Xonasining eshigini kimdir taqillatmay qo‘qqisdan ochdi-yu, xayol surib o‘tirgan Lidj Beylining kapalagi uchib, qo‘lidagi trubkasini polga tushirib yubordi. U betakalluf mehmonni koyimoqchi bo‘luvdi, kim kelganini ko‘rib egilib trubkasini olishniyam unutdi.
– Deniyel Oliv! Ko‘zlarimga ishonmayman, o‘zingizmisiz?
– Ha, bu menman, – dedi mehmon dona-dona qilib. Uning hissiz yuzi kishida g‘alati taassurot qoldirardi. – Oldindan xabar bermay, sizni bezovta qilganim uchun uzr. Lekin vaziyat shuni taqozo etdi. Bu yerga kelganimni hamkasblaringiz ham, robotlar ham bilmagani ma’qul. Sizni ko‘rganimdan juda xursandman, do‘stim Lidj.
Robot shunday deb, Lidj bilan xuddi odamdek qo‘l siqishib ko‘rishdi.
– Sizni o‘zimning xonamda ko‘raman deb sira o‘ylamovdim, – dedi izquvar hamon hayratini yashirolmay. – Qanday shamol uchirdi? Hech kimga bildirmay kelishingizga qaraganda galaktikamizda yana biror ko‘ngilsizlik ro‘y berdimi, deyman?
– Yo‘q, do‘stim Lidj. Meni bu yerga yetaklagan muammo bir qarashda arzimas gapdek tuyulishi mumkin. Koinotda parvoz vaqtida ikkita matematik olim janjallashib qolishdi. Yerga yaqinligimiz bois…
– Demak, voqea yulduzlararo layner bortida ro‘y beribdi, shundaymi?
– Xuddi shunday. Olimlarning nizosi beziyondek tuyulsa-da, aslida, o‘rtada jiddiy masala turibdi.
Beyli beixtiyor jilmaydi.
– Insonlarning ayrim xatti-harakatlari siz robotlarni o‘ylantirishi tabiiy. Axir, odamlar robotlarga o‘xshab Uch qonunga bo‘ysunishmaydi-da.
– Afsuski, shunday, – dedi Deniyel jiddiy qiyofada. – Ba’zan insonlarning o‘zlari ham bir-birlarini tushunishga qodir emas, deb o‘ylab qolaman. Lekin menimcha, janjallashgan ikki olim holatini siz boshqa sayyoralarda yashovchi odamlardan yaxshiroq tushunasiz. Chunki Yerda insonlar tig‘iz yashaydi. Shuning uchun ham oldingizga yordam so‘rab keldim.
Deniyel shunday deb biroz sukut saqladi-da, keyin qo‘shib qo‘ydi:
– Odamlarning muomala madaniyatidan tuzukkina xabardorman. Lekin boya so‘rashayotganda xotiningiz va o‘g‘lingizning ahvoli yaxshimi, deyish yodimdan ko‘tarilibdi.
– Yaxshi, rahmat. O‘g‘lim kollejda o‘qiyapti. Jessi esa, siyosat bilan shug‘ullanyapti. Endi ayting-chi, sizni oldimga kim yubordi?
– Yerga yaqin qolganda kapitanga siz bilan maslahatlashsak-chi, deb o‘zim taklif qildim, – dedi R. Deniyel.
– Kapitan rozi bo‘ldimi? – Ulkan fazo kemasining boshqaruvchisi arzimas nizo tufayli parvoz rejasini buzgani Beylini taajjubga soldi.
– Muammoni hal etishning boshqa yo‘li yo‘q edi. Men sizni unga rosa maqtadim, lekin bir og‘iz ham yolg‘on gapirganim yo‘q. Fazo kemasining uchuvchi va yo‘lovchilari Yerga tushib karantinni buzmasligi uchun yoningizga bir o‘zim keldim.
– O‘sha nizo haqida gapiring-chi, – dedi Beyli qoshini chimirib.
– “Eta Karini” fazo kemasi yo‘lovchilari orasida neyrobiofizika bo‘yicha yulduzlararo konferentsiyada qatnashish uchun Avroraga uchayotgan ikki nafar matematik ham bor. Shu olimlar o‘zaro kelisholmay qolishdi. Birining ism-familiyasi – Alfred Barr Gumboldt. Ikkinchisi – Jennan Sebbet. Siz ularni tanimaysizmi?
– Yo‘q, matematiklarga ishim tushmagan, – dedi Beyli ensasini qashib. – Ishqilib kapitanga meni matematika bo‘yicha mutaxassis demadingizmi?
– Yo‘q, do‘stim. Gap shundaki, mojaroning matematikaga deyarli aloqasi yo‘q.
– Xo‘sh, janjal nimadan chiqdi?
– Avval sizga olimlar haqida qisqacha gapirib beray, – dedi robot taraddudlanib. – Doktor Gumboldt Galaktikaning uch nafar eng obro‘li ziyolilaridan biri. Doktor Sebbet esa, undan ancha yosh, hali ellikka ham kirmagan. Sebbet zamonaviy matematikaning murakkab muammolari bilan shug‘ullanayotgan noyob iste’dod egasi.
– Demak, ikkoviyam dongdor olim, – Beyli polda yotgan trubkasini oldi-yu, tutatgisi kelmay chetga qo‘ydi.
– Shu olimlardan biri ikkinchisining obro‘sini to‘kmoqchi. Adashmasam, mashhur odamlar uchun obro‘ni yo‘qotish o‘lim bilan barobar, shundaymi?
– Shunday desayam bo‘ladi, – dedi Beyli o‘ylanib. – Xo‘sh, kim sherigining misqollab yiqqan obro‘sini to‘kmoqchi bo‘layapti?
– Biz ham shuni bilolmayapmiz-da, do‘stim Lidj, – dedi Deniyel. – Ikkala matematik ham bir-birini ayblayapti. Gumboldtning aytishicha, fazo kemasi parvozni boshlagach, uning miyasiga favqulodda ajoyib g‘oya kelgan. U inson bosh chanog‘idagi neyronlarning mikroto‘lqinlarni yutishini matematik yo‘l bilan tahlil etish metodini o‘ylab topgan. Ilmiy farazini obdon o‘ylab ko‘rgach, Gumboldt fanda inqilob yasaydigan olamshumul kashfiyot qilganini tushungan. Keyin kema bortida tasodifan doktor Sebbetni uchratib, quvonchini u bilan baham ko‘rgan. Yosh hamkasbiga g‘oyasini ipidan ignasigacha izohlab tushuntirgan. Sebbet ham bu olamshumul kashfiyot ekanini tasdiqlab, Gumboldtni ko‘klarga ko‘tarib maqtagan. Shundan so‘ng Gumboldt Avroradagi konferentsiyada g‘oyasini jamoatchilikka yetkazish uchun hisobot tayyorlashga kirishgan. Keyin bilsa, uning ilmiy farazini o‘zlashtirib olgan Sebbet ham xuddi shu mazmunda hisobot yozayotgan ekan.
– Gumboldtning fig‘oni falakka chiqqandir?
– Bo‘lmasam-chi!
– Xo‘sh, Sebbet nima deyapti?
– Gumboldtning gaplarini so‘zma-so‘z takrorlayapti. Faqat ismlarning o‘rni almashgan. Sebbetning aytishicha, kashfiyotni u qilganu, Gumboldt uning g‘oyasini o‘g‘irlagan.
– Demak, ikkoviyam kashfiyot meniki, deyapti, to‘g‘rimi? Lekin haqiqatning tagiga yetish oson-ku. Ilmiy tadqiqot yozilgan qog‘ozlar ko‘zdan kechirilsa, muallifi kim ekani ayon bo‘ladi-qoladi.
– Agar kashfiyot boshqa sohaga aloqador bo‘lganda biz xuddi aytganingizdek qilardik, do‘stim Lidj, – dedi robot. – Ammo bu yerda gap matematika haqida ketayapti. Doktor Gumboldt kashfiyotini miyasida xomcho‘t qilganini va konferentsiyaga hisobot yozgunicha qog‘ozga tushirmaganini aytayapti. Sebbet ham xuddi shunday deyabdi.
– Unday bo‘lsa ikkoviniyam miyasini zonddan o‘tkazib, kim yolg‘on gapirayotganini aniqlanglar.
R. Deniyel bosh chayqadi.
– Menimcha, siz gap kimlar haqida ketayotganini yaxshi tushunmayapsiz, do‘stim Lidj. Bu olimlar – Galaktikalararo Akademiya a’zolari. Ularning xulq-atvorini faqat Akademiya komissiyasi muhokama qiladi. O‘zlari rozi bo‘lishsagina miyalarini zonddan o‘tkazishimiz mumkin.
– Ulardan ruxsat so‘ranglar unda. Yolg‘on gapirayotgani misi chiqishidan qo‘rqib unamaydi. Shunda aybdor kimligini bilib olasizlar.
– Do‘stim Lidj, bunday nufuzli ziyolilar uchun miya tekshiruviga rozi bo‘lishning o‘zi aybini tan olib sharmanda bo‘lish bilan barobar. Ikkoviyam yo‘q, deydi.
– Shunaqami? Unda nizoga aralashmanglar. Avroraga yetib borganinglarda kim yolg‘onchiligini konferentsiyadagi akademiklar aniqlaydi.
– Bu mojaroni konferentsiyaga yetib bormay turib bosdi-bosdi qilish kerak-da, do‘stim. Agar u yoqdagilar janjaldan xabar topishsa, ikkala matematikning ham nomiga dog‘ tushadi. Bizlarga ham gap tegadi.
– O‘zlariyam nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishmoqchimi?
– Ha. Ayniqsa Gumboldt janjalning ovoza bo‘lishiga qarshi. “Agar Sebbet g‘oyani o‘g‘irlaganini tan olib, konferentsiyada hisobot berishimga to‘sqinlik qilmasa, uning ustidan kengashga shikoyat yozmayman, o‘rtadagi gap shu yerda qoladi”, deyapti u.
– Sebbet nima deyapti?
– U ham xuddi shu gapni aytayapti: Gumboldt aybini tan olsa, olam guliston emish. Do‘stim Lidj, menimcha, ikkoviyam sir boy bermoqchi emas, bir-birining og‘zini poylayapti.
– Poylashsa poylayverishsin.
– Ammo bu ketishda nizo Avroradagi kengashgacha borib yetadi. Keyin fazo kemamizda tartib-intizomni saqlolmagan kapitanimizga gap tegadi.
– Xo‘sh, Deniyel. Sizningcha, bu chigalni qanday yechish mumkin?
– Bitta yo‘li bor – Akademiyaning obro‘sini saqlash, fanga dog‘ tushirmaslik uchun olimlardan birini aybni o‘z bo‘yniga olishga ko‘ndiramiz. Ammo bu holatda haqiqat qaror topmaydi. Aybsiz aybdor misqollab yiqqan obro‘sidan ayrilishi, g‘oyani o‘g‘irlagan firibgar esa suvdan quruq chiqishi mumkin. Shuning uchun bu yo‘l ham to‘g‘ri kelmaydi.
Beyli og‘ir tin oldi.
– Guvohlarimiz ham borligini aytishni unutibman, – dedi R. Deniyel.
– Jin ursin, gapni shundan boshlamaysizmi. Qanaqa guvohlar?
– Doktor Gumboldtning xizmatchi roboti R. Preston va doktor Sebbetning roboti R. Aid. R. Preston kashfiyotni xo‘jayini qilganini, Sebbet esa uni o‘zlashtirib olganini ta’kidlayapti, R. Aid esa kashfiyot Sebbetniki, Gumboldt – o‘g‘ri, deyapti.
– Demak, robotlardan biri yolg‘on gapiryapti. Tajribali robopsixolog yollab, ularni tekshiruvdan o‘tkazsanglar, haqiqat oydinlashadi.
– Kemamiz bortida robopsixolog yo‘q-da. Robotlarni Yerga yuborishga esa xo‘jayinlari ruxsat bermaydi.
– Obbo, unda mendan nima istaysiz, o‘zi, Deniyel? – dedi Beyli xiyol achchiqlanib.
– Bu muammoni hal qilish faqat sizning qo‘lingizdan keladi, do‘stim Lidj.
– Shunaqami? Unda matematiklaringiz bilan gaplashishim kerak.
– Afsuski, buning iloji yo‘q. Karantin tufayli ular kema bortini tark eta olishmaydi.
– Hech bo‘lmasa xizmatchi robotlarni videofon orqali so‘roq qilishning iloji bordir?
– Ha, buni uyushtirish mumkin.
– Demak, ikkala robotni ham so‘roq qilaman. Ayting-chi, R. Deniyel, kema bortida olingan ko‘rsatmalar qog‘ozga tushirildimi?
– Ha, sizga kerak bo‘ladi, deb ularni olib keluvdim.
– Yaxshi qilibsiz… Robotlarni so‘roqqa tutishdan avval bir o‘ylab ko‘rsak. Odatda robot yolg‘on gapirmaydi. Lekin Uch Qonundan birini buzmaslik uchun aldashi mumkin. Ya’ni, Uchinchi Qonunga binoan o‘zini omon saqlash, Ikkinchi qonunga ko‘ra xo‘jayini – insonning buyrug‘ini bajarish, Birinchi Qonun bo‘yicha odamlarni xavf-xatardan asrash va ularga ziyon yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun robot yolg‘on gapirish huquqiga ega. Bizning holatimizda xizmatchi robotlardan biri xo‘jayinining obro‘-e’tiborini saqlash uchun yolg‘on ishlatmoqda. Bu Birinchi Qonunga to‘g‘ri keladi. Chunki mashhur matematik uchun obro‘sini yo‘qotish o‘lim bilan barobar.
– Ammo yolg‘on gapirayotgan robot narigi olimga zarar yetkazadi-ku, do‘stim Lidj?
– Gapingiz to‘g‘ri. Lekin robot uchun xo‘jayinining manfaati birinchi o‘rinda turadi-da… Xo‘sh, dastlab doktor Sebbetning roboti R. Aidni so‘roq qilamiz.
– Bir daqiqa, – dedi R. Deniyel devor tomonga yurib. – Hozir proyektorli mikrouzatkichni yoqaman. Devorda robotning aksi paydo bo‘ladi. U bilan xuddi yonma-yon o‘tirib suhbatlashayotgandek bemalol gaplashaverasiz.
Ko‘p o‘tmay oppoq devorda R. Aidning ikki o‘lchamli tasviri ko‘rindi. R. Deniyeldan farqli o‘laroq, tanasi metalldan yasalgan uchta blokdan iborat bu novcha robot sirayam odamga o‘xshamasdi.
– Salom, R. Aid, – dedi Beyli.
– Salom, ser, – ko‘rinishi o‘xshamasayam R. Aid odamlardek ravon gapirardi.
– Sen Jennan Sebbetning yordamchisisan, shundaymi?
– Ha, ser.
– Qachondan beri uning xizmatidasan?
– Yigirma ikki yildan beri, ser.
– Xo‘jayiningning obro‘-e’tibori sen uchun muhimmi?
– Ha, ser.
– Sen uning obro‘sini himoya qilish kerak deb hisoblaysanmi?
– Ha, ser.
– Xuddi uning hayotini himoya qilgandekmi?
– Yo‘q, ser.
– Xuddi boshqa biror odamning obro‘sini himoya qilgandekmi?
R. Aid biroz o‘ylab, keyin shunday dedi:
– Savolingizga aniq javob berish mushkul, ser. Bunaqa holatlarda vaziyatga qarab ish ko‘raman.
R. Aid Beyli o‘ylagandan ko‘ra farosatliroq ekan. Izquvar kutilmagan savol bilan uni qarmoqqa ilintirish oson kechmasligini tushundi.
– Ayt-chi, agar sen xo‘jayiningning obro‘si boshqa odamning, misol uchun, Alfred Gumboldtning obro‘sidan muhimroq deb hisoblaganingda uni himoya qilish uchun yolg‘on gapirarmiding?
– Ha, ser.
– Xo‘jayining va Gumboldt o‘rtasidagi tortishuv haqida ko‘rsatma berayotib yolg‘on ishlatdingmi?
– Yo‘q, ser.
– Agar aldashga majbur bo‘lsang ham buni tan olmasding, shundaymi?
– Ha, ser.
– Unda gapimni diqqat bilan eshit, – dedi Beyli hal qiluvchi hamlaga o‘tib. – Sening xo‘jayining Jennan Sebbet yosh va kelajagi porloq matematik. Agar Gumboldtning gapi tasdiqlanib, kashfiyotni Sebbet o‘g‘irlagani aniqlansa ham, bu xo‘jayiningning kelajakdagi faoliyatiga unchalik ta’sir qilmaydi. Negaki oldinda uni bundan ham katta kashfiyotlar kutmoqda. Lekin agar Gumboldtning o‘zi plagiatga qo‘l urgani isbotlansa, uning misqollab yiqqan obro‘yi bir pul bo‘ladi. Shuhratini qayta tiklashga esa unda vaqt yo‘q. Gumboldt qartayib qolgan. Xullas, ko‘rib turibsanki, doktor Gumboldt xo‘jayining bilan solishtirganda ancha tang ahvolda qoldi, shunday emasmi?
R. Aid uzoq o‘ylagach, nihoyat tilga kirdi:
– Avvalgi ko‘rsatmalarim yolg‘on edi. Kashfiyotni doktor Gumboldt qilgan, xo‘jayinim esa uni o‘zlashtirmoqchi edi.
– Juda soz, – dedi Beyli. – Senga rahmat. Ketishing mumkin.
Devordagi tasvir o‘chgach, Beyli trubkasini tutatdi.
– Endi Gumboldtning robotini chaqiring. Unga ham xuddi shu savollarni beraman.
– Nimaga? – hayron bo‘ldi R. Deniyel. – R. Aid barini tan oldi-ku?
– R. Aidning iqrori bilan ish bitmaydi. Unga Gumboldt og‘ir ahvolda deganimdan keyin ko‘rsatmasini o‘zgartirdi. Hozirgi iqrori tang holatdagi insonni himoya qilish uchun aytilgan yolg‘on bo‘lishi ham mumkin. Shunday ekan, demak, hali ish bitgani yo‘q.
Ko‘p o‘tmay devorda Gumboldtning roboti R. Prestonning tasviri ko‘rindi. Bu robot R. Aiddan faqat ko‘ksidagi naqsh bilan farqlanardi.
– Salom, R. Preston, – dedi Beyli.
– Salom, ser.
– Sen Alfred Gumboldtning yordamchisisan-a, shundaymi?
– Ha, ser.
– Qachondan beri uning xizmatidasan?
– Yigirma ikki yildan beri, ser.
– Xo‘jayiningning obro‘-e’tibori sen uchun muhimmi?
– Ha, ser.
– Sen uning obro‘sini himoya qilish kerak, deb hisoblaysanmi?
– Ha, ser.
– Xuddi uning hayotini himoya qilgandekmi?
– Yo‘q, ser.
– Xuddi boshqa bir odamning obro‘sini himoya qilgandekmi?
R. Preston biroz o‘ylab, keyin gapirdi:
– Savolingizga aniq javob berish mushkul, ser. Bunaqa holatlarda vaziyatga qarab ish ko‘raman.
– Ayt-chi, agar sen xo‘jayiningning obro‘si boshqa odamning, misol uchun, Jennan Sebbetning obro‘sidan muhimroq deb hisoblaganingda uni himoya qilish uchun yolg‘on gapirarmiding?
– Ha, ser.
– Xo‘jayining va Sebbet o‘rtasidagi tortishuv haqida ko‘rsatma berayotib yolg‘on ishlatdingmi?
– Yo‘q, ser.
– Agar aldashga majbur bo‘lsang ham, buni tan olmasding, shundaymi?
– Ha, ser.
– Tushunarli, – dedi Beyli. – Endi vaziyatni jiddiyroq tahlil qilaylik. Xo‘jayining Alfred Gumboldt dongdor, atoqli olim. Agar Sebbetning gapi to‘g‘ri chiqib, Gumboldt uning kashfiyotini o‘g‘irlagan bo‘lsa, bu xo‘jayiningning obro‘siga unchalik salbiy ta’sir qilmaydi. Qariyaning yosh hamkasbiga havas qilib beixtiyor uning g‘oyasini o‘zlashtirganini ko‘pchilik to‘g‘ri qabul qiladi. Lekin agar Sebbet xo‘jayiningning g‘oyasini o‘g‘irlagani isbotlansa, yosh olimning holiga maymunlar yig‘laydi. Uning endi tanilayotgan nomiga dog‘ tushib, obro‘si bir tiyin bo‘ladi. Xullas, Sebbet xo‘jayining bilan solishtirsak juda tang ahvolda qoldi, to‘g‘rimi?
R. Preston uzoq vaqt tovush chiqarmadi. So‘ngra:
– Avvalgi ko‘rsatmalarim yolg‘o… – dedi-yu, o‘chib qoldi.
– Menimcha, R. Prestonning miyasi ishdan chiqdi, do‘stim Lidj, – dedi R. Deniyel gapga aralashib.
– Nihoyat ayb kimda ekanini aniqladik, – Beyli mamnun jilmaydi.
– O‘g‘rini topdikmi?
– Ha.
– Qanaqasiga?
– Hozir sizga tushuntiraman. Masalan, men vijdoni pok olim bo‘lsam, robotim xuddi R. Aidga o‘xshab faqat boshqa biror insonga ham ko‘mak berish uchun, Uch Qonunga ko‘ra, yolg‘on ishlatadi va bu yolg‘on unga zarar qilmaydi. Lekin agar men kashfiyotni o‘g‘irlasamu, robotimga yolg‘on ko‘rsatma berishni buyursam, u Uch Qonunga ko‘ra, menga yordam berish uchun yolg‘on gapiradi. Lekin bu yolg‘on boshqa bir insonga salbiy ta’sir etganini bilsa, haqiqat va yolg‘on o‘rtasida arosatda qolib miyasi ishdan chiqadi. R. Prestonning miyasi kuydi. Demak, uning xo‘jayini doktor Gumboldt sherigining kashfiyotini o‘g‘irlabdi. Fazo kemasi kapitaniga shunday deb ayting, do‘stim Deniyel. U Gumboldt bilan bir gaplashib ko‘rsin.
– Ko‘rsatmangizni hoziroq videofon orqali kapitanga yetkazaman. Meni ma’zur tutasiz, kema kapitani bilan yolg‘iz gaplashishim kerak, – R. Deniyel shunday deb xonadan chiqib ketdi.
Beyli taxmini to‘g‘ri chiqqaniga umid bog‘lab, trubka tutatgancha robotni uzoq kutdi. Nihoyat R. Deniyel ortga qaytdi.
– Aytganingiz to‘g‘ri chiqdi. Kapitan bilan suhbatdan so‘ng doktor Gumboldt Sebbetning kashfiyotini o‘g‘irlaganini tan oldi. Ayting-chi, do‘stim Lidj, robopsixolog bo‘lmay turib yordamchi robotlardan qaysi biri yolg‘on gapirayotganini qanday aniqladingiz?
Beyli tabassumini yashirolmadi.
– Do‘stim Deniyel, men robotlarning emas, odamlarning fikrlash tarzidan kelib chiqib haqiqatni topdim. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring: yosh olim Sebbet kema bortida olamshumul kashfiyot qiladi. Turgan gapki, u qariya Gumboldtdan maslahat so‘raydi. Gumboldtdek dovrug‘i doston, ko‘pni ko‘rgan olim o‘z kashfiyotini tahlil qilish uchun tajribasiz Sebbetdan maslahat so‘rashi mumkinmidi? Menimcha, yo‘q. Sebbetning Gumboldtdek obro‘li zotning kashfiyotini o‘g‘irlashga haddi sig‘armidi? Yo‘q. Boshqa tomondan, qariya Gumboldtning yosh hamkasbining g‘o‘rligidan foydalanib, tayyor g‘oyani o‘zlashtirib olganini taxmin qilish qiyin emas. Shu ehtimollarning barini hisobga olib aybdor kimligini aniqladim. Robotlarning ko‘rsatmasi esa, isbot vazifasini o‘tadi, xolos.
R. Deniyel izquvarning gaplari ustida ancha bosh qotirdi.
– Sizga katta rahmat, – dedi u Beylining qo‘lini siqarkan. – Yaqin kunlarda yana uchrasharmiz degan umiddaman.
– Bunaqa mojarolarga meni aralashtirmasligingiz uchun kechroq uchrashishgayam roziman, – dedi Beyli kulib.
Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son