BIRINChI BOB
FARIDIDDIN ATTORNING HAYoTI VA IJODI
Melodiy XI asrning boshlarida, Eron va Turon tarixida mustahkam birlikka ega bo‘lgan qudratli saljuqiylar sulolasi maydonga kelgan edi. 1038 yili saljuqiylar sulolasining ilk sultoni To‘g‘rulbek g‘aznaviylar sulolasiga qarashli Sharqiy Xurosonning bosh shahri – Nishopurni ishg‘ol qilgan. 1040 yili saljuqiylar bilan g‘aznaviylar o‘rtasida Dandanakon yaqinida bo‘lgan so‘nggi hal etuvchi jangda g‘aznaviylar mag‘lub bo‘ladi. Natijada saljuqiylarning ta’sir doirasi yanada kuchayadi.
Sulton Malikshoh (10721092 yil) hukmronlik qilgan davrga kelganda saljuqiylar sulolasi zo‘r darajada qudrat topib yuksalgan, madaniyat ishlari ham gullab-yashnagan bir palla edi. Bu hol albatta sulton Malikshohning donishmand vaziri a’zami, “Nizomulmulk”, ya’ni davlat tayanchi deb nom olgan Abu Ali Hasan ibn Ishoq bilan munosabatlari quyuq bo‘lganida ko‘rinadi. Nizomulmulk o‘zining “Siyosatnoma” nomli mashhur asari bilan dong taratgan boobro‘ davlat arbobi bo‘lgan shaxs edi.
Sulton Malikshoh vafot etib, ichki ziddiyatlar bir muddat barham topgach, 1118 yili saljuqiylar sulolasining vorisi Sanjar hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi.
XII asrning 30-yillariga kelganda budda diniga e’tiqod qiladigan qoraxitoylar (ular tarixida ba’zi manbalarda qora qidon, qidon, yoxud qorachoponliklar deb ham ataladi) O‘rta Osiyoga bostirib kirganlar. Ular avval Bolosog‘unni, O‘sh, O‘zgand shaharlarini ishg‘ol etishdi, so‘ng bora-bora butun Uyg‘uristonni ham o‘z domiga tortgan holda qoraxoniylar sulolasining Movaraunnahr muzofotiga hukmronlik qilayotgan Elik xoni Mahmudxonni ham bo‘ysundirib har yili qoraxitoylarga o‘lpon to‘lab turish sharti bilan uni o‘rnida qoldirib qaytib ketdilar. 1141 yili Qoraxitoylar yana Movarounnahrga bostirib kelganlar. Saljuqiylardan sulton Sanjar bu safar qoraxoniy Mahmud bilan birlikda Samarqand atrofidagi Katvon dashtida ularga qarshi urush olib bordilar. Ammo urushda sulton Sanjar bilan Mahmud butunlay mag‘lub bo‘ldi. Shu bilan Saljuqiylar sulolasining kuch-qudrati ham o‘z yakuniga yeta boshladi. Sulton Sanjar 1157 yili Marvda olamdan o‘tadi. Xorazmda O‘g‘izg‘on avlodidan bo‘lgan Anushteginlardan Xorazmshoh Otsiz mustaqil hukmdor bo‘lib taxtga o‘tirdi.
XII asrning oxirlariga kelib Saljuqiylar qo‘l ostidagi barcha yerlar, shu jumladan, butun Eron zamini ham Xorazm davlatiga bo‘ysundirildi. Xorazmshoh Aloviddin Muhammad II taxtga o‘tirgan yillar (1200-1220 yillar) Xorazm davlatining shon-shuhrati, qudrati o‘zining eng cho‘qqisiga chiqqan bir davr edi. Ammo bunday qudratli davlatning taqdiri ham afsuski mustahkam bo‘lib chiqmadi.
XIII asrning boshlari. Oradan ozroq vaqt o‘tgandan keyin, ya’ni 1210-1215 yillari oralig‘ida mo‘g‘ullardan chiqqan shafqatsiz hukmdor hoqon Chingizxon va uning botir qo‘shinlari haqidagi xabarlarga yaqindan diqqat qilgan Aloviddin Muhammad II birinchi bo‘lib Chingizxonga elchi yo‘llagan. Chingizxon ham elchilarni yaxshi kutib olib, yaxshi javob bilan yo‘lga solgan. Ammo ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaganidek, bu ikki buyuk hukmdorlar o‘rtasidagi munosabat ham 1218 yilning oxirlariga kelib buziladi. Xorazmshoh Aloviddin Muhammad II qo‘l ostidagilar, aniqrog‘i, uning onasi qipchoqlarning xoni Jonkishaning qizi bo‘lmish hokimiyatparast johil, Turkon xotunning jiyani G‘ayirxon Inolchiq tomonidan Chingizxonning 500 tuya karvonidan iborat 450 kishi boshchiligidagi shohona boy savdo karvoni O‘tror chegara shahrida to‘xtatib qolinib, talon-taroj qilingan, inobatli savdogarlarning deyarli hammasi qatl etilgan edi.
Bu qabohatli mash’um ishdan xabar topgan Chingizxon behad darg‘azab bo‘lgan holda 1219 yili 210 ming kishilik katta kuch bilan Xorazmshoh davlatiga qarshi yalpi yurishni boshlaydi. O‘zini Iskandari zamon deb atagan Xorazmshoh Alovuddin Muhammad II dushman bilan ro‘baro‘ bo‘lishdan qo‘rqib, yurt va xalqni o‘z holiga tashlab, yangi kuchli qo‘shin to‘plash bahonasida ulkan mamlakatni tark etgan. 1220 yili Chingizxon Buxoroni ishg‘ol etadi, so‘ng Samarqandni, birin-ketin barcha shaharlarni egallaydi. 1221 yili Chingizxon qo‘shinlari Xorazm davlatining poytaxti Urganchni ham ishg‘ol etgan. Shuning bilan Xorazm davlati tugatilib, bu davlatga mansub shaharlarning hammasi uzil-kesil mo‘g‘ullar ixtiyoriga o‘tgan edi.
Farididdin Attor mana shunday og‘ir, murakkab tarixiy jarayonda yashab ijod bilan shug‘ullangan siymolardan biri bo‘lgan.
1. FARIDIDDIN ATTORNING HAYoTI
Nishopur uzoq va shuningdek, dovrug‘li tarixga ega shaharlardan biri hisoblanardi. Ayniqsa, o‘rta asrlarda bu shahardan har qaysi sohalar bo‘yicha ko‘pgina olimu fuzalolar yetishib chiqqanlar. Hatto boshqa el va shaharlardan bir qism ilm ahillari ham bu shaharga kelib, bilim va mahoratini oshirib, ijod bilan shug‘ullanganlar. Natijada bu shahar o‘z davrida Sharqdagi mashhur madaniyat markazlarining biriga aylangandi. Nomi el orasida mashhur bo‘libgina qolmay, balki harqaysi tarixiy, adabiy asarlarda hurmat bilan zikr qilingan. Yuksak madaniyat, ilm-urfonga yo‘g‘rilgan bu xil muhit Nishopurning shon-shavkati, shuhratini yanada oshirgan.
O‘rta asrning dastlabki vaqtlarida ana shu shavkatli shahar – Nishopur atrofida Ibrohim ismli taqvodor bir musulmon istiqomat qilardi. Ibrohim o‘z davriga nisbatan anchagina yuqori darajada ilm tahsil qilgan, tabobatchilik ilmining sir-asroridan yetarli darajada xabardor, samimiy, diyonatli odam edi. U Qutbiddin Haydar ismli mashhur darvishdan diniy ilmlar, ayniqsa, tariqat talablari bo‘yicha ta’lim olgan bo‘lib, kundalik turmushda o‘ziga xos mavqe bilan turli insoniy fazilatlarga asoslangan holda halol-pok yashashga tirishardi.
Ibrohimning attorlik, ya’ni xush hidli buyumlar va dori-darmon tijorati bilan shug‘ullanadigan do‘koni bor edi. Shu bois u doimo yaqin-yiroq shaharlarga borib, ifor, mushki anbar degandek yoqimli xushbo‘y narsalar hamda qimmatli shifobaxsh dori-darmon mahsulotlarini olib kelib sotib tirikchilik qilardi. Yaqin atrofda Ibrohim va uning do‘konini bilmaydigan kishilar deyarli yo‘q edi.
Kunlardan bir kuni Ibrohim uchun zamin zilsilayu osmon larzaga kelgandek bo‘ldi. Uning murod-maqsadlarini nurlantirib qalbida bir quyosh porladi. Go‘yo uzoq yillik toat-ibodati va tilaklari ijobat bo‘lgandek, bir o‘g‘il farzandlik bo‘ldi. U yaratganning inoyat-iltifotiga cheksiz shukronalar aytib, o‘g‘liga Muhammad deb, rasulullohning ismini qo‘ydi, atrofidagi yetim-esirlarga in’om-ehsonlar qildi.
Ibrohimning shodligi cheksiz edi. U chinakam merosxo‘r dunyoga kelganligidan bag‘oyat mamnun edi. Muhammad chuqur mehr-muhabbatda o‘sib voyaga yetdi. U atrofidagi hamma narsalarga alohida qiziqish bilan boqishi, tinmay savol berishi va ziyrakligi Ibrohimga yanada ishonch va umid ato qilardi. Ibrohim Muhammadni Nishopurdagi eng bilimdon olimlarning qo‘lida o‘qitdi. Muhammad madrasani tamomlab, diniy-dunyoviy ilmlarda peshqadamlikni qo‘lga kiritgan, insoniylikka xos yuksak fazilatlarga erishib, el nazariga tushaboshlagan chog‘da Otasi Ibrohim bu foniy dunyo bilan vidolashdi. Shundan keyin Muhammad ota kasbiga zo‘r ixlos bilan vorislik qildi. Tijoratda otasining o‘rgatganlari bo‘yicha diyonat va halollikni oldingi o‘ringa qo‘yib, xuddi otasidek odamlarning ishonchi, izzat-hurmatiga sazovor bo‘ldi. Natijada uning tijorati kundan-kunga ravnaq topibgina qolmay, o‘zi ham jamiyatning qadrli kishisiga aylandi. El orasida “Attor” degan nom bilan tanildi.
Bir kuni Muhammadning do‘koni oldida darvishsifat yirtiq-yupun kiyingan bir devona paydo bo‘ldi. U har xil xush hidli narsalar, dori-darmonlar bilan to‘lgan do‘konga, qadamlari uzilmay kelib-ketib turgan xaridorlarga, shuningdek, tijorat bilan band do‘kondorga bir muddat qarab turgandan keyin:
– Ey, do‘kondor, Olloh tijoratingizga baraka bersin, bir g‘arib odamga sadaqa qiling, – dedi Muhammadga.
Muhammad xaridorlarning ko‘pligidan, tijoratning shoshilinchligidan, qo‘li-qo‘liga tegmayotganligidanmi yoki boshqa sababdanmi, harqalay, devonaning so‘zlariga diqqatini bo‘lolmadi. Shunda devona yana Muhammadga murojaat etib:
– Ey xoja, sen qanday o‘lishingni bilurmusen? – dedi.
Bu so‘zga Muhammad e’tibor bermadi va beparvolik bilan:
– Sen qanday o‘lsang, men dag‘i shunday ulurmen, – deya javob ayladi.
Devona:
–Yo‘q, sen mendek o‘lolmassen, – dedi.
Muhammad devonadan:
–Nechun? – deb so‘radi.
Devona:
– Shuning uchunkim, mening yukim yengil, quruq tanam va uni yopib turgan jandamdan o‘zga hech vaqoyim yo‘q. Mening bu dunyo do‘konini tashlab ketishim oson. Ammo, sening ersa yuking og‘ir, hashamatli imorating, molga to‘la do‘koning, pulga to‘la hamyoning, xizmatkor-chokarlaring bor. Shuncha yuk birlan manzilg‘a qanday yetodursen? Sen o‘z ishingning chorasini qilg‘il, men ersam bunday o‘lodurmen, – dedi-da, belidan suv ichadigan jomni olib boshiga qo‘yib yerga uzala yotgancha jon uzdi.
Muhammad bir lahzada ko‘z oldida yuz bergan bu holdan hayronu lol bo‘ldi. Qalbiga shiddatli bir iztirob, zilzila tutashib, vujudini dahshatli titratib o‘tdi. U o‘zining to hozirgachayin bexudlik ilkida kun o‘tkazganligini g‘ira-shira his qilgandek bo‘ldi-da, cheksiz nadomat bilan tavba, istig‘forga qo‘l ko‘tardi.
Muhammad karomat egasi bo‘lgan bu darvishning jasadini o‘z qo‘li bilan dafn etdi. So‘ngra xesh-aqrabolar, xizmatkor-chokarlarini yig‘ib barcha mol-mulkini ularga ulashib berdi. Shuning bilan attorlikni tark etib, tariqat yo‘liga kirdi. “Attor” degan so‘z keyinchalik uning taxallusi bo‘lib qoldi hamda shu nom bilan olamga mashhur bo‘ldi.
Darvishning o‘limi bilan aloqador bu voqeani Attorning o‘zi “Tazkiratul-avliyo” muqaddimasida bayon qilgan. Mazkur rivoyat Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy tazkiralarida ham keltirilgan bo‘lib, u Attorning g‘oyatda ulkan va zo‘r burilishga yuzlanganligidan dalolat berardi. Bunday hodisalar o‘rta asr kishilari uchun hargiz ham aqlga sig‘maydigan, bema’no tuyg‘u emas, balki mashhur shayxlar hayotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’naviy va g‘oyaviy burilishlariga sabab bo‘ladigan har xil hodisalarning ro‘y berishi tabiiy hol hisoblanardi. Attorning hayotida ham ana shunday yuz bergan bu voqea uning hayoti va g‘oyasining javhari hisoblangan tasavvuf ta’limotiga o‘zini bag‘ishlashida sirli muqaddima bo‘lib qoldi. U ruhiy jihatdan kuchli bir holatga duch kelgandi.
Attorning tariqatda ustozlari kim ekanligi haqidagi qarashlarda hali ham bir fikrga kelinganicha yo‘q. Abdurahmon Jomiyning ma’lumotiga qaraganda, Attor darvishlik xirqasini, ya’ni darvishlik yo‘liga kirganligining nishoni bo‘lgan jandani Shayx Najmiddin Qubro (1145-1221 yil)ning davomchilaridan bo‘lgan Majdiddin Bag‘dodiyning qo‘lidan kiyganligi ma’lum. Ba’zilar, ya’ni Davlatshoh Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda Attorni garchi darvishlik xirqasini Majdiddin Bag‘dodiy qo‘lidan kiygan esa-da, lekin tariqat ta’limotlarini Shayx Rukniddindan olganligini ta’kidlaydi. Yana Attor otasining ustozi Qutbiddin Haydardan ta’lim olgan degan qarashlar ham yo‘q emas. Amir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlarining bu haqdagi ma’lumotlari Abdurahmon Jomiyning ma’lumoti bilan birdek. Jumladan, Navoiy “Nasoim-ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”)da bunday deb yozadi: “…Alar Shayx Majdiddin Bag‘dodiyning muridlaridurlar va “Tazkirat-ul-avliyo” kitobikim, alarning musannifotidindur, oning debochasida o‘zlarining Shayx Majdidding‘a irodatlaridin zohir qilibdurlar va ba’zilar debturlarkim, Uvaysiy ekandurlar”1
Binobarin, qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, Attor shayx Majdiddin Bag‘dodiyning muridlaridan biri edi. “Tazkirat-ul-avliyo” (“Avliyolar tazkirasi”) kitobini Attor yozgan bo‘lib, u ushbu kitobning muqadimasida o‘zining shayx Majdiddin Bag‘dodiyga bo‘lgan ixlosini nomoyon qilgan va uning Uvaysiy ekanligini aytgan.
Bu yerdagi Uvaysiy tasavvufga xos atama bo‘lib, u tariqat yo‘liga kirgan kishining bevosita holda o‘zidan oldin o‘tgan biror mashhur ulamo ruhiyatidan madad va ta’lim olib takomillashganini ko‘rsatadi. Ammo manbalarda Majdiddin Bag‘dodiyning o‘z davrining mashhur din arbobi shayx Najmiddin Kubrodan ta’lim olganligi tilga olinadi. Masalan, Navoiy “Nasoyim-ul-muhabbat”ida shayx Najmiddin Kubro haqidagi bayonlarining oxirida quyidagilarni yozadi: “Hazrati shayxda muridlar ko‘p erdilar, ammo alardin nechasi jahonda yagona va zamonda muqtado va farzona erdilar. Andoqki, shayx Majdiddin Bag‘dodiy va shayx Sa’diddin Hamaviy va Bobo Kamol Jandiy va shayx Rizoiddin Ali Lol va shayx Sayfiddin Boxarziy va shayx Najmiddin Roziy va shayx Jamoliddin Giliylardur2 , ba’zilar hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valadni ham uning muridlari bo‘lgan deydilar.3
Demak, Majdiddin Bag‘dodiy shayx Najmiddin Kubroning oldingi safdagi shogirdi hisoblanadi. Shunday qilib, Majdiddin Bag‘dodiy har ikkala tarzda ham botiniy, ham zohiriy tomondan tarbiyalanish sharofatiga sazovor bo‘lgan ilm sohibi bo‘lgan.
Tasavvuf ta’limoti va uning tarixi bo‘yicha e’tirofli bilim egasi, yozuvchi Radiy Fishning ma’lumotiga qaraganda, Turkon xotun Majididdin Bag‘dodiyni Xorazmshoh o‘rdasiga taklif qilib, uni nevara qiziga ustoz tutgan. Ammo o‘rdadagi fitna-fasod sababidan Xorazmshoh Aloviddin Muhammad II Majdiddin Bag‘dodiyni qatl ettiradi. Majdiddin Bag‘dodiyning vafoti manbalarda 1217 yil deb ko‘rsatilgan.
Tasavvuf tarixida tariqat yo‘liga kirgan muridning bir emas bir necha pir ustozdan ta’lim olgan hollar ham ko‘p uchraydi. Shu bois Attorni Majiddin Bag‘dodiy Qutbiddin Haydar yoki Shayx Rukniddindan ta’lim olgan degan qarashlarning hech qaysisini chetga surib bo‘lmaydi.
Attor Nishopurda butun ixlosi bilan har tomonlama ilm tahsil qiladi. Bu davrda butkul musulmon Sharqida tasavvuf ta’limoti ilg‘or g‘oya sifatida shiddatli to‘lqinga aylangandi. Jumladan, Attor yashagan hudud tasavvuf ta’limotining eng qizg‘in markazlari biri hisoblanardi. Madrasalardagi ta’lim-tarbiyaning muhim halqasini tasavvuf ta’limoti nazariyasi va falsafiy tamoyillari tashkil etardi. Shu bois, Attor yoshligidanoq tasavvuf ta’limoti ruhida tarbiyalangan hamda o‘zi ham bu ta’limotga o‘zgacha bir ma’naviy ishtiyoq bilan yondashgan. Bu haqda Attorning o‘zi shunday deb yozadi:
“Bolalik ayyomidan o‘shal toifag‘a (ya’ni tasavvuf ahlig‘a) muhabbatim shu qadar kuchli va jo‘shqin ediki, u toifaning chiroyli so‘zlari meni o‘ziga tortar, dilimda bu so‘zlardan shodliq jilvalanar edi, u so‘zlar qanchalik ulug‘vor, pardalangan bo‘lmasin, ularni tanib oladigan bo‘lgandim”.
Attor Nishopurdagi ilm tahsil qilish va o‘z-o‘zini tarbiyalash bosqichlarini ma’lum darajaga yetkazgandan keyin haj qilish uchun Makkai mukarrammaga safarga chiqadi. U haj ishlarini ado qilib bo‘lgandan keyin Misr, Shom (Suriya), Hindiston singari mamlakatlarda talay mashhur shayxlar bilan uchrashib, ularning suhbat va ta’limlaridan bahramand bo‘ladi. Ilgari olamdan o‘tgan avliyo-anbiyo hamda shayxul-mashoyixlarning muqaddas ziyoratgohlarini va ular yashagan maskanlarni ziyorat qiladi, ular haqidagi tarix va rivoyatlarni, hikoyat hamda o‘gitlarni ixlos bilan o‘rganadi. Ular haqida yozilgan asarlarni izlab topib mutolaa qiladi. Attor haqidagi izlanishlarda, Attorning ana shunday mashhur kishilar haqidagi mingga yaqin kitoblarni mutolaa qilganligi manbalarda aytilgan. Farididdin Attor “Tazkirat-ul-avliyo” asarida yozganidek: “Avliyolarga mehr-muhabbatimiz, ularning kamoli va jamoliga, shuningdek, ularning borliq ish-harakatlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromlarimiz natijasidir. Ushbu sadoqat qalbimizga Olloh solgan muhabbatning nuri kabi porloqdir. U buyuk zotlarga bo‘lgan ta’zimimizni ifodalaydi. Olloh taoloning muborak nomlarini har zamon tildan tushirmaydigan aziz-avliyolar ma’rifatidan bahramand bo‘lgan, har qancha va har qanday holatda Ollohni unutmay, yod etgan kishilar uchun avliyolar hayoti namunadir”. Darvoqe, Attor aziz-avliyolarning ma’rifatidan chinakam ixlos ila bahramand bo‘lgan kishilarning biri edi.
Attor uzoq safardan yanada kamolot kasb etib keldi. Bu jarayonda u tariqat ta’limotining peshvosiga, ilohiy ma’rifat g‘oyasini jo‘shqin joziba bilan kuylaydigan yetuk shoirga aylanadi. Natijada o‘z maslagiga sobit va sodiq shoir bilan xalq orasida “Farididdin” – ya’ni dinning yagonasi, “Shayx” degan sharafli, faxrli nomlarga sazovor bo‘lib, Muhammad Farididdin ibn Ibrohim shayx Attor Nishopuriy degan nom bilan shuhrat qozonadi. Shu sababdan Attorning keyingi davrlardagi davomchilaridan bo‘lgan Mavlono Abdurahmon Jomiy: “Uning masnaviylari va g‘azallarida tavhid asrori, ruh zavqi bilan vujud haqiqati shu qadar ko‘p ifodalanganki, bu toifaning hech birining so‘zinda topilmaydur”, deb ta’riflasa, Alisher Navoiy “Mahbub-ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) nomli asarida uni: “Ilohiy ma’rifat xazinasining javohirlari bilan boyitgan va xalq ta’rifiga ehtiyoj sezmagan”, “she’r yozishdan maqsadi ilohiy sirlarni bayon qilish va cheksiz ma’rifat tarqatish” bo‘lgan sharafli zotlar qatorida tilga oladi. Davlatshoh Samarqandiy Attorni “Sulton – ul-orifin” (“Oriflar sultoni”) deb ataydi, hamda: “U shariat ham tariqatda yagona, ishq va talabgorlik, kuyish-o‘rtanishda zamonasining shamchirog‘i, ilmi urfon dengiziga cho‘mgan, haqiqat daryosiga sho‘ng‘ib javohirlarini tergan” deb yuksak baholaydi.
Attor “Mazhar-ul ajoyib” (“Mo‘jizaning ko‘rinishi”) nomli asarida to‘rtinchi xalifa Ali ibn Abutolibga bo‘lgan ixlosini ifodalaydi. Bu esa Ali shia mazhabiga ixlos qo‘yganligini ko‘rsatar edi. Shu bois, bu hol Nishopurdagi sunniylar mazhabiga mansub ulamolarning g‘azabini qo‘zg‘atadi. Natijada, Attor shia mazhabini targ‘ib etganligi, “yo‘ldan ozganligi” gunohi bilan ayblanib, dastlab o‘limga hukm etiladi. Keyin esa, jazo yengillashtirilib, mol-mulki musodara qilinadi, o‘zi shahardan badarg‘a qilinib, shahar atrofidagi tashlandiq joylarda ta’qib ostida yashashga majbur bo‘ladi. Bu paytlarda Attor anchagina keksayib, deyarli kuchdan qolgandi.
Bir kuni Attor turayotgan yerga uning ustozi Majdiddin Bag‘dodiyning yaqin do‘sti, “Sulton-ul-ulamo” (“Ulamolar sultoni”) deb shuhrat qozongan Mavlono Bahouddin Valad1 (1230 yili olamdan o‘tgan) uni yo‘qlab keladi. Bu uchrashuvni Radiy Fish bunday bayon qiladi: “Egniga qorayib, rangi o‘chib ketgan kamzul, boshiga baland cho‘qqi kuloh kiygan, ojiz bir qariya tez-tez yurib, uning oldiga chiqdi. Uning yurishidan andesha emas, balki shiddat aks etib turardi. U go‘yo favqulodda bir muhim ish ustida turgandek, yoxud to‘satdan bir aziz mehmon kelib qolgandek holatda ko‘rinardi. Attor o‘sha yurishi bilan kelib, go‘yo ko‘rinmas bir to‘siqqa duch kelgandek mehmonga yaqin qolganda shartta to‘xtadi va asta egilib salom berdi. Ular uch marta bir-birlariga ta’zim bajo keltirishgandan so‘ng, so‘nay deb qolgan gulxanning ikki tomonida, bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilgan toshlar ustiga o‘tirishdi. Boshiga sust malla rangli salla o‘ragan baland bo‘yli, sirli qiyofadagi ulamo darvishlarga xos libosda edi. Cho‘qqi kuloh kiygan, qaddi biroz bukilgan shoir lommim demay, mehmon bilan bir-biriga qarashgan ko‘yi uzoq tikilib o‘tirishdi”. Attorning diqqatini Sulton-ul-avliyoning 12 yoshli o‘g‘li ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. U bu o‘g‘ilning ko‘zlaridan lovullab turgan o‘t uchqunlarining, porillab turgan aql- farosat nurlarining belgisini ko‘rgandek bo‘ladi hamda uning kelgusida buyuk inson bo‘lishligidan bashorat berib, “Asrornoma” (“Sirnoma”) degan asarini o‘sha o‘smir bolaga mamnuniyat bilan taqdim etadi. Bu bola keyinchalik Attorning maslakdoshi, davomchisi sifatida butun musulmon dunyosida ma’lum va mashhur bo‘lgan Mavlono Jaloliddin Rumiy edi. Jaloliddin Rumiy Attorni bilardi, Chunki u “Mantiq-ut-tayr”ni o‘qigandi.
Manbalarda ko‘rsatilishicha, Attorning o‘limi nihoyatda fojiali kechgan. Chingizxon boshchiligidagi qo‘shin Nishopurga bostirib kirib, butun shaharni talon-taroj qiladi. O‘lja ilinjida hech qayerni qoldirmay axtarib, yaraydigan narsalar borki hammasini tortib oladi, hatto qizg‘in jarayonda omon qolgan odamlarni ham qul qilib bo‘lishib oladi. Shular qatorida Attor ham bir mo‘g‘ul cherikiga asir tushadi. Mo‘g‘ul cheriki uni bog‘lab ko‘chada olib ketayotganda, Attorni tanigan bir odam uchrab qoladi, u mo‘g‘ul cherikiga:
– Qulingni menga sot, men senga ming dinor beraman, – deydi.
Mo‘g‘ul cheriki rozi bo‘lib turganda Attor:
– Sotma, bu narx juda kam, men ko‘p pulga yarayman – deydi. Mo‘g‘ul cheriki uni ming dinorga bermay sudrab yurishda davom etadi. Yo‘lda unga o‘z qavmidan bo‘lgan bir mo‘g‘ul uchraydi. U o‘z “o‘lja”sini unga sotmoqchi bo‘ladi. U jinsdoshini mazax qilgan holda:
– Mayli olaqolay, haqiga bir qop somon beraman, – deydi. Shunda Attor mo‘g‘ul cherikiga:
– Tezda rozi bo‘laver, men bundan ortig‘iga arzimayman. – deydi.
Bundan g‘azablangan mo‘g‘ul cheriki shu zahotiyoq Attorni qilich bilan chopib tashlaydi.
Radiy Fish Attorning nima uchun o‘lim yo‘lini tanlaganligi haqida: “Attor o‘z jonini qutqazishi mumkin edi, lekin endi unga hayotning hech qanday qizig‘i qolmagandi” deb yozadi.
Attor Nishopurga dafn etiladi, qabr boshiga oddiygina maqbara quriladi. Ammo oradan bir fursat o‘tgandan keyin Attorning maqbarasi xarobalashib ketadi. XV asrga kelganda Alisher Navoiy Attor maqbarasining xarobalashib ketganligini eshitib qabr boshiga bag‘oyat ko‘rkam, haybatli bir maqbara qurdiradi.
Attorning tavalludi va qismat haqidagi qarashlar afsuski hali ham yakuniga yetganicha yo‘q. Ko‘pgina manbalarda uning tug‘ilgan vaqti 1119 yili deb olingan. Ammo, “Mazhar-ul-ajoyib”ning bir nusxasida Attorning bu asarni 1188 yilda yozganligi va o‘sha vaqtlarda o‘zining 100 yoshdan oshganligini eslatib o‘tganligi ma’lum. Agar shunday bo‘lsa Attorning 1119 yili tavallud topganligi haqidagi qarashlar ham uzil-kesil o‘z isbotini topmagan. Attorning tavallud yilini 1136, 1145 yili deb qaraydiganlar ham uchraydi. Attorning vafot etgan yili haqidagi qarashlar ham bir-biriga uyg‘un kelmaydi. Bu haqdagi yil hisobini 1193 yili, 1221 yili deb qarovchilar ham bor. Jomiy va Davlatshoh Samarqandiy Attorni 114 yil umr ko‘rgan deb qayd etganligi ma’lum. Amir Alisher Navoiy hazratlari “Nasoyim-ul-muhabbat”da Attorni hijriy 627 (melodiy 1231 yil) yili vafot etgan va 104 yil yashagan deb yozadi.
Turkiyalik Mustafo Uslu o‘zining Attor haqidagi bir maqolasida u “Mazhar-ul-ajoyib” asarida uzoq vaqtdan beri hazrati Aliga ixlos qilganligini ta’kidlaydi. Attorning shia mazhabiga moyilligi keksayib qolganda boshiga balo bo‘lgan. Samarqandiy taxallusli, sunniy mazhabidagi bir muftiyning “Mazhar-ul-ajoiyb” kitobini yoqish haqida bergan fatvosi bilan bu asar kuydirilgan. Shu hodisa sababidan Attorning uyi talon-taroj qilingan, o‘zi Makkaga qochishga majbur bo‘lgan. Attor keyingi asari “Lison-ul-g‘ayb” (“G‘oyiblar tili”)ni Makkada yozgan,1 deb ko‘rsatadi. Mustafo Usluning bu qarashlari olmoniyalik sharqshunos Helmut Ritterning Attor haqidagi qarashlari bilan bir xil.
Ko‘rinib turibdiki, Attorning hayoti haqidagi qarashlar bir-biriga mos kelmaydi. Shuning uchun Attorning hayoti – faoliyati haqidagi masalada biror muhim xulosaga kelish qiyin. Attorni faqat taxminiy holda XII asrning boshlaridan XIII asrning dastlabki choraklarigacha bo‘lgan oraliqda yashab o‘tgan siymolardan biridir deb qarashga to‘g‘ri keladi.
2. FARIDIDDIN ATTORNING ASARLARI
Attor hayotda ko‘p bora qiyinchilik va talon-tarojlarga duch kelgan, hayotning og‘ir sinovlari, larzali qismatlarni o‘z boshidan kechirgan, xotirjam yashash imkoniyati unda juda oz bo‘lishiga qaramay, uning ijodiyoti baribir samarali kechgan. U har tomonlama, chuqur ahamiyatga ega talay asarlarni kelajak avlodlarga abadiy meros qilib qoldirgan. Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat-ush-shuaro” nomli asarida Attor asarlarining umumiy hajmini 250 ming baytga yaqin deb ko‘rsatganligi ma’lum.
Olmoniyalik sharqshunos olim Helmut Ritterning “Islom qomusi”da bosilgan ma’lumotida Attor asarlari yozilish tartibi bo‘yicha quyidagidek ko‘rsatilgan:
1) “Haydarnoma”. Bu asar bizning davrimizgacha yetib kelmagan. 2) “Devon” – she’rlar. 3) “Javohirnoma”. 4) “Sharhul-qalb” – “Qalb sharhi”. 3-, 4-asarni Attorning o‘zi yo‘qotgan. 5) “Xusravnoma”. 6) “Asrornoma”. 7) “Man-tiq-ut-tayr”. 8) “Musibatnoma”. 9)”Muxtornoma”. 10) “Ilohiynoma”. 11) “Bul-bulnoma”. 12) “Pandnoma” (“Nasihatnoma”). 13) “Tazkirat-ul-avliyo” (“Avliyolar tazkirasi”). 14) “Me’rojnoma”. 15) “Gumgumnoma”. 16) “Vuslatnoma”. 17) “Ush-turnoma”. 18) “Javhar-uz-zot”. 19) “Hallojnoma”. 20) “Basirnoma”. 21) “Mazhar-ul-ajoyib” (“Mo‘jizaning ko‘rinishi”). 22) “Lison-ul-g‘ayb” (“G‘oyiblar tili”). Yuqoridagilardan boshqa “Haft vodiy” (“Etti vodiy”), “Hayiatnoma” (“To‘quvchilik haqida”). “Vasiyatnoma”. “Kanzul – haqoyiq” (“Haqiqatlar xazinasi”). “Kanzul asror” (“Sirlar xazinasi”). “Ixvonus safo” (“Pok birodarlar”). “Valadnoma” (“Tug‘ilish haqida”). “Miftoh-ul-futuh” (“Hukmronlar kaliti”) kabi qator asarlarni tadqiqotchilar Attor deb qarashadi.
Helmut Ritter Attor asarlarini mazmun va uslub jihatidan uch davrga bo‘lish mumkin deb qaraydi:
Birinchi davr: Attor she’riyatning borliq sirini yaxshi biladigan san’atkor ustoz sifatida ko‘zga tashlanadi. Asarlaridagi kichik charjavali (hoshiyali) rivoyatlarga tasavvufga xos ma’no va mazmunlarni juda kuchli mahorat bilan singdirgan holda amalga oshiradi.
Ikkinchi davr: Attor ijodida reja va tartibga unchalik ahamiyat berilmaydi. Attorning o‘ziga xos fazilatlaridan biri shuki, she’riy asarlarida bir so‘z xabar misraning boshida davomli takrorlanib keladi. Hatto bir so‘z, ketma-ket hayajon bilan 100 marotabadan ko‘proq takrorlanadigan hollar ham mavjud. Attordagi bu xususiyat dunyo adabiyotida deyarli uchramaydi.
Uchinchi davr: Attorning hayajonli, shiddatli ijodiyoti biroz sustlashgani ko‘rinadi.
“Devon” – bu Attorning g‘azal va boshqa lirik she’rlaridan tarkib topgan she’rlar to‘plami bo‘lib, unda Attorning tasavvuf g‘oyalari bir xil lirik tuyg‘ularda yo‘g‘rilib ifodalangan.
“Xusravnoma” – bu masnaviy shaklida yozilgan ishq-muhabbat dostoni bo‘lib, dostonda, Rum imperiyasining imperatori Qaysarning bir kanizagidan bo‘lgan o‘g‘li – Xisrav bilan Xuziston podshohining qizi Gul o‘rtasidagi muhabbat voqealari tasvirlangan.
“Asrornoma” – bu Attorning tasavvuf ruhi bilan sug‘orilgan dostonlaridan birinchisidir. Doston 26 maqolatdan (bobdan) iborat bo‘lib, tasavvufga xos mazmunlar qisqa hikoyalar vositasida izohlangan.
“Mantiq-ut-tayr” – bu Attorning eng mashhur asari. Dostonda Attorning falsafiy qarashlari, tasavvuf tushunchasi nozik, atroflicha sharhlangan. Doston asosan hikoya va ko‘pgina qissa, rivoyatlar, masal, matallardan tarkib topgan.
“Muhabbatnoma” – bu doston ham Attorning tasavvuf g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Dostonda bir solik (suluk ahli, tariqat yo‘liga kirgan murid) pirning amri bilan ilohiy zotni izlab, ruh arshga sayohat qilib, Isrofil, Mikoyil, Azroyil va boshqa farishtalarning yordamida jannat, jahannam, quyosh, oy, to‘rt anosir, to‘rt unsur tog‘, dengiz, hayvonot, qushlar, Iblis, Odam, Nuh, Ibrohim, Muso, Dovud, Iso, Muhammad, Aql, His, Xayol, Qalb va Jon bilan uchrashadi. Eng oxiri u ilohiy zotni o‘z qalbidan topadi. Bu dostonning asosiy hikoyasi ilohiy zotni izlash jarayonidagi qayg‘u-alamlarning bayonidan iborat bo‘lib, unga yana ko‘pgina kichik hikoyatlar ham kiritilgan.
“Ilohiynoma” – ushbu doston 300 dan ziyod hikoyat va qissadan tarkib topgan. Unda bir podshoh o‘zining olti o‘g‘lini huzuriga chorlab: “Dunyoda eng yaxshi ko‘radigan narsanglar nima?” deb so‘raydi. Podshohning birinchi o‘g‘li parilar podshohining qizini, ikkinchi o‘g‘li sehrgarlikni, uchinchi o‘g‘li Jamshidning jomini, to‘rtinchi o‘g‘li obihayot (tiriklik suvi)ni, beshinchi o‘g‘li Sulaymon uzugini, oltinchi o‘g‘li oltinlarga ega bo‘lishni yaxshi ko‘rishliklarini bayon qiladilar. Podshoh olti o‘g‘lining orzusiga qarata tasavvuf g‘oyasidagi ibratlik hikoyalarni keltirib, ularni to‘g‘ri yo‘lga undaydi. Bu hikoyatlarda Attorning podshoh tilidan bergan mulohazalari alohida ahamiyatga ega.
“Bulbulnoma” – bu kichik bir doston bo‘lib, unda qushlar Sulaymon payg‘ambarga, bulbul saharlari gulning ishqida sayrab oramizni buzayapti, degan mazmunda arz qiladi. Sulaymon payg‘ambar bulbulni huzuriga chaqirtiradi va buning uchun uni bir umr faryod chekishga amr qiladi.
“Pandnoma” – bu asar Attorning odob-axloq masalalariga bag‘ishlangan didaktik dostoni bo‘lib, unda, kishilik turmushidagi har xil yaxshi-yomon aqida-udum, ish-harakat, so‘z va hodisalar chuqur amaliy asoslar bilan ijobiy nuqtadan sharhlab berilgan. Mazkur asar Eron va O‘rta Osiyo muzofotida ta’lim-tarbiya ishlaridagi eng muhim darslik qatorida qo‘llanilgan.
“Tazkirat-ul-avliyo” – bu Attorning birdan-bir nasriy shaklda yozilgan asari bo‘lib, unda talay avliyolarning ijod yo‘llari yoritiladi. Asar tasavvuf ta’limotining taraqqiyot jarayoni va g‘oyaviy asoslarini tadqiq etishda muhim manba sifatida ulkan ahamiyatga egadir.
“Me’rojnoma” – asarida esa Muhammad payg‘ambarning Buroqqa minib, yettinchi osmonga chiqqanligi va u yerda Ollohning jamoliga muyassar bo‘lganligi haqidagi holatlar bayon qilingan.
“Gumgumnoma” – asari kichik bir hikoyatdan iborat bo‘lib, unda Iso payg‘ambar cho‘lda bir bosh suyakni topib olib, duo bilan uni tiriltiradi hamda u bilan suhbatlashadi. U yetti iqlimga hukmron bo‘lgan bir podshohning boshi bo‘lib, payg‘ambarga o‘zining kechmishlarini so‘zlab beradi. Iso alayhissalom uni imonga da’vat qiladi, u imon aytib bir fursatdan keyin yana bungacha bo‘lgan asli holatiga, oxiratiga qaytadi.
“Vuslatnoma” – ushbu asar vahdati vujud g‘oyalari va so‘fiylarga xos hikoyatlardan tarkib topgan bo‘lib, unda Mansur Halloj voqeasi asosiy o‘rinda turadi.
“Ushturnoma” – asosan hikoyatdan iborat bo‘lsa-da, lekin bayon qilish usuli tarqoq bo‘lib, bu asarda takroriy jumlalar juda ko‘p uchraydi. Asarning markaziy g‘oyasi tasavvuf ta’limotini oldinga suradi. Asarda bir qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchi o‘z qo‘g‘irchoqlarini sahnada navbatma-navbat o‘ynatgandan so‘ng, sandiqqa solib qulflab qo‘yadi. Attor bu orqali ilohiy zotning olamdagi maxluqotlarni ana shu qo‘g‘irchoq qatorida ko‘rishligiga ishora qiladi. Asardagi yana bir hikoyatda bir murid ilohiy zotni izlab yetti qavat sirlar pardasini ochadi va oxiri g‘aroyib bir ahvol ostida o‘zlikni tushunadi. G‘oyibdan kelgan bir sado orqali murid bir mozordan sirli bir kitobni topib oladi. Kitobda ilohiy zotga yetishning yo‘llari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu yo‘l Mansur Hallojning fano ta’limoti, ya’ni ilohiy zotni izlagan odam o‘zining jismoniy istaklaridan qutulish zarurligi haqidagi fikri bo‘lib chiqadi. Bu asardagi hikoyatlarning deyarli hammasi ramziy ma’noga egadir.
“Javhar-uz-zot” – asaridagi asosiy fikr oqimi fanolik bo‘lib, unda tomchining dengizga qo‘shilganiga o‘xshash insonning ilohiy zotga qo‘shilishi yo‘lidagi otashin istaklar o‘z ifodasini topgan. Asarning asosiy qismini vujuddagi ilohiylikni tushunib, o‘zini dengizga otgan bir yosh bolaning hikoyasi tashkil qiladi. Asarda yana, cho‘lda o‘sgan bir qamishning ilohiy sirlardan xabardor bo‘lganligi, qamish kesilib nay qilingandan keyin, o‘sha sirlarni fosh qilganligi voqeasi hikoya qilinadi. Bu yerda Attor qamish vositasi orqali hazrati Alining ilohiy sirlar sohibi ekanligini ta’kidlaydi. Asarda o‘rtaga qo‘yilgan yana bir g‘oya, inson o‘zining moddiy vujudida kichik ilohiy javohirni asrashi kerak, shunday qilgandagina ilohiy zotni bilish sharafiga muyassar bo‘ladi, degan fikrdan iboratdir. Attor bu asarda umuman ilohiy zotning vasliga yetishish mumkinligi haqidagi yuksak g‘oyalarni sharhlaydi.
“Hallojnoma” – Attor bu asarida asosiy maqsadni Hallojning fazilatlarini bayon qilish va sharhlashga qaratadi. Attor Mansur Halloj va uning g‘oyasini yuksak darajada ideallashtirib, uni haqiqatni tanib yetgan barkamol inson ramzi deb qaraydi. Mansur Hallojning “anal haq” (“men haqman”) g‘oyasining asoslarini har tomonlama dalillab, qizg‘inlik bilan kuylaydi. Bu orqali o‘zining Mansur Halloj g‘oyasiga bo‘lgan moyilligini nomoyon qiladi.
“Basirnoma” – Attorning kichik dostonlaridan biri bo‘lib, unda ham fano, baqo, ilohiy zotning ruhi va nuriga o‘zini baxshida qilish masalalari olg‘a surilgan.
“Mazhar-ul-ajoyib” – bu asar Attor ijodiyotining uchinchi davri boshlaganini ko‘rsatadi. Dostonda hazrati Ali siymosi asosiy o‘rinda turadi. Undan boshqa Attorning hayoti, tarjimai holiga oid qisqa parchalar va Attorga aloqador boshqa ma’lumotlar ham mana shu asardan o‘rin olgan.
“Lison-ul-g‘ayb” – bu Attorning mashhur asarlaridan biri bo‘lib, unda shia mazhabiga bo‘lgan hurmat va ixlos tuyg‘ulari alohida ko‘zga tashlanib turadi. Hazrati Ali va uning avlodlari iftixor bilan ulug‘lanadi. Attorning o‘tkinchi dunyo g‘avg‘olaridan xalos bo‘lib, yashirin, tanho holda o‘zini xudoga bag‘ishlash hislari haqidagi oshiqlarga xos qarash va mulohazalari bayon qilinadi.
Yuqoridagi asarlar ichida “Javhar-uz-zot” uch kitobdan iborat bo‘lib, “Hallojnoma” bilan “Vuslatnoma” shu asarga taalluqli ikki kitob hisoblanadi degan qarashlar ham mavjud. Hatto ba’zilar, yuqoridagi asarlar ichidagi ayrim mashhur asarlarni Attorga taalluqli emas, boshqalar tomonidan yozilgan deganga o‘xshash qarashlarni ham o‘rtaga qo‘ygan. Bular hali Attor asarlarini izlash, tadqiq qilish hamda nashr etishni taqozo etadigan murakkab jarayonlardan biridir deyish mumkin.
IKKINChI BOB
FARIDIDDIN ATTOR DUNYoQARAShINING ASOSIY YO‘NALIShI
Shuni qat’iy qilib aytishga to‘g‘ri keladiki, Attor dunyoqarashi asosini o‘rta asr Sharq islom falsafasining ilg‘or oqimi bo‘lgan tasavvuf ta’limoti tashkil etadi. Tasavvuf ta’limoti o‘ziga xos g‘oyaviy asoslarga ega, murakkab, shuningdek, jozibali falsafiy oqim. Attor tasavvuf falsafasining yirik siymolaridan biridir. Shu bois Attorning dunyoqarashi haqida izlanish g‘oyat zo‘r aqliy quvvat, yuksak zehn va did, Attorona kuzatish, nozik tahlil talab qiladigan mashaqqatli jarayondir.
Attorning dunyoqarashi haqida ko‘plab asar yozish mumkin. Attorning ma’naviy dunyosini shu qadar buyuk bir ummon deb faraz qilsa bo‘ladiki, unga qanchalik teran sho‘ng‘igan sari shunchalik qimmatli, shunchalik ko‘p javohirotlarni topish mumkin. Afsuski, bunday buyuk ummonga sho‘ng‘igudek shijoat va madordan o‘zini yiroq his qilgan kaminaning bu intilishlarini qadrli o‘quvchilari ana shu ummondan bir tomchi misolida qabul etishlarini umid qilaman.
Attorning asarlari – mayli u bevosita falsafiy mulohazalarni asos qilgan asar bo‘lsin yoki ramziy bashoratli asar bo‘lsin, avvalambor adib dunyoqarashini yoritib berish uchun xizmat qiladi. Uning ijodiy yo‘li (agar shunday deyishga to‘g‘ri kelsa) ilohiy sirlarni kashf etish yo‘lidir. Bunday aytganda, Attor shoir-faylasuf emas, balki faylasufdir. Bu nuqtani XV asr muarrixi Davlatshoh Samarqandiy ta’kidlab, “shoirlik uning kasbi, odati emas edi” deb yozadi. Demak, Attorning hamma asarlarida falsafiy-tasavvufiy dunyoqarash asosiy o‘rinda turadi.
Attorning “Mantiq-ut-tayr” asari quyuq ramziy tusga ega, ko‘p qatlamli falsafiy, ruhiy-axloqiy, ijtimoiy g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan murakkab doston. Uning bosh mavzusi ilohiy zot bilan insonning munosabati masalasiga bag‘ishlangan. Asarning bosh mavzusini ochishda asosiy yetakchi hikoyat va asosiy g‘oyani dalillash uchun xizmat qiladigan masal, kichik hikoyatlardan tarkib topgan.
“Mantiq-ut-tayr” dostonida barcha qushlar bir yerga jam bo‘lib, majlis qurishadi. Biroq bazmdagi tartib masalasida, ya’ni o‘rin – martaba, izzat-hurmat, sharaf-salohiyat, ulug‘lik – tubanlik, kamtarlik va manmanlik, o‘zini bilish va bilmaslik kabi masalalarda ziddiyatlar kelib chiqib, mojaro yuz beradi. Qushlar o‘zlariga insof-diyonatli, odil, haqqoniy bir podshoh saylash zarurligini, shu orqali o‘z jamoatida yuz bergan janjal mojaro, qiziqqonlik holatlariga barham berish muhimligini his qiladi. Xuddi shu chog‘da popushak Hudhud bashorat berib, qushlar naslidan bir podshoh Semurg‘ borligini, uning qushlar ahvolini miridan-sirigacha bilishligini, u garchi qushlarga juda yaqin bo‘lsa-da, qushlar g‘ofillik va nodonliklari sababli undan ancha yiroqlashib ketganligini aytadi. Endilikda qushlar ana shu Semurg‘ning visoliga noyil bo‘lsalargina barcha tahlikalar va nizolardan forig‘ bo‘lish mumkinligini aytadi. Qushlar xursand bo‘lib Hudhudga ana shu Semurg‘ dargohiga boshlab borishni taklif qilishadi. Hudhud Semurg‘ning dargohiga yetib borish jarayonida duch kelishi muqarrar bo‘lgan talay mashaqqatli qiyinchiliklar, azob-uqubatli sinovlar kutajagini ham bayon qiladi. Ma’lumki, Attor bu yerda Hudhud va qushlar timsoli orqali o‘zining tariqat g‘oyasini bayon qiladi. Ya’ni ramziy ma’nodagi ustoz-pirning Hudhud orqali aqldan ozib g‘aflatda qolgan kishilarga qarata qilingan nasihati sifatida nazm tiliga ko‘chiradi.
Tariqat – arabcha so‘z bo‘lib, ma’nosi yo‘l, sulukdir. Solik (suluk a’zosi) va “Murid” degan so‘zlarning ma’nosiga kelsak, u odatda tasavvuf yo‘liga qadam qo‘ygan shogirdning maqsad yo‘lida ruhiy, jismoniy va axloqiy jihatlardan o‘zini poklab, kamolotga intilish, ilohiy ma’rifatni egallab, haqiqatga, ya’ni javhariy zotning vasliga yetish yo‘lida riyozat chekayotgan tolib, talabalardir. Ayrim, ta’limotchilar sulukni shariat, tariqat va haqiqatdan iborat uch qismga bo‘ladilar. Birinchi xil qarashdagilar ma’rifatni haqiqatning bir tarkibiy qismi deb qarab, uni bosqichlar qatoridan soqit qiladilar. Uchinchi xil qarashdagilarning fikricha esa, shariat har bir musulmon uchun amal qilish zarur bo‘lgan qoidalar bo‘lib, tariqatda shariatning asosiy mezonlari o‘z aksini topganligi uchun, u ko‘p hollarda alohida tilga olinmasdan balki, tariqat bosqichidan boshlanadi.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, tasavvuf ta’limotchilari tariqatni “chin, to‘g‘ri yo‘l” deb ta’riflashgan. Tariqat ahli uch narsada, ya’ni holat, qadam, lutfu karamda boshqalarga ibrat bo‘lishlari kerakligi alohida ta’kidlangan. Bundagi holat – o‘rinsiz gaplardan, o‘zini haromdan tortishni, behuda ishlarga qadam qo‘ymaslikni, lutfu karam ila foydali ishlar qilishni, ochiq chehrali, muruvvatli bo‘lishni talab etadi.
Tariqat yo‘liga kirgan har bir murid dunyo maishatidan, nafs balosidan, hoyu-havasdan, jismoniy rohat-farog‘at, kibru havo, quruq shon-shuhrat, g‘aflat va jaholatdan voz kechib, ruhiy dunyosini poklashi, butun irodasi va fikr-hayolini bir yerga jamlab, ezgu maqsad sari yo‘naltirishi lozim bo‘lgan.
Tariqat yo‘lida e’tiqod bilan g‘aflat, iroda bilan ikkilanish, toblanish bilan pushaymon, sevgi va nafrat o‘rtasida har doim ziddiyat yuz berib turadi. Bu yo‘lda e’tiqodi chin, irodasi mustahkam, turli azob-uqubatlarga bardosh beradiganlargina yuksak maqomga erisha oladilar. Shunga ko‘ra, “Mantiq-ut-tayr”da ham qushlar Semurg‘ning ilohiy ishq otashiga payvand bo‘lib, zavq bilan bu yo‘lga qadam qo‘yishgan bo‘lsa-da, ziddiyatli sinovlarga bir qism qushlar bardosh berolmay, Hudhudga turli bahonalar bilan uzr aytib, safdan chiqadilar. Bu orqali Attor tariqatning bir mushkul bosqich ekanligini, garchi bu yo‘lga juda ko‘p kishilar kirsa-da, lekin hammasi ham bu yo‘lning qaytmas, qa’tiyatli jasoratli yo‘lovchilari bo‘lish sharafiga munosib emasligini ta’kidlaydi.
1. “ShAYX SAN’ON” QISSASI VA PIR – MURIDLIK MEZONI
Tasavvuf adabiyotida “Shayx San’on” qissasi ajoyib zo‘r sehrli kuchga ega, falsafiy hikmatlarga boy, nozik badiiy tuyg‘ular jilvalanib turadigan, kishining ruhiy dunyosini larzaga soladigan, o‘lmas qissalarning biridir. Attor “Mantiq-ut-tayr”da bu qissadan faylasuflarga xos farosat, shoirlarga xos nafis san’atlardan mohirona foydalanadi.
Qissaning qisqacha mazmuni quyidagicha kechadi:
Shayx San’on o‘z zamonasining mashhur piri bo‘lib, ilmu urfon, karomat va alomatda yagona kishi edi. U Makkada 50 yil shayxlik qilgan bo‘lib, to‘rt yuz muridi bor edi. 50 marta haj qilgan bo‘lib, bundan boshqa umra hajini ham hargiz qo‘ldan bermagandi.
Bir kechasi shayx San’on tush ko‘radi. U tushida Rumda yurgan emish va bir but sanamga sajda qilayotgan emish. Shayx uyg‘onib ko‘rgan tushidan g‘amgin bo‘ladi. San’on muridlarini yig‘ib bu tushning ta’birini bilish uchun, Rumga borishni niyat qilganligini aytadi. Muridlari ham shayxga ergashib bu safarda unga hamroh bo‘ladilar. Oxiri shayx va uning muridlari Rumga yetib keladilar. Ular Rumda bir shahardan o‘tishayotganda bir hashamatli ayvonda o‘tirgan nasroniy qizga ko‘zi tushadi. Bu qiz husn-jamolda tengi yo‘q, go‘zallik olamidagi quyoshdek porloq edi. Shayx San’on qizga yaqinlashib unga tikildi. O‘zini yo‘qotib holsizlandi. Bu tarso qiz shayx San’onning tushiga kirgan sanamning o‘zginasi edi.
Shayxning muridlari bu holni ko‘rib hayron qoldilar, shayxni bu yo‘ldan qaytarishga urindilar, ammo shayxga nasihat kor qilmadi, u hammani unutgandi. Muridlar shayxning ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lib imon, vasvasa, gunoh, kufr va tavbadan so‘z ochdilar. Lekin, shayx quloqqa gap oladigan emas, aksincha, ularga hikmatli, yolqinli va kuchli sabab – natijali so‘zlar bilan raddiya berdi. Shayxning muridlariga bergan eng so‘nggi javobi “Bu otashni mening vujudimga Tangri taoloning o‘zi soldi, men buni o‘z ixtiyorim bilan o‘zimdan nari qilolmayman” deyish bo‘ldi.
Shayx San’on butun es-yodi bilan tarso qizning visoliga intildi, kecha-kunduz uning eshigi oldida dashnom-haqorat eshitib xokisor bo‘lib yotdi. Kunlar o‘tishi bilan shayx holdan ketib, ishq dardida kasal bo‘lib qoldi.
Bu voqeani eshitgan tarso qiz tashqariga chiqib shayxga bunday deydi:
– Agar sen rostdan ham menga oshiq bo‘lsang unda quyidagi to‘rt shartimni bajarishing kerak bo‘ladi, birinchidan, butga sajda qilasan, ikkinchidan, Qur’onni kuydirasan, uchinchidan, sharob ichasan, to‘rtinchidan, imoningdan kechasan.
Oshiqlik – beqarorlik yo‘lida jismi o‘rtangan shayx sharob ichishga rozi bo‘ldi. Tarso qiz shayxga o‘z qo‘li bilan sharob quyib beradi. Vasli diydor yo‘lida sharob ichgan shayx tarso qizning visolidan hushini yo‘qotib, qolgan shartlarni ham amalga oshiradi. Ammo, tarso qiz bu shartlardan keyin ham shayxning visol tashnaligini qanoatlantirmaydi, aksincha shayxni visol haqi (nikoh puli) to‘lashga qistaydi hamda shayxning hech narsasi yo‘qligidan foydalanib uni visol haqi hisobiga o‘z cho‘chqalarini bir yil boqib berishga da’vat qiladi. Shayx ilojsiz cho‘chqa boqishga ham rozi bo‘ladi. Xuddi shu yerda Attor o‘zining tariqat haqidagi xitobini qiladi: “Ey mard, agar tariqatga qadam qo‘ymoqchi bo‘lsang, bu yo‘ldagi butlar, cho‘chqalar kabi ming turli balolardan qo‘rqma. Agar tariqat yo‘li shunchalik azobli bo‘lmaganda edi, shayx San’ondek musulmon ham rasvo bo‘lib Rum shahrida g‘avg‘o ko‘tarmas, sarson-sargardon bo‘lmas edi”.
Tariqat yo‘li shu qadar jafoli mashaqqatli, azob-uqubatli yo‘l ekanki, uni biror rahnamosiz poyoniga yetkazib bo‘lmaydi. Buning uchun tariqat yo‘liga kirgan murid talabgor bir pir ustozga qo‘l berib, bu yo‘lda uning yo‘l ko‘rsatishi, madad berishi, har xil jabru jafo, mashaqqatlararo olg‘a yetaklab borishi kerak bo‘ladi. Mana bu tariqat yo‘lidagi muhim halqalarning biri – pir-muridlik halqasidir.
Pir – muridlik munosabatida muridning asosiy xislati talabgor bo‘lish, piri komilning yo‘lini mahkam tutib, uning ko‘rsatmalariga so‘zsiz amal qilishdir. Pirga qo‘l bermagan murid tariqat yo‘lida mustahkam turolmaydi, manziliga yetolmaydi. Boshqacha aytganda, muridni cheksiz ummonga kirgan kemaga, pirni esa shu kemani to‘g‘ri yo‘lga solguvchi darg‘aga o‘xshatish mumkin. Kemachidan ayrilgan kemaning taqdiri vayron bo‘lishdir.
Shayx San’onning ish harakatlarini ko‘rib muridlarning undan ko‘ngli qoladi hamda Makkaga qaytib ketadilar. Shayx esa tarso qizning cho‘chqasini boqishga kirishadi.
Shayx San’onning yana bir zehni o‘tkir muridi bor bo‘lib, Shayx Rumga yo‘l olganda u Makkada yo‘q edi. U boshqa muridlarning shayxni tashlab qaytib kelganlarini ko‘rib ko‘ngli buziladi. Boshqa muridlar bo‘lgan ahvolni unga aytib beradilar. Aqlli murid bu qissani eshitgandan keyin boshqa muridlarga bunday deydi:
– Ey noahili bevafo yorlar, yorlik va do‘stlikka muvofiq ish qilmabsizlar, aksincha, nomardlarning ishini qilibsizlar. Sadoqatli murid, payvandli yor bo‘lsanglar og‘ir paytda unga yarab, birga bo‘lib, dardiga malham bo‘lar edinglar. Agar o‘z shayxinglarga sodiq bo‘lganlaringda har qanday sharoitda ham uning yonida turish lozim edi.
Hayf senlarga, sadoqat, vafo! Pir haqini ado qilish shu bo‘ldimi? Agar shayxinglar beliga zunnor bog‘lagan bo‘lsa, sizlar ham darhol belinglarga zunnor bog‘lashinglar kerak edi.
Agar u tarso bo‘lsa, hammanglar unga qo‘shilib tarso bo‘lishinglar kerak edi. Sizlarning qilganinglar muridlikka xilof, balki munofiqlik va dushmanlikdan o‘zga ish emas. O‘z yorining do‘sti bo‘lgan odam agar yori kofir bo‘lsa-da, uni tark qilmasligi kerak edi. Shayx dengizga cho‘kib, nahangning komiga tushibtur, sizlar bo‘lsanglar qo‘rqib, uni tashlab qochibsizlar.
Mana bu Attorning pir-muridlik mezoni, tariqat tushunchasidagi o‘zak qarashidir. Ko‘rinib turibdiki Attorning bu qarashlari hech qanday sharxga hojat qoldirmaydi.
Shundan keyin muridlar Rumga qaytib boradilar, Shayx muridlarini ko‘rib esi joyiga keladi hamda muridlari bilan birga yana Makkaga qaytib keladi. Tarso qiz bir kechasi ajoyib tush ko‘radi, tushida bir ilohiy nidoni eshitadi. Shunda u shayxga qilgan qilmishlariga pushaymon bo‘ladi va haq yo‘lga kirib Shayxning ortidan Makkaga safar qildi. Bu xabar shayxga yetadi hamda shayx qizning yo‘liga chiqadi. Ular yo‘lda uchrashadilar, ammo qiz jabrjafo dastidan holi xarob bo‘lgandi. Qiz tavba qilib, shayxdan o‘zini iymonga boshlashni so‘raydi. Shayx unga iymon o‘rgatadi, shuning bilan qiz jon uzadi. Ko‘z oldida ro‘y bergan bu holdan shayx ham dardu alam ilkida bu foniy olam bilan vidolashadi. Muridlar bu ikki sadporalarning jasadini yonma-yon dafn qilishadi. Bu ikki qabrdan ikki tup sarv daraxti o‘sadi. Bu yerda yana zilol buloq paydo bo‘lib uning suvi bahrida atrof yashillikdan gullarga burkanadi, keyinchalik kishilarning tavobgohiga aylanadi. Dard-hasrat va mung bilan yozilgan “Shayx San’on” qissasining qisqacha bayoni ana shulardan iboratdir.
Kezi kelganda aytish kerakki, “Shayx San’on” qissasi ko‘p holda Attorning pir va murid o‘rtasidagi qarashlarini sharhlashdangina iborat emas. Unda yana bashoratli, ramziy vositalar orqali komil inson, ilohiy ishq, vafo va sadoqat, g‘ofillik hamda asliga qaytish, gunoh va tavba, qismat va mag‘firat, kufr, poklanish, sinov, iroda kabi bir butun o‘tkir masalalar aqliy va hissiy yo‘lda yoritib berilgan.
Attor asar oxirida “Shayx San’on” haqida “Attorning qissasi bir oy yuzli qiz uchun emas” deydi. Demak, mohiyatan bu qissada chuqur ilohiy sir va ma’no yashirilganligini anglash mumkin. Bu esa o‘quvchilarning qissa ma’nolarini anglashdagi birdan-bir ochqich (kalit), Attorning ko‘zda tutgan maqsadi ham shu bo‘lgan.
2. FARIDIDDIN ATTOR VA TARIQAT
Maqom – arabcha so‘z bo‘lib, uning ma’nosi olis manzil, martaba, mavqe demakdir. Bu so‘z tasavvufda tariqat yo‘liga kirgan muridning maqsadiga yetishi muhim bo‘lgan axloqiy va ma’naviy kamolot tartiblarini ravshan ko‘rsatadi.
Attor o‘z ta’limotlarida tariqat masalasini boshdan-oxir asosiy o‘ringa qo‘yib ta’kidlaydi hamda uni ibratli misol, aqliy tushunchalar orqali atroflicha sharhlaydi. Attorning tariqat masalasiga alohida ahamiyat bilan qarashi hargiz o‘zigagina xos bo‘lgan aqida, ixlos, taqvodorlik bilangina aloqador bo‘lmasdan, balki barcha inson uchun dahldor mukammal g‘oyalarga asos hozirlagan mutafakkirlarga xos bashoratning natijasi edi.
Umuman olganda tariqat inson uchun bir maktabdir. Bu maktabning maqsadi insonni ruhiy va aqliy jihatdan tarbiyalab takomillikka yuzlantirish, o‘z amaliyoti orqali o‘zini tarbiyalab insoniy fazilatni mustahkamlashdir. Tariqat o‘ziga xos qurilmaga ega bo‘lgan bir turli tarbiya tartiblaridir. Uning yo‘nalishi avvalambor insonning ma’naviy dunyosini soflashtirib, qalb ko‘zini ochishdan iboratdir.
Nima uchun tariqat tarbiyasi ruh va qalbdan boshlanadi? Chunki ruhning maskani qalb, binobarin inson mohiyatida burilish bo‘lmay turib, amalda o‘zgarish bo‘lmaydi. Attor ruh haqida to‘xtalib bunday deydi:
– Butun olamlarning hammasi sen bilan yashnaydi, sen bilan mustahkam, osmon va yer senga bog‘langan. Sen hammani o‘z ichingga olgansan-u, lekin o‘zing bizdan yiroqsan, ko‘zga ko‘rinmaysan-u, biroq barchani ko‘rasan. Jannat, do‘zax, qiyomat – bularning hammasi noming o‘rnida keladigan omonat so‘z, belgi, o‘xshatish, xolos.
Bu parchadan shuni his qilish mumkinki, Attorning nazarida ruh koinotning mezonidir. Unda jannat va do‘zax, yaxshilik va yomonlik, ijobatlik va salbiylikdan iborat keskin ziddiyatlar mavjud. Odam bilan odam, odam bilan jamiyat, odam bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarda ana shu ziddiyatlar o‘zaro kurashadi. Shuning uchun, tarbiya ruhdan boshlanishi kerak. Ruhdagi salbiy illatlar tozalanib, ijobiy xislatlar taraqqiy ettirilgandagina insonning qalb ko‘zi ochiladi, o‘zidagi ilohiy fazilatlarni tanishga boshlaydi.
Tariqatdagi maqomlarni odamning ma’naviy jihatdan yetilish jarayonidagi tarbiyalanish bosqichlariga o‘xshatish mumkin. Bu bosqichlar har bir tariqat ta’limotchilarining tushunchasi tarafidan belgilanadigan bo‘lgani uchun uning soni ham birdek emas. Ba’zilar bularni olti maqom desa, ba’zilar to‘qqiz maqom deb qaraydi, yana ayrimlari undan ham ko‘p deb qaraydilar. Biz Attor g‘oyasini imkon qadar kengroq doirada tushunishga yordam bersin deb, tariqatdagi olti maqom – bosqich ustida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Tariqatdagi ilk maqom – tavba bo‘lib, buning ma’nosi qaytish demakdir. Tariqat yo‘liga kirgan muridning niyat va ixlosi tavba orqali o‘z aksini topadi. Tavbaning haqiqati muridning o‘z nuqsonlarini his qilish va undan forig‘ bo‘lishga intilish, kufrdan va barcha yomon ishlardan saqlanish, adolatsizliklardan xoli bo‘lish haq va fazilatlarda ayon bo‘ladi.
Tavba – inson uchun bir xil inoyat, o‘zini unutishning muqaddimasidir. Shu bois Attor “Shayx San’on” qissasida payg‘ambar tili orqali insonga shunday xitob qiladi: “Sen shu narsaga ishonginki, olam-olam gunoh bo‘lsa-da, birgina tavba tufayli kechiriladi”1 .
Hikoyat:
Piri komil Boyazid Bistomiy bunday degan:
– Bir kuni tavhid (tanholik) maqomining g‘olib ishoratidan sahroga chiqqandim. O‘zimda qilcha ixtiyor yo‘q edi. Bir xalta un ko‘tarib olgan bir kampir uchrab menga “Kel, bu xaltadagi unimni uyimga olib borib ber” dedi.
Mening esa xaltadagi unni ko‘tarishga hafsalam yo‘q edi. Shu bois, bir sherni ishorat bilan chaqirib, kampirning unini sherga yuklab qo‘ydim hamda kampirga:
– Shaharga borsang kimni ko‘rdim deysan? – dedim.
Kampir:
– Bir zolim va takabburni ko‘rdim deyman, – dedi.
Men:
– Nima uchun bunday deysan, – desam, kampir:
– Olloh taolo sherni bandasining xizmati uchun yaratmagan. Sen nima uchun uni xizmatga solasan? Bu zulm emasmi? – dedi. Men:
– Bu aytganing to‘g‘riku-ya, takabbur deganing nima uchun, – deb so‘radim. Kampir:
– Shuning uchunki, sening xohishing sherning senga bo‘ysunganligi va farmonbardor bo‘lganligingni shahar ahliga bildirishdir. Darvoqe, sen karomat egasisan. Ammo, bu takabburlik emasmi? – dedi. Men dedim:
– To‘g‘ri, shunday. Buning uchun tavba qildim. Balanddan pastga tushdim. Sen menga pirdursan.
Ikkinchi maqom – vara’a – poklik bo‘lib, uning ma’nosi taqvodorlik, parhezkorlik, musofirlikdir. Vara’a muriddan turli bulg‘anishlardan, shubhalardan o‘zini asrashni talab qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, vara’aning uch turi bor ekan. Birinchisi, til vara’asi (pokligi), ya’ni tilni bema’ni gaplardan asrash, g‘iybat shikoyat qilmaslik; ikkinchisi ko‘z pokligi, shubhali narsalarga qaramaslik; uchinchisi qalb pokligi, ko‘ngilni ifloslantiruvchi bahillik, ichi qoralik, dilozorlik, takabburlik kabi narsalardan parhez qilish, ta’madan saqlanish, pastkashlikni tark etishdir. Qisqasi, til, ko‘z, qalbda parhezli bo‘lish, turli nafs balosidan qutulish, haromga yaqin yo‘lamaslik, o‘zini doimo pok tutish vara’aning asosiy ma’nosi hisoblanadi.
Attorning qarashicha, halollik va poklik tariqat yo‘liga kirgan odamning muqaddas burchidir. Chunki bu odamning niyat va iqbolini belgilaydigan omildir. Niyat va iqboli durust bo‘lmagan odam tariqat manziliga qadam bosmaydi, aksincha, o‘zini xarob qiladi. Shuning uchun, Attor yozadi: “Agar donishmand bo‘lsang, o‘zingga o‘zing eshikni yop! Odam farzandining hirsi buncha ko‘p bo‘lmasa, u olamda bunchalik hayronu sargardon bo‘lmasdi. Ey, hirslar bilan qalb ko‘zi ko‘r bo‘lgan kishi, to sen o‘lguncha hirsning yarasiga faqat o‘lim davo bo‘loladi xolos”1. Odamni bulg‘aydigan va sharmanda qiladigan narsa nafsdir. Nafs balosidan qutulmay turib tariqatdan so‘z ochib bo‘lmaydi. U hatto iymonni zaiflashtirib, odamni jaholatga boshlaydi. Attor “Ilohiynoma”dagi bir hikoyatda pari shaklida kirib olgan nafs tilidan shularni yozadi: “Men Nafsman, ko‘rinishda chiroyli, dilkashman. Hammani maftun qilaman, domimga tortaman, mag‘lublarni o‘zimga qaratib olaman. Men turli qiyofaga kirolaman. Agar nafsi ammora – (shaytoniy nafs) bo‘lsam, it va qobondan bo‘lgan bo‘laman, shu maxluqlarning qiyofasiga kiraman. Xotirjam bo‘lgandan keyin insonning iymonini yemirishga boshlayman, uni tubanlikka tortaman. Shunda hech kim mendan qochib qutulolmaydi, kishilarning boshiga falokatlar keltiraman, balo-qazolarni yog‘diraman”2.
Uchinchi maqom – faqirlik bo‘lib u moddiy muhtojlikni yengib, ruhiy jihatdan o‘zini takomillashtirishni, ulug‘vor ilohiy mohiyatni egallab, ixlosmand, kamtar, bag‘ri keng bo‘lib, borliqni haq yo‘liga atashni ko‘rsatadi.
Attor bu nuqtani “Mantiq-ut-tayr”da shunday bir hikoyat orqali sharhlab o‘tadi:
Bir pok inson huzurida muhabbat haqida so‘z bo‘layotgandi, o‘tirganlardan biri dedi:
– Men oltin oshig‘iman, pul va boylikni yaxshi ko‘raman. Oltinga oshig‘ligim vujudimda jon bilan barobardur. Agar qo‘limda oltin guldek ochilib yaltirab turmasa, men ham guldek kulib turolmayman. Meni dunyo ishqi g‘amlardan ozod etdi. Odamlar orasida obro‘-e’tiborli bo‘ldim. Men – dunyoparastman, mening sig‘inadigan tangrim ham boylik, pul – oltindir.
Shunda pok, xudojo‘y odam unga qarab dedi:
– Ey baloi nafsga giriftor bo‘lgan g‘ofil banda, sen mohiyatga emas, suratga shaydo bo‘lgan, suratning tuzog‘iga tushgan odamsan, ko‘nglingdan safo sehrining nuri olisdir. Sen chumoliga o‘xshaysan. Kovaklardan boshqa narsani bilmaysan. Kecha kunduz devonadek yelib – yugurasan. Suratga shaydo bo‘lib, unga aldanib qolmagin, ma’noni izla, surat bir arzimas narsadir, haqiqiy mohiyat ma’nodir. Oltin ko‘rinishi bo‘yalgan yaltiroq toshdir. Sen yosh bolaga o‘xshash rang bo‘yoqlarga payvand bo‘libsan. Sening oltinlaring hech bir ishga yaramaydi. Qiyomat kuni bu jonsiz narsang bilan hech kimga yordam berolmaysan. Sen o‘yinchoqlardan lazzat topasan, soxta yaltiroqlikdan shodlanasan. Sen mohiyatga intilmaysan, nurning manbaini izlamaysan. Pok joningni oltinning iskanjasidan xalos et, ey jon, oxiri mohiyat – abadiyatning oshig‘i bo‘lish kerak. Har qanday mushkulliklarni sabr bilan yenggan muridgina o‘zi ko‘zlagan manzilga yeta oladi. Sabrsizlik va irodasizlik odamni adashtiradi.
Bu mohiyatda o‘z ustidan g‘olib kelish jarayonidir. Attor asarlarida sabr-toqat orqali haqiqatga yetish masalasi bilan bog‘liq ko‘pgina falsafiy mulohazalar va ibratli hikoyatlar mavjud.
Tariqatdagi beshinchi maqom – tavakkul bo‘lib, barcha yaxshi – yomon ish va hodisalarni ilohiy zotning amri deb, ilohiy zotning irodasini o‘z irodasi deb bilishdir. Shu sababdan tavakkul ilohiy visolga intilgan muridning iymoni tarafidan belgilanadi; ya’ni u ilohiy ma’rifatning bir tarkibiy qismidir.
Tariqatdagi oltinchi maqom – rizo, rozilik bo‘lib, muridning qalb jihatdan tozalanib, ollohning roziligiga yetishini ko‘rsatadi. Bunda murid barcha nafsoniy his – tuyg‘ulardan ozod bo‘lib, qalbida faqat ilohiy zotninggina yodi qoladi. Ilohiy zotning visoli yo‘lidagi har qanday qismatga zarracha e’tiroz bildirmaydi. Shu orqali ilohiy zotning roziligiga musharraf bo‘lish talab qilinadi.
Attorning muhim asarlaridan biri hisoblangan “Ilohiynoma”ni ma’lum ma’noda shoirning tariqat qarashlarini sharhlashga bag‘ishlangan asar deyish mumkin. Asarning hoshiyasini tashkil qiladigan hikoyatda bir podshoh o‘zining olti o‘g‘lini huzuriga chorlab: “Aziz farzandi arjumandlarim, qani menga aytinglarchi, sizlarning qanday orzu-armoninglar bor, dunyoda nimani xohlab, nimani izlaysizlar? Nimaiki orzu-istaklaring bo‘lsa menga istiholaga bormay dadil ayon qilinglar. Har biringlarning fikr-o‘yinglarni bilishni istayman. Shunga qarab men sizlarga yo‘l ko‘rsatishim mumkin,”1 deydi. Garchi podshohning o‘g‘illari Attor ta’biri bilan aytganda hammasi zamonasining barcha ilmlarini o‘zlashtirib “donishmand” bo‘lgan esalar-da, lekin ma’naviy ilmlardan butkul xabarsiz bo‘lganlari uchun bebaqo o‘tkinchi dunyoning hoyu-havaslaridan so‘z ochadilar. Buning bilan podshoh o‘g‘illarining ma’naviy dunyolari qorong‘uligini his qilib, har xil ibratli hikoyatlar orqali ularni hidoyatga undaydi. Attor podshoh siymosi orqali uning o‘g‘illarini (ular orqali barcha insonlarni) tariqatga da’vat qiladi. Asardagi barcha hikoyatlar amaliyotda tariqatning maqom – bosqichlarini tanishtirish, sharhlash va dalillashga xizmat qiladi.
Attor tariqat va uning maqomlarini o‘ziga xos, eng zarur ruhiy ilmlar deb qaraydi. Insonni ana shu ruhiy ilmlar orqali voyaga yetkazmay turib takomillikdan so‘z ochib bo‘lmaydi. Shuning uchun, podshohning farzandlari turli o‘tkinchi vasvasalarga maftun bo‘lib, insonning asli mohiyatiga xos bo‘lgan ulug‘vor g‘oyalardan emas, balki nafsoniy istaklardan so‘z ochadilar. Attor aqlga tayanib mohiyatga yetuvchi, nazariy-amaliy fanlarning ahamiyatini hargiz chetga surmaydi. Uni inson taraqqiyotidagi zarur bo‘lgan aqliy bosqich, ruhiy ilmlarga yuzlanishining tayyorlik bosqichi deb qaraydi. Ammo, Attorning nazarida faqat aqliy bilimlar bilan olamning mohiyatiga yetib bo‘lmaydi. Chunki, haqiqiy mohiyatning ochqichi ruhdadir. Shuning uchun Attor “Ilohiynoma”da ruh haqida bunday deb yozadi: “Qandayligini bilib bo‘lmaydigan ajoyib bir qushsanki, bizning tushuncha va tasavvurimiz hamda tasdig‘imizdan, inkor ham raddiyamizdan tashqarisan. Na yerda, na ko‘kda emas, tangri taoloning huzuridasan. Hamma narsa sensan, ammo hamma yo‘qlik ham yana o‘zingsan. Ko‘zga ko‘rinmaysan, ammo ko‘zlarning nurisan”.
Attorning tariqat haqidagi ta’limotlari boshdan oxiri ruhiy takomillikni targ‘ib qiladigan taraqqiyot jarayonidan iborat bo‘lib, u insonning ruhiy kamolatini maqsad qiladi. Bu nuqtadan Attorning tariqat ta’limotlari XIX asarning oxiri va XX asrning boshlarida Ovrupoda maydonga kelib, dunyoviy ta’sirga ega bo‘lgan, avstriyalik faylasuf Zigmund Freyd tomonidan asos solinib, Nitshe, Shopengauer, Erix Fromm kabi mutafakkirlar tomonidan taraqqiy ettirilgan “Ruhiy analiz” ta’limoti bilan ma’lum ohangdoshliklarga ega.
3. FARIDIDDIN ATTORNING MA’RIFAT VA HAQIQAT HAQIDA QARAShLARI
“Mantiq-ut-tayr”da qushlar ming bir mashaqqatlar bilan tariqat bosqichini poyoniga yetkazadilar. Bu jarayonda talay qushlar safdan chiqadilar. Shunda ham Semurg‘ning vaslidan nishona ko‘rolmaydilar. Bu holdan iztirobga tushgan qushlar Hudhuddan bu yo‘lning qachon oxiri ko‘rinadi, Semurg‘ visoliga qachon yetishamiz deb so‘raydilar. Hudhud javob aylab, oldinda yana juda mushkul yetti vodiy, manzillar borligini, bu vodiylarni bosib o‘tmay turib Semurg‘ visolidan so‘z ochib bo‘lmasligini aytib, bu yetti vodiyni qisqacha ta’riflaydi. Shu yerda Attor asar qurulmasining asosiy ip uchini uzib qo‘ymagan holda Hudhudning yetti vodiy haqidagi bashorati orqali bu yetti vodiy haqida ayrim-ayrim to‘xtalib o‘tadi.
1. Talab vodiysi
Talab vodiysi – bu vodiyga qadam qo‘ygan solik, ya’ni suluk ahlining ruhiy dunyosi chuqur iztirobga tushadi, solik qalbida ilohiy zotning vasliga bo‘lgan talab va intizorlikdan zavqlansa-da, lekin visol topolmaslik, ya’ni ilohiy zotning vasliga yetish yo‘lidagi cheksizlikdan alam-iztirob tortadi. Shularga qaramay solik, yo‘lchi bu visoldan umid uzmaydi. Dunyoning dushvorligini butunlay unutib, borliqni visol tashnaligiga baxshida qiladi. Shuning bilan uning maqsadga yetish yo‘lidagi talabgorligi soflanib, nurlanadi. Bu xil nurlanish uning qalbiga takomillik ato qiladi. U o‘zining g‘oyat zo‘r yuksakligini his qiladi. Poyonsiz bir tiniq dunyo unga quchoq ochadi.
Attor talab vodiysining unumdorligi va fazilatlari orqali solikning ilohiy visol yo‘lidagi iroda va sadoqatini sharhlaydi, tolib talabga erishish uchun qat’iy qoyim iroda, mutloq sof sadoqatga ega bo‘lishi, shu orqali o‘zining ruhiy intizorligini takomillashtirishi kerak deb qaraydi.
2. Ishq vodiysi
Ishq vodiysida Attor ilohiy ishqning ulug‘vorligi va shavkatini bayon qiladi. Attorning qarashicha, talabgorlik ishqning bashorati, ruh so‘zlagandagina ishq otashi yolqinlaydi. Ishq oshiqning ko‘ngil orzusi, u yolqinlash orqali oshiqqa nur baxsh etadi. Yolqin kuydiradi, kuyishdan qo‘rqqan oshiq ishqqa erisholmaydi. Quymagan oshiq ishqning fayzini his qilolmaydi. Oshiq bilan ishqning munosabatini parvona bilan shamning munosabatiga taqqoslasa bo‘ladi. Parvona haqiqiy oshiq bo‘lganligi uchun talabgorlik bilan o‘zini otashga otadi, kuyib o‘rtanish orqali o‘zining oshiqligini namoyon qiladi. Ishq vodiysiga qadam ranjida qilgan odamda ham shunday parvona bo‘lishi kerak. Oshiq ishq yo‘lida fidokorlik ko‘rsatishni o‘z xislati deb bilishi kerak. Oshiqlik tabiiy bo‘lishi kerak. Chunki u mohiyat orqali o‘zini namoyon qiladi. Tasavvufda Samandar oshiqqa timsol qilinadi, Samandar o‘tda, otash ichida o‘z mohiyatini javlon qildiroladi.
3. Ma’rifat vodiysi
Attorning ko‘z qarashicha, ma’rifat vodiysi cheksiz vodiydir. Bu vodiyda bir-biriga o‘xshamaydigan juda ko‘p yo‘llar bor, shuningdek, maqsad va nishonlari ham bir-biriga o‘xshamaydigan talay yo‘lovchilar bor. Har bir yo‘lovchi o‘z yo‘lini to‘g‘ri yo‘l deb qaraydi, shu sababdan ular o‘rtasida farq maydonga kelgan. Bu farq ularning irfon – tushunchasi tomonidan belgilanadi. Tushuncha va maqsadning qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har kim bu yo‘lda kamolotga yetishni orzu qiladi. Lekin, bu yo‘lni bosib tugatmay turib, hech kim kamolotga yetolmaydi. Kamolotga yetishning birdan bir yo‘li ma’rifatdir.
Ma’rifatning mazmunan teran bo‘lishi maqsadning natijasini belgilaydi. Bu yerda Attor barcha aqida – e’tiqodlarni ma’rifat nuqtasidan kuzatadi. Uning nazarida e’tiqodning barcha turi birday yaxshi, uni yomon, yuqori, quyi deb ajratilmaydi. Bu yerdagi farq faqat hosil qilingan ma’rifatning darajasidadir. Ma’rifat nechog‘lik kuchli bo‘lsa, e’tiqod shunchalik yorqinlashadi. Chunki ma’rifat e’tiqodning ochqichi (kaliti), ilohiy zotni tanishning vositasidir.
4. Istig‘no vodiysi
Ma’rifat manzilini bosib o‘tgan solikda hojatmandlik butunlay yo‘qoladi. Shu bilan istig‘no hojatsizlik manziliga qadam qo‘yadi. Istig‘no – ruhiy takomillikning yana bir pallaga yuksalganligini ifodalaydi. Bu yerda katta-kichik, yuqori-quyi bir to‘g‘ri chiziq ustida uyg‘unlashadi. Moddiy borliq, his-tuyg‘u va orzu-havaslar arzimas narsaga aylanadi. Jannat va do‘zax, e’tiqod va kufr o‘rtasida farq qolmaydi. Solikning ruhida faqat kamolot fayzigina to‘lqinlanadi.
5. Tavhid vodiysi
Shu nomning o‘zidan ma’lum bo‘lib turganidek, bu manzilning mutlaq mezoni tavhid, tanholik, yagonalikdir. Bu vodiyda ikkinchi bir borliqning tasavvur qilinishi hojat emas, hatto mumkin ham emas. Attorning qarashicha, tavhid ahlining birdan bir istagi tanholikdir.
Tavhid vodiysida solik eng avval ilohiy zot haqiqatini bilib yetishi, shu orqali uning tanholigiga iymon keltirishi, so‘ngra ilohiy zotning vasliga intilib, u bilan birlik hosil qilishi kerak. Birlik g‘oyasining mohiyati bilan qo‘shilishi yanada birlik, yagonalik bilan natijalanadi. Attor dunyoqarashida tavhid masalasi ma’lum o‘rinda turadi. U ko‘p asarlarida o‘z ta’limotini mana shu masalani olg‘a surgan holda qanot yozdiradi.
Masalan, “Javhar-uz-zot” nomli asarida, Attor butkul olamning yagonaligi, insonning ana shu olamdagi o‘rni va mohiyati haqida fikr yuritib, uning mavjudligining sharti – o‘zidagi nafsoniy tilaklardan kechib ilohiy zotga qo‘shilish, ya’ni tavhid ekanligini sharhlaydi.
Attor tavhidni shu qadar muhim o‘ringa qo‘yadiki, uning asarlari bevosita ilohiy zotning nomi bilan boshlanadi. Jumladan, “Ilohiynoma” ni tangri taoloning nomi bilan boshladim” deb boshlasa, “Javhar-uz-zot” asarini “Jism va jonning nuri bo‘lganning oshkora va yashirin bo‘lgan xudoning nomi bilan boshlayman” deb yozadi. Attor asarlarining muqaddimasida olamning birligi, hududning yagonaligi, barcha mavjudlik xudoning ism va sifatlaridan iborat ekanligi, mohiyatning siri – vahdat, ya’ni tavhid, ekanligidan boshqa hamdu sano uchramaydi.
Attor tavhidni “Javhar-uz-zot” asarida ko‘za va daryo misoli orqali juda jonli tushuntiradi: u ko‘zani odamga, ilohiy zotni daryoga qiyoslab, ko‘zani suvga botirganda to ichi suvga to‘lguncha qultullab ovoz chiqaradi, ammo ichiga suv to‘lgandan keyin u ovoz chiqarishdan to‘xtaydi, ya’ni u daryoga qo‘shilib ketadi deb qaraydi. Demak, inson ruhi ilohiy zotga qo‘shilgandagina mutlaq bir butunlikka, ya’ni tavhid siriga yetadi. Attor tavhid haqida quyidagilarni yozadi:
“Agar sen tavhid xilvatxonasiga mahram bo‘lsang, olamning toji, odam fazilatlarining faxri bo‘lib qolasan. Agar xurshid (quyosh), ya’ni tangri oshkora bo‘lsa, sen soya bo‘lgin, chunki sen soya kabi quyosh nurida yo‘qolib unga mahram bo‘lasan”.
Attor bu parchada tavhidni yana nur va soya misolida sharhlaydi. Soya bir surat, o‘tkinchi hodisa, nur — ma’no — haqiqiy hodisa, nur bor yerda soya muqarrar g‘oyib bo‘ladi, ya’ni nurga qo‘shilib ketadi. Soyaning nurga qo‘shilishi tavhidning ifodalanishidir.
Attor tavhidni bevosita Mansur Halloj (melodiy 875-922 yil) bilan bog‘lab tushuntiradi. Chunki, xuddi Alisher Navoiy hazratlari yozganlaridek: “Mavlono Jaloliddin Rumiy so‘zlarida mazkurdirki, Shayx Mansur Halloj nuri 150 yildan so‘ngra Shayh Farididdin Attor ruhiga tajalliy qilib oning murabbiysi bo‘lubtur”.
Attorning qarashicha, inson ham tavhidning bir qismiga kiradi. Buni tomchi va daryo misolida tushunish mumkin. Tomchi daryoning bir tarkibiy qismidir. Tomchi orqali daryoning mohiyatini bilish mumkin. Chunki tomchi ham, daryoga o‘xshash suvdir. Tomchi daryoga qo‘shilsa baribir suv bo‘ladi. Demak, tomchida ham daryoning aksi mavjud. Mansur Haloj xuddi mana shu nuqtadan “Anal haq” (“men haqman”) degan. Bu nuqtani tushunmagan, ma’rifat fayzidan bebahra ruhoniylar uni o‘limga hukm qildilar. Ammo Mansur Halloj vahdat (birlik) sharobidan qalbi nurlangan, haqiqiy tavhid ahlining eng yorqin siymosi edi. Attor tavhid deganda eng avvalam Mansur Hallojni ko‘z oldiga keltirardi. Shu bois, Attor Mansur Halloj va uning “Anal haq” qarashi haqida quyidagilarni yozib, misolda tushunarli bo‘lishi uchun nasriy yechimini keltiradi:
“Anal haq” – men haqman deganning boshini kesdi, shunda ham bu doston tillardan tushmay keladi. Ey do‘stim, “anal haq” degan odam haq bo‘ladi, chunki u kulliyotga (borliqqa) intilib, yakdillik ko‘rsatib, haqning do‘sti bo‘ldi. “Anal haq” dedi va buni oshkora qildi, natijada o‘zini-o‘zi pora-pora qildi. “Anal haq” deb birlik, ya’ni vahdatdan so‘z ochdi, darhaqiqat u haq edi va hech shubhalanmasdan “anal haq” deb dunyodan o‘tdi, shu bilan nomi manguga barhayot qoldi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Mansur Halloj siymosi Attor asarlarida muhim o‘rin tutadigan markaziy siymolarning biri hisoblanadi. Attor o‘z qarashlarini dalillashda ko‘p hollarda Mansur Hallojga murojaat qiladi, uning qarashlari orqali o‘z g‘oyalarini sharhlaydi. Albatta, buning ham o‘ziga xos tarixiy orqa ko‘rinishi bor, chunki, Attorning tasavvuf ta’limoti orqali o‘rtaga qo‘ymoqchi bo‘lgan birdan-bir chiqish nuqtasi – ya’ni tavhid qarashi Mansur Hallojning “anal haq” qarashi bilan mohiyat jihatdan o‘xshashlikka ega. Shu bois Attor o‘z asarlarida:
“Haqiqat o‘zi nima? Attor kabi bo‘lish. Hamisha sirlardan ogoh bo‘lish.
Haqiqat o‘zi nima? Ey birodar, jondan kech, mana Attorni ko‘rdingmi, barchasi – shu.
Barakalla Attor, ilohiy sirdan ko‘zga ravshanlik yetkazding, shu sababdan sen shohsan.
Ma’nolar siriga intilib beadablik qilishing ham yaxshi, sen haqni, ya’ni ma’nolar izhorini ko‘rishing muqarrar.
Jahonda sen Haq vasliga yetganlarning timsoli, ya’ni gavdalangan shaklisan, shuning uchun bunday sirni ayon qilolding” deb yozadi.
6. Hayrat vodiysi
Hayrat vodiysi – sarxushlik, bexudlik manzili bo‘lib, u gipnoz holatiga o‘xshab ketadi. Ilohiy ishq yo‘liga kirgan oshiq ilohiy sharob, ya’ni “Sharobi antahur” – dan mastu mustag‘riq bo‘lib hayronlik ilkida hammani unutadi.
Bu xil sarxushlik oshiqlikning yorqin ifodasi bo‘lib, oshiq aqliy tuyg‘ulardan xoli holda ruhiy jununlik pallasiga yetib, alohida bir iqtidor ilkida ma’rifat zavqidan bahramand bo‘ladi. Bunday “ongsiz ong” holati fanolikning bashorati bo‘lib, oshiqning ruhiy kamolot bosqichidan darak beradi. Bunga yana “Shayx San’on” qissasidan misol keltirish mumkin. Shayh San’on tarso qizning ishqida hayronlik ilkida behudlashib, hammani unutadi. U bir majnun, savdoyiga aylanadi. Muridlari uni, o‘zining kimligini unutib qo‘ymaslikka, aqlini yig‘ib olishga da’vat qilganda, u “Oshiq uchun aqlning nima keragi bor, ishqqa aqlning kuchi yetmaydi” deb javob beradi.
7. Faqru fano vodiysi
Attor “Faqru fano vodiysi” tasnifida o‘zining fano, ya’ni yo‘qlik va baqo, abadiyat haqida qarashlarini bayon qiladi. Uning qarashicha, maxluqot olamidagi barcha narsalar surat, shakl, ko‘rinishdangina iborat bo‘lib, ular o‘tkinchi – foniy narsalardir; faqat zoti mutlaqlar birdan bir borliqdir, shu bois u boqiy – abadiydir. Boqiylikka yetish uchun suratdan qo‘l uzub ma’noga qo‘shilish kerak.
Ba’zilar fanoni ilohiy zotdan boshqa hamma narsani rad etish deb qaragan. Ba’zilar Bistomiy “Ilon po‘st tashlagani kabi men ham o‘zimni tark etdim. Bir mahal o‘z mohiyatimga boqsam… Oh, men unga aylanib qolibman!” degan hamda bu holatni fano deb atagan, deydilar. Demak, ilohiy ishqqa payvand bo‘lgan solik o‘zligini o‘zidan soqit etib ilohiy zot bilan birlik hosil qilishi kerak. Bu ilohiy zotning vasliga yetishdagi oxirgi nuqtadir.
Umuman olganda ma’rifat yo‘lidagi bu vodiy-manzillar bir-birini to‘ldiruvchi ruhiy kamolot bosqichlari bo‘lib, u solikda ilohiy ma’rifatning namoyon bo‘lishi uchun zamin hozirlaydi.
Ma’rifat o‘z ruhiy olamiga chuqur kirib borish, o‘z-o‘zini anglash va o‘z-o‘zini takomillashtirish orqali ilohiy zotni tanishga yetaklaydi. Buni temir va o‘t misolida bir qadar aniq tushunish mumkin. Aslida temir va o‘t boshqa-boshqa narsa bo‘lsa-da, temir o‘tga solinsa, qizib u ham o‘tning rangiga kiradi, aslidagi temirlik shakli o‘tning tusiga qo‘shilib ketadi. Bunday ahvolda temir ham, o‘t ham bir jismga aylanib ketadi. Xuddi shu sababdan tasavvuf tariqatchilari ma’rifat pallasini “tavhid”, ya’ni birlashish yoki “fano” moddiylikdan yo‘qolish deb qaraganlar.
Ma’rifat – aqldan ustun turadigan, ammo shubhadan xoli ruhiy ilmlarning javharidir. Inson ilohiy zotning bir zarrasi bo‘lganligi uchun unda ilohiy ma’rifatga yetish imkoniyati bor. Bu insonning kamolotga yetish yo‘lidir.
U holda, haqiqatning o‘zi nima?
Bu uquvning ma’no va mazmun doirasidan xabardor bo‘lish uchun yana “Mantiq-ut-tayr” dostoniga qaytishga to‘g‘ri keladi.
Mashaqqatli safar jarayonida juda ko‘pchilik qushlar bardosh berolmay safdan chiqadi. Ulardan eng oxirida faqat 30 ta qush omon qoladi. Omon qolgan bu 30 ta qush oxirgi madorlari va nafaslarida bir poyonsiz manzilga yetib keladilar. Qushlar endi safarni davom ettirishga o‘zlarida qilcha darmon qolmaganligini, shuncha mushkil masofani bosib o‘tib ham hech narsaga erisholmaganliklarini his qilib, umidsizlik ichida nadomat chekadilar. Xuddi shu chog‘da g‘oyibdan bir sado kelib ularning maqsadini so‘raydi. Qushlar javob aylab, o‘zlariga podshoh saylash uchun Semurg‘ni izlab kelganliklarini aytadilar. G‘oyibdan kelgan sado qushlarga o‘z chog‘iga qaramay, Semurg‘ da’vosini qilmay qaytib ketishni buyuradi. Qushlar hayronlik ilkida dod-faryod ko‘taradilar. Hudhud ularga tasalli berib Semurg‘ning marhamatidan nishona so‘zlarni aytadi. Natijada qushlarda yana visol umidi jo‘sh uradi. Sadoqat va ixlosmandlik kuchayadi. Shu bilan ular yuksak darajadagi foniylik, ya’ni ruhiy jihatdan yor (ilohiy zot) vasliga erishish sharafiga muyassar bo‘ladi. O‘rtadan pardalar ko‘tarilib haqiqat ayon bo‘ladi:
30 ta qush qarasa, ular shubhasiz o‘sha “Semurg‘” (Simurg‘), ya’ni o‘zlari bo‘lib chiqqanligini ko‘radilar.
Attorning bu so‘zlari bunday ikki yoqlama ma’noga ega; birinchisi “Vahdati vujud” tushunchasidir. Bu so‘zning to‘g‘ri ma’nosi, mazmuni, olam mutlaq ruhning samarasi yoxud tajalliysi (aks etishi)dan iboratdir. Umumiy qilib aytganda olam mutlaq ruh tufayli mavjuddir, degan ma’noni anglatadi. Demak, 30 ta qush Semurg‘ning sharpasi bo‘lib, ularda ham Semurg‘lik xislat bor bo‘lgani bois, qushlar Semurg‘ni axtarib, natijada o‘zlari Semurg‘ga aylanganlar. Ikkinchisi, Attor 30 ta qush va semurg‘ munosabatini ham ramziy, ham so‘z san’ati nuqtasidan poetik jilvalantradi. Zero, semurg‘ so‘zi aslida forscha “si murg‘” (o‘ttiz qush) degan ma’noni ham bildiradi.
Demak, haqiqat haqni – ilohiy zotni tanish va u bilan bir vujudga aylanish demakdir. U ma’rifat bilan ildizi bir ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, haqiqat o‘zlikning oxirlashib, abadiylikning boshlanishidagi ulug‘vor g‘oyaning reallikka aylanishi, yuksak darajadagi kamolotning tantanasi deb ham qaraladi. Attor haqiqat haqida bunday deb yozadi:
– Haqiqat o‘zi nima? Benuqson xudoni ko‘rish, sen, manmanlikni tark etsang, u bilan bir bo‘lasan.
– Haqiqat o‘zi nimadir? U bilan bir bo‘lmoqdir. Dur kabi vositalik dengizida yagona bo‘lmoqdir.
– Haqiqat o‘zi nima? Hamisha sirlardan ogoh bo‘lish…
– Haqiqat o‘zi nima?… Jondan kechishdir.
Ko‘p tadqiqotchilar “Vahdati vujud” qarashini keyingi davrdagi Ovrupo faylasuflarining tabiat dialektikasi haqidagi qarashlariga muvofiq tadqiq etish orqali uni inson ruhiga shiddat bilan yorib kirgan faol ta’limot deb qarashmoqda. Shunday bo‘lgach, Farididdin Attor “Vahdati vujud” ta’limotini sistemalashtirib, bir qadar mufassal mavqega ega qilgan alloma ustozlarinig biridir. U bizning o‘zimizni teran o‘rganishimizni, u cho‘kkan sir-asror xazinalaridan yanada yorqin javohirotlarni terib, bugungi avlod kishilarini ulardan bahramand qilishimizni kutib turibdi. Kishilarning ruhiy dunyosini kamol toptirishda Farididdin Attordek buyuk siymolarning iltifotiga erishish bag‘oyat foydalidir.
UChINChI BOB
FARIDIDDIN ATTORNING OLAM VA INSON HAQIDAGI QARAShLARI
Attorning asarlarida bu olam degan tushuncha deyarli doimo ko‘zga tashlanib turadi. Ammo, bu so‘zlar bilangina Attorning olam haqidagi qarashlariga baho berib bo‘lmaydi.
Attorning fikricha, bu olam, ya’ni moddiy, dunyo foniy, o‘tkinchidir, u olam, ya’ni ruhiy dunyo boqiy mangulikdir. Chunki ruhiy dunyo ilohiy zotning manbasi, javharidir. Moddiy dunyo ruhiy dunyoning po‘sti yoki qo‘riqchidir. Moddiy borliq surat, ruhiy borliq ma’nodir. Ammo, moddiy borliq yagona mavjud bo‘lib turadigan borliq bo‘lmasdan, balki ruhiy borliq, ilohiy zotning tajalliysidir. Suratning mavjud bo‘lishi ma’noning xosiyatidan bo‘lganidek, narsalar olami ham ilohiy olamning jilvasidir. Moddiy olam – olami sag‘ir, ya’ni, kichik olam, bo‘lib, ruhiy olam olami kabir, ya’ni poyonsizlik olamidir.
Moddiy olam ilohiy zotning ilohiy san’ati sifatida chuqur uyg‘unlikka ega. Ya’ni ular ko‘rinishda boshqa-boshqa narsalar bo‘lsa-da, mohiyatda bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki, hamma borliqda ilohiy zotning jilvasi bor. Shu bois Attor yozadi:
– Uning zoti bilan mavjud bo‘lgan olam shunday mustahkam ildizdoshlikka, o‘zaro bog‘lanishga egaki, suvdagi baliqdan falakdagi oygacha jamiki narsalar bir-biri bilan bevosita bog‘liq — aloqadordir.
Demak, ilohiy zotning qudratidan iborat bo‘lgan zamin va osmon, dengiz va quruqlik, olam va odam o‘rtasida uzviy muvozanat mavjuddir. Ana shu qudrat sababidan olam hamisha harakatlanib, taraqqiy qilib, o‘zgarib, yangilanib turadi. Attorning nazarida jamiki taraqqiyot, o‘zgarish va yangilanishlar bevosita ilohiy zot qudratining ko‘rinishlaridandir. Chunki olam ilohiy zot uchun bir ko‘zgudir. Shu bois Attor yozadi:
– Jahonning butun ashyolari – zarralari uning ko‘zgusidir. Qandayki narsa ko‘rsang, uning oyatlari kitobidan sahifalar deb bilgil.
Binobarin, olam ko‘zgu ekan, undagi jamiki mavjudodlarning hammasi ilohiy zotning “oyatlari kitobidan sahifalar”dir.
Attorning olam va ko‘zgu munosabatidan menimcha bunday ikki xil qatlamli mazmunni his etish mumkin:
1. Olam – ko‘zgu. Ilohiy zot ana shu ko‘zgu orqali o‘zini aks ettiradi. Demak, Attor ko‘zguda aks etish munosabati orqali birinchidan ilohiy zotning mutlaq borliq ekanligini dalillaydi.
2. Binobarin, olam ilohiy zotning san’atigina emas, balki ilohiy zotning mavjudligini namoyon qiladigan birlamchi bosh sharti hisoblanadi.
Bu nuqtani Attor “Mantiq-ut-tayr” dostonida bir ramziy-simvolik hikoyat orqali yanada aniq bayon qiladi. Attorning yozishicha, husn-jamolda tengsiz bir podshoh bo‘lib “olamning go‘zalligi, nazokati uning sirlaridan bir sahifa, zeboligi nafislikda uning diydoridan bir oyat kabi edi”. Bu podshohning nomi olamga tarqalib, hamma uning husniga maftun bo‘ladi. Ammo podshohning husni quyoshdek nurli bo‘lgani uchun, hechkim unga qarashga botinolmaydi. Attorning so‘zi bilan aytganda, kishilar uni “ko‘rmaslikka sabr-toqat qilolmas, ammo ko‘rishga ham chidab turolmas edilar”. Shuning uchun podshoh katta bir ko‘zgu yasatib shu ko‘zguga qaraydi. Ko‘zguda uning husni aks etib, undan nur atrofga taraladi. Kishilar ana shu nur orqali podshohning husnidan bahramand bo‘ladilar. Attor hikoyatni xulosalab, quyidagilarni yozdi:
– Ey inson, sening podshohing ham hilol oy qasridur, qasr esa quyosh nuridan ravshandur. O‘z podshohingni ko‘nglingda tanigin, shunday qilib arshni zarrada ko‘rgin. Bu bepoyon olam sahrosida vujudga kelgan harbir surat, har bir libos go‘zal semurg‘ning soyasidur. Ammo, garchi sen buni tasavvur etolmasang-da soya semurg‘dan mustasno emas. Soya bilan semurg‘ bir-biriga sirdosh hamda mahramdir, ular bir-birini intizor qiladi, izlaydi, shart qiladi. Agar bilsang sening vazifang soyadan kechib, semurg‘ga intilishdir. Agar semurg‘ga yetishsang, parda ichida oftobni ko‘rasan, shunda soya bilan semurg‘ birlashadi, sen o‘zingni ham quyosh ichida ko‘rasan.
Attorning g‘oyasiga asoslanganda, olamning birligi ruhdan iborat bo‘lib, borliq hodisalar ruhning in’ikosidir. Shunday ekan, olamni tushunish uchun ruhni tushinish kerak bo‘ladi. Ruh bir xil ilohiy qudrat, u olamning sirini ochadigan birdan bir ochqich, mavjudlikning mohiyati ana shu ochqichni izlash va topish kerak.
O‘tkinchilik bilan abadiylik o‘rtasidagi ziddiyatning maqsadi yanada abadiylikdir. Soya hamon nurga qo‘shilib ketadi. Koinotning negizi faqat bittadir, u ham bo‘lsa mutlaq ruhdir. Butkil borliq yana shu mutloq ruhning sifati yoki soyasi hisoblanadi. Demak, olam tashqi ko‘rinish jihatidan moddiylikning, mohiyat jihatidan ilohiylikning ramzi deb qaraladi. Shunday ekan, ilohiy zot, ya’ni xudo koinotdan mustasno holda mavjud bo‘lib turmasdan, balki koinot bilan birlikda mavjud bo‘lib turadi, u abadiy hamda poyonsizdir. Attor “Ilohiynoma” nomli asarida shu g‘oyani ilgari surgan holatda bunday deb yozadi:
– Dunyodagi borliq hodisalar, ashyolar, ko‘plik va ozlik, salbiy va ijobiylik, raddiya va tasdiqlar uning mavjudligini isbotlashga xizmat qiladi. Magar sinchiklab qarasang, mavjud ijobiy sifatlar uning o‘zidir. Butun borliqning vujudi (moddiyligi) uning ulug‘ligi soyasi, qudratining belgisi, ijodiyoti va san’atidir.
Bu yerda Attorning dunyoqarashi yanada ravshanlashadi. U jamiki olamni zoti pok, ilohiy zotning dalili deb qarab, moddiy borliqni ilohiy zotning sifatlarigina emas, balki o‘zi deb tushunadi. U har qanday mavjudlikda ilohiy zotning jilvasini ko‘radi. Uning nazarida koinotning javhari charaqlab turgan bir dasta nur, u nur qayerga tushsa shu yer jilolanadi. Go‘yo bir quyoshning porillashi bilan butkul koinot yorishib ketgandek bo‘ladi.
Attorning ko‘z qarashicha, olam yagona, betakror, cheksiz borliqdir. U azaliy va abadiy bo‘lgan ilohiy zotning yaratilishi bo‘lib, u tinimsiz harakatlanib turadi. Attorning olam haqidagi qarashi uning inson haqidagi qarashlari bilan chuqur kirishib ketadi.
Barcha tasavvuf ta’limotchilariga o‘xshash Attorning nazarida ham inson tashqi shakl jihatidan moddiy dunyoning bir tarkibiy qismi bo‘lsa-da, ammo uning qalbida ilohiy nur mavjud. Insonning vujudi bir turli qobiq yoki po‘stloqdan iboratdir. Uning mohiyati ruh bo‘lgani uchun u sharaflidir. Mana shu ma’noni ko‘zda tutib Attor insonga qarata nido qiladi:
– Sening gavharing, ya’ni ruhing farishtalarning sajdagohi ekanligini unutma. Boshingda xalifalik toji bor. Odam ato farzandisan, ya’ni Ollohning yerdagi noibisan. Jannatdan tushgansan, yana o‘sha gulshan, ya’ni jannat sari intilgin… odamiylik va ilohiylik sifatlaridan uzoqlashma, sening atlas to‘ning odamiylik sifatingdir.
Insonning moddiylik sifati uni mutloq ruhning bahridan ayrib turadigan bir pardadir. Ana shu parda sababidan inson g‘aflatga giriftor bo‘ladi, nadomat chekadi, hijron ilkida zaiflashadi, o‘zini ma’nosiz yo‘lini qorong‘i, qismatini xira his qiladi. Turli tashvish, iztiroblar unga orom bermaydi. Umidsizlik ichida o‘zini yorug‘likdan, haqiqatdan yiroq deb qarab esankiraydi. Bular modda bilan ruh o‘rtasidagi ziddiyatning inson tuyg‘usidagi ifodalari bo‘lib, bunda inson o‘zidagi moddiy malomatlarni bo‘ysundirib, ya’ni pardani yirtib, ruhiyat manziliga qadam tashlay olsa, shubhasizki, u shon-shuhrat taxtida ulug‘vorlik tojini kiyaoladi. Attor Insonning ana shu pallaga yetishini orzu qiladi hamda unga yeta olishiga ishonadi. Shundan, u keskin holda yozadi:
– Sening ichingda javhar – mutlaq ruhning siri bor, ammo bu yerda senga yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘q. Oxiri yo‘qotgan narsang sening o‘zingdir, sen bu zohiriy sirlarning tuzog‘iga giriftor bo‘lgansan. Sen yaratguchining zoti va sifatlari javhariga egasan, lekin uning diydoridan uzoqsan. Sening javharing hammadan afzal, shu javhar sen uchun haqiqiy zotga olib boradigan rahbardir. Hayot, falak va yulduzlar sening ko‘zlaring nigohlaringdir, uying ichidasanu xayolingda eshikning sirtida turgandaysan, ham ko‘rinasan, ham yo‘qsan.
Attorning bu so‘zlari ajoyib chuqur falsafiy ma’no va mushohadalarga boy. Insonda “mutlaq ruhning siri bor”. Bu Attor uchun harqanday shubhadan mustasnodir. Biroq, inson, ya’ni, sen “uyning ichidasanu xayolingda eshikning sirtida turgandaysan”. U holda “eshikni ochib”, uyning ichiga kirish uchun nima qilish kerak? Javob faqat bitta, qalb eshigini ochish kerak. Xuddi shu nuqtani ko‘zda tutgan Attor shunday deydi:
“Ruh odamning ichki dunyosidir, shu bois inson o‘z ichiga safar qilishi kerak. Buning usuli ham bitta, ya’ni o‘zini bilish, asliy “men”ga qaytishdir. Insonning fojiasi o‘z mohiyatidan olislab ketganligidadir. Buni Attorning quyidagi qarashlaridan bilish mumkin:
– Chunki, sen o‘z-o‘zingdan ayrilgan, o‘z aslingdan begona bo‘lib, yo‘qolgansan. Sen o‘zingga ma’shuqsan, o‘zingga qayt, sahroda kezma, vatanga qayt. Ushbu vatan muhabbatidan iymon pok bo‘lg‘usidir, negaki, ma’shuqing pok joningning ichidadir. Odamlar o‘zgalarning qiyofasida o‘zlarini ko‘radi, lekin o‘zlarini o‘zlari tanishmaydi. Ilohiy tanish ham shunga o‘xshaydi. Tangri taoloni harkim avval o‘zidan izlasin, “o‘zini tanigan rabbini ham taniydi” degan hadisni esidan chiqarmasin. O‘zlikni tanish esa ma’rifatdir, ma’rifat yo‘li chin vafo, qalb ko‘zining ochilishidir.
Bu parchani ortiqcha sharhlashning albatta hojati bo‘lmasa kerak. Faqat yuqorida tilga olingan “qalb eshigi” degan so‘zni Attor bu yerda yanada obrazli va yorqin holatda “qalb ko‘zi” deb olgan xolos.
Attor yana insonning vujudini moddiy borliq, ya’ni surat, undagi ilohiy ruhni ma’no, ya’ni mohiyat deb qarab, haqiqiy mavjudlikni ruh bilan bog‘lab tushuntiradi. Odam insofdan qarasa ruhni birlamchi, vujud, ya’ni moddani ikkilamchi hisoblaydi. Demak, Attorning qarashicha, odamning vujudi – tashqi shakliga emas, qalbiga qarash kerak. Asosiy sub’ekt yana shu odam, ruh yoki ma’no odamning olamga bo‘lgan munosabatini o‘lchaydigan birdan bir omildir. Attor bunday deb yozadi:
– Nima uchun suratning dardiga mubtalosan, agar sen suratni tashlasang kulli-borliq ichidasan. Sen suratning hamrohligidan qutulsang, xudoning ma’nosidan xabardor bo‘lasan. Surat sening hech bir ishingga yaramaydi, xudo diydorini jonda ko‘rsatadi. Agar suratni sindirsang, shak-shubhasiz sen haqsan.
“Suratni sindirsang shak-shubhasiz sen haqsan”. Bu Attorning inson mohiyati haqidagi qarashlarining biridir. Tuxumni yorib chiqqandan keyin uning mohiyati namoyon bo‘ladi, ya’ni tuxumning bir xil shakl yoki surat ekanligi oydinlashadi. Demak, tuxumning ma’nosi isbotlanadi. Buni odamga taqqoslaganda, tan bir xil shakl, ana shu shaklning fiziologik, psixik asoratlaridan tozalab javharni, ya’ni jonni tanigandagina, odamning mohiyatini bilish mumkin. Attorning nazarida odam bilan ilohiy zotning munosabati ana shunday. Attor insonni yuksak darajadagi sharaf sohibi deb biladi. Insonda bunday ruhning alomati bo‘lganligi uchun, hatto uni mantiqiy yo‘sinda mutlaq ruh bilan bir o‘ringa qo‘yadi. Bu esa Attordagi o‘z davriga – o‘rta asr Sharq islom muhitini yorib chaqishdek bir tushunchani hosil qiladi. Binobarin, bu Attor ideyasidagi yuksak shijoat va jasoratning mahsulidir deyish mumkin. Bunday ruh esa xudo, insonni xudoga barobar qo‘yish bu kufrdan darak beradi. Boyazid Bistomiy ana shu qarashi tufayli kofirlikda ayblanib, malomat dashtida sarson-sargardon bo‘ldi. Mansur Halloj ana shu qarash orqasida kofirlikda ayblanib, avval darra bilan jazolash, keyin esa jasadini o‘tda kuydirish usuli bilan o‘ldirildi. Attor bularni nihoyatda yaxshi bilardi. U holda yana shu “xavfli qarash”ni sharhlashdan maqsad nima edi?
Attorning nazarida bu qarash hargiz ham kufrdan darak bermasdi. Uni kufr deb qarash behudlik, yuzakilik, nodonlik, mutaassiblikdan boshqa narsa emas edi. Ilohiy ma’rifatni sezmagan, o‘zidagi zohiriy tushunchalardan qutulmagan, o‘z qalbiga quloq solmagan, suvni ko‘lmaklardan ichib, haqiqiy buloqni esdan chiqargan kishilar bu qarashning mag‘zini aslo chaqolmaydi, shuning uchun, uni yuzaki holda kufr deb tushunadi. Biroq, mayli Boyazid Bistomiy bo‘lsin, mayli Mansur Halloj bo‘lsin va mayli Attor bo‘lsin, insonni Xudoga tenglash shirkdir.
Lekin, Attorning qarashicha, insonning o‘z moddiy po‘stini bo‘ysundirib, ruh tomon yuzlanishi osonlikcha amalga oshadigan jarayon emas. Bu jarayonda turli vasvasa va mushkulotlar insonni ma’rifatdan go‘yo yuksak bir qal’a devoridek ayirib turadi. Uni abadiylik nisbatidan, ya’ni olam ne’matlari orqali mahrum qiladi, uni o‘tkinchi jilvalar orqalik g‘aflatga boshlaydi. Insondagi ijobiy va salbiy alomatlar o‘rtasida mana shu taxlitda to‘xtovsiz kurash bo‘lib turadi, bu kurashning natijasi insonning taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Attor bu kurashda insonni sharaf manziliga, ya’ni ijobiy xislatlarga undaydi. Attor o‘zining “Pandnoma” sida bunday deb yozgan:
Kambag‘allik garchi qattiq, ey javon,
Bo‘lmag‘ay hargiz jaholatdan yomon.
Attorning qarashicha, inson uchun moddiy jihatdagi yo‘qsillik hech gap emas, hammadan yomoni ma’naviy yo‘qsillikdir. Jaholat – nodonlik, razolat, zulm kabilar ma’naviy yo‘qsillikning muhim alomatlaridir. Hadislarda jaholat qiyomatning bir turli alomati qatorida tilga olingan.
Kimki ul uyqudadir o‘lgan erur,
Ahli g‘aflatg‘a bu ish bo‘lg‘on erur.
Kimki oning aqlu hushi bo‘lmasa,
Ul o‘luktur, sen tiriklardin dema.
Attorning nazarida, insonning jismoniy jihatdan bor yoki yo‘q bo‘lishi hargiz ham uning o‘lik, tirikligiga kafolat bo‘lmaydigan haqiqiy o‘limdir, uning ifodasi qalbidadir. Attor “Tazkiratul-avliyo”da yozadi:
Molik Dinor bunday deydi:
– Men Hasan Basriydan: “Bu dunyodagi eng og‘ir azobuqubat nima?” deb so‘radim, u javob aylab:
– Qalb o‘limi, – dedi.
Men yana:
– Qalb o‘limi degani nedur? – deb so‘radim. U:
– O‘tkinchi dunyoga muhabbat, – deb javob ayladi.
– O‘tkinchi dunyoga muhabbat nimadan darak beradi? – degan savolga Hasan Basriy bir og‘iz so‘z bilan:
– Nafsdan, – deb javob bergan. Bu yerda Attorning insonga qarashidagi yana bir nuqta maydonga chiqadi.
“Ul erur bil odamiyning odami,
Yig‘sa avval nafsi bedin har dami”.
“Boqmag‘il lazzati nafsoniy sari,
Boqmag‘il ham olami foniy sari”.
“Nafsni zindong‘a solg‘on yaxshiroq,
Harna desa aksin olg‘on yaxshiroq”.
Bu kabi misollarni Attor asarlarida ko‘plab uchratish mumkin. Chunki Attor nafsni insondagi muhim dovon deb qaraydi. Nafs o‘zi nima? Lo‘nda qilib aytganda, insondagi hayvoniy xislatlarning bosh ko‘tarishidir. Inson nafs illatlaridan poklanmas ekan, o‘zidagi ilohiy ruhni his qilish sharofatidan mahrum bo‘ladi.
Attor ob’ektiv reallikka nisbatan munosib insoniy maishatlarni ham hargiz nazardan soqit etmaydi. Ammo halol va haromdan iborat nozik insoniy mezonni inson oldiga shart qiladi.
Kim haromdin botinin pok etmadi,
Ruhi, bil, o‘z manzilig‘a yetmadi.
Halollik inson uchun burch va fazilatdir. Harom bo‘lsa hayvoniy illatdir. Odam o‘zini kamol toptirish uchun, halollik sharofatini aziz tutib, haromdan doimo saqlanishi kerak.
Attor falsafiy qarashining tub negizi komil inson g‘oyasidan iboratdir. Inson ilohiy ma’rifatga nechog‘lik teran kirsa, uning qalbi shunchalik yorishadi va poklanadi. Poklanishning darajasi kamolotning darajasiga ta’sir ko‘rsatadi.
Komil insonlik hargiz ham yetib bo‘lmaydigan quruq g‘oya emas. Hasan Basriy, Boyazid Bistomiy, imom Buxoriy, at-Termiziy, imom Muslim, Ahmad Hanbal kabilar komillik darajasiga yetgan insonlardir. Bunday odamlar harbir davrda maydonga keladi. Shu davrning ma’rifatini namoyon qiladi, shu davrning sadosini jaranglatadi.
Attor inson qalbini bir tiniq shishaga, pokligini uning jilosiga o‘xshatadi. U poklikka alohida urg‘u beradi.
Har bir musulmonki bo‘lsa botamiz,
To‘rtni to‘rtdan pok tutsun ul aziz.
Dilni sen avval hasaddin pok qil,
O‘zni so‘ngra sohibi idrok qil.
Pok qilg‘il kizbu g‘iybatdin zabon,
O‘tmasun desang imonimg‘a ziyon.
Pok agar bo‘lsa ziyodin dil, amal,
Etmag‘ay hargiz imoningg‘a xalal.
Etmasa qorning‘a bir zarra harom,
Mardi imondor bo‘lg‘aysan tamom.
Kim haromdin botinin pok etmadi,
Ruhi, bil, o‘z manzilig‘a yetmadi.
Kimni kirdori riyodin pok emas,
Buriyodek surati bir nafsu bas.
Attor bu parchada to‘rt narsani to‘rt narsadan, ya’ni dilni hasaddan, tilni g‘iybatdan, dilni ikkiyuzlamachilikdan, nafsni haromdan pok tutish zarurligini ta’kidlaydi. Chunki, Attorning qarashicha, hasad, g‘iybat, ikkiyuzlamachilik, harom kabi illatlar inson ruhini xiralashtiradigan, bulg‘aydigan, insonning e’tiqodini sustlashtirib, ma’rifatdan yiroqlashtiradigan, hayvoniy istaklarga yo‘l ochadigan illatlardir.
Attor “Ilohiynoma”da o‘zining sadoqati va pokligi bilan shohlik taxtiga yetgan bir ayol haqidagi ta’sirli, alangali ajoyib bir hikoyatni misol qilib keltiradi. Ayol deyarli har bir qadamda shahvat va hirsni qo‘zg‘agan azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi. Maqsadiga yetolmagan kishilar har xil pas, buzuq vositalar orqali ayolga zulm qiladi. Ammo ayol o‘lim xavfi oldida ham o‘zining pokligini oldingi o‘ringa qo‘yadi. Natijada u axiri murod-maqsadiga yetadi.
Attor hikoyada personaj tili orqali bunday deydi:
– To‘g‘ri, dunyoda hech bir jonzot shahvatdan xoli emas, bu sirni bilmagan odam jismoniy jihatdan mayib, nuqsonlikdir. Unday kishi sog‘lom emas. Ammo, shahvat haddidan oshsa hirs, ifloslik kelib chiqadi, keyin uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shahvat shavqi kuchaysa oradan muhabbat ko‘tariladi. Holbuki, insonning mohiyati muhabbatdir. Biroq, muhabbat ham chegaralanib turishi kerak, agar chegaradan chiqib ketsa, joning muhabbatning ko‘zi oldida ojiz, arzimas bo‘lib qoladi.
Attor insonga nisbatan me’yorida bo‘lgan shahvatni sog‘lomlikning ifodasi deb biladi. Chunki u hikoyada yana: “Agar erlar bilan ayollar qo‘shilmasa odamzotning nasli qanday davom qiladi? Olamning tuzilishi, qonuniyati buzilmaydimi? Chunki, bu ilohiy hikmatning tartib tadbiridir, mulk va mamlakat, dunyo ishlari shu asosga qurilgan. Barcha jonzotlar qo‘shilib, ko‘payib, naslini davom ettiradi.
Doimiy rivojlanish shundan kelib chiqadi. Odamzod ming-ming yillardan oshib qanchadan qancha riyozat rivojlanishni o‘tkazib, hozirgi holga kelgan”. Attor inson mohiyati muhabbat ekanligini, muhabbat olamning tuzilishi, insoniyat tadrijiy taraqqiyotining asosi ekanligini ta’kidlaydi. Biroq muhabbat haddidan oshsa hirsga, nafsning quliga aylanib, poklikka ta’sir yetkazishini, muhabbatni nuqul shahvatdan iborat deb tushunmaslikni uqtiradi.
Attor insoniy muhabbatni qadrlaydi, insoniy muhabbat yo‘lidagi jasoratni madh etadi. Chunki insoniy muhabbatni “ilohiy hikmatning tartib tadbiri” deb qaraydi. Insoniy mehr, shafqat va qadr-qimmatni kuylash Attorga xos fazilat bo‘lib, uning asarlaridagi muhim g‘oyaviy mazmunlarning biri hisoblanadi. U bu nuqtani o‘z asarlarida har xil tafsilot – hikoyatlar orqali obrazli, ta’sirli holda yoritib beradi. Jumladan, “Mantiq-ut-tayr” dostonidagi non vositasi bilan o‘limdan qutulib qolgan bir asir haqidagi hikoyatdan buni yaqqol ko‘rish mumkin. Hikoyatda bayon qilinishicha, bir bahodir jangda raqibini yengadi hamda uni o‘ldirish maqsadida xanjar olgani uyiga kirib ketadi. Xuddi shu orada bohodirning xotini asirga non beradi. Bahodir qaytib kelib asirning qo‘lida non turganligini ko‘rib, “Bu nonni senga kim berdi?” deb so‘raydi. Asir “Ayoling berdi” deb javob beradi. Buni eshitgan bahodir “seni o‘ldirish endi menga harom bo‘ldi. Chunki, bizning nonimizni yegan har qanday kishiga biz tig‘ ko‘tarolmaymiz” deb asirni ozod qilib yuboradi.
TO‘RTINChI BOB
FARIDIDDIN ATTORNING SIYoSIY, IJTIMOIY, AXLOQIY QARAShLARI
O‘rta asrlar – insoniyat tafakkur tarixida saralash ahamiyatiga ega bir palla bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi zamon G‘arb va Sharq olimlari birday e’tirof qilganidek, bu palla avvalambor Sharq musulmon ellarida uyg‘onish vazifasini o‘tagan. Ma’naviy, diniy-falsafiy masalalar haqidagi bahs-munozaralar tadrijiy chuqurlashdi va muayyan asos hozirlovchi oqim, ta’limotlar maydonga keldi. Mansur Halloj, Boyazid Bistomiy, Abulloh Ansoriy (1005-1088), Yusuf Hamadoniy (10481148), Sanoiy (1045-1141), Muhammad G‘azzoliy (1059-1111), Ahmad Yassaviy (1105-1167), Ibn Rushd (1126-1198), Ibn Arabiy (1105-1167), Sa’diy Sheroziy (1184-1298), Jaloliddin Rumiy (1207-1273) kabi ulamo olimlar yetishib chiqib, islom falsafasi taraqqiyotiga zo‘r tuhfalar qo‘shdilar. Farididdin Attor ana shunday girdobli toshqinlikda, shuningdek, diniy, siyosiy va ijtimoiy ziddiyatlarga to‘lib-toshgan alangali, silsilali bir sharoitda yashab ijod qiladi.
Attor o‘z davrining iymonli, vijdonli, aql sohibi va burchiga sodiq vakili bo‘lib, ayni davr sharoitidagi siyosiy, ijtimoiy va axloqiy masalalarga nisbatan o‘z ko‘z qarashlarini har xil shakl va vositalar orqali o‘rtaga qo‘yib o‘tgan.
Attorning diyonatli, ma’rifatli, adolatli, tariqat yo‘lini tutgan shoh haqidagi orzu-armonlari gumanistik g‘oyalarining muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi.
Agar podshoh kelgan baloga kulsa, ya’ni behudlik qilsa, uning davlatiga qat’iy nuqson yetadi. Davlatning bexatar, omon bo‘lishi el uchun baxt-saodat, shoh uchun og‘ir mas’uliyatdir. Agar shoh beparvolik qilsa, raqiblarni zaif chog‘lab mag‘rurlansa, davlatga ziyon yetadi. Shuning uchun shoh har doim hushyor, ogoh bo‘lmog‘i, davlatga, elga posbon bo‘lmog‘i kerak. Bu shoh uchun eng muhim shartdir.
Suhbati har benavoyu har haqir,
Podshohg‘a yetkuzur beshak haqir.
Boz avrat birla ko‘p suhbat etar,
O‘zini ul shoh behurmat etar.
Davlatni boshqarishda oqillarning maslahatlariga amal qilgan podshoh oqildir. Ammo, didsiz, ma’rifatdan yiroq kishilarning muhabbatiga, xushomadiga ishonish podshohga xo‘rlik, bechoralikdan boshqa narsa olib kelmaydi. Kecha-kunduz kayf-safo, aysh-ishratga berilgan podshoh ham elning nazaridan qoladi.
Qilsa gar ohangki zulm ul podshoh,
Sud qilmas anga, bil, xaylu sipoh.
Ma’nosi: Magar podshoh xalqiga zulm – jafo qilsa, avomning ham, uning qo‘l ostidagi sipohlarning ham unga foydasi bo‘lmaydi.
Podshoh zolim ersa eldan yaxshilik ko‘rmaydi. Donishmandlarda “el rozi – xudo rozi” degan gap bor. Elning roziligi albatta xudoning marhamatidan darak beradi. Eldan yaxshilik ko‘rmaslik – elning qarg‘ishiga, nafratiga qolish demakdir. Qarg‘ish va tanbeh-qorayuzlik, do‘zaxiylikning belgisidir. O‘zini musulmon hisoblagan har bir banda uchun (hatto u podshoh bo‘lsa-da,) zolimlikdan o‘zga og‘ir gunoh, do‘zaxdan ortiq og‘ir jazo yo‘q.
Maqtanchoqlik, yolg‘onchilik insoniy xislatlarga yot, ayniqsa, podshohlar uchun yomon illatdir. Podshohning maqtanchoqligi va yolg‘onchiligining ziyoni butun elga ofatdir. Bu mohiyatan qaraganda insoniyat shon-sharafiga qilingan haqorat, shuningdek, ruhiy zulmatdir. Bunga loqaydlik bilan qaragan podshohning zar liboslari “ano rido”, ya’ni mashaqqat to‘nidir. Shu bois Attor bunday misralarni bitadi:
Podshohlarga kerakdur adlu dod,
To raiyyat adldin bo‘lg‘usi shod.
Qilsa gar lashkarga sulton ko‘p karam,
Lashkari ham jon berur bahri daram.
Ya’ni: Podshohlarga diyonat, adolat kerak, shu bilan u xalqning diyonatiga erisholadi.
Podshoh ham, uning qo‘l ostidagilar ham odil bo‘lsa mamlakat va shohga barqarorlik nasib bo‘ladi.
Agar podshoh lashkarlarga yaxshilik qilsa, lashkarlari ham uning uchun jonlarini ayamaydi.
Qisqasi, adolat – podshoh uchun bosh mezon. Adolat bo‘lgandagina el ravnaq topadi, mamlakat mustahkamlanadi.
Attor asarlarida podshohlarni insofli, diyonatli bo‘lishga, tariqat yo‘lini tutishga, ma’rifat egallashga undaydi. Chunki o‘zi kamol topgan podshoh elni ham kamolot yo‘liga boshlay oladi.
Attorning nazarida podshohlar ham aslida odatdagidek bir odam. Agar podshoh o‘zining shohlik tojini va shohona to‘nlarini yechsa, uning oddiy kishilardan hech qanday farqi qolmaydi. Shunday ekan, podshoh nuqul podshohlik taxtidagina o‘tirib qolmay, o‘zining odamligini tez-tez eslab tursa, el orasiga kirib elning hol-ahvolidan xabardor bo‘lib tursa, shavkati yanada oshadi. Attor “Mantiq-ut-tayr” dostonida Iskandar haqidagi teran ma’noli qisqa bir hikoyatni misol qilib keltiradi:
Jahongir Iskandar bir kuni bir mamlakatga elchi yubormoqchi bo‘ldi. Bir necha odamga bir xil kiyim kiydirdi va o‘zi ham shu kiyimdan kiyib elchilar bilan birga yo‘lga chiqdi. Hech kim qaysi biri Iskandar, qaysilari elchilar ekanligini bilmasdi. Va yana hech kimda Iskandardan alomat yo‘q edi. Agar birortasi men Iskandarman desa ham hech kim bunga ishonmasdi…
Iskandar esa hammani ko‘rib turardi hamda hammaning ahvolidan xabardor edi. Iskandarning har bir ko‘ngilga yo‘l topishga imkoni, ixtiyori bor edi. Gumroh dillarga yo‘l topish qiyin, gumrohlarning yo‘li – gumrohlik, g‘aflat va adashish yo‘lidir. Shoh garchi hujraning sirtida begona odamdek tuyulsa-da, lekin xujra ichida hammaga mahram, ya’ni hamxona edi.
Bu parchadagi jumlani qisqacha sharhlab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Hukmdor el orasiga kirganda yoki avomning bir tarkibiy qismiga aylanganda u podshoh emas, odatdagi oddiy bir odam bo‘lib qoladi. Lekin u shu orqali gumrohlikdan, g‘aflat va adashishdan saqlanib, har bir ko‘ngilga yo‘l topadi, natijada u qalb hujrasida el bilan birgalikka erishadi. Bu bilan Attorning, podshoh haqidagi falsafiy qarashlari ravshanlashadi. Maqsad el qalbiga yo‘l topish, el bilan hamnafaslikdir. Mana Attorning adolatli shoh g‘oyasi va adolatli davlat tushunchasi; bu islom dinining ma’naviy va siyosiy, ijtimoiy javharlariga asoslangan o‘rta asrlar sharoitidagi demokratik ruhdagi hokimiyat andozasidir.
Attor rahmdillik va saxovatni podshohlarning muhim belgisi deb qaraydi. U “Mantiq-ut-tayr”da bunday bir hikoyatni keltiradi:
Bir podshohning qaddi-qomati kelishgan, jasur bir shahzoda farzandi bo‘lib barcha odamlar unga havas qilishardi. Shu qatorda bir darvish shahzodaga oshiqu beqaror bo‘libdi. U har vaqt shahzodaning yo‘liga zor-intizor bo‘lib, shahzoda ot minib shahar ko‘chalaridan o‘tganda u shahzoda mingan otning tuyoq izini ko‘zlariga surtib fig‘on chekarkan. Bu ish hamma yerga ovoza bo‘lib ketibdi, shahzoda o‘ng‘aysiz holatda qolib, bu ishni otasiga bayon qilibdi. Podshoh bu gapni eshitib g‘azabi junbushga kelibdi hamda darhol darvishni tutib otga bog‘lab o‘ldirishni amr qilibdi. Darvish qo‘lga olinib, jazoni ijro qilishga tayyorlanibdi. Shunda darvish podshohga, so‘nggi bir o‘tinishi borligini, o‘ldirishda shahzodaning otiga bog‘lab o‘ldirishni orzu qilishini aytibdi. Darvishning bunday sadoqati va jasoratidan ta’sirlangan podshoh uni o‘limdan ozod qilish bilan birga uni o‘z saroyiga boshlab o‘g‘liga hamroh qilib qo‘yibdi.
Avvalo shuni aytish kerakki, Attor asarlarida tasvirlangan voqealar bir emas, bir necha ma’no va mazmun qatlamlarini birlashtiradi. Yuqoridagi voqeada Attor bir tarafdan podshohning rahmdil, o‘g‘lining yumshoq va oddiyligini, diyonatni ulug‘lash orqali hukmronlarga ishora qilsa, yana bir tomondan muhabbat, sadoqat, vafo ham jasoratning kuch-qudratini namoyon qilish orqali insonning o‘z baxti uchun o‘limdan qo‘rqmay, sodiq qolishni ko‘rsatadi. Bu xil ruh Attorning inson ozodligi haqidagi g‘oyasining bir tarkibiy qismidir.
Saxovat va himmat haqidagi fikrlar Attor asarlaridagi muhim nuqtalarning biri hisoblanadi. U podshohlardan tortib har bir fuqarogacha saxovat va himmatni o‘ziga mezon qilishni targ‘ib etadi. Chunki, saxovat va himmat diyonatning, xolislikning, mehr-shafqatning, shuningdek, yana ulug‘likning belgisi hamdir. Alisher Navoiy hazratlari saxovat va himmatga bunday ta’rif beradi: “Saxovat insoniyat bog‘ining hosildor daraxti hamda shu daraxtning foydali mevasidur. Saxovat odamiylik mamlakatining mavj urib turgan dengizidur, to‘lqinli dengizning bebaho gavharidur. Saxovatsiz odam yomg‘irsiz bahor bulutiga va hidi yo‘q anbarga o‘xshaydi… Odam bir tan bo‘lsa, himmat uning jonidur.
… Himmatsiz kishi er emas, jonsiz tanni hech kim tirik demas”.
Attor “Ilohiynoma”da himmat va saxovatga ishora qilib, bunday hikoyatni keltiradi:
– Kunlardan bir kuni Anushirvoni Odil vazir-vuzarolari bilan yurt aylanishga chiqdi. Bog‘larni, hosildor dalalarni ko‘rdi. Yo‘li sahroga tushib, belini uch yerdan bog‘lab, suv tashib sahroning bir bo‘lagini obod qilib ko‘chat ekayotgan bir nuroniy musafid qariyaga duch keldi. Qariya shijoat va zavq bilan ishlardi. Anushirvoni Odilning qariyaga havasi keldi va otidan tushib uning oldiga bordi.
– Assalomu alaykum ota, hormang. Soqolingiz oqarib, yoshingiz ham bir yerga borib qolibdi. Uyda o‘tirib dam olsangiz bo‘lmaydimi, bu dunyoyingizdan u dunyoyingiz yaqinroq ko‘rinadi. Siz ekkan ko‘chatlar ko‘karib to hosil berguncha qancha yillar kerak, ungacha siz bormi, yo‘qmi? – dedi. Qariya podshohga qarab tabassum bilan dedi:
– Ey podshohi olam, bizgacha qanchadan-qancha odam daraxt ko‘kartirib ketdi. Mevasini biz yedik. Endi navbat bizga keldi. Men bu ko‘chatlarni o‘zim huzurini ko‘ray deb ekayotganim yo‘q, balki kelgusida yashaydigan odamlar, ya’ni avlodlar mevasini yesin deb ekayapman.
Qariyaning gaplari Anushirvoni Odilga manzur bo‘ldi. U xursand bo‘lib, shu sahroni obod qilishga sarflagaysiz, deb bir hamyon oltin berdi.
– Shohim, mana ko‘rdingizmi, men ekkan ko‘chatlar meva berdi, – dedi nuroniy oqsoqol qariya hamyonga ishora qilib.
Podshoh qariyaning bu so‘zidan yanada yayrab ketdi va yana bir hamyon oltin hadya qildi.
Attor “Pandnoma”da podshohga fitna-fasod keltiradigan ishlar haqida to‘xtalib bunday deb yozadi:
Avvalidur mulkig‘a jabru amir,
Yana qilsa ko‘p xiyonat ul vazir.
Kim yana begi xiyonatlik erur,
Podshoh bundin zalolatlik erur.
Ya’ni: Qo‘l ostidagilarga jabr-sitam qiladigan amir, xiyonatkor vazir hamda xiyonatkor beklardan podshohga yaxshilik kelmaydi, ular podshohni haq yo‘lidan ozdiradi.
Amir qo‘l ostidagilarga jabr-zulm qilsa, vazir va beklar xiyonat qilsa, buning oqibatida podshoh yo‘ldan adashadi. Shuning uchun hukmdor doimo hushyor bo‘lishi va adolat ila ish yuritib, qonunga qattiq rioya qilishi kerak bo‘ladi. Zolim va xiyonatkorlar, amaldor, sudxo‘rlar, poraxo‘rlarni vaqtida biryoqli qilish kerak. Fosiq amaldorlar xalqning g‘azabini qo‘zg‘atib, hukmdorni oyoq osti qiladigan, davlatning tagiga suv quyib, parokanda va vayron qiladigan kishilardir. To‘g‘rirog‘i, ular tuban unsurlardir.
Ham vaziri bo‘lsa g‘ofil, bexabar,
Mulki shoh ondin bo‘lur zeru zabar.
Qilsa gar shoh mulkig‘a begi sitam,
Podshohga yetkusidur ranju alam.
Vazir qat’iy ziyrak, dono bo‘lishi kerak. Chunki u podshohning tayanchi, elning ko‘z-qulog‘idir. Magar vazir g‘ofil bo‘lsa elga tinchlik, xotirjamlik bo‘lmaydi. Beklar elga zulm qilsa buning ranju alami podshohga bo‘ladi. Demak, podshoh elning otasi. Qolgan amaldorlar podshohning vositasidir. Vositadan chatoq chiqsa jamiyatning tartibi buziladi. Uning ziyoni elga ham, binobarin podshohga ham birdek bo‘ladi, shuning uchun:
Chun salohiyat ishini shoh etar,
Bekki ham qo‘l zulmidin kutah etar.
Bo‘lmasa gar voqifu dono vazir,
Podshohg‘a ko‘p yetar ondin zarar.
Tutmasa gar shoh siyosatni bakor,
Buzg‘oy ul shoh mulkini ko‘p nobakor.
Ya’ni: Agar podshoh siyosatni qattiq tutmasa, nobop kishilar uning davlatini buzadi, ya’ni ishdan chiqaradi.
G‘iybat – el orasiga fitna-fasod urug‘ini sochib inoqlikni buzadigan, insoniy fazilatlarni kuydirib, araz-g‘araz, begonalashuv eshigini ochadigan, elning ma’naviy muvozanatiga zahar sochadigan razil illatdir. Attor ana shu masalani ko‘zlab, bunday deb yozadi:
Solma til g‘iybat sari, ey xushmand,
Tushmasun to qo‘l oyog‘ing uzra band.
Kim tilin g‘iybat siridin saqladi,
Ul o‘zini ofat soridin saqladi.
Ya’ni: Ey hushyor odam, g‘iybatga berilma, g‘iybat tufayli senga kishan solinmasin.
Kim tilini g‘iybatdan saqlasa, shu o‘zini ofatdan saqlaydi.
G‘iybatning ziyoni avvalo g‘iybat qiluvchining o‘ziga bo‘ladi. U g‘iybat orqali o‘ziga kishan soladi. Elning nazaridan qoladi. Do‘st-birodarlarining hurmatidan tushadi. Axloq mezonlarining jazosiga uchraydi. G‘iybat ko‘ngilni bulg‘ab, ma’rifatning yuziga hayosizlik pardasini tortadi. G‘am-xusumat vositasida tuxumga tuk undiradi. Shu bois:
Pok qilg‘il kizbu g‘iybatdan zabon,
Etmasun desang iymoningg‘a ziyon.
Ziyrak kishilar har vaqt o‘zini g‘iybatdan yiroq tutadi. Chunki g‘iybat qilish fosiqlik, ahmoqlikning alomatidir. Attor ahmoqning alomatini quyidagicha sezadi:
Ahmoqda uch alomat bordur,
Biri uldur – yegani murdordur.
Biridur ko‘p so‘zlamoq odat ango.
Ham ibodat vaqtidur kuhlat ango.
Ya’ni: Ahmoqning uch alomati bordir, uning biri harom yeyish, biri ko‘p so‘zlashni odat qilish, yana biri ibodat vaqtida yasanish.
Shoir fosiqlarning belgisini bunday tasvirlaydi:
Bo‘ldi fosiqlardan uch ish oshkor,
Biri fosid ish erur layli nahor.
Doim ozori xaloyiqdur biri,
Tarkidur doim shariat buyrug‘i.
Ya’ni: Fosiqlardan uch ish oshkora bo‘ladi, biri kecha-kunduz buzuq ish qilish, biri doim xaloyiqqa ozor berish, yana biri shariat buyrug‘ini bajarmaslikdir.
* * *
Attor kishilar orasidagi baxtsizlik, rahmsizlik va nokaslik alomatlari manbaini jaholatda deb qaraydi. Jaholatdan qutulmay turib, odam ravnaq topolmaydi, elga osoyishtalik bo‘lmaydi. Shu bois u kishilarni ogohlantirib yozadi:
Kim jaholatdin uzun dur etmadi,
Hargiz ondin baxti bad ayrilmadi.
Kim xaloyiqg‘a tarahhum qilmag‘oy,
O‘tsa nokaslikda har kimning kuni,
Kelmag‘ay samiyg‘a davlatning uni.
Ya’ni: Kim jaholatdan o‘zini yiroq tutmasa, undan baxtsizlik arimaydi.
Kim xaloyiqqa rahm-shafqat qilmasa, anga baxt-davlat aslo kelmaydi.
Kuni nokaslikda o‘tgan kishining qulog‘iga baxt-davlatning uni yetmaydi.
Jaholat iskanjasidan o‘zini ozod qilishning yo‘li – ilm egallashdir. Ammo buning uchun ziyraklik, ijtihod kerak. Attor ilm olishda aqlni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Chunki aql sog‘lom tafakkur, o‘tkir farosat, uyg‘oq ong, tebranmas iroda va alangali shijoatning yig‘indisi, pokiza qalb, samimiy e’tiqodning ifodasidir. Ruhiy va jismoniy jihatdan bexud, maslaksiz, maqsadsiz, o‘zining insoniy burchi-qimmatini yo‘qotgan kishilar bu nasibaga noyil bo‘lolmaydi.
Attor kishilarni shaxsiy manfaatni ko‘zlamaslikka, elning qadriga yetishga, do‘stlikni qadrlashga, qanoatli bo‘lib, nafsning quliga aylanmaslikka, odamiylik, mard, kamtar kishilardan o‘rganishga chorlaydi.
Nazm:
Qilma hargiz o‘z muroding birla ish,
Kim murodingga pushaymon bor emish.
El qadrini bilg‘il, ey pisar,
To sening qadringni bilsun o‘zgalar.
To tilim bo‘lsun desang elg‘a daroz,
Do‘st hojat ayla, siridin ayla oz.
Do‘stlarg‘a kimning qadri bo‘lmadi,
Ul o‘lukdur, garchi joni o‘lmadi,
Kimda gar yo‘qdur qanoatdin nishon,
Bas, oni boy aylamas mulki jahon.
Ham tavoziylik bo‘lub, bo‘l boadab,
Mardi taqvo suhbatin qilg‘il talab.
Darvoqe, nazar doirasi tor, ko‘zi kichik, do‘stlikning qadrini bilmaydigan, ha deganda nafsiga cho‘g‘ tashlaydigan, takabbur, ilmdan bexabar kishilar jamiyatni bulg‘ab, elning sha’niga dog‘ tushiradi. Ularni doimo hidoyatga undash Attor kabi tabarruk zotlarning vijdoniy burchidir. Attor ana shu nuqtai nazardan qarab, jamiyatdagi har soxa, har kasb kishilariga axloqiy, aqliy, vijdoniy dasturlarni beradi.
Kim sening yuzingg‘a aybing aytadur,
Bil seni zulmatdin nurga qaytarur.
Senga har kim gar bo‘lubdur rahnamo,
Jon birlan qilg‘il oni shukrin bajo.
Ham xiradmandi zamoningni tani,
Yaxshi xulqu yaxshi xalqingni tani.
Dunyoda aybsiz – nuqsonsiz odam yo‘q, aybni tuzatib, poklik martabasiga yetish uchun aybni bilish kerak. Birov aybingni yuzingga solishi senga qilingan ulkan yordamdir. Bu seni zulmatdan nurga boshlagan bilan barobardir. Aybni ko‘rsatib beruvchi sen uchun rahnamo – yo‘l boshlovchidir, sen unga jon, diling bilan rahmat aytishing kerak. Shu bois, sen zamonning farosat egalarini, yaxshi xulq hamda senga shu xulqni o‘rgatgan yaxshi xalqingning qadrini bilgil.
Attorning nazarida inson barcha ijtimoiy munosabatlarning negizi hisoblanadi. Shunday ekan, insondagi ayb-nuqsonlar yolg‘iz bir odam bilangina cheklanib qolmasdan, borliq ijtimoiy munosabat turlariga ta’sir ko‘rsatadi; jamiyat mezonlariga zarar yetkazadi. Shu bois adolatli, barkamol, sog‘lom jamiyat barpo qilishda ishni har bir odamdagi ayb-nuqsonlarni tuzatishdan boshlash kerak. Har bir odamning xulqi yaxshilangandagina, butkul xalqning xulqi yaxshilanadi.
Yaxshilik va yomonlik insonga nisbatan axloqiy mas’uliyat mezoni hisoblanadi. Bu mezonda insonning qay tomonga moyilligi uning axloqiy qiyofasini belgilaydi. Inson ana shu mezonda o‘zining el-yurtga qadr-qimmati va or-nomusi bor-yo‘qligini ko‘rsatadi. Shuning uchun Attor asarlarida yaxshilik va yomonlik tushunchasiga alohida urg‘u beradi:
Kimda bo‘lsa aql va donishdin chiroq,
Yurgay u to‘rt narsadin doim yiroq.
Noloyiq ishlarg‘a yo‘l qo‘ymaydi u,
Kishilarni noumid qoldirmaydi u.
Hushyor bo‘l, qilma yomonlik maylini,
Bo‘lma yengil, qil omonlik maylini.
Ya’ni: Kimda aql-farosatdin nishon bo‘lsa u to‘rt narsadin doim yiroq bo‘ladi:
U noloyiq ishlarga yo‘l qo‘ymaydi, kishilarni noumid qoldirmaydi.
Hushyor bo‘lib, yomon o‘ylarga bormaydi, yengillik qilishdan o‘zini tortib, omonlikni o‘ylaydi.
Ishkal, yomon ishlarni qilish albatta yomondir; shuningdek, yomon ishlarga yo‘l qo‘yish, kishilarni noumid qoldirish ham yomonlikdir. Hususan, kishilarni noumid qoldirish, turli ish-amallarda kishilarning aqida-ixlosini, orzu umidlarini pisand qilmaslik, afsuski, ko‘plarda uchraydi. Shunday ekan, bu albatta yomonlikdir.
Doimo bo‘lay desang sog‘u omon,
Yaxshilik ko‘rsun sendin butkul jahon…
Kim birov bag‘rini zulmda tildi,
U o‘z vujudini yarador qildi.
Shuning uchun Attor kishilarga nido qiladi:
Qo‘lingdan yaxshilik kelmasa, yomonlik ham qilma, toki vujuding qilmishingdan ko‘rmasin azob-alam.
Yaxshi xulq – yaxshilikning asosidir, u kishilarning izzat-hurmatini o‘ziga jalb qiladi.
Kerak bo‘lsa obro‘ olamda,
Yaxshi xulq bo‘lsun odamda.
Attor yaxshi so‘zni ham yaxshilikning alomati deb biladi:
Ey birodar, bo‘lsa es-hushdin nishon,
Bo‘l muloyim, boadab, shirin zabon.
Qisqasi, Attor o‘z davrining ijtimoiy muhitini atroflicha chuqur kuzatish, tahlil qilish orqali barcha insoniy xislatlarning yig‘indisini yaxshilik, insoniy xislatlarga yot barcha illatlarni yomonlik tushunchasi bilan sharhlaydi.
Attorning baxt-saodat haqidagi qarashlari ham uning yaxshilik g‘oyasiga yondashgan holda qoyil qolarli mazmunlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, u minnatsiz ehson, kishiga ozor bermaslik va adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash kabi uch ishni saodatning boshlanishi deb qaraydi. Bu uch ishning zamiri faqatgina o‘zgalarga yaxshilik qilish, mehr-shafqat ko‘rsatish, o‘zgalarni o‘ylash asosiga qurilgan bo‘lib, insonparvarlikdan iborat olamshumul go‘zal fazilatdir.
Attor og‘izdan chiqqan so‘z, kamondan otilgan o‘q, boshga kelgan balo-qazo va zoye ketgan umrdan iborat to‘rt ishni ortga aslo qaytarib bo‘lmasligi sababidan odamga pushaymondan o‘zga bir yaxshilik keltirmaydi deb talqin qiladi hamda kamondan otilgan o‘qni og‘izdan chiqqan so‘zga, zoye ketgan umrni boshga kelgan balo-qazoga o‘xshatadi. Bu orqali esa kishilarni tilda o‘ziga ogoh bo‘lishga, umrni ma’nosiz ishlarga zoye qilmaslikka qat’iy undaydi.
Attor yana quyidagi yetti ishni odamga xorlik olib keladi deb qaraydi:
1)Chaqirilmagan joyga mehmon bo‘lib borish, 2) johillik, 3) janjal-kashlik, 4) o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, 5) birov quloq solmasa ham to‘xtamay so‘zlash, 6) dushmandan umidvor bo‘lish, 7) ayol kishiga va bolaga hazil qilish.
Attor asarlarida axloq masalasi boshdan oxir muhim o‘rinda turadi.
Chunki Attor falsafasining markaziy qismi bo‘lgan komil inson g‘oyasining tartiblari eng avval axloqiy mukammallikdan boshlanadi.
BEShINChI BOB
FARIDIDDIN ATTOR G‘OYaLARI VA ASARLARINING KEYINGI DAVRLARDAGI TA’SIRI
Attorning tasavvuf g‘oyalarini ilgari surgan holda yozgan asarlari undan keyingi fors, shuningdek, O‘rta Osiyodagi turkiy tilli xalqlar tasavvuf ta’limoti va adabiyotiga zo‘r darajada ta’sir ko‘rsatgan.
Attorning ta’limoti birinchilardan bo‘lib ijodiy vorislik qilgan, uni boyitib yana bir pog‘ona yuqori ko‘targan kishi bolaligida otasi bilan Attorni yo‘qlagan, uning nazariga tushib, u hadya qilgan “Asrornoma” asarini eng qimmatli yodgorlik qatorida yonidan qo‘ymagan mavlono Jaloliddin Rumiy bo‘lgan edi. U tasavvuf adabiyotini boytish ham qanot yoydirishda Attordan atroflicha ruhiy oziq oldi, Attorni o‘zining ustozi deb bildi.
Jaloliddin Rumiy Attorning tasavvuf ta’limotidagi ustozlik o‘rnini nazarda tutib, uni yana bir mashhur tasavvuf shoiri Sanoiy bilan tenglashtiradi.
Attor ruh budu, Sanoyi du chashmi o‘,
Mo az payi Sanoiyu Attor omadem.
Ya’ni:
Attor ruh edi, Sanoiy uning ikki ko‘zi edi, biz Sanoiy ham Attorning ortidan ergashib keldik1 .
Keyingi o‘rta asrlar Sharq mumtoz adabiyoti vakillari ichida mayli chuqur yoki qisman bo‘lsin, Attorning ta’siridan bahramand bo‘lmaganlar deyarli yo‘q darajada edi. Mayli, tasavvuf ta’limoti nuqtasidan bo‘lsin yoki falsafiy she’riyat nuqtasidan bo‘lsin, Attor hamon jozibali, sehrli kuchi orqali ijodkorlarni o‘ziga jalb qilib keldi va kelmoqda. Keyingi davrlardagi fors mutafakkirlaridan Hofiz Sheroziy (1300–1389, Abdurahmon Jomiy (1414–1492), Alisher Navoiy (1441–1501) kabi mutafakkir shoirlar bolalik chog‘laridan Attorni sevib, Attorning ta’siridan behad bahramand bo‘lganlar.
XV asrga kelganda turkiy she’riyat dahosi Alisher Navoiy Attor ta’limotini turkiy tilda ijodiy sharhlab, uning turkiy tilli xalqlar orasidagi o‘rnini yuksaklarga ko‘tardi. U Attorga nazira tarzida yozgan “Lison-ut-tayr” (“Qush tili”) nomli asarida Attor haqida bunday deb yozadi: “U menga tilning mushkullarini o‘rgatib, meni bu tilning ustozi qilib tarbiyaladi. Bu til sohasida shunday yetildimki, qushlarning so‘zlarini turkiy til bilan so‘zladim, turklarcha sozlarga solib, turklarcha kuy va qo‘shiqlarni jo‘r qildim; sarxushlik ichida go‘yoki yoqimli sayraguchi qushdek navo qildim”.
Ko‘ramizki, Amir Alisher Navoiy hazratlari bolaligidayoq Farididdin Attorning “Mantiq-ut-tayr” asarini o‘qib va hatto yod olib, uni qo‘lidan tushirmagan va bu asar unga kelajakda buyuk shoir bo‘lishida so‘zsiz ulkan ilhombaxsh ta’sir ko‘rsatgan. Darvoqe, Navoiy Attor g‘oyalari va ijtimoiy ta’sirini turkiy xalqlar orasida tarqatib, forslar va turkiy xalqlar o‘rtasidagi g‘oyaviy hamda adabiy aloqalarni yana bir pog‘ona yuklashtirishda g‘oyat zo‘r ahamiyatga ega ko‘prik vazifasini o‘tagan mutafakkirlarning biridir. Navoiy Attorni samimiy iftixor tuyg‘usi bilan “foniylik ko‘hiqofining anqosi, jamiki qushlar tilining donosi, shariat yo‘llarining peshvosi, tariqat avliyolarining qiblagohi, hidoyat shami bilan qalblarni nurlantirguvchi, haqiqat sirlarining kashfiyotchisi, noziklik nurlarining mazhari, ma’rifat ahllarining tojdori” deb ta’riflaydi. Bu Navoiydek mutafakkir adibning Attor haqidagi faqat hayajonli tuyg‘usining mahsuli bo‘lmasdan, balki uzoq muddatli o‘rganish, chuqur, atroflicha mulohaza qilish natijasida kelingan xulosa, haqiqiy hayrat va vijdoniy burch va iftixor tuyg‘ularining ifodasi edi. Turkiy xalqlar Navoiyning bu so‘zlarini ana shunday samimiy e’tiqod bilan qabul qilgan.
Attorning “Pandnoma” kabi bir qism asarlari Sharq musulmon xalqlari, ayniqsa O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlar orasida muntazam o‘quv qo‘llanmasi sifatida qo‘llaniladi. Bu bilan Attorning ta’sir doirasi yanada kengayib, o‘qimishli odamlarning deyarli hammasi Attor ruhidan qurbi yetguncha bahramand bo‘lish imkoniyatiga muyassar bo‘lganlar.
Attorning “Muxtornoma” nomli asari noma’lum tarjimon tomonidan Sulton Salim davri (1566-1574 yillar)da turkchaga tarjima qilingan.
XV asrda yashagan Muhammad Badaxshoniy “Mantiq-ut-tayr”ni qisqartirib yozib turk sultoni Boyazid I ga taqdim qilgan
XVIII asrning boshlarida yashagan xo‘tanlik shoir Ibrohim ibn Yusuf al Xo‘taniy “Mantiq-ut-tayr”ni uyg‘ur tilida yetuk ijodiy barkamollikda amalga oshirgan.
Attorning “Musibatnoma” nomli asari Sulton Murodning topshirig‘i bilan Pirmuhammad ismli tarjimon tomonidan “Tariqatnoma” degan nom bilan usmonli turk tiliga tarjima qilingan.
Attorning “Ilohiynoma” nomli asari ham Sulton Murodning topshirig‘i bilan Shamsiddin Ahmad Sivosiy degan kishi tarafidan turkiy tilga qisqartirib tarjima qilingan.
“Pandnoma” turk, farang, olmon, lotin va hind tillariga tarjima qilingan, ko‘p marta sharhlar yozilgan. Bu asarning tarjimon Ubaydulloh tomonidan 1899 yili amalga oshirilgan turkiy tarjimasi “Buloq” jurnalining 1999 yil 2-sonida e’lon qilingan.
“Tazkirat-ul-avliyo”ning uyg‘ur tiliga qilingan bir tarjima nusxasi fors milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Asarning 1890 yili nashr qilingan frantsuzcha tarjimasi ham bor. Turkiyada uning turkchaga o‘girilgan tarjimalari mavjud.
“Gumgumnoma”ning ruschaga va turkchaga qilingan tarjimalari ham bor. Asarning turkcha tarjimasi 1873 yili Qozon dorilfununi matbaasida nashr qilingan.
Kezi kelganda yana shuni ham qo‘shib qo‘yishga to‘g‘ri keladiki, tarixda Attor asarlari uzluksiz tarzda ko‘chirilib tarqatilib kelingan, juda ko‘p tillarga ag‘darilgan hamda sharhlangan. Bu haqda maxsus izlanishga, atroflicha tadqiqotlar olib borishga to‘g‘ri keladi.
XOTIMA
Shunday qilib Attor haqidagi bu safargi izlanishlarim shu yerda yakunlandi. Bu jarayonda men shuni his qildimki, Attor dunyosi chin ma’nosi bilan ajoyib bir sirlar xazinasi ekan. Bu xazinaga nazar tashlagan har bir odam Attorning sehr kuchidan hayratlanmay qolmaydi. Agar men bu yozmalarim orqali o‘quvchilarga Attor to‘g‘risida ozmi-ko‘pmi ma’rifat yetkazolgan bo‘lsam, o‘zimni bu buyuk zotning sharafli nomi oldida vijdoniy burchimni qisman ado etgan bo‘laman.
Oxirida o‘quvchilarga bularni yozish jarayonidagi ba’zi masalalar haqida quyidagicha eslatma berib o‘tishni zarur deb hisobladim:
1. Attorning nomidan keltirilgan misollarning ko‘p qismi men ko‘rish imkoniyatiga muyassar bo‘lgan asarlardan olindi. Yana bir qism misollar chet ellik attorshunoslarning Attor haqidagi tadqiqotida keltirilgan manbalardan olindi. Faqat Attorning tasavvuf ta’limotiga taalluqli ba’zi umumiy tushunchalar haqidagi ayrim bir-ikki misollar Navoiyning “Lison-ut-tayr” nomli asarining Mulla Siddiq Yorkandiy tarafidan nasriylashtirilgan nusxasidan olindi. Bunda Navoiyning o‘z tilidan yozgan: “Men bu so‘zlarning loyihasini o‘zim tuzmadim, balki, Shayx Farididdin Attorning so‘zlarini sharhladim, Mening umidim shuki, har kim bu kitobimga ko‘z solib o‘qisa, qushlarning so‘zlaridan ko‘ngliga harorat tushsa, uni Shayxning nafaslaridan deb bilsin,” degan so‘zlari keltirilgan.
2. Asosiy misollar qayta bayon qilindi. Faqat jumla ichida kelgan ayrim misol va ko‘chirma so‘zlargina qo‘shtirnoq ichida olindi. Misollar o‘qishga qulay bo‘lishi uchun nasriy bayoni bo‘yicha olindi. “Pandnoma”dan olingan misollar hozirgi zamon uyg‘ur va o‘zbek tillarida bayon qilindi.
3. Attor dunyoqarashini inkor etadigan ba’zi misollar garchi Attor asarlarida bo‘lmasa-da, Attor qarashlarini yoritishga mos keladigan boshqa tasavvuf ta’limoti va tadqiqotiga oid manbalardan olindi.
4. Badiani yozishda asosan o‘zbek olimi, tasavvuf ta’limoti bo‘yicha yetuk tadqiqotchi va faylasuf, tarjimon Najmiddin Komilov janoblarining Attor haqidagi tadqiqotlaridan ham foydalandim. Bu yerda olimga shaxsan samimiy minnatdorchiligim va tashakkurimni bildiraman hamda chuqur izzat-hurmatimni izhor qilaman.
Uyg‘urchadan Habibulla Zayniddin tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 12-son.