Bir kuni kechqurun yotoqxonamdagi oromkursida yastanib yotarkanman, hind ayolining o‘ziga xos qirralarini ko‘z oldimga keltirdim. Bu o‘ngimmidi yo tushimmidi anglolmayman. Biroq xotiram pand bermasa, men uyg‘oq edim. Xullas, jilvasi ko‘zni qamashtiradigan ming olmos singari tovlanuvchi yorqin yulduzli oydin kechani ko‘rganim aniq yodimda. Daf’atan qarshimda go‘zal ayol paydo bo‘ldi, biroq u osmondan tushdimi yo yerdan chiqdimi, bilmayman. Men uni qadrdonim Sara opamga o‘xshatdim.
– Salqin sahar muborak, – dedi Sara opam.
Alhol tong emas, balki yulduzli oydin kechaligini bilganim uchun ham o‘zimcha jilmayib qo‘ydim. Nima bo‘lganda ham men undan:
– Salomatmisiz? – deb so‘radim salomiga alik olarkanman.
– Tangriga shukr, rahmat, tanu jonim sog‘. Bog‘imizga bir nazar tashlashni ixtiyor etmaysizmi?
Men tag‘in ochiq derazadan oymomoga boqdim. Har qalay, bu vaqtda tashqariga chiqib, kechaning tarovatidan bahramand bo‘lsa, ziyon qilmas, deb o‘yladim. Ko‘chadagi barcha erkak xizmatkorlar uyquni urayotgan bir mahalda, Sara opam bilan shunchaki sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan terimga sig‘may ketayotgandim. Biz Darjilingda bo‘lganimizda Sara opam bilan xuddi shunday sayr qilardik. G‘aroyib go‘zal bog‘larda qo‘lni qo‘lga berib, ko‘ngilni ko‘ngilga payvand etgan holda bir necha bor suhbat qurganmiz. Hozir ham Sara opam meni xuddi shunday go‘zal bog‘ sayliga chorlayotgan chiqar, deb xayol qildim-u, uning ra’yini qaytarolmadim. Shunday go‘zal opaginamning shashti singuncha, shaytonning bo‘yni uzilsin.
Ostona hatlab ko‘chaga chiqqanimda chindan ham tun cho‘kkanini emas, bil’aks, tong otganini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlab qoldim. Shahar allaqachon uyg‘ongan, ko‘chalar gavjum. Men kuppa-kunduzi odamlar orasida bu holda bamaylixotir yurishga uyalardim. Garchi atrofda bitta ham erkak zoti ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lishiga qaramay, nomusdan yerga kirib ketay derdim.
Ularning ayrimlari ustimdan kulayotganga o‘xshardi. Garchand o‘tib-qaytayotganlarning tilini tushunmasam-da, hazil-huzil qilayotganliklarini anglab turardim. Men do‘stimdan:
– Ular nima deyishyapti? – deb so‘radim.
– Ayollar sizni erkakshoda ekan deyishyapti.
– Erkakshoda? Bu bilan ular nimani ko‘zda tutyaptilar? – so‘radim hayratimni yashirmay.
– Ularning aytishicha, siz erkak zotiga o‘xshab, uyatchan, tortinchoq ekansiz.
– Erkaklardek uyatchan va tortinchoq?!
Bu chindan ham hazil edi. Hamrohim Sara opam emas, balki mutlaqo notanishligini fahmlab, battar xunobim oshdi. Shunchalar ham ahmoq, so‘qir bo‘lamanmi, nahotki eski qadrdonim, Sara opamni shu ayol bilan adashtirib o‘tirsam. Qo‘l-oyog‘im dag‘-dag‘ titrardi, buni esa hamsuhbatim his qilib turardi.
– Borliq, degani nima, azizam? – deb so‘radi u mehr bilan.
– Men o‘zimni g‘oyatda noqulay sezyapman, – dedim xijolatomuz. – Biz ayollar ko‘chada yuzimizga parda tortmay, yopinchiqsiz yurishga odatlanmaganmiz.
– Bu yerda erkak kishi bilan baqamti bo‘lishdan qo‘rqmaslik kerak. Chunki mazkur zamin – gunohu xavf-xatardan xoli Ayollar mamlakati. Bunda yakkash ezgulik hukmron.
Men sekin-asta bog‘ tarovatidan bahra ola boshladim. Bog‘ chindan ham benihoya katta edi. Yam-yashil o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan yerni duxoba yostig‘imga o‘xshatdim. Yerdan ko‘z uzmay gulu chechaklar va maysalar uzra sekin-asta qadam tashlarkanman, xayolimda xuddi yumshoq gilamda yurib borayotganday edim.
– Qanchalar yaxshi, – dedim men.
– Sizga ular yoqadimi? – so‘radi Sara opam (men ham hamon uni Sara opa deb atayotgandim, u ham o‘z navbatida meni ismim bilan chaqirardi).
– Ha, juda ham yoqadi. Lekin men mayinu muattar gullarni bosish tanlovida qatnashishni istamagan bo‘lardim.
– Hechqisi yo‘q, qadrli Sultona, siz bosayotgan qadamlarning ularga ziyoni yo‘q; bu yovvoyi gullarning joni sabil.
– Bog‘ emas, chin jannat deysiz, – hayrat bilan dedim men. – Tan olmoq joiz, gulu gulzor, chamanu chamanzor, har bir o‘simlik o‘tkir did bilan o‘tqazilgan.
– Agar vatandoshlaringiz xuddi shunday chamanzor qilishni istasalar, Kalkuttangiz bu bog‘dan go‘zalroq go‘shaga aylangan bo‘lardi.
– Fikri ojizimcha, ular bog‘dorchilikka bu qadar katta e’tibor qaratish bema’niyu besamar ish, deb o‘ylashadi, boz ustiga bu yumushni yelkalariga ortish uchun haddan tashqari band, ishlari boshlaridan oshib-toshib yotibdi.
– Ular bundan yaxshiroq bahona topolmagan bo‘lardilar, – dedi u tabassum bilan.
Atrofda birorta erkak zoti ko‘rinmasdi, bu esa menga g‘alati tuyuldi va qiziqishim ortdi. Go‘zal bog‘dagi sayru sayohat davomida yuzdan ortiq ayolni uchratdim, biroq bitta ham erkak ko‘zga tashlanmasdi.
– Erkaklar qayerda? – deb so‘radim undan.
– Ular qayerda lozim bo‘lsa, o‘sha yerda.
– Lozim bo‘lgan o‘sha yer deganda nimani nazarda tutyapsiz, iltimos, tushuntiribroq gapiring.
– Siz bu yerda oldin bo‘lmaganingiz uchun urf-odatu qonun-qoidalarimizdan bexabarligingizni mutlaqo faromush qilibman. Bu mening xatom. Biz erkaklarimizni bir qasrga qamab qo‘yganmiz.
– Nahotki! Demak, bu qasr bizda haram qanday qo‘riqlansa, xuddi shunday muhofaza qilinadimi?
– Topdingiz!
– Naqadar kulgili, – deb yoyilib kuldim.
– Kulmang, qadrli Sultona, o‘zingiz ayting, ojiza ayollarni haramga zindonband etib, erkaklarni chiqarib yuborish insofdanmi? Buning ustiga bu g‘oyatda xatarli.
– Tushunmadim…
– Ayol o‘z nomi bilan ayol – ojiza. Erkaklarning haramdan tashqariga chiqishi va ularga ortiqcha erkinlik berilishi biz kabi nozik xilqat uchun xavfsiz, deb bo‘lmaydi. Tinch-osuda shahar ko‘chalarida odamlar bexavotir sayr qilib yurgan chog‘ yovvoyi va vahshiy hayvonlarni ozodlikka chiqarib yuborish qanchalik xatarli bo‘lsa, bu ham shunchalik xavflidir. Buning oqibatini tasavvur qilayapsizmi? Quturgan yovvoyi hayvonlar odamlarga tashlanib, ularni qafasga qamab qo‘yishi hech gap emas. Eshak semirsa, egasini tepadi, deb bejiz aytmaganlar axir. Nima dedingiz, adashmayapmanmi?
– Yo‘q, albatta, – dedim arang o‘zimni kulgidan tiyib.
– Sizning yurtingizda bari oyog‘i osmondan qilingan! Bosar-tusarini bilmaydigan erkaklar sho‘xligining chek-chegarasi yo‘q, ular ojiz va aybsiz bechora ayollarni haramga qamab qo‘yganlar! Qanday qilib bundaylarga eshikni ishonib bo‘larkan?
– Bizda ijtimoiy sohadagi ishlarni qiladiganlar yo‘q. Hindistonda olijanob sohib bor, u qo‘liga barcha vakolatu imtiyozlarni olib, ayollarni haramga qamab qo‘ygan.
– Nega siz bunday nohaqlikka qarshi kurashmay, jim turasiz?
– Bilmadim, hamma ayb, hamma qusuru balo erkaklarning ayollardan ikki karra kuchliligida bo‘lsa kerak.
– Sher insondan qancha kuchli, biroq bu unga inson ustidan hukmronlik qilish huquqini bermaydi. Yaxshiroq bosh qotirib ko‘ring, ayollarning o‘z oldidagi majburiyati bor axir. Siz o‘z huquqlaringizni yo‘qotib qo‘ygansiz va qiziqishlaringizdan ko‘z yumasiz.
– Qadrdonim Sara opa, agar biz barcha ishni o‘zimiz bajarsak, erkaklar nima ish qiladi?
– Ularning ish qilishiga hojat yo‘q. Meni kechiring-u, lekin aytishga majburman. Ularni bitta qo‘ymay tutib, haramga qamab qo‘yish kerak.
– Bu qiyin emas, ammo shu bilan muammo hal bo‘lsa qaniydi, – dedim men. – Bu ishni qiladigan bo‘lsak, ularning siyosiy-iqtisodiy ishlari o‘zlari bilan birga haram ichiga kirib ketadimi?
Sara opam miyig‘ida shirin jilmayib qo‘ydi. Balki u so‘zlari qurbaqaning vaqirlashidan qolishmaydigan ayol bilan tortishish befoydaligini anglab yetgandir. Bu vaqtga qadar biz Sara opamning uyigacha yetib keldik. U mana shu go‘zal chamanzorga mos tarzda qurilgan edi. Uy bilan bog‘ bir-biriga qandaydir alohida ulug‘vorlik baxsh etib turardi. U manaman degan boylarning qasridan salqinroq va yaxshiroq edi. Qanchalar did va mahorat bilan xonalarning jihozlanganini ta’riflashga esa til ojiz. Biz yonma-yon o‘tirdik. U mehmonxonaga to‘quvchilik asbobu anjomlarini olib keldi-da, mehr bilan yangicha uslubda yaratayotgan ishiga sho‘ng‘ib ketdi.
– Siz to‘qishni bilasizmi?
– Ha, albatta, bizda haramda qiladigan hech qanday yumush yo‘q. Ularga hatto shu to‘qishni ham ishonib topshirolmaymiz, – dedi u kulib. –Erkak zotining ignadan ipni o‘tkazishga ham toqati yetmaydi!
– Hamma ishni o‘zingiz mustaqil bajarasizmi? – bir qancha tikilgan ko‘ylaklaru to‘qilgan kiyimlarga nazar tashlab, so‘radim men. – Qanday qilib shuncha ishga ulgurasiz? Axir davlat ishlari ham bo‘yningizda-ku, shunday emasmi?
– Ha. Men kun bo‘yi laboratoriyadagi ishlarga g‘arq bo‘lmayman. U yerdagi barcha yumushlarimni ikki soat ichida bajarib bo‘laman.
– Ikki soat?! Atigi ikki soatda hammasiga qanday ulgurish mumkin? Men idora xodimlari odatda yetti soat ishlasalar kerak, deb xayol qilgandim. Nima deb o‘ylaysiz, ular yetti soat umrini faqat ishga bag‘ishlarmikan?
– Soddasiz-e, Sultona, albatta, bunga shak-shubha yo‘q, – dedi u jilmayib. – Ammo bir “lekin”i bor. Aslida bu yetti soatning bari ishga sarflanmaydi-da. Ularning asosiy vaqti chekish bilan o‘tib ketadi. Ba’zi idoralarga kirsangiz, tamaki tutunining dastidan ko‘zlaringiz achishadi. Ular o‘z ishlari to‘g‘risida so‘zlashishlari mumkin, biroq nihoyatda oz. Kuzatishlar erkaklarning har kuni o‘n ikki dona tamaki chekishini isbotlab berdi. Tamakini yoqib, tutab-tutab o‘chishining o‘ziga yarim soat ketadi. O‘n ikkita tamakini chekishga ular har kuni olti soat vaqtini bag‘ishlaydi.
Biz har xil mavzularda gaplashdik. Suhbat davomida men ular hech qanday yuqumli kasallikdan qo‘rqmasliklarini bilib oldim. Men ayollar mamlakatida avtohalokat oqibatida hali hech kim yosh o‘lib ketmaganini eshitib, hayratdan yoqa ushladim.
– Oshxonamizga birrov ko‘z tashlaysizmi? – deb so‘radi u.
– Jonim bilan, – dedim men va biz oshxonaga tomon yo‘l oldik.
Oshxona mo‘jazgina tomarqaning o‘rtasida joylashgan ekan. Bino atrofidagi chirmovuq va pomidorlarning o‘zini bir naqshlar olami, deysiz. Garchi mo‘rkon bo‘lmasa-da, tutundan asar ham yo‘q edi. Oshxona saranjom-sarishta, yop-yorug‘ edi. Derazalarda anvoyi gullar barq urib turardi. Na toshko‘mir va na olov ko‘zga tashlanardi.
– Bu yerda qanday qilib ovqat tayyorlaysiz? – so‘radim men.
– Quyoshning yorug‘ligi yetib ortadi, – deya menga bir naychani ko‘rsatdi xonadon bekasi. Unda jamlangan oftob nurlari ichkaridagi naychalarga tarqalib, issig‘lik va yorug‘likni yetkazib berarkan.
U menga jarayonni ko‘rsatish uchun darhol taom tayyorlashga tutindi.
– Quyosh nurini qanday yig‘ib, qanday jamlashadi? – deb so‘radim men qiziqish bilan.
– Keling, yaxshisi, hozir men sizga o‘ttiz yil oldingi voqealarni so‘zlab beraman. O‘ttiz yil burun, o‘n uch yoshli qirolichamiz taxtga o‘tirgan mahal edi. Qirolicha shunchaki qo‘g‘irchoq edi, hukumatni esa bosh vazir boshqarardi. Bizning mehribon va olijanob hukumat boshqaruvchimiz ilmni nihoyatda qadrlardi. U mamlakatda barcha xotin-qizlar o‘qigan, aqlini tanigan bo‘lishi kerakligining tarafdori bo‘lganligi uchun yangicha tartib-qoidalarni o‘rnatdi. Hukumatning qo‘llab-quvvatlashi bilan qizlar uchun alohida maktablar barpo etildi. Xotin-qizlarning savodxonlik darajasi oshdi. Qizlarning erta turmushga chiqishi taqiqlandi. Hech bir qiz yigirma bir yoshdan avval oila qurolmasdi. Aytish joizki, bu o‘zgarishlarga qadar biz paranji ichida yurishga mahkum edik.
– Shuncha o‘zgarish, bari oyog‘i osmondan bo‘lib ketibdi. Kechirasiz, qanday qilib jamiyatingizdagi erkak va ayol roli almashib qoldi? – deb so‘radim men kulgimni yashirolmay.
– Birlashish, – dedi u. – Bir necha yil ichida bizning bilim dargohlarimiz erkaklar kiritilmaydigan alohida universitetlarga aylandi. Qirolichamiz yashaydigan poytaxtda xuddi shunday ikki ulkan Ayollar universiteti bor. Ulardan biri havo sharini yaratdi. Bir qancha naychalarga havo yig‘ilib, katta-katta sharlar to‘ldirildi. Sharlar ichidagi havo betinim aylanib turishi uning yerdan yuqoriga ko‘tarilishiga yordam beradi. Bu hali holva. Ayollar mamlakatida hamma narsa hisob-kitobli. Qor va yomg‘ir suvlari ham uvol ketmaydi. Olimalarimiz ularni to‘g‘onlarda yig‘ib, ulkan zaxiralarga aylantirish yo‘lini topganlar. Agar ayol istasa bulutlarni ham boshqarishi mumkin.
– Nahotki! Mana endi nega bu mamlakatda chiqindilar ko‘zga tashlanmay, hamma joy yog‘ tushsa yalagudayligi boisini anglab yetdim! – dedim men. Biroq men qanday qilib naylarga suv yig‘ish mumkinligini aslo aqlimga sig‘dirolmayotgandim.
Hamsuhbatim kaminaga jarayonlar xususida har qancha batafsil so‘zlab bermasin, bilimim, fikrlashim haminqadar bo‘lgani uchun, boz ustiga o‘qimanligim pand bergani bois hech narsa tushunmadim. Shunga qaramay, u davom etardi:
– Boshqa universitetlar olimalari bu kashfiyotlar haqida eshitib, qo‘l qovushtirib turish – ahmoqlik bo‘lishini anglagan holda favqulodda g‘ayritabiiyroq yangiliklar qilishga intildilar. Ular yorug‘lik zarralarini yig‘adigan uskunani yaratishdi. Bu uskuna shunchalar mukammalki, u qancha nurni o‘z ichida to‘plash mumkinligini aqlingiz bovar qilmaydi. Ayollar ilmiy izlanishlar ustida bosh qotirayotgan bir pallada erkaklar faqat harbiy kuch-qudratni mustahkamlashga e’tibor qaratishdi. Ular ayollar universitetlari havo sharida uchish, suv zaxirasini yig‘ish, yorug‘likni to‘plash kabi kashfiyotlar haqida eshitib, nafaqat masxara qilishdi, balki buni dahshat, deb atashadi.
– O‘lay agar, siz erishgan yutuqlar chindan ham ajoyib va har qanday maqtovga loyiq. Biroq, ayting-chi, qanday qilib mamlakatingizda ayollar erkaklarni haramga qamab qo‘yishga erishdi ekan? Hoynahoy, hiyla ishlatibmi, mag‘lubiyatga uchratibmi?
– Yo‘q, aslo!
– Qanday qilib, ular shuncha vakolatlardan kechib, hayotiy erkinlikdan ayrilib, o‘z xohishlari bilan haramga qamalib yashash qismatiga ko‘ndilar, buni aslo tasavvurimga sig‘dirolmayapman. Har qalay, kuch bilan to‘rt devor ichiga qamab qo‘yilganlari aniq. Fikri ojizimcha, siz ayollardan harbiy qo‘shin tayyorlagandirsizlar-a, ya’ni qurol bilan?
– Yo‘q, eng qizig‘i, qurol-yarog‘siz.
– Balki shunday bo‘lgandir, lekin erkaklarning bilaklari ayollarnikidan o‘n chandon baquvvat-ku. Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?
– Miya bilan.
– Axir erkak zotining miyasi ayollarnikidan kattaroq va og‘irroq bo‘ladi-ku, shunday emasmi?
– Shunday bo‘lsa nima qipti? Masalan, filning miyasi odamzodnikidan ancha ulkan va og‘ir. Ammo odam uni bo‘ysundirishi, hatto ustiga chiqib minib yurishi mumkin.
– Bu borada siz haqsiz, lekin, ayting-chi, buni qanday qilib amalga oshirdingiz? Hozir qiziqishdan yorilib o‘laman.
– Ayol zotining miyasi erkaklarnikidan tezroq ishlaydi. O‘n yil ilgari harbiylar ilmiy kashfiyotlarimizni dahshatli xomxayol deb ataganlarida, bir qancha qoni qaynoq yosh ayollar erkaklarning bu asossiz masxaralarini javobsiz qoldirishni istashmadi. Biroq ayollarning yozilmagan qoidalariga muvofiq, bunga so‘z bilan emas, balki amalda qilingan ish bilan javob berish kerak edi. Shunda ham mavridi kelganida, ya’ni imkonga qarab, albatta. Xayriyatki, bu uzoqqa cho‘zilmadi.
– Qanday ajoyib! – chin yurakdan quvonib, chapak chalib yuborganimni sezmay qolibman.
– Falakning gardishini qarangki, kecha bizni ojiza deb atagan janoblar bugun o‘zlarini shunaqa deyishayapti. Ko‘p o‘tmay, qo‘shni mamlakatdan bir qancha odam boshpana so‘rab bizning yurtga kirib yashirindi. Ularning boshiga kulfat tushgandi. Qochoqlarga bir qancha siyosiy jinoyatlar qo‘yilgan edi. O‘z mamlakati xavfsizligini o‘ylagan hukmdor qirolichamizdan o‘sha zobitlarni ushlab topshirishni talab qildi. Bu mamlakatimiz qonunlariga to‘g‘ri kelmagani uchun qirolicha qo‘shni mamlakat qiroli talabini rad etdi. Qo‘shni mamlakat qiroli g‘azablanib, fursat g‘animatda mamlakatimizga qarshi yurish boshladi. Harbiylarimiz qo‘l qovushtirib qarab turishmadi, ular o‘sha paytning o‘zidayoq oyoqqa turib, dushmanga qarshi kurashgani jang maydoniga otlandilar, biroq tish-tirnog‘igacha qurollangan dushman haddan ortiq ko‘p va kuchli edi. Askarlarimizning jonini jabborga berib kurashganiga shak-shubha yo‘q. Ammo, shunga qaramay, dushmanning sarhadlarimizni qadam-baqadam, asta-sekinlik bilan egallashiga yetarlicha to‘sqinlik qilolmadilar. Hech bir erkak uyda o‘tirgani yo‘q, o‘n olti yoshli o‘smir ham jangga otlandi, afsuski, qo‘shinning aksariyat qismi qirib tashlandi, asosiy kuchlarimiz mahv etildi. Dushmanning poytaxtga yetib kelishiga yigirma besh chaqirim qolgandi. Mamlakat himoyasiga donishmand ayollarni yig‘ib, mashvarat o‘tkazildi. Nima bo‘lganda ham yurtni asrash, dushman mamlakatimizning kulini ko‘kka sovurmasligidan burun nimadir qilish kerak edi. Ba’zilar kurashishni taklif qildi. Ba’zilar esa bu fikrga qarshi chiqdi. Chunki ayollarning qo‘liga shamshir va qurol olib shug‘ullanishiga ko‘p vaqt ketardi. Harbiy tayyorgarliksiz esa jangga kirish nafaqat ahmoqlik, balki muqarrar mag‘lubiyatdir. “Agar jismoniy jihatdan yetarlicha kuch-qudratga ega bo‘lmasak, demak, unda dushmanni faqat aql bilan yengish shart, – dedi qirolicha. Bir necha daqiqa oraga chuqur sukunat cho‘kdi. – Mamlakatimni dushman qo‘liga topshirishdan ko‘ra, o‘lganim afzal!”
Qirolichaning gapi barchaga ta’sir qildi. Shunda ikkinchi Ayollar universiteti olimalari dushmanni qanday qilib yengish haqida jiddiy bosh qotirishga kirishdilar. Barcha umid ulardan. Olimalarda faqat yagona reja bor edi. Bu ilk va so‘nggi amal, agar o‘xshamasa, u holda o‘zini-o‘zi o‘ldirishdan bo‘lak chora qolmagan bo‘lardi. Chunki hamma qul bo‘lib yashashdan ko‘ra o‘limni afzal bilardilar. Qirolicha ayollarni shu rejani amalga oshirishga undadi. Zaifalar paranjini tashlab, katta maydonga chiqishdan burun, eng avvalo, erkaklarni haramga kiritish talabini qo‘yishdi. “Ha, albatta”, – deb javob qildi qirolicha. Ertasiga g‘alabaga erishish yo‘lida qirolicha barcha erkaklarni yig‘ib, nafaqaga chiqardi-da, haramga qamab qo‘ydi. Charchagan, holdan toygan yarador erkaklar umidsiz holatda mamlakatning ertasi uchun lom-mim demay, haramga o‘z ixtiyorlari bilan kirdilar. Ularda g‘alabaga hech qanday umid qolmagandi, bunga ojizalar erishishiga ishonmasdilar ham. O‘shanda universitetning asosiy ayol xonimi boshchiligida ikki ming nafar talaba dushmanlarga naychalarda yig‘ilgan oftob nurlarini to‘g‘riladi. Harorat haddan ortiq baland edi. Dushman bu qurolga qarshi qanday himoyalanishni bilmasdi. O‘zini butkul yo‘qotib qo‘ygan raqibga sichqonning ini ming tanga bo‘lganini bir ko‘rsangiz edi! Quyosh nuri maydonda qolgan dushmanning qurol-yarog‘u oziq-ovqat zaxirasini kuydirib tashladi. O‘shandan beri boshqa yog‘iy bizning yurtimizga yurak yutib kirolgan emas.
– Ayting-chi, bu vaqt mobaynida haramdagilar ozodlikka chiqishni talab qilmadilarmi?
– Albatta, chiqmagan jondan umid, deb zobitlar, harbiylar, tuman, viloyat qozilari, politsiyachilarning bari zindondan ozod qilishni so‘rab, qirolichaga iltimosnomalarni yuborishdi. Biroq ular har qancha o‘z idoralariga va mansablariga tiklashni yolvorib so‘rashmasin, qirolicha bu iltijolarni qondirmadi. Erkaklar bir vaqtlar ayollarga qilgan iltifotsizliklari tufayli o‘z mansablariga qayta tiklanmadilar. Qirolicha farmoyish chiqardi. Unda agar biror kun erkaklarning xizmatiga hukumat chindan ham muhtoj bo‘lsa, ular haramdan ozod etilishlari va lavozimlarini qayta egallashlari mumkinligi, hozir esa ular qayerda lozim bo‘lsa, o‘sha yerda o‘tirishga majburliklari haqida yozilgandi. Ayni damda ular paranji tizimiga ko‘nikib, qismatlaridan nolimay qo‘yishdi.
– Mamlakatni mirshablarsiz, magistrantlarsiz boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida nima qilyapsizlar? O‘g‘rilik yo qotillik holatlari sodir bo‘lsa, u holda nima chora ko‘rasizlar?
– Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, Yaratganga shukrki, mamlakatimizda shu choqqacha, hali biror marta o‘g‘rilik yo qotillik sodir bo‘lgani ham, qayd etilgani ham yo‘q. Shu sabab haligacha qoziyu mirshablarning xizmatiga ehtiyoj sezganimizcha yo‘q.
– Mamlakatingizda tinchlik-osoyishtalik hukmronligini ko‘rib quvondim. Bir tomchi qon to‘kmay g‘alabayu hokimiyatga erishganingiz har qanday tahsinga sazovor. Tavba, deyarli hech qanday kuch sarflamay, jinoyat va jinoyatchilikka barham berish mumkin ekan-da!
– Albatta! Endi, qadrli Sultona, mehmonxonaga o‘tsak ham bo‘lar, nima deysiz? – deb so‘radi u mendan.
– Oshxonangizda hatto qirolichalarni mehmon qilish mumkin. Boy xonimlarning xosxonasidan qolishmaydi, – deb javob berdim men muloyim jilmayib. – Biz u yerga hozir o‘tamizmi?
– Bekordan Xudo bezor, agar hech qanday yumush bo‘lmasa-yu, biz vaqtimizni oshxonada shunday bekor o‘tkazsak, gunoh bo‘ladi, – dedi u kuyunchaklik bilan.
Biz bir-birimizga qarab jilmaydik. Men ortga qaytib, tanish-bilishlarimga Ayollar mamlakatida ko‘rganlarimni aytib bersam, qanchalar hayratdan tong qotib qolishlarini tasavvur qilyapman. Ojizalar hokimiyat tepasida turib, ijtimoiy masalalarni hal qiladilar, yurtni boshqaradilar. Erkaklar esa haramda bola tarbiyasi bilan mashg‘ul, uy ishlarini bajarib, osh-ovqat qilayotgan mahalda, ularning xavfsizligini ayollar ta’minlashadi.
– Men ularga hamma-hammasini boshdan-oxir oqizmay-tomizmay so‘zlab beraman. Yerlarni ag‘darish, ekin-tikin ishlarini qilishga baquvvat qo‘llar kerak, dehqonchilikni erkaklarsiz qanday davom ettiryapsizlar, iltimos, bizga xuddi shu haqda so‘zlab bersangiz.
– Qadrli Sultona, shu ham ish bo‘libdimi? Elektr quvvati yordamida bu ish xamirdan qil sug‘urgandek oson bitadi. Uchadigan havo naqliyotlari yerlarni ag‘daradi, chopiq qiladi va ekib chiqadi. Bizning mamlakatda temir yo‘lu toshko‘chalar yo‘q. Shu sabab yurtimizda temir yo‘l bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va avtohalokatlar sodir bo‘lmaydi.
– Biror kun qor, yomg‘ir suviga ehtiyoj sezsangiz-chi?
– Qor, yomg‘ir suvlari uchun maxsus havo sharlari bor va ularda yig‘ilgan suv yerlarga yetkazib beriladi. Xullas, xalqimiz suvga ehtiyoj sezmaydi. Biz shunchalar bandmizki, bir-birimiz bilan tortishishga vaqt topolmaymiz. Qirolichamiz tabiatni nihoyatda yaxshi ko‘radilar. U butun mamlakatni bog‘-roqqa aylantirdi. Hammamiz bu ishga bosh qo‘shdik.
– Jaziramada mamlakatni qanday qilib salqin saqlaysizlar?
– Yoz kunlarida bo‘ladigan yog‘ingarchilik va salqin kunlarni Xudoning inoyati deb qabul qilamiz. Jazirama issiqda qaqragan yerlarni qor, yomg‘ir suvlari yig‘ilgan sharlarga o‘rnatilgan naylar va sun’iy favvoralar orqali sug‘oramiz. Sovuq kunlarda esa xonalarimizni oftob nuri bilan ilitamiz.
U menga o‘z xonasini ko‘rsatdi. Jo‘mrakni burashi bilan suv kelar, ichkarida yuvinish xonasi, undagi sharoitlarga faqat havas qilish mumkin edi.
– Siz g‘oyat baxtli odam ekansiz-da! – deyarli qichqirib dedim men quvonch bilan. – Yana bir nimani so‘rasam maylimi?
– Qulog‘im sizda.
– Siz qaysi dinga e’tiqod qilasiz?
– Bizning dinimiz Mehr-oqibat va Haqiqatga asoslangan. Unga ko‘ra, biz bir-birimizni qadrlaymiz va hech qachon aldamaymiz.
– Agar kimdir bu qoidaga xilof ish tutsa, u muqarrar o‘lim jazoga mustahiqmi?
– Yo‘q. Hali bu qoidani birov buzishga jur’at etmadi. Biz Xudoning bandalarini o‘limga mahkum etishga o‘zimizni haqli deb bilmaymiz va bundan aslo rohatlanmaymiz. Yolg‘onchilar mamlakatni butkul va bir umrga tark etadilar.
– Demak, bunday jinoyatni qilganlar hech qachon kechirilmas ekanlar-da?
– Hech qachon, hattoki o‘z qilmishlariga chin dildan pushaymon bo‘lsalar ham.
– Bu, albatta, juda yaxshi. Siz o‘z yeringizni gunohlardan qanchalar asrar ekansizlar-a. Shu sabab bu zamin toza-ozoda, mamlakat tinch-osoyishta, obod-farovon ekan. Yurtda shuncha o‘zgarishlar qilgan o‘sha olijanob qirolichani ko‘rsam bo‘ladimi? – deb so‘radim iymanib.
– Nega bo‘lmas ekan, bo‘ladi, – dedi Sara opam.
U chorsi shaklidagi moslamalarni buradi. Ikki katta shar ko‘z ochib-yumguncha vodorodga to‘ldi. Keyin bu sharlar havo avtomobillariga o‘rnatildi. Elektr moslama harakatga keldi. Avtomobilning parraklari daqiqa sayin tezroq harakatlana boshladi. Biz avval olti-etti funt balandlikka ko‘tarildik va uchib ketdik. Men hali nima yuz berganini anglab yetmasimdan burun biz qirolichaning saroyiga yetib keldik. Avtomobil yerga qo‘nishi bilan biz ham tushdik. Qirolicha bog‘da qizchasi bilan sayr qilib yurgan ekan.
– Shu yerdamisizlar! – deya qo‘l silkidi Sara opam.
Men qirolicha janobi oliyalari bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim. U kishi kaminani hech qanday ortiqcha takalluf va dabdabalarsiz qabul qildi. U bilan tanishganimdan boshim osmonga yetdi. Suhbat asnosida qirolicha boshqa mamlakatlar bilan mustahkam savdo aloqalarini rivojlantirishni va odamlariga buni aslo taqiqlamasligini ta’kidladi. U butun dunyoga ayollarning o‘rni haramda emasligini ko‘rsatish niyatidaligini bildirdi. Buning uchun, avvalo, boshqa mamlakat ayollarida o‘z kuchiga ishonch tuyg‘usini uyg‘otmoq kerak bo‘larkan. “Biz, ayollarning bilimimiz ummonlardan oshadi. Biz tabiat ato etgan barcha ne’matlardan bahra olamiz”, – dedi qirolicha.
Men o‘sha mashhur universitetlarni ziyorat qilish sharafiga ham muyassar bo‘ldim. Menga laboratoriya va rasadxonalar ko‘rsatildi. Barcha diqqatga sazovor joylarni tomosha qilgach, uchar mashinaga mindik. U harakatga kelishi bilan men… uyg‘onib ketibman. Ko‘zlarimni ochsam, kamina oromkursidan dumalab tushib, yerda yotar edim.
Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 3-son