Buxgalter Kazanlikov xotiniga dedi:
– Unga shu qadar achinamanki… Doim yolg‘iz, u bilan deyarli hech kimsa qiziqmaydi, gap qo‘shmaydi… Lekin ko‘rinishidan tuppa-tuzuk, baodob kishi, axir u bizga xalal bermaydi-ku! U ham menga o‘xshagan bank xizmatchisi. Qarshi emasmisan, azizam? Bugungi ziyofatga uni taklif etdim.
– Bemalol! – javob berdi xotini picha ajablanib. – Xursand bo‘laman.
Mehmonlar soat o‘nda jam bo‘lishdi. Choy ichishdi, mezbonni ism kuni* bilan tabrik etishdi va yosh juftlik – buxgalter Kazanlikovning singlisi va uning qallig‘i, talaba Anichkinga hazil-mutoyiba qilishdi.
Soat o‘nda Kazanlikov va xotinining suhbatiga mavzu bo‘lgan o‘sha odobli janob ham tashrif buyurdi… U baland bo‘yli, gavdasi xuddi yashinqaytargichdek tippa-tik kishi bo‘lib, sochlari po‘lat cho‘tka kabi siyrak va qattiq, quyuq qora qoshlari ajablangandek kerilib turardi. Egnidagi qora syurtuk tugmalari oxirigacha qadalgan, bosiq va muloyim, lekin ta’sirli gapirar, o‘zini eshitishga majbur etardi.
Choyni rom bilan ichardi.
Ikki stakan choy ichgach, uchinchisini rad etdi va mezbonga iltifot yuzasidan nigoh tashlagach, so‘radi:
– Bolalaringiz bormi?
– Kutyapmiz! – jilmaydi Kazanlikov, dik etib o‘rnidan turgan va semiz odamlar singari yaqqol turtib chiqqan qornini kichraytirib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek harakat qilgan xotiniga xijolatomuz ishora qilib.
Yolg‘iz janob viqor bilan bekaning qorniga razm soldi.
– Kutyapmiz deng? Ha… Hm… Bola tug‘ilishi – xavfli narsa.
– Nega? – so‘radi Kazanlikov.
– Xavfli bo‘lmay nima? Bunaqa ishlar ko‘pincha o‘lim bilan yakun topadi. Tug‘ruq vaqtida bezgak yoki boshqa biron dard tutsa bormi, tamom deyavering!
Kazanlikov o‘lganining kunidan jilmaydi.
– Nachora, hammasi xayrli tugaydi deb umid qilamiz. Pahlavondek, do‘mboqqina o‘g‘ilchamiz bo‘ladi… He-he!
Yolg‘iz janob terlagan kafti bilan boshidagi siyrak qora sochlarni silarkan, o‘ylanib qoldi.
– O‘g‘ilchamish… Hm… Ha, o‘g‘ilchalar ham, bilasizmi… Ko‘pincha o‘lik tug‘iladi.
Mezbon yelkasini qisdi.
– Kamdan-kam hollarda shunday bo‘ladi.
– Kamdan-kam? – e’tiroz qildi mehmon. – Yo‘q, bunaqa hollar kam bo‘lmaydi. Ba’zi ayollar mutlaqo farzand ko‘ra olmaydilar… Organizmlari yo‘l qo‘ymaydi. Mana, siz, xonim… Bolangiz dunyoga kelishi – siz uchun oxiri qayg‘uli bo‘lgan juda jiddiy xavf-xatar bilan tahdid soladimi deb qo‘rqaman…
– Bu nimasi, boshqa gap qurib qolganmi, janoblar? – dedi amaldor Fitilevning xotini. – Hech qanaqa noxushlik bo‘lmaydi. Hali siz, – u yolg‘iz janobga murojaat qildi, – chaqaloqni cho‘qintirish marosimida ham kayfu safo qilasiz!
Yolg‘iz janob hasrat bilan boshini chayqadi:
– Xudo nasib etsin. Ammo gohida shunday bo‘ladiki, bola duppa-durust voyaga yeta boshlaydi, so‘ng birdan o‘lib qoladi. Bola organizmi juda mo‘rt, nozik… Shamol esib, changmi yo boshqa narsani uchirib keladi va – tamom. Bolalar o‘limi statistikasiga ko‘ra…
Kazanlikovning xotini mehmonning bosiq va nazokatli gaplarini bo‘zdek oqarib, yuzlari qo‘rquvdan burishib tinglab o‘tirardi.
– E, qo‘ying o‘sha statistikani! Mening uch farzandim bor, bari sog‘-salomat, – uning so‘zini bo‘ldi Fitilevning xotini.
Mehmon lutf bilan tabassum qildi.
– Bu vaqtincha, xonim, vaqtincha. Darvoqe, shaharda bo‘g‘ma tarqalganini eshitdingizmi? Bolakay bemalol o‘ynab yuradi, sho‘xlik qiladi va birdan yo‘tala boshlaydi… Tomog‘ida no‘xatday qizillik paydo bo‘ladi… Bir qarashda hech vahimali joyi yo‘qdek…
Fitilevning xotini titrab, ko‘zlarini katta-katta ochdi.
– Voy o‘lmasam! Kecha oqshom mening Seryojkam rostdan ham bir-ikki marta yo‘talgandek bo‘luvdi-ya…
– Ana, ko‘rdingizmi? – bosh irg‘adi mehmon. – Erka o‘g‘ilchangiz bo‘g‘maga chalingan bo‘lsa sirayam ajab emas. Umuman, hozircha tinchlaning, chunki bu bo‘g‘ma bo‘lmasligi ham mumkin. Balki u qizilcha bilan og‘rigandir. Kecha yo‘taldi, dedingizmi? Hm… Agar u alohida ajratilgan bo‘lmasa, boshqa bolalaringizga ham osongina yuqtirishi mumkin…
Bo‘zdek oqarib ketgan Fitilevning xotini og‘zini ochar va yumar, ammo loaqal bitta so‘z aytishga majoli qolmagandi.
– Siz ko‘pam hayajonlanmang, – yupatdi uni mehmon. – Qizilcha har doim ham o‘lim bilan tugayvermaydi. Ba’zida u shunchaki eshitish a’zolariga ta’sir etib kar qilib qo‘yadi yoki, bunisi, albatta, bir oz xavfli – o‘pkani ishdan chiqaradi.
– Qayoqqa otlandingiz? – hadiksirab so‘radi Kazanlikovning xotini, Fitileva xonim qaltiroq qo‘llari bilan shlyapasini g‘ijimlayotgani va tishini-tishiga qo‘ygancha shlyapa to‘g‘nog‘ichini barmoqlariga suqayotganini ko‘rib.
– Meni kechiring, jonginam, ammo… dahshatga tushyapman. Ehtimol… Seryojka… rostdan ham betobdir.
Ayol mehmonlar bilan xayrlashishni ham unutib, eshikni qattiq yopdi va g‘oyib bo‘ldi.
Yolg‘iz mehmon rom qo‘shilgan choyini mayda ho‘plab ichar va har zamonda qarshisida o‘tirgan talaba Anichkin va uning qallig‘iga qarab qo‘yardi.
– Qaysi fakultetda o‘qiysiz? – so‘radi u, chap ko‘zini odob bilan qisib.
– Huquqshunoslik fakultetida.
– Aha! Shunday deng… O‘zim ham bir mahallar universitetda o‘qiganman. Yoshlarni sevaman. Ammo, ochiq so‘zlaganim uchun ma’zur tuting: huquqshunoslik ma’lumotidan naf chiqishi gumon.
– Nega endi?
– Hozir tushuntiraman. Mana siz, o‘qiyapsiz, rosa to‘rt yil o‘qiysiz, to‘g‘rimi? Axiyri bir kun tamomlaysiz (agar orada biron ko‘ngilsizlik ro‘y berib, haydalmasangiz!)… Xo‘sh keyin-chi? Amaliyotingiz bo‘lmagani holda yoqlovchi advokatga yordamchi bo‘lasizmi, yoki qirq so‘m maoshlik joy bo‘shashini kutib temir yo‘l boshqarmasida tekinga ishlab yurasizmi? Turgan gapki, bunaqa vaziyatda uylanishdek xatoga yo‘l qo‘ymaysiz, ammo…
Talaba aybdorlardek yer suzdi va jilmaydi.
– Men aynan uylanmoqchiman. Mana – tanishtirishga ruxsat eting – qallig‘im.
– Demak, uy-lan-yap-siz, – hasratli tovushda ma’nodor cho‘zib dedi yolg‘iz janob. – Ana xolos! Nachora, oyimqiz… Sizlarga baxt va poyonsiz farovon hayot tilayman. Harholda, oilali talabalar qanday yashashini ko‘rganman: oltinchi qavatda torgina xona, parda orqasida kasal chaqaloq (aynan kasal – diqqat eting!), nobop turmush tufayli barvaqt qariyotgan, ozg‘in, qayg‘uli xotin, ochlik va omadsizlikdan sillasi qurigan er… Albatta, xayrli istisnolar ham bor: chaqaloq – o‘lib qolishi, xotin esa kelishgan qo‘shni erkak bilan qochib ketishi mumkin, ammo bu taassufki, kamdan-kam hollarda yuz beradi… Kunlarning birida er paltosini garovga qo‘yishi uchun xotinini lombardga jo‘natadi, o‘zi esa kamarini shipdagi ilgakdan o‘tkazadiyu, shu bilan…
Xonaga sukunat cho‘kdi.
Talaba junjikkancha nariroqdagi stulga borib o‘tirdi, qushchalar qafasiga qattiq tikilib o‘tirgan qallig‘ining esa ko‘zlarida yosh tomchilari yiltirar va bu tomchilar to‘lqinlanayotgan ko‘ksiga dumalab tushishi bilan o‘rnini yangilari egallardi…
– Qo‘ying bunaqa gaplarni, – og‘zini qiyshaytirib tirjaydi buxgalter Kazanlikov. – Kelinglar, yoqimli narsalar haqida so‘zlashaylik.
– Siz hayotga juda ma’yus va biryoqlama qarar ekansiz, – dedi soliqchi amaldor Tyulyapin. – Mana, masalan, meni olaylik: yaxshi ko‘rib uylanganman va xotinim bilan baxtiyorman. Oilamiz tuzuk ta’minlangan, er-xotin juda inoqmiz… U menga hech ham ozor bermaydi… Mana bugun – uning boshi og‘riyotgandi, hurmatli mezbonni tabriklagani kelolmadi – ammo “loaqal siz boring” deb qattiq turib oldi…
Yolg‘iz janob shubha bilan bosh chayqadi:
– Ehtimol… ehtimol… Lekin men negadir baxtiyor oilalarni ko‘rmadim. Vafodor, erini sevadigan xotinlar – bu shunday nodir narsalarki, ularni muzeylarga qo‘yish kerak… Hammadan dahshatlisi, – u qovog‘ini uygancha baqrayib qarab turgan talabaga yuzlandi, – xotin qancha muloyim, sertakalluf bo‘lsa, bilingki, u zimdan eriga shuncha katta kulfat keltirmoqda.
– Mening xotinim unday emas! – xafa bo‘lib g‘o‘ldiradi soliqchi.
– Ishonaman, – viqor bilan bosh irg‘adi mehmon. – Men umuman aytdim. O‘z umrimda xotinlari haqida to‘lqinlanib, ko‘zlari yoshlanib gapiradigan necha-necha odamlarni ko‘rdim, aksar hollarda bu gaplar bir necha soat burun o‘sha xotinning quchog‘ida yotgan begona erkak huzurida aytilardi…
– Jin ursin, nimalar deb aljirayapsiz! – birdan qichqirib yubordi soliqchi Tyulyapin.
– Xoh ishoning, xoh ishonmang! Bir paytlar allaqanday advokatning uyida ijarada yashardim. Uning xotini “tobim yo‘q, yotmoqchiman” degan bahonada har oqshom erini klubga borib ko‘nglini xushlashga qistardi. Go‘yo, ishlab charchagan eriga rahmi kelgandek. Erini silab-siypalar, hayotim chirog‘i deb atardi. Tentak er klubgami, boshqa go‘rgami ketgani zahoti javondan jazman (xotinlarning o‘ynash yashiradigan joylari ko‘p) chiqib kelar va ikkovlari chinakamiga o‘pisha boshlashardi. Men bularni devorning narigi yog‘idan eshitardim.
Soliqchi oqarib-bo‘zarib o‘tirar, zo‘rg‘a nafas olardi… U, xuddi shu bugun xotini uni “hayotim chirog‘i” deb erkalagani, ishga berilib dam olishni unutgani haqida achinib gapirganini esladi. Tyulyapin turasola uyiga yugurishni xohlar, ammo bunaqa qilish o‘ng‘aysiz edi.
Oshxonadan yig‘idan ko‘zlari qizarib, kalovlanib Kazanlikovning xotini chiqdi va kechki ovqat tortilganini ma’lum qildi.
G‘amgin kayfiyat bir oz arigandek bo‘ldi. Barcha o‘rnidan turdi, yuzlar yorishib, yengil shovqin-suron ko‘targancha oshxonaga yo‘l oldilar.
Qadahlar to‘ldirilganda yolg‘iz janob turdi va dedi:
– Muhtaram bazm sababchisini muborakbod etishga ijozat bersangiz. Xudo unga yana o‘n-o‘n ikki yillab umr va bir etak bola-chaqa hadya etsin!
Qadah so‘zi juda ham zo‘r chiqmagan bo‘lsa-da, hamma ichdi.
– Ikkinchi qadahni, – tantanavor dedi yolg‘iz janob, – bo‘lg‘usi to‘ng‘ich farzandingiz sharafiga ko‘taraman.
Bo‘lajak ona gul-gul yashnab ketdi va yolg‘iz janobga shunday nigoh tashladiki, undan mehmonning avval aytgan barcha sovuq gaplarini kechirishga tayyorligini o‘qish mumkin edi.
– Bo‘lajak o‘g‘lingiz uchun ichaman! Rost, bolalar har doim ham qobil bo‘laverishmaydi. To‘qqiz yoshidan otasining puli va arog‘ini o‘g‘irlay boshlagan bir bolani bilardim, yana, o‘ziga enagalik qilgan qari kampirning qornini yorib tashlagan o‘n to‘rt yashar o‘spirinni ham ko‘rsatishgan menga, keyin, uni qamoqqa olmoqchi bo‘lishganida, ikki mirshabni revolverdan otib o‘ldirgan edi… Lekin, harqalay…
– Qo‘ying, yaxshisi tamaddi qiling, – maslahat berdi mezbon, xo‘mrayib. – Manavi ajoyib syomga balig‘idan oling, bodringdan tatib ko‘ring…
Mehmon odob bilan minnatdorchilik bildirdi va syomga balig‘ini talabaning qallig‘i tomonga surib, dedi:
– Kuni kecha bir tanishim baliqdan zaharlanib o‘ldi. Xuddi shunaqa syomga balig‘idan yegan ekan…
– Syomga yegim kelmayapti, – dedi qiz. – Kolbasa tuzuk.
– Marhamat, – iltifot qilib kolbasa uzatdi mehmon. – Baliqdan ko‘ra trixindan zaharlanish ko‘proq uchraydi. Yaqinda gazetada o‘qib qoldim: bir kampirni kasalxonaga eltishibdi, sil bo‘lgan deb o‘ylashibdi, yorib ko‘rishsa – cho‘chqa trixinlari urchib yotganmish…
Soliqchi amaldor xayr-xo‘shlashib, Kazanlikovlarnikidan chiqqan paytda yolg‘iz janob mezbonga ta’zim qilib, ajoyib mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildirib bo‘lgan va qorong‘i, chiroq xiragina yoritib turgan zinapoyadan pastga tushayotgan edi.
Soliqchi Tyulyapin ovqat ustida o‘zini allanechuk g‘alati tutdi, ko‘p ichdi. U yolg‘iz janobga yetib oldi va yelkasidan tutib, chayqala-chayqala dedi:
– Siz, iblis tilka-pora qilgur, hali xotinlar haqida nimalar deb vaysadingiz… Hozir men manavi tayoq bilan kallangizga solaman – bunaqa gaplarning oxiri voy bo‘lishini bilib olasiz.
Yolg‘iz janob unga o‘girildi va sal-pal qunishdi, ammo pinagini ham buzmadi:
– Tayog‘ingiz yo‘g‘ongina ekan, buning ustiga temirdan… U bilan boshimga ursangiz, o‘ldirasiz. Menga-ku hech balo bo‘lmaydi, chunki o‘likman, lekin sizni qo‘lga olib, Sibirga surgun qilishadi. Xotiningiz qashshoqlikda qolib abgor bo‘ladi, siz esa surgun sharoitiga chiday olmay o‘zingizga sil orttirasiz… Bolalaringiz har yoqqa daydib ketadi, kissovurlarga qo‘shiladi, onangiz esa jinoyat qilganingizdan xabar topganida yuragi yorilib o‘ladi… Shunaqa!
1908 yil.
Rus tilidan Oybek Mo‘minov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.
_______________
*ism kuni (den angela) – ayrim nasroniy xalqlarida ism qo‘yilgan kunni bayram sifatida nishonlash odatga tusini olgan.