Ivan Ivanovich Lapkin degan xushbichim yigit bilan Anna Semyonovna Zamblitskaya degan tanqaygan burunli yoshgina qiz baland tepalikdan daryo bo‘yiga tushib, skameykaga o‘tirdilar. Skameyka xuddi suv bo‘yiga, qalin tolzorlikka qo‘yilgan. Nihoyatda shinam bir joy! Shu yerga kelib o‘tirdingizmi, bo‘ldi, hammaning ko‘zidan pinhonsiz, baliq va suv betida o‘qday suzib yuruvchi o‘rgimchaklardan boshqa hech kim sizni ko‘rmaydi. Yigit bilan qizning qo‘lida qarmoqlar, chuvalchang solingan bankalar va shu kabi narsalar. Suv labiga kelib o‘tirishlari bilanoq baliq ovlashga tushib ketdilar.
— Axir, ikkimiz tanho qolganimizga juda xursandman — deb gap boshladi Lapkin, atrofga ko‘z yugurtirib chiqib. — Mening sizga aytadigan ko‘p gaplarim bor edi, Anna Semyonovna… Juda ko‘p gaplarim bor… Men sizni birinchi marta ko‘rishdayoq… Ana, ana, sizniki tortdi… Ha, sizni birinchi marta ko‘rishdayoq bu dunyoga nimaga kelganimni, butun hayot-mamotimni kimga bag‘ishlashim kerakligini bildim… Juda katta baliqqa o‘xshaydi… Sizni ko‘rdim-u, umrimda birinchi marta qalbimda muhabbat his etdim! Shoshmang, qarmoqni tortmay turing… yaxshiroq ilinsin… iltimos qilaman, yolvoraman sizdan, meni seving demayman, yo‘q, ammo ishonsam, umid tutsam bo‘larmikin… Torting!
Anna Semyonovna qarmoqni suvdan baland ko‘tarib, chinqirib yubordi. Qarmoqqa kumushdan yaltiroq baliq ilingan edi.
— Voy o‘lay, olabug‘a-ku! Voy, voy!.. Tezroq! E-e, tushib ketdi!..
Olabug‘a qarmoqdan chiqib ketdi-da, maysa ustidan sakrab-sakrab sho‘l etib suvga tushdi.
Lapkin baliqni ushlayman deb, birdan Anna Semenovnaning qo‘lidan ushlab oldi va bilmasdan labiga bosdi. Anna Semyonovna qo‘lini tortib olmoqchi bo‘lgan edi, bo‘lmadi: ikkovlarining lablari bir biriga yopishib qoldi. Bu tasodifan bo‘lgan edi. Bir bo‘sadan keyin ikkinchisi bo‘ldi, ikkinchisidan keyin ahd-paymonlar boshlandi… Baxtli onlar! Ammo, shuni ham aytish kerakki, bu dunyoda butunlay beg‘ubor baxt bo‘lmaydi. Baxtning ichida bironta zahar ham bo‘ladi, yo bo‘lmasa baxtni boshqa bir narsa zaharlaydi. Bu safar ham xuddi shundai bo‘ldi. Yigit bilan qiz o‘pishib turgan paytda birdan hiringlagan kulgi eshitildi. Ular soy yuziga qaradilar-u, og‘izlari ochilganicha qoldi: soyda beligacha suvga botgan yalang‘och bola turardi. U bola Anna Semyonovnaning ukasi, gimnaziya o‘quvchisi Kolya edi. Kolya suv ichidan ularga ishshayib qarab turar edi.
— Ha, ha, hali o‘pishamiz ham denglar? — dedi u. Xo‘p, bo‘pti, oyimga borib aytganim bo‘lsin!
— Men sizni vijdonli bola deb… — so‘z boshladi Lapkin, qizarib-bo‘zarib va tutila-tutila. — Odamlarni poylab yurish — pastkashlik, chaqimchilik esa rasvolik… Men sizni vijdonli va tuzuk bola deb bilaman…
— Bir so‘m bersangiz aytmayman! — dedi tuzuk bola. — Bo‘lmasa aytaman.
Lapkin cho‘ntagidan bir so‘m olib, Kolyaga berdi. Kolya pulni qo‘lida mahkam siqib, hushtagini chalib, qaytib suzib ketdi. Oshiq-ma’shuqlar ortiq o‘pishmadilar.
Ertasi kuni Lapkin shahardan Kolyaga hzr xil bo‘yoqlar va koptok keltirib berdi, opasi esa o‘zining har xil qog‘oz qutilarini berdi. Keyin it basharasi solingan alomat zaponka taqdim etishga to‘g‘ri keldi. Shum bola buning mazasiga tushunib qolgan bo‘lsa kerak, bundan ham ko‘proq pora olish maqsadida yana ularning ketiga tushdi. Lapkin bilan Anna Semyonovna qayoqqa borsa, u ham ketlaridan boradigan bo‘ldi. Bir daqiqa ham ularni tanho qoldirmas edi.
— Rasvo bola ekan! — derdi Lapkin, xunob bo‘lib — Mushtday bola-ku, shu mahaldan rasvo bo‘lganiga hayronman! Katta bo‘lganda nima bo‘larkin?
Bechora oshiq-ma’shuqlarga Kolya butun iyun oyi kun bermay yurdi. Ularni poylab yurar, borib aytaman deb qo‘rqitib, pora talab qilardi; ammo ko‘zi hech to‘ymas edi, axir bir kuni yon soat berasan deb turib oldi. Noiloj va’da qilishga to‘g‘ri keldi.
Bir kuni tushlik mahalida, shirinlik keltirilganda Kolya birdan xaxolab kulib yubordi-da, bir ko‘zini qisib, Lapkindan:
— Aytaymi? A? — deb so‘radi.
Lapkin shalg‘amdan qip-qizarib ketdi, og‘ziga ovqat solaman deb, sochiqni chaynay boshladi. Anna Semyonovna o‘rnidan turib, boshqa uyga chiqib ketdi.
Oshiq-ma’shuqlar avgust oyining oxirigacha shu ahvolda qiynalib yurishdi; avgustning oxirida Lapkin Anna Semyonovnaga ochiq taklif qildi. O, naqadar baxtli edi bu kun! Lapkin, qizning ota-onalari bilan gapirishib, ularning roziligini olgach, dastavval boqqa qarab yugurdi-da, Kolyani qidirishga tushdi. Bolani topdi-yu, sevinib ketganidan yig‘lab yuborguday bo‘lib, shum bolaning qulog‘idan mahkam ushlab oldi. Kolyani qidirib yurgan Anna Semyonovna ham shu onda yugurib kelib, Kolyaning boshqa qulog‘idan ushlab tortdi. Kolyaning ulardan:
— Jon opa, jon amaki, endi qilmayman, tovba qildim. Voy, voy, qilmayman dedim-ku! — deb yalinishlarini kurgan oshiq-ma’shuqlar chehralarida aks etgan zavq va maroqning o‘zi bir tamosho edi.
Ular ko‘ngil qo‘yib qolganlaridan beri bolaning qulog‘idan tortgan paytlaridek xursand bo‘lmaganlarini va rohat qilmaganlarini keyinchalik bir-birlariga aytdilar.
Odil Rahimiy tarjimasi
******************
YoMON BOLA
Istarasi issiq, yosh Ivan Ivanich Lapkin va burni qanqaygan, yosh qiz Anna Semyonovna Zamblitskaya pastga, tik tushib boradigan qirg‘oq bo‘yidagi kursiga o‘tirdilar. Kursi suvga yaqin, quyuq majnuntollar orasida edi. Ajoyib joy! Sizni faqat baliqlar va suv yuzida suzadigan o‘rgimchaklar ko‘rib turibdi- xuddi olamdan bekinganday o‘tiribsiz.
Boshqalar ham baliq ovlash uchun qarmoqlar, matraplar (to‘r) bilan qurollanib kelishgan. O‘tirgach, ular ham baliq ovlashga kirishdilar.
-Men yolg‘iz qolganimizdan xursandman, -u yoq bu yoqqa qarab gap boshladi Lapkin.- Men sizga ko‘p narsalarni aytishim kerak, Anna Semyonovna… juda ko‘p narsalar… Sizni birinchi marta ko‘rganimda… Qarmog‘ingizga ilindi…
-Men o‘shanda ko‘nglim orzusi kim ekanligi va men hayotimni kimga bag‘ishlashim kerakligini angladim… Qarmog‘ingizga ilindi, shekilli… sizni ko‘rib, birinchi marta zo‘r ehtiros bilan sevib qoldim! Tortmay turing, yaxshiroq ilinsin… Azizim, ayting, yolvorib so‘rayman, men balki arzimasman, lekin sizni muhabbatingizga umid qilsam bo‘ladimi? Torting!
Anna Semyonovna qarmoqni baland ko‘tarib, itqitdi va baqirib yubordi.
— Voy, xudoyim, olabug‘a! Tez! Chiqib ketadi…
Olabug‘a qarmoqdan chiqib, bir sakradi-yu, yana o‘zining qadrdon muhitiga sho‘ng‘ib ketdi.
Baliq izidan yugurgan Lapkin, bexosdan baliq o‘rniga Anna Semyonovnaning qo‘lidan tortib, bag‘riga bosib o‘pa boshladi. Anna siltanib o‘zini tortdi, ammo kechikdi: lablar birlashdi.
Bo‘sa izidan bo‘sa, va’dalar, ishontirishlar… Baxtli onlar! Qolaversa, yer yuzida mutlaq, to‘liq baxtning o‘zi yo‘q. Baxt, odatdagidek o‘zini o‘zi zaharlashi yoki o‘zga ta’sir orqali zararlanishi mumkin. Mana bu marta ham xuddi shunday bo‘ldi. Yoshlar o‘pishayotgan vaqtda, kimningdir kulgani eshitildi. Ular daryoga qarab, qotib qoldilar: beligacha suvga botgan yalang‘och bola ularga qarab turardi. Bu Anna Semyonovnaning gimnaziyada o‘qiydigan ukasi Kolya edi. U ularga istehzoli kulib qarardi.
-A-a-a… O‘pishayapsizlarmi? Juda yaxshi. Oyimga aytib beraman.
-O‘ylaymanki, siz halol inson sifatida… qizarib, bo‘zarib po‘ng‘illadi Lapkin, -poylash razillik, aytib berish pastkashlik, ablahlik ekanini bilsangiz kerak. Siz oliyjanob inson…
-Pul bering, aytmayman!-dedi «oliyjanob» inson.- Bo‘lmasa, aytaman.
Lapkin cho‘ntagidan pul olib, Kolyaga uzatdi. U esa pulni nam mushtida g‘ijimlab, hushtak chaldi-yu, sho‘ng‘ib ketdi. Shundan so‘ng yoshlar qayta o‘pishmadilar.
Keyingi kun Lapkin Kolyaga shahardan koptok va bo‘yoqlar olib keldi, opasi esa dorilardan bo‘shagan qutichalarni berdi. Keyin esa itning tumshug‘i tasviri tushirilgan zaponka (ilmatugma) sovg‘a qildilar. Yomon bolaga, albatta, bularning hammasi yoqardi, shu sabab bundan ham ko‘proq narsa olish uchun , u yana kuzata boshladi. Bir daqiqa ham ularni yolg‘iz qoldirmasdi.
-Yaramas! -derdi Lapkin tishlarini g‘ichirlatib. -O‘zi kichkina-yu, lekin katta ablah! Kelajakda undan kim chiqadi?!
Iyun davomida Kolya sevishganlarni holi-joniga qo‘ymadi. U aytib berish bilan qo‘rqitar, kuzatar, sovg‘alar talab qilar va bularning hammasi unga oz ko‘rinar, axiyri cho‘ntak soatda to‘xtadi. Nima qilibdi! Olib berishga va’da berdilar.
Bir kuni tushlikda dasturxonga vafli tortilganda, Kolya xoholab, Lapkinga bir ko‘zini qisdi-da:
-Aytaymi, -a? -dedi.
Lapkin qizarib, sarosimada vafli o‘rniga salfetkani chaynab yubordi. Anna Semyonovna sapchib, boshqa xonaga yugurib ketdi.
Mana shunday sharoitda ular avgust oxirigacha, nihoyat, Lapkin Anna Semyonovnaning qo‘lini so‘ragunga qadar yurdilar. O, bu qanday baxtli kun edi! Qizning ota-onasi bilan gaplashib, ularning roziligini olgach, Lapkin, avvalo, boqqa yugurdi va Kolyani izlay boshladi. Uni topgach, zavqdan baqirib yuborishiga oz qoldi- yomon bolaning qulog‘idan tortqilay boshladi. Shu vaqt Kolyani izlab yurgan opasi ham kelib, ikkinchi qulog‘idan tortdi. Sevishganlar yuzidagi lazzatni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Kolya yig‘lab, yolvorardi:
-Azizlarim, mehribonlarim, endi yomonlik qilmayman! Kechiringlar!
Keyinchalik ular shu vaqtgacha bir-birlarini yaxshi ko‘rib yurgan paytda ham bunaqangi baxt, bunaqangi huzurbaxsh holatni, ya’ni yomon bolaning qulog‘ini tortishdek huzurni his qilmaganliklariga iqror bo‘ldilar.
Sherobod tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi A.Hayitqulova tarjimasi
«Termiz oqshomi» gazetasidan olindi.