Qish kelib, qahraton hukmini o‘tkaza boshlagach ijara uy izlovchilar soni har doimgidan ham ko‘paydi.
Ko‘chalarda bir-birini ko‘rib qolgan odamlar salomlashish, hol-ahvol so‘rash o‘rniga shunday deyishardi: “Ijara uy topib bering…”, “Ijaraga uy kerak. Bitta xona bo‘lsayam mayli…”
Ijaraga hatto xona ham yo‘q, ustiga-ustak qishning uzun kechalari bitmas-tuganmas edi. Ertalabki gazetaning so‘nggi sahifasidagi burchakda ijaraga uy izlayotganlarning talab e’lonlari chop qilingan, har holda bu hol birinchi marta emas, so‘nggi paytda chiqayotgan nashrlarning har sonida ijara izlayotganlarning qisqacha ohu faryodi bosilardi.
“Iltimos, bizga ijaraga uy topib bering, narhi siz aytganday…”, “Ijaraga uy olamiz, qimmat bahoda…”
E’lonlarning barchasi o‘ziga xos yozilgan, ularning oldida qolgan tahlilu mulohazaga boy maqolalar ip esholmasdi. Ehtimol bu so‘nggi yillarda ijara uy izlovchilarning soni ortgani, uy topish uchun eng zamonaviy yo‘llardan istifoda etilayotgani tufaylidir. Masalan, mana qarang:
“Qayerda bo‘lsa bo‘lsin, ijaraga bir xonali uy topib bergan odamga 3 ming rubl beramiz…”, “Ijaraga uy kerak! Uyda isitish tizimi yo‘q bo‘lsayam mayli, huhlab isitishga ham roziman!”, “Bir xonali uyini ijaraga bergan uy egalariga tekinga shirinliklar pishirishni o‘rgataman, istashsa, musiqadan ham dars beraman…”
Bularku hech gap. Shunday e’lonlar bor ediki…
“Ijaraga uy izlayapman! Agar eshiklari men istaganday bo‘lsa, uy sohibining ayoliga yap-yangi italyan etigi va yapon nimchasini sovg‘a qilaman. Eshiklari men istaganday bo‘lishi bilan birga uy shahar markazida joylashgan bo‘lsa, amerikadan maxsus keltirilgan durbin va fotoapparatni ham qo‘shib beraman…”
Uy izlayotgan orasida hatto horijiy mehmonlar ham bor edi:
“Bir xonali uy topib bergan odamga ming rublni frank qilib to‘layman”.
Inson qanchalik insoniylikdan chiqqan bo‘lmasin, xorijiy valyuta bo‘lsa boshqachada baribir.
Mana, mana bu e’londa ham soflik va o‘ziga xos ifoda bor:
“Yolg‘iz ayol uchun uy izlayapmiz. Taklif: ? (istalgan narsa)”.
Tovba, axir bo‘ronda pashshaning vizillayotgani eshitiladimi hech?!
Odamlarga ham hayronsan, bu e’lonlar xuddi Londondagi mashhur teatr e’lonini Sahroyi Kabirdagi bir hurmo daraxtiga yopishtirishga mengzaydi. “Bechoragina, yolg‘iz ayol…”, deydi o‘qigan odam ichidan, masalan, lekin yordam qo‘lini cho‘zolmaydi, axir o‘lka osmoni musaffo bo‘lishiga qaramay zamon og‘ir.
Bu e’londa esa qandaydir yig‘lamsiragan yolvorish bor: “Agar siz nomusli odam bo‘lsangiz hech kimi yo‘q odamga ijara uy bering!”
Jiddiy, so‘zidan qaytmaydigan bir odamning butun hafta davomida ijara uy izlab bosh suqmagan yeri qolmadi. Qancha urunmasin uy topolmadi. Vaziyatni tahlil qildi o‘zicha. Ijara uy izlayotganlarning e’lonlarini o‘qiy-o‘qiy ijaraga uy izlab topish borasida usta bo‘ldi. Kunlardan bir kun gazetalarning biriga shunday e’lon berdi:
“Ijara uy bergan odamning hurmati uchun uning qiziga uylanishga ham roziman! Qizning necha yoshdaligi, uyning ijara haqqi qanchaligining umuman qizig‘i yo‘q. Ijaraga uy berish va qiz uzatishni xohlovchilar quyidagi manzilga xabar qilishsin!”
Bu talabgor mavzuga boshqalardan ko‘ra o‘zgacha yondoshgandi.
O‘sha kunning o‘zidayoq keksa bir janob uni so‘rab keldi:
— Men, — dedi o‘ziga yarashgan oppoq soch-soqolini silab tavoze bilan, — qizim haqda gaplashgani keldim yoningizga.
Yigit javoban:
— Albatta, uy haqida ham, — deya qo‘shib qo‘ydi.
— Shubhasizki u o‘z-o‘zidan bo‘ladi. Yaqinda bittasining boshiga yetdi…
— Oh, judayam mamnunman. Qanday yaxshimi?
— Har holda juda yomonmas, chidasa bo‘ladi. Bo‘yi kalta, sochlari uzun, tishlari…
— Ee-e, tishlarini qo‘ying, uy haqida gaplashaylik, uy haqida… Ishqilib sharoitlari yaxshimi?
— Yomon emas albatta, biroq qizim unchaligam… Yaqindagina 4 kursni bitkazdi.
— Xo‘sh-xo‘sh, qanaqa, rangi ochiqmi?
— Nima desam ekan, kashtanrangli desayam bo‘ladi.
— Devorqog‘ozi kashtangrangdami?
— Yo‘q! Bechora qizimning sochlarini aytyapman…
— Janob, axir bunaqasi ketmaydi, men sizga jiddiy gapiryapman, siz bo‘lsa qayoqdagi sochlarni aytasiz…
— E, ha-a, uyni so‘rayapsizmi, uy yomon emas albatta, hamma sharoitlari bor, yashasa bo‘ladi. Qizim turmushga chiqish uchun o‘qishiga ham bormay qo‘ydi, nimasini aytasiz, axir bo‘yi yetib qolganda qizalog‘imni. Qismati qorong‘u bo‘lishini istamadi, ehtimol…
— Qanaqa qorong‘ulik, nima qorong‘uda qoldi, axir siz uyda hamma sharoit bor, yaxshi dedingizku?!
— Axir men qizimning qismati, turmushga bermoqchiligim haqida gapiryapman. Uzoq o‘tirib qolsa yaxshi emas axir…
— Nega uzoq qolar ekan, elektr kelsa yonadimi axir chiroqlari?
— Birodar elektrning nima dahli bor?
— Axir uyga mehmon kelib qolguday bo‘lsa…
— Qizimning qo‘l-oyog‘i chaqqon albatta.
Yigit biroz o‘yga cho‘mdi, so‘ngra lablarini tishlab:
— Yangimi? — deya so‘radi.
— Albattada, 36 ga kirgan bo‘lsa ham hali qiz bola.
— Eh, janob, qizingiz qanaqa, necha yoshda bo‘lsa ham uylanaman. Siz menga yaxshisi ijara, ijara uy haqida ma’lumot bersangiz yaxshiroq bo‘lardi.
— Ma’zur tuting, men buni mol-davlat ustiga emas, ishq ustiga quriladigan oila bo‘lishini istayman. Axir men ham otaman…
— Men esa ijarachiman. Qaysi biri og‘irroq sizningcha?! Aytingchi, menga sep ham berasizmi?
— Albattada! Deyarli mol-mulkimning yarmini beraman sizga. Masalan, 6 dona qimmatbaho palto, eng sifatli ko‘ylak va shimlardan…
— Bularni qo‘ying, iltimos, menimcha, endi sizni ota desam ham bo‘ladi. Otajon, keling yaxshisi borib ko‘raylik, keyin bir to‘xtamga kelamiz…
— Axir u hali siz bilan uchrashishga tayor emas…
— Uyni otajon, uyni, borib ko‘raylik iltimos…
Yigit ijara uy haqida shunchalik qiziqardiki, qiz xayoliga ham kelmasdi… U faqat uy topganidan yetti qavat ko‘kka chiqqan odam kabi sevinar va o‘ylardi: “Osonmi axir, 3 oyu 2 hafta davomida ko‘chada, goh metro bekatida, goh do‘konlar oldidagi o‘rindiqlarda tunab qoldim…”
Ikki yosh nikohdan o‘tib, to‘y dasturxoniga o‘tirishganida mushtoq kelin yigitning bo‘ynidan o‘pib, astagina qulog‘iga shivirladi:
— Grishinka, to‘yimiz o‘tganidan keyin bu uy nari borsa bir hafta bizning ixtiyorimizda bo‘ladi, so‘ngra birga ikkalamiz yana uy izlashga tushamiz. Men har holda erimning uyida yashashni istayman.
— Nima, nimalar deyapsan?
— Nega hayronsiz, nega dovdiraysiz, axir bu uy otamning xizmatchisini uyi, xizmatkorning uyida yashashga aslo rozimasman.
Yigit bu gapdan keyin birdan qichqirib yig‘lab yubordi…
O‘sha ma’shum kundan besh yil o‘tib qotilning ishi ikkinchi marta ko‘rib chiqildi.
Sudya:
— Qotil o‘ta aqlli va odobliligi, birovga ozor bermay yaxshi mahbus bo‘lgani uchun oqlansin! — deya hukm o‘qidi.
Qotil havotirga tushib so‘z ochdi:
— Xo‘sh?! Qamoqxonadan chiqamanmi?
— Albatta, siz endi ozodsiz! O‘ylaymizki, endi hech qachon bu yerga qaytmaysiz, qotillik qilmaysiz…
— Oo-o, qanday razolat! Ehtimol, meni jinnixonaga yuborarsizlar…
— Yo‘q! Axir siz jinni emassizku!
— Balki, siyosiy mahbuslar byurosiga jo‘natarsiz?!
— Siz tamomila ozodsiz!
— Oo-o, bu qanday ko‘rguliga, bu qanday razolat. Yana ko‘chalarda daydi mushugu itlar bilan birga yotaman. Eh, Rossiyamning go‘zal qamoqxonalari…
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

