Aziza Lalayeva. Sarxush (hikoya)

U kichkina televizorning tugmasini bosdi. Te­levizor bir oz pirpirab, xonaga ko‘kish shu’la taratdi. Bunaqasi hozir hech kimda yo‘q, o‘yladi o‘zicha. Qayerdanam bo‘lsin? Bundan yigirma yil ilgari chiqarilgan oq-qora rangli matohning kimga keragi bor?
Lablari burishib pichirladi:
– Yo Rabbiy, o‘zing madad ber!
O‘zini toshdek qattiq eski divan ustiga tashladi. Stol tagida bir necha kundan beri turgan yarim shisha aroqning og‘zidagi tiqinni tishida ochib, ikki-uch qultum yutdi-da, tamshanib qo‘ydi. Kichik bolishni buklab, boshiga qo‘ymoqchi bo‘lganida di­mog‘iga o‘g‘li To‘g‘rulning sut aralash hidi urildi.
Xotini Sudoba bolasini qo‘ltiqlab otasiniki­ga ketib qolmaganida, bugun uning yetti oyligini nishonlagan bo‘lishardi.
Roppa-rosa yetti oy ilgari Sudoba unga otalik baxtini ravo ko‘rgandi. Ismini ham Sudobaning o‘zi qo‘ygan. Eri ham bunga qarshilik ko‘rsatmadi. Er bo‘lib unga nima qiloldim, hech bo‘lmasa o‘g‘liga o‘zi istagan otni qo‘yaqolsin, dedi.
Bir paytlar o‘g‘il ko‘rsam, otamning ismini qo‘yaman, deb yurardi. Sudoba bir gal, “Otangiz nima ish ko‘rsatgan o‘zi?” deya kesatganidan keyin, dami ichiga tushib ketdi. “Bir yetimning peshonasi sho‘r bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da!” deya xayollandi va vaqtni bilish uchun qo‘l soatiga qaramoqchi bo‘ldi. Shu choq soatini ikki kun ilgari o‘n kundan beri yig‘ilib qolgan besh ming manat qarzidan qutulish uchun non do‘koniga topshirgani esiga tushirdi. Kulgisi qistadi. To‘g‘risi, uni hamma telbaga chiqarib qo‘ygan. Buni yuziga aytmasalar ham, orqavarotdan uni savdoyi deb bilishlaridan u ham voqif.
“Rostdan ham shunaqadir?” degan xayolga bordi.
Naq suvning ichida yotib-turib yurgan odamni kim ham jinni demasin?
Toshqin butun qishloqni suvga g‘arq etayoz­gandi. Kundan-kunga ko‘tarilib borayotgan suv sathi u yashayotgan g‘arib kulbani kichik bir orol­chaga o‘xshatib qo‘ygandi. To‘rt oydan beri suv o‘rta­sida qolib ketgan, xom g‘ishtdan tiklangan bu boshpanasi bir paytlar uning ko‘ziga hashamatli qasr bo‘lib ko‘rinardi. Hozir esa zax tortib ivib ketgan devorlar yiqilishga mahtal turardi.
“O‘zimam g‘alatiman, o‘yladi u, bu yerda Sudoba qanday qilib yashashi mumkin edi? Uch oylik chaqalog‘i-chi? Uyda yegulik yo‘qligi, pul yo‘qligi uchun ona sho‘rlikning siynasidan sut qochib ket­gani rost-ku? Sho‘rlik Sudoba, hozir nima qilayotgan ekan-a?”
To‘g‘rulni eslashga tirishdi. Yuzini ko‘z oldiga keltirolmadi. Faqatgina ko‘zlari yumuq go‘dakning tili bilan og‘zidagi so‘rg‘ichni chiqarib tashlagani yodida qolgan. Bechora chaqaloq shunaqa chinqirib yig‘lardiki, eshitgan odam hozir jigari yorilib ketadi, deb o‘ylardi. Keyin yodiga Sudobaning qarg‘ishlari tushdi.
– Hammang, senam, otang ham qirg‘inga uchrasa­laring bo‘lmasmidi?
Bu gap qulog‘i ostida jaranglarkan, yuziga sovuq suv sepilgandek bo‘ldi. Joyidan irg‘ib turdi. Divanda o‘tirganicha televizor sari egilib, uning ovozini ko‘tardi. Jini suymaydigan bir qo‘shiqchi ayol kuylayotgan edi.
– Padaringga la’nat, qanjiq! Atayin g‘ashimga tegish uchun har kuni televizorga pul berib chiqa­dimi deyman!
Bu fikridan o‘zining ham kulgisi keldi: “Qara-ya, seni tanirkan-da, g‘ashingni keltirmoqchi bo‘larkan”.
Ehtimol, tanishi ham mumkin edi. Agar mak­tabni bitirgan yili poytaxtga borib o‘qishga kirganida, ana shunday mashhur qizlarni ko‘rishi, ular bilan tanishishi mumkin edi.
Eh, yetimlik qismati shu bo‘lganidan keyin u qayerda-yu, Bokuga borib institutda o‘qish qayoqda?
Yana nimalar haqida fikr yuritishi mumkin?.. Boshqa mavzu qolmadimikin? To‘rt oydirki, mana shu divan ustida, shu oynai jahon qarshisida yakkayu yolg‘iz o‘y surib yotishdan boshqa ishi yo‘q edi.
– Kecha Neftchilar tumanidagi Kur daryosidan qayiqda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan 16–22 yoshlardagi ikki kishi suvga cho‘kib ketdi. Ularning jasadlari haliyam suv tubidan qidirilmoqda.
16–22 yoshli… Suxandon qiz buncha sovuqqonlik bilan gapirmasa? To‘g‘ri-da, cho‘kkan bo‘lsa unga nima? O‘zi bir tarafda toshqinlar, bir tarafda qochqinlar millatni qiyin vaziyatga solib qo‘ydi.
…Shu choq ich-ichidan azobli og‘riq turganini his etdi. Og‘riq kuragi tomon o‘rmaladi. Turmoqchi bo‘ldi, majoli yetmadi. Qo‘lini divandan pastga tushirib, eski sholcha ustiga tiradi. Bor ovozi bilan qichqirgisi keldi, ovozi chiqmadi. Nafasi yetmayotganini his qildi. Yo Rab, bu qandayin og‘riq bo‘ldi?
O‘g‘li, hatto yuzi ham xotirasidan sidirilib ketgan jigarbandi esiga tushdi. Keyin xotini…
Uzoqdan esa onasini ko‘rgandek bo‘ldi. Bor kuchini to‘plab, xonasi tarafga intildi. Ammo onasi unga yaqinlashishi o‘rniga tobora uzoqlashib borardi. Sudrala-sudrala ayvonga chiqdi. Havo yetishmayotganini sezdi. Hovliga uzangan zinapoyaga yaqinlashdi. Pog‘onalar ustidan dumalab, bir necha oydan beri hovli yuzini bosib yotgan ko‘lmakka quladi. Bir zumda badani suv tagida qoldi.
…Ertasi kuni oynai jahonda, jumladan, Sudobaning ota uyidagi oq-qora televizordan ham ushbu xabar tarqatildi:
– O‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi kishining jasadi o‘z hovlisidan topib olindi. U spirtli ichimlik oqibatida nobud bo‘lgan deb gumon qilinyapti.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi