Aziz Nesin. Konserva hangomasi (hikoya)

Bir omadsizlik kelsa ustma-ust kelaverarkan. O‘sha kun Kamollar biznikiga mehmonga kelishganida uyda birorta yegulik qolmagandi.
Ayolim nima qilishni bilmay:
— Yugur, baqqoldan konserva olib kel, — dedi o‘g‘limizga.
Bolakay ketishga taraddudlanarkan:
— Nima konserva olib kelay oyijon? — deya so‘radi.
— Nima topsang olib kelaver, do‘lmami, loviyami, farqi yo‘q…
O‘g‘lim yugurib ketdi. Biz bir to‘p mehmonlar bilan katta mehmonxonada o‘tirardik. Kamol soatiga qaradi, yegulik kech qolayotganidan siqilayotganini yuz-ko‘zidagi ifodadan bilib olish qiyin emasdi. Bu qanaqa xonadon bo‘ldi-a? Uyda uchta ayol boru bitta dasturxon to‘shay olishmadi. Soat to‘qqizga yaqinlayapti. Mehmonlarni biroz aldab turmoq uchun she’riyatdan gap ochdim. To‘g‘rida, boshqa nima haqida gapirardim, har holda she’r haqida so‘z ochilsa suhbat uzunroq bo‘ladi.
Bir mahal tashqaridan g‘ala-g‘ovur, kamiga taraqlagan ovoz eshitildi.
Kamol kulimsirab:
— Qo‘shnilaringiz uyida ustaxona ochdi shekilli-a, — dedi.
Oshxonadan ham kimlarningdir uzun-yuluq suhbati eshitildi:
— Ahmoq, unday ochilmaydi axir… Ochqich qayerda, bor, top.
— Menga bering, o‘zim bilaman qanday ochishni.
— Yo‘q, pichoq olib kel, o‘zim ochib beraman senga…
Tinchlikmikan, nimalar bo‘lyapti o‘zi, deya oshxonaga kirdim. Kiriboq turgan joyimda qotib qoldim, qarasam, ayolimning qo‘lidan qon oqib yotibdi, yerda esa bir konserva, yonida tesha, pichoq, bolg‘a, ochqich yotibdi…
— Bu qanday sharmandalik, — deya baqirdim, — mehmonlarning ovqat kutaverib toqati toq bo‘ldi, siz bu yoqda bitta konservani ocholmay tortishib yotibsizlar, ustiga-ustak hamma yer qon. Nima degan gap bu?!
Onam baribir qaynona emasmi, o‘z an’anasiga sodiq qolib:
— Men aytdim, — dedi, — konserva bunday ochilmaydi axir.
Qizim onasining qonayotgan qo‘lini bog‘lay boshladi, onam esa ochqichni olib, bir tarafdan konservani ochishga, bir tarafdan g‘o‘ldirashga tushdi:
— Har bir ishning o‘y yo‘li bor. Hech zamonda bolg‘a bilan ochilganmi konserva?
Ko‘p gapirib o‘tirmay o‘zi ishni qotirmoqchi bo‘ldi, biroq ming urinsa ham ocholmadi, barmog‘ini ham kesib oldi, e qurib bit, deya konservani bir tarafga, ochqichni bir tarafga otib yubordi.
Biroz turib yana tilga kirdi:
— Hozirgi konservalarni qanday yasashyapti o‘zi-a? Eski konservalarni qo‘lingga olib, “bismilloh” deb ochqich bilan bir burasang bo‘ldi edi, tamom, qog‘oz kabi yirtilib ketaverardi.
Qizim bu safar onasini yolg‘iz qoldirib, buvisiga yordamga shoshildi.
Endi so‘z navbati menga kelgandi. Konservani keltirgan o‘g‘limni qosh chimirib, g‘azablanib tergay boshladim:
— Aql-paql degan narsa bormi o‘zi senda? Odam konserva olganida baqqolga ochtirmaydimi axir? Miya yo‘q senda, miya… Ol buni, yugur, ketib qolmasidan oldin baqqolga ochtirib kel.
— Ota, axir menam aytdim ochib bering deb, ko‘nmadi baqqol.
— Nega ochmas emish, nega ko‘nmadi?
— Ochmas ekan… Chunki, o‘tgan kuni shogirdi bitta konservani ochaman deb tomirini kesib olibdi, tez yordamda zo‘rg‘a kasalxonaga yetkazib borishibdi. Men jonimni ko‘chadan topib olganim yo‘q, dedi baqqol.
— Bor dedimmi, bor. Mendan salom ayt, tezroq ochib bemasangiz bo‘lmas ekan, uyda mehmonlar bor degin.
O‘g‘limni jo‘natib, mehmonlar yoniga qaytib kirdim. Kamol shovqinimizni eshitgan shekilli:
— Tinchlikmi ishqilib? — dedi, — dasturxon uchun hijolat bo‘lmang, vaqt allamahal bo‘lib qoldi, bizam uyga qaytaylik endi.
— Hechamda, qo‘yib yuborib bo‘bman. Qayerga borasiz? Bizning o‘g‘il biroz aqlsizda, konserva keltirgan ekan baqqoldan ochtirmay, ayolim ochaman deb qo‘lini kesib oldi, onam ham ishga qo‘shildi, eplolmadi, u ham yaralanib endi chetda jim o‘tiribdi. Hozir boshqatdan jo‘natdim baqqolga, darrov ochtirib keladi xudo xohlasa. Aqlsiz boshning jazosini oyoq tortadida.
Kamolning xotini o‘ng‘aysizlanib:
— Bekor jo‘natibsiz bolani, — dedi, — baqqollar hozir konservalarni ochmay qo‘yishgan. Tunov kun qo‘shnilarimiz bir quti sardina olishgan ekan, butun mahalla bir bo‘libam ocholmadik.
Kamol cho‘ntagidan zanjirga bog‘langan bir katta chaqqi chiqardi. Chaqqining to‘rt-beshta uchi, bir nechta bo‘lagi bor edi.
Ayoliga ko‘rsatib:
— Buni ko‘ryapsanmi? — dedi, — bu bilan nafaqat konservalar, hattoki seyfni ham ochsa bo‘ladi…
Kamolning yonida o‘tirgan ukasi ham cho‘ntagidan o‘sha chaqqining kichikrog‘ini chiqarib:
— Aka, sizniki hech gapmas, — dedi, — uni ko‘tarib yurishni o‘zi bir ish. Qarang, bu kichkinagina, biroq karomati ko‘p. Bu tili bilan bankalarni ochsangiz bo‘ladi, bunisi bilan har qanday qutini, bunisi esa hatto eshiklarni ham ochadi. Masalan, uyda bir kun shkafning kaliti yo‘qolib qoldi deng, mana shu tilini tiqqandim, ochildi-qo‘ydi. Buning naq 14 xil karomati bor. Amerikadan uyga qaytishda olgandim. Menimcha, har bir odamning yonida shunday quroli bo‘lgani ma’qul.
Kamol:
— Menga otamdan qolgani ham bo‘laveradi, — dedi, — otamdan yodgorlik bu. Nafaqat konservalarni, kerak bo‘lsa petrol baklarini ham ochadi. Nima shubhang bormi?
Suhbatning shu joyida halloslab o‘g‘lim kirib keldi.
— Nima bo‘ldi, ochtirdingmi? — deya so‘radim tutoqib.
O‘g‘limning qo‘lidagi konserva yaxshilab mushtlangan, shekilli, qiyshayib, ikki tomoni o‘rtaga kelib qolgandi.
— Qirrasi qo‘lini kesib yubordi ota baqqolning, keyin bu konservani ham, ishlab chiqarganni ham, olganni ham… deya so‘kib, qarg‘ab konservani otib yubordi.
Kamol kulgudan o‘zini tutolmay,
— Qani, menga uzatchi, — deya otasidan qolgan qurolini cho‘ntagidan chiqardi. Tizzasini qutiga tiradi va qadimiy chaqqisining uchini ustiga to‘g‘riladi.
Bir tarafdan ochishga urinsa, bir tarafdan yaramas baqqolni qarg‘ay boshladi:
— Eshakmiya, yana baqqolmish bular… Hayf senday baqqolga, hayf… Oh, tizzam, ohh-h tizzam…
Barakatli uyda albatta dori-pori bo‘lishi kerak, tizzasi kesilgan Kamolga yordam berish uchun narigi xonadagi dori qutidan yod keltirdik va kesilgan joyga qo‘ydik. Shimi qanday yirtilganini bir ko‘rsangiz edi…
Kamolning toqati toq bo‘ldi, yana g‘o‘ldirashga tushdi:
— Konserva qutisi emas, po‘lat seyf bu, po‘lat seyf, yaramas. Nari borsa uch yo to‘rtta do‘lma bor ichida, bunchalik qattiq yopishga balo bormi?
Kamolning ukasi:
— Mana shunda bir ko‘raychi, Amerikadan keltirganmana, g‘aroyib chaqqi bu, — deya ishni qo‘liga oldi.
Amerika chaqqisi ham ishga yaramadi, u yog‘idan tiqdi, kirmadi, bu yog‘idan ochmoqchiydi, uyam bo‘lmadi.
— Voy onasini… — deya so‘kingan bo‘ldi Kamolning ukasi, — tesha bormi uyda, tesha? Abjag‘ini chiqaraman buni hozir…
— Do‘lmalar eziladi, ezilsa ochgandan nima foyda? — dedim yuz-ko‘zimni burishtirib.
Kamolning xotini:
— Yaxshisi mix kerak, qattaroq mix…
Hamma o‘zini uni ochishda sinab ko‘rar, kim tesha bilan urar, kimdir mix bilan teshmoqchi bo‘ldi.
Qo‘llaridan konservani yulqib oldimu to‘g‘ri oshxonaga kirdim. Suyak maydalashda ishlatadigan chopqim bor edi, sinalmagan bitta o‘sha qolgandi uyda, qo‘limga oldim. Qarshimdagi konserva emas go‘yoki bir dushman edi. Endi uni ochishni emas, ezg‘ilab tashlashni xohlardim. Chopqi bilan ura boshladim, bir urdim, ikki urdim, uchinchi urganimni bilaman konserva uchib ketdi. Avval shiftga qarab uchdi, keyin devorga, shundayam to‘xtagani yo‘q, bilyard shari misol chirpirab boshimga kelib urildi, so‘ng yerga tushdi. Boshimni changgallab o‘tirib qoldim:
— Tfu, yaramas, qurib ket.
Mehmonxonaga qaytganimda peshonamda yong‘oq kattaligida shish paydo bo‘lgandi.
Kamol:
— Buni chilangardan boshqa biroq ocholmaydiyov, — dedi.
Ayolim ham so‘z juftladi:
— Aytgancha, chilangir deganingizga esimga tushib ketdi, pastki qavatda yashaydigan qo‘shnimizning eri temirchi, olib boraymi, balki ocha olar.
Har tarafidan zarba yeyaverib qiyshayib, bukchayib ketgan quti go‘yoki portlashi kutilayotgan qo‘lbola bomba kabi yerda yotar, uydagi to‘qqiz kishi atrofiga to‘planib, qo‘rquv va havotir ichida unga boqardik.
Ayolim uni temirchi qo‘shnimiznikiga chiqarishga hozirlanayotganida eshiq qo‘ng‘irog‘i chalindi.
— Yuqorida har xil shovqinni eshitdik, tinchlikmi ishqilib, deb chiqib kelaverdik…
Bu o‘sha temirchining ayoli edi. Ochig‘ini aytsam, men konservaning ochilishidan umid uzgan, biroq uning ichidagi do‘lmalarning holi nima kechdiykan deb qiziqardim. 5-6 do‘lma uchun shunchalik urinish, shunchalik jarohatlar, arzirmikan…
Ayolim temirchining ayoliga barini bir boshdan tushuntira boshladi:
— Oh, so‘ramang qo‘shnijon, — dedi xotinim so‘zini yakunlarkan, — barchamiz qon ichida qoldik, kimningdir qo‘li kesildi, kimningdir boshi yorildi.
Ayol:
— Voh, bechoraginalara… — dedi achinib.
— Sizning xo‘jayin ocha olarmikan-a?
Kamol o‘rtaga qo‘shilib,
— Agar temir burg‘usi bo‘lsa, balki ocha olar, — dedi.
Ukasi ham gapga qo‘shildi:
— Buni burg‘u bilan ochib bo‘lmaydiyov, — dedi, — bunga temir qalam kerak menimcha, ustiga qo‘yib, orqasidan bolg‘a bilan urilsa ochiladi albatta.
Ayol:
— Afsus, xo‘jayinim uyda emasda, uyda bo‘lsa albatta ochib berardi, — dedi, — biroq uyda shogirdi bor. Men hozir tushib, uni chiqarib yuboraman, balki ocha olar.
— Yo‘q-yo‘q, xonimafandi, axir bu shogird qila oladigan ish emas.
— Juda mehnatsevar bola, o‘zi o‘n ikki yoshda, ammo qo‘lidan har narsa keladi. Yaqindagina qishloqdan keldi. Bechora o‘qishni eplolmabdi, shunga kasb o‘rganaman deb kelibdi…
Ayol gapini tugatar-tugatmay uydan chiqib ketdi. Besh daqiqadan keyin qoqsuyak, qoravoy bir bolani boshlab keldi. Bolaga miyig‘ida kulib:
— Yusuf, shu qutini ochib ber o‘g‘lim, — dedi.
Biz barchamiz yerda qiyshayib yotgan konservaga jon oluvchi bir mashina kabi ulkan qo‘rquv ichida bokardik. Bolakay bizning aftoda holimizga qora ko‘zlarini katta ochib, hayron-hayron tikildi. So‘ngra yerdan qutini olib, har tarafiga aylantirib, ko‘rikdan o‘tkaza boshladi.
Hammamiz bir fikrni qo‘llab-quvvatlab, o‘rtaga tashlardik: “Biror bir asbobsiz ochilmaydi o‘g‘lim…”, “Tavba, kap-katta insonlar ocholmadik, bu barmoqday keladigan bola qanday ochsin?”, “Bolajonim, qo‘ysangchi shuni, biror yeringni kesib olma tag‘in…”
Bolakay qiyshayverganidan rangi o‘chib ketgan konservani chap qo‘liga oldi, o‘ng qo‘li bilan xuddi qog‘oz yirtgan kabi qutini ochdi va bizga uzatdi:
— Marhamat!
Hayratdan ko‘zlarimiz kosasidan chiqib ketay deya so‘radik:
— Yo tavba, bolam, qanaqasiga, qanday ochding?
Bolakay:
— Nima balo o‘qishni, yozishni bilmaysizlarmi? — dedi, — manaku, yozib qo‘yibdi ustiga qanday ochilishini.
Haqiqatda konservaning ustida quyidagicha yozuv bor edi: “Konservani ochish uchun tutqichidan tutib qarama-qarshi tarafiga sekingina torting”.
Shu paytgacha qilgan ahmoqona urinishlarimizni o‘ylab xayolga tolganimizdan temirchining shogirdi uydan qanday qilib chiqib ketganini ham sezmay qolibmiz. Unga minnatdorlik bildirishga ham ulgurmabmiz…

Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi