqmay qoladi.
VAN. Yoki nomus ketib, andisha qolsa ham bo‘laveradi!
UChINChI FARIShTA. Lekin yuk yana-da og‘irroq bo‘ladi, o, bandai nodon!
Farishtalar horg‘in qadam bosib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi.

VIII

Shoy Daning tamaki fabrikasi. Janob Shu Funing choldevorlarida Shoy Da kichik tamaki fabrikasi ochgan. Panjaradan nari tomondagi bino odamlar bilan tirband. Ayniqsa, xotin-qizlar, bolalar ko‘p. Ular orasida kelinchak, qariya, duradgor va uning bolalari. Panjara oldida Yan xonim, unga ergashib, Sun paydo bo‘ladi.
YaN XONIM (tomoshabinlarga). Men sizlarga aytsam, hammangiz uchun hurmatli Shoy Da janoblarining donishmandligi va qattiq qo‘lligi tufayli o‘g‘lim tushkun benavodan foydali kimsaga aylandi. Butun mahallaga ma’lum bo‘lganidek, Shoy Da janoblari kushxona yaqinida kichik, ammo tez rivoj topgan fabrika ochdilar. Uch oy burun men u kishiga murojaat etishga majbur bo‘ldim. Ko‘p o‘tmay, u men bilan o‘g‘limni qabul qildi.
Fabrikadan chiqib kelgan Shoy Da Yan xonimga yaqinlashadi.
ShOY DA. Xizmat, Yan xonim?
YaN XONIM. Janob Shoy Da, men sizdan o‘g‘limning gunohini so‘rab keldim. Bugun ertalab uyimizga politsiyadan kelib, nikoh va’dasining buzilgani va qing‘ir yo‘l bilan ikki yuz kumush dollar o‘zlashtirib olingani uchun Shen De bonu nomidan arz qilganingizni aytishdi.
ShOY DA. Xuddi shunday, Yan xonim.
Yan xonim. Janob Shoy Da, barcha farishtalar haqqi, yana bir bor shafqat qiling. Pul yo‘q. Uchuvchi bo‘lish rejasi amalga oshmagach, o‘g‘lim uni ikki kunda sovurdi. Bilaman, u yaramas. Sal bo‘lmasa, u mening mebelimni ham sotib, qari onasini ham tashlab, Pekinga ketib qolayozdi. (Yig‘laydi.) Shen De bonu bir paytlar uni yaxshi odam sanar edi.
ShOY DA. Siz nima deysiz, janob Yan Sun?
SUN (qosh-qovog‘ini solib). Menda u pullar endi yo‘q.
ShOY DA. Yan xonim, no’malum sabablarga ko‘ra, jiyanim ko‘rsatgan o‘sha mehru oqibat haqqi, men betiyiq o‘g‘lingizga yana yordamlashaman. U halol mehnat qilib, o‘zini tuzatadi, deb Shen De umid qiladi. Men uni fabrikamga ishga olaman. Uning ish haqidan ikki yuz kumush dollar asta-sekin chegirib qolinadi.
SUN. Xullas, yo turma, yo fabrika deng?
ShOY DA. Ha, tanlab oling.
SUN. Shen De bilan gaplashsam bo‘ladimi?
ShOY DA. Yo‘q.
SUN. Unda ish joyimni ko‘rsating.
YaN XONIM. Sizga ming rahmat, janob Shoy Da! Sohibi muruvvatsiz, buning uchun farishtalar yarlaqaydi sizni. (Sunga) Sen haq yo‘ldan ozding. Endi halol ishla, onangning ko‘ziga uyalmasdan, tikka qaraydigan bo‘l.
Shoy Daga ergashib, Sun fabrikaga kiradi.
(Rampaga qaytib) Birinchi haftalar Sunga qiyin bo‘ldi. Ishi unga yoqmas, o‘zini ko‘rsatish fursati o‘ng kelmas edi. Faqat uchinchi hafta deganda, omadi yurishdi. U sobiq duradgor Lin To bilan tamaki solingan qoplarni tashishi kerak edi.
Sun va sobiq duradgor Lin To bir yo‘la ikki qopdan tamaki ko‘tarib kirishadi.
DURADGOR (yo‘talib, inqillab to‘xtab qoladi va qop ustiga o‘tiradi). Tinkam quridi. Endi qaridim, bunaqa ishlarga yaramayman.
SUN (o‘tirib). Nega sen bu qoplarni ularning basharasiga otmaysan?
DURADGOR. Keyin-chi? Tirikchilik deb hatto bolalarni ham qo‘shga qo‘shganman. Qaniydi, deyman, holimizni Shen De bonu bir ko‘rsa! U rahmdil edi.
SUN. Ha, u yomon emas edi. Turmush mashaqqati bo‘lmaganda, balki biz Shen De bilan ahil yashab ketardik. Hozir u qaylarda yuribdi ekan. Xo‘p, qani, ishlaylik – odatda u ayni shu pallada paydo bo‘ladi. (Qo‘zg‘alishadi. Yaqinlashib kelayotgan Shoy Dani ko‘rib) Qopingni menga ber-chi, cho‘loq! (Lin Toning bir qopini ham ko‘taradi.)
DURADGOR. Rahmat, og‘ayni! Agar u shu yerda bo‘lsa bormi, qari odamga yordamlashganingni ko‘rib, seni maqtar edi. Ha, ha…
Shoy Da kiradi.
YaN XONIM. Janob Shoy Da, albatta, astoydil ishlayotgan haqiqiy ishchi kimligini darhol payqadi va indamay turolmadi.
ShOY DA. Hoy, to‘xtanglar-chi! Nima gap o‘zi? Nega sen faqat bitta qop ko‘tarib olgansan?
DURADGOR. Men bugun biroz charchadim, janob Shoy Da, Yan Sun yordamlashib yubordi…
ShOY DA. Sen, og‘ayni, izingga qayt-da, bir yo‘la uchta qopni orqalab ol. Yan Sun qilgan ishni sen ham qila olasan. Yan Sun g‘ayrat qilib ishlayapti, sen-chi?
YaN XONIM (shu payt sobiq duradgor yana ikki qop yukni yelkasiga ortib oladi). Albatta janob Shoy Da Sunga bir og‘iz ham so‘z qotmadi, lekin uning kimligini bilib olgan edi, kelasi shanba kuni ish haqi berilayotganda…
O‘rtaga stol qo‘yishadi, Shoy Da pul solingan xaltacha ko‘tarib kiradi. U nazoratchi – sobiq ishsiz bilan yonma-yon turib, ish haqi to‘laydi.
Stolga Sun yaqinlashadi.
NAZORATChI. Yan Sun – olti kumush dollar.
SUN. Kechirasiz, faqat besh kumush dollar bo‘ladi. (Nazoratchi qo‘lidan ro‘yxatni olib) Qarang, bu yerga olti ish kuni deb yozilibdi, holbuki, men bir kunni sudda o‘tkazdim. (Munofiqona) Menga oz bo‘lsa ham o‘z ish haqimdan boshqasi kerak emas.
NAZORATChI. Demak, besh kumush dollar! (Shoy Daga) Tasodif, janob Shoy Da!
ShOY DA. U besh kun ishlagan bo‘lsa, qanday qilib, olti kun yozilibdi?
NAZORATChI. Taxminimcha, bu mening xatoyim, janob Shoy Da. (Sunga sovuq oxangda) Bu boshqa takrorlanmaydi.
ShOY DA (Sunni bir chetga boshlab). Men yaqinda payqadimki, siz kuchli odam ekansiz va buni firmadan yashirishni istamaysiz. Nazoratchi firma zarariga haligiday, tez-tez yanglishib turadimi?
SUN. Ishchilar orasida uning tanishlari bor, ular nazoratchini o‘z odamlari deb bilishadi.
ShOY DA. Tushunarli. Himmatga himmat. Mukofot olishni istaysizmi?
SUN. Yo‘q. Ammo men savodli kishiman, deb aytib qo‘ymoqchi edim. Bilasizmi, biroz o‘qiganman. Nazoratchi ishchilarga iliq muomala qiladi, lekin o‘qimishli emas, firma manfaatlarini tushunib yetmaydi. O‘tinaman, menga bir hafta muhlat bering, janob Shoy Da. Firmaga qo‘l kuchimdan ko‘ra aqliy kuchim ko‘proq foyda keltirishini isbot qilaman.
YaN XONIM. U dadil turib, shundoq dedi. Men o‘sha oqshom Sunga “Sen uchuvchisan! Hozirgi ish joyingda ham uchishga qodirligingni ko‘rsatib qo‘y! Uch, lochinim!” – deb aytdim. Darhaqiqat, aql va bilim nimalarga qodir emas! Aqling va biliming bo‘lmasa, nechuk odam bo‘lding? Mening o‘g‘lim Shoy Da janoblaring tamaki fabrikasida chinakam mo‘jiza ko‘rsatdi!
Sun oyoqlarini kerib, ishchilarning ortida turibdi. Ular tamaki solingan savatlarni boshlaridan oshirib, bir-birlariga uzatmoqdalar.
SUN. Qani, qimirlanglar, namuncha immillaysanlar! Savatni shunaqa uzatadimi? Tezroq! (Bolaga) Sen nega o‘tirmaysan? O‘tir, joyni band qilma. Ustiga o‘tirsang, tamaki yaxshiroq joylanadi. Yalqovlar! Senlarga nega pul to‘laymiz o‘zi? Chaqqonroq deyapman! Jin ursin hammangni! Cholni nariga o‘tkazinglar, bolalar bilan ishlasin! Bu yerda qo‘li ishga qovushmayapti! Qani, ha, barakalla! (Ish maromiga mos qilib, chapak chaladi, savat qo‘ldan qo‘lga tez-tez o‘ta boshlaydi.)
YaN XONIM. Avom kishilarning g‘animligi, ularning behisob ta’na-dashnomiga qaramay, o‘g‘lim o‘z burchini ado etaverdi.
Ishchilardan biri sakkizinchi fil haqida qo‘shiq boshlaydi. Boshqalar naqoratni aytib, unga jo‘r bo‘lishadi.

Xo‘jayinning yetti fili bor edi,
Bor edi boz sakkizinchi fili ham.
Ettitasi yovvoyi, bu – xonaki,
Ettisini kuzatardi dam-badam.
Qani, qadam qo‘ying chaqqonroq!
O‘rmonda bir to‘nka qolmasin, ha, chuh!
Hammasini qo‘porish kerak,
Hademay tushadi qorong‘u!

Etti fil o‘rmonda to‘nka qo‘porar,
Sakkizinchi filda xo‘jayin – suvor.
Kun bo‘yi kuzatar sakkizinchi fil,
Nechuk ishlayapti boshqalar…

Qani, endi tezroq tashinglar!
O‘rmonda bir to‘nka qolmasin, ha, chuh!
Hammasini qo‘porish kerak,
Hademay tushadi qorong‘u!

Etti fil ishlashni ortiq istamas,
Ular bari ko‘zlar tinchini.
Xo‘jayin keldi, u g‘azabnok,
Guruch bilan siylar sakkizinchini.

Xo‘sh, bu qanday noma’qulchilik?
O‘rmonda bir to‘nka qolmasin, ha, chuh!
Hammasini qo‘porish kerak,
Hademay tushadi qorong‘u!

Etti fil ayrildi tishidan,
Faqat sakkizinchi filda tish qoldi.
U boshqa fillarni botirdi qonga,
Xo‘jayin ko‘rdiyu xaxolab kuldi.

Qani, endi tezroq tashinglar!
O‘rmonda bir to‘nka qolmasin, ha, chuh!
Hammasini qo‘porish kerak,
Hademay tushadi qorong‘u…

Bemalol yurib, sigara chekib, Shoy Da chiqib keladi. Yan Sun kulib, uchinchi bandning naqoratiga jo‘r bo‘ladi, oxirgi bandga yetganda, chapak chalib, sur’atni oshiradi.
YaN XONIM. Shoy Da janoblariga o‘z tashakkurimizni qandoq aytishga ham hayronmiz. U sezdirmay-netmay, yolg‘iz talabchanlik va donishmandlik bilan Sunda yashirinib yotgan barcha yaxshi jihatlarni yuzaga chiqardi. U jiyaniga o‘xshab ko‘ko‘par va’dalar bermadi, lekin halol mehnat qilishga majbur etdi. Hozir Sunni taniyolmaysiz. U uch oy oldingi Sunga sirayam o‘xshamaydi! O‘ylaymanki, siz mening fikrimga qo‘shilasiz! Qadimda bekorga aytishmagan: “oliyjanob kishi – qo‘ng‘iroq, ursang jaranglaydi, urmasang, jim turadi…”

IX

Shoy Daning tamaki do‘koni. Do‘kon hashamatli kreslolar, cho‘g‘dek gilamlar bilan bezatilib, idoraga aylantirilgan. Yomg‘ir yog‘moqda. Biroz to‘lishib qolgan Shoy Da gilamfurush chol-kampir bilan xayr-ma’zur qilayapti. Shin miyig‘ida kulib, bir chetdan kuzatib turadi. Uning boshdan-oyoq yangi kiyim kiygani ko‘zga tashlanadi.
ShOY DA. Afsuski, uning qachon qaytishi menga ma’lum emas.
KAMPIR. Bugun biz maktub oldik. Maktubga bir paytlar biz jiyaningizga qarzga bergan ikki yuz kumush dollar solib qo‘yilibdi. Uni kim jo‘natgani noma’lum. Ammo, xat, albatta Shen Dedan. Biz unga javob yozmoqchi edik, manzilini aytolmaysizmi?
ShOY DA. Afsuski, manzilini ham bilmayman.
ChOL. Ketdik.
KAMPIR. Bir kun emas bir kun u qaytib kelishi kerak!
Shoy Da ta’zim qiladi. Chol-kampir ajablangan, tashvishlangan ko‘yi ketishadi.
ShIN. Pul ularning qo‘liga ancha kechikib tegdi. Soliqlarni to‘lay olmay, do‘kondan ajrab qolishdi.
ShOY DA. Nega menga murojaat etishmadi?
ShIN. Sizdan tortinib yurishdi. Boshda Shen Dening qaytishini kutishdi, qo‘llarida biror tilxat yo‘q edi-da. Ahvollari g‘oyat tang pallada chol bezgak bilan og‘rib, kampiri kunu tun uning boshida o‘tirib chiqdi.
ShOY DA (ko‘ngli behuzur bo‘lib, o‘tirishga majbur bo‘ladi). Yana boshim aylanayapti.
ShIN (unga girdikapalak bo‘lib). Bolangiz yetti oyning yuzini ko‘rdi! Hayajonlanish sizga – koni zarar. Hayriyatki, men yoningizdaman. Hammaga ham yordam kerak. Qo‘rqmang, hamisha o‘zim hozir-nozirman. (Kuladi.)
ShOY DA. Sizga ishonsam bo‘ladimi, Shin xonim?
ShIN. Albatta! Ammo meni ham quruq qo‘ymaysiz. Yoqangizni oching, darhol yengil tortasiz.
ShOY DA (ma’yuslanib). Bu ishlarni bolani deb qilayapman, Shin xonim.
ShIN. Balli, bolani deb qilayapsiz.
ShOY DA. Judayam tez to‘lishayapman. Sezilib qolmasa deb qo‘rqaman.
ShIN. Buni yaxshi turmushdan deb o‘ylashadi.
ShOY DA. Bolam nima bo‘ladi?
ShIN. Shuni har kuni uch karra so‘raysiz. Bolani asrab-avaylaymiz. Tilla evaziga parvarishni undan ayamaymiz.
ShOY DA. Xo‘p. (Hadiksirab) U Shoy Dani hech qachon ko‘rmasligi kerak.
ShIN. Hech qachon ko‘rmaydi ham. U yolg‘iz Shen Deni ko‘radi.
ShOY DA. Lekin mahallada mish-mish tarqalgan! Meshkob gap tarqatib yuribdi. Do‘konni kuzatishayapti!
ShIN. Sartarosh bu gaplardan bexabar ekan, xotirjam yuravering. Suvdan iching.
Bashang kostyum kiyib, portfel qo‘ltiqlagan Sun kiradi. U o‘zini Shinning quchog‘iga tashlagan Shoy Daga hayron bo‘lib qaraydi.
SUN. Men xalal bermadimmi?
ShOY DA (zo‘rg‘a o‘rnidan turib, chayqalib, eshikka qarab yuradi). Xayr, Shin xonim.
Shin qo‘llariga qo‘lqop kiyib kulimsirab, chiqib ketadi.
SUN. Qo‘lqop! Qayoqdan oladi? Nega kiyadi? Ehtiyot bo‘ling, domiga ilintirib olmasin tag‘in. (Shoy Da javob bermagach, o‘zi davom ettiradi) Nahotki shunaqa ishlarga siz ham moyilsiz? Kulguli. (Portfelidan bir qog‘oz oladi.) Har qalay, keyingi paytlarda avvalgi shahdingiz yo‘q. G‘alati qiliqlar. Ishonchsizlik. Yo betobmisiz? Bundan ishga zarar yetadi. Mana tag‘in politsiyadan qog‘oz. Fabrikani bekitamiz deb do‘q urishibdi. Bir binoda ishlayotganlar soni qonunda ko‘rsatilganidan ikki karra ziyod bo‘lishiga ruxsat bor, ammo undan oshmasligi shart emish. Biror chorasini ko‘rish kerak, janob Shoy Da!
Shoy Da unga bir daqiqa angrayib qarab turadi. Keyin to‘rdagi xonaga kirib, bir tugun olib chiqadi. Tugundan yangi shlyapa olib, yozuv stoli ustiga tashlaydi.
ShOY DA. Firma vakillari yaxshi kiyinishlari kerak.
SUN. Menga deb sotib oldingizmi?
ShOY DA (beparvolik bilan). Kiyib ko‘ring, to‘g‘ri kelarmikin?
Sun hayron bo‘lib Shoy Daga qaraydi va shlyapani kiyadi. Shoy Da unga yordamlashadi.
SUN. Tashakkur, keling, gaplashib olaylik. Bugun sartarosh bilan yangi loyihani muhokama etishingiz lozim.
ShOY DA. Sartarosh og‘ir shartlar qo‘yadi.
SUN. Meni ham o‘sha shartlardan xabardor qilib qo‘ysangiz bo‘lardi.
ShOY DA (gapni aylantirib). Choldevorlar hali yarayveradi.
SUN. U yerda ishlayotgan chuvrindilar uchun yarayveradi, ammo tamaki uchun yaramaydi. U nam tortib qolayapti. Men majlisgacha Mi Dzyu xonim bilan gaplashib, binosini berishga ko‘ndiraman. Yangi binoga ko‘chib o‘taylik, barcha cho‘loq-maymoq, gado-ro‘dapo, qalang‘i-qasang‘ilarni quvamiz. Ular yaramaydi. Bir piyola choy ustida Mi Dzyu xonimning semiz tizzalarini bir silab qo‘ysam, bas, binoning yarim bahosidan kechvoradi.
ShOY DA (keskin). Kerak emas! Men firmaning sha’niga munosib, korchalon kishiga xos o‘zingizni vazmin va sipo tutishingizni talab qilaman.
SUN. Nega jahlingiz chiqadi? Nahotki anavi g‘iybatlarni o‘ylaysiz?
ShOY DA. Men g‘iybatlarga quloq solmayman.
SUN. Demak, yana yomg‘ir tufayli. Har gal yomg‘ir yog‘sa, siz asabiylashib, ma’yus tortib qolasiz. Sababi nimada ekan?
KO‘ChADAN VANNING OVOZI KELADI:

Qaldiroq gumburlab, yomg‘ir quyadi,
Men esa ko‘chada suv sotaman, suv.
Hech kim suv so‘ramas, suv sotib olmas,
Hech kimsaga kerak emas u.

Tinmay qichqiraman: “Yaxday yaxob!”
Hech kim sotib olmaydi uni.
Hattoki tushmaydi sariq chaqa ham
Mening cho‘ntagimga shu kuni…

SUN. Yana o‘sha la’nati meshkob! Yana u xiraligini boshlaydi.
VANNING OVOZI. Nahotki, shaharda bittayam rahmdil kishi topilmasa? Hattoki mehribon Shen De yashagan mana shu uyda ham? Bundan bir necha oy oldin yomg‘ir quyib turganda, u quvonchini ichiga sig‘dirolmay, mendan bir krujka suv sotib olgan edi, qani, hozir qayerda u? Nahotki uni hech kimsa ko‘rmagan bo‘lsa? Daragini hech kimsa eshitmagan bo‘lsa? Bir kuni oqshom u ana shu uyga kirganicha, qaytib chiqmadi.
SUN. Ovozini o‘chirib qo‘yaymi? Uning qayerdaligi bilan nima ishi bor? Gapning sirasini aytganda, uning qayerdaligini siz menga atay aytmayapsiz.
VAN (kiradi). Janob Shoy Da, yana bir karra so‘rayman, Shen De qachon qaytadi? Ketganiga yarim yil bo‘ldi. (Shoy Da indamaydi.)Bu orada shunday voqealar ro‘y berdiki, u bo‘lganda, balki ro‘y bermas edi. (Shoy Da jim turaveradi.)Janob Shoy Da, Shen Dega bir gap bo‘lganmish degan mish-mishlar yuribdi. Biz, uning do‘stlari xavotirdamiz. Marhamat qilib, bizga manzilini aytib bersangiz.
ShOY DA. Janob Van, afsuski, hozir vaqtim ziq. Kelasi hafta keling.
VAN (hayajonlanib). Do‘kon eshigi oldida beva-bechoralarga yana guruch ulashilmoqda.
ShOY DA. Odamlar bunga nima deyishayapti?
VAN. Shen De hech qayoqqa ketmagan, deyishayapti.
ShOY DA. Xo‘sh? (Van indamaydi.) Unda men javob bera qolay. Javobim qat’iy. Janob Van, agar siz Shen Dening do‘sti bo‘lsangiz, uning qayerdaligini surishtirmang. Sizga maslahatim shu.
VAN. Yaxshi maslahat. Janob Shoy Da, g‘oyib bo‘lishidan oldin Shen De menga og‘iroyoqman, degan edi.
SUN. Nima?
ShOY DA (shoshib). Yolg‘on!
VAN (juda jiddiy). Janob Shoy Da, Shen Dening do‘stlari uni oxir-oqibat surishtirmay qo‘yadi, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Yaxshi odamni unutib bo‘lmaydi, yaxshilar oz uchraydi. (Ketadi.)
Shoy Da hang-mang bo‘lib, uning izidan qarab qoladi. Keyin shoshilib, do‘kon to‘ridagi xonaga kirib ketadi.
SUN (tomoshabinlarga). Shen De og‘iroyoq! Astag‘furulloh! Meni aldashibdi! Buni u amakivachchasiga aytgan, bu yaramas esa uni darhol jo‘natib yuborgan. “Bolaning otasi xabar topmasdan avval narsalaringni yig‘ishtir-da, jo‘nab qol”. Lekin bu – ablahlik! Bag‘ritoshlik! Mening o‘g‘lim tug‘iladi. Yana bitta Yan dunyoga keladi! Xo‘sh, nima bo‘layapti o‘zi? Qiz g‘oyib bo‘ladi, meni esa bu yerda qo‘shga qo‘shishadi. (G‘azabi qo‘zib) Yo‘q, bitta shlyapa bilan qutulmaysan! (Shlyapani oyog‘i ostiga olib, toptaydi.) Jinoyatchi! Qaroqchi! Bola o‘g‘risi! Qiz bechora esa pushti-panohidan mahrum! (Ichkari xonadan birovning hiqillab yig‘lagani eshitiladi. U turgan yerida qotib qoladi). U yerda kim yig‘lashi mumkin? Bu kim bo‘ldiykin? Tindi. Yo‘q, yana yig‘layapti. Har qalay, anavi ustasi farang Shoy Da emas! Bo‘lmasa, kim? Yana do‘kon oldida guruch xayri-xudoyi qilinishi-chi? Nahotki, qiz shu yerda bo‘lsa? Nahotki, uni anavi yashirib yurgan bo‘lsa? Bo‘lmasa, kim yig‘laydi? Alomat ish bo‘lardi-da! Bas, u og‘iroyoq ekan, men uni izlab topishim kerak!
(Shoy Da ichkaridan chiqib keladi. Eshikka yaqinlashib, yomg‘irni kuzatadi.) Xo‘sh, u qayerda?
ShOY DA (qo‘lini ko‘tarib, quloq soladi). Birpas sabr! Soat to‘qqiz bo‘ldi. Ammo negadir hech narsa eshitilmayapti. Sel yog‘ayapti.
SUN (zaharxanda qilib). Siz nimani eshitmoqchi edingiz?
ShOY DA. Pochta samolyoti ovozini.
SUN. Hazillashayapsiz!
ShOY DA. Bir paytlar uchmoqchi edingiz, shundoqmi? Endi hafsalangiz pir bo‘lib qoldimi?
SUN. Agar siz hozirgi ahvolimni ko‘zda tutayotgan bo‘lsangiz, undan shikoyatim yo‘q. Rostini aytsam, men tungi xizmatni xush ko‘rmayman. Poch­ta samolyotlari tunda uchadi. Men esa, firmaga qattiq bog‘lanib qoldim. Har qalay bu – sobiq qaylig‘imning firmasi. Garchi o‘zi bu yerdan ketib qolgan bo‘lsa ham. Uning ketib qolgani rostmi?
ShOY DA. Nega buni so‘raysiz?
SUN. Sababki, uning ishlariga men hali beparvo qaray olmayman.
ShOY DA. Bu gapni jiyanim ham qiziqib eshitgan bo‘lardi.
SUN. Men uni erki ixtiyoridan mahrum qilishlariga endi qarab turolmayman.
ShOY DA. Kim mahrum qildi?
SUN. Siz!
Pauza
ShOY DA. Xo‘sh, nima qilmoqchisiz?
SUN. Men avvalo firmadagi mavqeimni gaplashib olishni istardim.
ShOY DA. Gap bu yoqda deng! Xullas, agar firma, ya’ni, men sizni ma’lum mansabga ko‘tarsam, sobiq qaylig‘ingizni so‘rab-surishtirishni bas qilasiz, shundoqmi?
SUN. Ehtimol.
ShOY DA. Xo‘sh, qaysi mansabni istaysiz, kim bo‘lmoqchisiz?
SUN. Xo‘jayin. Ya’ni, men sizni uloqtirib tashlamoqchiman.
ShOY DA. Firma sizni uloqtirib tashlasa-chi?
SUN. Unda men balki, qo‘shaloq bo‘lib kelardim.
ShOY DA. Kim bilan?
SUN. Politsiya bilan.
ShOY DA. Politsiya bilan? Xo‘sh, politsiya bu yerda hech narsa topolmasa-chi?
SUN. U narigi xonaga ham bir ko‘z tashlab qo‘yardi! Janob Shoy Da, men sevgilimni juda sog‘indim. Uni yana bag‘rimga bosishim uchun bir nimalar qilishim kerak, men buni sezib turibman. (Xotirjamlik bilan) U og‘iroyoq, yordamga muhtoj. Borib, meshkob bilan gaplashaman. (Ketadi. Shoy Da uning izidan indamay qarab turadi. Keyin shoshilinch narigi xonaga kiradi. Shen Dening kiyim-kechak, atir-upalarini olib chiqadi. Gilamfurishdan sotib olingan sholro‘molga uzoq tikilib qoladi. So‘ng hammasini bitta tugun qilib tugadi, tashqaridan oyoq sharpasini eshitib, uni stol ostiga tashlaydi. Uy egasi-xonim bilan janob Shu Fu kiradi. Ular Shoy Daga salom berib, kalishlarini yechib, soyabonlarini g‘ilofga joylashadi).
UY EGASI-XONIM. Kuz ham kelib qoldi, janob Shoy Da.
JANOB ShU FU. Ha, yurakni g‘ash qiladigan fasl!
UY EGASI-XONIM. Anavi maftunkor xodimingiz ko‘rinmaydimi? O‘ziyam ofatijon! Balki siz bu jihatlaridan bexabardirsiz. Lekin u o‘z erkakcha sehrini – xizmat burchini bejirim ado etish bilan bog‘lay oladiki, bunisi sizga koni foyda.
ShOY DA (ta’zim qilib). Marhamat, o‘tirsinlar. (O‘tirib, chekishadi.) Do‘stlarim, oqibati baxayr bo‘lmagan voqealar korxona istiqboli haqida boshlagan muzokaralarimizni tezlashtirishni taqozo etadi. Janob Shu Fu, mening fabrikam tang ahvolda.
JANOB ShU FU. Hamishagidek.
ShOY DA. Men yangi bino haqida kelishib oldik demasam, politsiya fabrikani bekitmoqchi bo‘lib, ochiqdan-ochiq tahdid qilmoqda. Janob Shu Fu, gap siz yoqtirib qolgan jiyanimning yakkayu yagona mulki ustida ketayapti…
JANOB ShU FU. Janob Shoy Da, doimiy kengayib boruvchi loyihalaringiz muhokamasida ishtirok etishga uncha hushim yo‘q. Men jiyaningiz bilan bir piyola choy ustida gaplashmoqchiman desam, siz moliyaviy qiyinchiliklaringizni ro‘kach qilasiz. Men uysizlar uchun jiyaningiz ixtiyoriga boshpana bersam, siz u yerda fabrika ochasiz. Men jiyaningizga deb chek bersam, siz uni undirib olasiz. Jiyaningiz g‘oyib bo‘ladi, siz esa yuz ming kumush dollar undirmoqchi bo‘lasiz. Boz ustiga, bergan uylaringiz torlik qilayapti, deb menga ta’na qilasiz. Janob Shoy Da, jiyaningiz qayerda?
ShOY DA. Xotirjam bo‘ling, janob Shu Fu. Sizni ishontirib aytamanki, u tez orada qaytadi.
JANOB ShU FU. Tez orada? Qachon? Men bu so‘zni sizdan surunkasiga bir necha haftadan buyon eshitaman.
ShOY DA. Men sizdan yana imzo cheking deb talab qilayotganim yo‘q. jiyanim qaytsa, mening loyiham bilan qiziqib ko‘rasizmi – yolg‘iz mana shuni so‘rayapman, xolos.
JANOB ShU FU. Men ming martalab aytganman, siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q, jiyaningiz bilan esa, aksincha, hamma narsani muhokama etishga hozirman. Ammo, mening nazarimda, siz bizning suhbatimizga yo‘l qo‘ymoqchi emassiz.
ShOY DA. Endi unaqa niyatim yo‘q.
JANOB ShU FU. Xo‘sh, unda biz qachon suhbatlashamiz?
ShOY DA (mujmal qilib). Uch oydan so‘ng…
JANOB ShU FU (achchiqlanib). Unda men uch oydan so‘ng imzo chekaman.
ShOY DA. Ungacha hamma narsani tayyorlash kerak.
JANOB ShU FU. Jiyaningizning bu gal chindan ham kelishiga ishonsangiz, Shoy Da, siz hamma narsani tayyorlashga ulgurasiz.
ShOY DA. Mi Dzyu xonim, fabrikangiz binosini olayotganim haqida siz politsiyaga kafolat bera olasizmi?
UY EGASI-XONIM. Albatta, o‘z boshqaruvchingizni menga xizmatga bersangiz, bas. Men buni sizga allaqachon aytganman (Janob Shu Fuga). U juda uddaburon yigit, menga esa boshqaruvchi kerak.
ShOY DA. Ishda qiyinchiliklar ko‘payib, sog‘ligim yomonlashib qolgan shu tobda janob Yan Sunning yordamiga judayam muhtojman, siz buni tushunmog‘ingiz kerak! Men boshdanoq uni sizga bermoqchi edim, lekin…
Pauza
ShOY DA. Xo‘p, ertaga idorangizga boradi.
JANOB ShU FU. Barakalla, Shoy Da, mana bu boshqa gap. Agar Shen De bonu chindanam qaytadigan bo‘lsa, u yigitning bu yerda bo‘lishi juda noqulay. Sho‘rlik qizning boshiga ne kunlarni solgani hammamizga ma’lum.
ShOY DA (ta’zim qilib). Shubhasiz. Jiyanim Shen De va janob Yan Sunga tegishli har ikki masalada gapni chaynab, ikkilanib gapirganim uchun uzr. Ular bir paytlar juda qadrdon bo‘lishgan.
UY EGASI-XONIM. Sizni tushunamiz.
ShOY DA (eshikka qarab). Do‘stlarim, keling, endi qat’iy qarorga kelaylik. Bir paytlar mahalla kambag‘allari tamaki sotib oladigan kichkina do‘koncha o‘rniga yigirmata yirik do‘kon ochamiz, ularda Shen Dening xushbo‘y tamakisi sotiladi. Bilaman, xalq meni Sichuanning tamaki qiroli deb ataydi. Aslida men yolg‘iz jiyanimning manfaatini ko‘zlab, bu korxonaga bosh-qosh bo‘ldim. U jiyanimga, uning bolalariga, bolalarining bolalariga meros bo‘lib qoladi.
Ko‘chadan xaloyiqning shovqini eshitiladi. Sun, Van va politsiyachi kiradi.
POLISIYaChI. Janob Shoy Da, meni ma’zur tutasiz, bizga fabrikangizdan jiyaningiz Shen Deni qamoqda saqlayotganingiz haqida shikoyat tushgan, mahalla aholisi ko‘targan shov-shuv ana shu da’voni tekshirib ko‘rishni taqoza etadi.
ShOY DA. Bu behuda gap.
POLISIYaChI. Janob Yan Sun ichkari xonadan xotin kishining yig‘isini eshitdim, deb aytdi.
UY EGASI-XONIM. Bu kulguli gap. Men va janob Shu Fu, ya’ni fik­ri politsiyaga ham mo‘tabar bo‘lgan shaharning muhtaram fuqarolari, guvohlik berib aytamizki, bu yerda hech kimsa yig‘lagani yo‘q. Biz o‘z sigaramizni bemalol chekib o‘tiribmiz.
POLISIYaChI. Ma’zur tutasiz, menga o‘sha xonani ko‘zdan kechirish topshirilgan. (Shoy Da eshikni ochadi. Politsiyachi ta’zim qilib, ichkari kiradi. U yerni ko‘zdan kechirib, iziga qaytadi, kulimsiraydi.) Darhaqiqat, u yerda hech kim yo‘q.
SUN (unga yaqinlashib). Axir, kimdir yig‘ladi, men o‘z qulog‘im bilan eshitdim! (Uning ko‘zi stol ostidagi tugunga tushadi. O‘shanga tashlanadi.) Manavi bu yerda yo‘q edi. (Tugunni yechib, Shen Dening ko‘ylaklarini ko‘rsatadi.)
VAN. Shen Dening kiyimlari! (Eshikka qarab chopadi va qichqiradi.) Uning ko‘ylaklarini topishdi!
POLISIYaChI (kiyimlarni olib). Siz, jiyanim jo‘nab ketdi, degan edingiz. Stol ostidan uning kiyimlari tugilgan tugun topildi. Qiz qayerda, janob Shoy Da?
ShOY DA. Uning manzili menga noma’lum.
POLISIYaChI. Afsus.
XALOYIQ IChIDAN OVOZLAR. Shen Dening narsalarini topishdi! Tamaki qiroli uni o‘ldirib, gumdon qilgan!..
POLISIYaChI. Janob Shoy Da, men bilan borishingizga to‘g‘ri keladi.
ShOY DA (uy egasi-xonim va janob Shu Fuga ta’zim qilib). Shundoq mojaro ro‘y bergani uchun uzr so‘rayman, janoblar. Ammo Sichuanda hali sudyalar bor. Ishonamanki, tezda hammasi ravshan bo‘ladi. (Chiqadi, uning izidan politsiyachi ergashadi.)
VAN. Dahshatli jinoyat yuz bergan!
SUN (qaltirab). Yig‘i tovushini o‘z qulog‘im bilan eshitdim…

INTERMEDIYa
Vanning qo‘nalg‘asi. Musiqa. Meshkob so‘nggi bor farishtalarni tush ko‘radi. Ular juda o‘zgarib ketishgan. Sarsonlik-sargardonlik, benihoya horg‘inlik va mashaqqatli sinovlarning izlari ko‘rinib turadi. Birining shlyapasi qiyshayib qolgan, boshqasi tulki uchun qo‘yilgan qopqonga tushgan, uchalasi ham yalangoyoq.
VAN. Hayriyatki keldingiz, oqilu donolar! Shen Dening tamaki do‘konida qo‘rqinchli voqealar ro‘y bermoqda! Mana, bir necha oydirkim, uning o‘zidan dom-darak yo‘q. Hamma ishni amakivachchasi o‘z qo‘liga olib olgan! Bugun uni qamoqqa olishdi. Aytishlaricha, u do‘konni egallash uchun qizni o‘ldirgan emish. Men bunga ishonmayman, nega desangiz, Shen De tushimga kirib, men amakivachcham qo‘lida asirman, dedi. Ey oqilu don­olar, siz hoziroq borib Shen Deni topib berishingiz kerak.
BIRINChI FARIShTA. Mana bu – dahshat. Butun harakatlarimiz zoye ketdi. Biz yaxshi kishilarni oz uchratdik, o‘shalar ham insonga munosib hayot kechirishmaydi. Ishongan tog‘imiz Shen De edi.
IKKINChI FARIShTA. Agar u ham aynamagan bo‘lsa!
VAN. Yo‘q, u aynamagan, faqat yo‘qolib qoldi, xolos!
BIRINChI FARIShTA. Unda hamma narsa tugadi.
IKKINChI FARIShTA. Bosiq bo‘ling.
BIRINChI FARIShTA. Bosiq bo‘ling nimasi? Uni topmasak, iste’foga chiqishga majbur bo‘lamiz. O, biz ko‘rgan dunyoni aytishga til ojiz – hammayoqda halokat, pastkashlik, xiyonat! Hatto, tabiat ham bizni aldadi. Go‘zal daraxtlarning boshlari sim bilan qirqilgan, tog‘lar ortida quyuq tutunlar burqsib, zambaraklar gumburlamoqda, bulardan seskanmay, sobit tura oladigan bitta ham inson yo‘q!
UChINChI FARIShTA. Oh, meshkob, aftidan, farmoyishlarimizning oqibati voy! Biz tayin etgan barcha axloqiy qoidalar o‘chirib tashlanmasa edi, deb qo‘rqaman. Insonlar loaqal o‘z jonlarini saqlab qolish uchun ham qanchalar zaxmat chekishadi. Yaxshi niyatlar ularni jar yoqasiga eltadi, yaxshi ishlar esa jahannamga uloqtiradi. (Sheriklariga). Dunyo tirikchilik uchun noqulay, siz buni e’tirof etishingiz lozim!
BIRINChI FARIShTA (qizg‘in). Yo‘q, odamzod o‘zi hech narsaga ­arzimaydi!
UChINChI FARIShTA. Negaki, dunyo judayam sovuq!
IKKINChI FARIShTA. Sababki, odamlar juda ojiz!
BIRINChI FARIShTA. Sabot kerak, azizlar, sabot! Noumid bo‘lmang, birodarlar! Yomonlik yo‘liga yurmagan bitta yaxshi insonni topa oldik-ku. U yo‘qolib qoldi. Uni qidirib, topaylik. Bitta yaxshi inson ham yetadi. Bunday hayotga bardosh bera olgan bitta yaxshi inson, ha, yolg‘iz bitta odam topilsa, bas, hammasi tuzaladi, deb aytmaganmidik?!
Farishtalar tezda g‘oyib bo‘lishadi.

X

Sud zali. Guruh-guruh bo‘lib o‘tirishibdi: janob Shu Fu va uy egasi-xonim. Sun va uning onasi. Van, duradgor, qariya, yosh fohisha, chol-kampir. Shin. Politsiyachi. Kelinchak.
ChOL. Uning qo‘li hamma yoqqa yetadi.
VAN. U o‘n ikkita yangi do‘kon ochayapti.
DURADGOR. Sartarosh Shu Fu bilan uy egasi Mi Dzyu xonim sudyaning ham, ayblanuvchining ham do‘stlari. Shundoq bo‘lgach, adolatli hukm chiqarisharmikin?
KELINChAK. Kecha kechqurun odamlar ko‘rishibdi, janob Shoy Daning topshirig‘i bilan Shin sudyaning uyiga semiz bir g‘oz eltib beribdi. Yog‘i savatdan tomib turganmish.
KAMPIR (Vanga). Sho‘rlik Shen Demizni endi hech qachon topisholmaydi.
VAN. Ha, faqat farishtalar haqiqat qilishlari mumkin.
POLISIYaChI. Jim bo‘linglar! Sud kelayapti!
Sudyalar libosida uch farishta kiradi. Ular rampa oldidan o‘tib, o‘z o‘rinlariga qarab borisharkan, o‘zaro shivirlab gaplashganlari eshitilib turadi.
UChINChI FARIShTA. Hammasi oshkor bo‘ladi. Hujjatlar qalbaki, yaxshi tayyorlanmagan.
IKKINChI FARIShTA. Sudyaning to‘satdan qorni og‘rib qolishi ham odamlarda shubha uyg‘otadi.
BIRINChI FARIShTA. Yo‘q, shundoq bo‘lishi tabiiy, axir u bir o‘zi yarimta g‘ozni paqqos tushirdi.
ShIN. Yangi sudyalar!
VAN. Va juda yaxshi sudyalar!
Hammadan orqada borayotgan uchinchi farishta bu so‘zlarni eshitib, o‘girilib, unga tabassum qiladi. Farishtalar o‘tirishadi. Birinchi farishta bolg‘acha bilan stolni taqillatadi. Politsiyachi Shoy Dani olib kiradi. Uni hushtakbozlik bilan qarshi olishadi, ammo u o‘zini mag‘rur tutadi.
POLISIYaChI. Tasodiflarga shay bo‘lib turing. Bu sizga sudya Fu I-Chen emas. Lekin yangi sudyalar ham ancha muruvvatli ko‘rinadi.
(Farishtalarni ko‘rgan Shoy Da yiqilib, hushidan ketadi.)
YoSh FOHIShA. Voy, nima bo‘ldi? Tamaki qiroli hushidan ketib qoldi.
KELINChAK. Ha, yangi sudyalarni ko‘rib, esi og‘di!
VAN. Demak, ularni tanir ekan-da! G‘alati!
BIRINChI FARIShTA (sud majlisini ochib). Siz yirik tamaki savdogari Shoy Dasiz, shundoqmi?
ShOY DA (juda zaif ovoz bilan). Ha.
BIRINChI FARIShTA. Siz jiyaningiz Shen De xonimni bir yoqqa surib, uning do‘konini egallab olganingiz haqida shikoyat tushdi. Aybingizga iqrormisiz?
ShOY DA. Yo‘q.
BIRINChI FARIShTA (ishni varaqlab). Dastlab ayblanuvchi va uning jiyani haqida mahalla politsiyasining fikrini eshitsak.
POLISIYaChI (oldinga chiqib). Shen De bonu hammaga bajonudil yordam berar edi. O‘zi ham yashar, o‘zgani ham yashatar edi. Janob Shoy Da, aksincha, qattiqqo‘l odam. Jiyanining rahmdilligi oqibatining oldini olish uchun u ba’zan keskin choralar ko‘rishga ham majbur bo‘ldi. Janobi oliylari, qizga qarama-qarshi o‘laroq, u hamisha qonunga suyanib ish ko‘rdi. U jiyani ishonib, boshpana bergan kishilarni o‘g‘rilar shaykasi sifatida fosh etdi, bir gal eng so‘nggi daqiqada Shen Deni soxta guvohlik berishdan saqlab qoldi. Men janob Shoy Dani qonunlarni hurmat qiluvchi, izzat-e’tiborli grajdan sifatida taniyman.
BIRINChI FARIShTA. Ayblanuvchini oqlab, guvohlik beruvchi yana kim bor?
Janob Shu Fu bilan Uy egasi xonim oldinga chiqishadi.
POLISIYaChI (farishtalarga shivirlab). Janob Shu Fu, g‘oyat nufuzli zot!
JANOB ShU FU. Janob Shoy Da shaharda muxtaram zot sanaladi. U savdo palatasida ikkinchi rais, o‘zi yashayotgan mahalla xalqi uni yaqinda mirovoy sudya qilib ko‘tarmoqchi.
VAN (qichqirib). Siz ko‘tarmoqchisiz! Og‘iz-burun o‘pishib, ish bitirasiz!
POLISIYaChI (shivirlab). Qora niyatli shaxs!
UY EGASI-XONIM. Vasiylik jamiyatining raisasi sifatida sudga ma’lum qilamanki, janob Shoy Da o‘z fabrikasining ko‘plab ishchilariga eng yaxshi, yorug‘ va keng ishxonalar taqdim etish niyatidadir, shu bilan birga, u nogironlar uyiga atab, hamisha xayri xudoyi qilib turadi.
POLISIYaChI (shivirlab). Mi Dzyu xonim, sudya Fu I-Chenning ulfati.
BIRINChI FARIShTA. Xo‘p-xo‘p, biz endi ayblanuvchini ayblab gapiruvchilarni ham eshitishimiz kerak.
Oldinga Van, duradgor, chol-kampir, ishsiz, kelinchak, yosh fohisha chiqishadi.
POLISIYaChI. Mahallaning chuvrindilari.
BIRINChI FARIShTA. Xo‘sh, Shoy Da haqida siz nima deya olasiz?
XITOBLAR:
– U bizni ado qildi!
– Mening pulimni tortib oldi!
– Yomon yo‘lga boshladi!
– Siqib, suvimizni ichdi!
– Aldadi!
– Chap berdi!
– O‘ldirdi!
BIRINChI FARIShTA. Ayblanuvchi, siz bunga nima deysiz?
ShOY DA. Janobi oliylari, men o‘z jiyanimni falokatdan asrab qoldim, xolos. Men har gal xavf-xatar tug‘ilib, u do‘konchasidan ayrilishi muqarrar bo‘lganda, hozir bo‘ldim. Uch karra kelishimga to‘g‘ri keldi. Hech qachon bu yerda doimiy qolishni o‘ylamadim. Keyingi gal sharoit og‘irlashib qolganligi tufayli uzoq turib qoldim. Men hamisha ish, tashvishga botdim. Bu yerda jiyanimni sevishadi, menga qolgani – qora ish. Shuning uchun ham meni yomon ko‘rishadi!
KELINChAK. Ajab bo‘pti! Janobi oliylari, loaqal bizning bolamizni eslang. (Shoy Daga) Men qoplar haqida gapirib o‘tirmayman.
ShOY DA. Nega gapirmaysan, a? Nega gapirmaysan?
KELINChAK (farishtalarga). Shen De bizga boshpana berdi, u esa bizni qamatdi.
ShOY DA. Senlar somsa o‘g‘irladilaring!
KELINChAK. Sen novvoyni o‘yladingmi? Hecham-da! Sen do‘konni egallab olmoqchi bo‘lding.
ShOY DA. Do‘kon karvonsaroy emas. Senlar nuqul o‘zlaringni o‘yladilaring!
KELINChAK. Bosh suqadigan boshqa joyimiz yo‘q edi!
ShOY DA. Senlar ko‘p bo‘lsalaring, men nima qilay?
VAN. Bular-chi? (Chol-kampirni ko‘rsatib) Bular ham faqat o‘zlarini o‘ylashdimi?
ChOL. Biz jamg‘argan pullarimizni Shen Dening do‘koniga berdik. Sen nega bizni o‘z do‘konimizdan ayirding?
ShOY DA. Jiyanim bir uchuvchiga yordamlashmoqchi bo‘ldi. Men pul topishim kerak edi!
VAN. U ehtimol yordamlashmoqchi bo‘lgandir, lekin sen o‘z foydangni izlading! Bitta do‘kon senga kamlik qildi.
ShOY DA. Binoning ijara bahosi baland edi!
ShIN. To‘g‘ri, men buni tasdiqlayman.
ShOY DA. Jiyanim ish yuritishni bilmas edi.
ShIN. Bu ham to‘g‘ri, men tasdiqlayman. U hatto bir uchuvchini sevib qolgan edi.
ShOY DA. Nima, sevmasligi kerak edimi?
VAN. Albatta! Lekin sen uni o‘zi sevmagan kimsaga, anavi sartaroshga bermoqchi bo‘lding!
ShOY DA. Uning ko‘ngil qo‘ygan odami pastkash bo‘lib chiqdi.
VAN. Mana bumi? (Sunni ko‘rsatadi.)
SUN (sakrab o‘rnidan turadi). Meni pastkashligim uchun ishga oldingmi?
ShOY DA. Seni tuzatish uchun ishga oldim! Tuzatish uchun!
KELINChAK. Ha, uni ur-kaltak qilish uchun olding!
VAN. Uni tuzatib, keyin manavi xonimga sotding, to‘g‘rimi? (Uy egasi xonimga ishora qiladi.) Bu haqda u hamma joyda jar solib yuribdi!
ShOY DA. U avval unga tizzalarini silatib, keyin menga binosini berishga rozi bo‘ldi.
UY EGASI-XONIM (izzat-nafsiga og‘ir olib). Yolg‘on! Binoga til tegizmang! Men endi gaplashishniyam istamayman, qotil!
SUN (qat’iy). Janobi oliylari, men ayblanuvchi foydasiga bir-ikki og‘iz gapirmoqchi edim.
KELINChAK. Albatta gapirishing kerak. Chunki qo‘l ostida ishlaysan.
IShSIZ. Bunaqa yovuz ur-kaltakni birinchi bor ko‘rishim. U judayam quturib ketdi.
SUN. Janobi oliylari, ayblanuvchi menga jabr qilgani rost, lekin u qotil emas. Uni qamoqqa olishlaridan bir necha daqiqa oldin men do‘konxona to‘ridagi hujradan Shen Dening ovozini eshitdim.
BIRINChI FARIShTA (shoshib). Demak, u tirik? Bizga aniq qilib ayt, nima eshitding?
SUN (tantanavor). Yig‘i, janobi oliylari, yig‘i!
UChINChI FARIShTA. Sen uning ovozini tanidingmi?
SUN. Albatta! Men tanimasam, kim taniydi?
JANOB ShU FU. Ha, sen uni tez-tez yig‘latib turarding.
SUN. Men uni harqalay baxtiyor qildim. Lekin manavi (Shoy Dani ko‘rsatib) uni senga sotmoqchi bo‘ldi.
ShOY DA (Sunga). Chunki sen uni sevmas eding!
VAN. Yo‘q, buning uchun emas. Senga pul kerak edi!
ShOY DA. Xo‘sh, nega pul kerak edi? (Sunga) Sen uning hamma do‘stlaridan voz kechishini talab qilding, sartarosh esa beva-bechoralarga yordamlashish uchun uy va aqchalarini ayamadi. Xayrli ishini davom ettirsin deb, men qizni sartaroshga unashtirib qo‘ydim.
VAN. Xo‘sh, qo‘lingda imzolangan katta chek turganda, nega sen xayrli ishlarga yo‘l qo‘ymading? Hoy, tamaki qiroli, ayt, nega sen Shen De do‘stlarini fabrikaning iflos kataklariga qamab qo‘yding.
ShOY DA. Men buni bolani deb qildim.
DURADGOR. Mening bolalarimni o‘yladingmi? Sen ularning boshiga ne kunlarni solmading.
Shoy Da indamaydi.
VAN. Endi indamaysan. Farishtalar Shen Dega, xayrli ishlarning mo‘jaz bulog‘i bo‘lsin, deb do‘kon ato etishdi. U hamisha xayrli ishlarga intildi, sen kelib, barini barbod qilding.
ShOY DA (g‘azablanib). Shunday qilmasam, buloq qurib qolar edi, nodon!
ShIN. U to‘g‘ri aytadi, janobi oliylari!
VAN. Suv ichilmaydigan chashmadan ne foyda?
ShOY DA. Xayrli ishlar oxiri xonavayron qiladi!
VAN (g‘azabi qaynab). Uvol ishlar baxt keltiradimi, a? Sen oqko‘ngil Shen Deni nima qilib qo‘yding, badbaxt? Yaxshi odamni topish oson ekanmi, oqilu donolar? U yaxshi odam edi. Anavi mening qo‘limni sindirib qo‘yganda, u guvohlikka o‘tmoqchi bo‘ldi. Mana, men endi unga guvohlikka o‘tayapman. U yaxshi inson edi, qasamyod qilaman, qasamyod qilaman! (Qasam ichish uchun qo‘lini ko‘taradi.)
UChINChI FARIShTA. Qo‘lingga nima qildi, meshkob? U bukul­mayapti-ku!
VAN (Shoy Dani ko‘rsatib). Bunga manavi aybdor, ha, faqat, shu. Shen De davolanish uchun menga pul bermoqchi edi, lekin manavi yetib keldi. Sen uning xundor dushmani eding!
ShOY DA. Men uning yagona do‘sti edim!
HAMMA. U qayerda?
ShOY DA. Jo‘nab ketdi.
VAN. Qayoqqa?
ShOY DA. Aytmayman!
HAMMA. Xo‘sh, u nega jo‘nab ketadi?
ShOY DA (qichqirib). Ketmasa, uni tilka-pora qilar edilaring! (To‘satdan jimlik cho‘kadi.Stulga o‘zini tashlaydi). Men ortiq chiday olmayman! Hammasini ochib tashlayman! Zalni bo‘shatishsin! Faqat sudyalar qolsin, men bor gapni aytaman.
HAMMA. U iqror bo‘ldi! Siri ochildi!
BIRINChI FARIShTA (bolg‘acha bilan stolga urib). Zalni bo‘shatinglar!
Politsiyachi xaloyiqni tashqariga haydaydi.
ShIN (ketayotib, kuladi). Ajab hangoma bo‘ladigan bo‘ldi!
ShOY DA. Ketishdimi? Hamma ketdimi? Men ortiq jim turolmayman. Men sizlarni tanidim, oqilu donolar!
IKKINChI FARIShTA. Bizning Sichuandan chiqqan mehribon kishimizni nima qilib qo‘yding?
ShOY DA. Ijozat bering, dahshatli haqiqatga iqror bo‘lay, o‘sha mehribon kishingiz – men o‘zimman! (Niqobini yechib, kiyimlarini yulqib, bir yoqqa otadi. Sudyalar oldida Shen De paydo bo‘ladi.)
IKKINChI FARIShTA. Shen De!
ShEN DE. Ha, men. Shoy Da ham, Shen De ham – men o‘zimman!

Sizning o‘sha mutlaq farmoyishingiz, ya’ni,
Yasha, yaxshi inson bo‘l, deb berilgan farmon
Chaqmoqday ikkiga bo‘lib tashladi meni.
Bilolmadim, nega, ammo bo‘lolmadim men
Ham o‘zim, ham o‘zgalarga birdek mehribon.
Ham o‘zim, ham o‘zgalarga qayishmoq qiyin.
Oh, dunyongiz og‘ir! Unda ehtiyoj bisyor.
Yana bisyor erur unda afsus-nadomat!
Kambag‘alga qo‘l uzatsang, yulib olar u!
Yiqilganga yordamlashsang, bo‘lursan xarob!
Go‘sht yemasang – o‘lasan! Bas, men qanday qilib
Toshbag‘ir bo‘lmayin? Barcha zarur narsani
Men qayoqdan olay? Demak, yolg‘iz o‘zimdan.
Bu axir, bilsangiz, halok bo‘lish degan gap.
Meni yerga tiqdi yaxshi niyatlar yuki,
Ammo lekin qabohatga yo‘l qo‘yganda-chi,
Yaxshi etlar yedim, bo‘ldim sohibi qudrat.
Dunyongizda biror illat borga o‘xshaydi.
Nechun yomonlik izzatda, yaxshilik zabun?
Baxt-iqbolga tashnaligim bilsangiz edi.
Boz ustiga, menda pinhon ilmu donish bor,
Zero, asrab olgan onam meni zovurda
Cho‘miltirgan, shuning uchun ko‘zlarim o‘tkir,
Lekin rahmdillik meni azobga qo‘ydi.
Qashshoqlikni ko‘rib, xuddi bir bo‘ri kabi
Men g‘azabga to‘lib bordim, ya’ni, o‘zgardim,
Og‘zim o‘xshab qoldi xuddi bo‘ri og‘ziga,
Bir hovuch kul bo‘lib qoldi unda so‘zlarim.
Koshki yursam mahallada farishta bo‘lib.
Birovlarga sovg‘a berish – menga saodat,
Shod chehrani ko‘rsam – boshim arshi a’loda.
Menga la’nat ayting,
Lekin rostini aytay –
Qo‘shnilarga yordam berib,
Birovni sevib,
O‘z o‘g‘limni faqirlikdan qutqaraman deb,
Qilgan bo‘lsam, qildim men shu jinoyatlarni.
Men – kichik odamman, netay, ojizman hatto
Sizning ulug‘ rejangizga qodir malaklar!

BIRINChI FARIShTA (dahshatga tushgani ko‘rinib turadi). Jim bo‘l, badbaxt! Bu gaplarning nima keragi bor, seni topganimizdan xursand bo‘lib turibmiz!
ShEN DE. Haligina jinoyatlari sizga naql etilgan o‘sha yovuz odam – men o‘zim bo‘laman deb sizga aytishim kerak, axir!
BIRINChI FARIShTA. Ha, hamma nuqul yaxshiliklarini gapirgan o‘sha yaxshi odam – sen o‘zingsan!
ShEN DE. Yo‘q, yovuz ham men o‘zimman!
BIRINChI FARIShTA. Bu anglashilmovchilik! Bir necha baxtsiz tasodif! Qandaydir toshbag‘ir qo‘shnilar! Biroz oshirib gapirishdi, xolos!
IKKINChI FARIShTA. Xo‘sh, u endi qanday yashaydi?
BIRINChI FARIShTA. Yashayveradi! U kuchli va chidamli, mashaqqatlar unga pisandmas.
IKKINChI FARIShTA. Uning nimalar deganini eshitmadingmi?
BIRINChI FARIShTA (qizishib). Gaplari ayqash-uyqash, ha, judayam ayqash-uyqash! Aqlga sig‘maydi, sirayam aqlga sig‘maydi! Nahotki farmoyishlarimiz halokatga eltadi deb tan olamiz? Nahotki ulardan voz kechamiz? (Qaysarlik bilan) Yo‘q, aslo! Dunyo o‘zgarishi kerak deb e’tirof etaylikmi? Qanday qilib? Kim o‘zgartiradi? Yo‘q, hammasi joyida! (Bolg‘achasi bilan stolga uradi. Uning ishorasi bilan musiqa yangraydi. Nimpushti chiroq yonadi.)

Endi qaytishimiz kerak, biz bu dunyoga
Juda ham bog‘lanib qoldik, sevinch, g‘amlari
Goho sevintirib, goho ranjitdi bizni.
Baribir, biz o‘sha yuksak yulduzlar uzra
Quvonch bilan seni esga olamiz, Shen De!
Bu yerda, pastlikda bizning farmoyishlarni
Hamon unutmagan, ey sen, munis mehribon,
Sovuq zulmat aro mash’al ko‘targan inson,
Xayr, baxtiyor bo‘l!..

Uning ishorati bilan shift yorilib, tepadan pushti rang bulut tushadi. Farishtalar bulutga o‘tirib, asta-sekin tepaga ko‘tarila boshlaydilar.
ShEN DE. O, ketmang, oqilu donolar! Bizni tark etmang! Men do‘konidan ayrilgan rahmdil chol-kampir, qo‘li mayib meshkobning ko‘zlariga qandoq qarayman? Jinim sevmagan sartaroshdan, jondan sevganim Sundan o‘zimni qanday himoya qilay? Og‘iroyoqman, hademay bolam dunyoga kelib, non so‘raydi. Men bu yerda qololmayman, axir! (Tinkasi qurib, eshikka qaraydi, eshikdan uning jafokorlari kirib kelishadi.)
BIRINChI FARIShTA. Qolasan! Mehribon bo‘lishga intil, hammasi baxayr bo‘ladi!
Guvohlar kirishadi. Ular bulutga o‘tirib tepaga ko‘tarilayotgan sud­yalarga hang-mang bo‘lib qarashadi.
VAN. Bizga farishtalar tashrif buyurishdi! Ularni izzat-ehtirom qiling! Uch oliy farishta yaxshi inson izlab, Sichuanga kelishdi. Uni topishdi, lekin…
BIRINChI FARIShTA. Hech qanday lekin-pekini yo‘q! Mana u!
HAMMA. Shen De!
BIRINChI FARIShTA. U o‘lmagan, tirik, uni faqat yashirib qo‘yishgan. Yaxshi odam oralaringda qoladi!
ShEN DE. Menga amakivachcham kerak bo‘lib turadi!
BIRINChI FARIShTA. Faqat tez-tez emas!
ShEN DE. Haftada bir marta!
BIRINChI FARIShTA. Oyida bir marta bo‘lsa ham, yetadi!
ShEN DE. O, uzoqlashmang, oqilu donolar! Men hali hamma gapimni aytganimcha yo‘q! Siz menga keraksiz!
FARIShTALAR (kuylashadi).
Bulutga minib, g‘oyib bo‘layotgan farishtalar qo‘shig‘i:

Afsuski, biz endi bunda
Qololmaymiz bir muddat.
Faqat uchqur bir daqiqa
Mana, bizning bor muhlat.
Go‘zal, jonon ayollarni
Cho‘chitmaylik deb hargiz,
Biz – ro‘yomiz, siz – jismoniy,
Boshqachadir yo‘limiz.
Sizni yerda tark etamiz,
Yo‘qlik sari ketamiz…

ShEN DE. Yordam beringlar!
FARIShTALAR:

Biz safarni tugatamiz,
Ko‘kka parvoz etamiz.
Senga olqish, mangu sharafshon,
Sichuandan chiqqan mehribon!

Shen De jonholatda qo‘llarini ularga cho‘zadi, farishtalar kulimsirab, bosh silkib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi.

EPILOG

Parda oldida aktyor hozir bo‘lib, tomoshabinlarga xitoban muro­jaat qiladi.
AKTYoR.
Ey siz, tomoshabin, aziz, muhtaram!
Xotima yaxshimas, o‘zim bilaman.
Bizning qo‘limizda go‘zal afsona
Topdi shundoq yakun, achchiq paymona.
Parda tushdi, bizda hijolat ulug‘,
Muammolar hali hal bo‘lgani yo‘q.
Taqdirimiz sizga bog‘liqdir tamom:
Ko‘ngilxushi izlab kelgansiz buyon.
Omadimiz sizga bog‘liqdir faqat!
Xo‘sh, nima gap? Yo‘qmi bizda jasorat?
Qo‘rqoqmizmi? Yoki san’atda nuqul
Foyda izlaymizmi? Qani to‘g‘ri yo‘l?
Pul deb nimalarni to‘qimas odam!
Boshqa bir qahramon,boshqa bir olam,
Boshqa bir malaklar kerakmi, deyman?
Balki kerakmasdir? Tilni tiyaman.
Bizga yordam bering! Ha, himmat aylang,
Aqlu farosatni xizmatga shaylang.
Toki oqibatli insonlar uchun
Topilsa yaxshi yo‘l, yaxshi bir yakun.
Yomon yakun bizga kerakmas aslo,
U yaxshi bo‘lmog‘i zarur mutlaqo!

TAMOM

Rus tilidan Jamol Kamol tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-12-sonlar