Arkadiy Averchenko. Pashsha (hikoya)

1
Bir mahbusning kundaligidan

Mana, vanihoyat yolg‘iz qoldim. Yo tovba, bu qanday ko‘rgulik, tiq etgan ovoz yo‘q, hatto birorta jonli mahluq ham. Ko‘zlarimga ishonayman, shu qarshimdagi nima, devordagi? Hayriyat qo‘zg‘olyapti, tirik. Bu qanday baxtiyorlik, bu qanday saodat!
Bu mahal sovuq qamoqxona devorida oddiy bir pashshaga ko‘zim tushgan edi. Mitti mahluq ojiz oyoqlarini boshi uzra o‘tkazgan, omonatgina, mahzungina turardi.
Qadrdonim pashshavoy! Ich-ichimdan aminman, sen mening eng yaqin do‘stim bo‘lasan, faqatgina sen bu sovuq xonadan meni iskanjasiga olayotgan yolg‘izlikni haydab chiqarasan.
Biroq, ichimda juda og‘ir hasrat bor… Mabodo bu mittivoy bu yerni yoqtirmasdan, qochib ketmoqni ixtiyor qilsachi… Xudo ko‘rsatmasin ishqilib. Pashshavoyning ko‘ngliga yo‘l topishim kerak, birorta taom tayyorlayman yaxshisi.
Ovqatimdan qolgan bir bo‘lak go‘shtni olib, og‘zimda eritdim va stol ustidagi qog‘ozga qo‘ydim. Avvalam bir qulog‘imga chalingandi, bilishimcha, pashshalar go‘shtni xush ko‘risharmish. O‘ylarimni yig‘ib, pashshavoyning go‘shtni qanday tanovvul qilishini ko‘rishga oshiqdim.
Pashsha esa qamoqxona uzra aylanib uchar, devorga, goh-gohida kir yostig‘imga qo‘nar, tinmay vizillardi. Biroq men unga tayyorlab qo‘ygan shohona taomni negadir ko‘rmasdi.
Qadrdonim pashshavoy! Bu tarafga biroz qarasanchi… Karovatimdan turib, devorda mizg‘iyotgan pashshani stol tarafga quva boshladim: “Qo‘rqma erkavoyim, qo‘rqma, ishon, mendan senga hech qanday ziyon yetmaydi. Bilasanmi, biz ikkimiz ham bir falokatga yo‘liqqan do‘stlarmiz…”
Oo-o, nihoyat pashsha stolga qo‘ndi. O‘zimni tutolmay “Osh bo‘lsin qadrdonim, osh bo‘lsin!” deya baqirib yubordim.
Qamoqxona nimqorong‘u va juda sovuq, har tarafdan yelvizak yelar, qadrdonim pashshavoy esa oldimdagi devorda g‘alati ko‘rinishda qotib turardi: “Oh, nahotki o‘lib qolgan bo‘lsaya? Yo‘q-yo‘q, ana, qimirlayaptiku…”
Eshik tarafga yuzlanib “Ey, qo‘riqchi, avvallari, yolg‘izligimda qattiq sovuq qotardim, ayoz meni zir titratardi. Sizdan na bu yerni isitishni, na o‘zga joyga ko‘chirishingizni so‘raganman. Hozir vaziyat boshqa. Bizga olov bering, bu yerni isiting…”
Biror odam mening faryodimni eshitmas, qamoqxona go‘yoki quloqlarini mahkam yopib olgandi.
Pashsha devorda oldin qanday turgan bo‘la hamon o‘sha vaziyatda qotib turardi. Qanday baxt, qaynoq choy bilan to‘lgan choynak keltirib berishdi.
“Qadrdonim, og‘rinma, hozir sen ham isinib olasan!”
Choynakni sekingina pashshaga yaqinlashtirdim. Qaynoq choyning bug‘lari to‘g‘ri pashsha tomonga yo‘naldi. Pashsha bir silkindiyu ohista joyidan qo‘zg‘oldi. Nihoyat, Xudoga shukr…
“Qadrdonim, bilib qo‘y, biz bir-birovga yordam qo‘lini cho‘zishga majburmiz. Hi-hi-hi…”
O‘sha kech uxlay olmadim. Xayolimni turfa xil yomon o‘ylar egallab oldi: “Tun payti pashshavoy uchishni istab qolib, uchsa, so‘ngra menim chorpoyamga qo‘nsa, men esa bilmasdan uni ezib qo‘ysam… O‘z qadrdoningni ezib o‘ldirmoq… Yo tovba… Qanday yomon xayol… Yo‘q, bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman…”
Moychiroqni yoqib, stol uzra joylashtirdim. Ko‘zlarimni yummay, yotgan yerimda pashshani kuzata boshladim. Hech qisi yo‘q, bu tun uxlamayman, ertaga kunduzi ham uxlashga vaqtim borku har holda…
Qanday falokat! Qadrdonimning shiftdagi o‘rgimchak to‘riga tushishiga sal qoldi. Bu to‘r qayerdan paydo bo‘ldi ekan… Axir bugungacha o‘rgimchak yohuh uning to‘riga ko‘zim tushmagandi. Biroq, buni qarangki xonamda avvaldan mendan boshqa mahluq ham bor ekan. Biroz ko‘zim ilingan ekan, to‘satdan xonada qattiq vizillagan sas paydo bo‘ldi. Yana yomon o‘ylar og‘ushida o‘rnimdan sakrab turdim. Qarasam, qadrdon pashshavoyim o‘rgimcha to‘ri yonida qanot qoqyapti. Tunda tinchgina yotsa bo‘lmaydimi-a? Sal qoldi aqldan ozardim.
“Qadrdonim, men ham shunday bir to‘r qurboniman. Seni ham shunday to‘rda qurbon bo‘lishingni istarmidim? Albatta yo‘q…”
“Kisht-kisht”, qo‘llarimni tebratib pashshani hayday boshladim. Biroq pashshani hurkitib yubormaslik uchun qo‘limdan kelganicha pastroq ovozda baqirdim. Pashshavoy meni ko‘rar-ko‘rmas qochishga urunib, birdan to‘rga ilakishib qoldi.
“Yo tovbayey, qanday aqlsiz mahluqsan! Qilgan ishingni qara…” Qo‘lim bilan o‘rgimchak to‘rini olib tashlashga, qadrdonimni qutqarishga urundim.
Yana xayolga berildim: “Ohh-h… O‘zimga o‘xshagan biror yaxshi inson kelib meni ham bu to‘rdan qutqarsaydi…”
Bugun yeyish-ichishimda maza yo‘q. Faqatgina taxta chorpoyamga uzanib, bir nuqtaga tikilib yotdim. Pashsha izsiz yo‘qolgandi. Uchgan, ketgan, meni tark etgandi. Egoist mahluq! Nima bu yerda unga biror zarar yetibdimi? Nima bu yerda unga men qaramadimmi, ko‘nglini olmadimmi?

2
Pashshaning kundaligidan

To‘g‘risi aytsam, majburlikdan emas, qiziqqonligim tufayli bu yerga keldim. Kelar-kelmas darrov katta xato qilganimni tushunib yetdim. Bu qanaqa zerikarli yer bo‘ldi-a?
Qamoqxonaning sovuq devorlariga endigina qo‘ngandim. To‘satdan menga tikilayotgan begona nigohlar bilan to‘qnashdim. Bu odam mendan nima istaydi? Bu odam nega menga yeb qo‘yguday termulmoqda? Yoki, nima, meni asfalasofinga jo‘natmoqni xohlayaptimi?
Bo‘ldi, tushundim. Bizga halovat endi harom. Mayli, hech bo‘lmasa xonada biroz uchay, so‘ngra bu ahmoqning qo‘lidan qutulaman…
Biroq, shuni hech anglolmayapman: bu telbaning mendan nima istagi bor?
Telba mahbus kir-chir bo‘lib yotgan stolga iljirab ketgan bir bo‘lak go‘shtni qo‘ydi, meni chorladi, boravermaganimdan keyin kaftlarini bir-biriga urib quvlashga tushdi. Ochig‘ini aytsam shu yoshga chiqib bunaqangi kulguli manzarani ko‘rmagandim. Kap-katta odam xonada u yoqdan bu yoqqa zir chopyapti. Kulgidan o‘zingni to‘xtatish mushkul. Bola bo‘lsayam mayliydi, tushunsa bo‘lardi. Ammo kap-katta odam uchun juda notabiiy. Boshqa ilojim yo‘q. Qismat shu. Stolga qo‘nib u qo‘ygan jirkanch ovqatdan totinmoq lozim.
Tovba, bu ahmoq nega baqiryapti? Uyalmaydi ham. Katta odamligi bir tarafu hurmacha qiliqlari bir taraf.
Tovba, bir daqiqayam tinchlik yo‘g‘a? Endigina ko‘zlarim yumulib, mudrashni boshlagandim xonadagi baland ovozdan o‘rnimdan sakrab turdim. Telba mahbus shovqin-suron ko‘tarar, eshikni mushtlab uzun-uzun oh chekardi. Eshikni buzguday mushtlayvergani, bor ovozida baqiravergani uchun unga bir choynak keltirib berishdi. Hayronman, yarim kechada choynakni boshiga uradimi. Yo tovba, o‘zi shu kam edi. Bu ahmoq choynak qopqog‘ini ochib burnimga qadar tiradi deng, bu nimasi tentak?
Qo‘rqib kutayotganim boshimga tushdi. Mahbus bir qanotimni kuydirdi. Surish kerak bu yerdan. Kuygan qanot bilan bo‘lsayam uchib ketishim shart. Bu qanaqa kulguli vaziyat, yo tovba. Undan qochishga urunib uchgandim, choy bug‘larini uflab ortimdan qolmay yugurishga tushdi.
Tashqarida zim-ziyo qorong‘ulik hukm surmoqda. Tun yarmidan og‘gan. Ko‘zlarim yumulish taraddudida, biroq qanday uxlayman, imkoni yo‘q. Telba mahbus lampasini yoqib, meni kuzatib o‘tiribdi. Hamma narsaning ham chegarasi bor. Shunchalik charchagan, shunchalik bu yerdan bezgan bo‘lishimga qaramay bu ahmoqning qo‘lidan qutulolmasligimni bilib turardim. Albatta, bunday vaziyatda uxlash bir chetda tursin, ko‘z yumishga ham haqqim yo‘q. Tong otsa bo‘ldi, telba mahbus choynagi bilan yana ortimdan tushadi.
Birdan ko‘rib qolib xona burchagidagi o‘rgimchak to‘riga yaqinlashdim. Maqsadim o‘rgimchak ko‘pdan beri yashamayotgan bu to‘rni ko‘rish. Chuchvarani xom sanabman. O‘rgimchak to‘riga yaqin kelar-kelmasimdan telba mahbus to‘satdan mixga o‘tirgan odamday o‘rnidan turdi. Baland ovozda baqirib, qo‘llarini irg‘itib nimalardir dedi. Men qo‘rqib ketdim to‘g‘risi. Biroz undan yiroqlashaman degandim, muvozanatimni yo‘qotib to‘rga ilakishib qoldim. U esa dod-faryod solib yonimga keldi. Meni to‘r bag‘ridan tortib olishga urundi.
To‘xta! Ahmoq. O‘zim… bu yerdan o‘zim chiqa olaman. Qo‘yib yubor… Yubor! Telba! Qanotimni uzib olding. Voh jonim… Qanotimni uzib olding, tentak. Voh… Oyog‘im… Oyog‘im…
Bo‘ldi, bas. Bu nimasi hayvon?
Bu nima ovoz? Ha, qo‘ng‘iroq ovozi ekan. Tushlik payti bo‘ldi shekilli. Qanday baxt! Hozir eshik ochiladi, men ham tashqariga uchib chiqaman. Urra!
Bunaqa joylarga qaytib qadam bosamanmi? Xudo asrasin! Hech qachon. Barcha hamjinslarimga ham maslahatim shu:
Qadrdon pashshalar! Qamoqxonalardan uzoqroq yuring. Unaqa joylarga bilib-bilmay tushib qolishdan saqlaning…

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi