QALBLAR
PARChALANADIGAN XONADON
Ingliz mavzusida ruscha uslubda bitilgan uch
pardali xayoliy (fantastik) pesa
Qatnashuvchilar:
KAPITAN ShOTOVER
ELLI DEN
MISSIS XEShEBAY, GESIONA – Shotoverning katta qizi
LEDI ETTERUORD – Shotoverning kichik qizi
MADZINI DEN – Elli Denning otasi
GEKTOR XEShEBAY – missis Xeshebayning eri
MENGEN
RENDELL ETTERUORD – Ledi Etteruordning qaynisi
ENAGA
O‘G‘RI
BIRINChI PARDA
Kema palubasining orqa qismini aks ettiruvchi sahna. Har ikki tomonda qo‘shni binolar bilan tutash yo‘laklar. Butun devorlar bo‘ylab kemalarning illyuminatorlarini eslatuvchi derazalar. Ularning taglarida qator javonlar. Sentyabr oyi. Kechki payt. Chizmachilik stoli oldidagi kursida boshiga shlyapa, egniga yomg‘irpo‘sh kiygan navjuvon qiz – Elli kitob o‘qib o‘tiribdi. Devorda osig‘lik turgan kattakon soat kechki oltiga bong uradi. Elli o‘z bilagidagi soatga qarab qo‘yib, yana kitobga tikiladi, ammo ko‘p o‘tmay ko‘zlari yumulib, uyquga ketadi. Kitob asta-sekin sirg‘alib yerga tushadi. Keksa Enaga kiradi.
ENAGA. Voy, xudoyim-ey!
Elli uyg‘onadi va kitobni yerdan ko‘tarib, stolga qo‘yadi.
Miss, kechirgaysiz, sizni uyg‘otib yubordim, shekilli. Illo, sizni tanimayapman… Kimni kutyapsiz?
ELLI. Bu xonadonga taklif etilganimni biladigan biron kishini kutyapman.
ENAGA. Voy, taklif etilganmidingiz? Sizga hech kim qaramadimi? Voy, xudoyim!
ELLI. Xo‘mraygan bir cholning derazadan qarab: “Enaga, mana bu yerda yoshgina, chiroyli bir ayol o‘tiribdi. Kelib, xabar oling. Ne maqsadda o‘tirganini biling-chi”, deganini eshitdim, xolos. Enaga siz bo‘lsangiz kerak?
ENAGA. Shunday, miss. Giness enaga men bo‘laman. U esa qari kapitan Shotover, miss Xeshebayning otasi. Qichqirganini eshitdim, lekin boshqa narsa to‘g‘risida gapiryapti, deb o‘ylabman. Sizni, hoynahoy, missis Xeshebay taklif qilgan bo‘lsa kerak, shundaymi?
ELLI. Harqalay, men shunday deb tushungan edim. Yaxshisi, ketaqolay.
ENAGA. Yo‘g‘-e, nima deyapsiz? Buni xayolingizga ham keltirmang. Missis Xeshebayning esidan chiqqan bo‘lsa, sizni ko‘rish u kishi uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ladi.
ELLI. Meni bu yerda hech kim kutmayotganining o‘zi kutilmagan “sovg‘a” bo‘ldi.
ENAGA. Miss, hali bunaqa munosabatlarga ko‘nikib ketasiz. Tartib-qoidalarimizni bilmagan kishi uchun xonadonimiz kutilmagan voqealarga boy.
Yo‘lakda katta, oppoq, paxmoq soqolli, lekin hali baquvvat qariya – kapitan Shotover paydo bo‘ladi. Egnida qo‘sh yoqali kurtka, bo‘yniga hushtak osib olgan.
KAPITAN ShOTOVER. Enaga, ana u yerda, zinada allaqanday jun ro‘mol yotibdi. Kimdir, o‘tgan-ketgan qoqilib yiqilsin, deb ataylab qoldirgan, shekilli. Ha, aytgandek, tennis raketkasi ham bor. U yerga tashlab qo‘yganlari nimasi?!
ELLI. Mening narsalarim bo‘lsa kerak.
KAPITAN ShOTOVER (chizmachilik stolining oldiga kelib). Enaga, adashib yurgan bu yosh xonim kim bo‘ldi?
ENAGA. Miss Gesiona taklif qilgan, deyaptilar-ku, ser.
KAPITAN ShOTOVER. Nima balo, bu bechorani Gesionaning mulozamatidan asrab qoladigan bironta qarindoshi yo do‘sti yo‘q ekanmi? Ha, xonadonimiz zo‘r! Yoshgina, yoqimtoygina ledini taklif qilishibdi-yu, uning buyumlari zinada sochilib yotibdi. Ledining o‘zi esa charchagan, ochqagan bir holda bu yerda o‘tiribdi. Buni, bizningcha, mehmondo‘stlik, deydi! Odob! Na biron xona va na issiq suv tayyorlab qo‘yilgan. Mehmonni kutib oladigan biron beka yo‘q. Mehmon qizimizning hovuz bo‘yiga borib yuvinishiga, ayvonda tunashiga to‘g‘ri keladi, shekilli.
ENAGA. Yo‘g‘-e. Hozir missga choy keltiraman. Choy ichib bo‘lgunicha xona ham tayyor bo‘ladi. (Elliga qarab) Azizim, shlyapangizni yechib qo‘yib, o‘z uyingizda o‘tirgandek, bemalol o‘tiring. (Eshik tomon yuradi.)
KAPITAN ShOTOVER (enaga uning yonidan o‘tar ekan). Hoy, jonginam! Bu yosh xonim kamsitilib, e’tiborsiz qoldirilgan ekan, o‘zing befarosat qilib tarbiyalagan bebaxt farzandlarim bilan qanday muomala qilgan bo‘lsang, u bilan ham shunday munosabat qilishim mumkin, deb o‘ylaysan, shekilli?
ENAGA (Elliga). Qizim, unga e’tibor bermang. (Vazmin osoyishtalik bilan ichkariga kirib ketadi.)
Kapitan Shotover. Qizim, marhamat qilib ayting-chi, ismingiz nima? (Katta to‘qima kursiga borib o‘tiradi.)
ELLI. Mening ismim Elli Den.
KAPITAN ShOTOVER. Den… Bir paytlari kemamda Den degan botsman bo‘lardi, yordamchim. Asli dengiz qaroqchisi edi. Keyin do‘kon ochib, har xil mayda-chuyda kema ashyolarini sotadigan bo‘ldi. Bu ashyolarni mendan o‘g‘irlab olganligiga yetarli dalillarim bor. Boyib ketganligiga shubha yo‘q. Siz o‘shaning qizimisiz?
ELLI (ranjib). Yo‘q. Hech-da! Bu dunyoda otamning ishlari unchalik yurishmagan bo‘lsa-da, hech kimsa u haqda biron nojo‘ya gap ayta olmaydi. Otam – yaxshi odamlarning sarasi!
KAPITAN ShOTOVER. Batamom o‘zgarib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Mushohadaning yettinchi darajasiga yeta oldimi?
ELLI. Gapingizga tushunmayapman…
ShOTOVER. Illo, qizi bo‘laturib bunga qanday erisha oldi? Men sizga aytsam, ikkita qizim bor. Ulardan biri sizni bu yerga taklif qilgan Gesiona Xeshebay. Men xonadonimizda tartib va sarishtalik bo‘lishiga harakat qilaman. U esa hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilish bilan mashg‘ul. Men mushohadaning yettinchi darajasiga yetishga intilaman. U esa uyga mehmon chaqiradi-da, shug‘ullanishni menga tashlab qo‘yadi.
Enaga patnisda choy ko‘tarib kelib, stolga qo‘yadi.
Mening yana bir qizim bor. Lekin, xudoga shukrki, o‘sha to‘nka eri bilan birga imperiyamizning olis burchagida istiqomat qiladi. Kichkinalik paytida kemaning manglayidagi o‘ymakor naqshlar tushirilgan shakllarni sanashni yaxshi ko‘rardi. Kemam “Jasur” deb atalardi. Dunyodagi eng ajoyib kemalardan biri edi. Kuyov o‘sha shakllarga o‘xshab ketardi. Yog‘ochdek hissiz, shu bilan birga tadbirkor qiyofasi o‘sha tasvirning aynan o‘zi edi. Qizim shunaqa to‘nkaga erga tegdi. Endilikda bu xonadonga hech qachon qadam bosmaydi.
ENAGA (patnis qo‘yilgan stolchani katta stol tomon suradi). Bekorlarni aytibsiz! U ayni chog‘da Angliyada. Sizga, qizingiz kelyapti, salomatligini mustahkamlash uchun uyimizda yil bo‘yi turadi, deb shu haftaning o‘zida uch marta aytishdi. Jigarbandingiz bilan shuncha yillardan keyin diydor ko‘rishishdan xursand bo‘lishingiz kerak, ser.
KAPITAN ShOTOVER. Men esa hech ham xursand bo‘layotganim yo‘q. Inson degan maxluqning farzandiga bo‘lgan tabiiy mehr muddati – olti yil. Qizim Ariadna tug‘ilganida men qirq olti yoshda edim, hozir sakson sakkizdaman. Mabodo, kelib qolguday bo‘lsa – men uyda yo‘qman. Biron narsa zarur bo‘lsa – olaversin. Men haqimda so‘rasa, butkul qarib qolgan, seni mutlaqo eslay olmaydi, deb aytinglar.
ENAGA. Yosh qiz oldida bu qanaqa gap! (Elliga) Qani, choyga qarang. Quloq solmang unga. (Choy quyib uzatadi.)
KAPITAN ShOTOVER ( jahl bilan o‘rnidan turadi). O-o, parvardigor! Bular noziknihol qizga mana bu hind choyini ichirishmoqchi! Ichak-chavoqni oshlaydigan bemaza damlama-ku bu! (Choynak va finjondagi choyni charm chelakka ag‘daradi.)
ELLI (afsuslanib). Voy, iltimos… chanqagan edim… Qattiq charchaganman.
ENAGA. Bu nima qilganingiz! Unga qarang, bechora qiz zo‘rg‘a o‘tiribdi.
KAPITAN ShOTOVER. Men sizga o‘zimning choyimdan damlab beraman. Mana bu pashshaga yem bo‘lgan qandga ham tega ko‘rmang. Buni faqat itga berish mumkin. (Hujraga kirib ketadi.)
ENAGA. Qanday odamligini tushunib bo‘lmaydi. Kapitanlik darajasiga erishgunga qadar Zinbargda qalbini iblislarga sotgan, deb bekor aytishmaydi. Yoshi o‘tgan sari men bunga ko‘proq ishonyapman.
Tashqaridan ayol kishining ovozi eshitiladi.
OVOZ. Uyda biron kimsa bormi? Gesiona! Enaga! Dada! Birontangiz chiqsangiz-chi! Buyumlarni olinglar.
Go‘yo kimdir shamsiya bilan devorga urayotgandek tovush eshitiladi.
ENAGA. Voy, xudo! (Elliga) Bu miss Eddi. Ledi Etteruord, missis Xeshebayning singlisi. Men hozirgina kapitanga aytgan miss. (Eshik tomonga) Hozir, ketyapman! (Stolni joyiga surib qo‘yib, shoshib tashqariga qarab yuradi va ledi Etteruord bilan to‘qnashadi.)
G‘oyat go‘zal, did bilan chiroyli kiyingan, oqquvadan kelgan Etteruord jahli chiqqan bir kayfiyatda kirib keladi. Barcha harakatlari ildam, shitobli. U shoshib gapiradi, bir qaraganda, yengiltak bo‘lib ko‘rinadi, bu – yanglish taassurot.
LEDI ETTERUORD. Voy, enaga, bu senmisan. Qalaysan? Hech qarimabsan. Nima, uyda sendan boshqa hech kim yo‘qmi? Gesiona qayerda? Xizmatkorlar qani? Ana u zinada yotgan buyumlar kimniki? Dadam qani? Yo bari uxlagani yotishganmi? (Elliga e’tibor berib) Voy, kechirasiz. Jiyanlarimdan biri bo‘lsangiz kerak-a? (Quchog‘ini ochib, unga yaqinlashadi.) Xolangni o‘pib qo‘y, jonginam.
ELLI. Men bu yerda mehmonman, xolos. Zinadagi buyumlar meniki.
ENAGA. Jonginam. Hozir issiqqina choy damlab kiraman. (Patnisni qo‘liga oladi.)
ELLI. Keksa jentlmen, choyni o‘zim damlayman, deb chiqib ketdi-ku.
LEDI ETTERUORD (enagaga). Dadamlarni aytyaptimi?
ENAGA (vazminlik bilan). Ha, miss.
LEDI ETTERUORD (jahli chiqib). Tentak bo‘lma, enaga, meni “miss” deb chaqira ko‘rma.
ENAGA. Xo‘p bo‘ladi, jonginam. (Patnisni olib, chiqib ketadi.)
LEDI ETTERUORD (shitob bilan borib, divanga o‘tiradi). Siz bu yerda o‘zingizni qanday his qilayotganingizni tasavvur etib turibman. Eh, bu xonadon, bu xonadon! Men bu yerga yigirma uch yil deganda endi kelib turibman. Bu xonadon hamon o‘shanday: zinada buyumlar sochilib yotibdi; xizmatkorlar chidab bo‘lmaydigan darajada bebosh bo‘lib ketishgan; uy kimsasiz; mehmonlarni kutib oladigan biron odam yo‘q; ovqatlanish uchun ma’lum vaqt belgilanmagan; hech kimning ovqatlangisi ham yo‘q, negaki, hamma hamisha yo sariyog‘ bilan non, yo olma kavshab ketaverishadi. Eng dahshatlisi shuki, bu yerdagi kishilarning gap-so‘zlari, o‘y-fikrlari, his-tuyg‘ularida ham o‘sha bo‘shliq, o‘sha besaranjomlik. Qizaloqlik chog‘imda bu yerdagi holatdan boshqa narsa ko‘rmaganim uchun bo‘lsa kerak, men bularni sezmaganman. Lekin o‘zimni baxtsiz deb bilardim. O‘sha vaqtdayoq haqiqiy ledi bo‘lishni, bu haqda o‘ylamaslik uchun boshqalardek yashashni juda-juda istardim. O‘n to‘qqiz yoshimda, nima bo‘lsa-da, bu yerdan uzoqroq ketish uchun turmushga chiqdim. Erim ser Gasting Britaniya qirolligining barcha koloniyalarida navbat bilan gubernator bo‘lgan. Men hamisha hukumat qarorgohining bekasi bo‘lib kelganman. Baxtli edim. Odamlarning bunday yashashlari mumkinligini esimdan chiqarib qo‘yganman. Ammo otamni, opamni, jiyanlarimni ko‘rgim keldi. Buning qanchalik yoqimliligini o‘zingiz bilsangiz kerak. Ha, buni orzu qilardim. Endi ota-onamning uyini mana bunday ahvolda ko‘rib turibman! Qari enagamiz Ginessning surbetligini aytmaysizmi! Giness uyda bo‘lib tursa, men uchun biror narsa hozirlab qo‘ysa bo‘lmasmidi? Ochiq gapirganim uchun meni kechiring. Lekin rostdan ham kayfiyatim buzildi. Xafa bo‘ldim. Ulardan ko‘nglim qoldi. Bunday bo‘lishini bilganimda aslo kelmagan bo‘lardim. Ayni paytda ularga biron so‘z aytmasdan, shartta o‘girilib chiqib ketsammi, degan niyatim ham yo‘q emas. (Yig‘lagudek holatga tushadi.)
ELLI (ma’yuslanib). Meni ham hech kim kutib olgani yo‘q. Men ham jo‘nab qolsammi, deb turibman. Lekin qanday qilib, ledi Etteruord? Buyumlarim zinada yotibdi, izvosh allaqachon jo‘nab ketgan…
Kapitan Shotover hujradan chiroyli choy idishlari terilgan patnis ko‘tarib chiqadi. Uni avval stol chekkasiga qo‘yadi, so‘ng stoldagi chizmachilik taxtasini olib, stolning oyoqlariga suyab qo‘yadi, ana shundan keyin patnisni o‘rtaga suradi. Elli shoshib finjonga choy quyadi.
KAPITAN ShOTOVER. Mana sizga choy, yosh ledi! Voy tavba, yana bir xonim paydo bo‘libdimi? Demak, yana bitta finjon keltirish kerak. (Eshik tomon o‘giriladi.)
LEDI ETTERUORD (divandan turib, qattiq hayajonda). Dada, nima, meni tanimayapsizmi? Qizingizman-ku!
KAPITAN ShOTOVER. Bo‘lmagan gap. Mening qizim tepada uxlab yotibdi. (Chiqib ketadi.)
Ledi Etteruord ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun deraza oldiga borib turadi.
ELLI (finjonni ko‘tarib, uning yoniga boradi). Xafa bo‘lmang. Mana, choy ichib oling. O‘ta g‘alati odam ekan. U meni ham mana shunaqa tarzda kutib oldi. Tushunaman, bu dahshat. Ishonchim komilki, otangiz ataylab qilgani yo‘q buni.
Kapitan Shotover finjon ko‘tarib, qaytib kiradi.
KAPITAN ShOTOVER. Mana endi hammaga yetadi. (Finjonni patnisga qo‘yadi.)
LEDI ETTERUORD (jig‘ibiyron bo‘lib). Dada, mutlaqo unutib yuborgan bo‘lishingiz mumkinmas! Men – Ariadnaman. Kichkina Peddi Petkins. Nahot qizingizni quchib o‘pishni ham lozim ko‘rmasangiz?! (Uning bo‘yniga osiladi.)
KAPITAN ShOTOVER (sovuqqonlik bilan). Ariadna bo‘lishingiz mumkin emas. Siz, xonim, ancha yoshga borib qolgan ayolsiz. Tashqi qiyofangizni yaxshi saqlab qolgansiz, lekin yosh emassiz.
LEDI ETTERUORD. Dada, meni necha yil ko‘rmaganingizni eslang. Axir, hamma qatori men ham ulg‘ayishim kerak-ku.
KAPITAN ShOTOVER (uning quchog‘idan chiqib). Ha, yoshingiz anchaga borib qolganini hisobga olib, begona erkaklarga osilishga barham beradigan vaqtingiz kelgan. Balki ular mushohada qilishning yettinchi darajasiga yetishga intilayotgandirlar.
LEDI ETTERUORD. Men sizning qizingizman-ku! Meni shuncha yillar davomida ko‘rmagansiz!
KAPITAN ShOTOVER. Ha, balli, shunday ekan… Tug‘ishganlarimiz uyda bo‘lganlarida ularning xislatlarini eslab yashaymiz, aks holda chidab bo‘lmaydi. Ular uyda bo‘lmagan taqdirda esa badkor xususiyatlarini xotirlash bilan o‘zimizni ovutib, ayriliqqa bardosh beramiz. Shunday qilib olisdagi qizim Ariadnani o‘taketgan mal’un, deyishga o‘rganib qolganman. Xullas, sizning qizingizman, deb mehr qozonishga urinmang. (Shitob bilan xonaning bir chekkasiga qarab yuradi.)
LEDI ETTERUORD. Mehr qozonish… Yo‘q, bu endi… (Takabburona). Juda soz! (Chizmachilik stoli oldiga o‘tirib, o‘ziga choy quyadi.)
KAPITAN ShOTOVER. Men xonadon sohibi sifatida o‘z vazifamni yomon bajaryapman, shekilli. Den esingizdami? Villi Den?
LEDI ETTERUORD. Sizni tunab ketgan o‘sha iflos matrosni aytyapsizmi?
KAPITAN ShOTOVER (Ellini tanishtirib). O‘shaning qizi. (Divanga o‘tiradi.)
ELLI. Yo‘q, bekor gap!
Enaga choynak ko‘tarib kiradi.
KAPITAN ShOTOVER. Mana bu bemaza ichimligingizni ko‘zimdan yo‘qoting! Eshityapsizmi?
ENAGA. Rostdan choy damlagansiz, shekilli. (Elliga) Sizni esidan chiqarib qo‘ymabdi-da, a? Kapitanga yoqib qoldingiz.
KAPITAN ShOTOVER (xo‘mrayib). Yoshlik! Go‘zallik! Pokizalik! Mana shular yetishmaydi bizning xonadonda. Men munkayib qolgan qariyaman, Gesiona, aytaylik, nisbatan yosh. Uning farzandlari esa bolaga o‘xshamaydi.
LEDI ETTERUORD. Bu uyda bolalar qanday qilib bola holida qolishi mumkin? Tilimiz chiqmasdanoq turli g‘oyalarni miyamizga quyib qo‘yasizlar. Bu g‘oyalar odobli, bama’ni kishilar uchun emas, ellik yoshga borib qolgan faylasuflar uchun maqbul.
ENAGA. Miss Eddi, esimda, siz ilgarilari ham odob haqida ko‘p gapirardingiz.
LEDI ETTERUORD. Enaga, shuni yaxshi eslab qolingki, men miss Eddi ham, qizaloq ham, jajjigina qiz ham emas, ledi Etteruordman!
ENAGA. Yaxshi, jonginam. Hammaga sizni miledi deb chaqirishni tayinlab qo‘yaman. (Vazmin osoyishtalik bilan patnisni olib chiqib ketadi.)
LEDI ETTERUORD. Shu ham qulaylik bo‘ldi-yu! Xonadonda bunaqa imillab yuradigan beso‘naqay xizmatkorni tutishdan ne foyda?
ELLI (o‘rnidan turib, bo‘sh finjonni stolga qo‘yadi). Ledi Etteruord, siz nima deb o‘ylaysiz, missis Xeshebay meni rostdan ham kutyaptimi yo yo‘qmi?
LEDI ETTERUORD. E-e, so‘ramang. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, men yigirma uch yillik ayriliqdan so‘ng hozirgina kirib keldim. Yagona singlisiman. Lekin, ma’lum bo‘ldiki, bu yerda meni ham hech kim kutmagan.
KAPITAN ShOTOVER. Yosh ledini kutishganmi, yo‘qmi, buning nima ahamiyati bor? Uning bu yerdaligidan mamnunmiz. Karavot bor, ovqat yetarli. Unga xonani o‘zim tayyorlab beraman. (Eshik tomon yuradi.)
ELLI (uni to‘xtatmoqchi bo‘lib ortidan yuradi). To‘xtang, shoshmang. Iltimos…
Kapitan Shotover chiqib ketadi.
Ledi Etteruord, nima qilishga ham hayronman. Otangiz o‘zini tunab ketgan o‘sha matros mening dadam ekaniga ishonchi komil, shekilli.
LEDDI ETTERUORD. Eng yaxshisi, buni sezmagandek bo‘lib yuravering. Otam o‘ta aqlli odam, lekin hamisha hamma narsani unutib yuradi. Qarigan chog‘i xotirasi yanada zaiflashgan, albatta. Shuni ham aytish kerakki, ba’zida biron narsani rostdan ham unutib qo‘yganiga ishonish qiyin.
Missis Xeshebay yelib kirib, Ellini quchoqlaydi. U ledi Etteruorddan bir yo ikki yosh katta bo‘lib, unga nisbatan hatto go‘zalroq. Egnida qora duxobadan tikilgan chiroyli xalat.
MISSIS XEShEBAY. Elli! Jonginam! (Uni o‘padi.) Ko‘p bo‘ldimi kelganingizga? Men hamisha uydaman. Xonangizni tartibga keltirib, gullar olib kirib qo‘ydim. Keyin bir nafasga u yoq-bu yoqqa qarab o‘tirib, pinakka ketib qolibman. Dadam uyg‘otib, sizning kelganingizni aytdi. Hech kim kutib olmaganidan va bu yerda yakka o‘zingiz o‘tirib qolganingizdan ranjib, nimalar deb o‘ylaganingizni tasavvur qilishim mumkin. (Yana o‘padi.) Bechora qizaloq! (Ellini divanga o‘tqazadi.)
Ledi Etteruord ularning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun oldinga yuradi.
Voy, bir o‘zingiz kelmaganmidingiz?
LEDI ETTERUORD. Gesiona, rostdan ham meni tanimayapsanmi?
MISSIS XEShEBAY (nazokat bilan). Yo‘g‘-e, chehrangiz tanishdek. Lekin qayerda uchrashganmiz?
LEDI ETTERUORD. Nahot dadam meni shu yerda, deb aytmagan bo‘lsa? Yo‘q, bu endi hammasidan oshib tushdi! (O‘zini kresloga tashlaydi.)
MISSIS XEShEBAY. Dadammi?
LEDI ETTERUORD. Ha, dadam. Dadamiz! Yaramas, hissiz qo‘g‘irchoq! (G‘azabnok bo‘lib o‘rnidan turadi.) Hoziroq mehmonxonaga ketaman.
MISSIS XEShEBAY (uni yelkasidan quchib). Voy, xudoyim! Qudratli tangrim! Nahot bu Eddi bo‘lsa?
LEDI ETTERUORD. Ha, bu – men, Eddi. Agar meni jindek yaxshi ko‘rganingda tanimay qolgan bo‘lishing mumkin emasdi. Shunchalik o‘zgarib ketmaganman-ku. Dadam esa hatto mening kelganligimni senga aytishni lozim topmabdi.
MISSIS XEShEBAY. Qiziq hangoma! (Singlisini quchib, bag‘riga bosish o‘rniga uni kreslo sari itaradi.) O‘tir. Lekin ko‘rinishing a’lo! Yanada go‘zallashib ketibsan. Elli bilan tanishib olgan bo‘lsang kerak? Haqiqiy millionerga, xomsemiz, beso‘naqay bir odamga turmushga chiqmoqchi. Cherkov sichqonidek kambag‘al bo‘lib qolgan otasini asrab qolish uchun o‘zini qurbon qilmoqchi. Uni bu niyatidan qaytarish uchun menga ko‘maklashishing lozim.
ELLI. Qo‘ying, Gesiona, iltimos.
MISSIS XEShEBAY. Jonginam, o‘sha shaxs bugun otangiz bilan birga bu yerga kelib, sizga xushomad qila boshlaydi. Qarabsizki, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas hammasi ayon bo‘ladi-qoladi. Shunday ekan, buni sir tutmoq ne darkor?
ELLI. U hech ham yomon odam emas, Gesiona. Uning otamga qanchalar mehribonlik qilganini bilmaysiz. Men u kishidan g‘oyat minnatdorman.
MISSIS XEShEBAY (endi ledi Etteruordga murojaat qiladi). Eddi, Ellining otasi ajoyib odam. Ismlari Madzini Den. Madzini mashhur odam bo‘lgan. Ellining buvisi va bobosi bilan yaxshi tanish. Ular Brauning kabi shoir bo‘lishgan… Ellining otasi, ya’ni Den tug‘ilganida, Madzinining shaxsan o‘zi: “Mana, yana bir ozodlik kurashchisi!” deb, unga Madzini ismini qo‘ygan. Ozodlik uchun u o‘zicha kurashib kelmoqda, shu bois ham kambag‘al.
ELLI. Otamning kambag‘alligi bilan g‘ururlanaman.
MISSIS XEShEBAY. Ha, albatta, jonginam. Shunday ekan nega uni kambag‘alligicha qoldirib, boshqa, o‘zingiz sevgan kishiga turmushga chiqmaysiz?
LEDI ETTERUORD (o‘zini tutolmay sapchib o‘rnidan turib ketadi). Gesiona, sen meni o‘pasanmi, yo‘qmi?
MISSIS XEShEBAY. Buning senga nima zaruriyati bor?
LEDI ETTERUORD. Opa-singilmiz, yigirma uch yil diydor ko‘rishmadik. Shunday ekan, singlingni o‘pib qo‘ysang bo‘lardi.
MISSIS XEShEBAY. Ertaga ertalab o‘paman, azizim. Pardoz-andoz qilishingdan oldin o‘paman… Upa hidiga toqatim yo‘q.
LEDI ETTERUORD. Toshbag‘ir…
Eshik bo‘sag‘asida Madzini Den bilan Gektor paydo bo‘lishadi. Gektor Madzinini oldinga o‘tkazadi, uning orqasidan o‘zi kiradi.
MADZINI. Qanaqa g‘aroyib-a! Elli, qizalog‘im! Mister Xeshebay hozirgina menga shunaqa bir g‘aroyib…
ELLI. Eshitganman. (Xonaning ikkinchi tomoniga o‘tib ketadi.)
GEKTOR (uning orqasidan yurib). Yo‘q, buni siz hali eshitmagansiz. Tushki ovqatdan so‘ng gapirib beraman. Sizga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylayman. To‘g‘risini aytsam, buni men siz uchun to‘qiganman. Gapirib beraman, degan niyatda edim. Lekin, afsuski… Mayli, siz bo‘lmasangiz, otangizga…
ELLI (orqaga chekinib, nafrat bilan, lekin osoyishta ohangda). Mehnatingiz zoye ketmabdi. Otam sizga ishonadi. Men ishonmagan bo‘lardim.
MADZINI (xayrixohlik bilan). Qizimning tabiati shunaqa qaltisroq, mister Xeshebay. Aslida bunaqa fikrda emas. (Kitob javonining oldiga borib, ularga razm soladi.)
Tashqaridan Boss Mengen, uning orqasidan kapitan Shotover kirishadi. Mengen, cherkovgami yoki rasmiy bir yig‘ingami otlangandek, bashang kiyingan. Yoshi ellik beshlarda, yuzi rangpar, qarashlari bejo.
KAPITAN ShOTOVER (missis Xeshebayni yangi mehmon bilan tanishtiradi). Ismim Mengen deyapti. Harbiy xizmatga yaroqsiz.
MISSIS XEShEBAY (alohida tavoze bilan). Xush kelibsiz, mister Mengen.
MENGEN (uning qo‘lini qisib). G‘oyat xursandman.
KAPITAN ShOTOVER. Den o‘zining barcha muskullaridan xalos bo‘libdi. Lekin, buning evaziga ruhan tetik bo‘lib qolibdi. Alkagol bezgagini uch marta boshidan kechirgan odamning… (Chiqib ketadi.)
MISSIS XEShEBAY. Mister Den, tabriklayman.
MADZINI (hayron bo‘lib ). Nima deyapti, men spirtli ichimliklarni bir umr og‘zimga olgan odam emasman.
MISSIS XEShEBAY. Dadam nimani xohlasa, shuni gapiraverishiga qanchalik imkon bersangiz, shuncha qulog‘ingiz tinch bo‘ladi.
MADZINI. Bo‘hton-ku bu!
MISSIS XEShEBAY (Mengenga qarab). Mister Mengen, erim bilan tanishmisiz? (Gektorga ishora qiladi.)
MENGEN (Gektorga qo‘lini uzatib) G‘oyat xursandman. (Elliga murojaat qiladi.) Yo‘ldan unchalik charchab kelmagan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylayman. (U bilan qo‘l berib ko‘rishadi.)
MISSIS XEShEBAY. Gektor, mister Denga xonasini ko‘rsatgin.
GEKTOR. Ha, albatta. Mister Den, yuring. (Madzinini boshlab chiqib ketadi.)
ELLI. Gesiona, hali menga xonamni ko‘rsatmadingiz.
MISSIS XEShEBAY. Voy, xudoyim-ey, naqadar tentakman, yuring. Mister Mengen, marhamat qilib, o‘z uyingizdek his eting. (Ichkariga qarab) Dada, mister Mengenga uyimizni ko‘rsating. (Elli bilan birga chiqib ketadi.)
KAPITAN ShOTOVER (kiradi). Denning qiziga uylanmoqchimisiz? Bunday qila ko‘rmang. O‘ta qarisiz.
MENGEN (hang-mang bo‘lib). Shunaqa, deng! Kapitan, to‘satdan buningiz nimasi!
KAPITAN ShOTOVER. Haqiqat-ku bu.
MENGEN. Elli bunaqa deb o‘ylayotgani yo‘q.
KAPITAN ShOTOVER. U ham ayni shunday fikrda.
MENGEN. Yoshlari mendan kattaroq kishilar ham…
KAPITAN ShOTOVER (uning gapini davom ettirib). Ahmoq bo‘lib qolishgan. Bu ham haqiqat.
MENGEN (asabiylashib). Nima uchun siz, bu ishlarga aralashishga haqliman, deb o‘ylaysiz, tushunmayapman.
KAPITAN ShOTOVER. Bunga har qanday kishi aralashishi lozim. Bunday vaziyatlarda osmondagi yulduzlar ham titrab ketadi.
MENGEN. Shunga qaramay men unga uylanaman.
KAPITAN ShOTOVER. Qayoqdan bila qoldingiz buni?
MENGEN (o‘zini irodali, qat’iy tabiatli kishi qilib ko‘rsatishga urinib). Men shunday qilmoqchiman. Shunga qaror qildim. Tushunarlimi? Men hech qachon biror ishga qaror qilib, uni oxiriga yetkazmay chala qoldirgan emasman. Shunaqa odamman. Kapitan, siz buni jiddiy ravishda anglab olsangizgina, biz bir-birimizni yaxshi tushuna olamiz.
KAPITAN ShOTOVER. Kinematografiyani yaxshi ko‘rar ekansiz!
MENGEN. Balki. Buni sizga kim aytdi?
KAPITAN ShOTOVER. Ekrandagi qo‘g‘irchoqday emas, odamga o‘xshab gaplashar ekansiz. Bir yilda yuz ming daromad ko‘raman, demoqchisiz.
MENGEN. Men bu bilan maqtanmayman. Lekin yiliga yuz ming ishlab topadigan kishini uchratsam, uning qarshisida shlyapamni yechib, qo‘lini qisaman va uni, og‘ayni, deyman.
KAPITAN ShOTOVER. Demak, sizning ham bir yillik daromadingiz – yuz ming. Shundaymi?
MENGEN. Yo‘q, men bunaqa demagan bo‘lardim. Ellik ming, bu – boshqa gap.
KAPITAN ShOTOVER. Demak, yarim og‘ayni. (Odatdagi keskinlik bilan ters o‘girilib, stoldagi finjonlarni yig‘ishtira boshlaydi.)
MENGEN (asabiylashib). Menga qarang, kapitan, men bu xonadonda o‘zimning kimligimni bilolmay qoldim. Men qizingizning taklifi bilan kelgan edim. Ayting-chi, men uning uyidamanmi yo…
KAPITAN ShOTOVER. Siz osmon ostida, parvardigorning panohidasiz. Bu devorlar orasida nimaiki rostakam bo‘lsa, tashqarida ham shunday. Xoh dengizga boring, xoh toqqa chiqing, vodiyga tushing – baribir, u qiz siz uchun o‘ta yosh.
MENGEN (bo‘shashib). Yoshim ellikdan ozgina oshgan, xolos.
KAPITAN ShOTOVER. To‘g‘rirog‘i, oltmishga ozgina yetmaydi. Boss Mengen, dengiz qaroqchisining qiziga uylanmaysiz. (Patnisni ko‘tarib, ombor tomon yuradi.)
MENGEN (uning orqasidan yurib). Qanaqa qaroqchi? Nimalar deyapsiz?
KAPITAN ShOTOVER (ichkarida turib). Elli Denni aytyapman. Siz unga uylanmaysiz.
MENGEN. Kim menga xalal bera oladi?
KAPITAN ShOTOVER (ombordan chiqib). Qizim. (Tashqariga chiqiladigan eshik tomon yuradi.)
MENGEN (uning orqasidan erib). Missis Xeshebaymi? U meni shu maqsadda chaqirgan, demoqchimisiz?
KAPITAN ShOTOVER (to‘xtab, unga o‘giriladi). Men uning ko‘zlaridan uqqan narsamni bilaman, xolos. Ha, u rostdan ham shunga erishadi. Mening maslahatimga quloq soling: vest-indiyalik habash ayollardan biriga uylaning. Xotin qilsang arziydigan ayollar ular. O‘zim ham qachonlardir habash ayol bilan ikki yil yashaganman.
MENGEN. Jin ursin!
KAPITAN ShOTOVER. Urib bo‘lgan! Bir paytlari men ham birovlarning tuzog‘iga ilingan edim. O‘sha habash ayol qutqarib qoldi.
MENGEN (chorasiz bir holatda). Qiziq tarix ekan. Rostini aytsam, allaqachon bu yerdan ketishim kerak edi.
KAPITAN ShOTOVER. Nima uchun?
MENGEN. Bilasizmi, sizning gaplashish uslubingiz uncha-muncha odamga yoqmaydi.
KAPITAN ShOTOVER. Bo‘lmagan gap. Odatda janjallar boshqacha uslubda gaplashishdan kelib chiqadi. Men bilan hech kim hech qachon janjallashgan emas.
Eshikdan did bilan kiyingan, o‘zini tutish uslubi Vest-Endu tabaqasiga mansub bo‘lgan Rendell kirib keladi. Dastlab yosh, yoqimli, bo‘ydoq yigit sifatida ko‘rinsa-da, keyinchalik kamida qirq yoshdan oshgani ma’lum bo‘ladi.
RENDELL. Bunaqa, tasodifan, so‘ramasdan kirib kelganim uchun uzr so‘rayman. Gap shundaki, eshik qoqadigan bolg‘acha yo‘q ekan. Qo‘ng‘iroq esa, yanglishmasam, ishlamaydi.
KAPITAN ShOTOVER. Bolg‘achaning sizga nimaga keragi bor? Qo‘ng‘iroqqa nima zaruriyat? Eshiklarimiz ochiq.
RENDELL. Ha, balli. Shuning uchun ham to‘g‘ri kirib kelaverishga jur’at etdim…
KAPITAN ShOTOVER. Yaxshi qilibsiz. Hozir sizga biron xona topib beraman. (Eshik tomon yuradi.)
RENDELL (uni to‘xtatib). Mening kimligimni bilmasangiz kerak, deb o‘ylayman.
KAPITAN ShOTOVER. Nahot mening yoshimdagi kishilar odamlarni tabaqalarga ajratib muomala qilishadi, deb o‘ylasangiz? (Chiqib ketadi.)
Mengen bilan Rendell bir-biriga qarab turib qolishadi.
MENGEN. Bu, kapitan Shotover g‘alati odam ekan.
RENDELL. Ha, rostdan g‘alati odamga o‘xshaydi.
KAPITAN ShOTOVER (tashqaridan turib qichqiradi). Gesiona! Yana bittasi keldi. Xona kerak unga. O‘ziga bino qo‘ygan, olifta. Ellik yoshlarga borib qolgan.
RENDELL. Gesionaning nima deb o‘ylashini faraz qilyapman. Ijozatingiz bilan so‘rasam, siz ham shu oilaning a’zosimisiz?
MENGEN. Yo‘q.
RENDELL. Men esa qaysi bir ma’noda qarindoshman.
Missis Xeshebay kiradi.
MISSIS XEShEBAY. Xush kelibsiz. Kelganingiz qandoq yaxshi.
RENDELL. Siz bilan tanishishdan g‘oyat xursandman, Gesiona. (Uni o‘padi.)
Eshik oldida kapitan Shotover paydo bo‘ladi.
Kapitan, qizingizni o‘pganim uchun meni kechiring. Men sizga aytsam…
KAPITAN ShOTOVER. Behuda gap! Qizimni hamma o‘padi. O‘pavering. Istaganingizcha o‘pavering. (Ombor tomon yuradi.)
RENDELL. Minnatdorman. Kapitan, bir daqiqa.
Kapitan Shotover to‘xtab, unga o‘giriladi. Rendell uning yoniga boradi.
Balki yodingizdadir. Unutgan bo‘lishingiz ham mumkin. Axir, oradan ko‘p yillar o‘tib ketdi. Kichik qizingiz Gastings Etteruordga turmushga chiqqan edi.
KAPITAN ShOTOVER. Esimda. Qizim, bu uydan ketish uchun har qanday odamga turmushga chiqishga roziman, degan edi. Sizni tanimay qolishim ham mumkin edi. Kallangiz endi yong‘oqqa o‘xshamaydigan bo‘libdi. Ilvirab qolibsiz. Ko‘p yillar davomida nonga qo‘shib, sutga solib qaynatishganga o‘xshaydi. Odatda ayollar o‘z erlarini shunaqa qilishadi. Bechora! (Omborga kirib ketadi.)
MISSIS XEShEBAY (Rendellning oldiga kelib, unga sinovchan nigoh tashlaydi). Sizning Gastings Etteruord ekaningizga ishonmayman.
RENDELL. Yo‘q, men u emasman.
MISSIS XEShEBAY. Shunday ekan, meni o‘pishga qanday jur’at qildingiz?
RENDELL. Sizni judayam o‘pgim keldi. Gap shundaki, men Gastings Etteruordning nomaqbul ukasi Rendell Etteruord bo‘laman. U uylangan paytda men chet elda edim, elchixonada xizmat qilardim.
Xonaga yelib ledi Etteruord kirib keladi.
LEDI ETTERUORD. Gesiona, mening xonamdagi javonning kaliti qayoqda? Briliantlarimning barini sumkamda olib kelgan edim. Ularni yashirib qo‘ymoqchiman. (Rendellni ko‘rib lol bo‘lib, turib qoladi.) Rendell, bu yerga kelishga qanday jur’at etdingiz? (Unga qarab yuradi.)
Missis Xeshebay divanga, Mengenning yoniga borib o‘tiradi.
RENDELL. Nimaga jur’at etibman? Noo‘rin hech narsa qilganim yo‘q-ku.
LEDI ETTERUORD. Mening bu yerdaligimni sizga kim aytdi?
RENDELL. Klarijeylarnikiga borgan edim. Sizning bu yoqqa jo‘nab ketganingizni eshitdim-u, kelaverdim. Ko‘rinishingiz zo‘r.
LEDI ETTERUORD. Men bilan bunaqa gaplashmang.
MISSIS XEShEBAY. Nima bo‘ldi, Eddi?
LEDI ETTERUORD (o‘zini biroz bosib olib). Hech narsa. Lekin taklif etilmasdan bu yerga kelib, dadamni bezovta qilish – beodoblik. (Deraza rahiga borib o‘tiradi va jahl bilan teskari o‘girilib oladi. Bog‘da sayr qilib yurishgan Gektor bilan Ellini kuzatadi.)
MISSIS XEShEBAY. Mister Mengen bilan tanish emassan, shekilli?
LEDI ETTERUORD (Mengen tomonga qarab, sovuqqina bosh ilg‘aydi). Kechirasiz (Rendellga o‘girilib), Rendell, siz kayfiyatimni buzib, meni o‘ng‘aysiz holatga solib qo‘ydingiz.
MISSIS XEShEBAY (Mengenga). Ledi Etteruord. Singlim.
MENGEN. Tanishganimdan g‘oyat baxtliman, ledi Etteruord.
LEDI ETTERUORD (yangicha bir qiziqish bilan). Bog‘da miss Den bilan sayr qilib yurgan jentlmen kim bo‘ldi?
MISSIS XEShEBAY. Bilmadim. O‘n daqiqa avval erim bilan qattiq aytishib qolgan edi. Yana boshqa biron kimsa kelganini ko‘rganim yo‘q. Yangi mehmon bo‘lsa kerak. (Deraza oldiga borib, tashqariga qaraydi.) Bu – Gektor-ku. Demak, yarashib olishibdi.
LEDI ETTERUORD. Erim deysanmi? O‘sha xushsurat jentlmen-a?
MISSIS XEShEBAY. Ha-a. Nega endi mening erim xushsurat bo‘lmasligi kerak?
RENDELL (ularning yoniga kelib). Erlar hech qachon chiroyli bo‘lishmaydi, Ariadna (Ledi Etteruordning o‘ng tomoniga o‘tiradi.)
MISSIS XEShEBAY. Opa-singillarning erlari esa, mister Rendell, chakkimas-a?
LEDI ETTERUORD. Bachkana bo‘lmang, Rendell! Gesiona, sen ham undan qolishmaysan.
O‘ng tomondagi eshikdan Elli bilan Gektor kirishadi. Rendell o‘rnidan turadi. Elli burchakka, ombor tomonga qarab yuradi, Gektor oldinga o‘tib ketadi. Missis Xeshebay o‘rnidan turadi.
MISSIS XEShEBAY. Gektor, bu – Eddi.
GEKTOR (taajjublanib). Yo‘g‘-e, shu ledimi? Bo‘lishi mumkin emas.
LEDI ETTERUORD (jilmayib). Nega bo‘lishi mumkin emas?
GEKTOR (o‘tkir nigoh tashlab). Mening tasavvurim boshqacha edi… Kechirgaysiz, ledi Etteruord. Sizni nihoyat o‘z kulbamizda muborakbod qilganimdan g‘oyat baxtiyorman. (Unga qo‘lini uzatadi.)
MISS XEShEBAY. O‘pishingga ilhaq bo‘lib turibdi.
LEDI ETTERUORD. Gesiona! (Lekin jilmayishda davom etadi.)
MISSIS XEShEBAY. Uni Eddi deb chaqiraver. Yaxshi pochcha sifatida uni o‘pib qo‘y. Ortiqcha mulozamatlarni yig‘ishtiringlar.
GEKTOR. Gesiona, odab saqlasang-chi. Ledi Etteruord bu xonadonda mehmondo‘stlik bilan birga samimiy mulozamatga loyiq.
LEDI ETTERUORD . Tashakkur, Gektor.
Do‘stona qo‘l olishadi. Deraza yonidan o‘tib ketayotgan Madzini Den ko‘rinadi, ombordan kapitan Shotover chiqib keladi.
KAPITAN ShOTOVER (Elliga murojaat qiladi). Otangiz yuvinib bo‘ldi.
ELLI (vazminlik bilan). Dadam tez-tez yuvinib turishni xush ko‘radilar.
KAPITAN ShOTOVER. G‘alati o‘zgarish. Omborxonaning derazasidan ko‘rib turdim.
O‘ng tomondagi eshikdan jilmaygan holda Madzini Den kiradi va Mengen bilan Xeshebayning o‘rtasida to‘xtaydi.
MISSIS XEShEBAY (tanishtirib). Mister Madzini Den, (ledi Etteruordga ishora qilib) ledi Ette… Voy, esim qursin, sizlarni tanishtirganim mutlaqo yodimdan ko‘tarilibdi.
MADZINI (Ellining qo‘lini kaftiga olib). Miss Den bilan ham uchrashganmiz. (Kulib) Bu mening qizim!
MISSIS XEShEBAY. Ha, albatta!
RENDELL (tavoze bilan Madzinining qo‘lini olib). Men ledi Etteruordning qaynici bo‘laman. Mister Den, siz bilan tanishganimdan mamnunman.
MISSIS XEShEBAY. Bu mening erim.
GEKTOR. Azizim, bizni tanishtirishga hojat yo‘q, biz tanishmiz. (Katta kursining yoniga boradi.) Ledi Etteruord, balki o‘tirarmiz?
Ledi Etteruord o‘tiradi.
MISSIS XEShEBAY. Kechirasizlar. Tanishtirishni jinim suymaydi. Go‘yo “chiptangizni ko‘rsating”, degandek gap.
MADZINI (aql o‘rgatayotgandek). Bundoq olib qarasangiz, buning unchalik ahamiyati yo‘q. Gap bizning kimligimizda emas, nimaligimizda.
KAPITAN ShOTOVER. Ha-a. Olaylik, masalan, siz nimasiz?
MADZINI (esankirab). Men nimaman?
KAPITAN ShOTOVER. O‘g‘rimi, dengiz qaroqchisimi? Qotilmi?
MADZINI. Sizni qattiq ishontirib aytaman, adashyapsiz.
KAPITAN ShOTOVER. Avantyuristning hayoti. Bu esa nimalarga olib kelishi mumkin? Basavlatlikka. Qizingiz chinakam ledi. Nutqi, o‘zini tutishi – hammasi markazdagi targ‘ibotchilarga xos. Bularning bari biz uchun ibrat bo‘lib qolsin. (Boqqa chiqib ketadi.)
MADZINI. Bu yerdagilar mening o‘g‘ri, dengiz qaroqchisi, qotil emasligimga ishonsalar kerak, degan umiddaman. Missis Xeshebay, kechirasiz, bir nafasga chiqib ketaman. U kishi bilan bu anglashilmovchilikni hal qilishim kerak. (Kapitan Shotoverning orqasidan chiqib ketadi).
MISSIS XEShEBAY (uning orqasidan). Befoyda. Yaxshisi, hammamiz ichkariga kirib, choy ichganimiz ma’qul. Bizda choy hech qachon belgilangan vaqtda tayyor bo‘lmaydi. Lekin istagan paytingizda choy topiladi. Xizmatkorning xonasida kun bo‘yi qaynab turadi. Galereya yonidagi oshxonadan so‘rasangiz, damlab berishadi. Istasangiz, ko‘rsatib qo‘yishim mumkin. (Eshik tomon yuradi.)
RENDELL ( u bilan yonma-yuradi). Tashakkur. Choy ichgim yo‘q. Lekin bog‘ingizni ko‘rsatsangiz…
MISSIS XEShEBAY. Dadamning observatoriyasini aytmasa, bog‘imizda ko‘rsatgudek hech vaqo yo‘q. Aytgancha, dadamning dinamit va boshqa shu kabi ashqol-dashqollari saqlanadigan, qum to‘ldirilgan yerto‘la ham bor. Harqalay, xonada o‘tirgandan ochiq havoda yurgan ma’qul. Yuring.
RENDELL. Dinamit deysizmi? Axir, bu xavfli-ku!
MISSIS XEShEBAY. Yo‘g‘-e! Momaqaldiroq bo‘lgan paytlarda u yerga tushmaymiz-ku.
LEDI ETTERUORD. Bu men uchun yangilik. Dinamitlar nimaga kerak?
GEKTOR. Odamzod haddidan oshib ketguday bo‘lsa, uni portlatib, kulini ko‘kka sovurish uchun. Dadam Mahatmaning hukmi bilan mavjud bo‘lgan barcha portlovchi moddalarning kulini ko‘kka sovuradigan allaqanday ruhiy nurni kashf qilmoqchi.
ELLI. Mister Etteruord, kapitanning ajoyib choyi bor ekan.
MISSIS XEShEBAY (eshik oldida to‘xtab). Nahot dadam sizni o‘zining choyi bilan siylagan bo‘lsa?
ELLI. Men bunga muvaffaq bo‘ldim.
MISSIS XEShEBAY. Voy, tirrancha-ey! (Rendell bilan birga chiqib ketadi.)
MENGEN. Siz-chi, sayr qilishni istamaysizmi?
ELLI. Charchaganman. Men, yaxshisi, bironta kitob bilan xonaga kirib, ozgina dam olaman. (Kitob javonining oldiga boradi.)
MENGEN. Ma’qul. Bundan yaxshisini o‘ylab topish qiyin. Lekin men xafa bo‘ldim. (Rendell bilan missis Xeshebayning ortidan chiqib ketadi.)
IKKINChI KO‘RINISh
O‘sha sahna.Chiroq yonib turibdi, deraza pardalari tushirib qo‘yilgan. Elli, uning ortidan Mengen kirishadi. Har ikkalasi boshqa liboslarda. Elli chizmachilik stolining oldiga keladi. Mengen stol bilan to‘qima kursi (kreslo) oralig‘ida to‘xtaydi.
MENGEN. Shu ham ovqat bo‘ldi-yu! Issiq ovqatsiz, choy bilan birga beriladigan quruq bir taom.
ELLI. Mengen, men bunaqa taomlarga ko‘nikib qolganman. Boriga shukur. Aytgandek, kapitan menga makaron pishirib bergan edi.
MENGEN (jirkanib, zarda bilan). Shu ham ovqat bo‘ldi-yu! Men bunaqa narsalarni yeya olmayman. Bu miyamni ko‘p ishlatishim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ishim shuni talab qiladi. Bu tadbirkorning hayotidagi eng og‘ir mashaqqat. Bir umr o‘ylashga to‘g‘ri keladi, o‘ylash, o‘ylash… Darvoqe, o‘zimiz xoli qolganimizda, ijozatingiz bilan, shu daqiqalardan foydalanib, o‘rtamizdagi munosabatlar qanday bo‘lishini aniqlab olmoqchiman.
ELLI (chizmachilik stoli oldidagi kursichaga o‘tirib). Ha, ha, men ham ayni chog‘da shuni bilmoqchi edim.
MENGEN (dovdirab). Shuni istayapsizmi? To‘g‘risi, bu men uchun biroz ajablanarli. Negaki, bugun mendan uzoqroq yurish payida ekaningizni sezgandek bo‘ldim. Tag‘in bu birinchi marta emas.
ELLI. Charchagan edim. Umuman, o‘zimni yomon his qilgan edim. Bu g‘ayritabiiy xonadonga hali ko‘nikmagandim. Iltimos, meni kechiring.
MENGEN. Mayli, hechqisi yo‘q. Xafa bo‘lmayman. Ammo kapitan Shotover menga siz haqingizda gapirgan edi. Anglayapsizmi – siz va men haqimda.
ELLI (qiziqsinib). Kapitanmi? Xo‘sh, nimalar dedi?
MENGEN. Bilasizmi, u siz bilan mening… yoshlarimiz o‘rtasidagi farqqa e’tibor qaratdi.
ELLI. Uning sezmagan narsasi yo‘q.
MENGEN. Demak, siz bunga e’tibor bermaysiz, shundaymi?
ELLI. Albatta. Men shuni yaxshi bilamanki, unashtirilishimiz…
MENGEN. Demak, o‘sha uchrashuvimizni unashtirilish, deb bilasiz?
ELLI. Yo shunaqa emasmi?
MENGEN. O, albatta, albatta. Siz shunaqa der ekansiz. Axir, bu so‘zni birinchi marta talaffuz qilyapsiz. Men uchun esa bu mujmal bo‘lib tuyulgan edi. Gapim tamom. (To‘qima kursiga yastanib o‘tirib oladi.) Kechirasiz, nimadir demoqchi edingiz…
ELLI. Yo‘g‘-e? Esimdan chiqib qoldi. Eslating-chi? Bu yer sizga yoqadimi? Tushlik ovqat paytida missis Xeshebaydan yaqin-o‘rtada yaxshiroq hovli-joy topilarmikan, deb so‘raganingizni eshitib qoldim.
MENGEN. Bu yerlar menga ma’qul bo‘ldi. Havosi toza, shekilli, erkin nafas olasiz. Shu yerni makon qilsam, ajabmas.
ELLI. Men ham, bu yerdan yaxshiroq joy bo‘lmasa kerak, degan fikrdaman. Havosi ham, siz aytgandek, toza. Qolaversa, Gesionaga yaqinroq joyda yashashni istardim.
MENGEN. Bu yerlarning obu havosi bizga to‘g‘ri keladi, albatta. Illo, siz bilan men bir-birimizga mos tushamizmi-yo‘qmi, mana, masala qayerda. Siz bu haqda o‘ylab ko‘rdingizmi?
ELLI. Mister Mengen, biz siz bilan o‘ylab ish qilishimiz kerak, shunday emasmi? O‘zimizni Romeo bilan Juletta deb his etishimizga hojat yo‘q. Lekin astoydil harakat qilsak, binoyidek murosa qilishimiz mumkin. Sizning munis qalbingiz menga shunday imkoniyatni beradi, deb ishonaman.
MENGEN (oldinga egiladi, ovozida esa norozilik ohangi paydo bo‘ladi). Munis qalb?.. Hm-m. Axir, otangizni sindirib, xarob qilgan men-ku: bu sizga ma’lum bo‘lsa kerak?
ELLI. Lekin qasddan qilingan emas-ku, shunday emasmi?
MENGEN. Aynan shunday. Men buni qasddan qilganman.
ELLI. Qasddan?!
MENGEN. Shaxsiy adovatim bo‘lgani uchun emas, albatta. O‘zingizga ma’lumki, otangizning ishlari barbod bo‘lganida men u kishiga ish berdim. Ammo ish hamisha ishligicha qolaveradi. Men uni ishimizga salbiy ta’sir qila oladigan shaxs sifatida barbod etdim.
ELLI. Bunaqa bo‘lishiga aqlim yetmayapti. Mening sizga mutlaqo qaram emasligimni his etib, muammoni erkin hal etishga majbur qilmoqchisiz. Shundaymi?
MENGEN (o‘rnidan turadi va o‘jarlik bilan). Yo‘q. Men nima degan bo‘lsam, shuni aytmoqchi edim.
ELLI. Bundan nima naf ko‘rdingiz? Axir, u sarflab qo‘ygan pul sizning pulingiz edi-ku?
MENGEN (zaharxandalik bilan). Ha. Mening pullarim. U pullar hozir ham meniki, missis Elli. Do‘stlarining u bilan hamkorlikda yo‘qotgan barcha pullari ham meniki. (Qo‘llarini cho‘ntagiga solib, tirjayadi.) Men ularni arini uyasidan tutun bilan quvib chiqargandek haydab soldim. Bunga nima deysiz? Bu sizni dahshatga solyapti, shunday emasmi?
ELLI. Bugun ertalab bu meni rostdan ham dahshatga solgan bo‘lar edi. Hozir esa, mutlaqo ahamiyatsiz ekanligini tasavur ham qilolmaysiz. Lekin bu g‘oyat qiziqarli. Faqat siz menga tushuntirib berishingiz kerak. Unchalik aqlim yetmayapti. (Osoyishta bir holatda unga tikilib, diqqat bilan tinglashga hozirlanadi.)
MENGEN. To‘g‘ri, siz buni tushunmaysiz. Bizning ishlarimizda nimani ham tushunardingiz? Diqqat bilan quloq solib, o‘rganishga harakat qiling. Otangizning faoliyati yangi ish edi. Men esa yangi bir ish boshlashni xush ko‘rmayman. Odatda bu ishni boshqalarga qo‘yib beraman. Ular esa korxonani oyoqqa turg‘azish uchun pullari, shuningdek, do‘stlarining jamg‘armalari, butun kuch va mahoratlarini safarbar etganlari holda jon-jahdlari bilan ishga kirishadi. Bu, men sizga aytsam, chinakam g‘ayrat, shijoat. Shu narsa e’tiborga sazovorki, ishning vaqtincha, oz muddatga bo‘lsa-da, to‘xtab qolishi ular uchun ofat bilan teng. Chunki moliyaviy tajribalari yo‘q. Odatda, bir yil, nari borsa, ikki yil o‘tar-o‘tmas inqirozga uchrashadi, yo bo‘lmasa o‘z korxonalarini paychi sheriklaridan biriga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan arzimagan pulga sotishga majbur bo‘ladilar. Hatto bir miri ham ololmay qolishlari mumkin. Ko‘p hollarda yangidan tashkil topgan kompaniyalarda xuddi shunday vaziyat sodir bo‘ladi. Kompaniya egalari qo‘shimcha mablag‘ sarflab, bor imkoniyatlarini safarbar qilganlari holda yana bir yo ikki yil ishlab turishadi-yu, oqibat natijada uchinchi shaxsga sotib yuborishadi. Agar bu chinakam yirik korxona bo‘lsa, uchinchi xaridorlar ham anchagina mehnat va mablag‘ sarflab qo‘yganlari holda, uni sotishga majbur bo‘ladilar. Ana shunda chinakam ishbilarmonlar paydo bo‘lishadi. Endi maydonga men kirib kelaman. Lekin aksariyat odamlarga nisbatan ayyorroqman. Ishni joyidan jildirish uchun birmuncha mablag‘ sarflayman. Otangizning qanday odamligini darrov bilib oldim. G‘oyasi yaxshiligi, agar bu g‘oyani amalga oshirish uchun imkoniyat yaratib berilsa, jonini jabborga berib ishlashini angladim. Qolaversa, naqd mablag‘ kamlik qilishi, bozorni egallash uchun qulay fursat kutish lozimligini tushunmas edi. Pul bilan muomala qilishni bilmaydigan kishini sindirib, inqirozga uchratishning eng yaxshi uslubi – unga qarzga pul berish ekanligini bilardim. Men o‘z g‘oyamni Sitidagi ba’zi do‘stlarim bilan o‘rtoqlashdim. Ular pul topishdi. Chunki men hatto g‘oyalarim uchun ham mablag‘ sarflamayman. Otangiz, shuningdek, o‘z mablag‘larini u bilan birga tavakkal qilishga jazm etgan do‘stlari men uchun bir paqir edi. Xullas, siz menga behuda minnatdorchilik bildirdingiz. Mening… qalbim to‘g‘risidagi gaplar esa – g‘irt safsata. Otangiz yoshli ko‘zlari bilan menga termilib, og‘zi to‘lib minnatdorchilik izhor etganini ko‘rsam, ko‘nglim aynib, behuzur bo‘laman. Bor haqiqatni unga aytmoqchi bo‘laman, aks holda yorilib ketadigandek his qilaman o‘zimni. Baribir ishonmaydi, degan fikrgina meni to‘xtatib qoladi. Buni, siz aytgandek, munis va kamtarligimdan deb o‘ylaydi. Xullas, nima desa deydi-yu, lekin haqiqatni bilmaydi. Mana shuning o‘zi ham uning naqadar nodonligidan dalolat beradi. Men esa o‘zim haqimda g‘amxo‘rlik qila oladigan odamman. (O‘z-o‘zidan to‘la qanoat hosil qilgan kishidek kursiga yastanib oladi.) Xo‘sh-sh, endi men haqimda nima deyishingiz mumkin, miss Elli?
ELLI (qo‘llarini tushirib). Ajabo, bu ishlarga aqli yetmaydigan onam siz haqingizda mutlaqo to‘g‘ri fikrda bo‘lgan ekan. U hamisha biz bolalariga – otam bo‘lmagan paytlarda, albatta, sizni aynan shunaqa odam, deb aytardilar.
MENGEN (qaddini rostlab, ko‘ngli og‘rib). Shunaqami? Shunga qaramasdan, menga erga chiqishingizga qarshilik ko‘rsatmabdi-ku.
ELLI. Mister Mengen, bilasizmi, onam juda yaxshi inson bilan oila qurgan. Otam, ish jihatidan u kishi haqida nima deyishingizdan qat’iy nazar, g‘oyat munis odam. Shu bois tajribasini takrorlashimni istamagan bo‘lishi mumkin.
MENGEN. Harqalay, endi menga turmushga chiqmaysiz, shunday emasmi?
ELLI (o‘ta osoyishta). Yo‘g‘-e, nega endi?
MENGEN ( hang-mang bo‘lib, o‘rnidan turadi). Rostmi?
ELLI. Siz bilan til topisha olmaymiz, deyishga asosim yo‘q.
MENGEN. Ha, ammo… Menga qarang, tushunasizmi… (Jim bo‘lib qoladi.)
ELLI (osoyishta). Nima edi?
MENGEN. Sizni injiq bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagan edim.
ELLI. Mister Mengen, agar biz, ayollar, erkaklarga nisbatan, siz aytgandek, o‘ta talabchan, injiq bo‘lsak, unda umuman turmushga chiqmagan bo‘lardik.
MENGEN. Yoshgina bo‘lganingiz holda “Biz ayollar!” deb gapirganingizni eshitish! Yo‘q, jiddiy gapirayotgan bo‘lishingiz mumkin emas.
ELLI. Rost aytyapman. Nima, siz jiddiy gapirmayapsizmi?
MENGEN. Mendan voz kechmayman, demoqchimisiz?
ELLI. Siz-chi, siz voz kechmoqchimisiz?
MENGEN. Yo‘g‘-e. Voz kechmaymangina emas…
ELLI. Bo‘lmasa gap nimada?
Mengen javob bergani gap topolmaydi. Cho‘zib hushtak chaladi-da, so‘ng yuzida mug‘ombirona iljayish paydo bo‘ladi. Kursining dastalariga suyanib, past ovozda sirli bir ohangda gapiradi.
MENGEN. Mabodo, men boshqa bir ayolni sevib qoldim, desam nima bo‘lardi?
ELLI (o‘sha uslubda). Bordi-yu, men: “Boshqa bir kishini yaxshi ko‘rib qoldim”, desam-chi?
MENGEN (sapchib o‘rnidan turadi). Men hazillashayotganim yo‘q.
ELLI. Nima uchun meni hazillashyapti deb o‘ylayapsiz?
MENGEN. Mutlaqo jiddiy gapiryapman, deb takrorlayman. Siz jiddiy gaplashish uchun hali juda yoshsiz. Ammo menga ishonishingizga to‘g‘ri keladi. Men… missis Xeshebayga yaqinroq bo‘lishni istardim. Uni sevib qoldim, shekilli. Mana, nihoyat, yuragimdagini to‘kib soldim.
ELLI. Men esa og‘ayningiz mister Xeshebayga yaqin bo‘lishni istayman. Uni yaxshi ko‘rib qoldim. (O‘rnidan turadi va gapini jiddiy tarzda tugatadi.) Mana, hamma narsa oydin bo‘lib, oramizni ochiq qilib oldik. Endi haqiqiy do‘st bo‘lib qolamiz. Dilingizdagi dardlarni oshkor qilganingiz uchun tashakkur…
MENGEN (darg‘azab bo‘lib). Men bilan bunaqa muomala qilishingizga yo‘l qo‘ymayman!
ELLI. Qo‘ying, mister Mengen. Axir, siz nopok ishlaringizda otamning ko‘ngilchanligidan foydalangansiz. Nikoh ham ayollar uchun shunga o‘xshash gap. Xo‘sh, nima uchun men oilaviy munosabatlarda bundan foydalanmasligim kerak?
MENGEN. Chunki men bunga yo‘l qo‘ymayman. Chunki sizning otangizga o‘xshagan g‘irt laqma emasman!
ELLI (nafrat bilan). Mister Mengen, siz, hatto otamning tuflisini tozalashga ham arzimaysiz…. Men sizga muruvvat ko‘rsatib, o‘zingiz aytgandek, marhamatingizdan foydalanmoqchiman. To‘g‘ri, shuni istar ekansiz, unashtiruvni bekor qilish imkoniyatingiz bor. Ammo shunday qilsangiz, bu xonadonning ostonasiga qadam bosmaysiz. Sizga aytdim-qo‘ydim.
MENGEN (g‘azabnok bo‘lib). Borib turgan mal’un ekansiz!.. Meni yer bilan yakson qildingiz. (Holdan toygandek o‘zini kursiga tashlaydi-yu, ayni damda najotkor fikr kelgandek, dadillashadi.) Yo‘q, yo‘q, shoshmang! Siz, o‘zingiz o‘ylagandek, ayyor emassiz. Boss Mengenni osonlikcha mahv etish qo‘lingizdan kelmaydi. Bordi-yu, hozir to‘g‘ri missis Xeshebayga borib, Elli Den eringizni sevib qolibdi, deb ma’lum qilsam-chi?
ELLI. Missis Xeshebayning bundan xabari bor.
MENGEN. O‘zingiz aytdingizmi-a?!
ELLI. Buni menga uning o‘zi aytdi.
MENGEN (chakagini changallab). Bu xonadon allaqanday jinnixona! Yoki men aqldan ozib qolganmanmi?! Nima balo, erini sizning bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingizga almashtirish haqida siz bilan kelishib qo‘yganmi?
ELLI. Nima, siz har ikkalamizga egalik qilmoqchimisiz?
MENGEN (batamom garangsib, o‘zini kursiga otadi). Yo‘q, bunga chiday olmayman. Boshim qaqshab ketyapti. Yordam bering! Tezroq! Boshimni ushlang, qisibroq ushlang. Meni qutqaring!
Elli uning orqasidan kelib, boshini mahkam ushlaydi, so‘ng asta-sekin uqalaydi.
Rahmat. (Uyqusiragan ovoz bilan) Yengillashyapti. (Mudrab) Faqat gipnoz qila ko‘rmang. Bu sehrdan odamlarning aqldan ozganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.
ELLI (dadil ishonch bilan). Tinchlaning. Ba’zi insonlar gipnozsiz ham tentak bo‘lib qolganiga guvohman.
MENGEN (yuvoshgina bo‘lib). Meni silab-siypalash sizga malol kelmas, degan umiddaman. Axir, bugunga qadar menga hatto barmog‘ingizni ham tekkizgan emassiz.
ELLI. Ha, albatta, sizni hech qachon yoniga yaqinlashtirmaydigan, katta yoshdagi, ko‘rkam ayolni sevib qolmaganingizga qadar, albatta. Men ham mister Xeshebayni o‘zimga yaqinlashtirmayman.
MENGEN. U baribir tinchimaydi.
ELLI (uning yuzini silashda davom etib). Ji-m-m… Uxlang. Eshityapsizmi? Hozir tinchib qolasiz. Uyquga ketasiz, uxlaysiz, uxlaysiz… Uxlang, uxlang…
IKKINChI PARDA
Mengen uyquga ketadi. Elli sekin o‘rnidan turib, chiroqni o‘chirib, boqqa chiqib ketadi. Dahliz eshigi ochilib, u yerdan sizib kirgan nur ostida Enaga paydo bo‘ladi.
ENAGA (orqasiga o‘girilib, kimgadir gapiradi). Mister Mengen yo‘q bu yerda, jonginam. Bu yerda hech kim yo‘q. Hammayoq qop-qorong‘i, zimiston.
MISSIS XEShEBAY (tashqaridan turib). Boqqa qarang. Biz mister Den ikkimiz mening xonamda bo‘lamiz. Oldimizga boshlab keling.
ENAGA. Xo‘p bo‘ladi, jonginam. (Qorong‘ida bog‘ eshigi tomon yuradi va uxlab yotgan Mengenga qoqilib ketadi. Qichqirib) Voy, Xudoyim-ey! Qorong‘ida ko‘rmay qolibman. Bu kim o‘zi? Voy, sizmidingiz, mister Mengen? Biron yeringiz lat yemadimi? Buni qarang-a, oyoqlaringizga yiqilib tushibman-a! (Unga yaqinlashib) Sizni qidirib yuruvdim o‘zi. Missis Xeshebay sizni… (Uning qimirlamay yotganini ko‘rib). Voy, xudoyim! Ishqilib, o‘ldirib qo‘ymagan bo‘lay! Ser! Mister Mengen! Ser! (Elkalaridan tutib silkiydi. Mengen kursidan ag‘anaydi, Enaga uni ushlab qolib, yostiqqa suyab o‘tqazadi.) Miss Gessi! Miss Gessi! Tezroq bu yoqqa keling, o‘rgilay! Miss Gessi!
Dahlizdan Missis Xeshebay bilan Madzini Den kirishadi.
Voy, missis Gessi! O‘ldirib qo‘yganga o‘xshayman!
Madzini Mengenning atrofida aylanib chiqib, Enaganing to‘g‘ri gapirayotganiga amin bo‘ladi.
MADZINI. Hoy, xotin, bu jinoyatni sodir etishingizga nima sabab bo‘ldi?
MISSIS XEShEBAY (xoxolab yuborishdan o‘zini tutib, Enagaga) Buni qasddan qildim, demoqchimisan?
ENAGA. Nahot shunday ishlarga qodir bo‘lsam?! Qorong‘ida unga qoqilib, ustiga yiqilib tushdim, bosib qoldim. Vaznim og‘ir-da. U esa biron narsa demadi, hatto silkitmagunimcha qimir etmadi. Keyin qarasam, polda o‘lib yotibdi. Falokat oyoq ostida, deb shuni aytadilar-da!
MISSIS XEShEBAY (Enaganing yonidan o‘tib, Madzinining oldiga boradi, sinchkovlik bilan Mengenga qaraydi). Bo‘lmagan gap! U tirik. Qattiq uxlayapti, xolos. Nafas olayotganini ko‘rib turibman.
ENAGA. Bo‘lmasa nega uyg‘onmayapti?
MADZINI. Mengen, azizim! (Uning qulog‘iga puflaydi.)
MISSIS XEShEBAY. Bu ish foydasiz. (Uni qattiq silkiydi.) Mister Mengen, uyg‘oning! Eshityapsizmi?
Mengen kursidan sirg‘anib tusha boshlaydi.
Voy, enaga! Enaga! Ag‘anab tushyapti, yordam!
Enaga yordamga shoshadi va Madzini bilan birga Mengenni ko‘tarib, kursiga yotqizib qo‘yishadi.
ENAGA (kursi ortida turib, Mengenning ustiga egilib, hidlab ko‘radi.) Balki mastdir, sen nima deysan, jonginam?
MISSIS XEShEBAY. Ehtimol, dadamning romidan ichib olgandir?
MADZINI. Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. U bunaqa odam emas. Eshitishimcha, bir vaqtlar yaxshigina ichgan ekan. Hozir esa spirtli ichimliklarni mutlaqo og‘ziga olmaydi. Missis Xeshebay, bilasizmi, nazarimda, u gipnoz ta’sirida yotibdi.
ENAGA. Gipnoz? Kim uni gipnoz qila qoldi?
MADZINI. Bir kuni biz gipnoz seansida qatnashib, uyga qaytganimizdan keyin bolalar “gipnoz-gipnoz” o‘yinini boshlab yuborishdi. Ana shunda Elli sekin-asta boshimni siladi. Tasavvur qiling-a, qattiq uyquga ketibman. Hatto o‘n sakkiz soatdan keyin mutaxassisni chaqirishga majbur bo‘lishibdi. Qizig‘i shundaki, bolalar meni yuqoriga, yotoqxonamga chiqarib yotqizmoqchi bo‘lishibdi-yu, qo‘llaridan tushirib yuborishibdi. Men bechora zinaning boshidan oxirigacha dumalab ketibman. Ammo shunda ham uyg‘onmabman.
Missis Xeshebay kulgidan o‘zini arang to‘xtatib turadi.
Ha, sizlarga kulgili, albatta, missis Xeshebay, men esa asfalasofilinga ravona bo‘lishim hech gap emasdi.
MISSIS XEShEBAY. Baribir judayam kulgili ekan. Siz o‘lib qolganingizda ham o‘zimni kulgidan to‘xta olmasdim, mister Den. Demak, mister Mengenni Elli gipnoz qilib qo‘ygan ekan-da! Ana sizga qiziq hangoma!
MADZINI. Yo‘q, yo‘q. O‘sha voqea qizim uchun dahshatli saboq bo‘lgan. U boshqa hech qachon bunga jur’at qilolmasa kerak, deb o‘ylayman.
MISSIS XEShEBAY. Unda kim qilgan? Masalan, mening ishim emas bu.
MADZINI. Balki kapitan o‘zi sezmagan holda shunday qilib qo‘ygandir. Axir, uning magnitlari kuchli. U menga yaqinlashgudek bo‘lsa, tanamda titroq paydo bo‘ladi.
ENAGA. Harqalay, uni kapitan uyg‘ota oladi. Buni menga qo‘yib beringlar. Hozir borib, chaqirib kelaman. (Eshik tomon yuradi.)
MISSIS XEShEBAY. Ozgina sabr qilib tur. (Madziniga) O‘n sakkiz soat bemalol uxlashi mumkin, dedingizmi?
MADZINI. O‘n sakkiz soat uxlagan bu – men.
MISSIS XEShEBAY. Shundan keyin sizga biron narsa bo‘lib, tobingiz qochib qolmadimi?
MADZINI. Negadir esimda yo‘q. Ular menga brendi ichirishdi, bilasizmi…
MISSIS XEShEBAY. Juda soz. Harqalay, tirik qolibsiz-ku. Enaga, bor, miss Dendan iltimos qil, yonimizga kelsin. Missis Xeshebayning sizda zarur gapi bor ekan, deb ayt. Hozir Mister Xeshebay bilan birga bo‘lsa ajabmas.
OQSOCh AYoL. Menimcha, jonginam, mister Xeshebay miss Eddi bilan birga yuribdi. Qidirib topaman, oldingizga yuboraman. (Boqqa chiqib ketadi.)
MISSIS XEShEBAY (kursida yotgan Mengenga ishora qilib). Qarang, mister Den. Yo‘q, yaxshilab qarang. Siz hali ham qizingizni mana shu poliz qo‘riqchisiga qurbon qilish niyatidamisiz?
MADZINI (xijolat chekib). Missis Xeshebay, sizning gaplaringizdan keyin butun borlig‘im ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi… Kimda-kim meni – ozodlikning tug‘ma askarini, shunday deyish joiz bo‘lsa, qizim Ellini kimga yoki nimagadir qurbon qilishi yoki his-tuyg‘ularini poymol etishi mumkin deb o‘ylasa, o‘sha odam qattiq xato qilgan bo‘ladi.
MISSIS XEShEBAY (birmuncha loqaydlik bilan). Kechiring.
MADZINI (hamon uxlab yotgan Mengenga ma’yus nigoh tashlab olib). Missis Xeshebay, bu bechora Mengenda nima xusumatingiz bor? Fikrimcha, u yaxshi odam. Men unga o‘rganib, mehr qo‘yganim rost.
MISSIS XEShEBAY. Nahot sizda yurak, qalb degan narsalar bo‘lmasa? Mana bu hayvonga qarang. Uning panjalarida navnihol qizingiz qay ahvolga tushishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a… Bir umr qanchadan-qancha beso‘naqay, bebosh ishchilarni bo‘ysundirib, mol-dunyo to‘plash ilinjida qora terga botishga majbur qilayotgan quldor-ku bu! Sizningcha, u sanoat kapitani, shundaymi? Nahot bechora farzandingizni shu qo‘llarga topshirishga qodir bo‘lsangiz?! Qizingiz serhasham koshonada duru gavharlarga ko‘milib yashashi, naqadar badavlat ekanini boshqalar ko‘rishi uchun qilyapsizmi, shu ishlarni?
MADZINI (unga hayrat bilan qaraydi). Azizim Xeshebay, xudo xayringizni bersin, ayting-chi, ishbilarmonlar hayoti haqidagi bunaqa xayoliy tasavvur sizda qayoqdan paydo bo‘lgan? Bechora Mengen unday odam emas.
MISSIS XEShEBAY (nafratlanib). Bechora Mengen! Rostdan ham!
MADZINI. Bilasizmi, mashinalarga mutlaqo aqli yetmaydi. Ishchilarga hatto yaqin borolmaydi. Shu bois ularni boshqarolmasa kerak. Xodimlardan qo‘rqadi. Men uni ishlab chiqarish bilan hech qachon qiziqtira olmaganman. Bu masalada u sizdan ko‘p narsa bilmaydi. Odamlarning Mengen haqidagi fikrlari mutlaqo noto‘g‘ri. Mengenning ish uslubi qo‘polroq, shuning uchunmi, ko‘pchilik uni dag‘al, zo‘ravon, deb o‘ylaydi.
MISSIS XEShEBAY. Jajjigina, bechora Ellini o‘ziga qaram qilib olishga Mengenning kuchi yetmaydi, deb meni ishontirmoqchi bo‘lyapsizmi?
MADZINI. Nikohning kelajagini avvaldan aytish qiyin, albatta. Lekin shaxsan men, Mengenning Ellidan ustun bo‘lish uchun hech qanday imkoniyati yo‘q, deb o‘ylayman. Elli irodali qiz. Men unda bolaligidanoq Shekspirga muhabbat uyg‘otishga muvaffaq bo‘lganman. Undagi bu xususiyat shundan bo‘lsa kerak.
MISSIS XEShEBAY (mensimagandek bo‘lib). Shekspir! Endi Mengendan ko‘proq pul topolaman, deyishingiz qoldi. (G‘oyat asabiylashgan holda divanning chap yoniga borib o‘tiradi.)
MADZINI (uning orqasidan yuradi va divanning ikkinchi tomoniga o‘tiradi). Yo‘q, bunga qodir emasman. Ko‘rib turganingizdek, unchalik xohishim ham yo‘q. Shuhratparast ham emasman. Mengen esa pul masalasida boshqacha. Puldan boshqa hech narsani o‘ylamaydi. Eng yomoni shundaki, u bechora pullarini nimaga sarflashni, hatto yosh bola singari nima yeb, nima ichishni ham bilmaydi. Mana oqibati, jigarini og‘ritib olgan. Elli uni vaqtida ovqatlanib, parhez saqlashga majbur etadi. Uni yaqindan bilib olsangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz. Sizni ishontirib aytamanki, Mengen – dunyodagi eng notavon odam. Shu bois unga achinib, mehribonlik qilasiz.
MISSIS XEShEBAY. Ayting-chi, bo‘lmasa, u kishining korxonalarini kim boshqaradi?
MADZINI. Men va menga o‘xshagan kishilar.
MISSIS XEShEBAY. Siz hammangiz u kishiga nisbatan aqlliroq ekansiz, nega unga qaram bo‘lib qolgansiz?
MADZINI. Biz usiz xarob bo‘lamiz. Biror yil o‘tar-o‘tmas barcha ishlarni barbod qilamiz. Men buni sinab ko‘rganman. Bilaman. Biz har xil ishlarga, masalan, mahsulot sifatini oshirishga keragidan ortiqcha moyana sarflab yuborgan bo‘lardik. Oqibatda bu ishlarning bari biz uchun juda qimmatga tushardi. Ishchilar bilan munosabatda ham shunday: ba’zi masalalarda ularga yon bosgan bo‘lardik. Mengen esa barchamizni bir me’yorda ushlab turadi. Har bir ortiqcha penni uchun dakki eshitamiz. Bilasizmi, u arzimagan olti penni tejab qolish uchun tun bo‘yi o‘ylanib o‘tirishga qodir. Elli esa butun oilaviy xo‘jalik ishlarini ixtiyoriga olib, Mengenga buyrug‘ini o‘tkazardi.
MISSIS XEShEBAY. Demak, bu notavon muttaham hatto sanoat kapitani sifatida ham borib turgan firibgar ekan-da?
MADZINI. Sanoat kapitanlarimizning bari, siz aytgandek, firibgar bo‘lmasa kerak, missis Xeshebay! To‘g‘ri, aytayotgan gapini mulohaza qiladigan fabrikachilar ham bor, albatta. Lekin ular Mengen singari katta daromadga ega bo‘lolmaydi. Sizni ishontirib aytamanki, Mengen – yaxshi odam. Juda xokisor.
MISSIS XEShEBAY. Bilmadim, ko‘rimsiz odam ekan. Buning ustiga yoshi ham o‘tib qolgan.
MADZINI. Men sizga aytsam, missis Xeshebay, hech qanday erkak uzoq vaqt yosh bo‘lib qololmaydi. Bundan tashqari, hozirgi zamonda yigitlar erta uylanolmaydi ham.
MISSIS XEShEBAY. Ana, ko‘ryapsizmi, agar men shunday deganimda zukkolik bo‘lib tuyulardi. Sizda esa buning aksi. Sizga nimadir yetishmaydi. Nima uchun hurmat va ishonch qozona olmaysiz?
MADZINI (tavoze bilan). Nazarimda, gap mening kambag‘alligim-da. Bu oila uchun naqadar og‘ir ekanini tasavvur qilolmaysiz. Yo‘q, biron marta nolishgan, deya olmayman. Ular meni qattiq hurmat qilishadi, kambag‘alligim bilan faxrlanishadi. Hatto hazillashib jig‘imga tekkan bo‘lishadi. Lekin xotinimga qiyin. Bariga bardosh berib kelyapti.
Missis Xeshebay beixtiyor bir seskanib qo‘yadi.
Mana shunaqa gaplar, missis Xeshebay. Xullas, Elli ham shunday kunga tushib qolmasin, deyman.
Bog‘ eshigi oldida Elli paydo bo‘ladi, ruhi so‘ngan.
MISSIS XEShEBAY (o‘rnidan turib). Mana, nihoyat – Elli.
ELLI (ostonada to‘xtab). Giness meni ko‘rmoqchi bo‘lganingizni aytgan edi.
MISSIS XEShEBAY. Sizni uzoq kutishimizga to‘g‘ri keldi… Ha, mayli. Otangiz juda ajoyib odam ekan. (Madzinining sochini yengilgina silab qo‘yadi.) Birovga yoqib qolish uchun astoydil harakat qilganimda, menga chiday olgan yagona kishi – sizning otangiz. (Mengenning chap tomonidagi katta kursiga yaqinlashib.) Bu yoqqa keling. Men sizga bir narsa ko‘rsatmoqchiman.
Elli kursiga yaqin boradi. Missis Xeshebay Mengenga ishora qiladi.
Ko‘rib qo‘ying!
ELLI (Mengenga befarq qarab olib.) Bilaman. Uxlab yotibdi. Tushlikdan so‘ng gaplashib o‘tirgan edik. Bir mahal gap orasida uxladi-qoldi.
MISSIS XEShEBAY. O‘zingiz uxlatib qo‘ydingizmi, Elli?
MADZINI (o‘rnidan sapchib turib, ularning oldiga keladi). Sen uxlatib qo‘ymagan bo‘lsang kerak. Yoki chindan ham sening ishingmi bu?
ELLI. Uning o‘zi iltimos qilgan edi.
MADZINI. Bu o‘ta xavfli-ku! Qay ahvolga tushganim esingdami?
ELLI (mutlaqo beparvolik bilan). Uni o‘zim uyg‘ota olsam kerak, deb o‘ylayman. Men bo‘lmasam, boshqa birov.
MISSIS XEShEBAY. Hozir buning ahamiyati yo‘q, chunki Mengenga turmushga chiqishingiz bema’nilik ekaniga otangizni nihoyat ishontira oldim.
ELLI (jahl bilan). Nima uchun bunday qildingiz? Men unga turmushga chiqishni xohlayman. Qat’iy qarorim shu!
MADZINI. Elli, bunga ishonching komilmi? Missis Xeshebay bu ishni kalta o‘ylaganimga meni ishontirdi.
ELLI. Dada, agar missis Xeshebay qachonlardir boshqa xayol bilan yurganimni sizga tushuntirmoqchi bo‘lsa, qulog‘ingizni berkitib, ko‘zlaringizni yumib oling. Gesiona men haqimda hech narsa bilmaydi, hech qachon bilolmaydi ham. Dada, buni qanchalik xohlamay, farovon turmushim uchun zarur bo‘lmagan ishni hech qachon qilmayman, deb so‘z beraman.
MISSIS XEShEBAY. Men bir narsani mutlaqo tushunmayapman: hayotingizni mana shu poliz qo‘riqchisi bilan bog‘lab, Gektorga xotin bo‘lolmaganingizdan tasalli topa olarmikansiz?
ELLI. Men hozir ertalabki muloyimgina qizcha emasman, lekin siz buni tushunmayapsiz.
MISSIS XEShEBAY. Yo‘q, tushunaman. Chunki miyangizga, yaramas bir ish qilish kerak, degan bo‘lmag‘ur fikr o‘rnashib qolgan.
ELLI. Yo‘q, Gesiona, bu mening xayolimga ham kelmagan. Lekin tilka-pora bo‘lgan yuragimni tinchlantirish uchun nimadir qilishim kerak-ku?!
MISSIS XEShEBAY. Qo‘ying-e! Bari o‘tib ketadi. Yuragingiz ham butunligicha qoladi.
ELLI (o‘rnidan turadi va Mengenning tepasiga borib, unga nazar soladi). Gesiona, bu xususda tashvish tortmasangiz ham bo‘ladi. Boss Mengenga ko‘proq narsa berishim mumkin. U emas, men uni sotib olaman. Qimmat bahoda. Ayollar bu kabi ishlarda erkaklarga qaraganda yaxshiroq fikrlashadi. Boss Mengenning xotini sifatida ko‘p narsalarni amalga oshirishim mumkin. Aminmanki, bunga o‘nta boss Mengen ham qarshilik ko‘rsatishga ojiz. (Mengenning tanasiga engashadi.) Rostdan ham qarshilik ko‘rsatishmaydi, to‘g‘rimi, boss? Ishonchim komilki, yo‘q. (Chizmakashlik stoli oldiga borib, engashadi va derazaga qaraydi.) Harqalay, bir umr qo‘lqoplarim qishga chidarmikan, degan o‘y bilan yashamayman-ku?
MISS XEShEBAY (ulug‘vorlik bilan o‘rnidan turib). Elli! Siz jussangiz kichik bo‘lsa-da, iflos va razil hayvon ekansiz. Men esa sizni asrab qolish uchun shu darajaga bordimki, hatto bu jirkanch maxluqni o‘zimga rom qilmoqchi bo‘ldim. Yana shuni ma’lum qilishga ijozat bergaysiz: mabodo siz bu jirkanch nikohga rozilik bersangiz, Gektorni hech qachon ko‘rmaysiz. Gapimga ishonavering.
ELLI (uning gapiga e’tibor bermay). Men esa Mengenni, agar menga uylanmaydigan bo‘lsa, sizni hech qachon ko‘rolmaydi, deb ogohlantirib qo‘ydim. (O‘rnidan turib, stolning bir chekkasiga borib o‘tiradi.)
MISSIS XEShEBAY. Siz… siz…
ELLI. Mana, ko‘rib turibsizki, do‘q-po‘pisangiz men uchun kutilmagan hol emas. Yana nima deyish mumkin. Harakat qilib ko‘ring. Men Markni xonaki it emas, odam qilgan bo‘lardim.
MISSIS XEShEBAY (chatnab ketadi). Bu nima deganingiz?!
ELLI (do‘q qilgandek bo‘lib). Unga men haqimda o‘ylashga imkon bering-a, ko‘ramiz nima bo‘lishini.
MISSIS XEShEBAY. Yo‘q, men hayotimda bunaqa surbet maxluqni hech qachon ko‘rmaganman. Gektor, ma’lum bir chegara bor, undan keyin qonun-qoidani mensimaydigan kishilarga nisbatan yagona chora, bu – uning basharasiga tushirish, degan edi. Men ham shunday qilsam-chi?
ELLI. Sochlaringizni changallab olgan bo‘lardim.
MISSIS XEShEBAY (istehzo bilan). Men esa buni pisand qilmayman. Chunki… kechasi yechib qo‘yaman.
ELLI (g‘oyat taajjublanib, unga yaqinlashadi). Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas, Gesiona. Bunaqa ajoyib sochning sun’iy bo‘lishiga ishonmayman.
MISSIS XEShEBAY (sochini silab). Faqat Gektorga ayta ko‘rmang. U tabiiy deb o‘ylaydi.
ELLI. O, uni maftun etgan sochlaringiz ham, boshqa narsalaringiz ham – hammasi sun’iy!
MISSIS XEShEBAY. Qani, tortib ko‘ring-chi. Shunday ayollar borki, erkaklarni o‘z sochlari bilan tuzoqqa tushirishadi. Men esa bolalarimni shu sochlarimda allalayman. Siz, tilla soch miss, bunday qilolmaysiz.
ELLI (shashtidan tushib). Yo‘q, qilolmayman. Mening Markdan tug‘ilajak chaqaloqlarimni siz o‘g‘irlagansiz.
MISSIS XEShEBAY. Jonginam, men hozir yig‘lab yuborishim mumkin. Bilasizmi, uni xonaki itga aylantirganim to‘g‘risidagi gapingizda qisman jon bor. Lekin dunyodagi bironta ayol buni kechira olarmidi?
ELLI. Xo‘sh, uni butunlay o‘zingizniki qilib olishga nima haqqingiz bor? (Hayajonini bosib olib.) Xo‘p, yetar, sizning hech qanday aybingiz yo‘q. Hech kim aybdor emas. U ham aybdor emas. Bas, menga boshqa gapirmang. Ortiq chidolmayman. Yaxshisi, keling, ana u ajinani uyg‘otaylik. (Mengenning boshini endi teskari tomonga qarab silaydi.) Uyg‘oning, eshityapsizmi? Ko‘zingizni oching. Hoziroq uyg‘onishingiz lozim. Uyg‘oning. Uyg‘oning. Uy…
MENGEN (sapchib turib ketadi va darg‘azab bo‘lib, ularga tashlanadi.) Uyg‘oningmish! Nima, meni uxlab yotibdi, deb o‘yladingizmi? (Stulni oyog‘i bilan bir chekkaga surib, missis Xeshebay bilan Ellining o‘rtasiga turib oladi.) Meni sizlar tarashadek qotirib qo‘ydingiz: na qo‘llarimni, na oyoqlarimni qimirlata oldim. Meni tiriklay ko‘mib yuborishlaringiz ham mumkin. Yaxshiyamki, ish bu darajaga yetmagan. Sizlar esa meni, shunchaki uxlab yotibdi, deb o‘ylagansizlar. Meni qayta-qayta siltab oyoqqa turg‘azmoqchi bo‘lganingizda polga yiqilib tushishim, burnimni pachaq qilib, bir umr puchuq bo‘lib yurishim mumkin edi. Endi, mana, sizlarning kim ekaningizni avra-astarigacha bilib oldim. Sizlar qanday odamsiz, men qayerga kelib qoldim, hamma-hammasini bilib turibman. (Elliga) Barcha so‘zlaringizni aniq eshitdim. Otangizning so‘zlarini ham, (missis Xeshebayga) siznikini ham. Demak, men poliz qo‘riqchisiman, ajinaman! Men yaramasman! Hatto nima yeb, nima ichishni bilmaydigan tentakman! Modomiki, agar men ishchilarga moyana olish imkoniyatini bermaganimda, bari ochdan o‘lgan bo‘lardi. Lekin rostini aytsam, ulardan qo‘rqaman. Men…. faqat ustomon ayollarga, shuningdek, qo‘l ostidagi kaltafahm ish boshqaruvchilarga yem bo‘lishgagina yaraydigan qari, qabih, ziqna odamman. Men…
MISSIS XEShEBAY (nazokat bilan). Shoshmang… shoshmang… Mister Mengen, sizning obro‘yingiz go‘yo uyqu payti eshitgan barcha gaplarni xotirangizdan chiqarib tashlashni taqozo etadi. U gaplarning bari sizni eshitsin deb aytilmagan.
MENGEN. Uxlaganga solib yotganmishman! Nahot shuncha tuhmatu haqoratlarni eshitib, jimgina yotaversam? O‘rnimdan turib, sizlar haqingizda qanday fikrda ekanimni ayta olganimda edi! Yorilib ketmaganimga hayronman.
Chap tomondagi eshikdan smoking kiygan Rendell, o‘ng tomondagi eshikdan missis Xeshebay kiradi va chap qo‘li bilan Gektorni, o‘ng qo‘li bilan ledi Etteruordni bo‘ynidan quchib, divan tomonga tortadi.
MISSIS XEShEBAY. Alf, ular menga ishonishmadi.
Hamma qiziqish bilan Mengenga qaraydi.
MENGEN. Balki meni hayvonot bog‘idagi yangi maxluq singari tomosha qilgani yana biron kishi topilib qolar.
MISSIS XEShEBAY. Siz rostdan ham yangicha hayvonsiz.
Mengen unga javob berishga ulgurmasdan tepadan og‘ir bir narsaning ag‘anab tushgan tovushi, so‘ng o‘q ovozi va kimningdir qichqirgani eshitiladi.
MADZININING OVOZI. Bu yoqqa kelinglar!.. O‘g‘ri!.. Yordam beringlar!
GEKTOR. O‘g‘ri!
MISSIS XEShEBAY. Yo‘q-yo‘q, Gektor. O‘ldirib qo‘yishi mumkin!
Gektor otilib tepaga chiqib ketadi.
KAPITAN ShOTOVER (hushtagini chalib). Hamma tepaga ko‘tarilsin! (Gektorning ortidan chiqib ketadi.)
LEDI ETTERUORD. Mening olmoslarim! (Kapitanning orqasidan chiqadi.)
RENDELL (unga ergashib). Yo‘q, Ariadna, men boray…
ELLI. Dadamni o‘ldirib qo‘yishgan bo‘lsa-ya! (Chopib chiqib ketadi.)
MISSIS XEShEBAY. Qo‘rqib qoldingizmi?
MENGEN. Yo‘q. Xudoga shukrki, bu mening uyim emas.
MISSIS XEShEBAY. O‘g‘rini tutishsa, balki sudda guvoh bo‘lishingizga to‘g‘ri kelar. Unda bizning shaxsiy hayotimizga doir turli savollar berishlari mumkin.
MENGEN. Faqat u yerda haqiqatni ayta ko‘rmang, baribir ishonishmaydi.
Dahlizdan g‘oyat hayajonlangan Madzini duellarda qo‘llaniladigan kattakon, qo‘pol to‘pponchani ko‘tarib kirib keladi va chizmachilik stolining oldiga boradi.
MADZINI. Uni narigi dunyoga jo‘natishimga sal qoldi-ya! (To‘pponchani stolga qo‘yadi.) Uni rostdanam o‘ldirmoqchi bo‘lganimga ishonmassiz degan umiddaman, ardoqli missis Xeshebay.
Keksa, yupun bir kishini giribonidan ushlab Gektor paydo bo‘ladi va uni o‘rtaga turg‘azib qo‘yadi. Ularning ketidan Elli ko‘rinish beradi va otasining yoniga borib, uni quchoqlaydi. Temir kosov ko‘tarib Rendell kiradi.
RENDELL. Mengen, eshik oldida sergak bo‘lib turing. Men narigi eshikni qo‘riqlayman. (O‘ng tomondagi eshik oldiga borib turadi.)
Ledi Etteruord kiradi va missis Xeshebay bilan Mengenning o‘rtasiga kelib turadi. Undan keyin Enaga kirib, Mengenning chap tomoniga o‘tib to‘xtaydi.
MISSIS XEShEBAY. Qani, nima bo‘ldi?
MADZINI. Xizmatkoringiz, kimdir tepaga chiqib ketdi, deb (stolda turgan to‘pponchaga ishora qilib) ana u qurolni qo‘limga tutqazdi. Men o‘g‘rini shunchaki po‘pisa qilib qo‘rqitmoqchi edim, ammo uni qo‘limga olishim bilan o‘z-o‘zidan otilib ketdi.
O‘G‘RI. Ha, qulog‘imni yaraladi. Yaxshiyamki, o‘q peshanamga kelib qadalmadi. Qo‘lingiz tegishi bilan vang‘illab otilib ketadigan bu dardisarning o‘rniga haqiqiy revolver olsangiz bo‘lmaydimi?
GEKTOR. Kechirasiz, bu mening duelda ishlatadigan to‘pponchalarimdan biri.
MADZINI. U shu zahoti qo‘llarini ko‘tarib, taslim bo‘ldi, chunki barcha qoidalarga muvofiq qo‘lga oldingiz, deya tan berdi.
O‘G‘RI. Xuddi shunday bo‘ldi. Politsiyani chaqiraveringlar.
GEKTOR. Yo‘q, ont ichib aytamanki, qoidaga muvofiq emas bu, chunki bir kishiga qarshi – to‘rt odam.
MISSIS XEShEBAY. Uni nima qilishadi?
O‘G‘RI. O‘n yil. To‘g‘ridan-to‘g‘ri bir kishilik kameraga tiqib qo‘yishadi. Hayotimning o‘n yili chippakka chiqib ketdi, deyavering. Men endi shuncha yil qamoqda o‘tira olmayman, chunki qarib qoldim. Yo‘q, bu men uchun aynan go‘r.
LEDI ETTERUORD. Nega bu haqda olmoslarim payida bo‘lishdan oldin o‘ylamadingiz?
O‘G‘RI. Ledi, axir, qaytarib oldingiz-ku ularni. Lekin siz o‘n yillik umrimni qaytarib bera olasizmi?
MISSI XEShEBAY. Yo‘q, bir necha olmos uchun bir odamni tiriklay ko‘mish adolatdan emas.
O‘G‘RI. O‘n dona yaltiroq toshchalar uchun o‘n yillik jahannam!
LEDI ETTERUORD. Jinoiy ishlar bo‘yicha sudda kechadigan mashmashalarga dosh berish… Buning ustiga oilaviy mojarolaringiz gazetalarda bosib chiqariladi. (O‘g‘riga qarab) Gastings sizni yaxshilab kaltaklab, ko‘chaga otishni buyursa, hech narsa demagan bo‘lardim. Ammo bu yerda, Angliyada… mutlaqo himoyasiz…
O‘G‘RI. Ledi, men kaltaklanishga yaramayman, juda keksaman. Politsiyaga odam jo‘natinglar, tamom-vassalom. Mana shunisi adolatdan bo‘lar edi.
RENDELL (uning ishni tinch-totuv yo‘l bilan hal qilish niyatida ekanini sezib, oldinga chiqadi). Og‘ayni, endi uyg‘ongan vijdoningizni yengillashtirish uchun sudda kechadigan ba’zi ko‘ngilsizliklarga hushimiz yo‘q. Yaxshisi, hozircha shunday imkoniyat bor ekan, tuyog‘ingizni shiqillatib qoling.
O‘G‘RI (qat’iy). Yo‘q, gunohimni yuvishim kerak. Qolgan umrimni tavba-tazarru qilib, qorong‘i zindonda o‘tkazishga imkon beringlar. Mukofotni arshi a’loda olaveraman.
MENGEN. Bu xonadonda hatto o‘g‘rilar ham o‘zlarini o‘g‘ridek tutishmaydi.
GEKTOR. Hoy, iltifotli odam, gunohlaringizni yuvish uchun boshqa birovlardan foydalanarsiz, bizni esa tinch qo‘ying. Sizni qonun qo‘liga topshirish niyatimiz yo‘q.
O‘G‘RI. Shunaqami?
GEKTOR. Ha, shunaqa.
O‘G‘RI. Juda soz. Men o‘zim politsiya idorasiga borib, aybimga iqror bo‘laman. (Qat’iyat bilan eshik tomon yuradi.)
GEKTOR (uning yo‘lini to‘sib). Yo‘q, bunday qilmaysiz.
RENDELL. Bas, ahmoqlik qilmang.
MISSIS XEShEBAY. Maynavozchilikni yig‘ishtiring! Nima, uyingizda o‘tirib pushaymon qilsangiz bo‘lmaydimi?
LEDI ETTERUORD. Aytganimizni qiling.
O‘G‘RI. Demak, jinoyatni yashirmoqchisiz. Shundaymi?
MISSIS XEShEBAY. Axir, bu o‘ta ketgan bema’nilik-ku. Biz ta’qib qilishni istamayapmiz, kim bunga bizni majbur qila oladi?
MADZINI (ishonch bilan). Yetar, bas! Istasangiz, jinoyatingizni o‘z foydangizga o‘girishni o‘rgatib qo‘yaman. Masalan, shu yerda chilangar bo‘lib qolishingiz mumkin. Axir, har qanday qulfni ochish bo‘yicha ustasi farangsiz.
O‘G‘RI. Bu gapingiz to‘g‘ri, ser. Lekin chilangar bo‘lish uchun eng kami yigirma funt pulim bo‘lishi kerak.
RENDELL. Siz uchun yigirma funt o‘g‘irlash nima degan gap? Yaqin-o‘rtadagi bankka borib kelsangiz, bas.
O‘G‘RI (dahshatga tushib). Sizdek jentlmenning gunoh botqog‘idan chiqmoqchi bo‘lgan bechora jinoyatchiga bunaqa maslahat bergani nimasi? Uyaling-e! Xudo o‘zi kechirsin sizni. (Kursiga o‘tirib, go‘yo ibodat qilayotgandek, qo‘llari bilan yuzini berkitib oladi.)
LEDI ETTERUORD. Rendell, rostdan ham, gapingizni tushunmadim!
GEKTOR. Kutilmaganda tavba qilayotgan bu gunohkor foydasiga pul yig‘ib bersak, degan fikrdaman.
LEDI ETTERUORD. Yigirma funt, buni qarang-a!
O‘G‘RI (yuzini ochib). Ledi, zarur uskunalar sotib olishimga to‘g‘ri keladi.
LEDI ETTERUORD. Bema’ni gap, o‘zingizning o‘g‘rilikda asqotadigan uskunalaringiz bor.
O‘G‘RI. Burg‘i, fomka, atsetilin lampa va qulf ochadigan moslama. Bor-yo‘g‘i shu. Bular bilan ko‘p ish qilib bo‘lmaydi. Menga temirchilik ustaxonasi, temirchilik pechi va boshqa uskunalar kerak bo‘ladi.
GEKTOR. Yigirma funtning o‘zi yo‘q bizda.
O‘G‘RI (endi, hozirgi holatda o‘zining ustunligini his etib). O‘zaro birikib, to‘plasalaringiz bo‘ladi-ku.
MISSIS XEShEBAY. Gektor, bir funt bergin-da, haydab chiqar uni.
GEKTOR ( unga bir funt uzatib). Mana. Endi jo‘na bu yerdan!
O‘G‘RI (o‘rnidan turib, pulni oladi). Men sizlarga hech narsa va’da qilolmayman. Menimcha, sizlarda ko‘proq pul bo‘lishi kerak.
LEDI ETTERUORD (shiddat bilan). Yaxshisi, kelinglar, uni tegishli joyga jo‘nataylik-da, bu ishni bas qilaylik. Menda ham vijdon bor. O‘jarlik qilib, savdolashib turganini qarang. Umuman, uni shundayligicha jo‘natib yuborishga haqli emasmiz, deb o‘ylayman.
O‘G‘RI (shoshib). Xo‘p, ledi, xo‘p. Sizlarga yomonlik qilish niyatim yo‘q. Xayr, ledi va jentlmentlar. G‘oyat minnatdorman. (Tezroq chiqib ketishga shoshadi. Ammo eshik oldiga yetganida kapitan Shotoverga ro‘para bo‘ladi.)
KAPITAN ShOTOVER (bir nafas qarab turib). Bu nimasi tag‘in? Nima balo, sizlar ikkitamisizlar?
O‘G‘RI (kapitanning oldida tiz cho‘kib, qo‘rquvdan titrab). O, xudo, nima qilib qo‘ydim! Kapitan Shotover, nahot men o‘g‘rilikka sizning uyingizga kirgan bo‘lsam?
Kapitan Shotover uni giribonidan tutib, o‘rnidan turg‘azadi va xonaning o‘rtasiga olib boradi. Gektor orqaga o‘tib, missis Xeshebayning yoniga borib turadi.
KAPITAN ShOTOVER (o‘g‘rini Elliga qaratadi). Bu sening qizingmi? (Uni qo‘yib yuboradi.)
O‘G‘RI. Men qayoqdan bilay, kapitan? Siz bilan biz qanday yashaganimizni o‘zingiz bilasiz-ku. Dunyoning qaysi chekkasida bo‘lmasin, shu yoshdagi har qanday qiz mening qizim bo‘lishi mumkin.
KAPITAN ShOTOVER (Madziniga qarab). Siz Billi Den emassiz. Mana bu odam – Billi Den. Siz meni aldab keldingiz-a?
O‘G‘RI (g‘azabnok bo‘lib). Siz mening nomimdan foydalanganmidingiz?! Bu ham yetmagandek, manglayimga o‘q qadamoqchi bo‘ldingizmi? Demak, agar shunday deyish joiz bo‘lsa, o‘z-o‘zingizni ovlagan ekansiz-da?
MADZINI. Aziz kapitan Shotover, men xonadoningizga qadam qo‘yganimdan buyon sizni o‘zimning mister Vilyam Den emas, Madzini Den, ya’ni boshqa odam ekanimga ishontirishga harakat qilib keldim.
O‘G‘RI. U avlodimizning boshqa bo‘g‘inidan bo‘ladi. Bizning avlodimiz ikki bo‘g‘indan iborat: biri olimlar avlodi, ikkinchisi – ichkilikbozlar. Men ana shu ikkinchi toifaga mansubman. U esa miyasi bilan ish qiladiganlardan. Lekin, bu, meni otib tashlashi mumkin, degani emas.
KAPITAN ShOTOVER. Demak, sen o‘g‘ri bo‘lib qolgansan?
O‘G‘RI. Yo‘q, kapitan. Men dengizchilar sha’niga dog‘ tushishiga yo‘l qo‘ymayman. Men o‘g‘ri emasman.
LEDI ETTERUORD. Bo‘lmasa, olmoslarimni nima qildingiz?
KAPITAN ShOTOVER. O‘g‘ri bo‘lmasang, nimaga birovning uyiga kirasan?
RENDELL. Nima, o‘z uyim, deb o‘ylaganmiding?
O‘G‘RI. Endi yolg‘on gapirishimga hojat qolmadi. Men har qanday kapitanni laqillatishim mumkin, faqat kapitan Shotoverni emas. Chunki u Zanzibarda iblislarga sotilgan, yer tagidan suv chiqarishga qodir bo‘lgan, tilla qayerdaligini biladigan, birovning yuragiga yashiringan haqiqatni ko‘ra biladigan odam. Faqat men o‘g‘ri emasman.
KAPITAN ShOTOVER. Halol odammisan?
O‘G‘RI. Kapitan, o‘zingiz yaxshi bilasiz, men hech qachon o‘zimga yaqin kishilarga nisbatan yaxshiroq bo‘lishga intilgan emasman. Mening mashg‘ulotim esa gunohdan xoli, hatto xudoga ham maqbul bo‘ladigan ish. Men avval yaxshi odamlarning qayerda yashashini bilib olaman-da, hozirgidek ish tutaman. Uyga kirib, bir nechta qoshiq yoki olmosmi, boshqa narsami, cho‘ntagimga solib qo‘yaman-da, shovqin ko‘taraman, osongina ushlab olishlariga imkon beraman, so‘ng xuddi hozirgidek pul yig‘ib olaman. O‘zingni o‘zing tutib berish qanchalik qiyinligini tasavvur qilolmaysiz. Bir safar bitta xonadonda ancha stul sindirishimga to‘g‘ri keldi. Lekin, qani endi, biron tirik jon uyg‘onsa. Xullas, quruq chiqib ketishga majbur bo‘ldim.
RENDELL. Shunday hollarda qoshiq yo olmoslarni qayta joyiga qo‘yasizmi?
O‘G‘RI. Nima desam ekan… Yaratganning amriga qarshi borolmayman.
KAPITAN ShOTOVER. Giness, siz bu odamni taniysizmi?
ENAGA. Nega tanimas ekanman. Bu odamxo‘r zolim mening erim edi.
MISSIS XEShEBAY. Yo‘g‘-e?
LEDI ETTERUORD. Giness!!!
O‘G‘RI. Qonuniy nikohdan o‘tmaganmiz. Bunaqa xotinlarim ko‘p bo‘lgan. Tuhmatning nima keragi bor?
KAPITAN ShOTOVER. Omborga qamab qo‘yinglar. (Uni o‘z yoshiga mos kelmaydigan zarb bilan itarib yuboradi.)
ENAGA. Oshxonaga, demoqchimisiz? Bu go‘rso‘xtani u yerga qo‘yishmaydi. Oqsoch ayol har qanaqa o‘g‘riyu qalang‘i-qasang‘ilar bilan hamsuhbat bo‘lishni istarmidi?
KAPITAN ShOTOVER. Quruqlikdagi o‘g‘rimi, dengizdagi o‘g‘rimi – bari bir go‘r. Uni bu yerda ko‘rishga ko‘zim yo‘q. Har ikkalang yo‘qolinglar!
O‘G‘RI. Xo‘p bo‘ladi, kapitan. (Chiqib ketadi.)
MADZINI. Uni uyda qoldirish xavfli emasmi?
ENAGA. Ser, nega uni otib o‘ldirib qo‘ya qolmadingiz? Kimligini bilganimda, o‘zim o‘ldirgan bo‘lardim. (Chiqib ketadi.)
UChINChI PARDA
Bog‘ manzarasi. Ajoyib sokin kecha. Oy ko‘rinmaydi. Ledi Etteruord to‘r belanchakda, cho‘zilib yotibdi. Kapitan Shotover esa uzunchoq kursida uzala tushib yotibdi. Uning yonida Elli o‘tiribdi. Orqada, nimqorong‘ilikda Gesiona bilan Mengen sayr qilib yurishibdi. Ichkaridan Gektor chiqib keladi.
LEDI ETTERUORD. Qanday ajoyib kecha! Go‘yo bu manzara, sokin tun biz uchun atalgandek.
GEKTOR. Kechaning biz bilan ishi yo‘q. U uchun biz nima? (Qosh-qovog‘i osilib stulga o‘tiradi.)
ELLI (uyqusiragan holatda kapitan Shotoverga suykanadi). Ushbu kechaning nafosati butun tomirlarimga singib borayotgandek. Keksalarga orom, yoshlarga umid bag‘ishlaydi.
GEKTOR. Buni o‘zingiz o‘ylab topdingizmi?
ELLI. Yo‘q. Bu kapitanning uyquga ketishdan oldin aytgan so‘nggi so‘zlari.
KAPITAN ShOTOVER. Uxlaganim yo‘q.
GEKTOR. Rendell uxlayapti. Mister Madzini Den ham. Mengen ham uxlayotgan bo‘lsa kerak.
MENGEN. Bekorlarni aytibsiz.
GEKTOR. Siz ham shu yerdamisiz? Gesiona sizni uxlagani jo‘natgan, deb o‘ylabman.
Ularning orqasida missis Xeshebay bilan Mengen paydo bo‘lishadi.
MISSIS XEShEBAY. Mengen, o‘limim yaqinlashayotganini sezyapman, deb qayta-qayta takrorlayapti. O‘ziga bunday tashnalik bilan rahm tilagan odamni umrimda birinchi marta ko‘ryapman.
MENGEN (elanib). Rostdan ham menda shunaqa sezgi paydo bo‘ldi. Rost aytyapman. Siz esa eshitishni istamayapsiz.
MISSIS XEShEBAY. Men boshqa bir narsani tingladim. Havoda vizillagan allaqanday g‘aroyib tovush eshitildi. Hech kim eshitmadimi? Allaqayerdandir olisdan eshitildi, so‘ng birdan so‘ndi.
MENGEN. Poyezdning tovushi, dedim-ku.
MISSIS XEShEBAY. Bu paytda hech qanaqa poyezd o‘tmaydi. Oxirgisi to‘qqizdan qirq daqiqa o‘tganda keladi.
MENGEN. Balki yuk tashiydigan poyezddir?
MISSIS XEShEBAY. Ular bu yo‘ldan yurishmaydi. Gektor, bu nimaning tovushi bo‘lishi mumkin?
GEKTOR. Bu osmonu falakning bizga bo‘lgan munosabati. Mana, ko‘rasizlar, nimadir bo‘ladi. Yo qorong‘ilikdan o‘rnimizni egallaydigan yangi bir jonzot chiqib keladi, yo osmonu falak gumburlab ustimizga tushib, yakson qiladi. Meni aytdi, dersizlar.
LEDI ETTERUORD (o‘z gamagiga bamaylixotir joylashib olib, sovuqqonlik bilan). Bema’ni gap. Gektor, nima uchun bu xonadonga doim falokat tilaysiz? Axir, bu yerda, agar Gesiona qanday yashash lozimligi to‘g‘risida ozgina tasavvurga ega bo‘lsa, yaxshigina hayot kechirish mumkin-ku. Bu xonadonning asosiy kamchiligi nimadan iborat ekanini nahot tushunmasangiz?
GEKTOR. Kamchilik, bu – biz. Turish-turmushimizda zig‘ircha ham ma’no yo‘q. Biz keraksiz, shu bilan birga xavfli odamlarmiz. Shuning uchun ham bizni yo‘q qilish kerak.
LEDI ETTERUORD. Bema’ni gap! Gastings bu yerga kelishi hamon kamchiligimiz nimadan iborat ekanini menga aytgan edi. Bundan yigirma to‘rt yil oldin bo‘lgan gap.
KAPITAN ShOTOVER. Nima? O‘sha to‘nka shunaqa dedimi?
LEDI ETTERUORD. Buni Gastings aytgan, deyapman. U esa anoyi odamlardan emas.
KAPITAN ShOTOVER. Xo‘sh, uyimdagi kamchilik nima ekan?
LEDI ETTERUORD. Kemada qanday bo‘lsa, bu yerda ham shunday. Gastings buni ko‘ra olgan.
KAPITAN ShOTOVER. Ahmoq u. Kemada qanday kamchilik bo‘lishi mumkin? U yerda hammasi joy-joyida.
LEDI ETTERUORD. Yo‘q, hammasi ham emas.
MISSIS XEShEBAY. Xo‘sh, nima ekan? Eddi, gapni cho‘zma.
LEDI ETTERUORD. Qani, topinglar-chi.
GEKTOR. Mal’unlar, zanzibarlik yalmog‘izlar!
LEDI ETTERUORD. Yo‘q, topolmadingiz. Sizlarni ishontirib aytamanki, bu xonadonni go‘zal, sog‘lom, yoqimli qilish uchun, barchaning ishtahasi yaxshi, uyqusi sog‘lom bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan narsa, bu – ot.
MISSIS XEShEBAY. Ot?! Behuda gap!
LEDI ETTERUORD. Ha, otlar kerak. Nega biz bu uyni hech qachon ijaraga bermaganmiz? Chunki otxona yo‘q. Angliyaning rosmana, sog‘lom, turmushlaridan mamnun inglizlar yashayotgan qaysi joyiga bormang, butun uyning asosiy ustuni – otxona ekanini bilib olasiz. Yana, mehmonlardan birontasi royal chalishni istab qolguday bo‘lsa, qopqog‘ini ochishdan avval butun xonani ostin-ustin qilishiga to‘g‘ri keladi. Uning ustida nimalar sochilib yotmaydi deysiz! Shaxsan men to ot minishni o‘rganmagunimga qadar o‘zimning tirik jon ekanimni his qilmaganman. Ammo hech qachon rostakamiga yurolmayman, negaki, bolaligimdan o‘rgatishmagan. Haqiqiy ingliz jamoasi ikki guruhga bo‘linadi: biri chavandozlar, ikkinchisi – asablari nosog‘lom kishilar. Har qanday odamga shu narsa ayonki, ov bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishilar – sog‘lom va qobil kishilar, ov bilan shug‘ullanmaydigan kishilar esa haqiqiy odamlar emas.
KAPITAN ShOTOVER. Ozgina bo‘lsa-da, mantiq bor bu gaplarda. Masalan, meni kema erkak qilib tarbiyalagan, kema esa, dengiz oti.
LEDI ETTERUORD. Dada, ana shuning uchun ham siz, Gastings aytganidek, haqiqiy jentlmensiz.
KAPITAN ShOTOVER. U to‘nkada sal bo‘lsayam aql bor. Uni keyingi safar olib kelishing mumkin. Gaplashib olishimiz kerak.
LEDI ETTERUORD. Mister Mengen, nomzodingizni tavsiya qilgan partiyaga ko‘p pul tikkanmidingiz?
MENGEN. Yonimdan bir miri ham chiqarganim yo‘q. Pul masalasi bilan sindikat shug‘ullangan. Hukumatga a’zo bo‘lsam, qanchalik nafim tegishini yaxshi bilishgan.
LEDI ETTERUORD. Bularning bari g‘oyat qiziq va kutilmagan bir hol, mister Mengen. Xo‘sh, ma’muriy yutuqlaringiz nimadan iborat bo‘ldi?
MENGEN. Yutuqlarmi? Nimani nazarda tutayotganingizni bilmayapman. Illo, men o‘zga boshqarmalardagi olchoq malaylarning rejalarini ustomonlik bilan chippakka chiqarishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning har biri o‘zini mamlakat himoyachisi qilib ko‘rsatish, meni esa siqib chiqarish, katta rahbarlarning ishonchidan mahrum qilish payida bo‘lishdi. Kamina bunga qarshi oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan edi. Avtomobillarimni bir-biridan farqlolmasligim mumkin, ammo birovlarning mashinasiga tayoq suqishni yaxshi bilaman. Xullas, ularning bari pand yeb, hech narsasiz qolaverishdi.
GEKTOR. Siz-chi? Sizga nima nasib qildi?
MENGEN. Menga boshqalarni dog‘da qoldirish nasib etdi. Buni tadbirkorlikning tantanasi demay bo‘ladimi?
GEKTOR. Biz qayerda yashayapmiz, o‘zi, Angliyadami yoki jinnixonada?
LEDI ETTERUORD. Mister Mengen, siz mamlakatni asrab qolmoqchimisiz?
MENGEN. Bo‘lmasa kim asraydi uni, balki sizning mister Rendelingiz qodirdir bu ishga?
LEDI ETTERUORD. Lapashang Rendelmi? Yo‘q, albatta.
MENGEN. Yoki mana bu balandparvoz gapiradigan, mo‘ylovli kuyovchangizmi?
GEKTOR. O, menga shunday imkoniyat berishsa koshki edi.
MENGEN (zaharxandalik bilan). Berisharmikan?
GEKTOR. Qayoqda deysiz. Ularga siz ko‘proq ma’qul kelasiz.
MENGEN. Ana shunaqa. Demak, meni qadrlaydigan, sizni esa mensimaydigan dunyoda yashayotgan ekan, hurmatimni qilishingiz lozim. Bu yerda mendan boshqa yana kim topiladi?
LEDI ETTERUORD. Gastings! Siz ahmoqona demokratiyangizni qo‘ying-da, hokimiyatni Gastingsga bering. Shu bilan birga britaniyalik inglizlarni hushiga keltirish uchun yetarli miqdorda bambuk tayoqlarini qo‘liga tutqazing. Bu ishning uddasidan chiqishiga ishonchim komil.
KAPITAN ShOTOVER. Bundan ko‘ra barbod bo‘lib ketgani ma’qul. Qo‘lida tayoq bo‘lsa, har qanday tentak ham boshqara oladi. Men ham boshqargan bo‘lardim. Bu to‘g‘ri yo‘l emas. Gastings g‘irt to‘nka-ku!
LEDI ETTERUORD. Baringizni birlashtirganda ham u sizlardan ustun. Siz nima deysiz, miss Den?
ELLI. Odamlar mening otamga tuhmat qilishmasa, aldashmasa va halol inson bo‘lgani uchun nafratlanishmasa, a’lo darajada boshqara olgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.
MENGEN (nafratlanib). Tasavvur qilishim mumkin: Madzini Den parlamentda va hukumat a’zoligiga intilmoqda. Xudoga shukrki, bu kunga yetib bormadik. Siz nima deysiz, missis Xeshebay?
MISSIS XEShEBAY. Biz sizlarni boshqarib kelayotgan ekanmiz, davlatni qaysi biringiz idora qilishingiz ahamiyatsiz, deb o‘ylayman.
GEKTOR. Biz? So‘rashga ijozat bering, “biz” deganda kimni nazarda tutyapsiz?
MISSIS XEShEBAY. Iblisning nabiralari, azizim. Ajoyib ayollar.
GEKTOR (yana qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib). O-o, falak! Bizni iblislar sehridan xalos et!
ELLI. Dunyoda mening otamu Shekspirdan o‘zgasi soxta ekan-da? Markning yo‘lbarslari, Mengenning millionlari – qalbaki. Hatto Gesionada nafis qora sochidan bo‘lak tabiiy hech narsasi yo‘q. Ledi Etteruord esa rostakam bo‘lolmaydi, chunki g‘oyat go‘zal. Men uchun chinakam haqiqat bo‘lib ko‘ringan narsa – bu kapitan aytgan mushohadaning yettinchi darajasi edi.
KAPITAN ShOTOVER. Rom.
LEDI ETTERUORD (osoyishta). Sochlarimning ko‘p qismi qalbaki emas. Gertsogina Ditering (sochlarini silab) besh yuz gineyga sotishimni taklif qilgan. Parik deb o‘ylagan. Rangdan boshqasi tabiiy.
MENGEN (battar darg‘azab bo‘lib). Bu nimasi, a?! Hozir kiyimlarimning barini yechib, qip-yalang‘och bo‘lib olaman! (Echina boshlaydi.)
LEDI ETTERUORD. Mister Mengen!
KAPITAN ShOTOVER. Bu nimasi! (Xoxolab kuladi.) Qani, qani…
GEKTOR. Yechinavering!
ELLI. Qo‘ying, iltimos.
MISSIS XEShEBAY (uning qo‘lidan tutib). Alfred! Uyalmaysizmi! Nima balo, aqldan ozganmisiz?
MENGEN. Uyalish! Bu uyda uyat bormi, qani u? Kelinglar, barimiz qip-yalang‘och bo‘lib olamiz. Bir narsani boshlagandan keyin uni oxiriga yetkazish kerak. Ma’naviy jihatdan-ku, yalang‘och bo‘lib oldik. Endi yalang‘och tanalarimizni ham namoyish qilaylik. O‘zimizga ma’qul bo‘larmikan – ko‘ramiz. Bularning barini hazm qilishga qodir emasman. Meni bolalikdan odob saqlashga o‘rgatishgan. Ayollarning soch bo‘yashiga, erkaklarning ichishiga qarshi emasman. Bu rostmana bir hol. Biroq bu haqda har qadamda jar solish odobdan emas. Qaysi biringiz bo‘lmasin, og‘zingizni ochishingiz bilan, yana nima der ekan, deb meni vahima bosadi. O‘zimizni bama’niroq ko‘rsatish payida bo‘lmasak, qanday qilib o‘zimizni hurmat qilamiz?
LEDI ETTERUORD. Mister Mengen, fikringizga tamomila qo‘shilaman. Bularning barini o‘z boshimdan kechirganman. Bilaman. O‘z tajribamga asoslanib, erkaklar va ayollar nihoyatda nozik gulga o‘xshaydi, ularni oyna tagida o‘stirish lozim, deya olaman. Bizning oilamizda esa istagan tomonga tosh otish, derazani ochib qo‘yib, yelvizak yurgizish odat tusiga kirib qolgan. Bu beodoblikkina emas, salomatlik uchun ham zarar. O‘zingizni ma’naviy shamollashdan asrab qolmagan ekansiz, yana jismoniy shamollashning nima zaruriyati bor? Qo‘ying, jahlingizdan tushing, kiyimlaringizni yechmang.
MENGEN. Men siz aytganni emas, o‘zim xohlaganimni qilaman. Katta yoshdagi odammanmi yoki yosh bolami? Ota-onalarcha g‘amxo‘rliklaringiz jonimga tegdi. Sitiga ketaman, u yerdagilar meni hurmat qilishadi, qadrlashadi.
MISSIS XEShEBAY. Xayr, Alf. O‘sha Sitingizda bizni ham ahyon-ahyonda eslab turing. Yoshgina Ellini ham unutmang.
ELLI. Gesionaning ko‘zlariyu sochlari qanaqa ekanini eslab turing.
KAPITAN ShOTOVER. Bog‘imizda odamlarning yo‘lini to‘sish uchun akillab turadigan qo‘riqchi it bo‘lib qololmaganingizni ham goh-gohda eslab qo‘ying.
GEKTOR. Ledi Etteruordning go‘zalligi, oqilona so‘zlari, nozik tabiatini ham yodingizdan chiqarmang.
LEDI ETTERUORD (Gektorga). Xushomadgo‘y! (Mengenga) Mister Mengen, siz uchun dunyoda bu yerdan yaxshiroq joy bormikan? Shuni ham eslab qo‘ying. Muhimi shu.
MENGEN. Yaxshi, yaxshi. Taslim bo‘ldim. Mayli, sizlar aytgandek bo‘lsin. Faqat meni tinch qo‘yinglar. Hammangiz baravar menga tashlanib qolsangiz, qayerdaligim, men bilan nimalar bo‘layotganiga aqlim yetmay qoladi. Hech qayoqqa ketmayman. Elliga uylanaman. Tinchgina yashash uchun nima zarur bo‘lsa, barini bajo keltiraman. Shunga rozimisizlar?
ELLI. Yo‘q. Mister Mengen, aslida men hech qachon sizga turmushga chiqmoqchi emasdim. Faqat o‘z qudratimni sinab ko‘rmoqchiydim. Agar istasam siz qarshi tura olasizmi-yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim.
MENGEN (jahli chiqib). Nima-a? Oliyjanoblik bilan rozilik berganimdan keyin mendan yuz o‘girmoqchimisiz?
LEDI ETTERUORD. Miss Den, men sizning o‘rningizda bo‘lganimda, bunaqa shoshmagan bo‘lardim. Axir, siz so‘nggi daqiqalarga qadar istagan vaqtingizda mister Mengenni rad etishingiz mumkin. Hozirgi holatda mister Mengenning inqirozga uchrashi mumkin emas. Demak, u boy-badavlat kishi sifatida tanilgan ekan, siz bundan foydalanib, bemalol farog‘atda yashashingiz mumkin.
ELLI. Erim ikkita bo‘lishini istamayman.
MISSIS XEShEBAY. Ikkita er! Nima deb aljiyapsiz?
LEDI ETTERUORD. Ikkita er! Bu bilan nima demoqchisiz?
MENGEN. Erga chiqqanman, demoqchimisiz?
GEKTOR. Ikkita er! Rostakam jumboq bu!
ELLI. Bundan atigi yarim soat oldin kapitan meni oq xotinlikka oldi.
MISSIS XEShEBAY. Elli, nima deb aljiyapsiz! Qayerda?
ELLI. Haqiqiy nikohlar qayd qilinadigan arshi a’loda.
LEDI ETTERUORD. Elli, bu qanaqa bema’nilik! Dada, bu nimasi?!
MENGEN. Otangiz meni, o‘ta qarisiz, degan edi. O‘zi borib turgan mo‘miyo-ku!
GEKTOR (Shellining she’rini yoddan o‘qiydi).
Mehrob bo‘ldi ularga zimiston o‘rmon,
Nikohladi qovushtirib ularni shamol.
ELLI. Ha, parchalangan yuragimni, sog‘lom va kuchli qalbimni vujudimning tabiiy kapitani bo‘lgan, ma’naviy erim va otam mister Shotoverga topshirdim. (Kapitan Shotoverning qo‘lini kaftiga olib, uni silaydi.)
Kapitan Shotover uxlab qolgan.
MISSIS XEShEBAY. Donolarcha ish qilibsiz, qizalog‘im! G‘oyat aqlli! Alfred, siz hech qachon Elliga tenglasha olmaysiz. Yo‘l bo‘lsin! Endi mendan oladigan jindak shubhangiz bilan qanoatlanishga to‘g‘ri keladi.
MENGEN (ko‘zlarini artib). Bu o‘taketgan shafqatsizlik.
LEDI ETTERUORD. Mister Mengen, haliyam osongina qutuldingiz. Miss Den o‘ziga shunaqa bino qo‘yganki, Angliyaga kelganimdan beri bunaqasini birinchi marta ko‘ryapman.
MISSIS XEShEBAY. Yo‘q, bunaqa emas, to‘g‘rimi, Elli?
ELLI. Endi o‘zimning nimalarga qodirligimni bilaman, Gesiona.
MENGEN. Benomus! Boshqacha baholab bo‘lmaydi.
MISSIS XEShEBAY. Jim-m-m… Alfred, qo‘rslik qilmang. Nahot arshi a’loda qayd etilgan nikoh kechasining naqadar ajoyibligini his qilmayotgan bo‘lsangiz? Yoki siz, Gektor, bunga norozimisiz? Ko‘zlaringizni kattaroq ochinglar. Elli bilan Eddi nozik ta’bli, eng talabchan erkakka ham xush keladigan darajada husnga ega. Biz yashaymiz, sevamiz va boshqa hech narsa haqida o‘ylamaymiz. Bularning barini sizlar uchun biz, ayollar yaratganmiz. Nima uchun hamon o‘zlaringizni keraksizdek his qilasiz?
Pijama ustidan rangdor xalat kiyib olgan Madzini uydan chiqib, ledi Etteruordning yoniga keladi.
MISSIS XEShEBAY. Mening ishvalarimga dosh berolgan yagona odam. Nima bo‘ldi, mister Den, tinchlikmi?
MADZINI. Hech narsa. Tinchlik. Ammo derazangning tagida qiziq suhbat kechayotgan ekan, buning ustiga, mana bunaqa ajoyib kechada uxlab bo‘larmidi? Chidab turolmadim. Xo‘sh, gap nima to‘g‘risida ketyapti?
MISSIS XEShEBAY. O-o, bu yerda g‘aroyib voqealar bo‘lyapti.
GEKTOR. Mana, masalan, Mengen tadbirkor sifatida tajriba uchun ko‘pchilik oldida qip-yalang‘och yechinmoqchi bo‘ldi va sharmandalarcha mag‘lubiyatga uchradi.
MADZINI (usti-boshiga ishora qilib). Bu qiyofada huzuringizga chiqqanimga qarshi bo‘lmasangiz kerak, degan umiddaman? (Kursilardan biriga o‘tiradi.)
MISSIS XEShEBAY. Aksincha, men sizni doim shu kiyimda ko‘rishni ma’qul deb bilaman.
LEDI ETTERUORD. Mister Den, qizingizning nikoh masalasi barbod bo‘ldi. Biz hammamiz sarmoyador deb o‘ylagan Mengenning hech vaqosi yo‘q ekan.
MADZINI. Ledi Etteruord, men buni bilardim. Ammo odamlar unga ishonib, pul berishar, menga esa ishonishmas, shu bois pul ham berishmas ekan, qanday qilib Ellini o‘zimga suyanishga da’vat eta olaman?
MENGEN. Faqat meni qashshoq ekan, deb o‘ylamang. Men…
GEKTOR. Izohlashga zaruriyat yo‘q. Tushundik. Uzoq muddatli veksellarda ming funt, shuningdek, ellik ming fayingiz va olti dona tsianli kaliy tabletkangiz bor. Bu tabletkalar inqirozga uchraganingizda asqotib qoladi. Sizning millionlaringiz shulardan iborat!
MADZINI. Yo‘q, yo‘q. U mutlaqo halol odam. U hamkorlik qiladigan barcha korxonalar mutlaqo qonuniy.
GEKTOR (jirkanib). To‘g‘ri, unchalik katta muttaham emas.
MENGEN. Sizningcha, shunaqa. Illo, ba’zi halol kishilar uchun…
LEDI ETTERUORD (uning gapini bo‘lib). Sizni tushunib bo‘lmayapti, mister Mengen. Na boy, na kambag‘alligingizni va na halol, na muttahamligingizni bilolmay turibmiz.
MENGEN. Siz yana meni ta’qib qilyapsiz. Bu ahmoqona xonadonga kirib kelganimdan buyon meni masxarabozga aylantiryapsizlar.
ELLI. Rostdan ham ahmoqona; bu xonadonga kelgan kishining yuragi eziladi. Hech qanday zaminga ega bo‘lmagan xonadon bu. Men bu yerni – qalblar parchalanadigan xonadon deb atamoqchiman.
MISSIS XEShEBAY. Bas qiling, Elli! Bo‘lmasa bir maxluq singari bo‘kirib yuboraman.
Mengen sekin yig‘lashga tushadi.
Ana, axiyri ko‘zyoshi to‘kishga olib keldingiz.
ELLI. Menga uning g‘ingshigani ko‘proq yoqadi.
KAPITAN ShOTOVER. Bas qiling!
Mengen yig‘lashdan to‘xtaydi.
Qalblar beun, betovush parchalansin.
GEKTOR. Uyingizga shunaqa nom berilishiga qarshi emasmisiz?
KAPITAN ShOTOVER. Bu uy emas, maxluqlar uyasi!
Olisdan gumburlagan tovush eshitiladi.
GEKTOR (o‘rnidan sapchib turib). Bu nima ekan?
KAPITAN ShOTOVER. Nimadir bo‘ldi. (Hushtagini chalib) Oldinda qoyalar!
Chiroqlar o‘chadi.
GEKTOR (g‘azablanib). Chiroqlarni kim o‘chirdi?! Chiroqlarni o‘chirishga kim jur’at qildi?!
Ichkaridan Enaga chopib chiqadi.
ENAGA. Ser, men o‘chirdim. Politsiyadan qo‘ng‘iroq qilib, chiroqlarni o‘chirmasangiz, javobgarlikka tortilasizlar, deyishdi.
GEKTOR. Hozir yuz mil naridan ko‘rinadi. (Shoshib uyga kirib ketadi.)
ENAGA. Cherkov ruhoniysining uyida bir uyum g‘ishtdan bo‘lak hech narsa yo‘q deyishyapti. Unga bir kechaga joy bermasak, bechora ko‘chada qoladi.
KAPITAN ShOTOVER. Cherkov ham rasvo bo‘ladi.
ENAGA. Hammangizni bino tagidagi omborga tushsin, deyishyapti.
KAPITAN ShOTOVER. Sen o‘zing tushaver. Sen va butun jamoa – hammangiz tushinglar. Qopqoqni yaxshilab berkitib qo‘yinglar.
ENAGA. Men o‘sha qo‘rqoq bilan yonma-yon turamanmi? Bir paytlari men ahmoq o‘shanga turmushga chiqib yuribman! Undan ko‘ra tomning tepasiga chiqib olaman.
Chiroqlar yonadi.
Ana, mister Xeshebay yana chiroqni yoqdi.
O‘g‘ri paydo bo‘ladi va chopib Enaganing yoniga keladi.
O‘G‘RI. Qum to‘ldirilgan o‘ra qayoqda? O‘sha yerda yerto‘la bor, deb oshxonadagi bola aytdi. Uyingiz tagidagi ombordan naf yo‘q. Qum to‘kilgan o‘ralaringiz qayerda, kapitan?
ENAGA. Ana u yoqqa o‘t. To‘g‘ri boraversang, tepasidan chiqasan. Xudo bersa, la’nati bo‘yning o‘sha yerda uziladi. (Uni g‘azab bilan itarib yuboradi. O‘zi gamagining tepasiga borib turadi.)
Yana birinchisiga nisbatan kuchliroq gumburlagan ovoz eshitiladi. O‘g‘ri to‘xtab, titraganicha turib qoladi.
ELLI (o‘rnidan turib). Bu endi yanada yaqindan eshitilyapti.
KAPITAN ShOTOVER. Navbatdagisi bizning ustimizga tushadi. (O‘rnidan turib.) Sud boshlanadi. Hamma o‘rnidan tursin!
O‘G‘RI. O, xudo! (Vahima bosgan holda chopib bog‘ ichkarisiga o‘tib ketadi.)
MISSIS XEShEBAY (qorong‘ilikdan, bog‘ ichkarisidan hansirab chiqib keladi.) Ana u chopib ketayotgan kim bo‘ldi? (Ellining yoniga keladi.) Nimadir gumburlab portlaganini eshitdingizmi? Osmondagi allaqanday tovushni-chi? G‘aroyib! Xuddi orkestrga o‘xshaydi! Bethoven!
ELLI. Chindan ham, Gesiona, Bethovenning aynan o‘zi.
Ular zavqlanib bir-birini quchishadi.
MADZINI (tashvishlanib). Chiroqlar negadir juda ham charaqlab ketdi.
ENAGA (binoga qarab olib). Mister Xeshebay uydagi barcha chiroqlarni yoqib, pardalarni ko‘tarib qo‘ydi.
Uydan pijama kiyib olgan, sarosimaga tushgan Rendell chiqadi.
RENDELL. Ariadna, jonginam, quvonchim mening! Yuring, yerto‘laga tushamiz. Iltimos qilaman!
LEDI ETTERUORD (gamakda yotganicha osoyishta). Rezidentning xotini xizmatkor ayol bilan birga yerto‘laga tushib ketsa qandoq bo‘ladi, Rendell! O‘ylab gapiryapsizmi!
RENDELL. Sizni o‘ldirib qo‘yishsa, men nima qilaman?!
LEDI ETTERUORD. Unda sizni ham o‘ldirishgan bo‘ladi. Qani, hech narsadan qo‘rqmayotganingizni bir ko‘rsatib qo‘ying. Fleytangizni chaling. Iltimos, bizga “O‘choqlarda olovlar olsin alanga” kuyini chalib bering.
ENAGA (g‘amg‘in). Ha-a, haligi… ular alanga olish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatishadi.
RENDELL (fleytani chalishga harakat qilib ko‘radi). Lablarim titrayapti. Bittayam tovush chiqara olmayapman.
MADZINI. Bechora Mengen salomat bo‘lsa kerak, degan umiddaman.
MISSIS XEShEBAY. Qum to‘kilgan o‘raga yashirinib olgan.
KAPITAN ShOTOVER. Dinamitimdan qo‘rqib, o‘sha yerga yashirinib oldi.
GEKTOR (uydan chiqib, eski joyiga borib o‘tiradi). Chiroqlar kamlik qilyapti. Shu’la ko‘kka yetgudek bo‘lsa edi.
ELLI. Mark, uyga o‘t qo‘ying.
MISSIS XEShEBAY. Bu mening uyim, bunga yo‘l qo‘ymayman!
GEKTOR. Bu haqda o‘ylaganman. Lekin endi kech bo‘ldi, ulgurmaymiz.
KAPITAN ShOTOVER. Oxirzamon boshlandi. Jasorat hech kimni asrab qololmaydi. Lekin qalblaringiz hali tirikligidan dalolat beradi.
MISSIS XEShEBAY. Jim bo‘linglar! Quloq solinglar! Eshityapsizlarmi? Qanday ajoyib!
Hamma uydan teskari o‘girilib, osmonga qarab quloq solishadi.
GEKTOR (salobat bilan). Miss Den, sizning bu yerda qolishingizga hojat yo‘q. Biz, bu xonadondagilar, olovga talpinadigan hashoratlarmiz. Siz yerto‘laga tushsangiz bo‘lardi.
ELLI (dadil). Bu haqda o‘ylab ham ko‘rmayman.
MADZINI. Elli, qizim, boraqol. U yerga tushib o‘tirishning nomus qiladigan joyi yo‘q. Har qanday zobit o‘z askarlariga: “Panaga o‘tilsin!” deb buyruq bergan bo‘lardi. Mister Xeshebay o‘ziga ermak qilmoqchi. Mengen bilan anavi darbadar to‘g‘ri qilishgan. Ana o‘shalar tirik qolishadi.
ELLI. Tirik qolaversin. Men mister Xeshebayga taassuf demoqchiman. Sen nima uchun o‘zingni xavf-xatarga qo‘yyapsan?
MADZINI. Tepadagilar-chi? Ular uchun o‘n chandon xavfli ekanini bilishmaydimi, nima balo?
ENAGA. Endi shular haqida g‘am chekishimiz qoluvdi.
Dahshatli portlash yerni larzaga keltiradi. Ular o‘tirgan joylarida o‘zlarini orqaga tashlashadi, kimdir uy jihoziga yopishadi. Derazalarning oynalari jaranglab to‘kilib tushadi.
MADZINI. Hech kim yaralanmadimi?
GEKTOR. Qayerga tushdi?
ENAGA (zaharxandalik bilan). Aynan qum to‘kilgan o‘raning ustiga borib tushdi.
GEKTOR. Dunyoda erkaklar yana bir kishiga kamayibdi.
KAPITAN ShOTOVER. O‘ttiz funt dinamit bekordan-bekorga ko‘kka sovurildi.
MADZINI. Bechora Mengen.
GEKTOR. Uning nimasini ayaysiz, dunyoda boqiy yasharmidi? Endi navbat bizga keldi.
Hamma jim bo‘lib, asabiy ravishda kuta boshlaydi. Gesiona bilan Elli bir-birlarining qo‘lini mahkam ushlaydi. Portlash ovozi olisdan eshitiladi.
MISSIS XEShEBAY (Ellining qo‘lini qo‘yib yuborib). Boshqa tomondan o‘tib ketishdi.
LEDI ETTERUORD. Xavf ortda qoldi. Rendell, borib uxlagani yoting.
KAPITAN ShOTOVER. Hamma joy-joyiga! Kema shikastlanmadimi? (Gamakka o‘tirib, shu zahoti uyquga ketadi.)
ELLI. Shikastlanmadi. Afsus.
GEKTOR (qahr bilan). Ha. Shikastlanmadi. Yana jimjitlik, yana zerikish. (O‘tiradi.)
MADZINI (bir chekkaga o‘tirib). Men qanchalar yanglishgan ekanman. Mana, biz hammamiz omon qoldik, Mengen bilan anavi darbadar esa…
GEKTOR. Ikkita o‘g‘ri…
LEDI ETTERUORD. …ikkita ishbilarmon odam…
MADZINI. Har ikkalasi olamdan o‘tishdi. Bechora rohib yangi uy qurishiga to‘g‘ri keladi.
MISIS XEShEBAY. Lekin qanday g‘aroyib taassurot! Balki ertaga yana uchib kelishar.
ELLI. Men ham shunday fikrdaman!
Nihoyat Rendell fleytada “O‘choqlarda olovlar olsin alanga…” kuyini chala boshlaydi.
Tamom
Rus tilidan Muhammad Xayrullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 9-10-son