Bizning muqaddas burchimiz milliy sanoatni qo‘llab-quvvatlashdir. Shu bois, men matbuot vakillarini hushtakli qozonlar ishlab chiqaradigan zavodga taklif qilishganini bilganimda chin dildan xursand bo‘ldim. Biz matbuotchi hamkasblar yig‘ildik va bizni darvoza oldida kutib olishdi. Zavod direktori yoqimtoy, xushmuomala kishi ekan. U har birimiz bilan o‘rnidan turib salomlashdi, qo‘l berib so‘rashib, qulay o‘rindiqqa o‘tqazdi.
Milliy sanoatimiz dadil qadam tashlab hushtakli qozon ishlab chiqarishni o‘zlashtirganidan juda hursand bo‘ldim.
Direktor bizni chekishga taklif qila turib, qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Chiroyli kiyingan odam kirib keldi.
– Mehmonlardan nimani xohlashlarini so‘rang, – dedi direktor unga. Keyin u bizga yuzlandi: – Bizda yaxshi qulupnay sharbati bor.
Biz gazetachilar, o‘ttizga yaqin odam yig‘ilgandik, hammamizga xushmuomalalik bilan choy, qahva yoki qulupnay sharbati ulashishdi. Dastlab ob-havo haqida gaplashdik, keyin mahalliy filmlar xususida, so‘ngra baliqchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga o‘tildi. Bir nechta o‘tkir latifalar aytilib, quvnoq kulgilar yangradi. Oramizda latifago‘ylikni qotiradiganlar ko‘pchilik ekan, direktorning xonasi bir zumda gurungxonaga aylanib, har kim ichida borini to‘kib soldi.
Keyin zavod direktori mehribonlik bilan barchamizni tushlikka taklif qildi.
Dasturxon noz-ne’matlarga to‘lib toshgan edi. Bu yerda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q: qo‘y go‘shti, uvildiriq, ovlangan yovvoyi qushlar go‘shti va hatto cho‘chqa go‘shti ham bor, faqat qush suti yetishmayapti, deyish mumkin.
Dasturxon atrofida shunchalik quvnoq va davomli kulgi bo‘ldiki, bir hamkasbimiz tomog‘iga tovuq suyagiga tiqilib jon taslim qilishiga oz qoldi.
Tushlikdan keyin biz kofe ichib, chekib gurunglashdik. Iqtisodiyotni sharhlashga ixtisoslashgan muxbirlarning ko‘pchiligi boshqa shoshilinch ishlari borligi uchun direktordan kechirim so‘rab, ketib qolishdi.
Ma’lumki, gazetachilar hamisha barcha ishlardan xabardor. Qolganlari ham gurungdan chetda qolmay, musiqa va atom bombasi, teatr va reaktiv samolyotlar haqida ishonch bilan gapira boshladilar.
Soat besh bo‘lib qoldi.
– Tamaddixonaga xush kelibsiz! – deya taklif qildi direktor.
Tamaddixona shunchalik hashamatli, dasturxon shunchalar to‘kin ediki, tushlik hali oshqozonimizda hazm bo‘lishga ulgurmaganidan chin dildan pushaymon bo‘lgimiz keldi. Ishtahani ochish uchun biz ichimlikka zo‘r berdik. Go‘shtli gazak bilan aroq, mevalar bilan vino, shirinliklar bilan likyor, kerevit, pishloq va yong‘oq bilan – pivo ichdik, keyin esa, viski va jin kabi har xil xorijiy ichimliklar aralishib ketdi.
Keyinroq yana bir guruh gazetachilar ketishdi. Milliy sanoatni rivojlantirishga katta ahamiyat berib, hushtakli qozon ishlab chiqaradigan zavod haqida nimalardir aytishlarini kutishga qaror qildim.
Kechki soat sakkizda biz uch kishi qoldik: sport sharhlovchisi, krossvordlar tuzuvchi va men, feletonchi.
Direktor: “Eding, ichding, yana nimani kutyapsan?” degandek bizga qaradi. Men jimgina sport sharhlovchidan so‘radim:
– Nima qilamiz?
– Direktor meni mashinada olib ketishga va’da berdi, shuning uchun uni kutaman!
Ikkinchisi direktorning eski tanishi bo‘lib chiqdi. Ortiqcha gapga o‘rin qolmadi. Men xijolat bo‘lib direktorga yuzlandim:
– Zavodingiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz?
Direktor negadir menga g‘alati qaradi va qalamni tishlab, ajablanib so‘radi:
– A? Nima? Zavod haqidami?.. Ko‘rdingizmi, zavodimiz… zavodimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, hushtakli qozon ishlab chiqaradigan zavod… ya’ni, nima bo‘lishidan qat’i nazar, hushtakli qozonlar. Zavodimizda kuniga yettita shunday qozonlar ishlab chiqariladi. Men bu zavodga kelgunimcha, uning mahsuldorligi kuniga atigi beshta qozon edi. Umid qilamanki, yaqin kelajakda uning quvvatini kuniga o‘nta qozonga yetkazamiz. Hukumatimiz dasturiga ko‘ra, har bir fuqaro o‘z uyi, hovuzi va ayvonli mo‘jaz bog‘i bilan birga hushtakli qozoniga ega bo‘lishi zarurligini bilasiz. Shuning uchun fabrikamizning ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirishimiz kerak…
Albatta, faoliyatimizda ba’zi qiyinchiliklarga ham duch kelyapmiz. Lekin bu qiyinchiliklarni gazetada yozmasligingizni so‘rayman, gap oramizda qolaqolsin. Hushtakli qozon ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan materiallar va qismlar, ya’ni: qozonlar, qopqoqlar, murvatlar, hushtak va shunga o‘xshashlarni biz Amerikadan olamiz. Ammo hamma narsani shu yerda yig‘amiz va turk ishchisining peshona terlari bilan tayyor bo‘lgan hushtakli qozonlarni chiqaramiz. Ular ustiga “Turkiyada ishlab chiqarilgan” degan yozuvli metal yorliqni yopishtiramiz. Biz bu yorliqlarni ham Amerikadan olamiz. Zavodga aralash turk-amerika sarmoyasi kiritilgan. Pul bizniki, lekin g‘oya Amerikaniki!..
Biroq so‘nggi paytlarda ehtiyot qismlar va materiallar kelishi to‘xtab qoldi va shuning uchun biz hushtakli qozonlarni ishlab chiqarishda qiyinchiliklarga duch kelyapmiz.
Bizning qozonlarimiz sifati Yevropa va Amerikaning hushtakli qozonlaridan ancha ustun. Birinchidan, hushtaklarimiz ovozi juda yoqimli. Misol uchun, siz loviyani qozonga solib qo‘ydingiz va ular qaynadi, to‘g‘rimi? Bu vaqtda qozon hushtak emas, quloqqa yoqimli shunday ohang chiqaradiki, go‘yo Zeki Murenning o‘zi “Magnoliya”ni ijro etayotganday bo‘ladi.
Amerikada ishlab chiqarilgan hushtakli qozonlar esa shunchalik kutilmagan va quloqni teshuvchi hushtak chaladiki, hatto homilador ayollar uning ovozini eshitib, qo‘rquvdan muddatidan oldin tug‘ib qo‘ygan holatlar ham yuz bergan. Bundan tashqari, o‘zimizning hushtaklarimiz uzoqroq chalinadi. Bir so‘z bilan aytganda, mahsulotlarimiz xorijnikidan har jihatdan yaxshiroq.
Lekin, aytganimdek, bizda kerakli qismlar va materiallar yo‘q. Xudoga shukr, yurtimizda hushtak yetarli, ammo qozon yo‘q. Ammo biz muammoning yechimini topdik: faqat hushtak ishlab chiqaramiz va sotamiz. Siz o‘zingizning oddiy qozoningizni olib, unda taom pishirishingiz va vaqti-vaqti bilan qarab turishingiz mumkin. U qaynashi bilanoq, og‘zingizga hushtak olib, hammaga taom tayyorligini bildirasiz. Shunday qilib, siz oddiy qozon emas, balki hushtakli qozonning egasi bo‘lasiz.
Boshqa jihatlari qatorida, bu g‘oya bir qator afzalliklarga yo‘l ochib beradi. Xohish bo‘lsa, hushtak o‘rniga saksafon, skripka yoki nog‘oradan ham foydalanishingiz mumkin. Bunday holda, qozon mos ravishda saksafonli, skripkali yoki nog‘orali deb ataladi. Bu fikr butunlay bizga tegishli. Agar, masalan, nog‘orali qozonda ovqat tayyorlangan bo‘lsa, uning pishganidan nafaqat uydagilar, balki butun mahalla xabardor bo‘ladi.
Tushuntirishlar uchun direktorga minnatdorlik bildirdim va qaytdim.
Direktorning dasturxoni atrofida jam bo‘lgan gazetachilar ertasi kuni o‘z nashrlarida “Sanoatimiz yuksalishda”, “Hushtakli qozonlarimiz horijnikidan afzalroq”, “Yiliga yigirma besh million hushtakli qozon!” kabi sarlavhalar ostida ko‘tarinki ruhdagi maqolalar chop etishdi.
Habib Siddiq tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 24-son

